Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 28


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 28 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Ismimni aytishning keragi yo‘q, – javob qildi Nensi.

– Bo‘lmasa, qanday ish bilan kelibdi dey? – surishtirishni davom ettirdi xizmatkor.

– Buni ham aytib o‘tirishning hojati yo‘q! – e’tiroz bildirdi qiz. – Men xonimga yo‘liqishim kerak, vassalom.

– Qani, bir jo‘nab qolsinlar-chi! – dedi xizmatkor uni eshik tomon itarib. – Yetar, bas, tuyoqlarini shiqillatib qolsinlar!

– Meni itarib chiqarib tashlashingiz mumkin, lekin o‘z oyog‘im bilan chiqib ketib bo‘pman! – qattiq qichqirib dedi qiz. – Shundoq oyog‘imni tirab olayki, ikki kishilashib ham chiqarib bo‘psizlar. Nahotki, bu yerda menday bir ayanchli ojizaning iltimosini bajarishga rozi bo‘ladigan biror kimsa topilmasa? – deya so‘zini davom ettirdi u atrofga alanglab.

Bu zorlanish boshqa xizmatkorlar bilan birgalikda ushbu manzarani xotirjamgina kuzatib turgan oshpazga ta’sir qildi-yu, u mojaroga aralashmoqchi bo‘lib oldinga chiqdi.

– Kirib ayta qoling, Jo, biron yeringiz yeyilib qolmaydi-ku, axir! – dedi bu zot.

– Bundan nima ma’ni chiqardi? – qarshilik bildirdi unisi. – Nima balo, oyimqiz mana shunaqangi ta’viyani qabul qiladi, deb o‘ylayotibsiz shekilli, a?

Nensining shubhali kechmish-u sha’niga qilingan bu shama shu yerda hozir bo‘lgan to‘rtala oqsochning qalbida ma’sumona g‘azab tug‘yonini uyg‘otdi, ular yonib-jo‘shib, bunaqangi maxluqlar o‘z jinsini isnodga qo‘yyapti, deb bobillagancha, uni hech qanday rahm-shafqat qilmay, to‘ppa-to‘g‘ri anhorga uloqtirishlarini qat’iyan talab eta boshladilar.

– Meni nima qilsanglar qilaveringlar-u, – dedi qiz yana erkaklarga murojaat qilib, – lekin oldin iltimosimni bajaringlar, uchrashmoqchi ekanimni kirib aytinglar, Yaratgan Parvardigor haqqi.

Ko‘ngli bo‘sh oshpaz iltimos-u iltijolarni qalashtirib tashladi va oxir-oqibatda ish shu bilan tugadiki, birinchi bo‘lib chiqqan xizmatkor bu iltimosni ado etishni o‘z zimmasiga oldi.

– Xo‘sh, nima dey kirib? – deb so‘radi u bir oyog‘ini zinaning birinchi poyasiga qo‘ygan joyida.

– Bir yosh ayol miss Meyli bilan tanho so‘zlashishni o‘tinib so‘rayapti, – javob berdi Nensi, – u aytmoqchi bo‘lgan gapdan aqalli bitta so‘zni eshitganidan keyin bu ayolning gaplariga oxirigacha quloq soladimi yo yolg‘onchi sifatida quvib yuboradimi, uning ixtiyori deyapti, deng.

– O‘ziyam o‘lguday qaysar odam ekansiz-da! – dedi xizmatkor.

– Shu gapni aytsangiz bas, – dedi qiz qat’iy, – javobini olib chiqing-a.

Xizmatkor zinadan yugurgancha chiqib ketdi. Rangi qum o‘chgan Nensi entika-entika nafas olgan ko‘yi, lablari titragancha iffatli oqsochlar ovozlarini baralla qo‘yib, ziqnalik qilmay og‘zilaridan chiqarib yuborayotgan nafratomuz koyish-u qarg‘ashlarga quloq tutgancha pastda turardi; xizmatkor qaytib tushib, yosh ayolga tepaga chiqishini aytgach, ular yanayam saxiylik bilan ta’na-dashnomlarni yog‘dira ketishdi.

– Bu dunyoda insof-u tavfiq qolmaganidan keyin, axloq-odobga rioya qilishdan nima foyda borakan? – dedi birinchi oqsoch.

– Oltin o‘tda kuymasa, suvda zanglamasa hamki, ba’zan jezni undan a’loroq ko‘rishadi, – deb qo‘ydi ikkinchisi.

Uchinchisi: «Bu xonimlar nimadan yasalgan o‘zi?» – degan hayratomuz savol bilan kifoyalanib qo‘ya qoldi; to‘rtinchilari esa: «Qanday sharmandalik!» – deya yakun yasadi – xullasi kalom, mazkur farishtalarning fikri bir joydan chiqqandi.

Nensi ana shularning bariga qaramay – chunki yuragini bundan ko‘ra chandon og‘irroq tosh bosib yotgandi – butun vujudi titrab, xizmatkor izidan shiftda osig‘liq fonus yoritib turgan mo‘jazgina dahlizga kirdi. Xizmatkor qizni shu yerda qoldirib o‘zi chiqib ketdi.

QIRQINCHI BOB
OLDINGI BOBDA TASVIRLANGAN VOQEALARNING DAVOMI BO‘LMISH ANTIQA UCHRASHUV

Garchand qizning hayoti ko‘cha-ko‘yda, Londonning eng chirkin fahshxona-yu eng qabih o‘g‘rixonalarida kechgan bo‘lsa-da, har qalay u ayol zotiga xos insof-u andishani andakkina saqlab qolgandi; shu sabab, o‘zi kirib kelgan eshikning qarama-qarshisidagi eshikka yaqinlashib kelayotgan yengilgina odim sharpasini eshitganida lahza o‘tmay ushbu mo‘jazgina xona shohidi bo‘ladigan keskin tafovutni xayoliga keltirarkan, o‘z ahvoli qanchalar sharmandali va ayanchli ekanini his etib, uchrashishni talab qilib turib olgan kimsasiga ro‘baro‘ bo‘lishga go‘yoki qurbi yetmaydigandek qunishib oldi. Ammo ana shu maqbul tuyg‘ulari bilan g‘urur – eng fahsh hamda eng tahqirlanganlar, ayni chog‘da ulug‘vor hamda o‘ziga bino qo‘ygan kiborlarning ham qusuri bo‘lmish g‘urur – olishmoqda edi, shu tobda. O‘g‘ri va talonchilarning ayanchli hamtovog‘i, chirkin fahshxonalar chiqindisi-yu razolat hosilasi, eng palid jinoyatchilarnyng dor ko‘lankasida istiqomat qiluvchi sherigi – hatto illatlar botqog‘iga botib ketgan maxluqsifat bir zotning ham g‘ururi ayollarga xos bir chimdimgina ko‘ngilchanlik ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymayotgandi; garchi og‘ir turmush bolalik yillaridayoq izini sidirib tashlagan ko‘ngilchanlik insonlik tabiati bilan o‘zini bog‘lab turgan birdan-bir rishta bo‘lsa-da, bu yagona rishtani u ojizlik hisoblardi. U qarshisida hozir bo‘lgan qizning kelishgan qaddi va go‘zal chehrasiga birrovgina nigoh tashlash uchungina boshini ko‘tardi, xolos; so‘ngra yerga qaraganicha, yasama beparvolik bilan bosh silkib qo‘yib:

– Huzuringizga kirish oson emas ekan, xonim, – dedi. – Bordi-yu, ranjib, bor-e, deb ketib qolganimda (mening o‘rnimda bo‘lganida ko‘pchilikning shunday qilishi turgan gap edi), vaqti-soati kelib, pushaymon qilardingiz – ha, behuda pushaymon bo‘lmasdingiz.

– Agar sizga qo‘pol muomala qilishgan bo‘lsa, ma’zur tutasiz, – javob berdi Roz. – Buni unutishga harakat qiling. Ayting-chi, menda nima gapingiz bor edi? Men o‘sha siz so‘ragan odamman.

Shirin til, muloyim ovoz, dilbarona ehtirom, takabburlikdan yoxud norozilikdan asar ham sezilmaydigan muomalani kutmagan g‘ofil qiz bexos ko‘zlariga yosh oldi.

– Eh, xonim! – nido soldi u to‘lqinlanib. – Koshkiydi, sizga o‘xshaganlar ko‘proq bo‘lsa-yu, menga o‘xshaganlar kamroq bo‘lsa… judayam kam…

– O‘tiring, – dedi Roz. – Agar qashshoq bo‘lsangiz yoki boshingizga biror falokat tushgan bo‘lsa, chin qalbimdan, baholi qudrat sizga yordam berishga tayyorman. O‘tiring.

– Tik turishimga ruxsat eting, xonim, – dedi qiz hanuz piqillab, – keyin toki kimligimni bilmay turib bunaqa muloyim gapirmang menga. Vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi. Anavi… anavi eshik berkmi?

– Ha, – dedi Roz, agar lozim bo‘lib qolsa, tezroq yordamga yetib kelishsin deganday bir necha qadam ortga chekinar ekan. – Nimaga so‘rayapsiz buni?

– Chunki, – dedi qiz, – chunki o‘z hayotimni va yana boshqalarning hayotini sizning izmingizga topshirmoqchiman. Men kechki payt Pentonvildagi uydan chiqqan Oliverni qo‘lidan ushlab olib, Fedjin cholnikiga surgab ketgan o‘sha qiz bo‘laman.

– Siz-a?! – deb yubordi Roz Meyli hovliqib.

– Ha, men, oyimqiz, – javob qaytardi qiz. – Men o‘zingiz allaqachon ta’rifimni eshitgan, o‘g‘ri-muttahamlar orasida yashaydigan o‘sha benomus qiz bo‘laman. Esimni tanigan, ko‘zlarimni ochib London ko‘chalarini ko‘rgan kezlarimdan beri meni siylashgan so‘zlardan muloyim-u yoqimliroq so‘zni eshitmadim, menga hadya etganlaridan yaxshiroq hayotni tatib ko‘rmadim. Bu yog‘iga Yaratganning o‘zi madadkorim bo‘lsin, iloyo! Qo‘rqmang, mendan bemalol yuz o‘girishingiz mumkin, xonim. Aslida ko‘rinishimga qaraganda ancha yoshman-u, lekin ko‘nikib ketganman bunga. Odam gavjum ko‘chadan o‘tib borayotganimda eng qashshoq ayollar ham yuzini teskari burib, shataloq otib qochib qolishadi yonimdan.

– Qanday dahshat! – dedi Roz, beixtiyor g‘alati suhbatdoshidan nariroq tisarilar ekan.

– Qimmatli xonim, go‘daklik chog‘laringizdanoq sizga g‘amxo‘rlik qilgan, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan do‘stlaringiz bo‘lgani, hech qachon ochlig-u sovqotish nimaligini bilmaganingiz, badmastlig-u g‘avg‘o-to‘polonlarni ko‘rmaganingiz, yana… yana men beshikdaligimdayoq tatib ko‘rgan bundan ko‘ra battarroq ba’zi narsalardan bexabar ekanligingiz uchun tiz cho‘kib, Tangriga shukrona o‘qing, – xitob qildi qiz. – Men bu so‘zni bemalol ayta olaman, chunki gadoytopmas jinko‘chalar-u pasqam jar-jurlar beshiklik qilgan menga… ajal to‘shagim ham o‘shalar bo‘ladi.

– Rahmim keladi sizga, – dedi Roz ovozi titrab. – Gapingizni eshitib, yuragim tilka-tilka bo‘lib ezilib ketyapti.

– Bu rahmdilligingiz uchun sizni Tangri yarlaqasin, – javob qildi qiz. – Agarda goho-goho qanday ahvolga tushganimni bilganingizda edi, rostdan ham achinib ketardingiz menga. Bu yerga yashirincha quloq solgan gaplarimni yetkazgani kelganimni bilib qolishsa, albatta, tiriklayin terimga somon tiqadigan odamlarga bildirmay qochib chiqqanman-a, axir. Monks degan odamni taniysizmi?

– Yo‘q, – javob berdi Roz.

– U bo‘lsa sizni taniydi, – dedi qiz, – shu yerga tushganingizni ham biladi. Bu yerni uning og‘zidan yashirincha eshitib, topib keldim-da sizni.

– Bu ismni hecham eshitmaganman, – dedi Roz.

– Demak, biznikiga boshqa nom bilan borarkan, – dedi qiz, – ilgariroq ham shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Bundan bir necha vaqt burun, uylaringni o‘marib ketmoqchi bo‘lib Oliverni derazalaringdan tushirishganidan keyin ko‘p o‘tmay, men o‘sha kishidan shubhalanib, bir kuni tunda Fedjin bilan gaplashayotganida yashirincha quloq soldim. Shunda Monks hozir men sizdan so‘rab turgan xuddi o‘sha odam ekanini tushundim…

– Ha, – dedi Roz, – tushunaman.

– …Monks xuddi o‘sha, – so‘zini davom ettirdi qiz, – biz Oliverni birinchi marta yo‘qotib qo‘ygan kunimiz, uni ikki bolamiz bilan yurganida tasodifan ko‘rib qolib, o‘zi izlab yurgan bola ekanini shu zahotiyoq tanigan xuddi o‘sha odam ekanini tushundim; nima maqsadda izlab yurganini bo‘lsa bilolmadim. Fedjin bilan shartlashib olishdi, agar Oliverni yana qo‘lga tushirishsa, cholga ma’lum miqdorda pul tegadigan, keyin, agar uni o‘gri qilib yetishtirsa bundan ham ko‘proq aqcha oladigan bo‘ldi, shunday bo‘lishi nima uchundir Monksga judayam zarur ekan.

– Nima uchun? – so‘radi Roz.

– Nima gapligini bilib olmoqchi bo‘lib gap poylayotganimda devordagi soyamni ko‘rib qoldi u, – javob berdi qiz, – mendan boshqa kamdan-kam odam vaqtida juftakni rostlab, qutulib ketardiyov, bunday paytda. Lekin men uddasidan chiqdim buning, o‘shandan keyin uni kecha oqshomgacha ko‘rmay yurgandim.

– Kecha nima bo‘ldi, ayta qoling?

– Hozir gapirib beraman, xonim. Kecha kechqurun u tag‘in keldi. Ikkovlari tag‘in tepaga chiqib ketishdi, shunda men soyam sirni ochib qo‘ymaydigan qilib o‘ranib-chirmanib oldim-da, yana eshik orqasida gap poyladim. Qulog‘imga birinchi chalingan narsa Monksning: «Shunday qilib, bolaning shaxsini aniqlab beradigan yakka-yu yagona dalil daryoning tubida yotibdi, uni bolaning onasidan olgan shumkampir esa tobutda qurtlarga yem bo‘lib, chirib yotibdi», – degan so‘zlari bo‘ldi. Keyin Fedjin ikkovlari qah-qahlab kulishdi-da, bu ishlarni omadi chopib, xamirdan qil sug‘urganday boplagani to‘g‘risida gaplashishdi. Monks esa bolani tilga olganida quturib ketib, shaytonvachchaning pulini gumdon qilishga qurbi yetsa hamki, boshqacha yo‘l bilan qo‘lga kiritgani ma’qul ekanini aytdi; otasining takabburona vasiyatini masxaralab, bolani shaharning hamma qamoqxonalarida birma-bir sayr qildirib chiqsak, undan keyin birorta og‘ir jinoyati uchun dorga torttirib yuborsak, rosa qoyilmaqom hangoma bo‘lardida, dedi; keyin, bu ish Fedjinning qo‘lidan bemalol kelishini, ungacha esa boladan ancha-muncha foydalanib qolishi mumkinligini aytdi.

– Bu qandoq gap bo‘ldi?! – xitob qildi Roz.

– Bu gapni men aytayotgan bo‘lsam ham, xonim, chippa-chin gap, – javob qildi qiz. – Keyin Monks menga tanish, lekin sizga begona haqoratlarni qatorlashtirib, adovat-u nafratini qondirdi, bolani o‘z jonini tahlikaga qo‘ymay gumdon qilishning iloji bo‘lsa, allaqachon shunday qilgan bo‘lishini aytdi; lekin buning iloji yo‘qligi tufayli o‘zining sergak yurishini, uning qismati ko‘ndalang qiladigan bevafoliklarni kuzatib borishini, innaykeyin, uning kelib chiqishi va hayotidan xabardor ekanligi – bu o‘zining qo‘li baland degan gap ekanini va balkim bolaga biron ziyon yetkazishga muvaffaq bo‘lishi mumkinligini valdiradi. «Qisqa qilib aytganda, Fedjin, – dedi u, – siz juhud bo‘lsangiz ham, hech qachon men inijonim Oliverga qo‘yganimdaka tuzoq qo‘ymagansiz».

– Inim! – dedi Roz yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib.

– Uning og‘zidan chiqqan so‘z bu, – dedi Nensi hadik bilan atrofga alanglab olarkan; sirasini aytganda, u so‘zlayotganida deyarli muttasil ana shunday cho‘chinqirab alanglab qo‘yardi, negaki, uni Sayksning timsoli muttasil ta’qib etib turardi. – Lekin bu hammasi emas hali. Siz to‘g‘ringizda, keyin boshqa xonim to‘g‘risida gap ochganida dediki, Xudoning o‘zi yoki iblis unga qasdma-qasdlikka shunday qilganmishki, Oliver sizlarning qo‘lingizga tushib qolganmish, bu shundoqqina ko‘rinib turganmish. Shunda u xaxolab kuldi-da, hatto shunisigayam xursandmish, negaki, agar bisotingizda bo‘lsa ikki oyoqli itvachchangizning kimligini bilish uchun mingminglab va yuzlab funtlarni bergan bo‘larmishsiz.

– Nahotki, shularning barini jiddiy gapirgan bo‘lsa? – deb so‘radi Roz rangi pag‘a bo‘lib.

– U haddan tashqari qat’iy va g‘azab bilan gapirdi, – deya javob berdi qiz boshini sarak-sarak qilgancha. – Nafrati qaynab, g‘azabi qo‘zib turganida u hazillashmaydi sira. Bundan ming karra yomonroq ishlarni qiladigan ko‘plarni bilaman, Monksning gapini bir marta eshitgandan, ana o‘shalarning gapiga o‘n martalab quloq solgan yaxshiroq. Vaqt ham allamahal bo‘lib ketdi, nima ish bilan chiqib ketganimni payqab qolmaslaridan uyga yetib olishim kerak, ha, tezroq uyga yetib olishim zarur.

– Lekin men nima ham qila olardim? – so‘radi Roz. – Bu xabardan sizsiz nima naf chiqara olaman? Uyga yetib olishim kerak deysizmi? Nega endi shunday dahshat bilan ta’riflab bergan o‘sha oshnalaringizning yoniga qaytgingiz kelib qoldi? Agar shu tobdayoq qo‘shni xonadagi jentlmenni chaqirsam-u, o‘sha kishiga bu gaplaringizni so‘zlab bersangiz, yarim soat o‘tmayoq, qarabsizki, sizni birorta bexavotir yerga joylashtirib qo‘yishadi-da.

– Yo‘q, qayta qolay, – dedi qiz. – Qaytishim zarur, nimagaki… sizday pokiza xonimga buni qanday aytsamikin-a?.. Nimagaki, sizga hikoya qilib bergan kishilarim orasida bittasi, hech narsadan tap tortmaydigan eng ashaddiysi bor, ana o‘shani tashlab ketolmayman; ha, hatto hozirgi turmush tarzimdan qutulib olish evaziga ham tashlab ketolmayman uni.

– Ilgariroq bu yoqimtoy bolaning yonini olganingiz, – dedi Roz, – nihoyatda xatarli ekaniga qaramay, eshitgan narsangizni menga yetkazish uchun bu yerga kelganingiz, aytayotgan so‘zlaringizning to‘g‘riligiga meni ishontira olgan samimiy qiyofangiz, ochiqchasiga pushaymon yeyayotganingiz va xijolat chekayotganingiz – bularning bari sizning hali tuzalib ketish qo‘lingizdan kelajagiga ishonishga majbur etyapti. O, – deya xitob qildi ko‘ngilchan qiz qo‘llarini chalishtirib, jo‘shib, ko‘zlaridan esa yosh yumalab, – sizga rahmi kelib, hamdardlik bilan murojaat qilayotgan birinchi ayolning – ha, birinchi, bunga iymonim komil! – iltijosiga quloq soling. Gapimga kiring, kelajak ezgu kunlar uchun sizni qutqarib qolishimga imkon bering!

– Xonim, – nido soldi qiz tiz cho‘kib, – mehribon, farishtaday saxovatli oyim qizginam! Ha, meni bunday so‘zlar bilan baxtiyor etgan birinchi ayol sizsiz. Agarda bu so‘zlarni bir necha yil burun eshitganimda edi, unda meni gunoh va g‘am-g‘ussaga eltuvchi yo‘ldan qaytargan bo‘larmidi? Lekin hozir vaqt o‘tgan, ha, endi judayam kech.

– Tavba qilish va gunohlarni yuvish hech qachon kech bo‘lmaydi, – dedi Roz.

– Vaqt o‘tgan! – qichqirib yubordi qalban iztirob chekayotgan qiz. – Endi uni tashlab ketolmayman. Uning joniga zomin, o‘limiga sababchi bo‘lgim yo‘q.

– Nega endi siz sababchi bo‘larkansiz? – so‘radi Roz.

– Unda hech nima qutqarib qololmasdi uni! – dedi qiz qizishib. – Bordi-yu, sizga gapirib berganlarimni boshqalarga so‘zlab berganimda bormi, hammani qo‘lga olishardi, turgan gapki, u o‘limdan qochib qutulolmasdi. U oralarida eng dovyuragi, innaykeyin, eng berahimi.

– Shunaqasiyam bo‘larkanmi? – ovozini ko‘tardi Roz, – shundoq odamni deb kelajakka bo‘lgan orzu-umidlaringizdan, gunoh-u jinoyatlardan tezgina forig‘ bo‘lishdek shak-shubhasiz imkoniyatdan voz kechib o‘tiribsiz-a. Aqlsizlik-ku bu!

– Nima bu, bilmadim, – javob qaytardi qiz. – Faqat bir narsani bilaman, xuddi shundoq bo‘lib kelgan va yolg‘iz mengina emas, menga o‘xshagan yuzlab fahsh yo‘lga kirgan notavonlarning yozmishi shunday bo‘lib qolaveradi. Men qaytishim kerak. Bilmadim, qilgan yomonliklarim uchun xudo buyurgan jazomi bu, ishqilib, chekkan shuncha azoblarim-u yegan kaltaklarimga qaramay, uning yoniga qaytgim kelyapti. Keyin, hatto ajalim o‘shaning qo‘lida ekanini bilgan taqdirimdayam, baribir oyog‘im o‘sha yoqqa tortaverishi tayin edi.

– Endi nima qildim-a? – dedi Roz. – Sizni qo‘yib yubormasligim kerak.

– Ruxsat berishingiz kerak, oyimqiz! Qo‘yib yuborasiz meni, buni bilib turibman, – e’tiroz bildirdi qiz tizzalagan joyidan qo‘zg‘alar ekan. – Ketishimga to‘sqinlik qilmaysiz, chunki ko‘ngilchanligingizga ishonib, sizdan hech qanday so‘z berishingizni talab qilmadim; shunday qilsam bo‘lardi-ku, axir!

– Unda siz keltirgan xabardan nima foyda chiqdi? – dedi Roz. – Bu sirni fosh etish zarur, yo‘qsa, o‘zingiz yordam qilmoqchi bo‘lgan Oliverga menga aytganlaringizning nima nafi tegadi?

– Tanishlaringiz orasida hammasiga quloq solib, sirni ochmay turib, sizga nima qilish kerakligini maslahat beradigan bironta himmatli jentlmen topilib qolar, albatta, – dedi qiz.

– Mabodo, zarurati chiqib qolsa, sizni qayerdan topaman? – so‘radi Roz. – O‘sha razillarning qayerda turishlarini bilishni sira-sira istamayman, lekin siz shu bugundan e’tiboran ma’lum vaqtda biron yerda sayr qilganday aylanib yurolmaysizmi?

– Menga bu sirni qattiq asrayman va yolg‘iz o‘zim yoki sirni ishongan odamim bilangina birga boraman, deb so‘z berasizmi? Meni izimga tushmasliklari yoki kuzatmasliklariga va’da berasizmi? – so‘radi qiz.

– Qat’iy so‘z beraman, – javob qildi Roz.

– Har yakshanba kechasi soat o‘n birda, – dedi qiz zarracha ikkilanmay, – agar tirik bo‘lsam, London ko‘prigida u yoq-bu yoqqa yurib turaman.

– Yana bir lahzagina sabr qiling! – xitob qildi Roz qiz tezgina eshikka qarab yo‘nalar ekan. – O‘z shaxsiy qismatingiz va uni o‘zgartirish imkoniyati ustida yana bir marta o‘ylab ko‘ring. Men sizning oldingizda o‘z ixtiyoringiz bilan bu xabarni yetkazganingiz uchungina emas, deyarli halokat botqog‘iga botib ketgan ayol bo‘lganligingiz uchun ham qarzdorman. Nahotki, siz bir og‘iz so‘z halokatdan qutqarib qoladigan bir paytda o‘sha talonchilar to‘dasi va o‘sha odamning yoniga qaytsangiz? Sizni orqaga qaytishga va o‘zingizni yovuzlik hamda buzuqlik domiga urishga majbur qilayotgan qanaqangi vasvasa bo‘ldi? O, nahot qalbingizda men cherta oladigan birorta tor bo‘lmasa? Nahot, ko‘makka chaqirib, bu bosh-ko‘zingizni kishanlab olgan dahshatli joduni yenga oladigan hech nima qolmagan bo‘lsa vujudingizda?

– Sizga o‘xshagan shunday yosh, go‘zal va oqko‘ngil xonimlar qalblarini birovga baxsh etarkanlar, – dedi qiz puxta qilib, – muhabbat ularni istagan ko‘yiga soladi… hatto, sizga o‘xshagan o‘z boshpanasi, do‘stlari, xushtorlari – xullas, turmushi bekami ko‘st o‘tishi uchun jamiki zarur narsasi muhayyo xonimlarni ham. Tobut qopqog‘idan bo‘lak ishonchli boshpanasi, og‘rib-netib qolgan yoki vafot etganida kasalxona enagasidan boshqa koriga yaraydigan birorta ham yor-jo‘rasi yo‘q menga o‘xshaganlar o‘zlarining fosiq qalblarini biror erkakka tuhfa qilib, butun musibatli hayoti davomida hech zog‘ band etmagan joyni egallashga yo‘l qo‘yib beradigan bo‘lsak, biz sho‘ring qurgurlarni bunday darddan xalos etishga kim ham umid bog‘lay oladi? Rahmingiz kelsin, bizday baxtiqarolarga! Ayol zotiga mansub jamiki tuyg‘u-yu fazilatlardan bizdaqangilarda bittaginasi saqlanib qolgan, sirasini aytganda, bu ham orom-u faxrlanish o‘rniga yangidan-yangi zo‘ravonlik va azob-uqubatlarga duchor qiladi, ana shuning uchun ham shafqat qiling, biz sho‘rpeshonalarga.

– Loaqal yanagi uchrashgunimizcha halol kun kechirib turishingizga yetgulik ozroqqina pul bersam maylimi, olasizmi uni? – picha sukutdan keyin dedi Roz.

– Bir penniniyam! – javob qildi qiz qo‘lini silkib.

– Qo‘ying, bunaqangi oyoq tirab turib olmang, yordamga cho‘zgan qo‘limni hadeb qaytaravermang! – muloyimgina dedi Roz unga yaqinlashar ekan. – Sizga chin yurakdan yordam bermoqchiman.

– Shu yerning o‘zidayoq jonimni sug‘urib ololganingizda edi, menga bergan eng yaxshi yordamingiz bo‘lardi bu, oyimqiz, – javob qaytardi qiz kuyib-yonib, – chunki bugun har qachongidan ko‘ra achchiqroq musibatni totib ko‘rdim; o‘zim kimman-u nimaman, deb rosa bosh qotirdim; o‘lsam ham o‘sha yashab turgan jahannamda emas, bo‘lak joyda o‘lganim ma’qulroqqa o‘xshaydi. Iloyo, O‘zi yarlaqasin sizni, mehribon xonimginam, men o‘z boshimga qanchalik sharmisorlik yog‘dirgan bo‘lsam, sizga o‘shanchalik baxt ato qilsin Tangri!

Shu so‘zlarni deb, sho‘rpeshona qiz ho‘ngrab yig‘lagancha chiqib ketdi. Ushbu o‘ngida bo‘lgan voqeiy hodisadan ko‘ra ko‘proq bir zumlik tushga o‘xshashroq antiqa uchrashuvdan ezilib ketgan Roz Meyli esa yumshoq kursiga cho‘kib, parokanda fikr-o‘ylarini ipga tizishga urindi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации