Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 32 (всего у книги 40 страниц)
QIRQ TO‘RTINCHI BOB
DA NENSINING ROZ MEYLIGA BERGAN SO‘ZINING USTIDAN CHIQISH FURSATI YETADI. U MUVAFFAQIYATSIZLIKKA UCHRAYDI
Nensi ayyorlik hamda hiyla-nayrang, sodda-mug‘ombirlik san’ati bobida qanchalik tajribali bo‘lmasin, o‘z qilmishi duchor etgan sarosima-yu esankirashni butunlay yashira olmadi. Jodugar juhudning ham, bag‘ritosh Sayksning ham qizni ishonchga loyiq ko‘rib (uni har qanday shubha-gumondan mustasno bilib va bunga to‘liq inonganlari holda) hamma uchun sir bo‘lib qolgan rejalaridan voqif etganlari uning yodida edi. Bu rejalar qanday mudhish, ularni o‘ylab chiqqan odamlar qanday ashaddiy kazzob-u razil bo‘lmasin, uni qadam-baqadam jinoyatlar va noumidlikning tubsiz o‘pqoniga izchillik bilan yaqinlashtirayotgan Fedjinga nisbatan g‘azab-u alamzadaligi qanchalik behudud bo‘lmasin, shunga qaramay, har holda, tag‘in sirni fosh etganim cholni shuncha yillar mobaynida qochib-qutulib yurgan temir iskanjaga ilintirmasa (garchi qilmishiga yarasha jazosi aynan shu bo‘lsa hamki) – chol mening kasofatim tufayli halok bo‘lmasa edi, degan xavf bilan o‘sha yovuzga achingan onlari ham bo‘lardi.
Garchi qiz hech qanday o‘y-mulohazaga qaramay, butun fikr-yodini bir maqsadga qaratishga va o‘ylagan niyatidan og‘ishmaslikka qodir bo‘lsa-da, bu taxlitdagi ruhan ikkilanishlar ilgarigi sherik va oshnalaridan butunlay ayirib tashlay olmasdi uni. Uning Sayksdan olayotgan xavotiri hali vaqt bor ekanida o‘ylagan yo‘lidan chekinishi uchun jiddiy sabab bo‘lishi mumkin edi; biroq u sirini ehtirom-la pinhon tutishni kelishib olgandi. Qiz Sayksni topishga yordam beradigan birorta ip uchini tutqizmagan edi; yigitni deb u hatto o‘zini to‘r yanglig‘ qurshagan jinoyatlar hamda qabohat-u razilliklardan xalos bo‘lishini ham rad etgandi – bundan ortiq yana nima qila olardi? U shunga jazm etdi.
Garchandki, qalbidagi olishuv shunday ahd bilan tugagan bo‘lsa ham, baribir u takror va takror bosh ko‘tarib chiqaverdi, izsiz yo‘qolavermadi. Ana shu bir necha kun ichida Nensi ozib-to‘zib, rangi bir holatda bo‘lib qoldi.
Ba’zan u atrofida bo‘layotgan voqealarga mutlaqo e’tibor bermas va gap-so‘zlarga aralashmasdi; ilgarilari esa hammadan balandroq shang‘illaganishang‘illagan edi. Ba’zida ma’yus jilmayib qo‘yar yo hech narsadan hech narsa yo‘q shovqin ko‘tarardi. Goho – oradan biror daqiqa o‘tar-o‘tmas, ko‘pincha – u jimgina, o‘yga tolgancha boshini qo‘llariga qo‘yib g‘amgin o‘tirar va bunday paytda zo‘r berib sal tetiklanishga urinayotgani, uning hushi joyida emasligini hamda o‘y-xayolining oshnalari gaplashayotgan gapga zarracha aloqasi yo‘q ekanligini hozirgina aytgan jamiki alomatlarimizdan ko‘ra oshkoraroq aytib turardi.
Yakshanba oqshomi edi, yaqindagi cherkov qo‘ng‘irog‘i soatni bildirib jom ura boshladi. Suhbatlashib o‘tirishgan Sayks bilan juhud jim bo‘lib, jom ovoziga quloq sola boshlashdi. Pastakkina kursida munkayib o‘tirgan qiz boshini ko‘tardi-da, u ham quloq tutdi. O‘n bir.
– Yarim kechaga bir soat qolibdi, – dedi Sayks chiypardani ko‘tarib ko‘chaga ko‘z tashlab, o‘z joyiga qaytar ekan. – Buning ustiga zim-ziyo, havo bulut. Ovbop antiqa kecha.
– Eh! – xo‘rsindi Fedjin. – Attang, chamalab qo‘yilgan ovimizning yo‘qligini qarang-a, azizim.
– Bu gal siz haqsiz, – dedi Sayks tumtayib. – Ming afsus, nega deganingizda, shu tobda juda ko‘nglim chopib turuvdi-da.
Fedjin uf tortib, ma’yus bosh chayqab qo‘ydi.
– Ishimiz yurishib ketdi degunicha bekor ketgan vaqtning hissasini chiqarishimiz kerak, shu to‘g‘rida bosh qotirib turibman, hozir, – deb qo‘ydi Sayks.
– Juda to‘g‘ri o‘ylabsiz, azizim, – javob berdi Fedjin, uning kiftiga qoqib qo‘yishga jur’at etib. – Bu gapingiz moyday yoqyapti-da, kaminaga.
– Moyday yoqyapti deng! – vag‘illadi Sayks. – Nimayam derdim, mayli, yoqsa yoqa qolsin.
– Hi-hi-hi! – go‘yoki bu gap ko‘nglini tinchitgandek, kulib yubordi Fedjin. – Ilgarilari qandoq bo‘lsangiz, bugun xuddi o‘shandoqsiz, Bill. Butunlay o‘shandoq.
– Kiftimga manavi qoqshoq panjalaringizni qo‘ygan paytingizda men o‘zimni o‘shandoq his qilmayman aslo. Shundoq ekan, oling uni, – dedi Sayks juhudning qo‘lini siltab tashlarkan.
– Bu jazavangizni qo‘zityapti, Bill; nazdimda, xuddi sizni ushlab olishgandek bo‘lib tuyulyapti shekilli-da, a? – dedi Fedjin xafa bo‘lmaslikka ahd qilib.
– Nazarimda, yelkamdan iblisning naq o‘zginasi changallaganday bo‘ldi, – javob qildi Sayks. – Turqi o‘zlarinikiga o‘xshagan odam dunyoga kelganmas sira. Otangizniki shunaqa bo‘lgan chog‘imda, hozir oq oralagan bo‘rg‘il soqolini jizg‘anak qilishayotgandirov. Yoki masalan, o‘zlari hech qanaqangi ota-potasiz, naq alvastidan tug‘ilgandirsiz balki, bordi-yu, shundoq bo‘lganidayam tirnoqchalik hayron bo‘lmasdim.
Fedjin ushbu tavsifga hech nima deb javob qaytarmadi, lekin Sayksning yengidan tortib, ularning gapga tushib ketganlaridan foydalanib, shlyapasini kiyib olgan va endilikda xonadan chiqib ketishga chog‘langan Nensiga ishora qildi barmog‘i bilan.
– Hey! – o‘shqirdi Sayks. – Nensi! Shu mahalda bu qiz qayoqqa otlanib qoldi?
– Uzoqqamas.
– Bu qanaqangi javob bo‘ldi? – dedi Sayks. – Yo‘l bo‘lsin?
– Uzoqqamas, dedim-ku.
– Men, qayoqqa, deb so‘rayapman! – o‘dag‘ayladi Sayks. – Gapimni eshityapsanmi o‘zi?
– Qayoqqaligini o‘zim ham bilmayman, – javob berdi qiz.
– Unda men bilaman, – dedi Sayks qizni tashqariga chiqarmaslikka asosli sabablari borligi tufayli emas, qaysarligi sababidan. – Hech qayoqqa bormaysan!.. O‘tir!
– Mazam qochib turibdi. Buni aytgandim-ku senga, – qarshilik bildirdi qiz. – Birpas sof havoga chiqmoqchiman.
– Boshingni oynadan chiqarib, nafas olaver, – javob qildi Sayks.
– Kor qilmaydi unda menga, – dedi qiz. – Tashqariga chiqib, nafas olishim kerak.
– O‘lib qolmaysan! – javob qildi Sayks.
Shunday deb u o‘rnidan turib borib, eshikni qulfladi, kalitini sug‘urib oldi-da, qizning boshidan shlyapasini yulqib, eski javonga uloqtirdi.
– Mana shundoq, – dedi kazzob. – Endi joyingga borib, jimgina o‘tir, eshityapsanmi?
– Shlyapasiz ham chiqib ketaveraman, – dedi qiz rangi quv o‘chib. – Senga nima bo‘ldi o‘zi, Bill? Nima qilayotganingni bilyapsanmi o‘zing?
– Bilyapsanmi o‘zing, degin-a… Ho! – taajjub bilan dedi Sayks Fedjinga yuzlanar ekan. – Buni qarang, miyasini yeb qo‘yibdi, yo‘qsa, men bilan bunaqangi gaplashishga botinolmasdi.
– Birorta nojo‘ya, ishkal ish qilib qo‘yishimga sababchi bo‘lasan bunaqada, – g‘o‘ldiradi qiz xuddi jazavasini tiyishga uringandek ikki qo‘lini ko‘ksiga bosib. – Qo‘yib yubor, eshityapsanmi… hoziroq… shu lahzadayoq!
– Yo‘q, – dedi Sayks.
– Fedjin, ayting unga, meni chiqarib yuborsin. Yaxshisi, chiqarib yuborsin. O‘zi uchun yaxshi bu. Eshityapsanmi gapimni? – deya qichqirdi Nensi depsinib.
– Eshityapsanmi, degin? – dedi Sayks kursida o‘tirgan joyida unga burilib qararkan. – Agar tag‘in bir daqiqa gapingni eshitadigan bo‘lsam, ko‘ppak shundoq giriboningdan oladi-yu, o‘sha chiyildoq ovozingni o‘chiradi-qo‘yadi. Nima jin urdi seni, alvasti? Nima jin urdi, deyapman?!
– Chiqarib yubor meni, – deb turib oldi qiz ikki oyog‘ini bir kavushga tiqib va eshik oldiginasida yerga o‘tirib, qo‘shib qo‘ydi: – Bill, chiqarib yubor meni! Nima qilayotganingni o‘zing ham bilmayapsan. Ha, bilmayapsan… Atigi bir soatgagina… Chiqarib yubor! Chiqarib…
– Bu qizning miyasi aynib qolmagan bo‘lsa, mayli, tanamni burda-burda qilishlariga ham tayyorman, – xitob qildi Sayks qizning yelkasiga qo‘pollik bilan chang solgancha. – Tur o‘rningdan!
– Bu yerdan chiqarib yubormaydigan bo‘lsang… chiqarmasang… hecham… hecham turmayman!.. – chiyilladi qiz.
Sayks qulay fursatni kutib, bir nafasgina qizga tikilib turdi, keyin birdan qo‘lini qayirdi-yu, qarshiligiga parvo qilmay choqqina qo‘shni xonaga surgab ketdi. U yerda qizni stulga tashlab, qo‘lini qo‘yib yubormay, o‘zi ham yonidagi kursiga cho‘kdi. Qiz to soat o‘n ikkiga jom urilgunicha dam yulqinib, dam yalinib-yolvorib ko‘rdi, vaqt shu pallaga yetgach esa, charchab va holdan toyib, ortiq tixirlik qilmay qo‘ydi. Sayks behisob-u besanoq koyishlar bilan, bugun uydan chiqishga ortiq urina ko‘rma, deb ogohlantirib, u tinchlanishi uchun o‘z holiga qoldirib, Fedjinning yoniga qaytdi.
– Antiqa gap bo‘ldi-ku! – dedi tomteshar betidagi terni artarkan. – O‘lgudek g‘alati qiz-da bu.
– Nimasini aytasiz, Bill… – o‘ychan qiyofada javob qaytardi Fedjin, – nimasiniyam aytasiz.
– Sizningcha qanday, yarim kechada uydan chiqib ketish xayoli kallasiga nimaga va qayoqdan kela qoldiykin? – so‘radi Sayks. – Menga qarang, uni mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz-ku, axir. Bu qilig‘i qanaqa bo‘ldi?
– Qaysarlik. Menimcha, ayollarning qaysarligi bu, azizim.
– Menimchayam shunaqaga o‘xshaydi, – to‘ng‘illadi Sayks. – Uni gah desa qo‘lga qo‘nadigan qo‘lbola qilib oldim, deb o‘ylagandim, ammo u o‘sha-o‘sha bir paqirga arzimaydigan yaramasligicha qolibdi.
– Undan ham battarroq, – dedi Fedjin o‘ychan. – Bunaqangi arzimagan narsa uchun shunaqangi jazavasi tutishini sira ko‘rmagandim ilgari.
– Men ham, – dedi Sayks. – O‘ylaymanki, qonida o‘sha isitma-bezgakning asorati bormikin haliyam, a?
– Shunaqaga o‘xshaydi.
– Agar yana bir marta shunaqangi qiliq qiladigan bo‘lsa, doktorni ovora qilib o‘tirmay, jindakkina qonidan olaman-qo‘yaman, – dedi Sayks.
Fedjin bunday muolajani ma’qullagandek ma’nodor bosh irg‘ab qo‘ydi.
– O‘lasi bo‘lib qimir etmay yotganimda, sizga o‘xshagan yovuz bo‘rivachcha qorasini ko‘rsatmay qochib yurganida, u tun-u kun tepamdan ketmadi, – dedi Sayks. – Bu kamlik qilgandek, hech vaqosiz muhtojlikda qiynaldik, ana shu narsa qiynab, asabini qaqshatmadimikin, deb o‘ylayman. Innaykeyin, uzoq vaqt hech yoqqa chiqmay qamalib o‘tiraverishdan shunaqangi betoqat bo‘lib qolgandir, ehtimol.
– Xuddi shundoq bo‘lgan, azizim, – shivirlab javob qildi juhud. – Sekin.
U shu so‘zni aytib bo‘lishi bilan qiz xonaga kirib kelib, boyagi joyiga o‘tirdi. Qovoqlari shishib, ko‘zlari qizarib ketgandi; qiz orqaga va oldinga silkinib-tebranib, boshini silkib turdi-da, qo‘qqisdan qah-qah urib kulib yubordi.
– Mana, endi boshqa navoni boshladi! – dedi Sayks hayrat-la o‘z suhbatdoshiga tikilib.
Fedjin, qo‘yaver, e’tibor berma, degan ma’noda imo qildi va bir necha daqiqa o‘tgach, qiz o‘ziga keldi. Fedjin Sayksga, yangi tutqanoq xurujidan cho‘chimasa ham bo‘ladi, deb shivirlab, shlyapasini oldi-da, xayrli tun tiladi. Eshik yoniga yetganida picha to‘xtab, o‘girilib qaradi va qorong‘i zinapoyani yoritib yubormaysizlarmi birortalaringiz, deb so‘radi.
– Chiroq tutib yubor, – dedi Sayks trubkasini to‘latayotib. – Tag‘in qoqinib ketib, qulog‘i tagida qolib, bunday tomoshaga qiziqadiganlarni dog‘da qoldiradigan bo‘lsa, juda alam qiladi-da. Sham tutib yubor unga.
Nensi shamni olib, cholning ketidan zinapoyadan tusha boshladi. Dahlizga tushganlarida chol barmog‘ini labiga bosib, qizga yaqinlashdi-da, shivirlab so‘radi:
– Nima bo‘ldi, Nensi, azizim?
– Nimani aytyapsiz? – qiz ham xuddi o‘shanday ohistagina so‘radi.
– Bu mashmashalarning boisini so‘rayapman, – javob qildi ohistagina Fedjin. – Agar-chi u, – qoqsuyak barmog‘i bilan tepani ko‘rsatdi chol, – senga bunaqangi qahr qiladigan bo‘lsa (axir u g‘irt mol, Nensi, ho‘kizning o‘zginasi-ku), unda nimaga haliginday…
– Xo‘sh? – dedi qiz Fedjin lablarini deyarli qizning qulog‘iga qadagancha, aftiga tikilgan ko‘yi jim qolganida.
– Hozir bu haqda gaplashmay qo‘ya qolaylik. Keyinroq suhbatlasharmiz. Meni do‘st deb bil, Nensi, sodiq do‘st. Menda ishonchli va bexavotir vositasi bor, buning. Mabodo, senga bir it o‘rnida muomala qiladiganlardan o‘ch olmoqchi bo‘lsang – yo‘q, itdan ham battar, nega deganingda, u ba’zan itni erkalab qo‘yadi – mening oldimga bor. Eshityapsanmi, oldimga borgin-a! Bu yaramasni bilganingga atigi besh kungina bo‘ldi, meni esa ko‘pdan bilasan, Nensi.
– Ha, sizni juda yaxshi bilaman, – javob qildi qiz mutlaqo xotirjam. – Yaxshi boring.
Qiz Fedjin qo‘lini qisib xayrlashmoqchi bo‘lganida bir sapchib o‘zini chetga oldi, biroq unga qat’iy ovozda xayrli tun tiladi, yana cholning xayrma’zur-la boqqan nigohiga ma’nodor bosh irg‘ab, ortidan eshikni qulfladi.
Fedjin chuqur xayolga tolib, uyi sari borardi. Uning ko‘nglida asta-sekin shubha – garchand bugungi mashmasha buning isboti o‘rnida xizmat qilgan bo‘lsa-da, nafaqat shuning uchungina – bu kazzobning qo‘polligidan qiynalib ketgan Nensi yangi do‘st orttirish payiga tushgan, degan shubha tug‘ilib, mudom qat’iylashib bormoqda edi. Uning muomalasidagi o‘zgarishlar, uydan tez-tez g‘oyib bo‘lishlar, qachonlardir o‘zi shunchalar sadoqatli bo‘lgan sheriklari manfaatiga qiziqsinishi bir qadar sovishi-yu e’tiborsizligi va ustiga-ustak, shu bugun oqshomgi ma’lum soatda, o‘laman sattor, uydan chiqib ketaman, deyishi – ana shularning jami uning gumon-u taxminlarini haqiqatga o‘xshatib, aqalli uning uchun ishonchga aylantirgan edi. Ushbu yangi muhabbat egasi uning shogirdlaridan emasga o‘xshaydi. Nensiday yordamchisi bilan birgalashsa, u bebaho o‘lja bo‘lishi mumkin, shu boisdan (shu taxlit mulohaza yuritardi Fedjin) qizning mahbubini fursatni o‘tkazmay, darhol og‘dirib olish zarur.
Yana boshqa bir, tag‘inam jinoyatkorona mo‘ljalni ham nazardan qochirmaslik lozim. Sayks ko‘p narsadan xabardor, uning qo‘poldan-qo‘pol masxara-yu istehzolari Fedjinni, u qanchalik sir boy bermasin, ozmuncha g‘ijintirmasdi. Qiz shu narsani yaxshi bilishi kerakki, bordi-yu, Sayksni tashlab ketadigan bo‘lsa, hech qachon uning g‘azabidan qochib qutulolmaydi. Bu g‘azab, shak-shubhasiz, qizning yangi muhabbati egasi boshiga yog‘iladi, ushbu hol esa mayib qilishgacha, ehtimolki, o‘limgacha olib boradi. «Qizni ko‘ndirishga urinib ko‘rish arziydigan gap, – fikr yuritardi Fedjin, – uni zaharlashga rozilik berishiyam ehtimoldan xoli emas sira. Bunday niyatlariga erishish uchun ayollar beshbattar ishlarniyam qilishgan. Ana unda men o‘lgudek yomon ko‘radigan odam, xavfli kazzob yo‘ldan g‘oyib bo‘ladi; uning o‘rnini boshqasi egallaydi, jinoyati menga ma’lumligi sababli esa unga nisbatan bo‘lgan ta’sirim behad ortadi».
Fedjin tomtesharning uyida o‘tirgan qisqa vaqt orasida ana shu o‘y-fikrlar miyasidan chappor urib o‘tgan va vujudi bu o‘ylar bilan band bo‘lib, keyinroq, xayrlashuv oldidan imkoniyat tug‘ilganidan foydalanib, bir necha mubham shamalar bilan qizni sinab ko‘rgandi. Qiz taajjublanmadi, biroq o‘zini go‘yoki uning gapiga tushunmayotgan qilib ko‘rsatdi. Qiz hammasini fahmlagandi. Xayrlashayotgan paytdagi nigohi yaqqol aytib turardi, buni. Ammo balki Sayksni gumdon qilishni taklif etganida qiz mutlaqo rad etar; bu esa hamisha u yodda tutishi kerak bo‘lgan asosiy mo‘ljallardan biri edi. «Bu qizga bo‘lgan ta’sirimni qanday kuchaytirib, jilovidan qanday mahkamroq tutsamikin?» – deb o‘ylardi Fedjin uyi tomon surgalib borayotib.
Bu toifadagi odamlar chora-tadbir topishga usta bo‘ladilar. Aytaylik, Fedjin qizni dilini yorishga majbur qilib o‘tirmay, izidan poylab, uning yangi ko‘ngil qo‘ygan kimsasini bilishga urinadi; ana unda bordi-yu, qiz uning niyatini rad etsa, hammasini Sayksga aytaman deb po‘pisa qiladi (Sayksdan bo‘lsa qiz hazilakam qo‘rqmaydi). Xo‘sh, shunda qizni rozi qila olmasmikin?
– Albatta, shundoq qilaman, – pichirlab qo‘ydi Fedjin. – Ana unda gapimni qaytarishga jur’at etolmaydi. Hecham, ha, hecham jur’at etolmaydi. Hammasini puxta qilib o‘ylab qo‘ydim. Dori qo‘limda, chora-tadbir bashang, shaksiz ishga solaman barini. Kunim bitdi deyaver, joning mening qo‘limda!
U orqasiga o‘girilib, g‘amgin nazar tashlab, o‘zidan chandon bora dovyurak ablahni tashlab kelayotgan tomonga musht do‘layib qo‘ydi-da, bamisoli manfur raqibini g‘ijimlayotgandek, qoqsuyak panjalari bilan yirtiq yopinchig‘i qatlarini yulqib, mijg‘ilagancha o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.
QIRQ BESHINCHI BOB
FEDJINNING NOE KLEYPOLGA MAXFIY TOPSHIRIQ BERGANI
Ertasiga ertalab chol barvaqt turib, yangi hamtovog‘ining kelishini sabrsizlik bilan kuta boshladi; u bo‘lsa xiyla kechikib kirib keldi-yu, kira solib ochofatlik bilan nonushta qilishga tashlandi.
– Bolter, – dedi Fedjin kursisini yaqinroq surib, Moris Bolterning ro‘parasidan joy olarkan.
– Mana, kaminalari hozir bo‘ldilar, – javob qildi Noe. – Nima gap? To ovqatlanib bo‘lgunimcha gapga solmay turing meni. Bu yerda sira bemalol-xotirjam ovqatlanishga vaqt yetmas ekan, shunisi yomon ekan-da.
– Nima balo, bir vaqtda ham gaplashib, ham ovqatlana olmaysizmi? – so‘radi Fedjin ichida xushmuomala yosh do‘stining mechkayligiga la’natlar o‘qib.
– Xo‘sh, haliginday, gaplasha olaman. Gaplashib turganimda qaytaga ishim unumliroq bo‘ladi, – dedi Noe nondan lo‘mbozday bo‘lagini qirqib olarkan. – Sharlott qayoqda?
– Ketdi, – javob berdi Fedjin. – Ertalab uni boshqa yosh ayolga qo‘shib jo‘natdim, sababki, siz bilan tanho qolmoqchiydim.
– Ehe! – dedi Noe. – Esizgina, oldin unga nonni yoqqa qovurib qo‘yishni buyurmabsiz-da. Ha, mayli. Gapira qoling. Menga xalal bermaysiz.
Darhaqiqat, hech nima bilan unga xalal berish xavfi yo‘qqa o‘xshardi, zotan, u stol yoniga astoydil ter to‘kish niyatida o‘tirgan edi.
– Kecha binoyiday ishladingiz, azizim, – dedi Fedjin. – Qoyil, qildingiz. Birinchi kuniyoq olti shilling-u to‘qqiz yarim pens. Qushchalarni tuzoqqa ilintirish bobida tuppa-tuzuk boylik orttirib olasiz.
– Bunga uchta qalayi krujka bilan sut soladigan ko‘zani qo‘shib qo‘yishni unutmang-a, – dedi mister Bolter.
– Ha-ha, to‘g‘ri aytasiz, azizim. Krujka masalasiga kelsak – o‘xshatib yasalgan, ko‘zaga-ku, havasi keladi odamning.
– Nazarimda, yangi ish boshlayotgan havaskor uchun chakkimas bu, – deb qo‘ydi mister Bolter mag‘rurlanib. – Krujkalarni g‘ovga ilib qo‘ygan joylaridan o‘mardim, ko‘za bo‘lsa qovoqxona ostonasida naq meni ol, meni ol, deb turibdi-da. Tag‘in yog‘in-sochinda zanglab yoki bilsangiz, shamollab-pamollab o‘tirmasin, dedim-da. A labbay? Xa-xa-xa!
Fedjin o‘zini astoydil kulayotganga soldi, mister Bolter esa miriqib qah-qah urganicha oldinma-ketin bir nechta bo‘lakni og‘ziga tashladi va birinchi lo‘mbozdek non bo‘lagini moy bilan yeb bitirgach, ikkinchisiga kirishdi.
– Bolter, men uchun bitta ishni, nihoyatda ehtiyotkorlik va tirishqoqlikni talab qiladigan yumushni ado etishingiz kerak, azizim.
– Menga qarang, – dedi Bolter, – tag‘in meni xavfli ishga undash yoki yana politsiyaxonaga yuborishni xayol qila ko‘rmang-a. Bu sirayam to‘g‘ri kelmaydi menga, shartta yuzingizga aytib qo‘yyapman buni.
– Hech qanaqangi xavotirli joyi yo‘q, zig‘irchaligam, – dedi juhud, – faqat bir ayolni kuzatish kerak, xolos.
– Birorta kampirnimi? – so‘radi mister Bolter.
– Yosh juvonni, – javob berdi juhud.
– Bunaqangi ishni qotirib tashlayman, – dedi Bolter. – Maktabda juda epchil chaqimchi edim. Xo‘sh, nimaga kuzataman uni? Tag‘in anavinaqangi…
– Hech nima qilmaysiz, faqat uning qayerga borgani, kim bilan uchrashgani va agar imkoni bo‘lsa, nimalarni gaplashganini menga xabar qilib turasiz, vassalom; agar ko‘cha bo‘lsa – qaysi ko‘chaligini, agar uy bo‘lsa – qaysi uyligini; keyin qanday ma’lumotni qo‘lga kiritsangiz, hammasini menga yetkazasiz.
– Xizmatimga qancha haq berasiz? – so‘radi Noe qo‘lidagi chinnioyoqni qo‘yib, o‘z xo‘jasining basharasiga harislik-la tikilib.
– Qoyillatib eplashtirsangiz – bir funt, azizim. Roppa-rosa bir funt, – dedi Fedjin uni ayg‘oqchilikka qiziqtirib. – Hech qanaqangi foyda keltirmaydigan ish uchun hech qachon berganmasman buncha.
– Kim o‘zi, o‘sha juvon? – surishtirdi Noe.
– O‘zimiznikilardan biri.
– Yo Tangrim! – nido soldi Noe burnini jiyirib. – Demak, undan shubhalanayotgan ekansiz-da?
– U allaqanaqangi yangi do‘stlar orttiribdi, azizim, men esam, ular kimligini bilishim kerak, – javob qildi Fedjin.
– Tushunaman, – dedi Noe. – Mabodo, ular hurmatli odamlar bo‘lsa, tanishish sharafiga musharraf bo‘lish uchungina ekan-da, a? Xa-xa-xa!.. Xizmatingizga tayyorman.
– Rozilik berishingizni bilgandim o‘zim ham! – xitob qildi Fedjin o‘z rejasi muvaffaqiyatli chiqayotganidan zavqi oshib.
– Albatta, shubhasiz! – javob qaytardi Noe. – Qayerda u? Qayerda poylashim kerak uni? Qayerga borishim kerak?
– Hammasini o‘zim aytaman sizga, azizim. Vaqti-soati yetganda uni o‘zim ko‘rsatib qo‘yaman sizga, – dedi Fedjin. – Siz shay bo‘lib turavering-u, bu yog‘ini menga qo‘yib beravering.
O‘sha kuni oqshomgacha va keyingi ikki kun mobaynida ayg‘oqchi oyog‘ida etik, Fedjinning buyrug‘i bilan tashqariga chiqishga shay bo‘lib, aravakashlarday to‘liq kiyinib o‘tirdi. Oradan olti oqshom – iztirobli, yilday cho‘zilgan olti oqshom o‘tdi. Har gal Fedjin uyga hafsalasi pir bo‘lib, qovoq-tumshug‘i osilib kirib kelar va hali fursati yetgani yo‘q, deb gapni qisqa qilib qo‘ya qolardi.
Yettinchi kun deganda u odatdagidan barvaqtroq, hayajonini arang yashirgancha paydo bo‘ldi uyda. Yakshanba kuni edi.
– Bugun uydan chiqadi u, – dedy Fedjin. – Iymonim komil, xuddi o‘sha ish bilan… Uzzukun yolg‘iz o‘tirdi uyda, u qo‘rqadigan odam bo‘lsa sahardan oldin qaytmaydi. Yuring. Tezroq bo‘la qoling.
Noe g‘ing demay o‘rnidan sakrab turdi, zero, juhud shunaqangi kuchli hayajonda ediki, buning ta’siri unga ham yuqqandi. Ular uydan pisibgina chiqishib, ilang-bilang, aylanma jinko‘chalardan zud ilgarilab borisharkan, axiyri, Noe Londonga tashrif buyurgan kuni tunagan qovoqxona qarshisida to‘xtashdi, ayg‘oqchi uni tanidi.
Shu tobda soat o‘n birdan oshgan, eshik esa qulflog‘liq edi. Fedjin sekingina hushtak chalgandi, u sharpa chiqarmay ochildi. Ular astagina ichkari kirishdi-yu, ketlaridan eshik yopildi.
Fedjin bilan ularni ichkariga kiritgan yosh juhud shivirlab gaplashishga bazo‘r botinib va so‘z o‘rniga imo-ishora bilan Noega shapaloqdekkina oynani ko‘rsatib, yon xonada o‘tirgan ayolni ko‘rib olishni imlashdi.
– Bu o‘sha juvonmi? – eshitilar-eshitilmas qilib so‘radi u.
Fedjin «ha» degan ma’noda bosh irg‘adi.
– Aftini tuzukroq ko‘rolmayapman-ku! – shivirladi Noe. – U boshini egib olibdi, sham bo‘lsa orqa tomonida.
– Sabr qiling, – pichirladi Fedjin.
U Barniga imo qilgandi, yigit chiqib ketdi. Lahza o‘tmayoq u yon xonaga kirib, go‘yo shamning so‘xtasini olib tashlamoqchi bo‘lgandek zarur joyga surib qo‘ydi-da, qizni gapga solib boshini ko‘tarishga majbur etdi.
– Endi ko‘ryapman uni, – shivirladi ayg‘oqchi.
– Aniqmi?
– Ming odamning orasidan ham tanib olardim uni!
U tez pastga tushdi, negaki, xonaning eshigi ochilib, qiz ostonada ko‘ringandi. Fedjin ayg‘oqchini xonaning parda bilan to‘silgan burchagiga tortdi va ikkovlon qiz bir necha qarichgina narilaridan o‘tib, hozir o‘zlari kirgan eshikdan chiqib, g‘oyib bo‘larkan, nafaslarini ichlariga yutib turishdi.
– Jim! – dedi ularga eshik ochgan yigit. – Vaqt bo‘ldi!
Shunda Noe Fedjin bilan ko‘z urishtirib olib, qovoqxonadan chopgancha chiqib ketdi.
– Chapga! – qulog‘iga shivirladi yigit. – Chapga qarab yuring, keyin ko‘chaning u betiga o‘tib oling.
Noe xuddi shunday qildi va fonuslar yorug‘ida ancha narida uzoqlashib borayotgan qizning qorasini ko‘rdi. Mudom ko‘chaning narigi betidan ilgarilab borarkan, u o‘zi zarur hisoblaganicha qizga yaqinlashib bordi, shunda kuzatishi qulay bo‘lardi. Qiz ikki yoxud uch marta xavfsirab o‘girilib qaradi, bir gal orqasidan kelayotgan ikki erkakni o‘tkazib yuborish niyatida picha to‘xtadi ham. Chamasi, uzoqlashib borgani sayin u dadillashayotganga o‘xshardi, mana endi shaxdam, ishonch-la qadam bosyapti. Ayg‘oqchi o‘zi bilan qiz oralig‘idagi boyagi masofani saqlagan holda, undan ko‘zini uzmay odimlardi.