Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 40 (всего у книги 40 страниц)
«Mabodo, Dikkens dunyoga kelmaganida olamdagi barcha bolalarning hayoti g‘ariblashib, huvillab qolardi», – degan edi Stefan Sveyg. Adib ijodining qadri naqadar yuksakligini shu birgina fikr ravshan ko‘rsatib turibdi.
Stefan Sveyg Dikkensni liliputlar orasidagi Gulliverga o‘xshatgan bo‘lsa ham, uning ingliz xalqi an’analari qobig‘ini yorib chiqolmagan mayda burjuacha did egasi deb ta’riflaydi: «Adibning g‘aroyib fantaziyasi inglizlarning tor maishiy olami uzra burgutday parvoz qilishi o‘rniga shon-shuhrat to‘rlari orasida o‘ralashib qoldi. Uning ilhom bulog‘ining ko‘zlarini hayotdan mamnunlik toshlari bosib qoldi. Dikkens mamnun edi. U dunyodan, Angliyadan, zamondoshlaridan mamnun, ular esa Dikkensdan mamnun edilar. Har ikkala tomon munosabatlarini buzishni istashmasdi. Qahrli sevgi Dikkensga begona edi. Qahrli sevgi esa jazolashga, larzaga solishga, uyg‘otishga, yuksaltirishga intiladi». Sevimli san’atkorimiz Stefan Sveygning bu fikrlariga qo‘shilish qiyin, albatta. Yo‘q, Dikkens, Angliyadagi mavjud hayotdan mamnun emas edi, u zamondoshlarining ko‘pchiligidan mamnun emas edi. Bunga ishonch hosil qilish uchun Dikkens romanlarida qanchadan-qancha murg‘ak qalblarning xor-zorlikda, mehr-u oqibatdan mahrum yashayotganligi, qanchadan-qancha qabih odamlar gavhar qalbli, pokiza, sodda, himoyasiz insonlarni oyog‘osti qilayotganligi tasvirlangan sahifalarni o‘qish kifoya.
Xuddi shu jihatlari bilan ham Dikkens buyuk fransuz isyonkori Balzakka, buyuk rus dahosi Dostoyevskiyga yaqinlashadi. Shuning uchun ham boshqa bir o‘rinda Sveyg ingliz san’atkorining ba’zi romanlarini «Ilohlar va ilohalarsiz «Iliada»ga o‘xshatadi. «Bu asarlarda minglab qahramonlar yakkama-yakka jangga chiqadi, – deydi u. – Uning eng qayg‘uli va hatto zerikarli romanlarining fojiiy baland-pastliklarida ham u yer, bu yerda ajoyib gullar unganday nozik-nihol obrazlar yaraqlab turadi. Adib kitobining poyonsiz o‘tloqlarida binafshalar ochilgani sezilmaganday, ana shu jozibali, unutilmas obrazlar ham darrov ko‘zga tashlanmaydi. Lekin uning asarlaridagi dahshatli voqealar tog‘larining yonbag‘irliklaridan beozor sho‘xlikning shaffof jilg‘alari jildirab oqib turadi. Mana shu sezilar-sezilmas durdonalar uning asarlarida saxovat bilan sepib tashlangani uchun, faqat shuning o‘zi uchun ham Dikkensni sevish kerak, ana shu jajji durdonalarning mo‘l-ko‘lligi esa ulug‘vorlikka olib keladi».
Avstriyalik ajoyib adib Dikkens ijodining faqat bir qirrasini shunchalik ta’riflagan ekan, uning hamma qirralarini ta’riflashga bizning ojizligimiz kechirarlidir.
Mahkam MAHMUDOV