Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 20


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 20 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

O‘TTIZ BIRINCHI BOB
TANG VAZIYAT XUSUSIDA HIKOYA QILADI

– Kim bu? – so‘radi Britls, keyin eshikni qiya ochdi-da, zanjirini tushirmay, kafti bilan shamni pana qilib, tashqariga mo‘raladi.

– Eshikni oching, – javob qildi tashqaridagi odam. – Bugun odam yuborganlaring – Bou-strit agentlari bo‘lamiz.

Bu javobdan mutlaqo ko‘ngli joyiga tushgan Britls eshikni lang ochdi-yu, qarshisida palto kiygan basavlat odamga ko‘zi tushdi; u odam ortiq bir og‘iz ham so‘z aytmay, ichkari kirdi-da, go‘yoki, shu yerda turadigandek sovuqqonlik bilan oyoq kiyimini bo‘yraga surtib tozalayverdi.

– Qani, yigitcha, oshnamning o‘rniga birontasini jo‘nating-chi, – dedi agent. – U izvoshda otni poylab qoldi. Izvoshni besh-o‘n daqiqaga kiritib qo‘ysa bo‘ladigan joy-poylaring bormi?

Britls ijobiy javob qilib, ularga kerakli binoni ko‘rsatgach, basavlat kishi darvoza yoniga qaytib borib, hamrohiga ikki g‘ildirakli izvoshni bostirmaga kiritib qo‘yishiga yordamlashdi, bu orada o‘zida yo‘q xursand Britls bajonidil ularga sham tutib turdi. Bu ishlarni tugatgach, ular uyga qarab yurishdi va mehmonxonaga boshlab kirishganida paltolari bilan shlyapalarini yechib, butun husn-jamollari-yu, bo‘yu bastilari ila namoyon bo‘lishdi.

Eshikni taqillatgani chayir gavdali, ellik yoshlar chamasidagi, o‘rta boy, nihoyatda kalta qilib kuzalgan qop-qora yaltiroq sochli, chakka soqol qo‘ygan, yumaloq yuzli va o‘tkir ko‘zli odam edi. Sherigi esa malla, qotmadan kelgan, qaytarma qo‘nj etik kiygan odam bo‘lib, basharasi sovuq, xunukdan-xunuk tanqa burun ekan.

– Sohibingizga xabar qiling, Bleters bilan Daff kelishibdi, deng, eshityapsizmi? – dedi basavlat kishi sochini silab, bir juft kishanni stolga qo‘yar ekan. – O, oqshomlari xayrli bo‘lsin, taqsir! Ijozatlari bilan o‘zlariga xoli joyda ikki og‘iz gap aytsam.

Ushbu so‘zlar xonaga kirib kelgan mister Losbernga qaratilgan edi; mazkur jentlmen Britlsga imo bilan gumdon bo‘lishni buyurib, ikkala xonimni ichkariga kiritdi-da, eshikni yopdi.

– Bu kishi xonadon sohibasi bo‘ladilar, – dedi mister Losbern missis Meylini ko‘rsatib.

Mister Bleters ta’zim bajo keltirdi. O‘tirishga izn tekkach, u shlyapasini yerga qo‘yib, kursiga joylashdi-da, Daffga ham o‘zidan ibrat olishini imo qildi. Tuzukroq davraga ko‘pda ko‘nikmaganidanmi, bunday davrada o‘zini emin-erkin sezmaganidanmi, haytovur, mazkur jentlmen bir qator esankiragan, talvasalangan kishi xatti-harakatlaridan so‘ng, parokandalik bilan hassasi tutqichini og‘ziga tiqqan ko‘yi kursiga cho‘kdi.

– Ana endi o‘g‘rilik masalasi bilan shug‘ullanamiz, taqsir, – dedi Bleters. – Ish qanday holatda?

Mister Losbern, chamasi, vaqtdan yutish istagida, shart-sharoitni g‘oyatda batafsil ham talaygina bo‘yab-bejashlar bilan so‘zlab berdi. Bleters va Daff janoblarining ko‘rinishi o‘ta farosatli, tiyrak edi va ahyon-ahyonda bir bosh irg‘ab olishardi o‘zaro.

– Toki voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘rmasdan turib, qat’iy bir gap aytolmayman, albatta, – dedi Bleters, – lekin shu tobdagi fikrimcha – bu jabhada o‘z niyat-rejalarimni o‘rtaga tashlashga tayyorman, – mening fikrimcha qandaydir biron qishloqining ishi emas bu. A labbay, Daff?

– Turgan gap, – sado berdi Daff.

– Inchunin, «qishloqi» degan so‘zingizni xonimlarga tarjima qilib beriladigan bo‘linsa, siz, kaminaning fikri ojizicha, bu ishni qishloqda turadigan odam qilmagan, deb hisoblaysiz ekan-da, shundaymi? – kulib turib so‘radi mister Losbern.

– Balli, taqsir, – javob berdi Bleters. – O‘g‘rilik yuzasidan bo‘lak hech qanday tafsilot yo‘qmi?

– Hech qanday, – dedi doktor.

– Anavi xizmatkorlar allaqanday bola to‘g‘risida valaqlashyaptimi? – so‘radi Bleters.

– Bo‘lmag‘ur gap, – dedi doktor. – Xizmatkorlardan biri o‘takasi yorilayozganidan, qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi deganlaridek, o‘sha bolani talonchilarga qandaydir aloqasi bor, degan gapga yopishib olibdi, desangiz. Illo, bu bema’ni gap, g‘irt safsata.

– Bordi-yu, shundoq bo‘lsa, ta’zirini berib qo‘yishdan osoni yo‘q, – dedi Daff.

– To‘g‘ri aytyapti u, – tasdiqladi Bleters ma’qullab bosh irg‘ab va xuddi bir juft qayroqdek, qo‘l kishanini beparvogina shiqirlatib o‘ynagancha. – Bolaning o‘zi kim? O‘zi to‘g‘risida nimalarni gapirib berdi? Qayoqdan kelib qolibdi? Axir, osmondan tushmagandir-ku, taqsirim?

– Shubhasiz, undoqmas, – javob qildi doktor, ikkala xonimga bezovta nigoh tashlab qo‘yarkan. – Uning butun tarixi kaminaga ayon, biroq bu haqda keyinroq gaplashsak ham bo‘ladi. O‘ylaymanki, avvalambor o‘g‘rilarning uyga kirishga uringan joylarini ko‘rish qiziqtirsa kerak sizni? .

– Albatta, – gapni ilib ketdi mister Bleters. – Oldiniga o‘sha joyni ko‘zdan kechirganimiz ma’qul, ana undan keyin xizmatkorlarni so‘roq qilarmiz. Ishni tekshirish va tergov qilish tartibi shunday o‘zi.

Chiroq keltirdilar, janobi Bleters va Dafflar mahalliy konstebl, Britls, Jayls hamda qisqa qilib aytganda, boshqalarning jamikisi kuzatuvida uzun yo‘lakning narigi boshidagi hujraga kirib, derazadan boshlarini chiqarib qarashdi, shundan keyin uy tevaragidagi maysalar ustidan aylanib o‘tib, o‘sha derazadan ichkariga mo‘ralab ko‘rishdi; so‘ngra deraza qopqoqlarini ko‘zdan kechirish uchun qo‘llariga sham tutqazdilar; undan so‘ng izlarni aniqlamoqlik uchun fonus tutdilar; eng oxiri butalar orasini titib, axtarib ko‘rmoq uchun panshaxa berdilar. Jamiki tomoshabinlarning diqqat-e’tiborli kuzatuvlari ostida shu ishlar nihoyasiga yetkazilgach, ular yana uyga kirishdi, o‘sha ondayoq Jayls bilan Britls o‘tgan kechasi boshdan kechirgan ta’sirli hamda fojiaviy sarguzashtlarini bayon etishlari lozim edi; sarguzashtlarini ular birinchi gal bir muhim nuqtasida, oxirgi gal esa o‘nga yaqin joyida bir-birovlariga zid gapirib, besh-olti marta takrorladilar. Bleters bilan Daff ana shunaqangi muvaffaqiyatlarga erishgan, hammani xonadan chiqarib yuborib, ikkovlon uzoq vaqt shunchalar maxfiy hamda tantanavor kengash qurdilarkim, buning oldida tibbiyot jabhasidagi eng mushkul hol-hodisani muhokama qilayotgan ulug‘ hakamlarning maslahat majlislari bolalar ermagiday bir gap edi.

Bu orada tashvishi had-hududidan ortib ketgan doktor qo‘shni xonada u yoqdan-bu yoqqa zir qatnar, missis Meyli bilan Roz unga xavotir-la tikilishardi.

– Rostini aytsam, – dedi u xonada behisob-u besanoq karra borib-kelib, nihoyat to‘xtarkan, – nima qilishimniyam bilmay qoldim.

– Ochig‘i, – dedi Roz, – agar bu kishilarga sho‘rlik bolaning tarixi haqqoniy gapirib berilsa, uni oqlash uchun shuning o‘zi kifoya bo‘ladi-ku.

– Dargumonov bu, oyimqizginam, – boshini sarak-sarak qilib, e’tiroz bildirdi doktor. – Bu narsa na manavilarning ko‘z o‘ngida, na ulardan ko‘ra chandon yuqoriroq martabadagi odil sud hakamlari ko‘zi oldida oqlay oladi bolakayni. Sirasini aytganda, kim o‘zi u? – deyishadi. – Bitta qochoq-da! Basharti, faqat aql-idrok hukmi a’moliga rioya qilingudek bo‘linsa, uning tarixi nihoyat darajada haqiqatdan yiroq…

– Lekin o‘zingiz-chi, ishonasizmi unga? – uning gapini bo‘ldi Roz.

– Shunisi hayron qolarliki, o‘zim ishonaman, innaykeyin, men qari ahmoq bo‘lsam kerak aslida, – javob berdi doktor. – Lekin shunga qaramay, bunaqangi safsata tajribali politsiya mansabdori uchun yaramaydi deb hisoblayman.

– Nega endi? – so‘radi Roz.

– Shuning uchunkim, mening suluv tergovchim, – javob qildi doktor, – ularning nuqtayi nazari bilan qaralsa, bu hikoyaning xunuk tomonlari talaygina: bola yomon taassurot qoldiradigan dalil-u jihatlarnigina isbotlab berishi mumkin, xolos, lekin o‘zi uchun foydasi tegadigan birorta narsani isbot-lolmaydi. Padariga la’nat, bu nusxalarning! Nimaga-yu, nima uchun deb hamma gapni ipidan-ignasigacha bilishni istashadi, keyin og‘zaki gapga o‘la qolsa ishonishmaydi. Ma’lumingizkim, uning o‘z og‘zidan eshitgan gaplarga qaraganda bola ma’lum muddat mobaynida o‘g‘rilar davrasida bo‘lgan; uni bir jentlmenning cho‘ntagini shipirib ketishda ayblab, politsiya mahkamasiga jo‘natganlar; o‘sha jentlmenning uyidan uni zo‘rlab allaqayoqqa olib ketganlar, o‘sha joyni bo‘lsa bola na tasvirlab, na ko‘rsatib bera oladi, buning ustiga hozir yotgan yeri haqida zarracha tasavvur-u tushunchaga ega emas. Xohlaydimi yo xohlamaydimi, uni go‘yoki o‘ziga yaqin allaqanaqangi odamlar Chertsiga olib keladilar-da, uyni ko‘tarib ketish maqsadida derazadan ichkariga itarib kirgizadilar, keyin esa, bola xonadon istiqomatchilarini oyoqqa turg‘azmoqchi, binobarin, zimmasidagi har qanday jinoyatni yuvib ketguvchi ishni qilmoqchi bo‘lib endi og‘iz juftlagan ayni o‘sha lahzada anavi kaltafahm maxluq, to‘nka eshikog‘asi paydo bo‘ladi-yu, unga qarata o‘q uzadi. Xuddi ataylab bolaning ezgu niyatiga xalal berishga qasd qilgan deysiz. Endi hammasi tushunarli bo‘lgandir?

– Albatta, tushunarli bo‘ldi, – javob berdi Roz doktorning hayajonli nutqiga javoban kulimsirab, – lekin har holda, buning sho‘rlik bolaga zarari tegadigan hech qanaqangi tomonini ko‘rmayapman.

– Ha, albatta, hech qanday! – dedi doktor. – Jinsdoshlaringiz namoyandalarining o‘tkir nigohlariga Xudo quvvat bergay. Ular ishning bir tomoninigina – yaxshi yoxud yomon tomoninigina ko‘radilar, innaykeyin desangiz, hamisha dastlab payqaganlarinigina.

Doktor hayotiy tajribasi samaralarini shu tariqa bayon etib, qo‘llarini cho‘ntaklariga suqdi-da, xona bo‘ylab yanada ildamroq keza boshladi.

– Bu borada qanchalik ko‘p o‘ylaganim sayin, agar bu odamlarga bolaning haqiqiy tarixini so‘zlab beradigan bo‘lsak, tashvishdan qutulolmasligimizga shunchalik ishonchim ortib boryapti. Turgan gapki, unga ishonmaydilar. Bordi-yu, tarjimayi holi hatto unga oxir-oqibatda ziyon yetkazmagan taqdirda ham, har qalay, tarixini oshkor etish, shuningdek, bu hol tug‘diradigan shubha-gumonlar sizning bolani azob-uqubatdan xalos qilishdek saxovatli niyatingizga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Voy, unda nima qildig-a? – dedi Roz hayajon-la. – Voy xudoyim, xudoyim-a! Nimaga odam yuborishibdi-ya bularga?

– To‘ppa-to‘g‘ri aytasan, nega? – nido soldi missis Meyli. – Ularni ikki dunyoda qadam bostirmagan bo‘lardim-a uyimga.

– Men yolg‘iz bir narsanigina bilaman, – dedi nihoyat Losbern, har qanaqangi ishga qo‘l urishga tayyor odam qiyofasida kursiga cho‘kar ekan, – yotib qolguncha otib qol qabilida ish tutib, imkoni bor narsaning jamini qilish, qilganda ham dadil bajarish kerak. Niyatimiz xolis va u qilmishimizni oqlovchi omilimiz bo‘lsin. Bolada isitmaning jamiki belgi-alomatlari zohir, baski, u gaplashadigan ahvolda emas: bu esa bizga qo‘l keladi. Biz bu holatdan iloji boricha foydalanib qolishimiz lozim. Bashartiki, oqibati xunuk bo‘lib chiqqudek bo‘lsa, bizning aybimiz emas bu… Kiring!

– Xo‘sh deganingizdan, taqsir, bu ish pishitilmagan, xom ish, – deya gap boshladi Bleters o‘z sherigi bilan ichkari kirib, eshikni zichlab berkitarkan.

– Jin ursin! Xom ish deganingiz nimasi? – sabrsizlik bilan so‘radi doktor.

– Pishitilgan o‘g‘rilik deb, xonimlar, – dedi Bleters, ikkala xonimga murojaat qilib, ularning johilliklariga achingan, ammo ayni chog‘da doktorning omi ligidan nafratlangan bir avzoyda, – biz xizmatkorlar ham qatnashadigan talonchilikni aytamiz.

– Mazkur ishda hech kim ulardan shubhalangani yo‘q, – dedi missis Meyli.

– Mutlaqo bo‘lishi mumkin, xonim, – javob qildi Bleters, – biroq shunga qaramay ularning tili bir bo‘lishi ham mumkin edi-da.

– Ulardan shubha qilmasliklari sababli ham shunday bo‘lib chiqishi ehtimoldan xoli emasdi-da, – qo‘shib qo‘ydi Daff.

– Bu shaharliklarning ishi deb topdik, – dedi Bleters bayonnomasini davom ettirib. – Bag‘oyat puxta ish.

– Ha, ustomonlik bilan bajarilgan, – deb qo‘ydi Daff ohistagina.

– Ular ikki kishi bo‘lishgan, – davom ettirdi Bleters, – yonlarida bola ham bo‘lgan. Derazaning hajmiga qaraganda bu kunday ravshan. Hozircha ayta oladigan gapimiz mana shular. Endi ijozatlaringiz bilan, biz hayallamay yuqori qavatda yotgan bolani chiqib ko‘ramiz.

– Yuqoriga chiqishdan oldin ularni bir ho‘plamgina biron nima bilan siylasak qandoq bo‘larkin, missis Meyli, – dedi doktor chiroyi ochilib, xayoliga birdan qandaydir yangi fikr kelib qoldi chog‘i.

– Aytmoqchi, albatta! – so‘zni ilib ketdi Roz jo‘shqinlik bilan. – Agar istasanglar, hoziroq keltirib berishadi.

– Tashakkur sizga, miss – dedi Bleters yengi bilan og‘zini artib. – Vazifamiz o‘zi shunaqaki, tomog‘ing naq qaqrab ketadi. Boriga baraka, miss shu yerda boridan quyavering. Bizni deb aziyat chekib, ovora bo‘lib yurmang tag‘in.

– Nimani xohlardingiz? – so‘radi doktor yosh xonim bilan baravar javonga yaqinlashar ekan.

– Agar malol kelmasa, bir qultumgina spirtli ichimlik kifoya, taqsir, – javob qildi Bleters. – Londondan kelayotib yo‘lda sovqotib ketdik, xonim, keyin desangiz, men hamisha sovuqni kesadigan narsa spirt ekanini payqaganman.

Ushbu qiziqarli axborot missis Meyliga qaratilgandi va xonim unga lutfan quloq soldi. Toki bu axborot sharhi bayon etilarkan, doktor lip etib xonadan chiqib ketdi.

– Eh-he! – dedi mister Bleters qadahni oyog‘idan emas, shahodat va bosh barmog‘i bilan belidan qisib ushlagancha ko‘kragi baravar ko‘tarib turarkan. – Kamina hayotlarida bunaqangi ishlarning ozmunchasini ko‘rmagan, xonim.

– Loaqal Edmonton yaqinidagi qishloq yo‘lida qulfni buzib kirib, uyni ko‘tarib ketganlarini olaylik, Bleters, – eslatdi mister Daff o‘z hamkasbiga.

– U xuddi shu ishga o‘xshardi-a, to‘g‘rimi? – gapni ilib ketdi mister Bleters. – Bu Chikuid Dog‘ulining ishi edi.

– Siz nuqul bu ishni o‘shanga yopishtirganingiz-yopishtirgan, – qarshilik bildirdi Daff. – Men bo‘lsam takror aytaman, bu ishni Pet Oilamand qilgan.

– Qo‘ysangiz-chi! – uning so‘zini bo‘ldi mister Bleters. – Bu kaminaga yaxshiroq ayon. Haligi, Dog‘ulining o‘zini talab ketganlari esingizdami? Toza hangoma bo‘lgandi-da. Har qanaqangi hikoyatdan qiziqroq desangiz.

– Qanday bo‘lgandi bu? – deb so‘radi Roz nomatlub mehmonlarning ochilib-sochilib turgan kayfiyatlarini yanada ko‘tarishni istab.

Bunaqangi o‘g‘rilikni, miss, biror kimsa jiddiyroq qoralashi amrimahol edi, – dedi Bleters. – O‘sha Chikuid Dog‘ulining o‘zi desangiz…

– Dog‘uli mug‘ombir degani bo‘ladi, xonim, – tushuntirdi Daff.

– Xonimlar bu so‘zni tushunib turishibdi, shunday emasmi?.. – dedi Bleters. – Qachon qarasa, gapimni bo‘lganingiz-bo‘lgan-da, oshna… Qisqasi, o‘sha Chikuid Dog‘ulining Betlbrij yo‘lida qovoqxonasi bo‘lardi, undan keyin desangiz, yosh-yosh jentlmenlar xo‘roz urishtirishni, bo‘rsiq bilan itni olishtirishlarini tomosha qilgani uning yerto‘lasiga tushib turishardi. Bunaqangi o‘yinlar judayam ustomonlik bilan o‘tkazilardi – men ham uni tez-tez tomosha qilib turardim. O‘sha kezlarda u hali o‘g‘rilar to‘dasiga qo‘shilmagan edi. Qisqasi, bir kuni kechasi kanop hamyonga solingan uch yuz yigirma yetti giney pulini o‘g‘rilab ketishadi; pulni yarim kechada uning yotoqxonasidan allaqanday ko‘ziga qora narsa tutib olgan novcha odam o‘marib ketgan; o‘sha erkak karavot tagiga berkinib olgan ekan, pulni o‘margandan keyin esa ikkinchi qavatdagi derazadan sakrabdi. Juda tezkorlik bilan qilibdi buni. Lekin Dog‘uli ham fursatni o‘tkazmabdi: shovqindan uyg‘onib ketibdi-yu, karavotdan sapchib turib, o‘g‘rining orqasidan o‘q uzibdi va butun qo‘shnilarni uyg‘otib yuboribdi. O‘sha zahotiyoq quvishga tushishibdi, u yoq-bu yoqni ko‘zdan kechira boshlashganida esa Dog‘ulining har qalay o‘g‘rini yaralaganiga ishonch hosil qilishibdi: ancha joygacha qon oqib borgani shundoq ko‘rinib turganmish, bu iz to‘siqqacha cho‘zilib borib, o‘sha yerga yetganda yo‘qolibdi. Bu yog‘i qandoq bo‘lsa-bo‘pti-yu, o‘g‘ri o‘ljasi bilan juftakni rostlab qolibdi, spirtli ichimliklar bilan savdo qilish uchun guvohnomasi bo‘lgan qovoqxona egasi – mister Chikuidning ism-shariflari esa boshqa singanlar qatori «Gazetada»4141
  «Gazeta» – hukumat farmonlarini, mansabdorlarning ko‘rsatmalari, singanlik haqidagi sud qarorlari va shunga o‘xshashlarni e’lon qilish uchun tashkil etilgan «London gazetasi»ning qisqartirilgan nomi.


[Закрыть]
bosilib chiqdi. Shunda har xil ro‘yxatlar tuzib, talonchilikdan nihoyatda ezilib ketgan jabrdiydaga xayr-ehson yig‘ish degan gaplarni o‘ylab chiqarishdi: bechora uch-to‘rt kungacha jon jahdi bilan sochlarini yulgan ko‘yi ko‘chalarda daydib yurdi, buni ko‘rgan ko‘plar, o‘z joniga qasd qilmasa go‘rga edi, deb qo‘rqishdi. Bir kuni u hovliqqancha politsiya sudiga kirib keladi-da, sudya bilan yuzma-yuz suhbatlashadi, unisi bo‘lsa uzoq suhbat qurgandan so‘ng qo‘ng‘irog‘ini jing‘illatadi-da, Jem Spayersni chaqirtirib (Jem juda epchil agent edi-da o‘ziyam), unga mister Chikuid bilan birga borish va uyni o‘marib ketgan odamni qo‘lga olishga yordamlashishni buyuradi. «Spayers, – deydi Chikuid, – kecha ertalab uning uyimning oldidan o‘tib ketayotganini ko‘rib qoldim». «Unda nimaga shartta yoqasidan olmadingiz?» – deydi Spayers. «Shunaqangi dovdirab qoldimki, o‘sha paytda boshimni tish kovlagich bilan urib yorish ham hech gapmasdi, – javob beradi bechora, – lekin mana endi qo‘ldan chiqarib bo‘pmiz uni. Oqshom soat o‘n birlar orasida yana uyim oldidan o‘tdi». Bu gapni eshitib, Spayers o‘sha zahotiyoq, ikki-uch kun o‘sha yerda tutilib qolish ehtimoli borligi tufayli, cho‘ntagiga toza ro‘molchasi bilan tarog‘ini soladi-da, yo‘lga tushadi, qovoqxonaga yetib kelgach, choqqina qizil parda tutig‘liq deraza oldiga joylashib oladi, istalgan damda tashqariga otilib chiqish uchun shlyapasini ham yechmaydi. O‘sha yerda u to kechgacha trubkasini tutatib o‘tiradi, shunda Chikuid qo‘qqisdan: «Ana u? O‘g‘rini ushlanglar! O‘ldiryapti!» – deb dod solib qoladi. Spayers ko‘chaga otilib chiqadi-yu, joni boricha yugurib, baqirib borayotgan Chikuidga ko‘zi tushadi. Spayers ketidan yuguradi; Chikuid olg‘a qarab o‘qday uchib boradi: odamlar o‘girilib qarashadi; hammalari: «O‘g‘rilar!» – deb qichqirishadi; Chikuidning o‘zi ham bamisoli telbalarday bo‘kirishini qo‘ymaydi. Spayers uni muyulishdan burilgan soniyada bir lahzagagina ko‘zdan qochiradi, lekin orqasidan yugurib boraveradi, yetib borib, kichikroqqina to‘dani ko‘radi-yu, o‘zini to‘da orasiga uradi: «Bulardan qaysi biri? Jin chalgur, – deydi Chikuid, – yana qo‘ldan chiqarib yubordim». Qanchalik g‘alati tuyulmasin, u yerdayam, ko‘kdayam ko‘rinmaydi – tag‘in qovoqxonaga qaytishlariga to‘g‘ri keladi. Erta-merta yana o‘sha joyni egallagan Spayersning ko‘ziga qora tutgan baland bo‘yli kishi ko‘rinib qolar, deb parda ortidan mo‘ralayverib, ko‘zlari og‘rib ketadi. Axiyri, picha dam berish uchun ko‘zlarini yumishga majbur bo‘ladi, xuddi shu lahzada Chikuidning: «Ana u!» – deb bo‘kirganini eshitadi. U yana quvishga tushadi, Chikuid bo‘lsa bu orada ko‘chaning qoq yarmiga borib qolgandi. Ikkovlashib kecha kechqurungiga qaraganda ikki baravar masofani bosib o‘tganlarida o‘sha odam tag‘in g‘oyib bo‘ladi. Bu hol tag‘in ikki bora takrorlanadi va nihoyat, qo‘shnilardan, aksari, mister Chikuidning pulini shaxsan iblisning o‘zi o‘g‘rilagan, mana endi uni burnidan ip o‘tkazib olib, ahmoq qilib yuribdi, deyishadi, boshqalari esa – mister Chikuid sho‘rlikning boshiga tushgan kulfatdan miyasi aynib qolgan, deyishadi.

– Jem Spayers-chi, u nima deydi? – so‘radi doktor, u mazkur hikoyat boshlangan paytda xonaga qaytgan edi.

– Jem Spayers uzoq vaqtlargacha uzil-kesil hech nima demaydi, – hikoyasini davom ettirdi agent, – va hamma narsadan ko‘z-quloq bo‘lib, illo, hech nimani bilmagan-sezmagan bo‘lib yuraveradi; bundan shunday xulosa chiqadiki, u o‘z ishini puxta bilgan. Lekin u bir kuni ertalab qovoqxonaga kirib kelib, trubkasini chiqargancha: «Chikuid, bu o‘g‘rilikni kim qilganini bildim», – degan. «Rostdan-a! – xitob qilgan Chikuid. – Eh, qadrdonim Spayers, keling, qasdimni olgani imkon bering, ana o‘shanda xotirjam oyoq uzataman. Eh, azizim, Spayers, qayerda u, o‘sha yaramas?» «O‘zingizni bosing! – deydi Spayers shunda va hidlagani tamaki tutadi unga. – Bema’ni safsatani bas qiling. Buni siz o‘zingiz qilgansiz». Aslida ham shunday bo‘lgan va bu hangoma orqasidan ozmuncha pul ishlab olmagan ekan, keyin agar Chikuid uydirmasini haqiqiyga o‘xshatishga kamroq uringanida hech qachon hech nimaning isi chiqmagan bo‘lardi, – deya hikoyasini yakunladi mister Bleters qadahni qo‘yib, qo‘l kishanlarini shiqirlatib.

– Darhaqiqat, juda qiziq voqea ekan, – deb qo‘ydi doktor. – Ana endi, agar mayllaring bo‘lsa, tepaga chiqishingiz mumkin.

– O‘zingiz ham lozim ko‘rsangiz, ser, – javob qildi mister Bleters.

Ikkala agent mister Losbernning ketidan tepaga, Oliver uxlab yotgan xonaga ko‘tarilishdi; izdihomni sham ko‘tarib olgan mister Jayls ergashtirib borardi.

Oliver mudrardi, biroq ko‘rinishi battarlashgandi, ilgarigisiga qaraganda isitma xuruji qattiqroq iskanjaga olgandi. Doktorning ko‘magi ila u o‘rnidan turib o‘tirdi-da, nima bo‘layotganiga mutlaqo aqli bovar qilmay, notanish kimsalarga javdiradi – u, aftidan, qayerdaligi va nimalar bo‘layotganini eslolmayotgandi.

– Mana shu bolakay, – dedi mister Losbern shivirlab, ammo qaynoq mehr-la, – sho‘xlik qilib hamsoya janobning, ism-sharifi nimaydi-ya, xullas, bu uyning orqa tomonidagi mulkka, o‘sha yoqqa tushayotib tasodifan o‘ziotar qopqondan4242
  O‘ziotar «qopqon» – biror mexanik usul bilan harakatga keladigan qurol. Dikkens brakonyerlarga qarshi kurashishda ishlatiladigan o‘ziotar qurolni nazarda tutadi. Ingliz qonunchiligi pomeshchik mulkida ruxsatsiz ov qilishga jur’at etganlarni bunday g‘ayriinsoniy tarzda shafqatsizlarcha jazolashni man etmasdi.


[Закрыть]
jarohatlangan bola. Bugun erta bilan bu yerga yordam so‘rab kelsa, manavi sham ko‘targan fahm-farosatli jentlmen uni shartta ushlab, salomatligiga jiddiy xavf soladigan qo‘pol munosabatda bo‘libdi, buning oqibatini vrach sifatida tasdiqlashim mumkin.

Bleters va Daff janoblari shu tariqa tanishtirilgan mister Jaylsga qarashdi. Hang-u mang bo‘lib qolgan eshikog‘asi betida ham qo‘rquv, ham esankirash ifodasi zuhur etib, ularga javdirab tikildi, keyin nigohi Oliverga, Oliverdan mister Losbernga ko‘chdi.

– O‘ylaymanki, buni inkor etish niyatingiz yo‘qdir? – so‘radi doktor Oliverni avaylab yostiqqa yotqizar ekan.

– Men… istagandimki, haligi… haligi iloji boricha yaxshiroq bo‘lsin degandim-da, ser, – javob qaytardi Jayls. – Rostdanam men buni xuddi o‘sha bola deb o‘ylagandim, ser, yo‘qsa, unga qo‘l ham tekkizmasdim. Axir, men ham juda unaqangi bag‘ritosh odammasman, ser.

– Qaysi bola? – deb so‘radi agentlardan kattasi.

– O‘g‘ri bola-da, ser, – javob qildi Jayls, – yonlarida bola ham bor edi-da, albatta.

– Xo‘sh? Hozir ham shu fikrdamisiz? – so‘radi Bleters.

– Hozir ham shu fikrdamisiz, deysizmi? – g‘o‘ldiradi Jayls so‘roqqa tutayotgan kimsaga anqovsirab tikilib.

– Eh kallavaram, hozir ham bu o‘sha bola degan fikrdamisiz deyapman! – toqatsizlik bilan tushuntirdi Bleters.

– Hayronman. Ochig‘i, bilmayman, – dedi Jayls mung‘ayib. – Qasam ichib tasdiqlay olmasdim buni hozir.

– Unda qanday fikrdasiz, axir? – so‘radi mister Bleters.

– Nima deb o‘ylashimniyam bilmay qoldim, – javob berdi bechora Jayls. – Menimcha, bu o‘sha bolamas. Ha, deyarli aminmanki, uyamas bu. Buning o‘sha bola bo‘lishi mumkin emasligini o‘zingiz ham bilasiz-ku, axir.

– Bu odamning kayfi bormi, ser? – surishtirdi Bleters doktorga yuzlanib.

– G‘irt to‘nkamijoz yigit ekanlar-ku o‘zlari! – dedi Daff beqiyos bir jirkanish-la mister Jaylsga qarab.

Ushbu qisqa muddatli savol-javob davomida mister Losbern bemorning tomir urishini tekshirish bilan band bo‘ldi; mana endi karavot yoniga qo‘yilgan kursidan turdi-da, mabodo, agentlarda bironta shubha-gumonlari qolgan bo‘lsa, qo‘shni xonaga o‘tib, Britls bilan gaplashish istaklari bor-yo‘qligini so‘radi.

Ular bu taklifni qabul qilib, yon xonaga yo‘l olishdi va u yerga chaqirtirilgan mister Britls o‘zini ham, muhtaram boshlig‘ini ham yangidan-yangi qarama-qarshi fikrlar-u bema’ni gaplardan to‘qilgan antiqa o‘rgimchak to‘ri ila chirmab tashladikim, birgina dalil – Britlsning batamom o‘zini yo‘qotib qo‘yganini istisno etganda, birorta jinoyat belgisi-yu alomatini aniqlab bo‘lmadi; darvoqe, yigitcha, agar o‘sha bolani qarshisiga keltirib qo‘ysalar uni tanimasligini, Oliverni esa Jaylsning ta’kid-u tasdiqlashlari sharofati tufayligina o‘sha bola deb o‘ylaganini va besh daqiqagina burun mister Jayls o‘choqboshida ortiqcha shoshqaloqlik qilmadimmikin, deb xavfsirayotganini tan olganini ustma-ust qalashtirib tashladi.

So‘ngra bo‘lak o‘tkir-u oqilona taxminlar orasida – mister Jayls haqiqatan ham birovni otganmikin o‘zi, degan savol tug‘ildi; mister Jayls otgan to‘pponcha tekshirib ko‘rilganda o‘qdonidan dori bilan losdan bo‘lak jarohatlaydigan narsa chiqmadi. Mazkur kashfiyot barchalariga, o‘n daqiqacha muqaddam o‘qdondagi o‘qni olib qo‘ygan doktordan bo‘lak albatta, bag‘oyat qattiq ta’sir qildi. Illo, hammadan ko‘ra ko‘proq yaqin birodarimni o‘ladigan darajada jarohatlamadimmikin, degan xavotir ich-etini tatalab, bir necha soatdan beri iztirob chekayotgan mister Jaylsning o‘ziga ayniqsa katta ta’sir ko‘rsatdi-yu, u hayajon-u sevinch-la ana shu yangi fikrga yopishib olib, jon-jahdi ila quvvatlashga tushdi.

Oxir-oqibatda, agentlar Oliver haqida o‘ylab boshlarini ortiqcha qotirib o‘tirmay, u bilan chertsilik konsteblni uyda qoldirib, ertalab kelishni va’da qilib, tunagani shaharga jo‘nab ketdilar.

Ertalabga borib esa shubhali vaziyatda kecha tunda qo‘lga olingan ikki erkak bilan bir bolani Kingston qamoqxonasiga qamaganlari to‘g‘risida mish-mish tarqaldi-yu, Bleters va Daff janoblari Kingstonga yo‘l oldilar. Aytmoqchi, tekshirish paytida bu shubhali vaziyat shunga borib taqaldikim, o‘sha odamlarni poxol g‘arami ostida uxlab yotganlarida qo‘lga tushirganlar, bunday hol nihoyatda og‘ir jinoyat hisoblansada, faqat qamoqqa tashlash bilan jazo beriladi va bu borada, qirollik fuqarosiga mehr-u marhamat-la yo‘g‘rilgan odil ingliz qonunchiligi nuqtayi nazaridan kelib chiqib, g‘aram ostida uxlayotgan yoxud uxlayotganlar qulf buzib o‘g‘rilik qilganlari va turgan gapki, o‘lim jazosiga mustahiq ekanliklarini tasdiqlovchi yetarli dalillar yo‘qligi inobatga olinadi. Xullas, Bleters va Daff janoblari qanday aql bilan jo‘nagan bo‘lsalar, o‘sha aql bilan qaytdilar yana.

Gapni qisqa qilib aytganda, yangitdan o‘tkazilgan so‘roq va chek-chegarasiz suhbatlardan so‘ng mahalliy sudya missis Meyli bilan mister Losbernlarning, biron kun kelib chaqiriladigan bo‘lsa, Oliverning yetib borajagi xususidagi kafolatlarini bajonidil qabul qildi, ikki giney mukofot olgan Bleters bilan Daff esa o‘z safarlari yuzasidan bir fikrga kelolmay, shaharga jo‘nashdi: keyingi jentlmen jamiki shart-sharoitni oqilona mulohaza qilib ko‘rib, derazani buzib kirib o‘g‘rilik qilishga urinilgan bu ishni Pet Oilamandning ishi deb ishontirishga mo yil bo‘lsa, birinchisi bu xizmatlarning jamini xuddi o‘shanchalik ishonch-la buyuk Chikuid Dog‘uli sha’niga yopishtirishga tayyor edi.

Bu orada Oliver missis Meyli, Roz hamda ko‘ngilchan mister Losbernlarning g‘amxo‘rligi-yu mehribonchiliklaridan bahramand bo‘lib, asta-sekin tuzala boshladi va halovat topdi. Minnatdorchilik ila to‘lib-toshgan qalbdan chiqayotgan otashin duo-iltijolar arshi a’loga yetib, mustajob bo‘ladigan ersa – arshi a’loga yetmaydigan duoyu iltijolar munojot bo‘lib qayga bordi – ul chog‘da yesir tilagi bilan ko‘kdan yog‘ilayotgan rahmatlar ularning qalbiga jo bo‘lib, orom-u baxt baxshida etmoqda edi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации