Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 25 (всего у книги 40 страниц)
O‘TTIZ YETTINCHI BOB
UNDA KITOBXON OILAVIY HAYOTDA TEZ-TEZ BO‘LIB TURADIGAN MOJARONI KUZATMOG‘I MUMKIN
Mister Bambl mehnat uyining qabulxonasida, yoz bo‘lgani sababli sho‘xchan olov tillari lipillamayotgan va tussiz quyosh nurlarigina yaltiroq sirtida aks etib turgan sovuq kamin panjarasiga tikilgan ko‘yi qosh-qovog‘i uyilib o‘tirardi. Shiftdan qog‘oz pashshatutqich osilib turar, u har zamon-har zamonda bir g‘amgin o‘y surgancha shunga tikilib qolar va ola-bula qog‘oz to‘rda ehtiyotsiz hasharotlarning uymalashayotganini ko‘rib, mister Bambl chuqur xo‘rsinib qo‘yar, shunda basharasi yanada tundlashib ketardi. Mister Bambl xayol ummoniga g‘arq bo‘lgandi; ehtimol, hasharotlar o‘z hayotida sodir bo‘lgan biron yurakni ezuvchi hodisani yodiga solgandir.
Kuzatuvchining ko‘nglini g‘ash qiladigan narsa nafaqat mister Bamblning g‘amgin kayfiyatigina edi. Talaygina alomatlar, buning ustiga desangiz, u kishining shaxsiyati bilan chambarchas bog‘liq belgilar zohir edikim, bular bul zotning ish jabhasida ulug‘vor o‘zgarishlar ro‘y berganini ayon-oshkor etib turardi. Zarrin uqali shineli bilan uch qirra qalpoq – qayda qoldi ular? Tanasining quyi qismini ilgarigidek kalta cholvor bilan qora ip paypoq bejab turibdi; biroq bu sirayam ilgarigi cholvori emasdi, Kamzuli xuddi ilgarigisidek etagi keng bo‘lib, shu jihatdan ilgarigi shinelini eslatib turibdi, ammo – farqi qandoqligini aytmaysizmi-ya! Vajohatli uch qirra qalpog‘i oddiygina dumaloq shlyapa bilan almashinib qolibdi.
Mister Bambl endilikda qavm bidli emasdi.
Olamda shunaqangi mansablar borki, o‘zlari bilan bog‘liq bo‘lgan arzirli farog‘atlardan qat’i nazar, ularga atog‘liq kamzul va nimchalari sabab qadr-qimmat-u ayricha obro‘-e’tibor kasb etadi. Feldmarshalning mundiri bor; yepiskopning – shohi jubbasi; oqlovchining – ipak ridosi; qavm bidlining – uch qirra qalpog‘i. Yepiskopning jubbasini yoxud qavm bidlining uch qirra qalpog‘i bilan uqalarini tortib oling-chi – unda kim bo‘lib qoladi ular? Odam. Oddiy odam! Goho odamning qadr-qimmati va hatto avliyoligi ba’zilar o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq kamzul-u nimchalarga bog‘liq, Mister Bambl missis Korniga uylanib, mehnat uyi nazoratchisi bo‘lib qoldi. Qavm bidlligi haq-hokimiyati boshqa birovning qo‘liga o‘tib ketdi – uch qirra qalpoq ham, zarrin uqali shinel ham, bejirim aso ham o‘shanga tegdi.
– Bu ish sodir bo‘lganiga ertaga ikki oy bo‘ladi-ya! – dedi mister Bambl chuqur xo‘rsinib. – Mening nazarimda bo‘lsa xuddi asrlar o‘tib ketganga o‘xshaydi.
Mister Bambl, ehtimol, hayotimdagi jamiki baxtiyor kunlarim sakkiz haftalik ana shu qisqa muddatli vaqt bo‘lagiga jo bo‘lgan ekan-da, demoqchi bo‘lgandir, biroq xo‘rsinig‘ini aytmaysizmi, nihoyatda ma’nodor edi, bu xo‘rsiniq.
– Oltitagina choyqoshiq, qand ushatadigan ombir, sutdon va ustamasiga bir-ikkita taqir-tuqur bilan naqd yigirma funt pulga sotildim, – dedi mister Bambl xuddi xayolini davom ettirib. – Narximni arzon qilib yubordim. Arzon ketdim, ha, deyarli suv tekinga sotildim!
– Arzon! – mister Bamblning naq quloqqinasi ostida chiyillagan ovoz yangradi. – Senga har qancha berganda ham baribir qimmatlik qiladi: sen uchun ortiqcha to‘laganim Yaratganning o‘ziga ayon!
Mister Bambl o‘girilib qarab, o‘zining yoqimtoy jufti halolining basharasini ko‘rdi; u pisibgina quloq solib turib erining nolayi zoridan eshitib qolgani bir necha og‘iz so‘zning ma’nisiga yetib-yetmayoq yuqorida zikr etganimizdek qichqirib yuborgan edi.
– Missis Bambl, xonim! – dedi mister Bambl ta’sirli, jiddiy bir ohangda.
– Ha, nima? – bobilladi xonim.
– Marhamat qilib, ko‘zimga bir qarasalar, – dedi mister Bambl ko‘zlarini xonimga qadab. («Agarda u qarashimga bardosh bersa, – dedi mister Bambl o‘ziga o‘zi, – demak, u har qanaqangi narsaga dosh bera oladi. Bunaqangi tikilishimga birorta qashshoqning chidash berolganini eslolmayman. Agarda tikilib qarashim bunga kor qilmasa, demak, hukmi-hokimiyatimdan ayrilganim».)
Qashshoqlarni muloyim torttirib qo‘yish uchun ilgarilari ko‘zlarini salgina olaytirib qo‘yishining o‘zi kifoya edi; ular och-nahor yurishar va ahvol-ruhiyalari ham maymunlar yig‘laydigan holatda ekanligi tufayli shundaydir balki; yoki bo‘lmasa, sobiq missis Korniga aslida bunaqangi o‘qrayish-u tikilishlar chivin chaqqanchalik ta’sir qilmas – bu qaysi nuqtayi nazardan qaralishiga bog‘liqdir. U yog‘i qandoq bo‘lmasin, mister Bamblning kishi qutini o‘chiradigan dag‘dag‘ali vajohati nozirani zarracha shashtidan tushirolmadi, aksincha, xonim beqiyos nafrat-la qaradi va hatto xandon urib kuldi, kulgisi esa mutlaqo yasamaga o‘xshamasdi.
Mister Bambl ushbu sira kutilmagan tovushni eshitarkan, oldiniga yuzida ishonchsizlik, so‘ngra esa taajjub ifodasi aks etdi. Shundan keyin u boyagi holatiga tushib qoldi va toki turmush o‘rtog‘ining ovozi yana diqqatini jalb etmaguniga qadar o‘ziga kelolmadi.
– Nima, kun bo‘yi shu yerda muk tushib, xurrak otib o‘tirmoqchimisan? – surishtirdi missis Bambl.
– Men bu yerda qancha lozim ko‘rsam, shuncha o‘tiraman, xonim, – javob qaytardi mister Bambl. – Hozir-ku, xurrak otganimcha yo‘q, lekin xohlab qolsam, xurrak ham otaman, esnayman, chuchkiraman, kulaman yoki yig‘layman. Ixtiyorim, haqqim bor bunga.
– Ol-a, haqlari bormish! – tasvirlab bo‘lmas bir nopisandlik bilan ishshaydi missis Bambl.
Ha, xuddi shundoq dedim men, xonim, – dedi mister Bambl. – Erning haq-huquqi – buyurmoq, boshqarmoq!
– Xudo xayrlarini bergur, unda xotinlarning haqhuquqi qandoq? – deya chinqirdi marhum mister Kornining sobiq rafiqasi.
– Itoat etmoq, xonim! – dedi mister Bambl guldurak ovoz bilan. – Baxtiqaro marhum eringiz sizga buni o‘rgatishi kerak edi, ana unda, ehtimol, shu kungacha hayot bo‘larmidi? Qani endi, hozir tirik bo‘lsa, bechora!
Missis Bambl hal qiluvchi daqiqa yetganini, u yoxud bu tomon bergan zarba oilada kim hukmron bo‘lishini uzil-kesil va qat’iyan tasdiqlajagini darhol fahmladi-yu, marhumning tilga olinishi qulog‘iga kirar-kirmayoq o‘zini yumshoq kursiga tappa ko‘tarib urgancha, mister Bamblni toshbag‘ir maxluq deb bo‘kirdi-da, telbalarcha o‘kirib yig‘lay boshladi.
Ammo ko‘z yoshlari mister Bamblning qalbiga ta’sir ko‘rsatolmadi: uning yuragi nam o‘tkazmaydigan yurak edi. Uning asablari bemalol yuvsa bo‘ladigan, yomg‘ir tegsa qaytaga ochiladigan movut qalpoqqa o‘xshab selava bo‘lib quyilayotgan ko‘z yoshlaridan yanada mustahkamlasha hamda qayishqoqlasha bordi; zotan, bu ko‘z yoshlar ojizlik alomati va shuning tazyiqi ostida erning qudratini sas-sadosiz tan olish timsoli ediki, ushbu hol unga yoqayotgan, uni ruhlantirayotgan edi. O‘zining suyukli rafiqasiga u zo‘r mamnuniyat bilan tikilar hamda homiyona ohangda yaxshilab yig‘lab olishini o‘tinardi, negaki, hakimlarning fikricha, bunday mashg‘ulot sog‘liq uchun g‘oyatda foydali emish.
– Ko‘z yoshi o‘pkani tozalaydi, betni yuvadi, ko‘zni o‘tkir qiladi va asabni tinchlantiradi, – dedi mister Bambl. – Shundoq bo‘lganidan keyin, miriqib yig‘lab ol.
Mister Bambl ana shunday deb hazillashganidan keyin qoziqdan shlyapasini oldi-da, o‘zining ustunligini tegishli ravishda tasdiqlaganiga amin bo‘lgan kishi singari chapanichasiga chakkasiga dol qo‘ndirib, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi-yu, batamom mamnun qiyofada, sho‘xchan kayfiyatda eshikka tomon yo‘naldi.
Sobiq missis Korni esa yumdalashishdan ko‘ra kamroq charchatishi sababli ko‘z yoshi qilayotgandi, biroq u oxirgi ta’sir o‘tkazish chorasiga ham tayyor edikim, mister Bambl hayal o‘tmayoq bunga ishonch hosil qildi.
Bu tadbirning uning ongiga yetib borgan ilk dalolati shu bo‘ldiki, avval qandaydir gursillagan tovush eshitildi, keyin o‘sha zahotiyoq boshidagi shlyapasi xonaning narigi burchagiga qarab uchdi. Mazkur dastlabki tadbirdan so‘ng uning boshi yalang bo‘lib qolgach, ustasi farang xonim bir qo‘li bilan bo‘ynini mahkam girraga oldi-yu, ikkinchi qo‘li boshiga do‘lday musht yog‘dira ketdi (mushtlar shunaqangi lol qoldirarli zarb va chapdastlik bilan yog‘ilardiki, yoqangizni ushlaysiz). Bu usulni nihoyasiga yetkazgach, xonim usulini o‘zgartirib, erining yuz-ko‘zlarini timdalab, sochidan ushlab tortqilashga tushdi; uning fikricha, eri haqorati evaziga tegishli jazosini olganidan so‘ng, baxtiga naq kerakli joyda turgan kursiga itarib yubordi-da, agar mard bo‘lsang, o‘z haq-huquqingdan yana bir marta og‘iz ochib ko‘rchi, deb pisanda qildi.
– Tur o‘rningdan! – dedi missis Bambl buyruq ohangida. – Jahl ustida bir balo qilib qo‘ymasin desang, qorangni o‘chir!
Mister Bambl mahzun qiyofada o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, tag‘in qanaqangi balo bo‘lishi mumkin, deya gangib qoldi. Shlyapasini olib, eshikka qarab yurdi.
– Ketyapsanmi? – so‘radi missis Bambl.
– Shunday, jonginam, shunday, – deya javob berdi mister Bambl eshikka tomon intilganicha. – Men istamagandim… ketyapman men, jonginam! Shu tobda jazavang tutib turibdi, tag‘in, rostdanam, meni…
Shunda missis Bambl mushtlashuv paytida surilib, yig‘ilib qolgan gilamni to‘g‘rilagani shosha-pisha olg‘a qadam tashlagan edi, mister Bambl hatto bo‘g‘zida qolgan gapini tugatishni xayoliga ham keltirmay, xonadan otilgancha chiqib ketdi, janggoh esa butunicha sobiq missis Kornining izmiga o‘tdi.
Mister Bambl bunday banogoh zarbani kutmagani boisidan kalovlanib qolgan va uzil-kesil tor-mor keltirilgan edi. Shubhasiz, u do‘q-po‘pisaga moyilligi bilan ajralib turar, mayda-chuyda, arzimagan qattiqqo‘llik ko‘rsatib, olam-olam halovat topardi va binobarin (o‘z-o‘zidan ayonkim), aslida qo‘rqoq edi. Bu qusur uning shaxsiyatiga gard yuqtirmasdi aslo, zero, odamlar beadad hurmat-ehtirom bilan qaraydigan, tasanno o‘qiydigan aksar mansabdor shaxslar ana shu ojizlik qurbonidirlar. Mazkur sharh-u izohlar unga nisbatan maqtov sifatida zikr etildi va bundan murod – kitobxonda uning xizmatga loyiq ekanligi xususida to‘g‘ri tasavvur tug‘dirishdir.
Biroq uning xo‘rlanishi me’yoriga yetmagan, tahqir jomi to‘lmagan ekan. Mister Bambl ilk bora kambag‘allar xususidagi qonunning chindan ham haddan ziyod darajada shafqatsiz, qattiq ekanligi ustida, o‘z xotinlarini qavm qaramog‘iga tashlab qochgan erlar esa, haqiga ko‘chganda, jazogina emas, balki ko‘p azob ko‘rgan hurmatli zotlar sifatida taqdirga loyiq ekani borasida o‘y surgan ko‘yi binoni aylanib yurib, odatda bir necha boqimanda ayol qavm kirini yuvadigan xona yoniga kelib qoldi, shu tobda ichkaridan g‘ala-g‘ovur eshitilib turardi.
– Hm! – deb qo‘ydi mister Bambl o‘ziga xos qadr-e’tibori qayta tiklanarkan. – Jilla bo‘lmaganda manavi xotinlar mening haq-huquqimning hurmatini qilishadi-ku!.. Hey! Namuncha vaqirlashmasalaring, yaramas maxluqlar?!
Mister Bambl shunday deb eshikni ochib, ichkariga kirdi-yu, nigohi kutilmaganda izzatli rafiqasiga tusharkan, qiyofasidagi darg‘azablik hamda beshafqatlik ifodasi zumda o‘z o‘rnini mo‘mintoy-muloyimlik va qo‘rqoqlik ifodasiga bo‘shatib bera qoldi.
– Jonginam, – dedi mister Bambl, – sening bu yerdaligingni bilmabman.
– Bu yerdaligimni bilmabsan! – takrorladi missis Bambl. – Bu yerda pishirib qo‘yibdimi senga?
– Bular ish qilish o‘rniga nuqul gap sotib yotishibdi deb o‘ylabman, azizam, – javob berdi mister Bambl esankiraganidan tog‘ora yonida turib olib, mehnat uyi nozirining mo‘mintoy bo‘lib qolganidan zavqlanib pichirlashishayotgan ikki kampirga javdiragancha.
– Bular nuqul valaqlashib yotishibdi deb o‘yladilarmi? – so‘radi missis Bambl. – Xo‘sh, sening nima ishing bor bular bilan?
– To‘ppa-to‘g‘ri aytding, jonginam, bu yerda sen xo‘jayinsan, – itoatkorona uning gapiga qo‘shildi mister Bambl. – Lekin seni bu yerda bo‘lmasa kerak, deb o‘ylabman-da.
– Gap bundoq, mister Bambl, – dedi rafiqasi, – sening aralashishingga muhtoj emasmiz. O‘zing ham sira aloqasi yo‘q ishga burningni suqishni o‘lgudek yaxshi ko‘rasan; shundoq burilishing bilanoq orqangdan mayna qilib kulishadi, doim ahmoq bo‘lib qolganing-qolgan… Qani, bir jo‘nab qol-chi.
Mister Bambl ikkala kampirshoning hihilashib, quvnab-yayrashayotganini yuragi siqilib kuzatgancha, bir daqiqa taraddudlanib turdi. Har qanday imillashga toqat qilolmaydigan missis Bambl, shartta sovun ko‘pigiga belangan yog‘log‘ini oldi-yu, eshikni ko‘rsatib, darhol chiqib ketishni buyurdi; aks holda davangirday qomatini yog‘log‘i ichidagi mag‘zava bilan bejab qo‘yajagini aytib dag‘dag‘a qildi.
Mister Bambl nima ham qila olardi? U atrofiga ma’yus alanglab, asta juftakni rostlab qoldi. U eshik oldiga yetganida kampirlarning hihilashi zavq-shavqlari oshib-toshib ketganidan nishona berguvchi quloqni qomatga keltirarli kulgiga aylandi. Shunisi yetishmay turgandi-da, o‘ziyam! U shu manjalaqilarning ko‘zi oldida qaro tuproq bo‘ldi; hatto ana shu qashshoqlar oldida obro‘yi va qadr-qimmati bir pul bo‘ldi-ya; u bir megajinning oyoqlari ostida yotgan eriga aylanib, mahobatli bidllik taxtidek yuksaklikdan tubsiz jahannamga qulab o‘tirsa-ya!
– Ikki oy ichida shuncha ishlar bo‘lib o‘tsa-ya! – dedi mister Bambl qayg‘u-nadomatdan xun bo‘lib. – Ikki oyda-ya! Atigi ikki oygina muqaddam o‘zim xon, ko‘lankam maydongina bo‘lib qolmay, boshqalarga ham sulton edim-a – aqalli mehnat uyida, xo‘sh, endi-chi!..
Bunisi endi quyushqondan chiqib ketgandi. Mister Bambl o‘ziga darvozani ochib bergan bolakayning quloq-chakkasiga tarsaki tushirib qoldi (zotan, u xayol girdobida, o‘zi ham bilmagan holda darvoza oldiga kelib qolgan edi) va dovdirab ko‘chaga chiqib ketdi.
U toki sayr dastlabki umidsizlig-u ma’yuslik xurushi nafasini o‘chirguncha bir ko‘chani bosib o‘tdi, keyin ikkinchisini, kayfiyat-ruhiyatining bunday o‘zgarishidan esa tomog‘i qaqraganini tuydi. U bir talay qovoqxonalar yonidan o‘tib, nihoyat, tor ko‘chadagi bir qovoqxona oldida to‘xtadi-da, deraza parda ustidan ichkariga birrov nazar tashlab, yakka-yu yolg‘iz mijozdan bo‘lak hech zog‘ yo‘qligiga ishonch hosil qildi. Xuddi shu payt yomg‘ir quyib berdi. Bu uni bir qarorga kelishga majbur etdi. Mister Bambl ichkariga qadam qo‘ydi; peshtaxta yonidan o‘ziga biron ichkulik narsa berishni buyurib o‘tib borarkan, ko‘chadan mo‘ralagan xonasiga kirib qoldi.
U yerda o‘tirgan odam qorachadan kelgan, bo‘yi baland bo‘lib, keng-kovul yomg‘irpo‘sh kiyib olgandi. U muhojirga o‘xshar, horg‘in ko‘rinishi, ust-boshi chang-chungligiga qaraganda olis yo‘l bosib kelgan ko‘rinardi. Bambl kirib kelganida u ko‘z qirini tashlab va salomiga bazo‘r bosh qimirlatibgina qo‘ya qoldi.
Basharti, notanish kishi hatto ulfatiroq odam bo‘lgan chog‘idayam, mister Bamblning ikki kishiga tatigulik izzat-nafsi bor edi; shu sababdan ham suv qo‘shilgan jinni indamay ho‘plagancha, bag‘oyat sipolik va vajohat-la gazeta o‘qib o‘tiraverdi. Ammo-lekin shunday hol ro‘y berdi – bunday vaziyatda uchrashgan kishilarda tez-tez bo‘lib turadi bu narsa; mister Bambl o‘zi tizginlashga ojizlik qiladigan tuyg‘u – notanish kishiga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yishdek kuchli ishtiyoqni his etaverdi va har gal xijolatda ko‘zlarini olib qochaverdi; zero, xuddi shu soniyada notanish kishi ham unga o‘g‘rincha qarab turgan bo‘lardi. Mister Bamblning sarosimalanishi notanish kimsaning g‘alati nigohi ta’sirida orta borardi, negaki, uning ko‘zlari o‘tkir hamda chaqnoq edi-yu, lekin allaqanday shirava ishonchsizlik va nafrat aks etib turardi. Mister Bambl bunday ifodani shu paytgacha hech ko‘rmagan va sira ko‘ngliga o‘tirishmayotgan edi.
Nigohlari shu tariqa bir necha marta uchrashgach, notanish kimsa dag‘al, past tovush bilan jimlikni buzdi.
– Derazadan mo‘ralaganingizda meni izlamayotganmidingiz? – so‘radi u.
– O‘ylaymanki, undaymasdirov, mabodo, siz mister…
Gap shu yerga kelganda mister Bambl yamlanib qoldi, negaki, u notanish kimsaning ismini bilishga qiziqayotgan va toqatsizlik bilan uning gapning chala qolgan joyini to‘ldirishiga umid bog‘layotgan edi.
– Ko‘rib turibmanki, meni izlamayotgan ekansiz, – dedi notanish kimsa; shunda istehzoli kulgidan lablarining burchi xiyolgina qiyshayib qo‘ydi. – Yo‘qsa, ismimni bilardingiz. Sizga maslahatim shuki, surishtiraman deb ovora bo‘lib o‘tirmang.
– Men sizni ranjitmoqchi emasdim, oshna, – viqor bilan javob qaytardi mister Bambl.
– Ranjitganingiz ham yo‘q, – dedi notanish kimsa.
Qisqagina savol-javobdan so‘ng oraga yana sukunat cho‘mdi va uni tag‘in notanish kimsa buzdi.
– Nazarimda, sizni ilgari ko‘rgandayman, – dedi u. – Ko‘chada bir ko‘zimning qiri tushib qolgandi, unda boshqacharoq kiyingan edingiz, lekin aftidan, baribir taniyotganga o‘xshayman. Siz bir paytlar bu yerda bidl edingiz-a, shunday emasmi?
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi mister Bambl hayron bo‘lib, – qavm bidli edim.
– Balli, – dedi notanish kimsa bosh irg‘ab. – Sizni uchratganimda xuddi shu vazifada edingiz. Xo‘sh, hozir qanday vazifadasiz?
– Mehnat uyi noziri, – dedi mister Bambl notanish kimsaning nojoiz betakalluflikka yo‘l qo‘yishi oldini olish maqsadida bafurja hamda salobatli ohangda. – Mehnat uyining noziriman, yigit.
– O‘ylaymanki, siz, xuddi ilgarigidek, o‘z manfaatingizni esdan chiqarmassiz? – so‘zini davom ettirdi notanish kimsa bu savoldan hayron bo‘lib boshini ko‘targan mister Bamblning ko‘zlariga tikilib turib. – Xijolat chekmang, ochiqchasiga gapiravering, qariya. Ko‘rib turibsizki, men sizni yaxshi bilaman.
– Nazarimda, – javob qaytardi mister Bambl qo‘li bilan ko‘zlarini pana qilib, oshkora sarosimalik-la notanish kimsani boshidan-oyog‘igacha kuzatib chiqarkan, – oilali odam, xuddi bo‘ydoq kishi singari, kezi kelib qolganida halol bir penni ishlab olishdan qaytmasa kerak. Qavm mansabdorlariga ko‘pdayam tuzuk maosh to‘lanmaydiki, ular jindakkina qo‘shimcha daromadni rad etishsa; mabodo, bu mukofot izzat-nafsga tegmaydigan qilib, xushfe’llik bilan taklif etilsa, albatta.
Notanish kimsa kulimsirab, bu odam xususida yanglishmaganini anglatgandek, yana bosh irg‘ab qo‘ydi-da, qo‘ng‘iroqni jing‘illatdi.
– Tag‘in bir marta takrorlasalar, – dedi u mister Bamblning bo‘sh qadahini qovoqxonachiga uzatar ekan. – Sal o‘tkirroq va iliqrog‘idan bo‘lsin… Umid qilamanki, bundayi o‘zlariga yoqsa kerag-a?
– Judayam o‘tkir bo‘lmasin, – javob qildi mister Bambl sipolik bilan yo‘talib qo‘yarkan.
– Qovoqxonachi, bu bilan uning nima demoqchi bo‘lganini tushunyapsizmi? – so‘radi notanish kimsa quruqqina.
Sohib jilmaydi, g‘oyib bo‘lib, zumda krujkada iliqqina punsh4444
Punsh – shakar, suv va meva shirasi qaynatib qilingan spirtli ichimlik. (Tarj.)
[Закрыть] ko‘tarib keldi: bir ho‘plagandayoq mister Bamblning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
– Endi gapimga quloq bering, – deya gap boshlashdan oldin notanish kimsa eshik va derazani yopib keldi. – Men bu yerga sizni qidirib topish uchun bugun keldim va goho iblis o‘z do‘stlariga ehson etib turadigan omad sharofati bilan xuddi men o‘tirgan xonaga, xususan, xuddi o‘zlarini o‘ylab turgan paytimda o‘z oyog‘ingiz-la kirib keldingiz. Sizdan ba’zi bir ma’lumotlarni olsam degandim. Garchi ular anchayin gaplar bo‘lsa hamki, evaziga sizni quruq qo‘ymasdim. Xamir uchidan patir deganlaridek, boshlamasiga manavini cho‘ntagingizga solib qo‘ysangiz.
Shunday deya u stol ustidan – misoli tashqaridagilardan biror kimsa tanganing jiringlashini eshitib qolishidan cho‘chiganday astagina – suhbatdoshi oldiga ikki soverenni surib qo‘ydi. Mister Bambl tangani soxta emasmikin deb hafsala bilan tekshirib ko‘rib, nimchasining kissasiga bag‘oyat xursand holda yashirib qo‘yganidan keyin, notanish kimsa so‘zida davom etdi:
– Xayolan o‘tmishga bir nazar tashlang… Masalan, aytaylik, o‘n ikki yil ilgarigi qishni eslang.
– Ancha olis zamonlar ekan, – dedi mister Bambl. – Xo‘p, mayli. Esladim.
– Voqea bo‘lib o‘tgan joy – mehnat uyi.
– Yaxshi.
– Vaqti – tun.
– Shunday deylik.
– O‘sha yerning qayeridadir jirkanch maxluqlar ko‘pincha o‘zlari judo bo‘lgan hayot-u sog‘liqlari o‘rniga yangilarini dunyoga keltiradigan manfur kovak – ingalagan go‘daklarni tug‘ib, ularni qavm qaramog‘iga tashlaganlar-u o‘zlari esa, jin urgurlar, sha’nilariga tushgan dog‘-u isnodlarini go‘rga olib ketganlar.
– Bu deyman, ko‘z yoriydigan xonani aytyapsiz chog‘i? – deb so‘radi mister Bambl notanish kimsa behudud hayajon-la tasvirlagan xonani tuzukquruq ko‘z oldiga keltirolmay.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi notanish kimsa. – O‘sha yerda bir o‘g‘il bola dunyoga kelgan.
– Talay o‘g‘il bolalar tug‘ilgan u yerda, – gap qistirdi mister Bambl g‘amnok bosh chayqab.
– Jahannamga daf bo‘lsin, o‘sha shaytonbachchalar! – xitob qildi notanish kimsa. – Men faqat bittasi to‘g‘risida gapiryapman: bayovgina, dardchil, shu yerdagi tobutsozga shog‘ird bo‘lgan – ming afsus, tobutsoz tobut yasab, ichiga gumdon qilib qo‘ya qolmagan-da uni – keyinchalik esa, taxmin qilishlaricha, Londonga qochib ketgan bola haqida.
– Iye, Oliverni aytayotgan ekansiz-da? Tvistnimi? – xitob qildi mister Bambl.
– Men u to‘g‘risida biror gap eshitmoqchi emasman; u to‘g‘risida eshitganlarim yetib-ortadi, – dedi notanish kimsa mister Bamblning bechora Oliverning qusurlari borasidagi nutqini bo‘lib. – Men anavi shumkampir, uning onasiga qarab turgan yosuman to‘g‘risida so‘rayapman. Qayerda u?
– Qayerda u, deysizmi? – takrorladi suv qo‘shilgan aroqdan so‘ng hazilga moyil bo‘lib turgan mister Bambl. – Bunga javob berish osonmas. Qayoqqa jo‘nagan bo‘lsayam, u yerda doyaning keragi yo‘q, shuning uchun ham u bekorchixo‘ja deb o‘ylayman.
– Nima demoqchisiz bu bilan? – zarda bilan so‘radi notanish kimsa.
– Mana shu qishda bandalikni bajo keltirganini aytmoqchiman, – javob berdi mister Bambl.
Ushbu so‘zni eshitgan notanish kimsa unga tikilib qoldi va garchi uzoq paytgacha ko‘zini uzmagan bo‘lsa-da, nigohi chuqur o‘y domiga tortilgandek asta-sekin parishonlasha bordi. Oldiniga u xuddi bu xabarni eshitganidan yengil tortishini yoxud umidsizlikka tushishini bilmay ikkilanayotganga o‘xshadi, biroq axiyri erkin nafas oldi-da, nigohini olib qocharkan, buning unchalik ahamiyati yo‘q, deb qo‘ydi. Shunday derkan, go‘yo ketishga hozirlanayotgandek, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Ammo-lekin mister Bambl ham anoyilardan emas, o‘ziga yetguncha ayyor edi – o‘sha zamonoq yostiqdoshiga tegishli bir sirdan foydalanib qolish imkoniyati tug‘ilganini angladi. Qari Salli jon taslim qilgan oqshom juda yaxshi esida edi, zotan, o‘sha kungi shart-sharoit asosli ravishda xotira xonasida muhrlanib qolgandi: ana o‘sha vaziyat sharofati bilan u missis Korniga yuragini taklif etgandi va garchandki, mazkur xonim o‘zi yakka-yu yagona shohidi bo‘lgan narsani ishonib aytmagan bo‘lsa-da, baribir u ko‘p narsani eshitgan, bu sirning kampir Oliver Tvistning yoshgina onasini mehnat uyi hamshira-enagasi sifatida boqib o‘tirgan kezlarida sodir bo‘lgan qandaydir hodisaga taalluqli ekanini fahmlagan edi. O‘sha vaziyatni zudlik bilan xotirida tiklab, sirli bir qiyofada notanish kimsaga shum kampirning joni uziladigan paytida bir ayol bilan yolg‘iz qolganini va ana shu ayolni izlash ishlarida unga yordami tegishi mumkin, deb taxmin qilishiga asosi bor ekanini aytdi.
– O‘sha ayolni qanday topsam bo‘ladi? – deb so‘radi g‘ofillik tuzog‘iga ilingan notanish kimsa bu xabar barcha xavotirlariga, ular qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qayta jon ato etganini ochiq-oydin oshkor qilib.
– Faqat mening yordamim bilangina, – dedi mister Bambl.
– Qachon? – xitob qildi notanish kimsa sabrsizlik bilan.
– Ertaga, – javob berdi Bambl.
– Kechqurun soat to‘qqizda, – dedi notanish kimsa va bir parcha qog‘oz chiqarib, hayajonini fosh etib turgan dastxat bilan daryo yoqasidagi allaqaysi ko‘chaning nomini yozdi unga. – Kechqurun soat to‘qqizda o‘sha ayol bilan birga mana shu joyga borasizlar. Hammasi o‘rtada sir bo‘lib qolsin, deb tayinlashimning hojati yo‘q sizga. Bu o‘zingizning manfaatingizga daxldor.
Shundan so‘ng u eshik tomon yo‘naldi va ichkilik haqini to‘lash uchungina chiza hayalladi, xolos. U bir og‘izgina yo‘limiz shu yerda ajralishadi dedi-yu, ertasi kuniga belgilangan uchrashuv soatini ta’kidlab, xayr-ma’zurni nasiya qilganicha jo‘navordi.
Qavm mansabdori qo‘lidagi qog‘ozga ko‘z tashlarkan, unda ism yozilmaganini ko‘rdi. Notanish kimsa hali olislab ketmagandi, shuning uchun ham mister Bambl otini so‘ragani uning ketidan yugurdi.
– Nima kerak sizga yana? – o‘shqirib berdi u Bambl qo‘liga turtganida. – Ketimdan poylayapsizmi?
– Bir narsani bilmoqchi edim, xolos, – dedi mister Bambl qog‘oz parchasini ro‘para qilib, – kimni so‘roqlayman u yerda?
– Monksni so‘raysiz, – deb javob qildi u va shaxdam ilgarilab ketdi.