Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 34


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 34 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

QIRQ YETTINCHI BOB
MASH’UM OQIBAT

Ko‘chalar suv quygandek jimjit va bo‘m-bo‘sh bo‘ladigan, hatto tovushlar ham bamisoli uyquga ketgandek, fahsh hamda aysh-u ishrat gandiraklagancha dam olgani maskaniga qaytayotgandek tuyuluvchi, kuz faslida haqli ravishda yarim kecha deb atasa bo‘luvchi, tong otguniga qadar ikki soatlar chamasi fursat qolgan sahar pallasi. Ana shu sokin-u osuda pallada Fedjin o‘zining ko‘hna uyida aft-basharasi bujmayib, rang-quti o‘chgan, ko‘zlariga qip-qizil qon quyilgancha bedor o‘tiribdi, bu qiyofasida u odamdan ko‘ra zax lahaddan chiqib kelgan, ko‘ksini yovuzlik tirnayotgan manfur arvohga o‘xshab ketardi.

U o‘choq oldida eski, yirtiq adyolga o‘ranib, yonginasidagi stolda erib tugayozgan shamga yuzlangancha bukchayib o‘tiribdi. O‘y girdobiga tolgan ko‘yi o‘ng qo‘lining o‘siq, qop-qora tirnog‘ini mijiyapti, milklari oralig‘ida it yoki kalamushnikiga o‘xshagan bir nechta so‘yloq tishi ko‘rinib turibdi.

Xona sahnida, to‘shakda Noe tosh qotib uxlab yotibdi. Ahyon-ahyonda cholning nigohi unga qadalib, tag‘in shamga qaytadi, shamning so‘xtasi deyarli ikki bukilib tushgani, erigan qaynoq mumning stolga tomchilayotgani esa qariyaning xayoli olislarda chappor urib yurganidan dalolat beradi.

Aslida ham xuddi shundoq edi. Ajoyib rejasining puchga chiqishi boisidan tug‘ilgan alami, yetti yot begonalar bilan aloqa bog‘lashga jur’at etgan qizga bo‘lgan nafrati, qizning uni sotishni rad etgani samimiy ekanligiga mutlaqo ishonmaslik, behudud umidsizlik (zotan, Sayksdan qasdini olish imkonidan ajragandi u), fosh bo‘lish xavfi, halokat, o‘lim va betizgin quturish-u vasvasa – jamikisi Fedjinning miyasida charx urar, iblisona, ashaddiy yovuzona fikrlar-u g‘araz dil-dilini kemirardi.

U holatini buzmay, qilt etmay o‘tiribdi, toki sezgir qulog‘i ko‘chadagi odim sharpalarini ilib olguniga qadar qanchalar uzoq o‘tirib qolganini go‘yoki payqamayotgandek edi.

– Nihoyat-e! – deya ming‘illab qo‘ydi u quruq, qovjiroq lablarini artarkan. – Nihoyat, keldi-yey!

Uning og‘zidan ushbu so‘z chiqqan mahalda qo‘ng‘iroqcha ohistagina jing‘illadi. Fedjin zinapoyadan sharpa chiqarmay eshik yoniga ko‘tarildi va iyagigacha burkanib, tugun qo‘ltiqlab olgan allaqanday odamni boshlab qaytdi tezgina. O‘tira solib paltosini yechgandi, bu devqomat odam, Sayks bo‘lib chiqdi.

– Mana! – dedi u tugunni stolga qo‘yib. – Buni o‘zingiz eplashtiring-u, mo‘mayroq undirishning yo‘rig‘ini qiling. Qo‘lga kiritguncha ozmuncha ovora bo‘linmadi: bu yerga uch soatcha burunroq kelarman deb o‘ylagandim.

Fedjin churq etmay tugunni oldi-da, javonga berkitib qo‘yib, yana joyiga o‘tirdi. Bu orada sira kazzobdan ko‘zini uzmadi; mana hozir ikkovlari ro‘parama-ro‘para o‘tirishganidan keyin ham chol yigitga o‘qday tikilarkan, lablari pir-pir uchardi, hayajonlanganidan afti shunchalar o‘zgarib ketgandiki, tomteshar beixtiyor o‘tirgan kursisini orqaroqqa surib, chinakam qo‘rquv-la baqrayib qoldi unga.

– Nima bo‘ldi? – shang‘illadi Sayks. – Namuncha tikilib qoldingiz menga?

Fedjin o‘ng qo‘lini baland ko‘tarib, titroq ko‘rsatkich barmog‘ini silkib, dag‘dag‘a qildi-yu, biroq hayajoni zo‘rligidan bir soniya tili kalimaga kelmay turdi.

– Ming la’nat! – o‘shqirdi Sayks bezovta qiyofada qo‘ynidagi allanarsani paypaslab. – Aqldan ozganmi deyman bu? Sergak bo‘lishim kerakka o‘xshab qoldi-ku.

– Yo‘q! – e’tiroz bildirdi Fedjin tilga kirib. – Bu unga munosibmas… siz unday odammassiz, Bill. Men hech qanday… hech qanaqangi aybingizni bilmayman.

– Bilmayman deng! Shunaqami hali?! – dedi Sayks unga yeb yuborgudek o‘qrayib va ko‘zi oldida to‘pponchasini chiqarib, ustiroqdagi boshqa cho‘ntagiga solib qo‘yayotib. – Bu sabil ikkovimizdan birimizga bop. Qay birimizga bop ekanining bo‘lsa – ahamiyati yo‘q.

– Bill, sizga bitta gapni aytishim kerakki, – deya gap boshladi Fedjin kursini yaqinroq surib, – eshitib, mendan ko‘ra beshbattar ahvolga tushasiz.

– Shundoqmi? – ishoninqiramay javob qildi kazzob. – Gapiring! Tezroq bo‘ling, yo‘qsa, Nensi meni gumdon bo‘lib ketdi deb o‘ylaydi.

– Gumdon bo‘ldi! – dedi Fedjin entikib. – Uning uchun bu masala hal bo‘lgan allaqachon.

Sayks tasvirga til lol qolarli bir hayrat-u esankirash-la juhudga boqdi va ushbu jumboqning bo‘lak qoniqarli yechimini topa olmay, panshaxaday qo‘llari bilan yoqasidan g‘ippa bo‘g‘ib, astoydil silkidi.

– Gapira qolsangiz-chi, axir! – o‘shqirdi u. – Agar tilga kiravermasangiz, hash-pash deguncha bo‘lmay g‘ippa giriboningizdan olaman-qo‘yaman. Qani, bo‘la qoling, ochiq-oydin, lo‘nda qilib tushuntirsinlar-chi! Gapiring, la’nati qari ko‘ppak, gapiring deyapman!

– Masalan, aytaylik, anavi yerda yotgan yigitcha… dedi Fedjin.

Sayks, xuddi ilgari payqamagandek, Noe uxlab yotgan tomonga o‘girilib qaradi.

– Xo‘sh? – dedi u tag‘in boyagi holatiga qaytib.

– Masalan, aytaylik, ana shu yigitcha, – gapini davom ettirdi Fedjin, – sotishni xayol qilib qoldi deylik… hammamizni tutib berish niyatida oldiniga qo‘l keladigan odamlarni topib, ana undan keyin bizning qiyofamizni, bizni qo‘lga olishlari uchun zarur bo‘lgan hamma belgilarimizni tasvirlab, hammadan ko‘ra bizni osonroq qo‘lga tushirsa bo‘ladigan joyni aytib berish uchun o‘shalar bilan ko‘chada uchrashishni kelishib olgan, deylik. Faraz qilaylik, u ana shularni amalga oshirishni o‘ylab qo‘ydi, buning ustiga biz hammamiz ozmi-ko‘pmi aloqador bo‘lgan bir ishni fosh qilishni o‘z injiqligi sababli diliga tugib qo‘ydi, deylik; ruhoniyning undovi bilan emas yoki quruq non-suvga kunini qo‘yib emas, yo‘q, o‘z bema’ni tantiqligi oqibatida, o‘z halovatini o‘ylab; yashirincha, tag‘in tund, hammadan ko‘ra ko‘proq bizga qarshi tish qayrab, yanib yurgan odamlarni izlab topib, o‘shalarga chaqimchilik qildi, deylik. Gaplarimni eshityapsizmi o‘zi? – deb chinqirdi juhud ko‘zlaridan g‘azab uchqunlari chaqnab. – Faraz qilaylik, u ana shu narsalarni bajardi. Unda nima bo‘ladi?

– Unda nima bo‘ladi? – deya takrorladi Sayks qo‘lansa qilib so‘kib qo‘ygach. – To men kelgunimcha tirik qolgan bo‘lsa, etigimning nag‘alli poshnasi bilan boshida nechta sochi bo‘lsa miya kosasini shuncha bo‘lak qilib qiymalagan bo‘lardim.

– Bordi-yu, men shunday qilgan bo‘lsam-chi? – faryod urib yuborayozdi Fedjin. – Men, shuncha narsadan xabardor va allaqancha odamni, o‘zimni hisobga olmaganda, dor ostiga yetaklab boradigan menday bir kimsa qilganida-chi?!

– Bilmadim, – javob qildi Sayks tishini tishiga bosib, ko‘nglida tug‘ilgan bir gumondan rangi quv oqarib. – Avaxtada shunday bir nag‘ma ko‘rsatardimki, qo‘limga kishan urishardi, ana undan keyin meni taqsirimning o‘zlari bilan birga sud qiladigan bo‘lishsa, sudda o‘sha kishan bilan o‘xshatib tushirib, miyangizni pachaq-pachaq qilib, qatig‘ini o‘ynatib yuborardim. Kallangizni naq uyib yuk ortilgan arava pachaqlab o‘tganday yanchib tashlashga kuchim yetadi bemalol, – to‘ng‘illadi kazzob mushakdor qo‘llarini baland ko‘tarib.

– Shundoq qilgan bo‘larmidingiz rostdan?

– Rostdan qilarmidingiz, deysizmi? – qaytarib so‘radi tomteshar. – Sinab ko‘ra qoling bo‘lmasa.

– Agar bu Charli bo‘lsa-chi yoki Tullak, yoki Bet, yo…

– Kim bo‘lsayam baribir menga! – toqati toq bo‘lib javob qildi kazzob. – Kim bo‘lganidayam, xuddi shundoq, kallasining atalasini chiqarardim.

Fedjin talonchiga tikildi va unga jim bo‘lishni ishora qilib, xona sahniga to‘shalgan to‘shak ustiga engashdi-da, uxlab yotgan yigitchani uyg‘otish niyatida silkita boshladi. Sayks qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, oldinga enkaygan ko‘yi, bu savol-javob-u tayyorgarliklarning baridan murod nima ekanini fahmlayolmay hayron edi.

– Bolter, Bolter deyman! Bechora bola! – dedi Fedjin jumboqning yechimidan lazzat topish xayolida qahrli chaqnagan ko‘zlarini ko‘tarib, bafurja hamda ma’nodor ta’kidlab. – Charchagan u… uzoq kuzatib, uni uzoq kuzatib… ha, uni kuzatib charchagan, Bill!

– Nima deganingiz bu? – so‘radi Sayks o‘zini kursi suyanchig‘iga tashlaran.

Fedjin hech nima demadi va tag‘in uxlayotgan yigit ustiga engashib, ko‘tarib o‘tqazib qo‘ydi uni. O‘zi yangidan tanlagan ism-sharifi bir necha bor takrorlangach, Noe ko‘zlarini ishqalab, cho‘zib homuza tortdi-da, uyqusirab alanglay boshladi.

– Menga hammasini yana bir marta gapirib bering, bu kishi ham eshitsin, – dedi juhud Sayksni ko‘rsatib.

– Nimani gapirib beraman? – dedi uyqusirab Noe norozi qiyofada mudrog‘ini haydab.

– Anavi… Nensi to‘g‘risida gapirib bering, – dedi Fedjin, tag‘in gapni oxirigacha eshitmay uydan otilib chiqib ketmasligi uchun Sayksning qo‘lidan ushlab. – Uning izidan poylab bordingizmi o‘zi?

– Ha.

– London ko‘prigigachami?

– Ha.

– O‘sha yerda u ikki kishi bilan uchrashdimi?

– Balli, shundoq…

– O‘z xohishi bilan ilgariroq jentlmen va xonimga uchrashgan, ular bo‘lsa Nensiga hamma do‘stlarini, birinchi navbatda, Monksni sotishni taklif qilishgan, qiz xuddi shundoq qilgan ham; biz qayerda yig‘ilishadigan va borib turadigan uyni ham so‘rashgan, u buni ham aytgan; keyin Monksni pisib turib kuzatish qulay joyni so‘rashgan, qiz buni ham aytib bergan; u yerda qay paytda jam bo‘lishimizni surishtirishgan, qiz buni ham sotgan. Hamma-hammasini sotgan. Hech qanaqangi dag‘dag‘a qilishmagan bo‘lsa ham, o‘z ixtiyori bilan ipidan ignasigacha gapirib bergan u. Shundoq qildimi u yo yo‘qmi? – qichqirdi Fedjin g‘azabdan telbalanib.

– To‘ppa-to‘g‘ri, – javob qildi Noe boshini qashib. – Hammasi xuddi shundoq bo‘ldi!

– Anavilar o‘tgan yakshanba to‘g‘risida nima deyishdi?

– O‘tgan yakshanba to‘g‘risida deysizmi? – xiyol o‘ylab turib so‘radi Noe. – Axir aytgandim-ku sizga!

– Yana bir marta. Tag‘in bir marta gapirib bering! – qichqirdi Fedjin bir qo‘li bilan Sayksni qattiqroq ushlagancha, ikkinchisini paxsa qilib o‘ynatarkan, og‘zi burchida ko‘pik paydo bo‘lib.

– O‘sha ikkovlari undan so‘rashdi… – dedi Noe, go‘yoki u uyqusi tarqagani sayin Sayksning kimligini anglab borayotganga o‘xshardi, – ikkovlari undan shartlashilganiday o‘tgan yakshanba kuni nimaga kelmaganini so‘rashdi. U: «Ilojini qilolmadim», – dedi.

– Nimaga? Nimagaligini ayting bunga.

– Nimaga deganda, uni Bill degan odam – ularga ilgariroq gapirib bergan odam – zo‘rlik bilan ushlab qolibdi, – javob berdi Noe.

– Bu to‘g‘risida yana nimalar dedi? – chiyilladi Fedjin. – Ularga ilgari gapirib bergan odami to‘g‘risida tag‘in nimalar dedi? Shuni ayting bunga, aytib bering bunga!

– Haligi, agar qayoqqa ketayotganini u bilmasa uydan chiqib ketishi osonmasligini aytdi, – dedi Noe, – shuning uchun birinchi gal, xonimning huzuriga borganida u o‘sha odamga – shunday deganida toza kulgimni qistatdi-da o‘ziyam! – afyun qo‘shilgan ichimlik ichiribdi.

– Ming la’nat! – o‘kirib yubordi Sayks quturib, juhudning qo‘lidan chiqmoqchi bo‘lib yulqinib. – Qo‘yvoring meni!

Cholni itqitib yuborib, u xonadan otilib chiqdi-yu, g‘azabdan o‘zini yo‘qotib, zinadan pastga yugurib tushib ketdi.

– Bill, Bill! – baqirdi Fedjin orqasidan yugurgancha. – Bir og‘iz gap! Bir og‘izgina gap bor!

Kazzob eshikni ocha olganida bu gap aytilmagan bo‘lardi. Juhud entikkancha yetib borganida u kuchi va so‘kishlarini behuda isrof qilib, hadeb eshikni ochishga urinardi.

– Chiqarib yuboring meni! – o‘dag‘ayladi Sayks. – Joningizdan umidingiz bo‘lsa, gapga solmang. Sizga aytyapman, chiqarib yuboring tez!

– Quloq soling, bir og‘izgina gap, xolos, – e’tiroz bildirdi Fedjin qo‘lini qulf ustiga qo‘yar ekan. – Tag‘in siz…

– Xo‘sh?! – dedi kazzob.

– Tag‘in… judayam haligidaqangi jazavaga tushib, vahshiylashib ketmassiz-a, Bill?

Tong yorishib, har ikkovlari ham bir-birovlarining yuzini ko‘ra oladigan bo‘lib qolgandi, bu orada. Ular yashin tezligida ko‘z urishtirib olishdi; ikkalovining ko‘zi zarracha shubhaga o‘rin qoldirmaydigan bir tarzda o‘t bo‘lib chaqnardi.

– Shuni aytmoqchimanki, – so‘zini davom ettirdi Fedjin, endilikda har qanday mug‘ombirlig-u yasamalik befoyda deb bilayotganini yashirmay, – shuni aytib qo‘ymoqchimanki, haddan tashqari jazavaga tushib ketish xatarli. Tullakroq bo‘ling, Bill, haddan ziyod shafqatsiz bo‘lmang…

Sayks hech nima deb javob qilmadi, Fedjin qulfini ochgan eshikni shartta ochdi-yu, kimsasiz ko‘chaga otilib chiqdi.

Kazzob na biror marta to‘xtamay, biron soniya o‘ylab ko‘rmay, boshini na o‘ngga, na so‘lga burmay, ko‘zlarini na osmon-u, na yerga qadamay, shafqatsizona qat’iyat ila to‘g‘riga boqqanicha, tishlarini naq chakagi terisini yorib chiqqudek darajada mahkam bir-biriga bosgancha, to o‘z eshigiga yetguniga qadar shitob-la, churq etmay, birorta mushagini ham bo‘shashtirmay yelib bordi. Shunda u yonidagi kalit bilan sharpa chiqarmay eshikni ochdi, zinadan shipillagancha ko‘tarilib, o‘z xonasiga kirdi-da, kalitni ikki marta burab, og‘ir stolni eshikka taqab surib qo‘ydi, keyin karavot pardasini ochdi.

Qiz yarim yalang‘och yotgan edi. Uning sharpasidan uyg‘onib ketib, shosha-pisha cho‘chib qaddini xiyol ko‘tardi.

– Tur! – dedi yigit.

– Voy, senmisan, Bill! – dedi qiz, aftidan, u yigitning kelganidan quvongandi.

– Bu, menman, – degan javob bo‘ldi. – Tur!

Sham yonib turardi, biroq yigit uni shamdondan yulqib oldi-yu, kamin panjarasi tagiga uloqtirdi. Yorishib qolgan kunning shiravagina yorug‘ini payqagan qiz deraza pardani ochib qo‘ymoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.

– Kerakmas, – dedi Sayks qo‘li bilan yo‘lini to‘sib. – Niyatimni o‘rinlatishga yetadi shu yorug‘likning o‘ziyam.

– Bill, – dedi qiz ohista, xavotirli tovushda, – menga nimaga bunaqa tikilyapsan?

Talonchi burun parraklari kengayib, ko‘kragi ko‘tarilib-tushgan ko‘yi bir necha lahza qizga tikilgancha o‘tirdi; keyin boshi va bo‘ynidan changalladi-yu, xona o‘rtasiga sudrab bordi-da, eshikka qarab olib gurziday qo‘li bilan qizning og‘zini gijimladi.

– Bill, Bill, – xirilladi qiz o‘lim xavfi tug‘dirgan qo‘rquv ichra yigit changalidan qutulishga urinib.

– Men… men dodlamayman ham, baqirmayman ham… hatto g‘iq demayman… Gapimga quloq sol… gaplash men bilan… nima qilibman, ayt!

– O‘zing bilasan buni, shaytonning urg‘ochisi! – javob qildi bosqinchi nafasini rostlab. – Bugun kechasi ketingdan poylashgan. Har bitta gapingni eshitishibdi.

– Xudo haqqi, yosh jonimga rahm qil, men senga rahm qilgandim-ku, axir! – nido soldi qiz uning pinjiga suykalib. – Bill, jonginam Bill, meni o‘ldirgani qo‘ling bormaydi baribir. O, loaqal shu kecha seni deb nimalardan voz kechganimni bir o‘ylab ko‘rgin-a! O‘zing o‘ylab ko‘r, jinoyat botqog‘idan qutqar o‘zingni; seni qo‘yib yubormayman, meni uloqtirib yuborolmaysan baribir. Bill, Bill, xudovandi karim haqqi, o‘zingni, meni desang, qonimni to‘kishga shoshilma! Men senga sodiq qoldim, gunohkor tani-jonim haqqi, senga sodiq qoldim!

Yigit jon-jahdi-la qo‘llarini bo‘shatishga urinar, biroq qizning qo‘llari ularni chirmab olgandi, u qanchalik tirishmasin, qizni o‘zidan ajratolmasdi.

– Bill! – dedi qiz entikib, boshini yigitning ko‘ksiga bosishga harakat qilarkan. – O‘sha jentlmen bilan mehribon oyimqiz menga bugun qolgan umrimni tinchgina va tanholikda o‘tkazgani bironta o‘zga yurtdan boshpana topib berishni va’da qilishdi. O‘shalar bilan tag‘in bir marta uchrashgani ruxsat ber, oyoqlariga bosh urib, senga ham xuddi shunaqa saxovat va mehribonlik qilishlarini iltijo etib, yolvoray; ana unda ikkalovimiz ham bu dahshatli joyni tashlab, bir-birovimizdan olisda yangicha hayot boshlaymiz, ilgarigi turmushimizni unutamiz, faqat ibodat paytlaridagina eslab qo‘yamiz, keyin boshqa uchrashmaymiz. Tavba qilishning erta-kechi bo‘lmaydi. Ular menga xuddi shunday deyishdi… buni mana hozir shundoqqina his qilib turibman… lekin bizga vaqt kerak… ozroqqina bo‘lsayam vaqt kerak.

Tomteshar bir qo‘lini bo‘shatib, to‘pponchaga chang soldi. Qaynab-toshib kelgan g‘azab tug‘yoniga qaramay, agar otadigan bo‘lsa darhol qo‘lga tushajagi haqidagi fikr yilt etib o‘tdi miyasidan. Shu sababli, u bor kuchini jamlab turib, o‘ziga qaragan, deyarli yuziga tegay-tegay deyayotgan yuzga to‘pponcha bilan ustma-ust tushirdi.

Qiz bir chayqalib, peshonasida hosil bo‘lgan chuqur jarohatdan quyilayotgan qon ko‘zlarini deyarli to‘sib qo‘ydi-yu, shilq etib quladi; arang tizzalab, qo‘ynidan oppoq dastro‘molchani – Roz Meylining dastro‘molini – chiqardi-da, uni qovushtirilgan qo‘llari bilan madori yetgancha baland ko‘tarib, pichirlab, xalloqi olamga iltijo qila boshladi.

Shu tobda u dahshatli ahvolda edi. Qotil gandiraklab devor sari chekinarkan, ko‘zlarini qo‘li bilan berkitgan ko‘yi zil-zambil so‘yilni olib, bir zarba bilan qizni yer tishlatdi-qo‘ydi.

QIRQ SAKKIZINCHI BOB
SAYKSNING QOCHISHI

Keng quloch yoygan London doirasida tun o‘z chodrasini yopgan damdan buyon zulmat qanoti ostida sodir bo‘lgan yovuzliklar ichida eng dahshatlisi edi, bu yovuzlik. Sahargi sarin havoni qo‘lansa isi bilan bulg‘agan mudhish jinoyatlar ichida bu jinoyat eng qabih hamda eng shafqatsizi edi.

Quyosh – inson uchun nafaqat ziyo, ayni chog‘da yangi hayot, umid va tetiklik baxsh etguvchi quyosh – kulib, charaqlab jamol ko‘rsatdi, azim shahar uzra. Rangli qimmatbaho oyna-yu qog‘oz yopishtirilgan derazalardan, jome gumbazlari-yu aftodahol devor yoriq-tirqishlaridan bab-baravar nur purkadi. U o‘ldirilgan ayol yotgan xonani ham yoritib, uning jasadini nurga ko‘mdi. Sayks uning yo‘lini to‘sishga urindi, ammo nur har qalay dasta-dasta bo‘lib tushaverdi. Ushbu manzara sahargi g‘ira-shirada dahshatli ko‘ringandi, endilikda. ko‘zni qamashtirguvchi yorug‘likda qanday qiyofa kasb etarkin-a!

Sayks qimir etmasdi: u qilt etgani qo‘rqardi. Ingroq eshitildi, ayolning bir qo‘li silkinib qo‘ydi, shunda u g‘azab-la omixta bo‘lib ketgan qo‘rquv ichra ketma-ket zarba tushirdi. Keyin ayol jasadi ustiga adyolni tashladi, ammo go‘yoki xona sahnidagi qon halqobining aksi shiftda quyosh nurida qanday titrab, raqs tushayotganini kuzatayotgandek mudom tikilib qolgan ko‘zlarni ko‘rib turishdan ko‘ra bu ko‘zlarni o‘ziga qadalib turgan, deya tasavvur etish og‘irroq edi. Shu bois u adyolni yana olib tashladi. Bu yerda etu qondangina iborat tana yotibdi, xolos – ammo qanday tana va nega muncha qon ko‘p!

U gugurt chaqib, o‘choqqa o‘t yoqdi va so‘yilni olovga tutdi. So‘yilning uchiga soch tolalari yopishib qolgandi, ana shu tolalar jizg‘inak bo‘lib, buralib, kulga aylandi-yu, mo‘ridan yuqoriga o‘rladi. Qanchalar dovyurakligiga qaramay, hatto shu hol ham cho‘chitib yubordi uni, biroq kazzob qurolini to ikki bo‘linib tushgunicha ham o‘tga tutib turaverdi; ana shundan keyin esa uni butkul yonib kulga aylansin deb o‘choqqa tashladi. U yuvinib, kiyimini tozaladi; lekin bir nechta dog‘ni ketkizolmadi, o‘sha joylarni qiyib olib, yoqib yubordi. Xonada bunaqangi dog‘lardan qancha edi-ya! Hatto itning panjalari ham qon edi.

Bu yumushlar mobaynida u biror marta ham jasadga orqasini o‘girib turmadi biror lahzaga ham. Tadorik ishlarini bitirgach, u eshik yoniga orqasi bilan tisarilib bordi, yana panjalarini qoniga bulg‘ab, ko‘chaga yangi jinoyat izini ilashtirib chiqmasligi uchun itni yetaklab olgandi. U eshikni astagina ochdi, uni qulflab, kalitni yoniga soldi-yu, uyni tark etdi.

U ko‘chani kesib o‘tib, tashqaridan hech nima sezilmayotganiga ishonch hosil qilish niyatida derazasiga qaradi. Qiz o‘zi ko‘rolmay ketgan yorug‘lik tushsin, deb surib qo‘ymoqchi bo‘lgan parda hanuz yopiq turardi. Hozir u shundoqqina deraza tagida yotibdi. Kazzob buni biladi. Yo Tangri, xuddi o‘sha joyga qanchalar quyosh nuri quyilayotganini qarang-a!

Daqiqalik ko‘z tashlash. O‘sha xonadan chiqishi bilan yengil tortgandek bo‘ldi. U itiga hushtak chalib, shaxdam odimladi.

U Izlingtondan o‘tib borib, Vittington sharafiga tosh qo‘yilgan4747
  …Vittington sharafiga tosh qo‘yilgan… – Londonning Xayget rayonidagi ko‘chalardan birida afsonaviy Dik Vittington go‘yoki o‘zini orqaga chorlayotgan qo‘ng‘iroqlar ovozini eshitgan joyga o‘rnatilgan tosh. Dikkens o‘z romanlarida ushbu mashhur afsona qahramonini ko‘p tilga oladi. Bu afsonada gazlamafurushning yosh shogirdi Dikning Londondan qochmoqchi bo‘lgani hikoya qilinadi, biroq yo‘lda ko‘hna Sent-Meri Le Bau ibodatxonasining qo‘ng‘iroqlari ovozi qulog‘iga yetib kelib: «Qayt orqangga, Vittington, Londonning uch karra lord-meri», – deyayotganday bo‘ladi. Yosh Dik orqasiga qaytadi va afsonaga ko‘ra, bu karomat ro‘yobga chiqadi – Robert Vittington (XV asrdagi tarixiy shaxs) Londonda uch marta lordmer lavozimini egallaydi.


[Закрыть]
Xayget yaqinidagi tepalikka ko‘tarildi-da, Xayget-Xill tomonga tusha boshladi. U bemaqsad, qayerga borishini bilmay odimlayapti; pastga tusha boshlaganiga hech qancha bo‘lmay, tag‘in o‘ngga burildi va dalalar oralab ketgan yolg‘izoyoq yo‘ldan borib, Siin-Vudni aylanib o‘tdi-da, shu tariqa Xemsted-Xitga chiqib qoldi. Keyin Veyl-Xit soyligini bosib o‘tib, tepaga narigi tomonidan chiqib keldi-da, Xemsted va Xayget qishloqlarini bog‘lovchi yo‘lni kesib, supurgigullar bosib yotgan yalanglikning narigi chekkasiga yetib borib, Nor-End dalalariga o‘tdi-da, ko‘kat devor ostiga cho‘zilib, uxlab qoldi.

Ko‘p o‘tmay tag‘in o‘rnidan turib, yo‘lga tushdi – Londondan nariga qarab emas, teskarisiga, shaharga qarab yurdi; keyin qatnov yo‘lidan yana orqaga qaytdi, boyagi yalanglikni endi boshqa tomonidan kesib o‘tdi, so‘ngra dalalarda tentirashga tushdi; zovur yoqasida yotib dam olar, tag‘in sakrab turib, boshqa qulayroq joy izlab ketardi, yana orqasiga qaytar va tag‘in boshi oqqan tomonga tentib ketardi.

Picha ichib, tamaddi qilib olgani qayerga kirsa bo‘larkin? Xendonga! Bu ajoyib joy, o‘zi ham yaqin, yo‘lovchilar ham kam kiradi. Dam yugurgilab, dam injiqligi tutgan shilliqqurtday imillab, goho esa hatto to‘xtab, qo‘lidagi tayog‘i bilan butalarning shoxchalarini urib sindirgan ko‘yi xuddi o‘sha yoqqa yo‘l oldi. Biroq u yerga yetib kelganida nazarida yo‘lda uchragan odam borki – hatto eshiklari oldida turgan bolakaylargacha – hamma unga shubhalanib qarayotgandek bo‘ldi. Shunda yana orqaga qaytdi, talay vaqtdan beri tuz totmaganiga qaramay, tamaddi qilgani yoxud ichgani biror nima sotib olishga botinolmadi; qayoqqa borishini bilmay, tag‘in supurgigullar qoplagan yalanglikni keza boshladi.

U chaqirim ketidan chaqirim yo‘l bosib, tag‘in eski joyiga qaytardi. Ertalab ham, yarim kun ham o‘tdi, kech ham kirib qoldi, u bo‘lsa hamon boyagi-boyagi goh u yoqqa, goh bu yoqqa borib-kelar, dam tepaga ko‘tarilar, dam pastga tushar, tag‘in orqaga qaytar, hanuz bir joy tevaragida girdikapalak bo‘lib o‘ralashardi. Axiyri, u olg‘a jilib, Xetfild tomonga qarab yurdi.

Butunlay sillasi qurigan yigit bilan ko‘nikilmagan bunchalik yo‘l bosishdan oyog‘i oqsab, sudralib qolgan it tepadan cherkov yonidagi osuda qishloqqa tushib kelib, choqqina ko‘chadan o‘tib, xiragina chirog‘i o‘zlarini chorlagan chog‘roqqina qovoqxonaga sekingina kirib kelgan paytda kechki soat to‘qqiz bo‘lgan edi. Ichkarida kaminga o‘t yoqilgan, uning oldida qishloqliklar ichib o‘tirishardi. Ular mehmonga joy bo‘shatishdi, ammo u bir burchakka borib o‘tirdi-da, yolg‘iz, to‘g‘rirog‘i, o‘z iti bilan (unga vaqti-vaqti bilan ovqatdan tashlab turardi) birgalikda yeb-ichib, tamaddi qilishga tushdi.

Bu yerda hozir bo‘lgan jamoat qo‘shni dalalar, fermerlar haqida suhbat qurardi, bu mavzu tugaganidan keyin esa o‘tgan yakshanba dafn etishgan qaysidir cholning yoshi xususida so‘zlasha boshladilar; yosh-yalanglar uni munkillab qolgandi deyishsa, qariyalar, hali juda yosh edi, deb ta’kidlashar, oqsoqol bir bobo esa, u mendan kattamasdi, o‘zini avaylaganida tag‘in o‘n-o‘n besh yil umr ko‘rsa bo‘lardi, deb qo‘ydi… o‘zini avaylaganida emish-a!

Bunday suhbat aslo diqqatni tortmas yoki xavotirga solmasdi. Shu tufayli qotil hisob-kitob qilib bo‘lib, o‘z burchagida churq etmay va hech kimning ko‘ziga tashlanmay o‘tirar, hatto mudroq bosa boshlagandi, shunda to‘satdan yangi bir odamning shovqin-la kirib kelishi uni uyg‘otib yubordi.

Bu qishloqma-qishloq piyoda kezadigan, qayroqtosh, ustara charxlaydigan tasma, ustara, yumaloq sovun, egar-jabduq moyi, moyupa, it va otlarga ishlatiladigan dori, arzongarov atir, upa-elik va shunga o‘xshash ashqol-dashqollarni yashikka solib orqalab yuradigan chorbozorchi attor, masxaraboz hamda qallob bir odam edi. Uning kirib kelishi qishloqliklar uchun har xil yengil-yelpi hazil-mutoyibalarga ishora bo‘ldi-yu, bu hazil-huzullar toki attor tamaddi qilib olib, boyligi solingan yashigidagi bisotini yoymagunicha va ustomonlik bilan yoqimli-jimjimador gaplar bilan foydali so‘zlarni omixta qilib, ish boshlab yubormagunicha tinmadi.

– Anavi qanaqangi narsa? Ta’mi qanaqa o‘zi, Garri? – so‘radi bir qishloqi miyig‘ida jilmayib, yashikning bir burchida turgan paysacha qilib o‘ralgan narsaga ishora qilib.

– Manavi-da, – dedi yigit o‘shandan bittasini yashikdan olarkan, – bu har qanaqangi dog‘ni, zangni, iflosni, u xoh atlas-u ipaklikda, xoh ip mato-yu batistda, xoh movut-u yupqa gazlamada bo‘lsin, xoh jun gazlama, gilamda bo‘lsin, xoh nozik-mayin junli, xoh dag‘al junli matoda bo‘lsin – bari-barini chinni-yu chiroqday qilib ketkizadigan tengi yo‘q va bebaho dori. Sharobning dog‘imi, meva-chevanikimi, pivonikimi, suvnikimi, bo‘yoq yoki qoramoynikimi – har qanaqangi dog‘ga mana shu tengi yo‘q va bebaho dori shundoq surildi deguncha, yo‘qoladi-qo‘yadi. Mabodo, biror xonim o‘z pokiza nomiga dog‘ tushirgan bo‘lsa, mana shundan bit-taginasini yutib yuborsa, vassalom – o‘sha zahoti yarasi bitadi-qoladi, nega deganingizda, bu zahar. Mabodo, biror jentlmen buni tekshirib ko‘rmoqni istasa, mana shu jimitdakkina paysani ichib olsa kifoya – hech qanaqangi shubha-gumoni qolmaydi, negaki, bu o‘qdan kam jarohatlamaydi: innaykeyin, ta’mi ham badta’mgina, shundoq ekan, ushbuni yutishni o‘zi unga shon-sharaf keltiradi ko‘proq… Bir donasi bir penni, xolos! Shuncha hayon-u nafi bor-u, narxi atigi bir pennigina!

O‘sha zahotiyoq doriga ikkita xaridor chiqdi, quloq solayotganlardan aksariyatining qiziqishi ortib qoldi unga. Buni payqagan attorning yanayam gapdoni ochilib ketdi.

– Bu yoqdan yetkazib bermaslaridan bu yoqdan talab ketishadi desangiz! – diydiyosini davom ettirdi yigit. – O‘n to‘rtta suv tegirmon, oltita bug‘ mashinasi, bitta galvanik batareya beto‘xtov ishlab chiqarib tursa hamki, baribir yetkazib berolmayapti-da; buning ustiga odamlar ham to jonlari uzilgunicha ter to‘kib yotishibdi, ularning bevalariga darrov nafaqa belgilashib, har bir bolasiga yiliga yigirma funt, egizaklarga bo‘lsa ellik funtdan berib yotishibdi… Shunga qaramay, bir donasi bir penni, xolos! Sharobning dog‘imi, meva-chevanikimi, pivonikimi, suvnikimi, qoramoymi, bo‘yoqmi, qonmi, jamini!.. Manavi jentlmenning shlyapasida dog‘ bor ekan, u to menga pivo buyurib ulgurmasidan top-toza qilib ketkazib bo‘laman.

– Ey! Bu yoqqa bering! – qichqirdi Sayks seskanib tushib.

– Zumda ketkazib beraman uni, ser, – qarshilik bildirdi attor jamoatga qarab ko‘z qisib qo‘yarkan, – xonaning u burchagidan yetib kelguningizcha ketkazib bo‘laman. Jentlmenlar, jamoat, mana qaranglar, bu jentlmenning shlyapasidagi shillingdan katta bo‘lmagan, lekin qalinligi yarim kronlikday keladigan qora dog‘ga e’tibor beringlar-a. Bu dog‘ nimaniki bo‘lmasin – sharobnikimi, mevanikimi, pivonikimi, suvnikimi yo qoramoy, bo‘yoq tegib ifloslanganmi, qon tekkanmi…

Attor gapini nihoyasiga yetkazolmadi, zero, Sayks qabihona haqorat-la stolni to‘ntarib tashladi-yu, uning qo‘lidan shlyapani tortib olib, binodan otilgancha chiqib ketdi.

Ixtiyoriga zid ravishda kun bo‘yi vujudini qamrab olgan g‘alati talvasa-yu injiqlik hamda ikkilanishlar ta’sirida bo‘lgan qotil orqasidan ta’qib etmayotganlariga, ehtimolki, o‘zini shunchaki badqovog‘-u odamovi mast yigit, deb qo‘ya qolganlariga qanoat hosil qilgach, shahar tomon burildi va kichikkina aloqa idorasi oldida turgan usti berk izvosh yonidan lip etib o‘tib ketmoqchi bo‘ldi-yu, lekin aravaning Londondan kelganini bilib qoldi. Shu tobda qanday gaplarni eshitishi mumkinligini fahmlasa hamki, yo‘lni kesib o‘tdi-da, sekin quloq sola boshladi.

Eshik oldida pochta sumkasini poylagancha arava pattachisi turardi. Shu payt o‘rmonchi libosidagi bir odam unga yaqinlashdi, pattachi tosh yo‘lda turgan savatni o‘rmonchiga topshirdi.

– Bola-chaqangizga bu, – dedi pattachi. – Hey, ichkaridagilar, qimirlanglar sal! E padariga la’nat, o‘sha sumkaning, kechayam tayyormasdi shunaqa. Bunaqasi ketmaydi, bilib qo‘yinglar!

– Shaharda nima yangiliklar bor, Ben? – so‘radi o‘rmonchi, otlarni tuzukroq tomosha qilish uchun deraza darchalari sari chekinarkan.

– Deyarli hech gap chalinmadiyov qulog‘imga, – javob qaytardi unisi qo‘lqopini kiya turib. – Nonning narxi jindakkina ko‘tarildi. Yana Spitel-Flidsda birovni o‘ldirib ketganlari sal-pal qulog‘imga chalinganday bo‘luvdiyov, lekin ko‘pam ishonavermayman bunga.

– Yo‘q, bu to‘g‘ri, – dedi pochta aravasida derazachadan tashqariga qarab o‘tirgan jentlmen. – Buning ustiga desangiz, vahshiyona qotillik.

– Shunaqa deng-a, ser! – dedi pattachi shlyapasini ushlab qo‘yarkan. – Kimni o‘ldirishibdi, ser: erkaknimi yo ayolni?

– Ayolni, – javob qildi jentlmen. – Taxmin qilishlaricha…

– Hey, Ben! – qichqirdi aravakash toqatsizlik bilan.

– He jahannamga daf bo‘lsin-a, o‘sha sumka! – xit bo‘ldi pattachi. – Nima balo, uxlab qoldilaringmi o‘zi?

– Ketyapman! – qichqirdi idora mudiri chopgancha chiqayotib.

– Ketyapmanmish! – to‘ng‘illadi pattachi. – Xuddi menga ko‘ngil qo‘yishga chog‘lanib, muhabbat izhor qiladigan yosh va badavlat oyimqizga o‘xshab (qachon yetib kelarkin o‘zi, buni bilmayman) imirsilashlarini qarang-a! Qani, bera qoling bu yoqqa! Bo‘ldi, tayyor!

Shunda muguz sho‘xchan sado taratdi-yu, pochta aravasi yo‘lga ravona bo‘ldi.

Sayks ko‘chada turib qoldi; chamasi, hozirgina eshitgan xabari uni hayajonga solmagan, qayoqqa borishini bilmay ikkilanayotganidan bo‘lak biron his-tuyg‘u bezovta qilmayotganga o‘xshardi. Nihoyat, u yana orqasiga burildi-da, Xetfilddan Sent-Elbansga eltuvchi yo‘ldan keta boshladi.

U sarkashlik bilan olg‘a intilardi. Biroq shaharni ortda qoldirib, huvillagan va qop-qorong‘i yo‘lga chiqib olgach, diliga qo‘rquv hamda vahima qutqu solib, vujudining eng xilvatgohlarigacha kirib borayotganini his etdi. Oldinda nimaiki bo‘lsa – mavjud narsami yoxud sharpa-ko‘lankami, harakatlanadiganmi yo qo‘zg‘olmasmi – jamikisi vahimali qiyofaga kirardi; ammo bu vahima o‘zi ertalab ko‘rgan shaffof tana bamisoli bir qarich ham ortda qolmay izma-iz ergashib kelayotgandek tuyulayotgan hissiyoti oldida hech gapmasdi. U xayol ko‘zi bilan zimistonlikda sharpani kuzatishi, shakl-shamoyilini aniq-tiniq tiklashi va uning sira og‘ishmay, tantanavor bir tarzda odimlayotganini ko‘rib turishi mumkin edi. Barglar shildirashida uning ko‘ylagi shitirlashini eshitar, shabadaning har bir nafas epkini uning so‘nggi bemajol ingrog‘ini uchirib kelardi qanotida. Agar u to‘xtaydigan bo‘lsa, sharpa ham to‘xtardi. Agar u yuguradigan bo‘lsa, tana ham ergashardi ortidan – yo‘q yugurmasdi tana (unda ancha yengil tortardiku-ya), balki qandaydir beixtiyor harakatlanadigan, bir maromdagi, kuchayib, kuchaymaydigan, tinib tinmaydigan mungli shamol surib kelayotgan murda yanglig‘ suzib kelardi.

Ba’zan u mazkur ro‘yoni, hatto uning bir qiyo boqishining o‘zi o‘limga giriftor qilgan chog‘dayam, quvib-solish uchun shasht bilan orqasiga burilib ham qo‘yardi; bunday damda uning sochlari tippa-tik bo‘lib, yuragi qinidan chiqib ketayozardi; zero, ro‘yo ham u bilan birga burilar va orqa tomoniga o‘tib olgan bo‘lardi. Ertalab uni ko‘z o‘ngidan – ro‘parasidan jildirmagandi, endi bo‘lsa orqa tomoniga o‘tib olgandi. U yo‘l chetidagi ko‘tarmaga suyandi va ro‘yo tepasida, tungi muzdek havoda muallaq turganini his etdi. U yerga cho‘zilib, chalqanchasiga yotib oldi, ro‘yo poyida qabr toshiga qon bilan bitilgan marsiyasi bor jonli haykal misoli unsizgina, qilt etmay, qomatini tik tutgancha boshi uzra qotib turaverdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации