Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 24


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 24 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

O‘TTIZ BESHINCHI BOB
OLIVERNING SARGUZASHTI QANDAY MUVAFFAQIYATSIZ TUGAGANI, SHUNINGDEK, GARRI MEYLI BILAN ROZ ORASIDAGI AHAMIYATGA MOLIK SUHBAT HAQIDA HIKOYA QILADI

Uy istiqomatchilari baqiriq eshitilayotgan joyga yugurishib kelganlarida rangi quv o‘chgan, hayajondan larzaga tushgan Oliver hovli ortidagi yaylov tomonni ko‘rsatib, arang: «Chol! Chol!» – deb go‘ldirardi.

Mister Jayls bu baqiriq nimani anglatishiga aqli yetmayotgandi, biroq Oliverning tarixini onasidan eshitgan, zukko Garri Meyli darhol hammasini fahmladi.

– U qaysi tomonga qarab qochdi? – so‘radi u bir burchakda turgan og‘ir so‘yilni ola solib.

– Anavi yoqqa! – javob berdi Oliver qaroqchilar qochgan tomonni ko‘rsatib. – Ko‘z ochib yumguncha yo‘q bo‘p qolishdi.

– Demak, ular zovurda! – dedi Garri. – Orqamdan! Yonma-yon yurishga harakat qilinglar.

Shunday dedi-yu, u butadevordan sakrab o‘tib, jon-jahdi bilan yugura ketdiki, qolganlarning unga yetib olishlari amrimahol edi.

Jayls baholi qudrat uning ortidan yugurdi; Oliver ham unga ergashdi, ikki daqiqalardan keyin esa sayr qilib endigina uyga qaytgan mister Losbern buta devordan oshaman deb ag‘darilib tushdi-yu, lekin g‘ayritabiiy chapdastlik bilan sakrab turgancha, oyog‘ini qo‘lga olib, ovozining boricha: «Nima gap? Nima gap?» – deb baqirgan ko‘yi o‘sha tarafga qarab yugurdi.

Hammalari toki yo‘lboshchilari dalaning Oliver ko‘rsatgan joyiga burilib, zovur va uning atrofidagi butalar orasini sinchiklab tit-pit qilishga kirishmagunga qadar nafas rostlagani biron marta ham to‘xtamay olg‘a qarab yuguraverishdi. Garrining to‘xtashi boshqalarning unga yetib olishlariga, Oliverni bo‘lsa mister Losbernga bunday oshig‘ich ta’qibning boisini tushuntirishiga imkon berdi.

Qidir-qidirdan naf chiqmadi. Hatto, yangi tushgan izlardan asar ham ko‘rinmadi. Hozir hammalari atrofdagi dalaning uch-to‘rt milya narisigacha kaftdagidek ko‘zga tashlanib turgan chog‘roqqina tepalik ustida edilar. So‘l tomondagi pastlikda qishloq joylashgandi, ammo u yerga Oliver ko‘rsatgan yo‘ldan boriladigan bo‘lsa, ochiq joydan aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelardi, shu sababdan bu qisqa muddat orasida boyagilarning ko‘rinmay chap berib ketishlari ehtimoldan uzoq edi. Yaylovning bu tarafi esa qalin o‘rmonga tutashgan bo‘lib, aynan hozir zikr etganimiz sabablarga ko‘ra ularning bu panohgohga ham yetib olganlari dargumon edi.

– Tag‘in tushingga kirgan bo‘lmasin, Oliver? – dedi Garri Meyli.

– Yo‘q, Xudo haqqi, ser! – xitob qildi Oliver qari ablahning basharasini qayta ko‘z oldiga keltirganidanoq seskanib ketarkan. – Aniq-tiniq ko‘rdim! Ikkalalarini ham xuddi hozir sizni ko‘rib turganday appa-aniq ko‘rdim.

– Ikkinchisi kim edi? – deyarli baravariga so‘rashdi Garri bilan mister Losbern.

– Anavinda sizga aytgandim-ku, xuddi o‘shaning o‘zi. Mehmonxona oldida to‘satdan menga o‘dag‘aylab bergan o‘sha kishi, – javob berdi Oliver. – Ko‘zlarimiz to‘qnashdi, xuddi o‘shaning o‘ziligiga ont ichishim mumkin.

– Shu yoqqa qarab qochishdimi o‘zi? – so‘radi Garri. – Bunga ishonching komilmi?

– Deraza oldida turganlariga qanday ishonchim komil bo‘lsa, bunga ham shunday, – javob qildi Oliver va uy bog‘chasi bilan yaylovni ajratib turgan butadevorni ko‘rsatib: – Novcha kishi manavi joydan sakrab o‘tdi, juhud bo‘lsa o‘ng tomonga bir necha qadam chopib bordi-da, huv anavi ochiq oraliqdan chiqib ketdi, – dedi.

Oliver hikoya qilayotganda, ikkala jentlmen uning hayajon balqigan aftiga tikilib turishardi, keyin ko‘z urishtirib olishdi, aftidan, bolaning gaplari to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishgandi. Ammo shunga qaramay, hozirgina juftakni rostlab qolgan odamlarning biron joyda izi ko‘rinmasdi. O‘t baland o‘sgandi, lekin o‘zlari bosib tashlagan yerlardan bo‘lak bi-ronta ham egilgan-toptalgan joyi yo‘q. Zovurning ikki beti loyroq edi-yu, biroq birorta erkak kishi boshmog‘ining izi yoxud bir necha soat burun bu yerga loaqal biror kimsa oyoq bosganidan dalolat beruvchi belgi ko‘rinmasdi.

– G‘alati bo‘ldi-ku! – dedi Garri.

– G‘alati ham gapmi! – qo‘shilishdi doktor. – Bleters bilan Daff bo‘lganidayam tagiga yetisholmasdi buning.

Izlashdan zarracha naf chiqmasligi oshkora ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, ular qanotini yoyib kelayotgan tun bundan buyog‘i qidirishlardan umidlarini uzib qo‘ymagunicha uyga qaytishmadi; shundan keyin ham chor-nochor niyatlari bahridan o‘tishdi. Jaylsni, Oliver qo‘lidan kelganicha ta’riflab berganiga muvofiq, notanish kimsalarning aft-basharalari va kiyimlari xususidagi aniq tavsif-u tafsilot bilan qurollantirib, atrof qishloqlardagi qovoqxonalarga jo‘natishdi. Juhud har qalay, biron yerga qittak ichgani kirganida yoki yaqin-atrofda o‘ralashib yurganida ko‘zi tushgan odamning esida qoladigan turq-tarovatli edi. Lekin Jayls sirdan voqif etadigan yoxud aqalli biron nimani oydinlashtiradigan hech qanday xabar-ma’lumotsiz, ikki qo‘lini burniga tiqqancha qaytdi.

Ertasiga izlashni yangitdan boshladilar, qaytadan so‘rab-surishtirdilar, baribir natija chiqmadi. Indiniga Oliver bilan mister Meyli bu odamlar darak-paragini eshitib qolish umidida bozorli shaharchaga yo‘l oldilar; ammo bu urinishlari ham zoye ketdi. Bir necha kun o‘tgach, bu voqea, qiziqsinish va sinchkovlik yangi ozuqa topmaganidan keyin o‘z-o‘zidan unutiladigan jamiki hodisalar singari esdan chiqa boshladi.

Rozga kelganda esa u bu orada xiyla tuzalib qoldi. Endilikda u uy ichida bemalol yuradigan, boqqa chiqadigan bo‘lib qolgan va hammalarining dillarini quvnatib, yana oila hayoti oqimiga qo‘shilib ketgandi.

Garchi ana shu baxtli o‘zgarish choqqina oilaviy davra hayotida sezilarli darajada aksini topgan va garchi bog‘ hovlida qaytatdan beg‘am-u betashvish ovozlar, kulgi yangray boshlagan bo‘lsa-da, Oliver goho ba’zi birovlarda – hatto Rozda ham – odatlanilmagan mahdudlik, siqilish alomatlarini sezib qolardi. Missis Meyli bilan o‘g‘li bot-bot hamda uzoq-uzoq yakka-yolg‘iz suhbat qurishar, Roz esa ko‘pincha yig‘idan ko‘zi qizarib kirib kelardi. Mister Losbern Chertsiga jo‘naydigan kunini belgilaganidan keyin bu alomatlar ayniqsa sezilarli bo‘lib qoldiki, yosh xonim bilan yana kimningdir oromiga raxna solayotgan allanima sodir bo‘layotgani kunday ravshan edi.

Nihoyat, kunlardan bir kuni ertalab Roz mo‘jazgina yemakxonada yolg‘iz o‘zi o‘tirganida Garri Meyli kirib keldi-da, ikkilanibroq u bilan bir necha daqiqagina so‘zlashishga ijozat so‘radi.

– Andak… jindakkina… ko‘p vaqtingizni olmayman, Roz, – dedi yigit kursini unga yaqinroq surarkan. – Sizga aytmoqchi bo‘lgan gapimni allaqachon payqagan bo‘lsangiz kerak… Hali o‘z og‘zimdan eshitmagan bo‘lsangiz ham, yuragimdagi ezgu orzu-umidlarim sizga ma’lum.

U kirib kelganida Rozning rangi quv o‘chib ketgandi, ammo buni qizning kuni kechagidagi betobligiga yo‘yish mumkin edi. U boshini xam qilgani ko‘yi, yonginasidagi gullar uzra engashganicha, jimgina gapning davomini kutdi.

– Men… men bu yerdan avvalroq jo‘nab ketishim kerak edi, – dedi Garri.

– Ha… shunday, – javob qaytardi Roz. – Bu so‘zlarim uchun kechiring-u, lekin men ketishingizni istardim.

– Meni bu yoqqa eng dahshatli va qattiq iztirobga soladigan xavotirgarchilik, – so‘zini davom ettirdi yigit, – butun orzu-umidlarim, ishonch-u istaklarim murodi bo‘lmish yakka-yu yagona aziz kishimdan ayrilib qolish xavfi yetaklab keldi. Siz ajal qazigan choh yoqasiga borib qolgandingiz, joningiz yer bilan arshi a’lo orasida uchib yurgandi. Bizga ayon: go‘zal va mehribon yosh qalblarga ajal o‘qi tekkanda ularning ruhi bexos boqiy olamning nurafshon maskani sari intiladi… Shunisi ham ayonki, bizga – Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin bizga! Yaxshiga umr yo‘q, deganlaridek, ko‘pincha oramizda eng yaxshilarimiz-u eng saralarimiz endi g‘uncha ochib, yashnay boshlagan qirchillama paytimizda so‘lib, xazon bo‘lamiz.

Ushbu so‘zlarni eshitganda ko‘ngli bo‘sh qizning ko‘zlariga yosh qalqdi; u ustiga engashib turgan gulga yosh gavhari tomchilab, gulbargida javohirday yiltiray boshlaganida gulning chiroyi chandon ochilib ketdi – bamisli uning navqiron, ma’suma qalbidan uchgan izhori dili haqli ravishda tabiatning mo‘jizavor xilqati ila qondoshligini namoyish etayotgandek tuyuldi.

– Farishtaday go‘zal-u pok bir jon hayot-mamot talashuvida qolgandi, – gapini davom ettirdi yigit kuyib-yonib. – Oh, uning ko‘z o‘ngida o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan olis olam jamoli namoyon bo‘lgan bir paytda, uning qayg‘u-g‘am va musibatlar makoni bo‘lmish bu dunyoga qaytishiga kim ham umid bog‘lay olardi? Eh, Roz, Roz, sizning samoviy ziyoning yerga tushgan mayin-u nozik ko‘lkasidek sirg‘alib, ko‘kka intilayotganingizni ko‘rib turish, bu olamda muz qotayotganlarni deb (nima uchun aynan ularni deb sizning omon qolishingiz kerakligini bilishlari dargumon) omon qolishingizdan umid uzib, qanchadan-qancha go‘zal-u saxiy qalb egalari shunchalar barvaqt parvoz qilgan nurafshon olamga mansub ekanligingizni tuyib turish va baribir, mazkur tasalli beruvchi o‘y-fikrlarga qaramay, sizni sevadigan kishilarga qaytib berishini Yaratganga iltijo-yu tavallo qilish – bunday azob-u qiynoqqa dosh berishni aqd bovar etmaydi! Men bu iztirobni kecha-yu kunduz his etib turdim. U bilan birga vujudimga qo‘rquv, xavotirlanish hamda xudbinona shubha-gumonlar – ya’ni siz mening qanchalik sadoqat-la sevishimni bilmay turib o‘lib qolayotgandek – shaloladay yopirilib, bostirib kelaverdi, ana shu shalola es-hushimni, aql-u ongimni ham oqizib ketishi mumkin edi!.. Mana, tuzalib ham qoldingiz. Botmonlab kelgan dard kun-bakun, soat-basoat misqollab arib, salomatlik tomchi-tomchi bo‘lib qaytib, sillasi qurigan, jildirab turgan hayot chashmangizga jon ato qila borib, bu chashmaga yana shasht-u shitob, quvvat baxsh etdi. Otashin va benihoya muhabbatdan qamashgan ko‘zlarim bilan ajal ostonasidan qanday qaytganingizni kuzatib turdim. Keling, meni ana shu baxtdan mahrum etaman demang! Sababki, yuragimni sevgi band etgandan buyon odamlar menga yanada yaqinroq bo‘lib qolganlar.

– Men bunday demoqchimasdim, – dedi Roz ko‘zlariga yosh olib. – Men faqat sizning bu yerdan jo‘nab ketib, boshqatdan yuksak va olijanob maqsadlar – o‘zingizga munosib maqsadlarga erishishga intilishingizga tilakdoshman, xolos.

– Men uchun, mendan ko‘ra olihimmat odam uchun ham, sizning qalbingizni rom etishga harakat qilishdan ko‘ra munosibroq maqsad yo‘q! – dedi yigit qizning qo‘lidan ushlab. – Roz, azizam, jonginam Roz! Sizni talay, talay yillardan beri sevish bilan birga shon-shuhrat yo‘lini zabt etish umidida yashadim niyatim ana undan keyin, uyga mag‘rur qaytib, uni siz bilan baham ko‘rish edi… O‘sha baxtli dam kelganida muhabbatimning unsiz dalillarini yodingizga solib, oramizda sukut-la tuzilgan ko‘hna unsiz bitimni amalga oshirish timsoli sifatida qo‘lingizni so‘rashni xayol surganim-surgandi! Bu ro‘yobga chiqmadi. Lekin shu tobda, na shon-shuhrat orttirolmay, na birorta orzuyim ushalmay, sizga aslida allazamonlardayoq baxshida etilgan yuragimni taklif qilaman va bundan buyongi taqdirim bu taklifimga nima javob berishingizga bog‘liq, – Siz hamisha mehribon va olihimmat bo‘lib kelgansiz, – dedi Roz borlig‘ini qamray boshlagan hayajonni arang bosib. – Siz meni behis, bemehr yoki nonko‘r deb hisoblamaysiz, shuning uchun javobimni oxirigacha eshiting.

– Menga munosib bo‘la olasiz, degan javobni berasiz-a, to‘g‘ri emasmi, azizam Roz?

– Javobim shuki, – dedi Roz, – meni unutishga harakat qilishingiz kerak; yo‘q, eski va sodiq do‘stingizni emas bu meni qattiq jarohatlagan bo‘lardi – balki sevgilingiz sifatida. Tevarak-atrofingizga bir nazar tashlang-a! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, rom etib maqtanishingizga arzigulik qanchadan-qancha yuraklar bor olamda. Agar xohlasangiz, o‘zim boshqosh bo‘lay, yangi sevgingizda… Men eng sadoqatli, sizni suyadigan va vafodor do‘stingiz bo‘lay.

Oraga jimlik cho‘kdi-yu, Roz yuzini bir qo‘li bilan berkitgancha ko‘z yoshlariga erk berdi. Garri uning ikkinchi qo‘lini qo‘yib yubormasdi.

– Bunga qanday vajlaringiz bor, Roz, bunday xulosaga kelishga qanday sabablaringiz bor? – sekingina so‘radi u nihoyat.

– Buni bilishga haqqingiz bor, – dedi Roz. – Lekin baribir sizning gaplaringiz uni o‘zgartirolmaydi. Bu – burch, men uni ado etishim kerak. Boshqalar uchun ham, o‘zim uchun ham bajarishim shart uni.

– O‘zim uchun ham, dedingizmi?

– Ha, Garri. Shaxsan o‘zim uchun, yor-birodarlari va davlatidan mahrum sha’niga dog‘ tushgan menday odam do‘stlaringizning go‘yoki meni sizning birinchi muhabbatingizga ta’ma-g‘araz bilan yon bergan va sizning butun niyat-rejalaringizga to‘g‘anoq bo‘lgan, deb gumonsirashlariga vaj-bahona bo‘lishimga yo‘l qo‘yolmayman. Siz va qarindoshlaringiz uchun mardlik va olihimmatliligingiz qistovi zaptida o‘z izmingiz bilan hayotdagi muvaffaqiyatlaringiz yo‘liga ana shunday to‘siq qurib qo‘yishingizga xalaqit berishga majburman…

– Agar tuyg‘ularingiz burchingizni anglash hissi bilan mos kelsa… – deya gap boshladi Garri.

– Yo‘q, mos kelmaydi… – javob berdi Roz lolaqizg‘aldoqday lovullab.

– Demak, sevgim javobsiz qolmaydi ekan-da? – so‘radi Garri. – Faqat shungagina javob bera qoling, azizam Roz, bitta shungagina! Mash’um noumidlik alamini xiyolgina yumshating!

– Basharti, bu savolga sevgan odamimga shafqatsizona kulfat yetkazmay javob bera olsam, – dedi Roz, – unda men…

– U chog‘da bu izhori dilni mutlaqo boshqacha qabul qilarmidingiz? – so‘radi Garri. – Loaqal shuni yashirmang mendan, Roz!

– Ha! – dedi Roz. – Yetar endi! – deb qo‘shib qo‘ydi u qo‘lini bo‘shatib olarkan. – Bu mashaqqatli suhbatni cho‘zishimizning nima hojati bor? Bir umrga baxtiyorlik va’da qilayotgan bunday suhbatni davom ettirish menga juda og‘ir. O‘z muhabbatingiz bilan ko‘ksimni tog‘day ko‘tarib yuborganingizni, hayot janggohida qozongan har bitta zafaringiz menga kuch va qat’iyat baxsh etishini anglab turishning o‘zi bir baxtdir. Xayr, Garri! Endi hech qachon bugungiga o‘xshagan taxlitda uchrashmaymiz, ammo munosabatimiz ushbu suhbat oqibatda keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan munosabatga o‘xshamasa hamki, biz ko‘p zamonlargacha bir-birovimiz bilan qalin do‘st bo‘lib qolishimiz mumkin. Iloyo, sadoqatli va jo‘shqin qalbning duo-yu iltijolari sharofati bilan haqiqat chashmasidan otilib chiqqan obirahmat sizga quvonch-u farog‘at keltirsin!

– Yana bir og‘iz gap, Roz! – dedi Garri. – Aytingchi, qanday asos-u sabablaringiz bor? Ularni o‘z og‘zingizdan eshitay!

– Sizni ajoyib istiqbol kutyapti, – qat’iy javob berdi Roz. – Oldinda beqiyos iqtidoringiz hamda e’tiborli qarindoshlaringiz ko‘magida jamoatchilik orasida orttirajak shon-shuhrat-u izzat-ikromlar mahtal sizga. Lekin o‘sha qarindoshlaringiz kalondimog‘ odamlar, menga kelganda esa, jismimga jon baxsh etgan onaga hazar ko‘zi bilan qarab, jirkanib muomala qilishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan osh-qatiq bo‘lishni istamayman. Yana shuningdek, meni mehr-muhabbat-la bag‘riga olib, onam o‘rnini bosgan mushfiq ayolning o‘g‘lini isnodga qo‘yishni xohlamayman. Gapning po‘skallasi, – so‘zini davom ettirdi qiz teskari o‘girilib, negaki, shu damda matonati tark etgandi uni, – mening nomimga dog‘ tushgan, odamlar esa bu isnodni begunoh bir kimsaga taqashadi! Qo‘ying, yolg‘iz meni malomat qilaverishsin, buning jabr-u sitamini ham, mayli, bir o‘zim tortay.

– Yana bir og‘iz, Roz, jonginam Roz, bir og‘izgina gap! – xitob qildi Garri qiz qarshisida tiz cho‘kib. – Agar bordi-yu, men bunday, bunday baxtli bo‘lmasam… bordi-yu, qismatimda osoyishta, imi-jimida yashab o‘tish bitilgan bo‘lsa-yu, men qashshoq, dardchil, nochor ahvolda bo‘lsam, o‘shanda ham mendan yuz o‘girarmidingiz? Yoki bu shubha-gumonlar mening kelajakda boylig-u shon-shavkat orttirajagim zamirida tug‘ilganmi?

– Javob ber, deb qistayvermang, – dedi Roz. – Bunday savol hech qachon tug‘ilmagan va tug‘ilmaydi ham. Javob bersang ham berasan, bermasang ham berasan, deb qiyin-qistovga olish yaxshimas, bu deyarli bag‘ritoshlik!

– Agar javobingiz men deyarli umid qilishga jur’at etganimday bo‘lsa, – e’tiroz bildirdi Garri, – u qarshimda yolg‘izoyoq yo‘limni baxt nuri bilan yo‘g‘irib, borayotgan so‘qmog‘imni nurafshon etadi. Bir nechtagina so‘zni aytish bilan olamda seni hammadan ko‘proq sevadigan kimsaga olam narsani baxsh etish – bu hazil gapmas! O, Roz, otashin va sobit muhabbatim haqqi, sizni deb chekkan iztiroblarim haqqi, o‘zingiz meni mahkum etayotgan narsa haqqi, bittagina shu savolga javob bering!

– Ha, agar qismatingiz sal boshqacharoq bo‘lganida edi, – dedi Roz, – keyin, siz jamiyatda mendan ancha balandda turmaganingizda, basharti, men shuhratparast-u mashhur kiborlar orasida sizni isnodga qo‘yib, yo‘lingizga to‘siq bo‘lmay, birorta osuda hamda xilvat bir manzilgohda sizga madadkor va tasalli bo‘la olganimda edi – unda biror qarorga kelish osonroq ko‘charmidi? Hozir baxtiyor, behad baxtiyor bo‘lishimga hamma asoslar bor, lekin tan olaman, Garri, unda yanayam baxtiyorroq bo‘lardim.

Roz ushbu iqrori dilni izhor etarkan, allazamonlarda, qizaloqlik paytlarida ardoqlab yurgan orzu-umidlari xotira ko‘zgusida yorqin jonlandi; biroq hamisha dilimizga so‘nib, xira tortib qaytadigan o‘tmish orzu-umidlarimiz kabi bu yorqin xotiralar ko‘zlariga yosh qalqtirdi va u ko‘z yoshlaridan yengil tortdi.

– Bu ojizlikni yengolmayapman-u, lekin u mening ahdimni yanada mustahkamlaydi, – dedi Roz yigitga qo‘lini uzatib. – Ana endi xayrlashishimiz kerak.

– Faqat bir narsaga so‘z bering, – dedi Garri, – bir marta, bir martagina xolos – masalan, aytaylik, bir yildan keyin, balki sal ilgariroq – siz bu haqda yana gaplashishga… oxirgi marta gaplashishga ruxsat etsangiz!

– Lekin ahd-paymoningni o‘zgartirasan, deb qistamaslik sharti bilan, – ma’yus jilmayib javob qildi Roz. – Baribir bundan foyda chiqmaydi.

– Roziman! – dedi Garri. – Ahdingizni yana bir karra takrorlashingizni eshitsam bas; agar istasangiz – oxirgi marta takrorlaysiz! O‘shanda erishgan mansab-u, jamiki davlatimni oyoqlaringiz ostiga poyondoz qilaman, o‘shandayam o‘z ahdingizda qoim turadigan bo‘lsangiz, unda taqdirga tan berib, yo‘lingizga g‘ov bo‘lmaslikka harakat qilaman.

– Mayli, siz aytgancha bo‘la qolsin, – javob qildi Roz, – bu yaramga qaytadan tuz sepadi, lekin u paytga borib bunga chidashga bardoshim yetadigan bo‘lib qolar, balki.

Qiz yana qo‘lini uzatdi. Biroq yigit qizni bag‘riga tortib, peshonasidan o‘pdi va xonadan shaxdam yurib chiqib ketdi.

O‘TTIZ OLTINCHI BOB
JUDA QISQA VA AYNI O‘RINDA UNCHALIK AHAMIYATGA EGA EMASDEK TUYULADI. AMMO SHUNGA QARAMAY, UNI AVVALGISINING DAVOMI HAMDA KEZI KELGANIDA BERILAJAK BOB QOPQASINING KALITI SIFATIDA O‘QIB CHIQMOQLIK DARKOR

– Xo‘sh deganingizdan, bugun ertalab kamina bilan yo‘lga tushishga qaror beribdilar-da? – deb so‘radi doktor Garri Meyli Oliver bilan nonushtalikka o‘tirayotganida. – Har yarim soatda yo rejangiz, yo kayfiyatingiz o‘zgarib qoladi-ya!

– Vaqti-soati kelib, butunlay boshqacha gapirib qolarsiz menga, – javob qaytardi Garri besababdan-besabab qizarib.

– Ishonamanki, o‘shanda bunga jiddiy asoslarim bo‘ladi, – javob qildi mister Losbern, – darvoqe, negadir shunday bo‘lishiga ishonchim komil emas. Hali hech qancha vaqt bo‘lgani yo‘q, kecha ertalab shoshma-shosharlik bilan bu yerda qolishga va mehribon o‘g‘ilga munosib tarzda onangizni dengiz sohiliga olib borishga qaror bergandingiz. Keyin choshgohga bormay turiboq menga iltifot ko‘rsatib, kaminani Londongacha kuzatib borish sharafidan bahramand etish niyatida ekaningizni xabar qilgandingiz. Kechga tomon goyatda sirli bir tarzda xonimlar uyqudan turmaslaridan burunoq yo‘lga tushishga unatmoqchi bo‘ldingiz – buning oqibatida esa yigitcha Oliver har xil chiroyli giyohlarni izlab, yaylovda izg‘ish o‘rniga bu yerda nonushta qilib o‘tirishga majbur bo‘ldi… Ishlar chatoq, to‘g‘ri emasmi, Oliver?

– Agar, ser, siz bilan mister Meyli jo‘nab ketayotganinglarda uyda bo‘lmay qolsam, judayam afsuslanardim-da, – deya e’tiroz bildirdi Oliver.

– Borakalla! – dedi doktor. – Shaharga qaytganingda meni ziyorat qilgani kirgin… Illo, behazil gapirganda, Garri, ushbu qo‘qqisdan yo‘lga otlanish yetuk zotlardan kelgan birorta xabar vajidan emasmi ishqilib?

– Siz, o‘ylashimcha, amakimni ham qatoriga qo‘shayotgan e’tiborli zotlardan bu yerga kelganimdan buyon hech qanaqangi xabar-pabar kelgani yo‘q, keyin, yilning bu faslida mening ular orasida bo‘lishimni taqozo etuvchi bironta hodisa yuz berishi mushkulov.

– G‘o‘rsiz-da, g‘o‘r! – dedi doktor. – Shubhasiz, ular sizni parlamentga mavlud bayrami arafasida bo‘ladigan saylovlar paytida taqdim etishadi, bu to‘satdan o‘zgarib, aynib qolishlar – siyosiy hayot uchun chakki tayyorgarlik emas. Bunda qandaydir o‘ziga xos ma’no, o‘ziga yarasha naf bor. Mansab uchun bahslashishadimi, kubok yoki poyga sovrini uchunmi, hamisha yaxshi mashq qilish, hadisini olish asqatadi.

Garri Meylining vajohatidan go‘yoki bu qisqagina savol-javobni doktorni hazilakam hayratga solmaydigan ikki-uch og‘iz gap bilan cho‘zmoq niyati borligi ko‘rinib turganga o‘xshardi-yu, biroq u «ko‘ramiz» deyish-la kifoyalanib qo‘ya qoldi va bu mavzuda qaytib og‘iz ochmadi. Ko‘p o‘tmay eshik oldiga pochta aravasi kelib to‘xtadi, Jayls yuklarni olib chiqqani kirib kelganida esa oqko‘ngil doktor ularni qanday joylashtirayotganlarini kuzatib turgani hovliqqanicha xonadan yugurib chiqib ketdi.

– Oliver, – dedi Garri Meyli ohistagina, – senga ikki og‘iz gapim bor edi.

Oliver mister Meyli imlab chaqirgan deraza yonidagi taxmonga o‘xshagan kamgak joyga kirdi; yigitning avzoyi g‘amgin va ayni paytda ajabtovur hayajonli ekanini ko‘rib, juda taajjublandi.

– Endi tuzuk yozadigan bo‘lib qoldingmi? – so‘radi Garri qo‘lini uning yelkasiga qo‘yib.

– Yomonmas, ser, – javob qildi Oliver.

– Men, balki uyga tez qaytmasam kerak… Menga xat-pat yozib tursang degandim – aytaylik ikki haftada bir marta, dushanbada, Londondagi bosh aloqa bo‘limiga. Bo‘ptimi?

– Bosh ustiga, ser! Men buni g‘oyatda faxr bilan ado etaman! – deya xitob qildi Oliver o‘ziga bunday topshiriq topshirilganidan boshi osmonga yetib.

– Men haligi… haligi… oyim bilan miss Meylining ahvollaridan xabardor bo‘lib tursam degandim, – davom ettirdi iltimosini yigit, – sen bir varaqqina qog‘ozga qanday sayr qilayotganinglarni, nimalar to‘g‘risida suhbatlashganlaringni, keyin uning… ularning demoqchiydim… ko‘rinishlari qandayli gini, xursandmi va sog‘lig‘i qalay… shularni yozib tursang. Gapimga tushunyapsanmi?

– Bo‘lmasam-chi, juda yaxshi tushunyapman, ser, – dedi Oliver.

– Lekin bu haqda ularga aytmasang, – dedi Garri shoshib, – unda oyim tez-tez xat yozaman, deb charchab, tashvishga tushishlari mumkin. Bu ikkovimizning oramizda sir bo‘lib qola qolsin. Yodingda bo‘lsin – menga hech nimani qoldirmay, hammasini yozgin-a! Senga ishonaman-a!

O‘zining ham zarur, kerakli odam ekanligini his etishdan ko‘ngli tog‘day o‘sgan, hayajonga tushgan Oliver sirni oshkor qilmaslikka va hammasini aniqravshan yozib turishga va’da berdi. Mister Meyli ham o‘z navbatida murabbiylik qilish hamda iltifot ko‘rsatishga so‘z berib, u bilan xayrlashdi.

Doktor usti berk aravaning ichida o‘tirar, Jayls (kelishganlariga binoan shu yerda qolayotgan edi) arava eshigini ushlab turar, oqsochlar esa bog‘da to‘planib olib, o‘sha yerdan kuzatishardi. Garri panjarador derazaga birrov qaradi-yu, lip etib o‘zini ichkariga oldi.

– Haydang! – qichqirdi u. – Tezroq, yanayam, choptirib haydang! Bugun ko‘nglim faqat uchib-yelishni qo‘msayapti.

– Hey, menga qarang! – baqirdi doktor oldingi tuynuk oynasini shosha-pisha pastga tushirib, aravakashga qarata. – Uchirib haydash sirayam yoqmaydi menga. Eshityapsizmi?

– Usti berk arava toki shovqini eshitilmaydigan, ilgarilab borayotganini faqat ko‘zgina ilg‘ab turgan masofaga yetguniga qadar chang bulutiga ko‘milib, goh g‘oyib bo‘lib, goh yo‘lda uchragan narsalar va burilishlar izmi bilan yana ko‘zga tashlanib, titrab silkinib, taraqa-turuqlab yo‘ldan uchib boraverdi. Kuzatib qoluvchilar hatto chang buluti ham ko‘rinmay ketgandan keyingina tarqalishdi.

Kuzatuvchilardan biri esa allamahalgacha yo‘lning arava ko‘rinmay ketgan nuqtasidan ko‘z uzolmay turdi (arava bir necha milya olislab ketgan bo‘lsa ham); o‘girilib qaragan Garrining ko‘zlaridan o‘zini pana qilib oppoq parda orqasida Roz o‘tirgan edi.

– U xursand va baxtiyor ko‘rinadi, – dedi qiz nihoyat. – Kayfiyati boshqacha bo‘lib qolmasaydi deb qo‘rqib o‘tirgandim. Yanglishgan ekanman. Juda, juda xursandman.

Ko‘z yoshlari ham quvonch, ham alam alomati bo‘la oladi: biroq deraza oldida hanuz o‘sha tomonga tikilib xayolga tolib o‘tirgan Rozning yonoqlaridan shashqator yumalayotgan yosh marjoni, aftidan, quvonchdan ko‘ra ko‘proq motamsaro g‘ussadan so‘ylab turardi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации