Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 39


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 39 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

ELLIK UCHINCHI BOB
HIKOYATIMIZ INTIHOSIDAN NAQL ETADI

Mazkur qissa ishtirokchilarining qismatlari haqidagi hikoyamiz deyarli nihoyasiga yetdi. Tarixchilar bilib qo‘ymog‘i lozim bo‘lgan ozroqqina qismini qisqa va lo‘ndagina bayon etib qo‘ya qolamiz.

Oradan uch oy o‘tmasdanoq Roz Fleming bilan Garri Meyli bundan buyon yigit xizmat qilajak qishloq ibodatxonasida nikoh o‘qittirdilar; shu kuniyoq o‘zlarining yangi va baxt nurafshon etgan uylarida sohiblik tizginini o‘z qo‘llariga oldilar.

Missis Meyli piri badavlat keksalik gashtini surib, qolgan kunlarini osuda, huzur-halovatda o‘tkazmoqlik niyatida o‘g‘li bilan kelinining xonadoniga ko‘chib o‘tdi; umri bo‘yi hormay-tolmay bor mehri-yu yuragining qo‘rini, kuch-quvvatini sarflagan nuridiydalarining baxtiyorligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turishdan ham ortiqroq halovat bormikin olamda?!

Sinchiklab o‘tkazilgan asosli hamda puxta tekshiruvlardan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldikim, basharti, Monksning izmidagi behuda sovrilgan boylikning qolgan-qutganini (u na o‘g‘ilning qo‘lida, na onasining qo‘lida hech qachon ko‘paygan emas) Oliver ikkovlari o‘rtasida teppa-teng qilib taqsimlanadigan bo‘lsa, har qaysisiga uch ming funtdan salgina ortiqroqdan tegar ekan. Otasining vasiyati shartlariga muvofiq esa Oliver hamma boylikni o‘zi olish huquqiga ega edi; biroq mister Braunlou katta o‘g‘ilni ilgarigi qusurlaridan qutulish va yangicha hayot kechirish imkoniyatidan mahrum etishni istamay, aynan yuqorida aytganimizdek, taqsimotni taklif qildi; uning murg‘ak tarbiyalanuvchisi xursandlik bilan, bajonidil rozi bo‘ldi bunga.

Hanuz o‘sha soxta nom bilan yurgan Monks merosdan o‘ziga tekkan ulushni olib, Yangi Dunyoning eng ovloq yerlariga jo‘nadi va o‘sha yoqlarda bor bisotini sovurib, tag‘in ilgarigi yo‘liga kirib ketdi-yu, qandaydir qallobligi uchun avaxtaga tushdi; u yerda uzoq bo‘ldi, avvalgi kasali xuruji bilan yotib qolib, olamdan o‘tdi. Uning oshnasi bo‘lmish Fedjin to‘dasining qutulib qolgan asosiy a’zolari xuddi shunday vatanlaridan olislarda o‘lib ketdilar.

Mister Braunlou Oliverni o‘g‘il qilib oldi. U Oliver va keksa ro‘zg‘orboshi bilan bolaning yaqin do‘stlari yashaydigan qavm mehnat uyidan bir milyacha beriga joylashib, sodiq hamda mehribon Oliverning birdan-bir armonini qanoatlantirdi. Shunday qilib, choqqina bolakaylar jamoati jam bo‘lib, bu nohaqlig-u buzuqliklarga kon olam imkon berganicha baxtiyor hayot kechira boshladi.

Yoshlar to‘yidan keyin hech qancha vaqt o‘tmayoq muhtaram doktor Chertsiga qaytdi; qadrdon do‘stlaridan ayrilgan hakim, mabodo, tabiatan shunday odam bo‘lganida, xafaqon dardiga mubtalo bo‘lishi va mabodo, yo‘rig‘ini bilganida, ters miyang‘iga aylanib qolishi turgan gap edi. Ikki-uch oy davomida u, bu yerning havosi salomatligiga ziyon qilmasa edi deb cho‘chiyotganini sha’ma qilish bilan chegaralandi; keyin, bu yerlar uning uchun ilgarigi mehrigiyosi-yu maftunkorligini yo‘qotganiga ishonch hosil qilgach, tabobat ishlarini yordamchisiga topshirib, yosh do‘sti ruhoniylik qilayotgan qishloq chekkasidagi bo‘ydoqlar bog‘ hovlisiga joylashdi-yu, darhol otday bo‘lib tuzalib ketdi. Bu yerda u bog‘bonlik, daraxt o‘tqazish, baliq ovi, duradgorlik va shu toifadagi turli xil mashg‘ulotlarga o‘ziga xos g‘ayrat bilan sho‘ng‘ib ketdi. Ana shu jamiki mashg‘ulotlarida butun viloyatga mirishkor sifatida behad shuhrat taratdi.

Hali bu yoqlarga ko‘chib o‘tmasidanoq u mister Grimuigga qalin do‘stlik tuyg‘usini namoyon etgan, antiqa jentlmen ham bunga samimiy do‘stlik tuyg‘usi bilan javob qaytardi. Shu boisdan ham yil davomida mister Grimuig uni besanog‘-u behisob marotabalab ziyorat qilib turardi. Har gal kelganida mister Grimuig nihol o‘tqazadi, baliq ovlaydi va ishtiyoq va g‘ayrat bilan duradgorlik qiladi. Bu ishlarning barini g‘alati tarzda va odatdagidan boshqacharoq qilarkan, o‘zi suygan gapni, o‘zining uslubi – eng to‘g‘ri uslub ekanini sarkashlik bilan qaytargani-qaytargan edi. Yakshanba kunlari yosh ruhoniy bilan quradigan suhbatlarida u albatta yigitning va’zini tanqid qiladi, keyin bo‘lsa, har gal mister Losbernga bag‘oyat maxfiy suratda va’zi juda ajoyibligini aytadi-yu, ammo buni oshkora gapirishni shart deb bilmasligini qo‘shib qo‘yadi. Mister Braunlouning doimiy hamda suygan ermagi – uning Oliver to‘g‘risidagi bir vaqtlardagi payg‘ambarona bashoratidan kulish va ikkovlari oldilariga soatni qo‘yib olib, bolaning qaytishini rosa kutgan oqshomlarini eslatish edi. Biroq mister Grimuig aslida o‘zi haq bo‘lib chiqqaniga ishontirmoqchi bo‘ladi va gapining isboti tariqasida oxir-oqibatda bolaning qaytmaganini ro‘kach qiladi-yu, uning ushbu gapi hamisha o‘zining kulgisini qistatib, dimog‘ini chog‘ qilib yuboradi.

Mister Noe Kleypol Fedjinning jinoyatlari xususida bergan guvohliklari sharofati bilan afv etilgach va kasb-korim o‘zim istaganimdek xavfsiz emas, degan fikrga kelgach, oldiniga og‘ir mehnat qilib jon og‘ritgisi kelmay, tirikchilikka qayerdan mablag‘ izlashni bilmay sarang bo‘ldi. Ko‘pga cho‘zilmagan mulohazalardan so‘ng tuzukkina daromadli xabarchi – ayg‘oqchilik vazifasini zimmasiga oldi. Uning ish uslubi shundayki, haftada bir marta, cherkovda ibodat ketayotgan paytda u Sharlott bilan birga sayrga chiqadi, ikkovlari tuzukkina kiyinib olishadi. Xonim birorta ko‘ngli bo‘sh qovoqxonachining eshigi oldida o‘zidan ketib qoladi, jentlmen esa shunda uni hushiga keltirish uchun uch pensga brendi oladi-da, ertasiga shu haqda kerakli joyga xabar yetkazib, olingan jarimaning qoq yarmini cho‘ntagiga uradi4151
  …olingan jarimaning qoq yarmini cho‘ntagiga uradi… – Noe o‘z ustomonligini ishga solib, yakshanba kunlari cherkovlarda ibodat tugamasdan spirtli ichimlik sotadigan qovoqxonachilarni aniqlardi, bu esa politsiya tomonidan taqiqlangan edi; politsiyaga qonunni buzganlari haqida ma’lumot berib, sotuvchidan undirilgan jarimaning yarmini olar edi.


[Закрыть]
. Ba’zan mister Kleypolning o‘zi hushdan ketadi, ammo natija o‘shanday bo‘laveradi.

Mister va missis Bambllar vazifalaridan mahrum bo‘lgach, asta-sekin o‘ta qashshoq hamda ayanchli ahvolga tushib qoldilar; pirovard-oqibatda, bir vaqtlar o‘zlari boshqalar ustidan hukmronlik qilgan xuddi o‘sha mehnat uyidan jirkanch kambag‘al sifatida boshpana topdilar. Aytishlaricha, go‘yoki mister Bambl, taqdirning bunaqangi bevafoligi hatto jufti halolimdan ajralganim sharafiga minnatdorchilik bildirishimga xalal beryapti, deb gapirib yurganmish.

Mister Jayls bilan Britlsga kelganda esa, birinchisi sochlari to‘kilib, tepakal bo‘lib qolganiga, yuqorida qayd etganimiz yigitcha esa sochlari batamom oqarib ketganiga qaramay, ular hanuz o‘sha vazifalarini egallab turishibdi. Ular qavm ruhoniysining xonadonida tunashadi-yu, lekin o‘z diqqat-e’tiborlarini mazkur uy istiqomatchilari va Oliver, mister Braunlou va mister Losbernga bab-baravar ulashishadikim, ahli viloyat to shu kungacha ularning aslida kimning xizmatida ekanliklarini aniqlay olganlari yo‘q.

Sayksning jinoyatidan o‘takasi yorilayozgan Charli Beyts, halol kun kechirish hammasidan ham yaxshiroq emasmikin, deb bosh qotira boshladi. Axiyri, xuddi shunday, degan aqidaga kelib, o‘tmishi bilan ora ochdi qildi va birorta bo‘lak ishga kirishib, bu dog‘ni yuvib tashlashga qaror berdi. Dastlabiga mushkul ahvolda qoldi, ko‘p muhtojlig-u mahrumliklarga duchor bo‘ldi, biroq beg‘am-u xushchaqchaqligi hamda olijanob maqsad sari intilishi sharofati bilan oxiri muvaffaqiyatga erishdi; fermer qo‘lida xizmatkorlik, aravakashga shogirdlik qilib yurib, endilikda butun Nortxempton-shirda eng quvnoq yosh moljallob bo‘lib olgan.

Mazkur satrlarni bitayotgan qo‘l ish intihosiga yetgani sayin tobora qaltirab boryapti va ushbu sarguzashtlar ipini jon-jon deb yana picha cho‘zishga ham tayyor.

Kamina shu qadar uzoq muloqotda bo‘lgan yaqinlarimdan ba’zilari bilan istar-istamas vidolashaman, qani endi, tasvirlashga urinib, quvona-quvona ularning baxt nashidalariga sherik bo‘lsam. U chog‘da Roz Meylini yosh kelinchaklik malohati barq urib, gul-gul yashnaganini tavsiflagan, o‘z turmush so‘qmog‘iga sochayotgan, o‘zi bilan odimlayotganlarni nurafshon etayotgan, ularning qalbiga singib borayotgan mayin-u nozik nur-shuurini ta’riflagan bo‘lardim. Men uni qishda, kamin oldida o‘tirgan oilaviy davraga quvonch-u hayot, yozda sho‘x-shodonlik baxsh etguvchi timsol qiyofasida tasvirlagan bo‘lardim; tushki jaziramada jivirlayotgan dalalar bo‘ylab ketidan ergashib, oydinda, oqshomgi sayr chog‘larida uning mayin-u yoqimli ovoziga miriqib quloq osardim; men uni – hamisha mehribon-u rahmdil malakni, uy tashida xirom etgan chog‘larida, ichkarida esa lablaridan kulgi arimay, tinib-tinchimay ro‘zg‘or yumushlarini ado etayotgan damlarida kuzatgan bo‘lardim; uning va marhuma opasining nuridiydasi bir-birovlariga bo‘lgan baxtiyor muhabbatlaridan mast ekanliklarini, tasavvurotlarida shunchalar qayg‘u-g‘am-la judo bo‘lgan do‘stlari qiyofasini chizib, talay soatlarni birgalikda o‘tkazishlarini tasvirlagan bo‘lardim; sohibjamol kelinchakning tizzalariga suykanayotgan, quvonchdan gul-gul yashnayotgan chehrani qaytadan ko‘rgan, ezmalashayotganlariga quloq solgan bo‘lardim; o‘sha qo‘ng‘iroqday jarangdor kulgini eslab qolgan, xotiralar ko‘zgusida esa ma’suma moviy ko‘zlarda yiltillagan rahm-shafqat yoshlarini aks ettirgan bo‘lardim. Ana shularning bariga va buning ustiga ming-minglab nigoh-u tabassum, o‘y-fikrlar-u so‘zlarga – jami-jamiga jon baxsh etishni istardim.

Mister Braunlouning o‘z asrandi o‘g‘li aqlini kun-bakun qanday bilim xazinasi bilan boyitib borayotgani va bola kamolga yeta borgani sari, go‘dakning qalbida o‘zi ko‘rishni istagan xislat-u fazilatlar urug‘i nish urib chiqa boshlagani sayin unga tobora mahkamroq bog‘lanib qolayotgani haqda; bolada yoshlikdagi do‘stining yangidan-yangi o‘xshashlik alomatlarini payqay borishi o‘tmish xotiralarga jon ato qilib, shiravagina qayg‘u tug‘dirayotgani, ammo bu narsa ayni chog‘da ko‘ngliga taskin-u, diliga orom berayotgani haqda: ikki yetimchaning shunchalar qismat bevafoliklarini boshdan kechirib, uning saboqlarini yodda saqlab qolganlari holda odamlarga nisbatan mehr-shafqatli, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishni va o‘zlarining qanoti ostiga olib, jonlarini saqlab qolgan valine’matlariga minnatdorlik tuyg‘ularini asrab-ardoqlaganlari to‘g‘risida – hamma-hammasi to‘g‘risida so‘zlab o‘tirishning hojati yo‘q. Men ularni chinakam baxtiyor dedim, sababki, teran muhabbatsiz, samimiy ezgulik hamda rahm-shafqatni dasturilamal bilgan va jamiki havodan nafas oluvchi jonzotga muruvvat-u iltifot ko‘rsatish beqiyos xislati bo‘lgan zotdan minnatdor bo‘lmay turib, baxtga erishib bo‘lmaydi.

Ko‘hna qishloq cherkovining mehrobida oppoq marmar taxta bor, unga hozircha birgina «Agnes» so‘zi bitilgan. Bu dahmada tobut yo‘q, ushbu dahma ustida yana bir ism paydo bo‘lguniga qadar, mayli, yana talay-talay yillar o‘taversin! Ammo marhumlarning ruhi qabrdan olislarga tortilgan rishtalar – hayot paytlaridagi bilgan-tanigan kimsalarining muhabbat rishtalari – eltadigan, ana shu muhabbat-la yo‘g‘rilgan maskanlarni ziyorat qilmoqlik uchun qachonki yerga qaytgudek bo‘lsa, iymonim komilki, Agnesning ruhi goho-goho ana shu muqaddas joyda aylanib, charx uradi. Ishonaman, garchi u hayotligida bir ojiza hamda adashgan kimsa bo‘lsa hamki, shu yerga – mehrobga kelib, uni ziyorat qilib turadi.

G‘ARIBLAR SHOMINI MUNAVVAR ETGAN ADIB

Mo‘jizalar odatda faqat avliyo odamlarga ko‘rinadi, deyishadi. Leon Feyxtvangerning «Soxta Neron» romanida patmoslik avliyo Ioann lovillab yonayotgan kelajakni qanday aniq ko‘rganligini tasvirlaydi.

Har bir xalq tarixida yorqin iz qoldiradigan buyuk yozuvchi, shoirlarni ham mo‘jizakor, deyishadi. Nazarimda, bu yuksak baho ikki jihatdan e’tiborga loyiq. Birinchidan, har qanday asrda yashagan odamlar hayotining ma’lum chegarasi bor. Keyingi asrlarda ularning hayoti o‘tmishga aylanadi, ularning qilgan yaxshi-yomon ishlari agar kitobda qolmasa – unutiladi. Agar insoniyat aql-zakovati kashf etgan noyob mo‘jiza – kitob bo‘lmaganida odamlarning o‘zlariyam, ishlariyam yo‘qlikka yuz tutardi. Shu mo‘jiza tufayli odamlarning hayoti so‘nmaydi, asrlardan-asrlarga o‘tib, abadiy davom etadi.

XIX asr Angliya hayoti manzaralarini sehrgar yozuvchi Charlz Dikkens asarlarisiz tasavvur qilish qiyin. Uning asarlari sahifalarida ko‘z o‘ngimizda «eski, oqko‘ngil Angliya», London qasrlari va bog‘lari, musofirxonalari va qahvaxonalari, do‘konlari va bozorlari, Temza sohillari, qimorxonalari va qamoqxonalari, aslzodalari va kambag‘allari, qariyalari va bolalari… namoyon bo‘ladi. Ikkinchi mo‘jiza shundaki, qalbiga yetti iqlimning noyob ruhiy boyliklarini jo qilgan, ammo ko‘chalarda tilanchilik qilib yurishga, o‘g‘ri, muttahamlarga dastyorlik qilib yurishga majbur bo‘lgan ajoyib bolalar mehribon va hazilkash Charlz Dikkens siymosida o‘zlarining qudratli himoyachilarini topdilar. U o‘z romanlari bilan qashshoqlik, yolg‘izlik, tashlandiqlik azobini tortayotgan, hammaning e’tiboridan chetda qolgan maktablarda toshbag‘ir muallimlar qo‘lida, mol-u pulga juda qiziqadigan, ammo o‘zlarining eng noyob boyliklari bo‘lgan farzandiga befarq qaraydigan ota-onalarning qo‘lida, xudbin, manfaatparast, olchoqlarning qo‘lida xo‘rlanayotgan bolalarni quyoshday saxovatli mehri bilan yupatdi, boshlarini siladi, ko‘z yoshlarini artdi va qo‘llaridan yetaklab, katta hayot yo‘liga olib chiqdi. Adib ijodining eng zakovatli tadqiqotchilaridan biri, ajoyib so‘z san’atkori Stefan Sveyg guvohlik berishicha, «Oliver Tvist» bosilib chiqqanidan keyin Angliyadagi juda ko‘p boy-badavlat odamlar yetim, tashlandiq bolalar uchun mehr, shafqat uylarini barpo etishgan, xayr-sadaqa ulashish ko‘paygan, Angliya hukumati xususiy maktablarda bolalarning qiynalgan-qiynalmaganligini bilish uchun nazoratni kuchaytirgan. Dikkens tufayli Angliyada odamlarning bir-biriga mehr-oqibati ortgan, ko‘pgina kambag‘al, yetim bolalarning qismati birmuncha yengillashgan. «U olam shodliklarini ko‘paytirdi, – deydi Stefan Sveyg. – Uning kitobiga termilgan millionlab juft ko‘zlarda yosh yaltiradi, shodliklari yelga sovurilgan yuzlab qalblarda qaytadan sevinch gullari ochildi». Maftunkor avstriyalikning aytishicha, «Dikkens asarlarini xalq orasida o‘zi o‘qimoqchi bo‘lganida butun Angliya shodlikdan qalqib ketgan». Dikkeks bilan uchrashuv paytida ming-minglab odamlar zalga sig‘maganidan zinalarga, devorlarga, ustunlarga, sahnagacha chiqib ketishgan. Amerikada esa Dikkens ovozini eshitish uchun qahraton qishda ham odamlar ko‘rpa-to‘shaklarini olib kelib, bilet kassalari oldida tong ottirishgan; navbatim o‘tib ketmasin, deb tashvishlanishganidan oziq-ovqat, choy-poylarini ham o‘sha yerga keltirib olishgan ekan. Dikkensning xalq orasidagi shuhrati oldida hatto Valter Skott bilan Uilyam Tekkerey shuhrati ham ip esholmay qolgan.

Dikkens tug‘ilgan 1812-yili ingliz piyoda qo‘shinlari fransuz istilochilarini tor-mor keltirgan, Moskva yong‘ini shu’lalari yorug‘ida Napoleon qo‘shinlari orqaga chekingan edi.

Yosh Charlz kambag‘al oilada o‘sadi. Otasining do‘koni sinib, qarzdorlar turmasiga tushib qoladi. Bola sovuqdan, yo‘q, sovuqdan ko‘ra ko‘proq qo‘rquvdan titrab-qaqshab, otasi yotgan turmaga xat yoki biror yegulik tashir edi. Bola zax va iflos katalakda, pochtaxonada ertadan-kechgacha turli qutilarga surguch yopishtirib, kanop bog‘layverib, jajji qo‘llari tolib ketganidan, yo‘q, ko‘proq do‘q, po‘pisalardan xo‘rligi kelib, yum-yum yig‘lar edi.

Keyinchalik u dunyoga mashhur yozuvchi bo‘lib ketganida bir og‘iz shirin so‘zga, bir burda qattiq nonga tashna, yolg‘izlik va xor-zorlik azobini chekayotgan ming-minglab yetim bolalarning ahvolini yaxshilash kerak, deb bong urdi; murg‘ak bolalarning jismini va qalbini mayib-majruh etayotgan, faqat o‘zining huzurini o‘ylab, bolalarning haqini tuya qilayotgan, yetimlarning haqidan urib qolib, mol-dunyo orttirayotgan razil odamlarning haqiqiy basharalarini ayovsiz fosh etdi. Shu jihatlari bilan «Oliver Tvist» romani Dikkens ijodida, shuningdek, ingliz va jahon adabiyotida shoh asarlardan biri bo‘lib qoldi.

Romanning ilk sahifalaridayoq yetim Oliver va uning atrofidagi dahshatli hayot manzaralari bilan tanishamiz.

Xushro‘ygina juvon ko‘chada to‘lg‘og‘i tutib qoladi. Odamlar burch yuzasidan uni yetimxonaga olib kelishadi. Ochlik va xo‘rliklardan sillasi qurigan juvon jajji Oliver dunyoga kelishi bilan «narigi» dunyoga safar qiladi. Shu tariqa bola o‘zining zarracha gunohi bo‘lmasa ham, jamiyatning tuban botqog‘idan joy oladi.

Yozuvchi Oliverning endigina tug‘ilgan paytidagi holatini ko‘rsatar ekan, adolatsizliklar haqida shekspirona mulohazalarini aytadi: «Kiyim-kechakning qudrati nimalarga qodirligini jajji Oliver Tvistning ahvolidan bilish mumkin edi. Oliver shu vaqtgacha yakka-yu yagona kiyimi bo‘lgan yo‘rgakda yotar ekan, aslzoda oila farzandimi yoki gado farzandimi – buni farqlash mumkin emasdi. Bu turishda eng aslzoda odam ham uning jamiyatdagi o‘rnini oldindan belgilay olishi amrimahol edi. Ammo endilikda chaqaloqqa eskirib, sarg‘ayib ketgan kolenkor ko‘ylakcha kiydirilgach, unga tavqi la’nat osildi-qo‘ydi. Shu lahzadan boshlab, jamiyatdagi havas qilib bo‘lmaydigan o‘rnini, umri bo‘yi do‘lday yog‘ilajak kaltag-u nordon shapaloqlar bilan siylanadigan, hamma jirkanadigan, hech yerda hech kimdan shafqat-muruvvat ko‘rmaydigan, qavmga boqindi bola, mehnat uyidagi yetimcha yetti kulcha, itoatkor, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a tirikchiligini o‘tkazuvchi yugurdak o‘rnini egalladi».

Amerikaning birinchi klassik adibi Vashington Irving novellalaridagi nozik yumor, ingliz adibi Charlz Lemning «Eliya haqidagi badealar» kitobidagi kinoyali hazil-mutoyibalar Dikkens ijodini oziqlantirgan manbalar ekanligini aytishadi. Olimlar Dikkens ijodining manbalari haqida gapirishganda Karl Marksning 1856-yil 14-apreldagi bir ziyofatda so‘zlagan ajoyib nutqini keltirishadi: «Bizning zamonamizdagi har bir yangilik zamirida katta-katta ziddiyatlar bor. Mo‘jizaviy kuchga ega bo‘lgan, inson mehnatini yengillashtirish va unumdorligini oshirish uchun kashf etilgan mashina ocharchilik va qashshoqlikni vujudga keltirmoqda. Yangi ixtiro etilgan boylik manbalari taqdirning allaqanday qudratli afsunlari tufayli yo‘qchilik manbalariga aylanmoqda. San’at g‘alabalari ham, nazarimda, ma’naviy fazilatlarning kamayib ketishi oqibatida qo‘lga kiritilmoqda. Inson tabiat ustidan hukmronligini qanchalik kuchaytirsa, o‘zi shunchalik darajada boshqa insonlarning quliga yoinki o‘z tubanliklarining quliga aylanib bormoqda. Hatto, ilm-fan nuri ham, chamasi, faqat jaholatning quyuq zulmatida yorqinroq porlaydi» (T. Silman, «Dikkens»). Kanitalizm jamiyatidagi «taraqqiyotning mana shu ziddiyatlarini» eng chuqur ochib ko‘rsatgan adiblardan biri Dikkens edi. Bu ziddiyatlarning jirkanch manzaralarini biz «Oliver Tvist»ning juda ko‘p sahifalarida uchratamiz. Angliya hukumati «Biz dunyoda eng yaxshi insonparvarlik, xayr-ehson namunalarini ko‘rsatyapmiz», deb maqtanayotgan bir paytda Dikkens bu gaplarning munofiqlik, riyokorlikdan boshqa narsa emasligini qudratli badiiy zakovat bilan ko‘rsatdi. Mahalliy hukumat – qavm jamoasi yetim-esirlarga shunday «mehribonchiliklar» qilishadiki, taqdir taqozosi bilan ularning qo‘liga tushgan bechora norasidalar o‘lib o‘lmaydilar, yashab yashamaydilar.

Ma’lumki, Angliyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida diniy hokimiyat kuchli bo‘lib, rayonlar, muzofotlarni jamoa deb atashardi. Qavmlarga o‘sha yerlardagi jome cherkovining ruhoniy padari rahbarlik qilardi. Davlat hokimiyati ham ana shu ruhoniylar qo‘lida bo‘lib, jamoa rahbarlari davlat nomidan ish ko‘rishardi. Aholidan olinadigan turli soliqlar ham cherkov manfaatlari uchun, yetim-yesirlar uchun deb yig‘ilardi. Keyinroq shahar va qishloqlardagi jamoalarga ruhoniylar bilan birga aholi vakillaridan saylanadigan kengash rahbarlik qila boshlagan. Dikkens zamonida Angliyada o‘n besh mingdan ziyod jamoa bo‘lib, bu jamoalarning har birida yetim-yesirlar uchun mehnat uylari (yetimxonalar) bor edi. Mana shu mehnat uylaridagi yetim-yesirlarning ahvoli qanchalar og‘irligini romandagi birgina voqea misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Kechlikka beriladigan go‘ja yetimlarning ichagiga yuq ham bo‘lmas edi. Ayrim bolalar o‘zlaridan yoshroq, nimjon, nozik bolalarni jismoniy va ma’naviy majruh qilib, ayovsiz xo‘rlashar edi. Oliver Tvistning boshiga ham xuddi shunday kun tushadi.

«Bolalarni g‘ishtin devorli hayhotday xonada ovqatlantirar edilar: xonaning bir burchagiga qozon qurilgan bo‘lib, yemak vaqti belgilangan soatda oldiga peshband tutib olgan nazoratchi bir yoxud ikki ayol ko‘magida ana shu qozondan go‘ja suzib berardi. Har bir o‘g‘il bolaga ana shu ajoyib ataladan faqat bir tovoqcha tegardi… Tovoqchani hech qachon, aslo yuvib o‘tirishga hojat qolmasdi. Bolalar uni qoshiq bilan yaltillab ketguday qirib-qirtishlab, chinniday qilib qo‘yardilar, bu yumushni ado etib bo‘lgach, ular go‘yo o‘choq g‘ishtlarini ham kemirib yuborguday qiyofada qozonga lo‘q bo‘lib tikilganlaricha, tasodifan yuqib qolgan go‘ja yuqini topish umidida barmoqlarini so‘rib o‘tiraverardilar. Oliver Tvist va uning o‘rtoqlari chalaqursoqlik oqibatida asta-sekin o‘lim sari yuz tutib, uch oydirki, azob chekardilar. Nihoyat, bunday ahvolga ko‘nikmagan bir bolakay vahimali tovush bilan: «Go‘jadan yana bir tovoqcha berishmasa, kechasi yonimda yotgan bemajol bolani yeb qo‘yaman», – deb tahdid qildi. Shu tobda uning ko‘zlari vahshiyona, naq g‘ajib tashlagudek bejo jalanglardi. Buni ko‘rgan bolalar uning gapiga soddalik bilan ishondilar. O‘zlaricha maslahatlashib, kim shu oqshom kechlikdan so‘ng nazoratchining yoniga borib, qo‘shimcha go‘ja so‘raydi, deb chek tashladilar. Qisqasi, chek Oliver Tvistning zimmasiga tushdi.

Kech kirdi; bolalar o‘z joylarini egalladilar. Oshpaz libosidagi nazoratchi qozon oldiga joylashdi; uning bechora yordamchilari orqa tomoniga kelib turdilar. Go‘ja tovoqchalarga quyildi. Faqirona taom oldidan uzundan-uzoq ibodat duolari o‘qildi. Go‘jalar zumda g‘oyib bo‘ldi. Bolalar bir-birovlari bilan pichirlashib, Oliverga ko‘z qisib, imo qila boshladilar, yaqinidagilar esa uni turtishga tushdilar. Mushtdekkina Oliver ochlikdan hushini yo‘qotib, stol yonidan ko‘zg‘aldi-da, tovoqcha va qoshig‘ini ko‘targanicha, nazoratchiga yaqinlashib, o‘z beadabligidan cho‘chinqirab, bunday dedi:

– Kechirasiz, ser, tag‘in yegim kelyapti.

Nazoratchi devqomat baquvvat odam edi, shunga qaramay, uning rangi oqarib ketdi. Hayratdan dong qotib, mushtumdekkina isyonkorga bir necha soniya tikilib turdi-da, so‘ngra madad so‘raganday qozonga suyanib qoldi. Yordamchi ayollar taajjubda, bolalar qo‘rquvdan baqa bo‘lib, serrayib qolishdi.

– Nima deding?.. – dedi nazoratchi nihoyat tili kalimaga kelib.

– Kechirasiz, ser, – takrorladi Oliver, – tag‘in ovqat yegim kelyapti.

Nazoratchi Oliverning boshiga cho‘mich bilan tushirdi, keyin qo‘lidan mahkam changalladi-yu, bo‘kirib bidlni chaqirdi, Mister Bambl hayajon og‘ushida idoraga hovliqqancha otilib kirganida kengash a’zolari tantanali majlis o‘tkazmoq niyatida to‘plangan edilar. Mister Bambl baland kresloda o‘tirgan jentlmenga murojaat qildi:

– Mister Limkins, afv etgaysiz, ser! Oliver Tvist go‘jadan yana berishlarini so‘rapti!

Hozir bo‘lganlarning jami gangib qolishdi.

– Yana go‘ja so‘rabdi? – qaytarib so‘radi mister Limkins. – O‘zingizni bosing, Bambl va menga bafurja, aniq qilib javob bering. U tegishli ulushini yeb bo‘lganidan keyin qo‘shimcha go‘ja so‘ragan, sizni to‘g‘ri tushunibmanmi, shundaymi?

– Xuddi shundoq bo‘pti, ser! – javob berdi bambl.

– Bu bolakayning umri dorda tugaydi, – dedi oq nimchali jentlmen. – Bilaman, bu bolakayning umri sirtmoqda tugaydi».

Bezori bolaning qutqusi bilan bir qoshiqqina qo‘shimcha ovqat so‘ragani uchun Oliverni zax hujraga qamab qo‘yishadi, har kuni ertalab, g‘ishtin devor bilan qurshalgan hovlida nasos bilan boshiga muzday suv quyishadi, «shamollab qolmasligi uchun» tayoq bilan urib, badanini qizdirishadi».

Angliya qonunlariga ko‘ra, yetimxonadagi biror bolani kimki asrab olsa yoki biror hunarmand shogirdlikka, yoxud yugurdaklikka olib, kiydirib-yedirsa, u odamga jamoa mukofot tarzida falon pul to‘laydi. Oliverni mo‘ri tozalovchi olib ketmoqchi bo‘ladi, yozuvchi mo‘ri tozalovchining yetimlarga qanday muomala qilishini haqqoniy bo‘yoqlarda ko‘rsatadi. Aytishlaricha, bolani mo‘riga kiritib yuborishib, orqasidan tutun tutatishar ekan, bola tutundan bo‘g‘ilib, balandroqqa ko‘tarilsin, deyisharkan. Bu ham yetmasa, tagidan olov yoqisharkan, oyog‘i kuyib, yuqoriga chiqsin, deyisharkan.

Jamoa rahbarlari yetimchadan tezroq qutulish uchun uni ajal so‘rab kelsa ham berib yuborishga tayyor edilar. Ular avvaliga bolani yovuz mo‘ri tozalovchiga berishdan bosh tortadilar. Shunda o‘quvchi, xayriyat, yetimchaniyam himoya qilisharkan, deb yengil nafas oladi. Ammo o‘quvchi xursand bo‘lishga shoshmasin. Jamoa rahbarlarining niyati boshqa. Ular faqat savdolashib, to‘lanadigan mukofot miqdorini kamaytirishmoqchi, xolos. Mo‘ri tozalovchi besh funt o‘rniga uch funt-u o‘n besh shilling olishga rozi bo‘lishi bilan bolani uning ixtiyoriga topshirishadi. Ammo roman avtori ustalik bilan yana bir «arzimas» tasodifni tasvirlaydiki, shu tufayli Oliver mo‘rida bo‘g‘ilib o‘lishdan qutulib qoladi. Sudya ko‘zoynagini izlayotib, yetim bolaning ko‘zidagi dahshatli qo‘rquvni ko‘rib qoladi va hujjatni tasdiqlashdan bosh tortadi. Ehtimol, sudyaning ko‘zoynagi tezroq topilib qolganida, Oliver mo‘ri tozalovchiga berib yuborilishi, ko‘p o‘tmay o‘lib ketishi, roman esa shu yerda uzilib qolishi mumkin edi. Lekin ana shu birgina tasodif Oliverning taqdirini o‘zgartirib yuboradi. O‘quvchi yana yetimchaning yovuz mo‘ri tozalovchidan qutulganiga yengil nafas oladi. Ammo u quvonishga yana shoshmasin. Oliver yomg‘irdan qochib, do‘lga tutiladi. Jamoa rahbarlari bolani tobutsozga berib yuborishadi. Dunyoda hech kimi yo‘q yetimchaning qorong‘i kechada o‘liklarni o‘ylab, qo‘rquvdan qaltirab chiqishlarini ayting. Bu yetmaganday, uning onasi sha’niga haqorat gaplar aytishib, uni xo‘rlashadi. Tabiiyki, bu xo‘rliklardan o‘limni afzal ko‘rgan bola noma’lum, olis tomonga, taqdiri, kelajagida biror nur, yorug‘lik ko‘rinmagan tomonga qochadi. Va ochlikdan o‘lib ketmasligiga yana bir tasodif sabab bo‘ladi.

Oliver bezorilar, o‘g‘rilar davrasiga qo‘shiladi. Ijodkorlar odatda jamiyatning mana shu tuban qatlamlari hayotini qalamga olishdan hazar qilishadi yoki aksincha, ularning hayotini bilmasalar ham bo‘yab-bejab, soxta, yaltiroq qilib ko‘rsatishadi.

Dikkens zamonidagi ko‘pgina adiblar o‘z asarlarida hayotning achchiq haqiqatlaridan ko‘z yumib, ularni xaspo‘shlab, yasama qahramonlarni tasvirlagan edilar. «Men o‘g‘rilar to‘g‘risida ko‘plab kitoblarni o‘qidim, – deydi Dikkens. – Bu asarlardagi o‘g‘rilar ajoyib odamlar – ko‘pchiligi sertakalluf, bashang kiyinishadi, cho‘ntaklarida jaraq-jaraq pul, otlarning zotini yaxshi bilishadi, o‘zlariga qattiq ishonishadi, oliftalarning mojarolarida omadlari keladi, ular qo‘shiq aytishga, ichkilik ichishga, qarta yoki oshiq o‘ynashga ustasi farang, ya’ni eng munosib, go‘zal bir jamoani tashkil etadilar. Ammo men hech qachon (Xogart asarlaridan tashqari) o‘g‘rilarning ayanchli hayoti tasvirlangan asarni uchratmadim. Jinoyatkor to‘daning a’zolarini, ularning xunuk va yaramas tomonlarini, aftodahol, qashshoq hayotini qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlashni men jamiyatga zarur va manfaatliroq ish, deb o‘ylayman. Va men bu ishni baholi qudrat bajardim». Romanni o‘qiganimizda san’atkor «jamiyat chiqitlari» hayotini halollik bilan, hayratlanarli darajada haqqoniylik bilan tasvirlaganini ko‘ramiz.

Ijodkor boshqa asarlarida ham bolalik olamini noyob gavharlaridan, ertaklaridan, orzularidan, o‘yin-kulgilaridan, mehr-u haroratidan ayirgan yovuz odamlarni ayovsiz fosh etadi. Dikkensning «Dombi va uning o‘g‘li» romanida millioner ota kichkintoy, kasalmand o‘g‘lini murg‘akligidan moddiy manfaat topishga, mol-pulga, hisob-kitobga o‘rgatib, bolalik olamidan mahrum qiladi. Oqibatda romantik tabiatli, xayolparast, nozik nihol bola ruhan majruh bo‘lib qoladi.

Charlz Dikkens umrining oxirida yozgan, ilhom va mahoratning noyob mevasi bo‘lgan «Edvin Drudning siri» romani haqida mana yuz yillardan beri qizg‘in bahslar davom etmoqda. Asarda yozuvchi sirli voqealarni bir-biriga shunday ustalik bilan bog‘lab, chirmab tashlaganki, syujet go‘yo sekin rivojlanayotganday ko‘rinsa-da, kitobxon uni oxirigacha nafas yutmay o‘qiydi. Ba’zilar, Dikkens bu asarini yozishda mashhur ingliz adibi, zamondoshi Uilki Kollinzning «Oytosh» va «Oq libosli xonim» romanlaridan ilhomlangan, deyishadi. Qanday bo‘lsa-da, bu asarida ham Dikkens qahramoni – dunyoda hammaga faqat yaxshilikni ravo ko‘radigan, go‘zal qalbli Edvinni har tarafdan dahshatli sirlar o‘rab olganini ko‘rsatadi. Shu asar asosida iste’dodli sovet san’atkorlari yaratgan ko‘p seriyali telefilmni tomoshabinlar zo‘r hayajon bilan ko‘rganligining, har bir seriyasini orziqib kutganligining boisi ham shunda.

Odatda sher qadriga sher yetadi, mard qadrini mard biladi. Fuzuliy ta’biri bilan aytganda, yulduzlar sayrini tonggacha uxlamagan, bedorlar biladi. Shu jihatdan jahon bolalarining eng sevimli yozuvchilaridan Dikkens bilan Andersenning uchrashuvi odamni g‘oyat hayajonga soladi. Atoqli rus yozuvchisi, go‘zal tabiat kuychisi Konstantin Paustovskiy «Oltin gul» asarida bunday hikoya qiladi:

«Andersen Londonda Dikkens bilan uchrashadi. Ular bir-birlarining ko‘zlariga mehr bilan tikilib qarab qoladilar. Biroq Andersen ortiq chidab turolmay, orqasiga o‘girilib yig‘lab yuboradi. Bu – Dikkensning buyuk qalbiga ta’zim bo‘lib to‘kilgan hayajonli ko‘z yoshlari edi. Keyin Andersen Dikkensning dengiz bo‘yidagi kichkina uyida mehmon bo‘ladi. Hovlida italiyalik sharmankachi o‘z na’masini ma’yus chaladi, derazadan mayoqlarning shu’lalari miltirab ko‘rinadi…

– Bizning uyimiz to‘la bola, – deydi Dikkens va chapak chaladi, shu ondayoq bir necha nafar o‘g‘il va qiz bolalar, ya’ni Dikkensning farzandlari xonaga kirib, Andersenni qurshab olishadi-da, ertaklari uchun rahmat aytib, uni o‘pib olishadi…»

Mana, o‘zbek bolalari va hamma yoshdagi yuksak didli o‘quvchilar Dikkensning eng mashhur asarlaridan birini iste’dodli tarjimon Erkin Mirobidov yordamida nozik lutflarga, la’l-u javohirlarga boy qudratli ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldilar. «Charlz Dikkensning «Oliver Tvistning boshidan kechirganlari» romani bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q, – deb yozadi tarjima taqrizchisi Siddiqa A’zamova. – Chunki jahon hali Fedjin, Sayks, Monks kabi qabih shaxslardan butunlay xalos bo‘lgani yo‘q. Shunday paytda kishini ruhiy hushyorlikka chaqiradigan asarning nashr etilishi ayni muddaodir. Mazkur asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi adabiyotimiz va madaniy hayotimizda katta voqea bo‘lib qoladi. Asar o‘zbek o‘quvchilarining qalbini go‘zallashtirishga, boyitishga katta ta’sir ko‘rsatadi».


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации