Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 17


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 17 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Xo‘sh, men aytgan gap xususida nima deysan, azizam? – so‘radi juhud chaqnab turgan ko‘zlarini qizdan uzmay.

– Agar siz uchun biron nima qilishimni xohlayotgan bo‘lsangiz, hammasini bir boshdan qaytaring, – javob berdi Nensi. – Yaxshisi, buni ertaga qoldira turganingiz ma’qulmidi? Bir nafasgagina hushimni joyiga keltirgandingiz, lekin hozir tag‘in karaxt bo‘lib qoldim.

Fedjin ehtiyotsizlik qilib og‘zidan chiqib ketgan shamaga qiz e’tibor bergan-bermaganini aniqlash maqsadida yana bir necha savol berdi; ammo qiz unga shundayin bajonidil javob qaytarar va badanni teshib yuborgudek qarashlarini shunchalik beparvolik bilan qarshi olardiki, oqibatda cholning ilk taassuroti – qiz mast degan xayoli uzil-kesil qat’iylashdi.

Nensi chindan ham juhudning zaifa shogirdlari orasida keng tarqalgan, yosh bolalik chog‘laridanoq qaytarish o‘rniga ustozlari atayin rag‘batlantiradigan shunday qusurga mubtalo edi. Uning xunuk, irkit qiyofasi, xonani tutgan o‘tkir jin hidi cholning taxmini to‘g‘ri ekanligini yetarli darajada tasdiqlab turardi. Yuqorida tavsiflab o‘tganimiz jazavadan keyin qizning oldiniga allaqanday sarxush holatga tushgani, so‘ngra esa hayajoni jo‘shib, buning ta’sirida dam ko‘zyoshi qilgani, dam: «Noumid bo‘lmang!» – deya har maqomda nido solgani va qayliqlarning urishi doka ro‘molning qurishi, degan qabilda mulohaza yuritganidan bunaqangi ishlarda tajribasi katta mister Fedjin, zo‘r mamnuniyat bilan, qizning g‘irt mastligiga ishonch hosil etdi.

Ushbu kashfiyotdan ko‘ngli joyiga tushgan, bir o‘q bilan ikki quyonni mo‘ljalga olgan, ya’ni qizga o‘sha oqshom eshitganlarining barini yetkazgan va Sayksning yo‘qligiga o‘z ko‘zlari bilan ishongan mister Fedjin uyga qarab jo‘nadi. Uning yosh suhbatdoshi esa boshini stolga qo‘ygancha uyquga ketdi.

Tun yarimlashiga bir soatcha vaqt qolgandi. Zim-ziyo, izg‘irin kecha edi, shu bois Fedjinning hayallash istagi yo‘q edi. Ko‘chada daydiyotgan shamol go‘yo yo‘lovchi-o‘tkinchilarni – o‘tkinchilar nihoyatda siyrak, ular, chamasi, uylariga oshiqishayotgandi – bamisoli gard-u changday supurib tashlaydiganday vajohatda esardi. Darvoqe, juhud uchun shamol ayni muddao edi shu pallada; Fedjin qo‘qqisdan bostirib kelgan quyun epkini zo‘ravonlik bilan qichab haydab qolganida qaltiragancha, bukchayib olg‘a odimlayotgan edi.

U o‘z ko‘chasi muyulishiga yetib kelib, cho‘ntagidagi eshik kalitini paypaslay boshlagan ham ediki, to‘satdan zimiston yo‘lakdan allaqanday qop-qora sharpa yo‘rg‘alab chiqdi-da, ko‘chani kesib o‘tib, sezdirmaygina unga yaqinlashdi.

– Fedjin! – kimdir naq qulog‘iga shivirladi.

– Eee! – xitob qildi juhud shartta o‘girilib. – Siz…

– Ha! – uning so‘zini bo‘ldi notanish kimsa. – Bu yerda ikki soatdan beri sanqib yuribman. Jin ursin, qayoqda edingiz?

– Sizning dardi-kasalingizda yuribman, azizim, – javob qildi juhud bezovtalik-la suhbatdoshiga termilganicha, odimini sekinlatib. – Butun oqshom sizning ishingiz bilan o‘tdi.

– Ha-ya, bo‘lmasam-chi! – dedi notanish kimsa kulimsirab. – Xo‘sh, bundan nima chiqdi?

– Ko‘ngildagidek hech vaqo, – javob berdi juhud.

– Ishonamanki, ko‘ngilsiz hech gap ham bo‘lmagandir? – so‘radi notanish kimsa kutilmaganda yurishdan to‘xtab, hamrohiga hurkak nigoh tashlarkan.

Juhud boshini sarak-sarak qilib, javob berishga shaylangan edi, notanish kimsa uning gapini bo‘lib, bu orada o‘zlari yetib kelishgan uyga ishora qildi va kutaverib muzlab ketgani, izg‘irin suyak-suyagidan o‘tib borayotgani tufayli ichkarida gaplashganlari ma’qul ekanini aytdi.

Fedjin, aftidan, shunday bemahalda uyga birovni boshlab kira olmasligini bahona qilishga ham tayyor edi, hatto kaminga o‘t qalanmagandi, deb g‘udranib ham qo‘ydi, biroq hamrohi o‘z talabini amirona ohangda takrorlagach, u eshikni ochdi va to sham keltirgunicha eshikni astagina yopib turishni iltimos qildi.

– Bu yer xuddi lahadday qop-qorong‘i-ku! – dedi noganish kimsa timirskilanib bir necha qadam bosarkan. – Tezroq bo‘la qoling.

– Eshikni yoping, – shivirladi Fedjin yo‘lakning narigi boshidan.

Xuddi shu payt eshik taraqlab berkildi.

– Ayb mendamas, – dedi notanish kimsa paypaslanib. – Shamolda berkildi yo o‘zi taraqlab yopildi – ikkisidan biri. Tezroq chiroq tuta qolsangiz-chi, bo‘lmasa bu la’nati kovakdagi biron nimaga urib olib, peshonamni g‘urra qilaman.

Fedjin zinapoyadan pisibgina oshxonaga tushdi. Birpas yo‘qolib ketganidan so‘ng, yoniq shamni ko‘tarib keldi-da, Tobi Krekitning pastdagi ichkari xonada, bolalarning esa old xonada uxlab yotishganini xabar qildi. U notanish kimsaga orqamdan yuring, deya ishora qilib, zinapoyadan yuqorilay boshladi.

– Bu yerda hamma narsani gaplashib olsak bo‘ladi, azizim, – dedi juhud ikkinchi qavatdagi xona eshigini ochayotib. – Lekin deraza qopqoqlarining teshik-mertiklari bor, biz esa uyimizda chiroq yonayotganini ko‘rishlarini istamaymiz.Shuning uchun shamni zinapoyada qoldiramiz. Ana shunday!

Juhud shunday deya turib engashdi-da, shamdonni zinapoyaning eng tepasiga, eshikning naq ro‘parasiga qo‘ydi. Keyin siniq kreslo va eshik orqasida turgan qoplamasiz uzun yumshoq kursimi yo divanmi – o‘shandan bo‘lak hech qanday uy jihozi yo‘q xonaga birinchi bo‘lib kirdi. Notanish kimsa ana o‘sha divanga horg‘in cho‘kdi, juhud esa kresloni surdi, ular ro‘parama-ro‘para o‘tirishdi. Bu yer butunlay qop-qorong‘i emasdi: eshik qiya ochiq, zinapoya tepasidagi shamning xira shu’lasi qarama-qarshidagi devorga tushib turardi.

Dastlabiga ular pichirlashib gaplashishdi. Garchi bu gurungdan ayrim uzuq-yuluq so‘zlardan bo‘lak hech vaqoga tushunib bo‘lmasa-da, har qalay zimdan quloq solgan kishi Fedjinning notanish kimsaning tanbeh-u koyishlariga javob berarkan, chamasi, o‘zini himoya qilayotganini, sherigining esa nihoyatda achchiqlanganini osongina payqashi mumkin edi. Ular shu tariqa chorak soatdan kam suhbatlashishmadi, keyin Monks – juhud gurunglari davomida notanish kishini bir necha marotaba shu ism bilan atadi – ovozini salgina balandlatib dedi:

– Takror aytaman, bu reja uch pulga qimmat edi. Uni boshqalari qatori shu yerda qoldirib, yaramas bitta cho‘ntakkesar, tirrancha kissavur qilishning iloji yo‘qmidi?

– Bu kishining gaplarini qarang-a! – xitob qildi juhud yelkasini qisib.

– Nahotki, sizday odam, basharti, istaganingizda ham, buning uddasidan chiqolmasdim demoqchisiz? – zarda bilan so‘radi Monks. – Boshqa o‘nlab bolalarni shunday eplashtirgan kim axir? Agar bir yilginaga sabringiz chidaganda, nahotki, uning jazoga tortilishiga va ehtimolki, bir umrga Angliyadan badarg‘a qilishlariga erisholmasmidingiz?

– Kimga manfaati bor edi buning, azizim? – so‘radi juhud xokisorona.

– Menga, – javob berdi Monks.

– Lekin menga emas, – dedi juhud yuvosh-muloyimgina. – Bolakayning menga nafi tegishi mumkin edi. Basharti, shartnoma tuzishda ikki tomon qatnashar ekan, oqillik har ikkala tomonning manfaati bilan hisoblashishni talab etadi, shundoq emasmi, azizim?

– Xo‘sh, u yog‘i-chi? – so‘radi Monks.

– Uni ishga o‘rgatish osonmasligini fahmladim, – javob berdi juhud. – U xuddi shunaqangi ahvolda qolgan boshqa bolalarga o‘xshamaydi.

– Ha, o‘xshamaydi, la’nati! – to‘ng‘illadi Monks. – O‘xshaganda allaqachonlaroq o‘g‘ri bo‘lib ketardi.

– Yo‘ldan urishim uchun oldiniga uni yaxshilab qo‘lga olvolishimga to‘g‘ri keldi, – so‘zini davom ettirdi juhud suhbatdoshining aftiga xavotirla nib tikilarkan. – Lekin buni eplolmadim sira. Uni hech nima bilan qo‘rqitolmadim, ishni esa aynan ana shundan boshlashimiz zarur hamisha, yo‘qsa, butun harakatlarimiz zoye ketadi. Xo‘sh, nima qi1ishimiz kerak edi? Tullak va Charliga qo‘shib qo‘yishim kerakmidi tag‘in? E yo‘q, bir martasi ham yetarli, azizim; o‘shanda hammamiz uchun rosa jonim halak bo‘ldi-da o‘ziyam.

– Bunga kamina aybdor emas-ku, axir! – deb qo‘ydi Monks.

– Albatta, albatta, azizim! – gapni ilib ketdi juhud. – Bundan afsuslanayotganim ham yo‘q hozir: agar shu voqea sodir bo‘lmaganida siz balki bolani hech qachon ko‘rmasdingiz va demakki, qidirayotganingiz aynan shu bola ekanligini bilmasdingiz ham. Ana shunaqa gaplar! Anavi qizning yordami bilan uni toptirib keldim siz uchun, keyin bo‘lsa qizning rahmi kelib qoldi unga.

– Bo‘g‘ib o‘ldirish kerak qizni! – dedi Monks toqatsizlanib.

– Hozir bunday qilolmaymiz, azizim, – kulib javob berdi juhud.

– Buning ustiga biz bunaqangi ishlarga qo‘l urmaymiz, bo‘lmasa, yaqin kunlarda jon-jon deb shunday qilardim-a. Bunaqangi qizlarni yaxshi bilaman, Monks. Bola tobga kelgan kuniyoq qizni aqalli bir to‘nkachalik ham qiziqtirmay qo‘yadi. Siz bolaning o‘g‘ri bo‘lishini istaysiz. Mabodo, u hayot bo‘lsa, buning evini qilaman, bordi-yu… bordi-yu… – dedi juhud suhbatdoshiga yaqinroq surilib, – yodingizda bo‘lsin, bu dargumonov… lekin bordi-yu, falokat yuz berib, olamdan o‘tgan bo‘lsa…

– O‘lgan bo‘lsa, bunga men gunohkor emasman, – deya gapni bo‘ldi Monks vahima ichra qaltirayotgan qo‘llari bilan juhudning qo‘lini changallab. – Esingizda bo‘lsin-a bu, Fedjin! Mening bu ishda qo‘lim yo‘q. Avval boshdanoq men sizga istagan narsangizni qiling-u, lekin o‘limi kerak emas, deganman. Men qon to‘kishni xohlamaganman: oxir-oqibatda bu baribir fosh bo‘ladi, ustiga-ustak, odam oromini yo‘qotadi. Mabodo, uni otib o‘ldirishgan bo‘lsa, bunga mening hech qanaqangi daxlim yo‘q, eshityapsizmi?.. Padariga ming la’nat, bunaqangi bo‘ri uyasining!.. Nima balo bu?

– Nima? – qichqirib yuborayozdi juhud ikkala qo‘li bilan o‘rnidan turib ketgan qo‘rqoqni quchoqlagancha. – Qayerda?

– Huv anavi yerda! – javob berdi Monks qarshidagi devordan ko‘zini uzmay. – Soya! Yelkapo‘sh va shlyapa kiygan ayolning soyasini ko‘rdim, devor yoqalab pildiragancha o‘tib ketdi!

Juhud quchog‘ini ochdi va ikkovlari xonadan otilib chiqishdi. Yelvizakda lipillayotgan sham qo‘ygan joylarida turibdi. Uning shu’lasi zinapoya bilan ularning rangi quv o‘chgan yuzlarinigina yoritib turardi, xolos. Har ikkovlari diqqat-la, zo‘r berib quloq solishardi: butun uyni chuqur sukunat chulg‘ab olgandi.

– Ko‘zingizga shundoq ko‘ringan, – dedi juhud shamni qo‘liga olib, suhbatdoshiga o‘girilarkan.

– Ont ichaman, ko‘rdim uni! – e’tiroz bildirdi Monks qaltirab. – Ko‘zim tushgan paytda engashib turuvdi u, gapirganimda bo‘lsa ura qochib qoldi.

Juhud suhbatdoshining tusi pag‘a bo‘lib ketgan aftiga jirkanib qarab qo‘ydi-da, agar xohlasa, orqasidan yurishni taklif qilib, zinadan ko‘tarila boshladi. Ular hamma xonalarni birma-bir ko‘zdan kechirishdi; xonalar sovuq, shipshiydam va bo‘m-bo‘sh edi. Ular yo‘lakka tushib, yanayam pastroqqa, yerto‘laga qarab yurishdi. Pastak-pastak devorlarni ko‘m-ko‘k pix bog‘lagandi; sham yog‘dusida shilliqqurt va chig‘anoqlarning izlari yiltirardi, atrof qabristondagi singari jimjit edi.

– Xo‘sh, endi nima deydilar? – so‘radi juhud ular yo‘lakka qaytib chiqqanlarida. – Siz bilan meni hisobga olmaganda, uyda hech zog‘ yo‘q – Tobi bilan bolalarniyam hisoblamaganda, ulardan xavfsiramasa ham bo‘ladi. Mana, ko‘ring!

Bu so‘zining isboti uchun juhud cho‘ntagidan ikkita kalitni chiqardi-da, birinchi gal pastga tushayotganida suhbatlariga hech kim xalal bermasligi uchun ular yotgan xonani qulflab qo‘yganini tushuntirdi.

Bu yangi dalil mister Monksning ishonchiga xiyla putur yetkazdi. Ikkovlashib qidirishni davom ettirib, hech nima topolmaganlari sayin uning e’tirozlari tobora susaya bordi; axiyri xafagazak qah-qah urib kuldi va hammasiga parokanda, lat yegan xayoloti aybdor ekanini tan oldi. Ammo u qo‘qqisdan soat birdan oshganini eslab qoldi-yu, suhbatni qaytadan boshlashni rad etdi. Shunday qilib, shinavanda jo‘ralar ajralishdi.

YIGIRMA YETTINCHI BOB
MUALLIFNING OLDINGI BOBLARDAN BIRIDA AJOYIB BIR XONIMNI G‘OYAT TAKALLUFSIZLIK BILAN O‘Z HOLIGA TASHLAB KETISHDEK ANDISHASIZLIGINI ANDAVALAYDI

Shubhasizki, bidlday e’tiborli zotni shineli barini yig‘ishtirganicha kaminga orqasini o‘girib, to muallif lozim ko‘rguniga qadar shu holatda turishga majbur etish muallif uchun munosib ish emas; innaykeyin, shunday yuksak mavqega ega, shunday sipo bidldek zot, har qanday qiz-u har qanday oliymaqom juvonning qalbini titratib yuboradigan so‘zlarni pichirlab ayta turib, nazokatli hamda oshiqona nigoh hadya etgan xonimga nisbatan xuddi o‘shanday iltifotsiz munosabatda bo‘lish muallifga hech ham yarashmaydi-da. Qalami ushbu so‘zlarni bitayotgan muarrix – o‘z o‘rni-mavqeyimni bilaman, oliy, mutlaq hokimiyatga sazovor bo‘lgan zotlarga munosib ehtirom bilan muomala qilyapman, degan xayolda – ularning yuksak mansab-u martabalari, baski, saxovatpeshalig-u ezgulik talab etadigan jamiki zaruriy udumlarga rioya qilishga shoshildi.

Muallif shu maqsadda hatto bidlning haq-huquqi ilohiyligi-yu uning begunoh-pokizaligi xususidagi dalil-u isbotlarni keltirishga qasd qildi. Bunday dalil-u isbotlar aqli raso kitobxonga halovat baxsh etishi foydadan xoli emasligi aniq edi-ya, ammo nadomatlar bo‘lsinkim, fursat tanqisligi sababli muallif ushbuni xiyla qulayroq va maqbulroq vaqtga kechiktirishga majbur; o‘shanday fursat keldi deguncha muallif bidl degan so‘zni tom ma’nosi bilan tushuntirib berishga tayyor – chunonchi: bidl qavm mehnat uyida xizmat qiluvchi, ayni chog‘da qavm cherkovida rasmiy shaxs sifatida xizmat etuvchi kimsadir. U o‘z unvon-vazifasiga ko‘ra, barcha saxovat-u ezgulik hamda eng a’lo sifat-u fazilatlarga yo‘g‘rilgandir. Lekin inchunin, savdo shirkatlarida xizmat qiluvchi bidl, sud bidllari va hatto ibodatxona bidllari (darvoqe, keyingilari har qalay, garchi jindekkina bo‘lsa-da, bunga haqlidirlar) bunday fazilat-u xislatlarning birortasiga da’vo etishga zarracha haqli emaslar.

Mister Bambl choy qoshiqlarni yana bir bor sanadi, qand ushatgichni qo‘lida salmoqlab ko‘rdi, sutdonni diqqat-la nazardan o‘tkazdi, jihozlarning qay ahvoldaligini aniqladi va hatto kursilarning suyanchig‘i, o‘rindig‘idagi ot yollarigacha tekshirdi; xullas, ushbu harakatlarning har birini kamida besh-olti marotabadan takrorlab bo‘lgach, missis Korni allaqachon qaytishi kerak edi-ku, deya o‘ylay boshladi. Odatda bir fikrdan ikkinchisi tug‘iladi: missis Korni kelayotganidan hech qanday dalolat bo‘lmagani tufayli mister Bamblning miyasiga, mabodo, missis Kornining pastakkina javonini birrovgina ko‘zdan kechirib qiziqsinishimni qoniqtirsam, gunoh bo‘lmas, degan o‘y keldi.

Mister Bambl kalit solinadigan teshikka qulog‘ini tutib, hech kim kelmayotganiga ishonch hosil qilgach, javonning uchta uzunchoq tortmasi ichidagi narsalar bilan tanishishni pastdagi tortmadan boshladi; eski gazeta varaqlari orasiga avaylab joylab, ustidan gulbarglar sepib qo‘yilgan anvoyi tur a’lo sifat pardoz-andoz buyumlari bilan liq to‘la bu tortmalar, aftidan, unga haddan ziyod lazzat baxsh etdi. O‘ng tomondagi (kaliti burnida turardi) tortmaga gal kelib, ichidagi osma qulfli qutichani ko‘rdi va uni silkitib ko‘rgandi, ichidan xuddi tanganing ovoziga o‘xshash yoqimli jiringlash eshitildi; shunda mister Bambl dabdabali odimlab kamin oldiga qaytib, boyagi holatiga kirdi-da, jiddiy va qat’iy qiyofada dedi: «Albatta shunday qilaman». Mazkur diqqatga sazovor bayonotdan so‘ng, xuddi o‘z-o‘zi bilan qanday ajoyib yigit ekani xususida bahslashayotgandek, o‘n daqiqacha boshini sho‘xchan sarak-sarak qilib chayqatib turdi, keyin esa mamnuniyat hamda qiziqsinish bilan oyoqlarini yonlamasiga ko‘zdan kechira boshladi.

Missis Korni xonaga to‘satdan, nafasi bo‘g‘ziga tiqilgancha kirib kelib, kamin oldidagi kursiga o‘zini tashlagancha, bir qo‘li bilan ko‘zlarini berkitib, ikkinchisini ko‘ksiga qo‘ygan ko‘yi nafasini rostlashga tushgan paytda u hanuz beozor kuzatuvi bilan mashg‘ul edi.

– Missis Korni, – dedi mister Bambl nozira tomon engashib, – nima gap o‘zi, xonim? Nima bo‘ldi, xonim? Iltimos, javob bering, bo‘lmasa men… men…

Mister Bambl hayajonlanganidan, «betoqat bo‘lyapman juda», degan iborani topolmay, buning o‘rniga, «toqatim toq bo‘ldi», deb yubordi.

– Voy, mister Bambl-ey! – deya xitob qildi xonim. – Kayfiyatimni buzib, shunaqangi ta’bimni tirriq qilishdiki.

– Kayfiyatingizni buzishdi? – takrorladi mister Bambl. – Kim jur’at etdi? Bilaman, – dedi mister Bambl o‘ziga xos ulug‘vorlik bilan, g‘azabini tiyib, – anavi yaramas gadoyvachchalarning ishi bu.

– Buni o‘ylashning o‘zi dahshat-a! – dedi xonim titrab-qaqshab.

– Undoq bo‘lsa, o‘ylamang buni, xonim, – dedi hozirjavoblik bilan mister Bambl.

– Undoq qilolmayman-da, – zorlandi xonim.

– Bo‘lmasa, biron nima ichib yubora qoling, xonim, – dedi mister Bambl taskin berguvchi ohangda. – Bir qadahgina vino beraymi?

– Ikki dunyodayam ichmasman-a, uni, – javob qildi missis Korni. – Icholmayman… Voy! Tepadagi tokchasida, o‘ng burchagida… Voy jonim-a!

Shu so‘zlarni aytarkan, mehribon xonim hushini yo‘qotar bir holatda bufetga ishora qildi va sanchiqdan g‘ujanak bo‘la boshladi. Mister Bambl javonga qarab intildi va mujmallik bilan ishora qilingan tokchadan yashil shishachani ola solib, ichidagi ichimlikdan chinnioyoqni to‘lg‘azdi-yu, xonimning labiga tutdi.

– Voy, sal o‘zimga keldim-a, – dedi missis Korni chinnioyoqni yarmigacha ko‘tarib, o‘zini kursi suyanchig‘iga tashlarkan.

Mister Bambl shukrona ma’nosida ixlos bilan ko‘zlarini shiftga qadadi, keyin nigohini chinnioyoqqa ko‘chirib, uni burniga yaqinlashtirdi.

– Peppermint,4040
  Peppermint – yalpiz va qalampir solib tinitilgan aroq.


[Закрыть]
– zaif tovush bilan dedi missis Korni bidlga nazokatli jilmayib. – Tatib ko‘ring. Ozroq bor unda… picha bor yana.

Mister Bambl doridan gumonsirovchi bir qiyofada lablarini cho‘lpillatib tatib ko‘rdi, yana bir marta totindi, keyin bir ko‘tarishda chinnioyoqni bo‘shatdi.

– Bu odamni judayam tinchlantiradi-da, – dedi missis Korni.

– Ha, haddan ziyoda tinchlantirib qo‘yarkan, xonim, – dedi bidl.

Shunday deya u ostidagi kursini noziraning yumshoq kursisiga yaqinroq surib, muloyim ovoz bilan xonimning avzoyini nima buzganini surishtirdi.

– Hechqisi yo‘q, – javob qildi missis Korni. – O‘zi shunaqangi tentak, ojiza odammanki, salga hayajonlanaman-ketaman…

– Sirayam ojiza emassiz-da, xonim, – e’tiroz bildirdi mister Bambl kursisini yanayam yaqinroq surib. – Nahotki, siz ojiza bir kimsa bo‘lsangiz, missis Korni?

– Hammamiz ham ojiz bandalarmiz, – dedi missis Korni barchaga ayon haqiqatni ta’kidlab.

– Ha, to‘ppa-to‘g‘ri, – uning gapiga qo‘shildi bidl.

So‘ngra har ikkovlari ikki daqiqacha jim qolishdi. Bu muddat orasida mister Bambl aytilgan fikrni sharhlash bahonasida missis Korni o‘tirgan kursining suyanchig‘ida turgan qo‘lini oldi-da, missis Korni peshbandining belbog‘i ustiga qo‘ydi va u asta-asta belga chirmasha boraverdi.

– Hammamiz ham ojiz bandalarmiz, – dedi mister Bambl.

Missis Korni xo‘rsindi.

– Qo‘ying, xo‘rsinmang, missis Korni, – dedi mister Bambl.

– O‘pkamni bosib ololmayapman, – dedi missis Korni. Tag‘in xo‘rsindi.

– Xonangiz judayam shinam, fayzli-da, xonim, – dedi mister Bambl atrofni ko‘zdan kechirarkan. – Yana bittagina xona qo‘shilsa bormi, xonim, juda ajoyib ish bo‘ladi-da.

– Yolg‘iz odamga ortiqchalik qiladi, – dedi pichirlab xonim.

– Ikki kishiga hecham-da, xonim, – muloyim tovush bilan qarshilik bildirdi mister Bambl. – Shunday emasmi, missis Korni?

Bidl shu so‘zlarni deganida missis Korni boshini quyi soldi, missis Kornining yuziga tikilish maqsadida bidl ham boshini egdi. Missis Korni bag‘oyat munosib tarzda, iymanibgina burilib, dastro‘molchasini olmoqlik uchun qo‘lini bo‘shatdi, biroq o‘zi ham bilmagani holda, qo‘lini mister Bamblning qo‘liga qo‘ydi.

– Kengash sizni ko‘mir bilan ta’minlab turadi, shunaqa emasmi, missis Korni? – so‘radi bidl uning qo‘lini ohistagina siqib qo‘yarkan.

– Sham bilan ham, – javob berdi missis Korni, o‘z navbatida, astagina uning qo‘lini siqib qo‘yib.

– Ko‘mir, sham va tekin boshpana, – dedi mister Bambl. – O, missis Korni, siz – farishtasiz!

Xonim bundayin hislar junbishiga tob berolmadi. U mister Bamblning quchog‘iga tashlandi, muhtaram jentlmen esa hayajon ichra uning pokiza burnidan qaynoq bo‘sa oldi.

– Eh, qavmning beqiyos nozanini! – xitob qildi mister Bambl zavq-shavq-la. – Ey dilbar malikam, bugun mister Slautning ahvoli og‘irlashib qolgani sizga ayonmi?

– Ha, – iymanibgina javob qildi missis Korni.

– Doktorning aytishicha, u bir haftaga ham bormasmish, – so‘zini davom ettirdi mister Bambl. – U kishi ushbu tashkilotning rahnamosi; u kishining vafotlaridan keyin o‘rin bo‘shaydi, bu o‘rinni kimdir egallashi lozim. O, missis Korni, qanday ajoyib istiqbol! Qalblarimizni qovushtirib, ro‘zg‘orimizni birlashtirishning qanchalar qulay fursati-ya!

Missis Korni xo‘rsinib qo‘ydi.

– Bir og‘izgina so‘z, – dedi mister Bambl uyatchan suluv xonim sari egilib. – Bittagina, jimitdekkina so‘z, suyukli Korniginam, xo‘sh?

– H…H... ha, – pichirladi nozira.

– Tag‘in bitta so‘z, jonginam, – qisti-bastiga oldi mister Bambl. – Sal dadilroq bo‘ling-u, yana bitta so‘z ayting. Qachon amalga oshadi bu?

Missis Korni ikki bora aytishga urinib ko‘rdi-yu, ammo ikki martasida ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Nihoyat, o‘zini qo‘lga olib, qo‘llarini mister Bamblning bo‘yniga chirmashtirdi-da, u istagan paytda amalga oshishini va u o‘zining «beqiyos lochini» ekanini aytdi.

Ish shu tariqa do‘stona hamda zo‘r mamnuniyat bilan bitgach, shartnomani xonim vujudiga chang solgan hayajon va titroq asoratidan xalos bo‘lishida juda-juda asqatgan tag‘in bir chinnioyoq peppermint ichish bilan mustahkamlashdi. Chinnioyoqni bo‘shatgach, xonim mister Bamblga kampirning qazosi yetganini aytdi.

– Juda soz! – dedi muhtaram jentlmen peppermint icha turib. – Yo‘l-yo‘lakay Sauyerberinikiga kirib o‘taman, ertaga erta bilan nimaiki zarur bo‘lsa, barini jo‘natishini tayinlayman. Xo‘-o‘sh, shundoq qilib, sizni cho‘chitib yuborgan shu ekan-da, jonginam?

– Aytarli hech gap bo‘lgani yo‘q, jonim, – mujmal javob qildi xonim.

– Ammo har qalay, biron gap bo‘lgandir-ku, axir, jonginam, – qistashda davom etdi mister Bambl. – Nahotki, o‘z Bamblingizga gapirib bermasangiz?

– Hozirmas… – javob qaytardi xonim, – yaqin kunlarda, nikoh bilan qovushganimizdan keyin, jonim.

– Nikoh bilan qovushganimizdan keyin! – xitob qildi mister Bambl. – Nainki bu gadoyvachchalardan birortasi bezbetlik qilib…

– Yo‘q, yo‘q, jonim! – darhol gapini bo‘ldi xonim.

– Bashartiki men, – so‘zini davom ettirdi mister Bambl, – bashartiki men ular o‘zlarining manfur ko‘zlari bilan bu mohitob chehraga baqrayib turib, jur’atlari yetib…

– Ular jur’at qilolmasdilar ham, jonim, – javob qildi xonim.

– Bu o‘zlari uchun yaxshi, – dedi mister Bambl qo‘lini musht qilib tugar ekan. – Qavmdagilardanmi yo undan yuqoriroqdami, shunday qilishga yuragi dov beradigan odamni menga bir ko‘rsatib qo‘ying, uni shunday adabini berayki, ikkinchi marta yurak yutolmasin bunga.

Ushbu bayonot keskin harakat-u imo-ishoralar bilan mustahkamlangan taqdirda dilbar xonimga mutlaqo nomaqbul tuyulishi mumkin edi, biroq mister Bambl o‘z dag‘dag‘asini jangari xatti-harakatlar bilan bayon etgani sababli uning sadoqatining mazkur dalil-u isbotidan xonimning ko‘ngli mumday iyib ketdi va benihoya quvonch-la, tasanno o‘qib, chindan ham Bambl o‘zining lochinginasi ekanini aytdi.

Shundan so‘ng uning lochinginasi shineli yoqasini ko‘tarib, uch qirra shlyapasini kiydi-da, bo‘lajak umr yo‘ldoshi bilan uzoq hamda lazzatli bo‘sa olishdi. Keyin yo‘l-yo‘lakay qashshoq erkaklar bo‘lmasiga birrov kirib, ularni boloxonador qilib koyir ekan, bu bilan mehnat uyi mutasaddisi vazifasini munosib tarzda qattiqqo‘llik bilan ado eta olishiga ishonch hosil qildi. Shu sababli, bir necha soniyaga hayallab qolgandan so‘ng, yana tungi izg‘irin shamol istiqboli sari mardona odimlay ketdi. O‘z iqtidoriga ishonch hosil qilgan mister Bambl dili yengil tortib, martabasi ortajagi haqidagi quvonchli orzular og‘ushida borarkan, bu shirin xayollar vujudini to u tobutsoz do‘koniga yetguniga qadar tark etmadi.

Mister va missis Sauyerberilar mehmondorchilikda ovqatlanib, choyxo‘rlik qilishayotgan edi bu pallada, Noe Kleypolning esa, yeb-ichish uchun zarur bo‘lganidan tashqari har qanday jismoniy harakatlar bilan jonini koyitishga mayli yo‘q edi asti. Shu sababdan ham do‘kon odatdagi berkitiladigan soati o‘tib ketganiga qaramay ochiq edi. Mister Bambl hassasi bilan peshtaxtani bir necha marta taqillatib urdi, lekin hech qanday javob bo‘lmadi, shunda do‘konning orqa tomonidagi mehmonxonaning oynavon eshigidan ichkarida chiroq yoniq ekanini ko‘rib, u yerda nima gap bo‘layotganini bilish niyatida o‘sha yoqqa ko‘z tashlashga ahd qildi. U yerda nimalar sodir bo‘layotganini bilgach esa, hayratda lol qoldi.

Stolga dasturxon yozilgan; ustida non bilan yog‘, likopcha va stakanlar, bir shisha vino va krujkada qora pivo savlat to‘kib turibdi. Stolning to‘r tarafida, kresloda oyoqlarini yon tutqichi ustidan oshirib tashlagancha mister Noe Kleypol yalpayib o‘tiribdi; bir qo‘lida tig‘i ochilgan buklama pichoq, ikkinchisida esa yog‘ surtilgan kattakon non bo‘lagi. Yonida tik turgan Sharlott bochkachadan olingan ustritsani chig‘anog‘idan ajratib beryapti-yu, mister Kleypol hayron qolarli ochofatlik bilan liqqa-liqqa yutyapti. Yosh jentlmenning burni odatdagidan ancha qizilroq, buning ustiga o‘ng ko‘zining pirillab uchayotgani kayfi borligidan shahodat berib turibdi; ustritsani qandayin huzurlanib yutayotgani (uning huzurlanishini yuragini o‘rtayotgan haroratni pasaytirib, chanqog‘ini bosayotgani tufayli bu narsani nihoyatda qadrlayapti deb tushunishgina mumkin edi) ushbu alomatni tasdiqlab turardi.

– Mana ajoyib, biqqidekkinasi, Noe jonginam, – dedi Sharlott. – Keling, yey qoling, bitta shuginani.

– Juda g‘alati narsa-da o‘ziyam, – deb qo‘ydi mister Kleypol uni liqqa yutib. – Ko‘proq yeb qo‘ysang, lohas qilgani yomon-da! To‘g‘rimi, Sharlott?

– Shunisi judayam chatoq, g‘irt shafqatsizlik bu, – dedi Sharlott.

– To‘ppa-to‘g‘ri, – uning gapiga qo‘shildi mister Kleypol. – O‘zingiz-chi, o‘zingiz yaxshi ko‘rasizmi ustritsani?

– Unchalikmas, – javob berdi Sharlott. – Uni yeyishdan ko‘ra sizning qanday yutayotganingizni tomosha qilish yoqimliroq, jonginam Noe.

– E Xudo-e… – dedi Noe o‘ychan. – Juda g‘alati-ya!

– Tag‘in bir donagina! – taklif qildi Sharlott. – Manavinisini mana, kiprik-tukchalari nozik, chiroylikkinasini.

– Ortiq bir donayam yeyolmayman, – dedi Noe. – Attang… Beriroq keling, Sharlott, bitta o‘pay.

– Nima-nima? – qichqirib yubordi mister Bambl xonaga otilib kirarkan. – Qani, yana bir marta takrorlang-chi, ser.

Sharlott chiyillagancha, yuzini peshbandi bilan berkitib oldi. Kleypol o‘sha holatda, faqat oyoqlarini yerga tushirib, mastlarga xos dahshat-la bidlga baqraygancha tikilib qoldi.

– Qani, yana bir qaytaring-chi, yaramas, surbet bola, – koyishni davom ettirdi Bambl. – Bunaqangi gapni aytishga qanday tilingiz bordi, ser!.. Siz-chi, nomussiz satang, uni vasvasaga solishga qanday jur’at etdingiz?.. O‘parmishlar-a uni! – o‘shqirdi mister Bambl g‘azabidan o‘zini unutayozib. – Tuf-e!

– Sirayam bunaqa demoqchimasdim, – g‘ingshidi Noe. – Uning o‘zi nuqul o‘padi, bu menga yoqadimi yo yo‘qmi, baribir.

– Voy, Noe! – ta’naomuz xitob qildi Sharlott.

– Ha, o‘pasan. O‘pishingni o‘zing yaxshi bilasan, – e’tiroz bildirdi Noe. – U doim shunaqa qiladi, mister Bambl, ser; iyagimga urib-urib qo‘yadimi-yey, ser, har xil muqom-mulozamatlar bilan iydirmoqchi bo‘ladimi-yey.

– Uningni o‘chir!.. – jiddiy o‘shqirib berdi mister Bambl. – Pastga tushing, xonimcha… Noe, do‘konni yoping. Toki xo‘jayiningiz qaytgunicha og‘zingizdan tag‘in bitta gap chiqadigan bo‘lsa, ahvolingizga naq maymunlar yig‘laydi. Uyga kelganida unga aytingki, mister Bambl ertaga ertalabga, nonushtadan keyin, bitta kampirga tobut jo‘natishni buyurib ketdi, deng. Eshityapsizmi, ser?.. O‘pisharmish-a! – vag‘illadi mister Bambl qo‘llarini paxsa qilib. – Bu qavmdagi qora xalqning buzuqligi va gunohkorligi chindan ham dahshatli darajaga yetgan. Basharti, parlament ularning razolatga botgan xulq-atvoriga e’tibor bermasa, mamlakat, u bilan birga esa dehqonlarning axloq-u ma’naviyati xarob bo‘ldi, deyavering!

Bidl ana shu so‘zlar bilan g‘amgin, ayni chog‘da, ulug‘vor qiyofada tobutsoz maskanini tark etdi.

Ana endi, bidlni uyiga jo‘natib va kampirshoning dafn marosimi uchun jamiki zaruriy tadoriklarni tugatib, yosh Oliver Tvist holidan xabar olib, uning hanuzgacha Tobi Krekit tashlab ketgan zovurda yotgan-yotmaganiga ishonch hosil qilishga ko‘chamiz.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации