Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 13 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
– To‘ppa-to‘g‘ri, – unga qo‘shildi juhud, u suhbat davomida o‘z xayollariga berilib, faqat oxirgi gapnigina eshitib qolgan edi. – Bill!
– Xo‘sh, yana nima? – dedi Sayks.
Juhud hanuz o‘tga tikilib o‘tirgan Nensini boshi bilan imo qilib, qizni xonadan chiqarib yuborganing ma’qulmidi, degan bo‘ldi. Sayks, go‘yo bunday ehtiyotkorlikni ortiqcha deb bilgandek; betoqatlik bilan yelkasini uchirib qo‘ydi-yu, lekin itoat etib, miss Nensiga bir krujka pivo keltirishni buyurdi.
– Hecham pivo ichging kelayotgani yo‘q-da, – dedi Nensi qo‘llarini chalishtirgancha, pinagini buzmay joyida o‘tirgan ko‘yi.
– Senga aytyapman, ichgim kelyapti! – o‘shqirdi Sayks.
– Yolg‘on! – sovuqqonlik bilan javob qildi qiz. – So‘zingizni davom ettiravering, Fedjin. Uni nima demoqchi bo‘layotganini bilaman, Bill. Menga mutlaqo parvo qilmasa ham bo‘ladi.
Juhud hamon ikkilanardi. Sayks hayratli ko‘zlarini choldan uzib, qizga qadadi.
– Fedjin, nahotki, qiz sizga xalaqit berayotgan bo‘lsa? – dedi u axiyri. – Bu qanaqangi maynavozchilik! Uni ko‘pdan beri bilasiz, unga bemalol inonsangiz bo‘laveradi. U og‘zi bo‘sh vaysaqilardan emas. To‘g‘rimi, Nensi?
– To‘g‘ri bo‘lganda qandoq! – javob berdi yosh xonim o‘tirgan kursisini stolga yaqinroq surib, tirsagi bilan tayanib olarkan.
– Ha, ha, azizam, buni bilaman, – dedi juhud, – lekin… – cholning tag‘in nafasi ichiga tushib ketdi.
– Xo‘sh, nima? – so‘radi Sayks.
– U haligi, tunov kuni oqshomdagiga o‘xshab jazavasi tutib qolmasaydi, deb o‘ylayapman, – javob berdi juhud.
Uning bu iqrorini eshitgan miss Nensi xaxolab yubordi-da, stakandagi brendini bir ko‘tarishda bo‘shatib, behayolarcha bosh silkib: «Qo‘rqmay boshlayvering ashulangizni», «Sirayam bo‘sh kelmang», «Hecham tashvish tortmang» qabilidagi xitoblarni qalashtirib tashladi. Aftidan, bu daldalar har ikkala jentlmenning ko‘nglini joyiga tushirdi chog‘i, negaki, juhud mamnun qiyofada bosh irg‘ab qo‘ydi-da, tag‘in o‘z o‘rniga cho‘kdi; mister Sayks ham xuddi shunday qildi.
– Qani, Fedjin, – dedi Nensi kulib, – Billga tezroq Oliver to‘g‘risida gapira qoling!
– Ha, balo-ya! Judayam oqila qizsan-da, azizam! Bunaqangi zukko qizni umrimda ko‘rmaganman-da o‘ziyam! – dedi juhud qizning bo‘ynini siypab. – To‘g‘ri, men Oliver to‘g‘risida gapirmoqchi edim. Xa-xa-xa!
– Qani, u to‘g‘risida nima demoqchi edingiz? – so‘radi Sayks.
– Eng sizlarbopi xuddi shu bola, azizim, – xirqiroq ovozda shivirlab javob qaytardi juhud, barmog‘ini burni ustiga qo‘yib, manfurona ishshayib.
– O‘sha-ya?! – nido soldi Sayks.
– Olaver uni, Bill, – dedi Nensi. – Agar sening o‘rningda men bo‘lsam, albatta, olgan bo‘lardim. Balki u boshqalarga o‘xshagan epchilmasdir, lekin senga u eshikni ochib bersa bo‘lgani-ku, axir! Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Bill, unga ishonsa bo‘ladi.
– Bunga shubham yo‘q, – tasdiqladi Fedjin. – Keyingi haftada uni rosa o‘qitdik, innaykeyin, nonini o‘zi topib yeydigan fursati yetdi. Buning ustiga qolganlarining hammasiyam qo‘pollik qiladi juda.
– To‘g‘ri, bo‘yiyam quyib qo‘yganday mos keladi, – dedi mister Sayks o‘ychan.
– Keyin, Bill, azizim, nimaniki buyursanglar, barini ado etadi, – qo‘shimcha qildi juhud. – Uning o‘zga iloji yo‘q. To‘g‘ri, boplab yuragini olib, cho‘chitib qo‘ysanglar, albatta.
– Cho‘chitib deng! – so‘zni ilib ketdi Sayks. – Yodingizda bo‘lsin, bir o‘takasini yorayki, u yog‘ini qo‘yaverasiz. Agar ishga kirishganimizda juftakni rostlab qolishni xayol qiladigan bo‘lsa terisiga somon tiqaman. Uni tirik ko‘rmaysiz, Fedjin. Uni bu yoqqa jo‘natishdan burun shuni yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Gaplarim esingizda tursin-a! – dedi kazzob karavoti ostidan chiqargan misrangni ko‘rsatib.
– Hammasini taroziga solib ko‘rganman, – qizg‘in javob qaytardi juhud. – Men… uni diqqat bilan, sinchiklab kuzatganman, azizim. Faqat shunday qilish kerak, bizga sherik ekanini tushunsin, o‘g‘ri bo‘lib qolganini kallasiga quyish kerak – ana shunda o‘zimizniki deyavering uni! Umrbod bizniki bo‘lib qoladi. O‘ho‘! Bu ishlar naq uzukka ko‘z bo‘lib tushdi-da! Chol qo‘llarini ko‘ksida chalishtirdi; boshini quyi solib, bukchayib o‘tirar ekan, u xuddi xursandligidan o‘zini o‘zi quchoqlayotganga o‘xshardi.
– Bizniki! – takrorladi Sayks. – Meniki demoqchisiz shekilli!
– Ehtimol, azizim, – dedi juhud qattiq hiringlab. – Shuni istasangiz, meniki, Bill!
– Nimaga endi? – so‘radi Sayks qoshlarini chimirib, qadrdon do‘stiga xo‘mrayib qarab qo‘yarkan, – nimaga endi, Kommon-Gardenda har kuni kech qurun elliktalab bola sanqib yurishini, ulardan xohlaganingizni tanlab olishingiz mumkinligini bila-ko‘ra turib, shu o‘limtik bolaga qanchadanqancha mehnat sarflab o‘tiribsiz?
– Chunki ulardan sariq chaqalik naf yo‘q, azizim, – biroz xijolat tortinqiraganday javob qildi juhud. – Gapirishga ham arzimaydi. Mabodo, oyoqlari ostidan falokat chiqib qolgudek bo‘lsa, aft-angorlarining o‘ziyoq kimliklarini aytib beradi-qo‘yadi, ana unda ulardan ayrildi deyavering meni. Bordi-yu, bu bolakay qo‘lbola qilib pishitilsa, azizlarim, boshqa yigirmalab bolalar bilan birgalashib qilgandan ko‘ra chandon ortiqroq ishni eplashtiraman. Buning ustiga, – qo‘shib qo‘ydi juhud xijolatdan picha o‘ziga kelib, – hozir quyon bo‘lib qolishning uddasidan chiqqudek bo‘lsa, bizni sotishi tayin, shundoq ekan, u bizning qismatimizga sherik bo‘lishi shart. Buning qanday sodir bo‘lishi baribir emasmi? Uni o‘g‘rilikda qatnashishga majbur qilish mening qo‘limda – menga ana shuning o‘zi kerak, vassalom. Innaykeyin, bechora go‘dakni yo‘ldan supurib tashlagandan ming karra yaxshiroq-ku, bu! Unday qilgan esa xavotirli, ustiga-ustak, bu ishda yutqizgan bo‘lardik.
– Qaysi kunga tayin qilingan? – deb so‘radi Nensi, Fedjinning insonparvarona gapiga javoban mister Sayksning g‘azab-la og‘zidan bodi kirib-shodi chiqishiga xalal berib.
– Darvoqe, qaysi kunga tayinlangan, Bill? – gapni ilib ketdi juhud.
– Tobi bilan indinga, kechasiga kelishib qo‘yganman, – javob berdi Sayks qovog‘i uyilib. – Biror gap chiqib qolsa, uni ogohlantirib qo‘yaman.
– Juda soz, – dedi juhud, – oy chiqmaydi.
– Ha, chiqmaydi, – tasdiqladi Sayks.
– Demak, o‘ljani qo‘lga kiritish uchun hammasi tappa-taxt ekan-da? – so‘radi juhud.
Sayks bosh irg‘adi.
– Keyin, anavi xususida ham…
– Hammasini kelishib olganmiz, – gapni bo‘ldi Sayks. – Ikir-chikirigacha hisob berib o‘tirishning hojati yo‘q. Yaxshisi, bolani ertaga oqshom olib kelavering. Tong otganidan bir soat o‘tgach, yo‘lga tushaman. Siz esa tilingizni tishlang-u, dekchangizni tayyor qilib turavering, sizdan boshqa hech nima talab etilmaydi.
Uchalalari ham qizg‘in ishtirok etgan qisqagina suhbatdan so‘ng, shunga kelishishdiki, ertaga, qosh qoraygan pallada Nensi juhudnikiga borib, Oliverni olib chiqib ketadigan bo‘ldi; ayni chog‘da, Fedjin ayyorlik bilan, mabodo, Oliver qarshilik qiladigan bo‘lsa, o‘zi, ya’ni Fedjin, yaqindagina Oliverning yonini olgan qizni bajonidil kuzatib borishga tayyor ekanligini qistirib o‘tdi. Shuningdek, rejalashtirilgan ekspeditsiya munosabati bilan sho‘rlik Oliver butunlay mister Bill Sayksning himoyasi-yu izmiga berilajagi va nomi zikr etilgan Sayks unga o‘zi zarur deb bilganiday muomala qilajagi, basharti, Oliverning boshiga biror falokat tushsa yoki uni jazolash lozim bo‘lib qolsa, juhud javob talab etmasligi borasida ham tantanali ravishda bitishib olishdi; aynan shu band xususida yana shunga ahdlashildikim, bunga binoan uyga qaytgach, mister Sayksning har bir so‘zi, har bir muhim jihati abjir Tobi Krekit tomonidan tasdiqlanishi hamda guvohlik berilishi lozim edi.
Dastlabki muzokaralar nihoyasiga yetgach, mister Sayks brendini shafqatsizlarcha sipqorishga kirishdi, u qo‘lidagi misrangni dag‘dag‘ali silkib, allaqanday qo‘shiqni tomog‘i yirtilgudek bo‘kirib aytar, orasida bo‘ralab so‘kinib qo‘yardi. Nihoyat, kasb-koriga xos zavqi jo‘shib ketib, o‘g‘rilik asbob-uskunalari solingan yashigini ko‘z-ko‘z qilishni istab qoldi. Uni xonaga ko‘tarib kirib, ichidagi turli xil asbob-uskunalarning xizmati va sifatini ta’riflash hamda ularning tuzilishini tushuntirish uchun qopqog‘ini ochib ulgurmasidanoq yashik-pashigi bilan guppa quladi-yu, qulagan joyida uxladi-qo‘ydi.
– Yaxshi tushlar ko‘rib yot, Nensi, – dedi juhud yana yuz-ko‘zigacha burkanar ekan.
– O‘zingiz ham yaxshi yotib-turing.
Shunda nigohlari to‘qnashdi, juhud qattiq tikildi qizga. Qiz esa mijja qoqmadi ham. U shu tobda xuddi aldashni xayoliga keltirmagan, shuningdek, ishga bamisoli Tobi Krekitning naq o‘zginasiday jiddiy qarayotgandek edi.
Juhud tag‘in bir karra qizga xayrli tun tilarkan, uning panasida turib, uzala tushib yotgan mister Sayksning gavdasini pinhona asta tepib ko‘rdi-da, zinapoyadan paypaslanib pastga tusha boshladi.
– Qachon qaramasang shunaqa, – deya go‘ldirardi juhud uyga qaytayotib. – Bu xotinman deganlarning eng yomon tomoni shundaki, arzimagan narsa allazamonlarda unut bo‘lgan allaqanaqangi tuyg‘ularini qo‘zg‘ab yuboradi, yaxshi tomoni esa – tez o‘tib ketadi bunday holat. Ha-ha! Kap-katta erkak bir go‘dakka qarshi bo‘lib o‘tirsa-ya – bir xalta oltinni deb-a!
Mister Fedjin ana shunday yoqimli o‘ylar bilan chilp-chilp loy kechib, Tullak uning kelishini toqatsizlik bilan kutib bedor o‘tirgan zimiston uyiga yetib keldi.
– Oliver uxlayaptimi? U bilan gaplashmoqchi edim, – ular pastga tushishganida Fedjinning, og‘zidan chiqqan birinchi savoli shu bo‘ldi.
– Allaqachon uxlab qoldi, – javob qildi Tullak eshikni ochib. – Ana u!
Bola yerga to‘shalgan qattiq o‘rinda tosh qotib uxlardi; xavotirlik, g‘am-tashvish va o‘z zindonining dimiqqan havosidan tusi pag‘a bo‘lib ketgan, bamisoli murdaga – kafanga o‘ralib, tobutda yotgan o‘likka emas, joni hozirgina uzilgan, norasida ruhi bir soniyagina muqaddam arshi a’loga ravona bo‘lgan, yerning qo‘lansa havosi chirib bitguvchi terisini hali-hozircha aynitib ulgurmagan jasadga o‘xshab ketardi…
– Hozirmas, – dedi juhud astagina undan uzoqlashayotib. – Ertaga. Ha, ertaga…
YIGIRMANCHI BOB
OLIVERNING MISTER BILL SAYKS IZMIGA O‘TISHI HAQIDA HIKOYA QILADI
Oliver ertalab uyg‘onib, o‘rni yonida turgan tagcharmi qalin va pishiq yap-yangi boshmoqni ko‘rib, nihoyatda hayron bo‘ldi, eskisi bo‘lsa qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolibdi. Oldiniga bu yangilikdan xursand bo‘ldi, bu ozodlik belgisi chog‘i, degan umid tug‘ildi dilida, ammo juhud bilan nonushta qilgani o‘tirgach va chol uni bugun kechqurun Bill Sayksning qarorgohiga olib borishlarini aytarkan, bu umidi birpasda tutunday tarqab ketdi, juhudning so‘zlash ohangi hamda turqi ko‘nglidagi xavotirni beshbattar orttirib yubordi qaytaga.
– Ke… keyin butunlay o‘sha yerga tashlab kelishadimi, ser? – deb so‘radi Oliver bezovtalanib.
– Yo‘q, yo‘q, azizim, tashlab kelishmaydi, – javob berdi juhud. – Sendan ajralish istagimiz yo‘q. Qo‘rqma, Oliver, tag‘in qaytib kelasan bu yerga! Hi-hi-hi! Biz judayam unaqangi toshbag‘irlardan emasmiz, azizim. Sirayam undoqmas!
O‘choq ustiga engashib, bir burda nonni yog‘da qovurayotgan qariya o‘girilib qarab, Oliverni mazax qilib hiringlarkan, bu bilan imkoni tug‘ildi deguncha Oliverning jon-jon deb qochib qolishga tayyor ekanligini juda yaxshi bilishini anglatgan bo‘ldi.
– Fikri ojizimcha, azizim, – dedi juhud Oliverga tikilib, – seni Billnikiga nimaga yuborayotganimizni bilging kelyaptiyov?
Oliver qari o‘g‘rining ko‘ngliga kelgan o‘yni payqaganini ko‘rib, beixtiyor qizarib ketdi, biroq tap tortmay, buni bilishni xohlayotganini aytdi.
– Xo‘sh, o‘zingcha qanday o‘ylaysan, nimaga? – deya so‘radi Fedjin javob berishdan qochib.
– Rostini aytsam, bilmayman, ser, – javob qaytardi Oliver.
– Voy seni qara-yu! – xitob qildi juhud va bolaning betiga tikilib turdi-da, keyin norozi qiyofada o‘girilib oldi. – Oshiqmasang, Billning o‘zi aytib beradi.
Oliverning ko‘pda qiziqsinmagani go‘yo juhudga alam qilganday edi. Ayni paytda, ish mana bunday mazmun kasb etardi: garchi Oliver qattiq tashvishga tushib qolgan bo‘lsa-da, Fedjinning jiddiy hamda ayyorona boqishlari va o‘zining xayoliga kelgan fikrlar haddan ziyod dovdiratib qo‘ygani boisidan shu tobda biron-bir savol beradigan, surishtiradigan holatda emasdi. Lekin ortiq savol berib, surishtirishning kezi ham, o‘rni ham kelmadi, zero, juhud to kech kirguniga qadar qosh-qovog‘i uyilib, miq etmay yurdi, so‘ngra esa uydan chiqib ketishga chog‘landi.
– Shamni yoqsang bo‘ladi, – dedi u shamni stolga qo‘yayotib. – Mana kitob, to chaqirib kelishgunicha o‘qib o‘tira tur. Xayrli tun!
– Sizning ham tuningiz xayrli o‘tsin, – sekingina javob qaytardi Oliver.
Juhud eshikka tomon yurdi, kifti osha bolaga qarab qo‘ydi. To‘satdan to‘xtab, uni chaqirdi.
Oliver boshini ko‘tardi; juhud imo bilan shamni yoqishni buyurdi. Bola itoat etdi va shamdonni stolga qo‘yar ekan, juhudning xonaning qorong‘i burchagidan xo‘mrayib, qoshini chimirib o‘ziga tikilib turganini ko‘rdi.
– Ko‘zingga qara, Oliver, ehtiyot bo‘l! – dedi chol o‘ng qo‘li bilan po‘pisa qilib ogohlantirarkan. – U qo‘pol odam. Jahli chiqquday bo‘lsa, birovning qonini daryoday oqizish chikora unga! Nimaiki bo‘lmasin – churq etma. Keyin nimani buyursa, barini qil. Yodingda bo‘lsin-a!
Oxirgi so‘zga urg‘u berib aytdi-da, xunuk irshayib, bosh irg‘ab qo‘ydi-yu, xonani tark etdi.
Chol chiqib ketgach, Oliver boshini qo‘liga qo‘ygan ko‘yi, yuragi bezillab, Fedjinning so‘zlarini mushohada qila ketdi. Juhudning ogohlantiruvchi po‘pisasi ustida bosh qotirgani sayin uning asli ma’nosi nimadaligiga yetishi battar mushkullasha bordi. U o‘zini qanaqangi manfur ish yuzasidan Sayksning huzuriga jo‘natmoqchi ekanliklarini va nima sababdan uni shu yerda qoldirib, o‘sha niyatlarini amalga oshirolmasliklarini o‘ylayverib sira tagiga yetolmadi. Xullasi, uzoq o‘y surishdan so‘ng, u, o‘sha tomteshar toki boshqa, o‘zi boproq bolani topgunicha yordam berib mayda-chuyda yumushlarini qilib turgani meni tanlashgan bo‘lishsa kerak, degan qarorga keldi.
U jafolarga shunchalar ko‘nikib ketgan va bu yerda shunchalar behad azob chekkandiki, bo‘lajak o‘zgarishdan shikva-shikoyat qilish xayolida ham yo‘q edi. U bir necha daqiqa o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib o‘tirdi, keyin chuqur xo‘rsinib, shamning kuyuk so‘xtasini tushirib tashladi-da, juhud qoldirgan kitobni olib o‘qishga tutindi.
U kitobni varaqlay boshladi. Dastlabiga parishonlik bilan shunchaki ko‘z yugurtirdi, ammo diqqatini tortgan bir parchani o‘qib qiziqib qoldi-yu, hademay qiroatga berilib ketdi. Bu mashhur jinoyatchilarning tarjimayi hollari va sud ishlari hisobotlari edi: sahifalar kir-chir, iflos barmoqlar dog‘-dug‘ qilib tashlagandi. Ushbu kitobdan u yurak orqaga tortib, et muzlab ketadigan jinoyatlar to‘g‘risida o‘qidi; qishloqlararo kimsasiz yo‘llarda pisib turib qilingan qotilliklar; odam ko‘zidan yiroq jar, o‘ra-yu quduqlarga tashlangan murdalar – bunday qabrlar qanchalik chuqur bo‘lmasin, jasadlarni tubida abadiy saqlab qololmagan, oradan talay yillar o‘tib, oxir-oqibatda jasadlarni yuzaga chiqarib olganlar va bu manzara qotillarni shunchalar dahshatga solganki, ular dahshat ichra tavbalariga tayanib, vijdon azobidan qutulish uchun tezroq osinglar, deb iltijo qilganlar. Shuningdek, u yarim kechada to‘shakda yotib, jinoyatkorona o‘ylarga berilgan (o‘zlarining so‘zlariga qaraganda), so‘ngra esa ko‘z oldiga keltirganning o‘zidayoq odamning a’zoyi badanlariga muz yugurtirib, oyoq-qo‘lini dag‘dag‘ qaltiratib yuboradigan vahshiyona qotilliklarni amalga oshirgan jinoyatchilar to‘g‘risida ham o‘qidi. Bu vahimali tasvirlar shunchalik haqqoniy hamda yorqin chiqqan ediki, sarg‘ayib ketgan sahifalar bamisoli laxtalanib qonday qizarib borayotganday, so‘zlar esa, xuddi o‘lganlarning arvohlari shivirlayotganday, Oliverning quloqlari ostida shang‘illab turganday edi.
Qo‘rqib ketgan bola kitobni shartta yopdi-yu, uloqtirib yubordi. Keyin tizzalab Tangriga iltijo qilib, o‘zini bunaqangi badbin ishlardan xalos etishini, bunaqangi dahshatli hamda manfur jinoyatlarni qilgani hayotini saqlab qolgandan ko‘ra shu tobdayoq, turgan joyida jonini olgani ma’qulligini aytib yolvordi. Asta-sekin tinchlana bordi va past, titroq ovoz bilan joniga tahdid solib turgan xavfdan saqlashni va agar iloji bo‘lsa, hamma yuz o‘girgan bechora bir bolaga madad qo‘lini cho‘zishini, hech qachon yaqinlari, qavm-qarindoshi mehrini ko‘rmagan, hozirda jinoyat-u illatlar uyasida bo‘lgan, hamma o‘z holiga tashlab qo‘ygan yakka-yu yolg‘iz bolakayga yordam berishini o‘tinib, Yaratganga munojot qila boshladi.
U iltijoni bas qilib, lekin hanuz yuzini qo‘llari bilan yashirgancha turar ekan, qo‘qqisdan allaqanday sharpa hurkitib yubordi.
– Nima bu? – xitob qildi u va eshik oldida turgan kimningdir qorasiga ko‘zi tushdi. – Kim bu?
– Men… menman bu, – eshitildi titroq ovoz.
Oliver shamni boshi uzra ko‘tarib, eshik tomonga qaradi. U yerda Nensi turardi.
– Shamni qo‘y, – dedi qiz teskari burilib. – Ko‘zimni qamashtiryapti yorug‘i.
Oliver uning rangi bo‘zday oqarib ketganini payqadi va muloyimlik bilan undan, kasalmasmisiz, deb so‘radi. Qiz unga orqasini qilib o‘zini stulga tappa tashladi, oh-voh qildi-yu, lekin hech nima deb javob qaytarmadi.
– O‘zing kechir, xudoyim! – xitob qildi u birozdan so‘ng. – Bu yog‘ini o‘ylamagan ekanman.
– Bir narsa bo‘ldimi? – so‘radi Oliver. – Sizga biror yordam berolmaymanmi? Kuchim yetgan hamma narsani qilishim mumkin. Rost aytyapman, hammasini.
Qiz tomog‘idan ushlab olgancha orqa-oldiga borib kelar, piq-piq yig‘lab, kappa-kappa havo yutardi.
– Nensi, – qichqirdi Oliver, – nima bo‘ldi sizga?
Qiz tizzalarini mushtladi, yer tepindi, keyin to‘satdan tek qoldi-da, sovuqdan qaltirab, shol ro‘moliga yaxshiroq o‘ranib oldi.
Oliver o‘choqdagi o‘tni titkiladi. Qiz stulni o‘tga yaqinroq surib, oldiniga indamay o‘tirdi; axiyri boshini ko‘tarib, atrofga alangladi.
– Goh-gohida o‘zimga nima bo‘lganini tushunmay qolaman, – dedi u o‘zini go‘yo ko‘ylagini tuzatayotgan qilib ko‘rsatib. – Bunga zax, iflos xona sababchi bo‘lsa kerak… Xo‘sh, Noli, jonginam, tayyormisan?
– Men siz bilan birga borishim kerakmi? – so‘radi Oliver.
– Ha, meni Bill yubordi, – javob qildi qiz. – Men bilan borasanmi?
– Nimaga? – so‘radi Oliver o‘zini orqaga tashlab.
– Nimaga? – takrorladi qiz va boshini ko‘tardi, biroq bolaga ko‘z tashladi-yu, o‘sha zahotiyoq teskari o‘girilib oldi. – Qo‘rqma, yomon ishga emas.
– Ishonmayman, – dedi uni muttasil kuzatib turgan Oliver.
– Ana, sen aytgancha bo‘la qolsin, – javob qildi qiz yasama kulgi bilan. – Balki yaxshi ishgamasdir.
Oliver sal bo‘lsa-da, qizning ko‘nglini iydira olishi mumkinligini ko‘rib-sezib turardi, shu boisdan, o‘zga najot chorasini topolmay, uning rahmini keltirishni xayol qildi. Biroq hozir soat o‘n birgina bo‘lgani, bu pallada ko‘cha yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘lishi haqidagi fikr miyasida yilt etdi-yu, gapimga ishonadigan bironta odam yo‘liqib qolar ular orasida, albatta, deb o‘yladi. Shunday xulosaga kelarkan, u olg‘a odim tashladi va shosha-pisha yo‘lga tushishga tayyor ekanini aytdi.
Uning birpaslikkina o‘yga tolgani, taraddudlanganini Nensi payqagandi, albatta. Qiz so‘zlayotganida bolani kuzatib turgan va unga o‘tkir bir nigoh tashlab qo‘ygandiki, bu nigohi bolakayning xayoliga qanday o‘y kelganini anglaganini yaqqol aytib turardi.
– Jim!.. – shivirladi qiz unga tomon engashib, keyin astagina atrofga alanglab oldi-da, eshik tomonga ishora qildi. – Hech nima qilolmaysan. Men ilojim boricha senga yordam berishga urinib ko‘rdim, lekin bundan hech qanaqangi naf chiqmadi. Oyoq-qo‘ling kishanlog‘liq. Mabodo, bu yerdan qutulib ketish peshonangga bitilgan bo‘lsayam, har qalay hozir emas, keyinchalikdir.
Qizning ta’sirchan ovozidan lol qolgan Oliver unga hayrat-la javdirardi. Chamasi, qiz to‘g‘risini gapirayotgandi; rangi oqargan va tashvishli, o‘zi hayajondan shaq-shaq titrardi.
– Seni bir marta kaltaklanishdan asrab qolgandim, tag‘in bir marta qutqarib qolaman, innaykeyin, mana hozir ham shunday qilyapman, – davom ettirdi so‘zini qiz ovozini balandlatib. – Agar mening o‘rnimga boshqa biror odamni yuborishganida sen bilan bunaqangi muloyim gaplashib, pachakilashib o‘tirmasdi. Seni, o‘zini yuvosh, mo‘min-qobil tutadi, deb kafillik berdim. Agar gapga kirmaydigan bo‘lsang, o‘zingga ham, menga ham shikast yetkazdirasan, ehtimol, meni go‘rga tiqasan. Esingda bo‘lsin-a! Manavini ko‘rib qo‘y, tepamda turgan Xudo haqqi, seni deb tortgan jafolarim mana!
Qiz shoshqaloqlik bilan bo‘yni va qo‘llaridagi momataloqlarni ko‘rsatib, bidillay ketdi:
– Bu esingda tursin-a! Hozir ham seni deb bundan battarroq azob tortishga majbur qilib yurmagin-a, tag‘in. Agar senga yordam qilish qo‘limdan kelganida, allaqachon yordam qilgan bo‘lardim, lekin ilojim yo‘q bunga. Ular senga yomonlik qilishmoqchi emas. Seni nimaiki qilishga majbur etishsa, hammasini bajar – gunohi sengamas. Keyin, churq etmagin-a! Og‘zingdan chiqqan har bitta so‘z meni nobud qilishi mumkin. Qani, qo‘lingni ber! Tezroq! Qo‘lingni ber!
Nensi bola beixtiyor uzatgan qo‘ldan tutdi-yu, shamni puflab, uni zina tomon yetaklab ketdi. Qorong‘ida ko‘zga ko‘rinmay turgan allakim o‘sha zahotiyoq eshikni lang ochdi va ular chiqishlari bilan xuddi o‘shanday berkitdi. Ularni kira qilingan usti yopiq izvosh kutib turgan ekan; qiz Oliverga qanday tez gapirgan bo‘lsa, o‘shanday shitob-la izvoshga surgab kirdi-yu, pardalarini yaxshilab yopib qo‘ydi. Izvosh chiga hech qanaqangi ko‘rsatma berishning hojati yo‘q edi – u otga qamchi bosdi-yu, yeldirib ketdi.
Qiz hanuz Oliverning qo‘lini mahkam qisgan ko‘yi pichirlab, bola uning og‘zidan allaqachon eshitgan ogohlantirish-u pand-nasihat o‘qishini davom ettirardi. Bu ishlar shunchalik tez va qo‘qqisdan sodir bo‘ldiki, bola qayerdaligi-yu nimaga bu yerga chiqib qolganini tuzuk-quruq anglab yetmasidanoq izvosh juhud kecha kechqurun qadam ranjida qilgan uyning supasiga kelib to‘xtadi.
Shunday bir soniya ham bo‘ldiki, Oliver huvillagan ko‘chaga zud nazar tashladi-yu, lablaridan yordam beringlar, degan nido uchishiga bir bahya qoldi. Ammo qizning afsun singari ta’sirchan ovoz-la qilgan iltijosi hamon qulog‘i ostida shang‘illab turgani sababli baqirishga yuragi dov bermadi. Toki u taraddudlanib turarkan, qulay fursat o‘tib bo‘lgandi: uni ichkariga yetaklab kirishgan va eshikni yopishga ulgurishgan edi.
– Bu yoqqa! – dedi qiz, shundagina qo‘lini qo‘yib yuborib. – Bill!
– Ha, nima deysan?! – ovoz berdi Sayks shamni ko‘tarib, zinapoya tepasida paydo bo‘larkan. – O‘! Qoyil! Marhabo!
Mister Sayksdek ters zotning og‘zilaridan bunday so‘zlarning parvoz etishi bag‘oyat qat’iy ma’qullash hamda favqulodda samimiy kutib olishning yorqin ifodasi edi. Nensi, bunday iltifotdan mamnun bo‘ldi chog‘i, u bilan qizg‘in salomlashdi.
– Fonuscha Tom bilan unikiga ketdi, – dedi Sayks yo‘lakka sham tutarkan. – Bu yerda xalaqit berardi.
– To‘g‘ri,– javob qaytardi Nensi.
– Shunday qilib, olib kelibsan-da bolakayni? – dedi Sayks uchalalari xonaga kirishgach, eshikni berkitayotib.
– Ha, mana u, – javob berdi Nensi.
– Yuvoshgina bo‘lib keldimi? – surishtirdi Sayks.
– Naq qo‘zichoqday, – dedi Nensi.
– Buni eshitishdan xursandman, – dedi Sayks Oliverga xo‘mrayib qarab qo‘yar ekan, – o‘ziga yaxshi bo‘pti, yo‘qsa, joni qiynalardi. Bu yoqqa o‘tsinlar, yigitcha, nasihatlarimni quloqlariga quyib olsinlar; bu ishni hoziroq bir yoqlik qilib qo‘ya qolgan ma’qul.
Mister Sayks o‘zining yangi shogirdiga shu so‘zlar bilan murojaat qilib, Oliverning boshidagi shapkani yulqib oldi-da, burchakka uloqtirdi; keyin uning yelkasidan ushlagancha kursiga cho‘kib, bolani ro‘parasiga turg‘azdi.
– Xo‘-o‘sh, avvalo, manavining nimaligini bilasanmi? – dedi mister Sayks stolda turgan cho‘ntakka solib yuriladigan to‘pponchani qo‘liga olarkan.
Oliver: «Ha», degandek bosh irg‘adi.
– Ana endi bu yoqqa qara, – nasihatini davom ettirdi Sayks. – Manavi pitra, manavi o‘q, manavi bo‘lsa tutatqiga ishlatiladigan eski shlyapaning bir parchasi.
Oliver bu narsalarning nimaga ishlatilishidan xabardor ekanini pichirlab aytdi, mister Sayks esa hafsala bilan to‘pponchani o‘qlay boshladi.
– Mana endi u o‘qlog‘liq, – dedi mister Sayks bu ishni tugatib.
– Ko‘rib turibman, ser, – dedi Oliver.
– Menga qara, – so‘zini davom ettirdi talonchi Oliverning bir qo‘lini mahkam siqib ushlab, to‘pponcha og‘zini chakkasiga tiragancha, shunda bola beixtiyor qaltirab ketdi, – mabodo, ko‘chaga chiqqanimizda, agar o‘zim gap so‘ramasam, churq etib og‘iz ochadigan bo‘lsang, o‘sha zahotiyoq o‘q miyangning qatig‘ini o‘ynatib yuboradi. Shuning uchun agar beruxsat gapiradigan bo‘lsang, oldindan kalima keltirib ol.
Mister Sayks o‘zining ogohlantiruvchi so‘zlari kor qilishi, ta’siri zo‘rroq bo‘lishi uchun yeb qo‘ygudek bir o‘qrayib qo‘yib, so‘zlashda davom etdi:
– Bilishimcha, u dunyoga jo‘natganlarida ham senga kuyib, tashvishingni chekadigan biror kimsang yo‘q. Shuning uchun, senga yaxshilik qilishni o‘ylamaganimda, shuncha qiynalib, hamma gapni tushuntirib o‘tirishimning hojati yo‘q edi. Eshityapsanmi?
– Gapni qisqa qilganda, – shartta gapga aralashdi Nensi gapimga diqqat qilsin deb u Oliverga qaragan ko‘yi, – agar Oliver o‘ylagan ishingni boshlaganingda jahlingni chiqaradigan bo‘lsa, keyin og‘zidan gullab yurmasligi uchun, buning oqibatida dorga osiladigan bo‘lsang ham, shartta kallasidan otib tashlaysan-a! Negaki, kasbing o‘zi shunaqangi, yil o‘n ikki oy arzimagan ishni deb joningni tahlikaga qo‘yasan.
– To‘ppa-to‘g‘ri! – ma’qulladi mister Sayks. – Xotinlar ikki og‘iz gap bilan tushuntirib qo‘ya qolishadi, jazavasi tutib turmagan bo‘lsa, albatta, bordi-yu, jazavasi tutib turgan bo‘lsa, diydiyolari boshlandi deyaver. Mana, endi bu hamma tomondan o‘qitildi… Qani, ovqatlanaylik endi, undan keyin yo‘l oldidan ko‘zni ilintirib olamiz.
Nensi uning amrini ado etib, tezgina dasturxon tuzadi; bir necha daqiqa g‘oyib bo‘lib ketib, ko‘zada pivo bilan tovoqda do‘lmali qo‘y kallasini ko‘tarib kirgan edi, mister Sayks so‘z o‘yini asosiga qurilgan o‘tkir askiya qilib qoldi desangiz: negaki, bu taom ham, uning hamkasabalari orasida keng tarqalgan ajoyib bir asbob ham «jemmi»3636
Jemmi – o‘g‘rilar lahjasida eshig-u derazalarni buzishda ishlatiladigan buklama misrangni shunday ataganlar.
[Закрыть] degan antiqa nom bilan atalardi-da. Muhtaram jentlmen juda xursand va dimog‘i chog‘ edi; ehtimolki, darhol ishga kirishish imkoniga ega ekani hayajonini qo‘zg‘ab qo‘yganidandir bu; har qalay, ushbuning isbot-u dalili sifatida quyidagi holni misol keltirish mumkin, u pivoni bir ko‘tarishda, huzur qilib ichdi, keyin ovqat ustida taxminiy hisob-kitobga qaraganda og‘zidan saksondan ortiq la’nat-u haqoratli so‘z chiqqani yo‘q.
Kechlik ovqatdan so‘ng – Oliverning ishtahasi bo‘lmaganini anglash qiyin emas – mister Sayks ikki stakan suv qo‘shilgan viskini sipqordi-da, o‘zini tappa karavotga tashlab, Nensiga roppa-rosa soat beshda uyg‘otishni tayinlar ekan, agar shunday qilolmaydigan bo‘lsa, kunini ko‘rsatishini aytib, oldindan bo‘ralib so‘kib qo‘ydi. Xuddi o‘sha hurmatli zotning buyrug‘i bilan Oliver yechinmay-netmay, yerga to‘shalgan to‘shakka cho‘zildi, qiz esa ularni tayinlangan soatda uyg‘otishga tayyor bo‘lib, o‘choqqa o‘tin tashlab, o‘sha yerda o‘tira qoldi.
Oliver bu fursatdan foydalanib, Nensi yana birorta maslahat berar shivirlab, degan umidda allamahalgacha uyg‘oq yotdi, biroq qiz g‘amgin o‘yga tolgancha o‘choq oldida qimir etmay o‘tirar, ahyonahyonda shamning so‘xtasini olib tashlardi, xolos. Bedor yotaverish va tashvish qiynog‘i toliqtirib, oxiri uyqu elitdi uni.
Bola uyg‘onganida nonushta hozirlab qo‘yilgan, Sayks esa allanimalarni kursining suyanchig‘iga tashlog‘liq paltosi cho‘ntaklariga tiqishtirayotgan edi. Nensi nonushta tadorigini ko‘rayotgandi. Hali tong oqarmagandi; sham yonib turar, deraza orti qopqorong‘i edi. Buning ustiga yomg‘ir deraza oynaklarini chertayotgan, osmon ham qop-qora, bulutli edi.
– Bo‘la qol! – to‘ng‘illadi Sayks Oliver o‘rnidan sakrab turarkan. – Besh yarim bo‘ldi! Tezroq bo‘l, yo‘qsa, nonushtasiz qolasan. Shundoq ham kech qolyapmiz o‘zi.
Oliver zud yuvinib-tarandi; naridan-beri nonushta qilib olarkan, Sayksning zardali savoliga, tayyorman, deya javob berdi.
Nensi bolaga qaramaslikka harakat qilib, bo‘yniga o‘rab olishi uchun ro‘mol itqitdi unga; Sayks dag‘al matodan tikilgan yomg‘irpo‘shni uzatib, kiyib, tugmalarini taqib olishni buyurdi. Kiyinib bo‘lgach, Oliver paltosining yon cho‘ntagidagi to‘pponchani ko‘rsatish uchun picha hayallagan qulfbuzarga qo‘lini uzatdi, kazzob qo‘lini mahkam ushlab oldi-da, Nensi bilan xayrlashib, uni yetaklab ketdi.
Eshik yoniga yetganlarida Oliver qizning nigohini uchratish umidida o‘girilib qaradi. Ammo qiz tag‘in ilgarigi, o‘choq oldidagi joyiga joylashib, qimir etmay o‘tirardi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?