Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
YETTINCHI BOB
OLIVER ISYONKORLIGINI DAVOM ETTIRGANI HAQIDA
Noe Kleypol o‘pkasini qo‘ltiqlagancha ko‘chama-ko‘cha yelib borarkan, to mehnat uyi darvozasiga yetgunicha nafasini rostlab olgani aqalli biror marta ham to‘xtamadi. Shu yerga yetib kelganida qiyofasiga nihoyatda o‘takasi yorilayozgan hamda ayanchli-alamnok, yig‘lagan tus berish niyatida bir nafasgagina hayallab turdi-da, keyin eshikni jon-jahdi-la taraqlatib, qashshoq cholga ko‘ndalang bo‘ldi; uning afti shunchalar hazin-u ayanchli ediki, bunga ko‘zi tushganda hatto eshikni ochgan, dorilamon zamonlardan beri faqat alamli qiyofalarnigina ko‘rib, ko‘zi o‘rganib qolgan chol ham hayratda orqasiga tisarildi.
– Bolakay, nima bo‘ldi o‘zi? – so‘radi qashshoq chol.
– Mister Bambl kerak! Mister Bambl! – deya yasama alamzadalik va tushkunlik yaqqol sezilib turgan tashvishli ohangda qichqirdi Noe, uning ovozi tasodifan yaqin orada bo‘lgan mister Bamblning qulog‘iga yetib bordigina emas, shuningdek, uni sarosimaga solib qo‘ydi-yu, uch qirra shlyapasini kiymayoq hovliga yugurib chiqdi – g‘oyatda ajabtovur hamda shoyon diqqatga sazovor hol: bu nogahoniy va kuchli hayajon xuruji ta’sirida hatto bidllar ham vaqtinchalikka o‘zini yo‘qotib, o‘z sha’n-obro‘yini unutib qo‘yishining shahodati edi.
– O‘-o‘, mister Bambl, o‘, ser! – qichqirdi Noe, – Oliver, ser… Oliver…
– Nima? Nima bo‘ldi? – uning gapini bo‘ldi mister Bambl ko‘zlari quvonchdan chaqnab. – Nahotki, qochib ketgan bo‘lsa? Nahotki, qochib ketdi u, Noe?
– Yo‘q, ser! Qochib ketgani yo‘q, ser! Yovuz ekan u! U meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, ser, keyin-chi, Sharlottni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, keyin bekani. Shundoq azob berdi, shundoq qiynadiki, qo‘yaverasiz, ser!
Shunday deya Noe Oliver Tvistning vahshiyona va qonxo‘rlarcha tajovuzi butun ichak-chovog‘ini ezib yuborib, chidab bo‘lmas darajada azob berayotganini mister Bambl ko‘rib qo‘ysin degan o‘yda bamisoli ilonbaliqdek egilib-bukilib jilpanglay boshladi.
O‘zi keltirgan xabarning mister Bamblni batamom lol qilib qo‘yganini ko‘rgach, u o‘ziga yetkazilgan dahshatli jarohatlar azobidan ilgarigisiga qaraganda o‘n barobar balandroq ovoz bilan dodlab, bu taassurotni yanada kuchaytirishga urindi. Hovlidan o‘tib borayotgan oq nimchali jentlmenga ko‘zi tushganda esa nola-fig‘oni beshbattar fojiona tus oldi, zero, u ushbu jentlmenning diqqat-e’tiborini tortib, qahr-u g‘azabini qo‘zg‘atish bag‘oyat maqsadga muvofiq kelishini to‘g‘ri chamalagan edi.
O‘q mo‘ljalga tegib, jentlmenning diqqati o‘sha zahotiyoq jalb etildi. U uch qadam bosmayoq darg‘azab burildi-yu, bu yaramas bola nimaga bo‘kiryapti-yu, nimaga mister Bambl bo‘kirik deb atalmish ushbu ovozga barham berib, biron-bir siylov bilan unini o‘chirib qo‘ya qolmayotganini so‘radi.
– Bu bechora bolakay yetimxona maktabidan, ser, – javob qildi mister Bambl. – Uni anavi bola, Tvist, sal bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yayozibdi – deyarli o‘ldirib qo‘yayozibdi.
– Jin ursin! – xitob qildi oq nimchali jentlmen taqqa to‘xtab. – O‘zim ham bilgan edim-a! Bu surbet jinqarchaning umri sirtmoqda tugaydi deb avval boshdayoq ko‘nglim sezgi bergandi-ya!
– Innaykeyin, ser, u oqsoch qizniyam o‘ldirmoqchi bo‘pti, – dedi tusi tuproqday bo‘zarib ketgan mister Bambl.
– Bekasiniyam, – gap qistirdi mister Kleypol.
– Keyin, nazarimda, xo‘jayinniyam dedingiz shekilli, Noe? – qo‘shib qo‘ydi mister Bambl.
– Yo‘q, xo‘jayin uyda emas, yo‘qsa uni o‘ldirardi, – javob berdi Noe. – U, o‘ldiraman, dedi.
– Nima? Uni o‘ldiraman dedimi hali? – so‘radi oq nimchali jentlmen.
– Ha, ser! – javob berdi Noe. – Afv etasiz-u, ser, beka shu narsani bilmoqchi edilar, mister Bamblning hozir biznikiga borib, uning ta’zirini berib qo‘yishga fursatlari bo‘larmikan, nega deganingizda, xo‘jayin uyda yo‘q edilar.
– Albatta, albatta, – dedi oq nimchali jentlmen muruvvat-la jilmaygan ko‘yi va o‘zidan to‘rt enlikcha baland Noening boshini silab. – Sen ajoyib bola ekansan, judayam ajoyib. Mana senga bir penni… Bambl, hassangizni olib, Sauyerberinikiga boring-da, nima qilish lozim ekanini o‘sha yerda aniqlang. Uni sirayam ayamang, Bambl.
– Sirayam ayamayman, ser, – javob qildi Bambl hassasi uchiga savalash uchun o‘ralgan mumli ipni to‘g‘rilab-tuzatib qo‘yar ekan.
– Sauyerberiga ham ayting, unga shafqat qilib o‘tirmasin. Momataloq qilib, u yoq-bu yog‘ini yorib-shilmasa, odam chiqmaydi undan, – dedi oq nimchali jentlmen.
– Buning g‘amini yemang, ser, – javob berdi bidl.
Shunday qilib, uch qirra shlyapa bilan hassa tartibga keltirilgach, mister Bambl Noe Kleypol rafoqatida tobutsozning do‘koni sari shoshildi.
Bu yerda ahvol-sharoit zarracha yaxshilanmagan, boyagi-boyagidek edi. Mister Sauyerberi hali qaytmagan, Oliver bo‘lsa hanuz xuddi ilgarigidek jon-jahdi-la yerto‘la eshigini do‘mbira qilib tepkilab yotgan edi. Missis Sauyerberi bilan Sharlottlarning so‘zlariga qaraganda uning g‘azabi shunchalik dahshatli tus olgandiki, shu bois mister Bambl oldiniga muzokara boshlash, undan keyingina eshikni ochishni oqilona tadbir hisobladi. Ana shu maqsadda bidl muqaddima sifatida eshikni bir tepdi, keyin esa og‘zini qulf teshigiga qo‘yib, past va salobatli tovush bilan:
– Oliver! – dedi
– Chiqarib yuboring meni! – javob qildi Oliver yerto‘ladan.
– Ovozimni taniyapsanmi, Oliver? – so‘radi mister Bambl.
– Ha, – javob berdi Oliver.
– Shundayam qo‘rqmayapsanmi? Men gapirganimda titrab-qaltirab ketmayapsanmi? – so‘radi mister Bambl.
– Yo‘q! – javob berdi Oliver tap tortmay.
O‘zi kutgani va eshitib o‘rganib qolganiga aslo o‘xshamaydigan bu javob mister Bamblni hazilakamiga dovdiratib qo‘ymadi. U qulf teshigidan tisarildi, qaddini g‘ozday rostladi-da, hayrat-la sassiz-sadosiz hozir bo‘lganlarga birma-bir tikildi.
– Eh, mister Bambl, u esidan ayrilib qolganga o‘xshaydi, – dedi missis Sauyerberi. – Birorta aqli bor bola aqli yarim bo‘lgan taqdirdayam, siz bilan bunday gaplashishga jur’at etolmasdi.
– Bu aqldan ozish emas, missis, – javob qildi mister Bambl birpaslik chuqur mulohazadan so‘ng. – Bu etning ishi u.
– Nima dedingiz? – deya xitob qildi missis Sauyerberi.
– Et, missis, et deyapman! – takrorladi Bambl qat’iy va ma’nodor qilib. – Siz uni bo‘kkuday qilib boqqansiz, missis. O‘z toifasidagi odamga nomunosib bo‘lgan g‘ayritabiiy ruh-u gayrioddiy kayfiyat uyg‘otgansiz unda. Qavm kengashi a’zolari ham xuddi shu gapni aytishadi sizga, missis Sauyerberi, ular amaliyotchi faylasuflar-ku, axir. Qalb, ruh yoki kayfiyatni qashshoqlarga nima keragi bor? Tanalarini qoldirganimizga ham shukr qilaverishsin. Basharti, siz, missis, bolani bo‘tqa yoxud yovg‘on bilan boqqaningizda bunday ahvol hech qachon sodir bo‘lmasdi.
– Voy xudoyim-a! – oh urdi missis Sauyerberi ko‘zlarini taqvodorona qiyofada shiftga tikib. – Mana saxiylikning kasofati!
Missis Sauyerberining Oliverga ko‘rsatgan saxovati – boshqa hech kim og‘ziga ham olmaydigan sarqitlarni sira qizg‘anmay berayotgani edi. Binobarin, mister Bambl qo‘yayotgan shunchalar og‘ir ayblarni ixtiyoriy ravishda o‘z bo‘yniga olishga roziligini izhor etar ekan, u ozmuncha itoatkorlik hamda fidokorlik ko‘rsatmayotgan edi. Adolat yuzasidan shu narsani ta’kidlamoq darkorkim, saxiylik bobida u na so‘zi, na ishi, na o‘y-fikri bilan aybdor edi.
– Eh! – dedi mister Bambl xonim ko‘kka tikilgan ko‘zlarini yana pastga tushirganda. – Hozir qo‘llash mumkin bo‘lgan birdan-bir chora – bu, uni biroz och qolishi uchun bir-ikki kun yerto‘lada saqlash, ana shundan keyin bu yoqqa chiqarib, toki shogirdlik muddati tugagunicha faqat yovg‘on bilan boqish. U bema’ni oiladan. Tabiatan salga qizishadigan xilidan, missis Sauyerberi. Enaganing ham, tabibning ham aytishlaricha, onasi har qanday tagli-tugli ayolni allaqachonoq go‘rga tiqadigan to‘sig‘-u azob-uqubatlarga qaramasdan bu yerga sudralib yetib kelgan.
Mister Bamblning nutqi shu yerga yetganida yana o‘z onasi xususida gapirayotganlarini anglashga kifoya qiluvchi so‘zlarni ilg‘ay olgan Oliver tag‘in jazavaga tushib, eshikni gursillatib tepkilay boshladiki, bu shovqin jamiki boshqa ovozlarni bosib ketdi.
Ayni ana shu ahvol tang pallada mister Sauyerberi qaytib qoldi. Har ikkala xonim o‘z fikrlaricha, xo‘jayinning g‘azabini nihoyatda alanglatib yuboradigan lof-u mubolag‘alarni qo‘shib-chatib, Oliverning qilgan jinoyatini yetkazganlarida, u o‘sha zamonoq yerto‘laning eshigini ochdi-yu, o‘zining g‘alayon ko‘targan shogirdini yoqasidan tutgancha surgab chiqdi.
Oliverning ust-boshi mushtlab-yumdalangan paytlarida tilka-pora bo‘lgandi; beti ko‘kargan, shilingan-tirnalgan; patila-patila sochi peshonasiga tushib turardi. Ammo afti ilgarigidek g‘azabdan cho‘g‘day yonib turardi, yerto‘ladan surgab chiqqanlarida u Noega yeb yuborguday o‘qraydi, chamasi, zarracha qo‘rqmagan ko‘rinardi.
– Barakalla, qoyil yigit ekansan! – deb qo‘ydi Sauyerberi Oliverni silkib, tarsaki bilan siylarkan.
– U onamni so‘kdi, – javob berdi Oliver.
– So‘kkan bo‘lsa, osmon uzilib yerga tushibdimi, ko‘rnamak, yaramas maxluq?– bobilladi missis Sauyerberi. – O‘sha onang bu nima degan bo‘lsa, shunga munosib, hatto buyam kamlik qiladi.
– Yo‘q, munosibmas bunga, – dedi Oliver.
– Ha, bahosi shu, uning, – dedi missis Sauyerberi.
– Yolg‘on bu! – qichqirdi Oliver. – Yolg‘on!
Missis Sauyerberining ko‘zlaridan duvva yosh yumaladi.
Ana shu ko‘z yoshlar seli mister Sauyerberini haqni nohaqdan ajratish imkoniyatidan mahrum etdi. Mabodo, u Oliverni oilaviy nizolar paytidagi taomilning barcha jihatlariga muvofiq qattiq jazolash xususida loaqal bir daqiqagina ikkilanib qolganida bormi, bunday mojarolarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan kitobxon uning shubhasiz ta’na-dashnomlar yomg‘iri ostida qolishi, erkaklik sha’nini tahqirlovchi hayvon, maxluq va shu kabi talay haqoratomuz laqablar qalashtirib tashlanishi, qalashtirib tashlanganda ham barini mazkur bobda sig‘dirib bo‘lmay qolishi tayin ekanini tushunadi. Tan bermoq kerak: xonadon boshlig‘i sifatida uning bolaga shafqat qilishga moyilligi yo‘q emasdi, ehtimol, bu o‘z manfaatiga javob bergani uchundir, ehtimolki, xotini Oliverni yomon ko‘rishi sabablidir. Biroq xotinining shashqator ko‘z yoshi uni nochor ahvolga solib qo‘ydi-yu, oqibatda u Oliverni shunday do‘pposladiki hatto missis Sauyerberining ham ko‘ngli joyiga tushdi, mister Bamblga esa hassasini ishga solishining o‘rni ham, hojati ham qolmadi. To qosh qoraygunicha Oliver nasos hamxonaligida bir burdagina nonga qanoat qilib qaznoqda qamalib o‘tirdi, oqshom qo‘ngach, missis Sauyerberi eshik orqasida turib, onasi sha’niga mutlaqo yopishmaydigan qator noshoyon gaplarni aytdi, so‘ngra – bu vaqt ichida Noe bilan Sharlott uning ustidan kulib, masxaralashni qo‘ymadilar – yuqoriga, faqirona to‘shagi joylashgan yerga chiqishni buyurdi.
Oliver tobutsozning suv quyganday jimjit va osuda zimistonlik chulg‘agan do‘konida tanho qolgachgina bunday mash’um kundan so‘ng, hatto murg‘ak go‘dakning qalbida ham uyg‘onishi mumkin bo‘lgan his-tuyg‘ularga erk berdi. U achchiq tanbeh-u koyishlarni nafrat-la eshitdi, u qamchi zarbalariga g‘iring demay chidadi, zotan, uning qalbi hatto tanini o‘tda qovurganlari taqdirda ham so‘nggi nafasigacha miq etmaslikka majbur qiluvchi g‘ururga to‘lgandi. Lekin mana endi, uni hech kim ko‘rmayotgan va eshitmayotgan paytda Oliver tiz cho‘kdi-yu, ko‘z yoshiga erk berdi, bunchalik yosh to‘kish uchun u tengi go‘daklardan kamdan-kamida (baxtimizga xalloqi olam biz, osiy bandalariga in’om etadigan) asos-sabablari bordir.
Oliver shu holatda uzoq turib qoldi. U o‘rnidan turganida sham deyarli shamdonga taqalguncha yonib bitayozgan edi. U ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglab, hushyorlik-la quloq solgancha, astagina eshikni ochib, ko‘chaga mo‘raladi.
Ayozli, zim-ziyo tun edi. Bolaning nazdida osmondagi yulduzlar odatdagidan balandroq tuyuldi; tiq etgan shamol yo‘q, shu bois daraxtlarning yerga tushib turgan qop-qora ko‘lankasi aniq-tiniq hamda jonsiz ko‘rinar – zotan, ular qilt etmasdi. U eshikni sekingina yopdi. Yonib bitayozgan shamning shirava yorug‘ida uncha-muncha kiyimini ro‘molchaga tugdi-da, xarrakka o‘tirib, tong otishini kuta boshladi.
Ilk quyosh nurlari darchalarning yoriq-tirqishlaridan ichkariga mo‘ralay boshlashi bilanoq Oliver o‘rnidan turib, yana eshik lo‘kidonini surdi. Tevarakka cho‘chibgina ko‘z yugurtirib, bir nafasgina ikkilanib turgach, eshikni berkitdi-yu, o‘zini ko‘chada ko‘rdi.
U qayoqqa qarab yugurishini bilmay avval o‘ngga qaradi, so‘ng so‘lga. Shunda odatda shahardan chiqib ketayotgan aravalarning asta tepalikka ko‘tarila borishi esiga tushib qoldi. Bola ana shu yo‘lni tanladi, dalani kesib o‘tib, nariroqda tag‘in katta yo‘lga tutashadigan so‘qmoqqa yetgach, o‘shanga burildi-yu, jadal ilgarilay ketdi.
Fermadan mehnat uyiga yetaklab kelayotganida mister Bamblning yonida yo‘rg‘alagancha xuddi ana shu so‘qmoqdan yugurgilab borgani Oliverning yaxshi esida. Bu so‘qmoq naq o‘sha bog‘ hovlining yonginasidan o‘tadi. Shuni o‘ylarkan, uning yuragi gurs-gurs tepib, oz bo‘lmasa orqasiga qaytayozdi. Biroq u allaqancha yo‘lni bosib qo‘ygan, orqasiga qaytsa ancha fursatni boy berardi. Buning ustiga hali juda barvaqt, o‘zini ko‘rib qolishlaridan xavotirlanishiga asos ham yo‘q edi. Xullasi kalom, u olg‘a odimlayverdi.
Mana, bog‘ hovli yoniga yetdi. Aftidan, bunday barvaqt pallada u yerda istiqomat qiluvchilarning bari hali uyquda edi chog‘i. Oliver to‘xtab, boqqa qaradi. Bir bolakay jo‘yakda o‘toq qilayotibdi; Oliver to‘xtaganida u za’faronday yuzchasini ko‘tardi – bu uning ilgarigi o‘rtoqlaridan biri ekan. Oliver uni bu yerdan jo‘nab ketar oldida ko‘rganiga suyundi: bola undan kichikroq edi, lekin Oliver u bilan inoq yashar va ko‘pincha birga o‘ynashardi. Necha-necha martalab ikkovlarini qo‘shaloq qilib urishgan, och qo‘yishgan, birga qamab qo‘yishgan edi.
– Sekinroq, Dik! – dedi Oliver bola chopgancha eshik oldiga kelib, u bilan ko‘rishgani kergilar orasidan qiltiriq qo‘lchasini uzatarkan. – Hali hech kim turgani yo‘qmi?
– Mendan boshqa hech kim, – javob berdi bola.
– Dik, meni ko‘rganingni aytma, – dedi Oliver. – Men qochdim. Meni urib, xafa qilishdi, shuning uchun baxtimni bu yerlardan uzoqroqdan qidirmoqchiman. Lekin qayerdanligini o‘zim ham bilmayman. Namuncha ranging oqarib ketibdi?
– Doktor meni, o‘ladi, deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim, – dedi bola xiyolgina jilmayib. – Seni ko‘rganimdan xursandman, endi bor, tezroq keta qol!
– Yo‘q, sen bilan xayrlashmoqchiman, – dedi Oliver. – Biz hali tag‘in ko‘rishamiz, Dik. Bilaman, albatta ko‘rishamiz! Sen sog‘ayib ketasan, baxtli bo‘lasan hali!
– Qaniydi, – javob berdi bola. – O‘lganimdan keyin shunday bo‘ladi. Bilaman, Oliver, doktor to‘g‘ri aytgan, nimaga desang, tez-tez osmon farishtalari, keyin sira-sira ko‘rinmaydigan mehribon yuzlar tushimga kiradi. Meni o‘p, – dedi bola pastak eshikka tirmashib chiqib, qo‘lchalari bilan Oliverning bo‘ynidan quchoqlagancha. – Xayr, o‘rtoqjon! Xudo yor bo‘lsin senga.
Bu oq yo‘l murg‘ak go‘dakning lablaridan uchgandi, biroq Oliver o‘ziga oq yo‘l tilaganlarini birinchi bora eshitayotgan edi va u bundan buyongi kurashlar, iztiroblar, buzg‘unchi taqdirning makr hamda bevafoliklari-yu musibatlarga to‘liq hayoti davomida hech qachon unutmaydi buni.
SAKKIZINCHI BOB
OLIVERNING LONDONGA YO‘L OLGANI-YU, YO‘LDA G‘ALATI BIR YOSH JENTLMENNI UCHRATGANI
Oliver so‘qmoqning boshiga yetdi va yana katta yo‘lga chiqdi. Soat sakkiz edi. Garchi uni shahardan deyarli besh mil masofa ajratib turgan bo‘lsa-da, tag‘in quvib, yetib olishmasin, degan xavotirda devor-u g‘ov-to‘siqlar panasida to peshingacha chopa-chopa yo‘l bosdi. Nihoyat, u yo‘l yoqasidagi ustun tagida dam olgani o‘tirdi va birinchi marta qayoqqa borishi hamda qayerda yashashi ustida bosh qotirdi.
O‘zi tagida o‘tirgan ustunga yirik-yirik raqam-u harflar bilan bu yerdan Londongacha roppa-rosa yetmish mil deb yozib qo‘yilgandi. Bu yozuv bolaning miyasida cheki chegarasi ko‘rinmaydigan fikrlar silsilasini tug‘dirdi. London!.. Ulug‘vor, azim shahar!.. Hech zog‘, hatto mister Bamblning o‘zi ham – hech qachon topolmaydi uni bu shahardan! Mehnat uyidagi keksalarning gaplariga qaraganda birorta farosatli yigit Londonda turib, muhtoj qolmasmish, innaykeyin, o‘sha azim shaharda pul topishning shunaqangi yo‘llari bormishki, chekka o‘lkalarda o‘sganlarning xobi-xotiriga ham kelmas emish bu. Basharti, biror kimsa yordam qo‘lini cho‘zmasa, ko‘cha-ko‘yda kuni bitishi tayin bo‘lgan boshpanasiz bola uchun eng qulay joy emish. Miyasiga shu fikrlar kelarkan, u dik etib turdi-yu, yana olg‘a odimlay ketdi.
Ko‘zlagan manziliga yetgunicha qancha qiyinchiliklarga bardosh berishi kerakligini fahmlagunicha u bilan London orasidagi masofa yana to‘rt mildan ko‘proqqa qisqardi. Shunda qadamini picha sekinlatib, u yoqqa qandoq yetib olish xususida o‘y sura boshladi. Tugunchasida bir burda non tegrasi, dag‘al ko‘ylak bilan ikki juft paypoq bor edi. Bundan tashqari, cho‘ntagida bir penni – Oliver ayniqsa o‘zini ko‘rsatgan qaysidir motam marosimidan keyin Sauyerberi sovg‘a qilgan chaqa ham bor edi. «Top-toza ko‘ylak, – o‘yladi Oliver, – ajoyib narsa, innaykeyin, ikki juft yamalgan paypoq bilan bir penni ham; lekin shunday sovuqda oltmish besh mil yo‘l yuradigan odamga bularning nimayam foydasi tegardi».
Oliver, aksar odamlar singari, qiyinchiliklarga chidashga va ularni payqashga favqulodda tayyorligi bilan ajralib turadigan toifadan edi-yu, biroq ularni yengib o‘tish uchun amalga oshirsa bo‘ladigan birorta chorani topishda mutlaqo ojizlik qilib qolardi. Alqissa, u besamara uzoq mushohadadan so‘ng tugunchasini boshqa yelkasiga tashladi-yu, yo‘lini davom ettirdi.
O‘sha kuni Oliver yigirma mil yo‘l bosdi, bu vaqt orasida qotgan nonning cheti bilan yo‘l yoqasidagi hovli eshigi oldida turib so‘rab olgan suvdan bo‘lak tishiga hech nima tegmadi. Qosh qoraygandan keyin u o‘tloqqa burildi-da, pichan g‘arami ichiga kirib, shu yerda tong ottirishga ahd qildi. Oldiniga dilini qutqu bosdi, chunki yalang‘och dalalar uzra shamol uv tortardi. U sovqotar, qorni och va hech qachon o‘zini bu qadar yolg‘iz his etmagan edi. Ammo yuraverib holdan toygani sababli ko‘p o‘tmay uyquga ketib, jamiki iztiroblarni unutdi.
Ertalab nihoyatda sovqotgani, qorni o‘larday ochligidan beixtiyor o‘zi o‘tib borayotgan dastlabki qishloqdayoq pennisini kulchaga almashtirdi. Yana tun kirganida u o‘n ikki mildan ortiq yurmagandi. Tovonlari sirqirab, charchaganidan oyoqlari chalishib keta boshladi. Oradan tag‘in bir kecha o‘tdi, bu kechani u sovuq, zax yerda o‘tkazdi-yu, ahvoli yanada yomonlashdi; ertalab yo‘lga tushganida oyoqlarini arang sudrab bosardi.
U tik tepalik etagida to usti berk pochta aravasi yetib kelgunicha kutib turdi-da, arava sirtida o‘tirgan yo‘lovchilardan xayr qilishlarini tiladi, lekin ulardan bir-yarimlarigina e’tibor berishdi bolaga, bular ham, toki tepa ustiga chiqib olgunimizcha kuta tur, ana undan keyin ko‘ramiz, beradigan yarim penniyimizni tez yetib chiqib, ololarmikansan-yo‘qmikan, deyishdi. Bechora Oliver aravadan ortda qolmaslikka tirishdi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchradi: u nihoyatda charchagan va oyoqlari zirqirab og‘rirdi. Arava sirtida o‘tirgan yo‘lovchilar unga, bir paqirga arzimaydigan yalqov kuchukvachcha ekansan, deyishib, yarim penniliklarini ham kissalariga solib qo‘yishdi. Shunday qilib, arava orqasida faqat chang bulutini qoldirgancha taraqaturuqlab jadallay ketdi.
Ba’zi qishloqlarda ushbu viloyatda tilanchilik qiluvchilarni turma kutishidan ogohlantiruvchi so‘zlar yozilgan kattakon bo‘yalgan taxtalar qoqib qo‘yilgan edi. Har gal shunday yozuvga duch kelganida Oliver judayam qo‘rqib ketar va bunday joylardan tezroq chiqib ketishga oshiqardi. Boshqa qishloqlarda u mehmonxona oldida turib olib, o‘tkinchilarga ma’yus javdirardi; odatda bu hol shu bilan tugardikim, mehmonxona sohibasi yaqinroqda sandiroqlab yurgan aravakashlardan birortasiga bolani haydab yuborishni buyurardi, negaki, beka uni biron nimani o‘marib ketish niyatida deb o‘ylar va bunga amin edi. Mabodo u fermer ostonasiga borib tilansa, o‘ndan to‘qqiz holatda itlarini gij-gijlashardi, bordi-yu, biron do‘konga tumshug‘ini suqqudek bo‘lsa, bidldan so‘z ochishar, shunda Oliverning qo‘rqqanidan og‘zi quruqshab ketardi, ko‘pincha esa uning og‘zida so‘lakayidan bo‘lak hech vaqo bo‘lmasdi-da, axir.
Pirovard-oqibatda, qorovulxonadagi rahmdil qorovul bilan mehribon keksa xonim bo‘lmaganida Oliverning uqubatlari, xuddi onasining iztiroblari singari, tez orada tugar, boshqacha qilib aytganda, u qirollikning katta yo‘lida tappa tashlab, dunyodan ko‘z yumgan bo‘lardi. Ammo qorovulxonada turgan qorovul non va pishloq bilan qornini to‘yg‘azdi, nevarasi kema halokatiga uchrab, allaqaysi olis yurtda yalangoyoq ovorayi jahon bo‘lib yurgan keksa xonim esa sho‘rpeshona yetimchaga rahmi kelib, jindakkina bo‘lsa-da, qurbi yetgan narsasini berdi; eng muhimi, u bolaga shirin, mehrga yo‘g‘rilgan yaxshi so‘zlarni, hamdardlik, hamrozlik tuyg‘ularini hadya etdikim, bu narsa Oliverning qalbiga shu tobgacha chekkan aziyatlaridan ko‘ra chuqurroq tomir otdi.
Ona shahridan chiqib ketganining yettinchi kuni ertalab, oyog‘i oqsab, imillab Barnet shaharchasiga kirib bordi. Deraza qopqoqlari hali taqa-taq berk, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh edi: kundalik yumushlari bilan shug‘ullanmoq uchun hech kimsa uyg‘onmagan edi hali. Quyosh gul-gul yashnab, charaqlab jamol ko‘rsatdi, lekin oftob nuri oyoqlari qonga, hamma yog‘i changga belanib, qandaydir bir eshikning zinasida o‘tirgan Oliverni butunlay yolg‘iz, kimsasiz tashlandiq ekanini yanada kuchliroq his etishga majbur etdi, xolos.
Birin-ketin deraza qopqoqlari ochilib, chiypardalar ko‘tarilib, ko‘chalarda yo‘lovchilar ko‘zga chalina boshladi. Ulardan ba’zilari bir lahzagina to‘xtab, Oliverga qarashar yoxud o‘tib borayotib yo‘l-yo‘lakay qayrilib qarab qo‘yishardi; ammo hech qaysilari unga yordam qo‘lini cho‘zmas, bu yerga qanday kelib qolganini so‘ramas edi. Sadaqa so‘rashga esa uning jur’ati yetmasdi. Xullasi kalom, u hanuz eshik oldida o‘tirardi.
U qovoqxonalarning ko‘pligidan hayron qolib (Barnet shahridagi har ikki binoda kattami, kichikmi tamaddixona joylashgan edi), oldidan o‘tib turgan faytonlarga beparvo tikilib, o‘z yoshiga xos bo‘lmagan jasorat hamda qat’iyat ko‘rsatib bir hafta vaqtini sarflashga to‘g‘ri kelgan yo‘lni bir necha soat ichida bosib o‘tish bu aravalar uchun hech gap emasligi ustida xayol surib, qunishgancha uzoq o‘tirdi. Keyin qo‘qqisdan bir necha daqiqa muqaddam yonidan e’tibor bermay o‘tib ketgan, endi orqasiga qaytib, ko‘chaning narigi betida o‘zini diqqat bilan kuzatayotgan bolaga ko‘zi tushib qoldi. Oldiniga bunga e’tibor bermadi, lekin bola shunchalik uzoq kuzatdiki, axiyri Oliver boshini ko‘tardi-da, u ham bolaning aftiga tikildi. Shunda bola ko‘chani kesib o‘tib, Oliverga yaqinlashar ekan:
– Hoy bolakay! Boshingga nima tashvish tushdi?
– dedi.
Kichik sayyohdan savol so‘ragan bola taxminan tengquri edi-yu, biroq Oliver shu paytgacha uchratgan bolalar orasida bu eng g‘alatisi edi. O‘zi puchuqburun, yapasqi peshona, basharasida yarq etib ko‘zga tashlanib turadigan biron belgisi yo‘q, kir-chir (faqat yosh bolalarninggina shunday ahvolda yurishini tasavvur qilish mumkin) edi-yu, lekin kekkayib, o‘zini xuddi kattalarday tutardi. Yoshiga nisbatan bo‘yi pakanaroq, qiyshiq oyoq, ko‘zlari o‘tkir hamda sovuq boqardi. Boshining uchiga qo‘nqaytirib olgan shlyapasi tushib ketay-tushib ketay deb turardi; basharti, egasining dam-badam boshini silkib-silkib qo‘yadigan odatini aytmasa, shunday bo‘lishi aniq edi, zotan, u boshini har silkiganida shlyapa oldinga yana joyiga surilib qolardi. Egnidagi kattalarning kamzuli naq tovonigacha tushib turardi. Aftidan, qo‘lini jo‘jaxo‘rozcha vajohat bilan chiyduxoba cholvorining cho‘ntagiga suqish niyatida bo‘lsa kerak, yengini tirsagigacha shimarib olgandi, zero, shu tobda uning ikkala qo‘li cho‘ntagida edi. Umuman olganda, bu – bo‘yi taxminan to‘rt fut-u olti dyuymcha keladigan, qo‘nji uzun ipli botinka kiygan g‘irt surbet-u takabbur yigitcha edi.
– Hey bolakay! Nima savdolar tushdi boshingga? – dedi bu yosh jentlmen Oliverga.
– Judayam charchadim, qornim ham o‘larday och, – dedi Oliver ko‘ziga yosh olib. – Uzoqdan keldim. Yetti kundan beri yo‘ldaman.
– Yetti kundan beri! – xitob qildi yosh jentlmen. – Tushunarli. Tumshuqvoyning buyrug‘i bilandir-da, shunaqami? E-e, chog‘imda, – qo‘shib qo‘ydi u Oliverning hayron bo‘lganini ko‘rib, – sen hali tumshuqvoy deganining fahmiga yetmaydiganga o‘xshaysan shekilli-a, oshna?
Oliver kamtarona javob qilib, uning bilishicha, bu so‘z parrandalarning og‘zini bildirishini aytdi.
– Voy-bo‘y, g‘irt jo‘ja ekan-ku bu! – nido soldi yosh jentlmen. – Tumshuqvoy – bu sudya-ku! Qisqasi, tumshuqvoyning buyrug‘i bilan bo‘lsa to‘g‘ri sirtmoqqa duxob bo‘lgani ketyapsan, undan o‘lgandayam qutulolmaysan. Sen charxpalak-g‘ildirakni aylantirmaganmisan sira?1717
Charxpalak-g‘ildirak – ko‘ndalang poyalari bo‘lgan uzun g‘o‘lasimon asbob. G‘o‘laga tepa tomonidan qimirlamaydigan qilib dastasi bor kengbar taxta o‘rnatilgan, ana shu dastaklarni ushlab olgan ishchilar poyalarni bosib, g‘o‘lani harakatga keltirganlar; charxpalak-g‘ildirak birorta mexanizmga ulangan. Angliya qamoqxonalari va mehnat uylarida charxpalak-g‘ildirakni aylantirish jazo tariqasida belgilangan.
[Закрыть]
– Qanaqangi g‘ildirakni? – so‘radi Oliver.
– Qanaqangi deysanmi? Qanaqangi bo‘lardi, charxpalak-g‘ildirak-da, albatta, haligi, jindakkina joyni oladigan, hatto tosh ko‘zaning ichida ham aylanaveradigan o‘sha charxpalak-g‘ildirakni-da. Odamlar qanchalik qiynalsa, o‘shanchalik ishlaydi u, nega deganingda, agar odamlar yaxshi yashaydigan bo‘lsa, unda ishlagani ishchi topilmay qoladi… Lekin menga qara, – so‘zini davom ettirdi yosh jentlmen, – sening qorningni qappaytirish kerak-ku, bo‘pti, yemish bo‘ladi. Hozir o‘zimni ham ovim chopmayroq turibdi-da – bisotimda atigi bitta lo‘yayu hakkagina1818
Lo‘yayu hakka – o‘g‘rilar lahjasida: bir shilling va yarim penni.
[Закрыть] bor, kel, bo‘lganicha bo‘lar, ketsa-ketibdi-da. Tura qol, qani!.. Ish bundoq bo‘pti!.. Qani ketdik!
Yosh jentlmen Oliverning turishiga yordamlashib yubordi-da, eng yaqin boqqollik do‘koniga boshlab borib, u yerdan bir bo‘lak dudlangan cho‘chqa soni bilan to‘rt funtlik nonning yarimtasini yoki o‘zining tilida aytilsa, «to‘rt penslik kesim»ni sotib oldi; cho‘chqa go‘shti ayyorona bir ustomonlik – nonning ichidagi yumshoq mag‘zini o‘yib olib, o‘rniga go‘shtni joylash usuli sharofati bilan chang-to‘zon bosishdan asralgan edi. Yosh jentlmen nonni qo‘ltiqlab, kichikroq oshxonaga kirdi-da, ichkari xonaga o‘tdi. Sirli yigitchaning buyurtmasi bilan krujkada pivo keltirishdi, shundan keyin Oliver yangi oshnasining taklifidan foydalanib o‘zini ovqatga urdi-yu, uzoq kavshandi, g‘alati bola bo‘lsa bu orada butun vujudi diqqatga aylanib, ko‘zini uzmay uni kuzatib o‘tirdi.
– Londonga ketyapsanmi? – so‘radi g‘alati bola Oliver nihoyat ovqatlanib bo‘lgach.
– Hm.
– Turadigan joying bormi?
– Yo‘q.
– Puling-chi?
– Yo‘q.
G‘alati bola hushtak chalib qo‘ydi-da, qo‘llarini uzun yengi imkon berganicha cho‘ntaklariga chuqurroq suqdi.
– Siz Londonda turasizmi? – so‘radi Oliver.
– Ha, uyimizga borgan paytlarimda, – javob qildi bola. – Bugun kechasi tunagani o‘sha yerdan bironta joy topilsa, yo‘q, demasding-a, to‘g‘rimi?
– Jon-jon derdim, – javob qildi Oliver. – O‘z shaharchamizdan chiqib ketganimdan beri hali tuzukroq o‘rinda tunaganim yo‘q.
– Shungayam ko‘zyoshi qilarkanmi? – dedi yosh jentlmen. – Men bugun kechqurun Londonda bo‘lishim kerak, u yerda bitta tanishim bor, o‘zi keksa jentlmen, o‘sha senga tekinga boshpana beradi, hech nima talab ham qilmaydi; to‘g‘ri, agar seni o‘zi biladigan jentlmen boshlab borsa, albatta. Iye, nimalar deyapman, u meni tanimaydi, deysanmi? E yo‘q! Mutlaqo tanimaydi! Sirayam! Turgan gap!
Yosh jentlmen, keyingi gaplarim hazil, degan ma’noda iljaydi-da, pivosini simirdi.
Boshpana haqidagi bu nogahoniy taklif shunchalik o‘ziga rom etadigan taklif ediki, uni aslo rad qilib bo‘lmasdi. Buning ustiga, u Oliverni o‘sha chol tez orada senga albatta tuzukroq joy, ish topib beradi, deb ishontirdi. Bu narsa oralarida yanada do‘stona hamda samimiy suhbat boshlanishiga sabab bo‘ldi, Oliver ushbu gurung davomida do‘stining ism-sharifi Jek Daukins va yuqorida aytib o‘tilgan keksa jentlmenning alohida mehri-yu himoyatiga noil ekanini bilib oldi.
Mister Daukinsning qiyofasidan homiysi o‘z panohiga olganlarga yaxshi sharoit yaratib berganiga ishonish amrimahol edi. Lekin uning og‘zidan yengil-yelpi hamda beandisha so‘zlar chiqayotgani, ustiga-ustak yaqin do‘st-yorlari orasida hazilomuz «Abjir Tullak» laqabi bilan mashhur ekanini tan olgani sababli, Oliver bu beg‘am-u bevosh bolaga o‘zi maqtayotgan o‘sha valine’matining pand-nasihatlari shu kungacha kor qilmabdi-da, degan xulosaga keldi. Ana shuning ta’sirida u tezroq keksa jentlmenda yaxshi fikr tug‘dirish va bordi-yu, Tullak aslida tuzalmas kasofat bo‘lib chiqsa, uning bilan oshnachilik rishtalarini albatta uzishni diliga tugib qo‘ydi.
Jek Daukins to qorong‘i tushmagunicha Londonga kirib borishni istamagani vajidan ular soat o‘n birlarni kutishdi, shundan keyingina Izlington qopqasiga yaqinlashishdi. «Farishta»ga1919
«Farishta» – Londonning rayonlaridan biri – Izlingtondagi mashhur qovoqxona.
[Закрыть] yetgach, Sent-Jon-Roudga burilishdi, Sedlers-Uels teatri yonida tugaydigan tor ko‘chani bosib o‘tishdi, Eksmaut-strit va Kopis-Rouni ortda qoldirib, mehnat uyi yaqinidagi choqqina hovlidan o‘tib borib, Xokli-Inter-Xoulni kesib chiqishdi-da, Safren-Xillga, so‘ngra esa Greyt-Safren-Xill tomonga qayrilishdi, shu yerga yetganda Tullak Oliverga orqasidan yetib yurishni buyurib, g‘izillagancha olg‘a yugurdi.
Oliverning butun diqqati yo‘l boshlovchisini ko‘zdan qochirmaslik bilan band edi, shunga qaramay u chopib borayotib ora-sira atrofga alanglab qo‘yardi. Bundan ko‘ra fayzsiz va ayanchliroq joyni u hali ko‘rmagan edi. Ko‘cha nihoyatda tor hamda iflos, havoni esa qo‘lansa hid tutib ketgandi. Kichkina-kichkina do‘konchalarning sanog‘i yo‘q edi, lekin ularning shunday allamahal bo‘lib qolganiga qaramay eshiklari oldida g‘ujg‘on o‘ynayotgan yoki ichkarida qiyqirib chinqirayotgan bolalardan boshqa mollari yo‘qdek tuyulardi. Halokatga mahkum etilgan bu joyda go‘yoki faqat mayxonalarninggina ishi rivoj topganday ko‘rinar, ularda o‘ng‘almas odamlar – irland chiqindilari naq tomoq yirtgudek baqirib-chaqirishardi. Asosiy ko‘chaga tutash bostirma va hovlilar ortida g‘uj-g‘uj uy-kapalar ko‘rinib turar, bu yerlarda ham mast-alast erkag-u ayollar to‘ppato‘g‘ri balchiqda ag‘anashib yotishar, ba’zi eshiklardan esa qandaydir shubhali, devday-devday yigitlar pisibgina chiqib kelishardi; bular chamasi yaxshi niyat va bezarar yumushlar bilan jo‘nashmayotgandi.
Oliver, sekingina qochib qolganim yaxshimasmikin, deb o‘yladi-yu, lekin bu paytda ular tepadan pastga enib bo‘lishgan edi. Yo‘l boshlovchisi uning qo‘lidan ushlab, Fild-Leyn yonginasidagi uyning eshigini ochdi-da, uni yo‘lakka kiritib, darrov eshikni yopdi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?