Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 19


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 19 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YIGIRMA TO‘QQIZINCHI BOB
OLIVER BOSHPANA TOPGAN UY ISTIQOMATCHILARI HAQIDA DASTLABKI MA’LUMOTLARDAN XABAR BERADI

Jihozlari zamonaviy hashamdorlikdan ko‘ra ko‘proq ko‘hna taomil qulayligidan dalolat berib turganiga qaramay, shinamgina xonada nafis idishlar-la tuzalgan dasturxon ustida ikki xonim nonushta qilib o‘tirishardi. Qora bejirim ust-bosh kiygan mister Jayls ularning xizmatida; Jayls orqaga tashlangan boshini xiyolgina yonga bukib, chap oyog‘ini oldinga qo‘yib, o‘ng qo‘li bilan nimchasi yoqasidan tutgancha, pastga tushirilgan chap qo‘lida patnisni ushlagan ko‘yi qaddini g‘oz tutib turarkan, qiyofasida o‘z xizmati va mavqeyini zo‘r mamnuniyat bilan anglab yetgani ifodasi namoyon edi.

Ikkala xonimga kelganda esa, ulardan biri yoshi allaqayerga borib qolgandi, lekin o‘zi o‘tirgan yumshoq eman kursining suyanchig‘iday qaddini tik tutardi. U tamomila eskicha bichimda, lekin nazokat-u did-la tikilgan ko‘ylakda, qo‘llarini stolda bir-biri ustiga qo‘yib, ulug‘sifat bir qiyofada o‘tiribdi. Ko‘ylagi eng so‘nggi bichimga picha yon bosgandi, biroq bu nuqs umumiy taassurotga aslo zarar yetkazmagandi, aksincha, eski bichimning nafosatini yanada bo‘rttirib turardi. Uning ko‘zlari (yillar bu ko‘zlarning nur-jilvasini xiralashtirolmagan edi) navqiron suhbatdoshiga tikilgandi.

Kichik xonimning esa gul-gul ochiladigan, ayollarga xos latofat-u nazokat bahori yetishgan va (tahqir-u masxaralash botqog‘iga botmay, halol tan olinadigan bo‘lsa) basharti, Tangri taolo marhamat-u lutf-karamini darig‘ tutmay biron vaqt maloikalarini foniy xilqat qobug‘iga jo etadigan bo‘lsa, bu vujud farishtalar jon-jon deya maskan tutadigan yoshda edi.

U o‘n yettilar chamasida edi. Qaddi-qomati shunchalar nozig-u bejirim, chehrasi esa shunchalar muloyim-u nafis, shunchalar latofatli-yu yuvosh, shunchalar tinig‘-u suluv ediki, go‘yo ona yer shunday maxliqo mavjudligidan minnatdor bo‘lmog‘i darkor edi, barcha zamin maxluqotlari unga nomunosib hamrohga o‘xshardi. Hatto, tubsiz moviy ko‘zlarida chaqnab, latif manglayida aks etib turgan zukkoligi na yoshiga va na bu dunyoga mos-u muvofiq kelmaydigandek ko‘rinardi; illo, beozorligi-yu ko‘ngilchanligi, chehrasini nurafshon etgan va unda zarra g‘ubor qoldirmagan ming-minglab shuur-u shu’la yallig‘i, eng asosiysi esa – tabassumi, yoqimtoy, quvnoq tabassumi oila uchun, oilaviy orom-u baxt nashidasini surish uchun yaratilgandi.

U dasturxon ustida bekalikni o‘rniga qo‘yardi. Keksa xonim unga qarayotgan lahzada tasodifan ko‘zlarini ko‘tarib qoldi-yu, oddiygina taralgan, peshonasiga tushib turgan sochini quvnoqlik bilan orqaga silkidi, shunda chaqnoq nigohida shunchalar mehr va asl nazokat jilva qildiki, buni ko‘rganda hatto samoviy farishta-yu maloikalar beixtiyor jilmaygan bo‘lardilar.

– Britls yo‘lga chiqqaniga bir soatdan oshdiyov, to‘g‘ri emasmi? – so‘radi keksa xonim birpas dam saqlagach.

– Bir soat-u yigirma daqiqa bo‘ldi, xonim, – javob berdi mister Jayls, qora lentasidan ushlab kissasidan chiqargan soatiga qarab.

– Doim imillagani-imillagan, – dedi keksa xonim.

– Britlsning o‘ziyam o‘lgudek tepsa-tebranmasligicha qolgan-da, xonim, – javob qaytardi xizmatkor.

Darvoqe, agar Britlsning o‘ttiz yildan beri tepsa-tebranmasligicha qolgani e’tiborga olinsa, uning biron vaqt kelib chaqqon yigit bo‘lib ketishi dargumon ko‘rinadiyov.

– Nazarimda, tuzalish o‘rniga, battarlashib boryapti u, – dedi keksa xonim.

– Mabodo, o‘ziga o‘xshash og‘aynilari bilan aylanishib hayallab qolgan bo‘lsa, uni sirayam kechirib bo‘lmaydi, – dedi yosh xonim kulimsirab.

Mister Jayls, hurmat yuzasidan jilmayib qo‘ysam o‘rnimikin yo nojo‘ya chiqarmikin, deya taraddudlanib turardi aftidan, biroq ayni shu soniyada bog‘ eshik oldiga ikki g‘ildirakli yengil izvosh kelib to‘xtab, undan semiz jentlmen sakrab tushdi-yu, to‘g‘ri eshikka qarab yugurgiladi va qandaydir sirli tarzda ko‘z ochib yumgunchalik daqiqada uyda paydo bo‘lib, xonaga otilib kirarkan, sal bo‘lmasa mister Jaylsga qo‘shib nonushtalikka tuzab qo‘yilgan stolni ag‘darib yuborayozdi.

– Umrim bino bo‘lib bunaqa gapni eshitmagandim! – xitob qildi semiz jentlmen. – Azizam missis Meyli… yo Tangrim!.. Yana tag‘in tun qorong‘isida-ya… sirayam eshitmagandim bunaqasini!

Semiz jentlmen shu tariqa o‘z hamdardligini namoyon etgancha, har ikkala xonimning qo‘lini siqib ko‘rishdi-da, kursini yaqinroq surib, ulardan hol-ahvol so‘rashga tutindi.

– Omonatini topshirib qo‘yishingiz hech gapmasdi, ha, qo‘rquvdan o‘lib qolishingiz mumkin edi, – dedi semiz jentlmen. – Nega menga odam yubormadingiz? Vijdonan aytaman, xizmatkorim ko‘z ochib-yumguncha yetib kelardi, shuningdek o‘zim ham, keyin yordamchim ham xizmatingizda bo‘lsa, boshi ko‘kka yetardi, boshga falokat tushganda har qanday odam qarab turmaydi-ku, axir! Yo Rab, yo Tangrim! Shunday kutmagan bir paytda-ya! Yana tag‘in qop-qorong‘i tunda-ya!

Chamasi, doktor, go‘yoki, janobi o‘g‘rilar o‘z ishlarini kuppa-kunduzi bajarishlari va aloqa bo‘limi orqali ikki-uch kun burun ogohlantirib qo‘yishlari rasm bo‘lib qolganday, uyni o‘marib ketishga to‘satdan, innaykeyin, kechasi uringanlaridan ayniqsa tashvishga tushib qolgandi.

– Siz esa, miss Roz, – dedi doktor yosh xonimga murojaat qilib, – men…

– Shunday, albatta, – uning so‘zini bo‘ldi Roz, – xolam tepada yotgan sho‘rlikni ko‘rib qo‘ysin, degandilar.

– Ha, ha, turgan gap, – javob berdi doktor. – To‘ppato‘g‘ri! Fikri ojizimcha, bu sizning ishingiz-a, Jayls.

Idishlarni jonsaraklik bilan yig‘ishtirayotgan mister Jayls sholg‘omday qizarib ketdi va bu sharaf unga tegishli ekanini aytdi.

– Sharaf dedilarmi? – qaytarib so‘radi doktor. – Yo‘g‘-e, yana bilmadim-u, lekin o‘n ikki qadam masofadan turib birovni otish qanchalik sharaf bo‘lsa, o‘choqboshida turib, o‘g‘rini otib yaralash ham o‘shanchalik sharafdirov. Bir ko‘z oldingizga keltiring-a, Jayls, siz duelda olishyapsiz-u, raqibingiz bo‘lsa, havoga o‘q uzyapti.

Ishga bunchalik yengil-yelpi munosabatda bo‘lishni o‘z shuhratini kamsitishga urinish, deb hisoblagan mister Jayls ehtirom-la, bu borada bosh qotirib o‘tirish uning vazifasi emasligini, ammo-lekin o‘zining fikricha, raqib tomonning ahvoli hazilakam emasligini aytdi.

– Ha, haq gap! – xitob qildi doktor. – Qayerda u? Yoniga boshlang-chi. Qaytishda bu yerga kirib o‘taman, missis Meyli. U oshib tushgan o‘sha derazami? Voy-bo‘, ikki dunyoda ham ishonmagan bo‘lardim bunga!

Doktor vaysagancha mister Jaylsning orqasidan tepaga ko‘tarila boshladi. Toki u zinadan tepaga chiqib borayotgan ekan, bu fursatdan foydalanib, kitobxonni mister Losbernning shu yerlik tabib ekani, o‘n chaqirimlab tevarak-atrofdagilarning jamikisi uni «doktor» deb bilishi, farovon hayot kechirishdan ko‘ra ko‘proq bag‘ri kengligidan semirib ketgani, g‘oyatda yoqimtoy va ochiqko‘ngilligi, ustiga-ustak birorta kashfiyotchi bu viloyatdan maydoni besh baravar kattarog‘ini chiroq yoqib izlagan taqdirida ham topolmaydigan chiza dumbulroq keksa bo‘ydoq ekanidan voqif etsak bo‘ladi.

Doktor o‘zi va ikkala xonim o‘ylaganidan ko‘ra xiyla uzoqroq tutilib qoldi. Izvoshdan kattakon yapasqi yashikni olib kirishdi; xobgohda bot-bot qo‘ng‘iroq chalinib turdi, xizmatkorlar esa zinadan beto‘xtov chiqib-tushib tanda qo‘yib qolishdi; ana shu belgi-nishonalarga asoslanib, tepada nihoyatda jiddiy ish borayotibdi, degan haqqoniy xulosaga kelindi. Nihoyat, doktor tushib keldi va bemor xususidagi tashvishli savollarga javoban qiyofasiga o‘ta sirli tus berib, eshikni zichlab berkitdi.

– Bu g‘ayriodatiy bir hodisa, missis Meyli, – dedi doktor, xuddi birov ochmasin degandek, orqasi bilan eshikka suyanib.

– Nahotki, uning hayoti xavf ostida bo‘lsa? – so‘radi keksa xonim.

– Butun shart-sharoit e’tiborga olinsa, buning hech qanaqangi g‘ayriodatiy tomoni bo‘lmasligi ham mumkin-a, – javob berdi doktor, – darvoqe, menimcha, xavfli joyi yo‘q. O‘zingiz o‘g‘rini ko‘rdingizmi?

– Yo‘q, – javob qildi xonim.

– U to‘g‘risida hech nima eshitmadingiz hammi?

– Hech nima.

– Afv etasiz, xonim, – gapga aralashdi mister Jayls, – doktor Losbern kirib kelganlarida u to‘g‘risida gapirmoqchi bo‘lib endi og‘iz juftlab turgandim.

Gap shundaki, oldiniga mister Jaylsning boryo‘g‘i bir bolakayni otganini tan olishga qurbi yetmagandi. Uning jasoratiga shunaqangi maqtov-u tahsinlar yog‘ilgan edikim, u metin jasorati tufayli qozongan bebaho shuhrati cho‘qqisida ko‘krak kerib turgan maftunkor daqiqalar nashidasini surarkan, sharh-u izohotni aqalli bir necha fursat keyinroqqa surish istagini aslo tiyolmagandi.

– Roz uni birrovgina ko‘rmoqchi bo‘lgandi, – dedi missis Meyli, – lekin men buni eshitishni ham istamadim.

– Hm! – deb qo‘ydi doktor. – Ko‘rinishi mutlaqo qo‘rqinchli emas. Kaminaning hamrohligida unga ko‘z qiringizni tashlashga qarshimasmisiz?

– Albatta, agar bu zarur bo‘lsa, – javob berdi keksa xonim.

– Kamina zarur deb hisoblaydi, – dedi doktor. – Har holda, iymonim komilki, agar bu ishni keyinga qoldirib, hozir ko‘rmaydigan bo‘lsangiz, judayam afsuslanasiz. Hozir u tinch, qimir etmay yotibdi. Ruxsat eting… miss Roz, ijozatmi? Sha’nim haqqi ont ichaman, qo‘rqishga hech qanaqangi asos yo‘q!

O‘TTIZINCHI BOB
OLIVERNI ZIYORAT QILGAN YANGI ZOTLARNING QANDAY XAYOLLARGA BORGANLARINI NAQL ETADI

Doktor jinoyatchini ko‘rib, hazilakam taajjublanmasliklarini qayta-qayta takrorlagan ko‘yi navqiron xonimning qo‘lini qo‘ltig‘iga oldi-da, ikkinchi, bo‘sh qo‘lini missis Meyliga tutib, ularni tantanavor qiyofada, as’asa-yu dabdaba bilan tepaga boshladi.

– Ana endi, – pichirladi doktor astagina xobgoh eshigi bandini burar ekan, – bir eshitaylik-chi, u haqda nima derkansizlar. Odam Ato zamonidan beri betiga ustara tegmagan, shunga qaramay afti sirayam vahimali emas. Darvoqe, shoshmay turinglar-chi! Oldin qarab ko‘ray, mehmonlarni qabul qilishga tayyormikin?

Doktor xonimlardan oldinga o‘tib, xonaga qadam qo‘ydi. So‘ngra, ortimdan kiraveringlar, deya ishora qilib, ularni ichkariga o‘tkazib, eshikni berkitdi-da, karavotning chodir-pardasini ehtiyotkorlik bilan qayirdi. Karavotda ular kutganiday badbin, o‘ng‘almas kazzob o‘rnida qiltiriq, og‘riqdan azob chekkan bir go‘dak dong qotib uxlab yotardi. Jarohati boylangan yarador qo‘li ko‘ksida, boshini sog‘ qo‘liga qo‘yib yotibdi, yostiq bilan bitta bo‘lib yoyilgan sochi bilagining yarmini qoplagan.

Muhtaram jentlmen pardani qayirgan ko‘yi biron daqiqacha bolakayga indamay tikilib turdi. U bemorini kuzatarkan, yosh xonim lip etib uning qo‘li bilan parda oralig‘idan o‘tdi-yu, karavot yonidagi kursiga o‘tirdi-da, Oliverning yuzini yopib turgan sochlarini qaytarib qo‘ydi. Bolaning ustiga egilarkan, qiz ko‘zlaridan yumalagan yosh uning peshonasiga tomdi.

Bola qimirlab, bamisli bu rahm-shafqat hamda hamdardlik nishonasi bo‘lmish yosh tomchilari qandaydir bir yoqimli, u umrida ko‘rmagan mehr-oqibat-u erkalash orzusini tug‘dirganday, uyqusida jilmayib qo‘ydi. Xuddi shuningdek, mayin kuy, suvning osudalik qo‘ynida chuldirashi, chechak atri yoxud tanish bir kalima so‘z ham goho qo‘qqisdan kishi hayotida tag-tugida bo‘lmagan shirava xotirotni – bu xiyla dorilamon kunlar haqidagi oniy uchqur orzular qanotida paydo bo‘lgan va bir xo‘rsiniq misoli uchib g‘oyib bo‘ladigan xotirotlar – zo‘rlash bilan xotirot ko‘zgusida aslo jonlantirib bo‘lmaydigan xotirotlarni gavdalantiradi.

– Bu qanaqasi bo‘ldi? – nido soldi keksa xonim. – Bu sho‘rlik go‘dak o‘g‘ri-muttahamlarning sherigi bo‘lishi mumkin emas.

– Qusur-u illat aksariyat qasr-u ehromlardan o‘ziga maskan topa oladi, – dedi tabib xo‘rsinib, parda chetini qo‘yib yuborar ekan. – Shundoq bo‘lgach, ajoyib qobiq – kelishgan tana – unga mazgil bo‘lolmaydi deb kim ham ayta oladi?

– Shunday yosh bola-ya? – e’tiroz bildirdi Roz.

– Aziz jajji xonimginam, – dedi tabib nadomat-la bosh chayqab, – jinoyat, xuddi ajal singari nafaqat keksayib, qiltillab qolganlargagina hukmini o‘tkazadi. Eng yosh-u, eng ajoyib jonlar ham tez-tez tushib turadilar bunday gunoh tuzog‘iga.

– Nahotki… o, nahotki, siz shu murg‘akkina go‘dakni eng qabih, rasvoyi raddi ma’raka murtadlarga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan, deb o‘ylaysiz?

Doktor, juda bo‘lishi mumkin-da, degan ma’noda bosh irg‘ab qo‘ydi; u xonimlarni bolani bezovta qilmasliklarini ogohlantirib, ikkovlarini qo‘shni xonaga boshladi.

– Bordi-yu, u hatto yo‘ldan ozgan taqdiridayam, – so‘zini davom ettirdi Roz, – o‘zingiz o‘ylang, hali g‘irt go‘dak-ku. Bir o‘ylab ko‘ring, balki u hech qachon na ona mehrini, na oilaviy huzur-halovatni ko‘rmagan, bilmagandir. Ehtimol, yomon muomala, kaltaklashlar yoki ochlik uni zo‘rlab jinoyatga boshlagan odamlarga qo‘shilib ketishga majbur etgandir… Xola, o‘rgilay xola, Xudo haqqi, bechora kasal bolani qamoqqa tiqishlariga ruxsat berishdan oldin bir o‘ylab ko‘ring, u yoqda, turgan gapki, tuzalishiga bo‘lgan eng oxirgi umid uchquniyam so‘nib, adoyi tamom bo‘ladi-ku! Siz meni sevasiz, sizning mehribonchiligingiz va saxovatingiz sharofati bilan hech qachon yetimligimni his qilmaganimni yaxshi bilasiz, lekin buni his qilishim, manavi sho‘rlik go‘dakka o‘xshab, nochor-u notavon, himoyachisiz ojiza bo‘lib qolishim ham mumkin edi-ku! Shuning uchun, vaqt borligida bunga ham shafqat qila qoling!

– Jonim bolam-ey, – dedi keksa xonim yig‘lab turgan qizni bag‘riga bosib, – nahotki, meni uning boshidagi hatto bitta tukiga qo‘l tekkizadi deb o‘ylasang?

– Yo‘g‘-e! – deya qizg‘in xitob qildi Roz.

– Albatta, unday qilmayman, – gapini tasdiqladi keksa xonim. – Umrim poyoni-zavoliga yaqinlab boryapti, shu sababli, o‘zim marhamat-u shafqat umidida ekanman, odamlarga nisbatan marhamatli bo‘lishga harakat qilaman… Uni qutqarib qolish uchun nima qilishim kerak, ser?

– Mulohaza yuritib ko‘rishimga imkon bering picha, xonim, – dedi doktor, – bosh qotirib ko‘rishga…

Mister Losbern qo‘llarini cho‘ntagiga suqqancha, bir necha marotaba xonada u yoqdan-bu yoqqa borib keldi, dam-badam yurishdan to‘xtab, oyog‘i ko‘tarilgan damlarida vahimali qiyofada qovog‘i uyilib ketardi. Bir necha marta: «Topdim! Yo‘q, bo‘lmaydi bu!» – deya xitob qildi-da, yana qoshlarini chimirgancha nari-beri borib-kelaverdi, axiyri to‘xtab, shunday dedi:

– Nazdimda, basharti, Jayls bilan anavi bolakay Britlsni boplab qo‘rqitib qo‘yishimga izn bersangiz, bu ishning epini qilarmanov. Bilaman, Jayls – sadoqatli odam va eski xizmatkor, lekin sizning izmingizda u bilan yana inoqlashib ketish, buning ustiga merganligi uchun taqdirlashning minglab yo‘rig‘i bor. Qarshi emasmisiz bunga?

– Agar bolani qutqarib qolishning o‘zga chorasi bo‘lmasa, – javob berdi missis Meyli.

– Boshqa hech qanaqangi chorasi yo‘q, – dedi doktor. – Ha, hech qanaqangi! Gapimga ishonavering!

– Unday bo‘lsa, xolam sizga cheklanmagan haqhuquq beradilar, – dedi Roz ko‘z yoshlari orasidan jilmayib. – Lekin o‘tinaman, u sho‘rliklarga nisbatan keragidan ortiqcha qattiqqo‘llik qilmasangiz.

– Siz, miss Roz, – e’tiroz bildirdi doktor, – bugun o‘zingizdan boshqa hammani toshbag‘ir deb hisoblayapsiz chog‘i. O‘sib-ulg‘ayib kelayotgan erkaklar vakillari baxt-saodati haqqi, shu narsagagina umid qilamanki, sizning qalbingizda achinish hissini tug‘dirgan dastlabki munosib yigitcha xuddi mana shunday ta’sirchan hamda rahmdil ko‘nglingizni darrov iydirib yuboradi. Qani endi, shu tobda yigitcha bo‘lib qolsam-u, bugungidek qulay fursatdan hayallamay foydalansam.

– Siz ham xuddi Britlsga o‘xshagan soqoli chiqqan bolakaysiz, – dedi Roz lolaqizg‘aldoqdek qizarib.

– Nimayam derdim, – samimiy kuldi doktor, – bu unchalik mushkul ish emas. Lekin bola masalasiga qaytaylik. Bitimimizning asosiy bandini muhokama qilib olishimiz kerak hali. Taxminimcha, u biror soatdan keyin uyg‘onadi. Garchandki anavi, pastdagi haftafahm konsteblga, bolani bezovta qilish mumkin emas va gaplashish sog‘lig‘i uchun xavfli, deb aytgan bo‘lsam ham, o‘ylaymanki, u bilan gaplashib olsak bo‘ladi, buning xatarli joyi yo‘q. Kaminaning sharti shu: sizlarning shohidligingizda undan so‘rab-surishtiraman va basharti, uning so‘zlari asosida (aql-u zehnimiz qanoatlansa, albatta), butunlay yo‘ldan ozgan, degan xulosaga kelsak (bu haqiqatga yaqinroq), bolani o‘z qismati hukmiga havola qilamiz, har holda, men ortiq aralashmayman.

– Yo‘q-yo‘q, xolajon! – iltijo qildi Roz.

– Xo‘p deyavering xolasi! – so‘zini bo‘ldi doktor. – Kelishdikmi?

– U o‘ng‘almaydigan yaramas emasdirov! – dedi Roz. – Aqlga sig‘maydi bu.

– Juda soz! – dedi doktor. – Demak, u taqdirda kaminaning taklifini qabul etish yanayam asosli bo‘ladi.

Oxir-oqibatda bitim tuzilib, har ikkala tomon Oliverning uyg‘onishini bir qadar sabrsizlik bilan kuta boshlashdi.

Ikkala xonimning sabr-toqatlarini mister Losbern bashorat qilganidan chandon ortiqroq muddatga cho‘ziladigan imtihon kutayotgan edi, zeroki, soat ketidan soat o‘tib borar, Oliver esa hanuz tosh qotib uxlardi. Ko‘ngli bo‘sh doktor Oliverning gaplasha oladigan darajada o‘ziga kelgani xabarini keltirganida kech kirib bo‘lgandi. Doktorning so‘ziga qaraganda bolaning dardi juda og‘ir va qon ketishidan zaiflashib qolgan ekan-u, biroq uning nimanidir aytaman, deb juda qiynalayotganini ko‘rib, doktor unga bunday imkoniyat berishni ma’qul topdi va go‘dakni ertalabgacha bezovta qilmaslikni qat’iyan talab qilib o‘tirmadi; aks holda, u bu talabini mutlaqo bo‘shashtirmagan bo‘larkan.

Suhbat cho‘zilib ketdi. Oliver oddiygina hayoti ro‘znomasini ularga ikir-chikirigacha so‘zlab berarkan, og‘riq va darmonsizlik uni bot-bot jim qolishga majbur etardi. Boshiga beshafqat odamlar solgan behisob ranj-u alam, falokatlarni marjon yanglig‘ qat-qat ipga tizib tashlayotgan bemor bolaning zaif ovozi g‘ira-shira xonada hazin-u g‘amgin eshitilardi. O, koshki edi biz, o‘z yaqinlarimizni ezib, zulm o‘tkazarkanmiz, insoniy xato-yu yanglishishlarning dahshatli dalil-u isboti – boshimizdan intiqom jalasini yog‘dirmoqlik uchun ko‘kka o‘rlayotgan qalin va vazmin bulutlar singari asta-asta, ammo qat’iy tarzda samo sari parvoz etayotgan dalil-u isbotlar xususida loaqal bir marta o‘ylab ko‘rsak edi-ya. O‘, qani endi, biz marhumlarning olamda hech qanday kuch bo‘g‘ib qo‘ya olmaydigan, hech qanday g‘urur-u takabburlik unini o‘chira olmaydigan bosinqi, fosh etguvchi ovozlarini tasavvurotimiz qulog‘i bilan aqalli bir lahzagagina eshitolsak! Hayotning har bir kuni yog‘dirayotgan haqorat-u adolatsizlik, g‘am-alam-u qashshoqlik, shafqatsizlig-u tahqirlash, ranj-u ozorlardan nima qolardi u chog‘da!

O‘sha oqshom Oliverning yostig‘ini mehribon qo‘llar to‘g‘rilab qo‘ydi, to uyquga ketguniga qadar go‘zallig-u saxovat timsoli qoshida parvona bo‘ldi. U xotirjam va baxtiyor, hatto g‘iq etmay jon berishga ham tayyor edi.

Mazkur muhim suhbat tugagani va Oliver yana uyquga keta boshlagani hamonoq doktor ko‘zlarini ishqalab, ayni chog‘da ularning ko‘ngilbo‘shliklaridan o‘pkalagancha pastga, mister Jaylsga qarshi ish boshlagani tushib ketdi.

Old xonalarda hech kimni ko‘rmagach, basharti, ishni o‘choqboshida boshlaydigan bo‘lsam, balki katta muvaffaqiyatga erisharman, deb o‘yladi; shunday qilib u oshxona sari yo‘l oldi. Bu yerda, xonadon parlamentining quyi palatasida, oqsochlar, mister Britls, mister Jayls, misgar (ko‘rsatgan xizmatlari mukofoti tariqasida u kun oxirigacha mehmon bo‘lish xususida maxsus taklif etilgandi) va konstebl jam bo‘lishgan edi. Bu keyingi janobning hokimiyat vakili alomati bo‘lmish kattakon asosi bor edi, kallasi xumday, yuz tuzilishi dag‘al, oyog‘ida so‘loqmonday boshmoq, basharasidan talaygina sharob ichgan odamga o‘xshab o‘tirar, aslida ham shundoq edi.

Kechagi tungi sarguzashtlar hanuz muhokama mavzuyi xizmatini o‘tayotgan edi chamasi, zero, doktor kirib kelgan pallada mister Jayls o‘zining ruhan qandayin bardam ekanligi borasida og‘iz ko‘pirtirayotgandi; mister Britls qo‘lida krujkada sharob ushlagancha boshlig‘ining og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni tasdiqlab turardi.

– O‘tiraveringlar, – dedi doktor qo‘lini silkib.

– Tashakkur sizga, ser, – javob qildi mister Jayls. – Beka bizga sharob berishni buyurdilar, ser, innaykeyin desangiz, o‘z xonamga qaytishga zarracha maylim bo‘lmagani hamda ko‘nglim jamoat bilan bir otamlashishni tusab qolgani sababli, o‘zingiz ko‘rib turibsizki, shu yerda ular bilan ulfatchilik qilib o‘tiribman, ser.

Birinchi bo‘lib Britls, undan keyin xonimlar va jentlmenlar mister Jayls ko‘rsatgan iltifot-u muruvvatdan nechog‘lik mamnun ekanlarini pichirlabgina izhor etdilar. Mister Jayls, go‘yoki, o‘zlaringni munosib tutar ekansizlar, sizlarni tark etmayman, deyayotgandek, atrofdagilarga bir-bir nazar tashlab chiqdi.

– Bemorning ahvoli qalay shu tobda, ser? – so‘radi Jayls.

– Yaxshimas, – javob qildi doktor. – Mister Jayls, mushkul ahvolga tushib qolmadingizmikin, deb qo‘rqib turibman-da.

– Umid qilamanki, ser, – deya gap boshladi mister Jayls qaltirab ketib, – bu bilan, u olamdan o‘tadi, demoqchimasdirsiz? Agar bu ishni shunday o‘y bilan qilgan bo‘lsam, bir umrga oromim yo‘qolardi-ya. Birorta bolani nobud qilishga ikki dunyoda rozi bo‘lmasdim – hatto manovi Britlsni ham – ha, butun graflikdagi jamiki kumush idish-tovog‘-u qoshiq-sanchqilarni va’da qilganlaridayam ko‘nmasdim, ser.

– Gap bunda emas… – dedi doktor sirli ohangda. – Mister Jayls, o‘zlari protestantmilar?

– Shunday, ser, iymonim shohid, – dedi mister Jayls duduqlanib.

– Xo‘sh, siz-chi, yigitcha? – deb so‘radi doktor Britlsga keskin o‘girilib.

– Xudoning o‘zi kechirsin, ser, – dedi Britls bir cho‘chib tushib. – Men… men mister Jayls nima bo‘lsalar, men ham o‘shaman, ser.

– Undoq bo‘lsa, – so‘roqni davom ettirdi doktor, – ikkovinglar javob beringlar-chi, ha ikkovinglar: anavi, tepadagi bolani – kecha kechasi o‘g‘rilar derazadan tushirishgan aynan o‘sha bola deb qasam ichib guvohlik berishga tayyormisiz? Javob beringlar! Xo‘sh? Qulog‘imiz sizda.

Hammalari olamda eng muloyim odamlardan biri deb hisoblaydigan doktor bu savolni shunchalar qahrli ohangda berdiki, sharob ta’sirida yetarli darajada qizishgan va shirakayf Jayls bilan Britls qutlari uchib, bir-birovlariga qarab olishdi.

– Diqqat bilan quloq soling, konstebl, – dedi doktor shahodat barmog‘ini bag‘oyat dag‘dag‘ali o‘ynatib va mazkur muhtaram zotning bor zehniyu sinchkovligini sergak torttirish niyatida o‘sha barmog‘i bilan qanshariga to‘qillatib nuqib, – hozir ba’zi narsalar oydinlashishi kerak.

Konstebl uddasidan chiqqanicha donishmandona qiyofaga kirdi va kamin oldidagi burchakda bekor turgan hakamlik asosini qo‘liga oldi.

– Ko‘rib turganingizdek, bu – shaxsni aniqlash masalasi, – dedi doktor.

– Mutlaqo to‘g‘ri, ser, – javob qaytardi konstebl qattiq-qattiq yo‘talib, negaki, u sharobini hovliqib ko‘tarib yuborgan va sharob boshqa yo‘lga ketib qolgandi.

– Uyga o‘g‘rilar bostirib kirishadi, – so‘zida davom etdi doktor, – shunda ichkaridagi ikki kishi qorong‘ida, xavf-u xatar eng avjga chiqqan bir paytda, yana tag‘in otishma dudi orasidan, allaqanday bir bolakayni birrov ko‘rib qolishadi. Erta-mertan xuddi o‘sha uyga bir bolakay kelib qoladi, uning qo‘li boyloq bo‘lgani vajidangina boyagi odamlar uni qo‘pollik bilan chippa ushlashadi – bu harakatlari bilan bolaning hayotini jiddiy tahlikaga qo‘yishadi va uni o‘g‘ri deb ont ichishadi. Bundan bitta savol tug‘iladi: bu odamlarning xatti-harakatlari haqmikin, bordi-yu, nohaq bo‘lib chiqqudek bo‘lsa-chi, u chog‘da bular o‘zlarini qay vaziyatga solib qo‘yishadi?

Konstebl chuqur mulohazakorlik bilan bosh irg‘adi. U, basharti, bu g‘ayriqonuniy harakat bo‘lmasa, unda nima ekanini bilishni istashini aytdi.

– Sizlardan yana bir karra so‘rayman, – dedi doktor dag‘dag‘ali ovoz bilan, – bu xuddi o‘sha bola, deb tantanali qasamyod qila olasizlarmi?

Britls ikkilanibroq mister Jaylsga qaradi, mister Jayls ikkilanib Britlsga yuzlandi; konstebl javobni ilg‘ab olish maqsadida qo‘lini qulog‘iga tutdi; ikkala ayol bilan misgar yaxshiroq eshitish uchun oldinga egilishdi; doktor ziyraklik bilan atrofidagilarni kuzatishga kirishgandi, shu asnoda to‘satdan darvozaning qo‘ng‘irog‘i jing‘illab, ayni chog‘da g‘ildiraklarning taraqlagani eshitildi.

– Bu politsiya izquvarlari! – nido soldi Britls, aftidan, u xiyla yengil tortgandi.

– Nima dedingiz? – qichqirib yubordi doktor, o‘z navbatida, endi uni vahima bosib.

– Bou-strit agentlari, ser, – javob berdi Britls shamni qo‘liga olarkan. – Mister Jayls ikkovimiz ertalab ularga odam jo‘natgandik.

– Odam jo‘natgandik, hali shunaqa deng?! Padaringizga ming la’nat sizni… sizning o‘sha aravalaringiz – arang sudralib yuradi-ya! – dedi doktor oshxonadan chiqayotib.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации