Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 15


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 15 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YIGIRMA UCHINCHI BOB
MISTER BAMBL BILAN BIR XONIM ORASIDAGI YOQIMLI SUHBATNI HIKOYA QILADI VA BA’ZI HOLLARDA HATTO BIDLDAY ODAM HAM HISSIYOTDAN MAHRUM EMASLIGIGA ISHONTIRADI

Oqshom qirchillama sovuq turdi. Yer burkanib olgan qor ko‘rpaning betini qattiq muz qobiq qopladi; qishloq yo‘llari va past ko‘cha-yu jinko‘chalardagi qor uyumlari ustiga lashkar tortgan shiddatli, jangari shamol, xuddi o‘ljasini ko‘rib, beshbattar quturib ketgandek, ayyuhannos solib, bu yerlardagi hali beti qotib ulgurmagan qorni to‘zonday shopirib, chirpirak qilib, tevarak-atrofga sochqi qilardi. Qorni to‘q, usti butun, issiq boshpanasi borlarni kamin oldiga to‘planib, shunday paytda o‘z uylarida ekanliklari uchun Xudoga ming qatla shukrona o‘qib o‘tirishga, bevatan, ochlikdan o‘lim sari yuzlangan qashshoqlarni esa yerga uzala tushib, jon taslim qilishga majbur etguvchi qahrli, zim-ziyo, ayozli oqshom edi bu. Bunday kechalarda ochlikdan sillasi qurigan talay-talay rasvoyi raddi ma’rakalar kimsasiz ko‘cha-ko‘ylarda ko‘z yumadilar va – jinoyatlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar – ular ko‘zlarini ochadigan dunyo bunisidan shafqatsizroq bo‘lmasa keragov.

Kitobxonlarimizga Oliver Tvistning kindik qoni to‘kilgan joy sifatida allaqachonoq tanish bo‘lgan mehnat uyining nozirasi bo‘lmish missis Korni o‘zining mo‘jazgina xonasida raqs tushayotgan olov ro‘parasiga joylashib, ko‘ngildagidek, huzurlanib ovqat qilishi uchun zarur bo‘lgan anjomlar qo‘yig‘liq jajji patnis turgan chog‘roqqina dumaloq stolga mamnun ko‘z tashlab qo‘ygan bir paytda tashqarida ana shunday hangoma bo‘layotgan edi. Missis Korni bir piyolagina choy lazzatini totishga chog‘langandi. Missis Korni nigohini stoldan uzib olamdagi choynaklar ichida eng jajjisi nozik tovush-la ohistagina o‘z xirgoyisini boshlagan kaminga ko‘chirarkan, uning ko‘ksidagi mamnuniyat hissi shunchalar jo‘sh urib ketdiki, xonim beixtiyor iljaydi.

– O‘ziga shukr! – dedi nozira stolga tirsaklarini tirab, o‘ychan qiyofada o‘tga tikilgancha. – Har bir bandasi peshonasiga talay narsa bitilgani rost, shundoq ekan, shukr qilishimiz kerak. Ha, talay narsa bitilgan, lekin biz buni fahmlamaymiz. Ming afsus!

Missis Korni, xuddi buni tushunmaydigan qashshoqlarning ma’naviy ko‘rligiga aza tutayotgandek, g‘amnok bosh chayqab qo‘yib, kumush qoshiqchani (shaxsiy mulki) chorak qadoqcha choy ketadigan qutiga botirib, quruq choy oldi-da, choy damlashga tutindi.

Ojiz qalbimiz oromini buzmoqlik uchun jindekkina narsa kifoya. Missis Korni fikr-mulohazalar bilan band ekan, mushtdekkina qora choynak zumda to‘lib, toshib chiqqan suv missis Kornining qo‘lini xiyolgina kuydirdi.

– Voy, yashshamagur-ey! – nido soldi muhtarama nozira shosha-pisha choynakni kaminga qo‘yib. – Zinqarcha bo‘lmay o‘l! Bor-yo‘g‘i ikki chinnioyoqqina ketadi o‘ziga! Kimga foydasi tegardi, bu sabilning?.. Axir, – picha o‘ylab turib qo‘shib qo‘ydi missis Korni, – axir menga o‘xshagan so‘qqabosh bir bechoradan boshqa kimga ham nafi tegardi! Voy Xudoyim-a!

Nozira ana shu so‘zlar bilan o‘zini kresloga tashladi va yana stolga tirsaklarini tiragancha o‘zining so‘qqabosh qismatini o‘ylay ketdi. Jajji choynak bilan bitta-yu bitta chinnioyoq mister Korni haqidagi qayg‘uli xotiralarini yodiga soldi (u bor-yo‘g‘i yigirma besh yilgina muqaddam olamdan o‘tgandi) u bundan ezilib ketdi.

– Endi boshqa bunaqasi peshonamga sirayam bitmaydi! – dedi missis Korni alami ziyoda bo‘lib. – Ha, unga o‘xshagani peshonamga bitmaydi hech qachon!

Bu gap kimga yoxud nimaga taalluqli ekani: erigami yo choynakkami – noma’lum edi. Balki keyingisigadir, negaki, shu so‘zlarni aytar ekan, missis Korni choynakka tikilib turardi, keyin esa uni o‘tdan oldi. U endigina birinchi chinnioyoqni ichib bo‘lgan ham ediki, to‘satdan eshikning astagina taqillashi oromini buzdi.

– Ha, kiravering! – dedi missis Korni shang‘illab. – Birorta kampirshoning joni uzilayotgandir-da. Ular nuqul endi bir nima totinay degan paytimda o‘lishadi. U yerda turavermang, sovuq kirib ketyapti ichkariga. Ha, nima gap bo‘lyapti u yoqda?

– Hech gap, xonim, hech gap, – javob qildi erkak kishi.

– Voy Xudoyim! – xitob qildi nozira xiyla muloyim ovoz bilan. – Nahotki, mister Bamblning o‘zlari qadamranjida qilgan bo‘lsalar?

– Xizmatingizga hozirman, xonim, – dedi eshik oldida boshmog‘ini tozalab, paltosiga ilashgan qorni qoqib tashlash uchun picha uymalashib qolgan mister Bambl, keyin esa bir qo‘lida shlyapasini, ikkinchisida tuguncha ko‘targancha kirib keldi. – Eshikni yopishga ruxsat etadilarmi, xonim?

Xonim mister Bambl bilan eshikni berkitib suhbatlashish sha’nimga munosib kelarmikin, degan hadik-la, odob yuzasidan javob berishga ikkilanib qoldi. Mister Bambl uning ikkilanishidan foydalanib, buning ustiga sovqotgani sababli ruxsatni kutib o‘tirmay, eshikni yopdi.

– Havo buzuq, mister Bambl, – dedi nozira.

– Ha, xonim, buzuq, – javob berdi bidl. – Bunaqangi havo qavm uchun koni zarar, xonim. Bugun choshgohdan keyin, missis Korni, biz yigirmata to‘rt qadoqlik non bilan bir yarim bo‘lak pishloq tarqatdik, shunga qaramay desangiz, bu yalangoyoqlar hamon norizo.

– Ha, albatta. Qachon rizo bo‘lishgan o‘zi, mister Bambl? – dedi nozira choy ho‘plab.

– Haq gapni aytasiz, xonim, qachon? – gapni ilib ketdi mister Bambl. – Bir odamga desangiz, ayoli va oilasi kattaligini e’tiborga olib, to‘rt qadoq non bilan naq bir qadoq pishloq berdik, yana tag‘in toshidan zig‘irchayam urmay desangiz. Xo‘sh, nima deb o‘ylaysiz, u minnatdor bo‘ldi, chinakamiga minnatdorchilik bildirdi, deysizmi? Yo‘q, xonim. Sariq chaqalik ham! U nima qildi, deb o‘ylaysiz, xonim? Ustamasiga ko‘mir so‘radi – jindekkina, bitta dastro‘molchada bo‘lsayam mayli, deydi-ya! Ko‘mir-a! Xo‘sh, ko‘mirni nima qiladi u? Pishloqni ilitadi, undan keyin kelib, tag‘in so‘raydi. Bularning hunari ana shunaqa, xonim: bugun etagiga uyib ko‘mir solib bersang, u, benomus, bir kuni yana so‘rab keladi.

Nozira ushbu jonli mulohazani batamom quvvatladi, shundan so‘ng bidl o‘z ma’ruzasini davom ettirdi.

– Bunaqangi qiliq qayergacha yetib borishini xobi-xotirimga ham keltirmagan ekanman, – dedi mister Bambl. – Uch kun burun – siz turmush ko‘rgan ayolsiz, xonim, shu bois sizga gapirib bersam bo‘ladi, – uch kun burun desangiz, bir nusxa, ustidagi uvadasi orqasini arang yopib turibdi desangiz (gap shu yerga yetganda missis Korni yerga qaradi), peshingi ziyofatga mehmonlar jam bo‘lib turgan paytda nozirimizning eshiklari turumiga kelib olib, yordamga muhtojman, desa bo‘ladimi, missis Korni. Ketmay ostonada turib olgani va mehmonlarning ta’bini tirriq qilgani tufayli nozirimiz unga bir qadoq kartoshka bilan bir siqim suli uni berishni buyurdilar. «Yo xudo! – dedi u nonko‘r. – Bu nima bo‘ladi? Tishimizning kovagiga kirgudek urvoq ham bo‘lmaydi-ku!» «Juda soz, – dedi nozirimiz, bergan ehsonini qo‘lidan tortib olarkan, – unda o‘sha urvoq ham yo‘q sizga». «Demak, ko‘chada o‘ladigan bo‘pman-da!» – dedi daydi. «Yo‘q, o‘lmaysan», – dedi nozirimiz…

– Xa-xa-xa! Qoyil! Mister Granat sira aynimaydi, juda topib gapiradi-da o‘ziyam, to‘g‘ri emasmi? – gapni bo‘ldi nozira. – U yog‘i-chi, mister Bambl?

– Shunday qilib, xonim, – so‘zini davom ettirdi bidl, – u ketdi va axiyri ko‘chada o‘lib qolibdi. Bu gadoyvachchaning o‘jarligini qarang-a!

– Men bunga u dunyo-yu bu dunyo ishonmagan bo‘lardim! – qat’iy ohangda dedi nozira. – Lekin mister Bambl, sizningcha, daydi-sayoqlarga yordam berish bema’ni ish emasmikin? Siz – jentlmen, ko‘pni ko‘rgan, tajribali odamsiz, buni bilishingiz kerak. Xo‘sh, qandoq hisoblaysiz?

– Missis Korni, – dedi bidl o‘zini bilimdon deb biladigan odamlar singari jilmayib, – bunaqangi odamlarga yordam qo‘lini cho‘zish – tegishli tartib-qoidalarga amal qilinganda, tegishli tartib-qoidalarga muvofiq deyapman, xonim, bu qavm uchun najot yo‘lidir. Yordam berayotganingda amal qilinadigan tartibotning birinchi bandi shundan iboratki, qashshoqlarga mutlaqo keragi yo‘q narsani tutqazmoq darkor… Ana shunda qatnash jonlariga tegadi.

– Voy xudoyim-ey! – nido soldi missis Korni. – Qanday oqilona o‘ylab topilgan-a bu!

– Bo‘lmasam-chi! Gap oramizda qolsin-u, xonim, – javob qildi mister Bambl, – bu qoidaning ahamiyati juda katta: basharti, siz anavi beadab gazetalarga tushadigan voqealarga qiziqqudek bo‘lsangiz, muhtoj oilalar ehsonni pishloq bo‘laklari sifatida olayotganlarini darrov payqaysiz. Missis Korni, butun mamlakat bo‘yicha shunaqangi tartib joriy etilgan. Darvoqe, – qo‘shib qo‘ydi bidl tugunchasini yecharkan, – bu xizmat siri, xonim, siz bilan bizga o‘xshagan qavm amaldorlaridan bo‘lak hech bir zog‘ga og‘iz ochmoq joiz emas… Manavi, portveyn, xonim, buni qavm kengashi shifoxonalar uchun buyurtirgan: yangi, haqiqiy portveyn, tariqchayam qilvir joyi yo‘q, shu bugun bochkadan quyilgan – shishaday tip-tiniq, mutlaqo quyqasiz!

Mister Bambl shishalardan bittasini yorug‘ga solib, a’lo sifatli ekaniga ishonch hosil qilish uchun yaxshilab chayqatib ko‘rdi-da, har ikkala shishani pastak javon tepasiga qo‘ydi, shisha tugilgan ro‘mol-chasini to‘rt buklab, ehtiyotlab cho‘ntagiga soldi, so‘ng xuddi ketmoqchidek shlyapasiga qo‘l cho‘zdi.

– Shundoq izg‘irinda ketadigan bo‘ldingiz-da, mister Bambl, – deb qo‘ydi nozira.

– Qattiq shamol esyapti, xonim, – javob qaytardi mister Bambl shineli yoqasini ko‘tarar ekan. – Naq quloqni yulqib ketay deydi-ya.

Nozira nigohini jajji choynakdan uzib, eshikka tomon yo‘nalgan bidlga qaradi, shunda bidl unga xayrli tun tilashga shaylanib tomoq qirarkan, xonim tortinibgina, bir ho‘plamgina choy… bir ho‘plamgina choy ichishga maylingiz yo‘qmi, deb so‘radi.

Mister Bambl shu zahotiyoq yoqasini tushirdi, shlyapasi bilan asosini kursiga qo‘ydi, ikkinchi kursini esa stolga yaqinroq surdi. U astagina kursiga cho‘kar ekan, xonimga ko‘z qirini tashladi. Xonimning ko‘zlari jajji choynakka qadaldi. Mister Bambl yana tomoq qirib, xiyol jilmaydi.

Missis Korni javondan boshqa chinnioyoq bilan likopcha olgani o‘rnidan turdi. Qaytib joyiga o‘tirarkan, ko‘zlari boodob bidlning ko‘zlari bilan uchrashdi; u qizarib ketib, bidlga choy quya boshladi. Mister Bambl tag‘in tomoq qirib oldi – bu gal oldingisidan qattiqroq.

– Shirinroq bo‘lsinmi, mister Bambl? – so‘radi nozira qanddonni olib.

– Ijozatingiz bilan, shirinroq bo‘lsa ham mayli, xonim, – javob berdi mister Bambl. Shu gapni ayta turib u missis Korniga tikildi; bordi-yu, umuman, bidl muloyim bo‘la olsa, ayni soniyada mister Bambl xuddi o‘sha bidlning naq o‘zginasi edi.

Choy indamaygina quyildi va indamaygina uzatildi. Mister Bambl qoyilmaqom kalta cholvori iflos bo‘lmasligi uchun dastro‘molini tizzasiga yoyib, choy ho‘plab, tamaddi qilishga kirishdi. Bu ko‘ngilli mashg‘ulotini ora-sira chuqur xo‘rsiniqlar bo‘lib turar, ammo xo‘rsiniqlari mutlaqo ishtahasiga ziyon yetkazmas, aksincha, uning choy bilan bo‘g‘irsoqni eplashtirishiga ko‘mak berardi.

– Xonim, mushugingiz ham bor ekan-da, – dedi mister Bambl kamin oldida bolalari bilan isinib o‘tirgan mushukka qarab. – Yana tag‘in, bolalariyam.

– Nimasini aytasiz, mister Bambl, ularni qanchalik yaxshi ko‘rishimni tasavvur ham qilolmaysiz! – javob berdi nozira. – Bular shunaqangi sho‘x, shunaqangi o‘yinqaroq, shunaqangi beg‘amki, asti qo‘yaverasiz, ochig‘ini aytsam, yolg‘iz ovunchog‘im shular.

– Juda ajoyib jonivor-da o‘zlariyam, xonim, – deya ma’qullab qo‘ydi mister Bambl. – Judayam uybop…

– O, nimasini aytasiz! – xitob qildi nozira zavqshavq-la. – Uylarini shunchalik yaxshi ko‘rishadi, shunchalik unga o‘rganib qolishganki. Rosti, bular chinakam halovat berishadi.

– Missis Korni, – bafurja, qoshiqni taqillatib, ovozini maqomga solayotgandek bir ohangda so‘zlay boshladi mister Bambl, – xonim, sizga bitta gapni aytmoqchiman: modomiki, mushuk yoki mushukvachchalar siz bilan yashab turib, xonim, o‘z uylarini yaxshi ko‘rmaydigan bo‘lsalar, unda, xonim, eshakdan farqlari qolmaydi-ku!

– Eh, mister Bambl-a! – xitob qildi missis Korni.

– Haqiqatni yashirishning nima keragi bor, xonim? – gapini davom ettirdi mister Bambl choyqoshiqni oshiqona bir qiyofada, sipohlik bilan ohista aylantirib: uning bu harakati ayniqsa kuchli taassurot qoldirayotgandi. – Menga qolsa, bunaqangi mushukni jon-jon deb o‘z qo‘llarim bilan suvga cho‘ktirardim.

– Unda yomon odam ekansiz-da! – gapni ilib ketdi nozira bidlning chinnioyog‘iga qo‘l uzatib. – Buning ustiga qahri qattiq!

– Qahri qattiq deysizmi, xonim? – takrorladi mister Bambl. – Qahri qattiq deng?

Mister Bambl ortiqcha gap-so‘zsiz o‘z chinnioyog‘ini missis Korniga tutqazdi, shunda u xonimning jimjilog‘ini siqib qo‘ydi-da, uqali nimchasi ustidan kafti bilan ikki bora tapillatib urib, chuqur xo‘rsindi va o‘tirgan kursisini kamindan jichcha nari surdi.

Stol yumaloq edi; missis Korni bilan mister Bambl bir-birlariga qarama-qarshi, olovga qarab o‘tirishar, oralari yaqin edi; shundoq bo‘lgach, o‘zo‘zidan ko‘rinib turibdiki, mister Bambl boyagiday stol yonidan jilmay, olovdan nariroq surilarkan, bu bilan missis Korni ikkovlari o‘rtasidagi oraliqni kichraytirayotgandi; ba’zi oqil kitobxonlar bunday qilmishga shubhasiz tasanno o‘qishlari va mister Bambl tomonidan ko‘rsatilgan buyuk qahramonlik namunasi sifatida ehtirom etishlari turgan gap; vaqt, joy hamda qulay sharoit ma’lum darajada uning (yengiltabiat va beg‘am-u betashvish odamlar og‘ziga qanchalik yarashiqli bo‘lmasin) – mazkur mamlakatning hakamlari, parlament a’zolari, ministrlari, lord-merlari va bo‘lak ulug‘ jamoat arboblari, ayniqsa bu odamlar orasida (juda yaxshi ma’lumki) eng qahri qattig‘i, eng sabotlisi bo‘lishni o‘z burchi deb bilgan bidldek buyuk hamda sipo zotning sha’niga yarashmaydigan nazokatli-yu yoqimli so‘zlarni aytishga da’vat etardi.

Ammo mister Bamblning niyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar (niyati esa shubhasiz, yaxshi edi), baxtga qarshi, quyidagi hol sodir bo‘ldi: yuqorida ikki bora tilga olib o‘tganimizdek stol yumaloq edi, buning oqibatida mister Bambl o‘tirgan kursisini jindek-jindek sura-sura, hech qancha vaqt o‘tmay o‘zini nozira bilan ajratib turgan masofani qisqartira boshladi va doira bo‘ylab harakatini davom ettira borib, pirovardida, kursisi nozira o‘tirgan kursiga taqaldi. Darhaqiqat, har ikkala kursi taqalgandi, bu hol sodir bo‘lganidan keyin esa mister Bambl siljishdan to‘xtadi.

Endilikda nozira mabodo, kursisini o‘ngga suradigan bo‘lsa, biqinini o‘tda kuydirib olishi tayin edi; bordi-yu, so‘lga surgudek bo‘lsa, o‘zini mister Bambl quchog‘ida ko‘rishi aniq edi; xullas (kamsuqumgina nozira bo‘lgani va ozgina aytib o‘tilgan oqibatni darhol payqagani sababli, albatta) joyidan qimirlamay o‘tirgancha, mister Bamblga ikkinchi bora choy uzatdi.

– Qahri qattiq ekanmanmi, missis Korni? – takrorladi mister Bambl qoshiq bilan choyni aralashtirgan ko‘yi noziraning aftiga tikilib. – O‘zingiz bag‘ritosh emasmisiz, missis Korni?

– Voy xudoyim-ey! – xitob qildi nozira. – Bunaqangi savolni bo‘ydoq odamning og‘zidan eshitish juda qiziq-ku! Buni bilishning sizga nima keragi bor, mister Bambl?

Bidl choyni bir tomchisini ham qoldirmay ichdi, bo‘g‘irsoqni yeb bitirib, mazasidagi ushoqlarni tushirib, labini artdi-da, bamaylixotirgina nozirani o‘pib oldi.

– Mister Bambl! – deya shivirlab xitob qildi bu pokiza, iffatli xonim, – shunchalik qo‘rqib ketgandiki, hatto, ovozi chiqmay qolgandi. – Mister Bambl, dodlayman hozir!

Javob o‘rniga mister Bambl shoshilmay, ehtirom-la, noziraning belidan quchdi.

Garchandki, ushbu xonim dodlamoqlik niyati borligini namoyon etgan ekan, u chog‘da, albatta, bidlning bu navbatdagi jasurona qilmishidan keyin ovoz solgan bo‘lardi-yu, lekin shosha-pisha eshikni taqillatishlari bunga hojat qoldirmadi, taqillagan ovoz eshitilgani hamonoq mister Bambl epchillik bilan vinoli shishalarga tashlandi-yu, jon-jahdi-la ularning ustidagi changni arta boshladi; nozira bo‘lsa qahrli ovoz bilan taqillatayotgan kim ekanini so‘radi. Shu yerda bir qiziqarli holni ta’kidlab o‘tmoq joiz: hayratlanish uning qo‘rquviga shunchalik ta’sir ko‘rsatgandiki, oqibatda ovozi tag‘in rasmiy dag‘alligiga qaytgandi.

– Afv etasiz, missis, – dedi qoqsuyak qashshoq kampirsho qiya eshikdan mo‘ralab, uning aft-angori nihoyatda ta’viya edi, – Salli kampir bandalikni bajo keltiryapti.

– Xo‘sh, buning menga nima daxli bor? – so‘radi nozira zarda bilan. – Axir, uni tiriltirolmayman-ku!

– Albatta, albatta, missis, – javob berdi kampirsho, – bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi: unga endi yordam berib bo‘lmaydi. Odamlarning jon berayotganlarini – go‘daklarning ham, baquvvatlarning ham – ko‘p ko‘rganman, shundoq bo‘lgach, kuni bitganini men bilmay, kim bilsin? Lekin vijdoni azoblanayotganga o‘xshaydi, negaki, og‘rig‘i qo‘yib yuborganida – bunaqa paytlar ahyon-ahyonda bo‘lib turibdi, chunki u qiynalib, azobda jon beryapti – sizga nimanidir aytishim kerak, deyapti. Missis, to siz bormaguningizcha xotirjam oyoq uzatolmaydi.

Bu xabarni eshitgach, muhtarama missis Korni jo‘rttaga o‘zidan mavqeyi baland shaxslarning jig‘iga tegmagunicha hatto o‘lolmaydigan kampirlarni pichirlab qarg‘ab, go‘riga g‘isht qalagan ko‘yi tezgina issiq ro‘molini olib o‘randi-da, mister Bamblga, tag‘in g‘ayriodatiy biron kor-hol sodir bo‘lib qolmasin deb, qaytib kelgunicha kuta turishini iltimos qildi. O‘zini chaqirib kelgan kampirshoga toshbaqaday imillab zinama-zina sudralmay, tez yurishni buyurib, bag‘oyat qahrli avzoyda uning orqasidan xonani tark etdi va yo‘l bo‘yi qarg‘anib bordi.

O‘zi bilan o‘zi yakka qoldirilgan mister Bamblning xatti-harakati, aslini aytganda, tushuniksiz edi. U javonni ochib, choyqoshiqlarni sanadi, qand ushatg‘ichni qo‘lida chamalab ko‘rdi, kumush sut idishni diqqat-la ko‘zdan kechirdi va shu bilan o‘z sinchkovligini qondirib, ko‘ngli joyiga tushdi-yu, uch qirra shlyapasini chakkasiga dol qo‘ndirib, vajohat-la o‘yinga tushib, stol tegrasidan to‘rt qur aylanib chiqdi. Shunday antiqa mashg‘ulotini tugatib, shlyapasini yana yechdi-da, o‘tga teskari qaragan ko‘yi kamin oldiga o‘tirdi; chamasi, uydagi buyum-u jihozlarni xayolan aniq hisobdan o‘tkazishga kirishgandi.

YIGIRMA TO‘RTINCHI BOB
G‘OYATDA ARZIMAS BIR NARSA XUSUSIDA IZOH BERADI. BIROQ BU QISQA BOB MAZKUR HIKOYATIMIZDA ORTIQCHALIK QILMAS, DEGAN UMIDDAMIZ

Noziraning xonasidagi oromga raxna solgan zot ajalning munosib darakchisi edi. Keksalik tanasini dol qilgan, qo‘l-oyoqlari qaltirar, shaftoliqoqiday burushib-tirishgan afti tabiat ijodidan ko‘ra ko‘proq telba bir kimsaning qalami bilan chizilgan qo‘rqinchli niqobga o‘xshab ketardi.

E voh! Tabiat yaratgani bo‘yicha o‘zgarmaydigan va o‘z chiroyi bilan ko‘zlarimizni quvnatadigan chehralar qanchalik kam saqlanib qoladi-ya! Bu dunyo tashvishlari, g‘am-g‘ussalari-yu muhtojliklari chehralarni xuddi yuraklari kabi o‘zgartib yuboradi; hirs-u ehtiros, zavq-u shavqlari uyquga ketib, o‘z hukmini yo‘qotgachgina beboshvoq bulutlar tarqab, samo toqi ravshan tortadi. Aksar holda, shunday ham bo‘ladiki, marhumlarning hatto tosh qotgan, muzdek yuzlari (bamisoli uyquga ketgan bolaning chehrasiday) allaqachonlar unutilgan qiyofaga kirib, ma’sum go‘dak chehrasini yodga soladi; bu odamlar shundayin beozor, shundayin mo‘min-qobil bo‘lib qoladilarki, ularni baxtiyor bolaliklaridan beri taniydiganlar tobutlari qoshida tiz cho‘kib, ko‘kdan tushib kelgan farishtaday termilib boqadilar.

Kampirsho hamrohining qarg‘ishlariga javoban allanimalardir deb ming‘illagan ko‘yi dahliz-u yo‘laklardan sudralib, zinalardan imillab ko‘tarilgancha ilgarilab borardi; nihoyat, nafasini rostlamoq uchun to‘xtab, qo‘lidagi shamni boshlig‘iga tutqazdi-da, orqasidan ergashar ekan, bemor yotgan xonaga o‘zidan chandon bora chaqqonroq bekasidan ortda qolib ketmaslikka tirishdi.

Bu chordoqdagi ayanchli, g‘aribona bir katalak edi. Narigi burchagida xiragina sham lipillab yonyapti. Bemorning to‘shagi tepasida boshqa bir kampir o‘tiribdi; dorixonachining shogirdi kamin oldida tik turganicha patdan o‘ziga tish tozalagich yasayapti.

– Sovuq kecha bo‘ldi-da, missis Korni, – dedi bu yosh jentlmen kirib kelgan noziraga.

– Chindanam juda izg‘irin kecha bo‘ldi-da, ser, – javob qildi xonim o‘tirayotib, g‘oyatda nazokatli ohangda.

– Ta’minotchilaringiz eng a’lo ko‘mirdan berishlari kerak edi sizga, – dedi dorixonachining shogirdi zanglagan otashkurak bilan kamindagi ko‘mir bo‘lagini maydalar ekan, – bunaqangi ko‘mir sovuq kechada yaramaydi.

– Kengash shuni tanlagan, ser, – javob berdi nozira. – Aslida kengash jilla bo‘lmasa sovqotmas-ligimizning g‘amini yeyishi kerak edi, nimaga deganingizda, ishimiz juda og‘ir.

Gap shu yerga yetganda bemorning inqillashi suhbatning beliga tepdi.

– O! – deya yigit karavot tomonga shunday bir qiyofada o‘girildiki, go‘yo bemor mutlaqo esidan chiqib ketgandi. – Missis Korni, buning masalasi hal.

– Nahotki, ser? – so‘radi nozira.

– Yana biron ikki soatga borishiga ham ishonmayman, – dedi dorixonachining shogirdi, butun diqqat-e’tiborini tish tozalagichning uchiga qaratib. – Jamiki tana a’zolari adoyi tamom bo‘lgan. Kampirsho, bir qarab yuboring-chi, mudrayaptimikin?

Kasal boquvchi kampir karavot uzra engashib, boshi bilan tasdiq ishorasini qildi.

– Agar shovqin qilmasanglar, shu ko‘yi u dunyoga ravona bo‘lishi ham mumkin, – dedi yigit. – Shamni yerga qo‘ying. O‘sha yerda tursa, unga xalaqit bermaydi.

Kampir buyruqni bajardi va ayni vaqtda, ayollar osongina jon taslim qila qolmaydi, degan ma’noda bosh chayqab qo‘ydi; so‘ngra u bu orada yetib kelgan boyagi kampirning yonidagi joyiga borib o‘tirdi. Nozira asabiy kayfiyatda ro‘moliga tuzukroq o‘ralib oldi-da, karavotning oyoq tarafiga cho‘kdi.

Dorixonachining shogirdi tish kavlagichni bitkazib, kamin ro‘parasiga joylashib oldi-da, o‘n daqiqalar chamasi isindi; axiyri zerikdi shekilli, missis Korni bilan xayr-xo‘shlashib, oyoq uchida yurib chiqib ketdi.

Ikkala kampir bir necha daqiqa jimgina o‘tirishdi, keyin karavotdan nariroq borib, olov qarshisida cho‘nqayishdi-da, qoqsuyak qo‘llarini isita boshlashdi. Shu tariqa, cho‘qqaygan ko‘yi shivirlashib gurunglashaverishdi; alanga yolqinlanib, shaffof shu’lasi tushganida badburush basharalari, tasqara turqlari vahimali ko‘rinardi.

– Enni, azizim, men yo‘g‘imda boshqa hech nima demadimi? – deb so‘radi nozirani chaqirib kelgani borgani.

– Bir og‘iz ham, – javob berdi ikkinchisi. – Oldin qo‘llarini chimdib, tirnab-timirskilay boshladi, men ushlab turdim, keyin tinchidi. Judayam bo‘shashib, kuchi qolmagan, shuning uchun osongina tinchlantirdim. Kunim qavm beradigan yovg‘onga qarab qolgan bo‘lsa ham, hali kuchdan qolganimcha yo‘q!

– Doktor buyurgan ilitilgan vinoni ichdimi? – so‘radi birinchisi.

– Og‘ziga quyishga urinib ko‘rdim, – javob qildi ikkinchisi, – qarasam, tishini mahkam qisib olibdi, qo‘llari bilan bo‘lsa krujkani shunaqangi changallab olganki, arang bo‘shatdim-da; shundan keyin o‘zim ichib qo‘ya qolgandim, otdek bo‘ldim-qo‘ydim.

Ikkala shum kampir astagina o‘girilib qarab, gaplariga hech kim quloq solmayotganiga ishonch hosil qilgach, olovga yaqinroq surilib, hihilab qo‘yishdi.

– Avvallari, – yana gapga kirdi birinchisi, – o‘zi shunday qilgan, keyin desang, kalaka-mazax qilib yurgan paytlari ham bo‘lgan.

– Bo‘lmasam-chi! – gapni ilib ketdi ikkinchisi. – Juda quvnoq edi-da o‘ziyam. Qancha-qanchalab ajoyib marhumlarni yasantirgan, tag‘in hammasi shunaqangi yoqimtoy, shunaqangi bashang ediki, naq mumdan yasalgan qo‘g‘irchoq derding. Bu keksa ko‘zlarim ularni ko‘rgan, mana shu keksa qo‘llarim ularni ushlagan, nimagaki, men o‘n martalab yordamlashganman unga.

– Kampirsho qaltiroq barmoqlarini olg‘a cho‘zib, suhbatdoshining naq burni ostida o‘ynatdi, keyin cho‘ntagini kavlashtirib, vaqt o‘tishi ila rangi uniqib ketgan eski tunuka tamakidonni chiqardi-da, dugonasining o‘zi tomon uzatilgan kaftiga jindekkina, o‘zining kaftiga esa chiza ko‘proq tamaki to‘kdi. Ular bu ishlar-la ovora ekan, jon taslim qilayotgan kampirning hushiga kelishini betoqat kutayotgan nozira kamin oldiga keldi-da, tomdan tarasha tushgandek qilib, yana qancha kutaman, deb so‘radi.

– Oz qoldi, missis, – javob berdi ikkinchi kampirsho boshini ko‘tarib. – Hammamizniyam ajalimiz yetib qolgan, ko‘p kuttirmas. Sabr qiling, sabr! Hademay barimizni o‘z quchog‘iga oladi u.

– Tilingizga tiliskan chiqsin-e, esini yegan jodugar!.. – deya og‘ziga urdi nozira bobillab. – Sizdan so‘rayapman, Marta: oldinam shunaqangi o‘zini bilmay qolayotganmidi?

– Bir necha marta, – javob berdi birinchi kampirsho.

– Lekin endi bu boshqa takrorlanmaydi, – qo‘shimcha qildi ikkinchisi, – to‘g‘rirog‘i, yana bir martagina, shundayam birpasgagina ko‘zini ochadi, shu gapim esingizda tursin, missis!

– Birpasgami yoki ko‘pgami, – dedi nozira asabiylashib, – u hushiga kelganida bu yerda mening qoramni ham ko‘rmaydi! Ikki pulga arzimaydigan bunaqangi ishni deb yana bezovta qila ko‘rmanglar meni! Bu yerda kampirsholar jon berayotganda tepasida turish vazifamga kirmaydi va bunday qilmayman ham. Bu gapimni quloqlaringga quyib olinglar, benomus jodugarlar! Bordi-yu, meni tag‘in bir marta laqillatadigan bo‘lsanglar, ogohlantirib qo‘yay – ta’zirlaringni beraman-a!

U achchiqlanib eshik tomon otildi, biroq shu asnoda karavot tomonga yuzlangan ikki kampirning qichqirib yuborgan ovozi o‘girilib qarashga majbur etdi uni. Bemor to‘shagidan sal qaddini ko‘tarib, qo‘llarini olg‘a cho‘zgancha ularga qarab talpinardi.

– Kim bu? – deya xirilladi u.

– Hay-hay, sekin, urinmang! – chiyilladi kampirlardan biri, uning ustiga engashib. – Yoting, yota qoling.

– Endi qaytib turadigan bo‘lib yotmayman sirayam! – xitob qildi u gapga quloq solmay. – Unga aytadigan gapim bor. Yaqinroq keling yonimga! Yaqinroq! Qulog‘ingizga aytaman.

Kampir noziraning qo‘llarini changallab oldi va karavot yonidagi kursiga zo‘rlab o‘tqazdi-da, endi gap boshlay deganda, atrofga alanglab, bo‘ynilarini cho‘zgancha vujudlari quloqqa aylanib eshitishga shaylanib turgan ikki kampirga ko‘zi tushib qoldi.

– Ularni haydab yuboring, – dedi bemor ovozi zaiflashib. – Tezroq, tezroq!

Har ikkala yalmog‘iz baravariga, sho‘rlikning ahvoli bir holatda, o‘zining eng yaqin egachi-singillarini ham tanimayapti, deya shikva-shikoyatga tushib ketishdi va sirayam uni yolg‘iz tashlab ketmaymiz, deb turib olishdi, lekin nozira ularni hujradan itaribturtib chiqardi-da, eshikni qulflab, karavot yoniga qaytdi. O‘zlarini eshik orqasida ko‘rgan kampirsho xonimlar ashulalarini o‘zgartirib, kalit solinadigan teshikdan, Salli kampir g‘irt mast, deb chinqirishga tushishdi; bu gap xiyla haqiqatga yaqin ko‘rinardi, zero, dorixonachi yozib bergan qittakkina afyundan keyin saxovatli qari xonimlar yashirincha ichirishgan suvli jin o‘z ta’sirini ko‘rsatgandi bemorga.

– Endi quloq soling menga! – dedi jon taslim qilayotgan kampir so‘nggi hayot uchqunini chaqnatish uchun bor kuchini to‘plab. – Bir vaqtlar xuddi shu hujrada, xuddi mana shu karavotda yotgan yoshgina suluv juvonning to‘shagi tepasida o‘tirganman. Uni bir holatda, yuraverganidan oyoqlari tilinib-shilinib ketgan, iflos-u qonga belangan holda olib kelishgandi. Juvon o‘g‘il ko‘rdi-yu, o‘zi olamdan o‘tdi. Hozir eslayman… qaysi yili bo‘lgandi-ya bu?..

– Qaysi yilidaligining ahamiyati yo‘q, – so‘zini bo‘ldi betoqat nozira. – Xo‘sh, bu yog‘i-chi, nima demoqchisiz u haqda?

– Bu yog‘i… – ming‘irladi bemor boyagiday yarim behush holatga tusharkan, – yana nima desamikin u haqda? Yana nima… Esimga tushdi! – xitob qildi u o‘zini o‘nglab; basharasi cho‘gday qizarib, ko‘zlari baqrayib qolgandi. – Uni o‘margandim. Ha, shunaqa qilganman! Sizga aytsam – narsasini o‘g‘rilaganimda joni uzilib bo‘lmagandi hali!

– Nimasini o‘g‘rilagandingiz, ayta qolsangiz-chi, Xudo haqqi? – deyarli qichqirib yubordi nozira xuddi yordamga odam chaqirmoqchidek bir harakat bilan.

– Bitta narsasini, – javob berdi kampir qo‘li bilan uning og‘zini berkitib. – Bisotidagi bor-yo‘g‘i bittagina narsasini. Sovqotib qolmasligi uchun engil, yegani ovqat kerak edi unga, lekin juvon bu narsasini asrab-avaylab, ko‘ksiga taqib yurgan. Men sizga aytsam – bu narsa tilla edi! Sof tilladan, joniga oro kirishi mumkin edi!

– Tilla! – takrorladi nozira yostiqqa shilq etib tushgan kampirning ustiga engashib. – Gapiring, gapirsangiz-chi… keyin nima bo‘ldi? Ko‘zi yorigan juvon kim ekan? Qachon bo‘lgandi bu?

– Juvon uni saqlashni tayinladi, – so‘zlashda davom etdi bemor inqillab, – to‘shagi tepasida o‘tirgan bitta-yu bitta ayol – menga ishonib topshirdi. Bo‘ynida taqig‘liq turgan taqinchog‘ini ko‘rsatgan zahoti uni o‘g‘rilashni dilimga tugdim. Balkim go‘dagining uvoli ham menga tushar! Bor gapni bilganlarida, balki ular go‘dakka tuzukroq qarasharmidi?

– Nimani bilganlarida? – so‘radi nozira. – Gapirsangiz-chi, axir!

– Go‘dak o‘sib, katta bo‘lib qoldi, innaykeyin, quyib qo‘yganday onasining o‘zginasi edi: bolaning yuziga ko‘zim tushdi deguncha, esimga kelaverar, sira unutolmasdim, – poyma-poy qilib so‘zlashda davom etdi bemor, savolga e’tibor bermay. – Sho‘rlikkina juvon! Xah sho‘rlikkina-ya! Shundoq yoshgina edi-ya! Qo‘zichoqday yuvoshgina edi-ya! Shoshmang. Sizga tag‘in bitta gapni aytishim kerak. Axir, buni gapirib berganim yo‘g‘-a, hali sizga?

– Yo‘q-yo‘q, – javob qaytardi nozira jon berayotgan kampirning zaiflashib borayotgan ovozini yaxshiroq eshitish uchun yanayam pastroq egilib. – Tezroq, bo‘lmasa vaqt o‘tadi!

– Yosh ona, – dedi kampir jon talvasasida tag‘in ham kuchanib, – yosh ona o‘lim azobi chang solganida qulog‘imga pichirlab, agar bolasi tirik tug‘ilsa-yu, katta bo‘lsa, ehtimol, shunday kun kelarki, u bechora yoshgina onasi haqida bor gapni eshitib, o‘zini sharmisor hisoblamas, dedi. «Yo muruvvatli Egam! – degandi u. – O‘g‘il bo‘ladimi yo qizmi, musibatlarga to‘la bu dunyoda unga do‘st-u yor ato qil, shum qismat izmiga tashlab ketilgan bechora, so‘qqabosh yetimginaga rahming kelsin!»

– Bolaning oti nima edi? – so‘radi nozira.

– Unga Oliver deb ot qo‘yishdi, – xasta ovoz bilan javob qildi kampir. – Men o‘g‘rilagan tilla buyum…

– Ha, ha… aytavering! – qichqirib yubordi nozira.

U sabrsizlik bilan javobni eshitish uchun kampirning ustiga yanayam engashdi, biroq kampir qaddini bukmay, tag‘in ohista ko‘tarilib, turib o‘tirarkan, beixtiyor o‘zini orqaga otdi; kampir ikkala qo‘li bilan adyolni changallab, nimalardir deya g‘o‘ldiradi-yu, shilq etib yostiqqa tushdi.

– Joni uzilibdi-ku! – dedi eshik ochilishi bilan hujraga otilib kirgan kampirlardan biri.

– Birortayam ma’nili gap aytmadiyam, – javob qaytardi nozira va xotirjamgina chiqib ketdi.

Ikkala kampir o‘zlarining mash’um vazifalarini ado etishga hozirlik ko‘risharkan, aftidan, ishga shunday kirishib ketishgan ediki, bunga javob qaytarishga ham fursatlari bo‘lmadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации