Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 37


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 37 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

ELLIK BIRINCHI BOB
BA’ZI SIRLARNING SHARH-U BAYONI HAMDA KELINGA BERILADIGAN MAHR VA «QALIN» PULI TILGA OLINMAYDIGAN NIKOH TAKLIFI HAQIDA HIKOYA QILADI

Oldingi faslda bayon etilgan voqealardan ikki kungina o‘tgach, tushki soat uchlarda Oliver ona shahriga qarab g‘izillab borayotgan safar aravasida o‘tirardi. U bilan birga missis Meyli, Roz, missis Beduin va oqko‘ngil doktor, izma-iz kelayotgan pochta aravasida esa nomi tilga olinmagan yana bir kishi hamrohligida mister Braunlou ketishyapti.

Ular yo‘lda gaplashmay borishardi, negaki, nima gaplar bo‘layotganiga tushunolmagan, hayajonlangan Oliver fikr-o‘ylarini jamlab ololmayotgan va deyarli tildan qolayozgan edi; chamasi, hamrohlari ham xuddi shunday hayajonda edilar. Mister Braunlou uni va ikkala xonimni Monksning tilidan deyarli sitib olingan ma’lumotlar bilan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan tanishtirgandi, garchi ular safarlaridan murod shunday muvaffaqiyat-la boshlangan ishni nihoyasiga yetkazish ekanini bilsalar ham, sodir bo‘layotgan voqealar shunchalar sirli-maxfiy tusda ediki, bundan ular qattiq bezovtalikka tushgandilar.

Xuddi mana shu mehribon do‘stlari mister Losbern ko‘magida yaqin kunlarda ro‘y bergan dahshatli hodisa haqida ularning qulog‘iga hech qanday xabar yetib kelmasligining g‘amini yeyishgandi. «Turgan gapki, – dedi u, – tez orada eshitib qolishadi bu haqda, lekin nazarimda, hozir bilmay turganlari ma’qul; har qalay yomon ta’sir qiladi».

Xullasi kalom, ular jimgina ketishyapti. Har qaysisi o‘zlarining boshlarini qovushtirgan narsa nima ekani xususida o‘yga tolgan va hammalarining xayollarini band etgan o‘yni ovoz chiqarib aytishga hech qaysilarining mayli ham, ra’yi ham yo‘q edi, shu tobda.

Tokim, tug‘ilgan joyiga o‘zi umrida ko‘rmagan notanish yo‘ldan borisharkan, Oliver ana shunday taassurotlar ta’siri ostida churq etmay o‘tirdi, biroq o‘zi – bechorahol, na yordam beradigan do‘st, na mizg‘iydigan boshpanasi bor bevatan, sarson-u sargardon bolakay – piyoda bosib o‘tgan yo‘lga burilganlarida xotiralar girdobi uni qanday kechmish kunlarga surgab ketganini va ko‘ksida qanday his-tuyg‘ular chappor ura boshlaganini asti qo‘yaverasiz.

– Ko‘ryapsizlarmi, huv ana! Ana! – derdi Oliver hovliqib, hayajon-la Rozning qo‘lidan ushlagancha, izvosh oynasidan tashqarini ko‘rsatib. – Huv ana o‘sha kamgak, o‘sha joydan oshib tushganman; huv ana ko‘kat devor, tag‘in birov orqamdan quvib kelib, qaytarib olib ketmasin deb qo‘rqqanimdan o‘shani orqasidan berkinib qochganman. Anavi yoqda judayam kichkinaligimda turganimiz eski uyga boradigan so‘qmoq bor. Eh, Dik, Dik, qadrdon o‘rtoqjonim, qaniydi, seni bir ko‘rsam!

– Hademay ko‘rasan uni, – dedi Roz bolaning mahkam musht bo‘lib tugilgan qo‘lchasini erkalatib silagancha. – Qanday baxtiyorligingni, qanday boy bo‘lib ketganingni gapirib berasan unga; tag‘in, hech qachon hozirgichalik baxtiyor bo‘lmaganingni, bu yerga uni ham baxtiyor qilgani kelganingni aytasan!

– Bo‘lmasam-chi! – so‘zni ilib ketdi Oliver. – Biz… biz uni bu yerdan olib ketamiz; yangi kiyimlar olib beramiz, o‘qitamiz, kuchga kirib, sog‘ayib olishi uchun birorta osoyishta qishloqqa jo‘natamiz, to‘g‘rimi?

Roz faqat bosh irg‘ab qo‘ya qoldi; bola ko‘z yoshlari orasidan shunaqangi quvnab jilmayardiki, buni ko‘rib, u gapira olmadi.

– Siz suyib-erkalaysiz, chunki siz hammagayam shunaqa mehribonsiz, – dedi Oliver. – Bilaman, u boshdan o‘tganlarini gapirib berganida yig‘laysiz; mayli, yig‘lasangiz ham mayli, hammasi o‘tib ketadi; uning tuzalib qolganini ko‘rganingizdan keyin yana kuladigan bo‘lasiz – buniyam bilaman… Mengayam xuddi shunaqa qilgandingiz… «Xudoning o‘zi yarlaqasin seni», degandi u qochib ketayotganimda, – xitob qildi bola ko‘ngli iyib. – Mana endi men unga: «Xudo yarlaqasin seni», – deyman, uni qanday yaxshi ko‘rishimni isbotlayman.

Nihoyat, shaharga yetib kelib, uning tor ko‘chalaridan borishar ekan, bolani mulohazakorlik doirasida tutib turish osonmasligi ayon bo‘ldi. Tobutsoz Sauyerberining do‘koni ilgari qandoq bo‘lsa, xuddi o‘shandoqligicha turibdi, lekin uning yodida saqlanib qolganidek katta hamda salobatli ko‘rinmasdi hozir; shu yerda tizilib ketgan uyu do‘konlarning oz bo‘lmasa har bittasi bilan bog‘liq biror kichkinagina voqeani eslardi; ana, Gemfildning aravasi – ilgari qandoq bo‘lsa, xuddi o‘shandoq – ko‘hna qovoqxona eshigi oldida turibdi; yurakni ezadigan mudhish derazalari ko‘chaga qaragan, bolalikdagi badbin qamoqxonasi – mehnat uyi ham shu yerda; darvozasi oldida haliyam o‘sha oriq qorovul turibdi, uni ko‘rganida Oliver jonholatda o‘zini orqaga tashladi, keyin bo‘lsa o‘zining tentakligidan kuldi, so‘ng yig‘ladi, keyin tag‘in kuldi. Eshiklar oldi va derazalarda o‘nlab tanish odamlarni ko‘rdi; bu yerda hamma narsa, go‘yoki, u kuni kechagina ketgandek, boyagi-boyagiday, oxirgi paytlardagi hayoti esa yaxshi tushgagina o‘xshardi. Ammo bu chinakam, quvonchli voqelik edi.

Ular to‘g‘ri bosh mehmonxona eshigiga kelib to‘xtashdi, ilgarilari Oliver bu binoni bir qadar hashamati hamda salobatini yo‘qotgan, shunga qaramay ajoyib bir qasr bilib, unga ehtirom-la tikilgan paytlari ham bo‘lib turar edi. Bu yerda ularni mister Grimuig kutib oldi; u izvoshdan tushishlari bilanoq oyimqizni, shuningdek, keksa xonimni ham, go‘yoki, hammalarining bobolaridek, o‘pib qarshiladi. Mister Grimuig og‘zi qulog‘iga yetib iljayar, chiroyi ochilib ketgan va o‘z boshini g‘ajish istagidan asar ham sezilmasdi; ha, bunday gapni biror marta og‘ziga olmadi, hatto atigi bir safargina yurgan, shunda ham dong qotib uxlab kelgan bo‘lsa-da, ko‘pni ko‘rgan izvoshchi bilan Londonga boriladigan eng qisqa yo‘l shu deb rosa tortishganida ham bundan og‘iz ochmadi. Ularga dasturxon muntazir, xobxonalar badastir qilib qo‘yilgan, hammasi afsungar amri bilan bajo keltirilgan edi.

Shunga qaramay, yarim soatlar davom etgan shovqin-suron-u g‘ala-g‘ovur tingach, oraga tag‘in safarlari mobaynidagi noqulay sukut cho‘mdi. Taom ustida mister Braunlou ular davrasiga qo‘shilmadi, o‘z xonasida qoldi. Bo‘lak ikki jentlmen goh shoshib kirib, goh hayajonlangan qiyofada chiqib turishar, ichkarida bo‘lgan qisqagina vaqtda ham bir chekkada o‘zaro suhbatlashib turishardi.

Bir gal missis Meylini chaqirib chiqib ketishdi, u biror soatchadan keyin yig‘idan qovoqlari shishib qaytib kirdi. Bu tadoriklarning bari yangi sir-sinoatdan voqif etilmagan Roz bilan Oliverni bezovtalantirib, sarosimaga solib qo‘ydi. Ikkovlari taajjubda jimgina o‘tirishar yoxud basharti, gaplashgudek bo‘lsalar ham, o‘z ovozlarini eshitishdan qo‘rqqandek shivirlashib so‘zlashishardi.

Pirovardida, soat to‘qqizga zang urgan, ular bugun oqshom boshqa hech qanday yangilikni bilmas ekanmiz-da, degan xayolga bora boshlagan paytlarida xonaga mister Losbern bilan mister Grimuig mister Braunlou va yana bir kishi hamrohligida kirib kelishdi; bu odamni ko‘rganida Oliver hayratdan oz bo‘lmasa «voy» deb yuborayozdi: akang keladi, deb ogohlantirib qo‘yishgan edi uni, bu bo‘lsa u anavi shaharcha bozorida uchratgan, keyin mo‘jazgina hujrasi derazasidan Fedjin bilan birga mo‘ralaganida ko‘rib qolgan odamning naq o‘zginasi edi. Monks dovdirab qolgan bolakayga (hatto, shu tobda ham nafratini yashira olmayotganidan) yeb yuborgudek qarab qo‘ydi-da, eshikning yonginasiga cho‘kdi. Qo‘lida allaqanaqangi qog‘ozlarni ushlab olgan mister Braunlou tegrasida Roz bilan Oliver ikkovlari o‘tirishgan stolga yaqinlashdi.

– Bu g‘oyatda og‘ir vazifa-yu, – dedi u, – illo, ushbu bayonnomalar, garchi Londonda talaygina jentlmenlar shohidligida imzolangan bo‘lsa-da, shu yerda ularning asosiy, muhim jihatlari takrorlab o‘tilishi lozim. Men sizni tahqirlanishdan xalos etishni istardim-ku, lekin ajralishimizdan burun bu gaplarni biz o‘z og‘zingizdan eshitishimiz shart. Sababi o‘zingizga ayon.

– Davom etavering, – teskari qarab javob qildi u murojaat etgan kishi. – Tezroq bo‘la qoling. O‘ylaymanki, mendan talab etilgan jamiki narsani deyarli bajardim. Meni bu yerda uzoq tutib qolmasangiz.

– Bu bolakay, – dedi mister Braunlou Oliverni o‘ziga tortib, boshiga qo‘lini qo‘yar ekan, – sizning yakka-yu yolg‘iz ukangiz, sizning otangiz, mening qadrdon do‘stim Edvin Liford bilan bunga hayot ato etgan zahoti olamdan ko‘z yumgan sho‘rlik navniholgina Agnes Flemingning g‘ayriqonuniy o‘g‘li.

– Ha, – javob qildi Monks titrab-qaltirab, yurakchasi naq u eshitadigan darajada dukurlayotgan bolakayga xo‘mrayib qarab qo‘yarkan. – Bu ularning gayriqonuniy haromilari bo‘ladi.

– Siz bizdek osiy bandalarning ayanchli ta’nalarimiz yetib borishga ojizlik qiladigan boqiy olamga allaqachonlar yo‘l olgan marhumlarni haqoratlashni ep ko‘ryapsiz o‘zingizga, – dedi mister Braunlou jahl bilan. – To‘g‘ri, bunday deyish biron tirik inson bolasi uchun uyat emas, ammo siz mustasnosiz bundan, sababki, siz aynan shu narsadan foydalangansiz. Bu to‘g‘rida ortiq gapirib o‘tirmaymiz… U mana shu shaharda dunyoga kelgan.

– Shu yerdagi mehnat uyida,– zaharxandalik bilan javob qaytardi unga. – Bu mashmashalar anavi yerda yozig‘liq. – Shunday deya Monks toqatsizlik bilan qog‘ozlarga ishora qildi.

– Buni shu tobda takrorlashingiz lozim, – dedi mister Braunlou hozir bo‘lganlarga nazar tashlab qo‘yar ekan.

– Eshitinglar bo‘lmasa! – zarda qildi Monks. – Buning otasi Rimda tobi qochib qolganida yoniga xotini, allaqachonlar ajralishib ketgan mening onam yo‘l oldi. U Parijdan yo‘lga chiqqan, meni ham ola ketgandi – nazarimda, u otamning boyligining payidan bo‘lgandi, nega deganingizda, eriga zarracha muhabbati yo‘q edi, shuningdek, erining unga nisbatan ham. Otam bizni tanimadi, chunki u behush bo‘lib, ertasigacha, to joni uzilgunicha ham o‘ziga kelmadi. Stoldagi qog‘ozlari orasidan og‘rib qolgan kuni kechqurun tamg‘alanib, sizning nomingizga yozilgan maktubni topib oldik, – deya u mister Braunlouga o‘girildi. – Unda qisqacha yozuv bo‘lib, sizdan o‘limidan keyin bu konvertni tayinlangan joyga jo‘natishni iltimos qilgan edi. Konvertning ichida ikkita qog‘oz: anavi juvon – Agnesga yozgan maktubi va vasiyatnoma bor edi.

– Maktub xususida nima deya olasiz? – so‘radi mister Braunlou.

– Maktub xususidami?.. Tavba-tazarru bilan, qizga madad so‘rab, Xudoga qilingan tavallo-yu iltijolar bilan chaplashtirib to‘ldirilgan bir varaqqina qog‘oz edi. U allaqanaqangi afsonalar bilan laqillatib, go‘yoki, oxir-oqibatda ochilishi kerak bo‘lgan qandaydir jumboqli sir hozirgi paytda o‘zining qiz bilan nikohdan o‘tishiga xalal berib turganini aytgan; qiz ham unga ishonib, ishonchi haddan ortib, hech zog‘ qaytarib bera olmaydigan narsasidan ayrilgunicha toqat-la yashab kelgan. Bu paytga kelib, ayolning ko‘zi yorishiga bor-yo‘g‘i bir necha oygina qolgan. Shu sababli u, toki hayot ekan, qizning sharmisorligini yashirish uchun nimalar qilish niyatida ekanini barini yozgan va mabodo, vafot etgudek bo‘lsa, o‘zining xotirasiga la’natlar o‘qimasligini o‘tingan, qilgan gunohlari qizga yoki go‘dakka tushadi deb o‘ylamasligini, chunki hamma gunoh unda ekanini aytgan. U yana qizga kichkinagina medalyon bilan ichiga qizning ismi o‘yib yozilgan va yonida o‘zi vaqti kelib ehson etadigan ism uchun joy qoldirilgan uzuk hadya qilgan kunni tilga olgan; keyin medalyonni asrashini hamda xuddi ilgarigidek ko‘ksi ustida taqib yurishini tavallo qilgan: keyin bo‘lsa, xuddi aqldan ozgandek, hadeb palapartish bir narsani takrorlayvergan.

Aslida ham shundoq bo‘lgan deb o‘ylayman.

– Xo‘sh, vasiyatnoma-chi? – savol berdi mister Braunlou.

Oliver yum-yum yig‘lardi. Monks jim qoldi.

– Vasiyatnoma, – uning o‘rniga gapira boshladi mister Braunlou, – u ham xuddi shu ruhda bitilgan. U xotini boshiga solgan baxtiqaroliklar, ayolining qaysar xulq-atvori, suyuqligi, zaharligi to‘g‘risida; yosh bolaligingizdanoq sizda, uni yomon ko‘rish ruhida tarbiyalangan yolg‘iz o‘g‘lida bema’ni maylishtiyoqlar namoyon bo‘lgani to‘g‘risida va siz bilan onangizga har qaysingiz uchun yiliga sakkiz yuz funtdan daromad beradigan boylik qoldirajagi haqida yozgan. Qolgan jamiki mol-mulkini teppa-teng ikki qismga bo‘lgan: bir ulushi Agnes Flemingga, ikkinchisi – agar u tirik tug‘iladigan va voyaga yetadigan bo‘lsa – bolaga atalgan. Basharti, qiz tug‘ilganida, u hech qanday so‘zsiz bu pullarni meros qilib olishi lozim edi; bordi-yu, o‘g‘il bo‘lsa, bitta shart bilan – to voyaga yetgunicha hech qanday sharmandali, beandisha, razilona yoxud badxulqona qilmishlari bilan nomiga dog‘ tushirmasagina ega bo‘la olardi, merosga. Uning so‘zlariga qaraganda, bo‘lajak onaga bo‘lgan ishonchini hamda o‘limi yaqinlashuvi oqibatida bolaning shaksiz muloyim qalbli va olijanob fe’l-atvorli onasiga tortajagiga bo‘lgan ishonchini ta’kidlash uchun shunday qilgan. Mabodo, uning umidlari puch bo‘lib chiqqan taqdirda, pul sizga tegardi; zotan, shunda – faqat shundagina, har ikkala o‘g‘ilning haq-huquqlari teng bo‘lmay qolgandagina u o‘zining hamyoniga egalik qilishga birinchi navbatda sizning – hech qachon uning mehrini qozonolmagan, ammo go‘dakligidanoq bemehrligi va badkirdorligi bilan ko‘nglini sovutgan sizdek o‘g‘lining haqli bo‘lishingizni tan olishga rozilik bergan.

– Onam, – dedi Monks ovozini ko‘tarib, – har qanday ayol qilishi mumkin bo‘lgan ishni qildi. O‘sha vasiyatnomani yoqib yubordi. Maktub bo‘lsa, tegishli yeriga yetib bormadi; lekin u, bu odamlar mabodo, bir kun kelib, o‘z sharmisorliklarini yashirishga urinadigan bo‘lsalar, ish berib qoladi, degan niyatda xatni va boshqa dalillarni asrab qo‘ydi. Qizning otasi bor haqiqatni onamdan eshitgan; onam beshafqat va cheksiz nafrat zug‘umi bilan imkoni boricha qo‘shib-chatib yetkazgan. Ana shu xizmatlari uchun ham shu kungachayin yaxshi ko‘raman uni. Shunda ota uyat va sharmisorlik yukidan bukchayib, bolalarini oladi-yu, Uelsning eng ovloq burchaklariga qochadi; do‘stlari izlab topmasin uchun hatto ism-sharifini ham o‘zgartiradi; ana o‘sha yoqda, oradan sal vaqt o‘tgach, ichkari kirib, to‘shakda o‘lib yotganini ko‘rishadi. Bu voqeadan bir necha hafta avvalroq qizi uydan yashirincha qochib qolgan ekan; u qizini tevarak-atrofdagi shahar-u qishloqlardan izlagan. U qizini o‘zi va otaning boshiga tushgan sharmisorlikni yuvib ketish uchun o‘z joniga qasd qilgan degan ishonch bilan uyga qaytgan kuni tunda yuragi yorilib o‘lgan.

Oraga birpasgina jimlik cho‘kdi, keyin mister Braunlou hikoyasini davom ettirdi.

– Oradan talay yillar o‘tib, – dedi u, – bu odam – Eduard Lifordning onasi huzurimga kirib keldi. O‘n sakkizga kirar-kirmas o‘g‘li onasini tashlab ketibdi, u onasining qimmatbaho buyumlari bilan pulini o‘marib jo‘navorgan; qimor o‘ynagan, pulini havoga sovurgan, qalloblig-u firibgarlikdan ham qaytmagan; Londonga qochib kelib, bu yerda ikki yil mobaynida jamiyatning eng chirkin chiqindilari bilan aloqada bo‘lgan. Onasi azob beradigan, bedavo darddan iztirob chekardi, o‘limi oldidan o‘g‘lini topishni istardi. Shunda taftish-u izlovlar boshlanib ketdi. Uzoq vaqtlargacha bundan naf chiqmadi, illo, axiyri bu qidiruvlar muvaffaqiyatli tugadi-yu, u onasi bilan Fransiyaga jo‘nadi.

– Uzoqqa cho‘zilgan kasallikdan keyin o‘sha yoqda vafot etdi u, – hikoyani davom ettirdi Monks, – o‘lim to‘shagida ana shu sirlarni, shu qatori bu sirlar kimgaki daxldor bo‘lsa, jamikilariga qarshi behudud va o‘la-o‘lguncha tugamaydigan nafratni (garchi buni menga meros qilib qoldirishiga hojat bo‘lmasa-da, negaki, bu nafratni ancha-muncha ilgariroq o‘zlashtirib olgandim) vasiyat qilib ketdi. U qizning o‘z joniga qasd qilganiga, demakki, bolaning ham o‘lganiga aslo ishonmasdi va o‘g‘il bola tug‘ilganiga, o‘sha bolaning esa hayotligiga sira-sira shubhalanmasdi. Bir kun kelib, yo‘limga g‘ov bo‘ladigan bo‘lsa, bolani albatta zaharlayman, deb qasamyod qildim onamga; biror daqiqayam uni tinch qo‘ymaslikka; betizgin shafqatsizlik bilan ta’qib etishga; butun vujudimni o‘rtayotgan nafratni unga sochishga va agar ilojini qilolsam, uni dor ostigacha surgab borishga, bu bilan esa otamning tahqiromuz vasiyatlaridan kulishga ont ichdim. Onam haq ekan. Nihoyat, yo‘limda paydo bo‘ldi bu. Ishni yaxshi boshladim va anavi vaysaqi shiltalar bo‘lmaganida, uni qanday boshlagan bo‘lsam, o‘shandayicha muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkazardim!

Muttaham qo‘llarini ko‘ksida chalishtirib, ojizona darg‘azablik bilan g‘udrangancha o‘z-o‘zini la’natlarkan, mister Braunlou hayratda lol qolgan tinglovchilarga o‘girilib, juhud – Monksning hamtovog‘i va ishonchli vakili Oliverni tuzoqda tutib turgani uchun katta mukofot olganini, bordi-yu, bola qochib qutulib ketadigan bo‘lsa, o‘sha mukofotdan bir qismini qaytarishi lozim ekanini, aynan ana shu xususda chiqqan dovlashuv – bolaning o‘sha-o‘shamasligini ko‘rib-bilish maqsadi ularni shahar chekkasidagi bog‘ hovliga yetaklab kelganini tushuntirib berdi.

– Medalyon bilan uzuk masalasi-chi? – dedi mister Braunlou Monksga burilib qarab.

– O‘sha matohlarni ilgari sizga aytganim erkak bilan ayoldan sotib oldim, ular esa murdadan yechib olgan kasal boqqan kampirdan o‘g‘rilab olishgan ekan, – deya javob qildi Monks ko‘zlarini ko‘tarmay. – Ularga nima bo‘lgani o‘zingizga ayon.

Mister Braunlou mister Grimuigga bosh irg‘agan edi, u yo‘rg‘alagancha xonadan chiqib ketdi-yu, missis Bamblni turtkilay-turtkilay oldiga solgancha, unamayotgan erini esa surgagancha qaytib kirdi bir zumda.

– O‘zimning ko‘zimmi bu yo boshqami, rostdanam jajji Oliverga o‘xshaydimi bu? – xitob qildi mister Bambl ochiq-oydin yasama hayrat-la. – Eh, Oliver, seni deb qanchalar g‘am chekkanimni bilsayding-a!..

– Tilginangni tiyib tur, to‘nka! – g‘ijindi missis Bambl.

– Tabiatim o‘zi shunaqa, tabiatim, missis Bambl! – e’tiroz bildirdi mehnat uyi noziri. – Nahotki, menday odam – uni qavm taomilicha tarbiyalagan menday odam uning xonimlar va jentlmenlar o‘rtasida savlat to‘kib, bejirimgina kiyinib o‘tirganini ko‘rib ta’sirlanmasa, shunaqangi toshbag‘ir odammanmi-ya men! Bu bolakayni hamisha yaxshi ko‘rganman, xuddi tug‘ishganimday… tug‘ishgan bobosiday, – deya so‘zini davom ettirdi mister Bambl va mos keladigan o‘xshatishni topolmay duduqlanib qoldi. – Oliver, azizim, anavi oq nimchali boobro‘ jentlmen esingdami? Eh, Oliverginam, u o‘tgan hafta naqshinkor kumush tutqichli eman tobutda arshi a’loga jo‘nadi!

– Bas, ser! – dedi mister Grimuig shartillatib. – Mehr-oqibatli tuyg‘ularingizni tiya turing.

– Baholi qudrat harakat qilaman bunga, ser, – javob qildi mister Bambl. – Ahvollaringiz qalay, ser? Umid qilamankim, to‘rt muchangiz sog‘-omondir.

Bu takallufot hurmatli er-xotinlardan ikki qadam berida to‘xtagan mister Braunlouga qaratilgan edi. U Monksni ko‘rsatib dedi:

– Bu odamni taniysizlarmi?

– Yo‘q, – dedi missis Bambl qat’iy.

– Balki siz ham tanimassiz? – dedi mister Braunlou eriga murojaat qilib.

– Umrimda ko‘rgan emasman, – dedi mister Bambl.

– Xo‘sh, deylik, hech nima sotmagandirsiz ham unga?

– Hech nima, – javob berdi missis Bambl.

– Xo‘sh, deganingizdan, balki sizda hech qachon oltin medalyon bilan uzuk ham bo‘lmagandir? – dedi mister Braunlou.

– Albatta, bo‘lmagan! – javob qildi nozira. – Bizni nimaga boshlab kelib, bunaqangi ahmoqona savollarga javob berishga majbur qilishyapti o‘zi?

Mister Braunlou yana mister Grimuigga imo qilgandi, bu jentlmen sal oqsagancha shu zamonoq chiqib ketdi. Bu gal u xotini bilan davangirday erkakni emas, balki qaltirab, galdirab ketayotgan ikki falaj xotinni boshlab kirdi.

– Keksa Salli olamdan o‘tayotganida siz eshikni berkitib qo‘ygandingiz-u, – dedi oldinda kelayotgani qoqsuyak qo‘lini havolatib, – lekin ovozini yo‘q qilib, tuynuk-teshiklarni berkitib tashlolmagandingiz baribir.

– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi ikkinchisi atrofiga alanglab, tishsiz jag‘ini liqillatib. – Xuddi shundoq…

– Sallining nima ishlar qilganini sizga aytib berishga uringandagi hamma gapini eshitib turganmiz, keyin qo‘lidagi qog‘ozni qandoq olganingizni ham ko‘rib turganmiz, ertasiga bo‘lsa orqangizdan ijaraxo‘rning do‘konigacha poylab bordik, – dedi birinchisi.

– To‘ppa-to‘g‘ri! – tasdiqladi ikkinchisi. – Medalyon bilan tilla uzuk. Biz buni surishtirib bildik, innaykeyin, qo‘lingizga tutqizishayotganini ham ko‘rgandik. Biz yaqinginada turgandik, ha, yaqingina joyda!

– Buyam holva, biz bundanam ko‘proq narsani bilamiz, – so‘zini davom ettirdi birinchisi. – Ancha-muncha vaqt ilgari marhumaning o‘z og‘zidan, yosh ona chaqalog‘ining otasining qabriga, o‘sha yerda jon bergani ketayotgan ekan, deganini eshitganmiz: ahvoli chatoqlashgach, tirik qolmasligini ko‘ngli sezgan ekan, sho‘rlikning.

– Mabodo, ijaraxo‘rni ko‘rishni istamaydilarmi? – deb so‘radi mister Grimuig eshikka qarab yurarkan.

– Yo‘q! – javob qildi missis Bambl. – Agar u, – deya Monksga ishora qildi xonim, – qo‘rqib ketib tan olgan bo‘lsa – ko‘rib turibman, xuddi shundoq qilgan u – siz esa boshqa tuzukroq odam qurib qolganday mana shu jodugarlardan so‘rab-surishtirgan ekansiz, boshqa aytadigan gapim yo‘q. Ha, o‘sha narsalarni sotganman, hozir o‘sha narsalar sizlar hech qachon ololmaydigan joyda yotibdi! Yana nima deysizlar?

– Hech nima, – javob qaytardi mister Braunlou. – Faqat birgina narsani aytib qo‘yay: har ikkalalaringizni ham ishonch talab qilinadigan vazifada ortiq qolmasliklaringizning harakatini qilishimiz qoladi, xolos. Jo‘nanglar!

– Umidvormanki… – dedi mister Bambl mister Grimuig ikkala kampirni xonadan ergashtirib chiqib ketgach, bag‘oyat ma’yuslik bilan atrofiga jalanglab, – umidvormanki, mazkur baxtsiz, arzimas tasodif meni qavm qoshidagi lavozimimdan mahrum etmas?

– Shak-shubhasiz, mahrum etajak, – javob berdi mister Braunlou. – Bunga tan bermog‘ingiz va omadingiz bor ekanidan shukr qilmog‘ingiz lozim.

– Hammasi missis Bamblning ishi! O‘sha majbur qildi bunga, – avval umr yo‘ldoshi xonadan chiqib ketganiga qanoat hosil qilish uchun alanglab olgan mister Bambl shunday deya oyoq tirab turib oldi.

– Bu vaj bo‘lolmaydi! – qarshilik bildirdi mister Braunlou. – O‘sha taqinchoqlar sizning hozirligingizda yo‘q qilingan va qonunga qaralsa, siz yanada ko‘proq aybdorsiz; zotan, qonun xotiningizni sizning yo‘l-yo‘rig‘ingiz bilan ish tutgan, deb hisoblaydi.

– Agarda qonun shundoq deb hisoblasa, – dedi mister Bambl shlyapasini ma’nodor qilib ikkala qo‘li bilan g‘ijimlagancha, – bundan chiqdi, qonun – eshak… ovsar ekan! Agarda qonun nuqtayi nazari shundoq bo‘lsa, demak, qonun – bo‘ydoq ekan, unga tilaydigan eng yomon tilagim shuki, hayot tajribasi ko‘zlarini ochib qo‘ysin… ha, iloyo, boshiga tushib, ko‘zi ochilsin!..

Mister Bambl keyingi so‘zlarni qayta-qayta ta’kidlagan ko‘yi shlyapasini chakkasiga bostirib kiydi-da, qo‘llarini cho‘ntagiga suqqancha zinapoya orqali umr yo‘ldoshi ketidan pastga tushib ketdi.

– Aziz oyimqizginam, – dedi mister Braunlou Rozga murojaat etib, – qo‘lingizni bering menga. Qo‘ying, titramang. Aytadigan oxirgi ikki og‘izgina gapimizga sira qo‘rqmasdan quloq solsangiz bo‘ladi.

– Agar u… bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormoqchimasman-ku… lekin bu gaplar mabodo… menga aloqador bo‘lsa, – dedi Roz, – o‘tinaman sizdan, boshqa safar quloq solishimga ruxsat eting. Hozir bunga na quvvatim, na jasoratim yetadi.

– Yo‘q, – e’tiroz bildirdi keksa jentlmen qizning qo‘lini o‘z qo‘llari orasiga olib, – iymonim komilki, matonatingiz dosh beradi bunga… Bu oyimqizni taniysizmi, ser?

– Ha, – javob berdi Monks.

– Men sizni hech ko‘rmaganman, – dedi Roz past ovozda.

– Men sizni tez-tez ko‘rib turardim, – dedi Monks.

– Baxtiqaro Agnesning otasining ikki qizi bo‘lgan, – dedi mister Braunlou. – Ikkinchisi – kichik qizining taqdiri nima bo‘lgan?

– Qizaloqni, – javob qildi Monks, – otasi begona joyda, begona ism-sharif ostida, yor-birodarlari yoki urug‘-aymoqlarini qidirib topsa bo‘ladigan na xat, na biror parcha qog‘oz qoldirmay, olamdan o‘tganidan keyin qizaloqni bechorahol dehqonlar boqib olib, o‘z farzandlariday tarbiya qilishgan.

– Davom ettiring, – dedi mister Braunlou missis Meyliga yaqinroq kelishni imo qilib. – Davom ettiravering!

– Bu odamlar ketib qolgan joyni izlaganingizda ham topolmasdinglar, – dedi Monks, – lekin do‘stlik inqirozga uchragan yerga ko‘pincha nafrat yo‘l topib boradi. Onam bir yilga cho‘zilgan mohirona izlashlardan so‘ng o‘sha joyni topib borgan, qizni ham topgan.

– Onangiz o‘zi bilan olib ketganmi qizni?

– Yo‘q. O‘sha odamlar juda xarob turisharkan, bu paytga kelib, o‘zlarining maqtovga loyiq insonparvarliklari jonlariga – aqalli erining – tega boshlagan ekan; shu sababli, onam qizni ularnikida qoldirgan va ko‘pga yetmaydigan ozroqqina pul berib, tag‘in jo‘natishni va’da qilgan, ammo bunday niyat xayolida ham bo‘lmagan. Aytmoqchi, u norozilik bilan qashshoqlik qizni baxtsiz qila olishiga butunlay ishonmagan; shuning uchun o‘sha odamlarga o‘zi lozim topgan qo‘shib chatishlar bilan bejab, opasining sharmisorli qilmishini gapirib bergan, qizga yaxshilab ko‘z-quloq bo‘lib turishlarini tayinlab, tag-zoti buzuq, o‘zi ham haromi, ertami-kechmi albatta buzuq yo‘lga kirib ketadi, degan. Bularning barini oilaning jumboqli turmushi misolida tasdiqlab bergan; o‘sha odamlar chippa-chin ishonishgan. Shundan keyin go‘dak hatto bizni ham qanoatlantiradigan darajada muhtojlikda ayanchli kun kechira boshlagan, lekin o‘sha paytlarda Chesterda turadigan bir beva xonim qizni tasodifan ko‘rib qolib, rahmi kelgan-da, uni boqib olgan. Nazarimda, bizga qarshi qandaydir la’nati jodugar ish ko‘rgan, negaki, barcha urinishlarimizga qaramay, qiz o‘sha xonimnikida qolib, baxtli bo‘lib ketdi. Ikki-uch yil burun uni nazardan qochirib qo‘ydim, bor-yo‘g‘i bir necha oygina ilgariroq yana uchratib qoldim.

– Hozir uni ko‘rib turibsizmi?

– Ha. U sizning qo‘lingizga suyanib turibdi.

– Lekin baribir u boyagi-boyagi jiyanimligicha qolaveradi, – xitob qildi missis Meyli darmoni qurib borayotgan qizni bag‘riga bosib, – u ilgari qandoq bo‘lsa, o‘shandoq aziz bolajonim bo‘lib qolaveradi! Endilikda dunyodagi jamiki boylikka ham alishmasman uni: bu mening mehribon, jondan aziz bolaginam-ku!

– Olamda yakka-yu yagona mehribonim! – dedi Roz jo‘shib, uning pinjiga kirib. – Qadrdonlarim orasida eng saxiy, eng mehribon, eng sarasisiz! Yuragim tars yorilib ketay deyapti. Bu gaplarni ko‘tarishga majolim yetmayapti.

– Bundan ko‘ra ortiqrog‘ini ham ko‘targansan va hech nimaga parvo qilmay, hamisha mo‘min-muloyim, mehribon qizaloqligingcha qolib, bilgan-ko‘rgan yaqinlaringni hamisha baxtiyor etib kelgansan, – dedi missis Meyli uni erkalab bag‘riga bosgancha. – Bo‘ldi, bas, jonginam! Bag‘ringga otilishga sabri chidamay turganlarni ham esdan chiqarmagin-da! Bu yoqqa qara… qara, qarasang-chi, jonim bolam!

– Yo‘q, u meni xolammas! – qichqirib yubordi Oliver qizning bo‘ynidan achomlagancha. – Ikki dunyodayam uni xola demayman!.. Opa… bir ko‘rgandayoq nimagadir jonimdan yaxshi ko‘rib qolgan opajonim! Roz, azizim, mehribonim Roz!

Bir-birovlarini mahkam-mahkam, uzoq quchgan yetimlar ko‘zidan oqqan bu shashqator yoshlar-u og‘zilaridan uchgan uzuq-yuluq qovushiqsiz so‘zlar munavvar o‘lg‘ay! Ota, opa va ona bir lahzaning o‘zida topildi-yu, yana yo‘qotildi. Xursandchilik bilan g‘am bir ko‘z qarog‘ida jam bo‘ldi, biroq bu achchiq ko‘z yoshlari emasdi; zero, g‘am-tashvishning o‘zi nozik xotiralar pardasiga chirmalib, shunday muloyim tortib qolgandiki, u iztirobga soluvchi alamdan tantanavor quvonchga aylangan edi.

Ikkovlon uzoq tanho qolishdi, nihoyat, eshikning ohistagina taqillashi ostonada kimdir turganidan dalolat berdi. Oliver eshikni ochdi, lip etgancha xonadan chiqdi-yu, o‘rnini Garri Meyliga bo‘shatib berdi.

– Hammasidan xabarim bor! – dedi u sohibjamol qizning yoniga o‘tirar ekan. – Azizam Roz, hammasini bilaman! Bu yerga tasodifan kelib qolganim yo‘q, – deb qo‘shib qo‘ydi u xiyla sukutdan so‘ng. – Keyin, bu gaplarni bugun emas, kecha – ha, kechagina eshitdim… Bitta va’dangizni eslatgani kelganimni fahmlab turgandirsiz?

– Shoshilmang, – dedi Roz. – Hammasini bilasizmi o‘zi?

– Hammasini… Bir yil davomida istagan paytimda oxirgi suhbatimiz mavzusiga qaytishimga o‘zingiz ruxsat bergandingiz menga.

– Shunday, ruxsat bergandim.

– Sizning ahdingizni o‘zgartirishga majbur etish emas, balki o‘sha gapni qay yo‘sinda takrorlashingizni eshitish niyatidaman, buni istasangiz, albatta, – so‘zini davom ettirdi yigit. – Men jamiyatda orttirgan mavqeyim-u jamiki boyligimni oyoqlaringiz ostiga keltirib tashlashim lozim edi va basharti, siz dastlabki ahdingizdan qaytmaydigan bo‘lsangiz, unda men o‘z zimmamga na so‘z-u, na ish bilan uni o‘zgartirishga urinmaslik majburiyatini yuklaganman.

– O‘sha paytda ahdimga nima ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir ham xuddi shu sabablar ta’sir ko‘rsataveradi, – qat’iy dedi Roz. – Basharti, vujudimda meni qashshoqlik va azob-uqubatlardan o‘zining mehr-u saxovati bilan xalos etgan kimsa oldida qat’iy hamda mustahkam burchliman, degan tuyg‘u bo‘lsa, xo‘sh, o‘sha tuyg‘u qachon bo‘lmasin, bugungisidan ko‘ra kuchliroq bo‘la olarmidi?.. Bu bir kurash, – qo‘shib qo‘ydi Roz, – biroq men g‘urur-la olishaman, bu kurash bobida. Bu dard-u alam, lekin mening yuragim dosh beradi bunga.

– Bugun oqshomgi sir ochilishi… – deya gap boshladi Garri.

– Bu oqshomgi sir ochilishi, – muloyimgina qilib qaytardi Roz, – mening ahvolimni o‘zgartirolmaydi.

– Siz o‘z qalbingizni menga qarshi qayrayapsiz, Roz, – qarshilik bildirdi oshiq yigit.

– Eh, Garri, Garri-ya! – dedi oyimqiz ko‘zlarida yosh halqalanib. – Koshki edi, shunday qilolsam-u, bunday azobdan qutulsam-qo‘ysam!

– O‘zingizni qiynashingizning nima keragi bor, axir? – dedi Garri uning qo‘lini ushlab. – O‘ylab ko‘ring, azizam Roz, bugun oqshom eshitganlaringizni bir o‘ylab ko‘ring.

– Nimaniyam eshita qolibman? Nimani? – dedi Roz qizishib. – Sharmanda bo‘lganini bilishi otamga shunchalar qattiq ta’sir qilib, hammadan qochib qolgan… Mana, men eshitgan gap! Bas… shuncha gaplashganimiz yetar, Garri, yetarli shu gaplarning o‘zi!

– Yo‘q, yetarlimas! – dedi yigit qiz o‘rnidan turarkan, uni to‘xtatib. – Mening umidlarim, istaklarim, kelajakdan orzu-niyatlarim, his-tuyg‘ularim, o‘y-xayolim – jami, faqat sizga bo‘lgan muhabbatim mustasno, jami ostin-ustun bo‘lib ketdi. Endilikda sizga behuda-puch kiborlar olamidan izzat-ikromli mavqe taklif etayotganim yo‘q; men sizga chinakam isnod-u sharmandalikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan halol odamni qizarishga majbur etadigan badbinlik va tahqirlar olami bilan muloqotda bo‘lishni taklif qilayotganim yo‘q… Men sizga o‘z uyimni – qalbimni va kulbamni taklif etaman, shunday, azizim Roz, faqat shunigina, sizga faqat shunigina taklif eta olaman, xolos.

– Nima demoqchisiz o‘zi? – dedi Roz arang, tili tutilib.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации