Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 26 (всего у книги 40 страниц)
O‘TTIZ SAKKIZINCHI BOB
ER-XOTIN BAMBLLAR BILAN MISTER MONKS O‘RTASIDAGI XUFTONGI UCHRASHUV VAQTIDA SODIR BO‘LGAN VOQEALAR HISOBOTINI O‘Z ICHIGA OLADI
Badqovoq, dim, bulutli yoz oqshomi. Mister va missis Bambllar bosh ko‘chadan burilib, shahar markazidan taxminan bir yarim milyacha masofadagi daryo yoqasidagi loy, botqoqli pasqamlikda joylashgan baland-past-u qing‘ir-qiyshiq yarim xaroba uylar to‘dasi tomon odimlay boshlaganlarida kun bo‘yi suzib-sudralib yurgan bulutlar birlashib, qalin, qoramtir-sur parda hosil qilgan, allaqachon yirik-yirik yomg‘ir tomchilay boshlagan va qattiq momaqaldiroq isi kelib turgan bir payt edi.
Ularning kiyilaverib uniqib ketgan eski ustki kiyimlari ikki maqsadga xizmat qilishi mumkin edi: yomg‘irdan saqlash hamda birovning diqqatini tortmaslikka. Er hozircha hech qanday shu’la sochmayotgan fonusni ko‘tarib, go‘yo xotinim izlarimdan yursin degandek, bir necha qadam oldinda lo‘killab boryapti: yo‘l loy edi. Ular churq etmay odimlashyapti; vaqti-vaqti bilan mister Bambl qadamini sekinlatib, umr yo‘ldoshi orqada qolib ketmaganiga qanoat hosil etmoqlik uchun orqasiga alanglab qo‘yadi; keyin u izidan orqama-orqa kelayotganini ko‘rib, odimini jadallatib, sayohatlaridan ko‘zlangan mazgil sari yanada ildamroq intiladi.
Bu joyning ta’rif-u tavsifi hech qanday shubha-gumonga o‘rin qoldirmaydi: allazamonlardayoq bu yer o‘zini bamisoli halol mehnat-la kun ko‘rayotgan qilib ko‘rsatib, aslida o‘g‘rilik hamda jinoyatkorona ishlar bilan tirikchilik o‘tkazadigan uchiga chiqqan kazzoblar maskani ekani otning qashqasidek ayon bo‘lgan. Qayoqqa qarasangiz, katalag-u kulbalar: bir xillari – naridan-beri eski g‘ishtlardan qurilgan, bir xillari – qurt-qumursqa g‘alvir qilib tashlagan ko‘hna kema taxta-yog‘ochlaridan tiklangan; bu kulbalar tartibot-u obodonchilikni mutlaqo nazar-pisand qilmay g‘uj-g‘uj to‘dalanib olgan va daryodan bir necha gazgina beriroqda joylashgandilar. Loy qirg‘oqqa tortib chiqarilib, o‘zlarini qurshab turgan pastak to‘siqlarga bog‘lab qo‘yilgan ilma-teshik qayiqlar, shuningdek, u yer-bu yerda yotgan eshkaklar va qo‘ltiqda o‘ram-o‘ram qilib uyib qo‘yilgan arqonlar avvaliga bu qashshoqona kulbalarning egalari daryo yordamida ro‘zg‘or tebratar ekanlar, degan fikr tug‘dirardi. Ammo chor-atrofda sochilib yotgan bu almisoqdan qolgan va hech nimaga yaramaydigan uvadalarga bir nigoh tashlashning o‘zidayoq yo‘lovchi osongina ulardan biror kimsaning foydalanishi dargumon, keyin shunchaki ko‘zni chalg‘itish niyatida qo‘yib qo‘yilgan, degan xulosa chiqarar edi.
Ana shu kulba-yu katalaklarning o‘rta belida, naq daryoning labginasida ilgarilari fabrika bo‘lgan bino savlat to‘kib turar, qirg‘oqqa yaqinligidan uning yuqori qavatlari hatto suv tepasiga turtib chiqqandi. To‘g‘ri, fabrika bir vaqtlar tevaragidagi kulba istiqomatchilarini maosh bilan ta’minlab turgan, biroq u zamonlardan beri xiyla puturdan ketib qolgan. Sichqon-u kalamushlar, qurt-qumursqa va nam kasofatidan tanasini ko‘tarib turgan qoziqoyoqlar-u sepoyalar chirib, qiyshayib-qing‘ayib ketgan – binoning katta qismi allaqachon suvga yonboshlagan, qiyshayib, liqillab turgan omon qolgan qismi esa qadimiy oshnasi ortidan borish va uning qismatiga sherik bo‘lish uchun qulay fursat kelishini kutayotgandek tuyuladi.
Muhtaram er-xotinlar olis ko‘k toqida chaqnagan ilk momaqaldiroq ovozi to‘lqinlanib-taralib, sharros yomg‘ir quya boshlagan damda xuddi ana shu uy qarshisida to‘xtadilar.
– Shu atrofda bo‘lishi kerak, – dedi Bambl qo‘lidagi qog‘oz parchasiga sinchiklab tikilgan ko‘yi.
– Hey, pastdagilar! – tepadan kimningdir ovozi eshitildi.
Mister Bambl boshini ko‘targan edi, ikkinchi qavatdagi eshikdan qaddini beligacha tashqariga chiqarib qarab turgan odamni ko‘rdi.
– Bir zum kuta turinglar, – davom ettirdi so‘zini u, – hozir tushaman oldingizga. – So‘ng o‘sha odamning boshi g‘oyib bo‘lib, eshik ham qarsillab yopildi.
– O‘sha odammi shu? – so‘radi mister Bamblning nazokatli rafiqasi.
Mister Bambl «ha» degan ma’noda bosh irg‘adi.
– Tayinlaganlarim esingda bo‘lsin-a, – dedi nozira, – iloji boricha kam gapirishga harakat qil, yo‘qsa, birpasda sirimizni ochib qo‘yasan.
Uyni aftini burushtirib kuzatayotgan mister Bambl, chamasi, o‘ylagan rejalarini shu tobda amalga oshirish o‘rinli ekanligi ustida ba’zi shubhalarini aytmoqqa chog‘lanib turgan edi, biroq Monksning paydo bo‘lishi xalal berib qoldi – u er-xotin shundoq ro‘parasida turishgan eshikni ochib, ichkariga chaqirdi.
– Kiringlar! – sabrsizlik bilan shang‘illadi u yer tepinib. – Vaqtimni olmanglar, bu yerda!
Dastlabiga ikkilanib turgan ayol yana taklif qilishlarini kutib o‘tirmay, dadil ichkari kirdi. Mister Bambl uyalganidanmi, yo orqada qolib ketishdan hayiqqanidanmi, ishqilib o‘zini nihoyatda behuzur sezib va o‘z xulq-atvoriga xos beqiyos ulug‘vorligidan asar ham ko‘rinmay, xotini ortidan ergashdi.
– Nima jin urib yomg‘irda ivirsib turibsizlar u yerda? – so‘radi Monks Bambldan ular ketidan eshikni berkitgach, o‘girilib qarab.
– Biz… biz picha shamollamoqchi edik, – dedi Bambl tutila-tutila xavotirlik bilan atrofga alanglab.
– Shamollamoqchiydik! – takrorladi Monks. –Shu tobgacha yoqqan va bundan keyin yog‘adigan jamiki yomg‘irlar ba’zi odamlarning vujudidagi do‘zaxi otashni so‘ndirolmaydi. Shundoq bo‘lgach, salqinlashlaring osonmas, bunga umid qilmay qo‘ya qolinglar!
Shunday xushmuomala nutqdan so‘ng Monks shartta noziraga o‘girilib, unga qattiq tikilgandi, hatto uncha-munchaga cho‘chitib bo‘lmaydigan xonimday zot ham ko‘zlarini opqochib, yerga qadab qoldi.
– Bu o‘sha aytgan xotiningizmi? – so‘radi Monks.
– Him… o‘sha ayol bu, – javob qildi xotinining ogohlantirishlari yodida turgan Bambl.
– Siz, ayollar sir saqlay olishmaydi, deb o‘ylayotganga o‘xshaysiz-a? – gapga aralashdi nozira, ayni chog‘da Monksning sinovchan nigohiga u ham tik boqib.
– Ular faqat bittagina sirni, toki chuvi chiqib qolmagunicha, saqlashni joyiga qo‘yishadi, – dedi Monks.
– Qanaqa sir ekan o‘sha? – so‘radi nozira.
– Pokdomonliklarini yo‘qotganlarini, – javob qaytardi Monks. – Shundoq bo‘lgach, mabodo, ayol kishi o‘zini dor ostiga yoki qamoqqa olib boradigan sirga oshno ekan, bundan cho‘chimayman, u hech qachon biror odamga og‘zidan gullab qo‘ymaydi, aslo! Gapimga tushunayotgandirsiz, xonim?
– Yo‘q, – dedi nozira salgina qizarinqirab.
– Ha, turgan gap bu, – dedi Monks. – Buni tushuna olarmidingiz?
Monks har ikkala suhbatdoshiga yo kinoyaomuz, yo ma’yus qarab qo‘yib, er-xotinni yana ketidan ergashtirib, hayhotday, lekin shifti past xonani shitob-la kesib o‘tdi. U bir vaqtlar mol qo‘yilgan omborlar joylashgan ikkinchi qavatga olib chiqadigan, xuddi narvonga o‘xshagan tik zinapoyadan ko‘tarila boshlagan ham ediki, qo‘qqisdan chaqnagan chaqin tepadagi darchani yoritib yubordi, ketidan bostirib kelgan momaqaldiroq gulduragi yarim xaroba binoni tag-zaminigacha larzaga soldi.
– Eshityapsizlarmi? – deya qichqirdi u orqasiga tisarilib. – Eshityapsizlarmi? Iblis-u shaytonlar yashirinib yotgan ming-minglab g‘orlarni kezib chiqayotganday guldurab, qah-qah urishini qarang. Momaqaldiroqni o‘lguday yomon ko‘raman!
U bir necha soniya jim qoldi, keyin birdan yuzini yashirib turgan qo‘llarini oldi, shunda mister Bambl tavsifga til lol bir sarosima ichra Monksning basharasi bujmayib, rangi quv o‘chib ketganini ko‘rdi.
– O‘zi shunaqa tutqanoqqa o‘xshab tutib turadi, – dedi Monks uning qo‘rqib ketganini ko‘rib, – ko‘pincha momaqaldiroq paytida bo‘ladi bu. Qo‘yavering, parvo qilmang menga, o‘tib ketdi hammasi.
Shunday deb u zinadan ko‘tarila boshladi va chiqib borgan xonasidagi deraza qopqoqlarini darhol berkitib, arqonning bir uchiga bog‘lab, g‘altakdan o‘tkazib qo‘yilgan chiroqni pastga tushirdi. Arqon shiftdagi yo‘g‘on xarining ustidan o‘tkazilgandi, shu bois fonus ostida turgan ko‘hna stol bilan uchta kursini xiragina yoritib turardi.
– Ana endi, – dedi Monks uchalalari ham o‘tirishgach, – ishga qanchalik tez kirishsak, hammamiz uchun ham shunchalik yaxshi… Gap nima haqda borayotganini xonim biladilarmi?
Ushbu savol Bamblga qaratilgan edi, biroq xotini oldinroq javob berib, ishning mohiyati o‘ziga juda yaxshi ma’lum ekanligini aytdi.
– Bu kishi sizni, anavi jodugar jon bergan kuni kechasi tepasida bo‘lgan va kampir allanimanidir aytgan, deb to‘g‘ri gapiryaptimi?…
– Siz aytgan anavi bolaning onasi to‘g‘risidami? – uning so‘zini bo‘ldi nozira. – Ha.
– Birinchi masala ushbu ma’lumotning qimmati xususiyatini bilishdan iborat, – dedi Monks.
– Bu ikkinchi masala, – luqma tashladi ayol o‘ta mulohazakorlik bilan. – Birinchisi bu ma’lumotga qancha to‘lanishini kelishib olish.
– Jin ursin, uning qimmatini bilmay turib, kim ham javob bera oladi bunga? – so‘radi Monks.
– Iymonim komilki, sizdan bo‘lak hech kim, – dedi jasoratlilik bobida bequsur missis Bambl, bu jabhada esa uning umr yo‘ldoshi haqli ravishda guvohlik berishi mumkin edi.
– Hm!.. – deb qo‘ydi Monks ma’nodor qilib, behad qiziqsinish ohangida. – Demak, uning ko‘magida pul ishlab olsa bo‘larkan-da?
– Hamma narsa bo‘lishi mumkin, – vazmin javob qaytarildi bu savolga.
– Uning nimasinidir olishgan ekan, – dedi Monks. – Qandaydir narsasini yechib olishgan ekan. Qandaydir buyumini…
– Yaxshisi, oldin bahosini aytsangiz bo‘lardi, – so‘zini bo‘ldi missis Bambl. – Shu eshitgan gaplarimning o‘zi ham sizning xuddi men gaplashishim zarur bo‘lgan odam ekanligingizga qanoat hosil qilishim uchun yetarli.
Shu paytgacha mehribon yostiqdoshi bir vaqtlar aytganidan bo‘lak hech nimani eshitmagan mister Bambl bo‘ynini cho‘zib, ko‘zlarini chaqchaytirib, ushbu savol-javobga quloq tutar, dam xotiniga, dam Monksga tikilar ekan, taajjubini yashirmasdi. Monks sirni ochish uchun qancha talab qilishlarini zarda bilan so‘raganida hayrati chandon ortib ketdi.
– Siz uchun qanchalik qimmatga ega u? – so‘radi ayol xuddi boyagidek vazmin.
– Ehtimol, bir paqirga qimmatdir, balki yigirma funtga arzir, – javob berdi Monks. – So‘raydiganingizni ayting-u, bor baraka qila qolaylik.
– O‘zingiz aytganga tag‘in besh funt qo‘shing. Oltin pul bilan yigirma besh funt bersangiz, – dedi ayol, – ana undan keyin bilganlarimning barini aytaman sizga. Faqat shundan keyingina aytaman.
– Yigirma besh funt! – xitob qildi Monks kursi suyanchig‘iga suyanib qolarkan.
– Oppa-oydin qilib aytdim sizga, – javob berdi missis Bambl. – Unchalik katta pulmas bu.
– Narxi bir pulga qimmat bo‘lishi mumkin arzimas sir uchun bemalol yetarli, – qichqirib yubordi Monks toqatsizlik-la. – Innaykeyin, o‘n ikki yil muqaddam lahadga kirgan sir, balki bundan ham ilgariroqdir.
– Bunaqangi narsalar yaxshi saqlanadi, vaqt o‘tgani sayin esa, xuddi o‘tkir sharobga o‘xshab, qimmati ikki-uch karra ortib boradi, – javob berdi nozira hamon boyagidek mulohazakorona hamda beparvo qiyofada. – Lahadga kirishi masalasiga kelsak, kim biladi, shunaqangi buyumlar ham bo‘ladiki, o‘n ikki ming yoki o‘n ikki million yil ko‘milib yotib, pirovardida, g‘alati-g‘alati voqealarni so‘zlab berishi mumkin.
– Bordi-yu, pulni shamolga sovurgan bo‘lib chiqsam-chi? – so‘radi Monks hardamxayollik bilan.
– Uni oppa-osongina qaytarib olishingiz mumkin: men bor-yo‘g‘i ayol kishiman, himoyachim ham yo‘q bu yerda.
– Yolg‘izmassan, jonginam, keyin himoyasiz ham emassan, – ehtirom-la luqma tashladi mister Bambl qo‘rquvdan ovozi titrab. – Men shu yerdaman, jonginam. Innaykeyin, – gapini davom ettirdi mister Bambl tishlari takillab, – mister Monks – jentlmen odam, u qavm amaldorlariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatmaydi. Azizam, mening yosh yigitcha emasligim va ta’bir joiz bo‘lsa, pichagina so‘lganim mister Monksga ma’lum. Ammo u eshitgan, bunga zarracha shubham yo‘q, mister Monks kaminaning qitig‘iga tegib qo‘yilsa, g‘ayrati jo‘shib ketadigan nihoyatda jasur, beqiyos baquvvat odam ekanimni eshitgan. Sal qitiq-patimga tegib qo‘yish kerak, vassalom.
Mister Bambl shunday deb vajohatli jasoratla fonusni ushlashga urindi, biroq o‘takasi yorilayozgan basharasidan birorta jangari harakatni boshlashidan oldin rostdan ham uning qitig‘iga tegish, shundayam jonini og‘ritadigan qilib qitig‘iga tegish darkor ekani yaqqol ko‘rinib turardi; bu harakatlari kambag‘allarga qarshi yoki xuddi ana shu mo‘ljal-u maqsadda qo‘lbola qilib o‘rgatilgan zotlarga qarshi qaratilgan bo‘lsagina, albatta.
– Ahmoqsan-da, – dedi missis Bambl, – jimgina tillngni tishlab turganing yaxshiydi bundan ko‘ra!
– Sekinroq gapirishni bilmaganidan keyin, bu yoqqa kelishdan oldin tilini tag-tugi bilan shartta kesib tashlagani ma’qul ekan! – dedi Monks qovog‘i uyilib. – Xo‘sh, shunday qilib, bu kishi eringiz ekan-da?
– Ha, erim, – tasdiqladi nozira hiringlab.
– Kirib kelayotganlaringda shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim o‘zim ham, – derkan, Monks ushbu so‘zlarni aytayotganida xonimning eriga naq yeb qo‘ygudek o‘qrayib qo‘yganini payqadi. – Unda yanayam yaxshi. Bir yoqadan bosh chiqarib ish tutayotganlarini ko‘rib-bilganimdan keyin er-xotin bilan qaytaga jon-jon deb birgalashib ish ko‘rishga tayyorman. Jiddiy gapiryapman. Mana, qaranglar!
U yon cho‘ntagiga qo‘l suqib, los hamyonni chiqardi-da, stolga yigirma besh dona soverenni sanab qo‘yib, ayolning oldiga surdi.
– Ana endi, – dedi u, – olib qo‘ying bularni. La’nati momaqaldiroq tinganidan keyin – hozir tepamizda gumburlab qoladi, sezib turibman – hikoyangizni eshitamiz.
Yanada yaqinroqda, deyarli xuddi tepalarida gulduragan momaqaldiroq tinganidan keyin Monks boshini xiyol ko‘tarib, ayolning hikoyasini tinglash uchun oldinga engashdi. Ikkala erkak sabrsizlik bilan chogroqqina stol uzra engashishgan, pichirlaganimni eshitishsin, deb ayol ham egilganida uchovlarining yuzlari deyarli bir-biriga tekkuday yaqinlashdi. Fonusning xira shu’lasi to‘ppa-to‘g‘ri ularga tushib turganidan basharalari battar xavotirli-za’faron tus olgan, tevaraklarini qurshagan qorong‘ilik qo‘ynida xayoliy ro‘yolarga o‘xshab ketishardi.
– O‘sha xotin, Salli kampir jon berayotganida, – deya gap boshladi nozira,– ikkovimiz yolg‘iz edik.
– Boshqa hech zog‘ yo‘qmidi? – xuddi o‘shanday asta shivirlab so‘radi Monks. – Birorta bemor kampir yoki biror telba-teskari yotmaganmidi yonidagi karavotda? Gaplaringni eshitadigan, ehtimolki, mag‘zini fahmlab yetadigan hech kim yo‘qmidi?
– Birortayam jon zoti, – javob berdi ayol, – yolg‘iz edik. Joni chiqqanida bir o‘zim tepasida edim.
– Juda soz, – dedi Monks ayolga diqqat-la tikilib. – Davom etavering.
– U bitta yosh juvon to‘g‘risida gapirdi, – so‘zini davom ettirdi nozira, – o‘sha juvonning bir vaqtlar xuddi o‘sha xonada, faqat o‘sha xonadagina emas, hatto kampir jon berayotgan karavotda ko‘zi yorigan ekan.
– Rostdanmi? – deb qo‘ydi Monks lablari pirpirab, yelkasi osha orqasiga alanglab qo‘yarkan. – Ming la’nat-e! To‘g‘ri kelganini qarang-a!
– Bu kishi kecha kechqurun sizga aytgan xuddi o‘sha bola bo‘ladi u, – hikoyasini davom ettirdi nozira nopisandlik bilan eri tomonga ishora qilib. – Kasal boqib o‘tirgan kampir uning onasining bisotini qoqishtirgan ekan.
– Hayotligidayoqmi? – so‘radi Monks.
– Joni uzilganidan keyin, – javob berdi ayol bir seskanib tusharkan. – Juvon jon berayotgan go‘dagi uchun asrab qo‘yishini iltimos qilgan buyumini kampir uning tanasi sovimasdanoq yechib olgan ekan.
– Kampir o‘sha narsani sotib yuboribdimi? – xitob qildi Monks hayajondan o‘zini yo‘qotayozib. – Sotib yuboribdimi uni? Qayerda? Qachon? Kimga? Ko‘p bo‘ldimi bunga?
– Nima qilganini qiynala-qiynala, arang gapirib berdi-da, – hikoyasini davom ettirdi nozira, – o‘zini shundoq orqaga tashladi-yu, jon berdi-qo‘ydi.
– Bundan boshqa biron og‘iz ham gap aytmasdan-a?! – deya hayqirdi Monks, uning naq g‘azabdan bo‘g‘ilayozgani ovozi yanada bo‘g‘iq chiqqanidan sezilib turardi. – Yolg‘on! Men bilan hazillashishning oxiri voy bo‘ladi-ya. U yana nimanidir aytgan. Ikkovlaringni jahannamga jo‘natib bo‘lsa hamki, aynan nima deganini bilib olaman baribir.
– U boshqa bir og‘iz ham gapirmadi, – dedi ayol, chamasi, u bu g‘alati odamning g‘azabidan tirnoqchalik qam cho‘chimagandi (mister Bambl haqida-yu aslo bunday deyishning o‘rni yo‘q edi). – U jon-jahdi bilan ko‘ylagimni changallab olgandi, joni uzilganini ko‘rganimdan keyin panjasini ochib, iflos qog‘oz parchasini ko‘rdim.
– Qarasangiz, ichida… – uning so‘zini og‘zidan oldi Monks yanayam engashib.
– Ichida hech nima yo‘q edi, – javob berdi ayol. – Kafolat pattasi ekan.
– Qanaqangi buyum uchun berilgan? – so‘radi Monks.
– Hademay bilasiz, – javob qaytardi ayol. – Oldiniga u qimmatbaho taqinchoqni avaylab asramoqchi bo‘lgan shekilli, keyin esa garovga qo‘ygan va oz-ozdan pul jamg‘argan, buyum yana tag‘in qo‘ldan chiqib ketmasin deb sudxo‘rga garov haqi to‘lab turgan. Demak, agar qo‘liga tuzukroq narsa tushib qolsa, xohlagan paytida qaytarib olishi mumkin edi. Lekin qo‘liga tuzukroq narsa tushmagan va oqibatda, hozirgina aytganimdek, sarg‘ayib ketgan qog‘oz parchasini changallaganicha ko‘z yumdi. Muddati bitishiga ikki kun qolgan ekan. Shunda men ham balki biron nimaga yarab qolar, deb o‘yladim-da, haqini berib, garovdan qaytarib oldim.
– Hozir qayerda u? – og‘zidan chiqmasidanoq so‘radi Monks.
– Shu yerda, – javob qildi ayol.
Shunday deya ayol, qutulganiga shukr qilgandek, shosha-pisha fransuzcha soat zo‘r-bazo‘r sig‘adigan jimitdakkina mayin teri kartmonni stolga tashladi. Monks ola solib, qo‘llari qaltirab, apil-tapil ochdi – kartmonchada chog‘roqqina tilla medalyon, medalyonning ichida esa ikkita soch tolasi bilan nikoh uzugi bor ekan.
– Ichkari tomoniga «Agnes» deb o‘yib yozilgan, – dedi ayol. – Uning yonida ota ismiga joy qoldirilgan, undan keyin bo‘lsa yil yozilgan, aniqlashimcha bu bola tug‘ilgan yildan bir yil oldingi sana.
– Bor-yo‘g‘i shuginami? – so‘radi Monks mitti kartmonchadan chiqqan narsalarni diqqat va hirsla ko‘zdan kechirib.
– Bori shu, – javob qaytardi ayol.
Mister Bambl, go‘yo hikoya tugagani va yigirma besh funtni qaytarib olish borasida og‘iz ham ochilmaganidan xursand bo‘lgandek, yengil so‘lish oldi; endi u dadillanib, butun savol-javob davomida g‘arg‘ar terlayotgan burni ustidagi ter tomchilarini artdi.
– Men bu voqea haqida, o‘zimcha taxmin qilgan narsadan bo‘lak, hech nimadan xabarim yo‘q, – dedi ayol qisqagina sukutdan so‘ng Monksga, – keyin bilishni ham istamayman, shunisi bexavotirroq. Shundoq bo‘lsayam, sizdan ikkitagina savol so‘rasam maylimi?
– Bemalol, so‘rayvering, – dedi Monks hayron bo‘lib, – lekin savollaringizga javob beramanmi yo yo‘qmi – bu boshqa masala.
– Jami uchta bo‘larkan-da, – deb qo‘ydi mister Bambl askiya qilmoqchi bo‘lib.
– Mendan umid qilgan, mo‘ljalingizdagi narsangizni oldingizmi? – so‘radi nozira.
– Ha, – javob berdi Monks. – Xo‘sh, ikkinchi savolingiz-chi?
– Bu narsani nima qilmoqchisiz? Menga qarshi ishlatilmaydimi tag‘in bu?
– Hech qachon, – dedi Monks, – na sizga qarshi, na menga qarshi. Bu yoqqa qarang. Lekin birorta qadam qo‘ya ko‘rmang, yo‘qsa, hayotingiz sariq chaqaga ham qimmat bo‘p qoladi-ya.
Shunday deb, u to‘satdan stolni nari surdi-da, oyoqlari tagidagi temir halqadan ushlab, naq mister Bamblning ostiginasidagi tubsiz tuynuk qopqog‘ini ochib yuborgandi, bu janob jonholatda bir necha odim orqaga tisarildi.
– Pastga bir qarang-a, – dedi Monks fonusni tuynukdan pastga tushirib. – Qo‘rqmang. Buning menga foydasi bo‘lganida sizni tuynuk ustida o‘tirganingizda bamaylixotirgina sho‘ng‘itib yuborishim hech gapmasdi.
Bu so‘zlardan dalda olgan nozira tuynuk chetiga yaqinlashdi, hatto qiziqsinish ich-etini tatalayotgan mister Bamblning shaxsan o‘zlari ham shunday qilishga jur’at etdilar. Pastda jaladan keyin to‘lib-toshgan daryo ayqirib, qaynab-ko‘pirib oqyapti, ko‘mko‘k suv giyohlari qoplagan sepoya-qoziqoyoqlarga tashlanib, peshonasi qoq yorilayotgan oqimning guvillashi jamiki boshqa tovush-u shovqinlarni bosib ketyapti. Qachonlardir bu yer suv tegirmoni bo‘lgan: suv chirik ustunlar-u mashinalarning omon qolgan bo‘lak qismlari tevaragidan aylanib, qaynab-ko‘pirib oqar va uning quturib qilayotgan hamlalarini jilovlashga behuda urinayotgan to‘siqlardan xalos bo‘lgach, yangi kuch-la olg‘a intilayotgandek tuyulardi.
– Mabodo, unga birovning murdasi tashlab yuborilgudek bo‘lsa, u ertalab qayerga borib qoladi? – so‘radi Monks fonusni quduqday qop-qorong‘ilikda u yoqdan-bu yoqqa chayqatib.
– Oqim bo‘ylab bu yerdan o‘n ikki milya quyiga, buning ustiga tilka-porasi chiqib ketadi, – javob berdi mister Bambl bu o‘ydan afti burushib.
Monks mitti kartmonchani shoshilib solib qo‘ygan qo‘ynidan chiqardi-da, bir vaqtlar chig‘irning bir qismi vazifasini o‘tagan va hozir yerda yotgan qo‘rg‘oshin parchasiga bog‘lab, uni suvga tashladi. Kartmoncha qo‘lomli soqqaday suvga cho‘lp etib tushdi-yu, g‘oyib bo‘ldi.
Uchovlari bir-birovlariga qarab olishib, yengil nafas olgandek bo‘ldilar.
– Mana, tamom, – dedi Monks tuynuk qopqog‘ini tushirarkan, qopqoq taraq etib boyagi joyiga tushdi. – Mabodo, dengiz kitoblarda yozilganiday, biron vaqti kelib o‘z bag‘ridagi murdalarni yuzaga chiqarib tashlagan chog‘idayam, baribir oltin-u kumushni, shu qatorda bu ikir-chikir gapni qa’rida olib qoladi. Ortiq gaplashadigan gapimiz qolmadi, bu ko‘ngilli uchrashuvga chek qo‘ysak ham bo‘ladi.
– Mutlaqo haqsiz, – darhol javob qaytardi mister Bambl.
– Tilingizni tiyib yuring-a, eshityapsizmi? – dag‘dag‘ali qiyofada dedi Monks. – Xotiningizdan sira xavotirlanmayman-a…
– Bemalol ishonavering menga, yigit, – bag‘oyat takalluf bilan javob berdi mister Bambl ikki bukilib orqasiga tisarilgan ko‘yi. – Hammamizning manfaatimiz uchun, shaxsan o‘zimning manfaatim uchun, yigit, buni tushunyapsizmi, mister Monks?
– Eshitdim, g‘oyat xursandman o‘zlaridan, – dedi Monks. – Fonusingizni yoqing-u, iloji boricha tezroq jo‘nab qolinglar!
Yaxshiyamki, suhbat shu yerda tugagani, yo‘qsa, ta’zim qilganicha tisarilib borayotgan mister Bambl pastki qavatdagi xonaga uchib tushishi turgan gap edi, chunki uning zinaga yetishiga bir qarichcha qolgandi. U qo‘lidagi fonusni Monks arqondan yechib, ko‘tarib turgan fonusdan o‘t oldirib, suhbatni davom ettirishni xayoliga ham keltirmay, indamaygina zinadan tusha boshladi, xotini esa ortidan ergashdi. Monks ehtiyotdan yomg‘ir va ayqirib oqayotgan daryoning shovullashidan bo‘lak sharpa eshitilmayotganiga ishonch hosil etmoqlik uchun zinapoyada bir nafasgina tutilib qolgach, ketlaridan tusha boshladi.
Pastki qavatdagi xonani ohista hamda ehtiyotkorlik bilan bosib o‘tishdi, sababki, Monks har bitta sharpaga ko‘zi tushganida seskanib ketar, mister Bambl bo‘lsa fonusni yerdan bir yarim qarichcha balandroqda osiltirib ushlab olgancha nafaqat haddan ziyod ehtiyotkorlik bilan, ayni chog‘da shundayin barvasta jentlmen uchun hayron qolarli bir tarzda yengil odim tashlab, biron joyda maxfiy tuynuk yo‘qmikin, deya asabiy alanglagan ko‘yi ilgarilardi. Monks eshikni sharpa chiqarmay ochdi, shunda er-xotin sirli tanishlari bilan bosh irg‘ab xayrlashib, yomg‘ir yog‘ayotgan qorong‘ilik qo‘yniga chiqib qoldilar.
Ular ketishlari bilanoq Monks, aftidan, yolg‘izlikni jinidan suymaydi shekilli, qayerdadir pastda yashirib qo‘yilgan bolani chaqirdi. Bolaga oldinda chiroq tutib yurishni buyurdi va hozirgina tark etgan xonasiga qaytdi.