Электронная библиотека » Erkin Malik » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Champo otli ilon"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:41


Автор книги: Erkin Malik


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 22 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]

Шрифт:
- 100% +

O‘zi bog‘hovliga biroz tobim qochib, toza havo istab kelgan edim. Mana sizga toza havo! Tizzamgacha tuproqqa botib o‘tiribman. G‘ishtlarni birin-sirin ko‘chira boshladim. Endi kechagina do‘st bo‘lib, bugun haqiqiy dushmanimga aylangan raqibimni qidiraman. Qani endi ko‘zimga ko‘rinsa-yu, g‘isht bilan bir urib, bir yo‘la qutula qolsam. Xayolim uyning devorida. Yaxshiyamki tosh terib ustiga beton quyilgan, bo‘lmasa qulab tushishi hech gap emas.

Hayron bo‘laman. Nimaga buncha tuproqni qazidi ekan? O‘zimcha o‘ylayman. Hoynahoy u sichqonning izidan tushgan. Ularni yeb go‘shtiga o‘rganib qolgan. Mening nafsim balodir, yonar o‘tga solodir, deganlari shuda… Nazarimda tuproqni qayta shibbalay turib kalamushni ham shibbalab tashlagandek edim. Ana endi o‘zidan ko‘rsin.

Ikki kundan keyin uyga qaytdim. Voqeani tanish-bilishlarga aytsam biri ishondi, biri ishonmadi. Xayolimning allaqayerida sichqonlar sendan o‘chini olyapti, degan bir ishora bor edi. Chindan ham men yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilgan edim. Eng alam qiladigani bu bosh og‘riqni o‘zim o‘ylab topgan edim. Nima qilardim kalamushni sichqonga tezlab. Ular ham bir kunini ko‘rayotgan edi. Taraqlatsa, uyquni buzsa nima qilibdi? Qayerda tinch hayot bor o‘zi?! Odamzod shunaqa besabr. Shukr qilmaydi.

Kelgusi hafta yana xavotirlanib bog‘hovliga bordim. Ko‘nglimni xira qilib turgan narsa dahlizga kirishim bilan o‘zini ko‘rsatdi. Endi oldingidek tuproq uyumi o‘choq oldida uyulib yotardi. Ha, men dahlizga ota-bobolarimiznikiga o‘xshatib, mo‘rili o‘choq qurgan edim. (Bu haqda keyinroq bafurja to‘xtalaman.) Shoshib katta xonaga qaradim. U tarafda tinchlik. Ajabo, bu tuproq endi qayerdan chiqdi ekan. Bu yalmog‘iz tamoman uyimni qulatib tinchiydiganga o‘xshardi. Shularni o‘ylab tursam bog‘hovlining qorovuli Boymurod aka kelib qoldilar.

– Anakka, – dedi u tuproq uyumiga ko‘zi tushib, – uyingizga kalamushlarning poshshosi kirib qopti. Sizni ko‘chiradiganga o‘xshaydi. Qarang qilgan ishini.

Men beixtiyor burchak tarafga qarab hayron bo‘lib qoldim. U yerda ikki chelak piyoz va yana shuncha kartoshka bor edi. Bir donasiyam qolmabdi. Qizarsin deb deraza tokchalariga terib qo‘yilgan pomidorlar ham “tinchibdi”.

Oldingi va hozirgi voqealarga endi tushuna boshlagan edim. Kalamush katta xonani kovlaganda mana shu narsalarni olib kirib, qishga g‘amlashni o‘ylagan-u, ulgurolmagan. Mana endi, dahlizdan yangi o‘ra ochib o‘z niyatiga yetibdi. Bu safar u yer tagiga o‘choq ichidan yo‘l topgan edi. Men qo‘limga kosov olib g‘ishtlarni asta-sekin ura boshladim. Oldingidek o‘raga tushib ketishdan qo‘rqdim. Uch-to‘rt g‘ishtning tagi gumburlab ovoz berdi. Demak, kalamush yasagan o‘ra shu yerda. G‘ishtlarni asta ko‘chira boshladim. Birozdan so‘ng ko‘z oldimda shunday manzara paydo bo‘ldiki, aqlim shoshib qoldi. Bu yer shunchaki o‘raga o‘xshamas edi. To‘rt burchakli shinamgina uychaga o‘xshardi. Ha, qizchalar xola-xolakam o‘ynaydigan uycha! Uychaning bir burchagiga piyoz uyulgan, ikkinchi burchagida pomidor, yana bir burchagida kartoshka. O‘rtaga kir qozonsochiq to‘shab qo‘yilgan edi. Qani endi bu manzarani suratga olsang? Hammasi batartib, faqat uy egasi kalamushxon ko‘rinmasdilar.

Men asta piyoz va kartoshka, pomidorlarni terib oldim. Shunisi ajablanarliki, birortasi ham zaxa bo‘lmagan edi. Bari bus-butun. Demak, kalamush ularni qo‘llari bilan buyoqqa olib kirgan. Tishidan zaxm yetsa ular chirishi, uzoq saqlanmasligini biladi.

Kalamushning qilib qo‘ygan bu ishlaridan goh hayratga tushib, goh jahlim chiqib, yana ishni o‘rani shibbalashdan boshlayman. Men bu aqlli jonivorni o‘tgan safar yerga ko‘mib ketdim, deb o‘ylagan edim. Afsuski, yanglishgan ekanman. Mana hozir ham u hech yerda ko‘rinmadi. Mening kelishimni bilgan. Qayerdandir kuzatib turibdi.

Bunday qaraganda raqibimning ishlariga tan berganim bilan bari bir uning o‘ylagan ishi bo‘lmayotganligidan befarosat, degim kelardi. Axir uyning egasi keladi-ku, bu qilayotgan ishim befoyda-ku, deya olmas ekan-da bu jonivor.

Kalamush deganlari bu safar ham meni ko‘p xayollarga toldirdi va charchatdi. Yozda pol o‘rniga chiroyli qilib terilgan g‘ishtlarimning tartibi buzildi. Baland-past bo‘lib qoldi.

Shaharga qaytar ekanman, bu ko‘rinmas dushmanimdan qanday qilib qutulish yo‘lini izlay boshladim. Qiziq, ikki kecha tunagan bo‘lsam, tiq etib qo‘ymadi-ya. Qilib qo‘ygan ishidan xijolatdamikan? Yana bir shumlikni o‘ylab yotibdimikan?

Kalamushdan qutulishning birdan-bir chorasi uni zaharlash edi. Shahardagi dorixonalarning biridan dorisini topdim-da, bog‘hovliga yo‘l oldim. Bu safar ikkala xonaning ham tartibi buzilmay, o‘rni-o‘rnida turardi. Nahotki kalamushdan qutulgan bo‘lsam? Biroq suyunchim uzoqqa bormadi. Taxmon tarafga ko‘zim tushdi-yu, yana avvalgidek holni ko‘rdim. Bu yirtqich endi xuddi shunday ishni taxmonda amalga oshirgan, tuproqni sandiq yoniga uyib tashlagan edi. Kechga dovur kalamushning bu ishiga e’tibor bermadim. Ko‘rsam ham ko‘rmaslikka oldim. Kechqurun ozgina piyozdog‘ qilib, doriga aralashtirdim-da, yelim xaltaga solib, tuproq uyumi yoniga qo‘ydim. “Ko‘p ishlab yubordingiz, tamaddi qilib oling”, dedim zaharxandalik bilan. Tun bo‘yi yelim xalta qitirlab chiqdi. Erta turib qarasam, kalamush o‘ziga qo‘yilgan luqmani to‘yganicha yegan-u, qolganini ham kovakka olib kirib ketmoqchi bo‘lgan. Ammo olib kirolmagan, kuchi yetmagan. Zahar ta’sir qilgan. Yana bir kun taxmonning tagini shibbalash bilan ovora bo‘ldim.

Osmondan tushgan Oqtosh

Oqtosh haqida yozish xayolimga ham kelmagan edi. Bog‘hovlidagi Champo, kalamush fojialari bir-biriga ulanib ketib, beozorgina jonivor – Oqtoshniyam joniga jabr bo‘ldi-yu qo‘limga qalam olishga to‘g‘ri keldi. Keling, yaxshisi bunisiniyam bir boshdan boshlay qolay.

U paytda hali kulbam qurilmagan, Champo-yu kalamushlar bilan bog‘liq hangomalar boshlanmagan. Bog‘hovlini shoir Aziz Abdurazzoqdan sotib olgan kezlarim… “Sotib oldim” deyapman-u, ustozga xiyonat qilayotgandekman. “Yer sotilmaydi ukam, u Allohning mulki”, dedilar u kishi. Biz sotib olish deganda tomorqaning gir aylanasidagi sim devorlarni, kattagina so‘ri, yog‘in-sochinli kunlarda asqotadigan brizent chodir, ketmon, cho‘kichlarni pulga chaqdik, xolos. “Bu joylarni obod qilishga kuchim yetmadi ukam, ko‘taray desam ketmon mendan og‘ir, yerning umrini o‘tkazib, qarg‘ishiga qolib yurmay”, deb bog‘hovli bilan xayrlashdilar Aziz aka. Shu bo‘yi boshqa qaytib kelmadilar.

Shunday qilib, Yaratganning marhamati bilan qo‘lga kirgan yangi joyni o‘zimcha sarishtalagan, uni-buni nari-beri surgan bo‘ldim. So‘rini soyaroq deb, qari tutning tagiga oldim. Simto‘rdan eshikcha yasab, qulflanadigan qildim, inson zoti borki, o‘zi shunaqa: chekiga bir nima tushdimi, bas, qulf uradi, it bog‘laydi, qorovul yollaydi. Aslida bog‘da qo‘lga ilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Yer o‘zlashtirilmagan ham. Unda-bunda ekilgan nihollarni ham ajriq, chirmoviq o‘rab yotibdi.

Navbatdagi shanbalardan birida borsam eshigim tagida bir notanish it yotibdi. U meni oldindan taniydigandek sakrab turib, peshvoz chiqdi-da, har xil qiliqlar qila boshladi. “Keldingmi, ja qopketding-ku”, degandek tumshug‘ini cho‘zib, o‘z tilida guvrandi. Qorovulning iti bo‘lsa kerak, Aziz akaga o‘xshatyaptimi, deb ko‘pam e’tibor bermay ishga tushib ketdim. Vaqt g‘animat. Yuz chaqirim joyga kelib-ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Yer demagan zarang. Baquvvat belkurak, ketmon, lom, cho‘kich, og‘irligi bir pud keladigan bosqon kerak. Bo‘lmasa, bir qarich joyni ham ochib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ozroq sabr, fildek kuch kerak. Aziz akada hamma narsa bo‘lgan-u, o‘sha oxirgisi bo‘lmagan. Yerning tosh-metinligi yetmagandek ajriq ildizlari naq o‘qlog‘idek bo‘lib ketgan. Buyam kamdek, har qulochda bitta tosh, bitta xarsang chiqib turadi. Tosh bundog‘roq bo‘lsa, cho‘kich bilan osongina qo‘porib olaman. Katta bo‘lsami, atrofini aylantirib kovlash kerak. Ana undan keyin bir pudli bosqon ishga tushadi. Ajabo, ba’zi toshlarda inson qo‘l izlarini ko‘rib qolaman. Qachonlardir bu toshlarga kimlardir ishlov berib, taroshlagan, yo‘ngan… Boshimni ko‘tarib, xayolga tolaman, bu joylar qanchalar qadim-a… deya uzoq-yaqinlarga tikilaman. Vah, yorug‘ olam bor ekan-u. Atrofimdagi go‘zallik meni o‘ziga rom qilib qo‘yadi. Hammayoq yam-yashil. Tog‘lar usti do‘lana, qizil olcha, yovvoyi olmalar bilan qoplangan – o‘rmonzor. Undan narida serviqor baland tog‘larning yalang‘och qovurg‘alari ko‘rinadi. Undan ham narida esa qorli cho‘qqilar… Ha, tog‘lar sobit, ularni Allohim yerga qoziq qilib qoqib qo‘ygan. Necha-necha asrlardan beri bu buyuk tog‘lar inson zotining g‘imir-g‘imirini hov o‘sha yuksakdan turib, jimgina kuzatadi.

Xayol yana ham nariga olib ketadi. Ajabo, qadimda sement, temir-beton degan narsalar bo‘lmagan. Shularsiz ham odamlar yashagan. Binolar poydevoriga jo‘ngina qilib, manovi toshlarni terishgan. Sinchli yoki paxsadan devor qilib, ustini yopishgan, vassalom. Mabodo imoratlari puturdan ketib, yangilash kerak bo‘lib qolsa, shundayla yiqitishgan-da, toshini yangi uyning poydevoriga, yog‘ochlarini kam-ko‘stiga yaratishgan. Kim biladi, hozir men kovlab olayotgan toshlar ham ne qo‘llardan o‘tmagan, ne uylarga poydevor bo‘lmagan. Men nechanchisidirman. Shunaqa, ota-bobolarimiz jo‘ngina, soddagina uylar qurib ham yashab o‘tishgan.

To‘g‘ri, zilzila, suv toshqinlaridan katta-katta shaharlar xarob bo‘lib, odamlar yashab turgan joylarini tashlab, bo‘lak manzillarga ketishgan. Shaharlar o‘rni tepaliklarga aylanib, o‘t-o‘lanlarga burkanib, avvalgi dovrug‘idan nom-u nishon qolmagan. Bunga Afrosiyob, Choshtepa, Dalvarzintepa, Ellikqal’a, ko‘hna Urganch va boshqa joylar misol bo‘la oladi.

Qiziq, nimaga biz ajdodlarimizga o‘xshab jo‘ngina yashashni xohlamaymiz? Nimaga o‘zimizga-o‘zimiz yangidan-yangi tashvishlarni sotib olaveramiz. Qayerdan ham shu sement degan ofat o‘ylab topildi ekan? Umrning yarmi uy qurish bilan o‘tadi. Sement, g‘isht, shifer, tunuka deb chopganimiz-chopgan.

Shunday deyman-u, bog‘hovlining bir chekkasiga betondan poydevor qurishni o‘ylayman. Keyin chiroyli beton yo‘lakchalar. Axir qo‘shnilarim shunaqa qilib qo‘yishgan-da. Ulardan qolib, qayoqqayam borardim.

Shunaqa, biz odamlar o‘zimizni deb yashamaymiz. Qo‘shnilarim nima derkin, deb yashaymiz. Beton yo‘lkalarni tugatib, beton hovuzlarga o‘tamiz. Bo‘lmasa, ikki qadam narida Chirchiq daryosi hayqirib oqib yotibdi. Undan teparoqda Chorvoq suv ombori. Yo‘q, har birimizning o‘z chirchig‘imiz, o‘z suv omborimiz bo‘lishi kerak…

Xayol daryosida oqib, mazza qilib ishlayotuvdim, ko‘z tegdi. Boyagi notanish it tuyqusdan akillab, o‘ylarimni to‘zg‘itib yubordi.

Qarasam, qorovul. Ancha narida men tomonga kelolmay “ana xolos”, degandek serrayib turibdi. It uni hadeganda bu yoqqa yo‘latmoqchi emas. Bundan chiqdi it qorovulnikimas ekan-da. Unda kimniki bo‘ladi? Ajabo, bu it nimaga mendan yotsiramadi? Aziz aka itimam bor deb qo‘ymagan ekanlar-da. Qo‘limdagi belni yerga sanchib, intiq bo‘lib turgan qorovul tomon yurarkanman, o‘zimcha itga hukm o‘tkazmoqchi bo‘ldim:

– Jim bo‘l-e…

Ajabo, itning chakagi o‘chib, boshini eggancha nari ketdi. Boymurod aka bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashdik.

– Itingizniyam obkepsiz-da, – dedi u “yaxshi qipsiz” degandek iljayib. U kishining itga ishqivozligini bilardim. (O‘zi bu hamma qorovullarga tekkan kasal bo‘lsa kerak.)

– Ha, “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga”, deganlaridek hali boshpanam yo‘g‘-u, itimniyam obkeldim, – deya Boymurod akani ishlayotgan joyimga boshladim. Bilaman, u kishi odamga zor. Bizlarni u bir haftada bir ko‘radi. Boshqa paytlarda huvillagan bog‘hovlida bir o‘zi qolib ketadi. Bola-chaqasi daryoning narigi yog‘ida. Bechora gapini eshitadigan odam topsa bir xumordan chiqib oladi. Mana endi Boymurod aka gap beraveradi, men “innay kegin”, deb ishlayveraman. Boymurod akaning bir gap xaltasi ochilib ketsa bormi, to‘xtatib bo‘lmaydi. Qirq yil podachilik qilgan. Tog‘ma-tog‘ yurib, umri o‘tgan. Molni tuyog‘ining iziga qarab yoshigacha, nechta tuqqanigacha, hatto, egasigacha aytib bera oladi. Yoppiray, bu karomat-ku, deymiz yoqa ushlab. Ba’zida podadan ajrab qolgan daydi sigirlar qo‘radan hatlab o‘tib, tomorqalarimizni payhon qilsa, kaltaklab ham haydab chiqarolmaymiz. Yo biz shaharliklar durustroq kaltaklashni bilmaymiz, yo sigirlar shaharlik deb nazar-pisand qilishmaydi. Shunaqangi surbetki… Bunday paytda Boymurod aka uzoqdan bo‘lsayam hay-haylab qo‘ysa bas, dumlarini xoda qilib qochib qolishadi. Ovoziyam miltiqning o‘qidekda, o‘zi!

Boymurod aka qazib chiqarilgan katta tosh ustiga cho‘kib, o‘ngi-tersi bilinmay ketgan do‘ppisini tizzasiga qo‘ndirib, yarim kal boshini ancha vaqt hafsala bilan silab o‘tirdi. Men gapni nimadan chuvatsam ekan degan o‘yda zarang yerga hali belkurak, hali lom uraman. Peshanamdan marjon-marjon ter quyiladi. Shu payt Boymurod aka ming‘irlab bir nima dedi. Ishdan to‘xtab, u kishiga qaradim.

– Gapirdingizmi, Boymurod aka?

U kichkinagina chinoq qulog‘iga ko‘rsatkich barmog‘ini tiqib, silkitar ekan huzurdan ko‘zlari qisilib, dedi:

– Itingizni otini so‘rayapman?

Ol-a, topgan gaplarini-chi? Shoshib qoldim. To‘g‘risini aytib qo‘ya qolay dedim-u, qitmirligim tutdi. Xuddi “oting nimaydi” deb so‘rasam aytib beradigandek itni qidirib qoldim. Hozirgina shu yerda edi. Qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin?

– Itim ko‘rinmaydimi?

– Ana, – dedi Boymurod aka qo‘li bilan ishora qilib, – yotibdi-ku!

E, ha, yerdan chiqarib tashlagan oppoq toshlarning orasida yotganigami tusini darrovda ajratolmay qolibman. E’tibor qilmagan ekanman, itning rangi oppoq ekan. Dabdurustdan tilimga kelgan so‘z shu bo‘ldi:

– Oqtosh!

Ilonga “Champo” deb ot qo‘yishim ham shunaqa dabdurustdan bo‘lgan, tilimga kelib qolgan edi. Boymurod aka:

– Anak-ka-a-a, – deb do‘ppisini boshiga qo‘ndirib, hayrat bilan o‘rnidan turib ketdi. U kishi itimni endi ko‘rayotgandek tikilganicha qoldi. Oftobda qoraygan, etsiz yuzlarida uqib bo‘lmas bir ifoda bor edi. Mitti ko‘zlari yiltillab, naq Oqtoshni teshvoray derdi. O‘zimam hayron bo‘lib itga qarab qolibman.

– Buni qarang-a, ha-ha… – dedi Boymurod aka shang‘illab, – bu dunyoda oppoq itlaram bo‘lar-kan-a? Bay-bay-bay, paxtadaqa oppog‘-a, jonivor. Boya paqqos e’tibor qimappan. Qarang-a, otiyam o‘zi bilan ekan – Oqtosh! Ha, endi, o‘qimishli odamsiz-da ming qilsayam, mulla.

Zil-zalvor lomni gursillatib yerga urar ekanman, kulgim qistaydi. Oppoq bo‘lsa nima qipti? Oq it, qora it bari bir it-da. Tavba, o‘qimishlimish, itga nima aloqasi bor buning? Sodda odamlar-da. Bizni nuqul avliyo sanab, har ishimizdan bir hikmat qidirishadi. Bitta avliyo menmi? Birovning itini o‘zimniki deb, kap-katta odamni laqillatib o‘tiribman. Oshqozonida kasali bo‘lmaganida allaqachon otangiz yaxshi, onangiz yaxshi deb qo‘liga lomni tutqazib qo‘yardim. He, o‘rgildim o‘qimishli mug‘ambirlardan. Yana bitta o‘qimishlisi raisimiz Dadaxonmi? Uni qilgan ishini eshitgan odam uch kun yotib kuladi. Qarang Boymurod akani ishga solib, tomorqasiga tarvuz-qovun ektiribdi. Tog‘ joyda qovun-tarvuz bo‘maydi desa, siz ekovrung, u yog‘i bilan ishunguz bo‘masun, depti namanganchalab. Qovun-tarvuzlar palak otib, hosili mushtdek-mushtdek bo‘lib, bez bo‘lib turaveribdi.

Dadaxon urdu tilini bilgani uchunmi Pokiston-u Hindistondan Toshkentga mehmonlar kelib qolsa, tilmochlik qilib turadi. Ayniqsa, pokistonliklarga. Ora-chora Pokistongayam qadamranjida qilib turadi. U yoqda katta-katta davralarda bo‘ladi. Villalarda ziyofat yeydi. U yoqlarda xizmatkorlar bisyor. Ayol xizmatkorlar ayollarning atrofida parvona, erkak xizmatkorlari erkak sohiblarning har bir ishorasiga zor. “Dadaxon sohib, sizda ham villa bordir”, deb so‘rab qolishadi ular gap orasida. Dadaxon sohib, albatta, Chorbog‘dagi “villa”sini kiftini keltirib maqtaydi. O‘zbekistonga kelib qolishsa, jon-jon deb villasiga olib borishga va’da beradi. Dadaxonning “villasi” rostdanam ajoyib. O‘zimizning baxmaldek mayin bedalarimiz turganda, kirpining tikaniga o‘xshash, mol yemaydigan ajnabiy o‘tlar o‘sadi. Sap-sariq bo‘tana suvlarni buloq suvi deb toshlar orasidan shaldiratib oqizib qo‘ygan. Ajnabiy mehmonlar oldida shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin-da, a, labbay!

Bir kuni Dadaxon kechki payt shoshib kelib qoldi. Mashinaning orqa kapotini ochdi-da, katta-katta ikkita qovun bilan ikkita tarvuzni olib, Boymurod akaga tayinladi:

– Manovilarni oborib, qovunni qovun palagining ichiga, tarvuzni tarvuz palagining ichiga qo‘ying. Qarang, yana almashtirvormang-a…

– Anakka, xomini obsizmi, – deydi Boymurod aka qovun-tarvuzlarning dumiga e’tibor qilib.

– I-i-i, dumugo tegmong, dumugo, dumu ertaga ish beradi-ya. Shu dumliguni topaman dab, bozor aylanovrib, oyog‘im qabardi.

Dadaxon iziga qaytar ekan, Boymurod akaga yana tayinladi:

– Ertaga pokistonluk mehmonlar keladi. Kelunungiz bilan shatta bo‘lung. Ha, bundoq tuzukroq kiyinub olunglar, hayitga kiyadiganlarudan bor-ku, o‘shanaqasudan. Mehmonlarnu olduda uyalib qolmayn tag‘un.

Ertasiga Dadaxon sohibning “villasiga” ikkita yengil mashinada mehmonlar keladi. Tog‘larni, go‘zal tabiatimizni ko‘rib, bosh barmoqlarini ko‘rsatib “voh” deb yuborishadi. Dadaxon oshga unnaydi. Chunki Pokistonda oshni o‘z qo‘lim bilan damlayman, xizmatkorlarimga ishonmayman, deb va’da berib qo‘ygan-da. Boymurod aka yelkasiga sochiq tashlab, erkaklar qo‘liga suv quygan. Kelini bo‘lsa ayollar xizmatida. O‘zbekchilik, mehmon kutishni o‘rniga qo‘yishni yaxshi bilishadi baraka topkur qaynota kelin. Mehmonlar “villa”dagi har bir ko‘ringan narsani bilgilari keladi. Ularni Dadaxon sohibning qo‘lbola “buloq” suvlari qiziqtirib qoladi.

– Dadaxon sohib, nimaga bu suv sap-sariq?

Bu paytda podadagi sigirlar ariqning boshiga suv ichgani tushishgan, tirroqlashib, suvni xo‘p bulg‘atishgan bo‘ladi.

Dadaxon sohib bo‘sh kelmaydilar:

– Bizzi tog‘larumiz ma’danga juda boy, janoblar, Mendeleyev jadvalidagi hamma elementlar bor. Bu judayam shifobaxsh, tarkibida serovadarod-oltingugurti bor suv. Oshqozon, ichak kasalluklariga koni foyda. Teridagi toshmalarnuyam bir zumda yo‘qotadu. Hov narida “Oqbuloq ota” degan bulog‘imiz bor. Uni rangi sutdek oppoq. Tarkibida kumush moddasi bor.

– Bu sariq suvingiz qanday ichiladi, Dadaxon sohib, – deya qiziqishlari tobora ortadi mehmonlarning.

– Oddiy suvni ichgandek ichilaveradu, janoblar.

– O‘zingiz ko‘rsatib bering, biz ichmoqchimiz, Dadaxon sohib, – deya shaylanib qolishadi mehmonlar.

– Kechirasuzlar, janoblar, meni oshqozonum soppa-sog‘-da, ichishga hecham ehtiyojim yo‘q.

– Shunday bo‘lsayam-da, bilasiz-ku, bizda mezbon boshlab bermasa mehmon tuz totmay o‘tirovradi.

– Bizdayam shunday, janoblar va xonumlar, odatlarumiz deyarli bir xil aslida.

Dadaxon noiloj sigirlar jo‘natgan sharbatdan hovuchida olib ichib ko‘rsatadi. Mehmonlar ham “tabarruk” suvdan ichishadi va zo‘r deya bosh chayqab qo‘yishadi. Buni kuzatib turgan Boymurod aka nimalar bo‘layotganiga tushunmay ko‘ngli aynib, nari ketadi.

Ana undan keyin antiqa, chinni laganlarga osh suziladi. Mehmonlar hayron, osh yesinlarmi yo laganni tomosha qilsinlarmi? Bilishmaydiki, laganlar antikvar do‘konidan ijaraga olib kelingan. Bunaqasi villalik mehmonlardayam yo‘q.

Oshdan keyin navbat qovun-tarvuzlarga keladi.

– Obchiqing, – amr qiladi Dadaxon sohib Boymurod akaga.

Boymurod aka tomorqaga kirib, bittadan qovun bilan tarvuzni qo‘ltiqlab chiqadi. Buni ko‘rgan kelinining aqli shoshib qoladi. Nahotki, qovun-tarvuzlar shunchalik bo‘lgan bo‘lsa-yu, bola-chaqamiz bilan ko‘rmagan bo‘lsak!

Mehmonlar qovun va tarvuzlarning bunaqa dodasini ko‘rishmagan ekanmi, hayratdan biri olib, biri qo‘yib ushlab ko‘rishadi. Dadaxon tantanavor bir harakat bilan, qovun bilan tarvuzning dumini uzib oladi-da, pichoq tortadi. Maqtab-maqtab yeyishadi.

Nihoyat, Dadaxon sohibning “villa”sidagi mehmondorchilik nihoyalaydi. Mehmonlar Dadaxon sohibning “xizmatkor”lariga minnatdorchiliklar bildirishib, xayrlasha boshlaydilar. Shunda Dadaxon sohib yana Boymurod akaga amr qiladi:

– Dehqonchulukdan obchiqung.

Dadaxon sohib qovun bilan tarvuzni mehmonlarning mashinasiga joylaydi. Ular shunaqangi suyunishadiki, go‘yo Dadaxon sohib ularga to‘n kiydirib, qo‘y yetaklatib yuborgandek…

Boymurod aka tushmagur ana shunaqa qip-qizil nayranglardanam bir hikmat qidiradi. Nimagaki biz o‘qimishli odamlarmiz. Qing‘ir ishlarimizam bu kishining ko‘ziga allambalo bo‘lib ko‘rinaveradi.

Shularni o‘ylab, odam degan shunchaligam sodda bo‘ladimi, deb Boymurod akaga qarayman. U kishining fikri-yodi itimda bo‘p qolgan. “Itim”ni sovg‘a qilvorsammikan, degan o‘y ko‘nglimdan kechadi.

– Itim sizga yoqib qoldi-a? – deyman kulib.

– Erkakmi, urg‘ochimi?

Qah-qah otib kulib yuboraman. Kasalni yashirsa, isitmasi oshkora qiladi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. “Itim”ning bunaqa tomonlariga e’tibor qilmagan edim. Endi ochiqdan-ochiq shumlikka o‘tdim.

– Sigirlarni qanaqaligini tuyoq izidan bilaman deysiz, itniyam biling-da, – dedim sir boy bermay.

Boymurod aka hamon serrayganicha tik turar, Oqtoshga tikilib bir nimalarni xayol qilardi. U cho‘ntagidan qoq non chiqardi-da: “Ma, Oqtosh”, deb engashganicha yerga tashladi. Jonivor ochiqqan ekan, nonni u jag‘idan bu jag‘iga o‘tkazib, qitirlatdi-yu, yutib yubordi. “Yana bormi” degandek labini yalab, ko‘zlarini o‘ynatdi.

– Urg‘ochiykan, – dedi Boymurod aka. – Bilasiz, bu yerga qanaqasini obkelishniyam.

– Sizga ma’qul bo‘lsa bo‘pti-da, Boymurod aka. Ana, qattiq non bilan bo‘lsayam do‘stlashib oldinglar.

– Yo‘q, – dedi Boymurod aka keskin bosh chayqab, – bu itingizga butun boshli qo‘y so‘yib bersamam menga el bo‘lmaydi. Bu itingiz uncha-muncha itlardanmas, – dedi Boymurod aka kutilmaganda.

– Gapingizga tushunolmadim, – deya navbatdagi toshni qo‘porib, nari olib qo‘ydim. Belim og‘rib qaddimni bazo‘r rostladim.

Boymurod aka bir xo‘rsindi-da, ishimni zimdan kuzatgan bo‘lib gapira ketdi:

– Sizga aytsam u paytlarda yurtning podasini boqardim. Odamlar elamaydi-yu, ammo podachilik og‘ir ish. Issiqni – issiq, sovuqni – sovuq demaysan-da. Jalalarda qolib ketasan. Qochadigan joy yo‘q. Sovuqqa chalinib qolganman. O‘pkamga o‘tib ketgan. O‘lar holatga kelganman. O‘shanda it yog‘i yedirishgan menga. Bu it o‘shani bildi.

– Opqoching-a, hash-pash deguncha sizam duppa-durust yozuvchi bo‘p qopsiz, Dadaxon sohibdan yuqibdi, – deyman huzur qilib kulib. – U kishidan uzoqroq yuring, bunaqada…

– Shu-da, ishonmaysiz, – astoydil xafa bo‘lib, yuzini teskari burdi Boymurod aka.

– Itti yog‘ini kecha yoki bugun yemagansiz-ku, axir.

– Ha, yo‘-o‘-o‘, qachonlar bo‘p ketdi-yu. Unda Poti-Zuram yangi tug‘ilgan, chaqaloq edi. Mana, yigirmaga kirishdi. Yigirma yil bo‘p qoptiya, qarang, xuddi kechagidaqa. O‘ladigan odam men yuribman hali, ikki o‘rtada soppa-sog‘ yurgan xotinim o‘lib ketdi. Rahmatlik yaxshi ayalidi.

Men bahaybatroq xarsang toshga duch kelib, halidan beri bir joyda depsinib yotardim. Peshanamdagi terni sidirib, Boymurod akaning gapini shunchaki safsataga yo‘yib, gapni ataylab chuvatdim:

– Yigirma yil narida yegan it yog‘ingizni shu it biladi deng? Qoyil, ayting-chi, shu itga qancha yosh berasiz?

– Ko‘rinib turibdi, yoshigayam yetmagan, hali qochmagan shekilli-a? – talmovsiradi Boymurod aka.

– U tomonlarini qo‘yaturing. Siz hozir bitta savolimga javob bering. Bu it tug‘ilmasidan oldingi yigirma yillik narsalarni qattan biladi-a?

– Biladi-da, mulla biladi. Xudo bildiradi. Ana, itingizni ko‘ziga qarang. Qo‘yib bersangiz xo‘pam meni g‘ajilasa. Siz bilan munday qaymoqlashib o‘tirishimam unga yoqmayapti. Mayli, nima bo‘lgandayam urg‘ochi ekan, shunisi yaxshi.

– Urg‘ochisi yaxshi deng, men bo‘lsam itning erkagi yaxshi bo‘ladi deb yurarkanman, – deya ish bilan kuymanaman. Boymurod aka “Xudo bildiradi” degandan keyin anovi gapga ko‘nib qo‘ya qoldim. Yarim beligacha ochilgan toshni bosqonlab uqalab olmoqchi bo‘ldim.

– Nariroq o‘tiring, tosh sachraydi, – dedim Boymurod akaga.

– Shoshmang, – dedi u o‘rgatgan bo‘lib, – bu toshni qandoq qilib maydalaysiz, axir, onasini qornida kuchga to‘lib, semirib yotibdi-ku. Ozgina shabadalab, tanasiga oftob tegsin. Ana undan keyin salga o‘zi uvalanib ketadi.

– Qoyil, – dedim, suhbatdoshimga tan berib, – tosham odamga o‘xsharkan-da, tavba.

– Siz nima deb o‘ylovdingiz?

Darvoqe, men nimayam deb o‘ylashim mumkin? Suhbatimiz qovushmay qolgan edi. Biri tog‘dan, biri bog‘dan. Bu kishimning aql-hushini it olib qo‘ygan. Odamam shunchalar itparast bo‘ladimi? Boymurod aka itning yog‘ini yeganman, shuni itingiz bilyapti deb o‘zinikini ma’qullayapti. Men bo‘lsam, ishonmayapman. Yana bu kishi itning urg‘ochisi ma’qul deydi. Men erkagi deyman. Bir zamonlar Sharik degan urg‘ochi itimiz bo‘lardi. Yiliga uch martadan tug‘armidi-ey. G‘anijon amakim kuchukchalarning urg‘ochisini ko‘zi ochilmayoq chuqur qazib, ko‘mib tashlardilar. Anchagacha kuchuklarning ingillashi eshitilib, ustilariga tortilgan tuproq ko‘tarilib-tushib turardi. Qaniydi Sharik boshqa tug‘masa-yu, bu dahshatli, ko‘ngilsiz manzarani boshqa ko‘rmasam derdim. Qayda, bolasini ko‘mib tashlashsayam tug‘averardi. Yana erkagidan urg‘ochisi ko‘p bo‘lardi. Urg‘ochi it yaxshi emas degan fikr o‘shanda kallamga o‘rnashib qolgan. Axir yaxshi bo‘lsa tiriklayin ko‘milarmidi? Nahotki, Boymurod akaning poda boqqandagi barcha bo‘ribosarlari urg‘ochi bo‘lgan?!

– Hov birda aytib bergan bo‘ribosaringiz ham urg‘ochimidi? – so‘radim u kishidan.

– Oling-a, hech mahal urg‘ochi it bo‘ri bosarkanmi? – kuldi Boymurod aka bepisand. – Xo‘p gapirasiz-da.... U kishi qo‘lini yelkasiga o‘tkazib, erinmay, rohatlanib qashindi. Bundan xijolat tortdimi, o‘zini oqlab dedi:

– Podachilik qilib yurgan paytlarim yelkammi so‘na chaqqanidi-da, qiztaloqni tuxumi qop ketganmi, turib-turib yomonam qichishib beradi.

– Urg‘ochi it bo‘ri bosolmasa, nimaga uni yaxshi deyapsiz, – mavzuga buraman suhbatdoshimni.

– Urg‘ochi it poyloqchilikka yaxshi-da. Mana siz itingizni tashlab keting. Shattan bir qaricham nari ketmaydi. Urg‘ochi it ayal kishiga o‘xshab uyparast bo‘ladi.

– Ochidan tirishib qolmaydimi? Uyparastligi yaxshi ekan.

– Be, nasibasini siz bilan mendan yaxshi topib yeydi. Sichqon-u kalamushlar to‘lib yotibdi. Erkak it turmaydi, sang‘ib ketib qoladi. O‘zimizam shunaqamiz-ku, besabrmiz, – qiqirlab kuldi Boymurod aka.

– Mollarni yaxshi bilasiz desam, itlarniyam bilarkansiz, – deya nihoyat u kishiga yon berdim.

– Tavba-a! – deydi Boymurod aka yana nimadandir hayratga tushib. Ha, yana nima bo‘ldi, degandek unga qaradim. – Itingizning dumini kesibsiz-u, qulog‘ini kesmabsiz-da?

Qarasam, chindanam Oqtoshning dumi cho‘ltoq ekan. Payqamaganimni-chi? Ammo o‘zimni oqlashga harakat qildim.

– Ha endi qulog‘i kesilsa, ziyrakligi qatta qoladi?

– Dumi-chi, dumi? – birdan qizishadi Boymurod aka, – dumi kerakmasmi?

– Ha, endi, – deya chaynaldim, – dumning o‘rni quloqchalikmas-da!

– Bekor aytibsiz, dumli it chopag‘on bo‘ladi. Dumsiz it ovga yaramaydi. Keyin bilsayz, itlar burgasini dumi bilan qo‘riydi. Dumsiz itlar erta kunda bit bosib, o‘lib ketadi. Burgasi talab tashlaydi. Bilmapsiz, dummi ishi ko‘p… Xudo bularga bekorga dum bermagan.

– Sigirlar dumi bilan pashsha qo‘rishini bilardim. Itlar ham qo‘rir ekan-da? – dedim cho‘kka tushib ajriq ildizlarini bittalab terar ekanman. Bu la’nati ajriqning tirnoqchasini ham qoldirmay kuydirish kerak. Buyam urg‘ochi itdek ana-mana deguncha ko‘payib ketarkan. Joniyam itning jonidek qattiq. Toshlarni yorib chiqqandan keyin… Shunday qilib mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim.

– It zoti hech qachon dumi bilan burgasini qo‘riy olmaydi. Qanday qilib qo‘risin? – deydi Boymurod aka ezmalanib.

– Qo‘ying, bas qilaylik. Itdan boshqa gap yo‘qmi?

– Bilmasakansiz!

– Nimani?

– Qo‘rishini-da.

– Ey, menga bari bir…

– Mana bunday, mulla. Kun qizigan paytda burgalar ja g‘imirlab qolishadi. G‘imirlashi bilan it oqar suvning bo‘yiga boradi-da, asta-sekin suvga tusha boshlaydi. Burgalar suvdan qo‘rqib, chovlari orasidan tepaga qarab o‘rmalab qoladi. Shundan keyin it tumshug‘ini ko‘tarib, yelkasini suvga botiradi…

Boymurod aka xuddi itga o‘xshab, emaklab ko‘rsata boshladi, men esa angrayganimcha qotdim.

– Shundan keyin burgalar dum tomonga qarab qochishadi, – deya engashgan ko‘yi do‘mpayib turgan orqasiga qayrilib qarab qo‘ydi Boymurod aka. Men o‘xshamagan bu ahvolni chetdan birov kuzatmayaptimi degan xavotirda u yoq-bu yoqqa qarab qo‘ydim. Boymurod aka esa beparvo davom etadi: – Itni fikri-yodi burgani dumga qarab haydash. Ana endi it dumini xoda qilib, butun boshli gavdasini suvga botira boshlaydi. O‘hho‘…G‘aflatda qolgan burgalar suvdan qochib dumning uchiga to‘p bo‘lishadi. Ana shundan keyin jonivor dumini lip etib, suvning ichiga tortib oladi. Burgalar g‘aflatda qoladi-yu suvda oqadi-ketadi. Endi bildingizmi, mulla?

– Bildim, bildim, o‘rningizdan turing, – dedim shoshib, – juda o‘xshatdingiz, xuddi o‘zi bo‘p ketdingiz. Ja-a zo‘rakan, bunaqasini hech qayerda ko‘rmagan edim.

– Shunaqa, – deydi Boymurod aka tizzalarini qoqib o‘rnidan turar ekan. – Xudo hamma narsani bekamu ko‘st yaratib qo‘yibdi. Shuningchun odamlar bo‘lar-bo‘lmasga Xudoning ishiga aralashavurmagani ma’qul.

Men hayron qolganim sari Boymurod akaning gap qopi ochilib borar edi.

– Sizga aytsam, mulla, anovi pul tikib urishtiriladigan itlar bor-ku, aslida o‘shalarning dumi bilan qulog‘i kesiladi. Siz bo‘lsangiz urg‘ochi itning dumini kesib yuribsiz. Shunchaki oliftagarchilikka kesgansizda-a?

– Kechirasiz, – dedim gapini og‘zidan olib, – dumini kesgandan keyin urg‘ochiligini bilib qoldim. Ha, sir boy berish yo‘q bu kishiga.

– Voh-h-h… dumini kesgandan keyin bildim deng, – qotib-qotib kuldi Boymurod aka. – Shunaqasiyam bo‘lib turadi, odam shoshadi-da.

Boymurod akaga qo‘shilib o‘zimam kula boshladim. Xo‘p hangoma bo‘ldimi. Hozir boshimga nimaiki balo yog‘ilayotgan bo‘lsa, bari tilimdan edi. Axir, nimaga birovning itini meniki deb turibman? Hay, mayli, bir yomonning bir yaxshisi. It haqida uncha-muncha bilmaganlarimni bilib oldim. Lekin bitta gap sal o‘rniga tushmay turardi. Uniyam bila qolay deb Boymurod akadan so‘radim:

– Shu deyman itlarning qulog‘i bilan dumini kesmasa, urushqoq bo‘maydimi, bunga nima deysiz?

– Bo‘ladi, shundog‘am bo‘ladiki…

– Unda nima zaril dumi bilan qulog‘ini kesib?

– Itning ikkita jon joyi bo‘ladi, mulla, – dedi suhbatdoshim oxiri bu haqda hech narsa bilmasligimga ishonch hosil qilib, – biri qulog‘i bo‘lsa, yana biri dumi. It qurmagurlar urushganda o‘sha joyning payidan bo‘lishadi. Buni itvozlar bilmaydi deysizmi, ja biladi-da.

– E, yashang, rosa akademik ekansiz-ku, oldingizga tushadigani yo‘q ekan bu sohada, – deb u kishiga yaqin bordim-da, qoyil qolganimni bildirib, yelkasiga qoqib qo‘ydim. Uning xursandligini ko‘rsangiz…


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации