Электронная библиотека » Erkin Malik » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Champo otli ilon"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:41


Автор книги: Erkin Malik


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 22 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Men bog‘hovlimga haligidek ohanjamali uy qurishni istamas edim. Ularda hech bir qulaylik yo‘q. Kech kuz, uch oy qish, erta bahor bu uylarda yashab bo‘lmaydi. Yoz kunlari muzlatkich bo‘lmasa, ayniydigan narsalarni qayerda saqlaysan. Buning ustiga bog‘hovliga elektr kelmagan. Ko‘nglimga ota-bobolarimiz qadimda qanday yashagan bo‘lsa shunday yashayman degan o‘y kelib qolgan edi.

Mening bu rejalarimdan qo‘shnilarim mantiq axtarib, oldiniga qiziqib eshitishdi-yu, keyiniga xom-xayolga yo‘yib, “akademik bo‘b ketinge”, deb ustimdan kishi bilmas kulib qo‘yishdi. Ularga qurilish rejalarimdan ko‘ra, ko‘proq Oqtosh haqidagi hikoyalarim yoqadi. “Oqtoshingiz dachamizdagi jinlarni haydavoribdi, deb eshitdim… agar shu rost bo‘lsa, zap ish bo‘pti-da”… “E-e-e… u jonivoringiz yana it go‘shti yegan odamniyam bilarkan-a, yozuvchi Boris Pakka ro‘para qilib ko‘rish kerak ekan”. “Oqtosh xuddi sizzi odamdek kutib olib, odamdek istansagacha kuzatib qo‘yarmisha-a, vah anovni qarang”…

Qurilish tufayli shirindan-shirin tashvishlarim ko‘paygan edi. Juma kunlari ishdan keyinoq, kechki poyezdda jo‘navoraman. Yoz bo‘lgach, qorong‘i tushmasdanoq yetib kelaman. Boshqalar shanba kuni ertalabki poyezdga chiqishar, o‘n birlarga yaqin yetib kelishardi. Kunning yarmi boy berilardi. Men juma kuniyoq loy qorib, shanba kuni sahardan g‘isht quyishga tushardim. G‘isht katta-katta – har biri oltita kichkina g‘ishtning o‘rnini bosadigan “polvon g‘isht”lardan edi. “Yoz endi boshlandi-yu, shoshmang”, deb ba’zi bemalolxo‘jalar o‘zlaricha meni ayagan bo‘lishadi. “Bu polvon g‘ishtlar yoz chillasida bir kunda quriydi, chilladan keyin o‘n kundayam qurimaydi, nahotki shungayam ko‘p aql kerak bo‘lsa”, degandek qarab qo‘yardim. “E, gap bu yoqda deng”, deya o‘zlari ustidan o‘zlari kulgandek osongina holatdan chiqib ketishadi. G‘isht quyish ular achinganchalik og‘ir emas edi. Men o‘zlashtirgan yerdan chiqqan ajriq ildizlarini loyga qo‘shar edim. Bu ildizlar loyni shunday tishlab olardiki, bolta bilan chopib ushatib bo‘lmasidi. “Bu ajriqni ildizi borib turgan armatura ekan-u, biz noshudlar shunday qurilish materialini kuydirib yuribmiz-a”, deb afsus chekkanlar bo‘ldi. Shunchaki ko‘nglim uchun aytishdimi, rostdanmi, ishqilib bu ishimgayam besh ketgandek bo‘lishdi. Ana shunaqa gaplar, yozuvchi do‘stlarim oldida itimam, o‘zimam kundan-kunga mashhurlashib borardik.

Navbatdagi jumalarning birida yo‘lga chiqdim-u, falokat ro‘y berdi. Poyezd bir odamning sigirini bosib ketdi. Bu ishni hujjatlashtirib, sigir egasini jarimaga tortguncha (bechora ham sigiridan ajradi, ham jarimaga tushdi) bir soatdan mo‘l vaqt o‘tib ketdi. Shomni vagonda o‘qidim. Poyezd oxirgi bekatga yetib kelganida, xufton ham kirib qolgan edi. Qorong‘ulik faqatgina mening yuragimga cho‘kkandek bo‘ldi. Stansiaga tushdim-u yon-verimga alanglab o‘zimga hamroh qidirib qoldim. Zora yozuvchi do‘stlarimdan birortasi adashib chiqib qolishgan bo‘lsa. Bugun shaharda kun judayam dim bo‘ldi-ku. Men u yoq-bu yoqqa qaragunimcha bog‘hovlining yaqinrog‘iga tashlab o‘tib ketadigan avtobus ham liq to‘lib, yarimtayam joy qolmapti. Eshigini amal-taqal bilan yopib jo‘navordi. Men bundan yomon fol oldim. Poyezdning kechikishi, avtobusga sig‘may qolishim… Qandaydir ko‘ngilsizliklardan darak berayotganga o‘xshardi. Tavakkal, ko‘chaning chekkasidan keta boshladim. Ko‘chaning o‘ng tarafi baland tog‘. Ba’zan omonat turgan toshlari dumalab, yo‘lning o‘rtasigacha tushadi. Tog‘ning usti qalin butazor. Vahimali qorayib turibdi. Osmonda yulduzlar… Lekin toqqa tushgan qorong‘ulikni yoritishga ojizlik qilib, zaifgina miltirashadi. Yo‘lning chap tomonida daryo. Shovqinlamay jimgina oqadi. Daryoning narigi betida esa son-sanoqsiz chiroqlar, bamisoli shahar. Chiroqlar suvda shunday akslanadilarki, go‘yo daryoning tagidayam shahar bordek. Ular qo‘l yetmas joyda bo‘lsa-da bari bir yurakka dalda. Ichim yorishib ketadi. Bunday paytlarda nur Allohning sirli bir mo‘jizasi ekanligiga shak-shubha qilmayman. Va bu mo‘jizaning o‘zimcha ta’rifiniyam keltirmoqchi bo‘laman! Ammo uddasidan chiqolmayman. Axir Allohning mo‘jizalarini ta’riflab bo‘ladimi?! Ular qaysi ta’rifga siqqan? Butun dengiz suvlari siyohga, jamiyki daraxtlar qalamga aylanganda ham Yaratganning mo‘jizalarini ta’riflab adoq qilib bo‘ladimi. Bu haqda Yaratganning o‘zi Qur’oni karimning “Nur” surasi, o‘ttiz beshinchi oyatida “Alloh osmonlar va yerning nuridir”, deb aytib qo‘yibdi.

Shularni o‘ylab, poyi-piyoda, unda-munda o‘tib qolgan mashinalarning chirog‘i yorug‘ida bog‘hovli etaklariga yetib oldim. Undan u yog‘iga yurishga nimagadir oyog‘im tortmay qoldi. Bog‘hovlidagi daraxtlar tepada xo‘mrayib turgan tog‘ bilan birlashib, zimiston bo‘lib ketgan, qadam qo‘ygan odamni yutaman derdi. Qani endi daryoning narigi qirg‘og‘idagi minglab chiroqlarning jillaqursa bittasigina dala-bog‘ning o‘rtasida yiltirab tursa?! Nima azob deb o‘zimni-o‘zim koyiyman. Qaysi ahmoq yuz chaqirim joyga kelib, yer ochadi-yu, uy quradi? Shuncha odam siqqan shaharga sen sig‘maysanmi? Sig‘asan! Lekin bu yerdayam yana bitta imkoniyat topilib qoldi-da. Shunga nafsing hakalak otdi, tinching buzildi. Seni bu kimsasiz joylarda sarson-u sargardon qilib qo‘ygan shu nafsing emasmi? Ey, nafs bandasi!

Bog‘imga olib boradigan ikkita yo‘l bor edi. Biri qabristonning o‘rtasidan o‘tadigan asfalt ko‘cha, u ikki baravar uzoq, ikkinchisi yaqingina so‘qmog‘u, ammo u jinlar uya qurgan o‘sha yong‘oqning tagidan o‘tadi. Jinlarni Oqtosh haydab chiqarganiga o‘zimni qanchalar ishontirmay bari bir oyog‘im tortmay turardim. Men qaysi yo‘ldan yursamikin deb anchadan beri bir joyda turib qolganimni payqab qoldim. Bu ahvolda yana qancha turish mumkin? Birdan miyamga uchinchi “yo‘l” kelib qoldi. Uni hech ikkilanmay bajo keltirdim. Bu “yo‘l” sal bo‘lsayam dadillashib olishim uchun ham kerak edi. Bunday paytda shunchaki xirgoyi ham dalda beradi odamga. Xuddi yoningda kimdir borday. Yo‘q, men xirgoyi qilib o‘tirmadim. Hov birdagidek shunday hushtak chaldimki! Naq jimjit tog‘lar orasi zirillab ketgandek bo‘ldi. Chaldim-u ko‘zimni chirt yumib, quloq sola boshladim. Zora mening mehribon, sadoqatli itim eshitib qolsa. U o‘sha kundan beri hushtagimni tanib qolgan. Ana, uzoqdan shatir-shutur ovozlar kela boshladi. Oh, jonivor, jonivorim eshitdi. O‘qdek uchib kelyapti o‘ziyam. Yuragimdagi vahima birdan chekinib, lablarim quvonchdan yoyildi.

Shu turishda Oqtoshni erkalab, silab-siypab qo‘yishgayam rozi edim. Yo‘q, u har doimgidek mendan sal narida yerga tappa yotdi-da, “keldingmi?” degandek guvrandi. Ko‘zlari uchqun sochib yiltiradi. Oppoq junlari g‘ira-shira ko‘zga tashlandi. Uni tusmol olib ergashdim. Ketyapman-u, iymonim zaifligidan qiynalibmi, uyalibmi, Yaratganga istig‘for aytaman. Axir hamma najot Allohdan-ku. Bu bir tilsiz it bo‘lsa… Yolg‘izning yori Xudo deyishadi. Shunday bo‘lgach, Allohning hifzi-himoyasida turib, yana nimadan ham qo‘rqadi odam! Bir istig‘fordan, ming istig‘for aytib boryapman-u, “Amma”dan yodlaganim ushbu oyat yodimga tushadi: “Robbissamavati val arzi va ma baynahumar rohman…” – Alloh osmonlar, yer va ularning orasidagi barcha narsalarning tarbiyachisi, Rahmonidir…” Barcha narsalar qatoriga shu tilsiz jonivor ham kiradi-ku. Balki Allohim ayni damda shu tilsiz jonivori bilan meni quvvatlantirayotgandir. Vujudimni qoplab olgan qo‘rquv va tahlikani nari surayotgandir… Nima qilishni, qayerdan, qanday madad yetkazishni Yaratganning o‘zigina biladi. Aslida aqlli, farosatli, ziyrak jonivorning osmondan tushgandek bog‘imda paydo bo‘lib qolishining o‘ziyam bir mo‘jiza emasmi?!

Ro‘molchaxat

Men kunma-kun Oqtoshni kashf etib borardim. U ko‘rinmas ip bilan bog‘lab qo‘yilgandek mendan ajramas edi. Biror yoqqa otlanib qolsam, mendan oldin yo‘lga tushardi. Men tappi terib kelish, tog‘dan o‘tin olib tushish, suv ochish uchun boshqa-boshqa so‘qmoqlardan borardim. Oqtosh hovlidan chiqmasimdanoq o‘sha so‘qmoqda meni kutib turardi. Tavba, shu yoqqa yurishimni qayerdan biladi, deb hayron bo‘lardim. Gapga tushunishi bir sari edi-yu, odamning fikrini uqib olishi ham bir sari edi. Ha, meni benihoya hayratga solardi. Keyinchalik bu sirning tagiga yetdim. Oqtosh qo‘limdagi narsadan fol olar ekan. Yelkamga ketmon tashlab chiqsam quloq boshiga, qop ko‘tarib olsam tappiga, qo‘limda arqon bo‘lsa o‘tinga borishimni sezarkan.

Bir kuni qiziq bo‘ldi. Boymurod aka bilan toqqa o‘tinga chiqdik. Boymurod aka eshakda, men piyoda.

Boymurod akaning qiziq-qiziq gaplariga og‘ib, ancha-muncha o‘tin qilib qo‘yibman. Qoldirgani ko‘zim qiymadi. Yovvoyi qizil olchalar qurigandan keyin ham zil-zambil bo‘larkan. Orqaga qaytdik. So‘qmoq goh pastga, goh qirga o‘rlaydi. Pastlikka duch kelsam o‘tinni dumalatib yuboraman-u, ammo u yerdan olib chiqquncha tinkam qurib qoladi. Eshak jonivorniyam tumshug‘i yerga tegay-tegay deb boryapti. Oqtosh atrofimizda girdikapalak. Birdan xayolimga bir fikr kelib qoldi.

– Boymurod aka, – dedim. Boymurod akaning har doimgidek do‘ppisi qo‘lda, yarim kal boshini qashlaganicha menga qaradi. – Oqtoshni avliyo devdingizmi?

U kishi “shunday” degandek jilmaydi.

– Hozir sinab ko‘ramiz. Oqtosh bu yoqqa ke, – deyman uni o‘zimga imlab.

Oqtosh yonimga keladi-yu, fikrimni uqqandek nafas olmay, men tomonga bo‘ynini cho‘zdi. Ro‘molchamni uning bo‘yniga bog‘layman-da:

– Bor jonivor, kennoyingni yordamga boshlab ke,– deb uyimiz tarafni ko‘rsatdim.

Oqtosh topshiriqni olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

– Xuddi kinolardagidek bo‘ldimi, – deya Boymurod akaga qarab kulaman. – Qog‘oz-qalam bo‘lganda yanayam o‘rniga tushardi-da, bu “ro‘molchaxatimiz”ni kennoyisi tushmagur “o‘qiy” olarmikan?!

– Nima qilamiz, kennoyini kutamizmi? – so‘raydi Boymurod aka. Nimagadir u kishi Oqtoshning odam boshlab kelishiga ishonardi. Men esam yo‘q.

– Keling, chiqmagan oftobga isinmaylik, qimirlagan qir oshar, – deb inqillab-sinqillab o‘tinni yelkamga olaman, – qir oshib turaylik…

Bir jarlikka tushib, u yerdagi manzarani ko‘rib, hayron qoldim. Bu yerga bahor endi yetib kelgandek edi. O‘tlar barra, ko‘m-ko‘k. Qarab turib, odamning ko‘zi yashnaydi. Eshak jonivor yutoqib, o‘zini ko‘kka urdi. Rohatbaxsh bir salqinlik kishi vujudini erkalardi. Ko‘zlarimni yumib, jarlik soyasiga cho‘zilaman.

– Mulla, suvga qalaysiz? – so‘raydi Boymurod aka.

– Tilizzi qarg‘a cho‘qisin, – deyman yutinib.

– Anakka, – deb kuladi Boymurod aka.

– Rost-da, yo‘q narsani nima qilasiz esga solib, o‘zi shundog‘am to‘kilib turibman.

– Suv bor-da, axir!

– Yo‘g‘-e, – deb dik etib o‘rnimdan turib ketibman.

Boymurod aka “yuring” degandek, oldinga tushib, yo‘l boshladi. Jarning adog‘ida rostanam buloq bor ekan. Ikki qarichgina temir quvurdan jildirabgina oqib turar, nari ketolmas, shu yerning o‘zida yerga singir edi. Atrofini ninachi, kapalak, shilliqqurt bosgan, loyda tulki, it, qushlarning izi bor edi. Suvni hovuchimga to‘plab-to‘plab, bir alhamdudan, ming alhamdu aytib to‘yib ichdim.

– Mazasi, o‘zimizzi Qo‘tirbuloqqa o‘xshaydimi?– so‘rayman tanam yayrab. Endi menga hech qanaqa kennoyini keragi yo‘q, har qancha o‘tin bo‘lsa ko‘tarib ketadigan bir kelbatga tushgan edim.

– O‘shanda shu, Qo‘tirbuloq bettan qochib, ashag‘dan chiqqan, – dedi Boymurod aka, – o‘hho‘… bir paytlar Qo‘tirbuloq degani yer ostidan guldirab chiqardi. Atrofida quloch yetmas tollar o‘sardi… Xo‘p ziyorat qiladigan joylar edi-da! Onayni emmagurlar bir deganda qochirvorishdi-ya… – deya achinish bilan menga qaradi Boymurod aka.

– Qo‘ysangiz-chi, Boymurod aka, xo‘p gapirasiz-da, buloq-buloq-da, uni ettan betga qochirib bo‘larkanmi,– deb jo‘rtaga jig‘iga tegdim.

– Siz shunaqasiz-da, bizdaqalarni gapiga ishonmaysiz, – deya qizishdi Boymurod aka. – Biz bor gapni aytamiz, yolg‘onga do‘ppi kiydirmaymiz. Buloq shu yerdan guldirab chiqardi-da, hov eshak o‘tlayotgan joyda bir yoyilib olardi, keyin pastga qarab tushib ketardi. Yo‘lida tegirmon boridi… Bahori bug‘doylarni o‘shanda un qilardik. Ja mayin tortardi. U paytlarda hayvonlarga qo‘tir ko‘p toshardi. Parvo qilmasa odamlargayam o‘tib ketardi. O‘sha suv yoyilgan joyda mollarni bir-ikki cho‘miltirsak bo‘ldiydi, qo‘tiri to‘kilib, sen ko‘r, men ko‘r bo‘lib ketardi.

Xayolimda Boymurod aka ertak aytayotganga o‘xshardi. Ipdek jildirab tushayotgan suv qachonlardir tegirmon toshini yurgazganiga ishonib bo‘lmasdi. Bu kishi usta hikoyachilarga o‘xshardi. Odamni qiziqtirib, yechimini oxiriga asrab qo‘yardiki, tan olib aytishim kerak, yaxshi ma’noda hasadimam kelardi. Qalamkash degan nomim bo‘la turib, voqealarni Boymurod akachalik o‘rni-o‘rniga qo‘yib, marjondek bir ipga tiza olmasdim. Mana hoziram buloqning qochganidan gap ochdi-yu boshqa tomonlarga o‘tlab ketdi. Oxiri voqea qanday qilib buloqni qochirishgani bilan yakun topishini sezib turibman. Shuning uchun gaplarini bo‘lmay eshitaman.

– Shu desangiz, bir kuni, o‘shandayam shunaqa yoz edi. Men hov Beltepada podani o‘tlatib yurardim. Bir uzun yuk moshinasi kelib to‘xtadi. Tog‘da boqiladigan kolxozlarning mol-qo‘ylari shunaqa moshinalarda tashilardi. Bir mahal moshinadan uzun-uzun, biqqa-biqqa kaltabaqay bir nimalar chiyillashib tushib kelishdi-yu… Durbunimminan qarasam bari cho‘chqa… katta-a…katta-a. Anakka, yaylovlarimizda boqilmagan cho‘chqa qoluvdi, deb jonim hiqildog‘imga kelib qarab turdim. Qayerdadir G‘azalkat taraflarda cho‘chqaxona borligini eshitib qolardim. Hoynahoy ashag‘dan obkeganov deb turibman. Shu desangiz cho‘chqani boshlovchisi bilassimi kim bo‘larkan? Odam, ha cho‘chqani odam boshlab yurarkan. Bittasi borakan, qaqqa yursa, bir moshin cho‘chqa o‘shaqqa yuradi, deng. O‘sha boshlovchisi cho‘chqalarni to‘ppa-to‘g‘ri Qo‘tirbuloqqa olib bordi. Suv yoyiladigan joyda cho‘chqalar ey yayrashdi, yayrashdi… Voybo‘, cho‘chqa deganlari balchiqqa o‘ch bo‘larkan. To‘rt oyog‘ini osmonga qilib, bir chiyillashadi deng… Keyin bilsam ulargayam qo‘tir yuqqan ekan… Bu gap shu kuniyoq qishloqqa tarqaldi. Qo‘tirbuloqning suvini hech kim ichmay qo‘ydi. Ziyoratchilarniyam qadami uzuldi. Tegirmonam to‘xtadi. Xudoning qudrati bilan shu yili qishda ko‘chkin bo‘ldi. O‘-o‘-o‘… quchoq yetmaydigan tollar, tegirmon deysizmi, barini tep-tekis qilib ketdi. Ha, yer yutvordi… Keyin bilsak Qo‘tirbuloq pastdan, hov, siz ko‘rgan joydan bilakdek bo‘lib chiqqan ekan. Bilasiz, odam etga zo‘rg‘a tushadi. Tuyoqli hayvonlar yo‘lay olmaydi. Jonivor Qo‘tirbuloq o‘ziga qulayroq, panaroq joyni topib chiqqanini qarang, mulla.

– Yuring, bu yerdan tezroq ketaylik, – dedim Boymurod akaga qarab.

– Ha, keta qolaylik, – deya u kishining mitti ko‘zlari xavotirdan bejo yiltirab ketdi.

– Qarg‘ish tekkan joy ekan, bunaqa joyda uzoq turib bo‘lmaydi, – dedim jiddiy.

– Rost aytasiz, cho‘chqalar harom qilganda betti, asti… ha-a, – dedi Boymurod aka yana do‘ppisini qo‘liga olib boshini qashir ekan, – siz ayting-chi, mulla kim qarg‘agan bo‘lishi mumkin-a? Men yelka qisdim. – O‘shanda domla buva boshlarini yerga egvolib, sarak-sarak qilib, ko‘p xafa bo‘luvdilar, hoynahoy, o‘sha qarg‘aganov.

– Bilmadim, bilganim shuki, cho‘chqaning haromligi Qur’onda kelgan. Shunday pokiza joylarni bulg‘anishi, oyoq osti qilinishi Xudoga yoqmagan bo‘lishi kerak. Ha Allohimning qahri kelgan…

Ikkovimizam xayolga tolib, orqaga qaytdik. Shu payt kutilmagan g‘ala-g‘ovurdan cho‘chib tushdik. Bundoq qarasak, tepamizda bir dunyo odam. Dalabog‘dagi qo‘shnilarimiz. Erkag-u ayol, bola-yu baqra…

– Ma’lum bo‘lishicha, Oqtosh “ro‘molchaxatni” yetkazgan, kennoyi xavotirga tushib, qo‘shnilarni oyoqqa turg‘azib, kelib turishgan joyi ekan.

Boymurod aka “aytmadimmi?” degandek menga qarab qo‘ydi. Ro‘paramda cho‘ltoq dumini likillatib Oqtosh turardi.

Ko‘z tegdi

“Ro‘molchaxat” voqeasidan keyin Oqtosh yanayam mashhur bo‘lib ketdi. Mabodo tug‘sa, bolasidan olaylik deb mulozamat qilganlar qancha? Bunaqa itlar tug‘maydi, tug‘sa avliyoligi qoladimi, deb itimning narxini oshiraman. Bu yoqda uyimam ko‘tarilib, ko‘zga ko‘rina boshlagan. Polvon g‘ishtlarni judayam quritmay, sal selgishi bilan devorga bosaman. G‘isht yaxshi qurimagani uchun ko‘tarib devorga mindirish qiyin kechadi. Og‘ir-da. Lekin men har bir g‘ishtni “bismillo” aytib ko‘tarar, shunday deyishim bilan g‘isht o‘zidan-o‘zi devorga chiqib qolgandek bo‘lardi. Men aniq-tiniq sezardim Allohning farishtalari yordam berishganini. Ish o‘rgatuvchi dangasa qo‘shnilarim: “G‘ishtni yaxshilab quritsangiz-u ko‘tarish oson bo‘ladi-ya”, deb menga achingan bo‘lishadi. “Bunaqa g‘ishtlar bir-birining ustiga minib devorda qurisa, ja tishlashib tosh-metin bo‘lib ketadi”, deb ataylab qilayotganimni tushuntirmoqchi bo‘laman. Keyin bu g‘ishtlarni men ko‘tarmiyman, birodar, Allohimning farishtalari ko‘tarishadi, deb qo‘shib qo‘yaman. “E, ha-a-a… shunaqa demaysizmi”, deb ko‘zlari alang-jalang bo‘lib, jo‘nab qolishadi. Ular mana men degan yozuvchi, olim bo‘lishmasin, bari bir ilohiy mo‘jizalardan yosh boladek qo‘rqishadi. Men ularga Payg‘ambarimiz sallollohi alayhi va sallam “Bismillosiz boshlangan ishning oxiri kesik”, deganlar, har bir ishni Allohning ismi bilan boshlasangiz, charchamaysiz, ishingiz unadi, deyman. Ular “bizda siz aytgandaqa bo‘maydi-da”, deb hiringlab kulishadi. Avvalo, Allohning buyurganini bajaring, keyin Payg‘ambarimiz aytganlarini qiling – besh vaqt namoz o‘qing, fitir-sadaqa, zakot bering, ana undan keyin bo‘ladi-da, deb achitib olgim keladi-yu, tilimni tishlayman. Bittasiga aytuvdim, paqqos vahobiyga chiqarib qo‘yayozdi meni. Bo‘lmasa, o‘zi Ahmad Yassaviyning avlodidanman deb maqtanib yuradi. Islomdan gapirib, yakkalanib qolishdan qo‘rqaman. Shundog‘am ular menga dachaning shayxi deb nom qo‘yib olishgan. E, qo‘yinglar bu nom menga og‘irlik qiladi, ana Yo‘ldosh Eshbek turibdi-ku, oppoq kiyinib, qo‘lidan tasbeh tushmaydi, keyin unda osmonning kalitlariyam bor, xohlagan sayyorasidan xohlagan gumanoyidni chaqira oladi, buni ustiga ekstrasens, deyman. Meni shayx deyishlariga boshqa bir sabab ham bor. Garchand namoz o‘qishga jamoa to‘planmasayam besh vaqt azon aytaman. Ovozim tog‘larga urilib, bir guldirab beradi. Dastlab azonni ichingizda ayting degan takliflar ham bo‘ldi. Tavba, tuppa-tuzuk ilmli odamlar shunday deb turishsa. Azonniyam hech mahal ichda aytib bo‘larkanmi? Azon bu odamlarni ibodatga chaqirish-ku. Najotga shoshilinglar! Gunohlardan forig‘ bo‘lishga shoshilinglar! Uyqudan namoz afzal deyman-ku. Bu taklifdan qattiq xafa bo‘lganimni qo‘shnilarga ochiq aytdim. Hartugul ko‘pchilik tarafimni oldi. Hech bo‘lmasa, azonimdan soat nechchi bo‘lganini bilib olisharkan. Keyin ovozim ko‘pchilikka yoqarkan, allaqanday xayollarga toldirib, ularga ilhom parilarini chaqirib berarkanman. Men ayrimlarning quloqlariga azon ovozi nimaga yoqayotganini bilardim. Ular dunyoga kelgach, ism qo‘yish marosimida, albatta, qulog‘iga azon aytilgan. Quloq pardalari azon va takbir bilan ochilgan. Shuning uchun bu quloqlarga azon ajib bir sehrdek kiradi. Azon ovozi yoqmaydiganlarning qulog‘iga azon va takbir aytilmagan. Albatta, buning uchun ular aybdor emas. Yo azon aytib, ism qo‘yadigan odam bo‘lmagan, yo ota-onalari g‘irt kommunist bo‘lishgan. Bu gaplarni ularga aytib bo‘ladimi? Aslo!

Bir kuni azon bilan bog‘liq bir voqea bo‘lib o‘tdi. Vaqt peshinga yaqinlashib qolgan, azon aytaman deb tashqariga chiqsam Ilashvoy shogirdi bilan kelib qoldi. Zarur gapi borga o‘xshardi. Gap boshlab qo‘ysa, bo‘linib qolishini o‘ylab:

– Uzr, azon payti bo‘p qoldi, azon aytib, peshinni o‘qib olay, keyin bafurja gaplashamiz, – dedim.

– E, – dedi Ilashvoy iddao bilan, – azon chaqirganingizdan keyin boshqalaram kelishsaykan, kelishmaydi-yu…

Ilashvoyning o‘ziyam, shogirdiyam namoz o‘qimasdi. Shunga qaramay menga bo‘lishgani yoqib ketdi:

– Kelishadi, ular kelmasa, musulmon jinlar kelishadi. O‘hho‘… azonni eshitishadi-yu, bir-birini yur-yur qilishib, bir zumda shamoldek uchib kelishadi. Orqamga tizilib olishadi. Men ularga imom bo‘laman. Ular menga iqtido qilishadi. Shunday qilib, qarabsizki jamoa jam bo‘lamiz.

Bu gaplardan har ikkovining og‘zi lang ochilib qoldi. Azonni aytib, duosini o‘qib, bundoq qarasam Ilashvoy shogirdi bilan xuddi birov quvgandek ketib boryapti.

– Ilashvoy, ha, – dedim hayron bo‘lib, – birov chaqirib qoldimi?

– Namozingizni o‘qib bo‘ling, keyin kelamiz, – dedi. Nimagadir Ilashvoyning ovozi xavotirli chiqdi.

Shu kuni Ilashvoy kelmadi. Bir haftadan keyin ko‘rinish beruvdi, eslatdim:

– O‘sha kuni kelaman deb kelmadingiz yo mendan xafa bo‘ldingizmi?

– E aka, sekin aytassimi, o‘sha kundan berisiga o‘zimga kelolganim yo‘q, shogirdim bo‘lsa, ikkinchi bu taraflarga qadam bosmaydigan bo‘ldi. Ilashvoy gapiryapti-yu, ko‘zlari o‘zidan-o‘zi alang-jalang bo‘lib ketyapti. – Kemasang kema dedim shogirdimga. Axir hammani joni o‘ziga shirin-da, aka!

– Nima bo‘ldi o‘zi, tinchlikmi, Ilashvoy? – deyman shubhaga tushib.

– O‘sha kuni jinlaringiz g‘uvillab ustimizdan o‘tib qolishsa bo‘ladimi? Shogirdim ikkovimiz bir-birimizga qarab, baqa bo‘lib qopmiz, deng…

– Yo‘g‘-e, ko‘rdinglarmi, – dedim shoshib, – jinlarni-ya?

– E-e-e… yaxshiyam ko‘rmadik, – deya boshini sarak-sarak qildi Ilashvoy. – Ko‘rsak bormi, taxta bo‘p qolarmidik. Aytganingizdek g‘uvillab shamoldek uchib kelishdi-yu, uyingiz tarafga o‘tib ketishdi. O‘lay agar, haliyam qulog‘im tagida “g‘uv…” degan ovozi turibdi, aka. Ilashvoy juda bir katta hurmatli odamning ro‘parasida o‘tirgandek, bir yerga qarab, bir chetga qarab gapirardi. – Mahalladagi chollarga aytsam, Xudoyimga yaqin kishiykan, ziyoratiga boramiz, deyishdi. Keb qolishsa, hayron bo‘lib yurmang tag‘in. Tomingizni adam ikkovimiz yopib beradigan bo‘ldik, bir tiyiningiz kerakmas, duo qilsayiz bo‘ldi, aka…

Ilashvoy bir yerda o‘tiradigan odammas. Usta-da. Qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. Radio, televizorlarniyam tuzatib ketaveradi, baraka topkur. Elektr o‘tkazish ishlariyam qo‘lidan keladi. Tom yopish bo‘lsa qo‘g‘irchoq qilib qo‘yadi. Bugunini o‘ylamaydi. Ertasini o‘ylaydi. Kim qurgan – falonchi qurgan, baraka topsin, qo‘li dard ko‘rmasin, degan gap kerak unga. Shunga haridori ko‘p. Shanba, yakshanba kunlari dalabog‘imizni aylanib, hammaning ko‘nglini olib chiqmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Shunday qilib, mening jinlar bilan birgalashib namoz o‘qishim, dalabog‘imizga yoyilib ketdi. Bir kuni Ilashvoyning mahallasidan bir yigit darmondan ketib, shilqillab qolgan bolasini ko‘tarib kelib qoldi.

– Sizga ixlos qildim, aka, o‘qib qo‘ysangiz…

Hah bechora soddagina-ya! Ixlos qo‘ygan odamini qarang. Yarim yalang‘och, hammayog‘im loy. Notanish yigit oldida ja noqulay ahvolda qoldim. Men namoz o‘qirdim-u, hali bunaqa “kuf-suf” tomonlariga o‘tmagan edim. Dabdurustdan nima deyishimni bilmay qoldim. Yigit bechora javdirab ko‘zimga qarab turibdi. Bolasi bo‘lsa boshini shilq etib hali o‘ngga, hali so‘lga tashlaydi. Judayam holdan toygan. Ko‘zlarini ochishgayam holi yo‘q. Og‘zidan so‘lakayi oqib yotibdi.

– Do‘xtirga ko‘rsatmadingizmi? – so‘radim bolaning qo‘lini ushlab. Xayolimda bolaning issig‘i borga o‘xshagan edi. Qo‘li muzdek.

– Buni do‘xtirlik ishi yo‘q, o‘qish kerak, paqat o‘qish kerak, – dedi zorlanib yigit. Shunday der ekan cho‘zinchoq dahani qaltirab ketdi. Ilgari ko‘cha-ko‘yda ko‘rganmanmi yo birovga o‘xshatdimmi, ishqilib qiyofasi tanish edi. Eslolmadim.

Halidan beri parishonhol, chaynalib turganimni ko‘rgan yigit:

– Bevaqt kelib qoldikmi deyman, o‘qiydigan paytingizni ayting, yana kelovramiz, – deb qoldi.

– Ha, ha, – dedim shoshib, – bomdoddan keyin o‘qisa yaxshi bo‘ladi-da. Bolaning og‘zidan so‘lakayi oqqanini ko‘rib, nimagadir novvot esimga tushgan edi. Qon bosimimning pastligi, buning ustiga loy ishlariga unnab yotganim uchun novvotning qozontagisidan olib kelib qo‘ygan edim. Ko‘pchilik duriga ishqivoz bo‘lishadi. Aslida quvvat unisidamas, bunisida. Bitta aybi – dasturxonni bezamaydi, xolos. O‘sha novvotdan bir bo‘lagini qog‘ozga o‘rab, yigitga tutqazdim:

– Qora choyni achchiqroq qilib damlang-da, novvotchoy qilib ichiring, – orqasidan qo‘shib qo‘ydim,– bunga dam solingan-a!

Yigit cho‘ntagini kovladi. Nima qilmoqchiligini darrovda tushundim. Ha, bunaqa narsalarga mazaxo‘rak bo‘lmaslikni bilardim.

– Cho‘ntak kovlaydigan bo‘lsangiz oldimga boshqa kemang, – dedim qovog‘imni solib.

– E, siz zo‘rakansiz-ku, – dedi yigitning chiroyi ochilib. – Unda mayli, uyingizni suvog‘i mendan. Nima qilib bo‘lsayam shu o‘g‘limmi tuzatib bersangiz bo‘ldi.

– Tuzatguvchi Alloh, biz so‘raymiz xolos, – dedim so‘lakayi oqib yotgan bolaning yelkasini silab. – Xudo xohlasa toy bola ko‘rmagandek bo‘p ketadi.

– Aytganingiz kelsin.

Ota-bolani kuzatib qo‘yib, loyxonaning ustiga borar ekanman, o‘ylab ketaman. Bu yerdagi odamlar bunchalar sodda. Bittasi tomingizni yopib beraman desa, yana bittasi suvog‘ini bo‘yniga olib tursa. Ajabo, bu nimaning sharofati? Astoydil tavba qilib, ibodatga qoyim bo‘lganimning mukofotlarimikan? Yo odamlar ibodatli kishilarni shunchalar sog‘inib qolishganmi? Azon aytish judayam katta martaba emas-ku. Xohlasa hammayam ayta oladi. Masjidning imomi, qishloqning domlasi bo‘lish bu chindanam katta martaba. Uyammas, buyammas odamlar Allohni sog‘inishgan. Boshqa hech narsa emas. Adashib qolgan odam bari bir o‘z go‘shasini, o‘z yaqinlarini qo‘msaydi. O‘xshash go‘shalar, o‘xshash odamlarni ko‘rganda yuragi orziqib ketadi. Qadrdonidek bag‘riga bosgisi keladi. Odamlar ham dinsiz jamiyatda uzoq yillar adashib yurishdi. Hatto, jinlar ham xuddi odamlardek musulmon va kofirlarga bo‘linib yashashini, kofirlari shaytonning malaylari ekani, musulmonlari bo‘lsa hech qachon odamlarga zarari tegmasligini bilmadilar. Hatto, jinlarni bo‘lmag‘ur yo‘q narsagayam chiqarib qo‘yishdi. Axir Allohning inson va jinlar menga ibodat qilsinlar deb yaratdim degan oyatlari bitilgan kitoblar yoqilib, kuli ko‘kka sovurildi-da. Bo‘lmasa, Alloh yaratdim degan narsani yo‘q, odam maymundan paydo bo‘lgan deb kufrga ketisharmidi? Odamlarning qulog‘i azonda aytiladigan “Allohu akbar!” – Alloh ulug‘dir, zikri o‘rniga Alloh yo‘q (astag‘firulloh) degan zo‘rlovlardan bitib qoldi-da. Mana endi ibodatli har bir odam ko‘zlariga avliyo bo‘lib ko‘rina boshladi.

Shularni ko‘ngildan o‘tkazar ekanman, yodlab yurgan oyatlarim tilimga keladi. O‘zim bilmagan holda takrorlay boshlayman, har xil ohanglarga solib ko‘raman. Oyatlarni tajvid qoidalari bilan o‘qish kerakligini mutlaqo bilmayman. Xayolimda ertaga og‘zidan so‘lakayi oqib turgan bolakayni o‘qiyman-u, u otasining qo‘lidan tushib chopqillab ketadigandek. Ha, bunga men qattiq ishonaman. Bekorga u yigit menga ixlos qo‘ymagan. Bo‘lmasa, shunday katta qishloqda o‘qiydigan odam topilmaydimi? Alloh uning ko‘ngliga meni solgan. Hoynahoy, Ilashvoyning ta’rif-u tavsiflarini eshitgan. Ajabo dindan mutlaqo xabari bo‘lmagan odamlar ham mana shunaqa tasodiflar bilan mashhur bo‘lib ketisharkan? Hatto, katta ko‘chalarda o‘z-o‘zidan “Tabib”, “Domla ostanovkasi” degan bekatlar paydo bo‘lib qoladi. Meni ham oldinda ana shunday shon-u shavkatlar kutayotganini sezib qoldim. Ammo Yo‘ldosh Eshbekning o‘zga sayyoraliklar bilan aloqa o‘rnataman deb o‘rnatolmaganini eslab, qo‘rqib ketdim. Meniyam shayton hovliqtirayotgan bo‘lmasin, tag‘in? Uch-to‘rtta surani yod olib, azon chaqirgan, namoz o‘qigan bilan odam darrovda Allohga yetisha qolmaydi-ku! O‘ttiz pora Qur’onni yod olganlar ham miq etmay yurishibdi-ku.

Kattaroq loy qorish uchun suv ochib kelish kerak bo‘lib qoldi. Ariqdagi zo‘rg‘a jildirayotgan suv bilan ishim bitmasligini bilib, ketmonni yelkaga tashlab, quloq boshiga yurdim. Bunday paytda Oqtosh, albatta, ergashadi. To‘g‘rirog‘i, men unga ergashaman. Oldinda o‘ynoqlab yo‘l boshlaydi. Ketmon yelkamda bo‘lgach, qayoqqa borayotganimni oldindan biladi jonivor. Quloq boshiga borsam, suvni katta quloqdan pastki mahallaga burib ketishgan ekan. Bog‘hovlidan chiqib, asfalt yo‘ldan tepaga ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Tashqariga chiqqanimiz Oqtoshga yoqib ketdi. U tekis yo‘lda ship-ship yurib, battar o‘ynoqlardi. Ichkarida bog‘ma-bog‘ sanqiyverish joniga tegsa kerak-da. Bu tomonlarda bir o‘zi izg‘igani qo‘rqadi. Toqqa chiqqanam, tushganam yonida naq eshakdek-eshakdek itlari bilan yurishadi. Ular Oqtoshni ko‘rsayoq g‘ajib qo‘yishlari hech gapmas. Shuning uchun Oqtosh bu taraflarga meni qora qilib chiqadi. Xuddi hayvonot bog‘iga ketayotgan yosh boladek o‘ynoqlashi shundan. Biz ko‘pam yurmagan edik oldinda bir eski “Zaparojets” ko‘rindi. To‘xtatish muftasi yaxshi ishlamay qolganmi, qiyalikdan bir to‘xtab, bir yurib, ming azobda tushib kelayapti. Oqtoshni yonimga chaqirib, chetroqqa chiqib turdik. Mashina ro‘paramizga kelib to‘xtadi-da, yana yurdi. Shu payt bir chekkada jim turgan Oqtoshning itligi tutdi. Har doimgidek yon tomonidan tashlanib qoldi. Haydovchi tezlab ketishdan qo‘rqib, to‘xtatgan edi, Oqtosh uni quvib o‘tib, naq ro‘parasiga turib qoldi. Mashina qo‘zg‘alishi bilan oldindan tashlanib qoldi-yu. Nimadir qarsillab ketdi. Sezdim mashina uni urib yubordi. Vujudim tok urgandek zirqirab ketdi. Oqtoshning mashina tagiga kirib ketganini ko‘rdim. Mashina uni bir zumda qorni bilan jo‘valab, orqasidan chiqarib yubordi. Oqtosh avvaliga nima bo‘lganiga tushunmay irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, birdan vangillab, oldimga chopa keldi. Afti-angori qon, yer bag‘irlab shunday angillardiki, quloqni teshay derdi. Yuragimga sanchiq turib ketdi. Men bo‘lsam:

– Ahmoq, ajab bo‘ldi, xo‘p bo‘ldi, – deb o‘lganning ustiga tepgan qilib Oqtoshga ketmon o‘qtalib yuribman. Oqtosh jon holatda o‘zini bog‘ ichiga urdi. Vajohatimdan qo‘rqib ketdi shekilli. Mashinaning bosganiyam bir sari-yu, mening do‘q-po‘pisam ham bir sari bo‘ldi. Oqtosh ko‘rinmas, ammo shovqini dalabog‘ni boshiga ko‘tarardi. Ovozini eshitmagan odam qolmadi.

Oqtoshni shu kuniyam, ertasigayam qidirib hech yerdan topa olmadik. Hatto, Boymurod aka biron ochiq go‘rda yotibdimikan deb eski qabristongacha kirib chiqdi.

– Ha endi, – dedi Boymurod aka do‘ppisini qo‘liga olib, – yaxshi it o‘ligini ko‘rsatmaydi. Hoynahoy bu o‘sha, kopir jinlarni ishi, ha, alamlarini olishdiyov. Keyin, ko‘zam tegib ketdiyov boyaqishga… Attanggina-ya, tug‘sa bolasidan olmoqchiydim. Yana kim biladi deysiz, ermanni topib olgan bo‘lsa, o‘shani ustida ag‘anab yotibdimi?

– Erman itgayam davomi? – so‘radim ichimda chiroq yonib.

– Ey, siz ermanni bilmabsiz, u qimirlagan jon borki, bariga davo. Bir kuni chaylammi oldida bir ilonni qushlar ey cho‘qilashdi, ey cho‘qilashdi – qora qoniga botirishdi. O‘ldiyov deb kurakni betida pastga otvordim. Ikki kun o‘tdimi, uch kunmi esimda yo‘q, qo‘shnimiz erman bo‘lsa obkelib bering, deb qoldi. Chaylamni pastida bir tup erman o‘sib yotardi. O‘shani mo‘ljal olib tushsam, bir nima vishillaydi. Bundoq qarasam, ilon, ermanga o‘ralvolibdi. Anakka deb turgan joyimda qotib qopman. O‘ldi deb otvorgan ilonim yara-chaqalari bitib, menga daf qilyapti. Ashinaqa…


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации