Текст книги "Champo otli ilon"
Автор книги: Erkin Malik
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 7 (всего у книги 22 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]
Bu hafta men uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Yuragim huvillab, shaharga qaytdim. Oqtoshni mashina urib yuborganini dalabog‘dagilar eshitishibdi. Poyezd shaharga yetib kelguncha qo‘shnilarim achinib, itimni maqtab ketishdi.
– Bir kuni, – deya suhbatga qo‘shildi Rahimjon Otayev bilan shaxmat o‘ynab kelayotgan Shodmonbek raqibining “ot”i bilan chakkasini qashlab, – bir o‘zim edim, ko‘chamizga burilsam, yo‘lli o‘rtasida eshshakdek it turibdi-da. O‘zi itni o‘ngimdamas, tushimda ko‘rsam ham labimga uchuq toshib ketadi. Nimagadir odamlar qo‘rqishmaydi, men o‘lgudek qo‘rqaman. Haligi bahaybat itni ro‘parasida taxta bo‘b qopman. U bo‘lsa, menga tikilganicha cho‘nqayib o‘tiribdi. Oldinga yurishni-ku o‘ylamayman, orqaga bir qadam tashlashga oyog‘im qaltiraydi. Bolaligimda o‘qiganim yo‘lbarsga salom berib, qutulib ketgan ovchi esimga tushib qoldi. Mayin, yumshoq ovozda dedim: “Hov-v-v… assalomu alayko‘m, it aka, iltimos, yo‘lni bo‘shatsalar, kulbayi vayronaga kirib olsak” deyman, qani miq etsa. Bu yog‘da yomg‘ir degani urib yotibdi. Yomg‘irpo‘sh yo‘q. Bez bo‘lib qimir etmay turibdi, jonivor. Bilaman, itdan qo‘rqqan odamni itam yoqtirmasakan. Jig‘iga tekkisi kelovrarkan. Birortasi kep qolarmikan deb u yoq, bu yoqqa alanglayman. Bunaqa yomg‘irda kimam dachaga chiqardi. Shu payt desaylar qiziq ish bo‘ldi. Tarixiy voqea desayam bo‘ladi. Oqtosh paydo bo‘lib qoldi. Ha, yonimdan lip etib o‘tdi-da, haligi barzangi itga qarab ko‘pammas, ozammas ikki marta akilladi-yov. Obbo, hali menga akillaydigan sen bo‘ldingmi, tirrancha deb tashlanib qolsa-ya, naq meniyam qo‘shib piypalab tashlaydi-da, degan xayolda naq jonim manavi yerimga kelib qoldi, deb “ot” bilan kekirdagini ko‘rsatdi Shodmonbek. E, ishonasizlarmi yo‘qmi, haligi it o‘rnidan turdi-da, orqasiga qaramay jo‘navordi. Oqtosh unga o‘z tilida bir nimalar dedi shekilli-da. Shu-shu Oqtoshni yaxshi ko‘rib qoldim, – deya Shodmonbek qo‘lidagi “ot”ni xayol bilan kastumini cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Kechirib qo‘yadilar, otimni manavi joyiga qo‘ying, – deb taxtaning ustini ko‘rsatdi Rahimjon.
Yengil kulgi ko‘tarildi.
– Bir kuni, – dedi Muhammad Salom, – so‘rida tushlik qilib o‘tirgan edik. Ochiq darvozadan Oqtosh kirib kelib qoldi. Birdan bizni ovqatlanib o‘tirganimizni ko‘rib, gunoh ish qilib qo‘ygandek shartta orqasiga o‘girilib, jo‘nab qolsa bo‘ladimi. Judayam nafsi o‘lik, farosatli itidi-da.
– Oqtosh, Oqtosh… ey bag‘ri tosh ukaginam, qayga ketding?
– Qoqilmang deb sen bizlarga kunduzlari chiroq tutding… – deya Shukur Qurbon she’r o‘qib yubordi.
Men bo‘lsam o‘zimning toshmehrligimdan ezilib o‘tiribman. Jonivorga ketmon o‘qtalguncha boshini silamaymanmi! Hech bo‘lmasa, o‘t bo‘lib yonayotgan vujudiga muzdek-muzdek suv sepmaymanmi! Ey, xom sut emgan banda, uni senga Xudo osmondan tashlagan edi-ku, qadriga yetmading-a! Shukur Qurbon haq, u bizga chiroq tutdi, biz uni ko‘rmadik…
Shanba kelib, bog‘hovliga borguncha Oqtosh bir zum ham xayolimdan nari ketmadi. Nazarimda uning barcha mo‘jizakorligi tusining oqligida edi. Domla buva bekorga jinlarni haydab solish uchun oq itni tanlamaganlar. Shu oq rangli jonivorlarda biz bilmagan mo‘jizalar bor. Bolaligimda eshitganman. Buvamlar Andijondan Qovunchi tomonlarga quloq qilinganda (aslida ular din peshvosi deb bola-chaqalari bilan Sibirga surgun qilingan, tasodif bo‘lib Qovunchida tushib qolishgan, buning hikoyasi boshqa) bir odamning uyida ijarada turishadi. Bu uyning oq iloni bor ekan. Adam va ammalarim qo‘rqishsa, buvamlar qo‘rqmanglar, bu sizlar o‘ylaganchalik ilonmas, jinlarning musulmoni, uning uyda bo‘lishi juda yaxshi, kofir jinlarni yo‘latmaydi, uni har zamonda bir kaft un bilan siylab tursa bo‘ldi, deydilar. Oq ilon un yalagan kunlari hamma uxlaganda xonani aylanib chiqar, qusar, uy xushbo‘y iforga to‘lar ekan. Uydagilar shunaqangi ajoyib-g‘aroyib tushlar ko‘rib uyg‘onisharkanki… Xuddi gulzor ichida uxlab, gulzor ichida uyg‘ongandek. Ifor hidi uyda anchagacha saqlanib turar, boshi og‘rigan, tumov bo‘lgan odam bu xonaga kirsa, dardi arib, vaqti chog‘ bo‘lib chiqib ketar ekan… Oq ilonning ana shunaqa fazilatlari bor ekan. Bekorga oq ilon, oppoq ilon, oydinda yotganing qani, deb qo‘shiq qilib aytishmas ekan-da.
Bir kuni toqqa charchoq yozgani chiqib, ajoyib manzaraga guvoh bo‘ldim. Qachonlardir obod bo‘lgan bu chiroyli joy nimagadir qarovsiz ahvolga tushib qolgan edi. Eski o‘choq, zanglab ketgan sim karavotlar. Qo‘ra… Yana eng hayron qolarli joyi bilakdek buloq suvi otilib chiqib yotardi. So‘qmoqning buloqqa borib qaytishidan bildimki, tog‘liklar bu yerni eslaridan chiqarishmagan. Nimaga shunday joy tashlandiq bo‘lib yotibdi? Bundan battar joylarga tog‘liklar kapa tikishib, ot boqib, mol boqib, asalari uyalarini yoyib kun o‘tkazishyapti. Bu yer eng so‘lim, odamning suqi kiradigan joy-ku. Buloqdan suv ichib, salqinlab o‘tirsam bir odam mesh ko‘tarib kelib qoldi. Ajabo, shu joyni egasi ekan. Qiziqqanim uchunmi, hasrat qopi ochilib ketdi. Qimizchilik qilarkan. O‘n beshta biyasi, yana qo‘y-qo‘zi, sigir degandek. Bu yerni tashlab ketishiga bir ko‘ngilsiz voqea sabab bo‘lgan ekan. Eng yomoni endi bu yerga birov kelib palak yozolmas ekan. Aytishicha, xotini har kuni kechqurun sirli chelakda qatiq uvitar ekan. Sut ertasiga qolsa achib qolarkan-da. Xotini erta bilan qatiqni suzma qilib qo‘yay deb sirli chelakning qopqog‘ini ochsa qatiqning yuzidagi yog‘ini bir nima yeb qo‘ygan bo‘larkan. Avvaliga e’tibor qilmapti. Keyin eriga aytibdi. Er-xotinning rosa boshi qotibdi. Nima bo‘lishi mumkin? Bu odam zotining ishi emas. Hayvon desa – qaysi hayvon sirli chelakning qopqog‘ini ochib, qaymog‘ini yalab, yana o‘zidek qilib yopib qo‘yadi? Eri oxiri o‘g‘rini poylashga tushibdi.
– O‘sha kunlari oy to‘lgan edi, – deya g‘amgin hikoya qiladi suhbatdoshim, – daraxt barglarining soyasi demasa mana shu o‘tirgan joylarimizni bemalol kunduzgidek ko‘rsa bo‘lardi, – deb buloq atroflarini, nurab tushgan supa ustilarini ko‘rsatdi u. – Sirli chelagimiz qatig‘i bilan manovi supa ustida edi. Men hov anovi temir karavotda yotardim. Tun yarimga keb qolgan edi. O‘g‘ridan darak yo‘q. Ataylab uni tutaman deb kunduz kuni picha mizg‘ib ham olganman. Bari bir uyqi bosib, ko‘zim yumilib-yumilib ketaverdi. Bore… deb endi uyquga qasd qilganimda supa ustida bir nima qimirlagandek bo‘ldi. U timirskilanib chelakning tagiga bordi. Tusi oq bir narsa edi. Avvaliga oq sichqonmi, kalamushmi deb o‘yladim. U bag‘rini chelakka berib tepaga o‘rlay boshlaganda bilib qoldim, ilon ekan! Ishonasizmi, oq ilon! Tog‘da yurovrib ilonni har qanaqasini ko‘rganidim-u, oqini ko‘rmagandim. Eshitardim lekin. Chelak oq bo‘lganigami unga yopishgan tomoni ko‘rinmay, soyasi ko‘rinib turardi. Qatiqxo‘rlik qilovurganidan keyin tusiyam oqarib ketgan-da deb o‘yladim. Qani, qopqoqni qandoq ocharikin, deb ko‘z uzmay turibman. Bilaman, ilonning joni boshida-yu, kuchi dumida bo‘ladi. O‘ylaganimdek bo‘ldi, dumiga tayanib, boshi bilan qopqoqning bir chetini osongina ko‘tardi-da, chelakning ichiga boshini tiqdi. Qopqoq bosilsa tamom, o‘g‘ri qo‘lga tushadi. Yanayam ichkariroq kirsin deb turibman. Toqatim toq bo‘ldi. Turdim-u… qarang sira esimda yo‘q. Sim karavotim g‘ijirlab, o‘g‘rini cho‘chitib yubordim. Qopqoqni daranglatib yerga tushurdi-yu, qochib qoldi. Shundan keyin chelakning ustiga g‘isht bostirib qo‘yadigan bo‘ldik. Oq ilon haqida birovga aytsam ishonmaydi. Ko‘rmagan-da. Bora-bora ko‘zimga oydinda oq bo‘lib ko‘ringandir deb o‘zimam ishonmay qo‘ydim. Lekin kunlardan bir kun desangiz… Cho‘llab shu buloqdan suv ichayotsam bir nima sadafdek yaltiraydi deng. Qarab turib, bir narsaning aksi suvga tushayotganini payqab qoldim. Tepamga qarasam o‘sha oq ilon, manovu qizil olchaga o‘ralib turibdi. Qattanam belimda chopqim bor ekan. Bir sermab, ikkiga bo‘ldim-qo‘ydim. Shu payt bir chinqiriq bo‘ldi, bir chinqiriq bo‘ldi deng… o‘takam yorilib hov bog‘ o‘rtasigacha qochib boribman. Xayolimda ilonnimas, odamni ikkiga bo‘lib qo‘yganga o‘xshardim. Qo‘limda chopqi, dir-dir titrayman… Sal o‘zimga kelgandan keyin buloq boshiga qaytdim. Ishonasizmi, ilonni topolmadim. Yo‘q! Ikkiga bo‘lib tashlaganim aniq esimda. Na u yarimi bor, na bu yarimi desangiz? Axir bosh tomoni qochib ketsa, dumi qolishi kerak-ku. Nechchi marta pichan o‘rayotib ilonni ikkiga bo‘lib yuborganman. Bir qarich bo‘lsayam boshi omon qolsa qochib qutuladi. Biltanglab dumigina qolib ketadi. O‘lmadimi desam qizil olchada qon izi turibdi. Shu voqeadan keyin bu joylarni qop-qora, qop-qora zaharli ilonlar bosib ketdi. Ko‘chib qutuldik…
Men tog‘lik tanishimga rahmatli buvamizni eslab, oq ilon voqeasini aytib berdim.
– Eh, – dedi u afsus va nadomat bilan tizzasiga musht urib, – siz bilan oldinroq tanishsam bo‘lmaydimi-a? Bundan chiqdi farishtani o‘ldirib qo‘yibman-da, a, aka?
– Yo‘q, – dedim bosh chayqab, – farishtani o‘ldirib bo‘lmaydi. Farishtalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Siz o‘zimizga o‘xshagan musulmon birodarimizni o‘ldirgansiz. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamdan hadis bor. Oq ilonni ko‘rsangiz o‘ldirmanglar, ular musulmon jinlardir, deganlar. Musulmon jinlarning odamlarga zarari tegmaydi. Ular dindosh birodarlarimiz-da, axir! Kofirlari yomon bo‘ladi, nuqul shaytonga malaylik qilishadi. Folbin-u jodugarlarning tegirmoniga suv quyishadi.
– O‘shandan keyin anovi zaharli ilonlarni jo‘natgan deng?
– Yo‘q, – dedim qat’iy qilib, bu qat’iylik qayerdan paydo bo‘ldi, o‘zimam bilmayman, – oq ilonlar makon qurgan joyda kofir jinlar bo‘lmaydi, zaharli ilonlar ham. Anovunday sabab bo‘lib, ketib qolishsa, joylariga mo‘ri-malahdek bostirib kelishadi. Payt poylab yurishadi-da, ular ham.
– Ha, shunday deng, bilmay qoldim-da aka, bilmay qoldim… Bilmaganni Xudo kechirar…
E, Oqtosh bormisan?!
Kelgusi hafta ming bir xayol bilan bog‘hovliga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, sim eshik tagida Oqtosh turibdi. Dabdurustdan uni Oqtoshga o‘xshatolmadim. Junlari to‘kilgan, bir ko‘zidan tinimsiz yosh oqar, bir ahvolda edi.
– E, Oqtosh bormisan, tirikmisan, o‘zingmisan?– debman suyunganimdan. Oqtosh avvalgidek erkalanmoqchi bo‘ldi-yu, uddalay olmadi. Bir tomonga og‘ib ketib, o‘zini zo‘rg‘a tiklab oldi. Diqqat qilsam kimdir uning junlarini qaychilab, yaralariga malham, ko‘k dorilar suribdi. Sezdim yozuvchilar uyushmasining poliklinikasida ishlaydigan opaning ishi bu. Har qalay hammayam mendayin toshmehr emas, o‘lganning ustiga tepgan qilib, ketmon o‘qtalmaydi. Aybimni yuvib qo‘yay deb Oqtoshni silamoqchi bo‘ldim-u, bari bir o‘zimni tiydim. Itni bir silagandan keyin doim silash kerak. Silamay qo‘ysa uyam yetim boladek o‘ksiydi.
Oqtoshning o‘lmay qolgani bog‘hovliga tezda yoyildi. Ba’zi birovlar azza-bazza ko‘rganiyam kelishdi. Shukur Qurbon Oqtoshga atab yozgan marsiyasini o‘qib berdi. Shoir misralar orasida “Oqtosh, Oqtoshginam, bag‘ritoshginam…” deb otini aytsa ko‘zidan yosh oqizib, shingg‘rayganicha qarab-qarab qo‘yadi, jonivor.
Boymurod akaning taxminicha Oqtosh urchishi kerak edi. Unday bo‘lmadi. Mashina halokati bu ishni orqaga surib yubordi chog‘i. Bolasidan olamiz deb og‘iz ochganlar ko‘p edi. Men bo‘lsam Oqtosh, “avliyo” itlardan, unaqa pastkashliklarga bormasa kerak, degan fikrimda turardim. Har qalay Oqtosh hali unaqa sarguzashtlarni boshlamagan, boshlamaganiyam tuzuk edi. Boshlasa, nazarimda obro‘si bir pul bo‘ladi.
Oqtosh raqsga tushadi…
Uyim bitdi. Kuz oyoqlab, qish kirdi. Mo‘rikon kutganimdanam ajoyib chiqdi. Tutun qaytarmaydi. O‘choqda tut o‘tini og‘ir yonadi. Qozonda ovqat pishadi, bir chekkasida choy qaynaydi. Olovning alangasi uyni isitadi. Cho‘g‘ tushsa kulga aylantirmay bozillatib sandalga bosaman. Ortganiga suv sepib, pista ko‘mir qilib qo‘yaman. Sandalning cho‘g‘i tugay deganda asqatib qoladi. Bir xokandoz solib qo‘yilsa, pista ko‘mirga qaytadan jon bitadi. Na hidi bor va na tutuni. Bu ham Yaratganning bir mo‘jizasi. Ota-bobolarimiz eshik, derazalarni qanday qilib ochib o‘tirishgan bo‘lsa, menam shunday ochib o‘tiraman. Derazadan tog‘ taraf ko‘rinib turadi. Olamni qor bosgan. Ba’zi qor bosgan o‘ngirlar osmon bilan bitta bo‘lib ko‘rinadi. Qora-qura o‘rmonlargina tog‘ligini sezdirib turadi. Qor ko‘rpasi tizzadan. Chor atrofda sukunat… Sukunatning rasmini chizaman degan rassom bu taraflarga kelsin. Qorning ajab-ajab shivir-shivir, pichir-pichirlarini eshitaman degan shoir bu yerlarda kezsin. Kimsasiz tog‘ bag‘rida azon chaqirib, jinlarga imom bo‘lib, dunyo tashvishlarini unutish-chi? Ha, bu yerda Yaratganning o‘zigagina tavakkal qilgan ojiz bir quli va yana bir jon egasi – Oqtosh bor.
Sandal deganlari bitta oyoq-qo‘lli beminnat kelinchakning o‘zi ekan. Bir chekkasida tahorat suvi doimo issiq turadi. Birovga ovqat ilinmoqchi bo‘lsangiz ungayam joy topiladi. Samovardan qaynagan suvni choynakka to‘latib olov taftiga qo‘yasiz-u, zarur paytida bir qaynatim choy tashlab yuborsangiz olam guliston. Qayta samovar qo‘yishga hojat yo‘q. Hali bu hammasi emas. Kechasi yotish oldidan choynakka sho‘rva tashlayman. Bir yarim litrlik chinni choynagim bor. Roppa-rosa uch kishini boqadi. Choynakka sarpanja, bir bosh piyoz, sarimsoq, qizil sabzi, kartoshka yoki sholg‘om, ikki dona pomidor qoqisi, bir chimdimdan zira, tuyilgan oshrayhon va ukrop, bir dona qalampir, ta’bga qarab tuz solinadi. Ana undan keyin bu masallig‘ning ustiga qaynab turgan suv quyiladi. Suv qopqoqqa tegib turishi kerak. Kam bo‘lsa suvning biqirlab qaynashiga maydon ochiladi-yu, parlanib, qopqoqning teshigidan chiqib ketadi. Natijada, choynaksho‘rva emas, choynakbo‘tqa bo‘lib qoladi. Endi hamma gap choynakni olovga qanday qo‘yishda! Choynakning yarim qorni olovga tegishi kerak. Agarda choynakdagi suv sovuq bo‘lsa o‘tga tegishi bilan yorilib ketadi. Qaynoq bo‘lsa, olov bilan achomlashadi. Choynakning tagi ham olovda turmasligi zarur. Yer shari quyoshga bir tomonini tutgandek, choynak ham olovga bir tarafini tutadi. Shunda yer o‘z o‘qi atrofida soat miliga nisbatan qanday teskari aylansa, choynakdagi suv ham qaynagan paytida xuddi shunday aylanadi. Qaynamagan joyi qaynagan joyiga intiladi. Ajabtovur aylanma harakat boshlanadi. Sho‘rvaning suvi tepaga qarab biqirlab qaynamagach, misqolchayam parlanmaydi. Qopqog‘idan toshmaydi, jo‘mragidanam to‘kilmaydi. Ertalabgacha shunday bir sho‘rva tayyor bo‘ladiki, sarpanjaning suyaklarigacha erib ketadi… Ana endi bu ne’matni bomdod namozidan keyin ichib oling-da, Allohga shukuronalar ayting.
Bu yerdagi uyquni hech bir yerdagi uyquga o‘xshatib bo‘lmaydi. Odam shunday miriqib uxlaydiki, bamisoli onasining qornida yotganday. Yonboshlab sandalga shundoq belingizni tutsangiz, mast-u maston uyqu elita boshlaydi. Uyqu oldidan o‘qiladigan duolarni o‘qib, oxiriga yetolmayam qolasiz… Ajib-ajib, nurli-nurli tushlar ko‘rasiz. Bir kuni Makka-yu Mukarramani tush ko‘ribman. Xursandligimdan ko‘zlarimda shashqator yosh bilan uyg‘onib ketdim. Qani endi tushim kelgan yeridan yana davom eta qolsa. O‘rnimdan turib oldim. Soatga qarasam uchdan o‘tibdi. Ko‘rganlarim shundoq ko‘z oldimda turardi. O‘chib ketishidan qo‘rqib, yozishga tutindim. Rosa uch soat yozibman. Hajga borgan bir birodarimizga yozganlarimni o‘qib bersam menga angrayib qarab qopti. “Allohga oson dedi u, hajga tushdayam borib kelsa bo‘lar ekan, yozganlaringiz bari rost, hatto, oyoq tagiga to‘shalgan marmarlarigacha, aniq-ravshan… Bu joyning tushlari ana shunaqa…
Sandal ko‘rmay o‘sgan hamkasblarim zerikibmi yoki oppoq-oppoq qorlarni sog‘inibmi, shahardan kelib qolishsa, sovqotib mening uyimga tiqilishadi. Olovni ochaman-da, ozroq isiriq tashlab yuboraman. Shahardan ergashtirib kelgan mikroblaringiz o‘ladi deyman. Ular hay-haylab, bay-baylab sandalga bag‘irlarini berishadi-yu, zum o‘tmay mudray boshlaydilar.
– Yopiray sandalingizni sehri bormi yo jinlaringiz avrayaptimi, – deb hayron bo‘ladi, tortinmay yostiq so‘raydi. Birpasgina tosh qotib uxlaydi. Lekin uzoq uxlagandek kalla tiniqib, uyg‘onadi-yu, “maza qippan” deb qo‘yadi. Bu sandaldagi cho‘qqayam bog‘liq. O‘rik o‘tini bo‘lsa, asablarni tinchlantirib, xuddi avragandek uxlatib qo‘yadi. Tut o‘tini bo‘lsa, tanaga quvvat beradi. Buni men keksalarning: “O‘rik o‘tini asabga, tut o‘tini nasabga”, degan gaplaridan bilib olganman. Mantiqan ham shunday. O‘rikning yangi pishgan mevasiyam, turshagiyam yurakka davo. Tabiblar ham, do‘xtirlar ham shuni buyurishadi. Tut bo‘lsa bahor pallasi ayni ilikuzildi paytida pishadi. “Og‘zimiz tutga yetdi, Xudo xohlasa endi o‘lmaymiz”, degan gaplarni ko‘p eshitganmiz. Shuning uchun ham tabiblar quvvatsiz odamlarga tutdan qilingan shinni, tutmayizlarni buyurishadi. Men o‘choqqa o‘rik bilan tut o‘tinni aralashtirib yoqaman. Unaqasigayam, bunaqasigayam davo bo‘lsin deyman-da! Aralashtirishimning boshqa bir sababiyam bor. O‘rik o‘tinning cho‘g‘i sandalga tushgach, xash-pash deguncha pistako‘mirga aylanib qoladi. Tut o‘tin pista ko‘mirga aylanmaydi. Ohangaron ko‘miriday lang‘illab ustini kul bosadi-yu, o‘chmay turaveradi. Shunday bo‘lgach bag‘ridagi o‘rikning cho‘g‘iniyam o‘ldirmay tirik saqlaydi. “Men yonyapmanmi, senam yonasan”, deydi. Men o‘rik bilan tut o‘tinlarining shifobaxshligini his qilib, o‘zimcha ixtiro qilaman. Har ikkovini arralab, qipig‘ini olaman. Ulardan alohida-alohida damlamalar tayyorlayman. Chiroyli qirmizi rangli damlamalar hosil bo‘ladi. Albatta, bu damlamalarni eng avvalo, o‘zimda sinab ko‘raman. O‘rik damlamasini ichgan kunim o‘n sakkiz soat qimir etmay uxlabman. Miyam tip-tiniq, ko‘zlarim ravshan, ishtaha karnay… Lekin namozlarim qazo bo‘lgani uchun bu tajribam o‘zimga yoqmadi. Tut o‘tinning damlamasi aksincha quvvat berib, uyqumni o‘chirdi. Anchadan beri kuchim yetmayotgan bir to‘nka bor edi, damlamani kuchi bilan maydalab tashladim. Bundan men daraxtlarning tanasi ham dori ekanini, dori bo‘lgandayam juda kuchli dori ekanligini bildim. Axir, biz o‘tin qilib yoqib yuborayotgan daraxtlar necha yillik-ku?! O‘n besh, yigirma, qirq yillik quvvatlar bor ularda! Shu tajribadan kelib chiqib bir vaqtning o‘zida ham allergiya, ham astma bilan og‘rib yurgan bir tanishimga achchiq bodomning qipig‘ini tavsiya etdim. U achchiq bodomning mag‘izini hovonchada tuyib, kap otib yurardi. Qipiqdan damlama qilib berdim. Uch kunda sen ko‘r, men ko‘r bo‘p ketdi.
Voy uning qiynalganlari, voy uning har xil dori-darmonlarga pul sarflaganlari. O‘zimam ichib ko‘rgan edim tomoqdagi balg‘amlarni ko‘chirib, ovozimni o‘n sakkiz yoshli yigitnikidek qilib qo‘ydi. Azon chaqirsam, bir chiroyli. Qo‘shnimiz ko‘rib turib, “hozir azonni siz chaqirdiyzmi, boshqacha chiqdi-ya”, deydi ko‘zimga baqrayib. “Tomog‘im bo‘g‘ilib turuvdi, musulmon jinlarim qarashib yuborishdi”, dedim jo‘rttaga. Qo‘shnim: “O‘zimam shunaqa bo‘sa keragov deb turuvdim-a” deb teskari o‘girilib ketdi. Men u kishining teskari qarab ketmay, ilohiy mo‘jizalarga ishonib, namozga kirishini juda-juda xohlardim. Shuning uchun sal mubolag‘ayam qilib yuborardim. Xudoga shukr u keyinchalik namozgayam kirib ketdi. Qo‘shnim deganim hassos shoir rahmatli Mirtemir domlaning jiyani Mirjamol edi. U tog‘asining joyini obod qilib o‘tirar, ToshMIda xirurg bo‘lib ishlardi. Asmatik kasal bilan qilgan tajribamni aytgan edim qiziqib qoldi. Bir qarich to‘nkasidan olib ketdi. Qipiq qilib o‘tirmay, payrahasidanoq damlama tayyorlabdi. Qarang, damlama, hatto, tomoq yo‘llari shamollagan, allergik kasallargayam davo bo‘libdi. Shunday qilib, achchiq bodomning mevasi qolib, tanasiga ishqivozlar ko‘paydi. Bu yomon. Tanasiga qiron kelgandan keyin mevasi qattan bo‘ladi? Bu tajribani to‘xtatdim.
Sandalimda mizg‘ib olgan mehmonimdan sog‘lig‘ini so‘rayman. Asab chatoq desa, sandalning chekkasida ilib turgan o‘rik qipig‘ining damlamasidan bir piyola quyib beraman. Bilaman ular hamisha asabdan shikoyat qilishadi. “Shu quvvatim yo‘qroq-da”, desa tut damlamasini tutaman. Ba’zi shumroqlari sog‘liqning dabdalasi chiqqan deb har ikkalasidanam ichvoladi. Ular ko‘proq damlamalarning mazasigamas rangiga e’tibor qilishadi. O‘rikniki qirmizi chiroyli, tutniki novvotrang ekan deb qo‘yishadi. Shoir xalqi shunaqa go‘zallikka oshiq bo‘ladi. Mabodo osishga hukm qilinsalar ham arqoni chiroylimikan deb qarab qo‘yishsa kerak. Damlamalar bilan siylagach mehmonimga, albatta, sandalning ta’rifini keltira boshlayman. Uning hayotimizdan chiqib, izsiz yo‘qolishini xohlamayman. Axir sandalning o‘zi bir akademiya. Allohim in’om etgan, beminnat shifoxona-ku. Ha sizga bir kelinchakdek xizmatda bo‘lishini aytdim. Rost-da, hozirgi kelinlarning uchtasi bitta sandalning xizmatini qila olmaydi. Keyin sandalning ilmiy taraflariga o‘taman. Kasbdoshlarimga shu tomondan kelmasa bo‘lmaydi. Ijodkorlar o‘zi shunaqa bo‘ladi, g‘irt yolg‘on-uydirma narsalarga ishonishadi. Uydirmani romantika deb bilishadi. Men ularga ichki a’zolar, ayniqsa, yurak, o‘pka, jigar, oshqozon, buyraklarning nuqtalari oyoq tagiga joylashganini aytaman. Buni o‘zlariyam bilishadi, gazetalardan o‘qishgan. Turli-tuman kasalliklar shu a’zolarning shamollashidan paydo bo‘lishini, sandal oyoq tagidagi o‘sha nuqtalarni qizdirishi orqali davolab tashlashini uqtiraman. Mana deyman, sandalga o‘tirishingiz bilan sizni uyqu elitadi-a? Nimaga bunday bo‘ldi? Mehmonim yelka qisadi. Mana sandalda o‘tiribsiz. Yarmingiz issiqda, yarmingiz sovuqda. Hozir tanangizda nimalar kechayotganini bilasizmi? Bilmaysiz. Qoningiz hozir shunday shaldir-shuldir qilib oqyaptiki, hatto yo‘g‘on tomiringizga quloqni tutib eshitsa bo‘ladi. Yoppiray, deydi mehmon ko‘zlari o‘ynab. Ha, ha ishonavering deyman. Sandal ichidagi a’zolaringizda qoningiz kamida qirq besh darajada qiziyapti, tashqarida esa o‘ttiz olti, to‘g‘rimi? To‘g‘ri, deydi mehmon hushyor tortib. Endi o‘sha isib ketgan qon o‘zini sovuq tarafga uradi. Sovug‘i issiqqa qarabsizki, qon o‘zidan-o‘zi aylana boshlaydi. Odatda, qonni yurak aylantiradi. Qon o‘zidan o‘zi aylana boshlagach, yurak ozgina bo‘lsayam dam oladi. Ana shu paytda odamni uyqu eltadi. Ozgina mizg‘ib olsangiz bir dunyo uxlagandek maza qilasiz.
Bu gaplarni eshitgan do‘stlarim, albatta, taxta pollarni buzib, sandal qurishga ahd-u paymon qilishadi. Sandalimga boshqacha hurmat va ehtirom bilan qarab qo‘yishadi. Ko‘rpaning bir chekkasini ko‘tarib, qanday qurilganiga e’tibor qilishadi. Men sodda tushmagur endi ular ham sandal quradi deb o‘ylayman. Qayoqda! Yoz kelishi bilan eslaridan chiqib ketadi. Ammo sandalimni maqtab gapirib yurishadi, to‘g‘ri kelib qolsa, o‘z tillaridan asarlarigayam kiritib yuborishadi.
Men qish kunlari qo‘shnilarimning jillaqursa, bittasi kelsa-chi deb, ko‘z tikaman. Kam kelishadi. Kelganlari ham sichqonga, kalamushga dori qo‘yishadi-da, kunduzgi poyezdda jo‘nab qolishadi. Kamina haftasiga shanba va yakshanba kunlari bog‘hovlida bo‘lmasam ichikib qolaman. Meni bu yerga bog‘lab qo‘ygan boshqa bir narsayam bor. U ham bo‘lsa, Oqtosh. Qish kunlari yovvoyi jiyda, qizil olcha mevalarini, ko‘rkalamush, sichqonlar inini qor bosadi. Ochiqib kelishimni kutib yotadi jonivor.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning mana bu hadislarini o‘qigandan keyin yanayam tinchimay qoldim: “Bir odam yo‘lda ketayotib qattiq chanqadi. Bir quduqni topib, unga tushib suv ichdi. Keyin qaytib chiqib, chanqoqligidan tuproqni yalayotgan itni ko‘rdi. Bu it ham menga o‘xshab chanqabdi, dedi. Quduqqa tushib, mahsisini suvga to‘ldirdi va og‘ziga tishlab qaytib chiqdi. Itga suv berdi. Alloh taolo uni mag‘firat qildi”. Sahobalar: “Ey, Allohning Rasuli! Bizga hayvonlardan ham ajr bormi”, deb so‘radilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Har bir jigari borda ajr bor”, dedilar. Ushbu hadis Imom Buxoriy, Muslim va Molik, Abu Hurayra roziyallohu anhulardan rivoyat qilingan.
Oqtosh odamlar yashaydigan mahallalarga, choyxona taraflarga tushmaydi. Shusiz ham u joylarning egalari ko‘p. Dumlarini qisib, gala-gala bo‘lib yurishadi. Bari irkit itlar. Oqtosh ularga qo‘shilib obro‘sini to‘kkisi kelmaydi. Undan ko‘ra och qolishni, sabr qilishni afzal biladi. Albatta, Oqtosh men olib borgan yemishlarni ikki kunda yeb tugatolmaydi. Inini oldida saqlay ham olmaydi. Olaqarg‘a, hakkalar uni tinch qo‘ymaydi. Ertalabdan kechgacha nasibasini poylab ham yotolmaydi. Boshqacha tadbir qo‘llaydi. Nonlarni olib borib qaylargadir ko‘mib keladi. Bir safar ataylab kuzatdim, inidanam ishonchliroq omborxonasi bormikan deb. Yo‘q, u turli-tuman kungay joylarga non ko‘mish bilan ovora bo‘ldi. Diqqat qilib, sanab ko‘rsam, beshta joyga ko‘mibdi. Voy Xudoyim, deb yoqa ushladim. Qani endi yonimda Boymurod aka bo‘lsa-yu Oqtoshning avliyoligiga yana bir marta tan berib, maqtab, ko‘klarga ko‘tarib xumordan chiqsak. Afsuski ular ham kam keladi. Qorovulchilikni Xudoga topshirib qo‘ygan. Lekin ignayam yo‘qolmaydi. Bir kuni qiziq bo‘libdi. Qish kunlari tog‘ qishloqlarida o‘tin anqoning urug‘iga aylanadi. Ha, o‘tinga ehtiyoj katta bo‘ladi. Bittasi kelib, Nurullaxonning sarjin qilib qo‘ygan tut o‘tinidan qopga solib, yo‘lga tushibdi. O‘tin o‘g‘risi Boymurod aka yashaydigan ko‘chada turarkan. O‘tin o‘g‘risi Boymurod akaning uyi ro‘parasiga kelganda, u kishim sarpoychang kavush sudrab chiqib, uning yo‘lini to‘sibdi:
– Ha, horma.
– E, bor bo‘ling, Boymurod aka.
– Ja holdan toyibsan-ku bola, nima orqalab kelyapsan?
– E, qishshi kunida nima bo‘lardi, Boymurod aka, o‘tin-da. E, savil qolsin orqalarimni shilvordi.
– A, qatta bor ekan bunaqa tap-tayyor sarjin o‘tin?
– Dodammikidan obkelyapman, dodammikidan, nimaydi Boymurod aka?
– He o‘l, dodammikidan demay, uyalmaysanmi yolg‘on gapirgani. Qachondan beri yozuvchi Nurullaxon senga doda bo‘p qoldi? Bu o‘tin tog‘dan enaverishdagi Nurullaxon deganni o‘tini-ku. Yolg‘on deb ko‘r-chi, hozir sharmandangni chiqaraman sen ilvirssi. Qayt orqangga, hozir oborib joyiga qo‘y, bola!
O‘tin o‘g‘risi baqa bo‘lib qoladi. Axir bu o‘tinni daryoning narigi betidan – uch chaqirimcha joydan ko‘tarib kelayotgan edi-da. Boymurod akaga kim yetkaza qoldi ekan? O‘tin o‘g‘risi burnini tortib, Boymurod akaning oldiga tushadi. Birovga aytmang, deb yalinadi. Boshqa bunaqa noma’qulchilik qilmaslikka qasam ham ichadi. Ammo Boymurod akadan bu ishni kim sotganligini ijikilab so‘rayveradi.
– Menga qara, – deydi Boymurod aka unga mug‘ambirona tikilib, – kim aytganini aytsam yuraging yorilib o‘lasan?
– Aytovring-chi?
– Bo‘masa kelishvolaylik. O‘g‘rilik qilganingni men birovga aytmayman. Senam meni sirimmi birovga aytmaysan, bo‘ptimi?
– Bo‘pti, aytsam til tortmay o‘lay.
– Yozuvchilar orasida bitta ja eskichani o‘qib qo‘ygan mullasi bor. Bir kuf desa bormi, Chirchig‘ingni teskari oqizadi. Ana avliyo-yu, mana avliyo. O‘sha odam mana shu yerdagi ancha-muncha jinlarni o‘ziga qaratvolgan. Ishonmasang, Ilashdan so‘ra. O‘sha mulla shaharga ketganda jinlariga tayinlab qo‘ygan ular menga qarashib, bor gapni yetkazib turadi.
Boymurod akaning bizning oramizda yuraverib ancha-muncha ayyorlashib qolganini sezib, esiz shunday odam ham ishdan chiqibdi-ya, deb qo‘yaman. Shunday bo‘lsayam o‘tin o‘g‘risini qanday bilib qolgani meni qiziqtiradi. “Keling-qo‘ying, sizam bilmay qo‘yaqoling”, deb kuladi Boymurod aka. “Aytmasangiz hech qanaqa jinlardan tanishim yo‘q, deb e’lon qilvoraman”, deyman u kishini qo‘rqitib. “Gap shetta qolsin-u, buyam gapi-de, durbindan qarab o‘tirovdim, bizzi boloxonadan betlar qish kunlari ja ko‘rinat-ta, yozda qiyin, daraxtlar to‘sib qoladi… E, qo‘yovring unaqalar milisadanmas, jin-ajinalardan qo‘rqishadi. Qo‘rqishsin, odam degani bir nimadan qo‘rqishi kerak-da, to‘g‘rimi, mulla?”
Bilmadim hozir Boymurod aka yonimda bo‘lganda Oqtoshning qilgan ishini ko‘rib: “Anakka, o‘rgilay sendan itposhsho. Hoynahoy nonni dushanbada yeyman, seshanbada yeyman, chorshanbada yeyman… deb taqsimlab chiqqan jonivor, oltinchi kun shanba bo‘ladi, unda siz kelasiz, to‘g‘rimi”, degan bo‘lardi.
Navbatdagi shanba va yakshanba juda g‘alati kun bo‘ldi. Qish chillasining o‘rtasi. Kun uzayib, poyezd oxirgi bekatga kun botmasdan yetib kelar, shomgacha bog‘hovliga yetib olsa bo‘lardi. Qor bearmon tushgan, havo aynib, qor yana uchqunlay boshlagan edi. Tizza bo‘yi qor kechib, zo‘rg‘a kulbamga kirib oldim. Har doimgidek kaminani Oqtosh kutib oldi. Uni ko‘rish bilan ko‘nglim yorishdi. Bunday kimsasiz joylarda nafaqat it, hatto, salgina shovqin-u shamolning guvillashigacha odamga dalda.
Shomdan keyin temir kurakni taraqlatib, kiraverish va hojat yo‘llarini qordan tozaladim. Bilaman, bunday ish odamni toliqtiradi-yu, ammo o‘pkani toza havoga to‘ldiradi. Ko‘krak qafasing kengayib, diling ravshan tortib ketadi. Men bu harakatlarim bilan go‘yo bog‘-hovliga jon kiritaman. Oqtosh ham bu yerda biz bormiz degandek, hali uyning orqasiga o‘tib, hali qordan tozalangan yo‘laklarda o‘ynoqlab, akillab qo‘yadi. Qor borgan sari kuchayadi. Hozirgina kuragan joyim, bir zumda ko‘rpa bo‘lib qoladi. Oqtosh men kelgan kunlari inida yotmaydi. Tansoqchiday ayvonda, eshik tagida yotadi. Tagiga karton to‘shab beraman.
Shu kuni lampa chiroq yorug‘ida allavaqtgacha yozish bilan band bo‘ldim. Bo‘lmasa, boraman-u sandalda bir miriqib uxlayman deb kelgan edim. Toza havo charchoqni yozib yubordi. Kalla tiniqlashdi. Ko‘zimga oppoq qog‘oz bilan sharikli ruchka ko‘rinib ketdi. Paydarpay qog‘ozga tushayotgan jumlalar orasida qaydadir gurullayotgan motorning ovozi ham ilashib yurgandek. Bu qor surgich. Tun bo‘yi tog‘ yo‘llarini peshma-pesh tozalab yuradi. Tanholikda motor ovoziyam quloqqa qo‘shiqdek yoqadi. Kimdir shunday havoda ham ertaning harakatida. Hayot davom etyapti. Tom bo‘g‘otlarida o‘qtin-o‘qtin shamol guvillaydi, lampa chiroqning nuri deraza ko‘zlarini g‘ira-shira yoritadi. Qaydandir shamol kirib xonani oralaydi. Chiroqning piligi o‘zidan-o‘zi bir ikki ko‘tarilib, xona yorishib ketadi. Qor shamol bilan yoqqanda, avvalo, o‘ra-yu ungurlarni shibbalaydi. Shibbalangan qor uzoq vaqt quyosh ko‘rmay, bahorning oxirlarigacha ustini kir bosib yotadi. Bu yerning yana bir jihati quloqni ding qiladi. Tiq etgan ovoz ham e’tiborni tortadi. O‘sha narsa nimaligini bilmaguncha odam tinchimaydi. Dimog‘ ham ochilib ketadi. Halidan beri xonaga sichqon oralaganini sezib o‘tiribman. Ho‘rak qo‘yib, qopqonni ishga solish kerak, degan o‘y kallamda aylanadi.
Bomdodga tursam kurak tekkan joylarni yana qor bosibdi. Hojat yo‘lini kurashga to‘g‘ri keldi. Qor yorug‘ida ancha-muncha nari-berini bemalol ko‘rsa bo‘lardi. Bomdodni o‘qib, yana mudrab ketibman. Allanarsaning qarsillashidan uyg‘onib ketdim. Uyning ichida naq miltiq otilgandek bo‘ldi. Boshimni ko‘tarsam xonayam, tashqariyam yorishib ketibdi. Nima bo‘lishi mumkin? Sichqon chiyillab, sirni fosh etdi. Qopqon ishlab ketgan ekan. Jonivorni dumidan qisib qopti. Joni og‘rib, o‘zini u yoqdan, bu yoqqa uradi. Najot kutgandek chiyillab ham qo‘yadi. O‘rnimdan turib ustiga bordim. Tirik-da. O‘lgan bo‘lgandayam olib tashlardim. O‘ldirishga qo‘lim bormadi. Shundog‘am ko‘zlari irg‘ib chiqib, mo‘ltiraydi jonivor. O‘lishini kutay desam, o‘ladiganmas. Dumini qisgan bilan sichqon o‘larmidi? Qaytaga yana biroz tipirchilasa, dumini uzib qochib qolishiyam mumkin. Yaxshisi qopqon bilan tashqariga olib chiqaman-da, qo‘yvoraman. Sovuqda o‘lsa-o‘lar, qolsa-qolar. Eshikni ochsam Oqtosh g‘ujanak bo‘lib oyoq ostida yotibdi. Dik etib o‘rnidan turdi-da, oldingi oyoqlariga tiralib kerishdi. Tipirchilayotgan sichqonni ko‘rib, ko‘zlari o‘ynab, sergaklandi. Jonivor, men yo‘q paytlarimda Boymurod aka aytmoqchi ko‘rkalamush, sichqonlarni tutib yeydi-da. Tashqariga chiqqach sichqon jon-jahdi bilan tipirchilab, dumini uzib, yerga tushdi-yu, devor tagidan eshikka qarab chopa ketdi. Eshik ochiq edi. Oqtosh og‘zini katta ochib, sichqonning yo‘lini to‘sdi. Sichqon bo‘lsa teshik topilib qoldi deb o‘yladimi, pildiraganicha Oqtoshning og‘ziga kirib ketdi. Oqtosh dik etib o‘rnidan turdi-yu, qiynalib yutindi. Vo-oh… chaynamayoq yutvordi-ya deb tursam, Oqtosh birdan bezovta bo‘lib qoldi. Sirk itlariga o‘xshab orqa oyog‘ida tikka turib, qo‘llari bilan havoni mushtlay boshladi. Bitta sichqonga shuncha xursandchilikmi deb tursam, yanayam boshqacharoq o‘yin ko‘rsatib qoldi. Turgan joyida shunday g‘ildirakka o‘xshab aylandiki… Yopiray!.. Olmaxon bo‘p ketdi-ya!
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?