Текст книги "Мен кимман ёки мендаги “мен”"
Автор книги: Назар Юлдузхон
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 8 страниц)
Aytib o‘tilganidek, Ruh – antimateriya. U tashqaridan – Ruhiy Olamdan, Allohning dunyosidan inson qalbiga joylashtirilgan latif javhardir. Odam botinidagi ana shu javharda – Ruhda quvvat bor. Allohning ulkan quvvati bor. Axir unda Allohning barcha ismi sifatlari mavjud! Zamonamizning ulug‘ Shayxi, mutassavvif Muhammad Nozim al-Haqqoniy rahmatullohi alayh: “Bizda “osmonlardagi bir nima” bor. Tanamiz Yerga tegishli. Agar Siz o‘z ruhingiz quvvatini ishlashga majbur qilsangiz, siz Osmonlarning Mavjudiga, hayotiga erishasiz… “Bu mumkin emas”, deb aytmang. Agar niyatga ega bo‘lsangiz va ana shu ruhda davom etsangiz, Siz Yerda turib, Osmon Kursiysiga yeta olasiz”, deb odamdagi ruh quvvati nimalarga qodir qilishi mumkinligi haqida yozadilar. “Osmonlarga chiqish uchun Siz 24 soat davomida Allohga nima berayapsiz? Biz tanamizning ehtiyojlari uchun shunchalar bandmizki, biz Yerdan osmonga ko‘tarila olmaymiz… Sizni Yerga bog‘lab qo‘yish uchun bu nafsning 80 ming tuguni bor. Agar bu tugunlarni birin-ketin yechmasangiz, unday holda Siz xalos bo‘la olmaysiz va yuqoriga ko‘tarila olmaysiz. Inson o‘lgandan keyin uning ruhini Azroil Ilohiy Mavjud – Allohga olib kelar ekan. Alloh: “Uning qalbi kim bilan edi, yuzini qaysi tarafga burgan edi”, deb so‘rar ekan. Alloh buni O‘zi bilsa ham, javob orqali buni osmondagi barcha mavjudotlar eshitishi uchun atay so‘rar ekan…”
“O‘z ruhing dunyosini anglash va egallash bir zamonlar Iskandar Zulqarnayn yer yuzini egallaganga nisbatan mushkulroq…” (Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy). Jismimizga jo etilgan ruh – nur va quvvat bilan to‘la. Biz bu olamni keragicha anglamasak ham, hech bo‘lmaganda, unga ozroq “tegib” ko‘rishimiz, uni qalbimizdan his qilishimiz o‘zimiz uchun juda ham muhim. “Birinchi holatda sen ruhni anglab bo‘lmaydi, deb tushunasan, shuning uchun ham Robbing sen uchun anglab bo‘lmaydigan sir, ikkinchi holatda esa, o‘z ruhingni anglaysan, xuddi shuningdek, sen o‘z Robbingni anglaysan…” (Ibn Arabiy).
Hindlar ikkita qo‘lini bir-biriga birlashtirib “namaste” deb salomlashadilar. Namaste – “men botiningdagi ruhingga hurmatimni izhor etaman”, degan ma’noni anglatar ekan. Bunday ma’no farishtalarning Odamga sajda qilish holatlariga yaqin bo‘lsa kerak.
Agar inson o‘z botinidagi ruhini qalbining ko‘zi bilan ko‘ra olsa, uning haqiqatini anglay olsa, boshqa odamlarning ham vujudidagi Allohning Nafasi, Nurini anglay oladi. Allohning Nafasini anglagan inson qalbida Muhabbat jo‘sh uradi. Bunday insonlar birovlarga qo‘l ko‘tarish u yoqda tursin, balki yomon so‘z aytish, yomonlik qilishni, yomon ko‘rishni, nafs girdobiga kirishni xayollariga ham keltirmaydilar.
Demak, mening asl Vatanim – ko‘rinmas, g‘ayb olamidan. Men ana shu ko‘rinmas olamning bir qismi hisoblanaman. Mening aslim – hech qanday jismga ega bo‘lmagan ruhdan – latif javhardan iborat. G‘ayb olamida men Allohga “Albatta Sen mening Robbimsan, faqat Senga itoat etaman”, deb ahd qilganman. Alloh meni shu ahdim uchun, iymonimni sinash va charxlash uchun, takomillanish va ruhiy-ma’naviy tajribalar orttirib, alohida bir Shaxsga (ruhiy quvvatga) aylanishi uchun ruhimni jismga, tanaga jo qilib, bir muddatga Yerga jo‘natdi. “Shaxsga aylanish” deganda, psixologiyadagi inson aqli bilan bog‘liq shakllangan odamni tushunish kerak emas. Buni ma’naviyruhiy takomillashgan, o‘z nafsidagi barcha qusurlardan xalos bo‘lgan, shayton hamlalari ustidan doim g‘olib bo‘lib Bahodirga aylangan, barcha maqomlardan o‘tib, Ilohiy nur bilan abadiy yo‘g‘rilgan, birlashgan, komillashgan ruh deb tushunish kerak.
Alloh Qur’onda:
“Ey, xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne’matlardan) rozi bo‘lgan ( va Alloh taolo tomonidan) ham rozi bo‘lingan holingda Robbing (huzuri)ga qaytgin!” (Fajr surasi, 27,28-oyatlar) deya marhamat qiladi.
Valeriya Poroxovaning she’riy tarjimasida ushbu oyat quyidagicha bayon qilinadi:
«О ты, ничем не омраченная душа!
Вернись к Владыке своему
Ему угодной и довольной…»
Demak, gard tegmagan, turli xil saroblardan xoli bo‘lgan, poklangan ruh Allohning amri bilan yana Unga qaytishi kerak. No‘mon Ali Xonning ta’rificha, ruh so‘zi arab tilidagi ro’uh so‘ziga yaqin bo‘lib, quvonch, mamnunlik so‘zlariga yaqin ekan. Bu esa har birimizning qalb qo‘rimizda quvonch, baxt manbayi borligini va bu ruh har bir odamning o‘zida alohida ekanligini ta’kidlaydi. Aslida esa, bu quvonch, baxt, mamnunlik manbayi – muhabbat! Alloh har birimizning yurak qo‘rimizga ana shu ne’matni bergan. Chunki Allohning O‘zi Muhabbat!
ODAM VUJUDIGA “EKILGAN” RUHAlloh Qur’onda turli xil mevalar va ularning urug‘i haqida alohida eslatadi. E’tibor qiling: mevalar turli xil va har bir mevaning o‘z urug‘i bor. Har bir urug‘dan alohida o‘simlik unib chiqadi, yetiladi, daraxt bo‘ladi, hosil beradi.
Shunga o‘xshash, ruhiy olamning bir parchasi bo‘lgan inson botinidagi ruh ham har bir odamning o‘zida alohida. U odam faoliyati natijasida “o‘sib, unadi, hosil beradi”. Urug‘ unib chiqishi uchun unga Yer berilgan bo‘lsa, ruh “yetilishi” uchun u inson jismiga berilgan. Inson jismi esa ana shu ruhning “o‘sib, unishi” ruhga xizmat qilishi uchun berilgan ekan. Bu tanada ruh yuksalib, Komillikka erishishi kerak. Bamisoli yerga qadalgan urug‘ misoli u o‘sishi, yuksalishi kerak. Bu urug‘ – bizning kelajagimiz, nasllarimiz. Qanday “hosil berishi” o‘zimizga bog‘liq. Subhonalloh! Bu ruhiy ulg‘ayishdir. Ruhiy ulg‘ayish nima?
“Ruhiy ulg‘ayish avvalo borliqning bir zarrasi ekanligini his qilib, butun Olamlar Robbisi Allohga har doim, har qanday vaziyatda kuchli ishonch va cheksiz shukrda bo‘lish!
Ruhiy ulg‘ayish o‘zining xatolarini tan olib, uni o‘zgartirish tomon qo‘yilgan qadamlar!
Ruhiy ulg‘ayish “muammo” deb atalmish har bir vaziyatdan yangi dars olish!
Ruhiy ulg‘ayish Allohga shu qadar kuchli ishonchki, qurbon holatidan chiqib, maqsadlari sari ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olib, bor imkoniyatlarini to‘laqonli harakatga tushirib, Natijani Buyuk Allohga topshirish!
Ruhiy ulg‘ayish atrofga minnatsiz, shartsiz mehr va muhabbat berish!
Ruhiy ulg‘ayish insonlarni hukm qilmasdan, nadomat qilmasdan borligicha qabul qila olish!” Faqat shu tarzdagina inson ruhan o‘sishi, kamol topishi, o‘z-o‘zini anglashi, boshqara olishi mumkin.
“Ruh tanada rivojlanishi, yuksalishi uchun inson turli xil nafs xohishlaridan xalos bo‘lishi kerak. Shuning uchun insonning har bir qilayotgan ishi, har bir nafasi o‘z nafsidan qutulishni ko‘zda tutmas ekan, inson o‘zini o‘zi halokat tomon yetaklayotgan bo‘ladi”. Ruh – Allohning amri bilan Yerdagi hayotda odamning vujudida bir muddat bo‘ladi, keyin yana o‘z “diyori”ga qaytib ketadi. “Tuproqdan yaralgan yana tuproqqa qaytadi, Ruhdan yaralgan yana Ruhga qaytadi…” Lekin qay ahvolda?!
“Qur’onda Alloh payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga “Sendan ruh haqida so‘raydilar. Ruh Robbimning amridandir, sizlarga bu haqda ozroq ilm berilgan”, deya xabar beradi. Ulug‘ shayxlardan biri ushbu oyatni quyidagicha tafsir qilgan ekan: Alloh ikkita olamda O‘zining ishlarini amalga oshiradi: a’lamul Xolq va a’lamul Amr, ya’ni yaratilgan olamlar va amr olami. Koinot, undagi barcha jismlar – Yer, osmonlar yaratilgan olam bo‘lib, unda ma’lum bir qonuniyatlar ishlaydi. Masalan, Yer vaqt qonuniga bo‘ysunadi. Yerga urug‘ eksangiz, u daraxt bo‘lib yetilgunicha vaqt kerak bo‘ladi, xuddi shunday, bugun tug‘ilgan chaqaloq ma’lum bir vaqtlar jarayonida katta yoshdagi odam bo‘ladi. Yerdagi hamma jarayonlar ma’lum bir vaqt mobaynida yuz beradi. Biz yashayotgan olam yaralmish olami. Bizning olamdan boshqa yana bir olam borki, bu olam Amr olami deyiladi. Agar Alloh “Biror narsa (yaratishni) iroda qilganida, Uning ishi faqatgina: “Bo‘l!”– deyishdir. U (narsa) esa bo‘lur (vujudga kelur)” (Yasin surasi, 82-oyat). Allohning amri zamon, makondan, vaqtdan tashqarida, shu zahotiyoq amalga oshadi”. No‘mon Ali Xon Amr olami haqida gapirar ekan, ko‘rinmas olamning mavjudligini va bu olam hech qanday vaqt qonuniga bo‘ysunmasligini, bu olamda biz yashaydigan olamdan farqli o‘laroq boshqa qandaydir jarayonlar yuz berishini va bu o‘ziga xos olam ekanligini aytadi. U o‘z fikrini quyidagicha bayon qiladi: “Farishtalar qaysi olamdan? – Amr olamidan. Bizning ruhimiz qaysi olamdan? – Amr olamidan? Qur’on qaysi olamdan? – Amr olamidan. Nazarimizda bu ikkita olam –amr olami va yaralmish olami bir-biri bilan xuddi vaqt oralig‘iga bo‘lingandek tuyuladi. Biz insonlarga kelganda esa, biz yaralmish olamidagi qonunlarga muvofiq jisman rivojlanib boramiz, lekin bizning ma’naviy borlig‘imiz esa, amr olamiga tegishli.
Xuddi shunday, payg‘ambarlar odamlarni da’vat qilishga chaqirilganlar. Lekin ularning da’vati, ta’limi qayerdan kelgan? – Amr olamidan. Ular tabiiy qonuniyatlarni buzgan holda mo‘jizalar ko‘rsatdilar. Ularning mo‘jizalari qaysi olamdan? – Amr olamidan. Ibrohim alayhissalomga ta’sir qilmagan olov qaysi olamdan? – Amr olamidan. Anglayapsizmi? Alloh ushbu oyatda bizning vujudimizdagi ruh – Amr olamidan ekanligini aytayapti. Lekin bu olam haqida biz faqat Alloh xabar qilganini bilamiz, xolos. Umuman olganda, bu olam bizdan yashiringan, buni tushunishda bizning idrokimiz ojiz. Ushbu oyatni tahlil qilib, biz quyidagi xulosaga kelishimiz mumkin: har birimizning botinimizda: mening botinimda, sizning botiningizda bir nima bor bo‘lib, bu “bir nima” – shaxsan sizning mohiyatingiz, shaxsan mening mohyatimdir. Alloh: “Botiningizda kuchli bir narsa bor, lekin sizlar bu haqda oz bilasizlar”, deb aytayotgandek… Ma’luman, jismimizdagi bu “bir nima” Allohning amri bilan qalbimiz qo‘riga joylangan nur – Ruhimiz ekanligini anglab turibmiz. Buni bir vaqtning o‘zida Muhabbat, deb ham bilishimiz kerak.
MUHABBAT – ALLOHNING NE’MATI
BU DUNYOGA MUHABBAT UCHUN KELGANMIZMuhabbatdan Muhammad bo‘ldi paydo,
Muhabbatsiz kishidan qoch Huvaydo!
Tasavvuf namoyandasi ulug‘ Yunus Emro: “Biz bu dunyoga manmanlik uchun kelmadik. Biz sevgi uchun, boshqalarning mehrini qozonish, maxluqotni yaxshi ko‘rish, yaratilgan narsalarga shafqat, muhabbat ko‘rsatish uchun keldik”, deb aytadi. Biz Yerdagi hayotga nima uchun kelganligimiz haqida tafakkur qilar ekanmiz, barcha ulug‘ allomalar, avliyoullohlar muhabbat tufayli, uning kuchi tufayli ilohiyotning yuksak darajalariga chiqa olishganligi, butun umr muhabbatni kuylab va uning uchun yashaganliklarini va shuning uchun ham ulug‘ insonlarga aylanganliklarini, bu dunyoda “men!” deb emas, sevgi, muhabbat uchun, uni qozonish uchun kelganligini anglashimiz naqadar muhim!
Alloh bandasini yaratibdiki, uning qalbini muhabbatga moyil qilib qo‘ydi. Sabab, qalbimizda Allohning Nafasi bor! Alloh – bu Muhabbat. Olamning yaralishi sababi – Muhabbatdir! Biz o‘zimiz haqimizda, kim ekanligimiz haqida fikr yuritar ekanmiz, unutmaylikki, har birimizning qalbimiz muhabbat bilan yo‘g‘rilgan. Faqat bu muhabbatni “o‘rab-chirmab, berkitib va “bo‘g‘ib” tashlaydigan bizning nafsimiz – “men”ligimiz, shayton bor.
Shaytonning bilimi juda ham mo‘l edi, uning aqli ham juda o‘tkir edi. U Allohga sig‘ingan, bir-u borligiga ishongan. Lekin unda bilim, aql bo‘lgani bilan, uning qalbida muhabbat yo‘q edi. Shuning uchun ham jin Iblisga aylandi. Qalbida muhabbati yo‘q odam-chi? U nimaga aylanadi? Tabiatga, atrof-muhitga, daraxtlarga nisbatan beayov bo‘lishlik, odamlarni qadr qilmaslik, ularga nisbatan bepisandlik, zulm, adolatsizlikni qalbida muhabbati bor insonlar qilmaydi. Muhabbat bunday ishlardan yiroq. Shuning uchun ham qalbida Allohga, olamga, odamga muhabbati yo‘q odam shaytonga qiyoslanadi.
Muhabbat haqida biz nimalarni bilamiz? Muhabbat haqidagi bizning tushunchamiz, tasavvurimiz qanday? Muhabbat vujudimizning qayeriga joylashgan va u inson uchun nima qiladi? Muhabbatning manbayi qayerda? U qayerdan keladi? Muhabbat Yernikimi yoki Allohniki?
Muhabbat tushunchasini biz ota– onaning farzandlariga bo‘lgan muhabbati, qarindosh-urug‘larning qarindoshlik munosabatlarida, shu bilan birga erkak va ayol o‘rtasidagi, odamlarning o‘zaro bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati, Vatanga bo‘lgan muhabbat, o‘z kasbiga, hattoki boylikka, pulga bo‘lgan muhabbat deb ham tushunamiz. Bunday muhabbat Yerdagi hayotga tegishli. Agar biz buni muhabbat deb ataydigan bo‘lsak, bu muhabbat haqidagi nisbiy tushuncha. Shuni tan olib aytish kerakki, bugunga kelib muhabbat tushunchasi bizning ongimizda ancha chegaralanib qolgan.
Ruhiy-ma’naviy kamolga yetgan, qalbi nafsdan, kibrdan poklangan insonlar qalbidagi sof muhabbatni hisobga olmaganda, insonda asosan “men”, ya’ni ego muhabbati bor. Biz tasavvur qiladigan muhabbat – “men”ning muhabbati ma’lum bir ma’noda insonni bu dunyo bilan bog‘lab qo‘yadi. “Men”dagi “men”lik muhabbati bu mening nafsim – shayton bilan bog‘liqdir. Masalan, uy-joy, bola-chaqa, pul, boylik, mansab va boshqalar. Yoki, siz kimnidir yaxshi ko‘rsangiz, o‘sha odamga nisbatan muhabbatingiz bo‘lsa, mabodo shu odam sizni xafa qilib qo‘ysa yoki yomonlik qilsa, siz darhol xafa bo‘lasiz, hattoki sizning muhabbatingiz endi nafratga aylanishi turgan gap. Shuningdek, bir odam boshqa bir odamdan “men seni sevaman, sen ham meni sev” ma’nosida o‘ziga bo‘lgan muhabbatni ham talab qiladi. Bu sizdagi “men”ingizning muhabbati. Bunday muhabbat o‘z nafsimizdan bo‘lgani uchun ham Yerdagi hayotga, nafsimizga – o‘zimizga tegishli bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday muhabbat doimiy va abadiy bo‘lmaydi.
Aslida biz bilgan va tasavvur qilgan muhabbat butunlay boshqa bir olam. “Haqiqiy Muhabbat – bu Qalbning tubtubidan kelayotgan Kuch. Bir odam ikkinchi bir odamning qalbining tub-tubidagi muhabbatni tushunishni his etganida, uning mohiyatini ko‘rganida, so‘zlarsiz hayratlanish ro‘y berganida, ularning o‘rtasida haqiqiy muhabbat boshlanadi. Haqiqiy muhabbat qalbning tub-tubidagi tuyg‘ular bilan to‘lib-toshganligidan bir insonning ikkinchisiga taqdim etayotgan saxovatli tuhfasidir. Bunday sevgini o‘zing haqingda unutganligingda berish mumkin”. Bunday muhabbat Allohning bandasiga bergan ne’mati bo‘lib, afsuski, hamma ham bu ne’matga musharraf bo‘la olmaydi.
Biz musulmonlar, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni sevamiz. U zot haqida biror qissa eshitganimizda yuraklarimiz to‘lib-toshib, u zotga bo‘lgan muhabbatimiz yanada ortadi. Lekin u zotning sahobalari dunyoda eng baxtli insonlar bo‘lishgan. Chunki ular o‘z ko‘zlari bilan u zotni ko‘rishgan, o‘z quloqlari bilan so‘zlarini eshitishgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning gaplari to‘g‘ridan to‘g‘ri ularning qalblariga kirib borgan. U zot qaysidir sahobani urishsalar, sahobalar u zotdan xafa bo‘lishmagan yoki arazlab u zotni tark qilishmagan. Chunki ularning qalblarida Allohga va Uning rasuliga bo‘lgan muhabbat chin muhabbat edi.
“Imom G‘azzoliy fikriga ko‘ra, sevgi turlari quyidagichadir: borliqni sevish, borliqqa bog‘liq narsani sevish, boshqani izzat-ikrom etganni sevish, bizzot (aslida) go‘zal bo‘lgan narsaga muhabbat bog‘lash, oshiq va ma’shuqqa xayrixoh bo‘lganni sevish. Bu sevgilarning kamoli ham, istiqboli ham oxir-oqibatda Alloh ishqiga asoslanadi. Chunki qul borliqni sevsa, unga shuni in’om aylagan Allohni ham sevgan bo‘lur.
Bundan tashqari, go‘zallik sevgisi insonni Allohga va uning rasuliga bog‘laydigan bir vositadir… Demak, go‘zallikni idrok aylash va go‘zallik muhabbati ila yashash inson qismatidagi ilohiy ehtiyojdir (Ibrohim Haqqul. ”Ma’rifat-la boqiy so‘z”. Tafakkur. 1999-y. 4-son). Demak, muhabbat, inson qismatidagi ilohiy ehtiyoj! Bizning muhabbatga ehtiyojimiz bor. Biz muhabbatga – Allohga muhtojmiz! Chunki Ruh (ro’uh) muhabbat, quvonch demakdir. Jaloliddin Rumiy: “Allohga boradigan yo‘llar ko‘p, men muhabbatni tanladim”, deb aytgan ekanlar.
Alloh yaratgan borliqni, undagi go‘zallikni sevish, bahramand bo‘lish – Allohni sevish, Uni ulug‘lash ekan. Demak, atrof olamni, tabiatni sevmaslik, uni asramaslik, daraxtlarni beayov kesishlik, noyob hayvonlarni, yer, suv, tuproqni ayamaslik – Allohni sevmaslikning, Undan qalban, ma’nan uzoqda bo‘lishlikning belgisi, ko‘rinishi ekanligini bu esa, uning ruhi, olami uchun abadiy halokat ekanligini unutmaylik.
Haqiqiy muhabbat bu juda katta quvvatga ega. Odamlar tasavvur qilganidan ham kattaroq kuchdir. Haqiqiy muhabbat insonni sharafli qiladi, uni insoniylik poydevoridan yuqori pog‘onalar sari olib chiqadi. Butun Olam Allohning Muhabbatidan yaralgan. Demak, muhabbatning manbayi – Alloh. U bir vaqtning o‘zida hamma yerda va shu bilan birga bizning qalbimizda.
Hayotimizda ro‘y beradigan ijtimoiy muammolar ham qalbimizdagi muhabbatning qay darajada ekanligi bilan bog‘liq. Inson o‘zi bilmagan holda g‘azab va nafrat orqali qalbidagi muhabbatni yo‘q qilib yuborishi mumkin. Bu esa uning nafaqat o‘ziga, balki kelajak avlodlari taqdiriga ham ta’sir qilishini biz nechog‘lik bilamiz? Shuning uchun ham olimlar inson qanday holga tushmasin, har qanday sharoitda ham qalbdagi muhabbatni saqlab qolishlik muhimligini, muhabbatni o‘ldirish hayotda boshqa muammolarni keltirib chiqarishini uqtiradilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham bekorga sahobalari Abu Dardoga g‘azab qilmaslik haqida uch marotaba qayta-qayta ta’kidlamaganlar. Chunki g‘azab qalbdagi muhabbatni o‘ldiradi. Butun olam muhabbatdan paydo bo‘lgan. Shunday ekan, inson bu ne’matdan mosuvo bo‘lishlikdan o‘zini ehtiyot qilishi kerak.
“Men sirli xazina edim. Oshkor bo‘lishni istadim (ma’rifatim bilan muhabbatga aylandim) va olamni yaratdim”, deya qudsiy hadisda aytilgani kabi, olamning yaratilish sababi ham ishq va muhabbatdir (Usmon Nuriy To‘pbosh. “Bir ko‘za suv”).
Siz urug‘ning o‘sib, daraxtga aylanish, meva berish jarayonini kuzatishingiz, ko‘rishingiz mumkin. Lekin ana shu turli xildagi urug‘larning “o‘sish” jaryonini ta’minlaydigan Allohdan kelayotgan cheksiz Yaratuvchilik Kuchini ko‘ra olasizmi? Insonning ham o‘sishini, yashashini ta’minlaydigan manba bor. Bizning hayotimiz manbayibu – Nur. Rahmon va Rahim, Xoliq va Karimning Nuridir. Bu Nuri Muhabbat! Biz bilgan va bilmagan butun olam, koinot Allohning muhabbatidan bunyod bo‘lgan. Allohning cheksiz Rahmon va Rahim Quvvati, Muhabbati doimo yog‘ilib turadi. Uning bandalariga bo‘lgan muhabbati ham cheksiz va abadiy. Hattoki, banda O‘z Egasining muhabbatini his qilmasa ham, unutsa ham Allohning muhabbati bandasini hech qachon tark qilmaydi.
Allohdan kelayotgan Muhabbatni his qilish va ana shu muhabbatga muhabbat bilan javob qaytarish qandayin ham ulug‘ baxt! Tushunayapsizmi, Allohdan kelayotgan Muhabbat quvvatiga siz ham o‘zingizning muhabbatingiz quvvati bilan shukronalik, hamd-sanolar bilan javob berasiz – ana shu hayot ichida yashaysiz! Bunday hayotni yaratish kimgadir bog‘liq emas, bu – o‘zimizning tanlovimiz! No‘mon Ali Xonning ”Fotiha” surasining tafsirini o‘qir ekansiz, bekordan bekor ulug‘ Qur’on “Bismillahir Rohmanir Rohiym” kalimasi bilan, “Alhamdulillahil Robbil a’lamiyn” deya Allohga hamd etish kalimasi bilan boshlanmaganligiga amin bo‘lasiz. “Fotiha” surasida “bismilloh”dan boshlab, hamd aytilishida Allohning ulug‘ Qudrati, Hikmati yashiringanligi, ya’ni hozirning o‘zida Allohdan kelayotgan muhabbat quvvatiga Siz ham hamd bilan shu vaqtning o‘zida Unga javob qaytarayotgan bo‘lar ekansiz! Subhonalloh!
Bandasining Allohga bo‘lgan muhabbati bu – ulug‘ ne’mat! Qachonki insonning nafsi bu dunyo uchun qayg‘urmasa, bu dunyo uchun hasrat chekmasa, qalbi bu dunyoning barcha yaxshi, yomon narsalaridan forig‘ bo‘lib, pok bo‘lsa, bunday qalbda Allohning muhabbati paydo bo‘ladi.
Alloh istasa, bandasiga shunday muhabbat beradiki, u insonni o‘z olamidan tashqariga, yuqorilarga olib chiqadi. Bunda inson eng Oliy tuyg‘uni, eng Oliy Kuchni his etadi, boshqa o‘lchamlarga – qanday bo‘lgan va o‘zi kelgan olamlar sari intilaveradi. Bu sevgining Oliy darajasi – Ilohiy ishqdir!
ILOHIY ISHQ
Muhabbat o‘tida yonmasa ko‘ngil,
Holiga voy degil – bemor-u zahil.
Muhabbatsiz o‘tgan har bir kuning bil:
Umringdan behuda ketmish behosil.
Umar Xayyom
Ishqning hech bir sifatga va tamomlovchiga ehtiyoji yo‘q.
Ishq o‘zi alohida, o‘zgacha bir olamdir.
Yo qoq o‘rtasida, markazida bo‘lasan,
yoki tashqarisida hasratida qolasan.
Shams Tabriziy
“Ilohiy ishq – qalban, ruhan poklanish va Pok Parvardigor vasliga yetishish g‘oyasi. Ya’ni, inson va Ilohning qorishib, qo‘shilib ketish g‘oyasidir. Parvardigor – bir ideal. Uning olami mutlaq poklik olami! Shuning uchun inson batamom pok bo‘lgandagina bu olamga erisha oladi. Pok bo‘lish uchun esa qalbda shu poklik timsoli ulug‘ Tangriga behudud va ado bo‘lmas muhabbat bo‘lishi kerak” (N.Komilov. “Tavhid asrori”).
Behudud va ado bo‘lmas muhabbat… Bir kuni Iso alayhissalom bog‘ sug‘orayotgan bir navqiron yigitga duch keladi. Yigit hazrati Isoning payg‘ambarligini bilib u zotga: “Robbimdan menga sevgi so‘rab ber”, deb arz qiladi. Hazrat Iso: “Sen Alloh sevgisining otashini ko‘tara olmaysan”, deganida, yigit: “Zarra qadar bo‘lsa ham bersin”, deb yalinadi. Hazrati Iso: Allohning zarra qadar sevgisni ko‘tarishga ham bardoshing yetmaydi”, deb javob qiladi. Shunda yigit: “Unda zarraning yarmisi qadar bersin”, deb yalinadi. Shunda Iso alayhissalom: “Ey Robbim! Bu navqiron yigitga zarraning yarmisicha sevgingdan ato et!” deb duo qiladilar va yo‘llarida davom etadilar. Bir qancha vaqtdan so‘ng shu yo‘ldan qaytib kelayotganlarida ana shu yigitni eslab, surishtirdilar. Odamlar: “U aqldan ozib qoldi va toqqa chiqib ketdi”, deyishadi.
Iso alayhissalom o‘sha yosh yigitni o‘ziga ko‘rsatishni so‘rab Allohga duo qiladilar va uni tog‘da bir qoyaning ustida samoga termilganicha o‘tirganini ko‘radilar. Hazrat Iso salom bersalar, yigit qayrilib ham qaramaydi. Men Isoman, deydilar. Yigit qaramaydi.
Shu vaqtda Allohdan vahiy keladi: “Ey Iso! Qalbida zarraning yarmisicha mening sevgim bo‘lgan kimsa insonlarning so‘zini qanday eshitsin?! Izzatim va Jalolligim haqqi aytamanki, agar bu yigitni arra bilan arralasang ham sezmaydi…” Subhonalloh!
Vujudimizda Allohning Nafasi bor ekan, shu sabab ham “o‘z aslimizga qarab intiqosiz sog‘inch va muhabbat bilan intilamiz. Bu intilish aslimizni anglash bilan amalga oshadi… Ishq insonni ma’rifatga olib boradigan qudrat, insonni moddiy asosdan poklovchi, xoli etuvchi muqaddas olov… Ishq kamolot kaliti va iksiri a’zam (iksiri a’zam – eleksir, obi hayot – tiriklik suvi. Uni ichgan odam mangu ishq bilan yashaydi) ishq mis vujudimizni oltinga aylantiruvchi kimyo, ishq odamni hayvonlikdan xalos etuvchi, odamzod naslini badbaxtlik, falokatlardan qutqaradi, barcha illatlarimizning davosi ham shu…” (N.Komilov).
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.