Текст книги "Мен кимман ёки мендаги “мен”"
Автор книги: Назар Юлдузхон
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 8 (всего у книги 8 страниц)
“… Alloh inson bilan uning dili o‘rtasida parda bo‘lib turadi…”
Anfol surasi, 24– oyat.
Alloh Qur’onda Odamni go‘zal suratda yaratganligini ta’kidlaydi. Biz ana shu go‘zal suratda Uning Dargohiga qaytishimiz kerakligini bizga Eslatadi. Buning uchun Qalb barcha shaytonliklardan qutqarilishi kerak. “Qalb muqaddas bir olam, “talab qilinadigan ham, xitob qilinadigan ham, itob qilinadigan ham, jazolanadigan ham qalbdir”.
Qiyomatda hamma kabi men ham so‘roqqa tutilaman. Men ham, o‘zini eng ulug‘, katta inson, “zo‘r”, deb hisoblagan vallomatlar ham hech qaysi birimiz Bu Kundan hech qayoqqa qochib, qutula olmaymiz. Har birimiz shu kundan o‘tishimiz peshonamizda bitilgan! Guvohlar ishtirokisiz sud bo‘lmaganidek, o‘sha So‘roq Kunida men gapira olmayman. Mening o‘rnimga qo‘lim, ko‘zim, oyoqlarim, quloqlarim, hattoki tilim ham men haqimda, menga qarshi guvohlik beradilar. Qalbim-chi? Qalbim nima qiladi?
Qalb – bu Men. Men Qalbimda o‘zimni aks ettiraman yoki Qalbim meni o‘zida aks ettiradi. Men Yerdagi hayotim davrida o‘z amallarim bilan nima ish qilgan bo‘lsam, shu narsalar qalbimga chizilib boradi, qalbim o‘shanga aylangan bo‘ladi. Nafsimga qul bo‘lgan bo‘lsam, qalbim shayton sifatlari bilan allaqachon to‘lgan bo‘ladi. Shu sifatlar sabab Qalbim Nafsi ammoraga aylangan bo‘ladi. Astag‘firullah! Lekin vijdonim bilan, iymon bilan Rahmonga qul bo‘lgan bo‘lsam, Rahmon sifatlari bilan qalbim Nurga to‘lgan bo‘ladi, qalbimdan Nur taralayotgan bo‘ladi, Inshaalloh! Mana, mening qalbim nima qiladi!
Alloh Muqaddas Qur’onda “…Alloh va payg‘ambarga itoat etingiz…” deya Buyruq beradi (Oli Imron surasi, 32– oyat). Biz Allohning ushbu buyrug‘ini bajarayapmizmi? Unga qanchalik itoatda bo‘layapmiz? Biz Allohga itoat etamizmi, shaytonga itoat etamizmi – bu o‘zimizning tanlovimiz! Iso alayhissalomning qirq kun cho‘lda suvsiz, och-nahor yurganlaridan foydalanib shayton u zotning oldilariga noz-ne’matlarni qo‘yganini, shaytoni la’inning u zotga bergan va’dasini eslang: “Kimki menga itoat etsa – mansab, boylik, barcha hukmronlikni ato etaman!” degan. Payg‘ambarlar hayoti biz uchun o‘rnak. Hazrati Iso o‘rnilariga o‘zimizni qo‘yib ko‘raylik: Hayotimiz davomida necha marotaba mansab deb, boylik deb yoki kimlargadir yoqish uchun yoki bir narsaga erishish, ega bo‘lish uchun o‘z iymonimizni shaytonga berib qo‘yganmiz? Rahmonga emas, shaytonga itoat etganmiz? Agar bu holat davomli bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-chi?
Yaxshilik sari, savob umidida yurmaslik, adolatsizlik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, nafs ketidan quvish, hasad, kibr, g‘iybat, chaqimchilik, xoinlik, tuhmat, bo‘hton, firibgarlik, qo‘rqoqlik, birovni yomon ko‘rish, qizg‘anchiqlik, o‘ch olish, badgumonlik, g‘o‘dayish, kekkayish – boshqalarni nazar-pisand qilmaslik, haqorat qilish, mansabparastlik, hukmronlik, agressiya, tajovuzkorlik, bilimsizlik, johillik, fitna, qoralash, hattoki birovlardan xafa bo‘lish ham shaytonga qul bo‘lishlikning belgilari bo‘lib, bular qalbni buzuvchi, qoraytiruvchi amallardir.
Agar nima uchun bu dunyoda yashayotganimizni bilmasak, shaytondan ogoh bo‘lmasak, u dunyoda abadiy azobdan xalos bo‘lish uchun qalbimizni bu dunyoda qutqarish kerakligini o‘ylamasak, bunday holda hayotimiz davomida bu narsalar bilan shayton qalbimizni chiroyli qilib qora ranglarga “bo‘yab” qo‘yadi, unga itoat etganimiz sari bizning hayot yo‘limiz qalbni buzuvchi yo‘llardan iborat bo‘ladi. Qanday qilib shaytonga aylanib qolganligimizni o‘zimiz ham bilmay qolamiz! Astag‘firullah! Axir Qur’onda bu haqda Alloh bizni ogohlantirgan-ku?!
Bu dunyoga kelgach, o‘z va’damizni unutishimizni bilgan Ulug‘ Alloh Rahmon va Rahimligi tufayli odamzodga payg‘ambarlar yubordi, Muqaddas Kitoblarni tushirdi. U bizga “yo‘l” ko‘rsatdi, “Payg‘ambarga ergashing!” dedi. Nima uchun? – Qalbni qutqarish uchun! Allohning oldida qoraygan qalb bilan turmaslik uchun!
Qalbni qorayishidan qutqarish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan oson ish emas. Buning uchun to o‘lgunicha insondan ogohlik va mashaqqat talab etiladi. Buni biz qadimgi hind donoligidan keltirilgan bir naql misolida ko‘rishimiz mumkin:
Bir yosh yigit qirg‘oq bo‘yida “nilufar guli holati”da muroqaba (meditatsiya) holatida o‘tirgan avliyo oldiga keladi. U avliyoga bo‘lgan o‘z hurmati, ehtiromi borligini isbotlamoqchi bo‘ldi.
Yosh yigit murojaatni avval unga savol berishdan boshlash zarur, deb hisobladi. Uning fikricha, avliyo uning savoliga, albatta, javob qaytaradi va shu bilan birga menga o‘z e’tiborini qaratadi, deb o‘ylaydi (Bu yerda qalb emas, aql ishlayotganiga e’tibor bering).
Yigit avliyodan:“Men avliyo bo‘lishim va o‘z dilimni o‘zim qutqarishim uchun nima qilishim kerak?” deb savol so‘raydi. Lekin o‘zi kutganidek bo‘lmaydi: kuni bilan avliyoning oldiga kelib savol so‘ragan yoki biror muammo yuzasidan shikoyat qilgan yoki unga o‘z hurmatini bajo keltirgan odamlarga indamagani, savollarga javob bermagani kabi avliyo bu yigitning ham savoliga javob bermay indamay o‘tiraverdi.
Yosh yigit o‘zining qat’iyatli ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. U har safar kimdir avliyodan biror narsa so‘rasa, u ham muhim bo‘lgan savolini qayta-qayta beraverdi. Lekin avliyo avvalgidek sukut saqlab indamay o‘tiraverdi.
Kechga yaqin bir bechora kambag‘al qo‘llarida yuki bilan “nilufar guli” holatida o‘tirgan avliyodan shaharga qaysi yo‘l olib chiqishini so‘radi. Shunda avliyo tezgina o‘rnidan turdi, kambag‘al odamning yukini qo‘lidan oldi va uni yo‘l boshiga olib chiqib, shaharga olib boriladigan yo‘lni batafsil tushuntirib berdi. Keyin qaytib kelib yana muroqaba qilishga o‘tirdi.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan yigit qattiq taajjubga tushib qoldi. U umidsizlikka tushib, avliyodan: “Bu nimasi?! Siz nima uchun bu odamning dunyoviy savoliga javob berib, o‘z vaqtingizni sarfladingiz, mening esa Dilni qutqarish uchun kun bo‘yi bergan savolimga esa hech qanday javob bermadingiz?” deb alam bilan so‘radi.
Avliyo o‘rnidan turdi. U daryo tomonga ishora qilib uning orqasidan yurishni taklif qildi. Avliyo suvga tushdi. Yigit esa xohlamaygina uning ketidan suvga tushdi. Suv sovuq, shamol esa badanni teshib yuborgudek edi. Avliyo biroz chuqurroq joygacha keldi va yigit tomon o‘girildi-da, kutilmaganda birdan uning yelkasidan tutib boshini suvga tiqdi.
Yigit uning temirdek qo‘lidan chiqib ketishga harchand urinmasin, avliyo uni bir muddat suvda ushlab turdi-da, keyin qo‘yib yubordi. Uni qo‘yib yuborishi bilan yigit tutaqqanicha nafas ola boshladi, lekin havoga to‘ymas edi. Donishmand esa sokinlik bilan: “Suvni tagida hayoting uchun hammadan ko‘proq nima narsani istar eding?” deb so‘radi. U esa jon holatda “Havoni!” dedi. “ Men faqat havoni istadim!” Avliyo yana so‘radi: “Faqat havonimi? Balki sen ana shu vaqtda boylikni, mashhur bo‘lishni, odamlar orasida mavqega ega bo‘lishni, senga e’tibor qilishlarini, ular ustidan hukmronlik qilishni istagandirsan? – Nima? Menga faqat havo kerak bo‘ldi! Faqat havo! Faqat havo haqida o‘yladim! Boshqa narsa haqida emas! “ Men usiz halok bo‘lar edim!” deb baqirib yubordi yigit.
– Xuddi hozirgidek o‘z hayotingni saqlab qolish uchun havoni juda qattiq istaganingdek, sen avliyo bo‘lishing uchun avvalo o‘z Dilingni qutqarib qolishni ham shunday qattiq istashing kerak. Sen tun-u kun hayotingdagi ana shu bitta-yu bitta orzuying uchun intilishing, kurashmog‘ing lozim. Agar sen suv tagida hayotingni saqlab qolish uchun qanchalik kurashgan bo‘lsang, o‘z Dilingni qutqarib qolish uchun ham xuddi shunday tarzda shijoat bilan o‘z ustingda ishlasang, sen albatta avliyo bo‘lasan va Qutqarilasan!
Avliyo shu so‘zlarni aytib daryodan chiqa boshladi. Avliyoning so‘zlaridan qalbi uyg‘ongan yigit suvda turganicha tikka turib qoldi. U suvning sovuqligini ham, badanni teshib yuborgudek shamolni ham endi sezmas edi. Avliyo esa qirg‘oqqacha bordi va orqasiga qayrilib: “Qo‘lida yuki bor odamga yordam berganimning sababi shuki, bugun kelgan odamlarning hammasini ichida faqat shu odamgina haqiqatda aynan o‘zi izlagan narsasini so‘ragan edi” deb, o‘z “darsi”ga nuqta qo‘ydi.
Darhaqiqat, hayot siz xohlagan ishni qiladigan o‘yinchoq emas. Bu dunyoga biz QUTQARILISH uchun kelganmiz. Qalbimizni shaytondan qutqarib Rahmon sifatlari bilan Nurga to‘ldirish, Nur taratib turishi uchun kelganmiz. Buning uchun «Har nafasimizdan ogoh» bo‘lib yashashgina qalbimizni qutqarishi mumkin. Bo‘lmasa…
MO‘MINNING QALBIUlug‘ insonlar inson qalbini Ka’baga qiyos etishgan. Bir odamning dilini vayron qilish Ka’bani buzish bilan barobar, bir odamning qalbiga xursandchilik, shodlik olib kirish, Ka’ba qurgan bilan barobar deb hisoblashgan. Ular hadisga ko‘ra: ”Mo‘minning qalbi – Xudoning uyi” deb bilishgan. Insonning qalbi muqaddas bir olam, shuning uchun ham inson eng muqaddas zot, deb insonni e’zozlashga, qadrlashga chaqirganlar.
Mo‘min Alloh nazdida eng sharafli inson hisoblanar ekan. Biz, insonlar, Allohning Yakkaligiga, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam Uning rasuli, payg‘ambari ekanligiga qalban ishonganimiz uchun ham o‘zimizni musulmon deb hisoblaymiz. Lekin hamma ham mo‘min darajasiga yeta olmaydi. Buning uchun Odam har nafasda o‘zini o‘zi qutqarish uchun o‘z ustida tinmay ishlashi, qalbini nafs, kibrdan doimo tozalab, gard tekkizmay yurishi, ilm, bilimlar izlashi natijasida qalban, ruhan Allohning bandasidan bo‘lak “hech kim” emasligini anglab, shu “anglashlik” bilan hayot kechirish – bu mo‘minlikdir. Bunday odamlar kishilar ko‘ziga nochor, zaif bo‘lib ko‘rinadilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men sizlarga ahli jannatning kimligini xabar beraymi? Ahli jannatlar – zaif kishilardir, odamlar ko‘ziga zaif ko‘ringan, uni zaif deb sanaydigan kishilardir. Lekin ular qasam ichsa, Allohning O‘zi ularning qasamini yuzaga chiqarishiga yordam beradi, chunki ular odamlarning ko‘ziga zaif ko‘ringani bilan Alloh nazdida kuchli odamlardir. Men sizlarga ahli do‘zaxning xabarini beraymi? Ular sarkash, mutakabbirlardir…” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh ma’ruzalaridan) deb aytgan ekanlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan: Ey Rasululloh! Alloh qayerda, yerdami, osmondami? – deb so‘rashibdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh mo‘min bandalarning qalbidadir”, – deb javob beribdilar ( Umar roziyallohu anhu, Tabaroniy).
Rivoyat qiladilarki, bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo‘lib: “Ey Oisha mendan xohlagan narsangni so‘ra”, debdilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol bo‘lganlari uchun, eng yaxshi narsani so‘rashni istabdilar va “Bu borada otam bilan maslahatlashaman”, deb aytibdilar.
Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqeani bayon qiladilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O‘shalardan birini aytib berishlarini so‘ra” debdilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho o‘sha narsani so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robbim menga Me’roj kechasida “Mening nazdimda mo‘minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo‘min boshqa bir mo‘minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta, jannatiy bo‘ladi, deb xabar berdi”, dedilar.
Oisha roziyallohu anho xursand bo‘lib, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni yetkazgan edilar, Abu Bakr qattiq yig‘lab yuboradilar. Oisha roziyallohu anho:
“Nega yig‘laysiz, axir bu xursandchilik xabar emasmi”, deganlarida, “Bu – mo‘minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor yetkazsa, do‘zaxiydir” degani bo‘ladi, – deb aytgan ekanlar Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning ma’naviy darajalari favqulodda yuqori bo‘lgan. Bizning ma’naviy olamimiz u darajada bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda ana shu gaplarining mazmunini anglaganimizda edi, hammamiz bir-birimizning moddiy ko‘rinishimizni emas, bir-birimizning qalbimizni, undagi Allohning ufurib turgan nurini ko‘rgan bo‘lar edik va Allohning muhabbati bilan (vositasida) bir-birimiz bilan muloqot qilgan bo‘lar edik. Hammamizning vujudimiz misoli atom kabi “bir” ekanligini, biz esa uning zarralari ekanligimizni anglaganimizda edi…
Alloh oldida qadrli bo‘lgan qalbimizni o‘zimiz qanchalik his etamiz? O‘zgalar qalbini-chi? Biz o‘zgalarning dilini og‘ritib qo‘yish gunohining qanchalik halokatli ekanligini anglaymizmi? Farishtalar Odamga sajda qilganlarida, aslida Odam alayhissalomning siymosida, qalbida Allohning ne’matini ko‘rishgan va Allohga sajda qilishgan. Biz insonlar bir-birimizga farishtalar qaragandek qaraymizmi yoki jin qaragandek qaraymizmi? Biz bir-birimizga bo‘lgan munosabatlarimizdan kimga aylanib boramiz? Farishtagami, yoki jinga?
Mashaqqat va riyozat bilan isloh qilingan, mehr-mu habbat bilan to‘lgan pok qalb insonni farishtaga aylantiradi. Bunday odamlar bir-birini qadrlaydi, hurmat qiladi. O‘z qalbini anglamagan, uni isloh qilmay nafs, “men”lik xohishi, istaklari bilan o‘rab-chirmab tashlangan qalb qorayib, chirk bosgan shishadek bo‘lib qoladi. Nazoratdan chetda bo‘lgan qalb egasini, uning “men”ligini iblis boshqaradi. Bunday odam Qur’onda xabar qilinganidek, o‘zi bilmagan holda odam qiyofasidagi shayton yoki jin bo‘ladi. Bunday odamlar odamlarga ozor berishdan, xo‘rlashdan, hasad, adolatsizlik qilishdan hayiqmaydilar. Mana, qalb insonni nima qiladi! Biz hamisha ikki yo‘l o‘rtasidamiz. Tanlov – o‘zimizdan!
Bu tanlovda bizning qalbimiz o‘z Robbisi huzurida yo atirgul misoli bo‘ladi, yo chaqir tikanak… Ey Alloh! Nafsim tufayli qalbimni shaytonga berib qo‘yishdan o‘zing asra! Qalbim Sening Huzuringda gulkosachalari o‘z o‘rnida joylashgan misoli Atirgul bo‘lib turishiga nasib et!
Davomi bor…
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.