Электронная библиотека » Р. Мавлонова » » онлайн чтение - страница 3


  • Текст добавлен: 27 апреля 2024, 21:40


Автор книги: Р. Мавлонова


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 9 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Mehnat tarbiyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar maktabga kelgan dastlabki kunlaridanoq o‘zlarini yosh va psixologik xususiyatlariga mos mehnat faoliyatiga jalb qilinadilar. Bunda ular o‘z-o‘ziga xizmat qilish borasidagi eng oddiy yumushlarni bajaradilar (chunonchi, sinf xona ozodaligini saqlash, o‘quv qurollarini ta’mirlash (kitoblarni yelimlash) o‘quv anjomlarini darsga tayyorlash va hokazolar).

Mehnatga ruhiy, axloqiy va amaliy tayyorlash jarayonida o‘quvchilarda mehnatsevarlik, mehnatni tashkil etish jarayonida intizomga bo‘ysunish, maqsadni amalga oshirish yo‘lida shijoat, qat’iyat ko‘rsatish kabi axloqiy irodaviy xususiyatlar tarbiyalanib boradi.

Mehnat ta’limi va tarbiyasini tashkil etishda jamoa asosidagi mehnatni uyushtirish muhim masalalaridan biridir. Zero jamoa ishtirokida o‘tkazilayotgan mehnat jarayonida do‘stlik, o‘rtoqlik o‘zaro yordam va hamkorlik jamoa mehnati samaralaridan quvonish kabi xislatlar tarbiyalanib boradi. Shuningdek ularda tashabbuskorlik, tashkilotchilik, mehnatga ijodiy yondoshish, jamoa manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish singari axloqiy sifatlarni shakllanishiga poydevor qo‘yiladi.

Mehnat jarayonida o‘quvchilarda mehnat madaniyatining unsurlarini hosil qilib borish muhim talablardan biri sanaladi. Mehnat madaniyati – bajarilayotgan ishga ongli munosabatda bo‘lish, uni ilmiy jihatdan to‘g‘ri tashkil etish (puxta rejalashtirish vaqtdan unumli foydalanish), ish o‘rnini ozoda tutish, mehnat (ish) qurollariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, boshlangan ishni natijalash, uning samarali bo‘lishiga erishishga yo‘naltirilgan faoliyat ko‘rsatkichidir. Mehnat madaniyati tushunchasi o‘zida o‘quvchining mustaqil harakat olib borishini mehnat qilish va dam olishni to‘g‘ri tashkil eta olishni ham aks ettiradi.

Mehnatga ongli munosabatni tarbiyalshning yana bir talabi o‘quvchilarni ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologik borasidagi yangliklardan boxabar etish, ularga nisbatan qiziqishini hosil qilish, bu boradagi layoqat, qobiliyat va iqtidorlarini oshirib borishdan iborat.

3. O‘quvchilar mehnat faoliyatining turlari xilma-xil bo‘lib ular quyidagilardir:

1. Maishiy mehnat.

2. O‘quv mehnati.

3. O‘quv ishlab chiqarish mehnati.

4. Ijtimoiy foydali mehnat.

Bolalar bajaradigan ilk mehnat turi maishiy mehnat bo‘lib, u o‘z-o‘ziga hizmat ko‘rsatishdan boshlanadi. Bola maktabgacha bo‘lgan yosh davridayoq o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishga doir eng oddiy mehnatni bajarishi, ya’ni, kiyim boshi, oyoq kiymini ozoda tutishi, o‘yinchoqlarini tartibga keltirish, zarur gigiyenik talablarga rioya qilishi kerak.

Oila mehnat tarbiyasining dastlabki unsurlari qo‘llaniladi. Bola muayyan yoshga to‘lgach kattalarga yordamlashadi, o‘z imkoniyatlarini anglab yetadi va o‘quv (ta’lim) mehnatiga muntazam tayyorlanib boradi.

Maktabda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishga doir quyidagi mehnat ko‘rinishlari davom ettiriladi: sinf xonalari va maktab binosi, hovlisini ozoda saqlash, tartib qoidalarga rioya qilish, xonadagi gullarga qarash, ularni parvarish qilish, gul xonalarda gullarni o‘stirish, maktab oshxonasida, sport zali va suv havzalarida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kabi yumushlarga jalb etiladilar. Maishiy mehnat yoki o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish mehnatda mehnatsevarlik, qat’iylik, tashabbuskorlik, olg‘a intilish singari fazilatlar tarbiyalanadi.

O‘quv (ta’lim) mehnati o‘quvchilarning asosiy mehnat turi hisoblanadi. U boladan katta axloqiy, irodaviy va jismoniy zo‘r berishni, kuchli talab qiladi. O‘quv mehnati faqat bilim olishni, bilishga oid ko‘nikma hamda malakalarni qaror toptirib qolmay, balki bolada ishtiyoq va batartiblikni tarbiyalashga o‘qishga qiziqishini rivojlantirishga ko‘maklashadi. O‘qishga bo‘lgan qiziqish va istak hamda o‘qishdagi muvaffaqiyatlardan xursand bo‘lishni bilish, his etish aynan maktab partasidan tarbiyalanib boriladi.

Bu kabi murakkab vazifalar o‘quvchilarning mustaqil bilim olish ko‘nikmalariga erishish, ularda faol bilish faoliyatini tashkil etish layoqatini hosil qilish orqali hal etiladi. Shu maqsadda ta’lim-tarbiyaning quyidagi metod va vositalaridan foydalaniladi: kuzatish, ta’sir choralarini rag‘batlantiruvchi labaratoriya ishlari, amaliy va ijodiy ishlar, namuna ko‘rsatish, uchrashuv, ekskursiya, ommaviy axborot vositalari xizmatidan foydalanish va hokazolar.

O‘quvchining aqliy va jismoniy mehnati turli darslarda turli tartibda tashkil etiladi. Xususan jismoniy tarbiya va texnik mehnat darslarida jismoniy mashqlar mazkur darslarning asosini tashkil etsa, matematika, fizika, astronomiya, geografiya va chizmachilik darslarida aqliy faoliyat mantiqiy fikrlash asosiy o‘rin tutadi. Maktab o‘quv rejasiga o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olish asosida shunday fanlar kiritilganki, ularning asosiy vazifasi o‘quvchilarga mehnat ta’limi va tarbiyasini berishdan iborat.

O‘quvchilar boshlang‘ich ta’lim davrida mehnat ta’limi darslarida qo‘l mehnati sirlarini o‘rganadilar, turli materiallar bilan tanishadilar, dastlabki mehnat ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. O‘quvchilar mehnati faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar biri-biri bilan o‘zaro bog‘liq holda qo‘llanilsagina ijobiy natijalar beradi.

Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalarga tayangan holda shunday xulosalar kelishi mumkin:

1. Mehnat tarbiyasi o‘quvchilarni ruhiy va amaliy jihatdan mehnatga, mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga yo‘nalganligi bilan ijtimoiy tarbiyani tashkil etish jarayonida o‘ziga xos o‘rin tutadi.

2. Mehnat ta’limi va tarbiyasining maqsadi o‘quvchilarda mehnatga nisbatan ongli munosabatni shakllantirishdir. Mazkur maqsadni amalga oshirish bir qator muhim vazifalarni hal etishni talab qiladi.

3. O‘quvchilar mehnati faoliyatining turlari xilma-xil bo‘lib, ular quyidagilar: l) maishiy mehnat; 2) o‘quv mehnat; 3) o‘quv ishlab chiqarish mehnati; 4) ijtimoiy-foydali mehnat.


Savollar

1. Mehnat tarbiyasining mazmunini ayting.

2. Mehnat ta’limi turlarini ayting va ularni ta’riflang.

3. Mehnat tarbiyasining o‘quvchilarni kasbga yo‘llashdagi ahamiyatini ayting.

4. Mehnat faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan pedagogik talablar nimadan iborat?

II bob. O‘QUV REJASI VA DASTURINING TAHLILI

REJA:

1. O‘quv rejasi haqida ma’lumot.

2. O‘quv dasturi haqida ma’lumot.

3. Boshlang‘ich sinflar mehnat darslarining tahlili (1—2– sinf).

2.1. O‘quv rejasi haqida ma’lumot

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun tayanch o‘quv rejasi DTSning tarkibiy qismi bo‘lib u ta’lim sohalarini me’yorlashga hamda maktabning moliyaviy ta’minotini belgilashga asos bo‘ladigan davlat hujjatidir.



O‘quv rejasi xalq ta’limi vazirligi tomonidan chiqarilgan davlat hujjati bo‘lib, unda sinflar bo‘yicha o‘qiladigan fanlarning nomi va shu fanlar bo‘yicha o‘qitiladigan o‘quv soatlari miqdori ko‘rsatilgan bo‘ladi. O‘quv rejasi umumta’lim maktablari so‘zsiz amal qilishi lozim bo‘lgan hujjatdir.

Shuningdek, o‘quv rejasida o‘quv yilining qurilishi: choraklarning boshlanishi va tugash vaqti, choraklar orasidagi ta’til kunlari ko‘rsatiladi. Har bir sinfdagi ta’lim mazmunidan kelib chiqib o‘quv yilining tugash kuni belgilanadi: 1—8 sinflarda o‘quv yili 25-mayda, 9-sinflarda 8-iyunda tugaydi.

O‘quv rejasining tushuntirish qismida ayrim o‘quv rejalarining o‘qitilish tartibi (masalan: rus tili, xorijiy tili darslari sinfni 2 ga bolib mehnat ta’limi darslarida qizlar va o‘g‘il bolalar alohida o‘qitilishi kabilar) ko‘rsatiladi.

Maktabdagi imtihonlar qaysi fanlardan topshirilishi ko‘rsatiladi. Maktab o‘quv ishilarining ijtimoiy foydali amaliyoti qaysi sinf o‘quvchilari uchun qaysi oyga mo‘ljallanganligi belgilanadi.

Bulardan tashqari o‘quv rejasida o‘quvchilarning ayrim fanlarga qiziqishi, xohishlarini qoniqtirish va qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladigan fakultativ mashg‘ulotlariga soatlar miqdori ajratiladi.

O‘quv rejasi tuzishda quyidagi omillarga asoslaniladi:

1. Ta’limning uzluksizligi va izchilligiga.

2. O‘quv fanlarining hajmi, o‘quvchilarning yoshi, bilim saviyasiga qarab belgilanadi.

3. O‘quv rejasiga kiritilgan fanlar dunyoviy va ilmiy xarakterga ega bo‘lib, umuminsoniy tarbiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratiladi.

O‘quv rejasida tabiiy fanlar – matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya informatika kabi fanlar asosiy o‘rinni egallab, o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga ijtimoiy fanlar – ona tili, tarix, xorijiy tili kabi fanlar bilan bir qatorda o‘quvchining ma’naviy dunyosini boyitadigan va ijtimoiy hayotga tayyorlashda ahamiyatga ega bo‘lgan tasviriy san’at, musiqa, jismoniy tarbiya, mehnat ta’limi va iqtisod asoslari singari fanlarni o‘qitish uchun soatlar ajratiladi.

2.2. O‘quv dasturi

O‘quv dasturlari DTSga asoslanib tuziladigan davlat hujjati bo‘lib, unda ma’lum bir o‘quv fani bo‘yicha o‘qitiladigan bilim hajmi va ta’lim mazmuni ifodalanadi.

O‘quv dasturi odatda 3 qismdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘lim uqtirish xatidir. Bu qismda fanni o‘qitishning maqsad va vazifalari, yo‘nalishlari, dasturdan foydalanish tartibiga oid metodik maslahatlar beriladi.

Ikkinchi bo‘limda o‘quv fanining asosiy mazmuni o‘rganiladigan nazariy va amaliy materiallar ular o‘rtasidagi aloqadorlik, mavzular bo‘yicha o‘rganiladigan bilimlar ko‘lami va o‘quvchida hosil qilinadigan ko‘nikma va malakalar majmuyi ko‘rsatiladi. Dasturdagi mavzular ta’lim standard bo‘yicha o‘quvchilar bilimining zaruriy va yetarli bilim darajasini o‘z ichiga olmog‘i lozim.

Uchinchi bo‘limda o‘quvchilar qo‘shimcha ravishda o‘rganishlari lozim bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati ifodalanadi.

O‘quv dasturi quyidagilar asosida tuziladi:

1. Dasturning ilmiyligi prinsipi.

Dasturga obyektiv reallikni (voqelikni) aniq, to‘g‘ri va haqqoniy aks ettirgan, ilmiy jihatdan tekshirilgan ishonchli materiallar kiritiladi.

Ma’lumki, hozirgi kunimizda fan va texnika tobora rivojlanib bormoqda. Fanga oid yangi ma’lumotlar va masalalar kirishi bilan o‘quv dasturidagi ayrim eskirgan masalalar o‘quv fanlaridan chiqarib tashlanadi.

2. Dasturning qat’iyligi.

O‘quv dasturlari jamiyatimiz taraqqiyotining har bir bosqichida fan, texnika, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy munosabatlar sohasida erishilgan darajasini aks ettirishi lozim. Hamma o‘quv fanlariga oid dasturlarning bir necha yillar mobaynida qat’iy boyishiga erishish shu fan bo‘yicha qat’iy darsliklar ishlab chiqish uchun katta ahamiyatga ega.

3. Nazariyaning amaliy ot bilan birligi.

Ilmiy bilimlarni puxta egallash va o‘zlashtirilgan ilmiy bilimlarni amaliyotda qulay olish uchun o‘quvchilarga beriladigan nazariy tushunchalar ijtimoiy qurilish amaliyotiga bog‘lab, konkret hayotiy misollar bilan: mashqlar, tajribalar ko‘rsatib, xulosalar chiqarish kabilar bilan bog‘lanishi lozim. Bu o‘quvchining ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

O‘quv dasturlari fan yutuqlarini turmushga tatbiq eta oladigan nazariy bilimga ega bolgan amaliyotchi shaxsni yetishtirishni nazarda tutadi.

4. Dasturning izchilligi.

O‘quv dasturidagi materiallar izchil, ya’ni o‘rganilayotgan mavzu o‘quvchilarning oldingi o‘zlashtirgan ilmiy bilimlari, ko‘nikma va malakalari bilan izchil va uzviy bog‘lanishi, uni to‘ldirishi va keyingi o‘quv jarayoni uchun zamin hozirlashi lozim. O‘quv materiali osondan qiyinga, oddiydan murakkabga tomon yo‘naltiriladi.

5. Dasturda o‘quvchilarning yosh va alohida xususiyatlarini hisobga olish.

Dasturga kalta hajmli bilimlar kiritib, bolalar uchun qiyin materialni berish. Bolalarning tushunishi qiyin bolgan, ularning tushunchalariga mos bo‘lmagan bilimlarni berish ularning ongli va mustahkam o‘zlashtirishlarida qiyinchilik tug‘diradi. O‘quvchilarning charchashi va o‘zlashtirish darajasi pasayishiga olib keladi.

O‘quvchilarning imkoniyatlarini hisobga olmay aql ishlatishni talab qilmaydigan yengil materialni taklif qilish ularning aqliy qobiliyatlari o‘sishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

6. O‘quv fanlarini o‘zaro bog‘lash.

O‘quv dasturlaridagi mavjud bir o‘quv fani bo‘yicha beriladigan ilmiy bilim, ko‘nikma va malakalar boshqa bir fanni o‘tishda e’tiborda tutilishi, uni takrorlamagan holda o‘sha ma’lumotlarga suyanish, uni kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qilishi, bog‘lanishi kerak. Shu orqali o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantirish nazarda tutiladi.

7. O‘quv daslurlarida tarixiylik.

Dasturda ko‘rsatilgan o‘quv materialining voqea, hodisa va faktlarning tarixiy rivojlanish qonuniyatlari to‘g‘ri va haqqoniy bayon etilishi o‘quvchilarning ilmiy bilimlarining kengayishiga va mushohada yuritishlarida izchillikka yordam beradi.

8. O‘quv dasturining zamonaviyligi, raqobatdoshligi.

Dastur materiali fanning hozirgi taraqqiyot darajasiga muvofiq bilim berishi va rivojlanayotgan mamlakatlarda amalda bo‘lgan mutanosib o‘quv dasturlariga nisbatan ilg‘orlikka ega boiishi kerak.

9. O‘quv dasturining gumanitarligi va milliyligi prinsipi.

Dastur materiali insonparvarlik, elparvarlik va ezgulik g‘oyalariga amal qilishi, shuningdek, Markaziy Osiyoda yashagan yoki faoliyat ko‘rsatgan olimlar va tarixiy shaxslarning fan rivojiga qo‘shgan hissasini chuqur va ilmiy asoslangan tarzda bayon qilishi lozim. Dastur materiali boy milliy, ma’naviy qadriyatlarimizni o‘zida mujassamlashtirishga yo‘naltirilgan bolishi kerak.

10. Dasturning jozibadorlik va novatorligi.

O‘quv dasturi o‘quvchilarni fanga qiziqtirishi va qiziqishlarini o‘stirishi, O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidan rivojlanish strategiyasi va „Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi“ talablaridan kelib chiqib, novatorlik, yangi pedagogik texnologiyalarni amalga joriy etishga imkoniyatlar yaratishi lozim.

O‘quv dasturlari ikki xil usul bilan: muntazam va konsentrik usul bilan tuzilishi mumkin.

Muntazam yoki ketma-ket joylashtirilganda dasturdagi o‘quv materialining bir qismi amaldagi qismining davomi bo‘ladi, har bir qismdagi materialning mazmuni sinf o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishini hisobga olgan holda to‘liq yoritiladi.

Dasturning konsentrik yoki markazlashgan tuzilishida mazkur fanga tegishli o‘quv materiali o‘qitishning keyingi bosqichlarida kengroq, chuqurroq, murakkablashgan holda takrorlanadi.

2.3. Boshlang‘ich sinflarda mehnat ta’limi dasturi materialining mazmuni
1-sinf dastur materialining mazmuni

Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi mehnat ta’limi bo‘yicha ishlarni amalga oshirayotganda o‘quvchilar u yoki bu ishni bajarish natijasida qanday ko‘nikma, bilim va malakalarni egallashlarini aniq bilishi kerak. Ana shunday holda o‘qituvchi sinf uchun shu vaqtda zarur bo‘lgan narsa (buyum)larni bemalol tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu o‘rinda muhimi – o‘quvchilar mazkur buyum (narsa)larni tayyorlash jarayonida nazarda tutgan ko‘nikma, bilim va malakalarni egallab olishlaridan iborat.

Barcha sinflardagi ish turlari quyidagilarga bo‘linadi:

1. Qog‘oz va karton bilan ishlash.

2. Gazlama bilan ishlash.

3. Turli va tabiiy materiallar bilan ishlash.

4. Texnik modellash.

5. Qishloq xo‘jalik mehnati.

a) o‘quv tajriba uchastkasida ishlash;

b) sinfdan tashqari ishlash.

Dasturda u yoki bu buyumlarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan jarayonlar miqdorini ham, bu jarayonlarning murakkablik darajasini ham, bu predmetlarni tayyorlash bo‘yicha ishning talab qiladigan mehnat darajasini ham oshirib borish nazarda tutiladi.

Har bir o‘quv yilida ish ikki yo‘nalishda olib boriladi. Birinchidan, o‘quvchilar ma’lum nazariy bilimlarga ega bo‘ladilar, asosiy va qo‘shimcha materiallarning har xil turlari, ularning fizik, mexanik va texnologik xususiyatlari, ularning hayotda qo‘llanilishi bilan tanishadilar. Ikkinchidan, narsalar tayyorlash jarayonida turli materiallar (qog‘oz, gazlama va shu kabilar) ga ishlov berishning eng oddiy usullarini amaliy o‘rganadilar.

Qog‘oz va karton bilan ishlash. Birinchi sinfda o‘quvchilar eng avvalo faqat mehnat darsi mashg‘ulotlaridagina emas, balki boshqa darslarda ham to‘qnash keladigan materiallar bilan tanishadilar. Bu barcha o‘quv anjomlari, daftarlar, kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, bosiladigan qog‘oz turlari: yozadigan, muqova qilinadigan, bosma, rasm solinadigan, kitob va gazeta qog‘ozlaridir. Ta’lim jarayonida o‘quvchilar turli qog‘ozlarning asosiy jismoniy xususiyatlari: rangi, qalinligi, zichligi, siyohni shimish xususiyati (gigroskopikligi), sathining xarakteri – silliq, g‘adir-budurligi bilan tanishadilar.

O‘quvchilar mashg‘ulotlarda qog‘oz varaqlarini buklaydilar va to‘g‘rilaydilar, ularni qismlarga bo‘lib yirtadilar va qirqadilar, bo‘yaydilar, boshqacha qilib aytganda, ular qog‘ozning mexanik va texnologik xususiyatlari bilan amaliy tanishadilar.

Ba’zi narsalarni tayyorlashda bolalar yelimdan foydalanadilar. Demak, bolalar l-sinfdayoq tayyor yelim eritmalari (kraxmal, un sirachlari, dissetrin yelimlari)ning asosiy xususiyatlari; yopishqoqligi, saqlanishi, yelimlanadigan materiallar rangiga ta’siri va shu kabilar bilan tanishadilar.

1-sinfda o‘quvchilar qog‘oz va kartonga ishlov berishning quyidagi usullarini o‘rganadilar:

1. Qog‘ozning turi, navi, rangi, hajmiga ko‘ra tanlash.

2. Bo‘lajak narsani shakllantirishda varaqqa ishlov berishning eng oddiy usuli sifatida qog‘ozni bukish. O‘rtasidan va to‘rtburchak qilib buklash (uzunasiga va ko‘ndalangiga).

3. Ingichka qog‘oz parchalarini to‘g‘rilash, bukilgan joylarni ikki tomonidan silab mustahkamlash.

4. 45° – 90° burchak qilib buklash.

5. Qog‘ozni andaza bo‘yicha belgilash. Qalam bilan chiziq bo‘yicha oddiy belgilash.

6. Qog‘ozni bukib belgilangan chiziq bo‘yicha qaychi bilan qirqish, asbobni ushlash, xavfsizlik choralarini qo‘llash.

7. Qaychi bilan kvadratlar, to‘g‘riburchaklar, uchburchaklar, doiralar qirqish.

8. Qaychi bilan murakkabroq shakllar: barglar, qo‘ziqorinlar, mevalarni qirqish.

9. Qog‘ozdan qirqilgan applikatsiya detallariga yelim surtish usullari.

10. Applikatsiya detallarini yopishtirish. Tayyor mahsulotlarni quritish.

11. Qog‘ozning yelim surtiladigan qismlarini oldindan ko‘chirib buyum detallarini bir-biriga yopishtirish.

12. Turli o‘yinchoqlarni kvadrat asos, to‘g‘ri burchak asosdan bukib yasash.

13. Daftar, kitoblarni o‘rash.

14. Qog‘ozni bukik joyidan taxlash, tikish.

15. Qog‘oz chizig‘larini oddiy chirmovlash.

16. Grafik savod asoslari.

1-sinfda ba’zan differensiyalashuvni o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bolalar bog‘chasiga qatnagan bolalar qog‘ozga ishlov berishning eng oddiy usullari bilan tanish bo‘lganliklari tufayli ularga qog‘oz bilan ishlashni birinchi bor ishlayotgan bolalarga nisbatan murakkabroq topshiriq berishga to‘g‘ri keladi.

O‘quvchilar ishlov berilayotgan materiallarning xususiyatlarini nazarda tutib, ish usullaridan ongli foydalanishlari, mehnat jarayonida fan asoslarini o‘rganish vaqtida egallagan bilimlarini qo‘llashlari lozim.

Yasalishi lozim bo‘lgan predmetlar alohida qiymatga ega. Ular ustidagi ish jarayonida bolalar turli konstruktorlik masalalarini hal etishlari, ya’ni predmetning nimaga mo‘ljallanganligi va bundan kelib chiqadigan materialga, predmet hajmiga va uning qismlariga qo‘yiladigan talablarni aniqlashlari, konstruksiya qismlarini qiyoslashlari va shu kabilarni amalga oshirishlari mumkin.

Gazlama bilan ishlash. Tikish darslarida beriladigan texnikaga oid bilim bolalarning bilim doiralarini kengaytiradi. Bolalarning tasavvurlarini insoniyat hayotida muhim o‘rinni egallovchi hamda keng tarqalgan materiallar va ularning xususiyatlari, sanoatning gazlama va tolali materiallar ishlab chiqaruvchi tarmoqlari, materiallardan texnika va insonning madaniy hamda maishiy ehtiyojlarini qondiruvchi ishlab chiqarish kabilar bilan boyitadi.

Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida o‘quvchilar turli asbob hamda moslamalar, asosan qaychi va igna, o‘lchov asboblari bilan ishlash malakalarini egallaydilar. Ular bu asbob va moslamalarning har xil turlari bilan tanishadilar.

Gazlama bilan ishlaganda mehnat madaniyati, o‘z ishini rejalashtirish hamda tashkil etish ko‘nikmasi rivojlanadi va takomillashadi. Bolalarning didlari ham jiddiy o‘sadi va takomillashadi.

Gazlama, ip va boshqa materiallarni bir-biriga moslab tanlash o‘quvchilarni ranglarning birikishi, gazlama va ipning rangi bir-biriga muvofiq kelishiga e’tibor berishga o‘rgatadi.

O‘qituvchi o‘quv materialini darsda o‘quvchilarni texnikaga oid ta’lim bilan qurollantirish amaliy ishlar bilan birikib ketadigan qilib qurollantiradi.

U darsda ta’limni o‘quvchilarning faolliklarini, aqliy qobiliyatlarini o‘stiradigan metod va usullaridan foydalanadi.

1-sinfda o‘quvchilar quyidagi ko‘nikma, bilim va malakalarni egallab olishlari kerak.

1. Gazlama haqidagi umumiy tushunchalar bilan tanishtirish. O‘simlik (paxta, zig‘ir)dan tayyorlangan gazlamalar haqida dastlabki ma’lumotlar. Gazlamaning tuzilishi, ulardagi iplarning to‘qilishi haqidagi ilk ma’lumotlar.

2. Gazlamaning asosan nimalarga mo‘ljallanganligi bilan tanishtirish: kiyim-kechak, turmush predmetlari va shu kabilar.

3. Ishlatilishi (tikish, yamash, to‘qish iplari) va yo‘g‘on-ingichkaligiga ko‘ra farqlanadigan iplar bilan tanishtirish.

4. Tikish va to‘qishda ishlatiladigan asosiy asbob hamda moslamalar (nina, qaychi, angishvona, to‘g‘nag‘ich) va ularni saqlashning asosiy qoidalari bilan tanishtirish.

5. Sanchiluvchi asbob va moslamalarni ishlatganda xavfsizlik texnikasi qoidalari bilan tanishtirish. Tikish vaqtida to‘g‘ri o‘tirish qoidalari, gigiyena talablari.

6. Kerakli uzunlikdagi ipni o‘lchash, uni qirqish yo‘llari bilan tanishtirish (ularni tishlab, tortib uzishga yo‘l qo‘ymaslik), tasma, lentani o‘lchash va qirqish.

7. Ip va tasmaga ishlov berish usullaridan biri bilan tanishtirish.

8. Yo‘g‘on ip va tasmadan to‘qishga o‘rgatish.

9. Ninaga ip o‘tkazish, tugun solish, ipni mustahkamlashni o‘rgatish.

10. „Baxya“, „chok“ (biriktiruvchi va bezovchi) tugunchalari bilan tanishtirish.

11. Oddiy andazalar tayyorlash. O‘qituvchining chizmasiga muvofiq to‘g‘ri burchak shaklidagi andazalar chizish.

12. Gazlamani andazaga ko‘ra o‘lchab olish.

13. Gazlamani qaychi bilan qirqish usullarini tanishtirish.

14. Gazlamani qalam yoki bo‘r bilan belgilangan to‘g‘ri yoki egri chiziq bo‘ylab qaychida qirqishni o‘rgatish.

15. Gazlamadan narsalar tikishni o‘rgatish.

16. Tugma qadash usullarini o‘rgatish.

Turli materiallar bilan ishlash. Turli materiallar bilan ishlaganda chiqindi materiallar: po‘kak, korobka, g‘altak va shu kabilardan foydalaniladi.

Mashg‘ulotlarni rejalashtirish va materiallarni tanlashda mahalliy sharoitlar: o‘lka iqlimi, tabiati, ishlab chiqarish korxonalari, xalq badiiy ustaxonalari va shu kabilarni e’tiborga olish kerak. Mashg‘ulotlarni shunday tashkil etish kerakki, ular bolalarning ijodiy qobiliyatlarini o‘stirish, xayollarini boyitsin.

Turli materiallarning texnologik xususiyatlari shunday xilma-xilki, narsalar yasashda ulardan asosiy material sifatida ham, yasalgan narsaga bezak berish materiali sifatida ham foydalanish mumkin. Tabiiy materiallarni to‘plash, saqlash va ularga ishlov berish tabiatshunoslik darslarida egallangan bilimlarni qo‘llash hamda ularni mustahkamlash imkonini beradi.

Turli materiallardan, o‘yinchoqlar, yodgorliklar va boshqa buyumlarni yaratish badiiy konstruksiyalashga yaqinlashib ketadi, bolaning estetik hissiyotlari va badiiy moyilliklarini o‘stirishga yordam beradi.

Bu ishlarni bajarish jarayonida bolalar quyidagi malaka va ko‘nikmalarni egallaydilar hamda mustahkamlaydilar:

1. Turli tabiiy materiallar hamda ularni to‘plash va saqlash qoidalari bilan tanishish. Atrof muhitni muhofaza qilish.

2. Turli tabiiy materiallarga ishlov berish va mustahkamlash qoidalari.

3. Buyum uchun atrof muhitdan obyekt tanlash.

4. Predmetni tahlil qila bilish. Detallar uchun material, shuningdek ularga ishlov berish uchun asboblar tanlash.

5. Mustaqillikni, fantaziyani namoyon qilish. Ijodiy qobiliyatlarni o‘stirish.

6. Boshqa materiallar bilan tanishish.

7. Obrazlarni yaratishda konstruktorlik va ijodiy qobiliyatlarni o‘stirish.

8. Metallga ishlov berish asboblari bilan tanishish.

Texnik modellashtirish. Modellash uchun tanlanadigan obyektlar texnikaning zamonaviy yutuqlarini aks ettirishi lozim. Modellash obyektlari ijtimoiy foydali yo‘nalishga ega bo‘lishi, ta’lim jarayonini ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlashga yordam berishi kerak.

O‘qituvchi chizmachilikka doir ishlarni asta-sekin kiritib boradi.

Texnik modellashda metall konstruktor bilan ishlash katta ahamiyatga ega.

1-sinfdagi texnik modellash bo‘yicha ishni bajarish jarayonida:

1. O‘quvchilar mashina, uning modeli va maketi haqida tasavvurga ega bo‘ladilar.

2. Qo‘l asboblari va stanoklarning tuzilishi bilan tanishadilar. Chunki ularning har ikkalasi asos qilib olingan.

3. Qo‘l asboblarining tuzilishini va nimalarga mo‘ljallanganligini bilish stanoklarni o‘rganish uchun asos bo‘lib, ular bolalarning texnik bilim doiralarini kengaytiradi.

4. O‘quvchilar avval o‘qituvchi yordamida, so‘ngra mustaqil tarzda modelni ko‘ra bilishlari; uning xususiyatlarini, ayrim qismlarini, qismlar hajmining bir-biriga munosabatlarini ajrata bilishlari kerak.

5. Modelni tayyorlash uchun qanday material zarurligini aniqlay olishlari kerak.

6. Ish joyini jihozlash.

7. Belgilash, o‘lchash, ishlov berish, montaj va pardozlash jarayonlari (qog‘oz chetidan, andaza bo‘yicha belgilash) ni bajarishlari kerak.

8. Modelni sozlash va nazorat qilish.

9. O‘zini o‘zi nazorat qilish va o‘z mehnatini hisobga olishlari kerak.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации