Текст книги "Меҳнат ўқитиш методикаси"
Автор книги: Р. Мавлонова
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 8 (всего у книги 9 страниц)
6.2. Mehnat ta’limi darslarida texnik vositalardan foydalanish
Mehnat ta’limi darslarida hozirgi kungacha texnik vositalardan ham foydalanib kelinmoqda, ayni bir vaqtda texnik vositalar o‘quvchilarni texnik ishlab chiqarish bilan (ayniqsa qishloq joylarda) kengroq tanishtirishda katta imkoniyatlar beradi. Texnik vositalar ayrim materiallarni tayyorlash texnologiyasi bilan tanishtirishda, texnik bilimlarni kengaytirish va ularni hayot, amaliyot bilan bog‘lashda, ta’lim jarayonini faollashtirishda juda qulaydir.
Mehnat darslarida qanday texnik vositalardan foydalanish mumkin?
Diafilmlar. O‘qituvchining hikoyasini va turli materiallar—qog‘oz, gazlama, paralon, linolium, sim kabilarni ishlab chiqarish texnologiyasini illyustratsiya qilishda, asboblarning kelib chiqish va materiallar (qog‘oz, chinni va shu kabilar)ning tarixi bilan tanishtirishda ishlatiladi.
Diapozitivlar. Bulardan tayyorlanadigan buyumlarning ayrim detallari ba’zi usullarini ko‘rsatishda foydalanish mumkin.
Kodoskop mehnat ta’limi darslarida ayniqsa, ko‘proq foyda berishi mumkin. O‘qituvchi o‘z stoli yonida o‘tirib doskada o‘quvchilarni grafik ma’lumot asoslari bilan tanishtirishda zarur bo‘lgan chizmalarni namoyish qiladi, keyinchalik texnik modellash bo‘limini o‘tishda kerakli chizmalar, ularning yoyiq ko‘rinishi va detallarni ko‘rsatadi.
O‘qituvchi hikoyasini tushuntirish va illyustratsiya qilishda epifilm keng qo‘llanilishi mumkin. Epifilm uch bosqichda tayyorlanadi:
1. Ssenariyni tayyorlash.
2. Fotosuratlarni tayyorlash yoki rasmlarni tanlash.
3. Epifilmni yig‘ish.
Ssenariyni tayyorlash ishning eng mas’uliyatli qismidir. Bu o‘rinda epifilmning maqsadi aniqlanadi, illyustratsiyalar tanlanib, ularni o‘quv materialining bayoniga muvofiq tarzda namoyish etish izchilligi belgilanadi. Kadr yoki kadrlar qismi bilan ishlash yo‘llari aniqlanadi. Epilenta tayyorlangan ssenariy asosida montaj qilinadi.
Agarda illyustratsiyalarning formati bir xil bo‘lmasa, ularni bir xil ko‘rinish va o‘lchamga keltirish uchun fotolaboratoriyada qayta suratga tushiriladi. Epifilm kadri 10X10 sm dan ortiq bo‘lmasligi kerak. Bu epidiaskopni sinf xonasining o‘rtasiga emas, oxiriga o‘rnatish imkonini beradi.
Yakuniy bosqich lentani to‘plashdir, lenta qalin qog‘ozdan qirqilib, unga chapdan o‘ng tomoniga qilib fotosuratlar yopishtiriladi. Yopishtirishda duradgorlik yelimidan foydalangan ma’qul, chunki unga lampaning issig‘i ta’sir etmaydi.
Kodoskop uchun ko‘rgazmali qurollar tayyorlashda shaffof plyonka, selofan, polietilendan foydalanib, unga kerak bo‘lgan chizma, tasvirlar tushiriladi. Bunda siyoh, qora yoki rangli tush, qalam steklograflardan foydalaniladi. Eni 15 sm, uzunligi 5 sm bo‘lgan plyonka lentadan foydalansa bo‘ladi, plyonka apparatning quyi bobinasiga o‘raladi, boshqa uchi yuqori bobinaga mustahkamlanadi. Bu bobina namoyish etish jarayonida aylantirib turiladi.
Kodoskopdan foydalanilganda dars uchun chizmalar tayyorlash, uni doskaga chizish va yozishga ehtiyoj qolmaydi. Ekran qo‘llanmalarini saqlab qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Bunday qo‘llanmalarni tayyorlash oson, ular ko‘p sarf va kuch, vaqt talab qilmaydi, ularni mehnat darslarida o‘quvchilar bilan hamkorlikda tayyorlash mumkin.
Mustaqil ishlar
1. Mehnat ta’limi bilan boshqa predmetlar aloqadorligining ta’limiy ahamiyatini ta’riflang.
2. Mehnat va mavzu, mehnat va tabiatshunoslik darslari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa yo‘llari, shakllari, vositalarini ayting.
3. Pedagogik amaliyot vaqtida mehnat ta’limining boshqa predmetlar bilan aloqa masalasini qanday hal etasiz.
4. Ma’lum predmet (tabiatshunoslik, mavzu va boshqalar) uchun biror qo‘llanmaning chizmasini tayyorlang, shaklini yasang.
Savollar
1. Darsning qanday pedagogik talablari mavjud?
2. Dars ishlanmasini tuzishda nimalarga e’tibor berish zarur?
3. Mehnat darslarida qanday texnikadan foydalanish mumkin?
Topshiriq
1. Kodoskop uchun chizmalar tanlang.
VII bob. MEHNATGA OID SINFDAN TASHQARI ISHLAR
REJA:
1. Sinfdan tashqari ishlarning vazifalari, mazmuni va tashkil etilishi.
2. „Mohir qo‘llar“ to‘garagi.
3. Qo‘g‘irchoq teatri.
7.1. Sinfdan tashqari ishlarning vazifalari, mazmuni va tashkil etilishi
Mehnat tarbiyasi, mehnatga munosabatni tarbiyalash maktabdagi o‘quv hamda sinfdan tashqari ishlarning o‘zagi, maktabni hayot bilan aloqasini mustahkamlashning asosiy yo‘lidir.
O‘quvchilarni mehnatga psixologik va amaliy tayyorlash maktabning asosiy tarbiyaviy vazifalaridan biridir.
Maktabning turmush bilan aloqasi kundan-kunga mustahkamlanib bormoqda, sinfdan tashqari ishlarning o‘quvchilar o‘zlarining mustaqilliklari va tashabbuslarini namoyish eta oladigan, ularga jamiyat foydasi uchun tashkil etilgan mehnatning go‘zalligi va quvonchini, jamoaning kuchini his etishlariga yordam beradigan yangi shakl va usullari aniqlanmoqda. O‘quvchilarni sinfdan tashqari ishlarning davom etishi to‘garak ishlari (jumladan, „Mohir qo‘llar“ badiiy kashta tikish to‘garaklari) kabi formalari keng tarqalgandir.
O‘quvchilarni mehnat faoliyatiga psixologik va amaliy tayyorlash o‘quvchilar ijtimoiy foydali mehnatning har xil turlarida qatnashayotgan vaqtlarida xilma-xil tarbiyaviy tadbirlar kompleksini qo‘llash orqali amalga oshirilishi kerak.
O‘quvchilar bilan olib boriladigan sinfdan tashqari ish maktabning butun ta’lim tarbiyaviy ishining ajralmas qismi bo‘lib, u bolani har tomonlama rivojlantirish, darslarda egallayotgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, amalda qo‘llanishga yordam beruvchi muhim vositadir. Sinfdan tashqari ish ayni bir vaqtda o‘quvchilarning bilim doirasini kengaytiradi, mehnat ta’limi tarbiyasi bolalarda fan, texnika, san’atning turli sohalariga qiziqishni o‘stirish masalalarini eng maqbul hal etishga yordam beradi.
Mehnat ta’limi bo‘yicha sinfdan tashqari texnik mehnat darslarining davomi, qo‘shimchasidir. O‘quv mashg‘ulotlari bilimlarga qiziqishni o‘stiradi, sinfdan tashqari ish esa bilimlarni kengroq qo‘llash hamda chuqurlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga sinfdan tashqari ish darsda beriladigan materiallarni aynan takrorlamasligi kerak, u sinfdagi ishdan o‘zining o‘yin, qiziqarli xarakterdaligi bilan ajralib turadi. Sinfdan tashqari ish o‘quvchilarga ishning o‘zlariga ko‘proq yoqqan, o‘zlarini ko‘proq qiziqtirgan turini tanlashlari uchun imkon yaratadi. Faqat sinfdan tashqari ishlarda o‘quvchilarning individual ijodiy qobiliyatlari yorqinroq namoyon bo‘ladi, bu yerda ular istalgan ish bilan shug‘ullanishlari, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun kerak bo‘lgan vaqt va kuchni sarflashlari mumkin.
Sinfdan tashqari ishning formalari ko‘pdir:
Ommaviy ish – kechalar, tanlovlar, viktorinalar, ekskursiyalar, ko‘rgazmalar.
To‘garak ishi – „Mohir qo‘llar“, „Qo‘g‘irchoq teatri“, „Yosh tabiatshunoslar“, „Quvnoq ustaxona“ to‘garaklari.
Yakka mashg‘ulot – kolleksiyalar to‘plash, texnika bilan mustaqil shug‘ullanish.
Maktablarda boshlang‘ich sinfdan tashqari ishlarning ertaliklar, ko‘rgazmalar uyushtirish kabi ommaviy ish turidan keng foydalanib, tanlov va viktorinalarga kam e’tibor beriladi. Ommaviy ishlarning tanlov va viktorinalar kabi turi juda qiziqarli va ayni bir vaqtda katta tarbiyaviy imkoniyatlarga egadir. Chunki zehnlilik, tez javob topa bilish, o‘z fikri, bilimi va ko‘nikmalarini safarbar eta bilish xuddi mana shu ish turlarida talab qilinadi.
Boshlang‘ich sinflardagi to‘garak ishi quyi sinf o‘quvchilarini umumiy rivojlantirish, ayniqsa o‘qishning turmush bilan aloqasi nuqtayi nazaridan juda muhim va keraklidir. „Mohir qo‘llar“, „Qo‘g‘irchoq teatri“, „Florachilar“ to‘garaklari ayniqsa katta ahamiyatga ega bo‘lib, to‘garaklarda o‘g‘il va qiz bolalar bir xil qiziqish bilan shug‘ullana oladilar. Har biri o‘z qiziqishi, kuchi va imkoniyatlariga yarasha ish bilan shug‘ullana oladi.
7.2. „Mohir qo‘llar“ to‘garagi
Bu to‘garakning vazifasi o‘quvchilarga mehnat va mehnat kishilariga muhabbatni singdirish, texnik ta’lim, estetik tarbiyaga yordam berish, ularning badiiy didlarini, badiiy ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, konstruksiyalash fikrini uyg‘otishdir.
To‘garak ishini shunday tashkil etish kerakki, quyi sinf o‘quvchisi ham o‘zining sodda ijodiy fikrini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lsin.
Ma’lumki, „Mohir qo‘llar“ to‘garagi yosh xususiyatini nazarda tutib tashkil etiladi, quyida biz I – IV sinflar o‘quvchilarini birlashtiruvchi ana shu to‘garak haqida gap yuritamiz.
To‘garakni tashkil etishdan oldin o‘qituvchi maktabdagi mavjud imkoniyatlarni chamalab chiqishi lozim.
To‘garak uchun albatta alohida xona kerak. Bu xona parta stollar, ma’lum asbob va moslamalar jamlamasi tayyor ishlarni qo‘yish uchun tokchalar bilan jihozlanishi lozim. Bundan tashqari, material zaxirasi oldindan tayyorlanishi kerak. „Mohir qo‘llar“ to‘garagidagi materiallar va asboblar I—III sinflar o‘quvchilarning yoshlariga, jismoniy rivojlanganliklariga muvofiq bo‘lishi kerak. Bu to‘garakda asosan karton, qog‘oz, ingichka sim, tunuka, tabiiy materiallar ishlatiladi. Murakkab ishlov berilishini talab qilmaydigan, lobzik arra va bolalar randasi qo‘llanadigan faner hamda yog‘och bilan ishlash ham kiritiladi.
Quyi sinflar o‘quvchilarida qiziqish barqaror bo‘lmaydi, shuning uchun ham «Mohir qo‘llar» to‘garagidagi ish mazmuniga ko‘ra ham, qo‘llanadigan materiallari va asboblariga ko‘ra ham xilma-xil bo‘lishi kerak. O‘quvchilarga o‘zlari qo‘llaridan keladigan ishlar bilan tanishishlariga, xilma-xil mehnat malakalarini va turli materiallar haqida bilimlarni egallashlariga imkon berish kerak.
„Mohir qo‘llar“ to‘garagida qanday amaliy ishlarni bajarish mumkin?
1. Tabiatshunoslik, mavzu, ona tili predmetlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash.
2. Kitoblarni tuzatish va muqovalash.
3. Turli kolleksiyalarni jihozlash.
4. Yosh tabiatshunoslar ishi uchun inventar tayyorlash.
5. Sinfni, zalni bezash uchun turli narsalar yasash.
6. O‘yinlar, jumboqlar, attraksionlar uchun predmetlar tayyorlash.
7. Fanerdan turli shakllar qirqish.
8. Yog‘ochni kuydirib va o‘yib narsalar yasash.
9. Loydan narsalar yasash.
10. Gipsdan narsalar yasash.
11. Tabiiy materialdan ko‘rgazmalar, yangi yil archasi uchun narsalar yasash.
12. Konstruksiyasi murakkab bo‘lmagan xilma-xil xarakatlanuvchi modellar, priborlar, maketlar yasash.
13. Maktab va uy jihozlarini yasash.
To‘garak rahbari to‘garak a’zolarining yosh xususiyatlarini, ularning imkoniyat va qiziqishlarini, maktabning real imkoniyatlarini nazarda tutib, bu ro‘yxatdan o‘z to‘garagiga muvofiq keladigan ish turini tanlab olishi mumkin.
„Mohir qo‘llar“ to‘garagi ishida ishlab chiqarishga, tabiat quchog‘iga uyushtiriladigan ekskursiyalarning ahamiyati kattadir.
Ishlab chiqarishga uyushtirilgan ekskursiya o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini faollashtiradi. Mehnat kishilariga hurmatini tarbiyalaydi, ularni xilma-xil kasblar bilan tanishtiradi. To‘garak a’zolarining qurilish, mashina traktor parkiga, bosmaxonaga ekskursiyaga borishlari va u yerdagi ishlar bo‘yicha umumiy tasavvurga ega bo‘lishlari foydalidir. Bolalarni tushunarsiz narsalar bilan qiynamay, ularga tanish asboblar o‘zgartirilgan ko‘rinishda stanok va mashinalarda qanday ishlayotganligini, masalan, bosmaxonadagi qog‘oz qirqadigan pichoq yoki traktor plugining lemexi oddiy pichoqning har xil o‘zgargan turi ekanligiga e’tiborni qaratish kifoyadir. Asboblarning bunday o‘zgarishlarini ko‘rar ekanlar, bolalar zamonaviy murakkab texnikani yaxshiroq anglay boshlaydilar. Ekskursiyalarda bolalarga mehnatning qudrati va go‘zalligini his etishlariga, ishchilar stanoklarda ishlarni qanday ustalik, chaqqonlik va go‘zallik bilan bajarayotganliklarini ko‘rishlariga imkon berish kerak. Ularda shu ishchilar kabi chaqqon, mohir bo‘lish uchun qiziqish uyg‘otish kerak. Agarda maktab qishloqda joylashgan bo‘lsa va o‘quvchilarni shaharga ekskursiyaga olib borishning imkoni bo‘lmasa, to‘garak rahbari ekskursiyada o‘quvchilarga mavzuyiga muvofiq diafilm yoki o‘quv filmini ko‘rsatishi mumkin. Rahbar diafilm yoki filmni o‘z hikoyasi bilan to‘ldirib boradi. Bu o‘quvchilarning ijodiy fikrlarini, fantaziyalarini mehnat malakalarini takomillashtirish ehtiyojini o‘stiradi.
Narsalar yasash uchun shakllarni to‘garak a’zolari turmushdan olishlari kerak. Qirqib, kesib, o‘yib narsalar yasashdan oldin tabiatga sayr uyushtirish jonli va jonsiz tabiatni sinchkovlik bilan kuzatish o‘rinlidir.
To‘garak rahbarining vazifasi bolalarga faqat qirqish, kesish, yelimlash, foydali narsalarni yasashni o‘rgatishgina emas, balki bolalarga material (qog‘oz, yog‘och, penoplast va boshqalar) nimadan va qanday yasalganligi haqida tushuncha berish hamdir. Oddiy harakatlanuvchi modellarni yasashni ham shunga muvofiq keluvchi mashinalar, agarda imkoni bo‘lsa garaj, aeroport, tramvay trolleybus parki va shu kabilarga ekskursiyalar uyushtirish maqsadga muvofiqdir.
Tabiiy material bilan ishlaganda o‘quvchilarga xalq amaliy san’ati, xalq ustalari haqida gapirib berish, bunda hikoyani „Gulxan“, „G‘uncha“ jurnallarida bosiladigan boy materiallar bilan albatta illyustratsiya qilish lozim.
To‘garak rejasini rahbar odatda sinf rahbarlari bilan hamkorlikda bir yilga tuzadi. Rejaga to‘garak qaysi ish turi bilan shug‘ullanishi va shu ish turlari bo‘yicha qanday amaliy ishlar amalga oshirilishi qayd etiladi. Rejadagi ishlar oddiydan murakkabga o‘tishni ta’minlash uchun qiyinlik darajasiga ko‘ra joylashtiriladi. Rejada o‘tkaziladigan ekskursiyalar ham ko‘rsatiladi. To‘garak rejasini maktab direktori tasdiqlaydi. To‘garak mashg‘uloti haftada bir marta o‘tkazilib u 1,5 soatdan ortiq davom etmasligi kerak.
To‘garak mashg‘uloti odatda yangi ish usullarini ko‘rsatishdan boshlanib, to‘garak a’zolari bu harakatni takrorlaydilar, asosiy ishga esa ular bu ish usullarini yaxshi egallab olganlaridan so‘ng kirishiladi. To‘garak a’zolarining ishlarini bajarish jarayonida oddiy sxemalar, chizmalardan foydalanishga, materiallarga tartibli, tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishga, asboblar hamda ish joyini toza va tartibli saqlashga albatta odatlantirish zarur. To‘garakning har bir a’zosi «O‘zing bilib oldingmi – o‘rtog‘ingga ham o‘rgat» degan qoidani doimo yodida saqlashi kerak.
7.3. Qo‘g‘irchoq teatri
Havaskorlik qo‘g‘irchoq teatrlari yil sayin maktab hayotiga dadilroq kirib kelmoqda. O‘quvchilarning spektakllarni tayyorlash va jihozlash ishlarini bajarib, so‘ngra sahnaga chiqishlari ularning ma’naviy va estetik hissiyotini tarbiyalaydi. Qo‘g‘irchoqlar yordamida o‘quvchilarning xatti-harakat va xarakterining yaxshi yomon tomonlari namoyish etiladi, shuningdek, maktab, ko‘cha, uyda o‘zini tutish kabi xislatlarni tarbiyalashda qo‘g‘irchoq teatri yaxshi namuna oladi. Teatr ustidagi ish bolalarning asl ijodlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Teatrga aloqador barcha ishlar – qo‘g‘irchoqlar, pyesalar, musiqa va dekoratsiyalar shunday turtki element bo‘lishi kerakki, bolalar ulardan ijobiy ta’sirlanib barcha egallagan bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llaydigan bo‘lsinlar. Bunga erishish esa jamoa hissiyotini tarbiyalashda katta rol o‘ynaydi.
Aytilgan barcha masallar, she’rlar va ertaklarni sahnalashtirish ona tili va adabiyotni batafsil o‘rganishga, nutq malakasini oshirishga katta yordam beradi.
Qo‘g‘irchoq teatri ishtirokchilar san’atini, dekoratsiya ishini, yoritish texnikasini rivojlantirib, karton, qog‘oz, yog‘och, gazlama va boshqalarga ishlov berishni o‘zida biriktiradi. Asboblar, jihozlar va sahnaga qo‘yishning sodda bo‘lishiga qaramay tomoshabinlarda idrokning yuqori samarasiga erishiladi.
Qo‘g‘irchoq teatrini rivojlantirish katta tarbiyaviy va madaniy ahamiyatga egadir.
Quyi sinflarda odatda qo‘g‘irchoq teatri to‘garagini sinf o‘qituvchisi tashkil etadi. Ishning ma’lum qismini, masalan, kostyumlarni tikish, sahna bezashlarini tayyorlashni mehnat ta’limi darslarida amalga oshirish mumkin. To‘garak ishida tajriba orttirgan yuqori sinf o‘quvchilari o‘qituvchiga katta yordam berishlari mumkin.
Agarda to‘garak ishqibozlari ko‘payib ketsa, ularni 12—15 tadan qilib guruhlarga ajratish va har bir guruhga alohida postanovka ustida ishlashni topshirish mumkin. Guruhda doimiy majburiyatlarni taqsimlash shart emas, ishni shunday tashkil etish kerakki, ishda fikr ham, ijod ham jamoa asosida bo‘lsin.
Spektaklni tayyorlashda har qancha o‘quvchi ishtirok etishi mumkin, ammo qo‘g‘irchoqlar bilan ishlash, ularni ko‘rsatish ishida odam soni bir vaqtning o‘zida 5 kishidan ortib ketmasligi kerak, aksincha ular bir birlariga xalaqit beradilar.
To‘garakni tuzishda o‘quvchilar ichidan qo‘g‘irchoqlarni saqlash, sahna bezashlarini saqlash, montaj qilish uchun javob beruvchi oqsoqolni saylashdan boshlash kerak. To‘garak kundaligi va spektakllar jurnalini to‘ldirib boruvchi kotib ham saylanadi. To‘garak a’zolari bemalol ishlay oladigan va anjomlarni saqlay oladigan alohida xona ham ajratilishi kerak. Ana shunday joy aniq bo‘lgach to‘garak rejasi tuzilib, unda quyidagilar aks ettiriladi:
1. To‘garakning yalpi ta’lim-tarbiyaviy vazifalari.
2. Tashkiliy masalalar.
3. Postanovka ustida ishlash (tayyor bo‘lish muddati ko‘rsatiladi).
O‘quv yili uchun reja tuzilib, unga qo‘shimcha oylik o‘quv ishlab chiqarish rejalari ham tuziladi va ularda har bir mashg‘ulotning mazmuni bayon qilinadi.
To‘garakning amaliy ishi uchun eng ahamiyatli bo‘lgan pyesa tanlashdan boshlanadi. Dastlabki pyesalardagi qiyinchiliklar bolalarning qiziqishlarini so‘ndirib qo‘ymasligi uchun qisqa, kam personajli, qo‘g‘irchoqlarini tayyorlash oson bo‘lishi kerak. Dastlabki tomoshalarni ikkinchi personajning topishmoqlar muloqati bilan o‘tkazish lozim. Topishmoqlar javobini tomoshabinlar topadilar. Bu muloqat she’riy va qo‘g‘irchoqlar xatti-harakati yo‘li bilan ham bo‘lishi mumkin.
Teatr qo‘yishda qo‘g‘irchoqni maromi bilan o‘ynata bilish katta ahamiyatga egadir. Tomoshabinni qiziqtirish personajning mahoratiga bog‘liqdir. Qo‘g‘irchoqlarning boshini matodan, qog‘ozdan, ayrim qismlarini papyemashedan yasash mumkin. Boshni yasashda uch barmoqli qo‘lqop tikiladi, o‘rta barmoq ichiga paxta tiqilib boshga o‘xshatiladi va kraxmallanadi, qolgan ikki barmoq esa qo‘l rolini bajaradi. Bu qo‘g‘irchoqni yasashning eng oddiy usulidir.
Qo‘g‘irchoq teatrining zaruriy anjomi shirma (chodir)dir. Uning balandligi qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchining bo‘yiga muvofiq bo‘lishi kerak. „Nam veselo“ to‘plamida juda qiziqarli va qulay chodir taklif etilgan.
Teatrning repertuari xilma-xildir.
„Fonus xayol“ bezatilishiga ko‘ra ancha oddiydir. Bu teatrning tashkil etilishi qo‘g‘irchoq teatri bilan deyarli bir xil, faqat unga teatrda ishtirok etuvchilrning tayyorlash ancha osonroq. Ishtirok etuvchi qahramonlar qalin kartondan yoki yupqa fanerdan qirqib bo‘yaladi. Birinchi sinf o‘quvchilari personajlarning ayrim harakat qilmaydigan qismlarini tayyorlashadi, keyinchalik ish murakkablashadi, gavdaning ayrim qismlari oshiq-moshiq (ip, sim yoki maxsus tugmalar) yordamida harakatlanadigan qilib biriktiriladi. Harakat qiladigan figuralar yordamida ko‘pgina samaralarga erishiladi. Ish quyidagi tartibda boradi: qarama-qarshi xonalar o‘rtasidagi eshikka ekran yoki choyshab tarang qilib tortiladi, tomoshabinlar o‘tirgan xona qorong‘i bo‘lib, figuralar orqasidan yorug‘lik beriladi. Choyshab orqasida stol o‘rnatilib figuralar uning ustida harakat qiladi, ular yorug‘lik ta’siri tufayli choyshabga katta bo‘lib tushadi. Har bir figuraning tagligi bo‘lib, uni o‘ynatuvchi ekran oldida harakatlantiradi. Har xil rangli chiroqlar ta’sirida voqeani yanada quchaytirish mumkin.
Maktabning tarbiyaviy ishida mavzu kechalari katta rol o‘ynaydi. Bu kechalarga tayyorgarlikning o‘zi o‘quvchilarni she’r va hikoyalarni yodlash kostyumlarni bezash ishlarini amalga oshirishga majbur qiladi. Kechalar mavzusi shunday tanlanishi kerakki, u o‘quvchilarda har tomonlama qiziqish uyg‘otsin, ularni o‘ylashga, ixtiro qilishiga majbur etsin va faqat mavjud bilim va ko‘nikmalar bilan cheklanib qolmay, kecha mavzusining dasturiga muvofiq yangilarini ham o‘zlashtira borsin. Ayniqsa kechalar ikki yondosh sinflar qo‘shilganda juda qiziqarli va jonli o‘tadi. Kecha mavzusi asosan maqol va matallardan olinadi. Kecha mavzusi «Mehnatga va mohir qo‘llarga shon-sharaflar», «Hamma narsa mehnatdan yaraladi» kabi bo‘lishi mumkin.
Tayyorlov ishlarining rejasi
1. Sinflarda mehnatning jamiyatimizdagi ahamiyati haqida suhbatlar o‘tkazish, ishdagi ustalik va mahoratga faqat zo‘r berib ishlash natijasida erishilishini misollar yordamida ko‘rsatish.
2. Iloji bo‘lsa ishlab chiqarishga ekskursiya uyushtirish.
3. Eng chaqqon, tartibli va mohir o‘quvchilar musobaqa estafetasini o‘tkazish (kim o‘rnini tez to‘g‘rilaydi, supurgini to‘g‘ri tutadi, tugmachani kim qanday qadaydi va stol ustiga dasturxon tuzaydi, non qanday qirqiladi, idish tovoqni qanday yuviladi va hokazo).
Avval har bir sinf o‘qituvchisi tanlov shartini e’lon qilib, tayyorlanish uchun vaqt beradi. Tanlov o‘z sinfida o‘tkaziladi. Tanlovning eng g‘olib o‘quvchisi sinf sharafini himoya qiluvchi deb tanlanadi.
4. Mehnat darslarida, to‘garak mashg‘ulotlarida, uyda mustaqil tayyorlangan ishlar ko‘rgazmasini tayyorlash va jihozlash.
5. Mohir ustalar mehnatiga bag‘ishlangan rasmlar.
6. Bolalardan ota-onalarining qayerda ishlashlari va qanday ishlarni bajarishlarini so‘rab bilish, bilmaganlariga esa bilib kelishni topshirish. Sinfda hamma kasbning o‘z o‘rni borligi va ular jamiyatga qanday foyda keltirishi haqida suhbatlar o‘tkazish.
7. Mehnat va hunarlarga oid maqollar, matallar hamda topishmoqlar to‘plash.
8. Mehnat va mehnat kishilari haqida ro‘yxat tayyorlash.
Savollar
1. Sinfdan va maktabdan tashqari ishlarning qanday maqsadi va vazifalari mavjud?
2. Sinfdan tashqari ishlarning qanday shakllari bor?
3. To‘garaklar necha xilda bo‘lishi mumkin?
Topshiriqlar
1. Sinfdan tashqari ishlarning shakllarini tarmoqlang.
2. Kelajakda qanday to‘garak ochish niyatingiz borligini so‘zlab bering.