Текст книги "Меҳнат ўқитиш методикаси"
Автор книги: Р. Мавлонова
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 9 страниц)
2.4. 2-sinfdagi dastur materialining mazmuni
2-sinfda mehnat ta’limi darslaridagi ta’lim tarbiyaviy vazifalar umumta’lim maktablaridagi mehnat ta’limining umumiy vazifalaridan kelib chiqib, quyidagi mashg‘ulot turlari jarayonida amalga oshiriladi.
I. Texnik mehnat.
1. Qog‘oz va karton bilan ishlash.
2. Gazlama bilan ishlash.
3. Turli va tabiiy materiallar bilan ishlash.
4. Texnik modellash.
II. Qishloq xo‘jalik mehnati.
1. O‘quv tajriba uchastkasida ishlash.
2. Sinfda ishlash.
Qog‘oz va karton bilan ishlash. Mashg‘ulotlar jarayonida 2-sinf o‘quvchilari qog‘oz va karton turlari bilan tanishadilar. Namuna, rasm, shuningdek, o‘qituvchining chizmasi bo‘yicha chizg‘ich va to‘g‘ri burchakli uchburchak yordamida belgilashni o‘rganadilar. Oddiy tajriba va kuzatishlar asosida o‘quvchilar qog‘oz va kartonning pishiqlik va egiluvchanlik, sinuvchanlik, kabi xususiyatlari bilan tanishadilar. Bu o‘quvchilarga qog‘oz va kartonning u yoki bu narsalarni tayyorlashda material sifatida qo‘llanilishini chuqurroq bilishlariga yordam beradi.
2-sinf o‘quvchilari qog‘oz va kartonni chiziqlar bo‘yicha qirqish va bukish kabi jarayonlarni bajarishni o‘rganadilar. Ayni bir vaqtda ular detallarni turli usullarda biriktirish va mustahkamlashni (yelim, ip, yumshoq sim yordamida) mashq qiladilar.
2-sinfda qog‘oz va karton bilan bo‘ladigan mashg‘ulotlarda sirachni tayyorlash usullari bilan tanishtirishga bolalarning mahsulot sathiga rangli qog‘ozni yopishtirish, bo‘yash va shu kabilar orqali mustaqil bezak berish ishlariga katta e’tibor beriladi.
Gazlama bilan ishlash. Bu mashg‘ulotlar bolalarni tabiiy ipak va jun tolali materiallarni, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari (gazlama, ip, tasma, chilvir, lenta) namuna, rasm, chizma va berilgan o‘lchamlar (o‘qituvchi rahbarligida qilingan belgilar) bo‘yicha andaza bichib olish bilan ilk bor tanishtirishni o‘z ichiga oladi.
O‘quvchilar gazlama bilan ishlar ekanlar, uni qog‘oz bilan qiyoslaydilar (pishiqligi, egiluvchanligi, tuzilishi) ip va gazlamaning tuzilishini ko‘rib chiqadilar. Asosiysi – o‘quvchilar tikish va to‘qishni o‘rganadilar.
Turli materiallar bilan ishlash. Bu mashg‘ulotlarda 2-sinf o‘quvchilari xilma-xil materiallar: yog‘och, metall, loy, qum va shu kabilardan narsalar tayyorlashni o‘rganadilar. Ular yog‘och va metall, ularning nimalarga ishlatilishi hamda xususiyatlari (qattiqligi, ishlov berish usullarining xilma-xilligi, og‘irligi) yog‘ochdan tayyor mahsulotlar yasashning oddiy usullari (ko‘ndalangiga qirqish, randalash, parma bilan teshish) bilan tanishadilar.
Bolalar yog‘och bilan murakkab bo‘lmagan jarayonlarni bajarar ekanlar, ish asboblari – pichoq, bolg‘a, arra, parma, egov, bigiz, qaychi, ombir, o‘tkir tig‘li ombir bilan tanishadilar. Turli materiallardan narsalar yasash jarayonida (o‘quv jadvallari, maketlar, panno, o‘lchov tayoqchalari, reykalar, o‘yinchoqlar va shu kabilar) o‘quvchilar yuqorida aytib o‘tilgan asboblardan foydalanib, bu asboblarni xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilgan holda ishlatish ko‘nikmalarini takomillashtiradilar.
Tabiiy material bilan ishlashi alohida qiziqish uyg‘otadi. O‘quvchilar loy, plastilin va tabiiy materiallardan qushlar, jonivorlar, ertak ishtirokchilarining shakllarini yasaydilar.
Texnik modellash. Texnik modellash mashg‘ulotlarida namuna, rasm va chizmalar berilgan, o‘lcham, konstruktor jamlamasining detallari yoki turli materiallarni qo‘llab og‘zaki tasvirlash bo‘yicha texnik o‘yinchoqlar, modellar va maketlar tayyorlash nazarda tutiladi. Bu mashg‘ulotlarda o‘quvchilar texnik o‘yinchoqlar va modellarni ishlatib namoyish qilishlari, ularni nazorat qilishlari, shuningdek, namoyish jarayonida konstruksiyaning detal va qismlarini aytishlari, ularning nimaga mo‘ljallanganligini bilishlari kerak. Mashg‘ulotning bu turi o‘quvchilarda konstruktorli texnik tafakkurni, mustaqil rejalashtirish va o‘ylab qo‘yilgan texnik buyum (kran, avtomashina, buldozer, raketa va shu kabilar) modelini amaliy bajara olish ko‘nikmalarini o‘stirishda juda muhim o‘rin tutadi.
Qishloq xo‘jalik mehnati. Qishloq xo‘jalik mehnati bo‘yicha mashg‘ulotlarda 2-sinf o‘quvchilari ko‘zda o‘quv tajriba uchastkasida o‘stirilgan o‘simliklarning urug‘larini to‘playdilar, o‘tgan yil davomida bog‘chalarda qilgan ishlariga yakun yasaydilar, maktab ko‘rgazmasi uchun jihozlarni ajratadilar. Shundan so‘ng, o‘quvchilar o‘quv tajriba uchastkasidagi o‘zlariga tegishli bo‘lgan yerni qishga tayyorlaydilar, ya’ni uni o‘simlik qoldiqlaridan tozalaydilar. Tabiiy va mineral o‘g‘itlar soladilar, yerni chopadilar. Bu ishlar jarayonida ular shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiladilar.
Kuz oylarida 2-sinf o‘quvchilari xona o‘simliklarini nur va issiqlikka moslab joylashtirish bilan tanishadilar, ularga suvni to‘g‘ri quyish, tuproqni yumshatish, o‘g‘itlash, gultuvaklar hamda deraza tokchalarini yuvishni o‘rganadilar.
Bahorda o‘quvchilar xona o‘simliklarining qalamchalarini tayyorlash va ekish, ularni parvarish qilishni o‘rganadilar. Shundan so‘ng, o‘quvchilar (o‘qituvchi tushuntirishlaridan keyin) ildiz olgan qalamchalarni gultuvaklarga ekadilar.
Bahorda 2-sinf o‘quvchilari bilan ajratilgan yerda katta va mas’uliyatli ish olib boriladi. O‘quvchilar o‘zlariga ajratilgan yerni ekishga tayyorlar ekanlar, yerni qayta chopadilar, xaskash bilan tekislaydilar, egat olib qator oralarini belgilaydilar.
Ishning keyingi bosqichi ildizmevalilar (rediska, lavlagi, sabzi) va bir yillik gul dekorativ o‘simliklar (rayhon, namozshomgul, qo‘qongul)ning nomlari bilan tanishish va ularni ekishga tayyorlashdir. So‘ngra o‘quvchilar bu o‘simliklarning urug‘ini sepish va ularni parvarish qilishni o‘rganadilar. Bu ish jarayonida o‘quvchilar madaniy ekinlar nihollarini begona o‘tlardan farqlashni, o‘simliklarni to‘g‘ri sug‘orish, tagini yumshatish, o‘toq, qilish va shu kabilarni o‘rganib olishlari kerak.
Qishloq maktablarida o‘quvchilar quyidagi qo‘shimcha ishlarni bajaradilar : mevali o‘simliklar (anor, anjir, tok) qalamchalarini ekishga tayyorlash; yerni asboblar yordamida yumshatish; qalamchalarni ekish, so‘ngra sugorish, ularni parvarish qilish.
Qishloq xo‘jalik ishlarini bajarish jarayonida o‘quvchilar ekin zichligining ildiz mevalilar, o‘simliklar hosiliga ta’sirini kuzatadilar. Shuningdek, ular mineral va organik o‘g‘itlarning o‘simliklarning o‘sishi hamda hosiliga ta’sirini ham kuzatadilar.
Mehnat ta’limi predmeti bo‘yicha o‘quv materialini mustahkamlash, bolalarda mehnat ta’limi darslariga qiziqish uyg‘otish uchun har bir ish turi yuzasidan suhbatlar o‘tkazish tavsiya etiladi.
Suhbatlarning taxminiy mavzusi:
1) Kartondan nimalar qilinadi?
2) Qog‘oz turlari va ular nimalarga mo‘ljallangan?
3) Qanday to‘qimachilik mahsulotlarini bilasiz?
4) Ipak va jun gazlamalardan nimalar tayyorlanadi?
5) Yog‘ochdan nimalar yasaladi?
6) Atrofingizdagi predmetlar nimalardan yasalgan?
Mehnat ta’limi bo‘yicha 2-sinf dasturida o‘quvchilarning maktab yaqinidagi qurilish maydoniga, garajga, qishloq xo‘jalik mashinalari parkiga, meva-sabzavot dalasi va shu kabi joylarga ekskursiyalar uyushtirish nazarda tutilgan. Bunday ekskursiyalar kishilarning ishlab chiqarish mehnati haqidagi o‘quvchilar bilimlarini kengaytiradi va chuqurlashtiradi, turli kasbdagi ishchilarning mehnati, mehnat jamoalari bilan tanishtiradi, mehnatga qiziqish va muhabbatni tarbiyalaydi.
Ikkinchi sinf dasturining ikki xususiyatini aytib o‘tish lozim:
a) agarda 1-sinfda bolalar asosan rejalashtirilgan hamda narsa va ishlarni namuna chizma va konstruksion kartochkalar yordamida bajargan bo‘lsalar, 2-sinfga kelib, asosiy e’tibor bolalar narsalarni namunasiz: texnik rasm, chizma, shuningdek, berilgan shakl va o‘lcham, texnik shart, og‘zaki formada aytilgan, doska yoki daftarga qisqacha yozilganlar asosida rejalashtirish va yasashga o‘rgatishga qaratiladi.
b) 2-sinfda o‘quvchilar sirkul yordamida doira chizishni o‘rganadilar. Dasturga kiritilgan narsa va ishlarning xarakteri bolalarga doirani 2, 4, 6, 12 teng qismlarga bo‘lishning amaliy ko‘nikmalarini berish imkonini yaratadi. O‘quvchilarning grafik bilim va ko‘nikmalari, o‘q, simmetriya, oddiy hajmli buyumlarni tayyorlashda ikki turdagi detallarni tasvirlash haqidagi tasavvurlari kengayadi.
Ikkinchi sinfda texnik mehnat darslarini oddiy narsalar (quti, g‘ilof, didaktik material)ni tayyorlashdan boshlagan ma’qul. Ularni tayyorlash jarayonida bolalar to‘g‘ri chiziqli shakllarni chizishning boshlang‘ich elementlarini egallaydilar, chizmachilik anjomlari bilan ishlashni; chizmachilik taxtasi, chizg‘ich, qog‘ozni taxtaga to‘g‘ri mustahkamlashni o‘zlashtiradilar, yordamchi chiziqlar chizish, kesma va egilgan joylarning asosiy qalin chiziqlarini chizg‘ich bilan chizish ko‘nikmasini egallaydilar. Ayni bir vaqtda o‘quvchilarni chizmani chizishga o‘rgatiladi. Shundan so‘ng, murakkabroq narsalarni yasashni (fotosuratlar uchun ramka) topshirish va hokazo. Hajmli narsalar „qopqoqli quti“, „filmoskop“, „kub“ va shu kabilarga o‘tish mumkin bo‘ladi.
Mehnat darslari tarkibiga o‘quvchilarning mustaqil bajarishlari uchun quyidagi topshiriqlarni detallarni razmetka bo‘yicha tayyorlashni, berilgan namuna, chizma texnik shart va o‘lchamlar bo‘yicha to‘g‘rilik hamda aniqlikni tekshirishni; detallarni bir-biri bilan va buyumda mustahkamlashning har xil usullari yordamida biriktirish (yig‘ish)ni, buyumni bezashni topshirish mumkin.
Mehnat faoliyatining barcha bosqichlarida bolalar oldiga juda oddiy bo‘lsada, ijodiy xarakterdagi topshiriqlar qo‘yishga alohida e’tibor berish lozim. Bular ba’zi hollarda ilgari egallangan tajriba, bilim, ko‘nikmalarni yangi sharoitlarda qo‘llashni talab qiladigan topshiriqlar bo‘lishi mumkin. Boshqa hollarda esa bolalarga buyum (narsa)ning ular uchun yangi bo‘lgan egallagan tajribalarida uchramaydigan ayrim elementlarining yechilishini topishni talab qiluvchi topshiriqlar berilishi mumkin. Texnik shartlarni tuzishni, o‘lchamni aniqlashni, oddiy konstruksiyalarning chizmasini chizishni yoki razmetka qilishni bolalarning o‘zlariga topshirish mumkin.
O‘quvchilar o‘z ish joylarini to‘g‘ri tayyorlashlari va ish davomida uni tartibli saqlashlari kerak. Ular ishchi qomatni to‘g‘ri egallay bilishlari va uni ish davomida saqlashlari lozim. Asbob-uskunalar, detallarni tayyorlash va ularni mustahkamlashga mo‘ljallangan materiallardan to‘g‘ri, tartibli, ehtiyotkorlik bilan foydalanish usullarini egallab olishlari, materialni tejamkorona sarflab, gigiyena va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishlari lozim.
Mehnat darslarida bajariladigan har bir ish yoki yasaladigan har bir narsadan bolalarning politexnik bilim doiralarini kengaytirishda foydalanish lozim. Bu – bolalarning umumta’lim predmetlari darslarida egallagan bilim va ko‘nikmalarini mehnat jarayonida qo‘llashga odatlanishlari, turli materiallarning xususiyatlari, ularning kelib chiqishi, nimalarga mo‘ljallanganligi, hayotda qo‘llanishi haqidagi bilimlarni egallashlari, oddiy asboblarning ishlash asoslari bilan tanishishlari, umumta’lim darslari va hayotda mehnat ko‘nikmalari tajribalaridan foydalanishlari kerakdir.
2-sinfda o‘qitish quyidagi asosiy mavzular bo‘yicha olib boriladi.
1. Birinchi sinfda o‘tilgan materialni takrorlash. Predmetlarning yeyiq tuzilishini o‘rgatish.
2. Rasm bo‘yicha (real obrazsiz) turli hajmli narsalarni yasash ustida ishlash.
3. Turli hajmli narsalarni chizmalar tasviri bo‘yicha ishlash.
4. Narsalarni og‘zaki tasvir asosida yasash.
Aytib o‘tilgan mavzularning har biri o‘quv choragini aniqlashda asosiy o‘quv maqsadi bo‘la oladi, biroq o‘quv yilining har bir choragiga aytib o‘tilgan asosiy mavzularni egallashga tayyorlaydigan yoki mustahkamlaydigai alohida darslar kiritilgandir. Shu bilan birga butun o‘quv yili davomida ahamiyati kam bo‘lmagan qog‘oz va kartonga ishlov berish usullarini egallashga, razmetka (belgilash) ishlarini mashq qilishga, o‘lchov grafik asboblari bilan ishlashni egallashga, turli masshtab munosabatlarini, kattalashtirish va kichiklashtirish masshtabini qo‘llashni o‘zlashtirishga yo‘llangan xususiyroq o‘quv vazifalari amalga oshirib boriladi. Bu o‘rinda o‘lchov grafik ishlarini bajarishda zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalar doirasini alohida qayd etish lozim.
Quyida ikkinchi sinf o‘quvchilarini namuna yo‘qligida narsaning rasmi bo‘yicha mehnat topshiriqlarini bajarishga o‘rgatish darsini bayon qilamiz.
Dars boshida o‘qituvchi „Mehnat“ darsligidan olingan o‘quvchilar yasashlari lozim bo‘lgan narsaning rasmi yoki plakatini doskaga osib qo‘yadi. Buyum rasmda natural kattaligida berilgan. Buyumning o‘quvchilar e’tibori qaratilishi lozim bo‘lgan qirrasi old tomoni hech qanday nuqsonsiz berilgan. Predmetning yon tomonidan ko‘rinadigan qirralari biroz buzilgan: enining (gorizontal yo‘nalishda) o‘lchami ikki marta kichraytirilgan. Bu narsani o‘qituvchi o‘quvchilarning rasmni ko‘rib chiqishlarini uyushtirishda nazarda tutishi lozim.
Buyum old tomonining qirrasi va shaklini, hajmini (kattaligini), qismlarning munosabatini, bezagini batafsil tahlil qilib, predmetning qolgan tomonlarini sanab o‘tish bilan cheklanish lozim, bunda ularning old tomonga o‘xshashligi aytib o‘tiladi, xolos.
O‘quvchilar rasmni tahlil qilar ekanlar, eng avvalo unda tasvirlangan predmet qanday qismlardan tarkib topganligini, ularning nomini, qismlarning sonini, ularning shaklini, kattaligini, bir-biri bilan qanday biriktirilganini, mazkur predmet qanday struktura xususiyatlariga ega ekanligini, qanday bezatilganligi va shu kabilarni aniqlashlari lozim.
Rasm avval o‘qituvchi rahbarligida tahlil qilinadi. O‘qituvchi tahlilning izchil borishini yo‘naltirib, uning to‘liq bo‘lishini kuzatib boradi, sinfga muvofiq keluvchi savollarni beradi. Shundan so‘ng u rasmdagi predmetni batafsil gapirib berish (analiz qilish)ni ikkinchi o‘quvchiga topshiradi.
Asta-sekin o‘quvchilar rasmni tahlil qilish yo‘llarini egallab borishlariga qarab o‘qituvchining o‘rni o‘zgaradi: savol beruvchi hamda o‘quvchilarning javoblarini faol yo‘naltirib turuvchi shaxsdan, u bu javoblarni idrok etuvchi, javoblarning to‘g‘riligini tekshiruvchi shaxsga aylanib boradi.
O‘quvchilar rasmni ko‘rib chiqar ekanlar, o‘qituvchi rahbarligida mazkur predmetni qanday qilib yoyish hamda qog‘ozga chizmaning yoyiq ko‘rinishida qanday joylashtirish mumkinligi masalasini hal qilishlari, predmetning yoyiq qismlari qaysi tomonga yo‘nalishini va qanday joylashishini aniqlashlari lozim.
Chizmaning yoyiq ko‘rinishini bajarishga kirishar ekanlar, o‘quvchilar avval o‘qituvchi rahbarligida, so‘ngra mustaqil tarzda dastlabki hisob kitoblarni qilishlari, buyumning o‘lchamini, uning eni va uzunligini aniqlashlari, daftarlariga buyumning avval asl o‘lchamini, so‘ngra masshtab o‘lchamini hisoblab yozishlari, chizma, yoyiq ko‘rinishini qog‘ozga qanday to‘g‘ri tushirishni hal etishlari lozim.
O‘quvchilar chizmaning yoyiq ko‘rinishi mustaqil bajaradigan hollarda o‘qituvchi ular qaysi reja asosida ishlamoqchi ekanliklarini, chizmani chizishning qaysi bosqichlaridan o‘tishlari lozimlignni so‘rashi lozim. Shuni nazarda tutish kerakki, chizmaning yoyiq ko‘rinishini tuzish jarayonida o‘quvchilar harakatlarning ma’lum izchilligini egallab olishlari, harakatlarni mustaqil bajaribgina qolmay, balki ularni tartibi bilan nomma-nom ayta bilishlari kerak.
Rasmni tahlil qilishning yuqorida bayon qilingan usullarini o‘z ichiga oluvchi chizmaning yoyiq ko‘rinishini tuzishning to‘liq rejasi quyidagichadir:
1. Buyumning barcha asl o‘lchamlarini aniqlash va yozish.
2. Mazkur holatda ishni bajarishning qaysi turini qo‘llash maqsadga muvofiqligini aniqlash.
3. Masshtab tanlash va uning shartli o‘lchamlarini yozish.
4. Chizmani daftarga qanday joylashtirish qulayligini aniqlash.
5. Buyumning eni va uzunligini belgilab, nuqtalar qo‘yish va ularni chiziqlar bilan birlashtirish.
6. Buyumning barcha qismlari chizmada qayerda joylashganini aniqlash.
7. Buyumning qismlari o‘zaro qanday birikishini ko‘rsatish.
8. Bukiladigan joylarni ingichka chiziq (shtrix) bilan ko‘rsatish, orasiga yopishtiriladigan (vkleyka) klapanlarni chizish.
9. Buyumning asl shakllarini qo‘yib chiqish.
Chizmaning yoyiq ko‘rinishini tuzish va uni tayyorlash rejasidagi so‘rovlar ishning har bir bosqichida amalga oshirilishi kerak. Harakatlar izchilligining sanab o‘tilishi o‘quvchilarga chizmaning to‘g‘ri tuzilishini nazorat qilishlariga va o‘z ishlarini baholashlariga yordam beradi.
Chizmaning yoyiq ko‘rinishini tayyorlashda o‘quvchilar harakatlar rejasini egallab olishlari va turli mehnat topshiriqlarini bajarishda uni mustaqil shakllantirishlari lozim.
Bu reja quyidagichadir:
1. Ish uchun qanday material (oq yoki rangli qog‘oz, karton, gazlama) kerakligini aniqlash.
2. Ish uchun kerakli asboblarni tayyorlash va ularni ish joyiga batartib joylashtirish.
3. Kerakli o‘lchamdagi tayyor mahsulotni tayyorlash.
4. Chizmani tayyor mahsulotga ko‘chirish.
5. Predmetni kontur bo‘yicha qirqish va barcha kerakli qismlarni bajarish.
6. Egiladigan joylarni chiziq bo‘yicha bukish.
7. Detallarni yig‘ib, ishning qanday chiqqanligini tekshirish.
8. Predmetning qaysi qismlarini bezash lozimligini aniqlash.
9. Predmetni yelimlash, agarda u bir necha detallardan iborat bo‘lsa yig‘ish jarayonini amalga oshirish.
Shuni qayd qilish lozimki, 2-sinfda bolalar ma’lum qoidalarga, ya’ni:
a) predmetning barcha o‘lchamlari tanlangan raqamga bo‘linishi kerak;
b) predmetning kichraytirilgan tasviri daftar sahifasiga sig‘ishi kerak;
d) chizmani chizish qulay bo‘lishi, ya’ni chizma o‘ta kichik bo‘lmasligi lozimligiga rioya qilib, kichraytirish yoki kattalashtirish masshtabini qo‘llashni o‘rganadigan maxsus darslar ajratilishi kerak.
Buning uchun bolalar yasashlari lozim bo‘lgan predmetning o‘lchamlari shunday tanlanishi kerakki, predmetning asl hajmidagi chizmasi daftar sahifasiga sig‘ishi yoki u predmetni yasash uchun juda mayda bo‘lmasligi lozim.
Bunday hollarda kattalashtirish yoki kichiklashtirish masshtabini qo‘llashni o‘quvchining o‘zi hal qilishi lozim.
Barcha o‘quvchilar birinchi navbatda predmetning barcha o‘lchamlarini masshtabning tanlangan ko‘rsatkichiga bo‘linishni hamda predmetning qanday shartli o‘lchamiga ega bo‘linganini, bunday chizmaning yoyiq ko‘rinishi daftarga sig‘ish sig‘masligini, uni qanday joylashtirish qulayligini o‘ta maydalashib ketgan ketmaganligi, chizmani chizish qulay yoki noqulayligi, bunday o‘lchamlar bo‘yicha predmetni yasashning qanchalik qulayligini, undan keyinchalik ham foydalanish mumkin yoki yo‘qligini tekshiradilar va yakuniy xulosani chiqaradilar.
Masshtab tanlanib, shartli o‘lchamlar yozilgach, o‘quvchilar chizmani tayyorlashga o‘tadilar. Bunda o‘qituvchi o‘quvchilar mustaqil ish jarayonida masshtabni qo‘llashni qay darajada egallaganliklarini tekshirish maqsadida sinfga savollar beradi.
Predmetni rasm bo‘yicha ishlashni, chizmaning yoyiq ko‘rinishini tayyorlash o‘rganish, masshtab bilan tanishganlaridan so‘ng ikkinchi sinf o‘quvchilari tayyor chizmaning yoyiq ko‘rinishini o‘qiy olishlari va shu chizmaga muvofiq keluvchi mehnat topshiriqlarini olishlari kerak.
Ikkinchi sinfda buyumlarni real obrazi yo‘qligida chizmaning yoyiq ko‘rinishi tasviriga ko‘ra, ya’ni o‘quvchilarning o‘zlari tuzmay, balki chizma asosida yasash amalga oshiriladi.
Tayyor chizma bo‘yicha narsalarni yasashni o‘rgatishda dars odatda shu chizmani ko‘rib chiqishdan boshlanadi. O‘quvchilarga yasaladigan narsaning nomi, chizmada predmet konturining chiziqlari qayerdan o‘tganligi, predmetning qirralari qayerda ifodalanganligi, ularning shakli va kattaligi, o‘zaro qanday biriktirilganligi aytilib predmetning umuman va har bir qismining alohida o‘lchamlari aniqlanadi. Qismlarni bir butun qilib biriktirish usullari, chizmada birlashtirishning bu usullari qanday ifodalanganligi, aniqlanadi. Chizmaning tahlili jarayonida montaj (yig‘ish) jarayonlari ham aytib o‘tiladi. O‘quvchilar masshtabni qo‘llab chizmani daftarga ko‘chirishlari, so‘ngra predmetni shu chizma asosida yasashga o‘tishlari lozim.
So‘rash vaqtida o‘qituvchi o‘quvchilarga tayyorlash jarayonini eslatuvchi savollarni beradi. 1) Predmetni qanday tasavvur qilasiz? 2) Chizma qaysi reja asosida bajariladi? 3) Predmet qanday tayyorlanadi?
Mustaqil ish davomida o‘qituvchi topshiriqni bajarishda tashabbus, mustaqillikni namoyon qilayotgan bolalarni rag‘batlantirib borishi kerak. Dars oxirida yakun chiqariladi.
Tabiiyki, predmetlarni hech qanday ko‘rgazmali tayanchsiz (predmetning o‘zisiz yoki uning grafik tasvirisiz) faqat og‘zaki bayon asosida tayyorlash boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga qiyinlik qiladi. Biroq agarda bolalar bilan rasm, chizmaning yoyish ko‘rinishi bo‘yicha bir qator ishlar o‘tkazilsa, ularda mehnat mahsulotini tasavvur qilish ko‘nikmasi shunchalik rivojlanadiki, natijada ular topshiriqni, masalan, qush uyasining maketi, donxo‘rak maketi, o‘yinchoq parashyutlar, pochta qutisining maketini tasvir asosida bemalol bajara oladilar.
Yasash uchun predmetlarni tanlashda o‘qituvchi o‘quvchilarning mehnat topshiriqlarini og‘zaki tasvir asosida bajarishdan predmet namunasi yoki uning grafik tasviriga asoslanib bajarishga o‘tishlarini osonlashtirishni nazarda tutishi kerak. Xuddi mana shuning uchun dastlabki darslarda o‘quvchilar uchun yaxshi tanish bo‘lgan predmetlarni yasash ishlari (to‘g‘ri burchak shaklidagi korobkalar) amalga oshirilishi lozim. Bunday hollarda yasaladigan predmetni tanishtirish unchalik qiyinlik qilmaydi, o‘quvchilar predmetning nomi aytilishi va uning struktura xususiyatlari, shuningdek, o‘lchamlari hamda boshqa xususiyatlarining og‘zaki bayon qilinishi bilanoq oson faollashadi.
Bunday hollarda o‘quvchilardan mavjud tasavvurlarini ko‘proq darajada faollashtirish, obyekt obrazini faqat og‘zaki tasvir bo‘yicha yaratish va texnik ma’lumotlarini ko‘rsatishdan ko‘ra o‘zlariga tanish predmetga qo‘shimchalar va aniqliklar kiritish talab qilinadi.
Bunday darslar bir necha marta o‘tkazilgach, o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining tanish predmetlarni yasash topshiriqlarini uddalashlariga ishonch hosil qilgach, yangi predmetlarni yasashni amalda bajarishga kirishadi.
Masalan, predmetning og‘zaki tasviri dars boshida beriladi. O‘qituvchi yasaladigan predmetning nomini aytib, uning xususiyatlarini batafsil bayon qilib, shunday topshiriq beradi: daftarcha chizmaning yoyiq ko‘rinishi va predmetni rangli qog‘oz yoki kartondan yasash. Og‘zaki tasvirlashda avval qanday predmetni yasash lozimligi, u nimaga mo‘ljallanganligi, qanday qismlardan tashkil topganligi, qanday ishlatilishi aytiladi, so‘ngra predmetning barcha qismlari sanab o‘tiladi. Keyin ularning shakli, kattaligi biriktirish usullari tushuntiriladi.
Ba’zan darslarda tasvirlashni iloji boricha qisqartirib, o‘quvchilarni ko‘proq jalb qilish lozim, bunda o‘qituvchi savollar beradi, o‘quvchilar javob qaytaradilar.
Keyinchalik o‘qitish davomida topshiriqning ikki turini sinab ko‘rish kerak, ba’zi hollarda o‘qituvchi ish mavzusini aytishi va predmetni og‘zaki bayon qilishi, o‘quvchi bajarishi lozim bo‘lgan talablarni ko‘rsatishi lozim. Bu mehnat topshiriqlarini bajarish sharoitlarini mustaqil konstruktorlik texnik masalalarni yechish sharoitlariga yaqinlashtirish uchun zarurdir.
Yangi materialni og‘zaki tushuntirish metodi bo‘yicha shunday topshiriqlarni o‘tkazish mumkinki, unda yasashga mo‘ljallangan predmetning nomi o‘quvchilarga aytilmaydi, ularga faqat qoniqtirishlari lozim bo‘lgan talablar og‘zaki ko‘rsatilib, qanday predmetni yasashlari o‘quvchilarning o‘zlariga havola qilinadi. Shundan so‘ng o‘quvchilar chizmaning yoyiq ko‘rinishi bilan predmetni tayyorlashga kirishadilar.
Shunga ko‘ra o‘quvchilar oldiga bir qator vazifalar qo‘yiladi, masalan:
a) berilgan shartlarga ko‘ra qanday predmetni (qanday hajmda va kattalikda) yasashlarini aniqlash; b) o‘ylagan predmetning chizmaning yoyiq ko‘rinishini tuzish, uning o‘lchamlarini, kerak bo‘lsa masshtabni qo‘llab, predmetni o‘ylab qo‘ygan fikri va chizmasiga muvofiq tarzda rangli qog‘ozga qanday tushirish maqsadga muvofiq ekanligini hal etgan holda daftarga yozish.
O‘quvchilar predmetlarni rasm, chizmaning yoyiq ko‘rinishi, og‘zaki tasvir yoki berilgan talablar bo‘yicha tayyorlashga o‘rganayotgan vaqtlarida bir necha darslarni uyushtirish kerakki, unda o‘quvchilar buyumning predmet namunasiga tayangan holda chizmaning yoyiq ko‘rinishini mustaqil tuzish imkoniga ega bo‘lsinlar.
Bunday hollarda o‘quvchilar oldiga ikki topshiriq qo‘yiladi: a) chizmani predmetning tahlili asosida chizish; b) qog‘ozdan chizmaga muvofiq predmetni tayyorlash.
Dars boshida o‘qituvchi tabiiy materialdan (qamish, somon), jihozlangan tayyor uychani ko‘rsatadi. Shundan so‘ng har bir o‘quvchi predmetning tuzilishi va tayyorlanishi nuqtayi nazaridan mustaqil tahlil asosida ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng o‘qituvchi uychaning o‘quvchilar aytib turgan o‘lchamlarini doskaga yozadi. Uycha chizmaning yoyiq ko‘rinishi masshtab qo‘llanmasa daftarga sig‘may qolishi mumkin. Bu o‘rinda barcha o‘quvchilar masshtablar orqali shartli o‘lchamlarni yozishlari kerak. O‘quvchilar masshtabni qanchalik to‘g‘ri tanlaganliklarini aniqlash maqsadida ularga o‘qituvchi savollar beradi.
O‘qituvchi: Nima uchun predmetni yasashda masshtab ishlatish zarur bo‘lib qoldi?
O‘quvchi: Chizmoqchi bo‘lgan chizmam qog‘ozga sig‘may qoldi, demak, bu ishda masshtabni tanlash kerak degan xulosaga keldim. Eniga ko‘ra shartli hajm 12 sm. Bu 1—10—1 sm. Demak, 1 dan 2 masshtab to‘g‘ri kelar ekan. Hammasi 2 ga bo‘linsa, shundagina chizma daftarga sig‘adi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar chizmaning yoyiq ko‘rinishini chizishga mustaqil kirishadilar.
O‘qituvchi chizmaning yoyiq ko‘rinishini tayyorlash bo‘yicha savollar beradi. Masalan:
O‘qituvchi: Chizmani qanday chizmoqchisan?
O‘quvchi: Shartlarning o‘lchami aniq. Eniga 12 sm, bo‘yiga 16 sm to‘g‘ri burchak yasab, so‘ngra o‘lchamlarini yozaman. Barcha qismlar: devorlar, tom, deraza, eshiklarning o‘lchami yordamchi chiziqlar asosida aniqlanadi.
Topshiriq: bajarib bo‘lingach, o‘qituvchi o‘quvchilardan topshiriqni qanday bajarganliklarini gapirib berishlarini so‘raydi.
Savollar
1. Boshlang‘ich sinflarda qanday ish turlari o‘rgatiladi?
2. Sinflar bo‘yicha mavzular tanlaganda nimalarga e’tibor berish zarur?
3. Boshlang‘ich sinf mehnat mazmuni qaysilardan iborat?
4. Mehnat ta’limi darslaridan ta’lim tarbiyaviy masalalar qanday mashg‘ulot turlarida olib boriladi?
Topshiriqlar
1. DTSdan foydalanib boshlang‘ich sinf mehnat dasturini tahlil qiling.
2. Sinflar bo‘yicha mehnat mazmuninining farqini izohlang.