Электронная библиотека » Р. Мавлонова » » онлайн чтение - страница 9


  • Текст добавлен: 27 апреля 2024, 21:40


Автор книги: Р. Мавлонова


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 9 страниц)

Шрифт:
- 100% +

VIII bob. O‘QUVCHILARNING BILIM, KO‘NIKMA VA MALAKALARINI TEKSHIRISH VA BAHOLASH

REJA:

1. Bilimlarni tekshirish, baholashning ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyati.

2. Bilimlarni tekshirishga qo‘yiladigan talablar.

3. Bilimlarni tekshirish metodlari.

4. Bilimlarni tekshirish turlari va usullari.

8.1.Bilimlarni tekshirish va baholashning tarbiyaviy va ta’limiy ahamiyati

O‘quvchilar maktabda tabiat va jamiyat haqidagi bilimlarni har tomonlama egallash orqali turmushga, mustaqil hayotga tayyorlanadilar va ma’lumotli kishilar bo‘lib yetishadilar. O‘zlashtirilgan bilimlarning, o‘quv materialining qanday egallaganligini bilish o‘qituvchi uchun ham, o‘quvchi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda o‘qituvchi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini o‘z vaqtida tekshiradi, hisobga oladi va baholab beradi.

Bilim, ko‘nikma va malakalarni tekshirish va baholash o‘quv jarayonining eng muhim va zaruriy qismlaridan bo‘lib, u 3 asosiy vazifani bajaradi:

a) bolalar tomonidan o‘zlashtirilayotgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalarni nazorat qilish;

b) bilimlarning sifatini aniqlash;

d) o‘quv dasturida belgilangan materiallarni ongli, izchil va mustahkam o‘zlashtirib olishga undash.

Bu masalalar ta’ limiy ahamiyatga molikdir. Bilim, ko‘nikma va malakalarni tekshirish va baholash jarayonida o‘quvchilar o‘qishga ongli munosabatda bolishga, izchil ishlashga, ongli intizomga, qiyinchiliklarni yengish, o‘zida irodaviy sifatlarni o‘stirishga, o‘ziga hamda boshqalarga nisbatan talabchan bo‘lishga o‘rgatib boradi. Bu masalalar esa katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

O‘quvchilar bilimini tekshirish bolalar tomonidan o‘zlashtirilgan bilimning sifatini aniqlash, ularni o‘quv dasturida belgilangan materiallarni izchil va puxta o‘zlashtirib olishga da’vat etish vositasidir. O‘qituvchi bilimlarni tekshirish orqali o‘quvchining o‘quv materialini qanday idrok etib tushunganligini, qanday fikr yuritayotganligini, dasturda belgilangan o‘quv materiallarini qay darajada o‘zlashtirib olganligini aniqlaydi hamda keyingi o‘quv materiallarini o‘rganish, ta’lim sifatini yaxshilash yo‘llarini belgilaydi. Shu bilan birga o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirishini o‘rganish va tekshirish ularning o‘qishga bo‘lgan munosabatini, tirishqoqligini, o‘ziga talabchanligini, bilimga, fanga bo‘lgan qiziqishini bilishga imkon beradi. Shuningdek, bolalaming xotirasi, bilish qobiliyatining qay darajada o‘sganligi, ularning mustaqil ishlashga ko‘nikma va malakalarni qay darajada egallaganliklari aniqlanadi. Tekshirish vaqtida o‘quv materiallari esga olinadi va o‘quvchilarni sezish, idrok qilish, fikrlash qobiliyatlari ham o‘sib boradi. Bu jarayonda o‘quvchilar keng fikr yuritishga, o‘quv materiallarini asoslashga mulohaza yuritish, isbotlashga o‘rganadilar.

O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirishning yana bir muhim tomoni shundaki, ana shu jarayonda o‘quvchilarning bilimlari va bajargan ishlaridagi kamchiliklar sezilib qoladi va nihoyat mazkur kamchiliklarning sabablari aniqlanadi, kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanadi.

Bilimni tekshirish va baholash darsning barcha qismlariga singib ketadi. Shunday ekan, u o‘quvchi bilimidagi kamchiliklarni toldirishga, o‘rganilayotgan masalaning asl mohiyatini anglashga yordam beradi va o‘rganilayotgan materialni tushunishga keng imkoniyat yaratadi.

O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirish va baholash jarayonida o‘qituvchi ayrim o‘quvchilarga va butun sinf jamoasiga izchil ta’sir etadi, individual ishni sinf jamoasi ishi bilan qo‘shib olib boradi. Tajribali o‘qituvchilar o‘quvchi bilimini baholash jarayonida sinf jamoasi fikriga suyanadilar va o‘quvchilarga tarbiyaviy ta’sir etadilar. Bunda o‘qituvchi sinf o‘quvchilari diqqatini faollashtiradi, o‘rtoqlarining javobiga mas’uliyat bilan qarashga o‘rgatadi, shuningdek o‘z bilimlarini mustahkamlashga, o‘z bilimiga tanqidiy qarashga odatlantiradi. Bu esa o‘quvchini o‘z vaqtida vijdonli, rostgo‘y bo‘lishga o‘rgatadi.

O‘qituvchi bilimga baho qo‘yish vaqtida o‘quvchining materialni o‘zlashtirish saviyasi, bola tafakkurining o‘sish darajasi, zehnining rivojlanishi kabi xususiyatlarni hisobga oladi: o‘quvchilarning ishlash sur’ati, qobiliyati, o‘qishga ishtiyoqi, nutqning o‘sish darajasi o‘rganiladi. Shuningdek, ayrim o‘quvchilarda uchraydigan qo‘rqoqlik, uyatchanlik, tortinchoqlik, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish, ishonmaslik, shoshqaloqlik, kamgaplik kabi xususiyatlari bartaraf etiladi. Buning natijasida ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyatining uyg‘unligi ta’minlanadi.

Bilimlarni, ko‘nikma va malakalarni tekshirish va baholashning tarbiyaviy ahamiyati shundaki, bunda o‘quvchilarda o‘qishga, o‘z yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklariga nisbatan munosabat shakllanadi, qiyinchiliklarni yengish istagi tug‘iladi. Baho unda hamisha o‘quvchi sifatida, shaxs sifatida o‘ziga nisbatan muayyan bir munosabatni hosil qiladi, o‘quvchining o‘ziga nisbatan bu munosabatni, bu tuyg‘ularni o‘qituvchi uning xatti-harakatlaridagi irodalilik, jamoatchilik, o‘zaro bir-biriga yordam berish kabi sifatlarini shakllantirish borasida ustalik bilan ishlatadi.

O‘quvchi o‘rtoqlarining, ota-onalarining unga, uning maktablardagi yutuqlariga va muvaffaqiyatsizliklarga munosabatiga hech qachon befarq bo‘lib qolmaydi. Uning bilimlariga berilgan, kundalik daftariga qo‘yilgan baholar ushbu munosabatni belgilaydi. Mana shuning uchun ham maqtov, ma’qullash, tanbeh berish, yaxshi yoki yomon baho qo‘yish o‘quvchi shaxsining fazilatlarini, uning tengdoshlari jamoasida va katta yoshdagilar orasidagi mavqeyini shakllantiradi. Bu ayniqsa, o‘smirlar orasida katta ahamiyatga egadir. Kimki bilimlarni tekshirish va baholashning tarbiyaviy ahamiyatini to‘g‘ri qo‘llay bilsa, har bir o‘quvchi oldida o‘qish sohasida qulay istiqbollarni ochib beradi.

Bilimlarni tekshirish va baholash davlat ahamiyatiga egadir. Ta’lim muassasalari o‘quv faoliyatini tekshirish natijalariga, maktab o‘quvchilari olgan bilimlar, malaka va ko‘nikmalarning bahosiga binoan maktablar, o‘qituvchilar jamoalarining ishi haqida, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi haqida xulosa chiqaradilar.

8.2. Bilimlarni tekshirishga qo‘yiladigan talablar

Bilimlarni tekshirish va baholash muayyan, didaktik talablarga javob berishi kerak.

Tekshirish va nazorat qilish izchil, doimiy tarzda bo‘lishi shart. Bu talabga rioya etilmasa, o‘quvchilarning o‘qishga nisbatan munosabati yomonlashadi, bilimlarning sifatiga salbiy ta’sir qiladi.

Maktab o‘quvchilari darsga har kuni tayyorlanib borishlari kerak. O‘quvchilarni doimiy ravishda nazorat qilib tekshirish shunga majbur etadi.

Bilimlarni baholash individual xarakterga egadir. Har bir o‘quvchi uning bilimlari, ko‘nikma va malakalari baholanayotganini tushunishi kerak. Uning o‘rtoqlaridan birortasi ham u bilan na yaxshi, na yomon bahoni baham ko‘ra olmaydi. O‘qituvchining savollariga va vazifalariga javob berishga tayyorgarlik holati bilimlarni tekshirish va baholash, o‘quv jarayonining muhim bir bo‘lagiga aylangan.

Maktab o‘quvchilarining bilimlari, ko‘nikma va malaklari davlat o‘quv dasturlarining bajarilishi nuqtayi nazaridan tekshiriladi va baholanadi. Dasturlar mazmunini o‘zlashtirish sifati-bilimlarni baholashda asosiy mezondir. O‘qituvchi o‘quvchining qanday qo‘shimcha bilimlarga ega ekanligini, qanday qo‘shimcha adabiyotlarni o‘qishini bilishi kerak, ammo buning uchun baho qo‘ymaslik kerak. Maslahatlar, tavsiyalar, yo‘riqnomalar bilan yordam berishning o‘zi kifoya qiladi. Maktab o‘quvchilarining nazariy va faktik materialni o‘zlashtirib olganliklarini tekshirish chog‘ida olinayotgan bilimlar o‘quvchilarning umumiy va aqliy jihatdan rivojlanishiga, shaxsiy fazilatlarning shakllanishiga, maktab o‘quvchisining o‘qishga munosabatiga ta’sirini ko‘ra bilish kerak. Bilimlarni tekshirish o‘qituvchi maktab o‘quvchisining rivojlanish jarayonini, shaxsning aqliy, axloqiy, emotsional va irodaviy fazilatlarining shakllanish jarayonini ko‘z oldiga keltirishga yordam beradi. O‘qituvchi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirish va baholashda juda adolatli, haqqoniy bo‘lishi lozim. Bu hol o‘z navbatida o‘quvchi shaxsiga ijobiy va tarbiyaviy ta’sir etadi. Har qanday adolatsizlik, o‘qituvchining bilimiga baho qo‘yishdagi xatosi o‘quvchilarga salbiy ta’sir etadi, ularda o‘z kuchiga ishonchni yo‘qotadi, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndiradi. Oqibatda o‘qituvchining tarbiyaviy ta’siriga putur yetadi.

O‘qituvchi o‘quvchining bilimini har qanday holda ham to‘g‘ri baholashi kerak. Faqat o‘ylab, haqqoniy qo‘yilgan bahogina o‘quvchilarga ijobiy ta’sir etadi, ularni ma’naviy qanoatlantiradi. O‘qituvchining sinfdagi xatti-harakati, savolning o‘ylangan bo‘lishi va to‘g‘ri qo‘yilishi, bilimni tekshirish va baholashda qulay vaziyat yaratilishi bahoning tarbiyaviy ta’sirini kuchaytiradi. O‘qituvchi bilim, ko‘nikma va malakalarni tekshirish va baholashda o‘quvchi javobini tahlil qilib boradi va javoblar yuzasidan o‘z mulohazalarini aytadi. O‘quvchi javob berayotganida qanday xato, kamchiliklarga qo‘yganini ko‘pincha uning o‘zi sezmaydi. Bunday holda o‘qituvchi o‘quvchining javobini qisqacha tahlil qilib berishi talab etiladi. Shunda o‘qituvchi qo‘ygan bahoning to‘g‘riligiga o‘quvchida shubha qolmaydi. O‘quvchi o‘z bilimida qanday yutuq yoki kamchilik borligini, nima uchun uning bahosi oshirilgani yoki pasaytirilganini anglagandagina qo‘yilgan baho rag‘batlantiruvchi rol o‘ynashi mumkin. O‘quvchi o‘z xatosini tushungandagina uni to‘g‘rilashga ongli ravishda intiladi.

O‘qituvchi o‘quvchi bilimini ball bilan baholar ekan, erishgan yutug‘i uchun rag‘batlantiradi, yo‘l qo‘ygan xato kamchiliklarini qanday bartaraf etish yo‘llarini, dars tayyorlash vaqtida asosiy e’tiborni nimalarga qaratish kerakligini ko‘rsatadi. Bunday asoslash o‘quvchining bundan keyingi faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi.

8.3. O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirishning quyidagi turlari mavjud: kundalik tekshirish, mavzu bo‘yicha tekshirish va yakuniy tekshirish
Kundalik tekshirish

Kundalik tekshirish maktablarimizda o‘quvchilar bilimini hisobga olishda ko‘p qo‘llaniladigan tekshirish turidir. Bu bilan o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirish, ularni o‘qishdagi muvaffaqiyati to‘g‘risida dastlabki tasavvur hosil qilinadi. O‘qituvchi o‘quvchilarning darsga tayyorgarligini, yangi materialni o‘zlashtirishini har darsda tekshirib boradi. Yangi materialni o‘zlashtirishini esa butun dars davomida kuzatib boradi. Kundalik tekshirish o‘qituvchi tomonidan rejali va izchil olib borilishi lozim. Bunda o‘tilayotgan materialning xarakteri, o‘quvchilarning bilim darajasi va individual xususiyatlari hisobga olinadi. Kundalik tekshirish o‘rganilgan o‘quv materiali o‘quvchilar tomonidan qanday o‘zlashtirilganini ko‘rish, o‘quvchi bilimidagi kamchiliklarni aniqlash va bu kamchiliklarni tugatish yo‘llarini belgilash imkonini beradi. Kundalik tekshirish o‘quvchilarni o‘z ustida izchil ishlashga, puxta o‘zlashtirishga, mustaqillikka odatlantiradi, shuningdek, tirishqoq, uyushqoq bo‘lish, javobgarlikni sezish kabi axloqiy sifatlarni shakllantiradi.

O‘qituvchi kundalik hisobga olishning yakunini, ya’ni o‘quvchilar bilimidagi yutuq va kamchiliklarni, kundalik o‘zlashtirishini, baholarini sinf jurnali va o‘zining kundalik daftariga yozib boradi. Mazkur baholar keyinchalik choraklik va yarim yillik yakunlarni chiqarishga asos bo‘ladi.

Bu esa o‘quvchilar bilimiga qo‘yiladigan baholarning aniq, to‘g‘ri va obyektiv bo‘lishini ta’minlaydi. Darsda kundalik tekshirishning asosiy ko‘rinishi o‘quvchilardan frontal va individual so‘rashdir.

Demak, kundalik tekshirish jarayonida o‘quvchilar bilimini hisobga olish bilan birga, ularga yangi bilimlar berish hamda ularda malaka va ko‘nikmalar hosil qilish ham nazarda tutiladi.

Mavzu bo‘yicha tekshirish

Mavzu bo‘yicha tekshirish dastur materialining bir bo‘lim, bob, paragraf, katta mavzu yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan bir necha kichik mavzular yuzasidan o‘quvchilarning bilim sifati qandayligini aniqlashdir. Ona tili, matematika kabi fanlar bo‘yicha o‘quvchilar bilimini mavzu bo‘yicha tekshirish nazorat ishi, yozma ish olish shaklida o‘tkaziladi. Mavzu bo‘yicha tekshirishda ilgari o‘tilgan mavzular yuzasidan olingan savollar va topshiriqlardan foydalanish mumkin. Bilimlarni ana shunday tekshirish natijasida o‘quvchilar bilimi har tomonlama hisobga olinadi, ularning bilimlarini qay darajada o‘zlashtirib olganliklari aniqlanadi. Takroriy-umumlashtiruvchi darslar mavzu bo‘yicha tekshirishning zaruriy shaklidir. Unda o‘tilgan mavzular bo‘yicha xulosalar chiqariladi va bilimlar tizimga solinadi.

Yakuniy tekshirish

Yakuniy tekshirishda o‘quvchilarning bir necha hafta, chorak, yarim yil, yillik va shuningdek bir necha yillik bilimlari hisobga olinadi. Bunday tekshirishda ma’lum vaqtda o‘zlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalarni hisobga olish ko‘zda tutiladi. Masalan, kursning asosiy masalalarini esga tushirish, o‘tilgan materialni qisqacha tavsif qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bunday tekshirishda o‘quvchilar nimani takrorlash va qanday takrorlash haqida to‘liq ma’lumot oladilar. Yakuniy tekshirishning vazifasi o‘quvchilarning ma’lum davrlardagi bilimini esga olish, qayta tiklash va sistemaga solishdir. Yakuniy tekshirishda bilimlar mustahkamlanadi, malaka va ko‘nikmalar hosil bo‘ladi. Shuningdek, bilim, ko‘nikma va malakalar umumlashtiriladi. Bu tekshirishlar imtihon tusini oladi. Tekshirishning bu turlari og‘zaki ko‘rinishda va yozma nazorat ishlarda, amaliy mashg‘ulotlarda, maxsus topshiriqlani bajarishda qo‘llaniladi. Bu o‘quvchilar bilimlarning sifatini, aqliy rivojini va ularning bundan keyingi o‘qishga tayyorgarlik darajasini chuqur o‘rganish imkonini beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. I.A. Karimov. „Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori“ – T.: „Sharq“, 1997.

2. O‘zbekiston Respublikasining „Ta’lim to‘g‘risida“gi qonuni. „Ma’rifat”, 1997-yil 30-sentabr.

3. Pedagogika. A. K. Munavvarov tahriri ostida T.: „O‘qituvchi“, 1996.

4. R. Mavlonova va boshqalar. Mehnat ta’limi metodiaksi.

5. „Barkamol avlod yili Davlat dasturi“. – T., 2010.

6. „Ta’lim to‘g‘risidagi qonun“. T.: Sharq, 1997.

7. Kadrlash tayyorlash Milliy dasturi. – T.: Sharq, 1997.

8. R.A. Mavlonova, Taroxova, O.Ogluzdina „Mehnat ta’lim metodiaksi“ T.: „O‘qituvchi“, 1986.

9. R. A. Mavlonova, O.T. To‘rayeva, K. Xoliqberdiyev. „Pedagogika”. T.: „O‘qituvchi“, 2008.

10. Y. Rasulova, O.Nurmatova. Pedagogika fanidan qo‘llanma. „Voris“. Nashriyot: T.: 2002.

11. Y. Rasulova. „Didaktika“ T.: 2002.

12. X.R Sanakulov, M.Xaydarov. Boshlang‘ich sinflarda qog‘ozdan amaliy ishlar – T.: 1996.

13. R.A.Mavlonova, X.R.Sanakulov, D.P.Xodiyeva. „Mehnat va uni o‘qitish metodiaksi”. – T.: Nizomiy TDPU, 2007.

14. A. Pereverten. O‘quvchilardan ijodkorlikni shakllantirish. – T. „O‘qituvchi“, 1992.

15. K. Sultonova. „Badiiy mehnat“. 1– sinf. – T.: O‘qituvchi, 1995.

16. X. Egamov. „O‘zingiz quring va yasang“. 1-sinf uchun. —T.: „O‘qituvchi“, 1998.

17. X. Egamov. „O‘zingiz quring va yasang”. 2-sinf uchun. —T.: „O‘qituvchi“, 1999.

18. M.M. Shmulyevich. „Qog‘ozdan texnik modellar yasash“. – T.: „O‘qituvchi“, 1989.

19. M.M.Shmulyevich. „Qog‘oz va kartondan figuralar yasash“. —T.: „O‘qituvchi“, 1994.

20. X. R. Sanakulov, M. Xaydarov. „Boshlang‘ich sinflarda mehnat fanidan amaliy ishlar”. – T.: 1994.

21. R. Mavlonova va M. Satbayeva. „O‘quv ustaxonasida amaliy mashg‘ulot“ T.: 2010.

22. Подласий И.Ф. Педагогика – M: „Владос“ 1999.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации