Электронная библиотека » Р. Мавлонова » » онлайн чтение - страница 1


  • Текст добавлен: 27 апреля 2024, 21:40


Автор книги: Р. Мавлонова


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 9 страниц) [доступный отрывок для чтения: 2 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Mavlonova R.A., Satbayeva M.T.
Mehnat o‘qitish metodikasi: mehnat faoliyatini va darslarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv metodikasi

Har qanday millatning ravnaqi, umum-bashariyat tarixida tutgan o‘rni, mavqeyi va shuhrati bevosita o‘z farzadlarining aqliy va jismoniy yetuklikligiga bog‘liqdir.

I.A.Karimov.


KIRISH

„Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun“ va „Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi“ ta’lim sohasidagi siyosatimizni belgilab berdi.

Bu qonunlar mustaqil, har tomonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari, iymon-e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat, do‘stlik, sadoqatlilik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarini shakllantirish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: „Har bir insonning, ayniqsa endigina hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o‘rtaga qo‘yilgan maqsadga erishishi o‘zlariga bog‘liq ekanligini, ya’ni bu narsalar ularning sobit qadam, g‘ayrat, shijoatlariga, to‘la-to‘kis fidokorligi va cheksiz mehnatsevarliklariga bog‘liq ekanligini anglab yetishlari kerak.

Prezidentimiz tomonidan 2010-yil yilni „Barkamol avlod yili“ deb nomlanishi bejiz emas. „Barkamol avlod“ Davlat dasturida har tomonlama, yetuk va barkamol jihatdan tarbiyalangan: jismoniy, estetik, mehnat, ahloqiy, aqliy yosh avlodni tarbiyalab kelajakda kasbga yo‘llash ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maktabgacha tarbiya, maktab va akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari, ustoz va murabbiylarining oldiga ulkan ishlarni amalga oshirishdek mas’ulyatli vazifalar qo‘yadi.

Yuqorida qayd etilganlarni amalga oshirish maqsadida pedagogika kollejlari o‘quvchi va o‘qituvchilarning yosh avlodga mehnat tarbiyasi, kasb tanlash sirlarini o‘rgatish maqsadida „Mehnat o‘qitish metodikasi“ deb nomlangan o‘quv qo‘llanmani tavsiya qilmoqdamiz.

Mazkur o‘quv qo‘llanmada kollej o‘qituvchilariga metodik yordam sifatida mehnat o‘qitish metodikasi, DTS, o‘quv dasturi hamda mehnatni o‘qitish, uning maqsad vazifalari, o‘qitish usullari, dars tiplari, dars va unga qo‘yiladigan talablar hamda boshlang‘ich sinflarda o‘tiladigan mehnat darsi ishlanmalari va ko‘rgazmalaridan foydalanish usullari ko‘rsatilgan. Ilovada ish turlaridan namunalar kiritilgan.

Ushbu o‘quv qo‘llanmani tayyorlashdan asosiy maqsad hozirgi kunda pedagogika kollejlari o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun mehnat metodikasi fanidan o‘quv qo‘llanma va darsliklar yetishmaydi.

Shuning uchun ushbu o‘quv qo‘llanma e’tiboringizga havola etilmoqda. Darhaqiqat har bir o‘sib kelayotgan yosh avlod kelajakda «Mehnat, mehnatning tagi rohat», «Mehnat qilib topganing, qandu asal totganing» kabi hikmatli so‘zlarga rioya qilib, hayotda o‘zlari sevgan kasb egalari bo‘lib etishadilar va O‘zbekistonimizning ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shadilar degan umiddamiz.

I bob. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA MEHNAT TA’LIMI VA TARBIYASINING MAQSAD VA VAZIFALARI

REJA:

1. Меhnat o‘qitish metodikasi fanining maqsadi.

2. Mehnat o‘qitish metodikasi fanining vazifalari.

3. Mehnat ta’limi ixtisoslashtiruvchi o‘quv fanlaridan biridir.

4. Mehnat ta’limi metodikasi pedagogikaning tarmog‘i.

Mustaqil, har tamonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari iymon, e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat do‘stlik, sadoqatlik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarni shakllantirish zarur.

Buyuk allomalarimiz qilgan og‘zaki va yozma ijodiyot avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan iymon, e’tiqod sirlarining nazariy va amaliy jihatdagi bilimlar bilan yoshlarni qurollantirish lozim.

Kichik sinf o‘quvchilarini qo‘l mehnatiga o‘rgatishning asosiy maqsadi, boshlang‘ich mehnat elementlari bosqichlarini, ya’ni bajariladigan ishlarning oddiy elementlari (qog‘ozlarni buklash, qirqish, yelimlash, geometrik shakllarni yasash, applikatsiya ishlari)ni yasash bilan boshlaydilar.

Undan tashqari qo‘l mehnatiga o‘rgatishda „Tikish va bichish”, „Pazandachilik”, „Plastilin bilan ishlash”, „Qog‘oz va karton bilan ishlash”, „Applikatsiya va mozaika ishlari“ turlari bilan bosqichma-bosqich tanishib boradilar. Har bitta bo‘lim o‘quvchilarni hayotga mustaqil qilib tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.

Yaratilgan mehnat natijalari o‘ziga va yon atrofdagilariga foydasi tegishini ko‘rgan o‘quvchi mehnatni asrab-avaylashga va mehnat kishilarining mehnat natijalarini ham hurmat-izzat qilishga o‘rganadi.

Topshirilgan ishga mas’uliyat hissini va mehnatdagi intizomni tarbiyalash, o‘qitishni ishlab chiqarish bilan birga olib borilishi, salomatlik va yosh uchun foydali, jamiyat uchun kerakli mehnat izchilligini amalga oshiradi.

Boshlang‘ich maktablarda Mehnat ta’limi va tarbiyasining asosiy vazifalari o‘quvchilarni mehnatga tayyorlash, o‘qitish va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida kasb tanlash izchilligini takomillashtirish, davlat ta’lim standartlari talabi bo‘yicha tarbiyalash hamda o‘quvchilarni kasb-hunar egasi bo‘lib yetkazishda nazariy va amaliy bilim berishlardan tashkil topgan.

Mehnat madaniyatini tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘gri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlarini me’yori va sifatiga, ish ko‘rsatkichini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat narsani chiroyli qilib bezashga talab qilib borish kerak.

Kerakli material va asboblari bilan yetarli ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatini shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi, biri qaychisini, ikkinchisi qog‘ozini olib kelmasdan mashg‘ulotlarga qatnashish, ish qilayotgan o‘rtog‘idan narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘quvchi dars boshlashdan oldin guruh sardorlari yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rish lozim. Biroq har qanday holatda ham o‘quvchini uyga jo‘natmaslik yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmaslik kerak.

Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatning aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llash talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.

Mehnat ta’limi u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibda va harakatlar izchilligiga rioya qilish kerakligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.

Maktabdagi mehnat tarbiyasi va ta’limining maqsadi mehnatga muhabbat va mehnat ahliga hurmat tuyg‘usini singdirishdan; o‘qish va ijtimoiy foydali ish jarayonida ularda mehnat ko‘nikmalari va mahoratini hosil qilishdan; ongli ravishda kasb tanlashga va boshlang‘ich hunar ta’limini olishga undashdan iborat. Mehnat ta’limi va kasbga tayyorlash vazifalari boshlang‘ich maktabda butun ta’lim-tarbiya mavzusi hamda barcha o‘quv predmetlari yordamida hal etiladi. Bu o‘rinda mehnat darslari yetakchi rol o‘ynaydi.

Maktabda muntazam mehnat ta’limining boshlang‘ich bosqichi boshlang‘ich sinflardagi mehnat darslari hamda kichik maktab yoshidagi bolalarning qo‘lidan keladigan ijtimoiy foydali ishdir.

Boshlang‘ich maktabdagi mehnat ta’limining asosiy vazifalari tarbiyaning maqsad va vazifalari tomonidan belgilanib, u mehnatga axloqiy va psixologik tayyorlash, o‘quvchilarni boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish, mehnatga amaliy tayyorlash, mehnat malaka va ko‘nikmalari bilan qurollantirish, o‘quvchilarni «mehnat ta’limi jarayonida har tomonlama o‘stirish kabilardan tarkib topadi. Bu vazifalarni keyingi mavzularda alohida o‘rganamiz.

1.1. O‘quvchilarni mehnatga axloqiy jihatdan tayyorlash

Mehnatga axloqiy tayyorlash deganda eng avvalo, mehnatga ongli munosabatni shakllantirish tushuniladi.

Shu o‘rinda buyuk allomalarning hadislariyu, ilm, mehnat va hunar haqidagi fikrlaridan foydalanamiz:

1. Ey o‘g‘il! Qaysi fan bo‘lmasin, to uni mukammal egallamaguningcha harakatni to‘xtatma, bir ilm ikkinchi ilmni egallashga yordam beradi. Bir ilmni egallashga aqling yo‘l berdimi, uni oxirigacha egallamay turib, chala tashlab qo‘yma!

A. Sheroziy.
 
2. Hunarni asrabon ketgumdir oxir,
Olib tuproqqamu ketgumdur oxir.
 
Alisher Navoiy.

3. Aziz do‘stlar oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-xushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir.

Abdulla Avloniy.

4. Mehnat inson hayotini farovon qiluvchi davlatdir.

Abu Rayxon Beruniy.

5. Mehnat qilmoq insonga xosdur. Agar sen inson bo‘lsang, o‘z xulqingni mehnat tumori bilan beza.

Alisher Navoiy.

6. Sen avvalo mehnatni qadrla va o‘zgalar qilgan mehnatni ham qadriga yet, shunda sen o‘zingni haqiqiy mehnatsevar deb bilursan.

Imom al-Buxoriy.
 
7. O‘z mehnating bo‘lsin doim yo‘ldoshing,
O‘zga minnatidan og‘ritma boshing.
Kunlaring o‘tarkan terib dur-hikmat,
Kunlaring to‘liqdir bo‘lsa hur mehnat.
 
Abdurahmon Jomiy.

Agarda boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga tadbiqan gapiradigan bo‘lsak, ularning bu yoshidan mehnatni sevish, shu mehnat natijalariga hurmat bilan yondashishlari nazarda tutiladi. Mehnatga munosabat shu mehnatning muhimligi va zarurligini tushunish, bunday mehnatda jonbozlik ko‘rsatish, ishga shaxsan mas’uliyatni his qilgan holda yondashish ijtimoiy mulkka tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni anglatadi.

Mehnatga axloqiy tayyorlash – bolalarga jamoada ishlashni, do‘stona o‘zaro yordamni, ijodiy tashabbusni, tashkilotchilik qobiliyatlarini namoyish qilish va mehnatda xatti-harakat normalarini o‘rgatishdan iborat.

Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash. Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash murakkab, uzoq davom etuvchi va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, u butun mehnat ta’limi va tarbiyasiga singib ketgandir. U garchi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lsada, mehnatga axloqiy tayyorlashga juda yaqindir.

Bolani mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash – bu unda mehnatga nisbatan uning yoshiga muvofiq keluvchi ongli va ijobiy munosabatlarni tarkib toptirish, unda amaliy malaka va ko‘nikmalarni egallashga qiziqishni shakllantirish demakdir. O‘qituvchining vazifasi o‘quvchilarga yoshligidan boshlab mehnat – bu har bir kishining vijdoni va burchi ekanligini, inson o‘z mehnati bilan sharaflanishini, faqat Vatan farovonligi yo‘lida qilingan mehnatdagina insonning eng yaxshi sifatlari rivojlanishi hamda takomillashishi mumkinligini anglashlariga yordam berishdir. Bolalarning mehnatga qobiliyati har bir kishi jamiyatning hayoti va faoliyati, uning farovonligi uchun zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqarishda qatnashishi zarurligini anglashlari juda muhimdir. Shuningdek, bolalar jamiyatda kishi mehnatsiz yashay olmasligini ham uqib olishlari kerak.

Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash turli psixologik jarayonlarni rivojlantirish va takomillashtirishni nazarda tutadi. Bular sezib anglash, emotsional idrok, diqqat, xotira, tafakkur va shu kabi jarayonlardir. Boshqacha qilib aytganda, ular mehnatning psixologik tarkiblari deyiladi.

Mehnatga o‘rgatishda bolaning imkoniyatlarini nazarda tutib, hissiy bilish jarayonini takomillashtirish zarur. Ma’lumki, mehnat faoliyati, mehnat ta’limi uchun ham turli sezgilar yig‘indisining (ko‘rish, eshitish, his etish, ta’m bilish, teri, muskul harakati) namoyon bo‘lishi xarakterlidir. Shuning uchun o‘qituvchilar quyi sinf o‘quvchilariga yangi materialni yoki asbobni tanishtirayotganlarida bolalardagi sezgining barcha turlarini faollashtiradilar: bolalar qog‘ozni ushlaydilar, silaydilar, aylantirib ko‘rib chiqadilar, uning qanday shitirlashiga quloq soladilar. Sezgilarning bunday faollashuvi ma’lumot haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishga yordam beribgina qolmay, balki bu psixologik jarayonni rivojlantiradi, takomillashtiradi.

Mehnatga tayyorlashning yanada muvaffaqiyatliroq bo‘lishi uchun bolalarning xotiralarini o‘stirish vazifasi ham albatta amalga oshiriladi. Mehnat bo‘yicha o‘quv materiallarini eslab qolish boshqa buyumlarga nisbatan o‘ziga xos xususiyatga ega. Barcha yangi asboblar, materiallar, jarayonlarning nomini boshlang‘ich sinf o‘quvchilari buyumni ko‘rib idrok etish bilan fikran biriktirib, tinglab fahmlaydilar. O‘qituvchi mehnat darsida faqat tushuntiribgina qolmay, balki asosan material va buyumlar namunasini, asboblarni, materialga ishlov berish usullarini, jarayonlarning izchilligini ko‘rsatadi. Shuning uchun mehnat ta’limida eshitish, ko‘rish xotirasi va xarakatlantiruvchi xotira ham muhim o‘rin egallaydi. O‘quvchilarda mehnat darsidan mehnat darsigacha yangidan yangi bilim va ko‘nikmalar mujassamlashib boradi, ularni esa anglash hamda xotirlab qolish kerak.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mehnat malaka va ko‘nikmalarini o‘rgatish natijalari ko‘p jihatdan psixologik jarayonlarining rivojlanganligiga, bosh miya nazorati ostidagi mushak harakat apparatining takomillashganligiga bog‘liqdir.

Mehnat ta’limining to‘g‘ri borishida emotsional jarayonlar ham xarakterlidir. Bolalarni qiyinchiliklarni yengishga, qo‘yilgan maqsadga yerishish yo‘lida matonat va qat’iyat bilan kirishishga, boshlagan ishni chala tashlab ketmay, balki oxiriga yetkazishga o‘rgatish lozim. Bu o‘rinda ijobiy emotsiyalar: mehnatdan quvonish, lazzatlanish va qoniqish hissiyotlarining namoyon bo‘lishi juda muhimdir. Mehnatda turli psixologik holatlar: faollik, diqqatning jamlanishi, qiziqish, mustaqil fikr yuritish, qoniqmaslik kabi tuyg‘ular namoyon bo‘ladi.

Mehnatda shaxsning qiziqish, qobiliyat, temperament kabi individual psixologik xususiyatlari shakllanadi.

Mehnatga ruhiy jihatdan va axloqiy jihatdan tayyorlash jarayoni murakkab va uzoq davom etuvchi jarayondir.

Mehnatga ma’naviy va psixologik tayyorlash o‘zining real bazasiga – texnikaga oid bilim, amaliy malaka va ko‘nikmalarning ma’lum zaxirasiga ega bo‘lishi kerak. Agarda bola mehnat qilishga o‘rgatilmagan bo‘lsa, uning uchun mehnat faoliyati maqbul mashg‘ulotga aylanmaydi, unda kerakli ijobiy emotsiyalarni va boshqa psixologik ko‘rinishlarni keltirib chiqara olmaydi. Bunday hollarda mehnatga munosabatni ifodalovchi mehnatga muhabbat ham boshqa axloqiy sifatlar ham namoyon bo‘lmaydi.

1.2. Boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish

Boshlang‘ich sinflarda keng ma’nodagi ilmiy asoslar haqida emas, balki texnikaga oid ta’limning elementlari to‘g‘risida gap boradi. Biroq umumta’lim fanlarini o‘qitish mehnat darslarini ma’lum darajada texnikaga oid asoslarda, darsdan darsga texnikaga oid bilimlarni qo‘shib olib borishga yordam beradi.

Mehnat bo‘yicha dasturning istalgan bo‘limini o‘tishda o‘qituvchi bolalarga ma’lum hajmdagi texnikaga oid bilimlarni beradi. Boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish o‘quvchilarga predmetni yasash, ishlov berilayotgan materialning xususiyatlari, texnologik o‘ziga xosliklari, materialga qo‘lda ishlov berilganda qo‘llanadigan asbob va moslamalarning xususiyatlari, ulardan foydalanish qoidalari haqida ma’lumot berishdan iboratdir.

Boshlang‘ich sinflarda keng ma’nodagi ilmiy asoslar ba’zi tarmoqlar, eng ko‘p tarqalgan mutaxassislik va kasblar, korxonalarning asosiy mahsulotlar bilan tanishtirishni nazarda tutadi.

Mehnat bo‘yicha beriladigan texnikaga oid ta’lim o‘quvchilarga nima uchun buyumga unday yoki bunday ishlov berish mumkinligini, nima uchun o‘simlik soya yoki yaxshi ishlov berilmagan yerda yomon o‘sishini, nima uchun inson o‘zi va kiyimlarini toza tutishi kerakligi kabilarni anglashlariga imkoniyat yaratadi.

Texnikaga oid tayyorgarlikka ega bo‘lish qo‘yilgan mehnat vazifalarini bajarishda, asboblardan to‘g‘ri foydalanishda yordam beradi. Shuningdek, bu tayyorgarlik kerakli ishlab chiqarish jarayonlarini qanday va qaysi izchillikda amalga oshirish, qanday asboblarni qo‘llash va uning sabablarini anglashga ko‘maklashadi.

Texnikaga oid bilimlar asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida fan-texnika yutuqlariga nisbatan qiziqish uyg‘otadi.

Texnikaga oid bilim doirasi faqat mehnat darslaridagina kengaytirilmaydi. Bunga o‘qitilayotgan boshqa fanlar ham o‘z ulushini qo‘shadi. O‘quvchilarga berilayotgan texnikaga oid bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarga o‘rgatishni ma’lum nazariy darajada amalga oshirishga imkon beruvchi zamindir.

Mehnatga amaliy jihatdan tayyorlash

Mehnat ko‘nikmasi va malakalari bilan qurollantirish. Mehnatga amaliy tayyorlash mehnat ta’limining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. U o‘zaro bog‘langan bir necha elementlardan: oddiy asbob va moslamalardan foydalana bilish, kerakli jarayonlarni to‘g‘ri va aniq amalga oshira bilish, ya’ni u yoki bu materialga ma’lum izchillikda ishlov bera olish, yo‘l qo‘yilgan xatoni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘rilay olish kabilardan tarkib topadi.

Mehnatga amaliy tayyorlash faqat kerakli bilimlar bazasidagina amalga oshishi mumkin. U boshlang‘ich maktabda boshlang‘ich texnikaga oid bilimlarga asoslanadi. Mehnat ta’limining mazmuniga muvofiq o‘quvchilar mazkur yosh uchun qulay bo‘lgan materiallarga ishlov berishda qo‘llaniladigan oddiy asbob va moslamalarni ishlatishning amaliy malaka va ko‘nikmalarini egallaydilar.

Oddiy asbob moslamalar maxsus asbob va mashinalarning bosh asosi hisoblanadi.

Amaliy malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rgatish ham demakdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari duch keladigan buyumlar texnologiyasi xilma xildir, biroq bu masalani batafsil o‘rganmasdanoq ish jarayonlarining aniqligini sezib olish qiyin emas, ular: materialni o‘lchash va belgilash ularga egib, qirqib ishlov berish; qismlarini yelimlash, tikish, kesish va bog‘lash kabi yo‘llar bilan birlashtirish va mustahkamlash; detallarni yig‘ish va buyumni montaj qilishdir. Yakunlovchi jarayon buyumni bezashdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini mehnatga amaliy tayyorlashga grafik malakalarni shakllantirish ham taalluqlidir.

O‘quvchilardagi mehnatning ma’lum turiga bo‘lgan mayl va qiziqishni o‘z vaqtida aniqlash va ularga mehnat malakalarini sevgan mashg‘ulotlarida takomillashtirishlariga yordam berish juda muhimdir. Sevgan mehnatga bo‘lgan qiziqishdan qo‘shimcha maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Mehnat ta’limi jarayonining o‘sishga ta’siri

Mehnat ta’limining vazifalari haqida gapirilganda o‘quvchilarni har tomonlama: aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik o‘stirishni tilga olmaslik mumkin emas.

Bolalarni aqliy o‘stirishda mehnat ta’limining roli ko‘p qirralidir. Mehnat o‘quvchilarning bilim olishga intilishlarini qo‘zg‘ovchi vositagina emas, balki uning manbayi hamdir. Mehnat ta’limi jarayonida o‘quvchilarni aqliy o‘stirishda jismoniy va aqliy mehnatni almashtirib turish muhim ahamiyatga egadir. Biroq har qanday mehnat ham aqliy o‘sishga yordam bermasligini unutmaslik kerak. Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatni aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llashni talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.

Mehnat eng muhim iroda va axloqiy sifatlarning rivojlanishiga yordam beradi. Mehnat ta’limida mehnatga psixologik tayyorlik, mehnat faoliyatining to‘g‘ri jihatlari tarbiyalanadi, shaxsning har bir ongli mehnatkash uchun zarur bo‘lgan sifatlari shakllanadi.

Darslarning jihozlanganligi o‘z mehnati uchun shaxsiy mas’uliyatni, mehnat madaniyatini tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir. Agarda bolalar yomon jihozlangan sinfda, qo‘pol, og‘ir va yoshlariga nomuvofiq asboblar bilan shug‘ullansalar, ish natijalari ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Bunday sharoitda, tabiiyki, mehnatga muhabbatni, tartiblilikni, aniqlikni, asboblarga ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash qiyin bo‘ladi.

Mehnat madaniyatining tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘g‘ri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlari me’yori va sur’atiga ish sifatini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat, narsani chiroyli qilib bezashga jalb qilib borish kerak.

Agarda o‘qituvchining talablari amaldagi faktlardan ajralib tursa va buning natijasida shartli bo‘lib qolsa, agarda bola har bir qadamida tartiblilikka, tozalikka, aniqlikka rioya qilishi lozimligiga ishonch hosil qilmasa, bolalarni mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalashda muvaffaqiyatga erishish haqida gapirish qiyin.

Tartiblilik, tozalik, aniqlik, intizomlilik talablari mehnat jarayoni va vositalarini o‘zining ehtiyojidan kelib chiqmay, bu faqat pedagogninggina talabi bo‘lgan hollarda ham mehnatning tarbiyaviy ahamiyati pasayadi.

Mehnat madaniyati malakalari u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibga va harakatlar izchilligiga rioya qilinishi lozimligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.

Kerakli material va asboblar bilan yetarlicha ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatining shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi: biri qaychisini unutib, biri qog‘ozsiz kelib ish qilayotgan o‘rtog‘ini narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘qituvchi dars boshlanishidan oldin guruh boshlig‘i yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi do‘stona o‘zaro yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rishi lozim, biroq hech qanday holatda ham u o‘quvchini uyiga jo‘natmasligi yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmasligi kerak, afsuski, bunday hollar amaliyotda uchrab turadi. O‘quvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro yordam esa ularda do‘stlik, birodarlik, jamoa bo‘lib ishlash hissiyotlarini tarbiyalaydi.

Mehnatning tarbiyaviy kuchi bolaning mehnatga munosabatiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ishtiyoq bilan berilib qilinayotgan mehnat majburan qildirilayotgan mehnatga nisbatan bolalarning ongiga, hissiyoti va irodasiga kuchliroq ta’sir etadi. Shuning uchun o‘quvchilar biror predmetni yasashga kirishishlaridan oldin o‘qituvchi bu predmetning zarurligini, uni qo‘llash o‘rni va maqsadini tushuntnrishi, so‘ngra uni yasash usullari va jarayonini tushuntirishga o‘tishi mumkin.

Bolalar tayyorlagan buyumlarning o‘z o‘rnida qo‘llanilishi ham katta ahamiyatga egadir. Ular o‘z mehnatlarining foydaliligini ko‘rganlarida, ularda o‘z mehnatlarining natijasidan qoniqish, yana qandaydir foydali, yaxshiroq narsani qilishga intilish paydo bo‘ladi. Ularda o‘z qobiliyatlariga ishonch, narsalarga xushyor munosabatda bo‘lish hissiyoti uyg‘onadi, chunki bolalar atroflaridagi buyumlarning qanday mehnat evaziga yaratilganligini anglaydilar.

Shunday qilib, o‘quvchilarga o‘zi yaratayotgan narsalarning foydaliligini tushuntirish, ularni tayyorlash usullarini ko‘rsatishgina emas, balki bu buyumni mo‘ljallangan o‘rnida ishlatish ham mehnat tarbiyasini to‘g‘ri amalga oshirishni o‘qituvchidan talab qilinadi va bu talab mehnat tarbiyasining zaruriy elementi hisoblanadi.

Hayotda bola „o‘z narsasi“, „o‘z modelini“ avaylab saqlashini va qadrlashini, biroq hech bir o‘ylamay boshqalar yasagan, o‘zinikidan ancha qimmatliroq bo‘lgan buyumni qirqishi, sindirishi, buzib tashlashini ko‘plab uchratish mumkin. Bolalar o‘zlarining narsalarini odatda asraydilar, bu narsalarga fikran va xayolan qaytadilar, chunki bunga ular kuch, mehnat sarflagan, uni yasashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, yana qaytadan tiklab nuqsonlarini to‘ldirgan.

Har qanday mehnatga ijod elementlari qo‘shilsa, uning tarbiyaviy ahamiyati ortadi. O‘quvchilar agarda buyumni bezashni o‘zlari o‘ylab topsalar juda quvonib ketadilar.


Страницы книги >> 1 2 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации