Электронная библиотека » Р. Мавлонова » » онлайн чтение - страница 6


  • Текст добавлен: 27 апреля 2024, 21:40


Автор книги: Р. Мавлонова


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 9 страниц)

Шрифт:
- 100% +
3.6. Laboratoriya ishlari

Laboratoriya ishlari ta’limning turli bosqichlarida bo‘lishi mumkin. Laboratoriya ishlarining o‘tkazilishi egallangan bilimlarning ishonarlilik kuchini oshiradi, bilimlarni mustahkamlashga yordam beradi, ularni amalda qo‘llashga o‘rgatish uchun xizmat qiladi.

Laboratoriya ishlari yangi bilimlarni berish maqsadlarida ham o‘tkazilishi mumkin.

Navbatdagi „Qog‘ozning xususiyatlari“ mavzusida yangi bilimlarni egallash maqsadida o‘tkaziladigan laboratoriya ishlarini batafsil bayon qilamiz. Agarda asbob uskuna imkon bersa, laboratoriya ishini har bir o‘quvchi bilan alohida, ular yetishmagan hollarda esa qatorlar bo‘yicha o‘tkaziladi. Laboratoriya ishlari qatorlar bo‘yicha o‘tkazilganda jarayonlarning majburiy minimumini qatordagi barcha o‘quvchilar navbati bilan bajarishlarini, yozuvlarni, rasm solish kerak bo‘lsa, rasmlarni barcha o‘quvchilar bajarishlarini kuzatib borish lozim. Ish oxirida yakun chiqariladi. Bir ikki o‘quvchi ishning qanday borganligi va olingan natijalar haqida axborot beradi. Bulardan so‘ng boshqacharoq fikrga ega bo‘lgan o‘quvchilar gapiradilar. So‘ngra o‘qituvchi har bir qator, har bir o‘quvchining ishini alohida, alohida baholaydi.

Laboratoriya ishlari jarayonida o‘quvchilarda mas’uliyatni his etish, kuzatuvchanlik, diqqatlilik rivojlanadi.

3.7. Mustaqil ishlar

Mustaqil ishlar – bu o‘qituvchining bevosita ishtirokisiz, biroq uning topshirig‘i bilan maxsus ajratilgan vaqtda bajariladigan ishlardir. Bu o‘rinda o‘quvchilar o‘zlarining intilishlarini qo‘llab hamda aqliy va jismoniy harakatlarining natijalarini u yoki bu formada ifodalab, topshiriqda qo‘yilgan maqsadga ongli ravishda erishishga harakat qiladilar.

Dastlabki darslardan boshlab ishni shunday tashkil etish kerakki, o‘quvchilar qo‘l mehnatini egallash uchun nazariy bilimlar va amaliy malakalar o‘rtasida uzviy aloqa bo‘lishi kerakligini his etsinlar. O‘quvchilarda malakani shakllantirish ongli faoliyatdan ajralgan holda bo‘lmasligi kerak.

Mustaqil ishlarni bajarish jarayonida malakalar shakllanishi bilan birga o‘quvchilar o‘z kuchlari, bilim va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazadilar.

Mustaqil ishlarning keng qo‘llanilishi o‘quvchilarda ishga ijodiy yondashishni, ulardagi bilishga, qiziqishlarni, olingan bilimlarni amalda qo‘llay bilishni rivojlantirishga yordam beradi.

3.8. Ekskursiyalar

Ekskursiyalar bilishga qiziqishni avj oldirishda, o‘quvchilarga mustaqillik malakalarini singdirish va hayotni bilishda muhim o‘rinni egallaydi. Agarda ekskursiyalarni o‘tkazishda ishlab chiqarish vakillari ham qatnashsa, u yanada samaraliroq bo‘ladi. Ekskursiya jarayonida o‘quvchilar ishlab chiqarish texnologiyasi bilan yaqindan tanishadilar. Ekskursiyani o‘tkazishdan oldin o‘quvchilar oldiga aniq maqsadlar qo‘yish, ekskursiyadan so‘ng savol javoblar o‘tkazish lozim. Masalan, to‘qimachilik kombinatiga ekskursiya uyushtirishdan oldin o‘quvchilarga qatorlar bo‘yicha topshiriqlar berish mumkin. Qatorlardan biri ekskursiyadan so‘ng albomni jihozlaydi, yigiruv sexining eng yaxshi ishchilarini yozib chiqadi, rasmlar chizadi, ikkinchisi to‘qishning texnologik jarayonini yozadi, uchinchisi bu ishni bo‘yash sexi bo‘yicha bajaradi va hokazo. Biroq hamma o‘quvchilarning barcha sexlarda bo‘lishlari shart.

Hozirgi kunda mehnat ta’limi bo‘yicha I– IV sinflarga mo‘ljallangan „Mehnat“ darsliklari asosida o‘qituvchidan o‘quvchilarni kitob bilan ishlashga o‘rgatish talab qilinadi. Bu maqsadlarda qo‘yidagi kitoblardan: Kuznetsovning „I—III, IV sinflarda qog‘oz va karton bilan ishlash“, „Boshlang‘ich sinflarda texnik modellash“, „I—III sinflarda mehnat bo‘yicha albom“, „Boshlang‘ich sinflarda tabiiy material bilan ishlash“ kabilardan ham foydalanish mumkin.

O‘quvchilarni biror kitob bilan tanishtirishdan oldin o‘qituvchining o‘zi bu kitobni puxta o‘rganib chiqishi, undan nimalarni tavsiya etish mumkinligini belgilab chiqishi lozim. O‘quvchilarni kitob bilan mustaqil ishlashga asta-sekin o‘rgatib borish kerak.

3.9. Kino

Kino qo‘l mehnati mashg‘ulotlarida ayrim bo‘limlarni o‘rganish, kasblar, materiallarni tayyorlash texnologiyasi, xavfsizlik texnikasi qoidalarini tanishtirish munosabati bilan qo‘llaniladi.

Filmni namoyish qilishdan oldin uning qaysi joylariga alohida e’tibor berish lozimligi ta’kidlanadi. Shundan so‘ng film o‘rganilayotgan mavzuga muvofiq tarzda qismlarga ajratib namoyish etiladi. Har bir qism ko‘rilgach, qisqa suhbat o‘tkazilib, unda o‘quvchilar nimalarni egallaganliklarini, nimalar tushunarsiz bo‘lganligi aniqlanadi.

Filmni namoyish etishda o‘quvchilarni faqat tomosha qilish, ko‘ra bilishga emas, balki ko‘rilganni anglay bilishga ham o‘rgatish lozim.

Aytib o‘tilgan uslublar mehnat ta’limi o‘qituvchilari tomonidan muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Biroq shunday bo‘lsada, ular oldida ma’lum muammo, ya’ni ta’limning qaysi metodlaridan foydalanib, darsning samaradorligini oshirish mumkin, o‘qitishning rivojlanuvchi kuchini talab darajasidagi yuksaklikka qay yo‘sinda ko‘tarish mumkin degan muammo turadi. O‘qituvchi materialni tushuntirishga birorta yangilik kiritishga, o‘zining ulushini qo‘shishga qanchalik urinmasin va harakat qilmasin, u baribir hikoya qilish, suhbat, laboratoriya ishlari va shu kabi metodlarga albatta murojaat etadi. Shunday ekan, an’anaviy metodlardan voz kechishning hojati yo‘q. Faqat o‘quvchilarning ijodiy faoliyatlarini faollashtirish, egallagan bilimlarini amalda qo‘llashga o‘rgatish uchun bu uslublarni takomillashtirishga zo‘r berish lozim. Buning uchun ma’lum shart sharoitlar talab qilinadi. Bu o‘rinda bilimlarni egallash, o‘zlashtirish, amalda qo‘llash va o‘quvchilarni rivojlantirishning faol jarayoniga qaysi sharoitlar yordam berishini aniqlashgina kerak, xolos.

Bilimlarni egallash, o‘zlashtirish, amalda qo‘llash va o‘quvchilarni rivojlantirish faol jarayonining muvaffaqiyati asosan o‘qituvchining bilimi hamda ishga ijodiy yondashishiga bog‘liq. Mehnat o‘qituvchisi dasturda nazarda tutilgan mehnatning barcha turlari (qog‘oz va karton, tabiiy materiallar bilan ishlash) ni bir xilda yaxshi bilishi kerak. Faqat ijodiy fikr yuritib ishlaydigan, o‘z ishida o‘qitishning klassik uslublari bilan birga, pedagogika keyingi yillarda erishgan yutuqlarni qo‘llaydigan o‘qituvchigina jamiyatning maktab oldiga qo‘ygan vazifalarini muvaffaqiyatli hal etishi mumkin.

Ijodiy ishlaydigan o‘qituvchi o‘z oldiga o‘quvchilarini faqat tikish, qirqish, yelimlash, chizmalar chizishga o‘rgatish vazifasinigina qo‘ymaydi. Bunday o‘qituvchilarning har bir darsi ma’lum bilim yo‘nalishiga ega bo‘ladi.

O‘quvchining har bir darsdagi faoliyati maqsadga yo‘llangan bo‘lishi kerak. Bilish faoliyatidagi eng yaxshi natijaga qo‘yilgan maqsadning o‘zi o‘quvchilarga tushunarli bo‘lganda erishiladi. O‘quvchilar ishni ishtiyoq bilan va ongli bajarsalar, ular oldilarida turgan har qanday qiyinchiliklarni bartaraf eta oladilar.

3.10. Ta’limda muammoli metodlar

Ta’limda muammoli metodlar. Agarda dars ma’lum bilish yo‘nalishiga ega bo‘lsa va o‘quvchilar o‘zlarining oldilariga qo‘yilgan vazifani tushunsalar, ular yechimni zo‘r ishtiyoq bilan izlaydilar va o‘zlarining qiziquvchanliklarini qoniqtirishga harakat qiladilar. „Nima uchun qog‘ozning hajmi kartonnikidan katta bo‘lishi kerak?“ deb so‘raydigan o‘quvchilar, nima uchun boshqacha emas, shunday qilish lozimligini bilishga qiziqmaydigan o‘quvchilarga nisbatan tug‘ilgan savolning javobini amaliy izlashga kirishadilar. Agarda dars bilish yo‘nalishiga ega bo‘lsa, o‘quvchining tafakkur faoliyati bilinayotgan narsaning muhim xususiyatlarini aniqlashga yo‘llangan bo‘ladi. Bu o‘quvchi muammoli xarakterdagi ma’lum masalalarni hal etishga majbur bo‘lgan hollarda sodir bo‘ladi. Muammoli vazifalar ma’lum izchillikka ega bo‘lishi kerak.

O‘qituvchi yangi materialni bayon etar ekan, shu bayon jarayonida vaqti-vaqti bilan o‘quvchilar oldiga ularni o‘z fikrlarini aytishga undab, bilish masalalarini mustaqil yechish uchun savollar qo‘yadi. Masalan, o‘qituvchi applikatsiyalarni qanday izchillikda bajarishni talab qiladi. Har qanday vaziyatda ham oldin bitta muammoni hal etish zarur. Birinchisi hal etilib, keyingisini yechish uchun zamin yaratilgach, ikkinchi muammo qo‘yiladi, chunki yangi fikrlar mavjud bilim va tajriba asosidagina tug‘ilishi mumkin. O‘quvchilar ish bajarish tartibi haqidagi o‘z fikrlarini ayta boshlaydilar. Ma’lum miqdordagi aqliy zo‘r berishlardan so‘ng birinchi muammo hal etiladi. Mehnatga muhabbati, o‘quvchilardagi bilishga qiziqishni rivojlantirib borish zarur, buning uchun esa muammo elementli darslarni muntazam o‘tkazib turish kerak. Bilish qobiliyatlarini doimo, muntazam, ma’lum izchillikda mashq qildirib borish zarur.

Bilish qobiliyati faqat ijodiy ishlaydigan o‘quvchilardagina rivojlanishi mumkin. O‘quvchi faqat o‘zi yaxshi ko‘radigan, qiziqish va ishtiyoq bilan qatnashadigan darslardagina ijodiy ishlaydi. Shunday ekan, eng avvalo o‘quvchilarda predmetga muhabbatni, mehnat ta’limi dasturining hamma bo‘limlariga qiziqishni o‘stirish zarur. Buning uchun o‘quvchilarning qiziqish va moyilliklarini bilish kerak. O‘quv materiali qanchalik qiziqarli qilib berilsa, o‘quvchilar predmetni bilishga shunchalik ko‘proq oshiqadilar. Qiziqish asosida esa predmet va voqelik hodisalarini bilishga ehtiyoj yotadi.

O‘quv materiali mumkin qadar qiziqarli va o‘qimishli qilinganda u yaxshiroq egallanib, o‘quvchining qalbiga singadi va uni amalda qo‘llash osonroq bo‘ladi.

Agarda o‘quvchilarda qo‘l mehnatining istalgan turiga qiziqish paydo bo‘lgan bo‘lsa, unda bu qiziqish ilgari yoqmagan mavzu va bo‘limlarni egallashda qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordam beradi. Ana shunday vaziyatlarda og‘ir yuk bo‘lib turgan turmush mehnati qoniqish bahsh etuvchi mehnatga aylanadi.

Materialni qiziqarli qilib berish degan so‘z uni faqat qiziq qilish kerak degan ma’noni anglatmaydi. Predmetga qiziqishni tarbiyalash bilan parallel tarzda bilimga ehtiyojlarni yetishmagan bilimlarni mustaqil egallash ko‘nikmalarini ham tarbiyalash lozim.

O‘quv jarayonini takomillashtirish, o‘qitishning yangi shakl hamda metodlarini tatbiq qilish – qiziqishni oshirishga, darsning samaradorligini kuchaytirishga, bilish faolligini oshirishga yordam beradi. Bilish faolligining rivojlantirilishi o‘z navbatida predmetga, mazkur holatda – xizmat ko‘rsatuvchi mehnatga qiziqishni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Aytib o‘tilganidek, har bir o‘quvchidagi qiziqish turlichadir, shunday ekan, o‘qitishda individual yondashishni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari bir sinf, bir yoshdagi o‘quvchilarning rivojlanganlik darajasi hamda bilimlarni egallash tezligi turlichadir.

Darsni to‘g‘ri tashkil etishda har xil o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashning oldindan o‘ylab qo‘yilgan mavzusi bo‘lishi muhimdir. Bo‘sh o‘zlashtiradigan o‘quvchilarga ham, yaxshi o‘zlashtiradigan o‘quvchilarga ham oldindan alohida tarqatma topshiriqlar tayyorlab qo‘yish kerak.

O‘quvchilarning qiziqish va o‘zlashtirishlari turlichaligini bilgan o‘qituvchi ularning qo‘llaridan keladigan topshiriqlarni oldindan o‘ylab qo‘yadi. Shu orqali u faqat yaxshi o‘zlashtiradiganlarninggina emas, balki bo‘sh o‘zlashtiradigan o‘quvchilarning ham bilish faolligini rivojlantiradi. Topshiriqlar albatta muammo xarakteriga ega bo‘lishi kerak.

Ko‘pgina hollarda o‘quvchilar oldiga ayrim-ayrim qilib emas, balki ularni uch-to‘rt qatorga ajratib yoki guruh holida muammoni qo‘yish mumkin. Bundan muammoli o‘qitishdan alohida qatorlar bo‘yicha va butun sinf bilan ham uyushtirish mumkin degan xulosa kelib chiqadi. Muammoli masalalarni hal etish uyda ham davom ettiriladi. Shuni ta’kidlash lozimki, „barcha o‘quvchilarni maksimal tarzda faollashtirgandagina muammoli metodning muvaffaqiyati haqida gapirish mumkin“.

O‘quvchilarda aniq maqsadga qaratilgan rejalashtirish ko‘nikmasini tarkib toptirmay turib, muammoli o‘qitishda muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Yangi bilimlarga ega bo‘lish maqsadida darslarda ham tajribalar o‘tkazish, ekskursiyalar jarayonida ham, kundalik hayotda ham kuzatishlarni amalga oshirish mumkin. O‘quvchilar agarda kuzatish materiallaridan keyingi ishlarda albatta foydalanilishini bilsalar, kuzatishlarni bajonudil olib boradilar.

Kuzatishlar jarayonida bolalar materiallarning xususiyatlarini, gazlamaning qog‘ozdan ko‘ra pishiqroqligini, qaysi gazlamaning kamroq g‘ijimlanishini bilib oladilar.

Kuzatishlar o‘quvchilarni predmetga diqqat bilan qarashga, uning xarakterli xususiyatlarini sezishga odatlantiradi. O‘quvchilarga bilimlarni hayotdan olishni ham o‘rgatish kerak. Agarda o‘qituvchi topshiriqda kuzatilayotgan faktlarni kuzatuvchining qo‘lidan keladigan tahlil va umumlashtirishlarni kiritsa, kuzatishlarning samaradorligi yanada ortadi. Masalan, to‘qimachilik fabrikasiga uyushtirilgan ekskursiyada to‘quvchi va mexanikning ishini kuzatishni topshiriq qilib berish mumkin. Bu o‘rinda o‘quvchilardan bunday mashina yarim avtomatlarni yaratishga qanchalik aql-zakovat sarflanganiga, sex ishchilari taklif etgan ratsionalizatorlik takliflariga e’tibor berish talab qilinadi. Shuningdek, kuzatishlar kishidan xilma xil bilim va ko‘nikmalarni, ijodiy mehnat uchun esa ijodiy fikr yurita bilishni talab qiladi.

O‘quvchilar maqsadga muvofiq kuzatishni, kuzatish materiallarini to‘plash va ularga ishlov berishni o‘rganib olganlaridan so‘ng bilimlarni mustaqil egallashning murakkabroq usullariga, ya’ni berilgan mavzu uchun materiallarni turli manbalardan (hayotdan, amaliyotdan, turli adabiyot va qiziqarli kitoblar, bolalar gazetasi, jurnallaridan) to‘plab shu materialni umumlashtirishga o‘tish mumkin.


Savollar

1. O‘quvchilarga texnik mehnat malakalarini singdirishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

2. Qo‘l mehnatiga o‘rgatishda qanday metodlardan foydalaniladi?

3. Instruktaj metodining mohiyati nimalardan iborat?

4. Mehnat darslarida ekskursiyalarning qanday ahamiyati bor?


Topshiriqlar

1. O‘qitish metodlarini tarmoqlang.

2. Mehnat darslarida qo‘llaniladigan metodlarni izohlang.

IV bob. TA’LIMNI TASHKIL ETISH SHAKLLARI, METOD VA VOSITALARI

REJA:

1. Ta’lim jarayonini tashkil etish shakllari.

2. Ta’lim metodlari.

3. Ta’lim vositalari.

Ta’lim shakli, ta’lim jarayonini tashkil etish shakllari, an’anaviy darslar, noan’anaviy darslar, sinf, dars, ta’lim metodlari, ta’lim vositalari.

4.1. Ta’lim muassasalarining vazifalari

Ta’lim muassasalarining vazifalari. Ta’lim muassasalari oldida turgan vazifalarning ijobiy hal etilishi mashg‘ulot (ta’lim jarayoni) mazmuni, ta’lim shakli, metodlari hamda vositalarning samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi. Ta’lim shakli, metodlari va vositalari ma’naviy jihatdan tarbiyalash, ularda chuqur bilim va dunyoqarashni hosil qilish ishiga xizmat qiladi.

Ta’lim shakli o‘qituvchi va o‘quvchining belgilangan tartibda, muayyan maqsadga muvofiq ma’lum tartibda tashkil etiladigan faoliyatning tashqi ifodasidir.

Qadim zamonlardanoq jamiyatning yetuk kishilari o‘qitish ishini tashkil qilishning ijtimoiy taraqqiyot ehtiyojlariga javob beradigan shakllarini topishga uringanlar. Hozirgi vaqtda respublika ta’lim muassasalarida o‘qitishning quyidagi shakllaridan foydalanilmoqda.

An’anaviy ta’lim o‘zida XVI asrning oxiri va XVII asrning boshlarida yashab ijod etgan buyuk chex pedagogi Yan Amos Komenskiy (1592—1670) tomonidan asoslangan sinf-dars tizimi mohiyati quyidagilardan iborat.

A) o‘quvchilar yoshi va tayyorgarlik darajalariga ko‘ra sifatlar tarzida guruhlanadilar va umumiy ishni bajaradilar.



B) O‘quv predmetining mazmuni bir qator bo‘lim va mavzularga bo‘lim va mavzular esa bir qator, baravar va izchil joylashtirilgan qismlarga ajratilib, ular birin-ketin ma’lum jadval bo‘yicha keladilar (darslar) sinf-dars tizimi asosini tashkil etuvchi sinf yoshi va bilimi jihatidan bir xil bo‘lgan muayyan o‘quvchilar guruhini dars esa bevosita o‘qituvchining rahbarligi hamda nazorati ostida muayyan o‘quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim jarayonini anglatuvchi tushunchalardir.

4.2. Dars

Dars – o‘quv ishlarining asosiy tashkiliy shakli hisoblanadi. Sinf-dars tizimi quyidagi mazmunga egadir:

1. Har qaysi sinf yoshi va bilim darajasiga ko‘ra bir xil bo‘lgan o‘quvchilarning doimiy guruhiga egadir:

2. Dars jarayoni asosan 45 daqiqa (yoki bir akademik soat– 90 daqiqa) davom etib, qat’iy jadval asosida olib boriladi.

3. Dars o‘qituvchi va o‘quvchilarning faoliyat birligiga asoslangan bo‘lib, bevosita o‘qituvchi rahbarligida jamoa, guruhli va yakka tartibda olib boriladi.

4. Dars mashg‘uloti o‘tilayotgan va o‘zlashtirilayotgan materiallarning mazmuniga qarab turli xil metodlar yordamida olib boriladi hamda umumiy ta’lim tizimining bir qismi sifatida, albatta, tugallangan bilim beradi va navbatdagi bilimlarni o‘zlashtirish uchun zamin yaratishga xizmat qiladi.

Darsda o‘qituvchi bilan bir o‘quvchining o‘zaro munosabat jarayoni shaxsiy aloqaga asoslanadi. O‘qituvchi darsda barcha o‘quvchilarni muayyan faoliyatga qo‘yiladi va ular faoliyatini nazorat qiladi, shuningdek, o‘quvchilarning o‘zaro aloqalari va nazoratini qo‘llab-quvvatlab turadi. O‘quvchilarning dars jarayonidagi faoliyat o‘quvchilar tomonidan fan asoslarining o‘zlashtirilishi, ularda zarur ko‘nikma va malakalarning hosil bo‘lishi uchun zamin yaratadi.

Bugungi kunda darslarni tashkil etishga nisbatan quyidagi didaktik talablar qo‘yilmoqda:

1. Darsning maqsadi va vazifalarning aniqligi hamda pedagogik jihatdan to‘g‘riligi.

2. Darsning ta’limiy, tarbiyaviy va shaxsni rivojlantiruvchanlik vazifalarining birligi va uzviyligi.

3. O‘qitishning yaxlit dars va uning ma’lum qismlari vazifalari hamda mazmuniga muvofiq keladigan, o‘quvchilarning bilish faolliklari va mustaqil faoliyatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi maqbul metodlarni tanlash.

4. Mashg‘ulotlarning turli shakllari: jamoa va yakka tartibdagi shakllarini maqbul ravishda qo‘shib olib borish.

5. O‘qituvchining rahbarlik roli bilan o‘quvchilar faol bilish faoliyatini birga olib borish.

6. Darslarning o‘zaro uzviy va dialitik xususiyatga ega bo‘lishiga erishish.

7. O‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olish.

8. Darsda o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash uchun qulay shart-sharoit yaratish.

9. Darslarni demokratik tamoyillar asosida tashkil etish.

10. Darsda o‘quvchi erkinligini ta’minlashga erishish.

4.3. Dars tipi

Dars tipi. Bir soatlik darsga mo‘ljallangan dastur o‘quv materiali mazmunini bayon qilish, didaktik maqsad va talablarga muvofiq tashkil etilgan mashg‘ulot turi – dars tipi deb yuritiladi. Boshqacha qilib aytganda, o‘quvchilarni bilim, ko‘nikma va malaka bilan qurollantirish mashg‘ulotning asosiy qismini ishg‘ol qilgan ta’lim shakli u yoki dars tipini tashkil etadi.

Ayni vaqtda ta’lim tizimida eng ko‘p qo‘llaniladigan dars tiplari quyidagilardir:

1. Yangi bilimlarni bayon qilish darsi.

2. О’tilgan materialni mustahkamlash darsi.

3. O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirish darsi.

4. Takroriy-umumlashtiruvchi va kirish darslari.

5. Aralash dars.

Muayyan dars tipi asosida olib boriladigan mashg‘ulotlarda ikkinchi, uchinchi bir dars tipining turlari bo‘lishi mumkin. Misol uchun, ta’lim muassasalarida eng ko‘p qo‘llanadigan dars tiplaridan biri – yangi bilimlarni bayon qilish darsida quyidagi holatlar amalga oshirilishi mumkin:

A) yangi bilimlarni bayon qilish.

B) yangi bilimlarni mustahkamlash.

C) yangi bilimlar ustida mashq o‘tkazish.

D) yangi bilimlarga bog‘liq holda uy vazifalarini topshirish va hokazo.

Demak, dars umumiy jarayon davomida bir dars tipi asosida tashkil etilmaydi. Shunga qaramay darsning maqsadi o‘quvchilarga yangi bilim berishga qaratilgan bo‘lsa, butun didaktik usullar ana shunga bo‘ysundiriladi. Shuning uchun bunday dars yangi bilim berish darsi deb ataladi.

Muayyan dars tipi bilan ish ko‘rilayotganda boshqa bir dars tipi unsurlarining asosiy tipidan o‘rin olishi va ayni paytda asosiy dars tipining tuzilishini tashkil qilish mumkin. Darsning tarkibiy tuzilishi u yoki bu dars tipining umumiy holati, uning qismlari mohiyatini anglatadi.

Dars jarayonida qo‘llanilayotgan har qanday didaktik usul dars tuzilishini ifodalashga xizmat qilavermaydi. Didaktik usullar ta’lim metodi bilan baholangandagina dars tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi. Dars jarayonining o‘zgarishi dars tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi. Dars jarayonining muayyan qismida dars shakli hamda metodlarining o‘zgarishi – darsning yangi bosqichini boshlanganligini anglatadi. Demak, dars tuzilishining biridan ikkinchisiga o‘tishi va shu orqali darsning shakl va metodlarining o‘zgarishi dars bosqichi deb yuritiladi.

Fakultativ mashg‘ulotlarda qo‘yiladigan ma’ruzalar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashib ketadi. Bunda o‘quvchilar adabiyotlar bilan ishlash malakasini, mustaqil faoliyat yuritish ko‘nikmasini egallaydilar, murakkab bo‘lmagan tajribalar va tadqiqotlar o‘tkazish metodikasini o‘zlashtiradilar, tajriba qurilmalarini va texnikani ishlatish malakasini hosil qiladilar. Fakultativ mashg‘ulotlar majburiy fanlar yuzasidan bo‘lgan mashg‘ulotlar bilan mustahkam aloqadorlikda tashkil etilishi kerak.

Keyingi yillarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yuqori sinflarida xususan, ijtimoiy gumanitar predmetlar yuzasidan seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish keng qo‘llanilmoqda. Seminarlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning mustaqil ishlarini yanada rivojlantirish, ayrim mavzular yuzasidan keng va chuqur ma’lumot bera oladigan manbalar ustida ishlay olishlari hamda shu asosda kelajak faoliyatlarida zarur adabiyotlardan foydalana olish ko‘nikma va malakalariga ega qilishdan iboratdir.

Seminar mashg‘uloti o‘quvchilar tomonidan u yoki bu mavzu bo‘yicha ma’ruzalar tayyorlash hamda uni sinf o‘quvchilari bilan muhokama qilish yo‘li bilan olib boriladi.

Seminarlarga 2—3 hafta tayyorgarlik ko‘riladi. O‘quvchilar adabiyotlarni o‘rganadilar, material yig‘adilar, turli kuzatishlar o‘tkazadilar, o‘z axborotlari yuzasidan tezislar tuzadilar.

Seminar mashg‘uloti o‘qituvchi rahbarligida o‘tkaziladi. U o‘qituvchilar ishini yo‘naltirib turadi, mavzuga oid savollari yuzasidan tashkil etilgan muhokamani yakunlaydi. Zarur qo‘shimcha mulohazalar bildiradi, materialni muayyan tizimga soladi. Ma’ruza qilgan, muhokamada qatnashgan o‘quvchilarga faoliyatini baholab boradi.

Seminar mashg‘uloti o‘quvchilar e’tiborini darsga jalb etish, ularning qiziqishini orttirish, ularni mustaqil ishlashga, fikrlashga o‘rgatish, darsni faollashtirish hamda o‘quvchilar aqliy qobiliyatlarini o‘stirishda muxim o‘rin tutadi.



Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalarga tayanib, quyidagi xulosaga kelish mumkin:

1. Ta’lim shakli muayyan maqsadga muvofiq ma’lum rejimda tashkil etiladigan faoliyatning tashqi ifodasi bo‘lib, ta’lim jarayonida yetakchi o‘rin tutadi.

2. Ta’lim jarayoni samarasini ta’minlash unda ta’lim metodlaridan o‘rinli va unumli foydalanishga bog‘liq. Ta’lim metodi ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning aniq maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi faoliyatlarining usullari hisoblanadi. Ta’lim vositalari ta’lim metodlarining ta’limiy ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘qitishning noan’anaviy shakllari doirasida amaliy tajriba mashg‘ulotlari alohida o‘rin tutadi. Amaliy-tajriba mashg‘ulotlari odatda maxsus jihozlangan yoki alohida ajratilgan tajriba maydonida olib boriladi.

Bunday ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil qilish ikki xil yo‘l bilan olib boriladi:

a) amaliy-tajriba mashg‘ulotlari;

b) ekskursiyalar.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining V—IX sinflarida olib boriladigan amaliy-tajriba mashg‘ulotlari asosan maktab ustaxonasi, maxsus jihozlangan xonalar va o‘quv tajriba yer maydonida olib boriladi.

Amaliy-tajriba mashg‘ulotlari o‘z xususiyatlariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:



Noana’naviy dars ishlaridan biri hisoblangan ekskursiyalar sinf-dars tizimi, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlardan tubdan farq qiladi. Ushbu farq quyidagilardan iboratdir:

a) o‘qituvchi o‘tkaziladigan barcha ekskursiyalarga rahbarlik qilsa ham u ekskursiya obyektlarining barcha detallarini yaxshi bilmasligi mumkin, bunday hollarda maxsus tayyorgarlikka ega ekskursovod ish olib boradi.

b) Ekskursiya muddati turlicha bo‘lib, doimiy o‘quv jadvali talablariga amal qilish, talabiga bo‘ysunish shart hisoblanmaydi.

d) O‘qituvchi yoki ekskursovodning rahbarlik usuli va o‘quvchilarning faoliyati turlicha bo‘lishi mumkin.

Ekskursiyalar quyidagi to‘rt yo‘nalishda uyushtiriladi:



Ekskursiya jarayoni quyidagi tarkibiy tuzilishga ega:


Ekskursiya davomida bir o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘chib yuriladi. Shu bois o‘quvchilardan intizomga qat’iy rioya qilish talab etiladi.

O‘quvchilar obyektni kuzatish jarayonida vaqti-vaqti bilan savollar beradilar, zarur ma’lumotlarni yozib boradilar. Ekskursiya yakunida o‘qituvchi bugungi kuzatganlarini avval o‘zlashtirilgan materiallarga bog‘lab suhbat o‘tkazadi. Ekskursiya materiallari asosida bayon yoki insho yozdirish mumkin.

Ta’limning noan’anaviy shakli sifatida tashkil etiladigan bahs-munozara, davra stoli, matbuot konferensiyasi muayyan predmetlarning muhim mavzulari yuzasidan tashkil etilib, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, o‘z fikrini ilgari surish, uni asoslash hamda himoya qilish qobiliyatini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Bu kabi darslarning tashkil etilishida maqsadning aniqligi, shuningdek, o‘quvchilarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Viktorina va mo‘jizalar maydoni shaklida o‘tkazilayotgan darslar bellashuv xususiyatiga ega bo‘lib, o‘quvchilarni faollikka undaydi. Ta’lim jarayonining muvaffaqiyati uning shakligagina emas, balki qo‘llanilayotgan metodlar samaradorligiga ham bog‘liqdir.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации