Электронная библиотека » USMON QO‘CHQOR » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Rivoyat va ertaklar"


  • Текст добавлен: 26 июня 2023, 11:40


Автор книги: USMON QO‘CHQOR


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Olib chiqdi kulcha non.

Dedi: “Bundan bir tishlam

Tishlab ketgin, Turonjon”.

Otga mindi bahodir,

Jonin qo‘yib xatarga.

So‘ng najot kutgan kabi

Ko‘z tashladi kaptarga.

Havolandi oq kaptar,

Chappor urdi, pat urdi.

Kaptar uchgan tomonga

Turon ham otni burdi.

Cho‘l demay, sahro demay

Ketaverdi Turonbek.

Daryo chiqsa, bir sakrab

O‘taverdi Turonbek.

Ne-ne o‘r-u qirlardan,

Bog‘lardan oshib o‘tdi.

Oti qanot chiqarib,

Tog‘lardan oshib o‘tdi.

Ko‘zlarida zo‘r g‘azab,

Dilda g‘animga qasdi –

Qirq kecha-yu qirq kunduz

U muttasil yo‘l bosdi.

VI

Quyosh cho‘kib borarkan

Qirqinchi kun shomiga,

Kaptar qo‘ndi nihoyat

Bir kulbaning tomiga.

Otdan tushdi Turonbek,

Qalqib ketib damodam.

Rostlagani nafasin

Kulbaga qo‘ydi qadam.

O‘ltirardi kulbada

Nuroniy chol tanho, tek.

Qo‘lin qo‘yib ko‘ksiga

Salom berdi Turonbek.

Chol silkidi boshini:

“Turon o‘g‘lim, keldingmi?

Elingni qutqazgali,

Bo‘ron o‘g‘lim, keldingmi?

O‘ltir, bolam, taom e,

Nafasingni rostlab ol.

Qolgan gapni ertalab

Gaplashamiz”, – dedi chol.

Qilib bo‘lgach tamaddi,

Nogoh ko‘zi suzilib,

Turon yechmay qilichin,

Uxlab qoldi cho‘zilib…

Kulbaning tuynugidan

Ko‘zlariga nur tushib,

Kun chiqqanin bildi-yu

Turon turdi kerishib.

“Zo‘r yumushni bo‘yningga

Olibsan, – der chol, – axir

Yovuzlarning yovuzi

Erur sulton Zardagir.

Ne ham derdim, qilibsan

O‘zing shuni ixtiyor.

Faqat sening oldingda

Bir tilsimli daryo bor.

Zardagir tilsimidan

Yaralgan yovuz daryo.

Har narsani tosh kabi

Qotirguvchi Muzdaryo.

Shu daryoga yetganda

Qolma aslo gang-u lol.

Bir bo‘rk beray, daryodan

Kechar payting kiyib ol.

Muzlasa ham vujuding,

Ortga qaytma, bardam bo‘l.

Bo‘rkni kiysang, muz sinib,

Ochiladi senga yo‘l!”

Shundan keyin chol unga

Bir bo‘rk bermish – saxtiyon.

Rahmat aytib Turonbek

Ot soldi daryo tomon.

Yettinchi kuni quyosh

Chiqqanida qaltirab,

Olislarda bir daryo

Ko‘rindi-ku yaltirab.

“Hayyo-hayt!” deb, ot solib

Yetganida qirg‘oqqa,

Muzga do‘nib vujudi,

Tushdi birdan titroqqa.

Tak-tak takillab tishi,

Bir lahza qoldi shoshib.

Daryoda muz uzra muz

Yotar edi qalashib.

Qo‘li titrab, qo‘ynidan

Zo‘rg‘a bo‘rkin oldi u

Va kiydi-yu boshiga,

Daryoga ot soldi u.

Bu ne mo‘jiza, ajab,

Bu ne tilsim, bu ne hol,

Qoq ikkiga sinib muz,

Bir yo‘l ochildi darhol.

Tushganda ham qorong‘u

Daryo tugamas hanuz.

Suv xuddi muzdek sovuq,

Ikki yoni tog‘-tog‘ muz.

Holi qolmay Turonning

“Chuh!” degali otiga,

Sovuq o‘tgach jonidan,

Qaytmoq bo‘ldi ortiga.

VII

Esingdami, bolajon,

Elobodning tog‘ida

Oqyol, Ko‘kyol qolgandi

Egasining dog‘ida.

Tunlari har ikki it

Qirda tarafma-taraf,

So‘roqlab Turonbekni

Ulirdi oyga qarab.

Bu kecha ham ikki it

Oyga nazar tashladi

Va ikkisi barobar

Zor-zor uliy boshladi.

Go‘yo zo‘r falokatdan

Etgani kabi ogoh,

Oy atrofin qop-qora

Gardish qoplamish, e-voh!

Osmonlarga sapchidi,

Bir-birini quvladi.

Tongga qadar ikki it

Oyga qarab uvladi.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Tongga yaqin tarqadi

Oyning qora gardishi.

Shunda tortib xotirjam,

Duv-duv to‘kib yoshini,

Bir-birining pinjiga

Itlar qo‘ydi boshini.

VIII

Qaytar bo‘ldi, qaytmadi,

Titrab-qaqshab ko‘p yomon,

Tongga yaqin qirg‘oqqa

Chiqdi Turon sog‘-omon.

U bo‘rkini boshidan

Olgan edi nihoyat,

Vujudiga otashdek

Yugurdi zo‘r harorat.

Mundoq boqsa ortiga, –

Xoh ishonma, xoh ishon, –

Behudud Muzdaryodan

Qolmagandi nom-nishon.

Bir tilsimni yengdi u

Jonin qo‘yib xatarga.

So‘ngra najot kutgandek

Ko‘z tashladi kaptarga.

Havolandi oq kaptar,

Chappor urdi, pat urdi.

Kaptar uchgan tomonga

Turon ham otni burdi.

Ne-ne o‘r-u qirlardan,

Bog‘lardan oshib o‘tdi.

Oti qanot chiqarib,

Tog‘lardan oshib o‘tdi.

Ko‘zlarida zo‘r g‘azab,

Dilda g‘animga qasdi,

Yetti kecha-yu kunduz

U muttasil yo‘l bosdi.

Quyosh cho‘kib borarkan

Yettinchi kun shomiga,

Kaptar qo‘ndi nihoyat

Bir kulbaning tomiga.

Otdan tushdi Turonbek

Qalqib ketib damodam.

Rostlagani nafasin

Kulbaga qo‘ydi qadam.

O‘ltirardi kulbada

Nuroniy chol tanho, tek.

Qo‘lin qo‘yib ko‘ksiga

Salom berdi Turonbek.

Chol silkidi boshini:

“Turon o‘g‘lim, keldingmi?

Elingni qutqazgali,

Bo‘ron o‘g‘lim, keldingmi?

O‘ltir, bolam, taom e,

Nafasingni rostlab ol.

Qolgan gapni ertalab

Gaplashamiz”, – dedi chol.

Qilib bo‘lgach tamaddi,

Nogoh ko‘zi suzilib,

Turon yechmay qilichin,

Uxlab qoldi cho‘zilib…


IX

Kulbaning tuynugidan

Ko‘zlariga nur tushib,

Kun chiqqanin bildi-yu

Turon turdi kerishib.

“Zo‘r yumushni bo‘yningga

Olibsan, – der chol, – axir

Yovuzlarning yovuzi

Erur sulton Zardagir.

Ne ham derdim, qilibsan

O‘zing shuni ixtiyor.

Faqat sening oldingda

Tilsimli bir daryo bor.

Zardagirning yurtiga

U shundoq tutash daryo.

Har narsani yondirib

Kul qilur – Otashdaryo.

Shu daryoga yetganda

Qolma aslo gang-u lol.

Chakmon beray, daryodan

Kechar payting kiyib ol.

Yonganda ham vujuding,

Ortga qaytma, bardam bo‘l.

Kiysang ushbu chakmonni,

Ochiladi senga yo‘l!“

Shunday deya chol unga

Chakmon bermish – saxtiyon.

Rahmat aytib Turonbek,

Ot soldi daryo tomon.

Yettinchi kuni quyosh

Chiqqanida dirillab,

Olislarda bir daryo

Ko‘rindi-ku gurillab.

“Hayyo-hayt!” deb qirg‘oqqa

Yetganida Turonsher,

Vujudiga o‘t tushib,

Peshonasin bosdi ter.

Lovullab yuz-ko‘zlari,

Bir lahza qoldi shoshib.

Olov yonar daryoda

Falaklarga tutashib.

Shosha-pisha xurjundan

Chakmonini oldi u.

Va kiydi-yu egniga,

Daryoga ot soldi u.

Bu ne mo‘jiza, ajab,

Bu ne tilsim, bu ne hol,

O‘t ikkiga bo‘linib,

Bir yo‘l ochildi darhol.

Turon Otashdaryoni

Kechaverdi, dili g‘ash.

O‘rtada suv qaynaydi,

Ikki yoni – o‘t-otash.

Bu qiynoq, bu azobning

Bormi ekan adog‘i?

Ko‘rinmaydi daryoning

Ul narigi qirg‘og‘i.

O‘t ichra, otash ichra

Ikkinchi tun boshlandi.

Hafsalasi pir bo‘lib,

Dili battar g‘ashlandi.

Holi qolmay Turonning

“Chuh!” degali otiga,

Olov o‘tgach jonidan,

Qaytmoq bo‘ldi ortiga.

X

Esingdami, bolajon,

Elobodning tog‘ida

Oqyol, Ko‘kyol qolgandi

Egasining dog‘ida.

Tunlari har ikki it

Qirda tarafma-taraf,

So‘roqlab Turonbekni,

Ulirdi oyga qarab.

Bu kecha ham ikki it

Oyga nazar tashladi,

Va ikkisi barobar

Zor-zor uliy boshladi.

Go‘yo zo‘r falokatdan

Etgani kabi ogoh,

Oy atrofin qop-qora

Gardish qoplamish, e-voh!

Osmonlarga sapchidi,

Bir-birini quvladi,

Tongga qadar ikki it

Oyga qarab uvladi.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Tarqamadi tongda ham

Oyning qora gardishi.

Tonggi shabnam maysada

Turar ekan qaltirab,

Bir-biriga ikki it

Boqar edi mo‘ltirab.

Suruvga ham qaramay,

Boshini egib quyi,

Chekdi nola-yu fig‘on

Oqyol, Ko‘kyol kun bo‘yi.

Payqamadi ikki it

Kech kirganin, hoynahoy.

Chimmat tutgan kelindek

Chiqib keldi to‘lin oy.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Voh, bu tun ham ketmamish

Oyning qora gardishi.

Buni ko‘rgach, ko‘zidan

Oqib yum-yum jolalar,

Tongga qadar ikki it

Oyga qildi nolalar.

Bu nola, bu fig‘ondan

Toshlarga larza kirdi.

Uvlab qoldi bo‘rilar,

Yo‘lbarslar ham o‘kirdi.

Barhaq erur doimo

Botir ishi, mard ishi.

Tongga yaqin, nihoyat,

Tarqadi oy gardishi.

Shunda tortib xotirjam,

Duv-duv to‘kib yoshini,

Bir-birining pinjiga

Itlar qo‘ydi boshini.

XI

Qaytar bo‘ldi, qaytmadi,

Kuyib-yonib ko‘p yomon,

Ikkinchi tong qirg‘oqqa

Turon chiqdi sog‘-omon.

U chakmonni egnidan

Yechgan edi nihoyat,

Sarin yellar jismiga

Olib keldi farog‘at.

Shundoq boqsa ortiga –

Xoh ishonma, xoh ishon –

Ulkan Otashdaryodan

Qolmagandi nom-nishon.

Bu tilsimni ham yengdi

Jonin qo‘yib xatarga.

So‘ngra najot kutgandek

Ko‘z tashladi kaptarga.

Havolandi oq kaptar,

Chappor urdi, pat urdi.

Kaptar uchgan tomonga

Turon ham otni burdi.

Yelib borar, shaxtida

G‘olibga xos tantana.

Qarshisida yastanib

Yotar ulkan saltanat.

Turonning izlab kelgan

So‘ng bekati edi bu.

Zardagirning mulki-yu

Mamlakati edi bu.

Turon ko‘rdi – bir yaylov,

Yo‘q sarhadi, hududi.

Naq tizzadan keladi

Uning maysa-yu o‘ti.

Sog‘inib o‘z yaylovin

Bir o‘t tushdi joniga.

Turon bordi yondoshib

Cho‘ponlarning yoniga.

Bir yon – yilqi uyuri,

Bir yon – minglab qo‘y-qo‘zi.

Lekin buncha g‘amgindir

Cho‘ponlarning yuz-ko‘zi.

“Hormanglar, hoy cho‘ponlar! –

Deya so‘z qotdi Turon. –

Bu ne holdir, vo ajab,

Bir narsaga men hayron:

Bor behisob molingiz,

Yaylovingiz bo‘liqdir.

Lekin nechun rangingiz

Somon kabi so‘liqdir?”

“Oh, sen so‘rma, men aytmay, –

Der shivirlab bir cho‘liq, –

Bu suruv, bu yilqidan

Bizga zarra foyda yo‘q.

Bu hududsiz yaylovda,

Bu adir, bu qirdagi

O‘tlab yurgan mollarning

Egasidir Zardagir”.

Cho‘ponlarga achinib

O‘tib ketdi Turonbek.

Jannat kabi bir boqqa

Borib yetdi Turonbek.

Daraxtda-yu ishkomda

Eng sara-yu sarxili –

Tovlanadi tilladek

Mevalarning har xili.

“Hormangiz, hoy bog‘bonlar! –

Deya so‘z qotdi Turon, –

Bu ne holdir, vo ajab,

Bir narsaga men hayron:

Bor behisob bog‘ingiz,

Hosilingiz bo‘liqdir.

Lekin nechun rangingiz

Noranj kabi so‘liqdir?”

“Oh, sen so‘rma, men aytmay, –

Shivirlar bog‘ bog‘boni, –

Bu poliz, bu bog‘larning

Foydadan ko‘p ziyoni.

Ishlasak-da tinmayin,

Yozin-qishin, erta-kech,

Bu bol kabi mevalar

Og‘zimizga tegmas hech.

Polizdagi, bog‘dagi,

Ishkomdagi, yerdagi

Barcha meva-chevaning

Egasidir Zardagir”.

Bog‘bonlarga achinib

O‘tib ketdi Turonbek.

Minglab hovuz qazilgan

Joyga yetdi Turonbek.

Buncha hovuz qazgali

Butun boshli el kerak.

Ko‘rsa – ishlar olomon,

Har qo‘lda bir belkurak.

Uyum-uyum tuproqni

Tashib kelib to‘rvada,

So‘ng ustidan suv qo‘yib

Yuvishmoqda bo‘yrada.

Bu qandayin mo‘jiza,

Bu ne nayrang, hiylalar.

Loyqa ketar yuvilib,

Cho‘kib qolar tillalar.

“Hormangiz, hoy xaloyiq –

Deya so‘z qotdi Turon, –

Bu ne holdir, vo ajab,

Bir narsaga men hayron:

Boyligingiz behisob,

Sizni qay zot qarg‘amish?

Nega rang-u ro‘yingiz

Tilla kabi sarg‘aymish?

Shivirlar bir lahimchi:

“Oh, sen so‘rma, jon ukam.

Bizga bu tillalardan

Tegmas sariq chaqa ham.

Bizlar qazgan har lahim,

Har bitta chuqurdagi

Barcha olmos, tillaning

Egasidir Zardagir”.

Olomonga achinib

O‘taverdi Turonbek.

Oq kaptarning ortidan

Ketaverdi Turonbek.

U muttasil uch kunlik

Yo‘lni bosgach, hoynahoy,

Qarshisida ko‘rindi

Ko‘p muhtasham bir saroy.

XII

Turar edi minorlar

Osmonlarga qadalib.

Boraverdi Turon ham

Otni qistab, jadallab.

Yaqin borib qarasa,

Saroy girdi devordir.

Bunday baland devordan

Oshib o‘tmoq dushvordir.

Turon botir qal’ani

Aylanib ko‘rdi rosa.

Ajab, unda bor edi

Na eshik, na darvoza.

Chizib uch bor doira,

Urib falakda chappar,

Bir minorning boshiga

Borib qo‘ndi oq kaptar.

Shu payt yer-u falakda

Qo‘pdi nogoh zilzila.

Turonbekning diliga

Tushdi vahm, g‘ulg‘ula.

Devor tikka bo‘linib,

Qal’a ichidan noxos

Chiqib keldi qora ot

Mingan qora chavandoz.

Urgan edi qahqaha,

Yer-ko‘kni tutdi suron.

Qilichini qinidan

Sug‘urib oldi Turon.

Qora otli chavandoz

Yo‘lbars kabi bo‘kirdi.

Turonbekka tikilib,

G‘azab bilan o‘kirdi:

“Men ushbu mamlakatning

Qahramoni bo‘laman.

Zardagirning eng jasur

Pahlavoni bo‘laman.

Qorako‘ch der nomimni,

Kim eshitsa – muzlagan.

Yetti iqlim poyimda

Bo‘ta kabi bo‘zlagan.

Baxtingdan ko‘r, hoy go‘dak,

Paymonang-ku to‘libdi.

Seni ushbu yerlarga

Ajal quvib kelibdi!”

Bu tahqirdan Turonning

Ko‘zlariga qon keldi.

Titrab ketdi g‘azabdan,

Halqumiga jon keldi.

Boshi uzra qilichni

Ko‘tardi-yu u azot,

Qorako‘chning ustiga

Bo‘ron kabi soldi ot.

Qop-qoradir Qorako‘ch,

Go‘yo ko‘mirdan edi.

Lekin uning vujudi

Misli temirdan edi.

Shundoq ikki o‘rtada

Jang boshlandi beomon.

Raqiblar bir-biriga

Qilich soldi ko‘p yomon.

Bir hamla qilgan edi

Ko‘pchib Turonning qoni,

Uchib tushdi qo‘lidan

Qorako‘chning qalqoni.

To shomgacha jang qildi

Ikki g‘anim o‘chma-o‘ch.

Va nihoyat otidan

Qulab tushdi Qorako‘ch.

Bir o‘kirik, bir faryod

Zaminni tutib ketdi.

Yer yorilib, g‘animni

Qa’riga yutib ketdi…


XIII

Shuni kutib turgandek

Zardagirning lashkari,

Qal’adan mo‘r-malaxdek

Chiqaverdi tashqari.

Junbushga kelmish Turon,

G‘animga gal bermaydi.

To‘p-to‘p kelgan dushmanga

Qilichini sermaydi.

Kam tug‘ilar onadan

Bundayin mard, jangari.

Yov lashkarin kesadi

Xuddi pichan singari.

Sardoridan ajragan

Lashkar holi ne bo‘lg‘ay?

Yordam bermas na qilich,

Na sovut, na dubulg‘a.

Qorako‘ch ham o‘ldi-yu

Bu lashkar bebosh qoldi.

Navkarlar bo‘g‘zida oh,

Ko‘zlarida yosh qoldi.

Shundoq katta lashkarni

Qonlarga qotdi Turon.

Bir kecha-yu kunduzda

Qirib tugatdi Turon.

Endigi gal – Zardagir,

Shaylanib zo‘r hamlaga,

Bo‘ron kabi bostirib

Kirdi Turon qal’aga.

Bekinib o‘z qasriga

Yovuz, makkor Zardagir,

Turonbekning jangini

Kuzatardi birma-bir.

Zardagirning og‘zidan

Oppoq ko‘pik ko‘pirdi.

Turonbekning boshiga

Izg‘irinlar ufurdi.

Hamma yoqni muz bosdi

Yo‘qotib zeb-ko‘rkini.

Turon darrov boshiga

Kiyib oldi bo‘rkini.

Ko‘rdiki shum Zardagir –

Unga muzlar qilmas kor,

Turonbekning boshiga

Puflay ketdi o‘t-sharor.

Shumniyatlar ishi – shu,

Bu tilsimning kuchi-da!

Bir lahzada yon-atrof

Qoldi olov ichida.

O‘rab kelgach o‘t-olov

Turonning to‘rt tomonin,

Kiyib oldi egniga

Huv saxtiyon chakmonin.

Muzda qotmas, o‘tlarda

Yonmas bu qanday botir?

Noiloj o‘z qasridan

Chiqib keldi Zardagir.

XIV

Shumlik bilan u avval

Turonni ko‘rdi avrab.

Lo‘q qildi-yu ko‘zlarin,

Shundayin dedi javrab:

“O‘g‘lim, go‘dak ekansan,

Bo‘yamayin qoningga.

Meni derlar Zardagir,

Javr etma yosh joningga.

Mulkimning bir chetidan

Yer-u suvni berayin.

El-ulusing qaytaray,

Oysuluvni berayin.

Bu buyuk saltanatning

Qo‘li bo‘l, qo‘ldoshi bo‘l.

Bo‘lgin mening sardorim,

Menga lashkarboshi bo‘l.

Bir musht kabi birlashsak,

Agar ikkimiz, qo‘zim,

Bizga tobe bo‘lajak

Yorug‘ dunyo, yer yuzi”.

Turon dedi: “Hoy yovuz,

Qonxo‘r sulton, shumniyat,

Hech zamonda o‘t va suv

Qo‘shilganmi, qani ayt?!

Sening kasbing qon to‘kmoq,

Qul aylamoq ellarni.

Mening ishim – asramoq,

Avaylamoq gullarni.

Sening kasbing – olamga

Qayg‘u sochmoq, g‘am sochmoq.

Mening ishim – dillardan

Dillar sari yo‘l ochmoq.

Sening kasbing – har uyda

Faryod ko‘rmoq, dod ko‘rmoq.

Mening ishim – insonni

Baxtli ko‘rmoq, shod ko‘rmoq.

Kurashgani keldim men,

Qonga qon-u jonga jon.

Sen bilan biz, ey yovuz,

El bo‘lmasmiz hech qachon!”

Bir yon – olov, bir yon – suv,

Bir yonda – do‘st, bir yon – yov.

Shundoq ikki o‘rtada

Jang boshlandi beayov.

Turonbekda kuch-quvvat

Ko‘p edi, bisyor edi.

Zardagir ham baquvvat,

Hamda shum, ayyor edi.

Pishib ketgan edi u

Bundayin jang-harbaga.

Chap berardi ustomon

Har hujum, har zarbaga.

Ikki kecha-yu kunduz

Murosasiz jang bo‘ldi.

Ikkisining holi ham

Bir-biridan tang bo‘ldi.

Uchinchi tun falakka

Balqib chiqqan mahal oy,

Turonning bilagidan

Mador ketdi, hoynahoy.

Buni payqab Zardagir

Bo‘rondek bosib bordi.

Qal’aning bir burchiga

Turonni qisib bordi.

Tizi titrab Turonning,

Boshi gir-gir aylandi.

Qilich rostlab Zardagir

So‘nggi zarbga shaylandi.

XV

Esingdami, bolajon,

Elobodning tog‘ida

Oqyol, Ko‘kyol qolgandi

Turonbekning dog‘ida.

Tunlari har ikki it

Qirda tarafma-taraf,

So‘roqlab Turonbekni

Uvlardi oyga qarab.

Bu kecha ham ikki it

Oyga nazar tashladi,

Va ikkisi barobar

Zor-zor uliy boshladi.

Go‘yo zo‘r falokatdan

Etgani kabi ogoh,

Oy atrofin qop-qora

Gardish qoplamish, e-voh!

Osmonlarga sapchidi,

Bir-birini quvladi,

Tongga qadar ikki it

Oyga qarab uvladi.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Tarqamadi tongda ham

Oyning qora gardishi.

Tonggi shabnam maysada

Turar ekan qaltirab,

Bir-biriga ikki it

Boqar edi mo‘ltirab.

Suruvga ham qaramay,

Egib boshini quyi,

Chekdi nola-yu fig‘on

Oqyol, Ko‘kyol kun bo‘yi.

Payqamadi ikki it

Kech kirganin, hoynahoy.

Chimmat tutgan kelindek

Chiqib keldi to‘lin oy.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Voh, bu tun ham ketmamish

Oyning qora gardishi.

Buni ko‘rgach, ko‘zidan

To‘kib yum-yum jolalar,

Tongga qadar ikki it

Oyga qildi nolalar.

Bu nola, bu fig‘ondan

Toshlarga larza kirdi.

Uvlab qoldi bo‘rilar,

Yo‘lbarslar ham o‘kirdi.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Qolaverdi tarqamay

Oyning qora gardishi.

Qaramasdan suruvga,

Boshini egib quyi,

Chekdi nola-yu fig‘on

Oqyol, Ko‘kyol kun bo‘yi.

Payqamadi ikki it

Kech kirganin, hoynahoy.

Uchinchi tun falakka

Chiqib keldi to‘lin oy.

Bu falakning hamisha

Qayg‘u – ishi, dard – ishi.

Voh, uchinchi tunda ham

Ketmabdi oy gardishi.

Ikkala it shundayin

Uv tortdiki to‘kib yosh,

Bu noladan sel bo‘lib

Erib oqdi tog‘-u tosh.

Barhaq erur doimo

Botir ishi, mard ishi.

Tongga yaqin, nihoyat,

Tarqadi oy gardishi.

Shunda tortib xotirjam,

Duv-duv to‘kib yoshini,

Bir-birining pinjiga

Itlar qo‘ydi boshini.

XVI

Ha, darvoqe, Turonning

Boshi gir-gir aylandi.

Qilich rostlab Zardagir

So‘nggi zarbga shaylandi.

Turonbekning bo‘g‘ziga

Qadalib dardi-ohi,

Ko‘targandi boshini,

Oyga tushdi nigohi.

Ajab, oydan uvlagan

Nolali tovush keldi,

Turonbekka qaytadan

Idrok eldi, hush keldi.

Oyda Oqyol, Ko‘kyoli

To‘kib yum-yum jolalar,

Turonjonga termulib

Chekardi oh-nolalar.

Bir lahzada o‘zini

O‘nglab oldi Turonbek.

Zardagirning bo‘yniga

Qilich soldi Turonbek.

Naq mo‘ljalga tekkandi

Bahodirning hamlasi.

Uchib tushdi sapchadek

Zardagirning kallasi.

Turon chuqur xo‘rsindi,

Tushdi otidan horib.

Mashriq ufqlarida

Kelardi tong oqarib.

El-ulusning sog‘inchi

O‘tlar yoqib joniga,

Kirib ketdi Turonbek

Qasrning zindoniga.

Uzun-uzun lahimlar,

Ikki yoni panjara.

Bandilarning oldida

Bir tog‘ora kunjara.

Odamzotga hayiqib,

Qo‘rqib boqar ko‘zlari.

So‘lib, salqib, sarg‘ayib,

Ma’yus tortgan yuzlari.

Elobodning ulusi

Tanib qolgach Turonni,

Ko‘ring yig‘i-sig‘ini,

Ko‘ring shovqin-suronni.

Shuncha mashaqqat chekib

O‘z elin topdi Turon.

Panjaraning qulflarin

Birma-bir chopdi Turon.

Eng to‘rdagi xonada

Tikka turar Oysuluv.

Go‘yo o‘z o‘tmishidan

Xayol surar Oysuluv.

Ko‘zlarida azob bor,

Ko‘ksi g‘amdan dog‘langan.

Ikki qo‘li chormixga,

Sochi shiftga bog‘langan.

Turon qattiq oh urdi

Unga ko‘zi tushganda.

Panjarani parchalab,

Ozod qildi kishandan.

Oysuluvning ko‘ziga

Yoshlar keldi quyilib.

Hushdan ketdi Turonning

Ko‘kragiga bosh qo‘yib.

Tashqariga chiqdi el,

Dildan arib g‘am-dardi.

Turonbekni xaloyiq

Quchoqlardi, o‘pardi.

Yetmish eldan qul qilib

Keltirilgan bandilar

Xayrlashuv oldidan

Yig‘lashib o‘rtandilar.

Shundoq nuqta qo‘yildi

Qullikka, dod-faryodga.

O‘z ulusin boshladi

Turonbek Elobodga.

Hamma baxtiyor edi,

Hamma hur, ozod edi.

Oysuluvning kiftiga

Qo‘ngan kaptar shod edi.

XVII

Qirq kecha-yu qirq kunduz

Elobodda bo‘ldi to‘y.

So‘yildi ushbu to‘yda

Necha novvos, necha qo‘y…

Yillar o‘tdi oradan,

Bir kun tushdi-yu yodga,

Otni egarlab darhol

Yo‘l oldim Elobodga.

Nurota tog‘laridan

Oshib yelvizak misol,

Otdan tushdim, bir toshga

O‘ltirib surdim xayol.

Evoh, fursat o‘tarkan

Boqmasdan siz-u bizga.

Qaylardadir “Oysuluv!”

Deb ingrardi sibizg‘a.

Shu payt ko‘kda nimadir

Shuv etdi – cho‘chib ketdim.

Qaradim, boshim uzra

Bir kaptar uchib o‘tdi.

Atrof sokin, tinch edi,

Osmon moviy, beg‘ubor.

Ko‘rdim – kaptar ko‘ksida

Tangadayin dog‘i bor.

Uchardi hal bo‘lgudek

Go‘yo hayot-mamoti.

Faqat, bilmam, ne sabab,

Jinday kuygan qanoti.

Birpasdan so‘ng negadir

Tinib qoldi sibizg‘a.

Shum xabardan, ehtimol,

Sinib qoldi sibizg‘a.

Tosh ustida o‘ltirib

Uzoq surdim men xayol.

Hozir Turon qaydadir,

Elobodda ne ahvol?..

Bas, bolajon, charchadim,

Qiynama, darding olay.

Ertak aytsin boshqalar,

Men bu safar tin olay.

Oy gardishi tarqagach,

Tongda uyg‘otsang, yana

Aytaman Eloboddan

Yangi bitta afsona.

1992 y.

1190 misra





CHAMANGUL


She’riy ertak

I


O‘tmishdan bo‘y yetguncha

Bo‘ylab ko‘ray, bolajon.

Senga qiziq bir doston

So‘ylab beray, bolajon.

Har narsani anglagan

Qo‘zimsan-ku o‘zimning.

Afsona deb o‘ylama,

Yolg‘oni yo‘q so‘zimning.

Qushlar osmonda ozod

Qanot qoqqan zamonda,

Daryo sig‘may qirg‘oqqa,

To‘lib oqqan zamonda,

Yozda ham tog‘larda qor

Erimagan davrda,

Hali dengiz suvlari

Qurimagan davrda

Bir mamlakat bor edi,

Nomi go‘zal – Chamangul.

Bir yurtki, har tomon bog‘,

Bir yurtki, har tomon gul.

Adirlari, tog‘lari

Yashnab yotgan bir ma’vo.

Yurtda oqsoqol edi

Tugal otli bir bobo.

Ham oqil-u ham odil,

Ko‘rkam, purviqor edi.

Yurtda mehr-u oqibat

Doim barqaror edi.

O‘stirgandi uch o‘g‘il,

Ko‘zin nuri, quvonchi.

Yo‘l yurganda – yo‘ldoshi,

Suyanganda – suyanchi.

Boboning qosh-ko‘zidek –

Katta o‘g‘li O‘zimbek.

Kozimbek – o‘rtanchasi,

Kenjatoyi – To‘zimbek.

Daryo kabi ayqirib

Umr o‘tar shiddatkor.

Ertami-kech, dunyoda

Bir boshga bir o‘lim bor.

Tugal bobo ham qarib,

Kuni bitgach, oqibat,

Uch o‘g‘lini chaqirib,

Qilmish shundoq nasihat:

“O‘g‘lonlarim, yoshimni

Yashab bo‘ldim men endi.

Bu dunyodan oshimni

Oshab bo‘ldim men endi.

U dunyoga orqalab

Ketmagayman yukimni.

Sizga bo‘lib berayin

Endi mol-u mulkimni.

Bog‘-u rog‘, qir-adirlar

O‘zimbekka qoladi.

Tog‘-u toshni Kozimbek,

Cho‘lni To‘zim oladi.

Lekin sizga bir o‘git

Aytsam donolarga xos,

Bu mol-mulk, bu davlatdan

Bordir zo‘rroq bir meros.

Qardoshlar bir-biriga

Qilgan hamiyat buyuk.

Har qanday mol-dunyodan

Mehr-u oqibat buyuk.

Ming yillik udumlarni

Buzmangizlar hech qachon.

Qon-qardoshlik rishtasin

Uzmangizlar hech qachon.

Dushmanga hozir turing

Xuddi qilich tig‘idek.

Asrang ona Vatanni

Ko‘zning qorachig‘idek.

Arg‘amchiga qil quvvat,

Siz doim birdam bo‘ling,

Doim bir-biringizga

Esh bo‘ling, yordam bering”.

Uch kun o‘tib, otaxon

Vido aytmish dunyoga…

Kozim toqqa yo‘l olmish,

To‘zim esa sahroga.

II

Chamangulga yonma-yon

Bor ekan bir qo‘shni yurt.

O‘shal yurtning sultoni

Yovuz, qonxo‘r Sariqut.

Tugal bobo dunyodan

O‘tganini eshitib,

Chamangulga yo‘l olmish

Lashkarini pesh etib.

Qumursqaday bu lashkar

Otib, osib boradi,

Gul demay, gulzor demay

Toptab, bosib boradi.

Daryolarni quritgan,

Chamanlarni so‘litgan.

Yondirgan yetgan joyin,

Borgan joyin kul etgan.

Yorug‘ dunyo qolmasin

Qashqir bilan tulkiga.

Xullas, kirdi Sariqut

O‘zimbekning mulkiga.

Bas kelolmas O‘zimbek

Bul baloyi azimga.

Choparlarni jo‘natdi

Kozim bilan To‘zimga.

“Chamangulday bir yurtni

Bosar bo‘ldi xazonlar,

Qo‘shin bilan tez etib

Kelingiz, inijonlar,

Sariqutning lashkari

To‘kmoqda bunda qonlar,

Sizdan o‘zga madad yo‘q,

Tez keling, inijonlar”.

Chopar xatni tutqazgach

Ikki qo‘llab Kozimga,

O‘qidi-yu o‘yladi:

“Men tinchman-ku o‘zimga.

Kimlarnidir o‘ldirib,

Kimni dorlarga ossa,

Huv pastdagi bog‘larni,

Menga nima, yov bossa.

Sariqutdan kuchliman,

Meni yiqolmagay ul.

Bundoq baland tog‘larga

Aslo chiqolmagay ul.

Menga yovning zarracha

Dahshati yo‘q, vahmi yo‘q.

Bu yurish, bu urushning

Menga aslo daxli yo‘q”.

Va aytibdi choparga:

“Yomon bo‘pti bu urush.

Og‘am O‘zimbek uchun

Chekmoqdaman zo‘r tashvish.

Lekin, afsus, qo‘shinni

Boshlab ketolmayman men.

Tog‘-toshlarni egasiz

Tashlab ketolmayman men.

O‘zimbekka yetkazing,

Olloh madadkor bo‘lg‘ay.

Duo qilib turamiz,

Unga zafar yor bo‘lg‘ay”.

III

Chopardan xatni olib

O‘qib ko‘rarkan To‘zim,

O‘yladi: “Men tinchman-ku,

Bu jang menga ne lozim.

Sariqutni bog‘-rog‘lar

Qilgan balki mahliyo.

Lekin unga ne kerak

Bundoq qip-qizil sahro?!

Menga qarshi Sariqut

Yurish qila olmagay.

Suvsizlikdan lashkari

O‘lgay, bitta qolmagay”.

Va aytibdi choparga:

“Yomon bo‘pti bu ofat.

Og‘am O‘zimbek uchun

Chekmoqdaman nadomat.

Lekin men qo‘shin tortib

Bora olmasman aslo.

Egasiz qolib ketgay

Shundoq bepayon sahro.

O‘zimbekka yetkazing,

Olloh madadkor bo‘lg‘ay.

Duo qilib turamiz,

Zafar unga yor bo‘lg‘ay”.

Xullas, ikki ini ham

O‘z jonin aziz tutib,

Qardoshlikning azaliy

Udumini unutib,

Bo‘lsa-da zo‘r qo‘shini,

To‘plab yurmabdi ular.

O‘zimbekday og‘aga

Yordam bermabdi ular.

Xazon bo‘lib bog‘-rog‘lar,

Ko‘kka o‘rlab olov-dud,

O‘zimbekning mulkini

Bosib olmish Sariqut.

IV

“Hoy botirlar, ertadir

Hali ishrat qilmoqqa”, –

Deb Sariqut lashkarin

Boshlab ketibdi toqqa.

Tog‘lar juda ham baland,

Ko‘kka tutashib ketgan.

Biroq bundoq janglarda

Sariqut pishib ketgan.

Cho‘qqilarga tirmashmoq

Bo‘lsin deb o‘ng‘ay, oson,

Har jangchiga beribdi

Uchi ilmoqli arqon.

Kozimbek to‘plab qo‘shin,

Yig‘ib zalvorli toshlar,

Yuqoriga o‘rlagan

Dushman ustiga tashlar.

Toshlar tegib, dumalab

O‘lganlar to‘p-to‘p ekan.

Lek Sariqut lashkari

Mo‘r-malaxdek ko‘p ekan.

Qirq kecha-yu qirq kunduz

Kurash bo‘lmish, jang bo‘lmish.

Kozimbekning ahvoli

G‘oyat tor-u tang bo‘lmish.

Har ungurda yashrinib,

Har bir toshni sirmalab,

Sariqutning lashkari

Toqqa chiqmish o‘rmalab.

Bu qayg‘u, bu g‘ussadan

Egilibdi Kozimbek.

Sariqutdan oqibat

Yengilibdi Kozimbek.

Fursat o‘tgandan keyin,

Qo‘lidan ketgach omad,

Zor-zor yig‘lab Kozimbek

Chekmish afsus-nadomat:

“Shuncha qo‘shinim bilan

Nega to‘lib-toshmadim?

Og‘ajonim O‘zimga

Yordam sari shoshmadim.

O‘zin o‘ylagan xudbin,

Johillarga sazo – shu.

Qardoshlikning udumin

Buzganlarga jazo – shu.

Bu tuproqning ming yillik

Shon-shuhratin unutdim.

Dono Tugal otamning

Nasihatin unutdim.

Endi aslo yo‘q tadbir

Bu qayg‘uga, bu holga.

O‘yladim-u o‘zimni,

Qolib ketdim uvolga”.

V

“Hoy botirlar, ishratga

Hali bor jinday zamon”,–

Deb Sariqut lashkarin

Boshlamish sahro tomon.

Sahroning poyoni yo‘q,

Ufqqa tutashib ketgan.

Biroq bunday janglarda

Sariqut pishib ketgan.

Yovuzligin yo‘q cheki,

Ham hiylakor, ayyor, quv.

Buyruq bermish: “Har jangchi

Olib olsin bir mesh suv”.

O‘lja tushgan qo‘y-u mol

Terilari shilindi.

Yasaldi minglab qovg‘a,

Minglab meshlar qilindi…

To‘zimbek bundoq boqsa,

Uzoqlarda o‘rlar chang.

Go‘yo qiyomat qo‘pgan,

Quyosh ko‘rinar arang.

Ovullarni qul etib,

Shoshib kelar Sariqut.

Quyun kabi shahd bilan

Bosib kelar Sariqut.

To‘zim qoldi dovdirab:

Ne qilamiz, xo‘sh endi?!

O‘zin o‘nglab, nihoyat,

Yig‘di darhol qo‘shinni.

Qindan chiqdi qilichlar,

Kamonga o‘q joylandi.

Dovul chalindi tinmay,

Hamma jangga shaylandi.

Hash-pash demay ot yo‘rtib,

Yeldek uchib sarsari,

Yetib keldi beomon

Sariqutning lashkari.

Garchi kuchlar teng emas,

Yaxshi anglardi To‘zim.

Lekin yovga basma-bas

Jang qilmoq edi lozim.

Tahlikada har jangchi,

Xavotirda mulozim.

Istasang-istamasang,

Albat jang qilmoq lozim.

Chunki inson qalbida

O‘z yurtiga mehr bor.

Oyoqlaring ostida

Vatan degan sehr bor.

Sen dushmandan chekinsang,

Borar joying yo‘q, axir.

Tilanchidek vatanni

So‘rar joying yo‘q, axir.

O‘zga yurtga dovdirab

Borguningcha xor-sarson,

Yaxshimasmi el-yurt deb

Janglarda bo‘lsang qurbon!

El ichinda mard degan

Yaxshi oting qoladi.

Bir umr meros bo‘lib

E’tiqoding qoladi.

Xullas, To‘zim tap tortmay,

Sherdek kerib to‘shini,

Yalang‘ochlab qilichin,

Jangga tortdi qo‘shinni.

Qirq kecha-yu qirq kunduz

Kurash bo‘ldi, jang bo‘ldi.

To‘zimbekning ahvoli

G‘oyat tor-u tang bo‘ldi.

Har ikkala tomonda

Qurbonlar to‘p-to‘p edi.

Lek Sariqut lashkari

Mo‘r-malaxdek ko‘p edi.

Qirq birinchi kun oxir

Sahroga tushganda shom,

To‘zimbekning lashkari

Qirilib bitdi tamom.

Faryod chekdi bosh urib,

Basir bo‘ldi To‘zimbek.

Bu urush, bu kurashda

Asir bo‘ldi To‘zimbek.

Sahrodagi jangdan ham

G‘olib ketdi Sariqut.

Kishan solib, To‘zimni

Olib ketdi Sariqut.

VI

O‘zimbekning mulkiga

Qaytgach Sariqut shodon,

Yerdan lahim kovlatib,

Qurdi kattakon zindon.

Qaramasdan el-yurtning

Nola, oh-vohlariga,

O‘zim, Kozim, To‘zimni

Otdi zindon qa’riga.

Va dedi qo‘shiniga:

“Ushbu bog‘lar sizniki.

Sizniki cheksiz sahro,

Yuksak tog‘lar sizniki.

Sizniki bol mevalar,

Siznikidir gul-g‘uncha.

Endi yetdi fursati,

Ishrat qiling to‘yguncha.

Sozanda-yu raqqosa –

Mohtoblarni keltiring.

Xumlarda ko‘pchib yotgan

Sharoblarni keltiring.

So‘yib qo‘y-u novvoslar,

Endi bir rohat qiling.

Qirq kecha-yu qirq kunduz

Aysh qiling, ishrat qiling.

Mening har bitta jangchim

To‘rda, izzatda bo‘lsin.

Chamangul fuqarosi

Doim xizmatda bo‘lsin.

Ter to‘ksin dalalarda,

Qo‘y, yilqi, poda boqsin.

Bu yurtning tillalari

Mening g‘aznamga oqsin.

Inobatga olmasdan

Faryodi, ko‘z yoshini,

G‘ing degan har kimsaning

Olavering boshini.

Boyliklarin cheki yo‘q

Chamanguldir ushbu yurt.

Lekin endi toabad

Menga quldir ushbu yurt”.

VII

Uch og‘ayni zindonda

Qolaverdi bukilib.

Oylari yo‘q osmonda,

Chiqmas quyoshi kulib.

Pushmon bo‘lib uchovi

Taqdirini qarg‘aydi.

Rang-ro‘ylari so‘liqib,

Somon kabi sarg‘aydi.

Chiqay desa zindondan,

Uchmoqqa yo‘q qanoti.

Uchovining kundan-kun

Tugab borar saboti.

Bir-biriga boqqanda

Ko‘ngillari buzilib,

Daryo kabi oqadi

Ko‘zlardan yosh suzilib.

Tashqarida aysh-ishrat,

O‘yin-kulgi, tantana.

Uchalasi bu holdan

Battar ezilar yana.

Bandilikda shu zayl

O‘tdi o‘ttiz to‘qqiz kun.

Biror chora topolmay

Uch o‘g‘lonning bag‘ri xun.

Erta qirq kun to‘ladi,

Boqmasdan oh-u zorga,

Bu uch og‘a-inini

Sariqut osar dorga.

Hurlikning imkoni yo‘q,

Barcha yo‘llar bekilgan,

Allaqachon maydonda

Baland dorlar tikilgan.

Har tomonga ot solib

Ketgan ko‘p xabarchilar.

El-yurtning orasida

Jar ham solgan jarchilar.

Sariqutda shafqat yo‘q,

Hech kimga bermas omon,

Erta katta maydonda

Osiladi uch o‘g‘lon.

Yuragi g‘amga to‘lib,

Ko‘zlari to‘lib yoshga,

Uxlab qoldi uch o‘g‘lon

Boshini qo‘yib toshga.

Ajab, uch og‘a-ini

Aynan bir xil tush ko‘rdi.

Tushda Tugal boboni

O‘ychan-u xomush ko‘rdi.

Egnida oppoq libos,

Soch oppoq, soqol oppoq.

Ko‘zlariga dard cho‘kkan,

Uyulgan qosh-u qovoq.

Achinibmi, o‘kinib

Uzoq termuldi, alhol,

Har uch yigit tushida

So‘zlay ketdi Tugal chol:

“Jonin Vatandan aziz

Tutganning ahvoli shu.

Mening nasihatimni

Unutganning holi shu.

U dunyoda ham meni

Tinch qo‘ymay ota mehri,

Arosatda o‘rtangan

Yurt mehri, Vatan sehri,

Ruhim bo‘lib bezovta,

Qaytib keldim men atay.

Sizga huv vasiyatni

Tag‘in bir bor eslatay.

Qardoshlar bir-biriga

Qilgan hamiyat buyuk.

Har qanday mol-dunyodan

Mehr-u oqibat buyuk.

Ming yillik udumlarni

Buzmangizlar hech qachon.

Qon-qardoshlik rishtasin

Uzmangizlar hech qachon.

Dushmanga hozir turing

Xuddi qilich tig‘idek.

Asrang ona-Vatanni

Ko‘zning qorachig‘idek.

Arg‘amchiga qil quvvat,

Siz doim birdam bo‘ling.

Doim bir-biringizga

Esh bo‘ling, yordam bering.

Yo‘qsa, hech qanday qudrat

G‘animlarga kelmas bas.

Tarqoqlik bo‘lgan joyda

Yurt abas, Vatan abas…

Qudratlidir Sariqut,

Ayyor, beshafqat, battol.

Lekin sizga berayin

Men sehrli uch qurol.

Biri qilich – botirga

Saodatning qilichi.

Yovuzlikka rad-badal,

Adolatning qilichi.

Qosh-ko‘zimga surtilgan,

Yuzim tekkan bu qilich,

Yog‘dek kesar toshni ham,

O‘zimbekka bu qilich.

Biri nayza – ilohiy,

Zo‘r qudratning nayzasi.

Yuz gaz o‘sar sanchganda,

Haqiqatning nayzasi.

Yurtda mudom tinmasin

Karnay sasi, nay sasi.

Bu o‘rtancha botirning –

Kozimbekning nayzasi.

Biri – cho‘qmor, bilakka

Kuch-rag‘batning cho‘qmori.

Yovga – yov-u do‘stga – do‘st,

Muruvvatning cho‘qmori.

G‘animlarni qaqshatib

Aylaguvchi xor-u zor,

Kenjatoy To‘zimbekka

Bo‘la qolsin bu cho‘qmor.

Faqat siz bu qurolni

Ishlatmanglar behuda.

Yo‘qsa, ular o‘sha kun

Ajraladi sehridan.

Ushbu yorug‘ olamda

Avj olganda razolat,

Yovuzliklar ko‘payib,

Buzilganda adolat,

Mazlum ellar talanib,

Begunoh qon to‘kilsa,

Haqiqatning qomati

Dol bo‘lsa-yu bukilsa,

Zulm-u sitam gurkirab,

Rahm-u shafqat tin olsa,

Muruvvatning o‘rnini

Adovat-u kin olsa,

Ezgulikni yovuzlik

Yengmoq bo‘lsa beomon,

Sizlar bu uch qurolni

Qo‘lga oling o‘shal on…”

VIII

Ko‘zin ochsa O‘zimbek,

Tush sehridan qaltirab,

O‘ng yonida bir qilich

Yotar yonib, yaltirab.

Kozim ochsa ko‘zini

Titrab misoli maysa,

O‘ng yonida yotibdi


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации