Электронная библиотека » USMON QO‘CHQOR » » онлайн чтение - страница 3

Текст книги "Rivoyat va ertaklar"


  • Текст добавлен: 26 июня 2023, 11:40


Автор книги: USMON QO‘CHQOR


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Kun tig‘idek bir nayza.

To‘zim ochsa ko‘zini

Titrab misoli chiltor,

Yotibdi o‘ng yonida

Chinor kabi bir cho‘qmor.

Zindonning tuynugidan

Nur oqadi shaxt bilan.

Uch o‘g‘lon uch qurolni

Qo‘lga oldi jahd bilan…

Tashqarida – maydonda

Tinmay qoqilar dovul.

Hamma shunda – shoh-gado,

Bakovul-u yasovul.

O‘ltiribdi Sariqut

Taxtga qora tug‘ ilib.

Zo‘r qatlni kutadi

Hamma shunda yig‘ilib.

Uch o‘g‘lonni osishib,

Ko‘mishar bejanoza.

Kim uchun bu tantana,

Kim uchun ulkan aza.

Kimdir ta’zim qilgancha

Shohga egib turar bosh.

Qonxo‘r, deya bir chetda

Kimdir to‘kar yum-yum yosh.

Qaysi bir maddoh shoir

Sariqutni madh etar:

“Undan buyuk sulton yo‘q,

U yer yuzin fath etar”.

Sovut kiygan soqchilar

Bosib turar voy-dodni.

Hamma kutar besabr

Uch o‘g‘lon va jallodni.

Tog‘larni bosgan sukut,

Sahroda yel chopmagan.

So‘ligan dov-daraxtlar,

Ko‘kni bulut qoplagan.

Shu payt bosib qaldiroq

Ham yer-u ham osmonni,

Chiqib keldi uch yigit

Buzganicha zindonni.

Birin qo‘lida qilich

Yaltiraydi shu’lavor.

Birida o‘tkir nayza

Va birida zo‘r cho‘qmor.

Uch botirni ko‘ribon

O‘kirdi-ku Sariqut.

Soqchilarga “Ushlang!” deb

Bo‘kirdi-ku Sariqut.

Sovut kiygan soqchilar

Botirlarga tashlandi.

Maydon uzra ur-yiqit,

Zo‘r bir kurash boshlandi.

Sariqutning lashkari

Keldi ularni o‘rab.

Uch pahlavon jang qilar

Kiftga kiftini tirab.

O‘zim bilagida kuch,

Yuragida o‘chi bor.

Har sermaganda qirq gaz

O‘sguvchi qilichi bor.

Kozimbek jang hadisin

Juda yaxshi biladi.

Har sanchganda nayzasi

O‘nlab yovni iladi.

To‘zimbekning cho‘qmori

Tushar ekan zirqirab,

O‘lgan o‘lar, qolganlar

Qochib qolar tirqirab.

Qilich, nayza, cho‘qmorin

Uraverdi uch botir.

Sariqut lashkarini

Qiraverdi uch botir.

Yerga qorildi yovning

Qonlariy-u ashklari.

Tushga borib tugadi

Sariqutning lashkari.

Qilolmagach zo‘r lashkar

Uch o‘g‘lon ilojini,

Boshdan olib Sariqut

Yerga urdi tojini.

Bundayin jasoratdan

Hushi uchib yolvordi,

Uch o‘g‘lonning poyiga

Cho‘kka tushib yolvordi:

“Menga omonlik bering,

Qilmishimdan pushmonman.

Aslida sizga emas,

O‘z-o‘zimga dushmanman.

Yursam bo‘lar edi-ku

Shoh bo‘lib o‘z elimga.

Bilmam, yovuzlik ruhin

Kim solibdi dilimga.

Yurtlar olib to‘ymadim,

Qonlar to‘kdim galma-gal.

Meni Chamangul tomon

Quvlab kelibdi ajal.

Shundoq ekan toleim,

Shu ekan achchiq qismat.

Istasangiz qul bo‘lib

Qilay sizlarga xizmat.

Na toj-u taxt, na shuhrat

Menga emasdir havas.

Faqat sho‘rlik jonimni

Omon qoldirsangiz bas”.

Xo‘sh, xalq hukmi nedir, deb,

So‘rashganda, al’omon,

O‘lim bunday yovuzga,

Deb hayqirdi olomon.

Shunda xalq o‘rtasidan –

Oppoq soch, oppoq soqol,

Oq libos kiyib olgan –

Chiqib kelmish bitta chol.

“Hoy xaloyiq, dunyoda

Janglar bo‘lgan galma-gal.

Daryo-daryo qonlarga

Yer to‘ymagan hech mahal.

Garchi Sariqutning ham

Ko‘pdir qilgan gunohi.

Uni tutgay albatta

Yetim-yesirlar ohi.

Lekin uni o‘ldirmang,

Haydab soling beomon.

Bu dunyoni kezsin u

Tentirab xor-sargardon.

Qayga borsa yukinib,

Joy bermasin hech kimsa.

Non tutmasin qo‘liga,

Choy bermasin hech kimsa.

Bu zolimning to tizdan

Kechgan qoni yetadi.

Ne-ne ellarni bosib

Ichgan qoni yetadi.

Basharning tarixida

Bu urush adoq bo‘lsin,

Har yovuz, har qonxo‘rga

Sariqut saboq bo‘lsin.

Bu sho‘rlikni ko‘rganda

Bilsinki bilmaganlar –

Qolmas mangu zulmda

Ellar, yurtlar, vatanlar…”

Ushbu gapni aytib chol

G‘oyib bo‘lmish sarbasar.

Boshni egib Sariqut

Yo‘lga tushmish darbadar…


IX

Qirq kecha-yu qirq kunduz

Chamangulda to‘y bo‘ldi.

Tinmadi karnay-surnay,

Qo‘shiq bo‘ldi, kuy bo‘ldi.

El-ulusning boshidan

Tillo sochib, dur to‘kib,

O‘ltirardi uch botir

Savlat to‘kib, qo‘r to‘kib.

Har dushman, har g‘animga

Biz shaymiz, derdi ular,

To qiyomat bir bo‘lib

Yashaymiz derdi ular…

Ertak qoldi oxirlab,

Endi tin ol, jon qo‘zim.

Ha, aytgancha, senga bor

Bir savolim, bir so‘zim.

Vataningning yeri-yu

Osmonlari tinchmi, ayt,

Odamlarning ko‘zida

Surur-u sevinchmi, ayt?

Yurtingning tog‘, sahrosi,

O‘rmonlari butunmi,

Shahar, qishloq, qal’asi,

Qo‘rg‘onlari butunmi?

Chol-kampirlar yuzida

Bormi farishtalari,

Uzilib ketmaganmi

Qardoshlik rishtalari?

Yovlarga ko‘krak kerib

Chiqqan sherlar bormi, ayt,

Vatan uchun jonini

Tikkan erlar bormi, ayt?

Uxla endi, bolajon,

Ketmasman vido aytib.

Sen javob topib qo‘ysang,

Bir kun kelurman qaytib.

1995 y.

790 misra


YONARTOG‘

She’riy ertak

I

Zamoni esimda yo‘q,

Makoni yo‘q yodimda,

Xullas, juda olisda,

Xullas, juda qadimda

Bo‘lgan ekan bir diyor,

Chiroyiga yo‘q ta’rif.

Unda hamma baxtiyor,

Hamma xursand, yo‘q g‘arib.

Buqa kabi semirib,

Ko‘pchib yotar yerlari,

Chinor kabi alpqomat,

Yag‘rindordir erlari.

Ayollari gul tikib,

Yopib yog‘li patirlar,

Mayib, qo‘rqoq bolamas,

Tug‘ar nuqul botirlar.

Chollarining tilidan

Tushmas ekan bir duo:

“Iblisning a’molidan

O‘zing asra, yo Xudo!”

Bu diyorning parivash

Qizlari-chi, qizlari –

Bitta gapdan gul kabi

Lov yonarkan yuzlari.

Diyor shunday bo‘lsa gar,

Bolalarga mazza-da!

Bayram-u sayillarda,

To‘yda, azza-bazzada

Hammadan ham ko‘p shovqin

Qilar ekan bolalar,

Dunyoni ostin-ustun

Qilar ekan bolalar.

Cho‘milmoqchi bo‘lsalar,

Har qadamda soy, daryo.

Gul termoqchi bo‘lsalar,

Lolazor, gulzor har yon.

Polizlarda qovunlar

Yotar pishib, yorilib.

Yotar tarvuz, anorlar

O‘z qoniga qorilib.

Makoni yodimda yo‘q,

Bilmam qaysi zamonda,

Shundoq baxtiyor diyor,

Shundoq omon-omonda

Go‘yo oyoq ostidan

Chiqqan kabi falokat,

Yurt boshiga nogahon

Tushibdi zo‘r bir ofat.

Xalq uyg‘onib qarasa

Bir kuni tong otar chog‘,

Paydo bo‘lib qolibdi

Kunchiqarda ulkan tog‘.

Kim ham ko‘rgan bir tunda

Chiqqanini tog‘ o‘sib?

Osmono‘par cho‘qqilar

Quyoshni qo‘ymish to‘sib.

O‘rtadagi cho‘qqidan

Guvillab, yonib lov-lov,

Yetti qavat osmonga

Otilar ekan olov.

Bu qandayin falokat,

Bu qanday ko‘rim ekan?

Hamma yoq olov, tutun,

Qop-qora qurum ekan.

Suvlar balchiq-bo‘tana,

Bog‘lar so‘lmish bir yo‘la.

Erkaklarning diliga

Tushmish vahm, g‘ulg‘ula.

Sigirlardan sut qochmish,

O‘tlagani o‘tloq yo‘q.

Topilsa non topilar,

Sut va qatiq mutloq yo‘q.

Qay hovliga qaramang,

Xursandlik yo‘q, yig‘i ko‘p.

Tug‘ilarmish bolalar –

Tirikdan o‘ligi ko‘p.

Kechagina ohudek

O‘ynab yurgan qizlari

Ketmon chopar shom-sahar,

Gulday so‘lib yuzlari.

Chollar eslab o‘tmishni

Ko‘kka qilarlar nido:

“Iblisning a’molidan

O‘zing asra, yo Xudo!”

II

Ko‘zimda yosh, dilda g‘am,

Ne ham deyin, bolajon.

Bu kunda hammadan ham

Senga qiyin, bolajon.

Bir yayrab o‘ynay desang,

O‘ynaydigan joying yo‘q.

Borib cho‘milay desang,

Suvi tiniq soying yo‘q.

Topay deb bir chimdim o‘t

Mo‘rab yotgan sigirga,

Erta tongdan chopasan

Dalaga, o‘r-u qirga.

Buzilgandan buzilib

Yeri, suvi, havosi,

Shunday go‘zal diyorning

Chiqavermish rasvosi.

To‘ylarida avvalgi

Joziba-yu sehr yo‘q.

Og‘a bilan inining

O‘rtasida mehr yo‘q.

Kichiklarda odob yo‘q,

Imon qochmish kattadan.

O‘g‘il to‘rda o‘tirar

Izza bo‘lmay otadan.

Qo‘shniga tushsa kulfat,

Qo‘shni azadan qochar.

Onasining oldida

Qiz yigitdan gap ochar.

Har ko‘ngilda mingta dard,

So‘niqibdi odamlar.

Asta-sekin bu holga

Ko‘nikibdi odamlar.

Qaydandir o‘qigandim

Shundoq qiziq bir xabar –

Hindistonda bir morboz

Icha olarkan zahar.

Bu diyor odamlari

Undan ham o‘tar ekan,

Zaharni suvdan ichib,

Havodan yutar ekan.

Asta-sekin bu elning

Buzilibdi pushti ham.

Yarmi qul-u g‘ulomdir,

Yarmi o‘g‘ri, muttaham.

Kundan-kunga diyordan

Baraka-yu qut qochar.

Kunchiqarda Yonartog‘

Hamon olov-o‘t sochar.

Bosib yotar vodiyni

Tog‘ning qurum-qorasi.

Bu ofatning bormikan

Biror iloj-chorasi?

III

Shu diyorning chetida

Mo‘jazgina bir qishloq.

Bir tomoni – qir-adir,

Bir tomoni – tog‘-toshloq.

Shu qishloqda yasharkan

Jasur bola, bo‘z bola.

Kamgap, nigohi tiyrak,

O‘ychan, qorako‘z bola.

Yo‘lamasin diliga

Aslo vahm, xavotir,

Deya bobosi unga

Ot qo‘ygan ekan – Botir.

Hali buzilmay turib

Bu qishloqning havosi,

Botirbek kuchga to‘lib,

Yetilmish zuvalasi.

Yonartog‘dan ilk bora

Yog‘ilganda o‘t-tutun,

Bobo bilan nevara

Uxlamabdi uzzutun.

Tonggacha suhbat qurmish

Ular yakkama-yakka.

Tongga yaqin qariya

Ketib qolmish pinakka.

Tush ko‘ribdi, tushida

Mallato‘n, qo‘lda aso –

G‘amgin boqib turganmish

Nuroniy Xizr bobo.

So‘ng sallasin pechini

Tashlagancha yelkaga,

Debdi: “Balo yog‘ildi

Ushbu badbaxt o‘lkaga.

Ehtiyot qil Botirni,

Aytar so‘zim shul, xolos.

Yurtni ushbu balodan

Qila olur ul xalos…”

Xizr bo‘larkan g‘oyib,

Bobo cho‘chib uyg‘onar.

Toqqa termular Botir,

Ko‘zlarida o‘t yonar.

Nevarasin bag‘riga

Mahkam bosganicha bobo,

O‘pib peshonasidan,

Qilibdi shunday duo:

“Mening yolg‘iz ilinjim,

Mening tanho xotirim,

Boshginang toshdan bo‘lsin,

Omon bo‘lgin, Botirim!”

Botirbekning qonida

Bir olov ko‘piribdi,

Vujudga sig‘may kuchi,

Yuragi gupuribdi.

“Bobo, menga bu dunyo

Kelmoqdadir tor, – debdi, –

Ko‘nglim zo‘r bir kurashni

Qilar ixtiyor”, – debdi.

“Sabr qilgil, – der bobo, –

Daryoday toshma, bolam,

Yetti o‘lchab bir kesgin,

Bunchalar shoshma, bolam.

Har zotning kushandasi,

Har sayyodning saydi bor.

Sen istagan kurashning

Hali jinday payti bor”.

Rozi bo‘lib bu gapga,

Boshin egibdi Botir.

Ta’zim qilib boboga,

Qaddin bukibdi Botir.

IV

Kelgin, do‘stim, dunyoga

Jinday hushyor qaraylik.

Yur, cho‘chima, ikkimiz

Yonartoqqa boraylik.

Yonartog‘da na daraxt,

Na boshida qori bor.

Faqat uning ostida

Ajabtovur g‘ori bor.

G‘or og‘zida o‘ltirar

Davra qurib qirqta dev.

Bo‘yi-basti qirq xil-u

Hamda qirq xil turqda dev.

Birin boshida shoxi

Ikki quloch keladi.

Bittasining qulog‘in

Chodir qilsa bo‘ladi.

Birin qornin to‘ldirsang,

Butun boshli ko‘l kerak.

Bittasining tishini

Qilsa bo‘lur belkurak.

Bittasining burnini

Omoch qilsa bo‘ladi.

Bittasining burgasi

Naq zag‘chaday keladi.

Bo‘yi-basti qirq xil-u

Hamda qirq xil turqda dev,

Xullas, g‘orni qo‘rqlar

Davra qurib qirqta dev.

Yigirmasi o‘ltirib

Qilganida tamaddi,

G‘or og‘zini poylamoq –

Yigirmasin navbati.

Yigirmasi uxlasa,

Agar kelib omadi,

G‘or og‘zini poylamoq –

Yigirmasin navbati.

Xullas, tun-kun qirqta dev

G‘or og‘zidan arimas.

Kelolmas hech zot yaqin,

Hatto pashsha par urmas…

Yur, cho‘chima, bolajon,

Chekib turma g‘am-anduh.

Sen bilan biz olamda

Uchib yurgan ozod ruh.

Biz bir ruhmiz, bolajon,

Ruh degani dard chekmas,

Hech kim bizni to‘solmas,

Hech kim bizga sad chekmas.

Nur singari xolismiz,

Na mag‘lub-u na g‘olib.

Yurgin, g‘orga kiraylik

Xuddi yelday sirg‘alib.

Bul balodan qirilib

Yotgan yetim-yesir bor.

Yurgin, g‘orga kiraylik,

Qani unda ne sir bor?

V

G‘or shiftiga bulutdek

Ko‘rshapalak in qurmish.

Har kovakda soch tarab

Alvasti yo jin turmish.

Boyqush bo‘g‘iq qichqirar,

Niyati ko‘p yomondir.

O‘rgimchakning to‘rlari

Arqon kabi yo‘g‘ondir.

Yur, bolajon, bu dahshat

Bizga pisand bo‘lmagay.

Bizlar ruhmiz, ruh esa

Band bo‘lmagay, o‘lmagay.

Qancha yursang, g‘or ichi

Borar shuncha torayib.

So‘nggi shu’la o‘rnini

Zulmat bosar qorayib.

Toraygandan-torayib

Borar ekan ushbu g‘or,

Eng to‘rida qizarib

Turgan bitta tuynuk bor.

Tuynuk sari yur, do‘stim,

Qolma mening izimdan.

Bizlar axir o‘tamiz

Hatto nina ko‘zidan.

Shundoq tuynukdan o‘tsang,

Chiqasan keng bir joyga,

Bu joy yorug‘, muhtasham,

O‘xshab ketar saroyga.

Bul saroy bo‘m-bo‘sh emas,

Bu – ancha gavjum saroy.

Ha, darvoqe, otini

Aytayin, bu – Shumsaroy.

Shumsaroyning shiftida

Bir tuynuk bor, osmon bor.

Saroyning o‘rtasida

Kattakon doshqozon bor.

Hayron bo‘lma, qozonga

Axir kim o‘t qalaydi?

Do‘zaxdan chiqqan olov

Qozon ostin yalaydi.

Qozon ichida ne bor,

Deb tirnama yaramni.

Unda qaynab yotadi

Zulmat kabi qora mum.

Qozonning atrofida

Uchta iblis o‘ltirar.

Qoramoyi kamaysa,

Ular tag‘in to‘ldirar.

Eng to‘rdagi iblisning

Ko‘zlari yo‘q – Ko‘riblis.

Iblislarning sardori,

Hammasidan zo‘r iblis.

Ko‘riblisning o‘ngida

O‘ltiradi Kariblis.

Qulog‘i devordan ham

Battol-u battar iblis.

Ko‘riblisning so‘lida

O‘ltiradi Gungiblis.

Ochay desa, og‘zi yo‘q,

Deya olmas g‘ing iblis.

Har iblis xizmatiga

Hozir-nozir besh shayton.

Bir-biriga g‘anim-u

Bir-biriga esh shayton.

VI

Farmon berar Ko‘riblis

Guldirab besh shaytonga:

“Qani, darhol tuynukdan

Ko‘tariling osmonga.

Diyorga boringiz-u

Darhol ortga qaytingiz.

El-u yurtda ne ahvol,

Kelib menga aytingiz!”

Tuyoqlari shaqirlab

Bu po‘pisa, bu do‘qdan,

Beshta shayton galma-gal

Uchib ketar tuynukdan.

Choynakda choy sovumay

Beshta shayton qaytadi.

Ko‘riblisga birma-bir

Arzlarini aytadi:

“Onhazrat, bu diyorga

Garchi shuncha o‘t ochdik,

Bog‘lari, tog‘lariga

Garchi shuncha dud sochdik,

Garchi ushbu diyorda

Shodliklardan motam ko‘p,

Lekin unda ko‘rlardan

Ko‘zi ochiq odam ko‘p”.

G‘azablanib bu gapdan,

Yon-veriga qaramay

(Ko‘zi ko‘r-da!), qozonga

Quyar tag‘in qoramoy.

Sen bundayin dahshatni

Qo‘y, ko‘rmay qol, bolajon,

Ruh bo‘lsang ham, o‘zingni

Chekkaga ol, bolajon.

Ko‘riblis doshqozonga

Qo‘ygach qoramoy, darrov

Yetti qavat osmonga

O‘rlab ketar dud-olov.

Bu falokat diyorga

Yog‘ilgach o‘z-o‘zidan,

Shu zahoti ajralar

Qancha odam ko‘zidan.

Qahqah urib kuladi

Shumsaroyda Ko‘riblis.

Barcha iblis sardori,

Barchasidan zo‘r iblis.

Asta-sekin diyorga

O‘t-tutun ingan mahal,

Ko‘riblis o‘ngga qarar,

Kariblisga kelar gal.

VII

Farmon berar Kariblis

Guldirab besh shaytonga:

“Qani, darhol tuynukdan

Ko‘tariling osmonga.

Diyorga boringiz-u

Darhol ortga qaytingiz.

El-u yurtda ne ahvol,

Kelib menga aytingiz!”

Likillatib dumlarin

Bul po‘pisa, bu do‘qdan,

Beshta shayton galma-gal

Uchib ketar tuynukdan.

Choynakda choy sovumay

Bu besh shayton qaytadi.

Imo-ishora bilan

Arzlarini aytadi:

“Onhazrat, bu diyorga

Garchi shuncha o‘t ochdik.

Bog‘lari, tog‘lariga

Garchi shuncha dud sochdik,

Garchi ushbu diyorda

Shodliklardan motam ko‘p,

Lekin unda karlardan

Hushyor, tiyrak odam ko‘p”.

Kariblis bu imoni

Bir anglab, bir anglamay

(Karquloq-da!), qozonga

Quyar tag‘in qoramoy.

Sen bunday falokatni

Ko‘rmay qo‘ya qol, bolam.

Ruh bo‘lsang-da, o‘zingni

Bir chekkaga ol, bolam.

Kariblis doshqozonga

Quygach qoramoy, darrov

Yetti qavat osmonga

O‘rlab ketar dud-olov.

Bu falokat diyorga

Yog‘ilgach, battar bo‘lar.

Ming-ming kishi quloqdan

Ajralar-u kar bo‘lar.

Qahqah urib kuladi

Shumsaroyda Kariblis.

Bu kulgidan cho‘chigay

Har shayton-u har iblis.

Asta-sekin diyorga

O‘t-tutun ingan mahal,

Kariblis so‘lga qarar,

Gungiblisga kelar gal.

VIII

Gungiblis bosh barmog‘in

Ochib ko‘kka nuqadi.

Besh shayton bu ishora

Ma’nosini uqadi.

Shoxlarini o‘ynatib

Bu po‘pisa, bu do‘qdan,

Beshta shayton galma-gal

Uchib ketar tuynukdan.

Choynakda choy sovumay

Beshta shayton qaytadi.

Imo-ishora bilan

Arzlarini aytadi:

“Onhazrat, bu diyorga

Garchi shuncha o‘t sochdik,

Bog‘lari, tog‘lariga

Garchi shuncha dud sochdik,

Garchi ushbu diyorda

Shodliklardan motam ko‘p.

Lekin unda gunglardan

Betgachopar odam ko‘p.

Kar bo‘lsa-da qulog‘i,

Ko‘rmasa-da ko‘zlari,

Bu diyor odamlarin

Hamon achchiq so‘zlari”…

Gungiblis bu imoni

Bir anglab, bir anglamay

(Gung-da axir!), qozonga

Quyar tag‘in qoramoy.

Sen bundayin ofatni

Ko‘rmay qo‘ya qol, bolam.

Ruh bo‘lsang-da, o‘zingni

Bir chekkaga ol, bolam.

Gungiblis doshqozonga

Qo‘ygach qoramoy, darrov

Yetti qavat osmonga

O‘rlab ketar dud-olov.

O‘t yog‘ilgach diyorga,

Bitta darding ming bo‘lar.

Yuzlab biyron odamlar

Bir lahzada gung bo‘lar.

Qahqah urib kuladi

Shumsaroyda Gungiblis.

Iblislarning ichida

Eng battol-u to‘ng iblis.

Asta-sekin diyorga

O‘t-tutun ingan mahal,

Yana tag‘in, qaytadan

Ko‘riblisga kelar gal.

Bor ofatni o‘z ko‘zing

Bilan ko‘rding, bolajon.

Axir ushbu holga sen

Ne ham derding, bolajon?

Ko‘zlaringdan yoshing art,

Ruh yig‘lamas, bardam bo‘l.

Endi menga madad bo‘l,

Endi menga yordam bo‘l.

Bu yurtga ofat qaydan,

Ko‘rding, endi qaytamiz.

Yur, hammasini birma-bir

Botirbekka aytamiz.

IX

Botir qiziq tush ko‘rdi:

Dovdir ohu bolasi

Bo‘zlab tentirab emish,

Ko‘kka o‘rlab nolasi.

Uch tomondan uch kalxat

Tumshug‘in qayrar emish.

Ohu qancha bo‘zlasa,

Kalxatlar yayrar emish.

Ohu nogoh yiqildi,

Tumshug‘idan oqar qon…

Botir birdan uyg‘onib,

Sapchib turdi nogahon.

Qarasa, tong otmoqda,

Peshonasin bosdi ter.

Bobosining oldiga

Borib dedi: “Ruxsat ber,

Ruxsat bergin, bobojon,

Endi sabrim tugandi,

O‘rtanmoqda tanda jon.

Shuncha kutdim, endi bas,

Jon-jahonim qaqshaydi.

Bir mahallar sen aytgan

Payt kelganga o‘xshaydi.

Bugun o‘z tilagimga

Yetar bo‘ldim, bobojon.

Ruxsat bersang-bermasang,

Ketar bo‘ldim, bobojon!”

Bobo turib, Botirning

Qo‘lidan sekin ushlab,

Chekkadagi xonaga

Bordi ohista boshlab.

Xona ichra bir sandiq –

Uyning naq yarmiga teng.

Bobo kalitni solib

Bir buragan edi deng,

Har tomonni musiqa,

Kuylar bosib yotardi.

Bobo bandidan ushlab

Qopqoqni dast ko‘tardi.

So‘ngra sekin egilib

Sandiqqa qo‘l soldi u.

Ichkaridan bir sovut,

Bir dubulg‘a oldi u.

“Kiysang bu dubulg‘ani,

Ta’sir qilmas hech cho‘qmor.

Sovutni kiyib olsang,

O‘t-olovlar qilmas kor!”

So‘ngra tag‘in egilib

Sandiqqa qo‘l soldi u.

Ichkaridan bir qilich

Va bir nayza oldi u.

“Nayzani bir silkisang,

Falaklarga yetadi.

Bir sermasang qilichni,

Toshni kesib ketadi!”

Bobo chiqib bu uydan,

Yurdi sekin qiblaga.

Boshlab kirdi Botirni

Qop-qorong‘u tablaga.

Tabla ichra dirillab

Turar uchqur bir tulpor.

Pishqirganda sachrar o‘t,

Ko‘zlarida olov bor.

Vujudida damba-dam

Asov to‘lqin-silsila.

Yer tepinsa, zarbidan

Qo‘par bo‘ron, zilzila.

Sayxa cheksa, devorlar

Teshilgudek bo‘ladi.

Qo‘yib bersa, bulutga

To‘sh urgudek bo‘ladi.

“Qani, o‘g‘lim, – der bobo, –

Cho‘chimasdan yaqin bor.

Kim bossa egar-jabduq,

O‘shaniki bu tulpor.

Senga intizor edi,

Bil, aslida bu tulpor.

Bu shunchaki ot emas,

Dev naslidan bu tulpor.

Ne yumushing bo‘lsa gar,

Barchasini bitkazar.

Ne tilaging bo‘lsa, ayt,

Hash-pash demay yetkazar”.

Egar bosarkan, tulpor

Hidlab ko‘rdi Botirni.

Bu o‘g‘lon kim, degandek

Didlab ko‘rdi Botirni.

Shunda Botib payqadi,

Bu tulpori qashqadir.

Sekin uni yetaklab

Olib chiqdi tashqari.

Botir otning boshini

Yo‘l tomon burgan ekan.

Bobosi unga qarab

Bir so‘z deb turgan ekan:

“Bolam, o‘n to‘rt yashar bo‘lding,

Daryodayin toshar bo‘lding,

Tog‘-u toshdan oshar bo‘lding,

Omon borgin, bolam-ov.

Tulporni hech toldirmagil,

Olgin doim, oldirmagil,

Gul yuzingni so‘ldirmagil,

Omon borgin, bolam-ov.

Mingan tulporginang asov,

Qo‘rqma, dengiz, tog‘lar osh-ov,

Qo‘rquv oyog‘ingga tushov,

Omon borgin, bolam-ov.

Garchi g‘o‘rsan, jisming mo‘rtdir,

Egam panoh, otni yo‘rttir,

Yo‘llaringga ko‘zim to‘rtdir,

Omon borgin, bolam-ov”.

Shunday deya Botirga

Bobo berdi fotiha.

Mindi-yu qamchi urdi

Botir asov otiga.

“Tulporginam, bir boshga

Bordir bir o‘lim, – dedi, –

Endi ortga qaytish yo‘q,

Yonartog‘ – yo‘lim”, – dedi.

Qushday qanot chiqarib

Uchib ketdi tulpori.

Chaqmoq kabi yarq etib

Ko‘chib ketdi tulpori.

X

Yur, bolajon, tulporga,

Hayt, jonivor, hayt, deylik.

G‘oyat mushkul bu savdo,

Botirbekka, qayt, deylik.

Titrab turar har maysa,

Titrab turar har bir barg.

Essiz, shundayin o‘g‘lon

Bo‘lsa-ya, deb, juvonmarg.

Yig‘lab turar tubanda

Jonivor-u parranda:

Essiz, shunday o‘g‘lonning

Joni sabil ekan-da.

Yur, bolajon, tulporga,

Hayt, jonivor, hayt, deylik.

G‘oyat mushkul bu savdo,

Botirjonga, qayt, deylik.

Behudadir, ehtimol,

Bu vahima, qutqular.

Botir yo‘qsa, balodan

Bu elni kim qutqarar?

Har yigitning umrida

Bo‘lar bitta zo‘r sinov,

Qaytarmaylik Botirni,

Baxtin sinab ko‘rsin-ov.

Biz bir ruhmiz, cho‘chimaylik,

Bizlar bardam bo‘laylik,

Madad bo‘laylik unga,

Unga yordam bo‘laylik.

Kimlar bilan jang qilar,

O‘zi ham bilmas hali.

Ne savdo bor boshida –

Tasavvur qilmas hali.

Faqat yuragida cho‘g‘,

Bilagida kuchi bor.

G‘animlarga nafrati,

Balolarga o‘chi bor.

Mo‘ljallagan manzili

Mash’um Yonartog‘ bo‘lsin.

Cho‘g‘ so‘nmasin dilida,

Aziz joni sog‘ bo‘lsin.

Botir ketdi, bizlar ham

Bo‘ron kabi ko‘chaylik.

Bizlar ham, yur, bolajon,

Yonartoqqa uchaylik.

XI

Yigirma dev cho‘zilib

G‘or chetida uxlardi.

Yigirmasi tizilib

G‘or og‘zin qo‘riqlardi.

Eng avvalo kuraktish,

Boshi muzday yaltiroq

Chekkadagi bir devni

Bosdi vahm-qaltiroq:

“Kecha-yu kunduz turib,

Necha bahor, kuz turib,

Yozdagi otashda ham,

Qirchillama qishda ham

Bunday qo‘rquv, vahmga

Bo‘lmagandim mubtalo.

Og‘aynilar, biz tomon

Kelmoqdadir zo‘r balo!”

Qolgan devlar barobar

Ko‘kka nigoh tashladi.

Birdaniga barchasi

Qalt-qalt titray boshladi.

Yetti qavat osmonda

Qo‘pganicha zo‘r bo‘ron,

Yonartoqqa shaxt bilan

Bosib kelar beomon.

Yigirma dev uxlarkan

Xurrak otib xotirjam,

G‘or oldiga burgutdek

Qo‘ndi bizning Botirjon.

Tulporining shaxtida

Devlarga xos vahm bor.

Boqishida insondek

Farosat-u fahm bor.

Yigirma dev bemalol

Xurrak otib yotur tek.

Bedor yigirma devga

Bir gap qotdi Botirbek:

“Ayon ko‘rdim falakdan,

Yonartog‘da bir o‘pqon

Diyorimga o‘t-olov

Yog‘dirmoqda beomon.

El-yurt menga ko‘z tikmish,

Men ko‘nglimni to‘q qilay.

Topay o‘sha o‘pqonni,

Ul o‘pqonni yo‘q qilay.

Joningizdan bo‘lsa gar

Zarracha umidingiz,

Devlar, to‘smang yo‘limni,

Qani darrov ketingiz!”

Yigirma dev barobar

Kulgan edi, o‘sha choq,

Tog‘-u toshni, falakni

Bosib ketdi qaldiroq.

Yigirma dev barobar

Botirbekka tashlandi.

Dev bilan inson aro

Qonli bir jang boshlandi.

Yolg‘iz Botir ne qilsin,

Toleidan ko‘radi.

Yigirma dev sho‘rlikni

Halqa qilib o‘radi.

Yigirmasin ko‘zida

G‘azab bor-u vahshat bor.

Va har birin qo‘lida

Chinor kabi bir cho‘qmor.

Olam balki ko‘rmagan

Bundayin jang, bunday harb.

Botirbekning boshiga

Bir dev urdi chunon zarb.

Dubulg‘aga urilib

Cho‘qmor sindi belidan.

Buni ko‘rib, ul devning

Mador ketdi qo‘lidan.

Gal talashib o‘tirmay,

Zarb bermakka bu safar,

Cho‘qmorini ko‘tardi

O‘n to‘qqiz dev barobar.

Sayxa tortib, talpinib

Botirbekning tulpori

Bir zarb bilan halqani

O‘tdi chaqmoqdek yorib.

Botirbek ham o‘zining

Kimligini bildirdi.

Bitta devni six kabi

Nayzasiga ildirdi.

Devlar g‘alati maхluq,

Yengildim deb aytmaydi.

So‘nggi qoni qolguncha

Jang qiladi, qaytmaydi.

Devlar bildi – zarbasi

Dubulg‘aga qilmas kor.

Botirbekning belidan

Qiyalab solar cho‘qmor.

Tulpor qanot chiqarib,

Uchib-qo‘nib o‘ynaydi.

Egasiga hech zarba

Tegirgani qo‘ymaydi.

Bu qichqiriq, ur-surni

Eshitdimi, har qalay,

Uyqusidan uyg‘ondi

Yigirma dev paydarpay.

Shuncha devga endi bas

Kelarmikan, ne qilsin?

Qochib ketsinmi Botir,

Yo yengilib yiqilsin.

Uch kecha-yu uch kunduz

Urush bo‘ldi beomon.

Ne-ne devlar yiqildi,

Oqdi daryo-daryo qon.

Lekin devlar qaytmagay,

Hamon cho‘qmor soladi.

Biroq Botirbek – odam,

Odam esa toladi.

To‘rtinchi kun Botirbek

Behol sezib o‘zini,

Mador ketdi qo‘lidan,

Uyqu bosdi ko‘zini.

Bor, bolajon, cho‘chima,

Ruhlar nedan cho‘chirlar?!

Botirning qulog‘iga:

“Bardam bo‘l!” deb pichirla.

“Bardam bo‘l, de, dud-qurum

Bosgan yerni xalos qil.

O‘z-o‘zini yondirgan,

Osgan elni xalos qil.

Ayollari bemajol,

Go‘daklari nogiron,

Toptalib yotgan yurtni

Xalos qilgin, al’omon!”

Bu rostmi va yo ro‘yo,

Bu ne tilsim, ne ishdir.

Qulog‘iga vahiydek

Kelgan bu ne tovushdir.

Botirning ko‘zlaridan

Uyqu o‘chib uyg‘ondi.

Shu tovushni eshitib,

Birdan cho‘chib uyg‘ondi.

Yuragiga yangidan

G‘azab keldi, o‘ch keldi.

Ruhiga bir jasorat,

Bilagiga kuch keldi.

Tulpor sayxasi bilan,

Botir nayzasi bilan

Devlarga soldi dahshat,

Jasadlari qatma-qat –

Devlar o‘lib yotardi,

Beshinchi tong otardi.

Tulporidan tushdi-yu

Yerga sanchib nayzasin,

Horib-tolgan Botirbek

Bir nafasga oldi tin.

Yur, bolajon, Botirning

Boshin silab turaylik.

So‘nggi jangda o‘g‘longa

Omad tilab turaylik.

Botir o‘g‘lon, mard o‘g‘lon,

Tur, yotmagil g‘aflatda.

Bu jangda ham sen g‘olib

Kelishing shart, albatta.


XII

Botir mindi tulporga,

Tulpor ko‘kka boqardi.

O‘g‘lon sekin qinidan

Qilichini chiqardi.

Qilichning orti bilan

Urgan ediki bir bor,

Chiday olmay nomusga,

Falakka uchdi tulpor.

Ko‘tarilib o‘t-olov

Sochgan cho‘qqi barobar,

Botirbek tikkasiga

Qilich soldi sarosar.

Qoq ikkiga bo‘lindi

Yonartoqqa poyma-poy

Mo‘rkon-po‘rkoni bilan

O‘shal balo – Shumsaroy.

Vahshat solib turgan tog‘

Chok-chokidan so‘kildi.

Qozondagi qoramoy

Jahannamga to‘kildi.

Falaklarga buralib

Badbo‘y qurum, is chiqdi.

Saroydan o‘n besh shayton

Va uchta iblis chiqdi.

Bir o‘g‘lonning boshiga

Shuncha sitam, g‘ammidi?

Qirq devdan so‘ng uch iblis,

O‘n besh shayton kammidi?

Dastlab besh shayton bilan

Hujum qildi Gungiblis.

Barcha iblislar ichra

Eng battol-u to‘ng iblis.

Shaytonlar dumi bilan

Botirbekni uradi,

Ne ham qilsin ul sho‘rlik,

Toleidan ko‘radi.

O‘ng qo‘lini bo‘shatib,

O‘zin o‘nglab oldi u.

Besh shaytonga barobar

Qiya qilich soldi u.

Beshta shayton potirlab,

Cho‘zilganda yerga tek,

Gungiblisning boshini

Uzdi Botir sapchadek.

O‘z qavmi bo‘lsa halok

Qandayin chidar iblis?

Beshta shaytoni bilan

Hujum qildi Kariblis.

Bitta shayton tulporning

Torta ketdi dumidan,

Biri kelib yopishdi

Tulporning halqumidan.

Tulpor o‘ynab, gijinglab,

Birin tepib yiqitdi.

Birin tishlab oldi-yu

Jahannamga itqitdi.

Qolgan uchta shaytonni

Bemalol, bexavotir

Po‘lat qilichi bilan

Chopib tashladi Botir.

Quturgancha Kariblis

Shaytonlarin qasdiga,

Sepdi do‘zax olovin

Botirjonning ustiga.

Uch chaqirim yiroqqa

Olov ketdi beomon.

Lekin sovut Botirni

Saqlab qoldi sog‘-omon.

Ko‘zlari qonga to‘lib,

Botir keldi junbushga.

Tulporini sakratib

Qilich soldi iblisga.

Qilichining qudrati

Shunda ayon bilindi.

Kariblis bo‘y barobar

Teng ikkiga bo‘lindi.

O‘z qavmi bo‘lsa halok

Chidarmi axir iblis.

Beshta shaytoni bilan

Hujum qildi Ko‘riblis.

Uch kecha-yu uch kunduz

Murosasiz jang bo‘ldi.

Ham Botir, ham raqiblar

Holi juda tang bo‘ldi.

Xususan, deng, besh shayton,

Bir-biriga esh shayton,

Birining shoxi singan,

Birin dumi yulingan.

Jang qilishga yarmay,

Ko‘riblisga qaramay

O‘pqonning teshigidan,

Jahannam eshigidan

Otildilar tubanga,

Bo‘yalib qora qonga.

Buni sezgan Ko‘riblis,

Iblislardan zo‘r iblis,

Jang qilishga yaramay,

Qo‘lda bir jom qaramoy –

Shaytonlarning qasdiga,

Sepdi Botir ustiga.

Hamma yoqni shu zahot

Qurum bosdi, dud bosdi.

Go‘yo yorug‘ olamni

Qop-qora bulut bosdi.

Qoramoy Botirbekning

Yuzlariga sachradi.

Shu lahzada u sho‘rlik

Ikki ko‘zdan ajradi.

Iblis qahqaha urib,

Qutqu solib jahonga,

Shaytonlarin ortidan

Sho‘ng‘ib ketdi o‘pqonga.

Botir tushdi otidan,

E voh, bu qanday ro‘yo,

Hech narsani ko‘rmaydi,

Butun olam zim-ziyo.

Yig‘lay desa, yosh kelmas,

G‘amga toldi Botirbek.

Anduhlar og‘ushida

Uxlab qoldi Botirbek.

Har holda, yov yengildi,

Ushaldi-ku matlabi.

Yetti kecha-yu kunduz

Qotib yotdi tosh kabi.

Otdi sakkizinchi tong,

Tulpor ko‘ngli g‘ash bo‘ldi.

Ko‘zlarida yondi o‘t,

Nafasi otash bo‘ldi.

Nega uning sohibi

Uxlar bundoq g‘alati?

Tulpor kelib Botirning

Ko‘zlarini yaladi.

So‘ngra ufqlarga qarab

Sayxa tortdiki chunon,

Ko‘zlarini yarq ochib,

Sakrab turdi Botirjon.

Go‘yo tug‘ilgan kabi

U qayta onasidan,

Otning bo‘ynidan quchib,

O‘pdi peshonasidan.

So‘ng tikildi shafaqqa,

Kun chiqib kelar edi.

Koinotda g‘ubor yo‘q,

Sho‘x yellar yelar edi.

Botir qilichin rostlab,

Bir cho‘qqiga tig‘ soldi.

Cho‘qqi qulab, o‘pqonning

Og‘zini bosib qoldi.

Mana murodiga ham

Oxir yetdi Botirbek.

Ona diyori tomon

Yurib ketdi Botirbek.

XIII

Xo‘sh, bolajon, sening ham

Diyoring sog‘-omonmi?

Bolalari bardammi,

Yo rang-ro‘yi somonmi?

Ko‘krak kerib yurarmi

Diyoringning erlari,

Zahar-zaqqum emasmi

Suvlari-yu yerlari?

Elingning qo‘shiqlari,

Ertaklari omonmi?

Kechagina tug‘ilgan

Go‘daklari omonmi?

Tikilmasmi noumid

Ayollarning ko‘zlari,

So‘lmaganami gul kabi

Qizlarining yuzlari?

Og‘a-inlar aro

Bormi mehr-oqibat,

Shodlik ko‘pmi elingda

Yoki azob-uqubat?

Diyoringning sarvlari,

Sunbullari omonmi,

Bog‘larning sanduvochi –

Bulbullari omonmi?

Ne haqda odamlarning

Gurunglari, o‘ylari?

Qanday o‘tar elingning

Ma’raka-yu to‘ylari?

Tosh kabi bosib yotgan

Armon yo‘qmi elingda,

O‘z-o‘ziga o‘t qo‘ygan

Juvon yo‘qmi elingda?

To‘kinlikmi hamma yoq,

Saranjom-u sarishta,

Chollarining yuzida,

Ayt-chi, bormi farishta?

O‘ynagani, kulgani

Bormi go‘zal joylaring,

Bormi adir, bog‘laring,

Cho‘milgani – soylaring?

Yo‘qsa, demak, qaydadir

Ofat bor-u balo bor.

Balo bo‘lgan diyorda

Baloga mubtalo bor.

Do‘stlaringga, elingga

So‘ylab ko‘rgin, bolajon.

Qaydan kelar bu balo –

O‘ylab ko‘rgin, bolajon…

Sen bilan biz dunyoda

Uchib yurgan ozod ruh.

Qayg‘u chekma, bolajon,

Ruhlar chekmas g‘am-anduh.

Omon bo‘lsak, dunyoda

Yonartog‘lar kul bo‘lar.

Qurum bosgan diyorlar

Gulshan bo‘lar, gul bo‘lar.

Endi menga ruxsat ber,

O‘z yurtimga qaytayin.

Ko‘rganimni hammaga

Ertak qilib aytayin.

1989 y.

1032 misra

TO‘RT ERTAKKA BIR YAKUN

Yarim tun kiprik qoqmay

O‘qiyotgan bolajon,

Pichir-pichir qilib she’r

To‘qiyotgan bolajon,

Tingla ushbu o‘gitni,

Tingla ushbu xitobni:

Fursatni boy bermagil,

Qo‘ldan qo‘yma kitobni.

O‘rtoqlaring daydisa –

Daydiyversin bozorda,

Sen o‘qiyver muttasil

Kechqurun-u nahorda.

Bu dunyoda do‘sting yo‘q

Kitobdan ham yaxshiroq.

Uxlab qolsang, ot solib

Tushingga kirar Shiroq…

Rost, do‘stlaring ulg‘aysa,

Cho‘ntaklari pul bo‘lar.

Lekin sening, bolajon,

Ko‘ngling nozik gul bo‘lar.

Elobodning qaysi el

Bo‘lganini anglarsan.

Chamanguldan qanday yel

Yelganini anglarsan.

Sen qilganda tasavvur

Vatan degan ma’voni,

Ruhingni ishg‘ol etar

Botirbeklar iymoni…

O‘rtoqlaring mol-dunyo

Dardida tun-kun yonar.

Sening jismingda esa

Buyuk bir qon uyg‘onar.

Bu qon – olis moziydan

O‘chmagan yoding qoni.

Iymonidan kechmagan

Ulug‘ ajdoding qoni.

Bitta bobong tug‘ bilan

Qarshi chiqsa g‘animga,

Bir bobong sulton bo‘lgan

Qariyb yarim zaminga.

Bir bobong g‘avvos kabi

Zabt etganda samoni,

Bir bobong she’ri bilan

Egallagan dunyoni.

Bir bobong hikmat aytib,

Haq deb qalbi sadpora.

Bitta bobong ajaldan

Boshqaga topgan chora…

Vatan degan buyuk dard,

Vatan degan bir jilo

Asta-sekin qalbingni

Qilajakdir istilo.

Turon kabi elingga

Jo‘mard o‘g‘lon bo‘lursan,

Adolat, ezgulikka

Fidoyi jon bo‘lursan.

Ayon bo‘lgach o‘zingga

El-u yurting, kimliging,

Cho‘chitgay yovlaringni

Hatto sening jimliging.

Kechalar kiprik qoqmay

O‘qiyvergin, bolajon,

Pichir-pichir qilib she’r

To‘qiyvergin, bolajon.

Nima yumush bo‘lsa ayt,

Yelib xizmat qilayin.

To‘ylaringga men o‘zim

Kelib xizmat qilayin.

700 misra

To‘rtta she’riy ertak – jami 4030 misra



Mundarija

Shiroq............................................................ 2

Turon botir..................................................... 24

Chamangul..................................................... 52

Yonartog‘ ...................................................... 68

To‘rt ertakka bir yakun................................... 92



Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации