Текст книги "Уч бақалоқ"
Автор книги: Юрий Олеша
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 11 страниц)
EPILOG
Bir yildan keyin bu shaharda juda sho‘x, shodon, quvnoq bayram bo‘ldi. Xalq Uch Baqaloq zulmidan ozod bo‘lganining bir yilligini nishonlayotgan edi.
Yulduz maydonida bolalar uchun spektakl qo‘yildi.
Afishalarda:
«Suok! Suok! Suok!» degan so‘zlar ko‘zga yaqqol tashlanib turardi.
Minglab bolalar suyukli artistlarining sahnada paydo bo‘lishini orziqib kutishardi.
Lekin ushbu bayram kunida sahnaga yolg‘iz Suokning o‘zi chiqmadi, u bilan birga sahnaga yana bir kichkina bola chiqdi, u Suokka biroz o‘xshab ketar, ammo sochi oltinrang edi.
Bu bola Suokning ukasi edi. Ilgari esa uni valiahd Tutti deyishardi.
Shahar sershovqin edi, bayroqlar hilpirar, gulchi qizlarning suvli idishlarga o‘rnatilgan ho‘l atirgullari to‘kilar, rang-barang patlar bilan bezatilgan otlar sakrashar, oto‘yinlar gir-gir aylanardi. Yulduz maydonida esa kichkina tomoshabinlar nafaslarini ichlariga yutib tomosha ko‘rardilar.
Keyin Suok bilan Tuttini gullarga ko‘mib tashlashdi. Bolalar ularni o‘rab olishdi…
Suok egnidagi yangi ko‘ylagi cho‘ntagidan kichkinagina bir taxtakach olib, bolalarga ba’zi bir narsalarni o‘qib berdi. Esingizda bo‘lsa, bu taxtachani qorong‘i tunlardan birida hayvonot bog‘ida qiyofasi bo‘riga o‘xshagan bir odam o‘layotib, mudhish qafas panjarasidan Suokka uzatgan edi.
Taxtachada mana shunday so‘zlar yozilgan edi:
«Sizlar bir onadan tug‘ilgan ikki farzand edinglar: opa va uka – Suok va Tutti.
Sizlar to‘rt yoshga kirganingizda Uch Baqaloqning gvardiyachilari sizlarni uyingizdan o‘g‘irlab ketishgan edi. Men olim Tub bo‘laman. O‘shanda meni saroyga olib borishdi. Kichkina Suok bilan Tuttini menga ko‘rsatishdi. Uch Baqaloq menga shunday deyishdi: «Qizchani ko‘ryapsanmi? Shunday bir qo‘g‘irchoq yasaginki, uni mana shu qizchadan sira ham farq qilib bo‘lmaydigan bo‘lsin». Men buning nimaga kerakligini bilmas edim. Men ular aytgan qo‘g‘irchoqni yasab berdim. Men yasagan qo‘g‘rchoq xuddi tirik qizcha singari o‘sib borishi kerak edi. Suok besh yoshga kirganida qo‘g‘irchoq ham besh yoshli bo‘lardi. Suokning bo‘yi yetib, chiroyli yo ma’yus qiz bo‘lsa, qo‘g‘irchoq ham xuddi shunaqa bo‘lishi kerak edi. Men shunday qo‘g‘irchoqni yasadim. Keyin sizlarni bir-biringizdan judo qilishdi». Tutti saroyda qo‘g‘irchoq bilan qoldi, Suokni esa kamdan-kam uchraydigan qizil soqolli to‘tiqush evaziga sayyor sirkka berib yuborishdi. Keyin Uch Baqaloq menga: «Bolaning yuragini sug‘urib olib, o‘rniga temir yurak yasab qo‘y», deb buyurdilar. Men bundan bosh tortdim. Men, odamzotni uning insoniy yuragidan mahrum etish mumkin emas, deb aytdim. Inson bolasi uchun uning oddiy haqiqiy insoniy yuragi o‘rniga hech qanday yurak – temirdan ham, muzdan ham, oltindan ham – o‘rnatib bo‘lmaydi, dedim. Meni qafasga qamashdi. Shundan boshlab bolaga, sening yuraging temirdan deb uqtira boshlashdi. Bola bu gapga ishonishi va beshafqat, toshbag‘ir bo‘lib o‘sishi kerak edi. Men hayvonlar orasida sakkiz yil o‘tirdim. Hammayog‘im jun bilan qoplandi, tishlarim so‘yloq va sap-sariq bo‘lib ketdi, lekin sizlarni unutmadim. Men sizlardan kechirim so‘rayman. Hammamizni ham uch Baqaloq bebaxt qildi, boylar va ochko‘z mechkaylar ezdi. Meni kechir Tutti (mazlumlar tilida bu «Judo etilgan» degan ma’noni bildiradi). Kechir meni Suok (bu so‘z «Mangu hayot» degan ma’noni bildiradi)…»