Электронная библиотека » Юрий Олеша » » онлайн чтение - страница 10

Текст книги "Уч бақалоқ"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 06:20


Автор книги: Юрий Олеша


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 11 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Rang-barang parik kiygan majlis ahli boshini ko‘tardi.

Baqaloqlar qo‘llarini ishqalashardi.

Kotiblar o‘zlarining uzun quloqlariga qistirilgan uzun patqalamlarni qo‘llariga oldilar.

– Xo‘-o‘sh, – dedi Birinchi Baqaloq. – Davlat kanslerining o‘zi qayerda qoldi?

Qizchani ko‘tarib turgan gvardiyachi majlis ahli oldiga chiqib javob qilarkan, uning ko‘k ko‘zlari sho‘x chaqnab ketdi.

– Yo‘lda kelayotganimizda janob Davlat kanslerining ichburug‘ kasallari tutib qoldi.

Bu izohdan hamma qanoat hosil qildi.

Sud boshlandi.

Gvardiyachi bechora qizchani sudyalar stoli ro‘parasida turgan dag‘al kursiga o‘tqizdi. Qizcha boshini yerga egib o‘tirardi.

Birinchi Baqaloq so‘roq qila boshladi.

Lekin so‘roqni davom ettirishga juda muhim bir sabab to‘sqinlik qildi: Suok bironta ham savolga javob berishni istamadi.

– Durust! – dedi achchig‘i chiqqan Baqaloq. – Durust! O‘ziga qiyin. Savolimizga javob berishni istamayapti, juda soz… Bunaqa bo‘lsa, yanayam dahshatliroq jazo o‘ylab topamiz unga!

Suok qimir etmasdi.

Uch nafar gvardiyachi Suok tegrasida xuddi toshdek qotib turardilar.

– Guvohlar chaqirilsin! – deb farmoyish berdi Baqaloq.

Guvoh faqat bitta edi. Uni boshlab kirishdi. Bu muhtaram zoolog, hayvonot bog‘i noziri ekan. Esingizda bo‘lsa, u kechasi daraxt shoxiga ilinib qolgan edi. Mana, uni hozirgina daraxtdan tushirishib, to‘g‘ri bu yerga olib kelishibdi. Shuning uchun ham, u o‘sha gulli xalatida, qalami ko‘ylak-ishton va tungi qalpoqda Sud zaliga kirib kelgan edi. Uning orqasidan qalpog‘ining popugi xuddi ichakdek cho‘zilib kelardi.

Zoolog kursida o‘tirgan Suokni ko‘rib, qo‘rqqanidan gandiraklab ketdi. Uni qo‘ltig‘idan ushlab qolishdi.

– Bo‘lgan voqeani gapirib bering.

Zoolog butun voqeani batafsil gapirishga kirishdi. U daraxtga chiqib, shoxlar orasida valiahd Tuttning qo‘g‘irchog‘ini ko‘rib qolganini so‘zlab berdi. Umrida hech qachon tirik qo‘g‘irchoqni ko‘rmagani uchun u qo‘g‘irchoqlarning kechalari daraxtga chiqib o‘tirishini tasavvur ham qilolmaganidan judayam qo‘rqib, hushidan ketganini aytib berdi.

– Qanday qilib qurolsoz Prosperoni ozod qildi bu qo‘g‘irchoq?

– Bilmayman. Men buni ko‘rganim ham, eshitganim ham yo‘q. Men judayam qattiq hushimdan ketib qolgan ekanman.

– Qani, yaramas qiz, javob berasanmi yo yo‘qmi, qanday qilib qurolsoz Prospero ozodlikka chiqib qoldi?

Suok jim edi.

– Silkitinglar uni.

– Qattiqroq! – deb buyurishardi Baqaloqlar.

Ko‘k ko‘z gvardiyachi qizchaning yelkasidan ushlab silkitdi. Buning ustiga-ustak, qizchaning peshonasiga og‘ritib bir chertdi ham. Suok churq etmasdi.

Baqaloqlarning joni chiqib xirillay boshlashdi. Rang-barang boshlar xuddi tanbeh berayotgandek sarak-sarak qila boshladilar.

– Nazarimda, – dedi Birinchi Baqaloq, – biz bunaqada hech nimani bilolmaydiganga o‘xshaymiz.

Zoolog shu gapni eshitishi bilan birdan o‘z peshonasiga bir shapati urdi.

– Eh, esim qursin, mana men bilaman qanday yo‘l tutish kerakligini!

Butun majlis ahli qulog‘ini ding qildi.

– Hayvonot bog‘ida to‘tiqushlar solingan bir qafas bor. U qafasda to‘tiqushlarning dunyoda siyrak uchraydigan turlari yashaydi. To‘tiqushlar inson nutqini eslab qolib, keyin uni mutlaqo bekamu ko‘st takrorlashlari mumkinki, bu narsa sizlarga ma’lum bo‘lsa kerak, albatta. Ko‘pchilik to‘tiqushlar juda ajoyib eshitish qobiliyatiga va ajoyib xotiraga ega bo‘lishadi… O‘ylaymanki, ular tunda hayvonot bog‘ida mana bu qizcha bilan qurolsoz Prospero o‘rtasida bo‘lgan gapni ipidan-ignasigacha eslab qolgan bo‘lishlari kerak… Shunga ko‘ra, men Sud zaliga o‘sha ajoyib to‘tiqushlarimdan birontasini guvoh sifatida chaqirtirishni taklif qilaman.

Hamma bu taklifni ma’qullab, g‘ovur-g‘uvur ko‘tardi.

Zoolog hayvonot bog‘iga borib, bir zumda qaytib keldi. Uning ko‘rsatkich barmog‘ida uzun qizil soqolli kattakon bir qari to‘tiqush qo‘nib o‘tirardi.

Bir eslab ko‘ring: Suok tunda hayvonot bog‘ida tentirab yurganida – esingizga tushgandir! Qafasdagi to‘tiqushlardan biri qizchaga shubhali bo‘lib ko‘ringan edi. Esingizda bo‘lsa, o‘sha to‘tiqush Suokka xuddi uxlayotganday bo‘lib, yumuq ko‘z bilan qaragan, keyin uzun qizil soqoliga tumshug‘ini tiqib jilmayib qo‘ygan edi.

Hozir ham aynan o‘sha qizil soqol to‘tiqush o‘z qafasida kumush qo‘noqda qanday qo‘nib o‘tirgan bo‘lsa, zoologning barmog‘ida ham shunday bamaylixotir o‘tirardi.

Endi u bechora Suokning ayblarini fosh qilishi mumkinligidan xursand bo‘lib, oshkora jilmayardi.

Zoolog to‘tiga nemis tilida gapira boshladi. Unga qizchani ko‘rsatishdi.

Shunda qush qanotlarini patillatib:

– Suok! Suok! – deb chinqirdi.

Uning ovozi oshiqmoshig‘i zanglab qolgan eski eshikning shamolda ochilib-yopilishiga o‘xshardi.

Odamlar jim edi.

Zoologning og‘zi qulog‘ida edi.

To‘tiqush esa chaqimchilik qilishda davom etardi. U kechasi nimaniki eshitgan bo‘lsa, hammasini bekamu ko‘st takrorladi. Shuning uchun, agar qurolsoz Prosperoning qanday ozod qilingani sizni qiziqtirayotgan bo‘lsa, to‘tiqushning chinqiriqlariga diqqat bilan quloq soling.

O! Bu chindanam to‘tilarning eng noyob turi edi. Uning chiroyli qizil soqolining o‘zi har qanday generalning havasini keltirishi mumkin edi. Lekin hozir biz bu haqda gapirmaymiz. To‘ti odamlar ovoziga nihoyatda zo‘r mohirlik bilan taqlid qilardiki, biz buni quyida isbot tariqasida keltirmoqchimiz.

– Kimsan? – deb shang‘illadi to‘ti erkakcha ovoz bilan.

Shu chog‘ning o‘zida qiz bolaning ovoziga taqlid qilib chiyillab javob berdi o‘zi:

– Men Suokman.

– Suok!

– Meni Tibul yubordi. Men qo‘g‘irchoq emasman. Men jonli qizchaman. Men sizni ozod qilgani keldim. Mening hayvonot bog‘iga qanday kirganimni ko‘rmadingizmi?

– Yo‘q. Ko‘zim ketgan bo‘lsa kerak. Bugun birinchi marta uxlab qolibman.

– Men bu yerda sizni qidirib yuribman. Men anavi yerda bir bahaybat maxluqni ko‘rdim, u odamga o‘xshab gapirdi. Men uni siz deb o‘ylabman. O‘sha maxluq o‘ldi.

– U – Tub. Demak o‘ldi degin?

– O‘ldi. Men qo‘rqib ketib chinqirib yubordim. Ovozimni eshitib gvardiyachilar yugurib kelishdi, men ulardan qochib daraxtga chiqib berkinib oldim. Yaxshiyam tirik ekansiz, ko‘rib xursand bo‘ldim. Men sizni qutqargani keldim.

– Qafasimni ochib bo‘lmaydi, u qulflangan.

– Menda o‘sha qulfning kaliti bor.

To‘tiqush shu oxirgi jumlani chiyillab gapirganida hamma darg‘azab bo‘lib ketdi.

– Voy, yaramas qiz-e! – deb baqirishdi Baqaloqlar. – Endi hamma narsa oydinlashdi. Demak, u valiahd Tuttidan kalitni o‘g‘irlab, qurolsozni qafasdan ozod qilgan. Qurolsoz bo‘lsa, oyoq-qo‘lidagi kishanlarni parchalab, qoplon yotgan qafasni buzgan, keyin hayvonot bog‘idan bemalol chiqib olish uchun, qoplonni yetaklab olgan.

– Ha!

– To‘g‘ri!

– Shunday qilgan!

Suok bo‘lsa hamon jim edi.

To‘ti tasdiq ma’nosida soqolini selkillatdi va qanotlarini uch marta qoqdi.

Sud majlisi tugadi. Hukm chiqarildi:

«Soxta qo‘g‘irchoq valiahd Tuttini aldagan. U Uch Baqaloqlarning ashaddiy dushmani bo‘lmish eng yirik jinoyatchi – qurolsoz Prosperoni qafasdan ozod qilgan. Shu qiz tufayli eng yaxshi qoplon nobud bo‘ldi. Shu ayblariga ko‘ra firibgar qiz o‘limga hukm qilinadi. U hayvonlar oldiga tashlanadi».

Buni qarangki, hatto shu dahshatli hukm o‘qilgandayam Suok qimir etmadi!

Butun majlis ahli gurra ko‘tarilib hayvonot bog‘i tomon yo‘l oldi. Bu yerda qafaslardagi hayvonlar olomonni o‘kirishib, chiyillashib, na’ra solishib qarshi olishdi. Hammadan ko‘proq zoolog hayajonlanardi: axir u hayvonot bog‘ining nazoratchisi edi-da!

Uchta Baqaloq, maslahatchilar, mansabdorlar va boshqa saroy ayonlari atrofi panjara bilan o‘ralgan minbardan joy olishdi.

O, bugun quyosh naqadar mayin nur sochardi! O, osmon nihoyatda beg‘ubor edi! To‘tiqushlarning qanotlari yaraqlar, maymunlar o‘z qafaslarida u yoqdan bu yoqqa zir yugurishar, och-yashil tusli fil raqs tushardi!

Bechora Suok! U qayrilib ham qaramasdi bularga. Ehtimol u, xuddi sakrashga shaylanayotganday bo‘lib, tizzalarini bukkancha u yoqdan bu yoqqa tanda qo‘yayotgan yo‘lbarslarning iflos qafaslaridan qo‘rquv to‘la ko‘zlarini uza olmayotgandir. Yo‘lbarslar arilarga o‘xshashardi – har holda, ular ham arilarga o‘xshab sariq rangda bo‘lib, yo‘l-yo‘l jigarrang chiziqlari bor edi.

Ular odamlarga qovoqlarini uyib, o‘qrayib qarardilar. Ahyon-ahyonda esnab, qip-qizil og‘izlarini unsiz ochardilar, og‘izlaridan sasigan xom go‘shtning qo‘lansa hidi kelardi.

– Bechora Suok!

– Alvido sirk, alvido bozor maydonlari, alvido Avgust amaki, alvido qafasdagi tulki, alvido aziz, pahlavon, botir Tibul!

Ko‘k ko‘z gvardiyachi qizchani hayvonot bog‘ining qoq o‘rtasiga olib chiqib, yaltiroq issiq grafit to‘kilgan yerga yotqizib qo‘ydi.

– Shoshmanglar, – dedi birdan maslahatchilardan biri. – Valiahd Tuttiga nima deb javob qilamiz? Axir agar u o‘z qo‘g‘irchog‘ining yo‘lbars panjasida nobud bo‘lganini bilsa, yig‘layverib o‘lib qoladi-ku.

– Tss! – deb pichirladi yonida o‘tirgan odam. – Tss! Valiahd Tuttini dori berib uxlatib qo‘yishgan… U endi uch kungacha uyg‘onmaydi, kim bilsin, undan ham ko‘proq vaqtgacha uyg‘onmas…

Hammaning nigohi qafaslar oralig‘idagi doira maydonchada yotgan ayanchli pushtirang narsaga qaratilgan edi.

Shu payt bu davraga uzun qamchisini sharaqlatib, to‘pponchasini oftob shu’lasida yaraqlatib hayvonlarni o‘rgatuvchi kishi chiqdi. Musiqachilar marsh chala boshladilar. Suok oxirgi marta olomon oldida shu yo‘sinda paydo bo‘lgan edi.

– Alle! – deb qichqirdi hayvonlarni o‘rgatuvchi.

Qafasning temir eshigi sharaqlab ochildi. Yo‘lbarslar qafaslaridan salobat bilan unsiz yugurib chiqishdi.

Baqaloqlar xaxolab kula boshladilar. Maslahatchilar ularga jo‘r bo‘lib pariklarini selkillatib hiringlashdi. Qamchi sharaqladi.

Uchta yo‘lbars Suokning tepasiga yugurib kelishdi.

Suok harakatsiz qo‘yko‘zlarini osmonga tikkancha qimir etmay yotardi. Butun olomon o‘rnidan turib ketdi. Hamma yo‘lbarslar xalqning kichik do‘stini qanday xomtalash qilishini ko‘rgan zahoti quvonchdan chinqirib yuborishga shay bo‘lib turardi.

Biroq… Suokning tepasiga kelgan yo‘lbarslardan biri do‘ngpeshona boshini egib, qizchani hidlab ko‘rdi, ikkinchisi mushuknikiga o‘xshagan panjasi bilan turtib ko‘rdi, uchinchi yo‘lbars esa yerda yotgan qizchaga qiyo ham boqmay uning yonidan yugurib o‘tib ketdi va minbar qarshisiga borib, orqa oyoqlariga turdi-da, Baqaloqlarga qarab irillay boshladi.

Ana shundagina hamma bu yerda yotgan tirik qiz emas, balki qo‘girchoq, qo‘g‘irchoq bo‘lganda ham, dabdala bo‘lib uvadasi chiqqan, hech nimaga yaroqsiz bo‘lib qolgan qo‘g‘irchoq ekanligini payqadi.

Bo‘ldi hangoma, bo‘ldi hangoma! Zoolog izza bo‘lganidan tilining yarmini g‘archcha tishlab uzib oldi. Hayvonlarni o‘rgatuvchi kishi yo‘lbarslarni qaytadan qafaslariga haydab kiritdi va o‘lik qo‘g‘irchoqni nafrat bilan bir tepib, egnidagi zarrin bog‘ichlar bilan bezatilgan maxsus ko‘k kostyumini yechgani kirib ketdi.

Olomon besh daqiqagacha gung bo‘lib sukutga toldi.

Keyin bu sukunatni mutlaqo kutilmagan bir hodisa buzdi: hayvonot bog‘i tepasida, moviy osmonda bomba portladi.

Barcha tomoshabinlar minbarlarning yog‘och poliga muk tushib yotib oldilar. Hamma hayvonlar orqa oyoqlariga turdilar. Ketma-ket ikkinchi bomba ham portladi. Osmonni doirasimon oppoq tutun qopladi.

– Bu nima? Nima gap o‘zi? Nima bo‘ldi? – deya baqira boshlashdi odamlar.

– Xalq hujumga o‘tibdi!

– Xalqda zambaraklar bor ekan!

– Gvardiyachilar xiyonat qilishdi!

– O! A! O!!!

Bog‘ shovqin-suron, baqiriq-chaqiriq, o‘q ovozlariga to‘lib ketdi. Isyonchilar bog‘ga bostirib kirishgan edi – bu yaqqol ko‘rinib turardi!

Xaloyiq hayvonot bog‘idan qocha boshladi. Ministrlar qilichlarini yalang‘ochladilar.

Baqaloqlar hamma yoqni boshlariga ko‘tarib baqira boshladilar.

Ular bog‘da quyidagi voqeaning shohidi bo‘ldilar:

Hamma tomondan odamlar bostirib kelishardi. Odamlarning son-sanog‘i yo‘q… Yalangboshlar, qonagan peshonalar, yirtilgan kamzullar, baxtiyor chehralar… Bu kelayotganlar – bugun g‘alaba qozongan xalq edi. Gvardiyachilar xalq bilan aralashib ketishgandi. Ularning shlyapalarida qizil nishonlar yaraqlardi. Ishchilar ham qurollangan edilar. Egniga jigarrang kamzul, oyog‘iga yog‘och kavushlar kiygan kambag‘allar butun bir qo‘shin bo‘lib yoprilib kelishardi. Ularning bo‘rondek yoprilib kelishidan daraxtlar egilar, butalar shitirlardi:

– Biz yengdik! – deb qichqirardi xalq.

Uch Baqaloq najot yo‘li yo‘qligini sezishdi.

– Yo‘q! – deb chiyilladi ulardan biri. – Yolg‘on! Gvardiyachilar, ularga qarata o‘t ochinglar!

Lekin gvardiyachilar kambag‘al xalq bilan bir safda turardilar. Shunda butun olomonning shov-shuvini bosib, kuchli bir na’ra eshitildi. Bu qurolsoz Prosperoning ovozi edi:

– Taslim bo‘linglar! Xalq g‘alaba qozondi. Endi boylar va mechkaylar saltanati qulatildi. Butun shahar xalq qo‘liga o‘tdi. Hamma Baqaloqlar asirga olindi.

Baqaloqlarni dengizdek to‘lqinlanayotgan rang-barang libosli odamlar xuddi qalin bir devordek qurshab olishdi.

Odamlar qizil bayroqlarni hilpiratishar, tayoqlar, qilichlar va mushtlarini havoda silkitishardi. Mana shu choq qo‘shiq boshlanib ketdi.

Boshiga bog‘langan lattadan qon sirqib turgan Tibul o‘zining o‘sha yashil plashida Prospero bilan yonm-ayon turardi.

– Bu tush bo‘lishi kerak! – deb qichqirdi Baqaloqlardan biri, ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitarkan.

Tibul bilan Prospero qo‘shiq ayta boshlashdi. Minglab odamlar ularga jo‘r bo‘lishdi. Qo‘shiq butun ulkan bog‘ bo‘ylab, kanallar, ko‘priklar osha yangrardi. Shahar darvozasi tomondan Qasrga bostirib kelayotgan xalq qo‘shiqni eshitib, u ham jo‘r bo‘la boshladi. Qo‘shiq xuddi dengiz to‘lqinlari singari dovon oshib, katta yo‘l ‘bo‘ylab, darvoza orqali shaharga oqib kirar, bu yerda ishchilar va kambag‘allar bosh ko‘targan ko‘chalar bo‘ylab yangrardi. Bu qo‘shiqni endi butun shahar kuylardi. Bu o‘z zolimlari ustidan g‘alaba qozongan xalqning qo‘shig‘i edi.

Bu qo‘shiqdan nafaqat Qasrda qo‘lga tushgan Uch Baqaloq va ularning Ministrlari qo‘rqib ketib, g‘ujanak bo‘lishar, junjikishar va ayanchli bir podaga aylanishar edi, shuningdek, shahardagi barcha oliftalar, xo‘ppa semiz baqqollar, mechkaylar, savdogarlar, aslzoda xonimlar-u, boshi kal generallar ham go‘yo zambarak va miltiqlardan otilgan o‘qlardan qo‘rqishganday sarosimaga tushishib, chor atrofga tiraqaylab qochishardi.

Ular yashiringani pana joy axtarishar, quloqlarini berkitishar, boshlarini kashta gulli qimmatbaho yostiqlar ostiga yashirishardi.

Buning oqibati shu bilan tugadiki, boylar gala-gala bo‘lishib, gavan sari qocha boshlashdi. Butun boyliklari xalq qo‘liga o‘tgan bu mamlakatdan tezroq bosh olib ketish maqsadida apil-tapil kemalarga chiqa boshladilar, ular endi bu yerda o‘z amallaridan, aqchalaridan judo bo‘lishgan, endi avvalgiday ishlamay yallo qilib yashashdan mahrum bo‘lishgan edi. Lekin limanga borishganida hammalari matroslar qo‘liga tushishdi. Boylar qamoqqa olindi. Ular endi:

– Bizga tegmanglar! Biz endi sizlarga hech ham zulm qilmaymiz… – deya kechirim so‘ray boshlashdi.

Lekin xalq baribir ularga ishonmadi, chunki boylar hamma vaqt ham kambag‘al va ishchilarni aldab kelgan edilar.

Quyosh shahar tepasida qiyomga kelgan edi. Beg‘ubor osmon moviy rangda. Bu manzarani ko‘rgan odam xalq ulkan ajoyib bayramni namoyish qilyapti, deb o‘ylashi mumkin edi.

Hamma narsa: arsenallar1717
  Arsenal – bu o‘rinda qurol-yarog‘ ombori.


[Закрыть]
, kazarmalar, saroylar, g‘alla omborlari, do‘konlar xalq qo‘liga o‘tgan edi. Hamma yerda shlyapalariga qizil nishon qadalgan gvardiyachi soqchilar turishardi.

Chorrahalarda:


Kambag‘allar qo‘li bilan bunyod etilgan hamma narsa kambag‘allarniki!

Yashasin xalq!

Yo‘qolsin yalqovlar va mechkaylar!


degan so‘zlar yozilgan alvonlar hilpirab turardi.

Xo‘sh, Uch Baqaloqqa nima bo‘ldiykin?

Ularni xalqqa ko‘rsatish uchun Qasrning eng yirik zaliga olib bordilar. Yashil qaytarma yoqali, kulrang kurtka kiygan ishchilar ularni qo‘riqlab bordilar. Zal quyoshning zarrin nurlarida yaraqlab tovlanardi. Bu yerga to‘plangan odamlar behisob edi! Lekin bugungi xaloyiq kichkina Suok valiahd Tutti bilan uchrashganda to‘plangan odamlarga mutlaqo o‘xshamas edilar.

Bugun bu yerga Suokni maydonlar va bozorlarda olqishlagan tomoshabinlarning bari to‘plangan edi. Ammo ularning chehralari endi quvnoq va baxtiyor ko‘rinardi. Odamlar qisilishar, bir-birlarining yelkalarini bosib-itarib kelishar, kulishardi. Ba’zilar xursand bo‘lganlaridan yig‘lashardi.

Qasrning muhtasham zallari bunaqa mehmonlarni hech qachon ko‘rmagan edi. Shuningdek, hech qachon oftob bugungidek charaqlab nur sochmagan edi.

– Tss!

– Jim!

– Jim bo‘linglar!

Zina boshida asirlar to‘dasi paydo bo‘ldi. Uch Baqaloq yerdan ko‘zini uzmasdi. Oldinda Prospero bilan Tibul tushib kelishardi.

Jo‘shqin hayqiriqlardan salobatli ustunlar tebranganday bo‘ldi. Uch Baqaloqning esa quloqlari bitib qoldi. Qo‘rqinchli baqaloqlarning xalq qo‘liga asir tushganini namoyish qilish uchun ularni xalqqa yaqinroqdan ko‘rsatmoqchi bo‘ldilar va uchovlarini zinadan pastga olib tusha boshladilar.

– Mana, – dedi Prospero ustun yonida turib.

Uning alp qomati shu ulkan ustunning deyarli yarmiga yetgan edi, malla sochli boshi quyosh shu’lasida xuddi alanga olib yonayotganga o‘xshardi.

– Mana, – dedi u, – mana, Uch Baqaloq. Ular shu choqqacha kambag‘al xalqni ezib kelishgan edi. Ular bizni ter to‘kib, qon yutib ishlashga majbur qilardilar va ishlab topgan narsalarimizning hammasini tortib olardilar. Bu haromxo‘rlarning qanchalik semirib ketishganini o‘zlaringiz ko‘ryapsizlar! Biz bugun ular ustidan g‘alaba qozondik. Endi bizlar bundan buyon o‘zimiz uchun mehnat qilamiz, hammamiz teng huquqli bo‘lamiz. Endi bizda boylar ham, yalqovlar ham, mechkaylar ham bo‘lmaydi. Endi turmushimiz farovon bo‘ladi, hammamizning qornimiz to‘q, egnimiz but, o‘zimiz badavlat bo‘lamiz. Agar bordi-yu, biron payt ahvolimiz yomonlashib qolgudek bo‘lsa, o‘shanda bizning hisobimizga o‘zgalar boylik orttirmayotgani bizga tasalli bo‘ladi…

– Ura! Ura! – degan qichqiriqlar eshitildi.

Uch Baqaloq tumshaygancha pishillab turishardi.

– Bugun bizning g‘alaba kunimiz. Qarang, quyosh qanday charaqlab turibdi! Qushlarning chaqchaqlashib sayrashini eshiting! Gullar esa gurkirab, atrini har tomonga tarqatmoqda! Mana shu kun, shu soatni yodingizda saqlab qoling!

«Soat» so‘zini eshitish bilan hamma boshini katta soat tomonga burdi.

Soat ikki ustun oralig‘idagi taxmonsifat joyga o‘rnatilgan edi. Bu – eman daraxtidan yasalib, har xil rangda sirlangan, bezaklar bilan yasatilgan kattakon quti edi. Qutining qoq o‘rtasida raqamlar yozilgan doira bor edi.

«Soat necha bo‘ldiykin?» – deb o‘yladi har bir odam.

Shu choq birdan (bu endi romanimizda uchraydigan oxirgi «birdan» so‘zidir)… birdan soat qutisining emandan ishlangan eshigi ochildi. Quti ichi bo‘m-bo‘sh. Chunki soatning hamma murvatlari chiqarib olingandi. Bu quti ichida tishli mis g‘ildirakchalar va prujinalar o‘rnida pushtirang ko‘ylak kiygan Suok gulday yashnab, ko‘zlari chaqnab o‘tirardi.

– Suok! – deb yubordi butun zal va yengil nafas oldi.

– Suok! – deb chinqirib yuborishdi bolalar.

– Suok! Suok! Suok!

Gulduros qarsaklar chalindi.

Ko‘k ko‘z gvardiyachi qizchani soat qutisidan chiqarib oldi. Bu raqs muallimi Bir-ikk-uchsning karton qutisidan valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini o‘g‘irlagan o‘sha ko‘k ko‘z gvardiyachi edi. Saroyga qo‘g‘irchoqni olib kelgan ham, bechora tirik Suokni sudrab ketayotgan gvardiyachi bilan Davlat kanslerini bir mushtdan urib sulaytirib qo‘ygan ham shu gvardiyachi edi. U Suokni mana shu soat qutisi ichiga yashirib qo‘yib, uning o‘rniga Uch Baqaloq oldiga uvadasi chiqqan jonsiz qo‘g‘irchoqni olib borgan edi. Esingizdami, Sud zalida u o‘sha jonsiz qo‘g‘irchoqni yelkasidan ushlab rosa silkitgan, keyin ayab-netib o‘tirmay vahshiy hayvonlar oldiga tashlagan edi?

Qizchani qo‘ldan-qo‘lga uzatishardi. Uni dunyoda eng yaxshi raqqosa deb atagan odamlar, u tomosha ko‘rsatganida cho‘ntaklaridagi oxirgi chaqalarini uning gilamchasiga tashlagan kishilar hozir uni quchoqlashib: «Suok!» – deb pichirlashar, uning yuzlaridan o‘pishar, bag‘rilariga bosishar edi. Uni o‘z bag‘riga bosgan odamlar ning qorakuya, moy yuqli juldur kamzullari ostida ularning ko‘p iztirob chekkan, ammo mehrga to‘la ulkan yuraklari tepib turardi.

Suok kular, odamlarning patila-patila bo‘lib ketgan sochlaridan tortqilar, jajjigina qo‘llari bilan ularning yuzida qotib qolgan qon dog‘larini artar, bolalarning burnidan tortqilar, ularni mazax qilib aftini bujmaytirar, yig‘lar va bir nimalar deb bidirlardi.

– Uni menga uzatinglar, – dedi titroq ovoz bilan qurolsoz Prospero; shu choq uning ko‘zi yoshlanganday tuyuldi. – Bu mening xaloskorim.

– Bu yoqqa! Bu yoqqa! – deb qichqirdi Tibul otquloqning kattakon bargiga o‘xshash yashil plashini silkitib. – Bu mening kichik do‘stim bo‘ladi: Bu yoqqa kel, Suok!

Bu paytda olisda, jussasi kichkinagina doktor Gasparning olomon orasini yorib, yuzida tabassum bilan shoshilib kelayotganini ko‘rdilar…

Uch Baqaloqni qurolsoz Prospero yotgan o‘sha qafasning o‘ziga qamab qo‘ydilar.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации