Текст книги "Уч бақалоқ"
Автор книги: Юрий Олеша
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 9 (всего у книги 11 страниц)
Xonaning qoq o‘rtasida kattakon tog‘ora turardi. Unda suv qaynardi. Suvdan ko‘tarilgan oppoq bug‘ butun xonani tutib ketgan edi. Shu bug‘ pardasiga burkangan shogird bolalar rosa kuyib-pishib ishlashar, kompot uchun har xil ho‘l meva to‘g‘rashardi.
Demak… Lekin shu choq pazandalar butun oshxonani burkab olgan quyuq bug‘ orasida qo‘rqinchli bir voqea bo‘layotganini bilib qoldilar.
Derazaning naryog‘ida daraxt shoxlari silkindi», xuddi bo‘ron oldidan bo‘lganday, yaproqlar shitirlay boshladi-yu, birdan derazada ikki odam: malla soch daroz kishi bilan bir qizcha paydo bo‘ldi.
– Qo‘llaringni ko‘tar! – dedi Prospero, uning har qo‘lida bittadan to‘pponcha bor edi.
– Joylaringdan qimirlamanglar! – baralla qichqirdi Suok to‘pponchasini o‘qtalib.
Oq fartuk kiygan yigirmadan ortiq kishining qo‘li shu zahotiyoq yuqoriga ko‘tarildi.
Keyin kastryullar har yoqqa ucha boshladi.
Shirapazlikdagi barcha yaltiroq shisha, mis idishlab vayron qilina boshlandi, qaynoq, shirin, xushbo‘y taomlar to‘kila boshladi.
Qurolsoz o‘sha kerakli kastryulni qidirardi. Chunki Prosperoning ham, uni o‘limdan qutqargan kichkina qizchaning ham najot yo‘li o‘sha kastryulda edi.
Prospero bankalarni ag‘darib tashlar, tovalarni, likop va idishlarni uloqtirardi. Har tomonga uloqtirilgan shisha idishlar chil-chil sinardi; to‘kilgan un xuddi Sahroi Kabirda ko‘tarilgan issiq quyundek shipga ko‘tarilardi; mag‘iz va giloslar ham har yoqqa sochilardi; tokchalarga qo‘yilgan idishlardagi shakar xuddi shaloladek shovullab to‘kila boshladi; qiyomlar toshqini salkam bir metrga ko‘tarildi; hamma yoqqa suv tizillab otilar, mevalar dumalar, minoraga o‘xshatib ustma-ust qo‘yilgan mis kastryullar qulardi. Hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Ba’zida uxlab yotganingda tushingga shunaqa alomat narsalar kiradi, uning tush ekanligini bilasan, shuning uchun ham bunday paytda xohlagan narsangni qilishing mumkin bo‘ladi.
– Topdim! – chinqirib yubordi Suok. – Mana u!
Qidirgan kastryullari topilgan edi. Mana, o‘sha kastryulning qopqog‘i! Qizcha uni olib otgandi, ayqash-uyqash bo‘lib yotgan narsalar ustiga chirpirak bo‘lib uchib borib qizil, yashil, sariq rangdagi quyuq qiyomlar omixtasidan vujudga kelgan ko‘lmakka shaloplab tushdi.
Prospero kastryul ichiga qaragan edi, uning tagi yo‘q ekan.
– Qoching! – deb chinqirdi Suok. – Men orqangizdan tushaman.
Qurolsoz kastryul ichiga tushdi. U kastryul ichiga tushib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan, birdan qulog‘iga shirapazlikdagi odamlarning dod-faryodi eshitildi.
Suok kastryulga tushishga ulgurolmadi. Butun bog‘ va Qasrga dahshat solib kezib chiqqan qoilon endi bu yerda paydo bo‘lgan edi. Uning badanidagi gvardiyachilar otgan o‘qlarning izi xuddi ochilgan gullarga o‘xshab ketardi.
Qandolatpazlaru oshpazlarning hammasi bir burchakka tiqilib olishdi. Suok qo‘lida to‘pponcha borligini unutib, yugurib kelayotgan qoplonga qarata qo‘liga ilingan bir nokni otdi.
Hayvon Prospero orqasidan quvib boshi bilan kastryulga sho‘ng‘idi-yu, zim-ziyo va tor yo‘lakdan pastga tushib ketdi. Kastryuldan uning faqat sariq dumi chiqib turardi, u quduqqa tushirilgan chelakning arqoniga o‘xshardi. Keyin dum ham ko‘rinmay qoldi.
Suok qo‘llari bilan ko‘zini berkitib oldi.
– Prospero! Prospero!
Qandolatpazlar esa zaharxanda qilib kulishdi. Shu mahal bu yerga gvardiyachilar ham bostirib kirishdi. Ularning mundirlari yirtilgan, yuzko‘zlari qon, to‘pponchalari og‘zidan tutun chiqib turar edi. Ular qoplon bilan olishgan edilar.
– Prospero o‘ldi endi! Qoplon uni tilka-tilka qilib tashlaydi! Shunaqa ekan, endi menga baribir. Men taslim bo‘laman.
Suok kattakon to‘pponcha ushlagan jajjigina qo‘lini tushirib xotirjam gapirardi.
Lekin shu mahal gumburlagan o‘q ovozi eshitildi. Yer osti yo‘lagidan qochib ketayotgan Prospero o‘ziga hamla qilgan qoplonni otgan edi.
Gvardiyachilar kastryul tepasida uymalanishardi.
Gvardiyachilardan biri kastryul ichiga mo‘raladi. Keyin qo‘lini tiqib bir nimani torta boshladi. Yana ikkita gvardiyachi unga yordamga keldi. Ular kuchana-kuchana kastryul ichida tiqilib qolgan o‘lik qoplonni dumidan tortib chiqarishdi.
– U o‘lgan, – dedi gvardiyachi harsillab nafas olarkan.
– U tirik! U tirik! Men uni qutqardim. Men xalq do‘stini qutqardim!
Bechora kichkina Suok, ko‘ylagi tilka-pora bo‘lib ketgan, sochiga qadalgan va tuflisiga qo‘ndirilgan oltinrang gullari ezilib ketgan Suok suyunganidan terisiga sig‘masdi.
Suyunganidan uning ikki yuzi anordek qizarib ketgan edi.
U o‘z do‘sti – gimnastikachi Tibul bergan topshiriqni bajargan edi: u qurolsoz Prosperoni qamoqdan ozod qildi.
– Durust! – dedi gvardiyachi Suokning bilagidan ushlab. – Ko‘ramiz, yaramas qo‘g‘irchoq, endi qo‘lingdan nima ish kelarkin! Ko‘ramiz…
– Uni Uch Baqaloq oldiga olib borish kerak…
– Ular seni o‘limga hukm qilishadi.
– Aqmoq, – dedi Suok xotirjam ohangda va boya Prospero shakarpazlikni ostin-ustun qilayotgan paytda ko‘ylagining pushtirang to‘r hoshiyasiga tomgan sharbatni yalay boshladi.
XII BOB
RAQS MUALLIMI BIR-IKK-UCHS
Fosh bo‘lgan qo‘g‘irchoqning holi nima kechgani hozircha bizga ma’lum emas. Bundan tashqari, biz boshqa hodisalarga, ya’ni: daraxtda qo‘nib o‘tirgan to‘tiqush qanaqa qush edi va nima uchun muhtaram zoolog undan qo‘rqib ketdi (ehtimol u sho‘rlik hali ham o‘sha shoxda yuvilgan ko‘ylakdek osilib turgandir; qurolsoz Prospero qanday qilib ozodlikka chiqib qoldi-yu, qoplon qayoqdan paydo bo‘ldi; qaysi yo‘l bilan Suok qurolsozning qo‘liga chiqib oldi; odamga o‘xshab gapirgan maxluq nima edi-yu, u Suokka qanday taxtakach uzatdi va nima sababdan o‘lib qoldi… degan savollarga izoh berishdan ham hozircha o‘zimizni tiyib turamiz.
Vaqti kelganda hammasi oydinlashadi. Sizlarni ishontirib aytamanki, bu yerda hech qanday mo‘jiza sodir bo‘lgani yo‘q, balki hammasi, agar olimlar ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, mantiqning qat’iy qonuniga binoan yuz berdi.
Hozir ertalabki payt. Aynan shu bugun ertalabga kelib tabiat juda antiqa joziba kasb etdi. Hattoki, tashqi qiyofasi takaga judayam o‘xshab ketuvchi bir qari qizning go‘daklik paytidan muttasil og‘riguvchi boshi birdan og‘rimay qo‘ydi. Bugungi tong shunaqa xushhavo ediki, qo‘yaverasiz. Daraxtlar shovullamas, balki sho‘x bolalar ovozidek kuylardi.
Bunday paytda hammaning ham raqs tushgisi keladi. Shuning uchun ham raqs o‘qituvchisi Bir-ikki-uchining darsxonasi odamlarga liq to‘lganiga ajablanmasa bo‘ladi.
Qorning och bo‘lsa, raqs tusha olmaysan, albatta. Boshing g‘am-tashvishda bo‘lgan paytda ham raqs tusholmaysan. Lekin bugun ishchi mahallalarida to‘planishib yana Uch Baqaloq Qasriga hujum qilishga hozirlanayotgan odamlarninggina qorni och va shulargina g‘amgin edi. Holbuki, olifta yigitlar, xonimlar, shuningdek, mechkay va boylarning o‘g‘il-qizlari o‘zlarini juda yaxshi his qilar edilar. Ular gimnastikachi Tibulning kambag‘al, och-yalang‘och mehnatkash ahlini to‘plab, ulardan qo‘shin tuzayotganidan bexabar edilar; ular raqqosa qizaloq Suok qurolsoz Prosperoni qamoqdan ozod qilinganini ham bilmasdilar, holbuki, butun xalq faqat shu Prosperoni kutayotgan edi; shaharda ko‘tarilayotgan alg‘ov-dalg‘ovlar bilan bu boyonlarning ishi yo‘q edi.
– Hech nima bo‘lmaydi! – derdi chiroylikkina, lekin qirraburun oyimqiz raqsbop tuflisini kiyarkan. – Agar ular yana qasrga hujum qiladigan bo‘lishsa, gvardiyachilar ularni yana avvalgi safargidagidek qirib tashlashardi.
– Albatta! – deb qiqirlab kulardi bir olifta yigit qarsillatib olma yerkan, o‘zini oynaga solib, frakini ko‘zdan kechirarkan. – O‘sha konchilarning ham, o‘sha isqirt kosiblarning ham hech qanday miltiq, to‘pponcha, qilichlari yo‘q. Gvardiyachilarning esa hatto zambaraklari ham bor.
O‘ziga bino qo‘ygan, beg‘am-betashvish odamlar juft-juft bo‘lishib, Bir-ikk-uchsning uyi sari oqib kelardilar.
Uning eshigiga osilgan taxtachaga quyidagi so‘zlar yozib qo‘yilgan edi:
Raqs muallimi Bir-ikk-uchs. Nafaqat raqs tushishdan, shuningdek, nafosat, latofat, xiromon yurish, xulq-odobdan va hayotga shoirona nazar tashlashdan saboq beraman. O‘nta raqsga oldindan haq olaman.
Bog‘et poli asal rangida bo‘lgan kattakon doirasimon zalda Bir-ikk-uchs odamlarga o‘z san’atidan dars berardi.
Uning o‘zi qora nay chalar, nay qandaydir mo‘jiza tufayli uning labi oldida muallaq turar, chunki u oppoq nafis qo‘lqop kiygan, yeng uchlariga to‘r taqqan hoshiya qilingan qo‘llarini tinimsiz o‘ynatib turardi. U butun gavdasini gajak qilib qayirar, har turli holatda qotib turar, ko‘zlarini shipga tikar, musiqa taktiga moslab poshnasi bilan depsinar va har daqiqa sayin o‘z husnini tomosha qilgani, tasmalarining yaxshi boylanganini, moy surtilgan sochining qanchalik yaltirayotganini ko‘rgani ko‘zgu oldiga pildirab borardi…
Juft-juft bo‘lishib raqs tushayotganlar gir-gir aylanishardi. Ular shu qadar ko‘p edi va shunaqangi terlashardiki, bu yerga to‘satdan kirib qolgan odam anvoi-anvoi, ammo bemaza sho‘rva qaynayapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
Goh raqs tushayotgan kavaler, goh uning xonimi tiqilinchda gir-gir aylanisharkan, yo dumi uzun sholg‘omga, yo karam bargiga yoxud yana qandaydir noaniq, rangli va antiqa narsaga o‘xshab ketardilarki, bunday narsalar likopchaga suzilgan sho‘rvadan chiqishi mumkin edi.
Bir-ikk-uchs esa bu sho‘rvada qoshiq vazifasini bajarardi. Buning ustiga, u juda naynov, cho‘pdek oriq va qaddi bukchaygan edi.
O, agar bu raqslarni Suok ko‘rganida bormi, kulaverib ichaklari uzilardi! Suok hattoki «Ahmoq qirol» pantomimosida Oltin kosov rolini ijro etgan chog‘ida ham, hatto o‘shandayam bu yerdagidan yuz karra nazokatliroq raqs tushgan edi. Holbuki, u Kosov raqsini ijro etishi lozim edi.
Raqs avjiga chiqqan bir paytda dag‘al teridan tikilgan qo‘lqop kiygan uchta bahaybat musht raqs muallimi Bir-ikk-uchsning eshigini gursillatib ura boshladi.
Bu mushtlar dehqonlarning sopol xumiga judayam o‘xshab ketardi.
Sho‘rva qaynashdan to‘xtadi.
Yana besh daqiqadan keyin esa raqs muallimi Bir-ikk-uchsni Uch Baqaloq Qasriga olib ketishdi. Uni olib ketgani uchta otliq gvardiyachi kelgan edi. Ulardan biri Bir-ikk-uchsni o‘z otining sag‘risiga o‘ziga orqama-orqa qilib mingashtirdi – boshqacha qilib aytganda, Bir-ikk-uchs otga teskari minib borardi. Ikkinchi gvardiyachi uning kattakon karton qutisini ko‘tarib olgan edi. Ko‘rinishidan, bu qutiga judayam ko‘p narsa sig‘adiganga o‘xshardi.
– Axir men o‘zim bilan ayrim kiyimlarimni, musiqa asboblarini, shuningdek, pariklar, notalar va suyukli romanslarimni olishim kerak-da, – dedi Bir-ikk-uchs, yo‘lga otlanarkan. – Saroyda qancha vaqt bo‘lishimni bilmayman-ku. Men nazokat va latofatga odatlanganman, shuning uchun tez-tez kiyimimni almashtirib turishni yaxshi ko‘raman.
Raqsdan saboq olgani kelgan odamlar otlar orqasidan chopib borisharkan, ro‘molchalarini silkitishib, Bir-ikk-uchsga oq yo‘l tilab qichqirishardi.
Quyosh ancha balandga ko‘tarilgan edi.
Bir-ikk-uchs o‘zining saroyga chaqirtirilganidan xursand edi: u Uch Baqaloqni yaxshi ko‘rardi, chunki ularni boshqa hamma boyonlarning o‘g‘il va qizlari yaxshi ko‘rishardi. Boy qanchalik boyroq bo‘lsa, u Bir-ikk-uchsga shuncha ko‘proq xush yoqardi.
«Rost-da, – derdi u, – kambag‘allardan menga nima foyda? Ular raqs tushishga o‘rganishmasa! Qachon qarasang, ish bilan band bo‘lishadi, hamyonlarida hech qachon pul yurmaydi. Badavlat savdogarlar, boy oliftalaru xonimlar boshqa gap! Ularning pullari doim ko‘p, undan keyin, ular hech qachon ishlashmaydi ham».
Ko‘rib turibsizlarki, Bir-ikk-uchs, o‘z ko‘nglida ahmoq odam emas edi, lekin bizningcha g‘irt ahmoqning o‘zi.
«Suok ahmoq! – deb ajablanardi u kichkina raqqosa qizni eslarkan. – Nega u qashshoqlar, askarlar, kosiblar-u, juldurvoqi bolalar uchun raqs tusharkin? Axir ular kam haq to‘lashadi-ku».
Agar tentak Bir-ikk-uchs, o‘sha kichkina raqqosa qizchaning qashshoqlar, kosiblarning, juldurvoqi bolalarning sardori – qurolsoz Prosperoni qutqarish uchun eng xatarli ishga kirishganini bilsa, yana ham ko‘proq ajablansa kerak.
Otliqlar shamoldek tez yelib borardilar.
Yo‘lda sodir bo‘lgan voqealar juda alomat edi. Uzoqdan to‘xtovsiz «paq-puq» o‘q ovozi eshitilib turdi. Shahar darvozasi oldida bir to‘da odam hayajonlanib turardi. Ba’zan qo‘liga to‘pponcha ushlagan ikki-uch hunarmand yugurgancha ko‘chani kesib o‘tardi… Shunday ajoyib kunda baqqollar uchun ayni savdo qiladigan paytday tuyulsa ham, lekin ular derazalarini «taqa-taq» yopishib, go‘shtdor, lo‘ppi basharalarini darchadan chiqarib, ko‘chaga mo‘ralab turardilar. Turli-tuman ovozlar, baqiriqlar u mahalladan bu mahallaga eshitilib turardi:
– Prospero!
– Prospero!
– U biz bilan!
– Bizlar bila-an!
Ba’zida bu yerdan terlab, ko‘pirib ketgan otda bironta gvardiyachi g‘izillab o‘tardi. Ba’zida biror baqaloq odam halloslagancha tor ko‘chaga o‘zini urar, uning atrofida esa xo‘jayinlarini himoya qilish uchun qo‘llariga tayoq ushlagan mallasoch malaylari pildirab borishardi.
Bitta joyda xuddi shunaqa malaylar xo‘ppa semiz xo‘jayinlarini qo‘riqlash o‘rniga, birdaniga, butun mahallani boshlariga ko‘tarib shovqin solishganicha, uni do‘pposlab ketishdi.
Buni ko‘rgan Bir-ikk-uchs avvaliga, bir eski divanning changini qoqishyapti, deb o‘yladi.
Baqaloq boyning malaylari uni o‘ttiz-qirq marta tayoq bilan urib, bittama-bitta undan do‘ng olishdi keyin bir-birlarining yelkalaridan quchoqlashib, tayoqlarini silkitishgancha:
– Yo‘qolsin Uch Baqaloq! Biz boylarga malay bo‘lishni istamaymiz! Yashasin xalq! – deb qichqirishib allaqayoqqa yugurib ketishdi.
Atrofdan esa:
– Prospero!
– Pro-o-ospe-ero! – degan xitoblar eshitilib turardi.
Xullas, hamma yoqni qattiq hayajon qoplagan edi. Bamisoli qiyomat qoyim yaqinlashayotgandek edi.
Nihoyat, oxirgi hodisa yuz berdi.
O‘n gvardiyachi Bir-ikk-uchsni olib ketishayotganda uch otliq ularning yo‘lini to‘sib chiqdi. Bular piyoda gvardiyachilar edi.
– To‘xta! – dedi ulardan biri. Uning ko‘k ko‘zlari g‘azabdan chaqnab ketdi. – Kimsizlar?
– Ko‘rmayapsanmi?! – dedi orqasiga Bir-ikkuchsni mingashtirgan gvardiyachi ham shunday g‘azab bilan.
Yeldek yugurib kelayotib, taqqa to‘xtab qolgan otlar betoqat bo‘lib yer depsinishardi. Ot afzallari zirillab titrardi. Raqs muallimi Bir-ikk-uchs ham qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titrardi. Lekin qaysi biri qattiqroq titrayotgani ma’lum emas edi.
– Biz Uch Baqaloq saroyining gvardiyasi askarlarimiz.
– Biz saroyga shoshilyapmiz. Bizni darhol o‘tkazib yuboringlar.
Shunda ko‘k ko‘z gvardiyachi bo‘ynidagi sharfi orasidan to‘pponcha chiqarib dedi:
– Unday bo‘lsa, to‘pponcha-yu, qilichlaringizni topshiring. Askarning quroli Baqaloqlarga emas, balki xalqqa xizmat qilishi kerak.
Otliqlarni qurshab olgan hamma gvardiyachilar yonlaridan to‘pponchalarini chiqardilar.
Otliqlar ham qo‘llariga qurollarini oldilar. Bu manzarani ko‘rgan Bir-ikk-uchs hushidan ketib, otdan yiqilib tushdi. Uning qancha vaqt behush yotganini aniq aytish qiyin, lekin u hushiga kelganida uni kuzatib kelayotgan otliq gvardiyachilar bilan, ularning yo‘lini to‘sgan piyoda gvardiyachilar o‘rtasidagi jang tugagan edi. Aftidan piyodalar g‘olib chiqqanga o‘xshardi. Bir-ikkuchs yonida bir gvardiyachining o‘lib yotganini ko‘rdi. Bu – boya uni otiga mingashtirgan gvardiyachi edi.
– Qon, – deb g‘uldiradi Bir-ikk-uchs ko‘zlarini chirt yumib olarkan.
Lekin yana bir zumdan keyin u besh battar hayratga tushdi.
Negaki uning karton qutisi majaqlangan edi. Quti ichidagi narsalar esa sochilib yotardi. Birikk-uchsning antiqa kiyimlari, romanslari va pariklari ko‘chada tuproqqa qorilib yotardi…
– Oh!..
Demak, qizg‘in jang paytida gvardiyachi o‘ziga ishonib topshirilgan qutini qo‘lidan tushirib yuborgan-u, u tosh ko‘chaga tushib, majaqlanib ketgan.
– O! Oh!
Bir-ikk-uchs o‘z buyumlari ustiga tashlandi. U qattiq sarosimaga tushib jiletlari, fraklari, paypoqlari, arzon, ammo bir qaraganda chiroyli, ko‘rinuvchi tasmalar taqilgan tuflilarini birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi, yana paq etib yerga o‘tirib oldi. Hasratining cheki yo‘q edi.
Uning hamma narsalari butun pardoz buyumlari shu yerda qolgan-u, lekin eng muhim narsa o‘g‘irlangan edi.
Bir-ikk-uchs o‘zining bo‘g‘irsoqqa o‘xshagan mushtumchalarini zangori osmonga ko‘tarib nola cheka boshladi, bu payt uchta otliq esa otlarini Uchta Baqaloq Qasri tomon yeldek uchirib borardi.
Bu otlar boya, raqs muallimi Bir-ikk-uchsni olib ketayotgan otliq gvardiyachilardan jang paytida tortib olingan edi. Jang nihoyasida gvardiyachilardan biri o‘ldirilib, qolgan ikkitasi taslim bo‘lgan va xalq tomoniga o‘tgan edi, shunda g‘olib chiqqan piyoda gvardiyachilar pachaqlangan karton quti ichida dokaga o‘ralgan pushtirang bir nimani topib olgandilar.
Keyin g‘oliblardan uch kishi shu zahotiyoq gvardiyachilardan tortib olingan otlarga minishdi-da, ularni o‘qday uchirib ketishdi.
Eng oldinda ot choptirib ketayotgan ko‘k ko‘z gvardiyachi dokaga o‘ralgan allaqanday bir pushti narsani ko‘kragiga mahkam bosib olgan edi.
Yo‘lda uchragan odamlar, cho‘chib o‘zlarini chetga olardilar. Chunki gvardiyachining shlyapasida qizil nishon qadalgan edi. Bu gvardiyachining xalq tomoniga o‘tgani alomati edi.
Shuning uchun ham yo‘lda uchragan odamlar, agar ular baqaloqlar yo mechkaylar bo‘lishmasa, otliqlarni olqishlab ular orqasidan qarsak chalib qolishardi. Lekin ayni paytda ularga diqqat bilan qarab, hayratga kelib dong qotib qolishardi: chunki gvardiyachi ko‘kragiga bosib borayotgan dokaga o‘ralgan narsaning bir uchidan qiz bolaning oyoqlari osilib chiqib turardi, bu oyoqchalarga pushtirang tufli kiydirilgan bo‘lib, uning tasmasi o‘rniga oltin gul qadalgan edi…
XIII BOB
G‘ALABA
Biz hozirgina g‘ayrioddiy hodisalarga to‘la tong pallasini tasvirlagan edik, endi yana orqaga qaytamiz-da, shu tong otguncha bo‘lgan tungi fursat haqida hikoya qilamiz; o‘zingizga ma’lum, o‘sha tunda yuz bergan antiqa hodisalar ham xuddi subhidam paytida sodir bo‘lgan voqealar singari juda g‘aroyib edi.
Qurolsoz Prospero Uch Baqaloq Qasridan shu kechasi qochgandi, shu kechasi Suokni jinoyat ustida qo‘lga tushirishgan edi.
Bulardan tashqari, shu tunda uchta kishi fonuslarini plashlarining bari bilan to‘sib, valiahd Tutti uxlab yotgan oromxonaga kirib bordilar.
Bu voqea qurolsoz Prospero saroy shirapazlari xonasini vayron qilganidan, gvardiyachilar Suokni najotbaxsh kastryul oldida asir olishganidan bir soatcha keyin ro‘y berdi.
Oromxona qop-qorong‘i edi.
Baland-baland derazalardan osmondagi yulduzlar g‘uj-g‘uj bo‘lib ko‘rinardi.
Bola xotirjam va jimgina pishillab mast uyquda yotardi.
Bu yerga kelgan uch kishi qo‘llaridagi fonuslarning shu’lasini azza-bazza yashirishga harakat qilardilar.
Ularning nima qilishayotgani bizga noma’lum. Faqat pichirlashib gaplashgani eshitilardi. Oromxona eshigining tashqari tomonida turgan soqchi, xuddi hech nima bo‘lmagandek, hamon beparvo qaqqayib turardi.
Aftidan bu uch kishiga valiahd yotoqxonasiga kirib, o‘z bilganlaricha ish tutish huquqi berilgan bo‘lsa kerak.
Xabaringiz bor, valiahd Tuttining murabbiylari qo‘rqoq odamlar edi. Qo‘g‘irchoq bilan bo‘lgan voqea esingizda. Bog‘da gvardiyachilar qo‘g‘irchoqni qilichlari bilan qiyma-qiyma qilib tashlashgan o‘sha dahshatli voqea paytida murabbiyning o‘zini qanday tutgani esingizda bo‘lsa kerak. Keyin o‘sha murabbiy bu shumxabarni Uch Baqaloqqa so‘zlab berayotganida qo‘rquvdan qanday qaltiraganini ko‘z oldingizga keltirayotgandirsiz.
Endi navbatchi murabbiy ham juda qo‘rqib ketdi.
Faraz qiling: uch notanish odam yotoqxonaga kirib kelganida navbatchi murabbiy o‘sha yerda edi. U valiahdning oromini qo‘riqlab deraza oldida kresloda o‘tirar va uxlab qolmaslik uchun o‘zining astronomiyadan olgan bilimini amalda tatbiq etish uchun yulduzlarni kuzatardi.
Bir mahal eshik «g‘iyq» etib ochildi, chiroq shu’lasi lip etdi-yu, ko‘ziga uchta sharpa ko‘rindi. Murabbiy shu zahotiyoq o‘zini kresloning baland suyanchig‘i panasiga oldi. U hammadan ham burnidan xavotirda edi: uzun burni ko‘rinib qolib, ishkal chiqarishi mumkin edi. Darqaqiqat, judayam uzun antiqa burnining soyasi yulduzlar bodroqdek sochilgan derazaga aniq tushib turar, shunga ko‘ra, xonaga kirgan sharpalarning ko‘ziga tashlanishi hech gap emas edi.
Lekin qo‘rqoq: «Zora ular burnimni kresloning yondoriga qilingan bezak deb o‘ylashsa, yo bo‘lmasa, ro‘paradagi bo‘g‘otning soyasi deb o‘tib ketishsa», deb o‘ziga-o‘zi tasalli berardi.
Fonuslarning sarg‘ish shu’lasida g‘ira-shira ko‘rinayotgan uchta sharpa valiahd yotgan karavot tepasiga bordi.
– Shu yerda, – deb pichirladi kimdir.
– Uxlayapti, – dedi ikkinchisi.
– Tss!..
– Qo‘rqma. To‘p otsang ham uyg‘onmaydi.
– Bo‘pti, boshlanglar.
Bir nima taqillab ketdi.
Murabbiyning peshonasidan sovuq ter chiqdi. Bu qo‘rquv natijasida u o‘z burnini yanayam cho‘zilayotganday his qildi.
– Tayyor, – dedi pichirlab kimdir.
– Boshlanglar.
Yana bir nima jingirladi, keyin qandaydir idishda bir suyuqlik qulqilladi-yu, jildirab quyila boshladi. Keyin oraga yana jimlik cho‘kdi.
– Qayoqqa quyay?
– Qulog‘iga.
– U yuzini yostiqqa bosib uxlab yotibdi. Ayni muddao. Qulog‘iga quying…
– Lekin ehtiyot bo‘ling. Tomchilab quying.
– Rosa o‘n tomchi.
– Birinchi tomchi muzdek sovuq tuyuladi, ikkinchi tomchi hech nima his qildirmaydi, chunki birinchi tomchi tomgan zahoti o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu birinchi tomchining o‘zi har qanday sezgini o‘ldirib bo‘ladi.
– Birinchi ikki tomchini ketma-ket tomizinglar. – Aks holda, bola xuddi badaniga muz tekkandek seskanib uyg‘onib ketishi mumkin.
– Tss!.. Quyyapman… Bir, ikki!..
Shu mahal murabbiyning dimog‘iga marvaridgulning o‘tkir hidi «gup» etib urildi. Bu hid butun xonani tutib ketdi.
– Uch, to‘rt, besh, olti… – kimdir pichirlab tez-tez sanay boshladi.
– Bo‘ldi.
– Endi u uch kungacha qimirlamay uxlaydi.
– Qo‘g‘irchoqning holi nima kechganini bilmaydiyam…
– Uyg‘onganida hammasi tugagan bo‘ladi.
– Bo‘lmasa, dod-voy solib butun Qasrni boshiga ko‘tarishi, yig‘layverib Uch Baqaloqning miyasini yeyishi mumkin edi. Natijada, ular qizchaning gunohidan kechib, uni ozod qilishga majbur bo‘lardilar…
Uch notanish sharpa g‘oyib bo‘ldi. Kreslo o‘rindig‘ida dag-dag‘ qaltirab yotgan navbatchi murabbiy o‘rnidan turdi. Xuddi zarg‘aldoqrang gul shaklida alangalanib yonuvchi kichkinagina chiroqchani yoqdi-da, karavot boshiga bordi.
Valiahd Tutti to‘r hoshiyali ich kiyimda ustiga shohi choyshab yopinib uxlab yotardi; u jussasi kichkinagina bo‘lsa ham, salobatli ko‘rinardi.
Uning paxmaygan oltinrang sochli boshi katta-katta yostiqlarga botib yotardi.
Murabbiy engashib, chiroqni bolaning bo‘zargan yuziga yaqin tutdi. Uning jajjigina qulog‘ida bir tomchi dori xuddi chig‘anoq ichidagi inju donasidek yiltirab turardi. Bu tomchida sariq va yashil shu’la tovlanardi. Murabbiy shu tomchiga jimjilog‘ini tekkizgan edi, shu zahoti jajji quloqcha ichida hech nima qolmadi, lekin tarbiyachining butun qo‘li qaqshatuvchi qattiq sovuqdan zirqirab og‘riy boshladi.
Bola mast uyquda yotardi.
Yana bir necha soatdan keyin esa biz kitobxonlarimizga hikoya qilib berganimiz o‘shal ajoyib tong otdi.
Shu kuni ertalab raqs muallimi Bir-ikkuchsning boshiga qanday savdo tushganini bilamiz, lekin shu kuni ertalab Suokka nima bo‘lganini bilish biz uchun qiziqarliroqdir. Axir biz uni nihoyatda mudhish ahvolda qoldirgan edik-da!
Avvaliga qizchani zindonga tashlamoqchi bo‘lishdi.
– Yo‘q, bu juda mushkul, – dedi Davlat kansleri. – Biz zudlik bilan odilona hukm chiqaramiz.
– To‘g‘ri, shu qiz bilan pachakilashib o‘tiramizmi? – deyishdi Baqaloqlar.
Lekin shuni unutmanglarki, Uch Baqaloq qoplon hujumidan qochishganda o‘takalari yorilib, juda qattiq azob chekkan edilar. Shuning uchun ular hozir dam olishlari kerak edi.
– Biz biroz mizg‘ib olaylik. Sudni ertalabga qoldiramiz, – deyishdi ular.
Shunday deyishdi-yu, uchovlari o‘z yotoqxonalariga kirib ketishdi.
Davlat kansleri qo‘g‘irchoq bo‘lib olgan qizchani sud o‘limga hukm qilishini aniq bilardi, shuning uchun ham u, tag‘in valiahd Tutti yig‘layverib o‘lim hukmini bekor qilmasin, deb uni dori bilan uxlatib qo‘yish haqida buyruq bergan edi.
Demak, boyagi fonus ko‘targan uch sharpa, kanslerning buyrug‘ini bajargan ekan.
Valiahd Tutti uxlab yotardi.
Suok esa qorovulxonada o‘tirardi. Qorovulxona – kordegardiya deb atalardi. Shunday qilib, Suok bugun ertalab kordegardiyada o‘tirardi. Uni gvardiyachilar qo‘riqlashardi. Kordegardiyaga kirib qolgan begona odam, bu pushtirang ko‘ylak kiygan judayam xushbichim, ammo ma’yus qiyofali ko‘hlikkina qizcha, nima uchun bunday yerda gvardiyachilar orasida o‘tiribdi, deb hayron bo‘lib uzoq vaqtgacha turib qolgan bo‘lardi. Hamma yoqda egar-jabduqlar, qurolyarog‘lar, pivo krujkalari ivirsib yotgan bu sharoitga qizchaning qiyofasi aslo yopishmasdi.
Gvardiyachilar qarta o‘ynashar, trubka chekishib, ko‘kish, sassiq tutun qaytarishar, bo‘ralab so‘kinishar, dam-badam bahona axtarib, bir-birlari bilan mushtlashishardi.
Bu gvardiyachilar Uch Baqaloqqa hali sodiq edilar. Ular bahaybat mushtlarini do‘laytirib Suokka po‘pisa, do‘q qilib, yer tepishar, aftlarini xunuk irjaytirishardi.
Suok bularning hammasiga parvo qilmay o‘tirardi. U gvardiyachilarning yuzini ko‘rmaslik uchun, ularga ters o‘girilib oldi-da, shu ko‘yi masxara qilganday tilini chiqarib, bir soatcha o‘tirdi.
Bochkacha ustida o‘tirish unga qulay tuyuldi. To‘g‘ri, bunaqa o‘tirishda ko‘ylagi g‘ijimlanardi, lekin busiz ham ko‘ylagi butunlay rasvo bo‘lgan edi: ko‘ylagi daraxt shoxlariga ilinib yirtilgan, mash’ala olovi tegib kuygan, gvardiyachilar g‘ijmaloq qilib tashlashgan, hamma yog‘iga qiyom shirasi yopishgan edi.
Suok o‘zining nima bo‘lishini o‘ylamasdi. Uning yoshidagi qizchalar oshkora xavfdan qo‘rqishmaydi. Ular hatto o‘zlariga o‘qtalgan to‘pponchadan ham hayiqishmaydi, ammo qorong‘i xonada yolg‘iz qolishdan judayam qo‘rqishadi.
Suok bunday o‘ylardi: «Qurolsoz Prospero ozodlikda. Hozir Tibul bilan ikkovi kambag‘allarni saroyga boshlab borishadi. Keyin ular meni ozod qilishadi».
Suok shu ko‘yi o‘y-o‘ylab o‘tirganida shahar tomondan uch gvardiyachi, ot choptirib saroyga yetib keldi – bular to‘grisida biz oldingi bobda gapirgan edik. O‘zingizga ma’lum, ulardan biri – ko‘k ko‘z gvardiyachi, allaqanday sirli tugun ko‘tarib olgan ediki, u tugundan qiz bolaning oyoqchalari chiqib turar, u oyoqchalarga pushtirang tufli kiydirilgan bo‘lib, tufli tasmasi o‘rniga oltin gul qadalgan edi.
Uch gvardiyachi ko‘prikka yaqinlashganida shlyapalariga qadalgan qizil nishonlarini yulib oldilar, chunki ko‘prikdagi postda turgan soqchi Uch Baqaloq tarafida edi.
Bu otliqlar saroyga kirishlari kerak edi, shuning uchun ham ular shlyapalariga qadalgan nishonni, soqchi ko‘rmasin, deb olib qo‘ygan edilar.
Bo‘lmasa, ularning shlyapasiga qadalgan qizil nishonlarni ko‘rib qolgan soqchi gvardiyachilarga qarata o‘q otgan bo‘lardi, negaki ular xalq tomoniga o‘tgan edilar-da.
Ular qorovulxona yonidan shamoldek g‘izillab o‘tib ketishayotganda sal bo‘lmasa qorovul boshlig‘ini bosib yuboray deyishdi.
– Judayam muhim bir xabar olib ketishyapti chog‘i, – dedi qorovul boshlig‘i boshidan uchib ketgan shlyapasini yerdan olib, mundirining changini qoqarkan.
Xuddi shu payt Suokning janozasi o‘qilgan edi. Chunki kordegardiyaga Davlat kansleri kirib kelgan edi.
Gvardiyachilar «dik» etib o‘rinlaridan turib ketishdi, xuddi belkurakdek keladigan qo‘lqop kiygan qo‘llarini yonlariga tushirib, qimir etmay qotib turishdi.
– Qizcha qani? – deb so‘radi kansler ko‘zoynagini ko‘tarib.
– Qani, bu yoqqa kel! – deb qichqirdi gvardiyachilarning boshlig‘i qizchaga.
Suok bochkachadan sirg‘anib yerga tushdi.
Gvardiyachi uning belidan qo‘pol qilib ushlab qo‘ltiqlab ko‘tarib oldi.
– Uch Baqaloq buni Sud zalida kutishmoqda, – dedi kansler ko‘zoynagini tushirib. – Qizchani ko‘tarib orqamdan boringlar.
Kansler shunday deb kordegardiyadan chiqdi. Gvardiyachi bir qo‘lida Suokning belidan osiltirib ko‘tarib olgancha uning orqasidan chiqdi.
O, oltin gullar! O, pushtirang ipak! Bularning hammasi berahm gvardiyachining qo‘lida xazon bo‘la boshlagan edi.
Gvardiyachining dahshatli qo‘lida xuddi jomadon singari osilib borish juda alamli va noqulay edi, shuning uchun ham Suok o‘sha gvardiyachining bilagidan chimchilab oldi. Chimchilagandayam birakay chimchilagan ekan deng, mundirning yengi qalin bo‘lishiga qaramay gvardiyachining qo‘lini o‘yib olganday bo‘ldi.
Shunda gvardiyachi:
– Padar la’nat! – deya so‘kinarkan, qizchani qo‘lidan tushirib yubordi.
– Nima gap? – dedi kansler orqasiga o‘girilib.
Xuddi shu payt hech kutilmaganda kimdir kanslerning quloq-chakkasiga musht tushirdi. kansler yiqilib tushdi.
Uning ketidan zum o‘tmay boyagi Suok chimchilab olgan gvardiyachi ham quladi.
U ham quloq-chakkasidan musht yegan edi. Uni urishganda ham birakay urishgan edi! Negaki, bunday bahaybat va badqahr gvardiyachini urib yiqitib hushidan ketkazish uchun qanday kuchli zarba bo‘lishi kerakligini o‘zingiz tasavvur qilishingiz mumkin.
Suok o‘zini o‘nglab olishga ulgurmay, uni yana kimdir qo‘liga ko‘tarib olib keta boshladi.
Bu ham dag‘al va kuchli qo‘l edi, lekin Suokni ancha avaylab ko‘targan edi, Suok bu qo‘lda o‘zini ancha erkin his qila boshladi; boya uni ko‘tarib ketayotgan gvardiyachi esa endi hushidan ketib yaltiroq polda uzala tushib yotardi.
– Qo‘rqma! – deb pichirladi qizchaga kimdir.
Sud zalida esa Uch Baqaloq uni sabrsizlik bilan kutayotgan edilar. Ayyor qo‘g‘irchoqni ularning o‘zlari sud qilishmoqchi. Ularning atrofida mansabdorlar, maslahatchilar, sudyalar va kotiblar o‘tirishardi. Bu odamlarning boshlaridagi to‘q qizil, och binafsha, och yashil, malla, oq, oltinrang… pariklar quyosh shu’lasida yal-yal tovlanardi. Lekin hatto quyoshning sho‘x shu’lasi ham bu pariklar ostidagi tumshaygan basharalarga husn kirita olmas edi.
Uchala Baqaloq hali ham issiqdan qiynalib o‘tirishibdi. Hamma yoqlaridan duv-duv to‘kilayotgan terlar oldilarida turgan oq qog‘ozlarni ho‘l qilib yuborayotgandi. Kotiblar daqiqa sayin ularning oldidagi qog‘ozni o‘zgartirib turishardi.
– Kanslerimiz bizni kuttirib qo‘ydi-yu, – dedi Birinchi Baqaloq xuddi dorga osilgan odamday barmoqlarini o‘ynatib.
Mana, nihoyat ular kutgan odamlar yetib kelishdi.
Zalga uch gvardiyachi kirdi. Ulardan biri qizchani qo‘liga ko‘tarib olgan edi. O, naqadar ma’yus edi qizchaning chehrasi!
Kecha oftobdek tovlanib, qimmatli ajib bezaklari bilan odamlarning ko‘zini qamashtirgan pushtirang ko‘ylak endi ayanchli bir uvadaga aylangan edi. Oltin gullar so‘lgan, yaltiroq pistonlar to‘kilib bitgan, shohi mato g‘ijimlanib to‘zib ketgan. Qizcha g‘amgin boshini gvardiyachining yelkasiga qo‘ygan edi. U xuddi murdadek oqarib ketgan, mug‘ambirona boquvchi qo‘yko‘zlarida nur so‘ngan edi.