Электронная библиотека » Юрий Олеша » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Уч бақалоқ"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 06:20


Автор книги: Юрий Олеша


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 11 страниц)

Шрифт:
- 100% +

It nishab labiga borganda taqqa to‘xtadi, aftidan, u ortiq hujum qilishni istamagan edi. U Lapitup boldirining ta’mini tatib ko‘rgan va bu ishidan batamom qanoat hosil qilib, dumini likillatar va og‘zini katta ochib iljayarkan, pushtirang yaltiroq tilini osiltirib turardi.

VI BOB
KUTILMAGAN VAZIYAT

– Doktor Gaspar Arneridan so‘rang, – deb javob qilgan edi Tibul, nega negr bo‘lib olding, deb berilgan savolga.

Lekin buning sababini doktor Gaspardan so‘ramasdan turib ham fahmlasa bo‘lardi. Esingizda bo‘lsa: Tibul jang maydonidan g‘oyib bo‘lgan edi. Qani bir eslab ko‘raylik: gvardiyachilar uning payiga tushib qidirishdi, ishchi mahallalariga o‘t qo‘yishdi, Yulduz maydonida otishma boshlashdi. Tibul esa doktor Gasparning uyiga yashirindi. Lekin bu yerda ham uni istagan paytda topib olishlari mumkin edi. Xavf-xatar muqarrar edi. Chunki uni judayam ko‘p odam ko‘rgan va tanirdi.

Do‘kondor Uch Baqaloq tomonida edi, negaki u semiz va boy. Doktor Gaspar bilan qo‘shni bo‘lib yashab turgan har qanday boy odam, doktor Tibulga o‘z uyidan boshpana berdi, deb gvardiyachilarga yetkazishi mumkin edi.

– Siz tashqi qiyofangizni o‘zgartirishingiz kerak, – degan edi doktor Gaspar Tibul uyiga kirib kelgan o‘sha kechasi.

Ana shundan keyin doktor Gaspar Tibulni shunaqa qiyofaga kiritgan edi.

– Siz pahlavon qomatsiz, – degan edi doktor. – Ko‘krak qafasingiz judayam keng, yag‘rinlaringiz keng, tishlaringiz oppoq, sochingiz jingalak, tikandek qattiq va tim qora. Agar badaningiz oq bo‘lmaganida, siz Shimoliy Amerika negriga judayam o‘xshab ketgan bo‘lar edingiz. Ayni muddao. Men sizni qora tanli bo‘lishingizga ko‘maklashaman.

Doktor Gaspar Arneri yuzta ilmni o‘rgangan olim edi. U juda jiddiy odam edi-yu, lekin fe’li oqko‘ngil edi. Har bir ishning o‘z vaqt-soati bor deganlaridek ba’zi-ba’zida u ko‘ngilxushlik qilishni yaxshi ko‘rardi. Lekin hatto shu dam olayotgan chog‘larida ham olim bo‘lib qolar edi. Shunaqa paytlarda u yetimxonalardagi kambag‘al bolalar uchun ko‘chirma suratlar tayyorlar, judayam alomat mushaklar, o‘yinchoqlar yasar, juda antiqa tovush chiqaruvchi musiqa asboblari yasar, yangi bo‘yoqlar kashf etardi.

– Mana, – dedi u Tibulga, – mana, ko‘ring. Mana bu shishada rangsiz suyuqlik bor. Lekin u biron odamning badaniga surtilsa, quruq havo ta’sirida badanni qora rangga bo‘yaydi, qora bo‘lganda ham xuddi negrlar badaniga o‘xshatib to‘q jigarrang holga kiritadi. Mana bu shishadagi essensiya bilan esa o‘sha qora bo‘yoqni yuvib tashlash mumkin.

Tibul rang-barang uchburchak matolardan quroq qilib tikilgan trikosini yechdi-da, kuyindi hidini beruvchi achchiq suyuqlikni badaniga surkay boshladi.

Bir soatdan keyin u qop-qora negrga aylandi qo‘ydi.

Ganimed xola tutgan sichqonini ko‘tarib xuddi shu paytda kirib kelgan edi. U yog‘ini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Endi doktor Gasparga qaytaylik. Kapitan Bonaventura uni saroy mansabdorining qora karetasiga o‘tqizib olib ketgan paytda biz u bilan ajrashgan edik.

Kareta shamoldek yelib borardi. Polvon Lapitup bu kareta orqasidan yugurib, unga yeta olmaganidan xabaringiz bor.

Karetaning ichi qorong‘i edi. Doktor avvaliga o‘z yonida o‘tirgan mansabdor haqida, tizzasiga sochlari paxmaygan qiz bolani o‘tqazib olibdi, deb o‘yladi.

Mansabdor churq etmasdi. Bola ham.

– Avf etasiz, sizni siqib qo‘ymadimmi? – deb so‘radi iltifotli doktor, boshidagi shlyapasini xiyol ko‘tarib.

– Bahuzur o‘tiravering, – deb quruqqina javob qildi mansabdor.

Karetaning torgina darchasidan ko‘cha chiroqlari shu’lasi lip-lip o‘tardi. Yana bir daqiqadan keyin doktorning ko‘zlari qorong‘ilikka ko‘nikib qoldi. Ana shunda u mansabdorning uzun burnini, yarim yumuq ko‘zlarini va juda bejirim ko‘ylak kiygan bir dilbar qizchani ko‘rdi. Qizaloq nihoyatda ma’yus ko‘rinardi. Yana uning rangi ham o‘chgan bo‘lsa kerag-u, lekin qorong‘ida buni aniq ko‘rib bo‘lmas edi.

«Bechora qiz! – deb o‘yladi doktor Gaspar. – Kasalga o‘xshaydi».

Keyin yana mansabdorga murojaat qildi:

– Aftidan, mening yordamim kerakka o‘xshaydi, a, sizga? Sho‘rlik qizchaning tobi qochib qopti-da?

– Ha, sizning yordamingiz kerak, – deb javob qildi uzun burunli mansabdor.

«Hech shubha yo‘qki, bu qizcha yo Uch Baqaloqdan birining jiyani, yo bo‘lmasa, valiahd Tuttining kichik mehmoni, – deb faraz qila boshladi doktor. – Bu qizchaning juda izzat-e’tiborli zot ekanligi ko‘rinib turibdi, chunki u nihoyatda bejirim kiyingan, buning ustiga, uni saroydan gvardiya kapitani kuzatuvida olib kelishyapti. Bu gumon to‘g‘ri-ya, lekin valiahd Tuttining oldiga tirik bolalarni kiritishmaydi-ku. Unda bu farishta qiz qanday qilib saroyga kirib qoldi ekan?»

Doktor o‘ylayverib boshi qotdi. U yana tanqa burun mansabdor bilan suhbat qurishga urindi:

– Ayting-chi, qizaloqning dardi nima ekan? Nahot bo‘gma kasal bo‘lsa?

– Yo‘q, uning ko‘kragi teshilgan.

– Siz, uning o‘pkasi kasal demoqchisiz, shekilli?

– Uning ko‘kragi teshilgan, – deb takrorladi mansabdor.

Doktor odob yuzasidan u bilan bahslashib o‘tirmadi.

– Bechora qizaloq! – deb xo‘rsinib qo‘ydi u.

– Bu qizaloq emas, qo‘g‘irchoq, – dedi mansabdor.

Bu payt kareta doktorning uyi oldida to‘xtadi.

Qo‘g‘irchoq ko‘targan mansabdor bilan kapitan Bonaventura doktorning orqasidan uning uyiga kirishdi. Doktor ularni ustaxonasida qabul qildi.

– Agar bu qo‘g‘irchoq bo‘lsa, unda sizlarga qanday yordamim tegishi mumkin?

Mansabdorning batafsil izohidan keyin hamma narsa oydinlashdi.

Ertalabki hayajoni hamon bosilmagan Ganimed xola eshik tirqishidan mo‘ralab, bahaybat kapitan Bonaventurani ko‘rib turardi. Kapitan qilichiga tayanib, qaytarma qo‘njli katta etik kiygan oyoqlarini tinimsiz likillatardi. Etigining shporlari esa dumli yulduzga o‘xshab ketardi. Ganimed xola kapitandan tashqari yana pushtirang bejirim ko‘ylak kiygan g‘amgin va xasta bir qizchani ko‘rdi – mansabdor u qizchani kursiga o‘tqizib qo‘ygan edi. Qizaloq paxmaygan sochli boshini egib o‘tirarkan, go‘yo pastga, tasma o‘rniga oltinrang gul qadalgan atlas tufli kiygan jajji oyoqlariga tikilayotgandek ko‘rinardi.

Kuchli esayotgan shamol rovondagi deraza qopqalarini taraqlatib ochib-yopardi, shu ovoz tufayli Ganimed xola ichkarida bo‘layotgan gapni aniq eshita olmayotgan edi.

Lekin shunday bo‘lsa ham u ba’zi bir narsalarni tushunib oldi.

Mansabdor doktor Gasparga Uch Baqaloq Davlati kengashining farmonini ko‘rsatdi. Doktor farmonni o‘qib chiqib, qattiq hayajonlana boshladi.

– Qo‘g‘irchoq ertaga ertalabgacha tuzalishi shart, – dedi mansabdor o‘rnidan turarkan.

Kapitan Bonaventura poshnasini poshnasiga urib, shporlarini shiqillatib qo‘ydi.

– Ha… lekin… – doktor nochor ahvolda qo‘llarini yoydi. – Men urinib ko‘raman, ammo kafolat berish mumkin emas. Men bu sehrli qo‘g‘irchoqning mexanizmi bilan tanish emasman. Men uni o‘rganib chiqishim, qayeri shikastlanganini aniqlashim, nihoyat, shu shikastlangan mexanizm uchun yangi qismlar tayyorlashim kerak. Buning uchun menga juda ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Ehtimol, hali mening iste’dodim buni tuzatishga ojizlik ham qilar… Balki bu yaralangan qo‘g‘irchoqning sog‘lig‘ini tiklashga mening qurbim yetmas ham… M…en qo‘rqaman, janoblar… Vaqt juda qisqa… Faqat bir kecha… Men so‘z bera olmayman…

Mansabdor doktorning so‘zini bo‘ldi. U barmog‘ini ko‘tarib shunday dedi:

– Biz buni paysalga sola olmaymiz, chunki valiahd Tuttining qayg‘usi beqiyosdir. Qo‘g‘irchoq ertaga ertalabgacha tirilishi shart. Uch Baqaloqning xohishi shunday. Hech kim ularning farmonini bajarmaslikka jur’at eta olmaydi. Ertaga ertalab siz Uch Baqaloq saroyiga tuzalgan, sog‘lom qo‘g‘irchoqni olib borasiz.

– To‘g‘ri… lekin… – deb e’tiroz bildira boshladi doktor.

– Hech qanday «lekin-pekin» bo‘lishi mumkin emas! Qo‘g‘irchoq ertaga ertalab tuzalishi shart. Agar shu ishni bajarsangiz – katta mukofotga sazovor bo‘lasiz, bajarmasangiz – qattiq jazoga tortilasiz.

Doktor judayam qattiq hayajonga tushdi.

– Men urinib ko‘raman, – deb g‘o‘ldirardi u. – Lekin, tushuning, axir, bu nihoyatda mas’uliyatli ish…

– Albatta, – deya uning so‘zini bo‘ldi mansabdor va barmog‘ini pastga tushirdi. – Men farmonni sizga bayon qildim, endi siz uni bajarishingiz lozim. Yaxshi qoling!

Eshik tirqishidan mo‘ralab turgan Ganimed xola o‘zini orqaga oldi va chopgancha o‘z xonasiga kirib ketdi; bu yerda, burchakda boya qopqondan qochgan baxtiyor sichqon bir nimani qitirlatib kemirib yotardi. Qo‘rqinchli mehmonlar ko‘chaga chiqishdi. Mansabdor karetaga o‘tirdi; graf Bonaventura shporlarini yaltiratib va shiqillatib otiga mindi; gvardiyachilar shlyapalarini bostirib kiydilar. Shundan keyin hammalari ot choptirib jo‘nab ketdilar.

Valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i doktorning ustaxonasida qoldi.

Doktor mehmonlarni kuzatib uyga kirgach, Ganimed xolani qidirib topdi-da, uni asabiy jerkib dedi:

– Ganimed xola! Esingizda bo‘lsin. Men donishmand odam, mohir doktor va hiylagar usta deb dovrug‘ qozonganman, shu nomimga dog‘ tushirishni istamayman. Bundan tashqari, men o‘z kallamni ham qadrlayman. Ammo ertaga ertalab dovrug‘imdan ham, kallamdan ham ajrashim mumkin. Men bugun tun bo‘yi juda og‘ir bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishim kerak. Tushundingizmi? – u Uch Baqaloq hukumatining Davlat kengashi farmonini silkib ko‘rsata boshladi. – Menga hech kim xalal bermasligi kerak. Uyda shovqin solmang. Likoplarni sharaqlatmang. Is-pis ham chiqarib o‘tirmang. Tovuqlarni «tu-tu»lab chaqirmang. Sichqon tutmang. Hech qanaqa quymoq, rangli karam, marmeladu valeriyanka haqida gap bo‘lishi mumkin emas! Tushundingizmi?

Doktor Gaspar rosa xunob edi.

Ganimed xola o‘z xonasiga kirib, ichidan berkitib oldi.

– Alomat narsalar, o‘ta alomat narsalar! – deb to‘ng‘illardi u. – Hech narsaga tushunmayapman. Allaqanday negr, allaqanday qo‘g‘irchoq, yana qanaqadir farmon… Nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Ganimed xola o‘ziga tasalli berish niyatida xat yozmoqchi bo‘ldi. Lekin patqalamni qitirlatmasdan judayam ehtiyotkorlik bilan yoza boshladi. U doktorni bezovta qilishdan qo‘rqardi.

Oradan bir soat vaqt o‘tdi. Ganimed xola hamon yozardi. Mana, u nihoyat, bugun ertalab doktor Gasparning ustaxonasida paydo bo‘lib qolgan alomat negrni tasvirlashga kirishdi.

«…Ular ikkovlashib chiqib ketishdi. Doktor saroy mansabdori va gvardiyachilar bilan qaytib keldi. Ular o‘zlari bilan bir qo‘g‘irchoq olib kelishdi; bu qo‘g‘irchoq tirik qizaloqqa judayam o‘xshab ketardi. Lekin bu safar ular orasida negr yo‘q edi. U qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin, bilmayman…»

Negrning, ya’ni gimnastikachi Tibulning qayoqqa ketgani masalasi ayni paytda doktor Gasparni ham xavotirlantirayotgan edi. U qo‘g‘irchoqni kuzatish bilan ovora ekan, Tibul hech xayolidan ketmasdi. Doktorning xunobi chiqib o‘zi bilan o‘zi gaplashardi:

– Bu qanday ehtiyotsizlik! Men uni nihoyatda antiqa bo‘yoqqa bo‘yab, mutlaqo hech kim taniy olmaydigan negrga aylantirib qo‘ygan bo‘lsam-u, u bugun O‘n to‘rtinchi bozorga borib, o‘zini odamlarga tanitib o‘tirsa! Axir endi uni tutib olishlari mumkin-ku… Ah! Odam degan shunaqayam ehtiyotsiz bo‘ladimi? Nahot uning temir qafasga tushgisi kelgan bo‘lsa?

Doktor Gaspar judayam qattiq ranjiyotgan edi. Bir tomonda Tibulning ehtiyotsizligi, bir tomonda mana bu dardisar qo‘g‘irchoq… Buning ustiga kechagi tashvishlar, Sud maydoniga qurilgan o‘nta qatl kundasi…

– Mudhish zamon! – dedi doktor.

Bugungi qatlning qoldirilganidan u bexabar edi. Saroy mansabdori kamgap odam edi. Shuning uchun u bugun saroyda yuz bergan voqealar haqida doktorga churq etib og‘iz ham ochmagan edi.

Doktor bechora qo‘g‘irchoqni ko‘zdan kechirarkan, hayron bo‘lib derdi:

– Bu jarohatlar nimadan ekan? Bu tig‘ning, ehtimolki, qilichning izi bo‘lsa kerak. Shunday qo‘g‘irchoqni, ajib qizaloqni ilma-teshik qilib yuborishibdi… Buni kim qildiykin? Valiahd Tuttining qo‘girchog‘iga qilich ko‘tarishga kimning haddi sig‘diykin?

Buni gvardiyachilar qilganini doktor hech tasavvur qila olmas edi. Hattoki saroy gvardiyasining Uch Baqaloqqa xizmat qilishdan bosh tortib, xalq tomoniga o‘ta boshlaganini u xayoliga ham keltira olmasdi. Buni eshitganida bormi, doktorning xursandchilikdan boshi osmonga yetgan bo‘lardi!

Doktor qo‘g‘irchoqning boshini qo‘liga oldi. Derazadan oftob tushib turardi. Oftob qo‘g‘irchoqning yuzini juda yaxshi yoritayotgan edi. Doktor qo‘g‘irchoqqa tikilib qoldi.

«Taajjub, judayam taajjub, – deb o‘ylay boshladi u. – Men ilgariyam bu chehrani qayerdadir ko‘rgandayman… Ha, ha, albatta ko‘rganman! Men buni ko‘rganman, taniyapman uni. Lekin qayerda? Qachon? Bu yuz jonli edi, u tirik qizchaning yuzi edi, u tabassum qilar, juda alomat bu yuz mehribon, tannoz, biroz g‘amgin bo‘lardi… Ha, ha. Bunga hech shubha bo‘lishi mumkin emas! Lekin ko‘zimning xiraligi qurib ketsin, odamlarning yuzini eslab ololmay qoldimda».

U qo‘g‘irchoqning jingalak sochli jajji boshini ko‘ziga yaqin olib keldi.

«Qanday ajoyib qo‘g‘irchoq! Qanday dono odam yaratdiykin uni! U oddiy qo‘g‘irchoqlarga o‘xshamaydi. Qo‘g‘irchoqlarning odatda ko‘zlari ko‘k va baqraygan bo‘lib, odamlarnikiga o‘xshamaydi, ma’nosiz boqadi, burni tanqaygan, labi cho‘chchaygan, beo‘xshov oq-sariq jingalak sochlari xuddi qo‘yning yungiga o‘xshaydi. Qo‘g‘irchoqlar ko‘rinishidan baxtliga o‘xshaydilar, aslida esa tentak bo‘lishadi… Lekin mana bu qo‘g‘irchoqning qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydigan hech qanday jihati yo‘q. Ont ichamanki, bu – qo‘g‘irchoq qiyofasiga kirgan qizchaga o‘xshaydi nazarimda!»

Doktor Gaspar o‘zining bu g‘ayrioddiy bemorini maroq bilan ko‘zdan kechirardi. Lekin qachonlardir, qayerdadir shu rangpar chehrani, ma’noli boquvchi shu qo‘yko‘zlarni, shu kalta kesilgan, hurpaygan soch tolalarini ko‘rganman, degan fikr hech ham uning xayolidan nari ketmasdi. Bu qo‘g‘irchoqning boshini xiyol burib turib qarashi unga ayniqsa tanishdek tuyulardi: qo‘g‘irchoq bo‘ynini xiyolgina yon tomonga egib, doktorga qovog‘ini uyib, diqqat bilan, mug‘ambirona boqardi…

Doktor o‘zini bosa olmay, baland ovoz bilan so‘radi:

– Qo‘g‘irchoq, isming nima?

Lekin qizcha indamasdi. Shunda doktor hushini yig‘ib oldi. Qo‘g‘irchoq buzilgan edi; uning ovozini chiqarish, yuragini tuzatish kerak, uni yana qaytadan iljayishga, raqs tushishga va o‘z tengqurlari bo‘lgan – qizchalarning qiliqlariga o‘rgatish kerak.

«Yoshi o‘n ikkilarda bo‘lsa kerak».

Vaqt g‘animat edi. Doktor ishga kirishdi. «Men qo‘g‘irchoqni tiriltirishim kerak».

Bu orada Ganimed xola maktubini yozib tugatdi. Shundan keyin ham u yana ikki soatgacha zerikib o‘tirdi. Oxiri sabri chidamay, sinchkovligi qo‘zib ketdi. «Doktor Gaspar qanday shoshilinch ishni bajarishi kerak ekan? Haligi qanaqa qo‘g‘irchoq ekan?»

U ustaxona eshigi oldiga oyoq uchida ohista yurib keldi-da, kalit soladigan yuraksimon tirqishdan mo‘raladi. Afsus! Teshikka kalit tiqilgan edi. Ganimed xola hech nima ko‘rolmadi, lekin shu mahal eshik ochilib, doktor Gaspar chiqib keldi. Uning avzoyi buzuq, xayoli parishon edi, shuning uchun u adabsizlik qilib eshik tirqishidan mo‘ralamoqchi bo‘lgan Ganimed xolaga hatto tanbeh ham bermadi. Lekin Ganimed xola shundoq ham juda uyalib ketgan edi.

– Ganimed xola, – dedi doktor. – Men ketyapman. Aniqrog‘i, men jo‘nab ketishim kerak. Izvosh chaqirtirsangiz.

U jim qoldi, so‘ng kafti bilan peshonasini ishqalay boshladi.

– Men Uch Baqaloq Qasriga ketyapman. U yerdan qaytib kelmasligim ham ehtimoldan xoli emas.

Ganimed xola hayratga tushib orqasiga tisarildi:

– Uch Baqaloq qasriga!

– Ha, Ganimed xola. Ish juda chatoq. Menga valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini olib kelishdi. Bu dunyoda eng yaxshi qo‘g‘irchoq hisoblanadi. Uning mexanizmi singan. Uch Baqaloq Davlati kengashi ertaga ertalabgacha shu qo‘g‘irchoqni tuzatib berishni buyurgandi menga. Endi meni qattiq jazoga tortishsa kerak.

Ganimed xola ko‘zlariga g‘ilt-g‘ilt yosh oldi.

– Lekin men bu bechora qo‘g‘irchoqni tuzatishga ojizman. Men uning ko‘ksidagi murvatni mufassal ko‘zdan kechirib chiqdim, uning sirini ham bilib oldim, uni tuzatishim ham mumkin edi. Lekin… arzimagan narsa! Arzimagan bir qism deb, Ganimed xola, buyruqni bajara olmayman. O‘sha antiqa murvat ichida bitta tishli g‘ildirakcha bor – shu darz ketgan… U ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan! O‘rniga yangisini yasash kerak… Menda shu g‘ildirakchani yasashga loyiq metall ham bor, kumushsimon ma’dan… Lekin ishga kirishishdan oldin u metallni eng kamida ikki kun to‘tiyo eritmasida saqlash kerak. Tushunyapsizmi, ikki kun… Qo‘g‘irchoq esa ertaga ertalab tayyor bo‘lishi kerak.

– O‘shaning o‘rniga boshqa bironta g‘ildirakni o‘rnatsa bo‘lmasmikin? – deya qo‘rqa-pisa luqma tashladi Ganimed xola.

Doktor ma’yus qo‘l siltadi:

– Men hamma chorani qo‘llab ko‘rdim, hech bo‘lmayapti.

Yana besh daqiqadan keyin doktor Gasparning uyi oldida soyabonli izvosh to‘xtadi. Doktor Uch Baqaloq Qasriga borishga qaror qilgan edi.

– Men ularga, ertaga ertalabgacha qo‘g‘irchoq tayyor bo‘lmaydi, deb aytaman. Meni ne ko‘yga solsalar ham mayli…

Ganimed xola fartugining etagini tishlagancha boshini sarak-sarak qildi, u shu ko‘yi boshini chayqab turaverdi, faqat, bunaqada hatto bo‘ynim uzilib ketishi ham mumkin-ku, degan fikr xayoliga kelib qo‘rqib ketganidan keyingina bosh chayqashdan to‘xtadi.

Doktor Gaspar qo‘g‘irchoqni yoniga o‘tqizib saroyga jo‘nab ketdi.

VII BOB
ALOMAT QO‘G‘IRCHOQNING TUNGI SARGUZASHTI

Doktor Gasparning ikkala qulog‘ida shamol qattiq g‘uvillardi. Shamolning g‘uvillashi pichoq charxlayotganda chiqqan ovozdan ham dahshatliroq bo‘lgan negrlarning raqs musiqasini eslatardiki, bundan quloq qomatga kelardi.

Doktor quloqlarini paltosining yoqasi bilan berkitib, shamolga ters o‘girildi.

Shundan keyin shamol go‘yo osmondagi yulduzlar bilan shug‘ullana boshladi. U yulduzlarni goh puflab o‘chirar, goh g‘izillatib uzoqlarga surib ketar, goh uchburchak shaklidagi qora tomlar orqasiga yashirardi. Bu o‘yin ham ko‘ngliga urgandan keyin shamol bulutlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Lekin bulutlar xuddi minoralar singari parcha-parcha bo‘lib ketdi. Shunda bulut birdan sovidi: u qahri kelganidan sovuq qotgan edi.

Doktor plashiga o‘ranib olishga majbur bo‘ldi. Plashining bir bariga qo‘g‘irchoqni o‘radi.

– Tezroq haydang! Tezroq! O‘tinaman, tezroq haydang!

Birdaniga hech narsadan hech narsa yo‘q doktorning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi-yu, izvoshchini shoshira boshladi.

Tun juda vahimali, zim-ziyo, jimjit edi. Faqat bir necha derazadan chiroqning qizg‘ish shu’lasi ko‘rindi, qolgan derazalar qopqalari bilan yopilgan edi. Odamlar mudhish voqealar ro‘y berishini kutardilar.

Bu oqshom juda ko‘p narsa g‘ayritabiiy va shubhali tuyulardi. Shuning uchun ahyon-ahyonda doktor, bu alomat qo‘g‘irchoqning ko‘zlari qorong‘ida ikkita chaqmoq toshdek birdan yarqirab ketsa-ya, deb hatto cho‘chib borardi. Shuning uchun u hamrohining yuziga iloji boricha qaramaslikka harakat qilardi.

«Qanday bema’nilik! – deb o‘ziga o‘zi taskin berardi u. – Asablarim buzilganga o‘xshaydi. Bugun ham har kungi oqshomlardan biri, xolos. Faqat ko‘chada o‘tkinchilar siyrakroq. Faqat shamol ularning soyalarini juda g‘alati qilib uchiryapti, natijada duch kelgan har bir odam qanotsimon sirli plash kiygan yollanma qotilga o‘xshab ketyapti. Faqat muyulishlarga o‘rnatilgan gaz fonuslar qandaydir shumshuk zangori shu’la sochmoqda… Eh, tezroq Uch Baqaloq Qasriga yetib bora qolsam edi!..»

Qo‘rquvni daf qiladigan juda yaxshi bir vosita bor: uyqu. Ayniqsa, bunday paytda adyolga burkanib uxlash tavsiya qilinadi. Doktor shu vositadan foydalanmoqchi bo‘ldi. U shlyapasidan adyol o‘rnida foydalanib, uni ko‘zlarigacha bostirib kiydi. Shundan keyin yuzgacha sanay boshladi, albatta. Lekin bu vosita yordam bermadi. So‘ng u kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa bir vositani ishga soldi. U ichida hisoblay boshladi:

– Bitta fil-u, yana bitta fil – ikkita fil; ikkita fil-u, yana bitta fil – uchta fil; uchta fil-u, yana bitta fil – to‘rtta fil…

U shu zaylda bir poda filni sanab chiqdi. Fillar soni bir yuz yigirma uchtaga yetganda, dildagi fil haqiqiy filga aylandi. Lekin bu filni yo po‘shtibadan polvon Lapitupmi – doktor aniqlay olmadi, demak u endi uxlayotgan va tush ko‘rayotgan bo‘lsa kerak.

Uxlagan paytda vaqt uyg‘oq vaqtdagidan ancha tez o‘tadi. Xullas, doktor uyqusida Uch Baqaloq Qasriga yetib ham borib, yana ularning hukm chiqarishiga muntazir ham bo‘lib turardi. Baqaloqlarning har bittasi doktor qarshisida, qo‘g‘irchoqning qo‘lidan shunday ushlab turardiki, odatda maymun o‘ynatuvchi lo‘li ko‘k yubka kiygan maymunning qo‘lidan shunday ushlardi.

Ular doktorning hech qanday izohini eshitishni istamas edilar.

«Sen buyruqni bajarmading, – deyishardi ular. – Sen qattiq jazoga tortilasan. Sen Yulduz maydoni ustidan tortilgan simdan qo‘g‘irchoq bilan yurib o‘tishing kerak. Lekin ko‘zoynagingni yech…»

Doktor shafqat so‘rardi. Uni hammadan ham qo‘g‘irchoqning taqdiri xavotirlantirayotgan edi… U bunday derdi:

«Men-ku, ko‘nikib qolganman, yiqilishning havosini olganman… Agar sim dordan yiqilib, hovuzga tushsam, menga hech nima bo‘lmaydi. Yiqilishda mening tajribam bor: men shahar darvozasi yaqinidagi maydonda butun boshli minora bilan birga qulaganman… Ammo qo‘g‘irchoq holi nima kechadi, sho‘rlik qo‘girchoq! U yiqilsa tilkapora bo‘lib ketadi… Unga rahmingiz kelsin… Ishonchim komilki, bu qo‘g‘irchoq emas, jonli qizaloq, uning g‘oyatda ajib ismi bor, biroq men ismini unutib qo‘yib, hech eslay olmayapman.

«Yo‘q! – deb baqirishardi Baqaloqlar. – Yo‘q! Hech kimga rahm qilmaymiz! Uch Baqaloqning buyrug‘i shu!»

Ular shunchalik qattiq baqirishdiki, doktor hatto uyg‘onib ketdi.

– Uch Baqaloqning buyrug‘i shu! – deb qichqirardi kimdir doktorning qulog‘i ostida.

Endi doktor uxlamayotgan edi. Kimdir uning o‘ngida qichqirayotgan edi. Doktor shlyapasini ko‘tarib, ko‘zini ochdi yoki aniqroq qilib aytganda, ko‘zoynagini ko‘tardi va atrofga nazar tashladi. U uxlab yotganida tun pardasi quyuqlashib, atrof qorong‘ilashgan edi.

Izvosh to‘xtab turardi. Uni qora ko‘lankalar o‘rab olgan edi: doktorning tushida shovqin ko‘targanlar ham shular ekan. Ular qo‘llaridagi fonuslarini silkitishardi. Fonusning silkinishidan har yoqqa katak-katak soyalar uchardi.

– Nima gap? – deb so‘radi doktor. – Qayerdamiz? Bu odamlar kim?

Qora ko‘lankalardan biri yaqin kelib, qo‘lidagi fonusni boshi baravar ko‘tardi va doktorning yuzini yoritdi. Fonus chayqalardi. Fonusning tepasidagi halqadan ushlab turgan qo‘l dag‘al teridan tikilgan og‘zi keng qo‘lqop kiygan edi.

Doktor tushundi: bular gvardiyachilar edi.

– Uch Baqaloqning buyrug‘i shu, – deb takrorladi ko‘lanka.

Fonusning sarg‘ish shu’lasi uni bo‘lak-bo‘lak qilib ko‘rsatardi. Uning boshidagi kleyonka shlyapa qorong‘ida xuddi temirdan yasalganga o‘xshab yaltirardi.

– Saroyga bir chaqirim masofa qoldi, bundan nariga o‘tishga hech kimning haqi yo‘q. Bu buyruq bugun chiqdi. Shahar notinch. Bundan buyog‘iga o‘tish mukmin emas.

– Lekin men albatta saroyga borishim shart.

Doktorning jahli chiqa boshladi.

Gvardiyachi qat’iy ohangda derdi:

– Men soqchilar boshlig‘i kapitan Serep bo‘laman. Sizni bir qadar ham oldinga o‘tkazmayman. Bur, orqaga! – deb qichqirdi u aravakashga, fonusini silkitgancha.

Doktorning xunobi chiqa boshladi. Shunday bo‘lsa ham, o‘zining kimligini va nima maqsadda saroyga ketayotganini bayon qilsa, darhol o‘tkazib yuborishlariga hech shubha qilmas edi.

– Men doktor Gaspar Arneri bo‘laman, – dedi u.

Uning bu gapini eshitib, soqchilar xaxolab kulib yuborishdi. Chor atrofda fonuslar lik-lik silkina boshladi.

– O‘rtoq, bunday notinch paytda, shunday bemahalda siz bilan hazillashishga imkonimiz yo‘q, – dedi soqchilar boshlig‘i.

– Takror aytaman sizga: men doktor Gaspar Arneri bo‘laman.

Soqchilar boshlig‘ining achchig‘i chiqib ketdi. U shamshirini sharaqlatib turib, dona-dona qilib gapirdi:

– Siz saroyga kirish maqsadida o‘zga odamning nomini o‘zlashtirgansiz. Doktor Gaspar Arneri yarim kechada tentirab yurmaydi. Bugungi kunda-yu, sirayam. Hozir u juda muhim ish bilan band: u valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini tiriltirish bilan ovora. Sizni bo‘lsa yolg‘onchi sifatida qamoqqa olaman.

– Nima?! – Doktorning birdan qahri qaynab ketdi.

«Nima?! Hali u mening gapimga ishonmayaptimi? Yaxshi. Hozir men unga qo‘g‘irchoqni ro‘para qilaman!»

Doktor qo‘g‘irchoq tomonga qo‘lini cho‘zdi-yu, birdan…

Qo‘g‘irchoq joyida yo‘q edi. Uning ko‘zi uyquga ketgan paytda qo‘g‘irchoq izvoshdan tushib qolgan ekan.

Doktorni sovuq ter bosdi.

«Balki bu tushimdir?» – degan xayol lip etib o‘tdi ko‘nglidan.

Afsuski, bu o‘ngi edi.

– Xo‘sh! – deb to‘ng‘illadi, soqchilar boshlig‘i tishlarini g‘ijirlatib va fonus ushlagan barmoqlarini o‘ynatib. – Qorangizni o‘chiring! Men sizni qo‘yib yuboraman, sassiq chol bilan ovora bo‘lishga vaqtim yo‘q… Yo‘qol!

Buyruqqa itoat etishga to‘g‘ri keldi. Aravakash otni orqaga burdi. Izvosh g‘ijirladi, ot pishqirdi, temir fonuslar oxirgi marta lipilladi va bechora doktor orqasiga qaytdi.

Bu alamga chiday olmagan doktor yig‘lab yubordi. Unga shunday qo‘pol muomala qilishdi, uni «sassiq chol» deb atashdi, eng yomoni – u valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini yo‘qotib qo‘ygan edi!

«Bundan chiqdi, men es-hushimni chinakamiga yo‘qotib qo‘yibman-da».

U yig‘lardi. Ko‘zoynagi terlab ketganidan ko‘zi hech nimani ko‘rmasdi. U boshi bilan yostiqqa burkanib olgisi keldi. Bu asnoda aravakash otni choptirib haydab borardi. Doktor o‘n daqiqacha qayg‘uga botib o‘tirdi. Lekin birozdan so‘ng yana avvalgidek fikr yuritish qobiliyatiga ega bo‘ldi.

«Men hali qo‘g‘irchoqni topib olishim ham mumkin, – deb o‘ylardi u. – Bu kecha ko‘chada odam siyrak. Bu yerlarda doim ham shunaqa odam kam bo‘ladi. Balki shu vaqt ichida bu yerdan hech kim o‘tmagandir…»

U aravakashga otni odimlab yuritishni va yo‘lni diqqat bilan ko‘zdan kechirishni buyurdi.

– Xo‘sh, qalay? Yerda biron narsa ko‘rdingmi? – deb so‘rardi u har daqiqa sayin.

– Hech nima ko‘rinmayapti. Hech nima yo‘q, – deb javob qilardi izvoshchi.

Izvoshchi yo‘l-yo‘lakay uchragan mutlaqo nokerak ahamiyatsiz topilmalarni nom-banom aytib borardi:

– Bochkacha.

– Yo‘q… uyamas…

– Yaxshi bir kattakon oyna.

– Yo‘q.

– Yirtiq botinka.

– Yo‘q, – deb tobora past ovoz bilan javob qaytarardi doktor.

Izvoshchi astoydil tirishqoqlik bilan yo‘lni kuzatib borardi. Yo‘lga tikilaverib ko‘zlari tolib ketdi. U qorong‘ida shunday yaxshi ko‘rar ediki, uni izvoshchi emas, okean paroxodining kapitani desa bo‘lardi.

– Qo‘g‘irchoq-chi, qo‘g‘irchoq ko‘zingizga tashlanmayaptimi? Pushtirang ko‘ylakli qo‘g‘irchoq!

– Qo‘g‘irchoq yo‘q, – derdi izvoshchi do‘rillagan ma’yus ovoz bilan.

– Bundan chiqdi, uni kimdir topib olgan, ortiq qidirishdan ma’ni yo‘q… Mana shu yerga kelganda uxlab ketgan edim… O‘shanda qo‘g‘irchoq yonimda edi… Oh!..

Doktorning yana xo‘rligi keldi.

Izvoshchi uning dardiga sherik bo‘lmoqchiday, bir necha marta xo‘rsinib qo‘ydi.

– Endi nima qilamiz?

– Oh, o‘zim ham hayronman… O‘zim ham hayronman… – dedi boshini qo‘llariga qo‘yib o‘tirgan doktor, bu og‘ir g‘amdan va izvoshning silkinishidan boshi sarak-sarak qilib silkinib borarkan. – Men bilaman, – dedi u. – Ha-ya, esim qursin… rostdanam… Ilgariroq esimga kelmaganini qarang-a! Qo‘g‘irchoq qochib ketgan… Men uxlab qolganimda u qochib ketgan. Tushunarli. U tirik bo‘lgan. Men buni bir qarashdayoq payqagan edim. Lekin baribir, bu bilan mening Uch Baqaloq oldidagi gunohim kamaymaydi…

Shu mahal qorni tatalayotganini seza boshladi. U biroz jim qoldi, so‘ng juda tantanali ohangda dedi:

– Men bugun tushlik qilmagan edim. Meni eng yaqin traktirga1010
  Traktir – jo‘ngina restoran.


[Закрыть]
olib boring.

Qornining ochgani doktorga biroz taskin berdi.

Ular qop-qorong‘i ko‘chalarni yana ancha vaqtgacha kezib yurishdi. Hamma traktirlarning xo‘jayinlari allaqachon eshiklarini berkitib olishgan edi. Bu kecha shahardagi baqaloqlarning hammasi ham juda hayajonli damlarni boshlaridan kechirardilar.

Ular darvozalariga tanba ustiga tanba qo‘yib, eshiklarini ichidan shkaf-u, jovonlar bilan to‘sib, g‘ov qilib qo‘ygandilar. Derazalarini parto‘shaklar va olachipor yostiqlar bilan to‘sib qo‘ygandilar. Ular uyg‘oq edilar. Baqaloqroq va boyroq odamlarning hammasi bugun kechasi hujum bo‘lishini kutib o‘tirardilar. Hovlilaridagi qopog‘on itlarini hushyorroq va yana ham qopog‘onroq bo‘lsin deb, ertalabdan buyon boqmagan edilar. Bu kecha boylar, baqaloqlar uchun qo‘rqinchli tun edi. Ular hali-zamon xalqning yana bosh ko‘tarib chiqishiga ishonardilar. Bir nechta gvardiyachining Uch Baqaloqqa sotqinlik qilib, valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini tilka-pora qilgani va saroydan chiqib ketgani haqidagi mish-mishlar bir zumda butun shaharga ovoza bo‘ldi. Bu voqea barcha boyonlar va mechkaylarni qattiq hayajonga solib qo‘ygan edi.

– Padariga la’nat! – deb xunoblari chiqardi ularnnng. – Biz endi gvardiyachilarga ham ishona olmaymiz. Kecha ular xalq qo‘zg‘olonini bostirishgan edi, bugun bo‘lsa, zambaraklarini bizning uylarimizga to‘g‘rilashyapti.

Doktor biron yerda tamaddi qilib, hordiq chiqara olishidan butunlay umidini uzdi. Tevarak-atrofda qilt etgan jonzod ko‘rinmasdi.

– Nahot uyga borishimga to‘g‘ri kelsa? – dedi zorlanib doktor. – Axir uyim bu yerdan juda uzoqku… Yetib borgunimcha ochimdan o‘lib qolaman.

Shu mahal birdan dimog‘iga qovurilayotgan go‘sht hidi kirdi. Ha, piyozdog‘ning xushbo‘y hidi edi bu: qo‘y go‘shti piyoz bilan qovurilayotgan bo‘lsa kerak. Xuddi shu mahal izvoshchi ham sal nariroqda chiroq shu’lasini ko‘rib qoldi. Shu’laning ingichka chizig‘i shamolda chayqalardi.

– Bu nima bo‘ldi ekan?

– Traktir bo‘lsa yaxshi edi! – dedi doktor ruhi tetiklashib.

Ular yaqinroq borishdi.

Lekin bu chiroq ko‘ringan joy aslo traktir emas ekan.

Bir nechta kulbalardan sal nariroqda bo‘mbo‘sh maydonda g‘ildiraklarga o‘rnatilgan bir uy turardi.

Chiroqning ingichka shu’lasi bu uyning zich yopilmagan eshigidan tushayotgan ekan.

Izvoshchi izvoshdan tushdi va shu uyga yaqinroq bordi. Doktor yuz bergan falokatni ham unutib qovurilayotgan go‘sht hididan huzur qilardi. U ko‘zlarini yumgancha, burni bilan pishillab, hushtak chalib nafas olardi.

– Birinchidan, men kuchukdan qo‘rqaman! – deb qichqirdi izvoshchi qorong‘i zulmat ichida. – Ikkinchidan, bu yerda qandaydir zina bor ekan.

Lekin hammasi yaxshilik bilan tugadi. Izvoshchi zina pillapoyasidan ko‘tarilib, eshikni taqillatdi.

– Kim u? – degan ovoz eshitildi ichkaridan.

Boyagi ingichka chiroq shu’lasi kengayib, katta kvadrat hosil qildi. Eshik ochilgan edi. Ostonada bir odam paydo bo‘ldi. Bu huvillagan va qopqorong‘i maydonda yolg‘iz shu ochiq eshikdan charaqlab yorug‘ tushib turardi, eshikni ochgan odam bu yorug‘likda xuddi qora qog‘ozdan qirqib yasalgandek yassi bo‘lib tuyuldi.

Doktor o‘rniga izvoshchi javob berdi:


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации