Текст книги "Уч бақалоқ"
Автор книги: Юрий Олеша
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 11 страниц)
– Bu doktor Gaspar Arneri. O‘zlaringiz kimsizlar? Bu aravaga o‘rnatilgan uy kimniki?
– Bu Brizak amakining sayyor tomoshaxonasi bo‘ladi, – deb javob qildi ostonada turgan qora soya. U nimadandir suyunib ketdi, to‘lqinlanib ketib, qo‘llarini silkidi, – marhamat, janoblar, ichkariga kiringlar! Doktor Gaspar Arneri Brizak amakining sayyor tomoshaxonasiga tashrif buyurganidan boshimiz osmonga yetdi.
– Falokat aridi! Tungi sargardonlik tugadi! Yashasin Brizak amakining sayyor tomoshaxonasi!
Doktor ham, izvoshchi ham, uning oti ham o‘zlariga boshpana topdilar, endi ular ham ovqatlanishlari, ham hordiq chiqarishlari mumkin edi. Aravaga o‘rnatilgan bu uy mehmondo‘st xonadon ekan. Bu uyda Brizak amakining sayyor truppasi yashardi.
Bu nomni kim eshitmagan deysiz! Brizak amakining sayyor tomoshaxonasini kim bilmaydi! Bu tomoshaxona bayram kunlarida, yarmarka paytlarida, xullas, yil-o‘n ikki oy bozor maydonlarida tomosha ko‘rsatib keladi. Bu truppada zo‘r-zo‘r mohir artistlar bor edi-da! Ular ko‘rsatgan tomoshalar juda qiziqarli bo‘lardi! Eng muhimi, bu tomoshaxona artistlari safida dorboz Tibul ham o‘yin ko‘rsatardi.
U mamlakatning eng yaxshi dorbozi degan shuhratga sazovor bo‘lganini bilamiz. Biz uning Yulduz maydonida ko‘rsatgan mahoratiga shohid bo‘lgan edik: u gvardiyachilarning o‘q yomg‘iri ostida judayam xatarli balandlikda sim ustidan yurib o‘tgan edi.
Tibul bozor maydonida o‘yin ko‘rsatgan paytlarida yoshu qari tomoshabinlarning kaftlarida qanchadan-qancha qadoqlar paydo bo‘lardi! Unga baqollar ham, tilanchi kampirlar ham, maktab bolalari ham, askarlar ham – hamma-hamma astoydil chapak chalishardi. Ammo-lekin, endi baqqollaru oliftalar bir vaqtlar Tibuldan zavqlanganlari uchun afsuslana boshlagan edilar: «Biz uni olqishlab qarsak chalgan edik, u bo‘lsa bizlarga qarshi jang qilyapti!» – derdilar ular.
Brizak amakining sayyor tomoshaxonasi huvillab turipti: gimnastikachi Tibul ketib qolgan edi.
Doktor Gaspar Tibulga nima bo‘lgani haqida bu yerda lom-mim demadi. U, shuningdek, valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i haqida ham gap ochmadi.
Xo‘sh, doktor bu sayyor tomoshaxonaning, ya’ni aravaga o‘rnatilgan uyning ichida nimalarni ko‘rdi?
Uni, gardishi och-qizil uchburchaklar bilan bo‘yalgan va zarrin sim to‘r bilan qoplangan kattakon turkcha barabanga o‘tqizishdi. Xuddi vagonga o‘xshatib qurilgan uy pardalar bilan bir necha xonalarga bo‘lingan edi.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan. Shuning uchun bu sayyor tomoshaxona ahli hozir uyquda edi. Eshikni ochib, qora soyani eslatgan odam keksa masxarabozning o‘zi edi. Uning ismi Avgust. Bu kecha u navbatchilik qilayotgan edi. Doktor bu tomoshaxonaga yaqinlashganida Avgust o‘zi uchun kechlik ovqat pishirayotgan edi. Chindanam u qo‘y go‘shtini piyoz bilan qovurayotgan ekan.
Doktor baraban ustida o‘tirib butun xonani ko‘zdan kechira boshladi. Quti ustida kerosin chiroq yonib turardi. Devorlarda oq va pushti rangli yupqa qog‘oz tortilgan gardishlar, metall bandlari yaltiroq, uzun olachipor qamchilar, hammayog‘iga zar tugmachalar qadalgan, gullar, yulduzlar, rang-barang lattalar tikilgan kiyimlar osilib turardi. Devorga har turli niqoblar ilingan edi. Ba’zi niqoblarning shoxlari bor edi; ba’zilarining burni uchi qayrilgan shippakni eslatardi; ba’zilarining og‘zi qulog‘igacha borgan. Bitta niqobning quloqlari judayam katta edi. Eng qizig‘i shundaki, quloqlar odam qulog‘i edi-yu, lekin judayam kattakon.
Burchakda qafas ichida allaqanday kichkinagina bir hayvon yotardi. Bir tomondagi devor tagida uzun yog‘och stol turibdi. Bu stol tepasida ko‘zgu oynalar osilgan. Ular o‘n dona. Har qaysi ko‘zgu oldida sham turar, shamlar stolga o‘z moyi bilan yopishtirib qo‘yilgandi. Shamlar hozir o‘chiq. Stolda qutichalar, mo‘yqalamlar, bo‘yoqlar, momiqlar, pariklar sochilib yotar, pushtirang upa har turli bo‘yoqlarning qoldig‘i qotib yotardi.
– Bugun biz gvardiyachilar ta’qibidan qochdik, – deb gap boshladi masxaraboz. – Bilasizmi, gimnastikachi Tibul bizning aktyorimiz edi. Gvardiyachilar bizni qo‘lga olmoqchi bo‘lishdi: chunki ular, Tibulni yashirib qo‘yishgan deb, shubhalanishyapti bizdan.
Keksa masxaraboz juda g‘amgin ko‘rinardi.
– Lekin gimnastikachi Tibulning qayerdaligini o‘zimiz ham bilmaymiz. Uni o‘ldirishgan yo bo‘lmasa, temir qafasga qamab qo‘yishgan bo‘lsa kerak.
Masxaraboz og‘ir xo‘rsinar va oppoq sochli boshini sarak-sarak qilardi. Qafasda yotgan hayvon mushuknikiga o‘xshagan ko‘zlarini doktorga tikib yotardi.
– Afsuski, siz uyimizga juda kech tashrif buyurdingiz, – derdi masxaraboz. – Biz sizni judayam yaxshi ko‘ramiz. Siz bizga tasalli berib, ko‘nglimizni yupatsangiz bo‘lardi. Bilamiz, siz g‘ariblarning, kambag‘al xalqning do‘stisiz. Men sizga bir voqeani eslatmoqchiman. Bir kun biz Buqa Jigari bozorida tomosha ko‘rsatayotgan edik. Bu o‘tgan yili bahor pallasida bo‘lgan edi. Mening qizalog‘im qo‘shiq aytayotgan edi…
– Ha, ha… – deb xotirlay boshladi doktor. Birdan u butun vujudi bilan alomat bir tarzda hayajonlana boshladi.
– Esingizdami? O‘shanda siz ham bozorda edingiz. Siz ham spektaklimizni tomosha qilayotgan edingiz. Mening qizalog‘im, qorni katta boyning oshqozoniga tushgandan ko‘ra, kuyib ketishni afzal ko‘rgan somsa haqida qo‘shiq aytgan edi…
– Ha, ha… esimda… Xo‘sh!
Bir aslzoda kampir bu qo‘shiqni eshitib qattiq ranjidi. U o‘zining burundor xizmatchilariga qizalog‘imning qulog‘ini burab qo‘yishni buyurdi.
– Ha, esimda. Men o‘rtaga tushgan edim. Xizmatkorlarni haydab yuborgan edim. Xonim meni tanib, keyin uyalib ketgan edi. To‘g‘rimi?
– Ha. Keyin siz jo‘nab ketdingiz, o‘shanda qizalog‘im, agar aslzoda kampirning xizmatkorlari qulog‘imni burashganida bormi, ortiq bu dunyoda yashay olmagan bo‘lar edim, devdi… Uni siz o‘limdan qutqarib qoldingiz. Qizalog‘im bu yaxshiligingizni hech qachon unutmaydi!
– Hozir qayerda o‘sha qizalog‘ingiz! – deb so‘radi doktor, u judayam qattiq hayajonlana boshlagan edi.
Shunda keksa masxaraboz mato parda oldiga borib qizini chaqirdi. U juda alomat ismni aytdi, u go‘yo ochilishi qiyin bo‘lgan doira shaklidagi kichkinagina yog‘och qutichani ochganday, ikkitagina tovush chiqardi:
– Suok!
Oradan bir necha soniya o‘tdi. Keyin parda ko‘tarilib, paxmoq sochli boshini xiyolgina egib bir qizcha mo‘raladi. U qo‘yko‘zlarini doktorga diqqat bilan tikib, xiyol pastdan yuqoriga mug‘ambirona boqib turardi.
Doktor boshini ko‘tarib qaradi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi: bu valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i edi!
UCHINCHI QISM
SUOK
VIII BOB
KICHIK AKTRISANING BIR OG‘IR ROLI
Ha, bu o‘sha edi!
Lekin, jin urgur qayoqdan paydo bo‘lib qoldi bu yerda? Nima balo, mo‘jizami? Iye, nimasi mo‘jiza bo‘larkan? Doktor Gaspar mo‘jizaning yo‘q narsa ekanligini yaxshi bilardi. Bu – shunchaki ko‘zbo‘yamachilik, degan qarorga keldi u nihoyat. Qo‘g‘irchoq aslida tirik bo‘lgan – u doktor izvoshda bexosdan uxlab qolganida, quloqsiz qizlarga o‘xshab qochib ketgan.
– Odobdanmas bunaqa qilish! Siz xushomadgo‘ylik qilib qancha jilmaymang, baribir, bu bilan aybingizni yumshatolmaysiz, – dedi doktor jiddiy ohangda. – Ko‘rdingizmi, taqdir sizdan o‘ch oldi. Mana men sizni, baribir topib oldim, topganimdayam, mutlaqo xayolimga kelmagan joydan topib oldim.
Bu gapdan qo‘girchoq hang-mang bo‘lib, baqrayib qoldi. Keyin kichkina quyon bolasiga o‘xshab ko‘zlarini pirpirata boshladi va xuddi merov odamdek masxaraboz Avgust tomonga qaradi. Avgust xo‘rsinib qo‘ydi.
– Siz kimsiz o‘zi, ochiq gapiring!
Doktor imkoni boricha badjahlroq ovoz chiqardi. Lekin qo‘g‘irchoq shunaqayam istarasi issiq ediki, undan sirayam achchig‘lanib bo‘lmas edi.
– Ana, ko‘rdingizmi, – dedi qo‘girchoq, – siz meni esingizdan chiqarib qo‘yibsiz. Men Suokman.
– Su-ok… – deya takrorladi doktor. – Axir siz valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘isiz-ku!
– Qanaqa qo‘g‘irchoq yana! Men oddiy bir qiz bolaman…
– Nima?.. Siz ko‘zbo‘yamachilik qilyapsiz!
Qo‘g‘irchoq pardadevor orqasidan chiqdi. Chiroq uni endi boshdan-oyoq yoritib turardi. U sochlari hurpaygan boshini yelkalari ichiga olib, jilmayib turardi. Uning sochi mayda qushchalarning kulrang patlari rangida edi.
Qafas ichida yotgan tuklari hurpaygan boyagi hayvon qo‘g‘irchoqqa judayam diqqat bilan tikilardi.
Doktor Gaspar tamomila esankirab qolgan edi. Yana biroz vaqtdan keyin kitobxon barcha sirni bilib oladi. Lekin hozir biz kitobxonni juda muhim bir vaziyat haqida ogohlantirib qo‘ymoqchimizki, bu vaziyat doktor Gaspar Arnerining sinchkov nazaridan chetda qolgan edi. Kishi qattiq hayajonlangan paytlarida, agar kattalar ta’biri bilan aytsak, shundoqqina tumshug‘i ostidagi narsani ham payqamas ekan.
Mana sizga o‘sha vaziyat: qo‘g‘irchoqning qiyofasi hozir bu yerda, sayyor teatr aravasida, avvalgi qiyofasidan mutlaqo boshqacha edi.
Uning qo‘yko‘zlari hozir sho‘x chaqnardi. U jiddiy va sergak ko‘rinardi, ayni paytda avvalgi ma’yusligidan asar ham qolmagan edi. Aksincha, siz uni ko‘rganingizda, o‘zini sipo qilib ko‘rsatishga urinuvchi to‘polonchi qiz, deb o‘ylardingiz.
Endi bu yog‘ini eshiting. Bu qo‘g‘irchoqning avvalgi xushbichim po‘shtirang shohi ko‘ylagi, zarrin gullar, to‘r hoshiyalar, pistonlar bilan bezatilgan kiyim boshlari qayoqqa g‘oyib bo‘libdi – axir unday afsonaviy kiyim-boshni kiygan har qanday qizcha malika darajasiga yetmagan taqdirda ham, har holda archaga bezak bo‘lishga arzirdi-ku! Lekin siz bu qo‘g‘irchoqni hozir g‘aribona kiyingan deb faraz qiling. Uning egnida havorang yoqali matroscha bluzka, oyog‘idagi ancha eskirgan tuflisi kulrang tusga kirgan va endi oqarishi mushkul edi. U sarpoychang edi. Mana shu odmi kiyimlar qo‘g‘irchoqning husnini yo‘qotgan bo‘lsa kerak, deb aslo o‘ylamang. Aksincha, bu kiyimi uning o‘ziga judayam yarashgan edi. Shunaqa juldurvoqi qizlar bo‘ladi: avvaliga unga qayrilib ham qaraging kelmaydi, keyinchalik unga diqqat bilan yaxshilab tikilib qaraganingda esa mana shunaqa juldurvoqi qiz hatto malikadan ham azizroq ekanligiga iqror bo‘lasan: ayniqsa, malikalarning qurbaqaga yo qurbaqaning malikaga aylanib turishini bilganingdan keyin.
Lekin eng muhim gap bu yoqda: esingizda bo‘lsa, valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i ko‘ksida dahshatli jarohatlar bor edi. Endi bo‘lsa, ular g‘oyib bo‘libdi.
Biram sog‘lom, xushchaqchaq bo‘libdiki, asti qo‘yaverasiz:
Lekin doktor Gaspar bu o‘zgarishlarning birontasini ham payqamadi. Ehtimol u yana bir daqiqadan keyin hamma gapni fahmlab olgan bo‘larmidi; afsuski, xuddi shu keyingi daqiqada kimdir eshikni taqillatib qolsa bo‘ladimi. Ana shunda ish yana besh battar chalkashib ketdi. Sayyor teatr aravasiga negr kirib keldi.
Qo‘g‘irchoq chinqirib yubordi. Qafas ichidagi jonivor – mushuk emas, balki qandaydir ancha murakkab hayvon – pishqirib qo‘ydi. Negrning kimligini-ku, siz bilan biz endi yaxshi bilamiz-a. Buni doktor Gaspar ham bilardi, chunki bu negrni uning o‘zi eng oddiy Tibuldan yasagan edi. Biroq bu sirdan boshqa hech kimning xabari yo‘q edi-da.
Ular sarosimaga tushib, besh daqiqacha esankirab turib qolishdi. Negr o‘zini judayam beadab tutdi. U qo‘g‘irchoqning ikki qo‘ltig‘i tagidan olib, balandga ko‘tardi va uning yuzidan, burnidan to‘xtovsiz o‘paverdi, holbuki qo‘g‘irchoq burun va yuzini shu qadar jadallik bilan negrdan olib qochishga harakat qilardiki, uni o‘pmoqchi bo‘lgan negrni ip uchiga bog‘langan olmani tishlamoqchi bo‘lgan odamga qiyos qilish mumkin edi.
Keksa Avgust ko‘zlarini chirt yumib oldi va qo‘rquvdan dovdirab qolib, jinoyatchining boshini kundaga qo‘yib chopsammikin yo tirik kalamushni tuzlamay yeyishga majbur qilsammikin, degan jumboqni hal qilayotgan xitoy imperatoriga o‘xshab chayqalib o‘tiraverdi.
Qo‘g‘irchoqning oyog‘idagi tufli uchib borib chiroqqa tegdi. Chiroq ag‘darilib tushdi va lip-lip qilib so‘ndi. Hamma yoq qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Bu yerni qoplagan dahshatning nihoyasi yo‘q edi. Shunda hamma g‘ira-shira tong ota boshlaganini ko‘rdi. Devor tirqishlari oqarib ko‘rina boshlagan edi.
– Ana, tong ham otdi, – dedi doktor Gaspar, – men hozir Uch Baqaloq saroyiga valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini olib borishim kerak.
Negr eshikni itarib ochdi. Ko‘chadagi g‘ira-shira yorug‘lik ichkarini ham xiyol yoritdi. Masxaraboz boyagi-boyagiday o‘tirar, uning ko‘zlari hamon yumuq edi. Qo‘g‘irchoq esa parda devor orqasiga yashiringan edi.
Doktor Gaspar Tibulga ahvolni shosha-pisha tushuntirdi. U valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i haqidagi hamma gapni, o‘ning avvaliga qanday g‘oyib bo‘lganini, keyin esa mana shu sayyor teatr aravasida, doktorning baxtiga, yana sog‘-salomat topilgani to‘g‘risida mufassal so‘zlab berdi.
Lekin bu gaplarni parda orqasida turib eshitayotgan qo‘g‘irchoq hech nimaga tushunmasdi.
«Bu chol negrni Tibul deb chaqiryapti, – deb hayron bo‘lardi qo‘g‘irchoq. – Axir u qanaqasiga Tibul bo‘lsin? Qo‘rqinchli negr-ku. Tibul qorabadan emas, u chiroyli, oppoq…»
Shunda u parda orqasidan bir ko‘zi bilan mo‘ralay boshladi. Negr qizil ishtonining cho‘ntagidan cho‘zinchoq bir shisha oldi, uning qopqog‘ini ochgan edi, shishadan xuddi chumchuqnikiga o‘xshash chirqillagan ovoz chiqdi, keyin u mana shu shishadan o‘z ustiga qandaydir suyuqlik quya boshladi. Bir zumdan keyin mo‘jiza sodir bo‘ldi. Negrning qorasi ketib oqardi va chiroyli yigit bo‘lib qoldi. Endi hech qanday shubha qolmagan edi. Bu Tibul edi!
– Ura! – deb chinqirib yubordi qo‘g‘irchoq va parda orqasidan otilib chiqib, to‘g‘ri Tibulning bo‘yniga osilib oldi.
Hech nimani ko‘rmagan masxaraboz, qandaydir juda dahshatli voqea yuz berdi deb o‘ylab, o‘tirgan yeridan yiqilib tushdi-da, qimir etmay yotaverdi. Tibul uni ishtonidan tortib o‘rnidan turg‘izdi.
Endi qo‘g‘irchoq Tibulni o‘z ixtiyori bilan o‘pa boshlagan edi.
– Voy, qanday yaxshi! – derdi u suyunganidan terisiga sig‘may. – Qanday qilib qop-qora bo‘lib olgan edingiz? Men sizni tanimadim.
– Suok! – dedi Tibul jiddiy ohangda.
Suok shu zahoti Tibulning keng ko‘ksidan sakrab tushdi va uning ro‘parasida xuddi intizomli askardek qaddini adl tutib turdi.
– Nima? – deb so‘radi Suok xuddi maktab o‘quvchisidek. Tibul qo‘lini uning paxmoq sochli boshiga qo‘ydi. Suok baxtiyor qo‘yko‘zlarini pastdan unga tikdi.
– Doktor Gasparning aytganlarini eshitdingmi?
– Ha, Uch Baqaloq unga valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini tuzatishni buyurishibdi. Doktorning aytishicha, o‘sha qo‘g‘irchoq izvoshdan qochib ketganmish. U meni o‘sha qo‘g‘irchoq deb o‘ylayapti.
– Doktor Gaspar yanglishyapti, – dedi Tibul. – Doktor Gaspar, bu qo‘g‘irchoq emas, mening gapimga ishonavering. Bu mening kichkina do‘stim, bu qizcha – raqqosa Suok, sirk tomoshalarimizda mening sodiq do‘stim.
– To‘g‘ri! – deb suyunib ketdi qo‘g‘irchoq. – Biz axir ular bilan necha-necha martalab sim dor ustida yurganmiz.
Tibul uni o‘zining sodiq do‘sti deb ataganidan qizcha judayam xursand bo‘lib ketgan edi.
– Akajon! – deb pichirladi u va yuzini Tibulning qo‘liga suykab erkalandi.
– Nima? – deb qayta so‘radi doktor. – Naqotki bu tirik qizcha bo‘lsa, Suok deb aytdingizmi?.. Ha! Ha! Gapingiz to‘g‘ri! Men endi aniq ko‘rib turibman. Esimga tushyapti. Axir men bu qizchani kunlardan bir kun o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ha… Ha… Axir bu qizchani kaltaklashmoqchi bo‘lgan bir kampirning xizmatkorlaridan qutqarib qolgan edim-ku!
Shu gaplarni aytib doktor hatto kaftini kaftiga urib qo‘ydi.
– Ha-ha-ha! Ha-da, albatta. Valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i shuning uchun ham menga juda tanishdek ko‘ringan ekan. Bu endi o‘ta antiqa o‘xshashlik yoki fan tili bilan aytganda fenomen1111
Fenomen. Hayotda juda kam uchraydigan, favqulodda hodisa.
[Закрыть].
Hamma narsa oydinlashib, odamlarning ko‘ngli joyiga tushdi.
Tong ancha yorishib qolgan edi. Uy orqasida xo‘roz xuddi ingraganday qichqirdi.
Shu payt doktor yana g‘amga toldi.
– Ha, bu hammasi yaxshiku-ya. Lekin valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i qo‘limda yo‘q, bu, demak, qo‘g‘irchoqni yo‘qotib qo‘yganim rost…
– Demak, siz u qo‘g‘irchoqni topdingiz, – dedi Tibul qizchani bag‘riga bosa turib.
– Qanday qilib?
– Shunday. Sen gapimga tushunyapsanmi, Suok?
– Tushunayotgandayman, – ohista javob qildi Suok.
– Xo‘sh? – deb so‘radi Tibul.
– Albatta, – dedi qo‘g‘irchoq va jilmayib qo‘ydi.
Doktor hech narsaga tushunmay turardi.
– Yakshanba kunlari olomon oldida tomosha ko‘rsatgan paytlarimizda senga nima deb aytardim, esingdami? Sen olachipor ko‘prikcha ustida turarding. Men: «Alle!» – derdim, shunda sen sim dor ustidan yurib, men tomon kela boshlarding. Men seni dorning o‘rta belida odamlardan judayam balandda kutib turardim. Men bir tizzamni senga tutib, yana: «Alle!» – derdim, sen bo‘lsang, tizzamga oyoq qo‘yib chiqib, undan yelkamga ko‘tarilarding… Sen qo‘rqarmiding o‘shanda?
– Yo‘q. Siz menga: «Alle!» – derdingiz, demak men xotirjam bo‘lishim va hech nimadan qo‘rqmasligim kerak edi.
– Ana, ko‘rdingmi, – dedi Tibul, – men endi ham senga: «Alle!» – deyman. Sen qo‘g‘irchoq bo‘lasan.
– Men qo‘g‘irchoq bo‘laman?
– U qo‘g‘irchoq bo‘ladi? – deb so‘radi doktor Gaspar.
– Buni qanday tushunish kerak.
O‘ylaymanki, kitobxon, siz bunga tushungan bo‘lsangiz kerak! Siz doktor Gasparchalik qattiq hayajonlanmagansiz va hayratlanmagansiz, shuning uchun unga nisbatan xotirjamroqsiz va bo‘layotgan voqeaning tezroq fahmiga yetasiz.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: doktor shuncha mahaldan beri durustgina uxlab olmagan edi. Lekin uning jismonan baquvvat ekanligiga shundoq ham ajablanmay ilojimiz yo‘q.
Xo‘roz ikkinchi marta qichqirib ulgurmasdan hamma gap kelishib olingan edi. Tibul qilinadigan ishning batafsil rejasini tuzib chiqdi.
– Sen, Suok, artistsan. O‘ylaymanki, hali yosh bo‘lishingga qaramay, yomon artist emassan. Bahorda bizning sayyor teatrimizda «Ahmoq qirol» degan pantomimo1212
Pantomimo – imo-ishora va harakat bilan namoyish qilinadigan so‘zsiz tomosha.
[Закрыть] qo‘yganimizda sen Oltin Kosov rolini juda yaxshi ijro etgan eding. Keyin balet tomoshasida sen ko‘chirma suratni tasvirlagan eding, yana tegirmonchining choynakka aylanib qolishini juda ustalik bilan tasvirlagan eding. Sen hammadan yaxshiroq raqsga tushasan, eng yaxshi ashulachisan, buning ustiga farosating ham juda o‘tkir, eng muhimi – sen dovyurak va idrokli qizchasan.
Baxtiyor Suok qizarib ketdi. U bu maqtovlardan o‘ng‘aysizlana boshladi.
– Qisqasi, valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i rolini ijro etishing kerak bo‘ladi.
Suok suyunganidan chapak chalib yubordi va hammani: Tibulni, keksa Avgustni, doktor Gasparni bir-bir o‘pib chiqdi.
– Shoshilma, – deb gapida davom etdi Tibul, – bu hali hammasi emas. O‘zing bilasan: qurolsoz Prospero Uch Baqaloq Qasrida temir qafasda yotibdi. Sen uni qutqarishing kerak bo‘ladi.
– Qafasni ochamanmi?
– Ha. Men bir sirni bilaman, bu sir Prosperoning saroydan qochib chiqib ketishiga imkon beradi.
– Sir?
– Ha. U yerda yer osti yo‘li bor.
Shunda Tibul sharfurush amaki haqida bir boshdan gapirib berdi.
– Bu yer osti yo‘li allaqanday kastryuldan boshlanar ekan – saroy oshxonasidan boshlansa ajab emas. Sen shu yo‘lni topasan.
– Xo‘p.
Hali oftob chiqqanicha yo‘q edi, lekin qushlar allaqachon uyg‘onishgan, sayyor teatrning ochiq eshigidan ko‘rinib turgan maysazordagi ko‘katlar yam-yashil rangga kirgan edi.
Kun yorishishi bilan qafas ichida yotgan sirli hayvon oddiy bir tulki bo‘lib chiqdi.
Vaqtni o‘tkazmaylik! Hali olis yo‘l bosishingiz kerak.
Doktor Gaspar esa:
– Endi siz o‘z ko‘ylaklaringiz orasidan eng chiroyligini tanlashingiz kerak bo‘ladi, – dedi…
Suok o‘zining hamma kiyim-boshlarini ko‘tarib kirdi. Ular juda ham bashang kiyimlar edi, ularning hammasini Suokning o‘zi tikkan edi. Barcha iste’dodli artistlarga o‘xshab, Suok ham o‘tkir didli qiz edi.
Doktor Gaspar rang-barang kiyimlar uyumini uzoq titdi.
– Hay, durust, – dedi u nihoyat, – menimcha, mana bu ko‘ylak ma’qul tushadi. Mayib qilingan qo‘g‘irchoqning ko‘ylagidan sira qolishmaydi. Qani, kiyib ko‘ring-chi!
Suok kiyindi. U sayyor teatrning qoq o‘rtasida, endi bosh ko‘tarib chiqayotgan quyosh shu’lasida shunaqangi bashang bo‘lib ko‘rindiki, dunyoda bironta qiz hatto o‘zining tug‘ilgan kunida ham bunchalik go‘zal bo‘la olmas edi. Ko‘ylak pushti rangda edi. Suok biron harakat qilgudek bo‘lsa, ko‘ylagi hilpirab, go‘yo oltin yomg‘ir yog‘ayotganday bo‘lib tuyulardi. Ko‘ylak yaltirar, shitirlar va xushbo‘y is taratardi.
– Men tayyorman, – dedi Suok.
Xayrlashuv atigi bir daqiqa davom etdi. Sirkda tomosha ko‘rsatuvchi odamlar ko‘z yosh to‘kishni yoqtirmaydilar. Chunki ular muttasil o‘lim xavfi ostida yashaydilar. Undan tashqari, Suokning egnidagi ko‘ylakni g‘ijimlab qo‘ymaslik uchun ham unchalik mahkam quchoqlashib xayrlashib bo‘lmas edi.
– Tezroq eson-omon qaytib kel! – dedi keksa Avgust va og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.
– Men bo‘lsam ishchi mahallalariga boraman. Biz o‘z kuchlarimizni sarhisob qilishimiz kerak. Meni ishchilar kutishyapti. Ular mening tirik va ozodlikda ekanligimni eshitishdi.
Tibul shu gapni aytib bo‘lib, plashiga o‘randi, ayvoni keng shlyapasini bostirib kiydi, ko‘ziga qora ko‘zoynak taqdi va burni ustiga kattakon yasama burun qo‘ndirdi – bu burun «Qohiraga yurish» pantomimosida podsho obrazi uchun hozirlangan edi.
Bunday qiyofada uni tanib bo‘lmasdi, albatta. To‘g‘ri, kattakon burun uni badbashara qilib qo‘ygan edi, ammo tanib bo‘lmasdi.
Keksa Avgust ostonaga chiqib turdi. Doktor, Tibul va Suok sayyor teatrdan tushishdi.
Kun yoyilib ketgan edi.
– Tezroq! Tezroq! – deb shoshirardi doktor.
Yana bir daqiqadan keyin u Suok bilan birga izvoshda o‘tirardi.
– Siz qo‘rqmaysizmi? – deb so‘radi doktor.
Suok javob berish o‘rniga jilmayib qo‘ydi. Doktor uning peshonasidan o‘pdi.
Ko‘chalar hali bo‘m-bo‘sh edi. Odamlar ovozi ahyon-ahyonda quloqqa chalinardi. Lekin shu mahal bir itning baralla vovullagani eshitilib qoldi. Keyin o‘sha it xuddi birov uning suyagini tortib olayotganday angillab, irillay boshladi.
Doktor izvosh darchasidan mo‘raladi.
Tasodifni qarangki, bu polvon Lapitupni qopib olgan o‘sha it edi! Bu hali hangomaning hammasi emas.
Doktor yana shu narsaning guvohi bo‘ldi. It bir odam bilan olishayotgan edi. Egniga juda bejirim, lekin alomat kiyim kiygan naynov va qiltiriq, boshi mushtumdekkina keladigan xuddi chigirtkaga o‘xshab ketuvchi bu odam itning og‘zidan qandaydir pushtirang, chiroyli, ammo nimaligi noma’lum bir narsani yulqib olayotgan edi. Har tomonga pushtirang latta parchalari sochilardi.
Axiyri odam ustun chiqdi. U o‘ljani itning og‘zidan tortib oldi va uni bag‘riga bosgancha, doktor Gaspar kelayotgan tomonga g‘izillab yugurib ketdi.
U odam izvosh bilan to‘qnashgan chog‘da, doktorning orqasidan mo‘ralab turgan Suokning ko‘zi dahshatli bir narsaga tushdi. Alomat odam yugurayotgani yo‘q edi, balki xuddi balet o‘yinchisi singari oyoq uchlari yerga tegar-tegmas nazokat bilan sakrab-sakrab borardi. Egnidagi yashil frakning etagi xuddi shamol tegirmon qanotlari singari orqasidan yelpinib borardi. Uning qo‘lida esa… ko‘kragi jarohatdan ilma-teshik bo‘lib ketgan qizcha bor edi.
– Iye, menman-ku! – deb chinqirib yubordi Suok.
U izvoshning bir burchagiga suqilib olib, yuzini duxoba yostiqcha bilan berkitib oldi.
Yugurib ketayotgan odam Suokning chinqirgan ovozini eshitib, izvosh tomonga o‘grildi, ana shundagina doktor bu odamning raqs muallimi Bir-ikk-uchs ekanligini tanidi.