Текст книги "Уч бақалоқ"
Автор книги: Юрий Олеша
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 8 (всего у книги 11 страниц)
X BOB
HAYVONOT BOG‘I
Soat ikkida valiahd Tuttini sinf xonasiga chaqirtirishdi. Dars payti boshlangan edi. Suok xonada yolg‘iz qoldi.
Suokning tirik qizcha ekanligiga hech biringiz shubha ham qilganingiz yo‘q edi, albatta. Har holda, valiahd Tuttining hozir raqs muallimi Bir-ikkuchsning uyida yotgan haqiqiy qo‘g‘irchog‘i ham o‘zini shu Suokchalik erkin tutgan bo‘lsa kerak-da. Aftidan, u qo‘g‘irchoqni nihoyatda mohir usta yasaganga o‘xshaydi. To‘g‘ri, u qo‘g‘irchoq pirojniy yemas edi. Lekin valiahd Tutti ehtimol haqdir. Balki u qo‘g‘irchoqning chindanam ishtahasi bo‘lmagandir.
Shunday qilib, Suok yolg‘iz qoldi.
U juda mushkul ahvolda edi.
Ulkan Qasr, kishini adashtirib qo‘yuvchi yo‘laklar, rovonlar, zinalar.
Qo‘rqinchli gvardiyachilar, rang-barang parik kiygan notanish badqovoq odamlar, sukunat va hashamat.
Suokka hech kim parvo qilmas edi.
U valiahdning yotoqxonasida deraza oldida turardi.
«Oldin reja tuzib olishim kerak, – deb ahd qildi u. – Qurolsoz Prospero qamalgan temir qafas valiahd Tuttining hayvonot bog‘ida turibdi. Demak, men shu hayvonot bog‘iga bir amallab kirishim kerak».
Sizning xabaringiz bor, kitobxon, valiahdga tirik bolalarni ko‘rsatishmasdi. Uni hech qachon, hatto hammayog‘i yopiq izvoshda ham shaharga olib bormas edilar. U Qasrda yashab, shu yerda ulg‘ayayotgan edi. Unga har turli fanlardan saboq berishar, shafqatsiz podsholar va lashkarboshilar haqidagi kitoblarni o‘qib berardilar. Uning xizmatida bo‘lgan odamlarga esa jilmayish man etilgan edi. Uning hamma tarbiyachilari va o‘qituvchilari lablari qattiq yumilgan va yonoq suyaklari kesakdek gezarib ketgan, bo‘yi daroz, cho‘pdek oriq chollar edi. Bundan tashqari, ularning hammalari oshqozon kasaliga chalingan odamlar edi. Oshqozoni ovqat hazm qilolmaydigan odamlarning avzoyi qanchalik badburush bo‘lishini o‘zingiz yaxshi bilasiz.
Valiahd Tutti hech qachon sho‘x va yangroq kulgi eshitmagan edi. Faqat ahyon-ahyonda uning qulog‘iga bitta-yarimta mast qassobning yoki o‘ziga o‘xshagan xo‘ppasemiz mehmonlari bilan maishat qilayotgan Baqaloqning xaxolagani eshitilib qolardi. Lekin buni kulgi deb ham bo‘lmas edi! Bu shunday dahshatli o‘kirish ediki, uni eshitgan odam xursand bo‘lish o‘rniga qo‘rqib ketardi.
Bu Qasrda faqat qo‘g‘irchoq tabassum qilardi. Lekin qo‘g‘irchoqning tabassumi Baqaloqlar uchun xavfli emas edi. Undan keyin qo‘g‘irchoq gapirmasdi. U baribir valiahd Tuttiga ko‘p narsalar haqida gapirib bera olmasdi ham, chunki Qasr atrofidagi bog‘ va temir ko‘priklarning boshlarida baraban ko‘tarib turgan soqchilar Qasrdan tashqaridagi hayotni Tuttining ko‘zidan yashirib turardilar. Shuning uchun ham u xalq haqida, qashshoqlik haqida, och-yalang‘och bolalar haqida, fabrikalar, konlar, qamoqlar, dehqonlar haqida, boylarning kambag‘allarga zulm qilib ularni ishlatib, ularning peshona terlari bilan tayyorlangan hamma narsani o‘zlariga tortib olishlari haqida hech nima bilmas edi.
Uchta Baqaloq valiahdni johil, toshbag‘ir qilib tarbiyalamoqchi edilar. Uni bolalar bilan o‘ynashdan mahrum qilishib, uning uchun hayvonot bog‘i tashkil qilgan edilar.
«Yaxshisi, u hayvonlarni tomosha qilsin, – degan qarorga kelishgandi. – Mana bitta o‘lik, jonsiz qo‘g‘irchog‘i bor, endi quturgan hayvonlari ham bo‘ladi. U yo‘lbarslarni xom go‘sht bilan boqishayotganini, bo‘g‘ma ilon tirik quyonni yutayotganini ko‘rib ko‘zi pishsin. Vahshiy hayvonlarning ovozlarini eshitsin, ularning qon quyilgan iblisona ko‘zlariga tiktilsin. Ana shunda u ham beshafqat odam bo‘lib o‘sadi».
Lekin Baqaloqlar o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi.
Valiahd Tutti qunt bilan o‘qir, pahlavonlar va podsholar haqidagi dahshatli solnomalarni tinglar, tarbiyachilarning husnbuzar bosgan burunlariga nafrat bilan tikilardi-yu, lekin baribir hech shafqatsiz bo‘lmasdi.
U vahshiy hayvonlarni kuzatishdan ko‘ra, qo‘g‘irchog‘i bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rardi.
Siz, o‘n ikki yoshli bolaning qo‘g‘irchoq o‘ynashi uyat, deb aytishingiz mumkin, albatta. Bu yoshdagi bolalarning aksariyati yo‘lbarslarga ov qilishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Lekin buning bir sababi borki, u sabab vaqt-soati yetganda ayon bo‘ladi sizlarga.
Hozir Suokka qaytaylik.
U to kech kirgungacha kutmoqchi bo‘ldi. To‘g‘rida, kuppa-kunduz kuni yolg‘iz o‘zi Qasr xonalarida tentirab yurgan qo‘g‘irchoq odamlarda shubha tug‘dirishi mumkin edi.
Dars tugagandan keyin Suok bilan Tutti yana uchrashishdi.
– Bilasanmi, – dedi Suok, – men doktor Gasparnikida kasal bo‘lib yotganimda alomat bir tush ko‘ruvdim. Tushimda men tirik qizga aylanib qolganmishman… Go‘yo sirk artistmishman. Men sayyor sirk aravasida boshqa artistlar bilan yasharmishman. Bu arava joydan-joyga ko‘chib yurib, yarmarkalarda, bozor maydonlarida to‘xtarmish-da, odamlarga tomosha ko‘rsatarmish. Men dor ustida yurarmishman, raqs tusharmishman, eng qiyin akrobatlik o‘yinlarni bajararmishman, pantomimo tomoshalarida har turli rollar ijro etarmishman.
Suokning bu gaplaridan hang-mang bo‘lgan valiahd ko‘zlarini katta-katta ochib quloq solardi.
– Bizlar judayam kambag‘al ekanmiz. Ovqat yegan kunlarimizdan yemagan kunlarimiz ko‘proq bo‘lgan ekan… Bizning kattakon bir oq otimiz bor ekan. Uning oti Anra ekan. Men mana shu otning ustidagi sariq uvada atlas bilan qoplangan keng egar ustida turib olib, chopib ketayotganida janglyorlik qilarkanman. Keyin otimiz o‘lib qolganmish, nimaga desang, bir oy muttasil pulimiz bo‘lmaganidan otimizni durustroq boqa olmabmiz…
– Kambag‘al edinglar? – deb so‘radi Tutti. – Men tushuna olmayapman. Nega endi sizlar kambag‘al edinglar?
– Bizlar kambag‘al odamlarga tomosha ko‘rsatar edik. Kambag‘al tomoshabinlar bizga eng mayda chaqalar tashlardi, ba’zi paytlarda bo‘lsa, tomosha ko‘rsatib bo‘lganimizdan keyin shlyapa tutib odamlarni aylanib chiqib, hech vaqosiz quruq qaytar edik.
Baliahd Tutti bu gaplarga sira ham tushunmas edi.
Suok esa to kech kirib qosh qorayguncha unga har to‘g‘rida gapirib o‘tiraverdi. U odamlarning qashshoqona achchiq hayoti haqida, ulkan shahar to‘g‘risida, Suokni kaltaklamoqchi bo‘lgan aslzoda kampir haqida, tirik bolalar haqida, ularni o‘z itlariga qoptirmoqchi bo‘lgan boylar haqida, gimnastikachi Tibul bilan qurolsoz Prospero haqida, ishchilar, konchilar, dengizchilarning boylar va Baqaloqlar hokimiyatini ag‘darishmoqchi bo‘layotgani haqida so‘zlab berdi.
U hammadan ham sirk haqida ko‘proq gapirdi. U bora-bora hikoyaga judayam berilib ketib, ko‘rgan tushini so‘zlab berayotganini ham unutib qo‘ydi.
– Men Brizak amakining sayyor tomoshaxonasida juda ko‘pdan beri yashayman. Men raqs tushishni ham, ot ustida tik turib yurishni ham, trapetsiyada chir-chir aylanishni ham chaqaloqlik paytimdan bilsam kerak. O, men shunaqangi antiqa narsalarni o‘rganganmanki! – u kaftini kaftiga urdi. – Mana, masalan, o‘tgan yakshanba kuni bizlar Gavanda tomosha ko‘rsatdik. Men o‘rik danaklarida valsga tushdim…
– Qanaqasiga o‘rik danaklarida?
– He, sen bilmaysan-a, rostdan! Nahot sen o‘rik danagidan qilingan hushtakni ko‘rmagan bo‘lsang? Bu judayam oson. Men o‘n ikkita danakni yig‘ib, ularday hushtak yasadim. Xullas, to teshik paydo bo‘lguncha ularni toshga ishqalayverdim…
– Qiziq ekan!
– Valsni faqat o‘n ikkita danak bilan emas, boshqa narsa bilan ham chalish mumkin. Masalan, men kalit bilan ham hushtak chalishni bilaman…
– Kalit bilan! Qanday qilib? Ko‘rsat. Menda bir ajoyib kalit bor…
Valiahd Tutti shunday deya turib, kamzulining yoqasini yechdi va bo‘yniga osilgan ingichka zanjirni oldi, shu zanjirga kichkinagina oq kalit osilgan edi.
– Mana!
– Nega bu kalitni ko‘kragingda yashirib yuribsan? – deb so‘radi Suok.
– Menga bu kalitni kansler berdi. Bu hayvonat bog‘imdagi qafaslardan birining kaliti.
– Nima, sen hamma qafaslarning kalitini o‘zing bilan olib yurasanmi?
– Yo‘q. Lekin judayam muhim kalit deb aytishdi. Men buni ehtiyot qilishim kerak ekan…
Suok valiahdga o‘z san’atini namoyish kildi. U kalitning teshik tomonini cho‘chchaygan labiga olib borib, juda xushohang bir qo‘shiqning kuyini chaldi.
Valiahd shunaqa xursand bo‘lib ketdiki, ehtiyotlab asrash uchun o‘ziga topshirilgan kalitni ham unutib yubordi. Kalit Suokda qoldi. U esa o‘ylab-netib o‘tirmasdan kalitni to‘r hoshiyali pushtirang ko‘ylagining cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Kech kirdi.
Qo‘g‘irchoq uchun valiahd Tuttining oromxonasi yonidan maxsus xona hozirlashdi.
Valiahd Tutti bugun kechasi uyqusida alog‘-chalog‘ tush ko‘rdi: kulgili burundor niqoblarni, sap-sariq yalang‘och yelkasida silliq qilib tarashlangan kattakon xarsangtosh ko‘tarib ketayotgan odamni va bu odamni qora qamchi bilan savalayotgan baqaloq odamni, kartoshka yeb o‘tirgan juldur kiyimli bolani va oq ot minib, o‘n ikkita o‘rik danakli hushtakda qandaydir yoqimsiz vals kuyini chalib ketayotgan, kiyimlarining hammayog‘iga to‘r qoplangan aslzoda kampirni va hokazolarni ko‘rdi.
Xuddi shu mahal butunlay boshqa joyda, bu jajjigina yotoqxonadan juda olisda, Qasr bog‘ining bir burchagida antiqa bir voqea yuz berayotgan edi. Yo‘q, sizlar, nima gap ekan, deb hayron bo‘lmanglar, aytarli hech narsa bo‘lgani yo‘q. Xullas, bu kecha antiqa tush ko‘rgan faqat valiahd Tutti emas edi. Aytmoqchimanki, valiahd Tuttining hayvonot bog‘i eshigida soqchilik qilib turib uxlab qolgan gvardiyachining tushi ham diqqatga sazovor edi.
U tosh to‘nka ustida panjaraga suyanib o‘tirgancha shirin tush ko‘rardi. Yalpoq va yaltiroq g‘ilofga solingan qilichi tizzalari orasida. To‘pponchasining og‘zi qora shohi sharfi tagidan mo‘ralab turardi. Shu yerda, shag‘al to‘kilgan yo‘lkada turgan katak shishali fonus nuri gvardiyachining etigini va daraxt yaprog‘idan tushib, uning yengidan o‘rmalab ketayotgan kapalak qurtini yoritib turardi.
Hamma yoq osoyishtadek tuyulardi.
Shunday qilib, soqchi uxlab o‘tirar va uyqusida juda alomat tush ko‘rardi. Tushida go‘yo uning oldiga valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i yaqinlashgandaymish. U ertalab doktor Gaspar Arneri olib kelganida qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shanaqa emish: o‘sha pushtirang ko‘ylak, o‘sha tasmalar, o‘sha to‘r uqalar, yaltiroq pistonlar. Faqat endi tushida u qo‘g‘irchoq tirik qizchaga aylanganmish. U har tomonga olazarak bo‘lib, bemalol harakat qilib yurayotganmish, ba’zan oyoq uchida yurib, biron sharpadan cho‘chib ketgan paytida barmog‘ini labiga bosarmish.
Fonus uning jajjigina gavdasini boshdan-oyoq yoritayotganmish.
Gvardiyachi soqchi hatto uyqusirab jilmayibdi ham.
Keyin u xo‘rsinib qo‘yib, panjaraga suyanib yaxshiroq joylashib o‘tiribdi-da, panjara jimjimasidagi temir gulga tumshug‘ini suqibdi.
Suok bo‘lsa soqchining uxlab o‘tirganini ko‘rib, fonusni qo‘liga olganmish-da, oyoq uchida ehtiyotlik bilan ichkariga kirib ketganmish.
Gvardiyachi xurrak otardi, ammo uyqusida bu xurrak ovozi unga go‘yo hayvonot bog‘idagi yo‘lbarslarning o‘kirig‘iday tuyulayotgan edi.
Aslida esa hayvonot bog‘i jimjit edi. Hayvonlar uxlab yotishardi.
Fonus ozgina joyni yoritgan. Suok qorong‘ilikda ehtiyotkorona ohista yurib borardi. Uning baxtiga, tun unchalik qorong‘i emas edi. Osmondagi yulduzlar va bog‘ning har yer-har yeriga osilgan fonuslarning daraxt shoxlari orasidan tushib turgan shu’lasi bu xilvatgohni yoritib turardi.
Qizcha darvozadan kirgach, qandaydir oppoq gullar bilan burkangan past bo‘yli butalar orasidan, kalta xiyobon bo‘ylab yurib bordi.
Keyin birdan uning dimog‘iga hayvonlar hidi kirdi. Bu ham qizga tanish edi: bir vaqtlar ularning sayyor tomoshaxonasiga uchta sher va bitta Ulm dogi1616
Ulm – Avstriyadagi shaharning nomi, dog – tumshug‘i puchuq kuchuk.
[Закрыть]ni o‘rgatgan bir odam qo‘shilib, tomosha ko‘rsatib yurgan edi.
Suok bir yalanglikka chiqdi. Tevarak-atrofda bir nimalar qorayib ko‘rinar, go‘yo kichkinagina uychalar tizilishib turganday edi.
– Qafaslar, – dedi pichirlab Suok.
Uning yuragi duk-duk ura boshladi.
U hayvonlardan qo‘rqmas edi, chunki sirk artistlari dovyurak bo‘lishadi. U faqat o‘z sharpasi va fonusining shu’lasi bilan bironta hayvonni uyg‘otib yuborishdan, keyin u o‘kirib, soqchini uyg‘otib qo‘yishdan qo‘rqardi.
Suok qafaslarga yaqin bordi.
«Prospero qayerda ekan?» – deb hayajonlanardi. U fonusni baland ko‘tarib, qafaslarning ichiga tikilardi. Hamma yoq jimjit, qilt etgan jonzot ko‘rinmasdi. Fonus shu’lasi qafas chiziqlari orasidan bo‘lak-bo‘lak bo‘lib o‘tib, ichkarida uxlab yotgan hayvonlarning tanasini qing‘ir-qiyshiq yoritardi.
Suok hayvonlarning sertuk, go‘shtdor quloqlarini, ba’zan oldinga cho‘zilgan panjalarini ba’zan olachipor yelkalarini ko‘rardi. Burgutlar qanotlarini yoyib uxlardilar, shuning uchun ham ular qadimgi gerblarga o‘xshab ketishadi. Ayrim qafaslarning ichida noma’lum bahaybat maxluqlarning qorasi ko‘rinardi.
Ingichka kumush xivichdan to‘qilgan qafasda, turli balandlikdagi qo‘noqlarda to‘tiqushlar qo‘nib o‘tirardilar. Suok mana shu qafas oldida to‘xtaganida, uning nazarida, qafas devoriga eng yaqin o‘tirgan to‘tining biri, uzun qizil soqolli qari to‘tiqush bir ko‘zini ochib Suokka qarab qo‘yganday bo‘lib tuyuldi. Uning ko‘zi pishgan limonning urug‘iga o‘xshardi.
Bu ham yetmaganday u shu ko‘zini darrov yumib olib, o‘zini uxlaganga solib turaverdi. Ayni paytda, u Suokning ko‘ziga qizil soqoli orasidan ko‘z qisib, jilmayib qo‘ygandek tuyuldi.
«Men o‘zim tentakman», – deb o‘ziga-o‘zi taskin berdi Suok. Lekin baribir, uning yuragiga g‘ulg‘ula tushgan edi.
Dam o‘tmay goh u yerda, goh bu yerda allanimalar shaqillar, qisirlar, chiyillardi.
Siz tunda otxonaga yoki tovuqxonaga bir kirib ko‘ring: u yerda hukm surgan sukunatdan hayratga kelasiz, shu bilan birga juda har xil mayda-chuyda ovozlarni – goh qanot qoqilganini, goh kavshanishni, goh qo‘noqning gijirlaganini, goh uyqudagi qush tomog‘idan chiqqan ingichka chiyildoq ovozni eshitasiz.
«Prospero qayerdaykin? – deb o‘yladi Suok yana, endi u qattiq hayajonda edi. – Bordi-yu, uni bugun qatl qilib bo‘lishgan va endi qafasga anavi burgutni qo‘yib qo‘ygan bo‘lishsa-ya?»
Xuddi shu mahal qorong‘ilikdan kimningdir:
– Suok! – degan xirqiroq ovozi eshitildi.
Shu zahotiyoq qizcha kimningdir hansirab nafas olayotganini, yana xuddi kattakon hasta ko‘ppakning ingraganiga o‘xshab ketuvchi qandaydir tovushlarni eshitdi.
– Voy! – deb chinqirib yubordi Suok.
U fonusni ovoz kelgan tomonga tutdi. U yerda qizg‘ish cho‘g yonib turardi. Bir bahaybat qora maxluq xuddi ayiqqa o‘xshab, qafas panjarasida ushlab boshini shu panjaraga qo‘yib turardi.
– Prospero! – deb chaqirdi Suok past ovoz bilan.
Keyin shu bir zumning o‘zida miyasidan bir gala xayollar lip-lip etib o‘tdi.
«Nega u bunchalik qo‘rqinchli? Ayiqqa o‘xshab, uning hammayog‘ini tuk qoplab ketibdi. Ko‘zla ridan qizil uchqun chaqnayapti. Tirnoqlari uzun, qayrilib ketgan. Egnida kiyimi yo‘q. Bu odam emas, gorilla».
Suok alamidan yig‘lab yuboray dedi.
– Seni ko‘rar kun ham bor ekan-ku, Suok, – dedi notanish maxluq. – Sening kelishingni bilardim.
– Salom. Men sizni ozod qilgani keldim, – dedi Suok titroq ovoz bilan.
– Men qafasdan chiqmayman. Bugun harom qotaman.
Shundan keyin yana mudhish ingroq eshitildi. Maxluq yiqildi, keyin o‘rnidan turib, yana qafas panjarasiga yopishdi.
– Yaqinroq kel, Suok.
Suok yaqin bordi. Unga bir badbashara maxluq tikilib turardi. Odam basharasi emas edi bu, albatta. U ko‘proq bo‘rining tumshug‘iga o‘xshab ketardi. Eng qo‘rqinchli tomoni shunda ediki, bu bo‘rining quloqlari garchi tikandek qattiq, kalta tuk bilan qoplangan bo‘lsa ham, odam qulog‘iga o‘xshardi. Suok kafti bilan yuzini berkitmoqchi bo‘ldi. Fonus uning qo‘lida chayqalib turganidan, uning sarg‘ish shu’lasi har tomonga lip-lip uchardi.
– Sen mendan qo‘rqyapsan, Suok… Men odamiylik qiyofamni yo‘qotib qo‘ydim. Qo‘rqma! Beriroq kel… Sen bo‘ying cho‘zilib, biroz ozibsan. Juda xomush ko‘rinasan…
U qiynalib-qiynalib gapirardi. U tobora yerga cho‘kib, nihoyat qafas ichiga cho‘zilib yotib qoldi. U og‘zini katta ochib va uzun-uzun sariq tishlarini irshaytirib, hansirab nafas olardi.
– Men hozir o‘laman. O‘limim oldidan seni ko‘rishimga ishongan edim.
U o‘zining maymunnikiga o‘xshagan yungdor qo‘lini cho‘zdi. U qorong‘ida bir nimani qidirayotgan edi. Xuddi mix sug‘urib olinayotgandek ovoz eshitildi, shundan keyin o‘sha mudhish qo‘l qafas panjarasi orasidan tashqariga cho‘zildi.
Qo‘lda kichkinagina bir taxtacha bor edi.
– Mana buni ol. Hammasi shu yerga yozilgan.
Suok taxtachani qo‘yniga yashirdi.
– Prospero, – dedi u ohista.
Javob bo‘lmadi.
Suok fonusni yaqinroq olib borib tutdi. Maxluqning tishlari irshayib mangu qotib qolgan edi. Uning nursiz ko‘zlari Suok osha allaqayoqlarga tikilardi.
– Prospero! – deb chinqirib yubordi Suok fonusni qo‘lidan tushirib yuborarkan. – U o‘ldi! Prospero o‘ldi! Prospero!
Fonus o‘chib qoldi.
TO‘RTINCHI QISM
QUROLSOZ PROSPERO
XI BOB
SHIRAPAZXONANING VAYRON QILINISHI
Hayvonot bog‘i darvozasi oldida soqchilik qilib mudrab o‘tirgan gvardiyachi bilan biz tanishgan edik. Suok uning katak shishali fonusini o‘g‘irlab, hayvonot bog‘iga kirgan va bu yerda ko‘tarilgan g‘avg‘o nihoyat o‘sha gvardiyachini uyg‘otib yuborgan edi.
Hayvoilar irillashar, uvillashar, chiyillashardi; qush qanotlarining patillagani, sher va yo‘lbars dumlarining temir panjaraga xuddi qamchindek «shart-shart» urilgani eshitilardi.
Gvardiyachi chakaklarini qattiq qisirlatib esnadi, qo‘llarini keng yoyib kerishgan edi, mushti borib temir panjaraga urilib, zirqirab og‘ridi, shundan keyin u butunlay uyg‘ondi.
Uyg‘onib, hushyor tortdi-yu, dik etib o‘rnidan turib ketdi. Fonusi yo‘q edi. Sokin osmonda yulduzlar miltillab turardi. Yasminning xushbo‘y hidi dimoqqa urilardi.
– Padariga la’nat!
Gvardiyachi shunaqangi jahl bilan tupurdiki, tupugi o‘qdek uchib borib yasmin gulining bandini uzib yubordi.
Hayvonlar konserti avjga chiqayotgan edi.
Gvardiyachi shovqinga ko‘tardi. Bir daqiqa ichida mash’ala ko‘targan odamlar yetib kelishdi. Mash’alalar shitirlab yonardi. Gvardiyachilar so‘kinishardi. Kimdir qilich g‘ilofiga qoqilib yiqilib tushdi va burni kimningdir shporiga borib tegib jarohatlandi.
– Fonusimni o‘g‘irlab ketishdi!
– Hayvonot bog‘iga birov kirganga o‘xshaydi!
– O‘g‘ri bo‘lsa kerak!
– Isyonchilar!
Burni lat yegan gvardiyachi ham, shpori qiyshayib ketgan gvardiyachi ham, shuningdek, qolganlar ham tungi zulmatni qo‘llaridagi mash’alalar bilan yoritib, hayvonot bog‘iga kirgan noma’lum dushman sari yo‘l oldilar.
Lekin ular hayvonot bog‘ida hech qanday shubhali narsani ko‘rmadilar.
Yo‘lbarslar qip-qizil sassiq og‘izlarini katta-katta ochib o‘kirishardi. Sherlar qattiq bezovta bo‘lishib qafas ichida u yoqdan bu yoqqa yurib, tanda qo‘yar edilar. To‘tiqushlar to‘s-to‘polon ko‘tarishgan, ularning qafas ichida chir-chir aylanishganini ko‘rgan odam rang-barang ot o‘yinga o‘xshatardi. Maymunlar arg‘imchoq uchishadi. Ayiqlar bo‘lsa, chiroyli do‘rildoq ovoz bilan qo‘shiq aytishardi.
Hayvonot bog‘iga mash’ala ko‘tarib kirgan odamlar bu yerdagi jonivorlarni yana besh battar hurkitib bezovta qilib yubordi.
Gvardiyachilar hamma qafaslarni bir-bir ko‘zdan kechirib chiqdilar.
Hamma narsa joyida edi.
Ular hatto Suok tushirib qoldirgan fonusni ham ko‘rmadilar.
Shu payt birdan boyagi jarohatlangan gvardiyachi:
– To‘xtanglar! – deb yubordi va qo‘lidagi mash’alani baland ko‘tardi.
Hamma tepaga qaradi. U yerda daraxtning quyuq shoxlaridan boshqa hech nima ko‘rinmadi. Yaproqlar qilt etmasdi. Tun sokin edi.
– Ko‘ryapsizlarmi? – deb dag‘dag‘a bilan so‘radi gvardiyachi qo‘lidagi mash’alani silkib.
– Ha. Pushtirang bir nima turibdi…
– Kichkinagina…
– Qo‘nib o‘tiribdi…
– Ahmoqlar! Shuniyam bilmaysizlarmi? Bu to‘tiqush. U qafasdan uchib chiqib, shu daraxtga kelib qo‘ngan, jin ursin!
Shovqin ko‘targan haligi gvardiyachi soqchi xijolat bo‘lib, churq etmay turardi.
– Uni daraxtdan olish kerak. Hamma hayvonlarni besaranjom qilgan shu bo‘lishi kerak.
– To‘g‘ri. Qani, chiq, Vurm. Ichimizda eng yoshi sensan.
Vurm degan gvardiyachi daraxt tagiga bordi. U ikkilanardi.
– Chiq, uni soqolidan tutamlab olib tush.
To‘ti qimir etmay o‘tirardi. Uning patlari, mash’alalar bilan yoritilgan quyuq yaproqlar orasidan pushtirangda ko‘rinardi.
Vurm shlyapasini peshonasiga surib, ensasini qashladi.
– Qo‘rqaman. To‘tiqushlar juda og‘ritib cho‘qiydi.
– Ah-moq!
Har nechuk Vurm daraxtga tirmashib chiqa boshladi. Lekin u daraxtning yarmiga chiqqanida bir zum taqqa to‘xtadi-yu, keyin pastga sirg‘anib qaytib tushdi.
– O‘lsamam chiqmayman, – dedi u. – Bu mening ishim emas. Men to‘tilar bilan jang qilishni bilmayman.
Shu payt keksa bir odamning jahldor ovozi eshitildi. Bir odam shippagini sudrab bosib, gvardiyachilar to‘planib turgan yerga shosha-pisha kelayotgan edi.
– Tegmanglar unga! – deb qichqirdi u. – Bezovta qilmanglar uni!
Bu chinqirgan odam hayvonot bog‘ining bosh noziri bo‘lib chiqdi. U zoologiya sohasida katta olim va mutaxassis edi, ya’ni hayvonlar to‘g‘risida hamma narsani mukammal bilardi.
U shovqin-surondan uyg‘onib ketibdi.
Nozir shu yerda, hayvonot bog‘ining o‘zida yashardi. Shuning uchun, qanday kiyimda uxlab yotgan bo‘lsa, o‘sha kiyimda, hatto tungi qalpog‘ini ham yechmasdan, burni uchiga yopishgan kattakon yaltiroq qandalani ham pisand qilmay yugurib kelgan edi.
U qattiq hayajonda edi. Bo‘lmasam-chi: qandaydir askarlar uning ishiga aralashmoqchi bo‘lishsa, qandaydir bir galvars uning to‘tiqushini soqolidan tutamlamoqchi bo‘lsa, bu nima degan gap!
Gvardiyachilar unga yo‘l berdilar.
Zoolog boshini ko‘tarib qaradi. U ham yaproqlar orasida qandaydir pushtirang jonivorni ko‘rdi.
– Ha, – dedi u. – Bu to‘tiqush. Bu mening eng yaxshi to‘tiqushim. U doim shunaqa injiqlik qilgani-qilgan. Hech qafasda o‘tira olmaydi. Bu Laura… Laura! Laura! – deb u chiyildoq ovoz bilan to‘tini chaqira boshladi. – U shirin so‘zni yaxshi ko‘radi. Laura! Laura! Laura!
Gvardiyachilar piqillab kulib yuborishdi. Umuman, egniga guldor xalat, oyog‘iga tungi shippak kiygan, osmonga qaragan boshidagi tungi qalpog‘ining popugi etagigacha tushib turgan bu jikkakkina chol haybatli gvardiyachilar qurshovida, lovillab yonayotgan mash’alalar yorug‘ida g‘aroyib ko‘rinardi. Ayniqsa, hayvonlarning shovqin-suroni bu alomat manzaraga ajib bir ruh baxsh etardi.
Keyin eng kulgili hodisa sodir bo‘ldi. Zoolog daraxtga tirmashib chiqa boshladi. Bu ishni u ancha mohirlik bilan bajardi – chamasi, ilgari ham daraxtga chiqish bilan ko‘p shug‘ullangan bo‘lsa kerak. Bir, ikki, uch! Uning xalati etagidan qalami lozim kiygan oyog‘i bir necha marta lip-lip etib ko‘rindi, nihoyat muhtaram qariya tarmasha-tarmasha to‘ti turgan shohga yaqin, ammo xatarli sayohatining nihoyasiga yetib oldi.
– Laura! – yana muloyimlik bilan xushomad qilib chaqirdi.
Shunda birdan uning jonholatda chinqirgani butun hayvonot bog‘i-yu, bog‘ni tutib ketdi, chinqirig‘i kamida bir kilometr atrofga eshitildi.
– Shayton! – deb chinqirib yuborgan edi u.
Chamasi, daraxt shoxida to‘tiqush emas, boshqa biron maxluq o‘tirgan edi.
Gvardiyachilar o‘zlarini daraxt tagidan nari olib qochdilar. Zoolog pastga sho‘ng‘ib tusha boshladi. Lekin tasodif, ya’ni kalta bo‘lsa ham, ancha baquvvat bir butoq uni o‘limdan asrab qoldi. Zoolog shu butoqqa xalatidan ilinib osilib qoldi.
O, agar hozir o‘zga olimlar bu muhtaram hamkasblarini mana shu ayanchli ahvolda ko‘rishsa bormi, uning yaltiroq boshi va aql-zakovati hurmati, darrov yuzlarini teskari burgan bo‘lardilar! Uning xalati judayam beo‘xshov holda tepaga ko‘tarilgan edi-da. Gvardiyachilar tiraqaylab qocha boshladilar. Mash’alalarning alangasi shamolda hilpirab borardi. Bu manzarani chetdan kuzatib turgan odam, olov yolli qora otlar qorong‘ida yugurib ketyapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
Hayvonot bog‘ida ko‘tarilgan to‘s-to‘polon nihoyat tindi. Lekin zoolog hanuz daraxt shoxida qimir etmay osilib turardi. Endi bu payt qasrda ham alg‘ov-dalg‘ov ko‘tarilgan edi.
Chunki sirli to‘tiqushning daraxt shoxida paydo bo‘lishidan chorak soat burun Uch Baqaloqqa shahardan ko‘ngilsiz xabarlar yetib kelgan edi:
«Shaharda tartibsizlik. Ishchilar to‘pponcha va miltiqlar bilan qurollanishgan. Ishchilar gvardiyachilarga qarata o‘q otishmoqda, ular hamma baqaloqlarni suvga uloqtirmoqdalar».
«Gimnastikachi Tibul ozodlikda, u shahar chekkasida yashovchi aholining hammasini bir qo‘shin qilib to‘playapti».
«Ko‘pchilik gvardiyachilar Uch Baqaloqqa xizmat qilishdan voz kechishib, ishchilar tomoniga o‘tib ketdilar».
«Fabrikalarning trubalaridan tutun chiqmay qo‘ydi. Mashinalar to‘xtagan. Konchilar yer ostiga tushib boylar uchun ko‘mir qazishdan bosh tortishyapti».
«Tevarak-atrofdagi dehqonlar yer-mulk egalari bilan jang qilmoqdalar».
Ministrlar mana shunaqa xabarlar olib kelishgan edi Uch Baqaloqqa.
Odatda, Uch Baqaloq hayajonlangan paytlarida semira boshlardilar. Mana hozir ham Davlat kengashi a’zolari ko‘zi oldida, bir zumda, har qaysi Baqaloq chorak qadoqdan semirdi.
– Men chidolmayman! – deb zorlanardi Baqaloqlardan biri. – men ortiq chiday olmayman… Toqatim toq bo‘ldi… Oh, voy! Ilgak tugma bo‘ynimga botib ketyapti…
Shu mahal uning yaltiroq yoqasi «tar» etib yirtilib ketdi.
– Semirib ketyapman, – deb ingrardi Ikkinchi Baqaloq. – Meni qutqaringlar!
Uchinchisi bo‘lsa, o‘zining do‘mpayib borayotgan qorniga ma’yus tikilib turardi.
Shunday qilib, bugun Davlat kengashi oldida ikkita masala turardi: birinchidan, zudlik bilan semirishni to‘xtatish uchun biron vosita o‘ylab topish kerak edi, ikkinchidan, shahardagi tartibsizlikni darhol bostirish lozim edi.
Birinchi masala yuzasidan shunday qaror qabul qildilar:
– Raqs tushish kerak!
– Raqs! Raqs! Ha, albatta, raqs tushish lozim! Eng yaxshi chora shu.
– Fursatni o‘tkazmay, darhol raqs muallimi taklif qilinsin. U Uchta Baqaloqqa balet san’atidan saboq bersin.
– Ha, – yolvoruvchi ohangda dedi Birinchi Baqaloq, – lekin…
Xuddi mana shu paytda hayvonot bog‘i tomondan muhtaram zoologning chinqirgan ovozi eshitildi – esingizda bo‘lsa, u o‘zining Laura ismli eng yaxshi ko‘rgan to‘tiqushini olib tushish uchun daraxtga tirmashib chiqqan, ammo u yerda Laura emas shayton o‘tirganini ko‘rib, chinqirib yuborgan edi.
Hukumatning barcha a’zolari bog‘dagi xiyobonlar orqali hayvonot bog‘i tomon otildilar.
– Uf! Uf! Uf! – deb hansiragan ovozlar eshitilardi bog‘dan.
Qanotlarida qora hoshiyasi bo‘lgan zarg‘aldoqrangli eng chiroyli kapalaklarning o‘ttiz oilasi bu to‘s-to‘polondan cho‘chib bog‘dan uchib ketdi.
Bog‘da son-sanoqsiz mash’alalar paydo bo‘ldi. Endi bog‘ni xuddi atrofga qatron hidini taratib lovillab yonayotgan butun bir o‘rmonga o‘xshatsa bo‘lardi. Bu yonayotgan o‘rmon daryodek yoyilib borardi.
Hayvonot bog‘iga atigi o‘n qadamcha qolganda chopib borayotgan hamma odamlar birdan oyoqlari shol bo‘lib qolganday, taqqa to‘xtab qolishdi. Lekin shu zahotiyoq ular birvarakayiga dod solishib, chiyillashib, bir-birini bosib yanchgancha najot istab orqaga qarab qocha boshlashdi. Mash’alalar yerlarda yotardi, alanga bir-biriga tutashib, hammayoqqa yoyildi, qora tutun to‘lqin-to‘lqin bo‘lib har yoqqa esib ketdi.
– O!
– A!
– Qochinglar!
Odamlarning shovqin-suroni butun bog‘ni larzaga keltirardi. Sarosimaga tushib har yoqqa qochayotgan odamlarni mash’alalarning alvonrang shu’lasi yoritar, bu shu’la tobora kengroq yoyilib borardi.
Xuddi shu payt qarshidagi hayvonot bog‘ining temir panjarasi ichidan alpqomat bir odam xotirjam va dadil qadam tashlab chiqib kela boshladi.
Malla soch, ko‘zlaridan o‘t chaqnovchi, kamzuli dabdala bo‘lib yirtilgan bu odam mash’alalar yorug‘ida go‘yo mudhish bir sharpadek ko‘rinib, yaqinlashib kelardi. U bir qo‘li bilan qo‘rqinchli bir qoplonni yetaklab kelardi; qoplonning bo‘yniga yarim quloch keladigan zanjirdan bo‘yinbog‘ solingan edi. Bu xipchadan kelgan mallarang hayvon dahshatli bo‘yinbog‘dan qutulish uchun nuqul chiranar, sakrar, irillar, o‘zini har yoqqa otar va ritsarlarning tug‘laridagi shar rasmiga o‘xshab, qip-qizil uzun tilini goh chiqarar, goh ichiga tortib olardi.
Qo‘rqib qochib ketayotganlar orasida orqaga o‘girilib qarashga yuragi dov bergan odamlar, bu odamning ikkinchi qo‘lida yaltiroq pushtirang ko‘ylak kiygan bir qizcha borligini ko‘rgan edilar. Qizcha dahshat solib quturayotgan qoplonga qo‘rqa-pisa qarar, zarrin gulli tufli kiygan oyoqlarini bukib, o‘zini ko‘tarib olgan odamning bo‘ynidan mahkam quchoqlagan edi.
– Prospero! – deb dod solishardi qochib ketayotgan odamlar.
– Prospero! Bu Prospero-ku!
– Qochib qol!
– Qo‘g‘irchoq!
– Qo‘g‘irchoq!
Ana shunda Prospero o‘zi yetaklab kelayotgan hayvonni qo‘yib yubordi.
Qoplon dumini har tomonga silkib, qochib ketayotgan odamlarni katta-katta qadam tashlab, sakrab-sakrab quvib ketdi.
Suok qurolsozning qo‘lidan sakrab tushdi. Bu g‘ala-g‘ovurda juda ko‘p to‘pponchalar o‘tloqqa otib yuborilgan edi. Suok yerdan uchta to‘pponchani oldi. Ikkitasini Prosperoga berdi, bittasini o‘ziga olib qoldi. To‘pponcha qizchaning deyarli belidan kelardi. Lekin Suok bu yaltiroq qora buyumdan qanday foydalanishni yaxshi bilardi: u sirkda to‘pponcha otishni o‘rganib olgan edi.
– Ketdik! – dedi qurolsoz.
Bog‘ ichida nimalar bo‘layotgani ularni qiziqtirmasdi. Ular qoplonning bundan keyingi sarguzashti nima bilan yakunlanishini ham o‘ylamadilar.
Eng muhimi, chiqib ketadigan yo‘lni topish va bu tuzoqdan tezroq qutulish kerak edi.
Tibul aytgan o‘sha najotbaxsh kastryul qayerda ekan? Sharfurushni qutqargan o‘sha sirli kastryul qayerda ekan?
– Oshxonada! Oshxonada! – deb chinqirdi Suok, to‘pponchani silkigancha chopqillab borarkan.
Ular zim-ziyo qorong‘ida butalar orasini yorib, mudroq qushlarni bezovta qilib chopib borardilar. O, Suokning ajoyib ko‘ylagi butunlay dabdala bo‘lgan edi.
– Shirin narsaning hidi kelyapti, – deb yubordi birdan Suok, u chiroq bilan yoritilgan qandaydir derazalar tagida to‘xtagan edi.
Keyin u Prosperoning diqqatini jalb qilish uchun sirkdagi odati bo‘yicha barmog‘ini emas, bu gal qo‘lidagi qora to‘pponchani ko‘tardi.
Ularni ta’qib qilib kelayotgan gvardiyachilar bu yerga yetib kelishganda Prospero bilan Suok allaqachon daraxtga chiqib olishgan edi. Keyin ular daraxtning tarvaqaylab ketgan shoxidan yurib borib, bir zumda oshxonaning eng katta derazasiga hatlab o‘tib oldilar.
Kecha sharfurush uchib kirgan deraza shu edi.
Demak, bu shirapazlikning derazasi edi.
Vaqt allamahal bo‘lganiga ham, hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov ekanligiga ham qaramay, bu yerda ish qaynardi.. Hamma shakarpazlar, oq qalpoq kiygan shum shogird bolalar terlab-pishib ishlashardi; ular valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘i sog‘-salomat qaytgani sharafiga beriladigan ertangi ziyofat uchun qandaydir maxsus kompot tayyorlar edilar. Bu safar endi tort tayyorlamaslikka qaror qilishgan edi, chunki tag‘in bironta mehmon derazadan uchib kirib, ham fransuz kremini, ham antiqa sukatlarni rasvo qilib-netib yurmasin, deb qo‘rqishgan edi.