Электронная библиотека » Юрий Олеша » » онлайн чтение - страница 4

Текст книги "Уч бақалоқ"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 06:20


Автор книги: Юрий Олеша


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 11 страниц)

Шрифт:
- 100% +
V BOB
NEGR VA KARAM BOSHI

Esingizda bo‘lsa, doktor Gaspar o‘tkazgan behalovat tun oxirida uning uyidagi kamin ichidan dorboz va gimnastikachi Tibul chiqib kelgan edi.

Keyin ular ikkovlashib doktor Gasparning ustaxonasida tong pallasida nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishgan – bu bizga ma’lum emas. Qattiq hayajonlanganidan va doktor Gasparni uzoq vaqt kuta-kuta bezovtalanib toliqqan Ganimed xola mast uyquda bir tovuqni tush ko‘rib yotardi.

Ertasi kuni, sharfurush amaki Uch Baqaloq qasriga uchib borgan va gvardiyachilar valiahd Tuttining qo‘g‘irchog‘ini ilma-teshik qilib tashlashgan xuddi o‘sha kuni, Ganimed xolaning boshiga ko‘p tashvishlar tushdi. U qopqonga ilingan sichqonni bexosdan qochirib yubordi. Mana shu sichqon o‘tgan kechasi bir qadoq marmeladni paqqos tushirib ketgan edi. Undan oldin, jumadan shanbaga o‘tar kechasi bo‘lsa, chinnigul o‘tkazilgan tuvakni ag‘darib yuborgan edi. Tuvak singan, chinniguldan esa negadir valerianka hidi kela boshlaydi.

Sichqon mana shu hayajonli tunda qopqonga ilingan edi.

Ganimed xola ertalab barvaqt turib, qopqonni ko‘tardi. Sichqon xuddi bunaqa qafas ichida o‘tirishga odatlanib qolganday mutlaqo beparvo o‘tirardi. U ayyor o‘zini shunaqa beparvo qilib ko‘rsatadiki asti qo‘yaverasiz.

– Ikkinchi birovlarning marmeladini yemaysan, – dedi Ganimed xola qopqonni ko‘zga ko‘rinadigan yerga qo‘yib.

Keyin u kiyinib, bu quvonchli xabarni doktor Gasparga yetkazmoq uchun uning oldiga, ustaxonaga yo‘l oldi. Kecha ertalab, marmelad yo‘qolganida doktor Gaspar unga taskin berib, ko‘nglini ko‘tarib qo‘ygan edi.

– Marmeladda kislota ko‘p, shuning uchun sichqon uni yaxshi ko‘radi, – degan edi u.

Bu gap Ganimed xolaning ko‘nglini ancha tinchitgan edi.

– Sichqon mening kislotalarimni yaxshi ko‘rarkan… Qani, ko‘ramiz, u qopqonimniyam hushlarmikin.

Ganimed xola ustaxona eshigi oldiga bordi. U qopqonni qo‘liga ushlab olgan edi.

Erta tong pallasi edi. Ochiq derazadan daraxtlarning yam-yashil barglari chinniday yaraqlab ko‘rinardi. Shamol sharfurush amakini shu kuni ertalab osmonga uchirib ketgan edi, ammo hozircha shamol turgani yo‘q.

Ustaxonadan qandaydir sharpa eshitildi.

«Sho‘rlik! – deb o‘yladi Ganimed xola. – Nahot haligacha yotmagan bo‘lsa?»

U eshikni taqillatdi.

Doktor ichkaridan bir nima deb javob qildi, lekin xola uning nima deganini aniq eshitolmadi.

Eshik ochildi. Ostonada doktor Gaspar turar edi. Ustaxonadan qandaydir kuygan probkaning hidiga o‘xshash hid kelardi. Burchakda tigel88
  Tigel dekchasi – metall eritish yo biror metallni yuqori haroratda toblab olish uchun o‘tga chidamli gilvatadan qilingan qozon.


[Закрыть]
dekchasi ostidagi olov o‘chay-o‘chay deb lipillardi.

Aftidan doktor Gaspar tunning qolgan qismini ham uyqusiz o‘tkazib, o‘zining odatdagi bironta ishi bilan mashg‘ul bo‘lganga o‘xshaydi.

– Yaxshi yotib turdingizmi! – dedi doktor quvnoq ohangda.

Ganimed xola qo‘lidagi qopqonni baland ko‘tardi. Sichqon tumshug‘ini qimirlatib iskay boshladi.

– Sichqon tutdim!

– O! – doktor judayam mamnun edi. – Qani, ko‘rsating-chi!

Ganimed xola pildirab deraza oldiga bordi.

– Mana u!

Xola qopqonni uzatdi. Shu choq birdan uning ko‘zi qora tanliga tushdi. Deraza oldida turgan «Ehtiyot bo‘ling!» deb yozilgan yashik ustida chiroyli bir negr o‘tirardi.

Negr yalang‘och edi.

Negr qizil ishton kiygan.

Negr timqora, binafsharang, jigarrang, yaltiroq edi.

Negr trubka chekib o‘tirardi.

Ganimed xola ovozining boricha «voy», deb chinqirib yubordi, shunchalik qattiq chinqirdiki, sal bo‘lmasa paqqos yorilib ketayozdi. U bog‘ga qo‘yilgan qo‘riqchiday qo‘llarini ikki yoqqa yoyib, turgan yerida chir-chir aylana boshladi. Shu payt u birdan o‘ng‘aysiz bir harakat qilgandi, qopqonning eshikchasy jaranglab ochilib ketdi va sichqon yerga «tap» etib tushib, shu zumning o‘zida qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi.

Ganimed xola rosa qo‘rqib ketgan edi.

Negr ovozining boricha xaxolab kulardi, u ikkita kattakon qizil qalampirni eslatuvchi qizil tufli kiygan paypoqsiz uzun oyoqlarini bahuzur uzatib o‘tirardi.

Uning og‘zidagi trubka, xuddi qattiq shamol paytida silkingan daraxt shoxi singari tishlari orasida likillab turardi. Doktorning bo‘lsa ko‘zoynagi baland-pastga silkinarkan, yalt-yalt etardi. Chunki u ham kulardi.

Ganimed xola xuddi g‘uvillab esib kelgan kuchli shamoldek xonadan otilib chiqib ketdi.

– Sichqon! – deb chiyillardi u. – Sichqon! Marmelad! Negr!

Doktor Gaspar uning orqasidan yugurdi.

– Ganimed xola, – deb uni yupata boshladi, – siz bekorga hayajonlanyapsiz. Men o‘zimning yangi tajribam haqida sizni ogohlantirib qo‘yishni unutgan ekanman. Lekin mening doimo biron bir tajriba bilan mashg‘ul ekanligimni o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku. Axir men olim odamman, turli fanlar doktoriman, har xil asboblar ustasiman. Turfa tajribalar o‘tkazib turaman. Binobarin, mening ustaxonamda nainki negrni, hatto filni ham uchratishingiz mumkin. Ganimed xola… Ganimed xola… Negr – boshqa, quymoq – boshqa… Biz nonushta kutyapmiz. Mening negrim quymoqni judayam yaxshi ko‘radi…

– Sichqon kislotani yoqtiradi, – deb pichirladi dahshat aralash Ganimed xola, – negr bo‘lsa quymoqni yaxshi ko‘radi…

– Ha, balli. Hozir quymoqni o‘ylaylik, sichqonni kechasi tutamiz. Kechasi u albatta ilinadi, Ganimed xola… Endi u sichqonning erkinlikda qiladigan ishi qolmadi. To‘g‘ri-da, marmeladni yeb quritgan bo‘lsa…

Ganimed xola yig‘lab turib quymoq pishirarkan, unga tuz o‘rniga ko‘z yosh to‘kdi. Ko‘z yoshlari shunaqangi achchiq ediki, qalampirdan aslo qolishmasdi.

Negr esa:

– Yaxshi, serqalampir bo‘pti. Judayam mazali quymoq! – deb maqtab, quymoqni tushira boshladi.

Ganimed xola valerianka ichar, lekin undan endi negadir chinnigul hidi kelardi. Balki, ko‘z yoshi aralashganligidan shunday bo‘lgandir.

Keyin Ganimed xola derazadan qarab, doktor Gasparning ko‘chaning narigi betiga o‘tib ketganini ko‘rdi. Uning hamma narsasi but edi: bo‘yniga yangi sharf o‘ragan, yangi hassa ushlagan, oyog‘iga garchi eski bo‘lsayam yap-yangiday yaraqlagan, ikkala poyining poshnasi ham bus-butun tufli kiygan edi.

Lekin u yolg‘iz emasdi: yonida boyagi negr ketib borar edi.

Ganimed xola ko‘zlarini chirt yumdi-yu, «gurs» etib yerga o‘tirib qoldi. Aniqrog‘i yerga emas, mushuk ustiga o‘tirdi. Qo‘rqib ketgan mushuk miyovlab yubordi. Jon-poni chiqib ketgan Ganimed xola mushukni urdi: birinchidan, oyoq ostida o‘ralashgani uchun, ikkinchidan.. o‘z vaqtida sichqonni tutib olmagani uchun.

Lekin sichqon bu mahal doktor Gasparning ustaxonasidan Ganimed xolaning shkafiga o‘tib, mag‘iz solingan kulchalarni kemirarkan, marmelad haqida shirin xayollarga borardi. Buni qarangki, sichqon kislotani yaxshi ko‘rarkan, negrlardan ham qo‘rqmas ekan.

Doktor Gaspar Arneri Soya ko‘chasida turardi. Agar siz bu ko‘chadan chapga burilsangiz Beza Lizaveta deb yuritiluvchi tor ko‘chaga chiqasiz, u yerdan o‘tib yana bir ko‘chaga kirasiz-da (bu ko‘cha o‘zining yashin urib ketgan daraxti bilan taniqli), uni kesib o‘tasiz, yana besh daqiqacha yo‘l yurganingizdan so‘ng O‘n to‘rtinchi bozorga chiqasiz.

Doktor Gaspar bilan negr shu bozor tomon yo‘l olishdi. Shamol endi ko‘tarila boshlagan edi. Yashin tegib, cho‘ltoq supurgiga o‘xshab qolgan eman daraxti xuddi arg‘imchoq singari g‘ijirlardi. Afisha yopishtiruvchi bir kishi, shamolning zo‘ridan, yelim surtilgan afishani devorga yopishtirishga qiynalardi. Shamol afishani devorga emas, afishachining yuziga yopishtirardi, uzoqdan qaragan odamga u yuzini oq sochiq bilan artayotganga o‘xshardi.

Mana, axiyri u afishani «tap» etib devorga yopishtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Doktor Gaspar afishani o‘qidi:

«Fuqarolar! Fuqarolar! Fuqarolar!

Bugun Uch Baqaloq hukumati xalq uchun katta to‘y-tomosha uyushtiradi. Hammangiz O‘n to‘rtinchi bozorga shoshiling! Shoshiling! U yerda tomoshalar, ko‘ngil ochar o‘yinlar spektakllar bo‘ladi! Shoshiling!»

– Mana, – dedi doktor Gaspar, – hammasi tushunarli. Bugun Sud maydonida isyonchilarni qatl etishadi. Uch Baqaloqning jallodlari boyonlar va mechkaylar hokimiyatiga qarshi isyon ko‘targanlarning boshlarini oybolta bilan chopishadi. Uchta Baqaloq xalqning ko‘zini shamg‘alat qilishmoqchi. Ular xaloyiqning Sud maydoniga to‘planishidan, kundalarni sindirishidan, jallodlarni o‘ldirib, o‘limga hukm etilgan o‘z og‘alarini ozod qilishidan qo‘rqadilar. Ular shuning uchun o‘yin-kulgi, tomoshalar uyushtirishyapti. Ular xalq e’tiborini bugungi qatldan chetga tortishmoqchi.

Doktor Gaspar bilan uning qorabadan hamrohi bozor maydoniga yetib kelishdi. Tomoshaxonalar atrofida xalq uymalashardi. Lekin doktor Gaspar bu yerga to‘planganlar orasida bironta ham oliftani, oltin baliq va uzum rangida kiyim kiygan bironta ham xonimni, zar uqali taxti ravonda o‘tirgan bironta ham aslzoda qariyani, yoniga kattakon charm hamyon osgan bironta ham savdogarni ko‘rmadi.

Bu yerga shaharning chekka mahallalarida yashovchi kambag‘al aholi: kosiblar, ustalar, qora non sotuvchilar, kunbay ishlaydigan cho‘rilar, kampirlar, gadolar, hammollar, mayib-majruhlar to‘plangan edi. Ularning egnidagi bo‘zrang eski, uvada kiyimlarga onda-sonda faqat yo yashil qaytarma yenglar, yo qirq yamoq plash, yo bo‘lmasa rang-barang tasmalar husn berib turardi.

Shamol kampirlarning namatsimon oppoq sochlarini hurpaytirar, ko‘zlarini achitar, gadolar egnidagi kulrang ro‘dapolarni yulqirdi.

Hammaning chehrasi ma’yus, hamma qandaydir noxush bir xabarni kutayotganday edi.

– Sud maydonida isyonchilarni qatl etishadi, – deyishardi odamlar. – U yerda o‘rtoqlarimizning boshlari chopiladi, bu yerda bo‘lsa, masxarabozlar qiyshanglab bizga o‘yin ko‘rsatishmoqchi, chunki Uch Baqaloq ularga ko‘p oltin bergan.

– Yuringlar, Sud maydoniga boramiz! – degan qichqiriqlar eshitildi.

– Bizda qurol yo‘q. Bizda to‘pponchalar ham, qilichlar ham yo‘q. Sud maydonini esa gvardiyachilar uch qavat halqa bilan o‘rab olishgan.

– Askarlar hozircha boylar tomonida xizmat qilishyapti. Ular bizga o‘q otishdi. Mayli! Bugun emas ertaga ular ham biz tomonga o‘tib, o‘z boshliqlariga qarshi bosh ko‘taradilar.

– Halitdan ular biz tomonga o‘tishyapti: bugun kechasi Yulduz maydonida bir gvardiyachi o‘z ofitserini otib tashladi. Shu ishi bilan u gimnastikachi Tibulni o‘limdan asrab qoldi.

– Tibul qayerdaykin hozir? Qochib qutulganmikin?

– Bu ma’lum emas. Gvardiyachilar kechasi bilan to tong pallasigacha ishchilar mahallalariga o‘t qo‘yishdi. Ular Tibulni shu yo‘l bilan topmoqchi bo‘lishdi.

Doktor Gaspar bilan negr tomoshaxonalarga yaqin borishdi. Tomosha hali boshlanmagan edi. Aji-buji rasmlar solingan parda ortidan, to‘siqlar orqasidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar, childirmalarning taraqlagani, naylarning nolasi eshitilar, bir nimalar chiyillar, shitirlar, irillardi. U yerda aktyorlar spektaklga hozirlik ko‘rayotgan edilar.

Parda biroz ochilib, allaqanday bashara mo‘raladi. Bu to‘pponchadan otishda eng mohir mergan hisoblanuvchi ispan edi. Uning mo‘ylovi dikkayib turar, bitta ko‘zi naq soqqadek gir-gir aylanardi.

– A, – dedi u negrni ko‘rib, – sen ham qatnashasanmi tomoshaga? Senga qancha haq to‘lashdi?

Negr indamadi.

– Men o‘nta oltin tanga oldim, – deb maqtandi ispan. U negrni aktyor deb o‘ylagan edi. – Kel, bu yoqqa, – dedi u sirli ohangda pichirlab.

Negr parda oldiga chiqdi. Ispan unga butun sirni aytib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Uch Baqaloq yuzta aktyor yollashibdi, ular bugun bozorlarda tomosha ko‘rsatib, o‘z o‘yinlari bilan boyonlar va mechkaylar hukumatini har jihatdan maqtashlari va ayni paytda, isyonchilarni, qurolsoz Prosperoni va gimnastikachi Tibulni qoralashlari kerak ekan.

– Baqaloqlar fokuschilar, hayvon o‘rgatuvchilar, masxarabozlar, yumuq og‘iz bilan gapiruvchilar, o‘yinchilardan butun-butun truppalar tashkil qilishdi… Hammaga pul berishdi.

– Nahot hamma aktyorlar ham Uch Baqaloqni maqtashga rozi? – deb so‘radi doktor Gaspar.

Ispan barmog‘ini labiga qo‘yib:

– Tss! – deb pichirladi. – Bu to‘g‘rida oshkora gapirib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik bosh tortdi. Ammo bosh tortganlarning hammasini qamoqqa olishdi.

Negr achchig‘i chiqib tupurdi.

Shu mahal musiqa chalindi. Ba’zi tomoshaxonalarda o‘yin boshlandi. Olomon jonlandi.

– Fuqarolar! – deb qichqirardi taxta supa ustida turgan masxaraboz, uning ovozi jo‘jaxo‘roznikiga o‘xshab chiyillab chiqardi. – Fuqarolar! Ruxsat eting sizlarni…

U g‘ovur-g‘uvurning bosilishini kutib gapdan to‘xtadi. Uning yuzidan un to‘kilardi.

– Fuqarolar, ruxsat eting, sizlarni bugungi shodiyona bilan tabriklashga: bugun bizning qimmatli, xushbichim do‘mboqqina Uchta Baqalog‘imizning sodiq jallodlari yaramas isyonchilarning boshlarini chopib tashlaydilar…

U gapini tugata olmadi. Bir usta o‘zi yeb turgan qora nondan bir tishlam sindirib olib, uni masxarabozga qarata otdi. Non masxarabozning og‘ziga tiqinday kirib qoldi.

– M-m-m-m-m-m…

Masxaraboz qancha ming‘illasa ham, hech nima qila olmadi. Yaxshi pishmagan, xom xamir uning og‘ziga qopqoq bo‘lib qolgan edi. Masxaraboz nuqul qo‘llarini silkir, aftini bujmaytirar edi.

– Yaxshi! Boplading! – deb qichqirishdi olomon orasidan.

Masxaraboz to‘siq orqasiga qochib kirib ketdi.

– Ablah! U Uch Baqaloqqa pulga sotilgan! Shuning uchun ham xalqimizning sodiq himoyachilarini yomonlayapti!

Musiqa baralla gumburlay boshladi. Unga yana bir necha orkestr jo‘r bo‘ldi: to‘qqizta surnay, uchta mis karnay, uchta do‘mbira hamda tish og‘rig‘ini qo‘zg‘aydigan bitta skripka.

Tomoshaxonalarning xo‘jayinlari shu musiqa bilan olomonning shovqinini bosmoqchi bo‘lgan edilar.

– Aktyorlarimiz bunaqa non tishlamlaridan qo‘rqib, qochishmasa go‘rga edi, – derdi ulardan biri. – Mayli, o‘zimizni go‘yo hech nimani sezmaganday tutamiz.

– Marhamat! Marhamat! Spektaklni boshlaymiz…

Boshqa bir tomoshaxona «Troya oti» deb atalardi.

Parda oldiga direktor chiqib keldi. Uning boshida yashil movutdan tikilgan cho‘qqisi juda baland shlyapa, ko‘kragiga doira shaklidagi mis tugmalar qadalgan, ikki yuziga juda tirishqoqlik bilan qizil surtilgan edi.

– Chim po‘linglar! – dedi u go‘yo nemischa gapirayotganday talaffuzda. – Chim! Pizning tomoshamiz sisning e’tiboringizg‘a arsiydi.

Odamlar bir qadar tinchlanib quloq sola boshlashdi.

– Pugungi payram munosapati pilan piz pahlavon Lapitupni taklif etganmiz.

– Ti-ti-tu! – deb takrorladi karnay.

Tartarak tarillab, go‘yo qarsak bazmini ifoda etganday bo‘ldi.

– Pahlavon Lapitup o‘z kuchi pilan sislarga mo‘chisalar namoyish qiladi.

Orkestr gumburladi. Parda ochildi. Sahnaga pahlavon Lapitup chiqdi.

Chindan ham pushtirang triko kiygan bu bahaybat yigit juda kuchlidek ko‘rinardi.

U boshini xuddi buqa singari qayirarkan, nuqul pishillardi. Uning mushaklari terisi ostida u yoqdan bu yoqqa yurardi, shuning uchun bilaklari quyon yutgan bo‘g‘ma ilonga o‘xshab ketardi.

Xizmatkorlar qadoqtoshlarni ko‘tarib chiqib, sahnaga tashlashdi. Sahna taxtalari qadoqtoshlarning zalvoridan teshilib keta yozdi. Chang va qipiqlar ko‘tarilib, hamma yoqni qopladi. Butun bozor ahlining fikrini tortdi.

Polvon o‘z san’atini ko‘rsata boshladi. U har qaysi qo‘liga bittadan qadoqtosh olib, ularni xuddi koptokdek osmonga otib yana ilib oldi, keyin yana ikkita qadoqtoshni kuchining boricha bir-biriga urdi… Toshlardan uchqun chaqnadi.

– Mana! – dedi u. – Uch Baqaloq qurolsoz Prospero bilan gimnastikachi Tibulning boshlarini bir-biriga mana shunday urib majaqlab tashlashadi.

Bu polvon ham Uch Baqaloqning oltiniga sotilgan edi.

– Ha-ha-ha! – deb qah-qah urdi u o‘z hazilidan xursand bo‘lib ketib.

Hech kim unga non otishga jur’at eta olmasligini bilardi. Uning qanchalik kuchli ekanligi hammaga yaqqol ko‘rinib turardi.

Shu payt oraga cho‘kkan bir zumlik sukut vaqtida birdan negrning ovozi baralla eshitildi. Xaloyiqning boshi u tomonga o‘girildi.

– Nima deyapsan o‘zi? – deb so‘radi negr oyog‘ini sahna pillapoyasiga qo‘yarkan.

– Aytyapmanki, qurolsoz Prospero bilan gimnastikachi Tibulning boshini Uch Baqaloq bir-biriga xuddi mana shunday jiq-jiq urib, qatig‘ini chiqarib yuboradi.

– O‘chir ovozingni!

Negr past ovoz bilan, xotirjam ohangda, ammo darg‘azab gapirdi.

– Sen o‘zing kimsan, qorayaloq? – dedi achchig‘i chiqqan polvon.

U toshni tashlab, qo‘llarini beliga qo‘ydi.

Negr sahnaga ko‘tarildi.

– Sen juda kuchlisan, lekin qanchalik kuchli bo‘lsang, shunchalik ablah hamsan. Yaxshisi menga ayt, o‘zing kimsan? Xalqni mazax qilishga kim huquq berdi senga? Men seni taniyman. Sen bosqinchining o‘g‘lisan. Otang haligacha zavodda ishlaydi. Singlingning oti Eli. U kir yuvadi. U boylarning kiyimini yuvadi. Ehtimol uni kecha gvardiyachilar otib tashlagandir. Sen bo‘lsang xoinsan!

Polvon hang-mang bo‘lib orqasiga tisarildi. Negr chindanam rost gapirayotgan edi. Polvon hech nimaga tushuna olmay garang edi.

– Qani, jo‘nab qol bu yerdan! – deb baqirdi negr.

Polvon hushini yig‘ib oldi. Uning yuziga qon quyildi. U mushtlarini tugdi.

– Sen menga buyruq bera olmaysan! – dedi u gapirishga qiynalib. – Men seni tanimayman. Sen shaytonsan.

– Tuyog‘ingni shiqillat! Uchgacha sanayman. Bir!

Olomon jim bo‘lib qoldi. Negr Lapitupning yelkasidan kelar va undan uch hissa xipcha edi, lekin agar ular mushtlashishadigan bo‘lsa, negr yengib chiqishiga hech kim shubha qilmasdi, chunki uning qiyofasi shunchalik qat’iy, jiddiy va xotirjam edi.

– Ikki!

Polvon bo‘ynini qisdi.

– Jin ursin! – deb to‘ng‘illadi u.

– Uch!

Polvon g‘oyib bo‘ldi. Ko‘pchilik odamlar hozir dahshatli musht tushishini kutib ko‘zlarini chirt yumib olishgandi, lekin ko‘zlarini ochishganida sahnada polvon yo‘q edi.

U g‘izillagancha sahna orqasiga o‘tib ketgan edi.

– Xalq xuddi mana shunday qilib Uch Baqaloqning dumini tugadi! – sho‘x ohangda dedi negr qo‘llarini ko‘tarib.

Olomon shodlikdan qiyqirardi. Odamlar chapak chalishar va qalpoqlarini osmonga otishardi.

– Yashasin xalq!

– Ofarin! Ofarin!

Faqat doktor Gaspar norozi qiyofada bosh chayqardi. Uning nimadan norozi ekanligi ma’lum emasdi.

– Kim o‘zi bu? Kim ekan? Kim ekan bu negr? – deb bir-birlaridan qiziqsinib so‘rashdi tomoshabinlar.

– Bu ham aktyor ekanmi?

– Uni hech ko‘rmagan edik ilgari.

– Kimsan?

– Nega bizni himoya qilding?

– Ruxsat etinglar! Ruxsat etinglar!

Qandaydir bir juldurvoqi olomon orasini yorib oldinga chiqdi. Bu kecha kechqurun gul sotuvchi qizlar va izvoshchilar bilan gaplashgan gadoning o‘zi edi. Doktor Gaspar uni tanidi:

– Ruxsat etinglar! – dedi gado hayajonlanib. – Axir bizlarni laqillatishyapti-ku, nahot ko‘rmayotgan bo‘lsangizlar? Bu negr ham polvon Lapitupga o‘xshagan aktyor-da. Urug‘i bir. Bu ham Uch Baqaloqdan pul olgan.

Negr mushtlarini tugdi.

Olomonning shodligi nafratga aylandi.

– To‘g‘ri! Bir ablah ikkinchi ablahni haydab chiqardi.

– U o‘rtog‘ining po‘stagini qoqishimizdan qo‘rqib, mana shunaqa nayrang ko‘rsatdi.

– Yo‘qol!

– Yaramas!

– Sotqin!

Doktor Gaspar bir nima demoqchi, olomonning g‘azabini bosmoqchi bo‘ldi-yu, lekin kechikdi. Yigirmatacha odam sahnaga otilib chiqib, negrni o‘rab oldi.

Uringlar uni! – deb chiyilladi bir kampir.

Negr qo‘lini cho‘zdi. U xotirjam edi.

– To‘xtanglar!

Uning ovozi odamlarning qiyqiriqlari, shovqini va hushtaklarini ham bosib ketdi. Hamma jim bo‘lib qoldi, mana shu tinchlikda negrning xotirjam va soddagina ovozi yangradi:

– Men gimnastikachi Tibulman.

Hamma birdan nima qilishini bilmay sarosimaga tushib qoldi.

Uni qurshab olgan xaloyiq halqasi buzildi.

– Ah! – deb yengil tortdi hamma.

Yuzlab kishilar birdaniga og‘izlarini ochgancha angrayib qolishdi.

Faqat kimdir parishonlik bilan so‘radi:

– Nega bo‘lmasa qorasan?

– Buni endi doktor. Gaspar Arneridan so‘ranglar, – shunday deb negr jilmaygancha doktorga ishora qildi.

– To‘g‘ri, bu – u!

– Tibul!

– Tibul!

– Ura! Tibul omon ekan! Tibul tirik ekan! Tibul biz bilan!

– Yashas…

Lekin bu hayqiriq uzilib qoldi. Mutlaqo kutilmagan va ko‘ngilsiz bir voqea sodir bo‘ldi. Orqa qatordagilar bezovta bo‘la boshladilar. Odamlar har tomonga tarqala boshlashdi.

– Jim! Jim!

– Qoch, Tibul, vaqt g‘animatda!

Bozor maydoniga uchta otliq bilan bir kareta kirib kelgan edi.

Bu ikki nafar gvardiyachi kuzatuvida kelayotgan saroy gvardiyasi kapitani graf Bonaventura edi. Karetada esa saroy mansabdori valiahd Tuttining buzilgan qo‘g‘irchog‘ini olib o‘tirardi. Qo‘g‘irchoq o‘zining kalta kokilli chiroyli boshini mansabdorning yelkasiga g‘amgin qo‘ygan edi.

Bu odamlar doktor Gasparni qidirib yurishgan edi.

– Gvardiyachilar! – deb kimdir dod soldi.

Bir necha kishi devordan oshib juftakni rostlab qoldi.

Qora kareta to‘xtadi. Otlar boshlarini tinmay chayqardilar. Ularning afzallari jaranglar va yaltirardi. Shamol afzallarga qadalgan moviy patlarni hilpiratardi.

Otliqlar karetani qurshab olishdi.

Kapitan Bonaventuraning ovozi judayam qo‘rqinchli edi. Agar skripka tish og‘rig‘ini qo‘zg‘atsa, kapitanning ovozini eshitgan odam o‘zini xuddi tishi qoqib olinayotganday his qilardi.

Kapitan uzangiga oyoq tirab turib olomondan so‘radi:

– Doktor Gaspar Arnerining uyi qayerda?

U otining jilovidan tortib turardi. Qo‘llariga dag‘al teridan tikilgan og‘zi keng qo‘lqop kiygan edi.

Bu savol bir kampirga qaratilgan edi; kampir turgan yerida gir aylandi-da, qo‘rqa-pisa qo‘li bilan noma’lum tomonni ko‘rsatdi.

– Qayerda? – deb dag‘dag‘a bilan savolini takrorladi kapitan.

Bu safar uning ovozi shunday gumburlab ketdiki, odamlarning vujudi xuddi bitta tishi qoqib olinganday emas, balki butun bir jag‘i sindirib olinganday zirqirab ketdi.

– Men shu yerdaman. Kim meni so‘rayapti?

Odamlar orani ochishdi. Doktor Gaspar bamaylixotir yurib, kareta oldiga bordi.

– Doktor Gaspar Arneri siz bo‘lasizmi?

– Doktor Gaspar Arneri menman.

Kareta eshigi ochildi.

– Darhol karetaga chiqing. Sizni uyingizga olib borishadi, hamma gapni o‘sha yerda eshitasiz.

Boreytor99
  Karetalarning orqasidagi maxsus supachada tikka turib boruvchi xizmatkor.


[Закрыть]
kareta orqasidan sakrab tushib, doktorning chiqishiga ko‘maklashdi. Eshik qars etib yopildi.

Otliqlar va kareta ko‘chani changitib jo‘nab ketdi. Bir daqiqadan keyin ular muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

Kapitan Bonaventura ham, gvardiyachilar ham olomon orasiga yashiringan gimnastikachi Tibulni ko‘rmadilar. Ko‘rishganida ham, baribir, kecha tunda qidirishgan odam shu negr ekanligini bila olmagan bo‘lardilar;

Shu bilan falokat ariganday bo‘ldi. Lekin shu mahal kimdir birdan ichiqoralik bilan ilondek vishilladi.

Polvon Lapitup surp bilan sirilgan to‘siq orqasidan boshini chiqarib, pichirladi:

– Xap sanimi… shoshmay tur, oshna! – U Tibulga kattakon mushtumini do‘laytirdi: – Shoshmay tur, men hozir gvardiyachilarning orqasidan quvib yetib, sening shu yerda ekanligingni aytib beraman!

Shundan keyin u to‘siqdan oshib tushdi. To‘siq uning so‘qim gavdasini ko‘tara olmay, xuddi o‘rdakka o‘xshab g‘ag‘illab sinib tushdi.

Polvon taxta teshigiga kirib qolgan oyog‘ini sug‘urib olib, odamlar orasini yorib, hammani turtib-surib kareta orqasidan yugurib ketdi.

– To‘xtanglar! – deb baqirardi u chopib borarkan, g‘o‘laday-g‘o‘laday keladigan yalang‘och qo‘llarini siltab. – To‘xtanglar! Gimnastikachi Tibul topildi! Gimnastikachi Tibul shu yerda! Uni men qo‘lga tushirdim!

Vaziyat og‘irlasha boshlagan edi. Bu ham yetmaganday, oraga boyagi bir ko‘zi soqqadek chir-chir aylanuvchi ispan suqildi; uning kamariga pistolet qistirilgan, ikkinchi to‘pponchani esa qo‘lida ushlab turardi. U taxta supaga chiqib olib irg‘ishlarkan, shovqin solib bozorni boshiga ko‘tardi.

– Fuqarolar! Tibulni gvardiyachilarga tutib berishimiz kerak, bo‘lmasa holimiz yomon bo‘ladi. Fuqarolar, Uch Baqaloqlar bilan murosani yomonlab bo‘lmaydi! – deb baqirardi u.

Uning gapiga tomoshaxonaning direktori ham qo‘shildi; polvon Lapitup boya shu direktorning sahnasida sharmanda bo‘lgan edi.

– Tibul mening spektaklimni buzdi! U polvon Lapitupni sahnadan haydab yubordi! Men Uch Baqaloq oldida bu qorayaloq uchun javob berishni istamayman!

Olomon Tibulni o‘z himoyasiga oldi.

Polvon gvardiyachilarga yeta olmadi. U yana bozor maydonida paydo bo‘ldi. Endi u zing‘illagancha to‘ppa-to‘g‘ri Tibul tomonga yugurib kelardi. Ispan sahnadan sakrab tushib, ikkinchi to‘pponchasini ham kamaridan sug‘urib oldi. Tomoshaxona direktori allaqayerdan oq qog‘oz qoplangan doira ko‘tarib chiqdi: sirklarda, odatda, o‘rgatilgan itlar mana shunaqa doira ichidan sakrab o‘tishardi. Direktor mana shu doirani qo‘lida siltagancha, oqsoqlanib ispan orqasidan pastga sakrab tushdi.

Ispan to‘pponchaning tepkisini ko‘tardi.

Tibul uchun qochishdan boshqa chora qolmagan edi.

Olomon unga yo‘l berdi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas maydonda Tibulning qorasi ko‘rinmay qoldi. U taxta devordan oshib tushdi va o‘zini polizda ko‘rdi. U devor tirqishidan mo‘ralagan edi, polvon, ispan va direktorlarning shu poliz tomonga yugurib kelishayotganini ko‘rdi. Bu juda kulgili manzara edi. Tibul kulib yubordi. Polvon xuddi quturgan filga o‘xshab chopib kelar, ispan orqa oyoqlarida turib sakrayotgan kalamushga o‘xshar, direktor bo‘lsa, oyog‘iga o‘q tekkan qarg‘aga o‘xshab hakkalab chopardi.

– Biz seni tiriklayin qo‘lga olamiz! – deb qichqirishardi ular. – Taslim bo‘l!

Ispan ham to‘pponchasining tepkisini shaqillatar, ham tishlarini takillatardi. Direktor qo‘liga ko‘tarib olgan qog‘oz doirani silkitardi.

Tibul esa bu tomonda ularning hujumini kutib shay bo‘lib turardi. U turgan yer xamirday yumshoq qora shudgor edi. Hamma yoq jo‘yak edi. Bu yerda karam, lavlagi o‘sar, qandaydir yashil novdalar pechak o‘tdek poyalarga chirmashgan, shapaloqdek-shapaloqdek barglar yoyilib yotar edi.

Bular hammasi shamoldan tebranar edi. Moviy beg‘ubor osmondan shishadek tiniq, nur yog‘ilib turardi.

Jang boshlandi.

Uchala dushman devor tagiga yetib keldi.

– Shu yerdamisan? – deb so‘radi polvon.

Hech qanday tovush eshitilmadi.

Endi ispan gap boshladi:

– Taslim bo‘l! Mening ikki qo‘limda ikkita to‘pponcha bor. Ikkoviniyam «Tovlamachi va uning o‘g‘li» deb yuritiluvchi firma ishlagan. O‘zim mamlakatda eng zo‘r merganman, tushundingmi?

Tibul to‘pponcha otish san’atidan bexabar edi. Undan keyin, uning to‘pponchasi ham yo‘q edi, lekin hozir uning qo‘li ostida yoki aniqroq qilib aytiladigan bo‘lsa, oyog‘i ostida karam boshlari g‘ij-g‘ij edi. U engashib dum-dumaloq va kattagina bir karamni sug‘urib oldi-da, devordan oshirib otdi. Karam borib to‘ppa-to‘g‘ri direktorning qorniga tegdi. Keyin ikkinchi, uchinchi karam boshlari dushman ustiga yog‘ila boshladi. Karamlar xuddi bombalardek portlardi.

Dushmanlar sarosimaga tushib qolishdi.

Tibul to‘rtinchi karamni uzgani engashdi. U karamni ushlab kuchining boricha tortsa ham, uni sug‘urib olishga kuchi yetmadi – karam joyidan hech qo‘zg‘almasdi deng. Bu ham yetmagandek, u karam odamga o‘xshab tilga kirdi:

– Bu karam boshi emas, mening kallam. Men sharfurushman. Men Uch Baqaloq Qasridan qochib yer osti yo‘lagiga tushdim, keyin bu yerga kelib qoldim. Bu yo‘lning boshi kastryul ichida, oxiri shu yerda ekan. Bu yer osti yo‘lagi achchig‘ichakka o‘xshab rosa cho‘zilib kelgan ekan o‘ziyam…

Tibul quloqlariga ishonmadi: buni qarangki, karam boshi o‘zini odam boshi deb atayotgan edi!

Shunda u engashib, oyog‘i ostidagi mo‘jizaga qaradi. Shundan keyingina u ko‘zlariga ishonishga majbur bo‘ldi. Dor ustida yuradigan odamning ko‘zlari hech qachon aldamaydi.

Darhaqiqat, Tibul ko‘rgan narsa karam boshiga mutlaqo o‘xshamas edi. U o‘z oyog‘i ostida sharfurushning tovoqdek basharasini ko‘rdi. Bu bashara hali ham biqiniga dastorgul rasmi solingan, jo‘mragi ingichka choynakka o‘xshardi.

Sharfurushning boshi yerdan chiqib turar, hammayog‘i loy, egat esa uning bo‘ynini xuddi qora yoqadek o‘rab olgan edi.

– Salom! – dedi Tibul.

Sharfurush unga soqqadek-soqqadek ko‘zlarini tikdi, ko‘zlarida nafis osmonning aksi ko‘rindi.

– Men oshpaz bolalarga sharlarimni berdim, ular shu sharlar evaziga meni qasrdan chiqarib yuborishdi. Darvoqe, ana o‘sha sharlardan bittasi uchib ketyapti…

Tibul boshini ko‘tarib, juda-juda balandda ko‘zni qamashtirgudek moviy osmonda kichkinagina zarg‘aldoqrang sharning uchib yurganini ko‘rdi.

Bu oshpaz bolalar uchirib yuborgan sharlardan bittasi edi.

Devorning narigi tomonida turib, hujum qilish rejasini ko‘zlayotgan uchta odam ham osmondagi sharni ko‘rdi. Ispan hamma narsani unutib yubordi. U bo‘yi baravar irg‘ishlab, soqqasimon ko‘zini chir-chir aylantirdi-da, sharni nishonga ola boshladi. Merganlik bo‘lsa o‘zini tomdan tashlaydigan odam edi u.

– Qaranglar, – deb chinqirdi u, – o‘n qavatli imoratdan ham balandda bir bema’ni shar uchib ketyapti! O‘n tilladan garov o‘ynaymanki, men uni urib tushiraman. Mendan zo‘r mergan yo‘q bu mamlakatda.

Garchi ispan bilan garov o‘ynashni hech kim xohlamagan bo‘lsa ham, bu hol uning hafsalasini susaytirmadi. Polvon bilan direktorning achchig‘i chiqdi.

– Eshshak! – deb o‘kirdi polvon. – Eshshak! Hozir sharni mo‘ljalga oladigan paytmi? Eshshak! Biz Tibulni qo‘lga olishimiz kerak. O‘qlaringni bekorga sarflama.

Ispanga bu gaplar kor qilmadi. Bu mergan uchun shar judayam qiziqarli nishon edi. Ispan o‘zining o‘ynoqi ko‘zini yumib nishonni mo‘ljalga ola boshdadi. U shu mo‘ljalga olish bilan band paytida Tibul sharfurushni yer bag‘ridan tortib oldi. O, bu juda qiyomat manzara edi! Sharfurushning egniga yopishmagan narsa qolmagan edi! Kremning ham, qiyomning ham qoldig‘i, loy parchalari ham, yulduz shaklidagi nafis sukatlar ham yopishgan, sachragan edi uning hamma yog‘iga.

Tibul shar sotuvchini xuddi shisha og‘zidan tiqinni tortib olganday sug‘urib olgan yerda qop-qora o‘ra paydo bo‘ldi. Bu o‘raga tuproq to‘kildi, to‘kilgan tuproqning ovozi pastdan xuddi izvoshning brezent tomiga yoqqan do‘lga o‘xshab eshitildi.

Ispan o‘q uzdi. Lekin sharga tekkiza olmadi, albatta. Evoh! O‘q o‘z direktorining yashil shlyapasiga tegdi, bu shlyapa ham cherkovning qo‘ng‘iroqxonasichalik baland edi.

Tibul bu paytdan foydalanib, polizning narigi boshidagi devordan oshib qocha boshladi.

O‘q tekkan yashil shlyapa direktor boshidan tushib ketib, xuddi samovar karnayidek dumalab ketdi. Ispan judayam qattiq izza bo‘ldi: eng zo‘r mergan degan sha’niga dog‘ tushgan edi! Bu ham yetmagandek, direktorning ham undan ixlosi qaytgan edi.

– Voy, kasofat-e! – Direktorning xunobi chiqib ketdi va g‘azablanganidan nafasi og‘ziga tiqilib, qo‘lidagi qog‘oz doirani ispanning boshiga kiydirdi. Doira tarillab yirtildi, buning natijasida ispanning bo‘ynini arrasimon qog‘oz yoqa o‘radi.

Birgina Lapitup bu mojaroga aralashmadi. Lekin o‘q ovozi tevarak-atrofdagi itlarni bezovta qilib qo‘ygan edi. Bitta it qayerdandir otilib chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri polvon tomonga g‘izillab kelaverdi.

Lapitup faqat:

– Kimning joni shirin bo‘lsa qochib qolsin! – deb baqira oldi, xolos.

Uchovlari ham tiraqaylab qocha boshlashdi.

Yolg‘iz sharfurush joyida qoqqan qoziqdek turib qolgan edi. U devor boshiga chiqib olib tevarak-atrofga ko‘z tashladi. «Uch og‘ayni botirlar» yam-yashil qiyalikdan pastga o‘mbaloq oshib tushib ketishdi. Lapitup it tishlagan yo‘g‘on boldirini ushlagancha bir oyoqda hakkalab borardi, direktor daraxtga chiqib olgan va xuddi boyqushga o‘xshab xurpayib osilib turardi, ispan esa qog‘oz doira kiydirilgan boshini har tomonga burib, nuqul orqasidan quvib kelayotgan itga o‘q uzardi-yu, lekin otgan o‘qi har safar poliz qo‘riqchisiga borib tegardi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации