Текст книги "Уч бақалоқ"
Автор книги: Юрий Олеша
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 7 (всего у книги 11 страниц)
IX BOB
ISHTAHASI YAXSHI QO‘G‘IRCHOQ
Valiahd Tutti shiyponda turardi. Geografiya o‘qituvchisi esa durbin orqali tikilardi. Valiahd Tutti kompas olib kelishlarini talab qilardi. Lekin buning hech hojati yo‘q edi.
Valiahd Tutti qo‘g‘irchoqni olib kelishlarini kutayotgan edi.
U qattiq hayajonlanganidan bugun kechasi bilan mast uyquda qotib uxlab, shirin tush ko‘rib chiqqan edi.
Shahar darvozasidan Qasrga keladigan yo‘l bu yerdan yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Shahar uzra ko‘tarilgan quyosh shu’lasi olisni ko‘rishga xalaqit qilardi. Valiahd Tutti kaftini ko‘ziga soyabon qilib turarkan, burni qichib aftini bujmaytirar va aksa urish mumkin emasligidan afsuslanardi.
– Hali hech kim ko‘rinmayapti, – derdi geografiya o‘qituvchisi. Bu odam o‘z mutaxassisligi bo‘yicha fazo, ufq, harakat qiluvchi nuqtalar va hokazolarga hammadan yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham bunday mas’uliyatli ishni unga topshirishgan edi.
– Balki ko‘rinayotgandir? – deb tixirlik qilardi Tutti.
– Men bilan bahslashmang. Menda durbindan bo‘lak yana bilim, buyumlar haqida aniq tasavvur bor. Men yasmin butasini ko‘ryapman, bu o‘simlikning oti lotin tilida judayam chiroyli, ammo esda saqlab qolish qiyin. Undan narida ko‘priklarni, gvardiyachilarni ko‘ryapman, ular atrofida kapalaklar uchib yuribdi, undan u yog‘iga yo‘l cho‘zilib ketgan… Avf etasiz! Avf etasiz!..
U durbinni buray boshladi. Valiahd Tutti oyoq uchiga turdi. Uning yuragi xuddi dars tayyorlamagan paytidagidek dukillab, nafasi halqumiga tiqildi.
– Ha, – dedi o‘qituvchi.
Xuddi shu mahal uch nafar otliq Qasr bog‘i tomondan yo‘l tomon yura boshladi. Bu kapitan Bonaventura bilan ikki soqchi edi, ular yo‘lda ko‘ringan izvosh tomon ot choptirib ketishdi.
– Ura! – deb valiahd shunaqa qattiq chinqirdiki, hatto olis qishloqlardagi g‘ozlar eshitib, «g‘a-g‘a»lab yuborishdi.
Pastda shiypon ostida gimnastika o‘qituvchisi, mabodo valiahd qattiq suyunganidan shiypon to‘sig‘i osha pastga yiqilib tushgudek bo‘lsa, uni ilib olishga shay bo‘lib turardi.
Shunday qilib, doktor Gasparning izvoshi Qasr tomon uchib kelardi. Uni ko‘rish uchun endi durbinning ham, geografiya o‘qituvchisi ilmiy mulohazalarining ham keragi yo‘q edi. Izvoshni ham, unga qo‘shilgan oq otni ham endi hamma ko‘rib turardi.
Baxtli daqiqa! Izvosh eng so‘nggi ko‘prik oldida to‘xtadi. Gvardiyachi soqchilar chetlanib, unga yo‘l ochdilar. Valiahd ikkala qo‘lini silkib dik-dik sakrarkan, oltinrang soch tolalari silkinardi. Mana u nihoyat muhim narsani ko‘rdi: kichkinagina bir odam chollarga o‘xshab inqillab-sinqillab izvoshdan tushdi. Gvardiyachilar shamshirlari bandidan ehtirom bilan ushlab, chest berishgancha sal nariroqda turishardi. Kichkina odam izvoshdan ajoyib qo‘g‘irchoqni oldi, u yangi uzilgan, tasmalar bilan bog‘langan bir dasta atirgulga o‘xshardi.
Bu manzara zangori tusga kirayotgan ertalabki osmon ostida, yal-yal tovlanayotgan o‘t-o‘lanlar va oftob shu’lasida g‘oyatda jozibali ko‘rinardi.
Yana bir daqiqadan keyin qo‘g‘irchoq Qasr ichida paydo bo‘ldi.
Uchrashuv quyidagicha yuz berdi.
Qo‘g‘irchoq birovning yordamisiz o‘zi yura boshladi.
O, Suok o‘z rolini juda yaxshi ijro etayotgan edi! Mabodo u haqiqiy qo‘g‘irchoqlar davrasiga tushib qolgandami, qo‘g‘irchoqlar uni ham o‘z toifasidan deb tan olgan bo‘lardilar.
Suok xotirjam edi. Chunki u o‘z rolini yaxshi ijro etayotganini sezardi.
«Bundan ham og‘ir ishlar bo‘ladi, – deb o‘ylardi u, – masalan, yonib turgan chiroq bilan jonglyorlik qilish yoki havoda ikki marta o‘mbaloq oshib tushish…»
Lekin Suok sirkda unisini ham, bunisini ham juda ko‘p marta bajargan edi.
Xullas, Suok hozir ham qo‘rqmayotgan edi. Bu o‘yin unga hatto xush yoqayotgan edi. Lekin doktor Gaspar uncha-muncha bezovta bo‘layotgan edi. U Suokning ketidan borardi. Suok xuddi balerinadek oyoq uchida mayda-mayda qadam tashlab yurardi. Egnidagi ko‘ylagi hilpirar, shitirlardi.
Bog‘et pol yaraqlaydi. Suokning polga tushayotgan aksi xuddi pushtirang bulutga o‘xshab ko‘rinadi. Bu zallar bog‘et polning yaraqlashidan judayam baland, ko‘zgu oynalarining ko‘pligidan esa shunaqangi keng bo‘lib ko‘rinardiki, bu hashamatli joyda Suok yanayam kichkina bo‘lib qolgan edi.
Bu manzarani kuzatgan odam, ulkan va sokin ko‘l sathida jajjigina gul savatchasi suzib yuripti, deb o‘ylashi mumkin edi.
Suok soqchilar yonidan, unga mahliyo bo‘lib baqrayib turgan charm va temir sovut kiygan odamlar yonidan, o‘z umrlarida birinchi marta jilmayayotgan mansabdorlar yonidan xushchaqchaq tabassum bilan o‘tib borardi.
Ular Suokka yo‘l bo‘shatishardi, go‘yo u o‘z huquqini qo‘lga olayotgan bu Qasrning hokimasi edi.
Shu mahal saroyga shunday sukut cho‘kdiki, Suokning bamisoli gul bargi yerga tushganda chiqadigan sasdek mayin qadam tashlashi ham eshitila boshladi.
Yuqoridan, rosa keng zinadan esa xuddi Suok singari kichkinagina va yasangan valiahd Tutti qo‘g‘irchoq istiqboli sari tushib kela boshladi.
Ularning bo‘ylari bab-baravar edi.
Suok to‘xtadi.
«Valiahd Tutti hali shu ekan-da!» deb o‘yladi u ichida. Ozg‘ingina, qo‘yko‘z va biroz ma’yus qiyofadagi bola sochlari paxmaygan boshini xiyol egib Suok qarshisida turardi, u ko‘rinishidan qaysar qizchaga judayam o‘xshab ketardi.
Suok Tuttining kimligini bilardi. Suok Uch Baqaloqning ham qanaqa odamlar ekanligini bilardi. Uch Baqaloq mamlakatdagi qashshoq va och-yalang‘och xalqning mehnati bilan topilgan barcha temir, barcha ko‘mir, barcha g‘allani tortib olishgan edi. Suok bir paytlar o‘z malaylarini unga gijgijlagan aslzoda kampirni ham unutmagan edi. Bular hammasining urug‘i bir ekanligini Suok yaxshi bilardi: Baqaloqlar, aslzoda kampirlar, oliftalar, baqqollar, gvardiyachilar – xullas, qurolsiz Prosperoni temir qafasga solib qo‘ygan va uning do‘sti gimnastikachi Tibulni izlab yurgan odamlarnnng hammasi bir toifadan ekanligini Suok juda yaxshi bilardi.
U saroyga borayotganida valiahd Tutti ko‘zimga o‘sha aslzoda shum kampirga o‘xshab jirkanch bo‘lib ko‘rinsa kerag-u, faqat bir jihatdan – uzun va bigizdek ingichka qizil tili doim osilib turishi bilan – kampirdan farq qilsa kerak, deb o‘ylagan edi.
Lekin Tuttini ko‘rganida qizcha undan aslo jirkanmadi: aksincha, Tuttini ko‘rib hatto ko‘ngli birmuncha yorishib ketdi.
Suok bu bolaga sho‘x qo‘yko‘zlarini tikib turardi.
– Bu senmisan, qo‘g‘irchoq? – deb so‘radi valiahd Tutti qo‘llarini cho‘zib.
«Nima qilsam ekan? – deb qo‘rqib ketdi Suok. Qo‘g‘irchoqlar gapirmaydi-ku! Voy, meni ogohlantirishmagan ekan-u!.. Gvardiyachilar qiymalab tashlagan oldingi qo‘g‘irchoq o‘zini qanday tutgani menga noma’lum…»
Lekin shu choq doktor Gaspar gapga aralashib, qizchani mushkul ahvoldan qutqardi.
– Valiahd janoblari, – dedi u tantanali ohangda, – men qo‘g‘irchog‘ingizni davolab tuzatdim. Ko‘rib turibsizki, uni tiriltiribgina qolmay, yana unga g‘oyatda ajib hayot baxsh etdim. Qo‘g‘irchoq, shubhasiz, chiroyli bo‘lib ketdi, undan keyin, u yangi juda go‘zal ko‘ylak kiydi va nihoyat, eng muhimi – men qo‘g‘irchog‘ingizni gapiradigan, qo‘shiq aytadigan hamda raqs tushadigan qildim.
– Qanday yaxshi! – ohistagina dedi valiahd.
«O‘zimni ko‘rsatadigan payt keldi», deb o‘yladi Suok.
Ana shundan keyin Brizak amakining sayyor truppasida xizmat qilgan kichkina aktrisa yangi sahnada birinchi marta yangi rol o‘ynay boshladi.
Bu sahna Qasrdagi eng katta zal edi. Bu yerga juda ko‘p tomoshabin to‘plangan edi. Ular hamma yerga: zina boshlariga, yo‘laklarga, boloxonalarga tiqilib ketishgan edi. Ular doirasimon derazalardan kirishar, balkonlarni to‘ldirishar, yaxshiroq ko‘rish va eshitish uchun ustunlarga tirmashib chiqishardi.
Oftobning charog‘on shu’lasida odamlarning son-sanoqsiz boshlari va rang-barang yelkalari yal-yal tovlanardi.
Tirjaygan, jilmaygan behisob chehra va basharalar Suokka tikilib turishardi.
Tarvaqaylagan panjalaridan xuddi daraxt yelimidek qizil sharbat yoki jigarrang yog‘ chak-chak tomayotgan oshpazlar; xo‘roz qiyofasiga kirgan maymunlarga o‘xshab ketuvchi rang-barang, guldor mundirlar kiygan Ministrlar; tor-tor frak kiygan kichkina va lo‘ppigina musiqachilar; saroy xonimlari va kibor yigitlar; bukur doktorlar-u, burni uzun olimlar; sochlari hurpaygan yugurdak malaylar; yasan-tusanda Ministrlardan qolishmaydigan saroy a’yonlari…
Mana shu odamlarning hammasi yopishib, tirmashib olish mumkin bo‘lgan hamma yerga xuddi pashshadek yopishib olishgan edi.
Hamma jim edi. Hamma odamlar nafaslarini ichlariga yutib bu jajjigina pushtirang vujudga tikilib turardilar, u esa o‘n ikki yoshli qizchaga xos salobat va xotirjamlik bilan tomoshabinlarga ko‘z tashlardi. U hech ham cho‘chimadi. Chunki bu yerga yig‘ilgan tomoshabinlar har kuni bozor maydonlarida Suokning o‘yinini ko‘ruvchi tomoshabinlarga o‘xshash talabchan emas edilar. O, maydondagi u tomoshabinlar: bekorchilar, askarlar, aktyorlar, maktab bolalari, kichkina chayqovchi bolalar – ular judayam jiddiy tomoshabinlar edi-da! Suok hatto o‘shalardan ham cho‘chimas edi. Ular doim:
– Suok – dunyoda eng zo‘r aktrisa!.. – deb aytishardi.
Shunday deb turib, kissalaridagi eng oxirgi chaqalarini Suok yozib qo‘ygan sholchaga tashlardilar. Lekin shu chaqa ham hazilakam pul emas edi – unga jigar somsa sotib olish mumkin ediki, bunaqa somsa paypoq to‘quvchi kambag‘al ayol uchun ham nonushta, ham tushlik, ham kechki ovqat o‘rniga o‘tardi.
Shunday qilib, Suok o‘zining qo‘g‘irchoqlik rolini chinakamiga ijro etishga kirishdi.
U oyoq uchlarini kerib, shu oyoq uchlarida turdi, tirsagidan bukilgan qo‘llarini yuzigacha ko‘tardi va xitoy mandariniga1313
Mandarin – qadimgi Xitoyda katta amaldor (tarj.).
[Закрыть] o‘xshab jimjiloqlarini o‘ynatganicha qo‘shiq ayta boshladi. Ayni paytda u qo‘shiq ohangiga moslab boshini goh o‘ng, goh chap tomonga chayqardi.
Suok noz bilan mug‘ambirona jilmayar, lekin har doim ko‘zlarini hamma qo‘g‘irchoqlarnikiga o‘xshatib katta-katta ochib turishga harakat qilardi.
U bunday deb qo‘shiq aytardi:
G‘ayrioddiy ilm-amal bilan
Doshqozonga purkab olovlar,
Tiriltirdi meni daf’atan
Doktorimiz – kuyunchak Gaspar.
Boqqin: mana, otyapman xandon,
Tuymoqdaman havoning totin.
Menga qayta nisor bo‘ldi jon,
Qaytdi tag‘in quvnoq hayotim.
Umrim bo‘yi senga intildim
Va yo‘llarda adashdim ko‘p bor!..
Yodingda tut: munis singlingning
Ismi – Suok, unutma zinhor!
Tag‘in hayot quchdi tanimni
Va uyquga cho‘mib karaxt, lol,
Sening men-chun yig‘laganingni
Tushlarimda ko‘roldim yaqqol!
Qara; pir-pir uchar kiprigim,
Kokillarim o‘ynadi takror.
Yodingda tut: navnihol singling
Ismi – Suok, unutma zinhor!
– Suok, – deya ohista takrorladi Tutti. Uning ko‘zlariga g‘ilt-g‘ilt yosh keldi, shunga ko‘ra ko‘zlari ikkita emas, to‘rttaga o‘xshab ko‘rinardi.
Qo‘g‘irchoq qo‘shig‘ini aytib bo‘lgach, tizzalarini bukib ta’zim qildi. Butun zal hayratga kelib, chuqur tin oldi. Hamma harakatga kelib boshlarini irg‘ita, tomoqlarini taqillata boshlashdi.
Darhaqiqat, qo‘shiq ohangi nihoyatda latofatli edi, garchi bunday yosh xonanda uchun bu qo‘shiq bir qadar mungli bo‘lsa ham, lekin qizchaning ovozi xuddi kumush yoki billur kekirdakdan chiqayotganday juda nafis jaranglardi.
Shu choq dirijyorning:
– U misoli farishtadek kuyladi, – degan ovozi sukutga tolgan zalda jaranglab eshitildi.
– Faqat qo‘shig‘i sal alomatroq ekan, – dedi qandaydir mansabdor ordenlarini shiqillatib.
Shu bilan tanqid ham tugadi. Zalga Baqaloqlar kirib kelishdi. Shuncha odamning bir yerga to‘plangani ularga xush yoqmasligi mumkin edi. Shuning uchun hamma odamlar eshiklar tomon otilishib, tarqala boshlashdi. Bu to‘s-to‘polonda oshpaz malina sharbati yuqli panjalarini qandaydir go‘zal xonimning yelkasiga muhr qilib bosib oldi. Go‘zal xonim chiyillab yuborgan edi, jag‘i yasama ekanligi ma’lum bo‘ldi, chunki o‘sha jag‘i og‘zidan tushib ketgan edi. Xo‘ppa semiz gvardiya kapitani mana shu chiroyli jag‘ni beso‘naqay va qo‘pol etigining poshnasi bilan bosib majaqlab yubordi.
«Qars-qurs» etgan ovoz eshitildi va bu shovshuv qulog‘iga chalingan seremoniymeyster1414
Seremoniymeyster – podshohlarning saroylarida o‘tkaziladigan har xil marosimlarni boshqaruvchi amaldor.
[Закрыть] orqasiga o‘girildi-da, koyinib qo‘ydi.
– Bu qanday bema’nilik! Hamma yoqqa yong‘oq to‘kishyapti! Oyoq ostida qisirlayapti!
Jag‘idan judo bo‘lgan go‘zal xonim dod solib chinqirmoqchi bo‘ldi va hatto buning uchun qo‘llarini ham ko‘tardi, lekin ming afsuski, u jag‘i bilan birga ovozidan ham ayrilgan edi. U faqat lablarini shapillatib allaqanday noaniq gaplarni yamlanib ayta oldi, xolos.
Bir daqiqadan keyin zalda mas’ul kishilardan bo‘lak bironta ham ortiqcha odam qolmagan edi.
Mana shunda Suok bilan doktor Gasparni Uch Baqaloqqa tanishtirdilar.
Baqaloqlarning kechagi voqealardan bezovta bo‘lganlari hech sezilmasdi. Ular hozirgina bog‘da navbatchi vrach kuzatuvida koptok o‘ynab qaytgan edilar. Bu o‘yin toza havodan nafas olish maqsadida uyushtirilgan edi. Hozir ular juda charchashgan edi. Ularning ter bosgan yuzlari yiltillardi. Ko‘ylaklari terlagan yelkalariga yopishib qolgan edi, ularning yelkalari esa shamol shishirgan yelkanlarga o‘xshab ketardi. Baqaloqlardan birining ko‘z osti ko‘kargan bo‘lib, mo‘mataloq bo‘lgan yeri xunuk bir gul yoki chiroyli qurbaqa shaklida edi. Ikkinchi Baqaloq mana shu xunuk gulga qo‘rqa-pisa qarab-qarab qo‘yardi.
«Anavining ko‘z ostini koptok bilan ko‘kartirgan mana shu bo‘lsa kerak», deb o‘yladi Suok.
Jabrlangan Baqaloq jaholat bilan pishillardi. Doktor Gaspar parishon holda jilmayib turar edi. Baqaloqlar churq etmasdan qo‘g‘irchoqni ko‘zdan kechirdilar. Valiahd Tuttining xushchaqchaq qiyofasi Baqaloqlarning ham kayfiyatini chog‘ qildi.
– Xo‘sh-sh, – dedi ulardan biri, – doktor Gaspar Arneri siz bo‘lasizmi?
Doktor ta’zim qildi.
– Xo‘sh, qalay qo‘g‘irchoq? – deb so‘radi Ikkinchi Baqaloq.
– Judayam ajoyib! – deb yubordi Tutti.
Baqaloqlar uni hech qachon bunaqa yaxshi kayfiyatda ko‘rmagan edilar.
– Juda soz! Qo‘g‘irchoqning ko‘rinishi chindanam yaxshi…
Birinchi Baqaloq kafti bilan peshonasining terini artdi, jahl bilan tomoq qirib qo‘ydi va dedi:
– Doktor Gaspar, siz bizning farmonimizni bajardingiz. Endi shu xizmatingiz evaziga mukofot talab qilishingiz mumkin.
Oraga jimlik cho‘kdi.
Boshiga malla parik kiygan jikkakkina kotib doktorning talabini yozishga shaylanib patqalam ushlab turardi.
Doktor o‘z iltimosini bayon qila boshladi:
– Kecha Sud maydonida isyonchilarni qatl etish uchun o‘nta qatl kundasi o‘rnatishdi…
– Ularni bugun qatl etishadi, – deb doktorning so‘zini bo‘ldi Baqaloq.
– Men ham aynan shuni nazarda tutyapman. Mening iltimosim bunday: hamma mahbuslarning jonini saqlab, ularga erk berishingizni so‘rayman. Men qatl mutlaqo bekor qilinishini va o‘sha qatl kundalarini yondirib yuborilishini iltimos qilaman…
Malla parikli kotib bunday iltimosni eshitib, kapalagi uchib ketganidan qo‘lidagi patqalamini tushirib yubordi. Uchi juda o‘tkir qilib ochilgan patqalam Ikkinchi Baqaloqning oyog‘iga sanchilsa bo‘ladimi. U chinqirib yubordi va bir oyog‘ida hakkalagancha turgan yerida chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Ko‘zining osti ko‘kargan Birinchi Baqaloq ichiqoralik bilan xaxolab kuldi; uning uchun qasos olingan edi.
– Padariga la’nat! – deb baqirdi Ikkinchi Baqaloq tovoniga sanchilgan patqalamni xuddi nayzadek sug‘urib olarkan. – Bu qanday bema’nilik! Bu axir jinoiy iltimos-ku! Bunday narsalarni talab qilishga haqingiz yo‘q!
Malla parikli kotib qochib ketdi. U qochib keta turib turtib yuborgan guldon uning orqasidan dumalab borarkan, xuddi portlagan bombadek chil-chil bo‘lib sindi. Bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon… Baqaloq oyog‘idan sug‘urib olgan patqalamni qochib ketayotgan kotibning orqasidan otdi. Lekin shunday semiz odamning yaxshi nayza otuvchi bo‘lishi mumkinmidi! Patqalam borib soqchi bo‘lib turgan gvardiyachining orqasiga sanchildi. Lekin u o‘zining sadoqatli askar ekanligini namoyish qilish uchun qimir etmay turaverdi. To bu gvardiyachining navbatchilik muddati tugamaguncha patqalam uning nozik yeriga sanchilgancha turaverdi.
– Men o‘limga hukm etilgan barcha ishchilarning ozod qilinishini talab qilaman. Men qatl kundalari yondirib yuborilishni talab qilaman, – deb takrorladi doktor past ovoz bilan, ammo qat’iy ohangda.
Bunga javoban Baqaloqlar butun Qasrni boshlariga ko‘tarib baqira boshladilar. Ularning baqirig‘ini eshitgan odam go‘yo kimdir shox sindiryapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
– Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Aslo! Ular albatta qatl etiladi!
– O‘ling, – deb pichirladi shu choq doktor qo‘g‘irchoqqa.
Suok bu gapga darrov tushundi. U yana oyoq uchiga turdi, bir ingradi-da, gandiraklab ketdi. Uning ko‘ylagi xuddi qo‘lga ilingan kapalakning qanotlaridek yelpina boshladi, boshi «shilq» etib egildi, u hozir yiqilib tushishi mumkin edi.
Valiahd qo‘g‘irchoq tomonga tashlandi.
– Oh! Oh! – deb qichqirib yubordi u.
Suok yana ham ma’yusroq ingradi.
– Mana, – dedi doktor Gaspar, – ko‘ryapsizmi? Qo‘g‘irchoq yana qaytadan jondan mahrum bo‘lishi mumkin. Uning ichiga o‘rnatilgan murvat judayam nozik. U tamomila buzilib qolishi mumkin, agar iltimosimni bajarmaydigan bo‘lsanglar. Basharti valiahd janoblarining qo‘g‘irchog‘i hech narsaga yaroqsiz bir parcha pushtirang uvadaga aylanib qolsa, ul zot xursand bo‘lmasalar kerak, deb o‘ylayman.
Bu gapni eshitgan valiahdning g‘azabi qo‘zib ketdi. U xuddi fil bolasidek yer depsina boshladi. U ko‘zlarini chirt yumib olib, boshini sarak-sarak qilardi.
– Hech ham! Eshityapsizlarmi, hech ham xohlamayman! – deb chinqirardi u. – Doktorning iltimosini hoziroq bajaringlar! Men qo‘g‘irchog‘imni hech kimga bermayman! Suok! Suok! – U ho‘ngrab yubordi.
Albatta, Baqaloqlar rozi bo‘lishdi. Buyruq chiqarildi. Avf umumiy1515
Aybdorlarning gunoxidan kechish. (Tarj.)
[Закрыть] e’lon qilindi. Shundan keyin baxtiyor doktor Gaspar uyiga jo‘nab ketdi.
«Bir kecha-kunduz boshimni ko‘tarmay uxlayman», deb o‘ylardi u yo‘lda keta turib.
U shaharga kirib kelishi bilan Sud maydonidagi qatl kundalarining yondirilayotgani va kambag‘allarni qatl etish bekor qilinganidan boylarning qattiq norozi ekanligi haqidagi mish-mish gaplarni eshitdi.
Shunday qilib, Suok Uch Baqaloq Qasrida qolgan edi.
Tutti u bilan birga bog‘ga chiqdi. Valiahd gullarni payhon qilib borarkan, tikanli simga qoqilib ketdi, hatto hovuzga tushib ketishiga sal qoldi. Lekin u bugun shu qadar baxtiyor ediki, hech nimani payqamadi.
«Nahotki u mening tirik qiz ekanligimni tushunmayotgan bo‘lsa? – deb ajablanardi Suok. – Lekin uning o‘rnida bo‘lganimda hech kim meni bunaqa laqillata olmasdi».
Nonushta olib kelishdi. Suok pirojniyni ko‘rdiyu, umrida faqat bir marta, o‘tgan yili kuz paytida bir donagina pirojniy yeganini esladi. O‘shaniyam keksa Avgust, pirojniy emas, pryanik deb aytgan edi. Valiahd Tuttiga olib kelingan pirojniylar judayam qoyilmaqom edi. Ularni gul deb o‘ylab, bir zumda o‘nta asalari uchib keldi.
«Voy, endi nima qilsam ekan? – deb qiynalardi Suok. – Axir qo‘g‘irchoqlar ovqat yemaydi-ku! Lekin qo‘g‘irchoqlar ham har xil bo‘ladi… Voy, biram pirojniy yegim kelyaptiki!»
Axiyri Suok ortiq toqat qila olmadi.
– Menga ham bir bo‘lak… – dedi u past ovoz bilan va shu zahoti ikki yuzi loladek qizarib ketdi.
– Qanday soz! – deb suyunib ketdi valiahd. – Ilgarilari ovqat yeyishni xohlamasding. Ilgari yolg‘iz o‘zim nonushta qilganimda judayam zerikardim. Ishtahang ochilgani qanday yaxshi bo‘ldi!
Shundan keyin Suok bir bo‘lak pirojniyni yeb yubordi. So‘ng yana bitta, yana bitta, yana bitta yedi. Shu choq Suok birdan valiahdning ovqatlanishini uzoqdan kuzatib turgan xizmatkorning o‘ziga qarab turganini, qaragandayam dahshatli baqrayib turganini payqab qoldi.
Xizmatkorning og‘zi lang ochiq edi.
Xizmatkor haq edi.
Chunki u qo‘g‘irchoqlarning ovqat yeganini hech qachon ko‘rmagan edi-da.
Suok qo‘rqib ketdi va qo‘liga olgan to‘rtinchi pirojniyni (bu eng shirin qumoq-qumoq va mayizli pirojniy edi) tushirib yubordi. Lekin xayriyatki, bu hol yaxshilik bilan tugadi. Xizmatkor ko‘zlarini ishqalab qo‘yib og‘zini yumdi.
– Menga shunday tuyuldi chog‘i. Havo issiq.
Valiahd tinimsiz gapirar edi. Nihoyat u gapirishdan charchab jim qoldi.
Kunning bu jazirama issiq paytida hamma yoq suv quygandek jimjit edi. Kechagi kuchli shamol, chamasi, juda olis-olislarga yelib ketgan bo‘lsa kerak. Endi hamma narsa qilt etmay qolgan edi. Hattoki qushlar ham uchishmasdi.
Mana shu sukunat paytida valiahd bilan yonma-yon maysa ustida o‘tirgan Suok xuddi paxtaga o‘rab tashlangan soatning bir me’yorda chiqillashiga o‘xshagan noaniq bir tovush eshitdi. Faqat soat «chiq-chiq» deb yursa, bu ovoz «duk-duk» qilib eshitilardi.
– Bu nima? – deb so‘radi Suok.
– Nimani aytyapsan? – Valiahd qoshlarini chimirdi, odatda katta yoshdagi odamlar ajablangan paytlarida shunaqa qosh chimiradilar.
– Ana «duk-duk» qilyapti-ku… soatmi? Yoningda soating bormi?
Yana oraga jimlik cho‘kdi, yana bu jimlik paytida bir nimaning duk-duk urgani eshitildi. Suok barmog‘ini ko‘tardi. Valiahd quloq sola boshladi.
– Bu soat emas, – dedi u ohista. – Bu mening temir yuragim uryapti…