Текст книги "Қайлардасан, болалигим"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 10 (всего у книги 14 страниц)
TUYAKASHNING DA’VOSI
Qadim zamonlarda bir tuyakash yashagan ekan. Keng sahrolar, poyonsiz cho‘llar, o‘rkach-o‘rkach qum barxanlari uning vatani ekan. Tuyasi karvonlarning yukini tashib berarkan. Bergan pullari ro‘zg‘origa madad bo‘larkan, tuyasi har ikki yilda bir bora tug‘ib berarkan, suti tuyakashning bolalariga ovqat bo‘larkan. Butun oilaning ovunchog‘i ham shu tuya ekan.
Kunlarning birida tuya yo‘qolib qopti. Tuyakash iztirob chekib, uni izlab keng sahrolarni, poyonsiz cho‘llarni, o‘rkach-o‘rkach qumlar ortini ho‘p axtaribdi. Tuyasidan darak bo‘lmabdi. Karvonsaroylarga boribdi, saroybonlardan so‘rabdi, «Ko‘rganimiz yo‘q», deyishibdi. So‘roqlab qishloqdan qishloqqa o‘tibdi, molbozorlarga boribdi. Qassobxonaga duch kelib qolibdi. Qarasa, har xil go‘shtlar ilingan emish. Sinchiklab qarab, to‘satdan tuyasining go‘shtini tanib qolibdi. Qanoradagi go‘shtni yulib olib, bag‘riga bosib, «bu mening tuyamning go‘shti, meniki, meniki», deya dod solibdi. Qassob uni urib haydamoqchi bo‘lgan ekan, battarroq dodlabdi. Olomon to‘planibdi, gapso‘z ko‘payibdi, birov tuyakashning yonini olibdi, birov qassobning yonini olibdi. Shunda aqlli bir odam «Yaxshisi, yurt qozisiga murojaat qilish kerak» degan gapni aytibdi. Bu fikr ikkiga bo‘linib, talashib-tortishayotgan odamlarga ma’qul bo‘libdi. Odamlar gurillab qozining huzuriga jo‘nashibdi. Qozi tuyakashdan «Hayvonlarni goho tirikligida tanish qiyin bo‘ladi-yu, sen qanday qilib, shu go‘shtlar tuyangniki ekanligini bilding. Da’vongni isbotla, bo‘lmasa besh darra urishga buyuraman», debdi.
– E, taqsiri olam, – debdi tuyakash, – mening tuyam urg‘ochi edi. Uch marta bolalagan edi. Suvsiz, yantoqsiz sahroda har bir bolasini yalab-yulqab katta qilguncha adoyi tamom bo‘lardi. Jigaridan qonlar oqib teshikcha hosil qilardi. Ana qarang, jigarida uchta teshik bor.
Tuyakash jigarni boshi uzra baland ko‘tarib, undagi teshiklarni ko‘rsatibdi.
Yurt qozisi qassobga «Sen tuyani qayerdan, kimdan olgansan. Rost so‘zla, yolg‘on so‘zlasang, besh darra urishga buyuraman», debdi.
– E, taqsiri olam, – deb gap boshlabdi qassob, – kecha kechasi bir kishi eshigimni qoqdi. Ochsam, novcha bir odam tuya yetaklab turibdi. Shuni oling, qancha bersangiz ham roziman, shoshib turibman, dedi. Alloh guvoh, men tuyani yarim bahosiga sotib oldim, – debdi.
Tuyakashning da’vosi isboti bilan ekanligini aqlli, donishmand qozi darrov fahmlabdi. Ha, onalar bolalarini katta qilguncha goho adoyi tamom bo‘ladilar, xunob bo‘ladilar, jigarlariga teshik tushadi, deb o‘ylabdi. Qassobga «Go‘shtni sen ol, tuyakashga bir urg‘ochi tuya olib berasan», deb buyuribdi.
To‘planganlar yurt qozisining hukmidan rozi bo‘lishibdi.
UCH SAYYOHNING SAFARI
Shunday qilib, bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda Arabiston tomonda uch sayyoh keng jahonning tor ko‘chalaridan o‘tib, yaxshi-yomonni ko‘rish umidida ko‘p yaxshi niyatlar bilan safarga chiqqan ekanlar. Yo‘l yuribdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yuribdilar. Bir mahal yo‘llari past-u baland adirlar o‘rtasiga to‘g‘ri kelib qolibdi. To‘rt tomonda osmono‘par baland-baland tog‘lar bor ekan. Bunday qarashsa, ey xudoyim-e, haligi tog‘lar o‘rnidan qo‘zg‘alib, qasir-qusur deya vahimali ovozlar chiqarib sayyohlarni to‘rt tomondan o‘rab, qisib kelayotgan emish. Na qochishning, na qutulishning iloji bor emish. Shunda uchovlari ham Allohga xush keladigan ishlarini eslashibdi. O‘sha sa’y-harakatlarimiz Yaratganga ma’qul kelsa-yu, ushbu baloni o‘zi daf qilsa, deya xotiralaridan o‘tgan voqealarni bir-bir eslay boshlashibdi. O‘shalarni aytib, taqdirlarini Allohga topshiribdilar.
Birinchi sayyoh ko‘p faqir-u haqir ekan. Uch bolasi, xotini va bir qari, kasalmand bo‘lib butunlay yotib qolgan otasi bor ekan. Juda kambag‘al ham ekan. Bisotlarida bor-yo‘g‘i bir sog‘in echkilari bor ekan. O‘shaning sutini ichib kun o‘tkazar ekanlar. Xotini har kuni echkini sog‘ib, tovoqdagi ko‘piklab turgan iliqqina sutni kasalmand otasiga tutib, «Siz iching, rozi bo‘lganingizdan so‘ng nabiralaringizga beraman», der ekan va har kuni shunday qilar ekan. Otasining kasali og‘irlashib, besh kun behush bo‘lib yotib qolibdi. Nihoyat bir kuni ko‘zini ochsa, sut to‘la tovoqlar tokchada qator terilib turgan emish. «Iya, o‘g‘lim, nega sutni ichmadilaring? Nega nabiralarimni och olib o‘tiribsizlar», desa, o‘g‘li: «Ey otajon, ey padari buzrukvorim, ota rozi, xudo rozi deganlar. Oldidan bir ho‘plamdan bo‘lsa ham roziligingizni aytmaguningizcha sutlarni to‘xtatib turibman», debdi. Minnatdor otaning xira ko‘zlariga marjon-marjon yosh kelibdi. Kosadagi serqaymoq sutlardan bir ho‘plamdan ichib, farzandi, nabiralari, ayniqsa, mehribon kelinidan mingdan ming rozi ekanligini takror-takror aytib, qazo muddati yaqinlashib qolgan ekan, o‘sha zahotiyoq omonatini topshiribdi.
Sayyoh shu voqeani eslab, «Ey Parvardigor, ey yaratgan Egam, otamni qo‘limdan kelganicha rozi qildim, o‘zing guvohsan, zero, bu harakatim senga maqbul bo‘lib, o‘zing yuborgan ushbu ofatni yana o‘zing daf qilsang», deya tavallo qilibdi.
Tog‘lar vahimali ovozlar chiqarib, qasir-qusuriga olib, siljib kelayotgan emish. Ikkinchi sayyoh nomdor-u qudratli bir bekning yakka-yu yagona o‘g‘li ekan. Qo‘l uzatsa, osmonga yetadigan qudrati, behisob imkoniyati bor ekan. Uning bir beva ammasi bo‘lib, bevaqt vafot qilgach, undan bir qiz qolgan ekan, yigit ana shu yetimcha qiz bilan tepkilashib katta bo‘lgan ekan. Qiz Allohning marhamati bilan asta-sekin kamolga yeta boshlabdi. O‘n olti yoshga yetganida Alloh unga tengsiz husn, nozik did, beqiyos aql-u latofat ato qilibdiki, uning ovozasi butun poshsholikka tarqalib ketibdi. Manman, degan sultonlardan, xonlarning erkatoy o‘g‘illaridan sovchilar kelarmish, bek yigitning otasi shunday go‘zal parivashni, shunday oqila jiyanini begonaga bergandan ko‘ra o‘z saroyimning guli, gultoji bo‘lib qolsin, deya o‘z o‘g‘liga nikohlab bermoqchi bo‘pti. Axir begona emas, o‘z singlimning bolasi-ku, degan gaplarni ham aytibdi. To‘yni boshlab yuboribdilar. Qirq kecha-yu qirq kunduz kambag‘allarga osh-non, to‘qlarga to‘n beribdi. To‘y tugabdi, nikoh o‘qilibdi. Mehmonlar tarqagach, yigit shohona yasatilgan go‘shangaga kirsa, zar-u kimxoblarga o‘ralgan qiz tizzasini quchgancha yum-yum yig‘lab o‘tirgan emish. «Ey, dilbarim, – deya murojaat qilibdi kuyov yigit, – bugun ikkimizning eng baxtli, eng saodatli daqiqalarimiz, o‘ynab-kulish, xursandchilik qilish o‘rniga nega bu ahvolda yig‘layapsiz?» «Ha yig‘layapman, – debdi qiz ko‘z yoshlarini artib. – To‘g‘ri, siz mamnunsiz, demak, baxtiyor hamsiz, ota-onalaringiz ham mendek himoyasiz, chorasiz qolgan yetim qizdan bir og‘iz roziligini so‘ramadilar, so‘raganingiz uchun endi ochig‘ini aytay. Men o‘zim tengi bir yetim yigitga ko‘ngil qo‘ygan edim, yigit ham menga ko‘ngil bergan edi. Bir yaylovda birga o‘sganmiz, turmush qurishga ahd-u paymon ham qilgan edik. Hozir o‘sha bechora yigit tog‘-u toshlarga boshini urib, yig‘lab yuribdi. Men nechun yig‘lamay, siz baxtlisiz, men esa dunyodagi eng baxtiqaro qizman. Yig‘lab-yig‘lab o‘tsam kerak bu dunyodan».
Bek yigit ham adolatli, ham mard insonlardan ekan. Qizning ahvolini tushunibdi, unga rahmi kelibdi.
«Dilbarim, hozir sizni taloq qilib, sahrodagi o‘sha cho‘pon yigitni oldirib kelib, sizni unga nikohlab bersamб o‘zingizni baxtli hisoblarmidingiz?» deb so‘rabdi qizdan. «Ha, ikkimiz umrbod sizning haqqingizga duo qilardik», debdi qiz. Mardlarning so‘zi bitta bo‘ladi. Sahrodan faryod chekib yurgan yigitni oldirib kelib, ko‘pchilik oldida qizga taloq xatini berib, o‘sha kuniyoq qiz bilan yigitning nikoh to‘ylarini ham o‘tkazib beribdi.
Bek yigitning ko‘nglidan ana shu gaplar o‘tgach, «E xudo, e Parvardigori olam, o‘zing bir g‘aribning ko‘nglini ovlasang, ming savobning xosiyatini beraman degan eding. Mening ushbu qilmishim, zero, senga ma’qul kelgan bo‘lsa, ushbu falokatni o‘zing daf qilsang», deya iltijo qilibdi.
Tog‘larning bostirib kelishi hali to‘xtagani yo‘q ekan, juda-juda yaqinlashib qolgan ham emish. Shu daqiqalarda uchinchi sayyohning ham ko‘nglidan yaxshi bir amali o‘tibdi. Bu sayyoh mamlakatning eng katta boylaridan ekan. Qir-u adirlarda lak-lak qo‘yu echkilari, yaylovlarda behisob uyurlari boqilarkan. Shaharlarda qator-qator savdo rastalari bor ekan. Olis yurtdan ish axtarib kelgan bir yigitni cho‘ponlik xizmatiga olib, yiliga o‘n tilla tanga-yu, besh urg‘ochi qo‘y berishga kelishib olishgan ekan. Yigit halol, xudojo‘y, mehnatsevar ham ekan. Besh yil yaxshigina ishlabdi, bir kun boyning yoniga kelib: «Otaxon, endi menga javob bering, yurtimga ketay, tushlarimga otam bilan onam kirib, o‘g‘ilginam, qayerlarda qolding, seni behad sog‘indik, deya yig‘lashyapti», debdi. Boy yigitga xursandchilik bilan javob berib, shartlashgan puli bilan qo‘ylarni ham ajratib beribdi. Yigit pulni olib, beliga tugibdi-yu, bu qo‘ylarni men sahro-yu biyobonlardan, suvsiz cho‘llardan haydab o‘tolmayman, baribir nobud bo‘ladi, deya hammasini tashlab ketibdi. Kunlardan bir kun boy yigitni olis yurtiga ziyoratga borib, oq tuyasini minib, shahar bozorini aylanib yurgan ekan, hammollikka chiqib, qo‘lida arqon, ish so‘roqlab xomush o‘tirgan bir yigitni ko‘rib qolibdi. Yigit o‘sha o‘zining qo‘ylarini boqqan cho‘pon ekan. Rangi siniqqan, kiyim-boshlari ham bir ahvolda, boshi g‘amgin egilgan holda o‘tirganmish. Boy tuyadan tushib, ko‘rishib, hol-ahvol so‘rabdi.
– Ey, boy ota, – debdi yigit, – huzuringizdan qaytsam, otam bechora olamdan o‘tib, qo‘li kalta onam uni qarzga ko‘mgan ekan. Bergan pullaringizni otamning ruhi, arvohi chirqillamasin deb, onamning qarziga berdim. Ketidan kasalmand onam ham bandalikni bajo keltirdi. Arvohi armonda qolmasin deya, kichikkina kulbamni sotib, marhumning ham dafn marosimlarini el qatori o‘tqazdim, mana ko‘rib turganingizdek, musofirlikda yashayapman. Kunim baholi qudrat o‘tib turibdi.
– Ey, o‘g‘lim, o‘rningdan tur, – debdi boy, – sen bu yurtning eng katta boylaridan hisoblanasan. Esingdami, qaytayotganingda bir necha qo‘ylaringni tashlab ketgan ekansan, men buni sen ketganingdan keyin bilib qoldim. Bildim-u, darhol ularni qo‘radan ajratib, alohida bir cho‘pon tayinlab qo‘ydim. Qo‘ylaring ko‘payib-ko‘payib, hozir bir necha mingdan ham oshib ketgan. Hozir men bilan birga borib, ularni qabul qilib olishing kerak. Toki men dunyodan o‘tsam, xudoga shukr, yetimning haqqini yemadim-ku, deya mamnun bo‘lib ketay.
Shunday deb boy yigitni o‘zi bilan birga olib ketibdi. Yigit borsa, chindan ham o‘ziga tegishli qo‘ylarning hisobi yo‘q emish. Bir emas, bir necha cho‘pon boqayotgan emish. Yigit ularning haqlarini ajratib beribdi. Yarmini pullab, o‘zi yashayotgan shaharda shohona bir hovli sotib olibdi-da, shu yurtning go‘zal qizlaridan biriga uylanibdi.
Boyning xotirida shu voqealar jonlangach, ey xudo, ey Yaratgan Egam, o‘zing-ku, birovning haqqini yemasang, hamisha diling pok, mushkuling oson bo‘ladi, der eding. Zero, mening ham ushbu harakatim senga ma’qul bo‘lib, mushkulimni oson qilsang, o‘zing yuborgan baloni o‘zing daf qilsang, deya Yaratganning o‘ziga qayta-qayta tavallo qilibdi va shu asnoda mo‘jiza ham yuz bera boshlabdi. Hamma narsa Yaratganning ixtiyorida ekan, vahshat bilan siljib bostirib kelayotgan bahaybat tog‘lar to‘satdan joyida to‘xtab, yana avvalgidek qasir-qusur ovoz chiqarib, asta-sekin orqasiga chekina boshlabdi. Ko‘z yumib-ochguncha yana sayyohlar qarshisida avvalgi kenglik, ravon yo‘llar, maysalar bilan qoplangan so‘lim adirlar paydo bo‘libdi. Sayyohlar Yaratganga shukronalar aytishib, yo‘llarida davom etishibdi.
ROSTGO‘Y BOLALAR BAHSI
Ozodlik ko‘chasida ikkita bola yasharkan. Bittasining ismi Umarjon, boshqasining ismi Samarjon ekan. Ikkovlari bir kunda tug‘ilgan ekan. Umarjon ko‘chaning o‘ng tomonidagi uyda, Samarjon chap tomondagi uyda yashar ekan. Ikkovlariyam beshinchi sinfda o‘qishar ekan. 5 «A» dagilar rostgo‘ylikda bizning Umarjon o‘rtog‘imizga teng keladigani yo‘q deyishsa, 5 «B» dagilar, bo‘lmagan gapni qo‘yinglar, haq gapni so‘zlashda bizning Samarjonning oldiga hech kim tusholmaydi, unaqasi hali tug‘ilmagan, tug‘ilmaydi ham, deyisharkan. Ikkala sinf to‘xtamay tortishgani-tortishgan ekan. Oxiri bo‘lmabdi. Ikkala o‘rtog‘imizga musobaqa uyushtiraylik, qaysi biri rost gapni aytishda g‘olib kelsa, o‘shanga birinchi o‘rinni berib, bir charm koptok bilan 12 ta daftar sovg‘a qilaylik, deyishibdi. Xullas murosaga kelishibdi.
Maktabning hashamatli sport zaliga kirishibdi. «A» dagilar o‘ng tomonni, «B» dagilar chap tomonni egallashibdi. Maktab direktori hakam bo‘lib, sinf rahbarlari hakamga yordamchi bo‘lishibdi. Alfavit tartibiga ko‘ra «A» harfi «B» harfidan oldin kelgani uchun oldin gap boshlash navbati Umarjonga tegibdi. Hakam hushtak chalibdi, musobaqa boshlanib ketibdi. O‘rtaga chiqqan Umarjon gap boshlamay, xomush bo‘lib turaveribdi.
– Tezroq gapir, – debdi hakam.
– Uyqum kelyapti, – debdi Umarjon.
– Nega uyqing kelaverar ekan? – so‘rabdi yana hakam.
– Kechasi bilan uxlamay Qatron tog‘idan Tojikiston tomonga tuynuk ochaman, deb boshimni uraverdim, uraverdim, ertalabga yaqin 18 kilometrlik tuynukni arang ochdim. Shuning uchun uxlayolmadim, – debdi Umarjon.
Endi rost so‘zlash navbati Samarjonga kelibdi.
Uning ham dum-dumaloq boshi egilgan, chiroyli ko‘zlari ham yumilib ketayotgan emish.
– Xo‘sh, nega sen gap boshlamayapsan? – so‘rabdi hakam.
– Mening ham uyqum kelyapti, – javob qaytaribdi Samarjon.
– Nega uyqing keladi?
– Amerika qit’asi bilan Afrika qit’asini birlashtirish uchun tuni bilan ovora bo‘ldim. Ertalabga yaqin arang birlashtirdim. O‘rtadagi Atlantika okeanining suvi toshib, Yevropani bosib ketmasin, deya yarmini Hind okeaniga quydim. Yarmini o‘zim ichib qo‘ya qoldim. Shuning uchun kechasi bilan uxlaganim yo‘q, – deb gapini tugatibdi Samarjon.
5 «B» dagilar rost gap mana bunaqa bo‘ladi, deb qarsak chalib yuborishibdi. Gap navbati yana Umarjonga kelibdi.
– Ertalab oyim ishga ketaturib, qozonda shavla bor, o‘shani isitib yegin, devdi, uyqusirab shavlaga qo‘shib qozonni ham yeb qo‘yibman, qornim og‘rib turibdi, gapirmay qo‘ya qolay, – debdi.
– E, o‘rtoq, – deb gapni ilib ketibdi Samarjon, – ikkovimiz bir bo‘pmiz, ertalab nonushta qilmoqchi bo‘lib muzlatkichni ochsam, hech narsa yo‘q ekan, men ham muzlatkichning o‘zini yeb qo‘ya qoldim, lekin qornim og‘rigani yo‘q…
– Men dadamdan oldin tug‘ilgan ekanman, – deya yana gap boshlabdi Umarjon.
– Men bobom bilan buvimni ko‘tarib katta qilgan ekanman, – deb o‘rtog‘ining gapini bo‘libdi Samarjon.
– Ona tili darsligini men yozganman, – deb so‘zini davom ettiribdi Umarjon.
– Maktabimizning ilmiy bo‘lim mudiri institutda o‘qiganida men unga kimyodan hamisha yordam berardim, – deb o‘rtog‘ini gapirtirgani qo‘ymabdi Samarjon.
– Bir marta bog‘imizdagi oshqovoqning ichiga tushib ketib, olti kun adashib yurganman, – debdi Umarjon.
– O‘sha kuni men ham bog‘imizda cho‘milayotuvdim, – javob qaytaribdi Samarjon, – qattiq sho‘ng‘igan ekanman, suzib ketaverdim, ketaverdim, oxiri borib Orol dengizidan chiqib qolibman. Bunday qarasam, dengizning suvi qurib, baliqlar quyon boladay sakrashib-sakrashib yurishgan ekan. Bir tonnachasini yig‘ishtirib, yaqinroqdagi bolalar bog‘chasiga topshirib kelganman.
– Bir marta, – shoshilib so‘z olibdi Umarjon, – shaharga borganimizda mashinamiz buzilib qoldi. O‘shanda «Jiguli»ning ichidagi to‘rtta odami bilan uyimizgacha o‘zim ko‘tarib kelganman.
– O‘sha yili, – debdi Samarjon, – dadam traktorchi edi. G‘ildiragining o‘tkir tishlari ko‘chadagi asfaltni buzmasin, deb men traktorni yelkamda ko‘tarib, dalaga olib borar edim. Kechqurun yana garajga keltirib qo‘yardim. O‘sha yili shunday qilganimiz uchun kolxozimiz raisi menga bitta Faxriy yorliq bergan.
– Bir marta men shunday sakraganmanki, uchib borib Tojikistonning Shurob degan qishlog‘iga tushganman.
– O‘shanda men ham sakrab, balandlab borib-borib boshimni Zuhro yulduziga urib olganman.
– Men, – deb o‘rtog‘ini to‘xtatibdi Umarjon yengilishni istamay, – bir yeganda qirq kilo guruchning oshini yeb qo‘yaveraman.
– Men ham, – o‘rtog‘idan baland kelishga intilibdi Samarjon, – bir ichganda Sirdaryoning suvini ichib quritib qo‘yaman.
Musobaqa davom etaveribdi-etaveribdi. Goh «A» tomon, goh «B» tomon gurillatib qarsak ham chalaveribdi, chalaveribdi. Hakamlik qilayotgan maktab direktori bular bir-biriga yutqazadiganga o‘xshamaydi, musobaqani endi ertaga davom ettiramiz, degan gapni aytgan ekan, bolalar guvillashib qarsak chali shibdi, oyoqlari bilan pollarni tepishib, yo‘q bugun hal qilib ketamiz, deb turib olishibdi.
– Sigirimiz bu yil shunaqa sersut bo‘lib qoldiki, – shovqinni bosib gap boshlab yuboribdi Umarjon, – sut tashiydigan mashina ulgurmay qoldi. Oxiri maslahatlashib sigirimizning yelinlariga shlang ulab, sutni to‘ppa-to‘g‘ri zavodga quyadigan qilib qo‘ydik.
– To‘g‘ri, – deb gapni ilib ketibdi Samarjon, o‘zi bu yil nafaqat sigirlar, balki echkilar ham sersut bo‘lib qolgan. Biz ham echkimizning sutini tuman markaziga tashib ulgurmasimizdan, echkimizning qornida Italiya bilan qo‘shma korxona ochib, o‘sha yerda pishloq tayyorlaydigan bo‘ldik. Maktabimiz bufetida sotilayotgan pishloq bilan suzmalar bizning echkimizning qornida tayyorlanyapti.
Xullas, rost so‘zlar aytish musobaqasi o‘sha kuni poyoniga yetmabdi. Ertasiga ham, indinisiga ham qaysi tomon g‘olib ekanligini aniqlashning iloji bo‘lmabdi.
Ushbu ertak yozilgan paytda ham musobaqa davom etayotgan ekan.
SIGIR SO‘YGAN QASSOBNING QO‘RQINCHLI TUSHI
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, yaqin o‘tgan zamonda Eski shaharning Chorsu dahasida, dorixonaning naryog‘ida Tolibjon degan bir odam yashar ekan-u, hamma uni Tolib qassob deb atar ekan. O‘zi juda yaxshi odam ekan, qizi bitta shokolad so‘rasa, bir qutisini keltirib berarkan. O‘g‘li popukli qand so‘rasa, bir qopini hadya qilarkan. Hamma qassoblar qatori uning ham uzunligi bir quloch keladigan daraxtidan kesilgan kundasi bor ekan. O‘zi qassob ekan-u, lekin novvosdan qo‘rqar ekan. Bitta novvos bir kuni uni devorga qisib rosa suzgandan buyon bozordan faqat g‘unajinmi yoki sutdan qolgan sigirnimi olib kelib, orig‘ini semirtirib, semizini to‘ppa-to‘g‘ri so‘yib yuborar, go‘shtini qanoraga osib:
– Kep qoling, yoshgina novvosning go‘shti, lahmgina, seryoqqina, bilqillab turibdi, – deb goho yolg‘on ham gapirarkan. Yolg‘on gapirmasam, qari molning go‘shti ekanligini bilib qolishadi, deb qo‘rqarkan.
Bir kuni katta bir sigirni oldin sariq kunjara bilan boqib rosa semirtiribdi. So‘ng yerga yotqizib bo‘g‘ziga endi pichoq olib borgan ekan, sigir to‘satdan tilga kirib:
– So‘yma, qornimda bolam bor, bolam nobud bo‘ladi! – deb yolvoribdi.
Tolib qassob boshini ko‘tarib u yoq-bu yoqqa qarasa, hech kim yo‘q emish. Oqshom yomon ovqat yevdim, o‘shanga qornim guldiragan bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi-da, yana so‘ymoqchi bo‘lgan ekan:
– So‘yma deyapman, eson-omon tug‘ib olay, keyin bilganingni qilasan, so‘yma! – degan ovoz yana eshitilibdi.
Qassob sigirning gapirishiga ishonmas ekan, ishonsa ham bitta buzoqchani deb uch yuz kilo go‘shtdan ayrilib qolaymi, depti-da, «Bismillahir rahmanir rahim» deb sigirning bo‘g‘ziga pichoq tortib yuboribdi. Go‘shtini qanorga ilib, maqtab-maqtab sotibdi ham. Yaxshigina pul bo‘libdi, katta foyda ko‘ribdi. Kechasi uxlab yotgan ekan, kunduzi so‘yilgan katta ola sigir eshikni sharaqlatib ochib, vahshat bilan kirib kelibdi-da, qassobning pichog‘idek o‘tkir shoxini uning bo‘g‘ziga qadab:
– Bolamni to‘lab ber, – deb ma’rabdi.
– Bolangning o‘ligini axlatxonaga oborib ko‘mganman, – debdi Tolib qassob.
– Hoziroq uni tiriltirib berasan, – deb ola sigir o‘tkir shoxini qassobning bo‘g‘ziga battarroq qadabdi.
– Shoxingni ol tomog‘imdan, nafasim qisilyapti, – debdi Tolib qassob entikib.
Shu paytda rostdan ham nafas olishi og‘irlashib, qora terga botib borayotgan ekan.
– Oldin bolamni tiriltirib berasan, – shunday deb ola sigir endi oldingi ikki oyog‘ini qassobning qorniga qo‘yibdi.
Tolib qassob o‘lgan buzoqni tiriltirish mening qo‘limdan kelmaydi, deb qutulmoqchi bo‘lgan ekan, ola sigir tiriltirish qo‘lingdan kelmas ekan, nega o‘ldirding bo‘lmasa, deb qassobning bo‘g‘ziga shoxini sanchib olib tashqariga chiqib ketibdi. Hovliga chiqqach, qanot paydo qilib ucha boshlabdi. To‘g‘riga emas, vertolyotga o‘xshab tepaga qarab ucharmish. Avval oppoq, nurdek yumshoq bulutlar orasidan olib o‘tibdi. Keyin qop-qora bulutlar ummoniga sho‘ng‘ibdi. O‘sha yerda yana:
– Bolamni tiriltirib berasan! – dermish.
Tolib qassob gapiray desa endi ovozi ham chiqmas emish. Aytgandek, bo‘g‘zim teshilgan edi-ya. Bo‘g‘zi teshilganda odamning ovozi chiqmaydi-da, deb o‘ylabdi. Shunday bo‘lsa ham yana bir unnagan ekan, tomog‘idan piq-piq-piq degan g‘alati ovozlar chiqibdi, xolos.
Ola sigir endi uni tashlab yuboribdi. Tolib qassob pardek yumshoq oq-qora bulutlar orasidan ipi uzilgan varrakdek salanglab pastlab kelaveribdi-kelaveribdi. Oxiri xuddi suvga sakragan baqadek shaloplab qorni bilan yerga yiqilibdi. Odam bolasi qari chol bo‘lganda ham boshiga biron falokat tushsa, onasini eslarkan. Tolib qassob ham:
– Oyijon! – deya baqirib yuboribdi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘rabdi yonida yotgan xotini.
Tolib qassob yomon tush ko‘rganini aytibdi. Mehribon xotini, odam chap tomoni bilan yotganda shunaqa bo‘ladi, o‘ng tomoningiz bilan yoting, deya foydali maslahat berib, erining yuz-u peshonasidagi sovuq ter tomchilarini artib qo‘yibdi. Eri uyquga ketibdi. Uyquga ketganini xurragidan bilsa bo‘larkan. Chunki qassob «Xum-prr, pluq-pluq» deya hech kimnikiga o‘xshamaydigan g‘oyat chiroyli xurrak tortarkan. Tolib qassob yana tush ko‘ra boshlabdi. Keng yaylov emish, elliktacha sigir-u erta so‘yilgan g‘unajinlar, har birining shoxi xanjardek o‘tkir emish, qassobni mo‘ljalga olib, ma’rashib baquvvat oyoqlari bilan yerni tepkilashib, bostirib kelayotgan emish. Bizni so‘ymaganingda qanchadan-qancha bola tug‘ardik, bolalarimizni to‘lab ber, deb olamni boshlariga ko‘tarib ma’rasharmish. Boshqa iloji qolmaganidan qassob qochishga tushibdi. Yoshligida mahalladagi jamiki bolalardan tez yugurarkan, hozir undan ham tezroq yugurarmish, suvga tushsa sigir-u g‘unajinlar ham suvga tusharmish, devordan oshib o‘tsa, quturgan mollar uning oldidan to‘sib chiqisharmish.
– Oyijon! – deya baqirib yana uyg‘onib ketibdi Tolib qassob.
Mehribon xotini peshonasidagi muzdek terni yana artib, yaxna choy berib, ko‘nglini ko‘taribdi. Kalima o‘girishni maslahat beribdi. Kalima o‘giribdi ham, lekin baribir uxlagani yuragi betlamabdi. Tong paytida ko‘zi sal ilingan ekan, uyqu bilan uyg‘oqlik o‘rtasida mudrab o‘tirar ekan, fildek keladigan katta bir ho‘kiz, qo‘lida oyboltasi ham bor emish, lapanglab kirib kelib:
– Xo‘sh, mening xotinlarim bilan qizlarimni nega so‘yding? – deb so‘rarmish.
Tolib qassob sakrab deraza orqali hovliga chiqib ketibdi. Orqasidan, hoy dadasi, sizga nima bo‘ldi, deb mehribon xotini ham yugurib chiqibdi. Uyda ho‘kiz bor, qoch, seni ham suzadi, o‘ldiradi, dermish Tolib qassob. Uch kungacha bechora qassob uxlayolmabdi. Ko‘zi ilindi deguncha, pichoq o‘qtalgan buzoqchalar, goho shoxi o‘tkir sigirlar, oybolta ko‘targan g‘unajinlar paydo bo‘lib, oldiga solib quvlarmish. Qassob dodlab hovliga chiqib ketarmish. Do‘xtirga ko‘rsatishibdi, uyqu dori ichirishibdi, yana bo‘lmabdi. Ko‘zi ilindi deguncha avvalgisidan ham qo‘rqinchliroq tushlar ko‘rarmish. Kuppa-kunduz kuni uyg‘oq paytida ham oldiga to‘ppa-to‘g‘ri sigirlar to‘dasi bostirib kelaverarmish. Qassobning xotini ko‘p aqlli, ham tadbirkor ekan. Erini bu balolardan qutqarish uchun duoxon domlaga o‘qitishini maslahat beribdi, duoxonga dam soldirishibdi. Hammasidan ham dahshatliroq tushni o‘sha kechasi ko‘ribdi. Katta bir sigir Tolib qassobning o‘zini so‘yib, go‘shtini qanorga solib sotayotgan emish:
– Oyijon! – deb baqirib yuboribdi Tolib qassob. U shu kecha-kunduzda ham voy-voylab ko‘chada chopib yurgan emish.