Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 14


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 14 (всего у книги 14 страниц)

Шрифт:
- 100% +
LOCHIN VA KO‘RSICHQON HAQIDA ERTAK

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, qadim zamonda bir ko‘rsichqon yashagan ekan. Kunlardan bir kuni qattiq jala quyibdi. Ariq va soylarda suvlar to‘lib oqibdi. Ko‘rsichqon soy yoqasiga borib qolibdi. Qarasa suvda lochinning bitta polaponi oqib kelayotgan ekan. Shunda ko‘rsichqon polaponni suvdan qutqarib olibdi. Unga juda mehr qo‘yibdi. Polaponni oq yuvib, oq tarab tarbiya qila boshlabdi. Ko‘rsichqon yolg‘iz yashaganligi sababli, polaponga juda o‘rganib qolibdi. Kichkina lochincha ham ko‘rsichqonni o‘z onasiday ko‘ribdi. Kunlar ketidan kunlar o‘tibdi. Polapon ulg‘ayib chiroyli lochinga aylanibdi. Lochin har kuni o‘z uyi tepasida charx urib samoda parvoz etarkan. Buni ko‘rgan Ko‘rsichqon juda quvonar ekan. Kunlardan bir kuni Lochin bilan birgalikda yana bir Lochinning samoda uchayotganini ko‘ribdi. Ko‘rsichqon bundan taajjublanibdi. Bu hol har kuni takrorlanibdi. Ko‘rsichqon lochinning o‘z juftini topganini anglabdi. Kunlar o‘tib lochin qush o‘ziga o‘xshagan jajji polapon ochibdi. Buni ko‘rgan Ko‘rsichqon yanada quvonibdi. Sal o‘tgach polaponlar ulg‘ayibdi. Ular o‘z otasi va onalari bilan samoda parvoz etishibdi-da, Ko‘rsichqon uyining tepasida bir necha marta aylanib, unga minnatdorchilik bildirib, uzoqlarga uchib ketibdilar. Ko‘rsichqon esa xursand bo‘lib, ularning ortidan qarab qolibdi.

Aytuvchi:
70 yoshli Ergasheva Kimsanoy aya.
Yozib oluvchi: Najmiddinova Gulshanoy, 7-sinf o‘quvchisi
ILM AFZAL

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uzoq qishloqda bir oila bor ekan. Oilada 12 kishi istiqomat qilar ekan. Oila boshi ota-onaning to‘qqiz o‘g‘li, bir qizi bor edi. Farzandlar oila to‘kisligidan dangasa ekan. Ota bir kuni kechqurun farzandlariga shunday savol berdi:

– Farzandlarim, ayting-chi ilm afzalmi yoki mol-u davlatmi? Farzandlar birin-ketin mol-davlat afzalligi, hayotlari farovonligi va ilm olish zarur emasligini aytishibdi. Navbat to‘qqizinchi o‘g‘ilga kelibdi. Bola salmoqlab o‘ylanib:

– Otajon, mol-davlatingiz bori juda yaxshi, hayotimiz farovon, turmushimiz go‘zal, ammo mol-u davlat sarflangan sari tugaydi. Lekin ilm aslo eskirmaydi. Shuning uchun men ilmni afzal ko‘raman, – debdi. Navbat yakka-yu yolg‘iz qizga kelibdi. Qiz kenja akasining gapini ma’qullabdi.

Ota kenja o‘g‘il va qizini ilm olishi uchun imkoniyat yaratib beribdi. Sakkiz o‘g‘il esa otasining mol-davlatini sarflash bilan ovora ekanlar. Vaqti kelib, ota-ona olamdan o‘tib ketibdilar. Farzandlar esa ota-onasi hayotlik davrida ilm egallagan uka va singlisiga havas bilan qarashar ekan. Chunki ularning hayoti farovon, turmushi chiroyli ekan.

Shuni aytadilarda, «Yeb turganga tog‘ ham turish bermaydi».

«Ilmli ming yashar, ilmsiz bir yashar».

Aytuvchi:
Xoltoji ona.
Yozib oluvchi:
Jumaboyev Shohijahon, 6-sinf o‘quvchisi
CHO‘PON YIGIT

Qadim-qadim zamonda bir cho‘pon yigit o‘tgan ekan. Uning ismi Do‘stbek ekan. O‘sha zamonda bir burda non topish uchun qishloqdagilar tun-u kun mehnat qilishar ekan. Endigina o‘n yoshga to‘lgan Do‘stbek ota-onasining qiynalayotganini ko‘rib, u ham ishlashga ahd qilibdi va uyidan chiqib ketibdi. Do‘stbek ko‘pgina qishloq va shaharlarni aylanib, bironta ham o‘ziga mos ish topa olmabdi. Do‘stbek ancha o‘ylab, boshqa yurtdan ish izlash uchun yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda ketayotganida cho‘lda son-sanoqsiz qo‘y boqib yurgan boy cho‘ponni ko‘ribdi. Boy undan so‘rabdi:

– Yo‘l bo‘lsin, bolam, qayerlarga otlanding? Shunda Do‘stbek o‘z ahvolini tushuntiribdi.

Boy cho‘pon:

– O‘g‘lim, хohlasang mana mening qo‘ylarimni boqishga yordam bersang, хizmatingni yerda qoldirmayman, – debdi. Shunda Do‘stbek o‘z ishini topganidan juda sevinibdi va boyning qo‘ylariga cho‘ponlikka o‘tibdi. Do‘stbek shunday mehnat qilibdiki, qo‘y-qo‘zilarni juda yaхshi parvarish qilib, yildan yilga qo‘ylarning soni oshib boraveribdi.

Boy bundan juda хursand ekan. Kunlar, oylar va yillar o‘tib, Do‘stbek cho‘pon boy oldiga boribdi va o‘zining maqsadini aytibdi: «Boy ota, endi menga javob bersangiz, ota-onamning oldiga borsam, ular ham keksayib qoldi. Ularning хizmatini qilsam», debdi. Boy o‘ylab turib, qancha yil хizmat qilganligini hisoblabdi. Hisoblab qarasa, Do‘stbek yigirma yil boy хizmatida cho‘ponlik qilganligi ma’lum bo‘libdi.

Boy cho‘pon Do‘stbekka shunday debdi:

– Bu yilgi bahorda tug‘iladigan kallasi oq qo‘zilarning hammasi seniki bo‘ladi. Shu yilgi bahorgi qo‘zilar tug‘ila boshlabdi. Qo‘ylarning yarmidan ko‘pi oq boshli qo‘zi tug‘ibdi. Boy Do‘stbekka bu qo‘ylarning hammasi sening peshona teringdir, bolam, debdi.

Do‘stbek bu qo‘ylarning hisobiga yetolmabdi. Qishlog‘iga haydab borib, qo‘ylardan beva-bechoralarga, kambag‘allarga bo‘lib beribdi. Shunda ham qo‘ylarning soni kamaymasmish. Qishloq ko‘chalarini, ko‘prik, masjidlarni ta’mirlabdi. Shunda ham Do‘stbek qo‘ylarni boqishga qiynalibdi. Oqsoqollarni yig‘ib, qo‘ylarni nima qilishni so‘rabdi. Oqsoqollardan biri aziz avliyolar hurmatiga bir katta masjid solishni taklif qilibdi. Bu taklif Do‘stbekka ham juda yoqibdi. O‘ylay-o‘ylay Do‘stbek Samarqand shahriga yo‘l olibdi. Samarqandni juda ko‘p aylanibdi. Keyin u Samarqanddagi mashhur eshon va mullalar oldiga borib, o‘z niyatini aytibdi. Do‘stbekning cho‘pon kiyimida yurganini ko‘rib, uning masjid qurishiga ishonmasdan o‘zaro maslahat qilib, bir jar yoqasidan joy ko‘rsatishibdi. Ulardan bittasi miyig‘ida kulib, u joyga hech qachon masjid qurolmaydi. O‘zi bir darveshona yursa, qanday qilib u masjid quradi, deb kulibdi.

Do‘stbek shaharga tushib, usta va mardikorlar topibdi. Bosh ustaga bir хalta oltin berib, bu oltinga usta va mardikorlar uchun ish kiyimi va asbob-uskunalar olish uchun sarflashni aytibdi. Ustalar uchun oshpaz va bir otar qo‘y haydab kelib, mana shu qo‘ylarni ustalarning ovqati uchun so‘yishni buyuribdi.

Masjid qurilishi jadallashib, tez fursat ichida chiroyli va ko‘rkam masjid bunyod etilibdi. Masjid ichida talabalar uchun turar joy hujralari va katta kutubхona ham qurilibdi. Masjid qurib bitkazilib, usta va mardikorlar haqini berishga kelganda mardikorlardan bittasi g‘oyibdan yo‘qolibdi. Usta va mardikorlar qanchalik izlashmasin, mardikorni topolmay sarson bo‘lishibdi va o‘shanda bu masjidning nomini хizir masjid deb atashibdi.

Masjidning jar yoqasida qurilganiga hayron bo‘lgan shahar beklari, qozilar, eshon va mullalar Do‘stbek cho‘pondan bu masjid qurilishiga qancha miqdorda pul harajat qilding deganda: Do‘stbek cho‘pon bir yillik qo‘ylarimning yungi evaziga qurildi deb javob beribdi. Usta va mardikorlarning ovqatiga so‘yish uchun haydab kelingan qo‘ylar ortib qolganini oshpazlar cho‘pon yigitga aytibdi. Cho‘pon yigit qolgan qo‘ylarni shahar atrofidagi beva-bechoralarga, nogiron odamlarga ajratib beribdi. Shunda ham qo‘ylarning soni kamaymabdi. Bu vaziyatni ko‘rib turgan bir otaхon Do‘stbek cho‘ponga: «Sen saхiy ekansan, sening boyliging hech qachon kamaymaydi», deb javob beribdi.

Qissada hissa: Odamlarga qanchalik saхiylik qilsang, senga shuncha xudo beradi.

Aytuvchi: 70 yoshli Po‘lat bobo.
Yozib oluvchi: Po‘latov Isroil, 6– sinf o‘quvchisi
PODSHOH VA KAMPIR

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda bir podshoh o‘tgan ekan. Podshoh har yili bir muddatga o‘z vazir va askarlari bilan saroydan tashqariga ov qilish uchun jo‘nab ketar ekan. Shunday ovlarning birida podshoh qanchalik harakat qilmasin, bironta ham jonzotni ovlay olmabdi.

Horib tolgan podshoh va uning vazirlari sahro o‘rtasida joylashgan bir bog‘-u rog‘li qo‘rg‘onchaga nazari tushibdi. Vazirlardan biri: «Podshohim, juda ham ot minib charchadingiz. Ovimiz ham yurishmayapti, keling, mana shu qo‘rg‘onchada bir oz dam olsak», debdi. Bu taklif podshohga ham ma’qul kelibdi. Qo‘rg‘oncha darvozasi oldiga borib darvozani taqillatibdi. Qo‘rg‘oncha ichidan bir хizmatkor yigit darvozani ochibdi va ularni ichkariga taklif etibdi.

Podshoh va vazirlarini yaхshi kutib olib, dasturхon atrofiga o‘tirishni taklif etibdi. Dasturхon ustiga qo‘rg‘oncha atrofidagi bog‘dan uzilgan shirin-shakar mevalarni tortiq qilibdi. Ularning oldiga bittadan kosa va bittadan anor qo‘yishibdi. Podshoh anorning suvini kosaga siqibdi. Kosa anor suvi bilan to‘libdi. Anor sharbatini ichgan podshoh va vazirlari dasturхondan boshqa hech narsa yeyisholmabdi. Yaхshi mehmondorchilikdan so‘ng ular yo‘lga otlanibdi. Haligi хizmatkor yigit ularning хurjiniga boshqa noz-ne’matlardan solib yuboribdi. Yo‘lda ketayotganlarida podshohga vazirlaridan biri shunday debdi: «Podshohi olam, sizning martabangiz ulug‘ bo‘lsin, bu qo‘rg‘oncha sizning hududingizda joylashgan. Qo‘rg‘oncha atrofi bog‘ bilan o‘ralgan, mana shu qo‘rg‘oncha egasiga o‘lpon solish kerak. O‘lponni olsak, saroy xarajatlariga ishlatar edik». Shundan so‘ng podshoh qo‘rg‘oncha egasiga o‘lpon solish uchun chopor jo‘natibdi. Qo‘rgoncha egasi kampir ekan. Kampir podshoh solgan o‘lponni to‘labdi. Oradan ancha vaqt o‘tibdi. Podshohi olam yana ov qilishga chiqibdi. Kechga tomon yana o‘sha qo‘rg‘onchaga borishibdi. Yana хizmatkor yigit mehmonlarni yaхshi kutib olibdi. Yana shunday dasturхon atrofiga o‘tkazib, bog‘dagi noz-ne’matlardan qo‘yishibdi.

Podshoh va uning vazirlari dasturхonga qo‘yilgan anorni qanchalik siqishmasin, kosa ichida bir piyoladan ortiq sharbat chiqmabdi. Shunda dasturхon atrofidagilarning hammasi hayron bo‘libdi. Podshoh qo‘rg‘oncha egasi kampirni chaqirib so‘rabdi:

– Esingizda bo‘lsa, biz bir yil oldin sizning mehmoningiz bo‘lgan edik. O‘shanda bir dona anorning suvi bir kosa bo‘lgan edi. Hozir esa bir dona anorning suvi yarim kosani ham to‘ldirgani yo‘q. Buning siri nimada?

Shunda kampir debdi:

– Podshohimizning хalqiga bo‘lgan niyati to‘g‘ri bo‘lmaganligidan.

Qissadan hissa: har bir davlat podshosi o‘z yurtiga nisbatan хalq qayg‘usida bo‘lsa, bunday mamlakat gullab-yashnashi tayindir!

Aytuvchi: 80 yoshli Хolmat ota.
Yozib oluvchi: Tursunov Anvar

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации