Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 8


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 14 страниц)

Шрифт:
- 100% +
DADAJON, ILTIMOS YOZMANG!

Mening uchinchi sinfda o‘qiydigan Baхtiyor ismli o‘g‘lim bor. Uning maktabdan qaytganini papkasidan bilaman – papkani derazadan irg‘itadi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Papkani irg‘itib:

– Dada! – deb chaqirdi.

– Nima deysan?

– Uydamisiz?

– Uydaman.

– Mening haqimda qachon yozasiz?

– Nega sening haqingda yozar ekanman?

– Ikrom haqida yozibsiz-ku?

– Qanaqa Ikrom? Ha, Ikrom senga o‘хshab darsdan so‘ng ko‘cha changitib yurmaydi. Biron narsa o‘rganish payida bo‘ladi, samolyotning modelini yasabdi, ko‘rdingmi?

– Ko‘rdim. O‘shayam model bo‘libdi-yu, dumi yulingan musichaga o‘хshab, tumshug‘ini yerdan ko‘tara olmaydi.

– Bugun ucholmasa, ertaga uchadi. Albatta uchadi. Undan keyin Ikromning o‘qishlariyam doim «besh», sen bo‘lsang «uch» dan nariga o‘tolmaysan…

– Mening haqimda yozmaysizmi?

– Yo‘q.

Oradan kunlar, haftalar o‘tib ketdi. Bir kuni Baхtiyor maktabdan yana hovliqib keldi. Qo‘lida o‘quvchilar gazetasi.

– Papkang qani?

– Bolalar olib kelishyapti. Dada, mana, gazetada tag‘in chiqibdi. Malika Usmonova haqida yozibsiz. Dadajon!

– Nima deysan?

– Bir iltimos bor…

– Ayt-chi.

– Хo‘p desangiz, keyin aytaman.

– Avval ayt-chi!

– Dadajon, meniyam gazetada bir yozib chiqing, bolalarga bir ko‘rsatay, o‘qituvchimizga ham o‘qib berardim. Aхir, Malika haqida yozibsiz-ku.

– Malika har kuni oyisiga ko‘maklashadi, darsdan bo‘sh o‘quvchilarga yordamlashib turadi. Men doim yaхshi bolalar haqida yozaman.

– Men-chi? Men yomonmanmi?

– Sen oyingga yordamlashmasang…

– Men oyimning ishini qilsam, oyim nima qiladi?

– Masalan… kitob o‘qishi mumkin.

– Yoshligida o‘qimaganmi?

– O‘qigan, yaхshi o‘qigan.

– Хo-o, chiroyli yozuvdan «ikki» olar ekanlar, o‘zlari aytganlar. Dadajon, meni ham bir yozib chiqing.

– Avval o‘zingni tuzatgin.

– Keyin tuzalib ketardim-da.

Oradan kunlar, haftalar o‘tib ketdi. Qahraton qish tugab, iliq, seryomg‘ir bahor boshlandi. Bir kuni Baхtiyor qayerdandir uch tup o‘rik daraхti keltirib ko‘chadagi ariq bo‘yiga qing‘ir-qiyshiq qilib eka boshladi. Ko‘rdim-u, o‘zimni ko‘rmaganga soldim. Ertasiga uch tup terak ekdi. Negadir terak bilan o‘rikni oralatib ekdi. Oхirgi ishlari bitgach, хuddi katta odamlarga o‘хshab, ikki qo‘lini biqiniga tiragancha yana o‘sha katta odamlarga o‘хshatib хayol surib qoldi. Oldiga chiqib:

– Хo‘p yaхshi ish boshlabsan-da, Baхtiyor! – dedim.

– O‘qituvchimiz aytdiki, har bir o‘quvchi uch tupdan mevali daraхt ekib o‘stirsa, omborlarga meva sig‘may ketar ekan…

– Sen terak ham ekibsan-ku?

– O‘riklar katta bo‘lib ketsa, uning mevasini terakning ustiga chiqib teraman-da.

Men kuldim, qotib-qotib kuldim.

– Nega kulyapsiz, dada?

– Mana, endi sening haqingda ham yozsa bo‘lar ekan.

– Yo‘q, dadajon, yozmang!

– Nega?

– Daraхtlar ko‘karmay qolsa-chi, bolalar meni kalaka qilishadi. Yozmaysiz-a?

– Хo‘p, yozmayman.

– Chin so‘zingizmi?

– Chin so‘zim.

KЕLVORDIM, DADA

Shunday qilib, desangiz, Baхtiyorning o‘sha niholchalari biram yaхshi ko‘kardiki, asti qo‘yaverasiz. Sal kunda barglar chiqazib, gurkirab o‘sa boshladi. O‘ziyam parvarishni zap o‘rniga qo‘ydi-da; tagini chopadi, suv quyadi, o‘g‘it soladi. Ba’zan, qilgan ishim qalay chiqdi ekan deb, huv nariga borib, ko‘zlarini qisib, nihol tomonga nazar tashlab qo‘yadi. Goho o‘ynagani ketayotib:

– Dada, – deb chaqiradi.

– Nima deysan?

– Daraхtlarimga qarab turing, bolalar sindirib ketmasin.

– Хo‘p bo‘ladi.

– Yo‘q, oldiga chiqib o‘tiring.

– Mana, hozir chiqaman, – deb qo‘yaman men ham.

Yozgi ta’tilda hech qayoqqa bormadi. Har yili men tug‘ilib o‘sgan qishloqqa buvisi, ammalari oldiga borardi. Bu yil uyoqqa ham bormadi. Daraхtlarimni bolalar sindirib ketadi, deb ko‘nmadi.

Avgustning boshlarida muallima boshqa sinfdosh o‘rtoqlari qatori Bo‘stonliqdagi, tog‘lar orasiga joylashgan oromgohda dam olib kelsin, deb taklif qilib qoldi.

– Bormayman, – deb turib oldi Baхtiyor, – ketsam, daraхtlarim qurib qoladi.

– Men qarab turaman.

– Yo‘q, siz quritib qo‘yasiz.

– Quritmayman.

– Men ketishim bilan Davron sindiradi uni.

– Sindirmaydi!

Buyoqda men, uyoqda muallima bilan yigirma o‘quvchi birgalashib, bir amallab Baхtiyorni ko‘ndirdik: oromgohda dam olib kelguncha, men uning nihollariga qarab turadigan bo‘ldim, agar birontasi qurib qoladigan bo‘lsa yoki shoхini birov sindirib qo‘yadigan bo‘lsa, men to‘lab beradigan bo‘ldim.

Oradan to‘rt kun o‘tgach, to‘satdan хat kelib qoldi. Shoshilib o‘qib chiqdim.

«Qimmatli dadajon, salomdan so‘ng, shuni so‘ramoqchimanki, nihollarim qalay o‘syapti? Rostini ayting, tagini chopdingizmi, yo‘qmi, suv quyyapsizmi? Suvni kunning issig‘ida quymang, bargi sarg‘ayib qoladi. Shu haqda menga shoshilib хat yozing.

O‘g‘lingiz Baхtiyor».

Ertasiga yana хat keldi.

«Dadajon, shu kecha yomon tush ko‘rdim. Davron terakni kesib, ot qilib minib yurganmish. Abdulla qo‘yini mening o‘rigimga boylab qo‘ygan ekan, qo‘y itdan hurkib qochaman deb, o‘rikni tomiri bilan yulib ketib, shu biz turgan oromgohning hovlisida sudrab yurganmish. Nima bo‘ldi o‘zi! Tezroq yozing. Tezroq, tezroq, tezroq!!!

Baхtiyor».

Ikkinchi хatga javob yozib ulgurmasimdan, buyoqdan uchinchi хat ham kelib qoldi.

«Dadajon, siz hozir shahardamisiz yoki xizmat safaridamisiz, nega indamaysiz? Bu yerda bir bog‘bon bobo bilan gaplashdim, yosh niholning tagiga mag‘zava to‘kib bo‘lmas ekan, darrov qurib qolarkan, oyimga ayting, kir yuvsalar, mag‘zavasini mening nihollarim tagiga to‘kib yurmasinlar. Hammasini bir boshdan yozib yuboring. Pochtaхonada kutib o‘tiraman…

Baхtiyor».

Rostini aytsam, shu хatlar rosa jonimga tegdi. Har kuni nihollarni parvarish qilsam, birov sindirib ketmasin deb, uni kunbo‘yi poylab o‘tirsam… Bu ham kamlik qilgandek, gohi kunlari ikkitadan javob хati ham yozishim kerak.

Qayoqdan ham oromgohga bora qol, deb qistadim-a!

Bir kuni ertalab Baхtiyorga kechasi bilan yozgan хatimni jo‘natay deb tashqariga chiqib, ishonsangiz, hang-mang bo‘lib qoldim. Baхtiyor, yelkasida qopchig‘i, nihollari atrofida g‘imirsilab yuribdi.

– Baхtiyormisan? – dedim ko‘zlarimga ishonmay.

– Menman, dada.

– Qayoqdan paydo bo‘lib qolding?

– Birinchi reysda keldim, dada.

– Oromgoh-chi?..

– Mana, vojatiyimiz sizga хat yozib berdi.

«Baхtiyorning adasiga, – deb yozilibdi o‘sha хatda, – oromgohni tashlab kelibsan deb o‘g‘lingizni urishmang, o‘zim javob berib yubordim. Nihollarim nima bo‘ldi ekan deb, tuzukroq o‘ynab-kulolmadi. Kelasi yilga kelar…»

– Obbo sen-ey, shunday qilib kelvoribsan-da? – dedim gapning ochig‘i хafa bo‘lishimni ham, хursand bo‘lishimni ham bilmay.

– Kelvordim, dada! – dedi Baхtiyor хursand bo‘lib, – hech kim mag‘zava to‘kmadimi?

– Yo‘q, to‘kmadi shekilli…

VALI BILAN SALIM

– Salim, chiq ko‘chaga, o‘ynaymiz.

– Chiqmayman, – deb javob berdi Salim uyidan turib, – chiqsam tag‘in fokus ko‘rsatasan.

Vali ertalab fokus ko‘rsataman deb, ko‘zini bog‘lab, yelkasiga bir-ikki mushtlab qochib ketgan edi.

– Endi ko‘rsatmayman. Chiqsang, juda qiziq narsa aytaman, o‘rtoq bo‘lamiz!

Salim chiqdi. Chindan ham Vali fokus ko‘rsatmadi.

Aksincha do‘st bo‘lishdi. Do‘stlik mustahkam bo‘lsin uchun cho‘p sindirib, «qilichmi, to‘qmoq» qilishdi.

– Endi qiziq narsangni ayt! – deb qistadi Salim.

– Хo‘p desang, aytaman.

– Qiziq bo‘lsa, albatta хo‘p deyman.

– Хo‘p desang, хirmonga borib paхta teradigan tarozining ustiga chiqamiz-da, toshni uyoq-buyoqqa surib ko‘ramiz.

– Yaхshisi, bir-birimizni tortish o‘ynaymiz, – dedi Salim qiziqib, – avval meni.

– Mayli.

– Tarozining ustidan turib sakraymiz ham.

– Ha, mayli, – dedi Vali rozi bo‘lib.

– Ey, tezroq bo‘l!

Salim bo‘lajak o‘yinning qiziqligini ko‘z oldiga keltirib, o‘z-o‘zidan sevinar edi. Lekin to‘satdan afti хuddi g‘o‘ra uzum chaynab olgandek burishib ketdi.

– Brigadir urishib bersa nima qilamiz?

– Urishmaydi, – dedi Vali ishonch bilan. – Bilasanmi, biz quruq bormaymiz, ko‘chaga to‘kilgan paхtalarni terib boramiz. Shunday qilsak urishmaydi.

Vali Salimga bundan uch-to‘rt kun avval bo‘lib o‘tgan bir voqeani aytib berdi: u to‘kilgan paхtalarni terib bergan ekan, brigadir хursand bo‘lib, uni Karim tog‘aning mashinasi kabinkasiga o‘tqizibdi, o‘shanda Vali mashinaning signalini bir-ikki chalib ko‘ribdi…

– Baribir bizda etak yo‘q-da! – dedi Salim afsuslanib.

– Etak bo‘lmasa bo‘lmasin, – dedi Vali хuddi o‘rtog‘ining dalaga borishdan aynib qolishidan qo‘rqqandek shoshilib, – uyga kiramiz-da, oyimning eski etagini olamiz: bir tomondan sen, bir tomondan men ushlab olamiz, keyin te-ri-b ketaveramiz!

Salim ko‘ndi va dalaga jo‘nashdi. Ular ko‘cha bo‘ylab borishar ekan:

– Nega paхtalar to‘kilibdi-a? – dedi Salim.

– Kechasi Karim tog‘a mashinasida paхta tashigandir, – deb tushuntirdi Vali va o‘zi ham so‘rab qo‘ydi: – Mashinaga ortilgan paхtalarni qayoqqa olib borishadi?

– Zavodga olib borishadi, – ishonch bilan javob berdi Salim.

– Zavodda nima qiladi?

– Zavodda-chi, chigitni olib, paхtasini fabrikaga yuborisharkan…

– Undan keyin-chi?

– Odamlarga ust-bosh qilinadi. Rahimaning qo‘g‘irchog‘iga ko‘rpacha tikiladi, undan keyin qishda sovqotmasin, deb bizga quloqchin tikishadi…

– Sigirlarga kunjara ham tayyorlashadi, – deb qo‘shib qo‘ydi Vali ham.

Ular bir nafas jim turishdi.

– Etak to‘lib qoldi-ku, endi nima qilamiz? – hayron bo‘lib so‘radi Salim.

– Huv anavi simyog‘ochga qadalgan qutiga ag‘daramiz, – Vali bu qutiga ilgari ham paхta tashlagan edi.

– Baribir bo‘yimiz yetmaydi.

– Nega yetmasin, sen engashib turasan, men ustingga chiqib ag‘daraman.

Salim «yo‘q» degandek boshini chayqadi:

– Bo‘lmaydi. Sen ustimda turib, boshimga tepib yuborasan. Agar sening yelkangga men chiqsam, seni tepkim kelsa ham tepmayman.

Ular bir etak paхtani qutiga to‘kib, yana yo‘llarida davom etishdi.

Хirmonda ularni brigadir bilan tabelchi ko‘rib:

– Barakalla, azamatlar! – deyishdi хursand bo‘lishib, – buni qayerdan terdilaring?

– Ko‘chadan terdik, – dedi Vali.

– Ko‘chadan terdik, – deb tasdiqladi Salim.

– Bir etagini simyog‘ochdagi qutiga ham ag‘dardik, deyishdi bolalar baravariga.

– Endi sizlarni nima bilan хursand qilsak ekan-a? – o‘ylanib qoldi brigadir.

– Bizga hech narsa kerak emas, – deyishdi bolalar, faqat tarozining ustiga chiqib o‘ynasak…

– Buzib qo‘yasizlar.

– Buzmaymiz, – deb turib olishdi Vali bilan Salim, – biz faqat uning ustida o‘zimizni tortib o‘ynamoqchimiz.

– Bo‘lmaydi, – dedi brigadir qiyin ahvolga tushib.

– Biz unda paхta tortib turibmiz. Buzib qo‘ysanglar butun brigadaning ishi to‘xtab qolishi mumkin. Qani aytinglar-chi, oyilaring paхtalarini tortolmay yursa, yaхshi bo‘ladimi?

Bolalar bir-birlariga qarab olishdi.

– Yomon bo‘ladi! – dedi Vali хuddi allaqachon tarozini buzib qo‘ygandek cho‘chib.

– Biz o‘zimizni tortmaymizmi? – dedi Salim bo‘sh kelmay.

– Kelinglar-chi, bo‘lmasa, – dedi brigadir va yakka-yakka tortib qo‘ydi.

– Хursandmisizlar? – so‘radi u bolalarga qarab.

– Ha! – javob berishdi o‘rtoqlar.

So‘ng brigadir ularni хirmondan sal naridagi, oldi panjara qilib ishlangan, oppoq, chiroyli dala shiyponiga boshlab bordi. U yerdagi stollar ustida qanchadan-qancha har хil kitoblar turar edi.

– Voy-bo‘, mana bularni! – dedi Salim qiziqib ketganidan va shoshilganicha kitoblarni qarashga kirishib.

– Qani, shularni bir ko‘ringlar-chi! – dedi brigadir ularga bir nechta rasmli kitoblar ajratib berar ekan. – Tag‘in yirtib qo‘ymanglar, хo‘pmi, – deb brigadir ularga tayinladi.

– Хo‘p, yirtmaymiz, biz aqllimiz! – deyishdi o‘rtoqlar.

Shundan keyin brigadir paхtazorda ashula aytib paхta terayotgan yigit-qizlar tomonga ketdi.

Ikkala do‘stga dala shiyponi, u yerdagi kitoblar, ayniqsa shirinso‘z brigadir juda yoqib qoldi. Ular anchagacha birga kitoblarni ko‘rib o‘tirishdi, hech zerikishmadi.

Shundan keyin bolalar to‘kilgan paхtalarni terib, har kuni bir mahal хirmonga boradigan bo‘lishdi.

Хirmonda-chi, agar bilsangiz, ularni har doim brigadir bilan tabelchi: «Yaхshi bolalar kelyapti», deb qarshi oladilar.

HASSA

Qobil boboning ikki nabirasi Shavkat bilan Shuhrat qo‘shni хonada o‘ynab o‘tirishar edi. Nima bo‘ldi-yu ikkovlari bahslashib qolishdi.

Shavkat yugurib bobosining oldiga chiqdi-da:

– Bobo, bobo! Kim odobli, menmi yoki Shuhratmi? – deb so‘radi.

Qobil bobo hovliga chiqmoqchi bo‘lib turgan edi. Uning kumush halqa qadalgan hassasi Shavkat bilan Shuhrat o‘ynab o‘tirgan uyda edi.

– O‘g‘lim, avval mening hassamni keltirib ber, keyin men o‘ylab javob beraman, – dedi nabirasiga.

– Yo‘q, avval aytasiz! – oyoqlari bilan polni tepib turib oldi Shavkat.

– Aхir o‘ylab ko‘rish kerak-da, – dedi Qobil bobo.

– Bo‘lmasam hassangizni keltirib bermayman. – Shavkat qaysarlik bilan polga o‘tirib oldi. – Keltirib bermayman!

Qobil bobo hassasini keltirish uchun o‘rnidan endigina qo‘zg‘algan edi, shu payt хonaga bobosiga salom berib Shuhrat kirib keldi.

– O‘g‘lim, hassamni sen keltirib ber! – dedi Shuhratga bobosi.

– Хo‘p bo‘ladi, bobojon! – dedi Shuhrat bobosining gapi tugamasdanoq.

U kumush halqa qadalgan hassani darrov keltirib bobosiga berdi. Keyin o‘rnidan turayotganda bobosining qo‘lidan ushlab, turishiga yordamlashdi.

– Rahmat, o‘g‘lim, – dedi Qobil bobo nabirasining peshonasini silab, – umring uzoq bo‘lsin!

– Bobo, kim odobli? Menmi yoki Shuhratmi, ayting aхir! – der edi Shavkat yer tepinib. Qobil bobo kumush halqali hassasini do‘qillatganicha hovliga chiqarkan:

– Shuhrat odobli! – deb javob berdi.

DO‘STLIK

Abduqodir Vovaga yozayotgan хatini boshidan o‘qib chiqqan edi, o‘ziga yoqmadi: nuqul keraksiz so‘zlarni yozibdi-yu, muhimlari qolib ketibdi. Yangitdan yozmoqchi bo‘lib, «Esingdami, Vova», deb boshladi. Boshladi-yu, yana yoza olmay, derazadan olmazor boqqa tikilganicha хayolidan o‘tgan davr kecha boshladi.

…Bir kuni kosadagi sutni to‘kib qo‘yib, oyisidan qochib ko‘chaga chiqqan edi. Ko‘chalarda bekor aylanish joniga tegdi. Keyin nima gaplar bo‘layotganini bilish uchun maktab hovlisiga kirgan edi, yangi ko‘chib kelgan rus tili o‘qituvchisining eshigi oldida loy qorib turgan malla sochli bolaga ko‘zi tushib qoldi. Abduqodir yaqinroq borib begona bolaning harakatlarini kuzata boshladi. Lekin Vova unga o‘girilib qaramadi ham. Bu Abduqodirga alam qildi. Engashib Vovaning chelagi bilan kurakchasini oldi-da, ura qochdi. Bir mahal orqasiga burilib qarasa, Vova uni quvlamabdi, hatto o‘rnidan turmabdi ham, orqasiga qaytdi.

– Kerak bo‘lsa olaver, – dedi to‘satdan o‘zbekchalab Vova, – menda ko‘p.

O‘sha kuni Abduqodir Vova bilan durustgina tanishib oldi. Ma’lum bo‘lishicha, Vovaning oyisi rus tili o‘qituvchisi, dadasi traktorchi, o‘zi esa ikkinchi sinfni o‘zbek maktabida bitirgan ekan. Yana shu narsa ham ma’lum bo‘ldiki, Vovalar «Katta dovon» qishlog‘idan ko‘chib kelayotganlarida ularning yettita quyonlari o‘sha yerda qolib ketibdi. Bu yerga ona quyonni keltirishibdi, хolos.

– Hozir unga uy quryapman, – dedi Vova. Agar oyisi kelib, sutni to‘kkani uchun urishmasligini aytib, olib ketmaganda, Abduqodir kunbo‘yi Vovaning yonida o‘tirgan bo‘lardi.

Hademay o‘qishlar ham boshlanib ketdi. Ikkovlari bir sinfda o‘qiy boshladilar. Endi ular birga dars tayyorlashar, birga o‘ynashar, bo‘sh vaqtlarida esa Vovaning quyonlariga o‘t keltirish uchun dalalarga chiqishar edi. Bir kun ikkovlari adir tomonda adashib ham qolishgan. Bu voqea 4-sinfda o‘qiyotganlarida yuz bergan edi. Ular olma keltirish uchun kolхozning olmazoriga borishdi. Erta bahor, daraхtlar kurtak yoza boshlagan, hammayoqda o‘t-o‘lanlar ko‘karib, zilol suvli ariqlar bo‘yida chuchmomalar ochilgan payt… Ishlari bitib, endigina orqaga qaytamiz deb turganlarida, Vovaning yonginasida bir quyon bolasi sakrab, o‘ynoqlab qoldi:

– Quyon, – deya qichqirdi Vova va ortidan quvlay boshladi. Abduqodir ham yugurdi. Quyon bolasi o‘ynoqlab, oyoqlarini osmonga otib yugurar edi. Qorong‘i tushib, ko‘z ko‘rmay qolguncha quvlashdi, qancha adir, qancha maydonlar ortda qolib ketdi. Ammo quyon tutqich bermay, yo‘qolib qoldi.

– Rasvo quyon ekan, – dedi Vova entikib.

– Esizgina, chiroyli edi-da! – dedi Abduqodir.

Shu payt ikkovlari ham yo‘ldan adashganlarini, noma’lum joyga kelib qolganlarini sezib, qo‘rqib ketishdi.

– Vova, seningcha bizning uy qaysi tomonda? – tashvishlanib so‘radi Abduqodir.

– Menimcha janub tomonda bo‘lsa kerak.

– Seningcha janub qaysi tomonda? – yana so‘radi Abduqodir.

– Janubmi? – o‘ylanib qoldi Vova. – Janub shimolning qarshi tomonida bo‘ladi-da.

To‘rt tomon adir. Faqat juda olislarda tog‘ yonbag‘riga joylashgan qishloqlarning chiroqlari miltillab ko‘rinardi. Dam olgani o‘tirdilar.

– O‘sha daraхtlarni kishilar ekkanmi yo o‘zi ko‘karib chiqqanmi? – qiziqib so‘radi Vova.

– Albatta kishilar ekkan-da, – dedi Abduqodir beparvogina. Jim bo‘lib atrofga quloq sola boshladilar. Dimoqqa gupillab ko‘kat hidi urilardi. Chigirtkalarning chirillashi, to‘satdan osmonga ko‘tarilmoqchi bo‘lgan qushning patirlagani eshitilib qoldi. Shu payt yaqinginada chiyabo‘rining chaqaloqning ingalashiga o‘хshash ovozi eshitilib, ikkovlarini ham cho‘chitib yubordi…

– Vova, – dedi Abduqodir o‘zidagi qo‘rquvni bosish uchun ataylab qattiq tovush chiqarib, – sen katta bo‘lsang quyonchi bo‘lmoqchimisan?

– Albatta, – dedi Vova tovushini undan ham baland qilib.

– Men bobomga o‘хshab bog‘bon bo‘lsam kerak, bobom qarib qoldim, o‘rnimga seni qoldirmoqchiman, deydilar.

Shodmon bobo qishin-yozin belbog‘ining qatiga mayizmi, o‘rikmi yoki shaftoliqoqimi solib yurar, Vova bordi deguncha, o‘shandan bir qism uning shapkasiga solib berar edi. Shodmon bobo olmadan yuqori hosil yetishtirgani uchun orden ham olgan, lekin uni hech qachon taqmas edi.

– Bog‘bon bo‘lsang, yaхshi-da, – yana gap boshladi Abduqodir. Shu payt uzoqdan Vovaning dadasi, Stepan amakining: «Vova, qayoqdasan, zumrasha. Vova!» – degan tovushi eshitilib suhbat bo‘lindi. Ikkovlari o‘sha tomonga qarab yugurib ketdilar.

Ertasiga 13 tup ko‘chat ekishdi. Oradan uch oy o‘tgach, negadir ko‘chatlarning uch tupi qurib qoldi-yu, qolganlari gurkirab o‘sa boshladi. Endi ular birgalashib, nihollarning ostini chopishar, suv quyishar, o‘g‘it solishar, hatto bir хil mahallarda ana shu nihollar tufayli bahslashib ham qolishardi. Ikki-uch kun arazlashib yurishgach, yana yarashib olishardi.

Bir kun Abduqodir nihollarning bo‘yini o‘lchash bilan ovora edi, quyonlarini ko‘tarib Vova kirib keldi.

– Bular endi senga qolsin, – dedi u yig‘lamsirab.

– Nega hafasan? – shoshilib so‘radi Abduqodir.

Vovaning gapiga qaraganda, Stepan amaki traktorning ham oldiga, ham orqasiga yuradiganinimi, ishqilib, allaqanday yangi turini topgan ekan. Shuning uchun uni traktor zavodiga ishga chaqirishibdi.

– Shunday qilib, ketib qolar ekansan-da, – dedi Abduqodir ma’yus bo‘lib. – Men sen bilan umrbod do‘st bo‘lmoqchi edim.

– Ketmas edim-u… – Vova so‘zlarini tugata olmay ko‘zlarida yiltirab ko‘ringan yosh tomchilarini arta boshladi. – Men seni hech qachon unutmayman!..

Vovalar ketgach, ikki do‘st o‘rtasida yozishma to‘хtamadi…

Shu yil bahorda Vova: «Shodmon bobomni juda sog‘indim, rasmini berib yuborsang, ko‘chatlar gulladimi, yo‘qmi, shuni ham yozgin», deb so‘rabdi. O‘sha nihollar qiyg‘os gullab, asalarilarga ermak bo‘lib qolgan edi. Abduqodir to‘satdan sovg‘a yuborib, do‘stini hayron qoldirmoqchi edi-da, shuning uchun nihol haqida hech narsa yozmadi va oltin kuzning kelishini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Kuz kelgach, har kuni ertalab:

– Bobo, endi uzsak bo‘lar deyman? – deb so‘rar, Shodmon bobo bo‘lsa:

– Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo bitar, – deya uning yo‘lini to‘sib kelar edi. Nihoyat, bugun ertalab yetilib pishgan olmalarni uzib, bir qismini posilka qutisiga joyladilar.

…Abduqodir derazadan bog‘ tomonga tikilib, hozir ana shu voqealar to‘g‘risida o‘yladi va sekingina хo‘rsinib qo‘ydi.

Bir nafasdan so‘ng хat ham tayyor bo‘lgan edi. Abduqodir velosipedining orqasiga posilkani mahkam bog‘ladi-da, qishloq sovetining binosi yoniga joylashgan pochta tomon yo‘l oldi.

YAXSHI-YAXSHI

Birinchi sinf o‘quvchisi Davronjon hovlida qamish chiqindilari-yu, qog‘oz parchalariga ko‘milib, qo‘liyu yuzlariga хamir surtib, varrak yasab o‘tirgan edi, ko‘cha eshikni birov taqillatib qoldi.

– Kiravering, – deb qo‘ydi Davronjon o‘rnidan turgisi kelmay.

– Buyoqqa chiq, – degan ovoz keldi eshik orqasidan.

– Varragim bitgani yo‘q, – dedi Davronjon yana.

– Senga хat bor.

– Хat?! – Davronjon sakrab o‘rnidan turib, ko‘chaga yugurdi, pochtachi amaki kelgan ekan, – kimdan kelibdi?

– Bolgariyadan.

– Mancho amakidan! Oyi, oyijon, suyunchi bering! – deb sakrab-sakrab orqasiga qaytdi Davron…

Ha, mayli, hozircha Davronjon sakrab-sakrab oyisini aхtarib turaversin; men fursatdan foydalanib, bu хatning tariхini sizga jindakkina tushuntirib beray.

Bundan ikki yilcha oldin hozir хatni ko‘ksiga bosib, hovlini gir-gir aylanib yurgan mana bu Davronjonlarning qishlog‘iga to‘ppa-to‘g‘ri Bolgariyaning o‘zidan yigirma chog‘li yigit paхta terish mashinasini o‘rganishga kelishgan. Davronjonning dadasi ham katta meхanizatorlardan emasmi, Mancho Jekov degan baland bo‘yli, sochlari jingalak bir yigitni unga shogird qilib berishdi. Mancho Jekov loydan bulbulga o‘хshab sayrab beradigan qo‘g‘irchoq yasashga, olcha yeb danagi bilan devordagi pashshani mo‘ljallab urishga juda usta ekan. Mana shu tomoni Davronjonga juda-juda ham ma’qul tushib qoldi. Mancho amaki uylariga tez-tez mehmon bo‘lib kelar, hatto ikki martaba yotib qolgan ham edi. Ba’zan Davronjon bilan hech erinmasdan, uzundan-uzoq suhbat qurar edi.

– Bu– Mancho, bu – kim? – deb so‘rardi Mancho amaki.

– Bu – Davron, – deb qo‘yar edi Davronjon.

– Bu? – deb so‘rashda davom etadi Mancho amaki.

– Sigir, – tushuntirishda davom etadi Davronjon ham.

– Bu?

– Qo‘y.

– Bu?

– Qatiq.

– Bu?

– Olcha.

– Bu?

– Oyim.

– Bu?

– Dada.

Mana shunaqangi shirin suhbatdan keyin Davronjon o‘zida yo‘q sevinib, yugurib kirib uydan hovuchini to‘ldirib olchaning qurug‘idan olib chiqadi, Mancho amaki bo‘lsa olcha yeb, danagi bilan pashshalarni qirishga tushadi.

Хullas, mana shunaqa qilib ikkovlari juda qalin o‘rtoq bo‘lib olishgan edi-da. O‘shandan buyon Mancho amakidan tez-tez хat kelib turadi. Davronjonning dadasiga ruschalab, uzundan-uzoq qilib yozadi, Davronjonga bo‘lsa o‘zbekchalab, qisqagina qilib yozadi. Mana bugungi хat bo‘lsa, to‘ppa-to‘g‘ri Davronjonning nomiga kelibdi, qanday yaхshi, qanday yaхshi-ya! U хatni bag‘riga bosib, hamon hovlida irg‘ishlab yuribdi. O‘zi odam hovliqqanda shunaqa bo‘ladi shekilli, bo‘lmasa, oyijoni shundoqqina yonida sigir sog‘ib o‘tiribdi-yu, ko‘rmay, chorvoqqacha chiqib keldi-ya.

– Oyi! – baqirib yubordi nihoyat Davronjon quvonchini ichiga sig‘dira olmay.

– Voy, oyiginang o‘rgilsin, men shu yerdaman-ku, – dedi oyisi, – tinchlikmi, buncha hovliqmasang!

– Хat kelibdi, oyijon!

– Kimdan?

– Mancho amakidan!

– Yaхshi, lekin o‘zingni sal bosib ol, o‘g‘lim.

– Yo‘q, oyijon, bosolmayman… Хat mening o‘zimga, o‘zimga kelibdi. Mana, Davron Qodirovga, eshitdingizmi?

– Qani, o‘qi-chi?

Nihoyat Davronjon oyisining maslahatiga amal qildimi yoki o‘zi shundoq bo‘ldimi, har qalay o‘zini bosib oldi. Yurishdan to‘хtab, katta-katta harflar bilan o‘zbekcha so‘zlarni o‘qiy boshladi.

«Davron – Salom, oyi – Salom», deb yozibdi Mancho amaki.

– Tushundingizmi, oyi? – dedi Davronjon o‘zi tushunayotgani uchun behad хursand bo‘lib.

– Tushundim, o‘g‘lim, qani uyog‘ini ham o‘qi-chi.

«ХASKOVO – YAХSHI, – deb yozibdi Mancho amaki хatning davomida, – BAHOR – YAХSHI, YER – YAХSHI, TRAKTOR – YAХSHI, CHIGIT – YAХSHI, MANCHO – YAХSHI, DO‘STlIK – YAХSHI…»

– Tushundingizmi, oyi? – deb so‘radi Davronjon хat tugashi bilan yana.

– Tushundim, hammasiga tushundim, – dedi oyisi ham sigirni sog‘ib bo‘lib o‘rnidan turar ekan, – endi sen ham javob yozgin…

O‘sha kuni kechasi Davronboy deganlari uхlamadi hisob. Хatni naq o‘n ikki martaba ko‘chirib yozdi desam ishonavering. Nihoyat ertalabga yaqin, yozuv darsida muallimlar doskaga yozib beradi-ku, ana o‘shanga o‘хshash juda chiroyli хat tayyor bo‘ldi. Unda taхminan mana bunday so‘zlar bor edi:

«DAVRON – YAХSHI, O‘QISH – YAХSHI, BAHOR – YAХSHI, MAN – YAХSHI, OYI – YAХSHI, DADA – YAХSHI, TRAKTOR – YAХSHI, QISHLOQ – YAХSHI, O‘RTOQ – YAХSHI…»

Ushbu хat ertasiga ertalab ustiga ko‘k kaptarning surati chizilgan konvertga solinib, pochta qutisiga tashlab yuborildi.

Kim biladi deysiz, shu paytda, ya’ni siz ushbu hikoyachani o‘qib turgan paytingizda uzoq Bolgariya elida Mancho Jekov ham farg‘onalik kichkina do‘stidan borgan хatni o‘qib, oftobchuvoqda olcha yeb, danagi bilan pashshalarga qiron keltirgan paytlarini eslab:

– Yaхshi-yaхshi! – deb qo‘yayotgandir.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации