Текст книги "Қайлардасан, болалигим"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 12 (всего у книги 14 страниц)
HAYOT SHIRINLIGI
Bir kishi ajdarhoning changalidan qochish uchun jon holatda yuguribdi. Yugura-yugura bir jarning oldiga kelib qolibdi. Pastga tushish uchun egilib qarasa, jarlikning tubi ilon-u chayonlarga to‘la ekan. Ortga qaytay desa ajdarho, pastga tushay desa u yerda ilon-u chayonlar. Shunda jarlikning yoqasidagi ulkan bir daraxtni ko‘rib qolibdi. Daraxtning yarim tomiri jarlikning tepasida, yarmi esa jarlikda joylashgan ekan. Pastlikda joylashgan tomirning g‘ovakroq qismi bor ekan. O‘sha kishi tomirdan g‘ovak joyga tushib, daraxt tomirlaridan mahkam ushlab olibdi. Shu payt qo‘liga bir narsa tomibdi. Yalab ko‘rsa, asal ekan, tepaga qarasa, daraxt shoxida asalari ini bo‘lib, undan asal tomayotgan ekan. Asalni yeb, yigit ajdarhodan qutulib qolibdi.
Kishining orqasidan quvgan ajdarho bu – ajal, inson qayerda bo‘lmasin, qay mansabga erishmasin, ajal doim u bilan izma-iz va yonma-yon yuradi. Jarlik ichidagi ilon-u chayonlar qilgan gunohlarimiz jazosi, ya’ni shaytonlar. Jar yoqasidagi daraxtdan tomayotgan asal hayotni bildiradi. Qanchalik qiyinchilikka uchramaylik, hayot asal singari shirin tuyulaveradi va yashashga umidimiz ortaveradi.
Aytuvchi:Sh.NURMATOVA, 57 yosh, G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi:I.NURMATOV, 8-sinf o‘quvchisi
«BOTIR» QUYON
Shoshib ketardi quyon, ayiqpolvon to‘yiga,
Qorong‘i tushmasdan qaytish kerak uyiga.
Birdan so‘qmoqda yotgan sherga tushdi-yu ko‘zi,
Juftakni rostlamoqchi bo‘ldi qo‘rqqandan o‘zi.
Ikkilanib quyonvoy tezlikda ishlatdi bosh.
Chunki hayvonlar shohi yotardi juda yuvosh.
Asta ehtiyot bo‘lib, o‘tmoq bo‘ldi yonidan,
Axir bizning quyonvoy to‘ymagandi jonidan.
Boshqa yo‘qdir iloji, o‘tmoq kerak amallab,
So‘qmoqni-chi, butunlay yotardi sher egallab.
– Hoy, sher aka, sher aka, – dedi quyonvoy asta,
– Maylimi, ustingizdan sakrab o‘tsam ohista?
– Sakrayver, – dedi sher ham horg‘in ovozda asta.
– Nega bunday yotibsiz? – so‘radi quyon pastda.
– Oyoqlarim, – dedi sher, – qopqonga tushib qoldi.
Mardona sakrar ekan quyonvoy sher ustiga,
Biqiniga bir tepib, dedi bosti-bostiga:
– Esli hayvon bo‘lsang, men senga teng bo‘laymi?
– Oyoqlarim ostida yotganingga olaymi?!
Xulosa:
Amalda bo‘lsang, xushomadgo‘y quyondir,
Amal ketgach, ahvoling juda-juda yomondir.
YOMON XOTIN VA AJDAR
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir odamning xotini yomon xulqli bo‘lib, u erini doim kamsitar ekan. Chol bezor bo‘lib, uni cho‘ldagi bir quduqqa tashlab yuboribdi. Chol uch kundan keyin quduqning oldiga kelib arqon tashlabdi. Shu payt arqondan ajdar chiqib kelayotgan emish, buni ko‘rgan chol arqonni kesmoqchi bo‘lib turganda xudoning qudrati bilan ajdar tilga kiribdi va cholga:
– Iltimos, kesma, – debdi. Chol uni chiqarib olgandan keyin ajdardan so‘rabdi:
– Nima bo‘ldi?
– Men shu quduqda qirq yildan beri tinch yashab kelayotgandim, ammo uch kun avval bir yomon ayol kelib, meni o‘limimga rozi qildi, – debdi ajdar.
Oradan besh yil o‘tib, o‘sha davlatda ajdar katta bir g‘orga joylashib olib, oldiga yaqinlashgan odamni domiga tortib yutib yuboraveribdi. Shu davlat shohi farmon beribdi:
– Kimda-kim shu ajdarni o‘ldirsa yoki quvib yuborsa, yarim davlatimni va qizimni beraman. Chol o‘sha g‘orning oldiga borib tursa, ajdar unga:
– Ey odam, men seni tanidim. Sen meni yomon xotindan xalos qilgan eding, – debdi. Shunda cholning xayoliga bir fikr kelibdi. U saroyga borib shohga debdi:
– Shohim, menga uchqur ot va o‘tkir qilich bering. Chol qilich bilan g‘or oldiga ot choptirib borib baqiribdi:
– Ey ajdarho, qoch yomon xotin kelyapti. Ajdarho orqa-oldiga qaramay qochibdi.
Shunday qilib, yomon ayolning bema’ni qiliqlariga hatto ajdar ham chiday olmagan ekan.
Aytuvchi:E.XOLIQULOV, 70 yosh, Samarqand viloyati
Yozib oluvchi:S.ALIQULOV, 8-sinf o‘quvchisi
YOV QOCHSA
O‘rmonda ikki baroq mushuk tanholikda kun kechirar ekan. Ular ko‘p jonivorlarni ko‘rishgan bo‘lsalar-da, zotlariga mansublarini hech uchratmagan ekanlar. Kunlarning birida nogoh to‘qnash kelibdilar-u, bir-birlarini ko‘rib dahshatga tushibdilar. Birinchi mushuk vajohatli dushmanni qo‘rqitmoq uchun dumini asabiy likillatgancha jon-jahdi bilan unga qarshi yuribdi. Biroq bir-birlariga yaqinlashmay turib, qo‘rquvdan o‘takalari yorilay deb, har tomonga qochib qolishibdi. Ma’lum bir masofani bosib o‘tgan birinchi mushuk orqasiga o‘girilib qarasa, uni hech kim quvmayotgan emish. Shunda u:
– To‘xta, men bu hayvondan qochib yuribman, u esa mendan ham oldin shataloq otib qolibdi-ku. Demak, u ham mendan qo‘rqibdi, – deb o‘ylab orqasiga qaytibdi. Bu payt ikkinchi mushuk baland changalzorga ro‘para kelib, ilojsizlikdan miyovlab yuboribdi. O‘qdek uchib kelayotgan birinchi mushuk bu holatni ko‘ribdi-yu, kalovlanib qolibdi va o‘zi ham to‘xtabdi.
– Qanday dahshat! Men ahmoq, nima qilardim qaytib?! Endi meni bu joyda nobud qilishadi, unga hech narsa xalaqit bermaydi. Vaqt g‘animat, juftakni rostlash kerak, – deb o‘ylabdi u. Birinchi mushuk qandoq tez kelgan bo‘lsa, shundoq iziga qaytibdi.
Xulosa:
O‘z yaqiningni bilmasang, joning azobda, ko‘zingni kattaroq ochib yasha.
Aytuvchi:B. KARIMOV, 64 yosh, G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi:A.KARIMOV, 5-sinf o‘quvchisi
HIMOYA
Olg‘ir nomli bir quyon ilmiy ish yoqlar edi,
Bu fanda yangilik, deb o‘zini oqlar edi.
– Himoyaning nomini bilishga bo‘lsa xohish:
«Hayvonlarning terisini tiriklayin shilish».
Bo‘ri turdi joyidan: – Bizda savol bor bitta,
Himoyani amalda «ko‘rsatarsiz» albatta?
– Xohlasangiz marhamat, anov xonaga o‘ting,
Sizlar esa shu yerda, natijasini kuting.
Bo‘ri dedi o‘zicha: – Bir ta’zirin berayin,
Hozir zap semiribdi, tiriklayin yeyayin.
Alohida xonaga ikkisi kirib ketdi,
Oradan besh daqiqa, chamasi, vaqt ham o‘tdi.
Quyon chiqdi xonadan, qo‘lida qonli teri.
Masala hal – bo‘rining, demak, quribdi sho‘ri.
– Yana xohlaganlar xonaga o‘tsin, – dedi.
Quyonvoyning o‘ziga ishonchi katta edi.
– Bu maqtanchoq, menimcha tinchimaydi o‘lguncha,
Deya ayiqpolvonjon kirib ketdi xonaga.
Chamasi oradan besh daqiqa vaqt o‘tib,
Quyon chiqdi qo‘lida ayiq terisin tutib.
Hamma hayron, hamma lol.
Ne bo‘lganin bilmaydi.
Albatta, boshqalarning o‘lgilari kelmaydi.
Shu payt o‘sha xonadan chiqib keldi hoqon sher,
– Bizning jiyanga yana savollardan bormi? – der.
Xulosa:
Hayotda bu ma’lumdir, agar tog‘ang bo‘lsa sher,
Hech ikkilanmay, do‘stim, mansab qo‘lda deyaver.
Aytuvchi:Y.NASRIDDINOV, 61 yosh, Samarqand viloyati, Samarqand shahri.
Yozib oluvchi:O.YUSUPOVA, 7-sinf o‘quvchisi
AQLLI BOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir maqtanchoq podsho bo‘lgan ekan. Bu podsho «bu yurtda mendan aqlli odam yo‘q», deb yurar ekan. Bir kuni podsho ovga chiqibdi. U tushgacha ov qilib, hech narsa tuta olmabdi. Yo‘lda bir bolani uchratibdi. Podsho bolaga qarab:
– Hoy bola, bizni mehmon qilmaysanmi? – debdi. Bola unga:
– Jonim bilan, – deb javob beribdi. Podsho:
– Bizlarni nima so‘yib mehmon qilasan? – deb so‘rabdi. Bola esa:
– Topsak birini, topmasak ikkisini so‘yamiz, – deya javob qaytaribdi. Podsho bolaning javobidan hayron bo‘libdi. Vazirlariga:
– Bu bolaning gapida xosiyat bor, buni bir sinab ko‘ramiz, – debdi. Podsho vazirlari bilan bolaning uyiga boribdi. Bola podsho va uning odamlarini yaxshilab mehmon qilibdi. Podsho undan:
– Ey bola, nechta qo‘y so‘yding, – deb so‘rabdi. Bolakay esa:
– Birini topmadik, shuning uchun ikkini so‘ydik, – deb javob beribdi.
– Birini topmasang, ikkini qayerdan topasan? – debdi shoh. Shunda bola unga qarab:
– Bizning bir bo‘g‘oz qo‘yimiz bor edi. Boshqa qo‘y topolmay, shu qo‘yni so‘ydik. Qo‘yni so‘ygandan keyin bolasi ham o‘ldi. Ikkini so‘ydik deganning ma’nosi shu, – debdi.
Bu gaplarni eshitgan shoh bolaning aqliga qoyil qolibdi. Keyin uni o‘z saroyiga olib ketibdi. Bola esa o‘qib, dono bo‘libdi, podsho uni o‘ziga vazir qilib olibdi.
Aytuvchi:D.Boboqulova, 43 yosh, Do‘stlik tumani.
Yozib oluvchi:Q.Julliboyev, 8-sinf o‘quvchisi
KULOL YIGIT
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir kulol yigit bor ekan. U bola juda ham yaxshi, mehribon va ochiqko‘ngil ekan. U kulolchilikka qiziqar ekan. Uning qo‘lidan ko‘p ishlar kelar ekan. U loydan ko‘za, kosa, tovoq va bundan ham ko‘p narsalarni yasar ekan. Uning bir do‘sti bor ekan. U ham yaxshi, ammo sal qo‘polroq, kalta o‘ylaydigan va mansabparast ekan.
Oradan ancha vaqt o‘tibdi. Kulol yigit kulolchilik qilib kun kechiraveribdi. Bir kuni kulol bola ish bilan bir joyga tezroq borishi kerak bo‘lib qolibdi. Ishxonasidagi o‘zi yasagan buyumlarga qarab turishni do‘stidan iltimos qilibdi. Do‘sti kulol bolaning o‘rniga qolibdi va yasalgan narsalarni sota boshlabdi. U yerga har xil sayohatchilar va savdogarlar kelar ekan, savdo ham yaxshi bo‘lgani uchun kulol bola o‘sha joyga ko‘chib o‘tgan ekan. Do‘stini kulol ekan, yaxshi narsalar yasar ekan deb o‘ylashibdi. Do‘sti kulol bolaning ishlarini o‘ziniki qilib ko‘rsatib, o‘zini maqtab elga ko‘rsatibdi.
O‘sha yurtning shahzodasi saroyning ayrim joylarini kulolchilik buyumlari bilan bezashni xohlabdi va kulol bola yashaydigan qishloqdan yaxshi kulol olib kelishlarini buyuribdi. Kulol bolaning do‘stini shahzodaning oldiga olib kelishibdi. Shahzoda unga:
– Mana shu joylarni ko‘nglimdagidek bezatsang, seni bosh-oyoq sarpo bilan taqdirlayman. Agarda eplolmasang, seni qatl ettiraman, – debdi. Haligi bola nima qilishni bilmabdi. Kulol yigit do‘konga kelsa, do‘sti yo‘q ekan. Odamlardan so‘rab, saroyga, do‘stining oldiga boribdi. Shahzodaga do‘sti unga yordam bersa, ishi tezroq tugashini aytibdi. Shahzoda rozi bo‘libdi. Do‘stiga yordam berayotgan paytda ularning gaplarini bir navkar eshitib qolibdi va shahzodaga yetkazibdi. Bu gaplardan g‘azablangan shahzoda kulol yigitning do‘stini qatl etishga buyruq beribdi. Kulol yigit shahzodadan do‘stini kechirishini so‘rabdi. Shahzoda kulol yigitning hurmati uchun uni shahardan badarg‘a qilibdi. Kulol yigit esa shahzoda buyrug‘ini bajarib, halol kun kechiribdi.
Aytuvchi:Sh. Islomova, 62 yosh, Jizzax shahri.
Yozib oluvchi:A.Islomova, 8-sinf o‘quvchisi
DUMSIZ TULKI
Bor ekanda, yo‘q ekan. Qadim zamonda bir tulki bo‘lgan ekan. U bir kuni yo‘lda ketayotsa, tog‘dan bir katta xarsang tosh uning dumiga tushib, sapchaday uzib tashlabdi. U juda zorlanib yig‘labdi. Uni do‘stlari «yarim dum» deb mazax qilishibdi. U juda xafa bo‘libdi, kechasi bilan oylabdi va ertasi kuni do‘stlarini chaqirib:
– Hammalaring dumlaringni bir-birinikiga bog‘langlar, – debdi. Ular tulkining aytganini qilishibdi. Tulki esa:
– Qaranglar, ovchi kelyapti, – deb ularni qo‘rqitibdi. Shunda ular ura qochishibdi. Keyin ularning ham dumlari uzilib ketibdi. Tulki xaxolab kulibdi. U:
– Sen ham yarim dum, men ham yarim dum, – debdi. Shundan keyin ular tulkining ustidan kulmaydigan bo‘lishibdi.
Aytuvchi:T.Rasulov, 66 yosh. G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi:A.Toshqulov, 5-sinf o‘quvchisi
IKKI AKA-UKA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda ikki aka-uka bo‘lgan ekan. Ular doim bir-biri bilan janjallashib yurishar ekan. Hech qachon bir-biri bilan kelishmas ekan. Ular shu tariqa ulg‘ayishibdi. Ularni bo‘ylari ham yetib qolibdi. Ota-onalarining bellaridan kuch ketib, qarib qolishibdi. Shunda ular o‘g‘illarini oldilariga chaqirib:
– Bolalarim, bo‘ylaring yetib, ulg‘ayib qoldinglar. Biz esa qarib qoldik. Endi o‘zlaring yurt kezib, o‘zlaringga mos kelin topinglar. Bir-biring bilan hech ham kelisha olmadinglar. Ikkovlaring bir ayro yashab ko‘ringlar-chi, – deyishibdi.
Ikki aka-uka ota-onasining gaplariga rozi bo‘lishibdi va yurt kezgani ikkalasi ikki tarafga qarab ketishibdi. Kattasi yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oradan uch kun o‘tgach, katta aka bir kulbaga yetib kelibdi. U eshikni taqillatibdi. Eshikni bir qariya ochibdi. U qariyadan bir kechaga joy berishini so‘rabdi, qariya unga uyidan joy beribdi va yurtidagi yangiliklar to‘g‘risida yigitga so‘zlab beribdi. Yigit bilan dildan suhbat quribdi. Yurtining shohi va uning go‘zal qizi haqida so‘zlab beribdi. Shoh qiziga kelayotgan sovchilarga shart qo‘yganini aytibdi. Yigit bu gapni eshitib, o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi. Chol yigitning qarorini eshitib o‘ylanib qolibdi va sekin so‘z boshlabdi:
– Shartning eng yomon tomoni bor. Shoh aytgan sinovini bajara olmasangiz, sizni o‘ldirtiradi.
Shunda katta aka choldan bu sinovlarga uni tayyorlashini iltimos qilib so‘rabdi. Chol bunga rozi bo‘libdi.
Ular tayyorgarlikni boshlab yuborishibdi. Bu paytda kichik uka yurt kezar edi. U akasini juda sog‘inibdi. Kichik uka ham yurtni kezib-kezib bir qishloqqa yetib kelibdi. Buni qarangki, bu qishloq akasi yashab yurgan qishloq ekan. Uka ham, aka ham bir qishloqqa kelib qolibdilar. Ikkinchi o‘g‘il ham bir kulbaning eshigini taqillatibdi. Shunda eshikni bir kampir ochibdi, u ham yordam so‘rab shu kampirning uyiga joylashibdi. Uka ham yurt kezib shoh qizi haqida eshitgan ekan. U ham kampirdan iltimos qilib, sinovga tayyorlantirishni so‘rabdi. Kampir rozi bo‘libdi.
Ikki aka-uka bir-birini ko‘rmasdan kundan kunga g‘ayrati oshib boraveribdi. Ular shohning shartlariga tayyor bo‘lishibdi. O‘zlarini sinash uchun musobaqaga, shoh saroyiga borishibdi. Aka-ukalar shoh saroyida bir-birini uchratishgach, ikkalasi bir malika uchun tortishayotganini bilib qolishdi. Ular bir-birini juda sog‘ingan ekan. Ko‘rishganidan xursand bo‘lib quchoqlasha ketishibdi. Saroyga kelish sababini bir-biridan bilgach, birdaniga ikkalasiga ham bir fikr kelibdi. Kichik uka malikaning shartlarini bajarib, akasi uylanishi kerakligini aytibdi. Akasi chol va kampir, ukasining yordami bilan sinovlardan a’lo darajada o‘tibdi va shoh qiziga uylanibdi. Ukasi shu qishloqdagi bir qizni bilar ekan. U o‘sha uyidan joy berib yaxshilik qilgan kampirning qizi ekan. Kichik botir kampirning qiziga uylanibdi. U juda ham odobli qiz ekan. Ikki aka-uka musofirlikda bir-birining qadrini tushunib yetishibdi. Bundan keyin umuman janjallashmaydigan bo‘lishibdi. Ular baxtli hayot kechira boshlashibdi. Farzandli bo‘lishibdi. Farzandlariga ham faqat ahil-inoq bo‘lishlarini uqtirishar ekan.
QORA PODSHO
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda adolatli podsho bo‘lgan ekan. U xalq orasida «Qora podsho» deb atalar ekan. Podshoning go‘zallikda tengi yo‘q Sarvigul degan qizi bo‘lgan ekan. Qiz juda ham malohatli va chiroyliligi uchun unga turli mamlakatlardan sovchilar kelishar ekan. Ammo oqko‘ngil ota ularni surishtirmay hech qaysisini qiziga yaqinlashtirmas ekan.
Qiz kanizaklari bilan bo‘sh vaqtlarida daryo bo‘yiga borar ekan.
Kunlarning birida malika aylanib yurgan bir yigitga duch kelibdi va shunday debdi:
– Ey musofir yigit, malikaning oldida turishingni qanday izohlaysan? Yigit:
– Men musofir emasman, – deb javob qaytaribdi. Malika hayron bo‘lib:
– Unda kimsan? – debdi. Yigit:
– Men Buxoro xoniman, – degan javob bilan kifoyalanibdi u. Bu paytda malikaning otasi ham mamlakatga kelgan Buxoro sultoni Qoraxonni kutib olibdi. Podsho u bilan juda qadrdon tanish edilar. Ular bolalarini unashtirish niyatida ekanlar.
Malika va Buxoro xoni bir-birini ko‘rib yoqtirib qolgan edilar.
Kunlarning birida xon yigit o‘z yurtiga qaytishiga to‘g‘ri kelibdi. Malikasiga qaytib kelishga so‘z berib ketibdi. Qiz xon yigitni uzoq kutibdi, ammo u kelmabdi. Qiz otasining zo‘ri bilan boshqa kishiga turmushga chiqishga rozilik bildiribdi va o‘z taqdiriga tan beribdi.
Ammo to‘y kuni xon yigit oppoq otda kelib, malikani o‘z yurtiga olib ketmoqchi bo‘libdi, chunki yigit Qoraxonning o‘g‘li ekan. Qora podsho qizining baxtini ko‘rib xursand bo‘libdi. Shu-shu malika va Buxoro xoni, Qora podsho va Qoraxon umrlarining oxirigacha murod-maqsadlariga yetib, davlatlarining ravnaqi uchun birga kurashibdilar.
Aytuvchi:Akromov Bahriddin bobo, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:Yo‘ldoshmurodov Diyorbek, 6-sinf o‘quvchisi
AHILLIKDA GAP KO‘P
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda kuz kunlarining birida qurigan barg, tuproq va daraxt bahslashishibdi.
Daraxt:
– Sizlar mendan quvvat olasizlar, – debdi.
Qurigan barg:
– Yo‘q, siz ikkalangiz ham menikisiz, – debdi.
Tuproq:
– Bu gaping yolg‘on. Xazon ham, daraxt ham mendan ozuqa oladi, – debdi.
Uchalasi hech kelisholmay oxiri odamzotga murojaat qilishibdi.
Shunda odamzot shunday debdi:
– Xazon, sening gaping to‘g‘ri, sen kuzda tuproqqa to‘kilib o‘g‘it bo‘lasan. Sen esa tuproq, bargdan quvvat olib, daraxtni ko‘kartirasan. Daraxt undan quvvatlanib, meva tugadi, biz odamlar esa uni iste’mol qilamiz. Kuzga kelib daraxt barglari yana qurib yerga tushadi.
Tuproq:
– Unday bo‘lsa bu yil men o‘g‘itsiz qolar ekanmanda, daraxtning bargi to‘kilib tugasa keyingi yil nima bo‘ladi-a?
Odam:
– Yo‘q, har yili daraxt bargini to‘kkanda o‘zida kurtak qoldiradi, kurtakdan yangi barglar o‘sib chiqadi.
Bu gapdan xursand bo‘lib, daraxt, barg va tuproq uzoq yil bir-biriga quvvat berib, ahil-inoq yashabdilar.
Qissadan hissa: har bir jonli mavjudot umri davomida bir-biriga malham bo‘lish uchun yaratilgan. Undan har doim samarali foydalanish kerak.
Aytuvchi:Inoyatov Juma bobo, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:To‘xtapo‘latov Diyorjon, 5-sinf o‘quvchisi
G‘OZCHA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. G‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Bir kuni bir savdogar parranda bozoridan bir g‘oz sotib olibdi. Uni uyiga olib kelib, katakka qo‘yib yuboribdi. Katakdagi boshqa parrandalar g‘ozni yoqtirmay qarshi olibdilar. Bechora g‘ozchaga hech kim do‘st bo‘lmabdi. G‘ozcha katakka kirsa, tovuqlar uni masxara qilib kula boshlarkanlar. Oradan oylar, yillar o‘tibdi. G‘ozcha katta bo‘lib, chiroy ochibdi. G‘ozni uy egasi yaxshi ko‘rardi, bunga tovuq va o‘rdaklarning hasadi kelibdi. G‘ozni cho‘qib, azob bera boshlabdilar, uni kasal qilibdilar. Buni ko‘rib uy egasi tovuqlar va o‘rdaklarni boqib semirtira olmabdi. Semirsa sotib yubormoqchi ekan. Tovuqlar bundan xursand bo‘lib, xo‘jayinimiz endi bizlarga qarayapti, – debdi. Tovuqlar semirgach, uy egasi tovuq va o‘rdaklarni olib bozorga boribdi. Tovuqlarni sotib, o‘rniga g‘oz uchun hamroh g‘ozcha olibdi. G‘ozchani uyga olib kelib, katakka qo‘yib yuboribdi. Bizning qahramonimiz oqko‘ngil ekan, yangi mehmonni yaxshi kutib olib, do‘stlashib ketibdi. Ikki o‘rtoq murod-maqsadiga yetibdi.
Qissadan hissa: kimki oqko‘ngil va rahmli bolsa, mehr-muhabbat nuri uni ham siylamay qo‘ymaydi.
Aytuvchi:Ergasheva Robiya buvi, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:Bo‘ritoshev Barkamol, 6-sinf o‘quvchisi
ASRAB OLINGAN QIZ
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir kishi bo‘lgan ekan. Uning atigi bittagina o‘g‘li bor ekan. U farzandi uchun hamma narsani muhayyo qilar ekan. Bir kuni bolasi bilan bozordan kelayotsa, bir qizaloqning adashib qolganini ko‘ribdi. Qizaloqning ota-onasi topilmagach, uni ham tarbiyalab voyaga yetkazibdi. Oradan yillar o‘tibdi. Ikkita farzand ham katta bo‘lib qolibdi.
U kishining o‘z farzandi erka, tantiq, qaysar bo‘lib o‘sibdi. U maktabga bormay, ko‘chadagi bolalarni urib-turtib yurar ekan. Tarbiyalab olingan qizaloq esa aqlli, bilimdon bo‘lib yetishibdi.
Kunlardan bir kun ota betob bo‘lib, yotib qolibdi. Uyga pul topib kela olmabdi. Yaxshi yeb, yaxshi kiyingan tantiq o‘g‘il bunday ko‘rgilikka chiday olmay ota uyini tark etibdi. Qishloqlarni kezibdi, tirikchilik uchun o‘ziga eng yengil kasb, deb o‘g‘rilikni tanlabdi. Har kun qishloq odamlari o‘g‘rining dastidan aziyat cheka boshlabdi. Darg‘azab bo‘lgan xalq uni tutib olib, rosa savalashibdi. Qiyinchilik ko‘rmagan o‘g‘il bu holga chiday olmay yorug‘ dunyodan ko‘z yumibdi.
Asrab olingan qiz esa kasal otani yaxshi boqib, kishilarning mehnatini qilib, halol pul topib, otasini oyoqqa turg‘azibdi. Akasini izlab, daragini topib, uni izzat-hurmat qilib ko‘mdiribdi. Ota bu holni ko‘rib, o‘g‘lini yoshligidan erka, tantiq qilib o‘stirganidan afsuslanibdi. Asrab olgan qizi otasiga qarab, umrining oxirigacha duosini olibdi.
Qissadan hissa: mehr berish bilan kifoyalanmaslik kerak, mehr va muhabbat orqali odob qoidalarini farzand ongiga singdirmoq vojibdir.
Aytuvchi:Eshonqulova Hamrobibi, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:Tojiyev Muhammad, 6-sinf o‘quvchisi
OQKO‘NGIL O‘TINCHI
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Xonlikka qarashli qishloqda bir kambag‘al o‘tinchi bo‘lgan ekan. O‘tinchi bir kuni o‘rmonga borib daraxt chopmoqchi bo‘libdi. Boltasi qayergadir uchib tushibdi. Boltasini topa olmay o‘tinchi sarson bo‘libdi. Kech tushibdi. O‘tinchi nima qilishini bilmay xo‘rsinib, xafa bo‘lib o‘tirsa, bir yoshi katta otaxon unga qarab kela boshlabdi va shunday debdi:
– O‘g‘lim, nimang yo‘qoldi? O‘tinchi bor gapni unga aytib beribdi va yig‘labdi. Shunda otaxon bir ko‘za oltin berib unga xohlagan ishingni qil, debdi. O‘tinchi oltinni olmabdi. Bundan xursand bo‘lgan chol:
– Sen nimangni yo‘qotding? – deb so‘rabdi. O‘tinchi:
– Mening oddiy boltam bor edi, o‘shani topa olmayapman, – deb javob beribdi. Otaxon:
– Sen uyingga boraver, tashvishlanma, xotirjam bo‘l, boltangni o‘zim topib beraman, – debdi. O‘tinchi uyiga borsa, boltasi uyida turgan emish. Ichkaridan bir ko‘za oltin, bir ko‘za kumush tangalarni olib xotini chiqibdi. O‘tinchi va o‘tinchining oilasi rostgo‘yligi, oqko‘ngilligi va halolligi uchun kambag‘allikdan qutulibdi. Ular baxtli kun kechira boshlashibdi.
Qissadan hissa: oqko‘ngil va rostgo‘y bo‘lsangiz, baxtingiz kulib boqadi.
Aytuvchi:Turdiyev Arslon bobo, Navoiy viloyati, Navbahor tumani.
Yozib oluvchi:Aktamov Fozilbek, 6-sinf o‘quvchisi