Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 9


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 14 страниц)

Шрифт:
- 100% +
SHOSHQALOQ

Shavkat loydan yasalgan uychasiga mushugini kirgizishga rosa urindi. Mushukcha bo‘lsa: «Men sig‘mayman uychangga», degandek kirgisi kelmay, oyoq tirab turib oldi. Bir ozdan keyin u Shavkatning qo‘lidan qochdi. Oyoqlarini cho‘zib bir kerishdi-da, to‘g‘ri borib eshik tagidagi tuynukdan Komila хolaning hovlisi tomon kirib yo‘qoldi. O‘sha teshikdan Shavkat ham kirdi.

– Ha, Shavkatvoy? – so‘radi hovli supurayotgan Komila хola.

Shavkat shoshib qoldi:

– Menmi… men… o‘zim shunday.

– Nega tiling tutiladi? Tag‘in kecha mening oshqovoqlarimni yumalatib ketgan sen bo‘lmagin…

– Yo‘q, men emas…

– Nega bo‘lmasa eshikdan kirmaysan? Taqillatganingda ochardim-ku!

– Men… – Shavkat nima deyishini bilmay turganida, birdan ko‘zi o‘choqboshidagi to‘nkaga tushdi, – men sizga o‘tin yorib bergani chiqdim, – dedi jiddiy.

– A? Qani bo‘lmasa yorib bera qolgin. O‘tinim ham tugay devdi, – Komila хola miyig‘ida kulib gapirdi. Shavkat Komila хolaning bunday deyishini kutmagan edi. Gapirishga gapirgandan keyin ishni ham qilish kerak-da. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar. Shavkat boyagi joyga bordi. To‘nkaning yonginasida katta bolta yotibdi. O‘zi ham yomg‘irda qolgan ekanmi, zanglab ketgan ekan. Shavkat boltani ko‘taraman deb urinib, terlab ketdi. Biroq u to‘nka tagida qolganidan hech qimirlatib bo‘lmas edi.

Bu orada Shavkat nima qilmoqchi bo‘lganini ham unutdi. U yon-beriga qaradi-da, to‘nkaning ustiga o‘tirib oldi. Maza ekan! So‘ng oyoqlarini o‘ynatib ashula ayta boshladi:

– Nay, nay, na-nay…

– Ha, yorib bo‘ldingmi? – deb so‘radi Komila хola.

Shavkat nima deyishini bilolmay qoldi. Aytmoqchi, u o‘tin yorib bermoqchi edi-ya. Nega ham va’da qildi-a? U sir boy bermaslikka harakat qilib:

– O‘tinni-chi, keyin yorib beraman, – dedi. Biroq negadir o‘zi qizarib ketdi.

Ertasiga nima bo‘ldi-yu, Shavkatning mushugi yana kechagi teshikdan Komila хolaning hovlisiga kirib ketdi-da, Shavkat ham uni tutaman, deb o‘sha yoqqa chiqdi.

– Ha, Shavkat, tag‘in nimaga kelding? – so‘radi хolasi.

Shavkat kecha rosa ta’zirini yegani esiga tushdi.

– Mushugimni ushlagani kirdim, – dedi rostiga ko‘chib.

– Shunday degin, juda yaхshi… Qani buyoqqa kel-chi. Ana endi katta yigit bo‘libsan, mana shunaqa to‘g‘ri gapirishga odatlan. Ol, mana buni yegin! – deb Komila хola unga yog‘li qurt berdi.

Shu-shu bo‘ldi-yu, Shavkat sira yolg‘on gapirmaydigan bo‘ldi.

TORTINCHOQ

Katta Tagob qishlog‘ida Mahmudjon ismli uyatchan bola yashardi. Bir kuni u o‘zining uzoqda yashovchi ammasining uyiga mehmon bo‘lib bordi. Jiyanini sog‘inib qolgan Gavhar хola sevinib, uni mehmon qilish taraddudiga tushdi.

Kechqurun dasturхonni turli noz-u ne’matlarga to‘ldirib:

– Qani, o‘g‘lim, uzumdan, nonlardan yegin, – taklif qildi ammasi, – tortinma!

– Anordan yeng! – deb qistashar edi Gavhar хolaning o‘g‘il-qizlari.

Mahmudjon esa uyalganidan qizarib o‘tirar, hadeb dasturхonning popugini o‘ynar edi.

– Qorin to‘q, – dedi u, tili so‘zga arang kelib.

– Aхir yo‘lda qorning ochgandir?

– Yo‘lda ovqatlanib olgan edim. – Shunday der ekan Mahmudjon, «qani endi ana o‘sha anorlardan bittasini yeb olsam», deya orzu qilar edi.

O‘ringa och yotgani uchun Mahmudjonning uyqusi kelmadi. Yangi yopilgan nonning hidi dimog‘iga gup-gup urilib, ishtahasini qitiqlar edi. Mahmudjon o‘rnidan asta turib, nondan bittasini olmoqchi bo‘lgan edi, nimadir tokchadan tushib ketdi va Gavhar хolani uyg‘otib yubordi.

– Pisht-pisht! – dedi Gavhar хola boshidagi kichik yostiqni otib.

Mahmudjon o‘zini ochiq derazaga urdi. Gavhar хola o‘rnidan turib, eshik bilan derazani mahkamroq berkitib qo‘ydi.

– Mushuk desam tulkiga o‘хshaydi!..

Mahmudjon ertalabgacha sovqotib tashqarida qoldi.

QUVG‘INDAGI HAYVONLAR

Qadim-qadim zamonlardami, o‘zimiz yashab turgan shu kunlardami, baland-baland tog‘lar ortidami, qalin-qalin o‘rmonlar ichidami, olis-olis qishloqlardami qiziq bir voqea bo‘lib o‘tgan ekan.

Katta ko‘chada oriqligidan 12 ta qovurg‘asi shundoqqina ko‘rinib turgan, quvvati yo‘qligidan dumini silkitib pashshasini qo‘rishga ham holi kelmaydigan, og‘ir boshini solintirgancha, darmonsiz oyoqlarini sudrab bosib, bir ho‘kiz borar ekan. U «E shafqatsiz boy. Meni o‘ttiz yil ishlatding, qo‘sh haydadim, arava tortdim, bug‘doy yanchdim. Endi qariganimda so‘yay desam go‘shing yo‘q, o‘t yeyishga tishing yo‘q, aravaga hushing yo‘q, deb ko‘chaga haydading-a, qashqirlarga yem qilmoqchi bo‘lding-a», deb hasrat qilib borayotgan ekan. Ho‘ narida, pastlik joyda bir qari ot to‘rt oyog‘ini barobar uzatib, boshini maysa ustiga qo‘ygancha cho‘zilib yotgan emish.

– Ha, Otvoy, nega yotibsan? – deb ko‘ngil so‘rabdi Ho‘kizvoy.

– E, Ho‘kizvoy, aslo so‘rama, – deb hasrat qilibdi Otvoy, – bir boyning uyida o‘ttiz yil xizmat qildim, uloq chopdim, arava tortdim, bolalariga ermag-u o‘yinchoq bo‘ldim. Mana endi qarib, o‘rnimdan turolmay qolganimda «So‘yay desam go‘shting yo‘q, yem yeyishga tishing yo‘q, yuk tashishga hushing yo‘q», deb ko‘chaga haydab, meni bo‘rilarga yem qilmoqchi bo‘ldi.

– Xafa bo‘lma, ikkovimiz bir bo‘lsak bo‘rilarga yem bo‘lmaymiz. Yur, yaylovlarga boramiz, o‘rmonlarga boramiz, barra o‘tlardan yeb, zilol suvlardan ichib maza qilib yashaymiz, – debdi Ho‘kizvoy.

Ot bir amallab o‘rnidan turibdi.

Yo‘lga tushibdilar.

Oldinda Ho‘kizvoy, orqada Otvoy borayotganmish.

To‘satdan quloqlariga bemor eshakning «Ia-ia» deb ojizgina hangragani eshitilib qolibdi. To‘xtab bunday qarashsa, o‘sgan o‘t-o‘lanlar orasida bir eshak behol yotgan emish.

– Ha,Eshakvoy, nega yig‘layapsan? – deb ko‘ngil so‘rabdi Ho‘kizvoy.

– Qornimga emas, qadrimga yig‘layapman, – deb yig‘labdi Eshakvoy. – Bir boyning uyida rosa o‘ttiz yil xizmat qildim, tegirmonga yuk tashidim, yelkamda xurjun, bozorlarga yuk tashidim, nabiralar galma-gal minib yelkamni yag‘ir qilishdi. Oxiri qarib qolganimda ko‘chaga haydashdi.

– Yig‘lama, – debdi Ho‘kizvoy, – dashtlarga, o‘rmonlarga ketamiz. O‘sha yoqlarda sen ajriqlardan yeb, biz barra o‘tlardan yeb, maza qilib yashaymiz.

Ho‘kiz eshakning qulog‘idan, ot dumidan tortib bir amallab turg‘azishibdi. Yo‘lga tushibdilar.

Oldinda Ho‘kizvoy, ortida Otvoy, uning ortida Eshakvoy borayotganmish.

To‘satdan quloqlariga «vov-vov, vov-vov» degan och qolgan itning ovoziga o‘xshash bir ovoz eshitilib qopti. Bunday qarashsa, ho‘ naridagi katta toshning orqasida qari bir it yotgan emish. Junlari to‘kilgan, quloqlarini yara bosgan, o‘zi ham o‘lay-o‘lay deb turgan emish.

– Ha, Itvoy, nima bo‘ldi? – deb so‘rabdi Ho‘kizvoy.

– Men o‘layapman, – debdi Itvoy.

– Nima bo‘layotganini bizga aytgin, – debdi Ho‘kizvoy.

– Bir boyning uyida rosa o‘ttiz yil xizmat qildim, – deb gap boshlabdi Itvoy. – Qo‘rg‘oniga bo‘rilarni yo‘latmadim, ovga chiqsa, quyon ushlab berdim, urishtirishga olib chiqsa, manaman degan arslonlarni tagimga bosdim. Mana endi qarib qoldim, tishim suyakka o‘tmaydi, ko‘zim xira, sharpalarni sezmayman, qorovullikka yaramayman. Xo‘jayinim «bor, noningni topib ye, tekinxo‘rni yomon ko‘raman», deb kaltak bilan urib haydadi. Iltimos, o‘lsam ustimga tuproq tortib qo‘yinglar.

Bu gaplarni eshitib Ho‘kizvoy, Otvoy bilan Eshakvoylarning bag‘ri ezilibdi, achinib yig‘lamoqdan beri bo‘lishibdi. «Biz bilan ketasan. O‘rmonlarga borib har xil parrandalardan tutib yeb, maza qilib yashaysan», deya ko‘tarib Eshakvoyning yelkasiga mindirmoqchi bo‘lishgan ekan, Itvoy ko‘nmay, «yo‘q, hali unchamuncha kuchim bor, o‘zim yuraman», debdi.

Yo‘lga tushibdilar.

Oldinda Ho‘kizvoy, ketidan Otvoy, ketidan Eshakvoy, ketidan Itvoy borayotganmish.

Bir mahal orqalariga bunday qarashsa bir baroq mushuk oqsoqlangancha halloslab kelayotgan emish. Mana shu mushuk Itvoy bilan rosa o‘ttiz yil urishib, talashib yashagan ekan. Shunday bo‘lsa ham Itvoy uni ko‘rishi bilan sevinib ketibdi.

– Meni ham haydashdi, – debdi Mushukvoy yig‘lab, – sichqon tutolmasang, kalamushdan qo‘rqsang, kun bo‘yi pishillab uxlayversang, tur yo‘qol», deb haydashdi.

Mushukvoyning ham ko‘nglini ko‘tarib, saflariga qo‘shib olishibdi.

Oldinda Ho‘kizvoy, ketida Otvoy, keyin Eshakvoy, undan keyin Itvoy, eng orqada oqsoqlanib Mushukvoy borayotganmish.

Ko‘p yuribdilar, jazirama cho‘llardan, sero‘t yaylovlardan o‘tibdilar, suvi chuchuk ko‘llar yonida haftalab dam olibdilar. Etlariga et, kuchlariga kuch qo‘shilib, xuddi boquvda yotgandek semirib ketibdilar.

Shunaqangi ahil, bir-birlariga shunaqangi mehribon bo‘lib qolibdilarki, it bilan mushuk uxlaganda ot uzun dumi bilan ularning pashshasini qo‘rib turarkan. Eshak kasal bo‘lsa, ot dorivor giyohlardan chaynab berarkan, ho‘kiz xuddi mehribon otadek barchasining boshini silarkan.

Cho‘ponlar tashlab ketgan bir kulbani o‘zlariga makon qilib olishibdi.

Bir kuni to‘satdan, ha, ha, to‘satdan dovul turib, sharillatib yomg‘ir yog‘a boshlabdi. Bu kulbani oldinroq bir bo‘ri, bir tulki, ikki shoqol in qilib olishgan ekan, yomg‘irdan qochib o‘zlarini shu inga urishibdi. Xayriyat, oqsoq mushuk qorovulda turgan ekan, miyovlab hamxonalarini uyg‘otibdi.

Dahshatli olishuv boshlanib ketibdi. It tulki bilan olishayotgan emish, ot orqa oyoqlari bilan chiyabo‘rilarni tepayotganmish.

Hammadan ham ho‘kizga og‘ir bo‘pti, kirgan zahotiyoq och bo‘rini devorga qisib olgan ekan. Bo‘ri «qisuvdan tezroq qutulib, ho‘kizni yiqitsam, go‘shti och qolgan bolalarimga bir hafta ovqat bo‘lardi», deb intilarkan. Ho‘kiz, «men uni siquvdan chiqarsam, mening himoyamda bo‘lgan hayvonlarning hammasini bo‘g‘izlab o‘ldiradi. Ularni men boshlab kelganman, men himoya qilishim kerak», deb bo‘rini devorga battarroq qisarmish.

Olishuv naq ertalabgacha davom etibdi. Ho‘kizvoy, Otvoy, Eshakvoy, Itvoy, Mushukvoylar ahil, inoqliklari uchun yovuzlar ustidan g‘alaba qozonishibdi. Sero‘t yaylovlar bag‘rida bir umr rohat-farog‘atda yashashibdi.

OSMONDAN MUZQAYMOQ YOQQAN KUN

Qadim-qadim zamondami, o‘zimiz yashab turgan yorug‘ kunlardami, baland-baland qorli tog‘lar ortidami, qalin-qalin o‘rmonlar ichidami, sero‘t yaylovlardami, dasht-u biyobonlardami, olis-olis qishloqlardami, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan qiziq-qiziq voqealar bo‘lib turarkan.

Ana shunday voqealardan biri yaqinda Yangi Tagob qishlog‘ida bo‘libdi. Bo‘lganda ham juda qiziq bo‘libdi. Hafizaxon degan qiz yoniga ukasini olib, piyoz o‘tayotgan ekan. Fermer onalari ham sigirini sog‘ish, ham tushlikka ovqat tayyorlash uchun uylariga ketgan ekan, kun juda-juda issiq ekan. Shunaqangi issiq ekanki, Hafizaxon o‘zini xuddi qizdirilgan tandirning ichida o‘tirgandek his qilayotgan ekan. Peshonasidan, yuzlaridan ter sharillab quyilayotgan ekan. Piyoz o‘tayotgan fermerlar o‘zlarini salqinga urishibdi. Hafizaxon juda rahmdil qiz ekan, yonginasida piyoz o‘tayotgan ukasiga achinib, uniyam salqinga chiqarib yuboribdi. O‘zim qatorimni chiqarib, keyin dam olaman, debdi. Piyoz siyrak chiqib, qalin o‘t bosgan ekan. O‘tlarni olib tashlamasa, piyoz tub ololmas ekan, piyoz tub ololmasa mayda bo‘p qolarkan, mayda piyoz bozorda yaxshi pul bo‘lmas ekan, yaxshi pul bo‘lmasa, ro‘zg‘orlari barakasiz bo‘p qolarkan.

Oyijonisi, «ona qizim, ukalaring hali yosh, sendan boshqa yordamchim yo‘q, yaxshi mehnat qilsak, piyozimiz yaxshi pul bo‘lsa, seni shaharga olib borib, «Shakar septi» gulli ko‘ylak olib beraman, salqin xiyobonlarda ukalaring bilan o‘tirib, to‘ygunimizcha har xil muzqaymoqlardan yeymiz», der ekan.

Kun issiq ekan, haddan tashqari issiq ekan. Badani qizigan sari Hafizaxon «Oyijonim kelguncha, shu qatorni albatta egat boshiga chiqaraman», deb o‘ylab yana ham qattiqroq ishlarkan. Xayolidan nuqul xiyobonda o‘tirib muzqaymoq yeydigan kunlari nari ketmasmish, yeya boshlarmish, yegan sari badani muzlab, butun borlig‘iga rohat kelarmish, voy narigi paykalda piyoz o‘tayotgan o‘rtoqlarimga ham bersam bo‘larkan, deb o‘ylarmish. Bir mahal samodan oppoq tuman paydo bo‘lgandek bo‘libdi. Kengayib, quyuqlashib Hafizaxon tomonga bostirib kela boshlabdi. Tuman ham muzdekkina emish, jon rohat qilarmish. Tuman orasidan novcha bir kampir chiqib kelayotganmish. Kiyim-boshlari ham, sochlari ham oppoq. Xuddi nurdan yaralgandek…

– Horma, qizim! – debdi kampir.

Hafizaxon javob qaytara olmabdi, dovdirab qolibdi.

– Qo‘rqma, qizim, – debdi kampir.

Hafizaxon qo‘rqmas qizlardan ekan, asta-sekin o‘zini o‘nglab ola boshlabdi. Qiziq, kampir bir qarasa, o‘zining olamdan o‘tgan buvijoniga o‘xshab ketarmish, yana bir qarasa, qo‘shnilari Niyoz ammaga juda-juda o‘xshab ketarmish. Kampir yaqin kelib Hafizaxonning qizib turgan boshidan, ter quyilib kelayotgan peshonasidan yumshoq-yumshoq silay boshlabdi:

– Shirin qizim, shakar qizim, muzqaymoq yeging kelyaptimi? – deb so‘rabdi.

Yo tavba, ovozi ham olamdan o‘tgan buvijonining ovoziga juda-juda o‘xshab ketarmish.

– Ha, yegim kelayapti, – deb javob qaytaribdi Hafizaxon.

– Rost gapirganing uchun sendan xursand bo‘ldim, – debdi nuroniy xola.

– Chindan ham yegim kelayotuvdi-da, – debdi Hafizaxon.

– Bir chelak muzqaymoq bersam, hammasini yeb olarmiding? – yana so‘rabdi nuroniy xola.

– Yarmini ukalarimga, yarmini u narigi paykalda piyoz o‘tayotgan o‘rtoqlarimga berardim, – debdi Hafizaxon.

– O‘rtoqlaring ko‘pmi?

– Juda ko‘p.

– Ikki chelak muzqaymoq bersam-chi?

– Qishlog‘imizdagi hamma qizlarga ulashardim.

– Qizginam. O‘zing saxiy, niyating yaxshi, maqsading ulug‘ ekan. Yaxshi niyatlarni Alloh qo‘llab-quvvatlaydi. Sen ham niyatingga yetasan.

Hafizaxon endi o‘zini butunlay tutib olibdi. Nuroniy xola nimani o‘rgatsa, o‘shani takrorlay beribdi. Nuroniy xola goh o‘ng qo‘li bilan, goh chap qo‘li bilan g‘alati-g‘alati ishoralar qilarmish. Osmondan ketma-ket sirli aravacha tushib kela boshlabdi. Aravachaga sirli qutichalar yuklanganmish.

Nuroniy xola yana qo‘llari bilan sirli harakatlar qila boshlabdi. «Bu harakatlarni sen ham takrorla», debdi Hafizaxonga. Hafizaxon takrorlabdi.

– Harakatlarni yodingda olib qoldingmi? – deb so‘rabdi nuroniy xola.

– Yodimda olib qoldim, – debdi Hafizaxon.

– Hushyor qiz ekansan, – deb maqtabdi nuroniy xola.

– Xolajon, siz sehrgarmisiz? – deb qo‘rqa-pisa so‘rabdi Hafizaxon.

– Men yaxshi qizlarning orzusiman! – debdi nuroniy xola. – Qani men o‘rgatgan harakatlarni takrorla-chi.

Hafizaxon nuroniy xola o‘rgatgan harakatlarni takrorlabdi. Avval osmondan uch g‘ildirakli aravacha tushibdi. Aravacha ichidan ikki quti muzqaymoq chiqibdi. To‘satdan nuroniy xola g‘oyib bo‘lib qolibdi. Hafizaxon qutichalardagi muzqaymoqlardan birini yeb ko‘rgan ekan, yo tavba, rasmana muzqaymoqdan hech qolishmasmish. Demak, tush ko‘rayotganim yo‘q ekan, hammasi o‘ngimda bo‘layotgan ekan-da, deb o‘ylabdi Hafizaxon. Muzqaymoqdan yana bitta yeb ko‘ribdi, voy, bunisi oldingisidan ham mazaliroq emish. Aravachani uchirib, daraxtlar ostida uxlab yotgan ukalarining oldiga olib boribdi. Bir chelak muzqaymoq chiqarib, ukalariga bittadan ulashibdi. Ular muzqaymoqni yeb bo‘lishib, «yana, yana» deb so‘rarmish. Hafizaxon, demak, tushim emas, o‘ngim ekan, deb o‘zida yo‘q sevinib, g‘ildirakli aravachasini uchirib, narigi paykallarda sabzi, piyoz o‘tayotgan o‘rtoqlarining oldiga jo‘nabdi. O‘rtoqlari isib ketgani uchun ishni to‘xtatib, katta tollarning soyasida salqinlashib, bir-birining qoshiga o‘smalar qo‘yishib, bir-birining biqinidan chimchilashib, qiqirlashib, kulishib dam olishayotgan ekan, Hafizaxonga ko‘zlari tushishi bilan:

– Voy, o‘rtoqjon, qayoqdan paydo bo‘lding? – deb chuvillashibdi.

– Osmondan tushdim, – debdi Hafizaxon. – Sizlarga muzqaymoq olib keldim.

Qizlar:

– Hammasi bizlargami? – deyishibdi-yu, o‘sma siqib o‘tirgan piyolalarini har tomonga otishib, chelakdagi muzqaymoqlarga yopishishibdi. Chelak ham sehrli ekanmi, yeyisharmish, tagi ko‘rinmasmish, yeyisharmish, tagi hech tugamasmish. Tinmay saxiy, saxovatli dugonalarini maqtasharmish. Hatto bittasi: «Hafizaxon, xudo xohlasa, to‘yingda tong otguncha childirma chalib, hammani o‘ynataman», deb muzqaymoq yuqi lablari bilan betlaridan cho‘lpillatib o‘pib-o‘pib olibdi.

O‘sha kuni Hafizaxon qishloqning dasht qismidagi barcha bolalar, qizlarni muzqaymoqqa rosa to‘ydiribdi. O‘sha kundan boshlab uch g‘ildirakli sehrli aravacha, osmondan tinmay yog‘ilib turgan muzqaymoqlar haqidagi ovozalar, mish-mishlar qishloqdan qishloqqa o‘tib, ko‘cha beribdi. Har xil taxminlar ham ko‘paya beribdi, nima deysan, Hafizaxonning onasi osmonda yashirincha muzqaymoq sexi ochibdi, nima deysan, osmondagi farishtalar Hafizaxonning uyiga chelak-chelak muzqaymoq tashlab ketayotganmish, nima deysan, uchar likopcha odamlari kelib, qishloq bolalarini o‘zlariga o‘rgatib olish uchun sehrli muzqaymoqlar ulashayotganmish. Xullas, mana shunaqa gaplar ko‘paygandan ko‘payaveribdi. Tuman ichki ishlar bo‘limida g‘oyat hushyor, g‘oyat ziyrak, g‘oyat tadbirkor amakilar ishlar ekan. Ular tezlik bilan ishga kirishib, muzqaymoqlardan namunalar olib, tahlil qildira boshlashibdi. Hech kamchilik topisholmabdi. Shahardagi sexlarda tayyorlanadigan muzqaymoqlarga qaraganda qaymog‘i ham, shakari ham mo‘lroq emish. Hatto boshliq o‘sha muzqaymoqlardan bittasini yeb ham ko‘ribdi. Yo‘q, kamchilik topolmabdi. Lekin Hafizaxonni so‘roq qilib ko‘ribdi:

– Sexim yo‘q, – deb javob qaytaribdi Hafizaxon.

– Muzqaymoqlarni qayerda tayyorlaysan? – so‘rabdi amaki.

– Osmonda tayyorlanadi, – debdi Hafizaxon.

– Yolg‘on gapirma, osmonda bulutdan boshqa hech narsa bo‘lmaydi.

– Bor, – debdi Hafizaxon. – O‘sha yerda menga o‘xshagan qizlarning yaxshi niyatlari, pokiza orzulari bo‘ladi.

Shu gaplarni aytib, Hafizaxon qo‘llari bilan nuroniy xola o‘rgatgan g‘alati-g‘alati harakatlarni takrorlagan ekan, osmondan shokoladli, mevali, sutli muzqaymoqlar shunaqangi yog‘ilibdiki, kuzatib turgan odamlar hang-mang bo‘lib qolishibdi. Militsioner amaki insofli, adolatli ekan. Hafizaxonning harakatida jinoyat belgisi yo‘q, yaxshisi bu ishni «Koinot» ilmiy tekshirish instituti o‘rgansin, degan qarorga kelibdi. Hafizaxon hadya qilgan bir chelak muzqaymoqni olib, «ha, mayli, nabiralarimga berarman», deb iliqqina xayrlashib ketibdi.

Odamlarning aytishicha, osmondan muzqaymoq yog‘ilishi haligacha to‘xtamagan emish. Muzqaymoq qancha ko‘p yog‘ilsa, dashtda ishlayotgan o‘g‘il-qizlar shunchalik xursand bo‘larmish.

ONA ALLASI
Ona haqida rivoyatlar

Qadim-qadim zamonlarda baland-baland qorli tog‘lar ortidami, yashil yaproqlari hamisha shovullab turadigan qalin-qalin o‘rmonlar ichidami, yam-yashil o‘tlar bilan qoplangan yaylovlardami, poyonsiz cho‘llar ortidagi katta-kichik qishloqlardami hamisha g‘alati-g‘alati voqealar bo‘lib turarkan.

Yurtda boshlangan ocharchilik ana shu qishloqlardan biriga ham yetib kelibdi. Shunaqangi qattiq ocharchilik bo‘libdiki, odamlar yeyarga hech narsa topolmaganidan ajriqning tomirini qaynatib ichishibdi, sholining to‘ponidan non yopib yeyishibdi. Tinkasi qurigan odamlar birin-ketin omonatini topshira boshlabdi. Xudoning marhamati bilan qishloqqa don bilan savdo qiladigan bir allof kelib qolibdi. Puli bor puliga, puli yo‘q moliga don sotib ola boshlabdi. Bu qishloqda bir xarob oila ham bor ekan, otasi olamdan o‘tib, nogiron ona besh bolasi bilan qolgan ekan. Ona behol ekan, o‘rnidan turolmas ekan. Besh bolasi birdan «non ber», deb yig‘lar ekan. Oilaning katta qizi endigina 16 yoshga kirgan ekan, ukalariga o‘sha qarab turarkan. Qizgina bir mis choynag-u to‘rttagina chinni kosani olib borib, bir qopgina bo‘lsa ham yo bug‘doy, yo unga almashtirib bering, deya savdogarga murojaat qilibdi. Murojaat qilayotganda epkin bir shamol qizning yuzidagi harir ro‘molni uchirib yerga tushiribdi. Savdogar yigit qizning gul yuziga ko‘zi tushishi bilan bir daqiqa dovdirab qolibdi. Yana bir shamol turishini Allohdan so‘rabdi. Epkin shamol qizning harir ro‘molini yana uchiribdi, endi yigitning qalbi yonib ketgandek bo‘libdi. Allohning menga buyurgani shu bo‘lsa kerak, deb qizga sovchi ustiga sovchi qo‘yibdi.

– Dod, – debdi onasi, – axir menga ham, ukalariga ham qarab turgan shu qizgina-ku. Bu ketsa biz xarob bo‘lamiz, – debdi.

Savdogar «Oilangizga besh yilga yetadigan dondun beraman», debdi. Qiz ham ukalari va onasini ochlikdan qutqarish uchun begona eldan kelgan savdogarga erga berishini so‘rab onasiga yolvoribdi va ko‘ndiribdi. Ona rozi bo‘libdi. «Lekin bir shartim bor», debdi. «Shartingizni ayting», debdi qiz ham yig‘lab.

– Begona ellarga ketyapsan, olis ellarga ketyapsan, qaytishingni xudo biladi. Baxtli bo‘l, saodatli bo‘l. Xudo xohlasa, farzandlar ham ko‘rasan. Agar farzand ko‘rsang, alla aytmagin. Qani, menga alla aytmayman, deb va’da bergin-chi.

– Alla aytmayman, onajon, – debdi qiz.

– Yana takrorla, – debdi ona.

Qiz «alla aytmayman», – deb uch bora takrorlabdi.

Shunday qilib, qiz begona ellarga kelin bo‘lib ketibdi. Majruh ona savdogar yigit qoldirib ketgan dondun-u, boshqa boyliklar bilan o‘zi ham oyoqqa turibdi, farzandlarini ham boqib katta qilib olibdi. Begona ellarga kelin bo‘lib ketgan qizgina ham o‘sha yigitning tilini, urf-u odatini o‘rganib, totuv turmush kechira boshlabdi. Alloh ularga ham qo‘sha-qo‘sha farzandlar beribdi. Qiz onaizorining iltimosini yodidan chiqarmabdi, hech biriga alla aytmabdi, alla aytmay katta qilibdi.

Nihoyat yillar o‘tib, qarib, buvi ham bo‘libdi. Qo‘sha-qo‘sha nabiralar ko‘ribdi. Bir kuni yaxshi ko‘rgan nabirasini tizzasiga olib, to‘lg‘anib, chayqalib alla ayta boshlabdi. Onaizorining so‘nggi so‘zini butunlay unutib, onasi aytgan alla so‘zlarini yodida saqlab qolgan ekan, ana o‘shalarni takrorlab, og‘ir, g‘amgin ohangda kuylay boshlabdi. Kuylar emish, yig‘lar emish. Kuy ohangi qalbidagi sog‘inch hislarini to‘lqinlantirib yuboribdi. Majruh onasi, orqasidan yig‘lab qolgan ukalari ko‘z o‘ngidan o‘ta boshlabdi. Kuy avjiga chiqqan sari birga o‘ynab katta bo‘lgan dugonalari, anhorlarda bir-birlariga suv sochib cho‘milganlari, hovlilari ortidagi keng yaylovda gurkirab o‘sadigan o‘t-o‘lanlar, qishlog‘idagi tor ko‘chalari, soya-salqin maydonlar, to‘ylarga borgani, rahmatli dadasi tirikligida yelkasiga minib bozorga borgani, dadajonisi popukli zar do‘ppi olib bergani esiga tushibdi. G‘amgin kuy avjiga chiqqan sari buvining bolaligi, butun qishlog‘i bor go‘zalligi, latofati bilan ko‘z o‘ngidan to‘lqinto‘lqin bo‘lib o‘ta boshlabdi.

Kuy goh kuchayib, goh pasayib borarmish. Kuy sehriga mahliyo bo‘lgan ona dod solib hovliga chiqib ketib, «Ketaman, qishlog‘imga ketaman», deb faryod solibdi.

Boshqa nabirasini ovuntirib o‘tirgan bobo gap nimadaligini tushunib kampirini yupatibdi. Ona allasida, uning goh quvonchli, goh g‘amgin to‘lqinlarida insonning butun borlig‘i, ruhiy dunyosi aks etishini tushunibdi. «Onang alla aytsang, meni tashlab ketib qolishingdan qo‘rqqan ekan. Yur, kech bo‘lsa ham ona yurtingga borib, bolaliging bilan qayta ko‘rishib kelaylik», deb tuyalarga don-dun, sovg‘a-salomlar ortib yo‘lga tushibdilar.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации