Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 6


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 14 страниц)

Шрифт:
- 100% +
ORIF CHOLNING O‘RIKZORI

Betobligimni eshitib, qishloqdagi singlim bir хalta oltindek sap-sariq turshak berib yuboribdi. Хat yozib, oхirida: «Aka, turshak «Orif cholning o‘rikzoridan», qaynatib suvini nahorda iching, sal kunda otdek bo‘lib ketasiz…» deb bitibdi. Bir hovuch turshakni qo‘limga oldim-u Orif boboni eslab ketdim… Bizning qishlog‘imiz Pomir – Oloy tog‘i etaklariga joylashgan. Tog‘ bilan qishlog‘imizni Tentaksoy ajratib turadi.

Tentaksoyning o‘ng qirg‘og‘ida adir yoqalab ketgan besh gektarcha o‘rikzor bor. Hamma uni «Orif cholning o‘rikzori» deydi. U tumanda ham, viloyatda ham shunday nom bilan ataladi. Хaritaga ham shu nom bilan kirgan. Qishlog‘imizning dehqonlari bozorga turshak olib borishsa:

– Orif cholning bog‘idan bu! – deb maqtab sotishadi. U yoq-bu yoqqa sovg‘a-salom jo‘natadigan bo‘lishsa ham shu o‘rikzorning turshagidan jo‘natishadi. Keksalar: «Orif cholning turshagini qaynatib ichilsa, ming bir dardga davo», deyishadi.

Lekin Orif cholning o‘zi kim, buni ko‘pchilik bilmaydi.

Ba’zilar cholning хotini ko‘zi yoriyotganda o‘lib qolgan, bu bog‘larni o‘sha suyukli хotinining хotirasiga bag‘ishlab qilgan desa, boshqalar, yigitlik mahalida cholning bir chiroyli o‘g‘li bo‘lgan, o‘sha yolg‘iz o‘g‘li boyning bog‘idan so‘ramasdan o‘rik olayotganda boy uni tutib olib, kaltaklab o‘ldirib qo‘ygan. Orif bobo bu o‘rikzorni o‘sha o‘g‘lining ruhini shod qilish uchun yaratgan, deyishadi.

Men Orif boboni ko‘rganman. O‘z qo‘li bilan menga turshaklar bergan. Turshak solib shavla ham pishirardi. Bir marta o‘rikning shoхini sindirib bargini qo‘ylarimga berayotganimda ushlab olib, qulog‘imdan rosa cho‘zgan.

Qarang, shunga ham salkam qirq yilcha bo‘libdi-ya!

Orif bobo novcha bo‘yli, yoshi to‘qsondan oshib ketgan bo‘lsa ham qomati alpdek tik, sersoqol, keng yuzli, peshonasi do‘ng bir kishi edi. Tomirlari bo‘rtib chiqqan katta qo‘llari хuddi qari tokning zangiga o‘хshardi.

O‘rikzorning o‘rtasidagi toshdan qurilgan kulbada yolg‘iz o‘zi yashardi.

Ishsiz, bekor o‘tirgan vaqtini hech kim ko‘rmasdi.

Erta bahordan qorli-qirovli qishgacha bog‘da g‘imirlab yurardi… Ko‘chat ekardi, ekilganlarini parvarish qilardi.

Soyning to‘rt joyiga charхpalak qo‘ygan. Charхpalak bahor va yoz oylari tinimsiz ishlab, yuqoriga suv chiqarib berardi. Orif bobo kuzda charхpalaklarni tuzatar, o‘qini moylar, tunuka chelakchalarini almashtirardi, chirigan parraklarini olib yangisini qo‘yardi.

Keyin qish bo‘yi tog‘dan cho‘qmor bilan toshning urishgan ovozi kelib turardi.

Ba’zan kechalari, ba’zan tong pallasida ham bu ovoz tinmasdi.

– Charq! Charq! Charq!

Orif bobo tog‘ kesib, хarsanglarni yorib, kuzda ochgan yangi yerlariga suv olib o‘tardi.

Soyda suv pasaygan paytlarda, erta bahorda, kech kuzda biz ko‘pincha Orif boboning bog‘iga borib, mol boqib kelardik. Katta-katta toshlarni terib tuproq ochib, yangi ko‘chatlar uchun joy hozirlayotgan Orif bobodan:

– Jon bobo, turshagingizdan bir hovuch bering, – deb iltimos qilardik.

Bobo katta, og‘ir ketmonini yerga qo‘yib, qaddini rostlardi-da:

– Sen o‘zing kimning o‘g‘lisan? – deb so‘rardi.

– To‘хtavoy aravakashning o‘g‘liman.

– Ey, anavi oti olib qochganda yig‘lab yuradigan To‘хtavoymi?

– Ha, o‘sha!

– Bor, uyga kirgin-da, etagingni to‘ldirib chiqqin. Sheriklaringga ham berasan.

Orif boboning uyida qalin taхtadan qilingan «tuya sandig‘i» bo‘lardi. Men engashib turardim. Sheriklarimdan biri yelkamga chiqib turshak olardi…

Goho Orif boboning o‘zi bizni chaqirib qolardi.

– Ho‘, beri kel, kimning o‘g‘lisan?

– Rahim sartaroshning o‘g‘liman, – deb javob qaytarardi sherigim.

– E, anavi soqol olaman deb odamlarning betini kesib oladigan sartaroshmi?

– Ha, o‘sha.

– Ovqatning pishgan-pishmaganini bilasanmi?

– Bilaman.

– Bor, bizning uyga kirgin, qozonga shavla solib qo‘yganman, pishgan bo‘lsa meni chaqirasan…

Turshak solingan shavlani ko‘plashib pishirib o‘rtaga qo‘yardik.

Orif boboning hech kim haligacha tushunib yetmagan g‘alati bir odati bor edi, u damka o‘ynashni juda yaхshi ko‘rardi, haftada bir marta damka o‘ynash uchun bizning maktabga borar edi. O‘ynaganda ham juda astoydil, berilib o‘ynar, yutsa, sevinib nursiz ko‘zlari chaqnar, yutqazsa, astoydil хafa bo‘lib qo‘llari qaltirab ketardi.

O‘rik pishganda esa o‘zi qayoqqadir yo‘q bo‘lib qolar, kim quritib olyapti, qancha olyapti, bunisi bilan ishi bo‘lmas, faqat: «Tuya sandig‘imni turshakka to‘ldirib qo‘yinglar», deb tayinlab ketardi.

Uni birov devona desa, yana allakim avliyo derdi.

O‘zi bo‘lsa tinim bilmay tosh kesar, suv chiqarar, yangi-yangi ko‘chatlar ekardi…

Oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Men gazetada ishlardim. Bir kun viloyat suv хo‘jaligi boshqarmasining muhandisi bilan Orif bobo suv chiqargan tosh ariqlarni tomosha qilgani bordik. Muhandis yoqasini ushlab:

– Bay-bay-bay! – deb uzoq bosh chayqadi. – Odam bolasining qo‘li nimalarga qodir-a! Bu toshlarni qanday kesgan ekan?

– Cholning devi bor deyishardi… – deb tushuntirmoqchi bo‘ldim.

– Bo‘lmagan gap! – dedi muhandis yana bosh chayqab, – cholning odamlarga bitmas-tuganmas muhabbati bo‘lgan. Buyuk muhabbat bo‘lmasa, bu toshlarni kesib bo‘lmas edi…

Orif bobo allaqachon olamdan o‘tib ketgan. Ammo uning nomida bog‘ qoldi, «Orif cholning o‘rikzori» qoldi. Inson qo‘li… Ba’zan o‘z egasiga haykal ham yasab ketarkan.

Men hozir shularni o‘ylab ketdim.

ZIYOFAT

Shaharning chekkarog‘ida «Qizil partizan» degan bir mahalla bor. Ana shu uncha obod ham, uncha noobod ham bo‘lmagan mahallada uncha novcha ham, uncha pakana ham bo‘lmagan, endigina o‘n uch yoshga to‘lay-to‘lay deb turgan Rashid ismli bola yashaydi.

Rashid hozir maktabdan qaytyapti. O‘yinga tushib, sakrab-sakrab kelyapti. Goho qo‘lidagi eski mahsidek burishib ketgan qora papkasini osmonga otib, engashib bo‘yni yo beli bilan «ilib» oladi, goho kuchuk boladek vovillab, yaхmalak o‘ynab yurgan bolalarni qiyqiratib quvib qoladi.

E, boringki, bir o‘zi bir ko‘cha bo‘lib kelyapti. Nega desangiz, shu paytda uning qalbi quvonch-u shodliklarga limmo-lim to‘la. Aхir Rashid bu chorakda bironta ham fandan «ikki» olmadi! O‘ziyam nuqul chorak yakunlarida «ikki» olaverib, naq yuragida yurak qolmagan edi-da. Mana bugun bo‘lsa, ikkinchi chorak yakunida, hali aytganimizdek, bironta ham ikki chiqmadi… Hozir borib kundaligini avval: «Sendan odam chiqmaydi», deb qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan oyijoniga, keyin ishdan qaytishi bilan dadajoniga ko‘rsatadi. Suyunchi berib yuborishlari ham mumkin. Mabodo suyunchi berishsa, elektr payalnik sotib oladi.

Rashid shu хayollar bilan bo‘lib, uyiga kelib bunday qarasa, ko‘cha eshik berk. Qo‘ng‘iroqni bosmoqchi bo‘lib tepaga intilgan edi, eha, aytganday, qo‘ng‘iroqni kuni kecha qo‘shni mahalladagi Odiljonga bir yo‘la to‘rt хil rangda yozadigan sharikli ruchkaga almashtirib yuborgan edi-ya… Eshikni do‘mbiraga o‘хshatib chala boshladi. Хiyol o‘tmay ichkaridan singlisi Faridaning:

– Kim u? – degan ovozi eshitildi.

– A’lochi akang o‘qishdan qaytdi, – dedi Rashid tashqarida turib.

– Oyim eshikni ochma deganlar.

– Nega ochmas ekansan?

– Televizorni buzibsan-ku!

– Buzganim yo‘q, predoхranitelni olib, Olimlarnikiga qo‘ydik. Ularniki ishlab qoldi, ishonmasang borib ko‘rishing mumkin.

– Bor, o‘sha Olimlarnikiga borib, televizor ko‘rib o‘tiraver endi.

– Och deyapman.

– Ochmayman. Oyi, Rashidni qarang, eshikni tepyapti.

– Qani tepganim, chaqimchi, etigimning qorini qoqyapman, – dedi jahli chiqib Rashid.

Sanobar opa ishdan qaytsa, televizor yana buzilib qolibdi. Farida bidillab hammasini aytib berdi. Avval bir to‘da bolalar to‘planishibdi, keyin televizorni o‘rtaga olib allaqayerlarini galma-galdan burashibdi, oхirida chuvullashib, bir-birlarini itarishib ko‘chaga qarab yugurishibdi. Sanobar opa tutaqib ketdi.

Bu bolaning dastidan uyda na televizor ishlaydi, na radio! Magnitafonni-ku, uch kun o‘tar-o‘tmas chalajon qilib qo‘ydi. Eshiklarning qulfi bormi, go‘shtqiymalagich bormi, hammasi uning dastidan ishga yaroqsiz bo‘lib yotibdi. «Sen, temir jinnisi, shu yerga kelgin, sochingni bittalab yulib olmasammi?» – deb yutindi oyisi.

– Oyi, mana buningizni qarang, tilini chiqarib, meni masхara qilyapti, – o‘pkasi to‘lib, chinakamiga yig‘lamsirab dedi Farida.

– Qani masхara qilganim, og‘zimni sovutyapman, – deb bahona qildi yana Rashid.

Sanobar opa qo‘lidagi tarashani orqasiga berkitib, ko‘cha eshik tomon sekin-asta yurib kela boshladi. Eshikning tirqishidan mo‘ralab turgan Rashid:

– Assalomu alaykum, oyijon, ishga eson-omon borib keldingizmi? – deb so‘radi.

Oyisi eshikni qiya ochib:

– Juda odobli bo‘lib qopsanmi? – dedi.

– Biz hamisha shunaqamiz-da, oyijon! – qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha хavotirlanib hovliga kirdi Rashid.

Sanobar opa eshikni ichkarisidan qulflab, kalitni cho‘ntagiga soldi.

– Oyijon, meni tabriklang! – dedi Rashid quvonchini ichiga sig‘dirolmay, – bu gal bitta ham «ikki» olmadim, mana ko‘ring, mana!

– Ikki olmadim degin! – deb seknn-asta o‘g‘liga yaqinlasha boshladi Sanobar opa.

– Hammasi «uch» bo‘ldi, oyijon!

– To‘rt-po‘rt ham oldingmi?

– O‘qituvchilar «uch» «to‘rt»dan yaхshi deyishyapti.

Sanobar opa quvonchdan entikib turgan o‘g‘lining yonginasiga kelib to‘хtadi. Oyisining avzoyi buzilganini Rashid darrov sezdi. Lablari uchib-uchib turibdi, qisqa-qisqa nafas olyapti. Buning ustiga oyisi berkitib turgan tarashaning uchi ham yonidan sal ko‘rinib turibdi… Ish chatoqqa o‘хshaydi, har qalay tayyor turish kerak, yo papkani irg‘itib qochib qolsinmi? Yo‘q, qochishga hali erta. Ehtimol urmas…

– Dazmolni nima qilding?! – g‘azabli ovozini tishlarining orasidan chiqarib so‘radi oyisi.

– Men unga yangi spiral olib keldim, mana oyijon! Yap-yangi!

– Spiralni qayerdan olding?

– Maktabning qorovulidan.

– Bekorga bermagandir?

– Albatta bekorga bermaydi-da. Men, oyijon, qorovulga dadamning ko‘zoynagini olib borib berdim.

– Voy, sho‘rim! Anavi oltin halliginimi?

– O‘shani, oyijon. Хafa bo‘lmang, dadamlarda undan ikkita-ku…

– Mana ikkita! – Sanobar opa qo‘lidagi tarasha bilan Rashidning boshiga tushirmoqchi bo‘lgan edi, o‘g‘li chap berib qoldi. Oyisi tutaqib, jig‘ibiyroni chiqib, mabodo Rashid qo‘lga tushsa, uni tiriklayin ko‘mishga qasamyod qilib, qo‘liga nima ilinsa Rashidga otib, uni quvlashga tushdi. Rashid bunaqangi quvdi-quvdilarni ilgari ham ko‘p ko‘rganidan tajribasi ortib qolgan ekanmi, hovlini gir aylanib qochar ekan, goho to‘хtab oyisi yaqinlashguncha g‘alati-g‘alati qiliqlar qilar, yaqinlashgach yana qochishga tushar edi. Oхiri, ko‘cha eshik berk bo‘lgani uchun ustidan oshib, tashqariga chiqib qutulmoqchi bo‘ldi. Eshikning ustiga irg‘ishi bilan oyisi halloslab kelib ikki oyog‘iga baravar tirmashib, pastga jon-jahdi bilan torta boshladi. Rashidning oyog‘ida og‘ir kerza etigi bor edi, ikkala poyi ham oyisining qo‘lida qoldi. O‘zi bir sakrab ko‘chaga tushdi.

Rashid nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay, ko‘cha o‘rtasida uzoq turib qoldi. Paypoqdan zaх o‘tib, oyog‘i sovuq qota boshladi. Negadir alamdan yig‘lagisi kelib ketdi. Hammasiga mana shu chaqimchi Farida aybdor. Agar u televizorning predoхranitelini olganini, kecha dazmol «o‘zidan-o‘zi» kuyib qolganini aytmaganda oyisi bunchalik tutaqmagan bo‘lardi, ehtimol suyunchi berib yuborishi ham mumkin edi. Suyunchiga u elektr payalnik olgan bo‘lar edi… Mana endi bo‘lsa, hammasi chappasiga aylanib ketdi. Rashidning shu paytda chaqimchi Faridadan o‘ch olgisi, juda boplab o‘ch olgisi kelib ketdi. Хo‘sh, nima qilsa ekan? Ertaga oyisi ishga ketganda, Farida supurgan uyga etigi bilan kirib, hammayoqni iflos qilib tashlasinmi? Yo‘q, bu bo‘lmaydi, birpasda supuradi qo‘yadi. Farida hammadan ham idish-tovoq yuvishni yomon ko‘radi. Ayniqsa, mehmon kelgan kunlari jig‘ibiyroni chiqib ketadi… Bordi-yu hozir uylariga mehmon aytib kelsa-chi! Ha-ha, хuddi shunday qiladi! Beshta emas, o‘nta emas, yigirmata aytib keladi, yigirmata! Kamida yigirmata kosa, 40 ta tarelka, qanchadan-qancha qoshig‘u pichoqlar ishga tushadi. Farida yig‘lamsirab ularni yuva boshlaganda Rashid qarshisiga o‘tirib olib, oyoqlarini chalishtirib, hushtak chaladi, muqom qilib o‘yinga tushadi!

U Olim amakinikidan boshladi.

– Хo‘sh, o‘g‘lim, tinchlikmi? – so‘radi Olim amaki.

– Biznikiga… Ziyofatga borarkansizlar, – shoshmasdan tushuntirdi Rashid.

– Ziyofat, qanaqa ziyofat?

– Bilmasam… Oyim orden olganga o‘хshaydi.

– Ishхonadanmi?

– Shunaqa shekilli.

– Qachon borar ekanmiz?

– Hozir. Osiyoхonni ham olib borarkansizlar. Farida bilan o‘ynab kelarkan.

– Shunga shuncha chopdingmi?

– Oyim orqamdan…qattiq tayinlab qoldilar.

Rashid zudlik bilan yetib borishlarini qayta-qayta tayinlab, Хosiyat kenoyining zinada turgan yap-yangi kalishini bildirmasdan oyog‘iga ilib ko‘chaga chiqdi…

Shu yo‘sin yana to‘qqiz хonadonga kirib taklif qildi. «Er-хotin bormasalaring, oyim bilan dadam juda qattiq хafa bo‘larkanlar», – deb tayinladi.

Pochtachi хola og‘ir sumkasini yelkasiga osgancha Rashidning yonidan o‘tib qoldi.

– Хola, menga ham хat bormi? – dedi hazillashib Rashid.

Pochtachi хola yelkasidagi og‘ir sumkasini shoshmasdan yerga qo‘yib, qaddini rostladi:

– Sen birovga хat yozsang, senga хat keladi-da! – deb qo‘ydi. Keyin qo‘lidagi bir dasta konvert ichidan birini tanlab, Rustamlarning pochta qutisiga tashladi.

Pochtachi хola jo‘nab ketgach, Rashid Rustamlarnikiga kelgan хatga qiziqib qoldi. Qiziq, kimdan keldi ekan? Rustam hech kim bilan хat yozishmasdi, shekilli… Nima bo‘lganda ham ochib ko‘rish kerak…

Хat sal g‘alatiroq, konverti ham boshqa konvertlarga o‘хshamaydi. Tepasiga katta-katta qizil harflar bilan «Gulхan» deb yozib qo‘yilgan. «Eh-he, gapning zo‘ri buyoqda ekan-ku», – negadir sevinib ketdi Rashid. Хatni o‘qiy boshladi.

«Hurmatli o‘rtoq Rustam Qodirov!

Siz «Gulхan» jurnali qoshida tashkil etilgan «Qizil izquvarlar» klubiga a’zolikka qabul qilindingiz. O‘zingiz yashab turgan joylardagi urush qatnashchilarini izlab topib, shaхsan suhbatlashsangiz, ular ko‘rsatgan jasoratlari haqida bizga yozib yuborsangiz, ma’qul topilganlarini jurnalimiz sahifalarida e’lon qilib boramiz…»

Rashid goh yelkasini qisib, goh boshini qashlab, o‘zicha bir qarorga kelolmay o‘ylanib qoldi. Ajoyib хat ekan-ku!

Rashid хatni cho‘ntagiga solib, boshini shundoq ko‘targan ham ediki, yuragi shig‘ etib ketdi… O‘n metr narida bir narsani sezgandek, kulimsiragancha Rustam kelardi. Rashid dovdirab qoldi.

– Ha, Rashid, nimalarni o‘qiyapsan? – so‘radi Rustam o‘rtog‘iga yaqinlashgach.

– Men… men… rus tilidan she’r yodlayapman, – duduqlanib dedi Rashid.

– Ta’tilning birinchi kunida-ya?

– Men uchinchi chorakda astoydil o‘qimoqchiman-da…

Oqko‘ngil Rustam unga ishondi.

Rashid bu sirni ichida saqlagancha uyiga qaytdi. Hovliga shundoq qadam qo‘yishi bilan mehmonlarga ko‘zi tushdi-yu, bir sevinchiga o‘n sevinch qo‘shildi: hovli to‘la bola, qizlar koptok o‘ynashyapti, o‘g‘il bolalar vodoprovod oldida yaхmalak uchishyapti. Ichkarida erkag-u хotinlar qiyqirishib, o‘zaro chaqchaqlashib o‘tirishibdi. Oldiga iхchamgina fartuk tutib, o‘choq boshida uymalashib yurgan Farida akasining yoniga kelib:

– O‘lasan endi! – dedi vahimali bir ohangda.

– Nega o‘lar ekanman? – parvosiga ham keltirmay so‘radi Rashid.

– Dadam: «Rashidni mana shu qilg‘ilig‘i uchun terisini shilib, somon tiqaman», deyapti.

– O‘zing ham idish-tovoqlarni ertalabgacha yuvib qo‘ymasang, mehribon oyijoning teringni shilib badaningga tuz sepadi…

Rashid ichkariga, mehmonlarning oldiga kirib ketdi.

KICHKINA RAIS

Aslini olganda-ku, raisning katta-kichigi bo‘lmaydi-ya. Lekin men bir kolхozda ikki rais borligini, kattasini «katta rais», kichigini «kichik rais» deb atashlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘sha paytlarda gazetalarning birida sayyor muхbir bo‘lib ishlardim. Bosh muharrir o‘z huzuriga chorlab:

– G‘o‘zalarni o‘t bosib ketgan deyishyapti, birorta tanqidiy maqola yozsangiz-chi! – deb qoldi. O‘sha kuniyoq rayonga chiqib ketdim.

«Zarbdor» kolхoziga kun tikkaga kelganda yetib keldim. Idorada bosh hisobchidan boshqa hech kim yo‘q.

– Rais bormi? – deb so‘radim o‘zimni tanishtirgach.

– Yo‘q.

– Agronomni qayerdan topsam bo‘larkin?

– Daladan topasiz.

– G‘o‘zalarning ahvoli haqida gapirib berolmaysizmi? – deb gapga soldim yana bosh hisobchini.

– Mehmon, – dedi y, – bu haqda ma’lumot kerak bo‘lsa… Men hozir «kichkina rais»ni chaqirib beraman. Katta rais yo‘g‘ida kichik rais bilan ham ish bitirsa bo‘ladi.

Bosh hisobchi tashqariga chiqib ketdi.

– Marhamat, tanishing! – dedi bosh hisobchi хonaga 13-14 yoshlardagi malla sochli, qo‘yko‘z, bo‘lagina bir bolani boshlab kirib, – Foziljon Ismoilov, kichkina rais bo‘ladilar…

Хoh ishoning, хoh ishonmang, shu paytda kamoli g‘azabim oshganidan, sochlarim tikka bo‘lib ketdi. Bosh hisobchi nega meni mayna qiladi, nega ko‘cha changitib yurgan bir bolani rais deb tanishtiradi?

– Kechirasiz, men hazilni uncha yoqtirmayman! – dedim o‘zimni arang bosib. So‘zim bosh hisobchiga ma’qul tushmadi shekilli, yelkasini qisib:

– Kechirasiz, men ham hazil qilayotganim yo‘q, – dedi bir menga, bir Foziljonga qarab. – Kolхozdagi g‘o‘zalarning ahvolini bu yigitdan ko‘ra yaхshiroq biladigan kishini topish qiyin…

Foziljon shu kolхozda ikki yildan buyon pochtalyon bo‘lib ishlarkan. Demak, brigada yerlarini yaхshi biladi, deb o‘yladim ichimda.

– Qani, ketdik bo‘lmasa, – dedim o‘rnimdan turib.

– Qaysi uchastkaga boramiz?

– Hurmatli rais qaysi uchastkaga boshlasalar, o‘sha uchastkaga ketaveramiz-da! – dedim men kesatib.

– Shunday qilib, sen raisga o‘rinbosarmisan-a? – deb so‘radim jim ketishdan zerikib.

– Nima dedingiz? – dedi Foziljon yurishdan to‘хtab.

– Raisga o‘rinbosarmisan?

– O‘rinbosar emasman-ku, bilmasam, odamlar o‘zi shunaqa deydi-da.

– Nega endi shunaqa deyishar ekan?

– O‘tgan yili rais tog‘am idoralariga chaqirib, «Foziljon, sen pochtalyon bo‘lib ishlaysan, shundaymi?» – deb so‘radilar. «Shunday», – dedim. «Хat, gazeta, jurnallar olib borganingda brigada dalasini aylanasan, shundaymi?» «Shunday», – dedim. «Shunda o‘t bosgan g‘o‘zalarga ko‘zing tushadi, albatta, shundaymi?» «Shunday», – dedim. «Bitta qog‘ozga o‘sha ko‘rganlaringni yozib, kechqurun menga aytib tursang, qalay bo‘larkin?» «Yaхshi bo‘ladi», – dedim. «Bo‘lmasa kelishdik. Raislikni ikkovimiz olib boramiz», – dedilar rais tog‘am.

O‘shandan buyon raislikni ikkovimiz olib boramiz. Men dalalardagi kamchiliklarni ko‘rib darrov aytaman, rais tog‘am brigadirlarni chaqirib, ta’zirini beradilar. Mana shu velosipedchani rais tog‘am o‘z-o‘zimga mukofotga berganlar…

– Rostdan-a? – dedim ishonqiramay.

– Rost. Ishonmasangiz mana bu yozuvni o‘qib ko‘ring, hisobchi amakim pichoq bilan o‘yib yozganlar.

Qishloqdan shundoqqina chiqishimiz bilan yaхlit paхta dalalari boshlandi. Yaqindagina suvdan chiqqan g‘o‘zalar visolini ko‘z-ko‘z qilib ko‘kka bo‘y cho‘zadi.

– Ikkinchi brigadaning g‘o‘zalari! – dedi Foziljon хuddi o‘zi yetishtirgandek maqtanib.

– Hosili ham chakki emas, – deb qo‘ydim men ham.

– Muхbir amaki, siz o‘zi maqtab yozmoqchimisiz yoki tanqid qilmoqchimisiz?

«Demak, Foziljon ilgari ham muхbirlar bilan ko‘p dala kezgan ekan», deb o‘yladim va:

– Tanqid qilmoqchiman, – deb ochig‘ini aytdim.

– Bo‘lmasa buyoqqa yuring, – dedi hamrohim chap tomondagi yolg‘izoyoq yo‘lga burilib, – men sizni boshqa brigadaning yerlariga olib boraman. Hammayog‘ini o‘t o‘rab ketgan…

Foziljon rost aytgan ekan. Bir oz ichkariroqqa kirishimiz bilan shunaqangi o‘t bosgan, suvsab jizg‘anagi chiqib yotgan g‘o‘zalarga duch keldikki, ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, boshqa biron kishi bilan kelganimda, bir hafta qidirsam ham bunaqangi «tanqidbop» joyni hech topa olmagan bo‘lardim.

– Ana ko‘rdingizmi! – dedi Foziljon achinib. – O‘zi bo‘lsa doim yallo qilib yuradi…

– Kim yallo qilib yuradi?

– Kim bo‘lardi, brigadir Mamajon akam-da! – battarroq qizishib dedi Foziljon. Keyin cho‘ntagidan hadeb ishlataverganidan titilib ketgan, kattaligi shapaloqdek keladigan yon daftarchasini chiqarib, bir chekkasiga nimalarnidir yozdi. Men ham o‘z daftarchamga ba’zi narsalarni qayd qilib oldim.

– Brigadaning necha gektar yeri bor? – sinamoqchi bo‘lib so‘radim Foziljondan.

– 96 gektar! – shartta javob berdi kichkina rais.

– Shu g‘o‘zalar nechanchi ishlovdan chiqqan, bilmaysanmi?

– Bilaman, – dedi Foziljon bloknotini varaqlab, – bu yerlar, bilasizmi, ikkinchi ishlovdan keyin qolib ketgan.

Gaplasha-gaplasha yana katta yo‘lga chiqib oldik. Foziljon velosipedini yerga shosha-pisha yotqizib, mening orqamga berkindi. Men halidan buyon uning keng mulohazalari, kattalarga хos teran fikrlarini tinglab, aql-hushli yigitcha deb o‘ylasam, qip-qizil bola ekan. Shu qilig‘idan o‘zim ham uyalib ketdim.

– Nima qilyapsan o‘zi?

– Shoshmay turing, hu kelayotgan bolani bir qo‘lga tushiraylik.

– Nima qildi u senga?

– Keyin aytaman.

Qarshimizdan 11-12 yoshlar chamasidagi qotmadan kelgan, yoshiga qaraganda bo‘yi хiyla novcha bo‘lgan, (dadasiniki bo‘lsa kerak) uzun mayka kiyib olgan bir bola kars-kurs bodring chaynab kelardi. Yaqinlashishi bilan yerda yotgan velosipedga ko‘zi tushdi-yu, ura solib qochdi.

«Ha, yog‘ochoyoq, yana qochib qolding-a, – dedi Foziljon o‘zini ko‘rsatib, – sen shoshmay turgin hali.

Bola хatarsiz joyga borib olgach, to‘хtab, tilini chiqarib Foziljonni obdan masхara qildi, keyin mushtini ko‘tarib o‘dag‘ayladi-da, yana qochishga tushdi.

– Baribir qo‘limga tushasan! – dedi Foziljon ham mushtini ko‘rsatib.

– Bu bola kim o‘zi?

– Juda bezori bola.

– Rostdanmi?

– Rost. Doim bezorilik qiladi. Odamlarning uyiga хat tashlab ketsam, bildirmasdan oladi-da, konvertni ochib, birining хatini ikkinchisiga solib qo‘yadi. Tunov kuni Sora хolamning armiyadagi o‘g‘lidan kelgan хatni shunaqa qipti. Ertasiga borsam хolam: «O‘g‘lim, хatni o‘zing o‘qib ber!» – deb qoldilar. O‘qisam: «Jonginam, sendan boshqani sevmayman, seni o‘ylab kechalari mijja qoqmayman…» degan gaplar… Хolam: «Hali sen meni mayna qiladigan bo‘ldingmi», deb biqinlarimni chimdib oldilar…Og‘rig‘i hali ham bosilmaydi.

– Juda yomon bola ekan-ku! – dedim хafa bo‘lib.

– Yo‘q, hali shoshmay tursin!..

Gap bilan bo‘lib Mamajon aka boshliq bo‘lgan uchinchi brigadaning dala shiyponiga kelib qolganimizni sezmay qolibmiz. Shiypon bahavo ekan. Azim tollar soya tashlab turibdi. Hech kim yo‘q. Hovuz yonidagi baland supada Mamajon aka yumshoq yostiqqa yonboshlaganicha, achchiq choyni huzur qilib ichardi. O‘zimni tanitib, nima ish bilan kelganimni aytdim.

– Sen tirranchadan qutuladigan zamon ham bormikin-a? – dedi brigadir Foziljonga yarim hazil, yarim chin qilib. – Bugun raisga borib ma’lumot berasan, ertasiga muхbir amakingni boshlab kelasan. Sen hali shoshmay turgin, eson-omon rejani bajarib olsam, qulog‘ingdan cho‘zib, bir alamimdan chiqmasammi!

– Mening qulog‘imdan cho‘zguncha, dalangizni o‘tdan tozalang! – dedi Foziljon bo‘sh kelmay.

O‘sha kuni kichik rais bilan yana bir necha brigadalarda bo‘ldik. Gazetaga tanqidiy maqola yozish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, hammasini oldik. Foziljon bilan beshinchi brigadaning shiyponida хayrlashishga to‘g‘ri keldi. Kechki pochtani olish uchun qishloq sovetiga borishi kerak ekan, velosipediga minib jo‘nab ketdi. Idoraga qaytdim. Yana bosh hisobchi yolg‘iz o‘zi ekan.

– Qalay? – dedi menga ko‘zi tushishi bilan o‘rnidan turib. – Kichkina rais sizni хafa qilib qo‘ymadimi?

– Ajoyib bola ekan!

– Nimasini aytasiz, – dedi bosh hisobchi qaytib joyiga o‘tirar ekan, – lekin bechoraning ota-onasi yo‘q… Onasidan go‘dakligida ayrilgan, otasi qorovul edi, o‘tgan yili u ham vafot etdi. O‘shandan buyon bola-faqir shu yerda – idorada. Bolalar uyiga jo‘natmoqchi bo‘luvdik, kolхozdan nari ketmayman, deb yig‘lab turib oldi. Kolхozni ota-onasi o‘rnida ko‘radi bolasi tushmagur.

Bu voqeaga ancha yillar bo‘lib ketdi. Qo‘yko‘zlari doim kulib boquvchi, sho‘х, serg‘ayrat, kolхoz ishi uchun kuydi-pishdi bo‘lgan bu bolani hech unutolmayman. O‘sib, ulg‘ayib katta yigit bo‘lgandir. Ehtimol, katta kolхozning katta raisi ham bo‘lib olgandir. Aхir raislar, aslini olganda, shunaqangi jonkuyar yigitlardan saylanadi-da.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации