Текст книги "Қайлардасан, болалигим"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 13 (всего у книги 14 страниц)
BOG‘BON
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir bog‘bon bo‘lgan ekan. U juda mehnatkash odam ekan. Bir kuni u o‘ziga-o‘zi:
– Men bir bog‘ yarataman, u dunyodagi hech qaysi bog‘ga o‘xshamaydi, – debdi. Bog‘bon oradan uch kun o‘tib, bozordan ko‘chatlar olib kelibdi. Qirdan yer olib, uni haydatibdi. Yerni tekislab, ko‘chatlarni eka boshlabdi. Bobosiga yordam berish uchun nevarasi kelibdi. Bobo bilan nevara birgalikda ko‘chat ekib, ko‘chatlarga suv quyib chiqibdi. Oradan o‘n yil o‘tgach, ko‘chatlar daraxtga aylanib meva bera boshlabdi. Bobo va nevara mevalarni sotib, asta-sekinlik bilan boyib borishibdi. Bobo bog‘da nevarasiga shunday debdi:
– Bolam, nimani eksang, o‘shani o‘rasan, – debdi. Nevara bu gapdan juda ham xursand bo‘lib bog‘ ishlarini davom ettiraveribdi va kelajakda buyuk bog‘bon bo‘lib yetishibdi.
Qissadan hissa: mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik.
Aytuvchi:Abdiyev Fozil bobo, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:Shodiyev Obid, 6-sinf o‘quvchisi
XASIS CHOL
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda bir chol bo‘lgan ekan. U juda ham xasis, qizg‘anchiq ekan. Kunlarning birida chol ko‘chada kelayotsa oldidan bir buzoqcha chiqib qolibdi. Chol uni ipidan bo‘shatib, uyiga olib borib bog‘lab qo‘yibdi. Keyingi kuni qishloqda Hasanboyning buzog‘i yo‘qoldi, degan mish-mish tarqalibdi. Hasanboy bo‘lgan voqeani qoziga borib aytibdi. Qozi bilan Hasanboy hamma hovlilarni tekshirib chiqishibdi. Va nihoyat navbat o‘g‘ri cholnikiga kelibdi. Buni oldindan bilgan chol eshagini so‘yib terisini shilib olib, buzoqchaning ustiga yopib, tikib qo‘yibdi. Hasanboy uyga kiribdi-yu ko‘zi eshakka tushibdi va u haqiqiy eshak emasligini bilibdi. Shunda Hasanboy cholga qarab:
– Men buzoqchamni qidirib yurganimni bilasizmi?
– deb so‘rabdi. Shunda chol:
– Buzoqchangizni endi topa olmaysiz, uni bozordan qancha pulga olgansiz? – debdi. Shunda Hasanboy:
– Buzoq sigirimning bolasi, buzoq kasal edi. Kasali juda yuqumli, uning kasali odamlarga yuqsa, o‘ldiradi, kasallik tarqalmasin deb, izlab yurgan edim, – debdi.
Buni eshitgan chol birdaniga qaltiray boshlabdi va:
– Buzog‘ingiz mening uyimda, iltimos uni olib keting, – deb hamma ayblarini bo‘yniga olib, kechirim so‘rabdi. Hasanboyning buzog‘i topilibdi.
Xasis chol boshqa o‘g‘rilik qilmaydigan bo‘libdi, eshagidan ayrilibdi.
Qissadan hissa: aql – foyda kalitidir. Donishmandlik ezgulik sari yo‘l boshlaydi.
Aytuvchi:Olimov Ali bobo, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:A’zamov Otajon, 5-sinf o‘quvchisi
QUYONLAR
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda ahil quyonlar oilasi yashagan ekan. Bir kuni quyonlar o‘ynayotgan payt tulki kelib qolibdi. Ular darhol uylariga kirishibdi. Ko‘chada quloqsiz, o‘yinqaroq quyoncha qolib ketgan ekan, tulki sekingina uyiga kirib ketayotgan quyonchani ko‘rib qolibdi va uni quvib ketibdi. Lekin chaqqon quyonchani tuta olmabdi. Quyon uyiga kirib olibdi. Tulki quyonchalarni uzoq poylabdi. Ular chiqishmabdi. Tulki bo‘ri bilan ko‘rishib, quyonlar haqida so‘zlab beribdi. Ular reja tuzishibdi va ertasiga quyonlarga hujum qilishibdi. Tulki bilan bo‘ri ularning uyini buzib, jar yoqasiga quvib ketishibdi. Chunki ularni jarga tashlab, so‘ng tushib yemoqchi bo‘lishibdi. Quyonlarning baxtiga yo‘lda ayiq ko‘rinibdi va bo‘ri bilan tulkiga tashlanibdi. Quyonlar qutulganidan xursand bo‘lib ayiqqa rahmat aytibdilar. So‘ng birgalashib uylarini qaytadan ta’mirlab olibdilar. Hammalari xursand yashab, baxtli hayot kechirishibdi.
Qissadan hissa: yaxshilik hech qachon yerda qolmagay.
Aytuvchi:Norov Bahrom bobo, Navoiy viloyati, Navoiy shahri.
Yozib oluvchi:G‘aybullayev Ma’murbek, 5-sinf o‘quvchisi
LAQMA BO‘RI
Tog‘da bir bo‘ri bo‘lgan ekan. U juda badjahl, ochko‘z va dangasa ekan. Bir kuni yo‘lda ketayotganida lahm go‘shtning hidini sezib qolibdi, garchi uning qorni to‘q bo‘lsa ham uni yemoqchi bo‘libdi. Bo‘ri go‘shtni hididan darhol topib olibdi. Uni endi yemoqchi bo‘lib turgan ekan, birdan ayiqpolvon kelibdi. U juda aqlli, o‘sha tog‘ning donishmandlaridan ekan. Ayiq:
– Bu go‘shtni yema, – debdi.
– Nega? – deb so‘rabdi bo‘ri.
– Chunki bu tuzoq, – debdi u.
– Qani sen yeb ko‘rsat-chi, ayiqpolvon, – debdi bo‘ri. – Bu tuzoq ekanligini isbot qilib ber. Sen menga yolg‘on gapiryapsan.
Ayiq go‘shtni jahl ustida yeb ko‘rsatmoqchi bo‘lgan ekan, birdan tuzoqqa tushibdi. Ayiq bo‘rini ishontirish uchun o‘zini qurbon qilibdi. Buni ko‘rgan bo‘ri esa qochib ketibdi. Bo‘ri yana ko‘p yo‘l yuribdi, qarasa sal nariroqda qo‘y go‘shti turgan emish. U ayiqning holini esdan chiqarib, nafsi ustunlik qilib birdan go‘shtga tashlanibdi. Bu go‘sht ham ovchining tuzog‘i ekan. Bo‘ri do‘stini tuzoqdan qutqarmay qochgani uchun afsuslanibdi. Qancha uvillab yordam so‘rasa ham unga hech kim yordam bermabdi. Bo‘ri nafsining qurboniga aylanibdi.
Qissadan hissa: birovga choh qazisang, o‘zing tushasan.
Aytuvchi:Ayubov Boqi bobo, Navoiy viloyati, Karmana tumani.
Yozib oluvchi:To‘xtapo‘latov Diyorjon, 5-sinf o‘quvchisi
SHAHZODA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan. Qadim zamonlarda bir podsho bo‘lgan ekan. Shohning o‘g‘il farzandi yo‘q ekan. Bir kuni podshoning kenja xotini homilador bo‘libdi. Podsho o‘zini qo‘yishga joy topolmay juda xursand bo‘lib ketibdi. Buni ko‘rgan ikki xotinining hasadi kelibdi. Bir kuni podsho:
– Men safarga ketayapman, agar xotinim tug‘sa, menga xabar yuborasizlar, – debdi va safarga otlanibdi. Oradan to‘qqiz oy o‘tganidan keyin kenja malika o‘g‘il tug‘ibdi. Chaqaloq shunday chiroyli ekanki, chaqaloqni ko‘rgan ikki xotinning kapalagi boshidan uchibdi. Nima qilishini bilmay, o‘ylay-o‘ylay malikaga dori berib, uni uxlatib qo‘yishibdi. Keyin kundoshi qirolga maktub yozibdi. Kenja malikangiz sizga uch dona toshbaqa tug‘di deb, bolani yo‘qotib, shohga uchta toshbaqani yuboribdi. Buni ko‘rgan qirol achchig‘i kelib saroyga boribdi va malikani uzoq yurtga surgun qilibdi. Oradan o‘n olti yil o‘tibdi. Shahzodani o‘zga yurtdagi bir baliqchi asrab olgan ekan. Shahzoda katta bo‘libdi, ilm egallab, savod chiqarib, kasb-korli insonga aylanibdi. Donoligi va ziyrakligi uchun xalq uni o‘ziga shoh qilib saylashibdi. Shahzoda o‘z davlatini obodonlashtirib, go‘zal va boy yurtga aylantiribdi. Yurt dovrug‘ini eshitib, ko‘pgina davlatlardan mehmonlar kela boshlabdi. Bu xabar shahzodaning otasiga ham yetib boribdi. Shoh o‘g‘li boshqarayotgan davlatga mehmonga boribdi, bir necha kun mehmon bo‘libdi. Shahzoda har bir mehmon bilan suhbatlashar ekan, o‘z otasini ham suhbatga chaqiribdi, dildan suhbatlasha turib, baliqchi boqib olgan otasi ekanligini aytibdi. Shoh razm solib, yigitning o‘ziga o‘xshashligini payqabdi va qo‘lidagi uzugini tanibdi, surishtirib o‘zining o‘g‘li ekanligini bilibdi. Shoh o‘z malikasini surgundan qaytarib, saroyga olib kelibdi va qolgan ikki malikani yoniga chaqirtiribdi. Malikalar yolg‘on tuhmat qilganlarini bo‘yinlariga olishibdi va ular jazolanibdi. Podsho shahzodani bag‘riga bosibdi. O‘g‘lini va malikani topganligi uchun shoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib murod-maqsadiga yetibdi.
Qissadan hissa: yolg‘onning umri qisqadir. Yolg‘on so‘z albatta fosh bo‘lib, yolg‘onchini uyaltiradi.
Aytuvchi:Ramazonov Qodir bobo, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani.
Yozib oluvchi:Bo‘ritoshev Barkamol, 6-sinf o‘quvchisi
ODOBSIZ QUYONCHA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. O‘tgan qadim zamonda quyonchalar oilasi yashar ekan. Ularning uylaridan o‘n chaqirim narida bo‘rivoy yashar ekan. Quyonchalarning oilasidagi yosh quyoncha juda ham odobsiz, sho‘x ekan. Bo‘rivoy esa odobli, oqko‘ngil ekan. Uni hamma yirtqich, qonxo‘r deb jig‘iga tegar ekan. Bir kuni quyoncha maktabga ketayotganida bo‘rivoyga uchrab qolibdi. Shunda quyoncha bo‘rivoyning jig‘iga tegib, maktabga qochib ketibdi. Bo‘rivoy bundan rosa xafa bo‘libdi. Quyoncha uyiga qaytib kelayotganida kapalaklarni tutib olib, o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Kapalaklarni tutish uchun ortidan quva boshlabdi. Kapalaklarni quvib-quvib, adashib qolibdi.
Adashib qolgan quyoncha yig‘lay boshlabdi. Buni eshitib qolgan bo‘rivoy quyonchaning oldiga boribdi. Quyoncha bo‘rivoyni ko‘rib, peshonasidan ter oqa boshlabdi. Bo‘rivoy quyonchani yelkasiga ko‘tarib olib, uyiga eltib qo‘yibdi. Quyoncha bo‘rivoyning oldida uyalib qolibdi.
Qissadan hissa: birovni kulgi qilsang, o‘zing uyalib qolasan.
Aytuvchi:Toshev Habib bobo. Navoiy viloyati, Karmana tumani.
Yozib oluvchi:Eshonqulov Ibrohimbek, 5-sinf o‘quvchisi
UCHTA CHO‘CHQA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uchta cho‘chqa bo‘lgan ekan. Ularning dadasi vafot etgan ekan. Katta akasi:
– Kelinglar, o‘zimizga uy quraylik, unga bo‘ri kirolmasin, – debdi-da ishni boshlabdi. Ular jamlanib katta akasining uyini qura boshlashibdi. Bir oydan so‘ng akasining uyi bitibdi. Ular uyda yashayotganida bir bo‘ri kelib, uyni buzmoqchi bo‘libdi. Bo‘ri:
– Eshikni ochinglar, bo‘lmasa uyni buzib, hammangizni yeyman, – debdi-da uyni ura boshlabdi. Dag‘dag‘adan qo‘rqqan uchta cho‘chqa nima qilishini bilmabdi. Keyin iktasi bitta qozonning ichiga kirib olibdi, uchinchisi esa hech qayerga yashirinmabdi. Bo‘ri eshikni buzib kirsa, oldida cho‘chqa turganmish. Cho‘chqa ovozining boricha bir baqirgan ekan, undan ilhom olib ikki akasi yashringan joyidan yugurib chiqib, uchalasi uch tomondan bo‘riga hamla qilishibdi.
Bo‘ri uch cho‘chqaning tashlanishini sira ham kutmagan ekan. Kuchi uch cho‘chqaga yetmasligini anglab qochib qolibdi.
Qissadan hissa: birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar.
Aytuvchi:Yodgorov Sadi bobo, Navoiy viloyati, Nurota tumani.
Yozib oluvchi:Karimov Islombek, 5-sinf o‘quvchisi
O‘KTAM
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir qashshoq qishloq bo‘lgan ekan. O‘sha qishloqning chekkasida O‘ktamning oilasi yashar ekan. O‘ktamning otasi va onasi kasal ekan. Ularni yeyishga noni, kiyishga kiyimi yo‘q ekan. Ular juda nochor yashar ekanlar.
Bir kuni O‘ktamning qishlog‘ini yov bosibdi. O‘ktam hamma yigitlar qatori yovni to‘xtatmoqchi bo‘libdi. U uydan arqon, pichoq va xanjar olibdi. O‘ylab-o‘ylab bir hiyla topibdi. O‘ktam tog‘ tomon qocha boshlabdi. U tog‘ni oldiga borganda ota-onasi esiga tushibdi. O‘ktam ota-onasini qutqarmoqchi bo‘libdi. Darhol orqaga qaytibdi. Yov qishloqni bosib olguncha, ayollar va bolalarni, ota-onasini tog‘ga olib ketibdi. Ular yovdan qutulganlariga shukur qilib, bir qishloqqa yetib boribdilar. Qishloqda dehqonchilik qilib, kun ko‘rib, o‘zlariga uy qurishibdi. Ular mehnatlari evaziga asta-sekin boyib keta boshlashibdi. Bir kuni yurtini yov bosib olgani esiga tushib, O‘ktam bor yiqqan mol-davlatiga qurol-aslaha sotib olib, qo‘shin yig‘ib, ona qishlog‘ini ozod qilish uchun yo‘lga otlanibdi. Manzilga yetib kelgach, shiddatli jang boshlanibdi. Mashaqqatlar evaziga O‘ktam ona qishlog‘ini ozod qilibdi. Xalq uni qishloqqa sardor qilib tayinlabdi. Ota-onasi ham g‘alabadan xursand bo‘lib, o‘g‘lini duo qilishibdi. O‘ktam aql, farosat bilan ish tutib, tinch va farovon kun kechirib, qishlog‘ini gullab-yashnatib, murod-maqsadiga yetibdi.
Qissadan hissa: ota-onasini e’zozlagan farzand elda aziz bo‘lur.
Aytuvchi:Qilichev Erkin bobo, Navoiy viloyati, Nurota tumani.
Yozib oluvchi:Karimov Islombek, 5-sinf o‘quvchisi
CHUMCHUQ VA QARG‘A
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir qarg‘a va chumchuq bo‘lgan ekan. Bir kuni qarg‘a chumchuqqa:
– Kel, do‘st bo‘laylik, – debdi.
Chumchuq tannozlik qilib:
– Yo‘q, men senday ko‘rimsiz qush bilan do‘st bo‘lmayman, – deb aytibdi.
Qarg‘a juda xafa bo‘libdi. Chumchuq o‘ziga-o‘zi men hali dunyo kezaman, dala aylanaman, hali ko‘p do‘st topaman deb orzu qilibdi.
Kuz kelibdi. Sovuq boshlanibdi. Kuzgi qattiq shamol chumchuqning uyini buzib ketibdi. Shunda chumchuq:
– Endi nima qilaman? Uyim buzildi, yaqin do‘stim ham yo‘q, qish qattiq, sovuq kelayapti. Do‘stimning uyiga boray desam, do‘st ham tanlay olmadim, – deb afsuslanibdi.
Havo juda ham sovib, qor katta-katta yog‘a boshlabdi. Uysiz chumchuq ko‘chada muzlab qolibdi. Qarg‘a shu yaqin orada, daraxt kovagida yashar ekan. Chumchuqning muzlaganini ko‘rgan qarg‘a oldiga borib, kel do‘st bo‘lamiz, deb aytibdi. So‘ng uyiga olib kirib, unga joy beribdi. Qishni ahil-inoq o‘tkazishibdi. Bahor kelibdi, ikkovi chumchuqqa ham uy qurishibdi.
Shundan so‘ng qarg‘a va chumchuq qalin do‘st bo‘libdi.
Qissadan hissa: do‘st boshingga ish tushganda sinalur.
Aytuvchi:Shukurov Adham bobo, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani.
Yozib oluvchi:Asrayev Shaxboz, 6-sinf o‘quvchisi
OVCHI VA AYIQCHA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda bir ovchi bo‘lgan ekan. U juda aqlli ekanki, insonlar tugul, hattoki jonzotlar ham uning aqliga lol qolar ekan.
Kunlarning birida ovchi yashaydigan qishloqda bir tovus paydo bo‘libdi. Bu tovus esa shu davlatning podshosiga tegishli ekan. Ovchi buni eshitib, darhol uni izlashga tushibdi. U yo‘lda ketayotib, bir tulkiga duch kelibdi. Tulki unga qarab:
– Hoy musofir, nimalar qilib yuribsan? Bizning o‘rmon juda ham xavfli, yaxshisi bu yerdan ket, – debdi. Ovchi esa uning gaplariga parvo ham qilmabdi. Chunki o‘rmon sokin, jimjit ekan. Ovchi tovusni ancha izlabdi, kech ham tushibdi. Ketayotib yo‘lda bir kampirni uchratibdi. Kampir:
– O‘g‘lim, menga birozgina non ber, – debdi.
– Berardim-u onajon, ammo o‘zimda ham non yo‘q, qornim juda och qoldi.
– Unda mayli, men seni tushundim, – deya xo‘rsinib kampir ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Ovchi bu sirdan hayron bo‘lib qarab qolibdi. Nima qilishini bilmay gulxan yoqib, gulxan yonida uxlabdi. Bir jajji ayiqcha uyqusirab uyidan chiqib, ovchining yoniga kelib qolibdi. Ovchi ertalab turib qarasa, oldida ayiq bolasi g‘ujanak bo‘lib uxlayotgan ekan. Ovchi hayron bo‘lib, ayiqchani silay boshlabdi.
Ayiqcha uyg‘onib, biroz hayratlanib turibdi-da, so‘ng so‘zlay boshlabdi.
– Ey odamzot, sen bu yerda nima qilyapsan?
Ovchi tovus izlab yurganini aytib beribdi. Shunda ayiqcha:
– Sen tovusni o‘rmondagi chinor tagidan topasan, – deb xayrlashib keta boshlabdi.
– Bu gapingga ishonmayman, tovus yo‘q, chunki kuni boyi izlab topa olmadim, – xafa bo‘libdi ovchi.
Ertasi kuni izlab-izlab ovchi bir chinorning tagidan tovusni ushlabdi. Ovchi yigit xursand bo‘lib uni shoh qasriga eltibdi. Shohning askarlari shohga xabar berishibdi. Shoh mamnuniyat bilan ovchini qarshi olib, boshdan-oyoq sarpo berib, uni mukofotlabdi. Shunday qilib ovchi jajji ayiqcha tufayli shohning nazariga tushibdi. Shoh uchun juda ham chiroyli qushlar, hayvonlar tutib kelib, shoh tahsiniga sazovor bo‘libdi. U bir umr jajji ayiqchani eslab yuribdi. Shohning marhamati tufayli oilasi bilan to‘kin-sochinlikda shoh saroyida hayot kechirib, murod-maqsadiga yetibdi.
Alqissa: Yaxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi, Yomonga qilsang yaxshilik na aytadi, na qaytadi.
Aytuvchi: Qosimov Mirzomurod bobo. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani. Yozib oluvchi: Yo‘ldoshmurodov Diyorbek, 6-sinf o‘quvchisi
AQLSIZ BOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir bola bo‘lgan ekan. U juda ham badxulq va odobsiz bola ekan. Ovqatni to‘kib yer ekan. Bu ham yetmagandek, ovqatni qo‘li bilan titib yer ekan.
Bir kuni yotoqxonasini juda ham to‘zitib, iflos qilib tashlabdi. Buni ko‘rgan oyisi:
– Voy o‘g‘lim, xonangni nima ahvolga solding? Tezda yig‘ishtirib qo‘y, men bozorga borib kelaman, – debdi-da ketibdi.
Oyisi bozorga ketgach, xudbin bola xonasiga kirib uxlashga yotibdi. Tush ko‘ribdi. Tushida bir chol uni balchiqqa itarib yuboribdi. Qancha harakat qilmasin, u balchiqdan chiqa olmabdi. Asta razm solib qarasa, balchiq to‘plangan joy o‘z uyi ekan. Shunda chol:
– Agar uyingni iflos qilmaganingda seni balchiq o‘z domiga tortmasdi. Sen quloqsiz, xudbin bolasan, qachon oyingni aytganini qilsang, yengil tortasan, – debdi. Bola yig‘lab-yig‘lab uyg‘onib ketibdi. Qarasa uyi to‘zib ketgan, u oyisini chaqira boshlabdi. So‘ng oyisining bozorga ketgani esiga tushib, apil-tapil o‘rnidan turibdi-da, uyini yig‘ishtira boshlabdi. Uyini tozalagach, o‘zi yuvinib, toza kiyimlarini kiyibdi. Uyiga bir dasta gul qo‘yib, uy havosini almashtiribdi.
Onasi bozordan kelib qarasa, hammayoq orasta qilib qo‘yilgan. Bola toza kiyingan. Oyisini ochiq chehra bilan kutib olibdi. Onasi bu yangilikdan esankirab qolibdi va sekin o‘g‘lidan o‘zgarish sirini so‘rabdi. Bola oyisi bozorga ketgach yotib uxlaganini va tush ko‘rib, qo‘rqib ketganini aytib beribdi. So‘ng oyisini quchoqlab, kechirim so‘rabdi. Qayta bu xatolarini takrorlamaslikka so‘z beribdi. Oyisi o‘g‘liga aql kirib qolganidan xursand bo‘lib, Allohga shukronalar aytibdi. Aqlli o‘g‘li bilan baxtli yashab, murod-maqsadiga yetibdi.
Qissadan hissa: bir yomonga bir yaxshi, bir yaxshiga bir yomon xislat hamroh bo‘lur.
Aytuvchi:Boltayev Xayri bobo, Navoiy viloyati, Karmana tumani.
Yozib oluvchi:Sheraliyeva Zarifa, 5-sinf o‘quvchisi
QO‘NG‘IZ BEKACH ERTAGI
Bu voqea juda qadimda, hayvonlar, parranda-yu darrandalar, qurt-qumursqalar ham inson tilida so‘zlashadigan zamonda bo‘lib o‘tgan ekan.
Qo‘ng‘iz bekach ismli qiz bo‘lib, u husnda tengsiz, nihoyatda go‘zal ekan. Uning husn-u jamoli oldida hatto oy ham xira tortar ekan. Qo‘ng‘iz bekach voyaga yetibdi va o‘ziga munosib yor axtarib yo‘lga chiqibdi. Dastlab yo‘lda podachiga duch kelibdi. Podachi unga:
– Menga turmushga chiq, – debdi. Shunda qo‘ng‘iz bekach:
– Agar aytganingni qilmasam nima qilasan? – deb so‘rabdi. Podachi unga:
– Qo‘limdagi shu kaltagim bilan uraman, – deb javob beribdi. Bu gapni eshitgan Qo‘ng‘izoy podachiga rad javobini berib yo‘lida davom etibdi.
Ancha yo‘l yurgandan so‘ng, bir temirchiga duch kelibdi. Temirchi ham undan turmushga chiqishini so‘rabdi. Qo‘ng‘iz bekach temirchidan ham, aytgan ishlaringni qilmasam nima qilasan, deb so‘rabdi. Temirchi unga qo‘lidagi bolg‘asi bilan urishini aytibdi. Bu gapdan keyin Qo‘ng‘iz bekach temirchiga ham rad javobini berib, yo‘lida davom etibdi.
Qo‘ng‘iz bekach yo‘l yursa ham, mo‘l yurib, bir gulzordan chiqib qolibdi. Gulzorda u bir Qo‘ng‘izvoyni ko‘ribdi. Qo‘ng‘izvoy Qo‘ng‘iz bekachga:
– Menga turmushga chiqqin, – debdi. Qo‘ng‘iz bekach undan ham:
– Jahlingni chiqarsam nima qilasan? – deb so‘rabdi. Qo‘ng‘izvoy unga:
– Mo‘ylovlarim bilan silab qo‘yaman, – deb javob beribdi. Shundan so‘ng Qo‘ng‘iz bekach Qo‘ng‘izvoyga turmushga chiqishga rozi bo‘libdi. Ular gulzorda to‘y-tomosha qilibdi va baxtli hayot kechirib, murod-maqsadlariga yetishibdi.
Normatova Momoxon
BAXT VA HASAD HAQIDA ERTAK
Qadim o‘tgan zamonda chol va kampir yashagan ekan. Ular yashagan yurt go‘zal, obod va insonlari bir-birlari bilan ahil-inoq yashar ekanlar. Chol va kampir ham mana shunday baxtiyor oilalardan biri ekan. Ularning ikki qizi va ikki o‘g‘illari bo‘lib, bir-biridan aqlli va xushmuomala farzandlar ekan. Ularning oilasiga hammaning havasi kelar ekan. Mana shunday go‘zal yurtning bir chekka qishlog‘ida yovuz yalmog‘iz kampir yashar ekan. Jodugar yalmog‘iz kampirning qulog‘iga shu ahil oila haqidagi gaplar yetib boribdi. U hasad qilib baxtli oilaning shirin kunlariga chang solibdi.
Kunlardan bir kun yalmog‘iz kampir qishloqqa kelibdi. Yalmog‘iz o‘zini och qolgan, bechora qilib ko‘rsatib baxtli oilaning eshigini taqillatibdi. Eshikni kampir ochibdi va yalmog‘iz kampirga rahmi kelib uyiga kiritibdi. Unga non-choy, ovqat va yangi ko‘ylaklar beribdi. Kun kech bo‘lib qorong‘i tushibdi, chol daladan qaytibdi. Kampirni ko‘rib:
– Uyda mehmon bormi? – debdi. Yalmog‘iz shum niyatli bo‘lgani uchun kechqurun uxlamabdi va tun yorishishidan oldin haligi dehqon cholni sehrlab, o‘g‘irlab ketibdi. Chunki yalmog‘iz cholni qul qilib ishlatib, o‘zi ham baxtli oilalarga o‘xshashni istabdi. Lekin yalmog‘iz kampir xohlaganidek bo‘lmabdi. Dehqon chol bolalarini sog‘inib, kundan kunga kuchdan ketib, kasal bo‘lib boraveribdi. Buni ko‘rgan yalmog‘iz unga ish buyurar, lekin cholning yaxshi ishlamagani va sog‘aymaganini ko‘rib, kimsasiz bir cho‘lga tashlab ketibdi. Dehqon cholning kampiri farzandlarini qiyinchilik bilan katta qilibdi. Farzandlari mehnatkash, odobli, esli-xushli bo‘lib voyaga yetishibdi. Kampir qizlarini uzatib, o‘g‘illarini uylantiribdi.
Farzandlari otalarini izlashdan to‘xtamabdi. Bir kuni kenja o‘g‘li uzoq safarga chiqibdi. Karvon bilan cho‘lda ketishayotganda bir devona cholni uchratishibdi. Karvonboshidan cholni birga olib ketishni iltimos qilibdi. Karvonboshi rozi bo‘libdi. Safar vaqtida kenja o‘g‘il choldan nima uchun yolg‘iz yurganligini so‘rabdi. Chol boshidan o‘tganlarini aytib beribdi. Uning baxtli oilasi borligini aytibdi. Yalmog‘iz kampir uni shu ahvolga solganini aytibdi. Bu hikoyani eshitgan o‘g‘li chol o‘z otasi ekanligini bilibdi. O‘g‘li ham o‘zini tanishtiribdi. Shu onda ota bolasini topganidan xursand bo‘lib, sevinch yoshlarini to‘kibdi. So‘ngra ular birgalikda o‘z yurtiga qaytishibdi va oilasi bilan baxtli hayot kechirishib, murod maqsadiga yetishibdi.
Aytuvchi:Mirzayeva Muborak buvi.
Yozib oluvchi:Abdulhamidova Gavharoy, 5-sinf o‘quvchisi