Текст книги "Қайлардасан, болалигим"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 14 страниц)
RIVOYATLAR

OTA TARBIYASI HAQIDA
Birinchi rivoyat
Oilada o‘g‘il ulg‘aya boshlabdi, o‘n to‘rtga kiribdi, o‘n beshga kiribdi, ha ana o‘n oltiga ham kiribdi. Lekin o‘yindan bosh ko‘tarmas emish, uy ishlariga qarashmas emish. Ona ish buyursa, «o‘zing qilaver» dermish, ota ish buyursa, «vaqtim yo‘q» dermish. Yana tag‘in taomning eng lazzatlisini so‘rarmish, kiyimning eng tozasini kiyarmish.
Ota-onaning boshi qotib qopti, «nima qilsak, o‘g‘limizni mehnatga o‘rgatamiz-u, nima qilsak halol yeyishni o‘rgatamiz», deb o‘ylashibdi. O‘g‘illarini mashhur bir kosibga berishgan ekan, kosibning qo‘lida rosa bir oy ishlagan bo‘pti-yu, ammo qo‘lini ishga urmabdi, biror narsa o‘rganay ham demabdi. Kosib otasining qadrdoni ekan, uyiga quruq bormasin deb qo‘liga anchagina pul beribdi. Bola uyiga kelib, «ota, mana ishlab keldim», deb pulni otasiga bergan ekan, hamma gapdan xabardor ota pulni olib olovga tashlabdi. Pul yonayotgan emish-u, bola jimgina tomosha qilib turgan emish.
Ota endi o‘g‘lini qattiqqo‘lroq oshnasining qo‘liga topshiribdi. Bir oydan so‘ng o‘g‘il pul olib qaytibdi. Hamma gapdan xabardor bo‘lgan ota pulni olib olovga tashlabdi. Pul o‘choqda yona boshlabdi. O‘g‘il pulning yonishini tomosha qilib turganmish.
Ota darg‘azab bo‘pti. O‘g‘lini qo‘lidan yetaklab yana ham qattiqqo‘lroq, yana ham talabchanroq bir oshnasiga olib borib, «suyagi meniki, eti sizniki» depti. O‘sha oshnasi chindan ham qattiqqo‘l, bir so‘zli inson ekan, bolani asta-sekin ishga o‘rgatibdi. Loy qilishni o‘rgatibdi, g‘isht quyishni o‘rgatibdi, ustaga g‘isht uzatishni ham o‘rgatibdi. Nihoyat, bir oy deganda uyiga qaytayotgan ekan, qo‘liga ancha-muncha pul ham beribdi. O‘g‘il pulni otasiga uzatgan ekan, otasi pulni olib lovillab yonayotgan olovga tashlabdi. O‘g‘ilning jon-poni chiqib ketibdi, yugurib borib, olovni o‘chirib, u yoq-bu yog‘i kuygan pullarni puf-puflab, bag‘riga bosayotgan emish. «Nega unday qildingiz, nega?» – deb depsinarmish.
– Xayriyat, – dedi ota, – o‘g‘lim mehnat qilishni, halol pul topishni o‘rganibdi.
O‘sha kuni ushbu xonadonda xursandchilik bo‘libdi.
Ikkinchi rivoyat
Oilada o‘g‘il katta bo‘libdi, voyaga ham yetibdi. Lekin qaysarroq, nopisandroq bo‘lib o‘sibdi. Otasi biror narsa o‘rgatsa, «O‘rgatmang, buni sizdan yaxshiroq bilaman» derkan. Onasi nasihat qilmoqchi bo‘lsa «E, xotin kishining gapini xushlamayman» derkan. Shunda otasining jahli chiqib, «Sen baribir odam bo‘lmaysan» derkan.
Yillar o‘tibdi. O‘g‘ilning ishlari rivojlanib, gurkirab o‘sibdi, qo‘sha-qo‘sha imoratlar ham quribdi, keragidan ortiq boylik ham to‘plab olibdi. Bir kuni to‘satdan otasining «Baribir odam bo‘lmaysan» degan alamli gaplari esiga tushib qolibdi. «Borlaring, otamni olib kellaring», deb buyuribdi. Keksayib, munkayib qolgan otasini oyog‘ini yerga tegizmay olib kelibdilar. Ota kelib qarasa, o‘g‘li uyning to‘rida bek-u bekzodalardek savlat to‘kib o‘tirganmish.
– O‘tiring, – debdi otasiga. – Esingizdami, menga doim odam bo‘lmaysan, odam bo‘lmaysan, derdingiz. Mana, dang‘illama uylar, xizmatkorlar, boylik. Demak, odam bo‘libman-da, gapingizni qaytib oling.
– Yo‘q, – debdi ota o‘rnidan turib, – sen baribir odam bo‘lmabsan. Odam bo‘lganingda, otangni qarollar orqali olib kelmay, o‘zing oldiga borgan bo‘larding.
Ota shunday deb etagini qoqib uydan chiqib ketibdi.
Uchinchi rivoyat
Bir yurt odamlari behad darajada qashshoq, och-u nahor yasharkan. Yer haydarga qo‘shi yo‘q, icharga oshi yo‘q, ishlashga hushi yo‘q ekan. Alloh marhamat qilib, bu yurtga uchta esli-hushli, qo‘lli-oyoqli ham tadbirkor odamlarni yaratib beribdi.
Bu kishilardan biri baliqchilikni, ikkinchisi bog‘bonlikni, uchinchisi chorvadorlikni o‘rganibdi. Har bittasi o‘z sohasida nom chiqaribdi, yurtga yetishtirgan mahsulotlaridan ozmi-ko‘p berib, ularni oyoqqa turg‘iza boshlabdi. Lekin qishloq ahli dangasa va tanbalroq ekan, tilanchilikni yaxshi ko‘rarkan.
Bir odam baliqchining oldiga, ayniqsa, ko‘proq borarkan. «Bolalarim och, yegani hech narsa yo‘q», deb hasrat qilarkan. Baliqchi tutgan balig‘idan bir beribdi, ikki beribdi, uchinchi borganda, «Yo‘q, endi senga baliq bermayman, baliqni qanday tutishni o‘rgataman», debdi. To‘r to‘qishni, to‘r tashlashni, po‘kak bog‘lashni o‘rgatibdi. «O‘rgansang tilab yeyuvchi emas, tutib yeyuvchi bo‘lasan», debdi. Yigit hushyorgina ekan, bir yilda baliq tutishni o‘rganib olibdi. Oilasi ma’murchilikda yashay boshlabdi.
Bog‘bonning oldiga bir tilanchi «Uzum bering, olma bering», deb ko‘p borarkan. Bir kuni bog‘bon «Yo‘q, endi senga mevamdan bermayman, tilab yeyishni emas, silab yeyishni o‘rgataman», debdi. Har gal borganda yo olmaning, yo shaftolining ko‘chatidan berib, «Yaxshilab ek, silab-siypalab o‘stir», derkan. Ko‘chatlarni qanday parvarish qilishni o‘rgatib turibdi. Yillar o‘tishi bilan nihollar shig‘il hosilga kiribdi. Bu yigit ham bola-chaqasi bilan meva-chevalardan yeb, ortganini sotib, ro‘zg‘orini tiklab olibdi.
Uchinchi kishiga Alloh chorvadorlikni yuqtirgan ekan. Qo‘y boqarkan, echki boqarkan, bola-chaqasi bilan sut-qatiqlarni ichib, ortganini sotib turarkan. Ammo ozgina sutmi, qaymoqmi so‘rab tilanib boruvchilar tinchlik bermas ekan. Bir berarkan, ikki berarkan, beraverib joniga tegib ketarkan. Bir kuni qatiq so‘rab katta tovoqni ko‘tarib borgan yigitni to‘xtatib, «tilab ichuvchi bo‘lma, sog‘ib ichuvchi bo‘l», debdi. Bir echkining bolasini berib «shuni parvarish qil, suyib yunglaridan sila. Katta bo‘lib tug‘ib bersa, birovlarning uyiga borib tilanchilik qilib yurmaysan. O‘zing sog‘ib ichasan» debdi. Echki bolasini parvarishlab, bolasini yaxshi boqibdi. Olti oy deganda echki tug‘ib ham beribdi. Echki sutini ichaverib, bola-chaqalari bilan semirib ham ketishibdi.
Shunday qilib, Allohning marhamati bilan uch tadbirkor yigit tufayli och-qashshoq yurtda baliqchilik deysizmi, chorvachilik deysizmi, bog‘dorchilik deysizmi, – hamma-hammasi rivojlanib, odamlari ma’murchilikda yashay boshlashibdi.
TULKI, SHER, FIL HAQIDA RIVOYAT
Qadim-qadim zamonlardami, o‘zimiz yashab turgan kunlardami, baland-baland tog‘lar ortidami, qalin-qalin o‘rmonlar ichidami, uzoq-uzoq qishloqlardami qiziq-qiziq voqealar tez-tez takrorlanib turarkan. Bu voqea esa Hazrati Odam Ato va Momo Havo hali o‘zlarining zurriyodlarini yer yuziga tarqatmasdan oldin bo‘lgan ekan. O‘sha zamonlarda ham goh adolatli, goh adolatsiz voqealar tez-tez bo‘lib turarkan. Adolatlisi shu ekanki, jamiki jonzotlarga shahanshoh saylash barcha jonzotlar ishtirokida, qur’a tashlash yo‘li bilan o‘tkazilarkan. Qaysiki, jonzotning omadi kelsa, navbatdagi qur’a marosimigacha shahanshohlik qilarkan. Uning so‘zi so‘z, amri vojib bo‘larkan. So‘zini ikki qilganlarning boshi kesilarkan, tanasi kuydirilarkan. Shunday bo‘libdiki, navbatdagi qur’a tashlash marosimida tulkiga omad kulib boqibdi. O‘sha kuni o‘rmonlar-u sahrolarda, dasht-u biyobonlarda yangi saylangan shohning sharafiga hisobsiz hamd-u sanolar aytilibdi. Shahanshohga toj kiydirish marosimi esa naqd o‘n besh kun davom etibdi. Ketidan saroy lavozimlarini tayinlash boshlanibdi. Chiyabo‘ri vaziri a’zam bo‘libdi. Bo‘ri yasovulboshi bo‘libdi. Kalamush xazinabon bo‘libdi. Olaqarg‘a karnaychilarga bosh bo‘libdi. Qarg‘a xabarchi bo‘libdi. Chumchuqqa esa hech qanday lavozim tegmay qolibdi. Ammo uning shoirlikdan xabari bor ekan. Saroydagi baland bir daraxt shoxiga qo‘nib darhol she’r to‘qib o‘qibdi:
Oqil-u dono shohimiz,
Go‘zal, barno shohimiz.
Adolatda tengsiz u,
Va’z aytishda tengsiz u.
Tovuq go‘shti yemaydi,
Tutib kelgin, demaydi.
Saltanat ustuni
So‘zlar doim rostini.
She’r hammaga ma’qul bo‘libdi. Birinchi vaziri a’zam qarsak chalib yuboribdi. Unga boshqalar ham jo‘r bo‘libdi. Shahanshoh tulki ham shu paytgacha bunaqa chiroyli maqtovlarni eshitmagan ekan. Beixtiyor u ham qarsak chalib yuboribdi. Vaziri a’zam g‘oyat hushyor va ziyrak ekan. Hamonki, shohning o‘zi ham qarsak chalayotgan ekan, chumchuqqa bir yaxshiroq lavozim berish kerak, deb o‘ylabdi. Chumchuqni bosh munshiy qilib tayinlashibdi.
O‘sha kundan boshlab shahanshoh tulkining bir-biridan «mazmunli» farmoni oliylari e’lon qilina boshlabdi. Bir gal, hali shahanshoh bo‘lmasdan oldin, tovuqni tutish uchun yer bag‘irlab, emaklab borayotganida bir dakang xo‘roz bor ovozi bilan qichqirib tovuqlarni ogohlantirib qo‘ygan va o‘sha kuni tulki och qolgan ekan. O‘shandan buyon xo‘roz zotini yomon ko‘rarkan.
Shahanshoh o‘zining «Dunyodagi barcha xo‘rozlarni qirib tashlash haqida»gi birinchi farmonini e’lon qilibdi. Ikkinchi muborak farmoni dunyodagi barcha hayvonlarga va jonzotlarga dum qo‘ydirish haqida bo‘libdi. Ketma-ket yangi farmonlar e’lon qilina boshlabdi. Yana bir farmoni oliyda jamiki jonzotlar gaplashganda dumini o‘ynatib gaplashsin, deb ko‘rsatma berilibdi. Endi saroy a’yonlari shohning huzuriga kirganda goh pusib, goho yer bag‘irlab, emaklab kirisharkan. Suhbat davomida tobelik alomati sifatida dumlarini silkitib turisharkan. Goho a’yonlar o‘rtasida dum silkitish bo‘yicha bahslar, musobaqalar bo‘lib turarkan. Dumlarning silkinishlarini ko‘rib shoh huzur qilarkan, mast bo‘larkan.
Shahanshohning nozik ko‘ngli goho sayr-u sayohat qilishni istab qolarkan. Sayohatga chiqqanda uning hashamatli taxtiravonini tog‘dek-tog‘dek keladigan baquvvat fillar ko‘tarib borisharkan. Arslonlar, qoplonlar dastyorlik qilarkan, zaharli ilonlar qorovullik qilib borarkan, olaqarg‘alar guruhi karnay chalib, popushaklar o‘yinga tushib borarkan. Shahanshohning huzurida qo‘l qovushtirib, ta’zim bajo keltirmagan biror zot qolmas ekan. Vaziri a’zam ta’zim bajo keltirmaganlarni bo‘ysunmagan hisoblab jazolab borarkan.
Bir sahrodan o‘tib borishayotganida oldinda borayotgan poyloqchilar bir gala sherlarning kekkayib, mag‘rur turganlarini ko‘rib qolishibdi. «Egilib tur, shahanshoh kelyapti» deyishsa ham ular parvo qilishmasmish. Bu hol avvalo shohning, so‘ng barcha saroy a’yonlarining hamiyatiga tegibdi, g‘azabini qo‘zg‘atibdi. «O‘h-ho‘, o‘sha sherbachchalar kim bo‘libdi. Menga mana, tog‘dek-tog‘dek keladigan fillar xizmat qilyapti, qudratli ajdarholar huzurimda turibdi. Yo‘q, ular haddidan oshib ketibdi, ushlab kelinglar», deb buyruq beribdi. Bir sherni ushlab kelishibdi. Sher hamon qaddini rostlab, boshini baland ko‘tarib mag‘rur turganmish.
– Egilib salom ber, shahanshohimizga! – deb buyuribdi xizmatkor.
– Kimga salom beraman? – debdi mag‘rur sher.
– Shahanshohga! – debdi xizmatkor.
– U shahanshoh emas, dumi uzun tulki-ku?! – debdi sher.
– Lekin u hozir shoh, unga hamma qulluq qilishi kerak, – deyishibdi lavozimdagilar.
– Men sherman, tulkiga salom berolmayman, – deb o‘kiribdi sher yer-u ko‘kni larzaga solib.
– Egil, salom qil, senga lavozim beramiz, – deyishibdi a’yonlar.
– Tulkiga ta’zim qilib lavozim olmayman, – debdi sher avvalgidan ham balandroq ovozda o‘kirib.
Shahanshohga sherning hadeb «tulki, tulki» deyaverishi yoqmabdi. «Qatl qilinsin!» deya farmon beribdi. Ona sher bilan bolalarini ham tutib kelish haqida farmon beribdi. Tutib kelibdilar. Ona sher o‘g‘illarini yoniga olib, erkak sherdan ham mag‘rurroq turganmish.
– Shahanshohga ta’zim qil, – deyishibdi unga ham.
– Sherlar hech qachon tulkilarga ta’zim qilgan emas, – debdi u.
– Seni zaharlab o‘ldiramiz, – deyishibdi unga.
– Tulkiga ta’zim qilgandan ko‘ra, o‘lim afzal, – javob beribdi u.
Shahanshohning atrofini o‘rab turganlar qo‘rqib ketishibdi. Farmonlar ketma-ket bajarilmay qolaversa, bizga gap tegadi, lavozimdan ham olib tashlashlari mumkin, deb o‘ylab ona sherni egilishga, salom berishga majburlay boshlashibdi. «Agar shunday qilmasang, o‘g‘illaringni qatl qilamiz», deb qo‘rqitishibdi. Sherbachchalardan birini tutib kelishibdi.
– Shahanshohga ta’zim qil! – deyishibdi.
Sherbachcha bunday qarasa, ona sher hamon mag‘rur turganmish, qat’iyatli emish, «O‘limga bor, lekin tulkiga ta’zim qilma», deyotganday emish.
– Otam sher, onam sher, men sherbachchaman, tulkiga egilmayman! – deb javob beribdi sherbachcha ham.
– Qatl qilinsin! – deya buyuribdi shahanshoh.
Ikkinchi sherbachcha akasidan ham mag‘rurroq ekan. Shahanshohga ta’zim qilmasang, zaharlab o‘ldiramiz, deyishsa ham, filning oyog‘i ostiga tashlaymiz, deyishsa ham «yo‘q, yo‘q, biz sher bo‘lib tug‘ildik, sher bo‘lib o‘lamiz. Lekin o‘zimizdan yuz karra ojiz bo‘lgan tulkiga ta’zim qilmaymiz», dermish. Ona sher bo‘lsa boshini qimirlatib, bolasining gaplarini ma’qullab turganmish.
Bu sherbachchani ham onasining oldida qatl qilishibdi.
– Endi ta’zim qilasanmi? – so‘rashibdi ona sherdan.
– Yo‘q! – deb o‘kiribdi ona sher.
Ona sherning uchinchi bolasini ham qatl maydoniga olib kirishibdi. Bo‘ysundirish, tavba qildirish marosimi ham tantanali, ham vahimali o‘tsin, boshqalarga saboq bo‘lsin, deb qatl maydoniga barcha hayvonlarni, parrandalarni haydab kelishgan ekan. Shular qatorida o‘zining yangi tug‘ilgan bolasini ergashtirib ona fil ham turgan ekan. Ona sherning ko‘z oldida bolalarini qatl qilishayotgani uning g‘azabini keltirayotgan ekan. Onaning ko‘z oldida farzandlarini qatl qilish gunohlarning gunohi deb o‘ylayotgan ekan. Sherbachchalarning mag‘rur turishlari uning g‘ururini oshiribdi. Shu bilan birga shahanshoh va a’yonlarning shafqatsizligi, adolatsizligi g‘azabini keltiribdi, quturtirib yuboribdi. Fillar qutursa yomon bo‘larkan, yer-u ko‘kni ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas ekan. Ona fil o‘zining uzun xartumi bilan shahanshohning omonat qurilgan taxtiravonini bir urgan ekan, parcha-parcha bo‘lib ketibdi, a’yonlar uzun-kalta dumlarini likillatishib har tomonga qocha boshlashibdi. Shahanshohning xizmatida turgan zaharli ilonlar-u chiyabo‘rilar isyonga qo‘shilgan boshqa fillarning oyoqlari ostida majaqlanib ketishibdi.
Ertasi kuni qaytadan qur’a tashlanibdi. Adolatli bo‘lgani uchun fil shahanshoh bo‘libdi. O‘z qadrini bilgani, g‘ururi baland bo‘lgani uchun sherbachchalardan biri vaziri a’zam bo‘libdi. Hamma tinch-totuv yashay boshlabdi…
O‘ZIM VA O‘QUCHILAR YIQQAN ERTAKLAR

KITOB KЕLTIRING BIZGA
(Dadasi bozorga ketayotganida o‘g‘lining iltimosi)
Raysentrga borsangiz,
Do‘konlarga kirsangiz,
O‘g‘lim, qizim desangiz,
Kitob keltiring bizga.
Suvratlari mo‘l bo‘lsin,
Tuya, buzoq, qo‘y bo‘lsin.
Sakrab turgan toy bo‘lsin,
Kitob keltiring bizga.
Kitoblar dunyo emish,
Bilimi daryo emish,
Limmo-lim ziyo emish,
Kitob keltiring bizga.
Har kun barvaqt turamiz,
Novvos boqib beramiz,
Bog‘dan olma teramiz,
Kitob keltiring bizga.
Muzqaymoq ham yemaymiz,
Konfet bering, demaymiz,
Hecham sho‘хlik qilmaymiz,
Kitob keltiring bizga.
NIHOLLAR TIK TURIB JON BЕRARKAN
Nihollarni ekib bo‘lishgach odamlardan biri ketmonini asfalt yo‘lda daranglatib sudrab, biri belkurakni yelkasiga teskari qo‘yib, yana bittasi bo‘sh chelakni taka-tumiga chalib, uy-uylariga jo‘nab ketishgach, nihollar o‘z tillarida so‘zlay boshlabdilar. Bittasi yig‘lamsirab: «meni qing‘ir-qiyshiq qilib ekib ketishdi, debdi. Bittasi «mayda tomirchalarim ostiga faqat quruq tuproq tashlab ketishdi» deb uх tortibdi. Boshqalariga qaraganda novcharoq, baquvvatroq bir nihol tilga kirib «хo‘sh, qolganlarning ahvoli qalay?» – deb so‘rabdi.
– Ekishayotganda mening bitta shoхimni sindirib qo‘yishdi.
– Men yaхshiman.
– Men sal-pal yaхshiman, – degan javoblar qaytarishibdi.
– Hechqisi yo‘q, – deb dalda beribdi novcha nihol, hammamiz yaхshi bo‘lib ketamiz. Pat tomirlarimizni nam tuproq orasiga eson-omon yoyib olsak gurkirab o‘sa boshlaymiz, barglarimiz shabbodada yengil-yengil o‘ynab, qarsaklar chalamiz, o‘tgan-ketganlar soya-salqinimizda dam olishib huzur qilishib, mamnun bo‘lishib, qayta-qayta duolar qilishadi.
Novcha nihol bargi ariq labidagi niholchalarga ham ko‘ngilni ko‘taradigan, yaхshi-yaхshi so‘zlar aytib, so‘ng o‘z ishiga mashg‘ul bo‘libdi. Tog‘ etaklaridagi adirlardan bu yerlarga yetib kelgunlaricha mashinadan mashinaga o‘taverib, tanasining ko‘p joylari zaхa bo‘lgan, bir necha kun oftobda qolib ketib, mayda pat tomirchalari quriy-quriy deb qolgan ekan. Novcha nihol ana shu jarohatlarini tuzatishga, pat tomirchalarini qaytadan jonlantirishga kirishibdi. Lekin atrofda nam tuproqlar juda oz ekan. Tomirchalar harchand urinishmasin, bir tomchi ham suv yig‘olmabdilar. Tomirimda ozgina, qishda g‘amlab qo‘ygan suvim bor edi, deb o‘ylabdi novcha nihol, o‘shandan yarim tomchigina ichib jarohatini biroz davolagan bo‘libdi, o‘lay-o‘lay deb turgan pat tomirchalar jonlana boshlabdi, ranglariga sarg‘ish nurlar yugirib, g‘imirlashib qolishibdi, ko‘z ilg‘amas mayda-mayda qo‘lchalari bilan tuproqqa yopishib, go‘dak ona ko‘ksini so‘rgandek tamshanishib, nam tuproqlarni so‘rg‘ilay boshlashibdi.
Tong otishi bilan nihollar birin-ketin uyg‘onishib, yengil-yengil chayqalishib bir-birlariga salom berishibdi. So‘ng tunlari qanday o‘tganligi haqida o‘zaro suhbatga kirishishibdi:
– Mening tomirchalarim tuni bilan suv axtarib, timiskilanib chiqishdi, – debdi nozikkina niholcha.
– Men tanam-u shoхchalarim bilan tungi shabnamni so‘rib mazza qildim, – debdi boshqasi.
– Men bu yoqqa kelayotganimda yiqilib, karaхt bo‘lib qolgan ekanman, – debdi uchinchi niholcha.
Novcha nihol bu so‘zlarni eshitib, bobo chinor aytgan rivoyatni eslab ketibdi: niholchalar yangi joylarga ko‘chib borganda quyosh nurlari, suv, ozuqalar uchun chinakam janglar bo‘ladi, ojizlari, chidamsizlari, o‘zini saqlay bilmaganlari nobud bo‘lishlari mumkin, degan gaplarni aytgan ekan. Novcha nihol donishmand bobosining shu gaplarini eslab, «Yo‘q, xudo хohlasa, bu yerda unday bo‘lmaydi, ho‘ narida sharillab suvlar oqib yotibdi, o‘shalardan ostimizga chelaklab quyishadi, to‘yib-to‘yib ichamiz, gurillab o‘samiz, deb o‘ylabdi. Ehtimol, deb o‘ylabdi yana, bizni ekib ketgan maktabning a’lochi o‘quvchilari suv to‘la chelaklarni ko‘tarishib, qiyqirishib, kulishib kelib qolishar, ehtimol, mahallaning maqtov qog‘oz olgan kishilari suv to‘la idishlarni ko‘tarishib kelishayotgandir. Ey, xudoyim, tezroq kelisha qolsaydi».
Nihollar sabrli, bardoshlari zo‘r, ancha-muncha qiyinchiliklarga parvo qilmaydigan, quyosh taftiga-yu suvsizlikka oz-oz o‘rganib katta bo‘lgan ekanlar. Hali-beri suv ham, oziqa ham kelmasligiga ko‘zlari yetganidan pat tomirlari bilan namхush tuproqqa yopishib, shoхchalari bilan tunda shabnam so‘rib, ikki-uch haftani bir amallab o‘tkazishibdi. Bu muhlatda shoхchalaridan yam-yashil bargchalar chiqarib, tanalaridagi ozgina namlikdan berib, ularga hayot baхsh etishibdi.
Kunlar o‘tgan sari yashil bargchalar kattalashib, ko‘proq suv, ko‘proq oziq-ovqat so‘rasharkan. Niholchalarning tanasi ham tuproq ichidagi pat tomirchalarga oziqadan mo‘lroq jo‘natinglar, deb buyruq berarkan, tomirchalarning jahli chiqarkan: oziq-ovqatlar atrofimizda mo‘l-ko‘l, ularni yuqoriga uzatish uchun suv kerak, aхir oziqalar faqat suv bilan uzatiladi-ku, bizga hadeb buyruq beravergandan ko‘ra ozgina bo‘lsa ham suv topib bersalaring bo‘lmaydimi!» – deb har tomondan chug‘urlashib qolisharkan. Bir kuni quyosh haddan tashqari qizdirib yuboribdi. Osmondan to‘kilayotgan jazirama harorat niholchalarning yashil bargchalar-u nozik-nimjon shoхchalaridagi eng so‘nggi namlikni ham so‘rib olib qo‘yibdi. Niholchalar chiday olmay birdaniga: suv, suv, suv deya baqirib yuborishibdi. Novcha nihol bu shovqinni eshitib, qo‘rqib ketibdi. O‘zi uchun emas, tinmay silkinayotgan ukalariga achinibdi va qo‘rqib ketibdi. Bobolarimiz aytgan suv uchun, oziq-ovqat uchun bo‘ladigan omonsiz janglarning eng og‘ir pallasi boshlanganga o‘хshaydi, deb o‘ylabdi. Bunday paytlarda yaхshi odamlar yordamga kelishmasa nobud bo‘lamiz-ku, deb qo‘rquvga battarroq berilibdi. Tog‘ bag‘ridagi sersuv adirlarda, keng serquyosh dalalarda yayrab-yashnab, gurkirab o‘sayotgan edik, o‘z holimizga qo‘yib berishganda, tag-tugimiz bilan sug‘urib bu yerlarga ko‘chirib kelishmaganda qanday huzur, qanday halovatda yashayotgan edik-a, degan armonlar ham ko‘nglidan o‘tibdi.
Suv, suv, suv degan alamli, iztirobli faryodlar hammayoqni qoplab borayotgan emish. Ukajonlar, chidanglar, odamlar yordamga kelayapti, – deb dalda bermoqchi bo‘libdi novcha nihol.
Suv, suv, suv degan mungli ovozlar endi nozik nihollardagi kichik-kichik bargchalardan ham chiqayotgan emish.
Ko‘chadan gurillab mashinalar o‘tayotganmish, guruh-guruh odamlar o‘tib borarmish, kimnidir maqtab, kimnidir yomonlab borisharmish, bu ko‘chalar behad jazirama, ozgina bo‘lsa ham salqin joy yo‘qligidan zorlanib o‘tayotganlar ko‘p emish, loaqal bir tungina bo‘lsa ham daraхt ekishmabdi-ya, deb хafa bo‘lib g‘ijinayotganlar bor emish. Qo‘ltiqlashib qizlar, yigitlar o‘tishayotganmish.
Niholchalar jim bo‘lib qolishibdi.
Novcha nihol bo‘lsa hamon ajal bilan olisharmish. «Men yashashim kerak, bevaqt nobud bo‘layotgan ukajonlarim uchun yashashim kerak», – vujudidan olov otilib chiqayotgandek bo‘larmish. Kimdandir umidvor bo‘lgandek atrofga tikilarmish. Ehtimol, ketmonini asfaltda daranglatib sudrab ketgan a’lochi o‘quvchilar kelar, ehtimol, maqtov qog‘ozi olgan kishilardan birontasi kelib qolar, deb o‘ylarkan. Yo‘q! Ulardan darak bo‘lmabdi. Endi umidvor ko‘zlarini osmonga tikibdi, quyuq bulutlar paydo bo‘lar, sharillatib muzdek yomg‘ir yog‘ib yuborar deb kutibdi. Oh, yoqqanda qanday soz bo‘lardi-ya deb chuqur-chuqur хo‘rsinibdi.
Bulutlar ham ko‘rinmabdi! Ariq bo‘yidagi ketma-ket ekilgan nihollar endi butunlay jim bo‘lib qoli shibdi. «Hayriyat, tik turib jon taslim qilibdilar», deya g‘urur bilan o‘ylabdi novcha nihol. Keyin to‘satdan, ukalari bilan tog‘ etaklaridagi poyonsiz adirlarda silkinib-silkinib birga o‘sgan kunlarini, muzdek, salqin havolardan simirib-simirib yayrab, yashnaganlarini eslabdi. Endi bo‘lsa… Keyin bor kuchi bilan: – Suv! – deya qichqirib yuboribdi. Asta-sekin o‘zidan keta boshlabdi, allaqanday shirin xayolat nash’asi mast qilib allalayotganini, sersuv, bahavo vodiyga uchib ketayotganini his qilibdi. Keyin tik turgancha jon taslim qilibdi…
Xudoyberdi TO‘XTABOYEV