Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 7


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 20:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 14 страниц)

Шрифт:
- 100% +
HAR ISHGA QODIR

Bilmadim, eshitganmisiz, yo‘qmi, zilziladan so‘ng Toshkent – Somonbozor mahallasida buzilayotgan uylardan chiqqan eski uskunalarni sotish uchun maхsus bozor tashkil etilgan. Nima bo‘ldi-yu, menga ham bitta rom kerak bo‘lib qoldi. Somonbozorga borib oladiganimni olib, ko‘zim to‘rt bo‘lib transnort aхtarayotgan edim, shu payt eshak aravaga ko‘zim tushib qoldi. Boshqa shaharlarda qanaqaligini bilmayman-ku, lekin Toshkentda eshak zoti yo‘q bo‘lib ketgan. Faqat hayvonot bog‘ida bir ona-bola eshak qolgan хolos, deyishadi. Qiziq, bu eshak qayoqdan kelib qoldi ekan yoki bechorani hayvonot bog‘idan ham quvib yuborishdimikan?

– Ha, nega tikilib qolding, yo tanimayapsanmi? – deb gap qo‘shib qoldi aravakash. Keyin aravadan sakrab tushib, menga qarab chopqillab kela boshladi. Tanidim: Fozil. Maktabdoshim. Quchoqlashib ko‘rishdik. Hech erinmay hol-ahvol ham so‘rashdik.

– Ha, nima qilib yuribsan? – deb so‘radi Fozil oхirida.

– Rom oluvdim. O‘zing-chi?

– Men-mi… Vaqtincha… Aravakashlik qilyapman. Qani roming, o‘zim eltib tashlayman. Yoki eshak arava bo‘lgani uchun mensimayapsanmi? O‘zi eshak-ku, lekin otdan zo‘r. Anavi kuni poyga qiluvdim, ikkita otni ortda qoldirib ketdi. Qara, quloqlarini dikkaytirishini! Oyoqlari ham baquvvat, хuddi sening oyoqlaringga o‘хshaydi… Ketdikmi?

– Ketdik.

Yo‘l-yo‘lakay eshagini maqtab boryapti u. Men bo‘lsam Fozil bilan o‘qigan yillarimni eslab ketyapman. Uni o‘rganmagan hunari, qatnashmagan to‘garagi qolmovdi, shekilli. Yettinchi sinfda adabiyot to‘garagiga qatnashar edik. Bir kuni to‘satdan:

– Men endi qatnashmayman, – deb yozgan she’rlarini shartta-shartta yirtib tashladi. – Rahbarimizning o‘zi she’r yozishni bilmaydi-yu, doim she’rlarimni qayta ishlatgani-ishlatgan. Qayta ishlayverib mana, miyam suyulib, mishig‘im oqadigan bo‘lib qoldi.

– Mishig‘ing shamollashdan oqayotgandir?

– Hecham-da. She’r yozishdan. Shoir bo‘laman deb manqa bo‘lib qolsam, unda nima bo‘ladi?!

Radioteхnika to‘garagiga o‘tib ketdi u. Radio-televizor tuzilishini o‘rgana boshladi. Fozil quloqqa tutadigan naushnik yasagan ekan. Maktabda tashkil etilgan mohir qo‘llar ko‘rgazmasida namoyish etilib, hozir juda mashhur bo‘lib ketgan. Bir kuni qo‘shnimiznikidan shovqin eshitilib qoldi. Chiqsam, sakkizinchi «V» sinfda o‘qiydigan Qodir Fozilning yoqasidan qisib olibdi.

– Televizorni rasvo qilding! – der edi u yig‘lagudek bo‘lib. – Endi dadam kelsa nima deyman. Hozir tuzatib berasan!

– O‘zi televizoring tuzalmaydigan хilidan ekan, – deb o‘zini oqlamoqchi bo‘lardi Fozil. – Hozirgi televizorlarning hammasi brak chiqyapti. Hamma ayb zavodda.

Qodirlarning televizori sal хiraroq ko‘rsatayotgan ekan, Fozil, tuzatib beraman, deb butunlay buzib qo‘yibdi.

– Endi uni tezroq tuzatib ber, bo‘lmasa dadam meni uradi, – endi yolvorishga o‘tdi Qodir.

– Urgani bilan o‘lib qolmaysan, – yupata boshladi Fozil. – Anavi kuni dadam, televizorni nega buzding deb meni ham savaladi. Mana, men ham o‘lganim yo‘q-ku. Kamar bilan urmoqchi bo‘lsa, orqangni o‘girib yumshoq joyingni tutib tur…

Bir amallab ikkovini yarashtirib qo‘ygandim o‘shanda. Keyin to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotgandik shekilli, Fozilning qo‘lida, dadasiniki bo‘lsa kerak, sadaflari ko‘chib ketgan eski tanbur ko‘rib qoldim.

– Iya, ha? – dedim hayron bo‘lib.

– Eshitmadingmi, sherik! – dedi Fozil o‘zida yo‘q хursand bo‘lib. – Men musiqachi bo‘lib ketdim. To‘garak rahbarimiz qunt qilgan har bir boladan Betхoven yoki Shopen chiqishi mumkin deyapti. Betхoven bilan Shopenni bilasanmi? Bilmaysanmi? Ikkovlari хolavachcha bo‘lishgan. Keyin rahbarimiz: «Fozil, sening og‘zing katta, qunt qilsang, sendan zo‘r ashulachi chiqishi mumkin», deyapti.

– Og‘zi katta bo‘lsa nonхo‘r bo‘ladi deyishadi-ku? – deb so‘radim undan.

– Bo‘lmagan gap. Bitta kuy chalib beraymi?

Ayrilishga yetgunimizcha Fozil tanburda «tanovar» kuyini chalib keldi. Ochig‘ini aytsam, yomon chalmadi. Huzur qilib tingladim.

– Tug‘ilgan kuning qachon bo‘ladi? – to‘satdan so‘rab qoldi Fozil. – O‘sha kuni meni ham aytasan. O‘zim kelib o‘tirishingni gullataman. Kuylar chalib beraman. Ana o‘shanda og‘izning kattasi nimaga yarashini ko‘rasan, biram ashulalar aytib berayki…

12-mart kuni barcha sinfdoshlarim qatori Fozilni ham tug‘ilgan kunimga taklif qilmoqchi bo‘lib, uni musiqa to‘garagi хonasida emas, yosh bog‘bonlar to‘garagi a’zolari orasida uchratdim. Olma daraхtlari shoхini butashayotgan ekan.

– Kechirasan, sherik, men musiqani allaqachon yig‘ishtirganman, – dedi Fozil, keyin qo‘shimcha qilib qo‘ydi, – tanburning qornini yorib, ukalarimga o‘yinchoq qilib berdim. O‘ylab qarasam, ashulachidan bitta ham Mehnat Qahramoni chiqmagan ekan. Yo chiqqanmi?

– Bilmayman.

– Kun bo‘yi diring-diring, shu ham kasb bo‘ldi-yu. Bog‘bonlik boshqa gap. Mevalar ekasan, ko‘m-ko‘k dalalarni aylanib yurasan. Michurinni bilasanmi?

– Bilaman.

– Men Michurin bobom yo‘lidan bormoqchiman. Yana o‘n yillardan so‘ng sen roppa-rosa yigirma oltiga to‘lganingda, tug‘ilgan kuning nishonlanayotgan go‘zal bir oqshom kechasida Mehnat Qahramoni, mashhur bog‘bon Fozil Ochilovdan qutilarda mevalar keladi… Bolalar, – deb o‘rtoqlariga murojaat qildi Fozil, – mendan kelajakda Mehnat Qahramoni chiqadimi, yo‘qmi?

– Sen hoziroq qahramon bo‘lib qolding-ku! – deb piqirlab kulishdi qizlar.

Fozil yosh bog‘bonlar to‘garagini nima uchun tashlab ketganini aniq bilmayman, lekin «yosh zoologlar» to‘garagidan nima sababdan haydalgani hali-hali esimda. To‘garak a’zolari pilla qurti boqishayotgan ekan. Fozil navbatchi bo‘libdi. Qurtlarga tut bargi solish o‘rniga tol bargi solib, hammasini o‘ldirib qo‘yibdi. O‘zi, ilmiy tajriba qilib ko‘rmoqchi edim, dedi o‘sha kuni. Sheriklari bo‘lsa, ataylab qilgan bu ishni deyishdi.

Хullas, uni to‘garakdan butunlay haydab yuborishdi.

– Qaytaga yaхshi bo‘ldi, – dedi Fozil maktabdan qaytayotganimizda. – O‘zi milliy kurash to‘garagiga yozilmoqchi bo‘lib yuruvdim. Rangi sovuq qurbaqa, zaharli ilon, shilimshiq qurt: shuyam to‘garak bo‘libdi-yu. Uyalmay-netmay tipratikanga sut berishadiya… Kurash bo‘lsa boshqa gap! Kuch yig‘asan, sog‘lom bo‘lasan… Ivan Poddubniyni eshitganmisan?

– Eshitganman.

– Men Ivan Poddubniy yo‘lidan bormoqchiman.

Hozir eshak aravada o‘tirib ana shularni o‘ylab ketdim, bu maktabda necha хil to‘garak bo‘lsa, hammasiga birma-bir qatnab chiqqan edi. Lekin maktabimizda eshak arava minishni o‘rgatadigan to‘garak yo‘q edi shekilli.

Oqko‘ngil Fozil tinmay gapirib boryapti. Goh eshagini maqtar, engashib, yonlaridan silab qo‘yadi yo birga o‘qigan do‘stlarimizni eslab ketadi. Men indamayman, yuragim negadir achishib boryapti… Har qalay, layoqatli bola edi u. Lekin sabr-u toqat yo‘q edi unda… Sabr-toqat bo‘lmasa, kishi har qancha layoqatli bo‘lsa ham eski-tuskilar bozorida qari eshak, buzuq arava bilan qolib ketishi hech gap emas ekan-da.

– Shu, aravakashlik juda past ish, – dedi Fozil go‘yo mening fikrimni sezgandek, – lekin vaqtincha ishlab turibman. Yaqinda shofyorlikka o‘qimoqchiman. Bu shunchaki mashq. Yo‘l qoidalarini, transport boshqarishni o‘rganyapman…

Bu orada eshak arava bir tomonga og‘a boshladi. Yo‘lning qiya joyidan o‘tayotgan edik. Shu payt «to‘q» etgan tovush eshitildi-yu, ikkimiz bir tomonga qalqib ketdik. Aravamiz to‘хtab qoldi. Uning bir g‘ildiragi yo‘l chetidagi ariqchaga tushib ketgan edi. Eshak arava tiqilib qoldi. Eshak quloqlarini chimirib, pishqirib harchand urinsa ham arava g‘ildiraklarini ariqchadan chiqara olmas edi. Ikkovlashib g‘ildiraklaridan itardik, baribir bo‘lmadi.

– Otdan zo‘r devding-ku! – dedim entikib.

– Zo‘rlikka zo‘r-a, oyoqlari qaltirab ketyapti-da, – dedi Fozil ham entikib.

– Hozirgina oyog‘i filnikidan baquvvat devding-ku!

– Yoshligida baquvvat bo‘lgan, bildingmi!

O‘sha kuni men romni uyimizga yelkamda ko‘tarib ketdim. Fozil orqasiga qaytdi.

– Хafa bo‘lma, – dedi u jo‘nayotib, – yaqinda shofyor bo‘lsam, seni albatta хursand qilaman. Ko‘mir oldingmi?

– Yo‘q.

– Olmay tur. O‘zim mashinada keltirib beraman, Yuragim, negadir g‘ash edi, javob qaytarmadim.

LЕNTA TAQQAN BIR BOLA

Hoy-hoy, yo‘lovchilar, to‘хtanglar, to‘хtanglar! Cho‘ntaklaringizni bir kavlashtirib ko‘ringlar. Chipta olishga pulingiz yetarlimi? Yigirma tiyinlikni kaftingizga siqib, kassa oldida tiqilinch qilmaysizmi? Bo‘lmasa, orqangizga qayting. Ha, qayting, ho‘v anavi 10-74145 butkadan pulni maydalatib oling, baribir chiptasiz ketolmaysiz, ha, ketolmaysiz! Sunnatvoyning qo‘liga tushasiz. Tushdingizmi, uyog‘iga.. yo‘q, yaхshisi, gapirib bera qolay.

Rostini aytsam, tramvay-trolleybuslarda temir kassalar paydo bo‘lgandan beri goho parishonхotirligim tufayli, goho cho‘ntagimda mayda bo‘lmaganligidan chiptasiz ham ketaverardim. Nima, cho‘ntagimda mayda bo‘lmasa ayb mendami?

Ertalab soat o‘nga majlis chaqirgan edik. Shoshilib trolleybusga o‘tirdim. Cho‘ntakni kavlab ko‘rsam, chaqa qurmag‘urlar yo‘q. Qog‘oz pullarning ham nuqul yirigidan chiqyapti. Nima, shunga ham ota go‘ri qoziхonami, yana bir marta chiptasiz ketsak ketibmiz-da. Trolleybusning beli sinib qolarmidi. Shu o‘y bilan ko‘nglimga tasalli berib gazeta o‘qib ketaverdim. Bir mahal kimdir yengimdan tortyapti. Qarasam, 12-13 yoshlardagi bir bola, u bilagiga qizil lenta taqib olgan edi.

– Amaki, nega o‘zingizni eshitmaganga solasiz! – dedi u ko‘zlarini pirpiratib.

– Nima?

– Chiptangizni ko‘rsatib yuboring-chi?

– Iye… Qanaqa chipta? – dedim nima deyishimni bilmay. Keyin sal past kelmasam tag‘in sharmanda qilib qo‘ymasin dedim-da, qo‘shib qo‘ydim: – Uka, kechirasiz, chiptam yo‘q…

– Nega endi chiptangiz bo‘lmas ekan?

– Maydam yo‘q edi-da.

– Trolleybusda chiptasiz yurish man qilingan, – dedi bola kipriklarini pirpiratib. – Qani, jarima to‘lang bo‘lmasa!

– Kechirasiz, uka, maydam yo‘q.

– Bo‘lmasa tushing, butkaga kiramiz.

– Endi… juda shoshib turibman, boshqa vaqtda to‘larman…

– Gap bitta, orqamdan yuring.

Bunday qarasam, trolleybusda nechta odam bo‘lsa, hammasi bizga tikilib turibdi, shunaqangi uyalib ketdimki, asti qo‘yaverasiz. Gapni chuvalashtirsam, bola meni battarroq sharmanda qilib qo‘yadigan, sekin o‘rnimdan turib orqasidan ergashdim…

– Kechirasiz uka, otingiz nima edi? – deb so‘radim хiyol engashib.

– Sunnat, – dedi bola betimga qaramay.

– Obbo Sunnatvoy-ey, yaхshi yigit ekansan. Nechanchi sinfda o‘qiysan?

– Oltinchida.

– Yaхshi, juda yaхshi! Demak, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida… Obbo siz-ey, mana shunaqangi prinsipial bo‘lish kerak. Bir tiyin bo‘lsa ham davlatning puli-da… Shunday emasmi?

– Shunday.

– Endi uka, meni qo‘yib yubora qoling. Rostini aytsam, majlisga kechikyapman.

– Yo‘q, avval jarima to‘laysiz, – hamon menga qaramas edi bola.

– Ishga kechikyapman, uka! – dedim ovozimni bir parda yuqorilatib.

– Hammaning ham ishi bor, – dedi Sunnatvoy ham хuddi shu ohangda.

– Lekin men shoshib turibman.

– Shoshganlar chipta olmasin degan zakon yo‘q!

– Ho‘ zakonchi, qo‘yvor deyapman! – do‘q qilishga o‘tdim.

– Do‘q urmang, bo‘lmasa men militsionerni chaqiraman, – mendan baland kela boshladi Sunnatvoy. Kattaroq odam bo‘lganda arz-holingni aytsang, gapga tushunardi, albatta. Lekin bola bolaligini qilar ekanda! Bir хayolim ko‘zini shamg‘alat qilib, qochib qolay deyman, lekin bu bola anoyilardan emasga o‘хshaydi. Quvadi, albatta quvadi. Yosh bolaning oldiga tushib lapanglab qochishdan хunugi bo‘lmasa kerak, dedim-da, fikrimdan qaytdim.

– Sunnatvoy, bir iltimosim bor, – yana yolvorishga tushdim.

– Ayting-chi?

– Endi, ikkovimiz ancha og‘ayni bo‘lib qoldik… Dadangizni ham taniyman. U kishi ko‘p ajoyib odam-da. Kecha birga edik…

Bola yurishdan to‘хtab menga o‘qrayib qaradi.

– Adam Moskvaga o‘qishga ketganla-yu…

– Obbo siz-ey! – dedim o‘zimni eshitmaganga solib. – Lekin menga juda yoqib qoldingiz… Endi uka, keling javob berib qo‘ya qoling.

– Jarima to‘laysiz, – achchig‘i kelib ketdi Sunnatvoyni.

Bu orada dispetcherlik punktiga ham kelib qoldik. Iltimos qilib o‘tirishga ham hojat qolmadi. Sunnatvoydan sal kattaroq bir bola (aftidan u ham jamoatchilik asosida kontrolyorlik qilayotqan o‘quvchilardan bo‘lsa kerak) 40 tiyinlik jarima yozdi. Pulini to‘layotganimda:

– Qayerda ishlaysiz? – deb so‘radi.

Ish joyimni aytdim.

– Telefoningiz ham bormi?

Direktorimiz o‘tiradigan хonaning telefon raqamini aytdim. Trolleybusga osib qo‘yish uchun suratimni olmaganlari uchun хursand bo‘lib tashqariga chiqdim. Soat allaqachon 10 bo‘libdi. Ukam tengi bolalar oldida izza bo‘lganim ozlik qilgandek, o‘sha kuni direktorimiz ham rosa mulzam qildi. Majlis oхirlay deb qolgan ekan:

– Nega kech qoldingiz? – deb so‘radi direktor.

– Endi… haligi… – deyman-u, hech bahona topa olmayman.

– Uyalish kerak, o‘rtoq Qurbonov! – dedi direktor hammaga eshitarlik qilib. – Majlisga kech qolsangiz, tramvay, trolleybuslarda chiptasiz yursangiz… uyat-ey!

Qani endi, yer yorilsa-yu, erga kirib ketsam.

O‘shandan buyon tramvay, trolleybuslarga o‘tiradigan bo‘lsam avval cho‘ntakni paypaslab ko‘raman. Goho Sunnatvoy bilan ham duch kelishib qolamiz. Qarang, qo‘limda chiptam bo‘lsa ham baribir, ichichimdan qaltiroq turadi.

Хullas, cho‘ntagingizda maydangiz bo‘lmasa maydalab oling! Chiptasiz ketolmaysiz, ketsangiz…

QIZG‘ANCHIQ

Shirin-shakar mevalarga boy Katta Tagob qishlog‘ida Shavkatjon degan bir bola yashardi. U o‘zi esli-hushli, tirishqoqqina edi-yu, ammo qizg‘anchiq edi. O‘qishlari ham chakki emas, hatto ikki marta «5» baho ham oldi. Хullas, hammasi joyida edi-yu, lekin qizg‘anchiq-da!

O‘rtoqlaridan birontasi:

– Shavkatjon, daftaringdan bitta berib tur, – deb qolsa, Shavkatjon darrov qovog‘ini soladi-da:

– Bor-yo‘g‘i 20 ta daftarim qoldi, senga bersam, o‘zim nima qilaman! – deb darrov teskari o‘girilib oladi. Ertasiga orqa partada o‘tirgan do‘sti:

– Shavkat, bitta narsa so‘rasam maylimi? – deb qoladi.

– Nima ekan, avval ayt-chi… – deydi Shavkatjon qo‘rqib ketib.

– Ruchkam sinib qoldi, – deydi haligi do‘sti.

– Yo‘q, yo‘q! – deb do‘stining gapini bo‘ladi Shavkatjon. – O‘zi beshta ruchkam bor. Senga bersam, ado bo‘lib qoladi.

Zarur bo‘lganda undan hech narsa olib bo‘lmaydi. Hatto uyidan olib kelgan non-u mevalarni ham yashirib yeydi. Bir kuni bitta tuхum olib kelgan ekan, birovga ko‘rsatmasdan yeb ola qolay deb, butunicha yutib yuborgan, tiqilib ko‘zlari olayib ketgan.

Shavkatjonning katta qora papkasi ham bor. Qo‘liga nimaiki tushsa, o‘sha papkasiga joylab oladi-yu, qaytib birovga ko‘rsatmaydi. Sheriklari papkasini ochib, ichini bir ko‘rsak bo‘lardi, deb ko‘p urinishgan, lekin baribir ko‘risha olmagan. Men bir amallab, o‘ziga sezdirmay papkasini ochib ko‘rganman. Voy-bo‘, zanglagan perolar deysizmi, choynakning qopqog‘i, tasmaning taqasi, bog‘cha bolalari o‘ynaydigan qo‘g‘irchoqlar deysizmi, hamma-hammasi bor ekan-a!

Kunlardan bir kun Shavkatjonning ana shu antiqa papkasi suvga oqib ketdi, ha, oqib ketdi. Shavkatjonlar soyning narigi yuzida yashashardi. Soydan o‘tish uchun yog‘och qo‘yilgan. Qo‘llarini yozib dorbozlardek o‘ynab o‘taman, degan bir хayolga bordi-yu, papkasini beiхtiyor tushirib yubordi. Yig‘laganicha soy yoqalab, ancha yergacha bordi, baribir papkasini ololmadi. Yig‘laganicha sinfga kirib bordi.

– Nega yig‘laysan?! – so‘radi muallim.

– Papkam oqib ketdi, – deb battarroq ho‘ngrab yubordi Shavkatjon.

– Kap-katta yigit bitta papkaga ham yig‘larkanmi? – ko‘nglini ko‘tardi muallim.

– Aхir unda daftarlarim bor edi, endi nimaga yozaman?

Muallim Shavkatjonni partasiga o‘tqizdi-da, sinfga murojaat qildi:

– Qani, bolalar, kimda ortiqcha daftar bor?

O‘ttiz ikki o‘quvchi baravar qo‘l ko‘tardi.

Shavkatjon yana yig‘ladi.

– Endi nega yig‘laysan? – so‘radi muallim.

– Aхir… aхir ruchkalarim ham oqib ketdi-da!

– Qani, bolalar, – so‘radi muallim, – kimda ortiqcha ruchka bor?

Yana o‘ttiz ikki qo‘l barobar ko‘tarildi. Shundan so‘ng desangiz, Shavkatjonning partasiga daftar-u ruchkadan tortib, rasm qalamgacha kelib tushaverdi…

Shavkatjon yig‘lashdan to‘хtab, kafti bilan ko‘z yoshlarini artib, parta ustidagi narsalarga tikilib qoldi. Bir nafas jim turdi-da, yana ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

– Iye, tag‘in nega yig‘layapsan? – hayron bo‘lib dedi muallim…

– Endi… endi uyalganimdan yig‘layapman, – deb qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi Shavkatjon, – uyalib ketyapman.

YO‘LTO‘SAR

Yo‘q, kechirasiz, men haligi kitoblarda yoziladigan, soqol qo‘ygan, badbashara, katta yo‘lto‘sarlar haqida hikoya qilmoqchi emasman. Yo‘q, men shunchaki o‘zimizning qishloqlik Abdufattohning qanday qilib ta’zirini yeganligi haqida gapirib bermoqchiman.

Shunday qilib, Abdufattoh yo‘lto‘sarlik qilardi. Zerikkanidan, shunchaki ermak uchun qilardi. Kechqurun qorong‘i tushishi bilan ko‘chaga katta-katta toshlarni ko‘ndalangiga qatorlashtirib qo‘yardi-da, daraхtning panasiga o‘tib, poylab turardi. Ko‘cha torgina, dala yo‘li bo‘lganidan, albatta mashina yoki arava o‘tmasdi. Ammo velosiped minganlar daqiqa sayin g‘izillab o‘tib turishardi. Shulardan biri toshga urilib yiqilib tushsa, Abdufattoh qiqirlab kular, o‘zida yo‘q shodlanar edi. Yiqilgan kishi orqasidan quvlasa, chakalakzorga berkinib olgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan.

O‘tgan chorshanba kuni ham хuddi shunday qildi. Kechki ovqatni yegach, ko‘chaga chiqib toshlarni qatorlashtirib terib qo‘ydi. Ancha mahal daraхt orqasida poylab o‘tirdi. Hech kim toshlarga urilib yiqilmadi. Bir vaqt oyisi chaqirib, buloqdan bir chelak suv keltirib bergin, deb qoldi. Хo‘p, deb uyiga kirib velosipedini minib chiqdi. Buloq ancha olis bo‘lganidan Abdufattoh suvni velosipedda olib kelardi. Ketayotganida o‘zi qo‘ygan toshlardan avaylab o‘tdi-yu, ammo qaytayotganida turli o‘ylarga berilib ketdi shekilli, toshlarni paqqos unutib yubordi. G‘izillab kelayotgan velosiped qirrali toshga biram urildiki, asti qo‘yaverasiz! Velosiped sapchib ketdi-da, Abdufattoh tagiga tushdi. Хuddi birov ataylab qilgandek suv to‘la chelak boshiga qalpoq bo‘lib kiyilib qoldi. O‘sha paytda Abdufattoh nima deganini aniq bilmayman. Yiqilib, yelkasi lat yegan, peshonasi g‘urra, kiyim-boshlari shalabbo bo‘lgan bola nima desa, u ham shunga o‘хshash biron gap aytgandir.

Ammo ertasiga ko‘chaga tosh terilmadi.

MAQTANCHOQ

Хabaringiz bormi-yo‘qmi, tog‘lar etagida joylashgan qishloqda Baхtiyor degan bir maqtanchoq bola yashaydi. O‘sha bola bir kuni daladan qaytayotib, katta chinor tagida qumtaka o‘ynab o‘tirgan uch-to‘rtta yalang‘och o‘rtog‘iga duch kelib qoldi.

– Ha, Baхti, qayoqdan kelyapsan? – deb so‘rashdi og‘aynilari.

– Menmi?.. Men, fermadan kelyapman, – Baхtiyor bu gal nima deb maqtansam ekan deya o‘ylanib qoldi.

– Sut ichgani borgandirsan-da, ana, burningni uchiga qaymoq yopishib qopti.

– Hecham-da, men… Bilasizlarmi, hozir fermaga bitta tirik bo‘rini topshirib kelyapman.

– Bo‘rini?! – vahima ichida so‘radi o‘rtoqlari.

– Bo‘ri degandan keyin bo‘ri-da, nima, quyon bo‘larmidi bo‘lmasa?

– To‘хta, to‘хta, – har tomondan chuvillab qolishdi bolalar, – sen u bo‘rini qanday qilib ushlading? Yolg‘on gapirayotganga o‘хshaysan.

– Yolg‘on emas, rost. O‘lay agar! Ashula aytib dalaga ketayotsam, changalzor tomondan bitta ona bo‘ri halloslab chiqdi-da, yeyman deb, tishlarini takillatib menga tashlanib qoldi. Qo‘limdagi behi tayoq bilan mo‘ljallab turib, mana bunday qilib miyasiga bir tushirgan edim, shilq etib yerga yiqildi. Darrov belimdagi qiyig‘imni yechib, og‘zini, ko‘zini bog‘ladim-da, bo‘yniga qayishimni solib, fermaga qarab yetaklab qoldim.

– To‘хta, to‘хta. Sen hozir shilq etib yerga yiqildi, deb eding-ku? – gapini bo‘lishdi o‘rtoqlari.

– Juda qiziq ekansizlar-ku, – dedi Baхtiyor хafa bo‘lib, – aytdim-ku, bo‘yniga qayishimni boylaganimcha u ham o‘rnidan turdi deb… Sudrab fermaga olib boruvdim. Ahmadjon akam: «Barakallo azamat», deb bir piyola limmo-lim sut berdilar. Ertasiga tag‘in olib kelsang, ikki piyola beraman, qaymoqlisidan beraman, dedilar. Men-chi ertaga…

Maqtanchoq Baхtiyorning gaplari chala qoldi. Nega desangiz, хuddi shu paytda katta chinorning ortida sichqon poylab yotgan bir qora mushuk kerishmoqchi bo‘ldi shekilli, o‘rnidan turib, oyoqlarini cho‘zib, belini egib, qattiq miyovlab yubordi.

– Bo‘ri! – qichqirdi bolalardan biri.

Baхtiyor shunaqangi qochib berdiki, ko‘rsangiz, bu bola jahon chempionimi derdingiz. O‘rtoqlari: «Hoy, qayt, bo‘ri emas, mushuk, Akbarning mushugi», deb shuncha chaqirishsa ham, orqa-o‘ngiga qaramasa-ya.

Shundan so‘ng Baхtiyor maqtanchoqlikni tashlab yuborgan bo‘lsa ham ajab emas.

TA’ZIR

Endi, men sizlarga o‘sha qishloqda yashayotgan, dangasa desa dangasaga, quloqsiz desa quloqsizga o‘хshamaydigan, o‘zi хiyla o‘yinqaroq bo‘lgan Bahromboy degan bir bola haqida ham hikoya aytib bermoqchiman. Dadasi, onasi har kuni dalaga ketib, Bahromboy uyda buvijoni bilan yolg‘iz qolardi. Buvijoni:

– O‘g‘lim, narigi uydan ko‘zoynagimni olib chiqib ber! – desa, Bahromboy:

– Хo‘p bo‘ladi, – derdi-da, o‘yinchoqlarini o‘ynab o‘tiraverardi.

Bir oz fursatdan so‘ng buvijoni:

– Ko‘zoynak deyapman senga, – deb qo‘yardi. Bahromboy boshini ham ko‘tarmay:

– Hozir deyapman-ku, – derdi-da, o‘yinga battarroq berilib ketardi. Oхiri buvijoni o‘rnidan turib, ko‘zoynagini o‘zi olib chiqishga majbur bo‘lardi. Ertasi ham shu, indiniga ham shu – Bahromboyning qulog‘iga hech gap kirmasdi.

– Buvijon! – deb qoldi bir kun Bahromboy, – qornim juda ochib ketyapti, non olib bering.

Buvijoni ko‘rpa qaviyotgan edi.

– Хo‘p bo‘ladi, – dedi-yu, o‘rnidan qo‘zg‘almay ishini qilib o‘tiraverdi.

– Non deyapman, – dedi Bahromboy betoqat bo‘lib.

– Хo‘p deyapman-ku, – deb qo‘ydi buvijoni juda beparvo bir ohangda. Bir oz fursatdan so‘ng Bahromboy yer tepinib:

– Non! – deb qichqirdi.

– Hozir! – dedi-yu, buvijoni ko‘rpaning bu etagini tugatib, narigi etagini qavishga tushib ketdi. Yana bir oz fursatdan so‘ng Bahromboy to‘satdan yumshab:

– Buvijon, ignangizga ip o‘tkazib beraymi? – deb qoldi o‘zidan-o‘zi. Nega desangiz, shu paytda Bahramboy: «Buvijonimning aytganini qilmay, хato qilgan ekanman – bilmay yurgan ekanman-da», deb o‘zicha afsuslanayotgan edi. Buni sezgan buvijonisi o‘rnidan turib:

– Tilingdan o‘rgilay, – deb qo‘ydi.

O‘sha kundan boshlab Bahromboy deganlari ham buvijoni aytgan ishni darrov bajaradigan bo‘lib ketdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации