Электронная библиотека » Хаким Сатторий » » онлайн чтение - страница 10


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 18:00


Автор книги: Хаким Сатторий


Жанр: Исторические приключения, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 17 страниц)

Шрифт:
- 100% +
DUNYO BILGAN «TAMERLAN»
yoki
Yolg‘on qachongacha davom etadi?

Ushbu mavzuda fikr yuritishdan oldin bir oddiy haqiqatni eslatib o‘tmoqchi edik: taraqqiyotning hozirgi bosqichida yer yuzida sirning o‘zi qolmadi, barcha narsayu hodisalarning xossasi, xususiyati, belgisi – jami alomatlari oshkor bo‘ldi. Inson aqli faqat yer yuzidagi sir-sinoatlarni kashf etish bilan chegaralanmay (aslida, bu borada biror yumush qolmagach), zamin qa’riga va tubsiz koinotga nazar qildi hamda nigohi yetgan joyigacha inshikof etib ulgurdi.

Ming afsuski, ana shunday kashfiyotlar davrida odamzod hamon o‘z vakili – bizning vatandoshimiz – Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon haqidagi chinakam haqiqatni bilmay kelayapti. Azbaroyi insoniy insof yuzasidan xolis yozilgan juda oz bitiklarni hisobga olmaganda, kemalarga yuk bo‘ladigan darajada mo‘l-ko‘l bitilgan va sahifalarida «Tamerlan», «Temurlang», «Oqsoq Temir» tarzida haqoratli darj etilgan sahifalardagi zot bizning faxrli bobokalonimizning haqiqiy qiyofasi emas, balki ul ulug‘ siymoning tarashlanmagan, qiyshiq ko‘zgudagi badbashara aksidir. (Paradoks: «Basharang qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama!» – mabodo, oynaning o‘zi qiyshiq bo‘lsa-chi?) Yana afsuslar bo‘lsinki, mana necha yuz yillardan buyon afkor omma Ul zotni ana shu chaplangan suratiga qarab tanib kelmoqda, shunga suyanib baho bermoqda. Uchinchi afsus shundan iboratki, ba’zan dalillarni chalkashtirish hollari hozirgi kungacha, hatto bizning milliy matbuotimiz sahifalarida ham davom etib kelayotir. Qoyil qolish kerak, tuhmat va yolg‘onlarning qora ko‘lankasiga emas, o‘sha cho‘ng Qoyaga, mana, asrlar osha U hech narsani pisand qilmay, mag‘rur turibdi va hamon odamlarni ohanraboday o‘ziga chorlayapti.

Bunday «anglashilmovchilik» (agar yumshoq qilib shunday atash o‘rinli bo‘lsa)ning sababi ikkita bo‘lishi mumkin. Birinchisi, niyat xolis, shu mavzuda fikr yuritishga ishtiyoq kuchlidir-u, biroq mavzuga doir ma’lumotlar yetarli bo‘lmasligi (o‘rganilmaganligi) ehtimol. Shunday yo‘l tutib, xatoga qo‘l urganlarni nodon do‘stga qiyoslash mumkin: nodon do‘stdan aqlli dushman afzal. Demak, bu mavzuda qo‘lda ishonchli manba bo‘lmasa, sukut saqlagan ma’qul. Albatta, birdaniga hukm sifatida emas, bir necha ma’lumotlarni muqoyasa qilib, tadqiqot sifatida e’lon qilinayotgan chiqishlar bundan mustasno.

Ikkinchi sabab esa noxolis yondashuv yoki xolis yondasha olmaslik, ya’ni g‘arazli maqsadlar quli bo‘lib, tarix haqiqatini buzib ko‘rsatish yoxud Shaxsni harakatga keltirgan, unga kuch va yo‘nalish bergan omillarni his qila olmaslik tufayli toshni baholashga joriy etilgan mezonlar bilan tuproqqa ta’rif berishga o‘xshash mas’uliyatsizlik. Bunday yondashuv hozirgacha ataylab tanlab kelindi va uning hosilasi o‘laroq, jamoatchilikda bir yoqlama tasavvur paydo bo‘ldi. (Chor istilosi va sho‘ro hukmronligi davrida Sohibqironni qoralash davlat mafkurasi darajasida tashkil qilindi, oqibatda, xalqlar o‘rtasida nizo qo‘zg‘atuvchi, madaniyat va san’at kushandasi, qonxo‘r va boylikka to‘ymas dahshatli bir zot timsoli yaratildi).

«Fojia» (endi bu safar qattiqroq qilib aytganda)ning ko‘lamini tasavvur qilish uchun aniq misollar keltirishga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu borada vatandoshlarimizning istiqlol yillarida tarkib topgan xolis yondashuv asosida yaratilgan kitoblardan olgan tasavvurlari asqotadi, deb o‘ylaymiz. Zero, odamda tushuncha bo‘lmasa, nimani qanday taklif etsang, shunday qabul qilaveradi-da (olaylik, umrida olmani ko‘rmagan odamga kartoshkani tutqazib, «shu – olma», deyilsa, ishonib o‘tiraveradi). Endi esa, Ollohga shukur, bizning ma’naviy bisotimizda bobokalonimiz to‘g‘risida shakllangan xolis tasavvurlarimiz bor, ya’ni hazratning o‘zlari lutf qilganlaridek, «mahak toshi»ga egamiz, unga urib ko‘rib, rostni ham, yolg‘onni ham ajrata olamiz.

Gapni yolg‘onlarning, alahsirashlarning eng yangisidan boshlay qolaylik.

2005-yilda Moskvada nashr etilgan «Кто есть кто?» qomusiy to‘plamida minglab mashhur kishilar haqida ma’lumot berilgan (bu kitobga kirish qandaydir darajada sharaf hisoblanar ekan). Kitob ham mo‘jizavor nashr etilgan, televizorning yuzicha kattalikda, og‘irligi ham mubolag‘asiz 4–5 kg ni tashkil etadi. Narxi – 75 dollar ekan. Uning egasi – vatanparvar, ziyoli zot bisotni menga tutqazar ekan, og‘riq bilan «Tamerlan» sarlavhali maqolani ochib ko‘rsatdi. Bir sahifadan ko‘proq (nisbatan salmoqli) bu maqolani diqqat bilan o‘qib chiqdim-u, unda, to‘g‘risi, bir og‘iz ham rost gap topmadim. Emish, Tamerlan tug‘ma nogiron bo‘lib, bir oyog‘i kalta, shu tufayli oqsab yurarmish (aslida, 1362-yilda Seistonda Zuranj qal’asini fath etish chog‘ida kamondan otilgan o‘qdan zaxm yetgan edi. Keyinchalik, 1382-yilda o‘sha kamonchi – mekronlik Mamaqtuv bilan duch ham kelinadi…). Bu yog‘i yana ham qiziq: go‘yo Tamerlan O‘rta Osiyoda Chingizxon imperiyasini tiklash uchun kurashgan va 1370-yilda Samarqandni qattiq jangdan so‘ng ishg‘ol qilgan. Davomi esa o‘sha eski «diydiyo» – Afg‘oniston (?)da 20 ming odamni tiriklay loy va tosh bilan qorishtirib, devor tiklagan, Hindistonda 1 mln odamni qirib tashlagan…

Muqobil qarash egalari Sohibqiron haqida so‘z yuritganda nuqul qurbonlar, «boshdan tiklangan minora»lar haqida jo‘shib so‘ylaydilar. To‘g‘ri, odamkushlikni aslo oqlab bo‘lmaydi. Aslida, insoniyat tarixi sonsiz qirg‘in-barotlardan iborat. Hozirgi taraqqiyot millionlab odamlarning qonidan suv ichib o‘sgan daraxtga o‘xshaydi. Xo‘sh, qaysi hukmdor qo‘l qovushtirib o‘tirgan? Bir paytlar odamning kallasini olib tashlash tovuq so‘yishdek narsa bo‘lgan-ku! Ularning qay birini eslaylik? Mana, O‘rta asrlar tarixidan bir necha misol.

XV asr oxirlarida ispanlarning oyog‘i Amerika quruqligiga yetgach, mahalliy aholini ayovsiz qirdi, ularning asriy madaniyatini yo‘qotib yubordi. Ularning shiori: «Bir o‘ldirilgan yevropalik uchun yuz hinduni o‘ldirish» bo‘lgan. Ammo bunday xunrezlikning boshida turgan Kortes yoki Pisarroni hech kim eslamaydi.

Ispanlar kuchga to‘lib, dengizga hukmronlik qilib olgach, Angliyaga tahdid sola boshladi. 130 kemadan iborat «Yengilmas armada» bilan ingliz floti 1588-yilda La-Mansh bo‘g‘ozida to‘qnashdi. Dengizdagi qonli jang ikki hafta davom etdi. Taraflardan qariyb 50 ming kishi qatnashgan bu to‘qnashuvdan juda kam sonli odam omon qoldi. Urush qonunlari ana shunday shafqatsiz edi. Mashhur Napoleon 1799-yil martda Misrning Yaffa shahrini qamal qilganda 4 ming kishi qurshovda qoladi. Ular tirik qolish sharti bilan qurollarini topshiradilar. Lekin qo‘mondon bergan va’dasini bajarmaydi – yosh, sog‘lom 4 ming jangchi qirib tashlanadi. Umuman, Napoleon armiyasida millionlab odamlar o‘limga mahkum etildi. U Rossiyaga qariyb 700 ming lashkar bilan kirgan edi, qaytishda esa uning qo‘l ostidagi mag‘lub qo‘shin 30 mingga ham yetmasdi… Tarix yana qanchalab qonxo‘r, yovuz hukmdorlarni biladi. Afsuski, ular safidan alohida kishilarni ajratib olish va faqat ularnigina la’natlarga burkash adolatdan emas. Taassufki, shu kunlarda ham odamlar haqiqatdan yiroq, g‘irt yolg‘on gaplarni o‘qib, unga ishonib kelmoqda. o‘arbda, umuman, dunyoda bunday bir yoqlama tasavvurlar shakllanishining o‘z tadriji bor. Bu hol o‘sha uzoq-uzoqlarga borib taqaladi va bu o‘rinda ham birinchi quloqqa kirganni, eshitganni o‘zgartirish qiyin kechishi haqidagi bugun ham yashab kelayotgan aqidalar amal qilmoqda. Qolaversa, negadir odamlar rost gapdan ko‘ra yolg‘onga o‘ch bo‘ladilar va yolg‘on tez tarqaladi, uzoq yashaydi. (Hindistonlik faylasuf Osho bu holni shunday izohlaydi: «Yolg‘on – vaqtning bo‘lagi. Vaqt muntazam harakatda, shuning uchun yolg‘on muntazam tarqalib turadi. Haqiqat esa abadiyat kabi bir joyda sobit turaveradi»). Shu jihatdan Ioan Shiltberger (qisqacha – Shilta)ning xotiralari birinchi tasavvurning paydo bo‘lishi, yolg‘onning tug‘ilishi va yashab qolishida asos bo‘ldi, deyish mumkin. Moskvada nashr etilgan bir to‘plamda («Tamerlan», 1992) Shiltaning «Tamerlan haqida» xotiralaridan parcha berilgan. Muallifning o‘z e’tiroficha, u Anqara jangi (1402)da Boyazid qo‘shinlari safida bo‘lgan, asir tushib qolgan, so‘ngra 6 yil Tamerlan qo‘shinida xizmat qilgan. Undan keyin Shohrux qo‘liga o‘tgan, Shohrux Mirzo Kurdistonni Qora Yusufdan ozod qilib, Mironshohga topshirganda, qo‘shin safida Mironshoh lashkarida qolgan. Haqiqatan ham xuddi shunday.

Ma’lumki, Boyazid Avstriyani tor-mor etgach, qirol Lazarning qiziga uylangan va Anqara jangida Stefan boshliq serb ritsarlari ham Samarqand qo‘shiniga qarshi jangga kirgan edi. Boyazid yengilgach, ko‘plab asirlar qo‘lga olinadi va ular safida nemis Ioan Shiltberger ham bo‘lgan.

Xizmatdan bo‘shab, yurtiga qaytgach, Shiltaning ajoyib hikoyalari ko‘pchilikni lol qoldiradi va uning xotiralari tezda kitob holida nashr etiladi ham. Biroq cheklangan ma’lumotga ega bo‘lgan Shilta voqelikni to‘la va haqqoniy aks ettira olishi mumkin emas edi. G‘arbda esa bu holni kim inobatga oladi, qiziquvchan yevropaliklarga «ajabtovur» osiyoliklar haqidagi afsonalar kerak. Bir tomondan Sohibqironning Yevropa ellari orasidagi mislsiz obro‘si (uni chinakamiga xaloskor sifatida tan olishardi), ikkinchi tomondan, xotiralarning ertaknamo ruhi nemis sarbozi esdaliklarining juda tez tarqalishini ta’minlaydi va shunday qilib, G‘arbda qandaydir «Tamerlan» haqida tasavvur paydo bo‘ldi.

Biz, Sohibqiron bobomizning vatandoshlari, voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uni baholi qudrat aks ettirgan odamning esdaliklarini bugungi tasavvur va tushunchalarimiz bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, shuurimizda ko‘lmakda aks etgan oy surati jonlanishi tabiiy. Garchi esdaliklar bo‘lib o‘tgan voqealarga (ular ham chalkashtirib yuborilgan) asoslangan bo‘lsa-da, harqalay haqiqatga butunlay mos kelmaydi. U o‘rtamiyona darajadagi guvohning ko‘rgan-kechirganlari haqidagi chalakam-chatti qaydlari, xolos.

Tasavvurlarimiz aniq bo‘lishi uchun, garchi bu yolg‘onlarni qayd etishdan xijolatda bo‘lsak-da, xotiralarni bir qur ko‘zdan kechirib chiqishga majburmiz.

Ioan Shiltberger nomidan e’lon qilingan bitiklarda keyinchalik Yevropada urf bo‘lgan ritsarlik qissalari, romanlariga xos bo‘rttirishlar, mubolag‘alar ufurib turadi (shunga ko‘ra bu esdaliklar G‘arb adabiyotida yaratilgan Gulliver, Don Kixot, Sancho Pansa singari qah ramonlarning yaratilishiga turtki bo‘lmaganmikan, degan andishaga ham boradi kishi).

«Tamerlan millionga yaqin lashkar bilan Sivosga hujum qildi, – deb yozadi Shilta, – shaharga yetib olgach, ko‘plab kishilarni asir oldi, ularning safida to‘qqiz ming qiz bor edi». Anqara jangiga Tamerlan bir million olti yuz ming kishi bilan kirishgan, Boyazid bir million to‘rt yuz ming kishini unga qarshi qo‘ygan. Bu raqamlar tarix kitoblarida qayd qilinganidan bir necha barobar ko‘p. Jumladan, Sohibqiron «Tuzuklar»ida «Qaysar to‘rt yuz ming otliq va piyoda askari bilan menga qarshi yuzlandi», deb qayd etgan.

Bunday mubolag‘alarni Shilta Tamerlanning shafqatsizligini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun yetarlicha qo‘llaydi: «To‘qqiz kunlik qamaldan so‘ng Ayntob shahri taslim bo‘ldi. Shundan so‘ng Suriyaning Damashqdan so‘ng eng katta shahri Begesna (?) tomon yo‘lga tushildi. Unda bir ulkan ibodatxona bor ediki, tashqari devorida qirqta darvozasi mavjud edi. Ichkarisida juma kunlari 12 ming sham yoqilar, boshqa paytlari 9 ming shamdon yoritib turardi. Shamdonlar aksariyat oltin yoki kumushdan edi». Hujum boshlangach, 30 mingga yaqin odam ibodatxonaga qochib kiradi… o‘azablangan Tamerlan barcha darvozalarni yopib tashlaydi, ibodatxonaga esa o‘t qo‘yiladi. Shundan so‘ng million lashkar bilan Vavilonga qarshi (?) yuriladi. Shahar bir oylik qamaldan so‘ng taslim bo‘lgach, yakson qilinib, o‘rniga arpa ekiladi. Suv bilan o‘ralgan qasr ichidan oldin uchta, so‘ngra to‘rtta temir sandiq olib chiqiladi, ularning ichi to‘la oltin va kumush edi.

Bu dahshatlar Shiltaning alahsirashidan boshqa narsa emas, negaki, u qayd etgan shaharlarning ba’zisi xaritada yo‘q va bu bedodliklar biron solnomada qayd etilmagan.

Yolg‘on yana boshqa o‘zanda davom etadi. Go‘yoki Vavilondan qaytilgach, Tamerlan qo‘l ostidagilarga to‘rt oy davomida poytaxtidan to‘rt oylik yo‘l naridagi Kichik Hindistonga yurish qilish uchun tayyorlanishga buyruq bergan emish. Holbuki, Hindiston yurishi Anqara jangidan ancha oldin – 1398-yilda amalga oshirilgan edi. Esdalikda yoziladi: «Hindiston qiroli u bilan muzokara boshladi va unga ikki sentner hind oltini (arablarnikidan a’lo) to‘lashga va’da berdi». Bu gapga kim ishonadi? Biroq dunyo ahli shunday yolg‘onlarga ishonib keldi.

Shiltaning talqinicha, Hindistondan qaytilgach, boylik ilinjida Sultoniya, Mozandaronga elchilar yuboriladi. Shundan so‘ng Isfahon qirolligiga yo‘l olinadi. (Isfahondagi bebosh isyonchilarni jazolash 1387-yilda yuz bergan edi). Bundan muddao – mo‘may boylik orttirish edi. Shahar egallangach, 14 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqaro qilichdan o‘tkaziladi, 7 yoshdan kichik bolalarni bir maydonda to‘plab, ustidan otliqlarni yurdirishadi. Shaharga o‘t qo‘yib, Samarqandga qaytadi. Uning poytaxtdan chiqib ketganiga 12-yil (?) bo‘lgan edi.

Albatta, bu afsonalarga aqli raso odamning ishonishi mumkin emas. Qolaversa, bunday vayronagarchilik, qonxo‘rlik Sohibqironning e’tiqodiga butunlay zid holatlardir. Uning yurishlardan maqsadi boylik to‘plash, qon to‘kish bo‘lmaganini hazratning o‘zi shunday ta’kidlaganlar: «Davlat va saltanatimga bog‘lagan mening birinchi tuzugim – Tangri taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim». Bunday oliyjanob maqsadning mohiyatini tushunish, Sohibqiron faoliyatini baholash uchun kishi kamida maslakdosh bo‘lishi lozim.

Ha, roviyning yoki nosirning kimligi u so‘zlagan, bayon etgan har bir kalimada, satrda aks etadi. Nasroniy odamning islom ahkomlarini hazm qila olmasligi tabiiy bo‘lganidek, yevropalikning Osiyo tartiblarini tushunmasligi ham bor gap ekan. Bo‘lmasa, shuncha yolg‘on bilan qog‘ozni qora qilgan odam oxirida bunchalar aljirab qolmasligi mumkin edi. Emishki, Samarqandga qaytgach, Tamerlanning uch xotinidan eng yoshi unga xiyonat qilgani ma’lum bo‘lib qolibdi. Kundoshlarning kattasi bu haqida ig‘vo qilgach, «Ishonmasang, uning sandig‘ini ko‘r, sandiqda o‘ynashi sovg‘a qilgan uzuk va unga yozgan ishqiy maktub bor», debdi… Xullas, Xitoy yurishidan sovuq tufayli qaytgan (?) va sevimli xotinining xiyonatidan azob chekkan Tamerlan vafot etibdi. Uni shod-xurramlik bilan (?) dafn etishibdi. Lekin uning qabridan bir yil davomida dahshatli chinqiriq eshitilib turibdi. Mullalar maslahatlashib, barcha asirlarni ozod qilishgach, ovoz tinchibdi.

Mana, tariximizdagi eng yorqin siymo haqida G‘arbda tarqalgan ma’lumot. Bu katta yolg‘on o‘zidan ham katta ko‘lamlarda tarqalgani, kitob ko‘plab tillarga tarjima qilingani (jumladan, 1866-yilda rus tiliga) ham rost. Garchi bu so‘zlarni yozishda qog‘ozdan istihola qilgan bo‘lsak-da, gap nimadaligini to‘laroq tasavvur qilish uchun tafsilotlarni mufassal keltirdik.

Insof bilan aytganda, bunday holdan unchalik xafa bo‘lmaslik ham mumkin. Axir u paytda (XV asrda) xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalar shakllanmagan, buning ustiga G‘arbda Sohibqironning tarafini oladigan jonkuyari kezib yurmagan bo‘lsa, bundan o‘zga nimani ham kutasan?! Qolaversa, voqelikni xolis yoritishga urinishlar ham bo‘lgan, faqat bu ezgu maqsadlar zulmat qo‘ynida miltillagan shamdek ortda qolib ketavergan.

To‘g‘risi, G‘arbda, umuman, dunyoda Buyuk Temur shaxsiga qiziqish o‘sha paytlarda ham kuchli bo‘lgan (hozir ham susaygani yo‘q). Buning sababi oddiy – shamoldan ham tez (Yildirim) Boyazid qarshisida Yevropa tiz cho‘kib turar, eng saralangan harbiy kuchlari uning shiddati oldida bo‘ron qarshisidagi pufakdek dirdirardi. Temur Yevropani ana shu ofatdan qutqardi. Ularning nazdida Boyazidga teng keladigan kuch yer yuzida yo‘q edi. Biroq birdaniga mo‘jiza ro‘y berdi. Xo‘sh, bu qanday mo‘jiza edi? Boyazidga bas keladigan hukmdor haqidagi shov-shuvlar tarqalib ketdi. Uning kimligi barcha uchun nihoyatda qiziqarli edi. Shu sababli bu mavzudagi asarlar juda tez tarqalgan va muttasil paydo bo‘lib turgan, boshqa tillardan ishtiyoq bilan tarjima qilingan.

Akademik E. Rtveladze va professor A. Saidovning yozishicha, 1415-yildayoq italyan katolik cherkovining xodimi Bernardo de Mignanelli lotin tilida «Tamerlan hayoti» degan risola yozgan, lekin u hozirgacha deyarli o‘rganilmagan. 1582-yildan boshlab Gonzal Aragat de Molino Madridda Klavixoning kundaliklarini e’lon qila boshladi. Angliyada 1587–1588-yillarda Kristofer Marloning «Buyuk Temur» dramasi yaratildi. Ibn Arabshohning «Temur tarixida taqdir ajoyibotlari» kitobi 1636-yilda lotin, 1658-yilda frantsuz tiliga tarjima qilindi. Albatta, bu asar va tarjimalarning saviyasi turlicha bo‘lib, mu alliflarning voqelikka munosabati ham bir xil emas edi. Ayniqsa, Ibn Arabshoh asarining ruhi bizga tanish bo‘lganidan xulosa qilish mumkinki, bu kitobning tarqalishi bilan g‘ayrihaqiqiy fikrlar bolalab ketdi.

Garchi Ibn Arabshoh ehtiroslariga zo‘r berib, qora bo‘yoqlarni rosa chaplagan bo‘lsa-da, u Shaxsning haqiqiy tal’ati oldida mahv bo‘ladi, ya’ni kitobni o‘qigan odam Sohibqironning buyukligini tasavvur etib, muallifning alamzadaligini his qiladi, biroq oldi-qochdiga o‘ch kitobxon har doim ham dengizdan marvarid izlayvermaydi, unga shov-shuv kerak. «Taqdir ajoyibotlari»da esa u yetarlicha topiladi. Jumladan, Ibn Arabshoh yozadi: «Temur va uning otasi hayqiroq cho‘ponlardan bo‘lib, na aqliyu, na dini bo‘lmagan avom kishilar toifasidan ekanlar». Yana aytishlaricha, «Temurning otasi benihoya faqir etikdo‘z bo‘lgan». Davom etadi: «Kechalarning birida u bir qo‘yni o‘g‘irladi va uni yelkasiga o‘ngarib oldi. Shunda cho‘pon kamon o‘qi bilan uni yelkasidan urib yaraladi va yana bir o‘q bilan uni sonidan jarohatlab, holdan toyg‘izdi». (Qiyoslash uchun keltiramiz: ruslarning «Oqsoq Temir» qissasi xalq kitobida yoziladi: «Uning kasbi qora temirchilik bo‘lib, xulqi buzuq – shafqatsiz, qaroqchi, zo‘ravon, o‘g‘ri edi. U yoshligida ochlikdan bir qo‘yni o‘g‘irlab qochadi. Odamlar uni tutib olib, oyog‘ini sindiradilar…»)

Nafsilamrini aytganda, bunday oldi-qochdi gaplarni qandaydir to‘qima qahramonga nisbatan ishlatish mumkindir, ammo baxtli soatda tug‘ilgan uch sohibqironning biri, dunyodagi 27 mamlakatni bir tug‘ ostida birlashtirib, hududlarda tinchlik, emnu omonlik o‘rnatgan, ilm va fan homiysi, hayotligidayoq «sayf ud-din», «sayf ul-Olloh» deb ta’riflangan ulug‘ zotga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi.

Shubhasiz, o‘tmish kelajak uchun saboq. «Dunyoda aslo yangi narsa yo‘q, barcha yangiliklar unutilgan eskilikdir», deyishadi. Agar kelajak har xil past-balandliklar, munofiqliklardan xoli bo‘lishini istasak, o‘tmishga nisbatan halol munosabatda bo‘lish lozim. Zero, ma’lum hikmatda aytilganidek, «Sen o‘tmishga to‘pponchadan o‘q otsang, kelajak senga zambarakdan javob qaytaradi». Hazrat Sohibqiron shaxsini kamsitgan, yolg‘on ayblarni uning bo‘yniga qo‘yish bilan tarix hech narsa yutmaydi yoki o‘zgarib qolmaydi, u o‘zining boqiy hukmini o‘qiyveradi yoxud bu bilan Sohibqiron xotirasi hech narsa yutqazmaydi, bundan kelajakka ham naf yo‘q: inson qudratini o‘z darajasida namoyish qila olgan bir vakilini tan olmagani bilan insoniyat olamida hech narsa o‘zgarib qolmaydi. Qolaversa, haqiqatni tan olmaslik bir cheti axloqsizlik hamdir. Taassufki, hamon bu jarayonga chek qo‘yilgani yo‘q, qora chaplash kampaniyasi hamon davom etayapti. Demak, XXI asrda ham inson axloqi haqiqatni tan olish darajasigacha yuksalmabdi-da?!

To‘g‘ri, Amir Temur o‘z davrining vakili, hukmdori sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ul zotni farishta qilib ko‘rsatish fikridan yiroqmiz, biroq zamondoshlarimizning nuqul qora nuqtalarni ko‘rayotgani, nuqul yolg‘onga suyanayotgani kishining g‘ashini keltiradi, xolos.

Masalaning yana bir jihati bor. Bu mavzu shunchalar bo‘rttirib yuborilganki, bir qarashdayoq oqni qoradan ajratib olish oson kechmaydi. Yaqinda qo‘limga bir kitob tushib qoldi, u rus tilida bo‘lib, Nyu-York (AQSH)da nashr etilgan. Kitobning ustiga oq ot mingan, shohona kiyingan suvoriy surati tushirilgan va u «Я – Тимур, властитель Вселенной. Жизнь и деятельность Тимурленга, описанный им самим» deb nomlangan. Ustidagi qo‘shimcha yozuvlari bilan mulk sifatida daxlsizligi ta’minlangan: Tuzuvchi – Marsel Brion (Fransiya), Zabihullo Mansuriy bilan birga. Kitobni nashr etish bo‘yicha barcha huquq Mostaufi kutubxonasi tomonidan amalga oshirilgan va huquqiy jihatdan to‘liq himoyalangan. Noshir – Abdul Jalil Abdurrashid.

2004-yilda chop etilgan bu kitob yettinchi (!) nashr ekan.

Kitob bilan tanishib chiqish imkoni bo‘ldi. U qariyb 500 sahifadan iborat, nusxa ko‘chirish yo‘li bilan ko‘paytirilib, chop etilganga o‘xshaydi. Unda xuddi shunga o‘xshash boshqa kitoblarda bo‘lgani kabi bir chimdim haqiqat bor, ya’ni farzandlarning ismi, shahzodalarning tarjimayi holiga doir ba’zi unsurlar mos keladi. Biroq kitobdagi ayrim ma’lumotlar haqiqatdan umuman yiroqligi bilan temurshunoslar g‘azabini keltiradi. Jumladan, unda shunday ma’lumot keltiriladi: «Temurleng Chig‘atoy malikasiga uylandi va malika uch o‘g‘il tug‘ib berdi». Bu dalil butunlay xato. Kitobning haqiqiylik darajasi ham shu balandlikda. Asar diniy-fikhiy ma’lumotga ega (chunki unda Temurlengning olimlar bilan Qur’on yuzasidan mubohasalari juda chuqur yoritilgan), lekin Sohibqironning haqiqiy hayotidan chala xabardor kishi tomonidan yozilganga o‘xshaydi. Taassufki, u bevosita hazratning o‘z qo‘li bilan yozilgan, deb e’lon qilinayapti va yillar davomida bir emas, ikki emas, yettinchi marta nashr etilayapti.

Jamoaning bu kitobni chiqarishdan muddaolari nima ekanligi bizga aniq emas-u, bizningcha, u tijorat maqsadida chop etilganga o‘xshaydi. Bu ham o‘ziga xos yondashuv.

Demak, barcha mashhur kishilar hayotiga nisbatan bo‘lganidek, hazrat Sohibqiron Amir Temur shaxsiga qiziqish yashab kelayotgan ekan, endi bu masalaga munosabatda bir to‘xtamga kelish fursati yetdi. Negaki, afkor omma har doim bo‘lganidek, haqiqatni, faqat haqiqatni bilishni xohlaydi. Shunday ekan, bu mavzudagi turli darajadagi bitiklarning hammasini Sohibqiron bobomizga nisbat berish insofdan emas. Negaki, har qanday odamning bitta, yagona qiyofasi bor – bu oddiy haqiqat. Pakanani daroz deb bo‘lmaganidek, o‘g‘rini to‘g‘ri, deb ham bo‘lmaydi.

Endi yuz yillar osha shakllangan fikr oqimini elakdan o‘tkazadigan bo‘lsak, hozirgacha munosabatlar ikki qutbda jamlandi: 1) uydirma (to‘qima) va 2) rost gaplar. Shunga mos ravishda ikki timsol yuzaga keldi: biz yuqorida iztirob bilan bo‘htonga burkangan «fazilat»lar bilan bezangan «Tamerlan» qiyofasi va endi-endi ma’lum qilina boshlangan Amir Temur, Buyuk Temur qiyofasi. Shunisi aniqki, Tamerlan, bu Keshda tug‘ilgan, O‘trorda vafot etgan, Samarqandda abadiy qo‘nim topgan zot – Amir Temur emas. Tamerlan turli saviya va e’tiqoddagi odamlar ijod qilgan to‘qima obraz. Biz endi ana shu ikki haqiqat orasidagi chegarani tan olaylik-da, keyingi harakatlarimizda shunga amal qilaylik. Zero, hozirgacha tarix haqiqatiga qora chaplab kelingani ham yetar. Shu dalil ham borki, mavzuga nisbatan odilona yondashgan V. Bartold, G. Vamberi, T. Granovskiy, L. Zimin, M. Ivanin, L. Lyangle, A. Yakubovskiy va boshqa ko‘plab tadqiqotchilar o‘z qahramonlarini «Temur» deb ataganlar. Demak, Temur va Tamerlan (Temurlang) atamalarini qorishtirib yuborish (bir shaxs deb talqin qilish) halol olimlar mehnatini kamsitish bilan barobar, uni yo‘qqa chiqarish demakdir. Binobarin, endi ikki tushuncha orasidagi chegara (to‘siq) qat’iy bo‘lishi shart.

Dunyo turli tillarda hozirgacha Tamerlan haqida yetarlicha hikoya tinglab keldi. Bu hikoyalarning aksari yolg‘onga asoslangan edi. Shunga mos ravishda millionlab odamlar shuurida Sohibqiron Amir Temur haqida chalkash tasavvurlar shakllandi. Bu chalkashliklar tufayli ko‘p nojoiz harakatlar voqe bo‘ldi, bu hol hamon davom etayapti. Bu, albatta, ma’rifatsizlik, bexabarlik alomati. Shaxsning chinakam bo‘y-bastini tasavvur qila olmaslik yoki tasavvurga sig‘dira olmaslik tufayli ul zotni kimlarga tenglashtirishayapti? Shunday bepisand kimsalar jilla qursa dunyo xaritasini tizzasiga olib, jahongir otda bosib o‘tgan yo‘llarni hisoblab chiqqanda ham uning qudratini his qilgan bo‘lardi. Yoki uni kimlardir Don Kixotdek bir suvoriy, deb tasavvur qilar, biroq qariyb olti yuz yil hukmronlik qilgan avlodlarni, yuzlab shahzodalar, malikalarning as’asayu dabdabasini ko‘z oldiga keltirganda, ul zotning jo‘n bir shaxs emasligini tushungan bo‘lardilar.

Har holda, biz ma’rifatning kuchiga ishonamiz. Buyuk Temur haqida chinakam haqiqat endi baralla aytilmoqda, shu ruh bilan sug‘orilgan kitoblar yaratilayapti. Ularning dunyo bo‘ylab tarqalishi ulug‘ bobokalonimiz chinakam qiyofasini odamzodga namoyon etib ko‘rsatgusidir.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации