Текст книги "Амир Темур севган юрт"
Автор книги: Хаким Сатторий
Жанр: Исторические приключения, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 9 (всего у книги 17 страниц)
Janubiy Qozoqiston hududida kechgan kunlarimiz rang-barang va sermazmun o‘tdi. Biz yana bir marta sirli so‘qmoqlarda guzar etdik, o‘z e’tiqodimizni mustahkamladik va imonimizni pokladik. Bu safoli kunlarning shukuhi bir umrga tatiydi.
Xaritada bir qur nazar tashlash yoki tanish so‘zlarni gazetadan o‘qishdan nariga o‘tmagan tasavvur jonli, boy xotiralar bilan limmo-lim to‘ldi. Ikkinchi bosqich dastlabkisining davomi sifatida uning takrori emas, balki tadriji, rivoji bo‘ldi.
Rosti, hayajonlar, maqtovlarning hammasi shu emas. Kashf qilinadigan, aytiladigan sinoatlar, gaplar ko‘p. Bular hali oldinda. XIV–XV asr osmonining eng yorqin, lekin kam o‘rganilgan sirli yulduzlaridan biri Sohibqiron Amir Temur buyukligini e’tirof etish uchun yo‘l ochilgan ekan, inshoolloh, bizlarni nurli kunlar kutajak.
1992-yil, oktyabr. Toshkent.
2. BETAKROR IFTIXOR
Keyingi yillarda azaliy qadriyatlarga to‘la qaytilganligi ko‘plab haqiqatlarning butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lishiga olib keldi. Bunday ijobiy o‘zgarishlarning eng salmoqlilaridan biri – bu milliy iftixorimiz Sohibqiron Amir Temur hazratlarining vatani, xalqining chinakam faxriga aylanishidir. Toshkentning qoq markazida Sohibqironga haykal tiklanishi, hazrat tavalludining 660 yilligi jahon miqyosida keng nishonlanganligi fikrimizning dalilidir. Shuningdek, bobokalonimiz tug‘ilgan kunning 670, 675 va 680 yillik sanalari ham bayram qilindi. Har yili 9 aprelda tantanali anjumanlar o‘tkazish an’anaga aylandi.
Tabiiyki, bunday e’tibor Amir Temurga bo‘lgan munosabatlarni keskin o‘zgartirdi. Uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy va san’at asarlari yaratila boshlandi. Bunday holdan faqat quvonish lozim, o‘sha kamsitilgan, tahqirlangan zamonlar haqqi – iftixorimizni yanada yorqinroq ko‘z-ko‘z qilishimiz kerak…
Tarixga, tarixiy shaxslarga baho berishning dunyo xalqlari ma’naviyatida qaror topgan mezonlari bor. Uning bosh talabi – ilmiy yoki badiiy haqiqatning tarixiy haqiqatga mos kelishidir. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, ba’zi xorij nashrlarida Amir Temur timsolini aks ettirishda hamon davrni to‘la tushunmaslik, voqelikni chuqur his etmaslik kabi ayrim qusurlar ko‘zga tashlanib qolmoqda.
So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy «Xamsa»ning eng go‘zal dostonini yozishga kirishar ekan, zimmasidagi mas’uliyatini:
Ani nazm etki, tarhing toza bo‘lg‘ay,
Ulusg‘a, mayli, beandoza bo‘lg‘ay,
Yo‘qsa, nazm etganni xaloyiq –
Mukarrar aylamak sendin ne loyiq…
tarzida ifoda etgan.
Amir Temur vasfining beandozaligi, faqat o‘ziga xosligi, xaloyiq mukarrar aylagan (takrorlab kelgan) gaplardan qochib, hali ma’lum bo‘lmagan go‘zal fazilatlarini kashf etish uchun, shubhasiz, bobokalonimiz buyukligining asrorlarini to‘la tushunib olish kerak. Buning uchun dunyoqarashda, mafkurada milliy istiqlol ruhini singdirishga to‘g‘ri keladi.
Bizning ijtimoiy ongimiz, borliqni baholash o‘lchovlarimiz sho‘ro zamonida moddiyunlikka asoslangan ta’limot ta’sirida shakllandi. «Materiya – birlamchi, ong – ikkilamchi», degan mavhum bir qoida tag-zaminini belgilab bergan bu ta’limotning mohiyati shundan iborat ediki, oldin ketmon («materiya») paydo bo‘lgan, keyin ketmon haqidagi tasavvur («ong») yuzaga kelgan. Endilikda hushyor zehn bilan qaraydigan bo‘lsak, bu safsataga maktab ko‘rmagan odamni ham ishontirib bo‘lmaydi. Yoki tarixda shaxsning rolini mahdudlashtirib talqin etadigan, alohida qobiliyatli kishilar dunyoga kelishi, ular insoniyat olamida hayratomuz o‘zgarishlar yasashi mumkinligini rad qiluvchi mafkura, ertangi ishlari tushida ayon bo‘ladigan yoxud yog‘ayotgan yomg‘irni jilovlaydigan sohibkaromat zotni tan olarmidi?
Amir Temurning qaytishi, bu – yurtimizga chinakam bahoriy nasimlarning ufurishi, haqiqiy musulmonchilikning qaytishidir. Bizning buyuk avlodimizga intilishimiz esa insoniyat tafakkurining nurli sarhadlari tomon parvozimiz, yigirma asrlik taraqqiyotga qo‘shilgan ulkan ulushga merosxo‘rligimiz, jahon hamjamiyatida qad rostlayotgan bo‘yimizdir.
Tabiiyki, yaxshi niyat bilan Sohibqiron Amir Temur xotirasini ulug‘lab, o‘z hurmatini izhor etmoqchi bo‘layotgan qalamkash va san’at ahlining holatini ana shu mezonlar asosida baholaganda ko‘p masalalarda tasavvurimiz hali yetarli emasligi, shu tufayli bilmay qaynoq suvni ichib qo‘yib, og‘zi kuygan odam holiga tushish mumkinligini tushunish qiyin emas. Eng sodda, omadi gap esa Amir Temur xudojo‘y odam bo‘lgan, Ollohning mavjudligiga shak keltirmagan hamda har bir xayrli ishida Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lishini his etib turgan. Zero, uni «Ollohi taolo… islom dinining yoyuvchisi va rivojlantiruvchisi sifatida ixtiyor etdi va u turli o‘lkalar va mamlakatlarda xalqqa Muhammad dinini qabul qildirdi» («Temur tuzuklari»dan).
Bu jihatdan Amir Temurga tarixda o‘tgan bironta buyuk zot teng kela olmaydi. Holbuki, zamon tarixnavislari uning muborak nomini Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon, Yuliy Sezar, Napoleon yoki Oliver Kromvel bilan yonma-yon qo‘yadilar.
Alohida qobiliyati bilan dunyoni hayratga solgan Aleksandr Makedonskiy insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi. «Gartiya tuguni»ni o‘zining keskir qilichi bilan tilkalab tashlagan o‘smir zafarli yurishlar bilan yer yuzining anchagina qismini egalladi. Bolalik davrlaridayoq tarix sahniga chiqqan jahongir odamzodning ulg‘ayishi, madaniylashuvi va taraqqiyotning tezlashuvida mislsiz rol o‘ynagan bo‘lsa-da, baribir u ham taqdiri azal oldida ojiz qoldi va o‘ttiz uch yoshida dunyodan o‘tdi. Afsuski, o‘z shavkatiga arzigulik zurriyot yoki avlod qoldirmadi. Faqat mislsiz qahramonliklar, qirg‘in va vayronalar haqidagi yarim rost, yarim afsona tarix odamlar xotirasida, kitoblar qatida yashab kelmoqda.
Odatda, yulduzlar samoda yashaydi, ularga pastdan qaraganda yanada jozibali ko‘rinadi. Bu hayratimiz boisi yulduzmi, osmonmi – boshqa masala, biroq urug‘ning qanday zaminda unib chiqqani-yu, yangilikning qanaqa muhitda bo‘y ko‘rsatganini e’tiborga olish haqiqat talablaridandir. Inchunin, Amir Temurning ulug‘ ishlarini e’tirof etish bilan birga uning qanday tarixiy sharoitda o‘z saltanatini o‘rnatganini ham nazardan qochirmaslik lozim. Ma’lumki, juda katta hudud, jumladan, Movarounnahr ham qariyb ikki yuz yildan buyon Chingiz va Chingiziylar iskanjasida ingrab yotardi. Sahroyi mo‘g‘illarning shiori buzish, talash, qirg‘in-barot qilish bo‘lib, gullab turgan shaharlar, obod qishloqlar ularning oyog‘i ostida toptaldi, tinch turmushga zaqqum aralashdi, o‘lkani alamli faryod va ko‘z yoshi tutib ketdi. Sahroyilar istagan paytda tinch aholi ustiga bostirib kirar, ularni qiynar, talar, asir olardi. Manbalarda ularning bir safar Samarqanddan 70 nafar sayidzoda mo‘ysafid va 400 qizni tutqun qilib olib ketgani, ularni qiynab, toptab, xo‘rlab, keyin esa tezak tutuniga dimiqtirib o‘ldir gani haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Shuningdek, IX–XII asrlarda boshlangan Uyg‘onish davri – Beruniy, Ibn Sino, Forobiyning ilmiy kashfiyotlari, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiyning betimsol she’riyati, Kubroviya, Yassaviya tariqati Chingizxon istilosi bilan zulmatga irg‘itildi, oqibatda, ma’naviyatdagi bu halokatni Ulug‘bek, Alisher Navoiy yoki Naqshbandiya tariqati e’tirof etilguncha bartaraf etish mumkin bo‘lmadi. Chingizxon istilosi rivojlanishda uzoq yillik tiklanmas jarlikni paydo qildi.
Ana shunday qaltis, og‘ir sharoitda Amir Temur maydonga chiqdi va uning tashrifi asriy qiynoqlardan paydo bo‘lgan yaralarga malham bo‘ldi. Albatta, bobokalonimiz saltanati davrida yuzaga kelgan hayot tarzini xayolga keltirsak, taraqqiyot yuksalganligi ayon bo‘ladi. «Binobarin, Temurni Chingiz ila bir safga qo‘yib, uni vahshiy, zolim, qaroqchi deb atagan kishilarning fikrlari ikki marotaba xatodir» (Herman Vamberi).
Rim davlatida dastlab g‘oyaviy rahbar, keyin lashkar-boshi sifatida Yuliy Sezar juda katta shuhrat qozongan. Shuningdek, uning shafqatsizligi ham juda mashhur bo‘lib, bu shafqatsizlik Spartak boshchiligidagi qullar isyonini qonga botirgani, Afrikaning tinch aholisini ayovsiz qirishda rahnamolik qilganida ko‘rinadi. Qolaversa, Sezar butunlay boshqacha ma’naviy muhit farzandi edi. Hali u paytlarda nikoh va oila muqaddaslashmagan, er-xotinlik farq qilinmasdi…
Yevropalik tarixchilar Napoleonni Temurga nisbat berishdan faxrlanadilar. Haqiqatdan, katta harbiy iste’dod egasi bo‘lgan Napoleon Bonapart o‘z hayoti davomida mislsiz qahramonliklar ko‘rsatdi. Korsikaning Ayachcho shahrida tug‘ilgan jahldor, jikkak bola Fransiyaning faxriga aylanadi. Uning Alp tog‘lari osha Italiyaga, keyin Misrga yurishlari, kuchlar nisbati teng bo‘lmagan janglarda erishgan g‘alabalari, shubhasiz, harbiy san’at tarixida qoldi. Biroq g‘alabalardan o‘ta havolangan bu sarkarda keyinchalik eshikni taqillatmay birovlarning uyiga bostirib kira boshladi, bosqinchilik urushlariga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi. Bu esa ko‘pgina xalqlar qatori faranglar boshiga ham og‘ir kulfatlar olib keldi. «Vatan urushi», deb nomlangan 1812-yilgi Rossiyaga yurishida 420 ming, keyin yana 150 ming saralangan askar bilan chegaralardan o‘tgan bo‘lsa, qaytgach, uning qo‘l ostidagi qo‘shin 30 ming kishiga ham yetmasdi. Napoleon bunday dahshatlarni bir necha marta takrorladi, uning hukmronligi davrida 15–16 yoshli o‘smirlar ham armiyaga olindi. Oxir-oqibatda xalqlar boshiga tushgan bu balodan qutulish uchun butun Yevropa oyoqqa turdi va urushqoq jahongir tizginlanib, barcha unvonu imtiyozlardan mahrum etilib, okean qa’ridagi Avliyo Yelena oroliga surgun qilindi. Dunyoga sig‘magan Napoleon umrining so‘nggi 6 yilini ana shu kimsasiz joyda o‘tkazdi.
Oliver Kromvel Buyuk Britaniya orollari – Angliya, Irlandiya, Shotlandiya va boshqalarni birlashtirib, imperiyaga asos soldi. Uning xizmati keyinchalik bu mamlakatning «dunyo ustaxonasi» nomini olishini yoki o‘z hududidan bir necha o‘n baravar ko‘p mustamlakalarni istilo qilishini ta’minladi. Shu bilan u o‘z mamlakati tarixidagi yorqin siymo bo‘lib qoldi.
Muqoyasalarni davom ettirib, Sohibqiron Amir Temur haqida gapirganda, eng avvalo, uning o‘z davri farzandi ekanini, faoliyatida o‘sha zamon tartiblaridan voz kecha olmasligini ta’kidlash kerak. Roviylarning guvohlik berishicha, Temur o‘zini «adolat elchisi, odillik timsoli», deb bilgan va «qancha ko‘p hududda hukmronlik qilsam, adolat shuncha keng tarqaladi», deb o‘ylagan. Uni «osmonda Xudo yagona ekan, yer yuzida hukmron ham bitta bo‘lishi kerak», degan aqidaga suyangan deyishadi. Albatta, bunday ulug‘ maqsadni ro‘yobga chiqarish oson kechmasligi hammaga ayon. Shu o‘rinda gapni muxtasar qiladigan bo‘lsak, bizga Amir Temur yurishlari, ularning mohiyatini taftish qilishdan ko‘ra buyuk ajdodimiz qoldirgan ma’naviy meros qadrliroqdir. Zero, insoniyatning zo‘ravonlikdan xalos bo‘lib, madaniylashgan taraqqiyot sari yuz tutganiga ancha vaqtlar bo‘ldi. Amir Temur hazratlarining esa dunyoviy va ilohiy tafakkurni rivojlantirishdagi xizmatlari beqiyos. Ibn Arabshoh tan olib aytganidek: «Temur podshohlar va xalqlar siyratlarida bilimdon, Sharqu G‘arb tarixining otasi va onasi edi».
Xullas, Turonzamin farzandi Sohibqiron Amir Temur tarixda o‘ziga xos takrorlanmas, yagona siymo. O‘z hayoti davomida bir necha kishilar amalga oshira olmaydigan ulug‘ ishlarni bajardi. U barpo etgan, barqaror tayanchga ega bo‘lgan davlatda ilm-fan, san’at, me’morchilik va ma’naviyatning boshqa sohalari gullab-yashnadi, saltanat chegaralarida nisbatan barqaror tinchlik hukm surdi, savdo-sotiq avj oldi, raiyat adolat muhofazasida to‘kin va farovon hayot kechirdi. Sohibqiron zurriyotlari safidan dunyo miqyosidagi olim, shoir, davlat arboblari yetishib chiqqanining o‘zi Amir Temurning yana bir baxti, siyosatining olamshumulligidan dalolatdir. Shu o‘rinda ilm-fan va toj-taxt sultoni Mirzo Ulug‘bekning ul zotga nevara (Temur – Shohrux – Ulug‘bek), buyuk shoir, olim va davlat arbobi Bobur Mirzoning duvara (Temur – Mironshoh – Sulton Muhammad – Sulton Abusaid – Umarshayx – Bobur) bo‘lishini qayd etish o‘rinli. Holbuki, har qanday xalq shunday bitta dahosi bo‘lsa, istagancha iftixor qilishi mumkin.
Temur va Temuriylar hukmronligi davrida turmushda eng yuksak axloqiy qarashlarga amal qilindi. Zero, Amir Temur odamlarga baho berishda ularning shaxsiy sadoqatiga emas, balki insoniy fazilatlariga qarab qadrlanishini, jasur, fidoyi, halol odamlarga ishonch bildirishni qaror toptirgan edi. Olaylik, poraxo‘rlik qilgani uchun o‘z vazirini o‘limga buyurgan bo‘lsa, o‘ziga qarshi jangda haqiqiy bahodirlik ko‘rsatgan, oxirgi ikki hamrohi qolguncha kurashgan Shoh Mansurning nogoh o‘ldirilishidan iztirobga tushgan. Odamgarchilik Sohibqironning e’tiqodi bo‘lgan. Garchi siyosiy maqsadlar ustuvor bo‘lsa-da, hokimiyat tepasiga kelgan paytida To‘xtamishning otasi ko‘rsatgan marhamati uchun o‘g‘lini xiyonat qilganda, qasamini buzganda ham qayta-qayta avf etadi. Yoki qaynag‘asi Amir Husayn pastkashliklar qilib, Qur’on bilan ichgan qasamini buzganda ham uni mahv qilmaydi. Shubhasiz, Amir Temur hukmronligining boqiyligini ta’minlagan omillar ko‘p. Bular orasida uning shaxsiy fazilatlari muhim o‘rin tutgan. Temur mislsiz jasorat sohibi bo‘lib, o‘z maqsadiga yetishish uchun xavfu xatarni pisand qilmagan. 243 askar bilan 12 ming kishi qo‘riqlayotgan Qarshi qal’asini zabt etadi. Xorazm yurishida ortiqcha talafotga yo‘l qo‘ymaslik uchun hokim Husayn so‘fi bilan yakkama-yakka kurash tushishga ahd qiladi.
O‘tkir aql-zakovat egasi bo‘lgan Temur har bir ishni tadbirkorlik bilan amalga oshirish yo‘llarini izlagan. Lashkar sonini ko‘paytirib ko‘rsatgan, dushman yuragiga qo‘rquv solgan. Tadbir ishlatib, Hindiston fathida dahshatli fillarni yenggan yoki raqibni chalg‘itib, kutilmaganda hujum uyushtirib, g‘alabaga erishgan.
Tabiatan sirli, murakkab fe’l-atvorli Sohibqiron kengashlarda hammaning fikrini erinmay tinglar ekan, Ibn Arabshohning zikr etishicha, bu borada bobokalonning nuqtayi nazari shunday bo‘lgan: «Xalqning xos qismi masalaga chuqur qarab, bir kun bilan bir yil orasidagi ishlar oqibatini ko‘zlab gapirsa, uning gunohi yo‘q. Mayli, har kimsa xatoning eng quyisigacha yiqilsa ham, yoki savobning cho‘qqisigacha ko‘tarilsa ham – farqi yo‘q, hech tortinmasdan gapiraversin. Chunki agar xato qilsa bu nuqson emas, agar maqsadga muvofiq bo‘lsa, unga ikki hissa mukofot». Barcha fikrlarni eshitib bo‘lgach, Temur yana eng yaqin kishilari bilan maslahatlashgan, agar zarurat bo‘lmasa, o‘z qarorini ma’lum qilmagan. Tongda yurish boshlanib, qo‘shin o‘z yo‘rig‘icha yo‘lga tushganda, eng oxirida o‘z hoshiyalarini chaqirib, boshqa tomonga yurishlarini amr etarkan. «Temur qanchadan-qancha daho va xufyona fikru zakovatga ega edi» (Ibn Arabshoh). Shu o‘rinda tarixchi «Uning azmu qarorining shiddatidan, o‘zi qasd qilganiga nisbatan sabotining qat’iyatidan hamda unga qarshilik bildirgan va u buyurganga teskari, zidlik ko‘rsatgan kishilar ustiga qasosi tushishi haqida hikoya qilganlaridan», deb bir voqeani keltiradi.
Hindistonda bir qal’ani dovyurak, qo‘rqmas hindlar saqlab turaveradilar. Na yo‘l, na jang qilish uchun may-don bo‘lmagan bu qal’ada boyligu oziq-ovqat ham yo‘q, faqat Temur odamlariga shikast yetkazardilar. Yomg‘ir yog‘ib turganda jahongir ahvol bilan tanishish uchun keladi, askarlarining qo‘rqoq va jur’atsizligidan norozi bo‘lib, ularni qattiq koyiydi. Hovuridan tushib, o‘z fikrini ma’lum qilishni ep ko‘rmay shatranj o‘yiniga mashg‘ul bo‘ladi. Muhammad Qovchin ismli hamma vazirlardan oldin tayinlangan, boshqa amirlarga nisbatan hurmati yuqori, gapi tinglanadigan, fikri qabul qilinadigan, g‘oyatda muloyim, ko‘rinishi yoqimli vazir bor edi. Askarlar undan Temurni qal’ani olish fikridan qaytarishni iltimos qiladilar. Vazir payt topib shunday deydi: «Faraz qilaylik, birmuncha botir-u mardlarimizni qurbon bergach, biz qal’ani fath etamiz. Bundan oladigan foydamiz chekkan aziyatimizga teng keladimi?». Temur hech narsa demaydi-da, Hiromali degan isqirt kimsani topib kelishga amr etadi va vazirning liboslarini unga, Hiromalinikini vazirga kiydiradi… Temur vafotigacha Muhammad Qovchin hech kimga qo‘shila olmay, xor-zor bo‘lib yuradi.
Albatta, Amir Temur erishgan muvaffaqiyatlar ko‘la-mini tasavvur qilib, bunday zafarga o‘ta qattiqqo‘llik, tadbirkorlik, aql-zakovat bilan erishish mumkinligini tushunish qiyin emas. Qolaversa, Sohibqiron shaxsining hali ma’lum bo‘lmagan, kashf etilmagan qirralari ko‘p. Uning insoniyat ma’naviy olamining yuksalishiga qo‘shgan hissasi ham to‘la o‘rganilmagan. Olaylik, o‘zigacha vahshiy to‘dalarning tartibsiz qirg‘inbaroti ko‘rinishida bo‘lgan urushlarni harbiy san’at darajasiga olib chiqdi, tavakkalchilik asosida tasodiflarga suyanib, olib boriladigan muhorabalarning ilmini kashf etib, fan darajasiga ko‘tardi. Uning lashkari qat’iy tartib asosida harakat qiladigan, yaqin (taktika) va uzoq (strategiya) mo‘ljalga ega bo‘lgan mukammal qo‘shin edi. Mana, uning armiyasida qo‘shinning tayanchi – oddiy askar kim? Uning ikki oti, o‘q to‘la sadog‘i, qilichi, jang boltasi, arrasi, bigizi va 10 dona ignasi bo‘lishi shart. Unga mingan otining bahosida maosh to‘lanadi. Qo‘shinning tashkiliy tuzilishida ham qat’iy tartib joriy qilingan, har bir muhorabaning o‘ziga xos yo‘rig‘i ishlab chiqilganki, bu qoidalar dunyoda birinchi marta Amir Temur faoliyatida takomiliga yetganini unutmaylik.
Sohibqironning o‘zlari e’tirof etishlaricha, tadbir va «shamshir zarbi bilan yigirma yetti podshohning taxtini» egallaganlar. Bu mamlakatlarda tinchlik, farovonlik barqaror bo‘lgan. Shu tufayli «yer – dunyo podshohlari uning panohi ostida bolalardek bo‘lishni orzu qilganlari» (Ibn Arabshoh) ajablanarli emas.
Dunyodan g‘olib ketgan, mag‘lubiyat nimaligini bilmagan ana shunday buyuk zotning muborak nomi ozod Vatanimizda yod etilayotgan ekan, ma’lum haqiqatlarni bir qur esga olganimiz foydadan xoli emas. Zero, «Tanimasni siylamas» deganlaridek, alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda tasavvurlarimiz chalkashib, haqiqatdan ancha yiroqlashib ketganmiz. Hatto, buyuk Temurning qaroqlarga sig‘maydigan, qalb ummoni qirg‘oqlaridan oshib-toshib ketuvchi mahobatini butun bo‘y-basti bilan his etmaslik tufayli uni jo‘nlashtirish, nisbatan mayda shaxslarga tenglashtirish hollari uchrayotgani sir emas. Aslida, shavkatli bobokalonimiz hayoti va faoliyati bilan batafsil shug‘ullangan ilm ahlining guvohlik berishicha, ul zotning ta’rifi, qilgan ishlari bayoni yuz jildlik kitobga ham sig‘maydi. Zukko kishilarga esa bir piyola suv orqali dengizni ko‘rishga hech narsa monelik qilmaydi.
CHAQINLI LAHZALAR
Sohibqiron Amir Temurning insoniyat tarixidagi o‘rni allaqachon e’tirof etilgan. Garchi muhokamaning salbiy va ijobiy qutblari o‘rtasidagi munozaralar davom etayotgan bo‘lsa-da (aslida, bu qonuniy hol), ul zoti sharifning odamzod silsilasida takrorlanmas hodisa ekani bor gap.
Aynan mustaqil O‘zbekiston davlatining bo‘y ko‘rsatishi bilan fikrlar olamida bu borada mafkuraviy inqilob ro‘y bergach, hazratning tarjimayi holini o‘rganish uchun, birinchidan, imkoniyat yuzaga keldi, ikkinchidan, bu yumushga zarurat paydo bo‘ldi (axir afkor omma fir’avn Taxmosp yoki hukmdor Kaligulani zarrasigacha bilishi kerak-u, nega 526 yil tarix sahifalarida zikr etilgan sulola asoschisi bilan hech kim qiziqmaydi?). Har holda, ana shu olamshumul savolga amaliy javob berish uchun sa’y-harakatlar jadal boshlanib ketdi.
Sohibqironning mukammal tarjimayi holini o‘rganish va o‘rganishlarni o‘zida jamlagan asar(lar)ning yuzaga kelishi moziy g‘uborlari ostida chang bosib unutilgan ko‘plab haqiqatlarning yuzaga chiqishini ta’minlagan bo‘lardi. Holbuki, ruhiy va moddiy olamlar aro bog‘lanish bo‘lganidek, dunyoda kechgan va kechayotgan jami o‘zgarishlarda ichki mantiqiy bog‘lanish mavjud (bo‘lmasa, Nostradamus yoki Vanga qanday «bashorat» qiladi?). Aniq-dalil bilan gapiradigan bo‘lsak, Ibn Xaldunning asarlarida qayd etilishicha, 1360-yilda Tunisning Fas shahridagi Karaviyyin masjidida munajjim Abu Ali Badis shimoli-sharq tarafdagi mamlakatlardan birida Sohibqiron tug‘ilganini va u haqda 1380-yillardan so‘ng yer yuzida xabarlar tarqalishini aytgan edi!
Ha, Amir Temur hayotini to‘la o‘rganish ko‘p sinoatlarga oydinlik kiritadi.
Bu da’voning tosh bosadigan tomoni esa Shaxsning benazirligidir. Zamondoshlar, jami allomalarning e’tirof etishicha ham, bugungi intellektual salohiyat darajasida taftish etishlar ham shuni tasdiqlaydiki, hazratning har bir so‘zi, har bir ishorasi teran mantiqqa asoslangan, istiqbolga yo‘l ochgan.
Bir misol. Anqara jangidan so‘ng mag‘lub Boyazidni Amir Temur huzuriga olib kiradilar. Hazrat bo‘lib o‘tgan noxush voqeaga o‘z munosabatini izhor etgach, Boyazidga shunday deydi:
– Agar men sening qo‘lingga tushganimda nima qilishing aniq edi, lekin men senga va senga yaqin kishilarga yomonlik qilmayman…
Bu gaplar shunchalik iltifotmi yoki uning zamirida boshqa ma’no bormi? Qolaversa, bu tanbehnamo lutflarda so‘zlovchining kayfiyati aks etganmi?
Muqoyasa uchun keltiramiz.
Qur’oni karimning «Tavba» surasida ko‘proq urush, jang, qatl to‘g‘risida so‘z boradi. Tabuk jangi to‘g‘risida oyatlar o‘z ifodasini topgan. Suraning 8-oyatida shunday deyiladi: «(Mushriklar) agar sizlarni yengsalar, sizlar uchun na ahdga va na shartga rioya qiladilar. Og‘izlarida sizlarni rozi qiladilar-u, dillari inkor etib (jirkanib) turadi».
Agar bu muborak kalomni Amir Temur so‘zlari bilan taqqoslasak, Sohibqiron oyatlardan o‘ziga olgan pand-nasihat asosida gapirmayaptimi, ya’ni «Men raqiblarimga jabr qilmayman – mushrik emasman», demayaptimi? Albatta, bu mening talqinim, sahv bo‘lsa, uzr, biroq bir gap aniqki, bobomiz, avvalo, Qur’oni karimni dasturilamal sifatida qabul qilganlar va Qur’oni karim lafzida so‘zlaganlar (buning uchun muqaddas kitobni boshdan oxir yod bilgan hamda tafakkurda boshdan oxir o‘zlashtirish talab etilishi sir emas).
Men bu dalilni buyuk ajdodimiz siymosini yana bir bor tasavvur etish uchun keltirdim. Aslida, hazratning tarjimayi hollari haqida fikr yuritayotgan edik.
Shu xususda ba’zi mulohazalar.
Ma’lumki, 1361-yilda Amir Temur Movarounnahrni istilo qilib turgan Ilyosxoja hokimiyatida sipohsolor (qo‘shin boshlig‘i) etib tayinlanadi. 25 yoshli yigit uchun bu yaxshigina mavqe edi va u mo‘g‘illarning xizmatini qilib, ayshini surib ya(s. a. v.)rishi mumkin edi. Biroq bosqinchilarning mahalliy aholiga nisbatan zug‘umi to‘xtamaydi, aksincha, avj oladi. Bu holdan aziyat chekkan Samarqandning ashrafu arkonlari, ulamolari Sohibqironga fatvo yozib berib, mo‘g‘illarga qarshi jihodga chorlaydilar. Temurbekda ayni paytda yov bilan yuzma-yuz jang qiladigan qo‘shin yo‘q edi va kuch to‘plash maqsadida mo‘g‘illar ixtiyoridan chiqib, Amu ortiga, Badaxshon taraflarga ketishni mo‘ljallaydi. «Tuzuklar»da yoziladi: «Otlanib, Amir Kulolning huzuriga bordim».
Tabiiy savol tug‘iladi: «Xo‘sh, Amir Kulol kim? Nega ikki o‘t orasida qovrilib yurgan yigit ul zotning huzuriga bordi?»
Taassufki, bu dalil haqida «Zafarnoma«larda ma’lumot uchramaydi. «Temur tuzuklari«da berilgan izohga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol naqshbandiya – xojagon tariqatining yirik namoyandalaridan bo‘lib, Buxoro viloyatining Suxori qishlog‘ida tug‘ilgan. Ko‘plab ommaviy istilohlarda esa bu zotni Shamsiddin Mir Kulol bilan chalkashtirish hollari ham uchraydi.
Agar katta yo‘l boshida turgan, yurt taqdiri uchun fatvo olgan Temurbekning najot istab, yukinib bir kishi huzuriga kelishini mulohaza qilib ko‘rsak, bu zotning dargohi najotbaxsh bo‘lganini, uning o‘zi ham mavqe jihatdan tevarak-atrofga dong taratgan kishi ekanligini tasavvur qilish qiyin emas. Ma’lumotlar tasdiqlaydiki, bu gap to‘g‘ri, payg‘ambarimiz avlodidan bo‘lgan bu zot o‘z davrining peshqadam mashoyixi bo‘lgan. Bu haqda «Xojagon – naqshbandiya mashoyixlari» risolasi («Yangi asr avlodi», 2003)da e’tiborli ma’lumotlar keltirilgan.
Sayyid Amir Kulol taxminan 1281-yilda Suxori yoki Afshona qishlog‘ida tug‘ilib, 1370-yilda Suxorida vafot etgan, qabri hozirgi Yangi hayot qishlog‘ida. Umri davomida kulolchilik bilan shug‘ullangan. Kurash tushgan. Xoja Muhammad Boboyi Samosiyga murid bo‘lib, sayyidligi bilan bir qatorda shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat darajalariga yuksalgan.
Albatta, Temurbekning aynan nechun bu dargohga kelishi sabablari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bir dalilni chetlab o‘tish mumkin emas. Sohibqironning ona tomonidan bobosi Ubaydulloh Mahbubiy Buxoroda yashagan, shariat qozisi bo‘lib turgan. Demak, boboning naqshbandiya – xojagon shayxlari bilan o‘zaro yaqinligi bo‘lgani shubhasiz. Balki qozining o‘zi ilk daf’a yosh nabirasining qo‘lidan tutib shayxlarning huzuriga olib borgandir.
Xoja Sayyid Amir Kulol o‘zlaridan keyin tariqat ijozasini topshirgan xalifalar safida keshlik Shamsiddin Kulol va Bahouddin Naqshband hazratlari ham bor ediki, bu zotlar qaysidir jihatlari bilan Sohibqiron tarjimayi holiga daxldordirlar.
Bu jihatdan Shamsiddin Kulolning o‘rni aniq: oilaning piri, yosh go‘dakka «Temur» deb ism qo‘ygan, yorqin istiqbolini bashorat qilgan mo‘tabar zot. Rosti, Movarounnahr tarixidagi ikki buyuk zot – Bahouddin Naqshband va Amir Temur munosabatlari haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Ochig‘ini aytganda esa bir zamonda yashagan bu ikki yirik shaxsning bir-birini bilmasligi mumkin emas. Agar tashqi dalillarni muqoyasa qiladigan bo‘lsak, Temur tug‘ilganda Bahouddin janoblari 18 yoshda bo‘lgan. Vafot etgan (1389)da esa Sohibqiron o‘z davlatini mustahkamlash uchun olov kechib yurgan, shu yili shimoldan To‘xtamishning tahdidlari kuchaygan, sharqda esa Mo‘g‘iliston tan berishni xohlamay, intiqom uchun qo‘zg‘alayotgan edi.
Bu ikki zotning yuzma-yuz kelganini taxminlaydigan shunday dalil ham borki, Bahouddin Naqshband aynan Nasafda yashayotgan Sayyid Amir Kulolga borib, murid tushadi. Yosh Temurning esa o‘sha paytda Movarounnahrda mavqeyi ancha baland bo‘lgan Nasafda ta’lim olgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud.
Afsuski, hozir istifoda bo‘lgan adabiyotlarda mashoyix va Sohibqiron muloqotlari, munosabatlari haqida yorqin dalillar uchra maydi, ammo bunday diydorlashuvlar ro‘y bergani ehtimol. Ularning manbalarda qayd etilmagani haqida biron narsa deyish qiyin. Balki aynan shunday kitoblar ataylab yo‘qotilgandir. Xalq tilidan esa buni o‘chirib bo‘lmas ekan. Biz 1991-yil avgustda ekspeditsiya bilan Bahouddin Naqshband hazratlari ziyoratgohida bo‘lganimizda o‘sha paytda majmuadagi masjidning imom xatibi Muxtor hoji Abdullo (bu kishi keyinchalik O‘zbekiston musulmonlari idorasining rahbari ham bo‘lib ishladilar. Xudo rahmat qilsin) bilan uzoq suhbatlashgan, ul zot ko‘plab ibratli voqealar, jumladan, bir rivoyat aytib bergan edilar. Emishki, Amir Temurning elchilari kelib, shayxga xazina tugab qolganini arz qilishibdi. Shunda mashoyix kelganlarga machit devorining tubidan bir qop tuproq olib ketishini buyuribdilar. Xulosa shuki, ixlos qilsang, tuproq ham oltinga aylanadi. Rivoyat zamiridan shunday ma’no balqib turibdiki, hukmdor va shayx munosabatlari saroy xazinasining ahvoli haqida ma’lum qiladigan va ko‘mak so‘raydigan darajada yaqin bo‘lgan.
Shubhasiz, buyuk zotlar o‘rtasidagi munosabatlarni taxmin (balki bashorat) qilishning ma’lum mezon va me’yorlari mavjud. Bu borada olimlar, ijodkorlarning ilmiy, badiiy salohiyati ham asqotadi. Agar maslahat ilinjida pirning huzuriga kelgan yurt xaloskorining keyingi taqdirini esga oladigan bo‘lsak, «Ul zot menga Xorazmga borishimni maslahat berdi. Agar mo‘g‘illar ustidan g‘alaba qozonsam, Samarqandning bir yillik xirojini ul zotga nazr qilishni ko‘nglimga tugdim. U menga zafar tilab fotiha o‘qiganidan so‘ng, ketishimga ijozat berdi.
Amir Kulolning xizmatidan chiqqanimda, menga hammasi bo‘lib oltmish otliq hamrohlik qilardi» («Temur tuzuklari»dan).
E’tibor bergan bo‘lsangiz, pir Temurbekning yo‘lini butunlay boshqa tarafga (u Badaxshonga ketmoqchi edi, pir uni Xorazmga da’vat etadi) burib yubordi. Bu yo‘l erk va ozodlik yo‘li edi, Turonzaminni 110 yillik istilodan ozod qilish sari boshlangan buyuk muhorabaning ilk qadami shunday qo‘yilgan edi. Bu shonli kurash qariyb o‘n yil davom etdi va u Sohibqiron 1370-yilda Movarounnahr hukmdori deb tan olinguncha davom etdi.
Oltmish otliq… Keyinchalik Samarqand qo‘shini bundan yuz, ming bora ulkan ko‘lam kasb etgani haqida muarrixlar yozib qoldirgan. Suronli kunlardagi har bir kichik unsur ham bugun tegishli masshtabdagi mohiyat kasb etmaganmi? Etgan, endi faqat o‘sha sirni oshkor qilish kerak bo‘ladi.