Электронная библиотека » Хаким Сатторий » » онлайн чтение - страница 7


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 18:00


Автор книги: Хаким Сатторий


Жанр: Исторические приключения, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 17 страниц)

Шрифт:
- 100% +
URGUTDA

Buxoro va Samarqanddagi uch kunlik sayohatdan so‘ng Urgutga yo‘l oldik. Agar har bir joyning ramzlari tanlanadigan bo‘lsa, chinor Urgut timsolini aniq ifodalaydi. Bu muzofot azaldan farovonligi, elining boyligi bilan mashhur. Shaharda keyingi ikki yilda amalga oshirilgan qurilishlarning ko‘lami va o‘ziga xosligi diqqatni tortadi. Kulol Mahkam Obloqulov xonadoni esa «o‘ziga xos»likning yangi qirrasi – bobolardan qolgan uch yuz yillik xumdon va 8 yoshli o‘g‘ilning dastlabki mustaqil ishi – jajji lagancha.

Urgutda azaliy va barqaror hayot bir maromda davom etadi. Bu tuproqda Temur va Temuriylar bir necha marta bo‘lganiga shak-shubha yo‘q. Afsuski, ming yillik chinorlar so‘zlay olmaydi. Ularning «o‘ziga xos» qo‘riqxonasida bo‘lib, tabiatning buyuk ijodiga va marhamatiga yana bir marta tahsin aytdik.

Tanasining aylanasi – 42, balandligi – 30 metr, 1050 yoshli daraxtning ildiz kavagida 20 kishi bemalol joylashib o‘tirar ekan. Tepangda o‘n asrlik tarix guvohi turganini his qilavermaysan.

Zilol buloq bo‘yidagi mana bu daraxtning niholi jahongir vafotidan 25-yil keyin o‘tkazilgani (balki uni shikordan qaytayotgan qaysidir shahzoda ekkan), narigisining esa Temur hayotligida ko‘chati qadalganiga 65-yil bo‘lgani (yoshi 710 da) dabdurustdan xayolga kelavermaydi. U zotlar allaqachon fano bo‘lgan, xotiralarni chang bosgan, oq badan chinorlar esa qo‘r to‘kib turibdi, ular yana shuncha yashashi mumkin. Umringni chinorlarga ula, shu baxt nasib etganlarga yurakdan havas qil, zero, tiriklik sahnasida bir chiqib g‘oyib bo‘lishdek qisqa bo‘lsa-da, inson umri chinorlar hayoticha davom etishi mumkin. Bu hikmatni jahongir Amir Temur kabi buyuk zotlarning mangu o‘chmas shuhrati bugun ham tasdiqlab turibdi. Yaxshi niyatlarni dilga jo qilib, ixlos bilan chinor tanalarini tavof qildik, muazzam buloq suviga yuz-qo‘llarimizni yuvib, to‘yib-to‘yib ichdik. Hozircha shu baxt nasib etgan ekan, uni ham boy berib qo‘ymaylik.

Yog‘och me’morchiligining ajoyib namunasi – G‘avsul A’zam masjidi Urgutning ko‘rki, tashrifimizni mamnunlik bilan kutib olishdi.

Qalin daraxtzorlar og‘ushidagi choyxonada o‘tgan tun ham fayzli bo‘ldi. Allamahalgacha mahalliy yoshlar, keksalar bilan suhbat davom etdi. Odamlar har xil yumush bilan juda band bo‘lishar ekan, tonggacha qadamlar tingani yo‘q. Urgutning sirli ertaklari ko‘p.

Safar oyoqlab qoldi, hisobimizda oxirgi kun va tun, undan keyin Toshkent. Ertalab eshitgan birinchi xabarimiz – Gorbachevning bo‘shagani bo‘ldi. Tushunib bo‘lmaydi: axir u ikki vazifada edi-ku, ozod qilishdimi, iste’fo berdimi? Men xafa bo‘ldim, kimdir «Endi O‘zbekiston mustaqillikka erishadi, biz uning birinchi askarlari bo‘lamiz», deb shovqin soldi. Hamma o‘z munosabatini izhor qildi, fikrlar bir xil emas edi. To‘g‘risi, bu yangilik tezda unutildi, o‘z tashvishlarimizga sho‘ng‘ib ketdik. Navbatdagi manzil – Temur darvozasi, so‘ngra – Jizzax.

DARVOZA

Rivoyat qilishlaricha, Sohibqiron Amir Temur Samarqanddan shimolga yo‘l olganda G‘allaoroldagi tog‘ tizmasi yorilib ikkiga ajralgan va unga yo‘l bergan ekan (bu bobomiz kuchining ilohiyligiga, uning aslo qaytmas va yengilmas ekaniga ishora). Endilikda ikki qoya ikki tarafga mangu ajralgan, o‘rtadan Sangzar daryosi, avtomobil va temir yo‘l o‘tgan.

Qirg‘oqlarda qarama-qarshi manzara namoyon, chap tarafdagi qoyada Mirzo Ulug‘bek va Abdullaxon (XVI asr)ning zafarli yurishlari ta’rifi yozilgan bo‘lsa, o‘ng taraf vujudidagi dog‘lardan faryod chekib yotibdi. Bu yerda shunday xatti-harakat qilinganki, uni tasodif deb bo‘lmaydi. Cho‘ng qoyaga ismlar (aksariyat yevropacha va juft – ayol-erkak) turli bo‘yoqlarda yozilgan, yerda, avtomobil yo‘lidan ichkariga tig‘dek ketgan kavak sahnida shisha siniqlari. Siniqlar ichimlik, ko‘proq shampan vinosi idishlariniki bo‘lib, yerni bir qarichlar qalinlikda qoplagan.

Bu joy kimlargadir zafar maydoniga aylangani, ehtimol, ajdodlari istilo qilgan zaminda eson-omon qovushganlari, endi ularning yangi avlodi davru davron surib yashashiga poydevor qo‘yilgani, bir kun kelib ular ham juftini topsa, shu yerda ota-onalarini eslash uchun kelishi sharafiga shishalar bilan «mushakbozlik» qilingani haqiqatga yaqin. Bundan ham battar dahshatli voqealar, haqoratlar sodir bo‘lgandir. Biroq o‘z ismini yozgan mahalliy yoshlar bu qiliqning mohiyatiga tushundilarmikan? Axir bu yer Pyotr yoki Napoleonga emas, Temur bobomizga aloqador muqaddas joy-ku!

Istilo, mustabidlik – uning izlarini ham har qadamda uchratish mumkin. Bor gap – narigi qirg‘oqda yonma-yon qoldirilgan zafarnomalar ustida yana bir «zafarnoma» bo‘lgan, u faqat qoyaga o‘yib yozilmagan, ko‘chma lavha (ehtimol, marmar)ga darj etilgan, toshga mixlab yopishtirilgan. Pastdagi ikkalasidan farq qilish uchun tepasiga elektr chiroq (fonar) o‘rnatilgan. Afsuski, yozuv ham, chiroq ham yo‘q, balki ular turishi kerakmidi, har ko‘rgan o‘zbekning bag‘ri kuyib, bir seskanardi…

Biz hech kim qilmagan ishni bajardik, changga botib, ketmon va belkurak bilan obdon ishladik. Badbo‘y hid anqirdi. Chiqindilardan katta tepa hosil bo‘ldi, unga fon Kaufman qabri ustidagi belgini qo‘yib, Jizzaxga yo‘l oldik.

Shaharda notinchlik sezilib turardi, Moskvadagi voqealar – davlat to‘ntarishiga urinish nima bilan tugashini hech kim bilmaydi. Falak charxi teskari aylanib, erkin fikr tarafdorlari quvg‘in qilinishi ham mumkin. Bizning qilib yurgan ishimiz uchun uch yil oldin ham qamab qo‘yishlari tayin edi. Shunaqa andishalar tufaylimi, Jizzax trikotaj ishlab chiqarish birlashmasidagi uchrashuv nomigagina, tayyorgarliksiz o‘tdi. Bir tomonlama shunisi ham yaxshi bo‘ldi: bizga eng keragi – hordiq, juda charchaganmiz.

ARAFA

Toshkentga eltuvchi kunga go‘zal sarlavha qo‘yib tong otdi. Oraliq 4–5 soatlik yo‘l. Yana qaynoq hayot o‘z bag‘riga oladi. O‘sha tolg‘in va sog‘inchli kunlar boshlanadi. Turmushning ming bitta ikir-chikirlari orasida munavvar tuyg‘ularga har doim oshno bo‘lavermaysan. Biz esa yigirma kun hamma tashvishlardan voz kechib, faqat bir tushuncha asiri bo‘ldik: Sohibqiron Amir Temur!

Turlicha zavq, sajiya va me’zojga ega bo‘lgan, maqsadlari ham har xil kishilar qalbida bu kunlar rang-barang aks etgani shubhasiz. Agar ko‘ngildagi suratlarni bir majmuaga to‘plash imkoni bo‘lsa edi, mislsiz rangin va go‘zal manzara hosil bo‘lardi. Ota-bobolarimiz izi mangu turfa gullarga o‘rangan.

Bekamu ko‘st nonushta qilib olgach, avtobusga – bizning yigirma kunlik harakatdagi uyimizga chiqish boshlandi. U obdon bezangan – peshonasiga arab imlosida ekspeditsiya nomi, biqinida mo‘ljallangan manzillar xaritasi va safar unvoni tushirilgan. Uni «Toshshaharyo‘lovchitashish» idorasi (boshlig‘i Ravshvn Fayzullayev) homiy sifatida ixtiyorimizga bergan edi. Hammatingga balli, yaxshilar!

Birlashma vakillari bilan samimiy xayrlashdik, muloqotlarimiz abadiy va uzluksiz bo‘lishini umid qildik. Hamma o‘z joyini egalladi. Hech kim jangovarlikni tark etmagan, menimcha, so‘nggi minut – tantanali kutib olishgacha safdagidek bo‘lishga ahd qilgandi. Avtobus Jizzax ko‘chalarini ortda qoldirib, asosiy trassaga chiqib oldi.

Inshoolloh, shu kunlarga yetdik, maqsadimizga erishdik. Aslida, hech narsa bo‘lmasligi, hammasi qog‘ozda – gazeta yuzida qolib ketishi mumkin edi. Yo‘q, Yaratganning o‘zi oq yo‘l berdi, kichkinagina jamoa uyushdik, sog‘-salomat belgilangan tadbirlarni kutilganidan ham ziyoda ado etib, makonga qaytayapmiz.

Safar muvaffaqiyatining yana bir jihati – u naqadar mazmunli va esda qolarli bo‘ldi. Bizlarga tasodifan shunday omad kulib boqdiki, o‘tgan joylarimizni katta pul evaziga ham ko‘rish qiyin yoki hozirgidek mazmunli bo‘lmasligi mumkin.

Tushunchalarimiz – xalqimiz haqida butunlay yangilandi, hat to o‘zgarib ketdi. Odamlarimiz biz o‘ylaganchalik go‘l yoki yuvosh emas, yaxshidan yomonni, asildan noasilni juda tez ajratadi. Agar nogahon qitiq patiga tegib qo‘ysang, tiriklay yeb qo‘yadi. Ularning qonida jahonni lol qoldirgan avlodlarining g‘ururi, sha’n-shavkati, farosati kezmoqda, bobolarimizning yengilmas mag‘rur ruhi xalqimiz ruhiga payvand. O‘zbekiston xalqi har doim hal qiluvchi ovozga ega bo‘lib kelgan va bugungi dolg‘ali kunlarda ham shunday bo‘lib qoladi.

Ekspeditsiya davomida turmushda uchraydigan katta-kichik turli muammolarga duch keldik. Ular ko‘lami jihatidan past-baland: ba’zilari xo‘jalik miqyosida, ayrimlari tuman yoki viloyat darajasida hal bo‘ladi.

Jumladan, Hisor davlat qo‘riqxonasi hududi o‘t-o‘langa shunchalar belanganki, somonxona deysiz. Yo‘l ochib yurib bo‘lmaydi. Nega shu yerlarda har 3–4 yilda chorva mollarini o‘tlatib, tozalab bo‘lmaydi?

«Qalqama» xo‘jaligida yetishtirilgan lalmi uzumlar tilni yoradi, ajoyib mayiz bo‘larkan. Yer – bisyor, odamlar – ishsiz, shu sohani rivojlantirishga nima to‘siq bo‘layapti? Yoki suv omboridan tutilgan gulmohi baliqlar nihoyatda xushxo‘r. Uni ko‘paytirish, savdoga chiqarish yo‘llarini ko‘rsa bo‘ladi-ku!

Mohiyatan shunday muammolar borki, ularning yechimi butun respublika, hatto jahon miqyosidagi sa’y-harakatlarni talab qiladi.

Amir Temur g‘ori (unga eng yaqin aholi manzili Toshqo‘rg‘on qishlog‘i) va uning atrofidagi manzaralar har qanday kishini lol qoldiradi. Bu joyni jahon turizmi oltin halqasiga kiritish, u yerga ajnabiy sayyohlarni taklif etish iqtisodiy va ma’naviy jihatdan katta naf keltiradi. Mabodo, Qizilsuv daryosi o‘zani – dara bo‘ylab avtomobil yo‘li qurilsa, Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida sanatoriyalar, dam olish uylari barpo etilsa, yil bo‘yi odam oyog‘i uzilmaydi. Musaffo havosi, zilol suvlari, boy nabotot va hayvonot olami bilan bu joylar ko‘plarning qalbiga zavq bag‘ishlashi mumkin. Hatto shu hududda milliy park barpo etish, uni Sohibqiron Amir Temur nomi bilan atash hal qilib bo‘lmaydigan jumboq emas. Shahrisabz xalqaro turistik shahar, uning tarmog‘ini Amir Temur nomli milliy parkkacha davom ettirsak, yaxlitlik yuzaga kelib, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Qolaversa, jahongirning ona shahri – Shahrisabzda hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab yumushlar to‘planib qolgan. Oqsaroyni tiklash – asriy orzu bo‘lib qolaveradimi? Shahar yubileyini nishonlash, bu yerda Amir Temurga atalgan me’morlik majmuini barpo etish tariximizga ko‘rsatilgan e’tibor bo‘lardi.

Bu qadim dunyoda mantiqan olib qaralsa, yer ostida yer ustidagidan ko‘p odam «yashaydi» – qabristonlar – marhumlar shahri. Ekspeditsiya davomida ko‘plab yodgorliklar qabristonlarda ekani yoki yodgorliklar atrofi qabriston qilinganining guvohi bo‘ldik. Mabodo, bu joylarni muhofaza qilish, ta’mirlash, obodonlashtirish va o‘rganish maqsadlarini ko‘zda tutuvchi hukumat dasturi ishlab chiqilsa, mablag‘ ajratilsa, xalqimiz qalbidagi gap bo‘lardi. Dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida bu ish allaqachon ta’minlangan.

Hozirgacha bo‘lgan bir tomonlama munosabat tufayli aziz-avliyolarga nisbat berilgan dahmalar, masjidlar qarovsiz qoldirildi. Aslida tariximizning bir parchasi bo‘lgan bu obidalar endi ro‘yxatga olinishi, tarixiy yodgorlik sifatida qo‘riqlanishi, o‘rganilishi, bunday joylarni aks ettiruvchi xarita tuzib chiqilishi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.

Samarqandu Buxoro, Shahrisabzu Kasbidagi nodir me’moriy durdonalarni ko‘z qorachig‘idek saqlash, ularning abadiy yashab qolishini ta’minlash kelajak oldidagi eng katta qarzimizdir.

Shubhasiz, bu yumushlar katta kuch-g‘ayrat talab qiladi. Agar ishtiyoq bo‘lsa, hammasini bajarish mumkin – bugun o‘z vazifasini uddalab kelayotgan, qalbida muzaffar askardek iftixori bor kishi sifatida ishonch bilan shunday deyapman.

…Salonda yoqimli sukunat hukmron. Hamma chuqur xayol og‘ushiga g‘arq, yuzlardan qon qochib, ranglar oqarib ketgan. Faqat haydovchi Shoilhom rulda sobit turibdi. U safar davomida halol xizmat qildi, bolafe’l, ochiqko‘ngil yigit ekan. Boshqalar ham o‘zaro yaxshi taassurot qoldirdilar, deb o‘ylayman.

«Ertaga rosa sog‘insak kerak-a», deydi birov tinchlikni buzib. Rostdan, hozir tarqab ketamiz. Qayta to‘planish nasib bo‘larmikan? Bu odamlarni birov eslarmikan? Ehtimol, shart emasdir, biroq ularning har biri endi bu hisni tark etolmasligi aniq. Endi bu his kimlarningdir e’tiqodiga aylangani ham shubhasiz.

Gavjum ko‘chadan kelib, o‘ngga burildik. Matbuot saroyining ayvonigacha ko‘tarilganimizda ham hech kim yo‘q edi. To‘xtagach, oynaband eshik ochildi-da, bizni kutayotgan do‘stlar po‘rtanadek otilib chiqishdi.

…Yangi manzillarda ko‘rishguncha!

1991-yil, 20–30-sentyabr,
Toshqo‘rg‘on qishlog‘i. Kasbi.
TURKISTON TOMONLARDA
(«Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab» safar, 2-bosqich. 1992-yil, 13–20-oktyabr)
1. Yangi manzillar sari

Kuzning namchil havosidan to‘yingan Toshkent osmoni to‘la yorishmay, kelishilgan joyga yetib bordim. O‘ar holda, mendan oldin kelganlar ham bor ekan, maydonda og‘zi ochiq qolgan qopchiq yayralib yotardi. Biroq hech qanday tantanadan darak ham, bunaqa ruh ham yo‘q, hatto sozini qo‘ltig‘iga qistirib olgan karnaychiga birov parvo qilmaydi. Rosti, bu safargi yurish juda ko‘p mulohazalardan keyin, shunchaki, oriyat uchun uyushtirilayotgani ham sir emas.

Garchi iqlim o‘zgargan, o‘tmishga, ayniqsa, Amir Temurga munosabat iliqlashgan bo‘lsa-da, bizning kamtarona sa’y-harakatimiz biron doirada e’tirof etilmadi, aksincha, uni soyada qoldirish uchun harakatlar bo‘ldi… Allaqachon rasmiy tan olingan ma’rifiy jami yat dadil harakatlar qila boshladi, lekin bu tashabbusning birinchi qaldirg‘ochi bo‘lgan bizning ekspeditsiyamiz esga ham olinmasdi. Bunday munosabatlar cho‘qqini har kim o‘z so‘qmog‘i bilan kashf etishga urinishga o‘xshab tuyuladi. Xayriyat, kecha «Turkiston» gazetasida bo‘lgan yig‘ilishda barcha gina-kuduratga chek qo‘yildi, yirik tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedovning o‘zlari safarimizga oq yo‘l tiladilar.

Shunday qilib, O‘zbekistonda mustaqillik e’lon qilinishi bilan munosabatlar keskin o‘zgardi. Kechagi zolimlar bugun jabrdiyda bo‘lib qolganidek, haqiqatni pichirlab gapirganlarning og‘ziga elak tutib kelganlar bugun o‘sha gapni mis karnaylardan baqirib e’lon qilmoqda. Bunday shovqin-suron ichida odmi, tabiiy ovozlar eshitilmaydi ham. Nima bo‘lsa-da, turli maqsad va muddaolarni ko‘zda tutgan bo‘lsa-da, jahongir bobomiz Amir Temurning muxlislari kundan-kun ko‘payib bormoqda. Bundan faqat xursand bo‘lish kerak.

… Quyosh Matbuot saroyi peshtoqlarini zarrin nurlari bilan jilvalantira boshlanganda maydonga anchagina odam to‘planib qolgandi. Nihoyat, shundoq oynavand eshikning tagida turib olgan mashshoqlar havoni titratib, karnay-surnay sadolarini yangratishardi. Artist Tesha Mo‘minov, rassom Ne’matjon O‘akimov va yana boshqa ko‘plab muxlislar ezgu tilaklar ila kuzatib qo‘yishdi.

Baxtli tasodifni qarangki, poytaxtdan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab chiqib ketdik. Gavjum Toshkentda odatdagi ish kuni boshlangan, odamlar, transport harakati juda tig‘iz. Ayniqsa, ertalab hamma qayergadir shoshadi. Oloy bozori, teleminora, Yunusobod dahasidan o‘tgan uzun va keng-ravon ko‘cha Chimkent yo‘liga tutashar ekan. G‘ishtko‘prik – O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari o‘rtasidagi kichik qo‘nalg‘a. Shu joyda bir zum to‘xtab o‘tildi.

Bu safargi hamrohlar safida yangilar ham bor, «faxriy»lardan tarixchi Murod Ashrafxo‘jayev va Sulton aka, xolos. «Turkiston» gazetasidan Ahror Ahmedov, Ro‘zimboy O‘asan, radiojurnalist Anvar Abdullayevning qo‘shilishi jamoa nufuzini oshirdi. Noma’lum yurtda ishonganimiz – Iskandar, u – iqtisodchi, men uni «Turkiston yo‘lbarsi» deb atadim. Bilmadim, bu «yo‘lbars» yo‘lboshlovchilikni qanday eplaydi?! Suratchi Almurodga eng sharafli yumush – safarni tarixga muhrlash vazifasi yuklangan. Bu gal kino, video – yo‘q.

O‘tgan yilgi o‘sha avtobus yana bulturgi suratlar, liboslari bilan bizni bag‘riga olib, silliq asfalt yo‘ldan qiynalmay olib bormoqda. Yo‘l allaqachon qozoq zamini uzra davom etmoqda. Men bu joylar bilan ona yurtim o‘rtasidagi farqni sezdim. Adirlarning cheksizligi, bepoyonlik ortidagi kimsasiz sahrolar men o‘rgangan «qir ortida ham qishloq» qabilidagi sezimlarga o‘xshamasdi. Nigohing hech joyda qo‘nim bilmaydi, cheksizlik. Bu xuddi mangulikka, abadiy bedor-betinimlikka o‘xshaydi.

Kuz ranglariga bo‘yalgan o‘rkach qirlarda bo‘ysunmas ot uyurlari yelib yursa yoki soch tolasidek so‘qmoqlardan tuyalar bukchayib o‘tib qolsa, bu husn chinakam nodir xayolot bo‘lardi. Qirdan uzilgancha yo‘lga do‘layib tushgan tepalikda «chol-kampir» sher va sherbachcha izg‘ib yuribdi. Erkagining og‘zi katta ochilgan, ichida olov yonib turgandek. Mavhum ta’sirdan badan junjikadi. Garchi hayvonlar podshosi bilan na yakka, na umumiy tarzda duch kelmagan bo‘lsang-da, nafasing chuqurga tushib ketadi. Dasht xazinasiga yarashgan qo‘ldan yasalgan timsollarda ham chinakam qo‘rquv yashiringan.

Ba’zan uchray boshlagan hovlilar, uylar atrofini o‘rab turgan devorlarga boqib, egalarining hafsala bilan, bardam yashashini tasavvur qilasan. Uylarning oldida har xil narsa uyib tashlanmagan, binolar baland ko‘tarilib solingan, devorlar silliq urilgan, andavalanib, oqlangan.

Bu joylarda yashayotganlar, balki bizning umri dalada kechadigan temirbardosh dehqonlarimizdan ko‘ra turmushdan zavqlanishni yaxshi bilarlar. Balki ular me’yorida ishlab, munosib hordiq olishar. Har holda, bizning egri-bugri guvala devorlar bilan «bezangan», hovli to‘la yo g‘o‘zapoya, yo o‘tin-cho‘p bo‘ladigan, pastak, nimqorong‘i uylarni ko‘rganda bu joylarda hayot nihoyatda ezg‘in, omonat, odamlar o‘ta charchoq ekanini sezasan. Qozoq ovullari esa obdon parvarishlangan bedovdek yiltirab turardi.

Chimkent shahriga yetguncha turli manzaralarni ortda qoldirib ancha yo‘l bosildi. Orada tarvuz va tandir non bilan tushlik ham qilish ga to‘Qri keldi. Safar yo‘rig‘i bo‘yicha bugun Temurlanovka degan manzilga yetib borish kerak. Baholiqudrat, bir ma’lumotli odam sifatida, shunaqa joy (qishloq, ovul, shahar) borligini bilmas ekanman. Uni tasavvur qila boshlayman: yevropacha g‘urilgan 3–4 yog‘och uy, o‘rislar…

Chimkentni aylanib o‘tib, yo‘lda davom etamiz. Shahar chetidan daryo oqib o‘tar ekan, uning shundoq yoqasida zavodlar qurilgan, biri ko‘mir bilan ishlaydiganmi, ishlab chiqaradimi, osma sim yo‘ldan tashilgan kukun tog‘ bo‘lib ketibdi. Albatta, daryo suvidan ichib bo‘lmasa kerak. Chimkentda sement, shifer, avtomobil kavushi chiqaradigan zavodlar bor, deyishadi.

Yana yaydoq dala boshlanadi. Yana Muxtor Avezov, ayniqsa, Chingiz Aytmatov asarlarida tasvirlangan Betpaq (Badbaxt) dala haqidagi tasavvurlar jonlanadi. Biroq bugun bu dalalar rizq-ro‘zga to‘la. Elga qut-baraka ulashmoqda. Hosili yig‘ishtirib olingan paykaldagi poyacho‘plar, xashaklar, shu dalalar bag‘ridan o‘tgan yo‘llardan g‘izillab yeluvchi og‘ir yuk ortgan mashinalar buni tasdiqlab turibdi.

2. O‘rdaboshi oqshomi

Tepadan borgan yo‘l chiroyli manzara kasb etib, aylanma hosil qildi-da, daryo bo‘yiga chiqib qoldi. Taxtadagi yozuvdan uning Aris daryosi ekanini bilib oldik, xotira pand bermasa, bu daryo nomi ko‘plab tarix kitoblarida qayd qilingan. Ko‘prikdan o‘tgach, 4–5 km ichkarida Temurlan (Temurlanovka) qishlog‘i joylashgani ma’lum bo‘ldi. So‘rab-surishtirib, markazni ham topib oldik.

Bizning kimligimizni, maqsadimizni bilishgach, do‘stona kutib olishdi, iltifot ko‘rsatishdi. Temurlan Budun avdoni (rayoni) markazi ekan. Hokim (glava)ning birinchi muovini Umerov bizni qabul qilib, samimiy suhbatlashdi. U Samarqandda bo‘lganini, Amir Temur qabrini ziyorat qilib, Јur’on o‘qiganini ayricha iftixor bilan ta’kidlab o‘tdi. «Sohibqironni barchamizning, jami turkiylarning bobosi», dedi. Yordamchisi Yangiboyga mehmonlarga yetarlicha hurmat ko‘rsatishni tayinlab, kerakli barcha narsalarni qilinglar, mening nomimdan ish tutinglar, deb ko‘rsatma berdi. Albatta, bunday marhamat ko‘nglimizni ko‘tarib yubordi.

Mezbonlarning biri e’tirof etganidek, ulug‘ kishilarning oti bexosiyat joylarga qo‘yilmaydi. Qishloq tevaragidagi O‘rdaboshi, Qoraosmon, Aris kabi nomlar ko‘plab dostonlarda, ilmiy manbalarda qayd qilingan. Qozoqlarning afsonaviy qahramonlaridan biri – Qo‘blandibotir haqidagi eposda uning Qoraosmon degan yerda dafn qilingani aytiladi. O‘rdaboshida xitoy (jung‘or) qirg‘inini daf qilish uchun qozoqning uch yirik urug‘i birlashgan. Tulebey, Ardanabey, Qarlig‘ochbey boshliq qo‘shin umumiy holda bosqinchilarga shu yerda katta zarba bergan. O‘rdaboshi Kulikovo, Borodino singari ulkan muhoriba bo‘lgan tarixiy joy, holbuki, bu voqeani eslatadigan toshlavha ham yo‘q, deb afsuslanishdi mezbonlar. Ular aytgan «o‘zbekning eng so‘nggi xoni ham O‘rdaboshida o‘tirgan» degan ma’lumotni esa o‘rganish kerak. «O‘g‘iznoma»da Aris (Aruz) so‘zi bilan bog‘liq shunday sharh keltirilgan emish. O‘g‘iz boshliqlaridan birining o‘g‘il farzandi bo‘lmagan. Bir to‘yda farzandli odamlarni oq o‘tovga joylashtirib, oq qo‘y, farzandsizlarni qora o‘tovga tushirib, qora qo‘y beradilar. O‘tovlar ham daryoning qarama-qarshi ikki qirg‘og‘ida tikilgan bo‘ladi. Qattiq izza yegan o‘g‘ilsiz o‘g‘iz bir bolani asrab oladi, unga Aris (Aruz) deb ism qo‘yadi. Shundan beri oqqo‘ylilar bilan qoraqo‘ylilar bir-biridan qiz olmaydi.

1964-yil mart oyida tashkil topgan Budun avdonining 77 ming aholisi bor, ularning 92 foizi qozoqlar. Hududida 14 xo‘jalik, 10 qishloq kengashi joylashgan. 12 ming gektar yerga paxta, 40 ming gektar g‘alla, 3 ming gektar maydonga makkajo‘xori ekadi. 160 ming qo‘yi, 10 ming qoramoli, 1,5 ming bosh yilqisi bor. Avdonda 370 mln kub ob-hayotni sig‘diradigan Budun suvtashlamasi qurilgan, Aris-Turkiston kanali shu yerdan o‘tgan. Nomini O‘rdaboshi deb o‘zgartirish yuzasidan harakatlar bo‘layotgan tuman bizning Angren shahrimiz bilan birodarlashgan ekan. Mezbonlar mustaqillik bayrami kuni sovg‘aga ot olib, Angrenda bo‘lganlarini quvonch bilan aytib berdilar.

Markazda ikkita qishloq kengashi bo‘lib, biri Temurlan, biri Hojimuqon deb yuritilar ekan. Hayot yo‘li, taqdiri bir-biriga o‘xshama gan bu ikki shaxsning yonma-yon «yashashi» juda qiziq. Qishloqda mashhur polvon, hatto chor podshoning saroy pahlavoni Poddubniyni yenggan, Fransiya, Germaniya chempionlarini taslim qilgan, Yaponiya chempionining jonini olgan Hojimuqonga e’tibor kuchli ekan. Uning qabri shu yerda, uy-muzeyi bor. Yurtdoshlarining sha’nini avaylab saqlashar ekan. Yaqinda Rossiyaning nufuzli gazetalaridan biri «Hojimuqon darbadarlikda o‘lgan» tarzida maqola bergan ekan, tuman gazetasi «O‘rdaboshi o‘tlari» bir yarim yil bahslashibdi va oxiri kechirim so‘rashga majbur qilishibdi.

Biz ziyoratimizni pahlavonning uy-muzeyidan boshladik. Uning kiraverishida baland qoya ustida mushaklari o‘ynab turgan mujassama. Shohsupaga «Hojimuqon Mukantpasov. 7/IV 1871–16/VIII 1948» deb yozilgan. Ekskursovod qiz juda maroqli hikoya qildi, ashyolar ham boy ekan. Ayniqsa, ikki gapning birida «Hojimuqon otamiz…» tarzida lutf qilinishida o‘zgacha mehr, harorat bor edi.

Qishloq chetidagi qabristonga yetguncha taassurotlar jo‘shib boraverdi. Qayrilishda polvonning uzoq qarindoshlaridan biri, qari cholni mindirib oldik. U akasi haqida ma’lumotlarni so‘zlab berdi. Bo‘yi 190 sm, yelkasi 145 sm. bo‘lgan alpkelbatli Hojimuqon kurashga tushsa, qorni ichiga tortib, ixcham bo‘lib qolar ekan. U Qoplandibotirning yo to‘qqizinchi, yo o‘n birinchi avlodi. Turli musobaqalarda g‘olib bo‘lib, 48 ta oltin-kumush medal olgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida shaxsiy mablag‘i hisobiga bitta harbiy samolyot yasattirgan. Olti marta uylangan bo‘lib, zavjalari orasida polyak, tatar, qozoq millatiga mansub ayollar bo‘lgan. Uchinchi avlodidan vakillari bor.

Nayman ariqning narigi qirg‘og‘idagi qabristonning atrofi o‘ralmagan, ba’zi qabrlar ustida haybatli minoralar o‘rnatilgan. Hojimuqon mangu makon topgan joyda maqbara ko‘tarilgan. Ziyoratchilar tez-tez kelib turishi bilinadi. Sag‘ana – oddiygina, maqbara devoriga marhumning tarjimayi holi rus tilida yozib qo‘yilibdi. Qur’on tilovat qilib, ruhiga sokinlik tiladik-da, orqaga qaytdik.

Dunyo ishlari qanchalik suronli bo‘lmasin, barchaning borar joyi bir. Xuddi shunday fikr umrining so‘nggi yillari bu yerga tashrif buyurgan Muxtor Avezov xayolidan ham o‘tgan ekan. Shu voqea bi lan bog‘liq bir hikoyani aytib berishdi. Uning to‘g‘riligiga guvohlar va roviylarning vijdoni shohid. Dunyo tilsimotlarga to‘la ekanini yana bir eslatish uchun uning bayonini keltiraman.

Muxtor og‘a maqbaraga yetgach, qabrga qarab pisanda qilgandek, «Dunyoning yarmini kezib, kelib yotar joying shu yer ekan-da» qabilida gap qotgan, tilovat ham qilmagan. Chiqaverishda bexosdan bir munkib ketgan. Ko‘tarib qo‘yishgan, 1–2 qadamda yana va yana yiqilib tushgan. Ko‘ngli xijil bo‘lgan yozuvchi mashinaga chiqaverib, «Nega menga tosh otasan, oyoQimdan tortding» deb yig‘lab yuborgan ekan. Oradan ko‘p o‘tmay Muxtor og‘a dunyodan o‘tdi, deyishadi arvohning kuchiga ishonch keltirib qishloqdoshlar.

Safarning birinchi kuni nihoyatda sermazmun bo‘ldi. Ayniqsa, Rossiya gazetasini «tiz cho‘ktirgan» «O‘rdaboshi o‘tlari» ro‘znomasi va uning muharriri Normaxan Begaliyev unutilmas taassurot qoldirdi. U birinchi daqiqadayoq bizga hamroh bo‘ldi, sayohatning mazmunli va yoqimli bo‘lishi uchun yelib-yugurdi. Uddaburonlik, ishbilarmonlik har qadamda asqotadi. 5400 nusxada chop etiladigan ro‘znoma qoshida uning marhum muharriri, mashhur yozuvchi va jurnalist Qo‘shjon Musrepov nomida to‘garak faoliyat ko‘rsatadi.

1968-yilda tuzilgan ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi ishni kalendarlar, rangli suratlar, taklifnomalar chiqarishdan boshlagan edi. Qozohistonda o‘shanda kam, hozir ham yagona bo‘lgan birlashma moliyaviy jihatdan baquvvat tashkilotga aylandi. O‘tgan yil 582 ming so‘mga 6 gektar maydonni egallagan sanatoriya-profilaktoriyani butunlay sotib olishdi. Har yili ularning tashabbusi bilan shu yerda uch kunlik aytishuv musobaqalari o‘tkaziladi. O‘tgan yil bosh sovringa «Moskvich» mashinasi qo‘yishgandi.

Madaniyat uyi qarshisida keyingi 150-yilda o‘tgan eng mashhur oqinlar, shoirlardan yetti nafariga qo‘yilgan haykallarni ham ular o‘rnatishgan. Oqinlarning avvali Moylixo‘ja Sultonxo‘jani Jambulning piri, ustozi deyishdi. Temurlanda madaniyatni shunchalik qadrlashar ekan, bunga faqat havas qilish mumkin.

Albatta, bu xayrli yumushlarning boshida Normaxan og‘a boshqosh. qirg‘iz qalpog‘i va qop-qora mo‘ylovi o‘ziga yarashgan, nur li chehrali, bir oz bo‘g‘iq ovozda gapiruvchi muharrirning ishchan, budli-shudli odamlardan ekani ko‘rinib turibdi. Ustidagi jinsi kostyumini O‘zbekistondan esdalik, dedi. Ma’lum bo‘lishicha, Angrenda Avstriya bilan hamkorlikda allaqachon shunday kiyimlar chiqarishayotgan ekan. Ijod haqida gap ketganda, uyushma a’zosi ekanini, kitoblari nashr etilganini, tabiat mavzusida lirik she’rlar yozishini aytib o‘tdi. Qanday ajoyib?

Oqshomni gazetaning «xususiy» mulki hisoblanmish sanatoriyada o‘tkazadigan bo‘ldik. U bir yo‘la 30 kishini qabul qila olar, yo‘llanma bahosi hozircha 6 ming so‘m ekan. Mezbonlar bizning ko‘nglimizni ovlashga sidqidildan kirishdilar. Chiroyli dasturxon tuzildi, Manzura va Temur ismli o‘lanchilarni taklif etishdi.

Muomala-munosabatlar samimiy va dilkash bo‘lsa, o‘rtadagi hurmat, qadr-qimmat ko‘p samaralar berishi mumkin. Suhbat mavzusi ham o‘zbek va qozoqlarning azaliy qardoshligi, hozirgi murakkab sharoitda bobolarimizning xayrli udumlarini yodda tutishimiz, mustaqil mamlakatlarimiz oldida turgan vazifalar haqida bo‘ldi. Birodarlarimizning bizga chuqur ehtirom saqlab munosabatda bo‘layotganini sezish qiyin emas.

Gap asnosida O‘zbekistonning Osiyoga madaniy ta’siri Vizantiyaning Yevropaga ta’siridan kam bo‘lmagani haqidagi tarixiy haqiqat eslab o‘tildi. «Paxta ishi» qatag‘onida bizning ham bag‘rimiz qon bo‘ldi, dedi Normaxan og‘a. Uzoq tarix silsilasida yelkadosh bo‘lib kelgan ikki ulug‘ xalq taqdirining mushtarak tomonlari yodga tushdi. Keyingi asrda qozoqlar boshiga tushgan ofatlar–30-yillardagi ocharchilik va urush davrida o‘zbeklar bizni quchog‘iga olib saqlagan, dedi mezbonlar mehr bilan. Aslida biz bir daraxt shoxlarimiz, o‘rtadagi sun’iy to‘siqlar bizni ajrata olmaydi, deb javob qaytardik.

Davrada beg‘araz, haroratli ruh mujassam. Shunda xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda siyosat yagona yo‘l emasligini o‘ylab qolasan. Bir qarashda rasmiy qiyofaga o‘rangan siyosat bir-birini cho‘chitish, tan oldirish tamoyiliga asoslangan. Xalqda «Bolaga siyosat qilma» degan ibora bor, bu «Bolani qo‘rqitma», degani. Dillarni yaqinlashtiruvchi vositalardan muhimi hozirchalik do‘stona tashriflar, sayohatlar, turli musobaqalar uyushtirish emasmi? Har qanday manfaat va siyosat vasvasalaridan xoli bunday tadbirlar asosiy o‘ringa chiqsa, ajab emas.

Suhbat avjida, ayniqsa, tandirdek qizigan mo‘rcha (sauna)da o‘tirib, ma’danli suvda yuvinib olgach, yengil tortib, kayfiyat yana ochilib ketdi. Shu yerda birinchi marta beshbarmoq otliq ta’rifli ovqatdan iste’mol qildim.U biz taraflarda bo‘ladigan shilpildoq (laxshatuppa) ustiga qovurib dimlangan go‘sht, kartoshka, sabzi va ziravorlar qo‘shib tayyorlanar ekan.

Dil so‘zlari do‘mbira sadosi va o‘langa ulanib ketdi. Qo‘shiqlarga ham bepoyon sahro ruhi ko‘chgan, navoda ot dupurlarining sadosi eshitilib turadi. O‘lanlar Olmaota, Qoratov haqida, xalq ohanglaridan – «Qora qosh», «Usmon, yori jonim», «Yallalashaylik». Manzura «Begona ayol» degan qozoqcha ashula aytdi, unda erining xiyonatidan iztirobga tushgan ayolning nolishi ta’sirli ifodalangan. Shu mazmundagi zamonaviy o‘zbekcha qo‘shiq borligini eslay olmadim. Bastakor Sulton Anvarov ijrochilar mahoratini yuqori baholadi, o‘zi ham do‘mbira chalib, xirgoyi qildi.

Bu oqshom naqadar fayzli o‘tdi. Sayohat – yangi yurtlar, odamlar qalbiga tashrif – qanday gashtli. Bizga shunday omadni nasib etgan buyuk bobomiz xotirasiga tinimsiz shukronalar aytdik.

Tarix o‘zicha yashab qolaveradi. Hozirda tuman markazi bo‘lib turgan joyga bobokalonning nomi naqsh etilgan ekan, buning ham qiziq tafsiloti bo‘lsa kerak. Buni izohlash jiddiy ilmiy izlanishni talab etishi munosabati bilan oldindan bir narsa deyish qiyin. Qurbimiz faqat -lan qo‘shimchasiga e’tiroz bildirishga yetdi. Mezbonlar, aksincha, qozoqchada bu – «buyuk, ulug‘» ma’nolarini bildiradi, deyishdi. Bo‘lsa – bordir. Har kimning ta’bi – o‘zgacha.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации