Текст книги "Амир Темур севган юрт"
Автор книги: Хаким Сатторий
Жанр: Исторические приключения, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 13 (всего у книги 17 страниц)
NASAB
Aka-ukalar:
Olamshayx. Suyurg‘atmish. Jo‘qi.
Dastlabki yurishlar tafsilotlarida shunday ismlar tilga olinsa-da, mazkur o‘g‘illar qaysi onadan tug‘ilgani, umuman, ular haqida hech bir manbada batafsil ma’lumot uchramaydi.
Opa-singillar:
Qutlug‘ Turkon oqa, avval Sulton dug‘lotga, uning vafotidan so‘ng amir Dovud dug‘lotga turmushga chiqqan. O‘g‘li Sulaymonshoh, unga keyinchalik Sohibqironning qizi Sultonbaxtbegim uzatiladi. Sohibqironning Jetaga yurishlarida, boshqa muhorabalarda faol qatnashgani tilga olinadi. Keyinchalik Shivirg‘on, Balx viloyatlari hokimi bo‘lgan.
Qutlug‘ Turkon oqa 1383-yilda vafot etgan. Marqadi Shohizinda ziyoratgohida.
Shirinbeka oqa, manbalarda Qadaq xotundan tug‘ilgani qayd etilgan, Muayyyad arlotga uzatilgan. Qizi Sevinchqutlug‘ oqa dastlab kurdlar shahzodasi Pirmuhammadga (1379), uning o‘limidan so‘ng Umarshayx Mirzo (2)ga turmushga chiqqan (1390).
O‘g‘li Alining qizi Jahonsultonbegim Xalil Sulton (3.3)ga uzatilgan. Ali Mirzo (Mirak)ning dastlabki yurishlarda jasorat ko‘rsatgani (masalan, 1381-yilda Fushanj qal’asini tasxir etishda; «Zafarnoma», 90-bet) ta’kidlangan, tengsiz jangda (Luristonda) qaroqchilarni daf’ etishda (1385-yil) halok bo‘lgani darj etilgan. Sabzavor shahrini boshqargan.
Yana Shirinbeka oqaning Umar ismli o‘g‘li ham bo‘lgan.
Farzandlari:
Muhammad Jahongir Mirzo (1.)
(2 nafar o‘g‘lidan avlodlar).
Umarshayx Mirzo (2.)
(6 nafar o‘g‘lidan avlodlar).
Mironshoh Mirzo (3.)
(7 nafar o‘g‘lidan avlodlar).
Shohrux Mirzo (4.)
(5 nafar o‘g‘lidan avlodlar).
Jahonshoh, 1367-yilda tug‘ilgan, tez nobud bo‘lgan.
Ibrohim, 1384–1385-yilda. Sharafiddin Ali Yazdiy uning tug‘ilganini qayd etib o‘tgan.
Yana Sulton oqadan bir o‘g‘il tug‘ilgani haqida ma’lumotlar bor.
Tog‘ayshoh Oqabegim, (A.) 1382-yilda vafot etgan. U amir Musoning o‘g‘li Muhammadbekka uzatilgan va Sulton Husayn (A.1.) ismli o‘g‘il ko‘rgan. Sulton Husayn sulola tarixida qora iz qoldirgani bilan taniqli.
Qo‘shin Damashqda turganda (1400) arablar tomoniga o‘tib ketadi. Sohibqiron vafotidan so‘ng ahdni buzib, poytaxtga hujum qiladi. Keyin Xalil Sulton panohiga kiradi. 30 ming qo‘shin bilan valiahd Pirmuhammad Mirzo (1.2)ga qarshi bordi. Yo‘lda Pirali Tozning ig‘vosiga uchib, o‘zining beklarini o‘ldirdi, Pirmuhammadning nikohiga kirishi kerak bo‘lgan Muhammad Sulton (1.1)ning bevasi Xonikaga uylanib oladi. Poytaxtni egallash uchun ortga qaytganda, lashkar undan yuz o‘girdi, Sulton Husayn qochib, Sulaymonshoh huzuriga bordi… Xullas, 1406-yil tutib, o‘ldirildi.
Sulton Husayn Mironshoh Mirzo (3)ning qizi Qutlug‘sultonbegimga uylangan edi. Bu nikohdan Feruzabegim (A.1.A) tug‘ilgan.
Sultonbaxtbegim, dastlab Muhammad Mirakka, keyin Sulaymonshohga uzatilgan, 1430-yilda vafot etgan.
Bulardan tashqari yana 6 nafar qizlar haqida ma’lumotlar uchraydi.
Malikalari:
Turmish (Nurmushk) oqa, Qarshi beklaridan Joku barlosning qizi, 1354-yilda uylangan. Muhammad Jahongir va Tog‘ayshoh Oqabegimning onasi.
O‘ljoy Turkon oqa, amir Musloning qizi (Qazag‘onning nabirasi), amir Husaynning singlisi. Sultonbaxt oqaning onasi. 1366-yilda vafot etadi.
Saroymulk xonim (Bibixonim yoki Begimxonim) (1341–1408), Qozonxonning qizi, malikalar ulug‘i. Shahzodalarni tarbiyalagan.
Ulus oqa, amir Bayon sulduzning qizi.
Islim og‘o, Xizr yasavuriyning qizi.
(Keyingi uch malika 1370-yilda Sohibqiron nikohiga o‘tgan).
Dilshod oqa, Shamsiddin dug‘lotning qizi, 1375-yilda uylangan. 1383-yil vafot etgan.
Tuman oqa, amir Musoning qizi, 1378-yil nikohiga o‘tgan (1367–1432).
Tukalxonim, Xizr xojaning qizi. 1397-yilda uylangan. 1408-yil vafot etgan.
Yana 10 nafar malikalar haqida ma’lumotlar uchraydi.
Kanizaklar:
To‘lun oqa, Umarshayx Mirzo tug‘ilgan.
Minglibeka oqa, Mironshoh Mirzo tug‘ilgan.
Tog‘ay Turkon oqa, Shohrux Mirzo tug‘ilgan.
Yana 20 nafardan ziyod xos kanizaklar haqida ma’lumotlar berilgan.
Sohibqiron umri – 70 yil.
MUQADDAS OILA
Mabodo, odam bolasi garchi o‘z Yaratuvchisining mezon-u ta’qiqlarini pisand qilmaydigan darajada havolab ketganida ham unga ko‘p narsa kerak emas. O‘sha tog‘larni payxon qiladigan, dengizda dovullar qo‘zg‘aydigan istak nahorda bir piyola issiq suv yo bir tishlam nonga mute’ bo‘lishi yoki inson olamshumul isyonlaridan so‘ng tinch bir og‘ushda orom olishni eng katta istak deb bilishi mumkin. Boqiy qadriyatlarning guvohlik berishicha, ana shunday to‘pori va buyuk farog‘atni faqat Oila bajara oladi..
Oila o‘z o‘rnida, jannat, bo‘ston, …
Gapni bu darajada baland pardada olishimizning boisi bor. Bugun bilib-bilmay, umumiy ovozga jo‘r bo‘lib takrorlaydiganimiz – tariximizdagi ulug‘ siymolardan biri Sohibqiron Amir Temurning hali jamoatchilik to‘la tushunib yetmagan va e’tirof etmagan bir jihatlari mavjud. (Odatda, tarix haqida gapirganda umumiy qoliplar mavjud bo‘ladi, Yuliy Sezar iborasi bilan aytganda «Ko‘rdim. Bordim. Bosdim» qabilida. Holbuki, har bir mardum kabi mu’tabar arboblarning ham o‘z qiyofasi bor va, albatta, ular bir-biriga o‘xshamaydi. Yana tarixni sayoz va yalpi tushunishning bir yomon tomoni shundaki, to‘q rangli voqealar ko‘chib yuradi. Masalan, bir hukmdor kalladan minora tiklagan. O‘rtacha ma’lumotli odam bu dalilni o‘tmishdan kimni tanisa, barchasiga tadbiq etaveradi. Shunday hol ko‘pincha fanda ham yetakchilik qiladi. Jumladan, buyuk bobomizni ham shunday qoliplar doirasida tushunib kelishdi).
Biz bu gal mulohaza yuritmoqchi bo‘lgan jihat hazratning faqat o‘z faoliyati bilan dunyoni lol qoldirgani emas, shu bilan birga ulkan sulolani asoslaganidir. Odmi qilib aytganda Amir Temur tarix sahniga qadalgan qoziq yoxud naqshinkor ustun emas, balki insoniyat cha manzorida qo‘r to‘kib turgan azim daraxt! Bu daraxtning tomiri teran, shoxlari tarvaqaylab ketgan, soyasi uzoq-uzoqlarga to‘shalgan, sumbatini olislardan ko‘rib turishadi, panohiga intilishadi…
Yaqinda nashr etilgan «Sohibqiron abadiyati» kitobida bobomizning o‘g‘illari – Muhammad Jahongir Mirzo (1356–1376), Umarshayx Mirzo (1356–1394), Mironshoh Mirzo (1366–1408), Shohrux Mirzo (1377–1447)dan tarqalgan avlodlarni xuddi sinf jurnalidagi o‘quvchilar ro‘yxatidek ketma-ket yozib chiqdim. Dunyo tan olganlari 198 nafar. Ularning har biri qaysidir xizmati bilan o‘z davrida e’tirof etilgan, hozir ham eslanadi. Kitobning olti sahifasini egallagan bu yozuvlar zamirida qanchalar sinoatlar yashiringan? Shular haqida o‘ylansa, yurak hapriqadi, vujudni bemisl iftixor hissi chulg‘ab oladi. Shu tuproq hurmati, muhtashamlikka daxldorlikdan boshing ko‘kka yetadi.
Agar bu mislsiz haqiqatning mohiyati haqida mulohaza qilib ko‘rilsa, uning zamirida juda sodda dalil yotadi. Shunday qilib, bunday olamshumul muzaffariyatning sababi nima, degan savol qo‘yiladigan bo‘lsa, javobi aniq: OILA. Hech mubolag‘asiz Sohibqiron ko‘z ochgan, so‘ngra farzandlari dunyoga kelgan, undan so‘ng nabiralar va boshqa zurriyotlar tug‘ilgan beshik, ya’ni oila chinakamiga muqaddas bo‘lgan.
Endi ana shu fikrni to‘la tushunib olish uchun aniq voqealarga murojaat etaylik.
Ma’lumki, inson aqli ojizlik qilib qolganda «Bu yog‘i Ollohdan» degan ibora ishlatiladi, ya’ni o‘zimizdan tashqari tushunchalarni ilohiylikka bog‘lab qabul qilamiz. Sohibqiron tarixini bitgan muarrixlar ham ul zotning dunyoga kelishlarini ilohiy hodisa, deb sharhlaydilar (aslida, nima ilohiy emas?). Bunday ruh, yondashuv, ayniqsa, xalq kitoblarida juda bo‘rtib turadi. Masalan, Salohiddin Toshkandiy qog‘ozga tushirgan «Temurnoma» («Cho‘lpon», 1990) kitobida Buxoro sadr ash-shariasi (ya’ni Ubaydulloh ibn Mahmud al-Mahbubiy) «…dars aytib o‘lturur edilar, bir qalandar keldi. Aydi: «Takina begim Moh degan qizni kuyovga bering, andin bir o‘g‘ul tug‘iladur, ani jahongir va sohibqiron derlar» tarzida qayd qilinadi. Shundan keyin hali kuyovxonto‘ra kimligi aniq bo‘lmay, to‘y tadorigi boshlanadi. Keshda esa boshqa bir sinoat voqe bo‘lgandi: qo‘y suruvi ichida oralab qolgan bir ohu sayyodga tutqich bermay, qochaveradi-qochaveradi va Buxoroi sharifga yo‘l boshlaydi. Shunday qilib, ilohiy nikoh tuziladi, oradan oylar o‘tib, saodatli ayyomda baxtli chaqaloq dunyoga keladi. Bu go‘dak atrofidagi qavmi, boringki, insoniyat asrlardan beri kutayotgan xaloskor edi. Qolaversa, uning tug‘ilganini olis Mag‘ribdagi allomalar ham qayd etgandilar (Valiuddin ibn Xaldun bu holni qayd qilib o‘tgan).
Albatta, asil zotning dunyoga kelishi bir shov-shuv bo‘lsa, uning tarbiyasi, kamolga yetishi shundan kam bo‘lmagan voqea. «Zafarnoma» kitobi muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy Temurbekning dunyoga kelishi ezgulikning tantanasiga xizmat qilishga amr etilganini sharhlab quyidagicha yozadi:«…hazrat Sohibqiron shunday bir mulk (podshohlik, hukmdorlik) egasidirki, u farishtalarning Ollohga murojaat qilib, «Buzuqchilik qiluvchi va qonlar to‘kuvchi kimsani yaratasanmi?» savoliga javoban Parvardigorning «Men yerda bir xalifa (o‘rinbosar, vakil) yarataman» degan inoyatiga karomat qilingan sarvar (etakchi, yo‘lboshchi)dir. Unga o‘zining oldindan bilish va ko‘rish fazilati tufayli bahri barr (suvlik va quruqlik)da egalik qilishga qudrat berilgan». Sohibqiron tiynati va fitratida yashiringan ana shu olamshumul qudrat hazratning o‘z faoliyati va avlodlarining sa’y-harakati bilan namoyon bo‘ldi.
Shubhasiz, «Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda?» deganlaridek, ato etilgan iste’dod shunga muvofiq ulkan harakat bo‘lmasa, o‘z asrorini namoyon qilmaydi. Zero, «hayotning asosi – harakatdir» (Aflotun). Aslida, vujudida pinhon mo‘jizaning yuzaga chiqara olishi bilan shaxs o‘zini namoyon etadi. Bu jarayonning qirralari ko‘p, qolaversa, insonshunoslikning jami ilmlari shu muammo ustida bosh qotiradi va hamon oxirgi to‘xtam aniq emas. Sohibqiron Amir Temurdan tarqagan ikki yuz nafardan ortiq shahzoda va malika insoniyat ma’naviy tamaddunida u yoki bu darajada iz qoldirgan ekan, bugun betimsol sharaf hissini yana bir tuyish uchun buyuklikka erishish asrorlarini navbatga qoldirib, o‘sha yorug‘ yulduzlarning o‘zini eslab o‘taylik. Negaki, O‘rta asrlar mezoni bilan voqelikka baho berib o‘rgangan ma’rifat dunyosi hozirgacha ana shu oddiy tarixiy haqiqatni ham istisno qilib keldi. Faqat bir shaxs, uning amallari (ko‘pincha qora no‘qtalar) haqida so‘z yuritib, zurriyodlar, ularning olamshumul ishlari haqida gapirganda bobokalonni eslatmay yoki eslamay munosabat bildirish tamoyili qaror topgandi. Axir butoqni tanadan ayirib bo‘lmaganidek, ularning zuvalasiga buyuklik gardini yuqtirgan zotni eslamay, bor haqiqatni to‘liq tushunib bo‘larmidi? Yaqin-yaqinlargacha xat tanigan odamlarning ko‘pi Mirzo Ulug‘bek hazratning nabirasi bo‘lishini yoki Zahiriddin Muhammad Bobur ham Temuriylardan ekanini bilmas edi. (Albatta, qay darajada bilish mezoni hamon nisbiy).
Holbuki, Sohibqiron aynan 1394-yil 22-martda tug‘ilgan nabirasiga alohida mehr ko‘rsatgan, uni ardoqlab otasi Muhammad Tarag‘ay ismini nisor etgan edi (suyukli nabiralardan biriga otaning ismini qo‘yish hozir ham taomilimizda bor). Qolaversa, o‘sha paytda janubiy hududlarning bosh shahri bo‘lgan Sultoniyada amirzoda Shohrux Mirzo oilasida dunyoga kelgan zurriyodning xushxabarini baxtiyor bobo o‘zgacha xursandlik bilan kutib olgan, Mordin qal’asi fathida taslim bo‘lgan jami asirlarga emnu omonlik hadya etgandi. Keyinchalik ham hazrat shu nabirasi tarbiyasiga alohida e’tibor qildi. Uni ulug‘ malika Saroymulkxonim ixtiyoriga berdi, har jihatdan kamolga yetishi uchun otabeklaru sarkardalar, ulamoyu fozillarning eng yetuklarini mas’ul qilib qo‘ydi. Yurishlar davomida o‘ljalar qatorida kitoblar shu farzand uchun alohida saralandi, ular poytaxt Samarqandga jo‘natib turildi. Natijada, Mirzo Ulug‘bek uchun dunyodagi eng boy kutubxonalardan biri barpo etildi. Hali to‘rt yoshga to‘lmagan bolakayni bu ajoyib yurt bilan tanishtirish uchun Hindiston safariga olib ketdi. O‘trordagi so‘nggi lahzalarda ham bu dilband yonma-yon edi. Albatta, keyinchalik 40 yil taxtni boshqargan hukmdor, jahondagi sanoqli buyuk olimlardan birining muvaffaqiyatlarida bunday g‘amxo‘rliklarning salmoqli o‘rni bo‘lgani shubhasiz.
Dunyoda qozongan shuhrati jihatidan ko‘plab millatlar havas qiladigan Zahiriddin Muhammad Bobur 47 yillik qisqa umri davo mida shunchalik sarguzashtlarni boshdan o‘tkazdi, she’riyatda va ilmda shunchalik ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdiki, dunyo ahli hamon u erishgan yutuqlarning tagiga yeta olmaydi. Katta bir imperiyaga asos solgan (u Hindiston zaminida to‘rt asrga yaqin yashadi), o‘zi yangi alifbo yaratib, hatto Qur’oni karimni unda ko‘chirtirgan, betimsol harbiy islohotchi bo‘lgan zotning vaqt o‘lchovini yaratgani, mevali daraxtlarni mahalliylashtirgani va boshqa amallari bir taraf, «Boburnoma»dek shoh asar yaratgani bir taraf. Ilm ahli hamon bunchalik salohiyatli va samimiy memuarni bilmaydi.
Agar bu ro‘yxatni davom ettradigan bo‘lsak, shubhasiz, uning izidan ilm-ma’rifat homiysi, o‘zlari ham olim yoki shoir bo‘lgan buyuk hukmdorlarni eslashga to‘g‘ri keladi. Samarqand va Xuroson taxtini muttasil 50 yil boshqargan Shohrux Mirzo (1377–1447) har jihatdan ota – Sohibqiron mehrini qozondi (vido ayyomi – O‘trorning qorli tunini eslaylik. Hazrat zurriyodlaridan faqat uni qumsaydi: «Magar farzand Shohruxnikim, bu zamonda uni ko‘rmadim»). Uning davrida Xuroson davlati fan-madaniyat gullab yashnagan, farovon o‘lkaga aylandi, bu davr ko‘plab buyuk zotlarga ona bo‘ldi. Xuddi shuningdek, Hindiston tarixida yorqin iz qoldirgan Jalolidddin Muhammad Akbarshoh (1542–1605) 51 yillik hukmdorligi davomida bu mamlakatni bir bayroq ostida birlashtirdi, barqaror taraqqiyotni ta’minladi. Uning hukmronligi Boburiylar sulolasi oyining to‘lishgan yillari bo‘ldi.
Shubhasiz, Temuriylar haqida gap ketganda jahon tarixida kamyob hodisa – bu sulola vakillaridan oqila, tadbirkor, ilm-fan va san’at homiysi bo‘lgan ko‘plab ulug‘ ayollar yetishib chiqqanini e’tirof etish lozim. Ularning farzand tarbiyasi, oilani boshqarish, hatto davlat ishlaridagi ishtiroki benazir bo‘lgan. Tarjimayi hollari aqlni lol qoldiradigan tarzda voqealarga boy. Zebunnisobegim (1639–1702) davrining yetuk allomalaridan ta’lim oldi, shoira, olima, sozanda, xattot bo‘lib yetishdi. U haqda gap ketganda «Otasi Avrangzeb podsholikda erisha olmagan mavqega qizi aqli bilan erishdi» degan e’tirof bildirilgan. Jahonorobegim (1614–1681) taxtni boshqarishda otasi Shohjahonga dono maslahatlari bilan ko‘maklashdi, o‘zi ko‘plab jome masjid lari, karvonsaroylar, bog‘lar, arig‘larning barpo etilishida bosh-qosh bo‘ldi, «Risolai sohibiya» kitobini yozdi. (Shu yillarda betimsol Toj Mahal qurilgan). Gulbadanbegim (1523–1603) nodir shaxsiyati va «Humoyunnoma» asari bilan tarixda qoldi. Bobur Mirzoning suyukli farzandi har jihatdan kamolga intildi, yetti yil aziyat chekib, haj safarini ado etdi. Yoki Bobur Mirzo va Humoyun podshohning yaqin maslahatchisi bo‘lgan Xonzodabegim, shahzodalar tarbiyasida murabbiya, o‘rni kelganda saltanat yumushlarida o‘z maslahatlari bilan qatnashgan Saroymulkxonim, shu qatorda turuvchi Tuman oqa, Uljoy Turkon oqa va boshqa malikalarning hayoti saltanat tarixida o‘z izini qoldirgan. Gavharshodbegimning hayoti, qismati necha jildli kitobga mavzu bo‘ladi.
Bular hali hammasi emas. Bir oz oldin ketib, shu haqiqatni qayd etish kerakki, oq soch tarix hali bunaqa avlodlarning oltin zanjirini ko‘rmagan. Eng kamida bir viloyatni boshqargan yoki she’riy devon tuzgan o‘nlab Temuriylar madaniyat tarixida qoldi. 38-yil hukmronlik qilgan salohiyatli davlat arbobi, ham shoir va olim, shuning bilan birga ilm-fan homiysi Sulton Husaynning Alisher Navoiydek daho shoirga ko‘rsatgan himmati har qancha tahsinga loyiq. Shu yillarda yuzaga kelgan Hirot madaniy muhitida ko‘plab so‘z ahli, mug‘anniylar, rassomlar bo‘y ko‘rsatdiki, ularning bo‘yi yillar to‘fonini pisand qilmay, XX! asrda ham ko‘zga tashlanib turibdi. Bu ajdodlarimiz bilan bugun har qancha faxrlansak arziydi.
To‘g‘ri, biz keltirgan ro‘yxat yangilik emas. Hayratlanarlisi shundaki, tarixda nomi qolgan sulolaning istalgan vakili tarjimayi holi bilan tanishsangiz, dilingiz yayraydi. Shunda beixtiyor, deylik, dunyoviy adabiyot an’analarini davom ettirib, «Taashshuqnoma» dostonini yaratgan Saydi Ahmad yoki Sharafiddin Ali Yazdiyga homiylik qilib, besh yil davomida «Zafarnoma» asarini yozdirgan, Balx va Sheroz hokimi bo‘lgan Ibrohim Sulton (1394–1435) yoxud Hirot tasviriy san’at maktabining asoschisi, Firdavsiy «Shohnoma»si mukammal nusxasini tayyorlab, so‘zboshi ilova qilgan, viloyatlarni boshqargan, otasi Shohrux hukmronligi davrida moliya vaziri bo‘lgan Boysung‘ur Mirzo (1397–1433) faoliyati zamirida qanday sinoatlar yashiringan, ularning kamolga yetishi qanday kechgan, degan andishaga borasiz. To‘g‘ri, bu avlod vakillari safida Sulton Abusaid, Sulton Husayn, Xalil Sulton, Avrangzeb singari murakkab taqdir egalari, «charxi kajraftorning shevalari»ga uchganlar, ba’zan o‘zini yo‘qotgan zotlar ham bor, biroq istisno shundaki, ular erishgan daraja ham o‘sha holida uncha-buncha kishiga nasib etavermaydi. «Qochgan ham xudo deydi, quvgan ham» deganlaridek, bu «besh kunlik dunyo»da podshoh bo‘lmasang ham podshohdek yashashni kim xohlamaydi axir?! Aslida, ommaning darajasidan bir kalla ko‘tarilish ham ulug‘lik.
Xullas, Temuriylar qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar, ularning shon-shavkati bu tilsim ustida o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. Albatta, bunday yuksaklikning bosh sababi inson qobiliyatlarini yuzaga chiqaradigan mu’tadil muhit yaratilganidadir. Bu yumushning boshida, shubhasiz, o‘z qudrati, talabchanligi, o‘rni kelganda mehri va qahri bilan Sohibqiron Amir Temur turganidadir. Hazrat tajribasi va salohiyati bilan shunday tutumga asos soldiki, u necha yuz yillar osha tarovatini yo‘qotmay, asil insoniy fazilatlarga doya bo‘ldi, undan bahra olganlar insoniyatning eng obro‘li vakillari bo‘lib tarixda qoldilar. Yana o‘sha jo‘n, biroq jozibali haqiqat yodga tushadi: hamma yaxshiliklar OILAda shakllangan edi. Bu dalilning sirini ochish uchun esa necha jild kitob ko‘rish va shuncha kitob yozish kerak bo‘ladi.
Ehtimol, orzudir yoki amalga oshirgan xayrli ishlarining kelajagiga komil ishonchdir, bobokalon «Temur tuzuklar»ida o‘ktamlik bilan shunday deb qayd etgan ekanlar: «Mamlakatlarni fath etuvchi baxtli farzandlarim va jahonni idora etuvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinki, Tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzandlarim, avlodu zurriyotim saltanat taxtiga o‘tirib, olam ellarini boshqargay…». Haqiqatan ham shunday bo‘ldi, bunga tarix guvoh. Demak, Sohibqiron o‘z yo‘lining to‘g‘riligiga avval boshdanoq ishongan va bu haqiqatni tan olmaslik mumkin emas. Zero, uning isboti uchun o‘nlab buyuklar saf tortib turibdi. Hazratning sharafi uchun ular himoyaga shay, demak, Amir Temur yolg‘iz emas. Bu zot haqida mulohaza yuritganda ham uning baxtli avlodlarini yodda tutish shart.
TEMURIYLAR
«Zafar yo‘li» deb nomlangan va Amir Temur Ko‘ragonning tarjimayi holi, deb atalgan (aslida, Sohibqiron haqidagi xalq hikoyalariga ko‘proq o‘xshab ketadigan) kitobda (Toshkent, «Nur», 1992) shunday voqea keltiriladi:
«Bir kun otam amir Tarag‘oy amir Kulolning oldiga borgan edi, u otamga debdi:
– Olloh senga Temurdek o‘g‘il bergani bilan seni muborakbod etamiz.
Keyin u otamga bir hovuch bug‘doy bilan mayiz beribdi. Otam ularni sanasa, hammasi uch yuz yetmish dona ekan.
Amir otamga debdi:
– Ana shu son sening avlodlaringning sonini bildiradi» (34-bet).
Pir yana Temurning dunyoga hokim bo‘lishini, uch yuz yetmish avlodi yuksak qudrat kasb etib, shundan yetmish nafari podshohlik darajasiga yetishini bashorat qiladi.
Shuningdek, Rasululloh Sohibqironning tushiga kirib, deydi:
– Olloh mo‘jizakordir: endi sening yetmish avloding hokim bo‘ladi (58-bet).
«Temur tuzuklari»ning ikkinchi kitobi shunday ulug‘vor niyat bilan boshlanadi: «Mamlakatlarni fath etuvchi baxtli farzandlarim va jahonni idora etuvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinkim, Tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzandlarim, avlodu zurriyotim saltanat taxtiga o‘tirib, mamlakatlarni idora etgay…»
Darhaqiqat, taqdir bu porloq orzularni ijobat etdi. Hazratning tavallud sanasi – 1336-yildan to Hindistonda hukmronlik qilgan avlodining so‘nggi vakili – Bahodirshoh II vafoti – 1862-yilgacha–526-yillik tarix suronlarida turli darajada mazkur sulola nomi qayd etib turildi. Bu hol uzluksiz takrorlandi, balki uzilishlar bilan mazkur oltin silsila yana davom etgandir – axir XIX asrda Qo‘qon xoni amir Umarxon ham devoniga yozgan debochasida (u «Amiriy» taxallusi bilan ijod qilgan) o‘zini shu naslga mansub ekanini qayd etgan. Yoki Pokis tonning sobiq Bosh vaziri Benazir Bxutto o‘zining Bobur avlodidan ekanini eslatgan.
Qo‘ldagi naqd dalillar asosida mulohaza yuritganda esa bir daraxt zaminda tomir yozib, dunyoning to‘rtdan uch qismiga tarqaldi, bu daraxtning shoxlarida bo‘liq mevalar yetilib, odamzod naslining buyuk ehtiyojlarini mukammal qondirdi. Agar bu daraxt amal qila boshlaganida insoniyat yarim yovvoyilik davrini boshidan kechirayotgan – ko‘chmanchilik amalda bo‘lgan, urug‘-qabilachilik saqlanib turgan, daraxt barq urib yashnash bosqichini boshidan kechirib, xazon fasliga kirganda oykumena tarixida buyuk o‘zgarishlar sodir bo‘lgan, ijtimoiy taraqqiyotda (o‘sha zamon istilohi bilan aytganda) kapitalistik munosabatlar joriy bo‘lgan, iqtisodiyotda mexanizmlarga asoslangan texnika davri – sanoat industriyasi paydo bo‘lgan edi – odamzod badaviylikdan qutulib, to‘la madaniy darajaga erishgandi. Ana shunday teran mazmunni mujassamlashtirgan Temuriylar sulolasining ot surgan yillari o‘zining olmos qirralari bilan hamon tadqiqotchilarni maftun etib kelmoqda.
Yana bir naqd haqiqat shuki, rostdan ham o‘sha sohir tilaklarda bayon qilinganidek – pir bashorat qilgan, tushda ayon bo‘lganidek, olis tarix silsilasida bu avloddan yetmish, balki shunga yaqin nafardagi zotlar hukmronlik qildilar. Ularning (hukmronlarning) har biri alohida, takrorlanmas taqdir egalari bo‘lganiga esa tarixiy dalillar guvoh.
Shubhasiz, bu cho‘qqining boshida hazrat Sohibqiron Amir Temur turadi. Ulug‘ nahrlarga doya bo‘lgan oydin bir chashma (oynabuloq) muqaddas hisoblanadi. Sohibqironning muborak shaxsi ham bu silsilada chin ma’nosi bilan muqaddasdir.
Taqdir bundan keyingi rutbani baxtli farzandlar – Temurbekning o‘g‘illariga nasib etdi. Ular buyuk saltanatni o‘rab-qo‘rg‘alab turgan yoki sharaf tojini boshga ko‘targan to‘rt ustun misoli edilar.
Muhammad Jahongirning bo‘y ko‘rsatishi Sohibqironga beqiyos kuch ato etgan edi. Uning shiddati, tal’atida o‘z umrining davomini ko‘rgan edi. Jahongirning to‘ng‘ich farzandi Muhammad Sultonda juvonmarg bo‘lgan umidlar qayta bo‘y ko‘rsatdi… Afsuski, qazoi qadar boshqacha hukm o‘qidi – ular dunyoni juda erta – biri 21, ikkinchisi 28 yoshda tark etdilar.
Umarshayx Mirzo safga kirgach, ota ishonchini to‘la oqladi. Hinduvon qal’asi zabtida tovonini teshib o‘tgan nayza og‘rig‘ini pisand qilmagan 15 yoshli o‘smir keyinchalik Farg‘ona muzofotini boshqarganda ham, Forsda hukmronlik qilganda ham matonatli va istiqbolli farzand ekanini ko‘rsata oldi. Nadomatlar bo‘lsinki, pistirmadan otilgan o‘q hali 40 yoshga to‘lmagan saltanat tayanchini qulatdi.
Garchi dilovarlik va jur’atda hech kimdan kam bo‘lmagan esa-da, Mironshoh Mirzo otdan yiqilishi oqibatida orttirgan dardining asoratini bir umr yengolmadi. Taskin beradigan tomoni shundaki, uning avlodi Temuriylar tarixida eng uzoq umr ko‘rdi. Zahiriddin Muhammad Bobur uning sharafli nabiralaridan biri edi.
Fe’l-atvorda va e’tiqodda bobosi Muhammad Tarag‘oyni eslatadigan Shohrux Mirzo muqaddas tushunchalarga alohida sadoqati bilan nom chiqardi, bosiq-vazminlik bilan Xuroson taxtini 50 yil boshqardi. Uning hukmronligi davrida Hirot saltanatning gullab-yashnagan ikkinchi markaziga aylandi.
Agar bugungi mezonlar bilan baholaydigan bo‘lsak, umuminsoniyat e’tirofi nuqtayi nazaridan bu oliy maqomga yaqinlashib qolgan boshqa Temuriyzodalar ham yetishib chiqdi. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘oy) va Zahiriddin Muhammad Boburning shuhratini dunyoning qaysi burchagida tan olishmaydi?
Yoki saltanat yuritish bobida Sulton Husayn Mirzo va Jaloliddin Muhammad Akbarshoh bu tarixda alohida sahifa ochdilar, deb aytish mumkin. Sulton Husaynning 38 yillik hukmronligi davrida Xuroson gullab-yashnagan o‘lkaga aylandi, madaniyat, ilm-fan taraqqiy topdi. Ayniqsa, bu davr Mir Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkori voyaga yetgani va ijod qilgani bilan qadrli. Bobur Hindistonda tamal toshini qo‘ygan saltanatning munosib davomchisi Akbarshoh o‘zining qariyb 50 yillik hukmronligi davomida buyuk imperiyani yuzaga keltirdi. Bu yurt tarixini nurli sahifalar bilan munavvar qildi. Uning davri Boburiylar hukmronligining eng to‘lishgan fasli bo‘lib qoldi.
Iqtidor va salohiyat haqida gap ketganda, albatta, Nosiriddin Humoyun podshoh (Humoyun)ni alohida qayd etib o‘tish joiz. Bobur faoliyatining davomchisi sifatida u Hindistondagi saltanatni saqlab qola oldi, ukalarining qarshiligini bostirib, davlatni qayta tikladi. Shuningdek, o‘zi ham shoir va olim bo‘lgan Humoyun ma’naviy taraqqiyotga jiddiy e’tibor berib, rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqdi.
Hindiston tarixida xuddi shunday tarzda ish yuritgan podshohlarning yana biri – Shohjahon (shahzoda Xurram) bo‘ldi. Uning davrida ulkan qurilish ishlari amalga oshirildi, shu davrda mashhur Tojmahal obidasi tiklandi.
Aytish mumkinki, bu avlod vakillarining har biri o‘ziga xos bir olam hisoblanib, takrorlanmas fe’l-atvorga, sa’jiyaga ega bo‘lganlar. Jumladan, Abusaid Mirzoning o‘ziga xos tarjimayi holi bor. Donishmand va jasur bo‘lgan bu inson o‘z o‘rnida shafqatsizligi bilan tarixda qolgan. U o‘z jiddu jahdi bilan Movarounnahr va Xurosonni bir tug‘ ostida birlashtirishga erishadi, shu bilan birga, boshqa Temuriy shahzodalarga qarshi ayovsiz kurash olib boradi. Ularning ko‘plarini qatl etadi. O‘sha zamon tarixchilari Sulton Abusaid haramida 35 nafar malikalari bo‘lganini, ulardan 25 o‘g‘il, 34 qiz ko‘rganini qayd etadilar (Sulton Husaynda – 12, 21, 17), bu jihatdan ham u tengsiz bo‘lgan. Abusaidga xos keskinlik, shafqatsizlikni keyinchalik Avrangzeb (Abuzafar Muhiddin Muhammad Olamgir) namoyish etgan. U otasi Shohjahonni uy qamog‘iga tashlaydi, akasi Doroshukuhni qatl etadi. Boshqa akasi Shohshuj’ani badarg‘a qiladi, ukasi Murodbaxshni ham mahv etadi, qizi Zebunnisobegim ham uning g‘azabidan chetda qolmaydi.
Shubhasiz, bunday fe’l-atvor kamyob hodisa bo‘lgan. Umumiy manzara esa jami Temuriylarning ilm-fan, san’at homiysi ekanligida ko‘rinadi. Eng murosasiz muarrixlar ham ularni yaratuvchi, bunyodkor, ijodkor sifatida tilga oladi. Tasavvur qilish mumkinki, saroyda o‘ziga xos tarbiya muhiti shakllangan, shahzodalar kamoloti uchun eng yetuk olimlar, tajribali lashkarboshilar, oqil va donishmand shaxslar safarbar qilingan. Shu tufayli ular barkamol bo‘lib voyaga yetgan. Aksariyati shoir, olim va san’at ahli sifatida tarixda qoldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Temuriylar davrini ulkan bo‘stonga qiyoslash mumkin: gul lar, chechaklar ochilgan, bog‘lar gullab-yashnagan, oliy imoratlarda to‘kin va farovon hayot davom etadi…
Ana shunday bo‘ston quchog‘ida malikalarning o‘z o‘rni bo‘lgani tayin. Tarix kitoblarida Saroymulk xonim (Bibixonim «Begimxonim» emasmikan?)ning zukkoligi, Tuman og‘oning go‘zalligi ko‘p qayd qilingan, shu bilan birga ular yosh shahzodalarning oqila murabbiyalari ham bo‘lishgan. Gavharshodbegimning hayoti – bir kitob bo‘lishga arzigulik. Xadichabegimning Hirot muhitidagi o‘rni-chi? Gulbadanbegim (otasi – Bobur) hech mubolag‘asiz bu shonli tarixda nurli iz qoldirdi. Jahonorobegim (otasi – Shohjahon) obodonchilik ishlariga homiylik qilish, «Risolai sohibiya» kitobini yozish bilan birga, komila farzand sifatida ham nom qoldirdi. Zebunniso begim (otasi – Avrangzeb) haqida o‘sha davrdayoq «otasi podshohlik bilan erisha olmagan shon-shuhratga qizi ilmi bilan muyassar bo‘ldi», deb yozishgan.
Umuman, bu avlod vakillari o‘z faoliyatlari bilan inson aqli, tafakkuri, his-tuyg‘usi qanday chegaralarni zabt etishi mumkinligini amalda ko‘rsatdilar. Hatto, ularning ko‘plari erishgan natijalar zabt etib bo‘lmas darajada yuksak sanaladi.
Fikrlarning oddiy oqimidan tabiiy bir savol yuzaga chiqadi: xo‘sh, ana shunday mukammal suratga va siyratga ega bo‘lgan avlod yaratgan saltanat tarix sahnasida ko‘p yashadimi, kam yashadimi? Ya’ni ular umrguzaronlik qilgan yillar o‘z salohiyati darajasida edimi? Ularning taqdirini «zavol» deb atasa bo‘ladimi? Savollar turlicha bo‘lmasin, nishonga olingan nuqta bitta: inqirozning sababi nima?
Bu savol atrofida, shubhasiz, juda ko‘p muhokamalar bo‘lgan va bu jarayon hamon davom etishi tabiiy. Javobni esa juda jo‘n ifodalash ham mumkin: har qanday ibtidoning intihosi bor-da!
Tarixning otasi Gerodot esa o‘z vaqtida shunday yozib qoldirgan ekan: «Millatlar (xalqlar) tarixida uch bosqich kuzatiladi: muvaffaqiyat, muvaffaqiyat tufayli – manmanlik va adolatsizlik, shundan keyin kutilgan oqibat sifatida – inqiroz».
Bu uch bosqichni ba’zan shitob bilan o‘n yilda bosib o‘tish mumkindir. Negaki, g‘alabadan so‘ng qancha tez manmanlik va adolatsiz lik voqe’ bo‘lsa, inqiroz kutdirmay kelib qolishini mantiqiy muhokama ko‘rsatib turibdi.
…Temuriylar saltanati barq urgan yillarda yurtdagi osoyishtalik, farovonlik, raqiblar ustidan qozonilayotgan muntazam g‘alabalar boshni aylantirib qo‘ymasligi mumkin emasdi. Shu tufayli zeb-ziynatga, maishatga zo‘r berilgani tarixlarda qayd qilingan. Jumladan, 1507-yilda Sulton Husaynning ta’ziyasiga borgan Zahiriddin Bobur Hirotda shunday manzara ustidan chiqadi va taassuf bilan qayd etadi: «Bu mirzolar agarda suhbat va suhbatoroyliqda va ixtilot va omizishta tavre edilar, vale sipohiylik rev va rangidin yiroq va mardonalik va jang-u jadaldin qiroq edilar». Ha, mo‘jizavor pishirilgan g‘oz go‘shtini burdalashga usta, chog‘ir tutishda mohir nozik qo‘llar qilich sopini ushlashdan ojiz edilar, holbuki, ashaddiy yov – Shayboniylar bu paytda Amudaryodan o‘tib, poytaxt ostonasiga yaqinlashib qolgandilar.
Ana shunday noqobillik bir omil bo‘lgan esa, davlatni idora qilishdagi boshboshdoqliklar, o‘zaro nizolar va urushlar jarayonni yanada tezlashtirgan. Nafsilamrini aytganda, Sulton Husaynning vafoti (1506)dan so‘ng saltanatning so‘nggi qo‘rg‘oni – Hirot mudofaasini tashkil eta oladigan dovyurak yo‘lboshchi topilmaydi. Holbuki, bunday so‘nggi najot elchisi bo‘lishga arziydigan shahzodalar – qisqa umrida hammaning e’tiborini qozongan mirzolar ko‘plab tug‘ilgan edi. Ular turli fitnalar tufayli (balki ataylab) o‘ldirib yuborilgan edi. Keyingi paytda Temuriylar bayrog‘ini baland ko‘tara olishi mumkin bo‘lgan, biroq bemavrid qatl etilgan va o‘ldirilgan ba’zi Temuriyzodalarni eslatib o‘tamiz.