Электронная библиотека » Хаким Сатторий » » онлайн чтение - страница 11


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 18:00


Автор книги: Хаким Сатторий


Жанр: Исторические приключения, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 11 (всего у книги 17 страниц)

Шрифт:
- 100% +
«SO‘ZIMDAN ANGLA O‘ZIMNI»
Sohibqiron Amir Temur hazratlari shaxsiyati yuzasidan mulohazalar
 
Har vaqtiki ko‘rgaysen mening so‘zumni,
So‘zumni o‘qub, sog‘ingaysen o‘zumni.
 
Bobur

Buyuk bobokalonimiz hayotini mufassal o‘rgangan va mukammal tarixiy-biografik asar «Zafarnoma»ni yaratgan Sharafuddin Ali Yazdiy bir o‘rinda ul buyuk zot haqida shunday yozgan ekan: «…hazrat Sohibqiron shunday bir mulk (podshohlik, hukmdorlik) egasidir ki, u farishtalarning Ollohga murojaat etib, «Buzuqchilik qiluvchi va qonlar to‘kuvchi kimsani yaratasanmi?» savoliga javoban Parvardigorning «Men yerda bir xalifa (o‘rinbosar, vakil) yarataman» degan inoyatiga karomat qilingan sarvar (etakchi, yo‘lboshchi)dir. Unga o‘zining oldindan bilish va ko‘rish fazilati tufayli bahri barr (suvlik va quruqlik)da egalik qilishga qudrat berilgan».

Menimcha, bu e’tirof sharafli ajdodimiz sha’niga aytilgan jami sifatlarni o‘zida qamrab oladi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur o‘z davridayoq barcha doiralarda «Sayf ul-Olloh» («Ollohning qilichi»), «Sayf ud-din» («Dinning qilichi») deb ulug‘langan edilar.

Shubhasiz, ana shunday muhtasham va mahobatli zotning shaxsiyati (o‘ziga xos bo‘lgan tashqi va ichki olami) zamonlar osha afkor ommani qiziqtirib kelgan. Shu qiziqish hosilasi o‘laroq ko‘plab afsonalar, rivoyatlar yaratilgan. Garchi ularda jindak haqiqat unsurlari bo‘lsa-da, sharqona xayolot va uydirmalar ila pardozlanganidan ularni tarixiy dalil sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Bu hikoyatlar bobokalonimiz haqida u yoki bu darajada tasavvur berishi mumkin.

Agar masalaga aniq nuqtayi nazardan yondashiladigan bo‘lsa, uning muammoli, murakkab va chigal tomonlari ko‘pligi ma’lum bo‘lib qoladi. Bu holatni o‘sha zamon tarixchilari ham, hozirgi zamon tadqiqotchilari ham qayd etganlar. Bu, avvalo, Shaxs fe’l-atvorining faqat o‘ziga xosligi, boshqa biror zotga o‘xshamagan ichki dunyosi va faoliyati (uning kamyobligi va yagonaligi ham shunda), o‘z to‘pidan balanddaligi hamda yuksakligi bilan o‘lchanadigan nodir xususiyatlari orqali belgilansa, ikkinchi tarafdan, zamondoshlarning Sohibqironning maishati, did-sa’jiyasi, shaxsiy turmush tarzi va boshqa ichki o‘ziga xos tomonlari haqida maxsus yozib qoldirmaganlari bilan izohlanadi. Balki u davrlarda bunday tadqiqotlar yaratish urf bo‘lmagandir yoki hech kim jazm qilmagandir yoxud hamon o‘shanday asarlar asrlar g‘ubori ichra ko‘milib yotib, hozirgacha topilmagandir. Bu tarix kashfiyotiga haddan tashqari qiziqqan sho‘ro tadqiqotchilari ham hatto qo‘lga ilinadigan dalillarga kam duch kelganlar chog‘i M. Gerasimov 1947-yilda «Biograflar uning buyuk yurishlarini tasvirlashda jami ranglardan foydalanganlar-u, tashqi ko‘rinishi yuzasidan juda kam ma’lumot qoldirganlar. Borlari ham ziddiyatli va mavhum», deb yozg‘irgan ekan.

Shaxsiyat bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘sha davr asarlarida yaxlit holda emas, sochma tarzda uchraydi. Sohibqiron bilan yuzma-yuz uchrashgan Ibn Xaldun, Klavixo, Ibn Arabshoh, Ioan va boshqalar, shuningdek, bobomizning zamondoshlari o‘z xotiralarida ul zotning tashqi ko‘rinishini yo‘l-yo‘lakay tasvirlaganlar, saroyning maishiy hayoti (asosan, ziyofatlar bahonasida) yuzasidan dalillar keltirganlar, biror aniq voqea munosabati bilan hazratning ruhiy holati (shodligi, g‘am-g‘ussasi, g‘azabi)ni qayd etganlar. Atrofda kechgan buhronli hayot, keskin vaziyatlar inson va harbiy lashkarboshi, davlat arbobi va ilm-fan, san’at homiysi sifatida faxrli ajdodimizning shaxsiy fazilatlari haqida mulohaza yuritishga izn beradi.

Bir holni istisno qilish kerakki, Amir Temur davrining buyuk voqeasi edi va bugungi nazar bilan aytganimizda, necha yuz yillar taqdirini hal qiluvchi shiddatli o‘zgarishlar hayotining har bir lahzasida paykon o‘qlaridek uning tegrasida shuvillab uchardi hamda, ne saodatki, o‘shanday tahlikali damlarda ham chaqmoqdek Aql to‘g‘ri yechimlar topishdan adashmagan edi. Bobomiz shaxsiyatidagi jami unsurlar o‘sha Buyuk Aqlga xizmat qilgan va zamon so‘roqlariga asrlar taqdirini belgilab bergan to‘g‘ri javoblar topilgan. Bu mavqe shunchalik balandki, uning mohiyatini «Buyuk Temur» deb atalgan ikki ramziy so‘z nisbatan ifodalashi mumkin va bu cho‘ng haqiqat qarshisida Shaxsga berilgan jami ta’riflar nisbiy bo‘lib qolaveradi.

Shu aqidani e’tirof etib, qayd qilish lozimki, Sohibqiron vasfi o‘z davrining daholari qalami ila kuylanmasligi mumkin emas edi. Bu borada, haqiqatan, davomli (uzluksiz) zanjir mavjud. «Zafarnoma»ning muallifi Sharafuddin Ali Yazdiy to‘rt yoshli bolakay Alisherni manglayidan o‘pib, yorug‘ iqbol tilagan chol-da. Alisher Navoiy ijodida bu muborak mavzuning aks etmasligi yoki xira aks etishi mumkin emas. Hozircha biz daho shoirimizning Sohibqiron haqida «… agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar…» deb boshlanuvchi izhorini aksariyat takrorlaymiz. Binobarin, so‘z sultoni nafis adabiyotga bag‘ishlangan maxsus asarining ijodkor Temuriy shahzo dalarga atalgan alohida faslini ixlos va ehtirom bilan Sohibqiron nomi bilan boshlaydimi, demak, buning zamirida teran mehr yashirin. Shoir ijodida bu buyuk zot timsoliga ko‘p bora murojaat qilgani shubhasiz. Oddiy bir qayd. Farhod obrazini ko‘p tadqiqotchilar Navoiyning ideali, hatto o‘zining timsoli, deb talqin qiladilar. Ana shu suyukli qahramon sevgilisi Shirinning yurti Armanistonda tog‘ qazib, ariq o‘tkazadi. Obodonchilik ishlarini amalga oshiradi. Tarixda shunday ish qilgan bizning biror qondoshimiz bormi? Bor. Bu – Amir Temur hazratlari. Sohibqiron Tog‘li Qorabog‘da bir necha qishni o‘tkazgan. Bu zaminda ariq («Barlos arig‘i») qazib, ko‘plab oliy inshootlar barpo etgan. (Bu yog‘ini sharhlash muhtaram adabiyotshunoslarimizga havola). Yoki Temur Malik, Najmiddin Kubro, Sulton Jaloliddin va boshqalar boshlagan ozodlik kurashini kim oxiriga yetkazdi?! Sind daryosi bo‘yida shafqatsiz tahqirlangan, lekin irodasi bukilmay kurashni davom ettirgan va bu yo‘lda mahv bo‘lgan Sulton Jaloliddinning orini dushmandan kim oldi? Albatta, Amir Temur hazratlari! Masalaga yondashuvda ana shunday keng miqyos talab etiladi.

Shubhasiz, Sharq osmonining porloq yulduzlaridan biri, Sohibqironning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zurriyoti Zahiriddin Muhammad Bobur va avlodlari tarjimayi holida shavkatli bobokalonlarining shukuhi aks etmasligi mumkin emas edi. «Boburnoma»da muallif faxr bilan «Temuriya salotini dasturi bila to‘shak ustida (ya’ni taxtda) o‘lturur edim», deb yozgandi. O‘g‘li Muhammad Humoyunga bitgan xatida, «Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi», deya ta’kidlagandi. Bulardan tashqari ham asarda hazratning muborak nomi ko‘p bora tilga olinadi.

* * *

Ma’lumki, memuar asar yozish an’anasini Amir Temur hazratlari boshlab berdilar. «Temur tuzuklari» shavkatli otaning farzandlarga yo‘l-yo‘rig‘i, hayotiy dasturidir. «Boburnoma» «Temur tuzuklari»ning mantiqiy izdoshi, davlat arbobi va sarkarda izhorining dilbar shoir qalbi nafosati bilan orolangan, mukammallashgan shaklidir. Al batta, «Temur tuzuklari» Sohibqiron shaxsiyatini o‘rganishda tayanch manba hisoblanadi. «Boburnoma»da esa muallif ko‘plab zamondoshlari haqida ipga tizilgan marjondek aniq-tiniq ma’lumotlar bergan. Bu jihatdan Bobur Mirzo tanlagan uslubni tan olmasdan iloj yo‘q. Biz ham, avvalo, tayyor an’analarni iste’foda etish, keyin esa avlodlarning o‘zaro mehriga qulluq qilgan holda Sohibqiron hazratlari shaxsi haqidagi qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni «Boburnoma» uslubida bayon etishga ahd qildik. Beg‘araz sa’y-harakatlarimiz ochiq ko‘ngillik bilan qabul qilinadi, deb umid qilamiz.

«Boburnoma»da muallif o‘z taqdiri (asosan, taxtni qo‘lga kiritish va saltanat yuritish)ga bevosita aloqador bo‘lgan Temuriylardan Sulton Ahmad va Sulton Mahmud (otasining akalari), Boysunqur Mirzo (Samarqand taxtini undan olgan)lar hamda Sulton Husayn (Boyqaro) Mirzoni har tomonlama tavsiflaydi. Ularning har birining 1) valodat va nasabi; 2) shakl va shamoyili; 3) axloq va atvori; 4) masof va urushlari (masoflari); 5) viloyoti; 6) avlodi; 7) xavotin va sarori; 8) umarosi (amirlari); 9) sudur (boshliqlari); 10) vuzaro (vazirlari); 11) shuaro (shoirlari)ga mufassal ta’rif beradi (9–11 toifalar Sulton Husayndagina mavjud. Boysunqurda 1–4 toifa). Izohlarning lo‘nda, aniqligi, ifodaning yorqinligi kishini lol qoldiradi. Shaxslarning bo‘y-basti, kiyimi, e’tiqodi, harbiy hayoti, oilasi, farzandlari muxtasar qayd qilib o‘tiladi.

Albatta, Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatining ko‘lamidan kelib chiqilsa, Bobur qo‘llagan 11 bandning har biri yuzasidan to‘la kitob yozish mumkin. Qolaversa, hazratning valodat va nasabi (1), masof va urushlari (4), viloyoti (5), avlodi (6), xavotin va sarori (7) yuzasidan shu satrlar muallifining «Hazrat Sohibqiron» (2005-yil) va «Oltin silsila» (2006-yil) kitoblarida va boshqa asarlarda imkon darajasida hikoya qilingan. Demak, bu gal nisbatan kam e’tibor qaratilgan jihatlarga baholi qudrat to‘xtalib o‘tamiz. Bunda qo‘limizdagi manbalar bizga hamdast, hampoya bo‘ladi.

* * *

Shakl va shamoyil. O‘z zamonasida «Arab dunyosining shayx ur-raisi», «mashriqu mag‘rib tarixining bilimdoni» deb ulug‘langan Valiuddin ibn Xaldun Sohibqironni 65 yoshligida ko‘rishga muyassar bo‘lgan. Uning ta’rifi quyidagicha: «Temur baland bo‘yli, qomatdor, boshi katta, keng peshonali kishi edi. Jismonan nihoyatda kuchli, badani oq, yuzi qizil, barmoqlari yo‘g‘on edi. Soqoli hilpillab turardi. Bir qo‘li nogiron, o‘ng oyog‘i kalta, nigohi chaqnoq, ovozi jarangdor edi. Temur o‘lim vahimasi nimaligini bilmay, ma’naviy va jismoniy kuchini to‘la saqlagan holda yetmish yoshga kirdi». («Курьер ЮНЕСКО», 1966-yil, № 6).

Ibn Arabshoh (1389–1450) aniq dalillarga, balki o‘z ko‘rganlariga asoslanib, Sohibqironning suratini shunday chizadi: «Temur baland qadli, uzun bo‘yli, tik qomatli, u go‘yo qadimiy amolika (pahlavonlar) avlodidan bo‘lib, keng peshonali, katta boshli, g‘oyatda kuchli va salobatli, ajoyib bo‘lalik, rangi oqu qizil yuzli, lekin dog‘siz, bug‘doyrang emas, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol, o‘ng oyoq-qo‘li nogiron, ikki ko‘zi bamisoli ikki sham bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, yo‘g‘on ovozli edi: u o‘limdan qo‘rqmas, yoshi saksonga ketayotgan bo‘lsa-da, iztirobsiz, vazmin, badani to‘la va pishiq, xuddi zich tosh misoli qattiq edi».

Ko‘rinib turibdiki, ikkala shohidning ta’rif-tavsifi bir-biriga yaqin, ularni o‘qigach, ko‘z oldimizga bo‘yi 2 metrdan kam bo‘lmagan, mukammal qomatli pahlavon gavdalanadi. Garchi 26 yoshida olingan jarohat asari gavdaning o‘ng tomonida qolgan bo‘lsa-da, qo‘l me’yorida ishlagan, faqat o‘ng yelka biroz past bo‘lgan. «Temur viqor bilan otda o‘tirganda bu nuqs aslo sezilmas, aksincha, chap yelkaning balandligi unga o‘zgacha salobat bag‘ishlardi», deb yozadi tarixchilar.

* * *

Axloq va atvor. Barcha darajadagi muarrixlar hazratning e’tiqodda komil ekanligini faxr bilan qayd etganlar. Bolalikdan islomiy muhitda ulg‘aygan Sohibqironning ustoz va pirlari jamisi hanafiya mazhabida bo‘lib, o‘zi ham shu mazhabda edi va barcha harakatida hanafiya talablariga amal qilgan. O‘ziga ma’naviy pir sifatida sayyidzoda Sayyid Barakani va xurosonlik Zayniddin Tayobodiyni tanlagan edi. Shayx Shamsuddin Kulol oilaning yaqin kishisi va piri bo‘lib, hazratga ism qo‘ygan hamda yorug‘ kamolidan bashorat qilgan edi.

Bobomiz garchi faoliyatida siyosat va dinning mavqeyini aniq tayin qilgan, ularni aralashtirib yoki qo‘shib yubormagan bo‘lsa-da, dindorlarga chuqur hurmat bilan qaragan, ularning maslahatlariga quloq tutgan. Umrlari bo‘yi diniy avliyolar, ulamolarning ravzalarini obod qilishga katta e’tibor bergan (jumladan, Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy qabri ustiga mahobatli bino qurishni amr etgan). O‘zi ham diniy arkonlarga to‘la amal qilgan. Safarlar asnosida har doim o‘g‘ruqda ko‘chma yog‘och masjid olib yurilgan. Sohibqironning bu boradagi tamoyilini o‘z so‘zlari bilan bunday ifodalash mumkin:

«O‘z davlatim va saltanatimga bog‘lagan mening birinchi tuzugim shulkim, Tangri taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Har yerda va har vaqt islom dinini qo‘llab-quvvatladim».

Madrasa tahsilini olgan, o‘z davrining yetakchi olimlarini suhbatdosh tutgan Sohibqiron bobomizning urfoniy salohiyatlari naqadar ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Adabiyotdan qanchalik boxabar ekanligini Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois»da keltirgan hikoyasi orqali bilamiz. O‘shanda vahimaga tushib, Qur’on tilovatiga jahd qilgan kishiga qarata aytilgan «Abdol zi biym chang bar «Mushaf» zad» (Gunohkor qo‘rqqanidan Qur’onga chang soldi) misrasi 967–1049-yillarda yashagan fors shoiri Abusaid Abulxayrning ruboiysidan ekan.

Yana Mahmud Shabistariy (1287–1320) degan shoirning «Gulshani roz» dostonini yoqtirib qolib, boshidan oxir yodlab olgani, Tabriz yaqinidagi Shabistar qishlog‘i ahliga mukofot in’om etgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Yoki hazratning Hofiz Sheroziy bilan muloqoti juda eslanadigan voqea.

Halabda (bu shahar davrining ilmiy markazi sifatida e’tirof etilgan edi) olimlarni to‘plab munozaraga kirishgan Sohibqiron ularga turli masalalarda murakkab savollar bilan murojaat etadi. Jumladan, hazratning «Jangda ikki tarafdan ham odamlar qurbon bo‘ladi, ular ning qay birlari shahid sanaladilar?» singari savollariga javob berishda ulamolar ancha qiynaladilar.

Damashqda muttasil 35 kun muloqotda bo‘lgan Ibn Xaldun bilan turli mavzularda munozaralar olib boradi. Xususan, Bobil hukmdorlari «Navuxodonasar II va Buxtannasar haqidagi bahsda Sohibqiron olimdan ustun keladi.

Bobokalonimizning yorqin zakovatidan darak beruvchi bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Tarixiy dalillar hazrat Sohibqironning hayotsevar inson bo‘lganligini tasdiqlaydi. Go‘zallikdan zavqlanish, odamlarning shodlik damlarini qadrlash va uni uzaytirishga intilish, xursand odamga qo‘shilib xursand bo‘la olish saltanat yuritish davomida ko‘plab tadbirlar tashkil qilinganida uyg‘unlashgan. Sohibqiron farzandlarining sunnat va uylanish to‘ylarini alohida tayyorgarlik bilan yuqori ko‘tarinkilikda o‘tkazgan. Shunday damlarda gunohkorlar avf qilingan, odamlarga hadyalar ulashilgan. Shuningdek, harbiy yurishlarda qozonilgan g‘alabalar ham munosib nishonlangan, janglarda jasorat ko‘rsatgan lashkarboshilar, bahodirlarni Sohibqiron o‘z dasturxoniga taklif qilib, o‘z qo‘li bilan iltifot ko‘rsatgan, ularga otalik, ustozlik mehrini namoyish etgan. Bunday munosabat ularni va boshqalarni yangi jasoratlarga ilhomlantirgan.

Xullas, bobokalonimiz o‘z fe’l-atvori bilan bag‘ri keng, qalbi toza, mard, ruhi bardam, hushyor va tadbirkor inson timsolini namoyon etgan. Ul zot uchun birovlarning qayg‘usi, tashvishi begona bo‘lmagan. O‘zi ham hayot zarbalari, og‘ir yo‘qotishlar qarshisida tushkunlikka tushib, hayotdan bezish holatlarini ko‘p bora boshidan kechirgan. Ayniqsa, suyukli qizi Tog‘ayshohning vafoti (1381) unga yomon ta’sir etgan, saltanat ishlarida butunlay sovigan edi. Tang vaziyat esa uni safga chorlardi. Opasi Qutlug‘ Turkon og‘oning daldasi bilan yana jang libosini kiyishga, isyon ko‘targan hududlarga yurishga majbur bo‘ladi. Shu taxlit to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Jahongir motamida laxcha cho‘g‘dek kuydi, Umarshayx Mirzo halok bo‘lganda tog‘dek bardosh bilan chidadi, valiahd sifatida tanlagan nabirasi Muhammad Sultonning vafoti esa uni butunlay yiqitishi mumkin edi. Biroq chekiga tushgan ulkan yuk uning taslim bo‘lmasligini, bil’aks, saltanat qush patidek to‘zib ketishini ta’kidlab turar edi. Shuning uchun millat, vatan istiqboli uchun shaxsiy dardlarini unutishga majbur edi. Hayot hazratni og‘ir sinovlarga ro‘baro‘ qilgan, u hammasini yengib, g‘olib bo‘la olgan. Ibn Arabshoh yozadi: «U hazil-mazax va yolg‘onni yoqtirmas, garchi (so‘zda) o‘ziga ozor yetadigan biron narsa bo‘lsa hamki, sadoqat unga yoqar edi: u bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘ziga hosil bo‘ladigan (yutuq)dan shodlanmas edi».

Ibn Arabshoh davom etib, yozadi: «U (birovdan) bir gap eshitganda dalil talab qiladigan, zimdan qarash va ko‘z ishoratlarini sezadigan idrokli kishi edi, … o‘z farosati bilan haqgo‘y va yolg‘onchini ajratar edi. O‘z fikri bilan sal bo‘lmasa uchar yulduzni to‘g‘ri yo‘lga boshqara olardi».

Sohibqironning raiyat (xalq, omma) va lashkar orasida obro‘si juda yuksak bo‘lgan. Bu haqda Ibn Arabshoh shunday qayd etadi: «Agar ularga «Temur – Xudo» desa, hammasi ishonardi». Albatta, bunday mehri yuksaklikning sabablari ko‘p. Ularning asosi, bizningcha, jami harakatlarning zamirida «Kuch – adolatda!» tamoyilining qo‘yilgani bo‘lsa kerak. Sohibqiron Adolatidan yuqori faqat Olloh bor, Adolat qarshisida shoh ham, gado ham teng. Shubhasiz, bu talabning naqadar hayotiyligi hazratning tarjimayi holi, turmush tarzi orqali tasdiqlangan. Shuncha dabdabayu as’asa bilan o‘ziga biror imtiyoz talab qilmagan zot safarlarda lashkar bilan teng sharoitda yashagan: bir xil sharoitda uxlagan, bir qozondan ovqatlangan. Vaziyat talab qilsa, o‘z farzandlarini odilona jazoga mustahiq qilgan. Jumladan, o‘g‘li Mironshoh, nabiralari Husayn, Iskandar, Xalil Sulton namoyishkorona jazolangan. Jangda sustkashlik qilgani uchun lashkarboshilar sazoyi etilgan, qo‘rqoqligi sabab mol-mulkidan mosuvo bo‘lib, badarg‘a qilingan.

Sohibqironning iltifoti ham bisyor bo‘lib, o‘zgalarning fikrini hurmat qilishga juda e’tibor bergan ekan. Jumladan, jamoatchilik fikrini qadrlab «Xalqning xos qismi bu masalaga (ko‘rilayotgan biror tadbir ko‘zda tutilgan – H. S.) chuqur qarab, bir kun bilan bir yil orasidagi ishlar oqibatini ko‘zlab gapirsa, uning gunohi yo‘q. Mayli, har kim sa xatoning eng quyisigacha yiqilsa ham yoki savobning cho‘qqisiga ko‘tarilsa ham – farqi yo‘q, hech bir tortinmasdan gapiraversin. Chunki agar xato qilsa, bu nuqson emas, agar maqsadga muvofiq bo‘lsa, bu ikki hissa mukofot, deyardi» (Ibn Arabshoh). Agar bu ko‘chirmaning zamiridagi ma’noga nazar solsak, unda aholi barcha tabaqalarining fikriga e’tibor bilan qarash lozimligi ta’kidlanayotganini sezib olish qiyin emas. Demak, ana shunday bag‘rikenglikning amalda bo‘lgani saltanatning mustahkamligini ta’minlagan omillardan biri edi.

«Temur tuzuklari»da «Saltanatimni o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamladim. Saltanatim martabasi bo‘lmish to‘ra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu o‘n ikki toifaga bog‘lab tuzdim», deyiladi. Demak, jami nufus (aholi)ni o‘n ikki tabaqaga ajratishda Sohibqironning o‘z talablari bo‘lgan. Bu talablar pirlarning nasihatlari, olimlarning maslahatlari, kitoblardan o‘rganilgan ilmlar va, albatta, hayotiy tajribalar asosida shakllangani ham shubhasiz. Jamiyat a’zolariga bunday aniq munosabat izhor qilingani dunyo hukmdorlaridan qay birida uchraganmi, yo‘qmi bilmadik-u, biroq shunday qat’iy to‘xtamga kelinib va mamlakatni boshqarish tizimi shu asosda yaratilgani – dunyoda tengsiz hodisa, Shaxsning chinakam benazir va noyobligini isbotlovchi yorqin dalildir. Ana shunday yuksak zotning fe’l-atvorini tavsiflashga har qanday bo‘yoq xira tortib qolishi, har qanday so‘z ojizligi – rost gap. Albatta, ulkan saltanatni bir tug‘ ostida ushlab turishni ta’minlagan qattiqqo‘llik (shafqatsizlik emas) va talabchanlik fazilatlarini qayd etib o‘tish o‘rinlidir.

* * *

Masof va urushlar. Shubhasiz, jahon harbiy san’atida Sohibqiron Amir Temur singari hayotini harbiy safarlarda o‘tkazgan, ko‘p va xo‘b jang qilgan boshqa sarkardani topish qiyin bo‘lsa kerak. Albatta, bu o‘rinda bobokalonimiz qo‘mondonlik qilgan janglar miqyoslari – qancha jangchi ishtirok etgani-yu, qamrab olgan masofalar, ularda erishilgan g‘alabalarning sirlariyu ahamiyati haqida yangi gap aytish qiyin, chunki bu voqelik juda keng talqinu taftish qilingan. Bu o‘rinda faqat bir oddiy unsurga diqqatni qaratmoqchi edik. Keling, birgalikda Amir Temur hazratlari otda bosib o‘tgan masofaning ko‘lamini tasavvur qilib ko‘raylik.

1360–1405-yillar oralig‘ida Sohibqironning qadami qayerlarga tegmadi? Agar chegaralar bilan sanaydigan bo‘lsak, sharqda – Yulduz yaylovlari, Qoshg‘ar, umuman, Xitoy chegarasi, janubda – Hindiston, Sarandif oroligacha, Afg‘oniston, Eron orqali Qizil dengizgacha, Suriya, Iroq, Turkiya orqali g‘arbda Adriatika dengizigacha, shimolda – Bulg‘or o‘rmonlari-yu Litva knyazligigacha bo‘lgan hududda 45 yil ot surgan Sohibqiron necha kilometr yo‘lni bosib o‘tdi ekan? E’tiborlisi – bu manzillarning ko‘pi bir emas, bir necha marta fath etilgan. Amudaryoning o‘zidan o‘n martadan ko‘proq o‘tilgan.

Albatta, bu tarixiy dalillarni eslash, ularni o‘rganishga da’vatda hech qanday dag‘dag‘a yoki tahdid yo‘q. Bular – o‘tmish, o‘tmish bilan yashab bo‘lmaydi. Dalillarni o‘rganish istagi esa faqat bir zotning shaxsini to‘laroq tasavvur qilish, shu orqali inson farzandi nimalarga qodirligini bir chamalab ko‘rish uchun lozim, xolos.

* * *

Xususan, o‘sha zamon kishilarining liboslari, taomlari va boshqa maishiy hayot unsurlarini o‘rganish ham qiziq manzaralarni namoyish etishi mumkin. «Boburnoma» muallifi o‘z otasining liboslari haqida to‘xtalib, «To‘nni bisyor tor kiyar edi, dastorini dastorpech chirmar edi. Yozlar g‘ayri devonda aksar mo‘g‘uliy bo‘rk kiyar edi», deb yozadi. Afsuski, Sohibqiron bobomiz haqida bunday aniqlikda yozish imkonidan xorijmiz. Bizningcha, O‘zbekiston «oynai jahoni» orqali namoyish qilingan Alisher Navoiy va Bobur Mirzo haqidagi telefilm ijodkorlari XV asrlarga xos liboslarni yaratishda muvaffaqiyatga erishganlar.

Albatta, ilm-fan, san’at, savdo-sotiq rivojlangan u davrda oshxona madaniyatida ham yuksak darajaga erishilgan. Xususan, Samarqandda tashkil etilgan oltmish kunlik to‘y (1404-yil, yozi)da qatnashgan Lui de Gonzales Klavixo to‘kin dasturxonlarni hayrat bilan ta’kidlaydi: «Dasturxonga tuzlangan va qovurilgan, butunlay yoki bo‘lib-bo‘lib pishirilgan ot va qo‘y go‘shti tortildi. Go‘shtlarni doira shaklidagi zarhal charm sufralarda sudrab olib keldilar. Go‘sht shu qadar ko‘p ediki, sufrani uch yuztacha odam sudrab olib keldi… Go‘shtxo‘rlik tugagach, ustiga dasturxon solinmagan xontaxtalar keltirildi, uning ustiga tuzlangan go‘sht, guruch va boshqa taomlar, shirinlik solib pishirilgan non qo‘yildi». Bu as’asalar Temurbek huzurida bo‘layotgan edi. «Ulug‘ amir lo‘labolishga yonboshlagan holda shoyi ko‘rpacha ustida o‘tirardi. Podshohning egnida gulsiz silliq shohi yaktak, boshida uzun telpak, telpakning tepasida qizil yoqut, javohir va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan». Yana yozadi: «Dasturxonda qovurilgan va qaynatilgan ot go‘shti, qaynatilgan va dudlangan qo‘y go‘shti, o‘z udumlariga ko‘ra har xil usullarda tayyorlangan guruchli ovqat ko‘p bo‘ldi». Sayyohning esdaliklaridan o‘sha zamonda ham tandir kabob («dudlangan qo‘y go‘shti») va palovxonto‘ra taomilda bo‘lganini sezib olish qiyin emas.

Bu sezimlar esa bizning bugungi hayotimiz bilan o‘sha farahli kunlar – bundan olti yuz yillar oldingi zamon o‘rtasida oltin ko‘prik mavjudligini, bu bog‘lanish bugun o‘zligini qaytadan namoyish qilishga kirishgan xalq turmushida baralla ko‘zga tashlanayotganini tasdiqlaydi. Bir xalqqa xos urf-odat va an’analar – jami qadriyatlar yillar osha boyib, takomillashib boradi. Jumladan, bir paytlar Movarounnahr hududlarida ko‘chmanchi mo‘g‘ullar joriy etgan tartiblarni bartaraf etib, bobokalonimiz shaharlashgan o‘troq madaniyatga asos solgan edi. Bu madaniyat durdonalari asrlar osha sayqal topib, bugun o‘zbek xalqining mentalitetini tashkil etmoqda. Asriy obidalarda muhrlangan san’at, dunyoni lol qoldirgan tafakkur bugun o‘zi haqida o‘zi so‘zlamoqda. Bu izhor hali ko‘plab sahifalarda qayta-qayta darj etilaveradi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации